Bog‘im choqqina bo‘lsa-da, kuz kelishi bilan bu yerga har xil qushlar uchib kelishadi. Shu yaqin atrofda otchoparga tutash bog‘ ham bor, qushlar ana o‘sha yerda to‘planishadi va goh u ranglisi bo‘ladimi, goh bu ranglisimi, yo‘l- yo‘lakay mening bog‘imga uchib kelaverishadi. Ba’zi qushlar ehtimol o‘sha bog‘ning o‘zida yashashar va ko‘ngillarini xushlash uchun mening bog‘imga tash- rif buyurishardi. Ular nafaqat mening bog‘imda bo‘lishardi, balki qo‘shni hovlilarga ham kelib turishardi. Qayerda loaqal bir tutam yashil maysami, bir-ikkita daraxtmi bo‘lsa bo‘lgani, o‘sha yerda qushlar hoziru nozir edi. Biz istiqomat qilayotgan dahaning ajoyibligi ham shunda — Setaga tumaniga qarashli bo‘lgan bu o‘rtacha daromadga ega dahaning boshqa hech bir e’tiborga arzirli joyi yo‘q, desam yolg‘on bo‘lmas.
Shu yil bahorda bog‘imdagi chug‘urchuq uyalaridan birini chittak egallab oldi va bu yerda o‘z palaponlari bilan naq kuzgacha yashadi. Uch juft musi- cha-kidzibato tevarak-atrofda tinmay aylanib uchib yurardi — ehtimol, ular mening yo bo‘lmasa hamsoyamning daraxtiga in qo‘yishgandir. Ba’zan yigirmata-o‘ttizta ulkan chug‘urchiqlar to‘dasi uchib kelardi: ular maysalar ustiga bemalol joylashib olardi-da, oz-moz cho‘qigandek bo‘lardi va yana shu zahoti qiy-chuv ko‘targancha ko‘zdan g‘oyib bo‘lardi. Bu yerga hatto kaptarlar ham uchib kelardi, mana bu ikkita juftga bir qarang, ular go‘yo o‘tloqni so- tib olgandek hech nimaga parvo qilmay, joylaridan jilmay o‘tiraverardi. Ularni kuzatib yurgan katta o‘g‘lim, bunday holatda qushlar mudrayotgan bo‘ladi, deb qoldi.
Chumchuqlar, hakkalar va chug‘urchiqlar gala-gala bo‘lib uchib kelardi- da, butun yaylovga yoyilib tarqalib, birgalikda chuvalchanglarga hujum boshlardilar. Qizining aytishicha hakkalar serjahl va yovuz bo‘larmish, ular ba’zan chumchuq va chug‘urchiqlar oldiga pusib kelib, ularga tashlanib qolarmish. Ehtimol, hakkalarning ko‘zlari o‘tkirdir, boshqa qushlar qayerda qorin to‘yg‘izishlarini ular aniq-tiniq ko‘rib turarlar.
Shu yilning kuzi — oktyabr oyining boshlarida ayvondagi o‘z xizmat xonamda choy ichib o‘tirardim. Birdan bog‘imda nimadir ro‘y berdi…
Buni qarang! Yigirmatacha chumchuq orasida mutlaqo ularga o‘xshamaydigan qandaydir yashil qushchaga ko‘zim tushib qolsa bo‘ladimi. Bu jilvagar to‘tichaning xuddi o‘zginasi edi. Bilishimcha, bunday to‘tichaning yovvoyisi bo‘lmasdi, demak, qushcha kimningdir uyida yashagan va u yerdan uchib ketgan.
Men boqqa tushdim. Chumchuqlar galasi birdan pir etib uchib ketdi. To‘ticha bir oz ulgurmay qoldi, lekin xiyla beso‘naqaylik bilan bo‘lsa-da, baribir parvoz qildi va hamma qushlar ko‘chaning narigi yuzidagi serdaraxt boshqa boqqa berkinishdi.
O‘sha kuni xuddi shu chumchuqlar galasi yana uchib keldi. Bu aynan o‘sha to‘daning o‘zi — chunki anavi sabzarang qushcha ham ular orasida edi. Biroq bu safar men boqqa tushib o‘tirmadim. Ha, chindan ham, bu qushcha chumchuqlarga o‘xshamasdi. Uning rangi ham, ko‘rinishi ham butunlay bo‘lakcha edi. Shunda chumchuqlar nimadandir cho‘chidi va gur etib uchib ketdi. Ketidan to‘ticha ham parvoz qildi. Faqat qushcha chumchuqlar kabi mohir parvozchi emasdi. Chunki u bo‘shangqirab va beso‘naqay harakat qilardi. Shunday bo‘lsa-da, baribir u gala izidan qolmay, qo‘shni uyning tomida ularga yetib olardi va hammalari birgalikda kunbotar tomonga yo‘l olishardi. O‘shanda xotinimga:
— Chumchuqlar anavi tomning tepasida to‘ticha kelguncha kutib turishdi. Sabzarang qushcha ularga yetib olgandan keyin hammalari birgalikda parvoz qilishdi, — dedim men.
— Siz shunday deb o‘ylaysizmi? — dedi xotinim.
— Bo‘lmasam-chi. Ular, garchi chumchuq bo‘lsa-da, qismatini qushlar galasi bilan bog‘laganni hech qachon tashlab ketmaydilar. Ana shu sadoqat ularni odamlardan ajratib turadi. Chumchuqlar — beozor jonivor, jilvagar to‘ticha ham ulardan qolishmaydi. To‘g‘ri, uning patlari sal boshqacharoq, xo‘sh, boshqacha bo‘lsa nima bo‘pti? Bu pat deganlari faqat mana shu o‘tkinchi hayotdagina asqotadi, xolos, hayot esa juda qisqa. Mayli, endi u qolgan umrini biz chumchuqlar bilan baham ko‘raversin desalar kerak-da, — dedim men.
O‘sha kuni oqshom uyda uchta mehmonimiz bor edi. Kechki ovqat payti men o‘sha jilvagar to‘ticha haqida ularga so‘zlab berdim. So‘nggi paytlar odamlar orasida qabihliklar avj olib boryapti, bironta yoqimli gap quloqqa chalinmay qoldi, lekin qushlar dunyosida ahvol boshqacha, u yerda ko‘nglingga taskin beradigan voqealar sodir bo‘lyapti: to‘ticha chumchuqlar galasiga ko‘nikib ketdi,endi u o‘sha olam qonunlari bilan yashaydi. To‘tichamiz — ajoyib, uni jon-jon deb o‘z bag‘riga olgan chumchuqlar undan ham ajoyib.
Mehmonlarimiz ortiqcha ehtirosga berilmay: «Yo‘g‘-e! Nahotki! Bo‘lishi mumkin emas! Bu axir juda qiziq-ku!» — deya sal ajabsindilar. Hikoyam mehmonlarni unchalik qoyil qoldirmaganiga amin bo‘ldim, to‘g‘risi bunday bo‘ladi deb sira kutmovdim.
— Ko‘rganlaringiz balki siz o‘ylagandan sal boshqacharoqdir. Nima bo‘lganda ham to‘ti to‘ti-da, u aslo chumchuq bo‘lolmaydi, chumchuq o‘z oti bilan chumchuq, ular hech qachon birga yashamaydi. Ehtimol, allaqachon bir-birini unutib ham yuborgandir va hozir boshqa-boshqa joylarda istiqomat qilishar, — dedi mehmonlardan biri. Ulardan rosa xafa bo‘ldim. Sadqayi odam ketinglar-e! — demoqchi bo‘ldim-u, tilimni zo‘rg‘a tiydim.
* * *
Oradan taxminan yarim oycha vaqt o‘tdi, men sayr qilgani boqqa kirdim va chumchuqlar galasi ichida yurgan yana o‘sha jilvagar to‘tichaga ko‘zim tushdi. Men otchopardagi o‘rindiqlardan birida o‘tirardim. Lekin u yerga poyga uchun bormagandim. Poyga vaqtida iloji boricha bu yerlardan o‘zimni uzoqroqda tutishga harakat qilardim, biroq o‘sha kuni bironta ot poygaga chiqmagandi,
o‘rindiqlar bo‘shab yotar, men kuz oftobiga o‘zimni solib, ermakka gazeta mutolaa qilgani u yerga borgandim. Birdan:
— Voy, anavi jilvagar to‘tichani qarang! — degan so‘zlar qulog‘imga chalin- di. Bu mendan o‘n besh qadamcha narida ish to‘qib o‘tirgan o‘ttiz yoshlardagi ayolning hayajonli ovozi edi. Chindan ham o‘rindiq zinapoyasini chumchuqlar galasi egallab olgan, anavi sabzarang yolg‘iz to‘ticha ham ularning orasida uymalashib yurardi.
— Bu rostdan ham to‘ticha-ku, — shunga o‘xshash yana bir tovush qulog‘imga chalindi. Ovoz egasi yuqori qatordan tushib keldi. Bu egniga shim va sviter kiyib olgan elliklar atrofidagi erkak bo‘lib, negadir u ko‘zimga issiq ko‘rindi. Aftidan, bog‘da sayr qilishga ishqivozlardan bo‘lsa kerak. Doim o‘zi bilan mo‘jazgina radiopriyomnik olib yurardi. Ayol, erkak va men — hammamiz bir-birimizga yaqin keldik va chumchuqlarni birgalikda kuzata boshladik.
— Bir oy avval bu to‘tichani o‘zimizning bog‘da ko‘rgandim, — dedim men.
— O‘shanda ham to‘ticha chumchuqlar orasida edi.
— Yo‘g‘-e! Nahotki? — Erkak qiziqib qoldi-da, galaga yana ham diqqat bilan razm sola boshladi. Ayol esa:
— Qani endi uni ushlashning iloji bo‘lsa. Zap noyob qush ekanmi? — dedi suq bilan.
Shunda chumchuqlar birdan pir etib uchib ketishdi, to‘ticha boyoqish esa har doimgidek havoga arang ko‘tarildi va gala izidan qanot qoqib ketdi.
— Bu qushlar judayam ziyrak jonivor-da, — dedim men ayoldan jahlim chiqib.
* * *
O‘shandan buyon sayrga chiqqanimdagina emas, boshqa paytda ham chumchuqlar galasiga ko‘zim tushsa bo‘lgani, har safar to‘tichani ko‘rib qolish ilinjida to‘xtardim. Biroq jilvagar to‘tichani ko‘rish menga boshqa nasib etmadi.
Uydaligimda ham boqqa chumchuqlar uchib kelishsa, o‘tirgan joyimdan sakrab turardim-da, uni izlay boshlardim, lekin afsus…
Qish ham eshik qoqmoqda, to‘ticha ham asta-sekin esimdan chiqa boshladi. Faqat ahyon-ahyondagina bir esimga tushib qolganida, chumchuqlar orasida uning ahvoli ne kechdi ekan, deb ko‘nglimdan o‘tkazib qo‘yardim, xolos. Bu menga nimasi bilandir axloqsiz qizi uydan qochib ketgan sho‘rlik otani eslatib yuborardi.
Noyabr oyining quyoshli kunlaridan birida, men bog‘ yopilishidan sal oldin, aniqrog‘i, soat to‘rt bo‘lmasdan u yerga yetib bordim. Modomiki, sayr qilishdan mosuvo ekanman, jilla qursa odatga aylanib ulgurgan kundalik vazifamni bajarishga kirishib, bog‘dan shosha-pisha ketib borardim. O‘rmondagi yalang‘och qolgan poyalar orasidan botayotgan qizg‘ish quyosh yalt etib ko‘zga tashlanardi.
Daraxtzordan chiqayotib, mo‘jazgina radiopriyomnik ko‘tarib olgan erkakka urilib ketdim. Bu o‘sha, otchopardagi o‘rindiqda bir-ikki og‘iz suhbatlashishga to‘g‘ri kelgan haligi erkak edi.
— Anavi jilvagar to‘tichani yana ko‘rib qoldim, — dedi u. Yanglishmasam, unga mana shu yo‘lakda ko‘zim tushdi. Chumchuqlar bu safar avvalgidan ham ko‘proq edi. Sanasangiz, bemalol o‘ttiztacha chiqardi. Ular orasidagi anavi sabzarang qush, to‘dadagilar qanday bo‘lsa, o‘shalarga tortib ketgandi. Ko‘rib ko‘zlarimga ishonmadim. Bilasizmi, menimcha, u o‘zining to‘ti ekanini ham unutib qo‘ygan. Chamamda, u o‘zini chumchuq deb o‘ylaydi. — Nahotki? — Men nima deyishni ham bilmay qoldim. Biz yonma-yon borardik. Bog‘ yopilay deb qolgandi.
— Har holda, o‘zining chumchuqlardan farq qilishini bilsa kerak?
— Yo‘g‘-e, menimcha, u buni bilmaydi. Lekin chumchuqlar orasida qandaydir bitta rang-barang boshqacharog‘i yurganini, uning ham o‘zlari kabi qush to- ifasidan ekanini ko‘rayotgan bo‘lishsa, ehtimol, keyin…
— Chumchuqlar-ku bilishar, biroq to‘ticha…
— Menimcha, bu sabzarang qushcha o‘zining boshqalarga o‘xshamasligini fahmlaganida edi, chumchuqlar bilan qolib ketmagan bo‘lardi. Buni anglashga to‘ti ojizlik qilyapti. Hamma balo mana shunda.
Shunda erkak birdan kulib yubordi, yuzidagi ajinlar ikki baravar ko‘paydi.
— Hasrat daftarimni ochganim uchun meni ma’zur tuting, biroq gap shundaki, mening ham qismatim to‘tinikidan qolishmaydi. Men ham boshqalarga o‘xshamasligimni fahmlashga ojizlik qilib, bir umr chumchuqlar orasida yashab keldim. Bu yil yoshim bir joyga borganda ishdan ketdim. Nasib etsa, kelasi bahor yangi ishga joylashmoqchiman, avvalgi ishimda to‘tidan farqim qolmagandi.
— …
— Men savdo-sotiq ishini eplolmayman, bunga uquvim yo‘q, lekin ahmoqligimga borib, savdo ishlari bilan shug‘ullanuvchi bir shirkatga ishga joylashib qo‘ydim-da, sinov muddatini o‘tagunimcha tishimni tishimga qo‘yib ishladim. Mana buni, men sizga aytsam, haqiqiy fojia desa bo‘ladi. To‘g‘ri, men halol ter to‘kib ishladim, shirkat ham mendan domangir bo‘lmadi va sinov muddati tugaguncha meni ushlab turdi. Xuddi chumchuqlar galasiga o‘xshab.
Bog‘dan chiqishimiz bilan ketimizdan darvozaning panjarasimon temir tavaqasiga qulf urildi. Biz yana besh daqiqacha suhbatlashib, so‘ng xayrlashdik.
* * *
Otchopardagi o‘rindiqda o‘tirib olib, ish to‘qish bilan mashg‘ul bo‘lgan ayolni o‘shandan keyin dekabr oyidagina uchratib qoldim. Bog‘dan chiqayotib, darvoza oldida unga urilib ketishimga sal qoldi.
— O… — Biz bir-birimiz bilan bosh egib salomlashdik, u meni darrov tanimadi, lekin bir oz o‘tgach:
— Voy, siz bilan, aftidan…
O‘shanda menga injiq bola bo‘lib tuyulgan ayol bu gal ko‘zimga biram mu- loyim va suluv ko‘rinib ketdi.
— Nima, siz shu yaqin-atrofda yashaysizmi?
— Bu yerdan o‘n daqiqalik yo‘l, xolos. Hozir erim yugurish bilan shug‘ullanyapti, men uni olib ketgani keldim. — Darhaqiqat, ko‘chaning narigi betida yengil mashina turardi.
— O‘shandan keyin jilvagar to‘tichaga boshqa ko‘zingiz tushmadimi? — so‘radim undan. Bunga astoydil qiziqayotgan edim.
— Yo‘q, boshqa ko‘rmadim.
— Esingizda bo‘lsa, tribunada yana bir odam bor edi. O‘sha kishini yaqinda uchratib qolgandim, u o‘sha to‘tichani bog‘da yana ko‘rganini aytdi.
— Yo‘g‘-ey? Unda to‘tichaning ahvoli qanday ekan? O‘ziyam biram yoqimtoy, biram farosatli qush ediki. Chumchuqlar orasida qiynalib qolgan bo‘lsa kerak, boyoqish. Qanday chidab yashayotgan ekan?
— Bechora o‘zining jilvagar to‘ticha ekanidan ham bexabar. O‘zini chumchuq deb o‘ylasa kerak. To‘g‘risi, bu mendan chiqqan fikr emas… — dedim men.
—Ha. Bu kimning xayoliga kelibdi deysiz, — ajablanib javob berdi ayol. — Bilasizmi, o‘sha to‘ticha haqida erimga gapirib bergandim, u: «O‘sha to‘ticha deganing men bo‘laman» ,— desa bo‘ladimi. — Ayol asta yelka uchirib qo‘ydi-da, kulib yubordi. — U: «O‘zim jilvagar to‘ti bo‘lsam-da, chumchuqlar orasida yashayman, nima qilay, chidayman, iloj qancha», — dedi.
— …
— Erim rassom.
— …
— Erim hamkasaba-rassomlarni chumchuqlar galasiga o‘xshatadi va ularning orasida to‘tichaning kosasi hech qachon oqarmaydi, deb hisoblaydi.
— …
— Aytganday, kelgusi bahor Gindzdagi K. galereyasida uning shaxsiy ko‘rgazmasi bo‘ladi.
— Endi bunisiga nima deysiz? Shundan keyin ham uni to‘ti deyishda davom etaverasizmi?
Shu yerda ayol birdan shoshib qoldi-da:
— Voy, ana mening to‘ticham ham kelib qoldi. Uzr, endi men boray, ko‘rishguncha. — Ayol xayrlashdi-da, ko‘chaning narigi betiga, mashina turgan tomonga qarab yurib ketdi. Uzoqdan sport maykasidagi bo‘ydor sportchi yigit ko‘rindi. U xazonlar yer bilan bitta bo‘lib to‘kilib yotgan xiyobon bo‘ylab chopib kelardi. Olisdan kelayotgan odamning asli-nasli qanaqaligini bilmadim-u, lekin u yosh va tetik ko‘rinardi.
* * *
Yaqinda yonimga o‘rta yoshlardagi ko‘rinishi tajang bir ayol keldi.
— Men rezavorfurushning do‘konida eshitib qoldim, — dedi ayol, — odamlar bog‘ingizda chumchuqlar orasida yurgan jilvagar to‘tichani ko‘rishgan ekan, balki o‘sha mening to‘tichamdir? Chunki meniki ham xuddi shunaqa rang-barang edi.
Ayol, to‘tichani yana ko‘rib qolsak, unga qo‘ng‘iroq qilishimizni o‘tindi.To‘tiqush oddiy to‘tiqushlardan emasligini, u chet eldan keltirilganini va juda qimmatbaho turishini zo‘r berib tushuntirdi.
— Uni, albatta, tutish kerak. Bilasizmi-yo‘qmi, Yaponiyada bunday qushlar juda kamyob…
— To‘g‘ri, bir paytlar bog‘imga sabzarang to‘ticha uchib kelgandi, lekin bunga juda ko‘p bo‘ldi. O‘shandan beri u boshqa ko‘rinmadi, balki bundan keyin ham ko‘rinmas, — dedim men.
— Har holda yana bilib bo‘ladimi, mabodo ko‘rinib qolsa, iltimos, menga sim qoqib yuborsangiz. U boyoqishni axir chumchuqlar o‘g‘irlab ketishgan, endi qo‘yib yuborishmayapti!
— …
— Uni tutmasa bo‘lmaydi, — dedi takrorlab ayol.
Unchalik ham ko‘ngilga o‘tirishmaydigan bu mehmon ketgandan so‘ng o‘zimning ish xonamga qaytdim-da, cheka boshladim va boqqa chiqdim.
Kuzning so‘nggi yaproqlari sochilib yotgan maysalarni bosib odimlab yurarkanman, to‘tichaning behudaga kuyib-pishayotgan sobiq egasi to‘g‘risida o‘yladim. Yo‘q, to‘ticha endi chumchuqlar bilan parvoz qilaversin. Uni tutishning hojati yo‘q.
Bu qanaqa qush o‘zi, anavi keksa erkakning gapiga ishonaymi, yo rassom aytganigami, to‘g‘risi, hech aqlim yetmay qoldi, lekin shuni ishonch bilan aytishim mumkinki, qafasdagi hayotidan ko‘ra qushcha hozir chumchuqlar bilan ozod va baxtiyor. «Chumchuqlar uni qo‘yib yuborishmayotganmish — gapning tuturuqsizligini qarang!» — dedim ovoz chiqarib. Uni mehribonlik bilan bag‘riga olgan qushlarni nahotki o‘g‘ri deb bo‘lsa, aksincha, ular to‘tichaning g‘amxo‘r-himoyachilari. Rostdan ham to‘ticha balki chet eldan olib kelingandir, biroq endi u allaqachon yapon qushchasiga aylanib bo‘lgan va bir oz yovvoyilashgan ham, hozir to‘ticha ularning eng e’zozli mehmoni bo‘lib chumchuqlar bilan ahil-inoq yashayapti.
Rus tilidan Dildora Aliyeva tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2012, 7-son
Kostas Valetas. Orden (hikoya)
U qo‘lida nimanidir ushlab turganini sezdi, kaftini ochsa: orden ekan…
Eshikni taqillatishganda, u soqolini qirtishlardi.
– Kim u?
– Saroydan!
– Qayerdan?..
Eshikni ochguncha, hazillashayotgan kim ekan, deb o‘yladi. Ostonada mirshab turardi. U moviy bog‘ichli – saroyga taklifnomani topshirdi.
Bu g‘aroyib hodisa haqida tezroq do‘stlariga xabar bermoq istagida telefonga yopishdi.
Biroq, saroyga tashrif buyurish uchun kostyum kerak edi. Bu haqda taklifnomada aniq qilib “Kiyim-bosh – marosimga mos kostyum” deb ko‘rsatilgandi.
Kostyum izlab bir kunini yo‘qotdi. Ertalab yetti yarimda taksi ushlab F. ismli tanishinikiga kostyum uchun jo‘nadi. Tanishining kostyumi unga qopdek osilib qoldi. Tikuvchiga qo‘ng‘iroq qildi. Avval bittasiga… ikkinchisiga… uchinchisiga… Ammo kim ham bir kechada kostyumni uning egniga mos keltirib, bichib berishga ko‘nardi?
Nihoyat bittasi ko‘ndi. Albatta ikki baravar haq evaziga. Bu tikuvchi o‘z kasbining ustasi hisoblanardi. Shu sabab, unga ortiqcha choychaqa berishga majbur bo‘ldi.
O‘n beshta kam o‘n birda u allaqachon saroyda turardi. Taklifnomada “Sizni soat 11 da tashrif etishingizni so‘rardik” deb aniq yozib qo‘yilgandi.
Egnidagi yuqorida tarixi aytib o‘tilgan-kostyum o‘z kasbining ustasi hisoblangan tikuvchi qancha unnamasin telba-teskari osilib turardi.
Takabbur malay uni katta zalga boshlab kirgach, napaleoncha uchburchak qalpoq kiygan o‘ta jiddiy rasmiy shaxs (marosimlar ministrimikan?!) unga yaqinlashib:
– Shu yerda kuting, sizni chaqirishadi, — deb ma’lum qildi.
(Yaxshiyam uydan chiqayotganda uzzu-kun eshik oldida qo‘qqayib turadigan qorovul uni ko‘rmay qoldi: bilintirmay o‘tib ketishga va tezda taksi tutishga muvaffaq bo‘ldi. Agar uning yasanib olganini ko‘rganida bormi, nima deb o‘ylardi, xudo biladi?)
U divanda o‘tirgan yuzi tanish keksa bir janob yoniga cho‘kdi.
– Kechirasiz, siz… siz professor Tamvakadis emasmisiz?
– Xo‘sh, ehtimol mendirman, — deb to‘ng‘illadi chol, — ammo hozir o‘rniyam, vaqtiyam emas. Gapirish kerakmas, bo‘lmasam chaqirib qolishsa eshitmay qolishimiz mumkin.
– Siz ham taqdirlanishgami?
– Nima, siz hammi? Shunday yoshingizda – ya…
– Ha, men bor-yo‘g‘i oltmish ikkidaman, xolos – dedi u mag‘rur ohangda ovozini balandlatib – professorning qulog‘i og‘irroq ekanini eshitgan edi. O‘sha zahoti professor barmog‘ini labiga bosib shivirladi:
– Jim-m… Menimcha boshlashdi. Jim o‘tirib quloq soling!…
U o‘rnidan turib zalni biroz aylangan bo‘ldi. Zalda o‘n beshtacha odam bor edi – ularning eng yoshi o‘zi ekan. Hamma jim o‘tirib kutar, hammaning egnidagi kostyumi xuddi unikiday shilvirab osilib turardi.
U oyna oldiga keldi va ko‘ngli ko‘tarildi: harqalay uning kostyumi boshqalarnikidan durustroq edi. Keyin u podshohlikning ashaddiy dushmani hisoblangan yozuvchi N.K.ni ko‘rib qoldi. U bu yerga nega keldiykan? Unga qarab yurgan edi, yozuvchi jubbanamo keng ishton kiyib olgan soqoldorning orqasiga bekinib oldi. “Mayli, — dedi u o‘zicha, zalni shoshmasdan nazardan o‘tkazarkan, — shunday bo‘lganiyam yaxshi.” U yana oyna oldiga keldi. Bu safar nima uchundir o‘ziga yoqmadi.
– Sizni chaqirishyapti, eshityapsizmi, sizni chaqirishyapti! – professor Tamvakadis uning qo‘liga yopishdi. – Boring, boring!
U yop-yorug‘, uzun yo‘lak bo‘ylab uchburchak g‘aroyib qalpoq kiyib olgan o‘ta jiddiy rasmiy shaxs (marosimlar ministrimikan?!) ortidan keta boshladi. Ular yanayam kattaroq, son-sanoqsiz chiroqlar bilan yoritilgan, dabdabali bezatilgan zalga kirishdi. U to‘rda shohsupaga o‘xshash narsani, shohsupaning atrofida juda ko‘p rasmiy kishilar o‘tirganini ko‘rdi. Oyoqlari qaltirab, qayoqqa yurishni bilmay to‘xtab qoldi. Qayoqqa yursam ekan? O‘zini yo‘qotib atrofga olazarak boqdi.
– Bu yoqqa, — uni yengilgina turtishdi.
U shohsupaga yaqinlashdi. Boshi zil toshdek og‘irlashdi. Oldinga yana bir-ikki qadam tashladi-yu… Shohsupada uning asari turardi!.. Uning qo‘lini siqishdi. U ham iloji boricha takallufona qisishga harakat qildi.
– Tabriklaymiz, — arshi a’lodan aytilganday bir sado jarangladi.
– Tashakkurimni qabul qilgaysiz, — deb g‘o‘ldiradi u, uyalganidan so‘zlar tomog‘iga tiqilib.
Nihoyat u yana yo‘lakka chiqdi. To‘xtadi. Cho‘ntagidan g‘ijim ro‘molchasini olib terga g‘arq yuzini artdi. Keyin qo‘lida nimanidir ushlab turganini sezdi, kaftini ochsa: orden ekan.
Yangi Gretsiyaning Fidiy*si deb nom qozongan haykaltarosh F.L. hech narsaga qaramay kimsasiz ko‘chaga yugurib chiqdi.
Uning yuzida ayanchli tabassum jilvalanardi.
______________
* Fidiy — qadimgi yunon haykaltaroshi va me’mori.
Xurshid Davron tarjimasi