— Bechorani ko‘rishga qanchalik intiq bo‘layotganingizni ko‘z oldimga keltirayapman, — deb gap boshladi qaynonasi uni marhuma xotini yotgan xonaga shosha-pisha boshlar ekan. — Mana, qarang, o‘lim uni qanday ko‘yga soldi, — deya mayitning yuziga yopilgan oq yopinchiqni ochishga tutindi.
Biroq kuyovi kutilmaganda uning qo‘lini to‘sdi:
— Bir zum shoshmang. Uning yuzini yolg‘iz ko‘rsam, degandim. U bilan xoli qolsam maylimi?
Uning so‘zlari xonani to‘ldirib o‘tirgan qarindoshlariga birmuncha erish tuyuldi. Ular bir so‘z demay xonadan chiqishdi va orqalaridan shyojini* surib qo‘yishdi.
U oq yopinchiqni bir chetidan ko‘tarib ochdi.
Ayolning jonsiz yuzida g‘am-kulfat ifodasi zohir edi. Quriyozgan lunjlari osilib qolgan, yarim ochiq og‘zidan sarg‘aygan tishlari turtib chiqib turardi. Papiros qog‘oziday yupqa qovoqlari ko‘z soqqasiga yopishtirilganday bo‘lib ko‘rinardi. Peshanasidagi bo‘rtib chiqqan tomirlari u chekkan azob-uqubatlardan darak berardi.
Eri qimirlashga ham yuragi betlamay marhumaning ado bo‘lgan va alamdiyda yuziga boqqancha uzoq o‘tirdi. Keyin o‘rnidan turib, mayitga yaqin keldi va titroq qo‘llari bilan uning jag‘larini birlashtirishga urinib ko‘rdi. Lekin u qo‘lini qo‘yib yuborishi bilan marhumaning og‘zi yana irjayib qoldi. U yana marhumaning og‘zini yopib qo‘ydi, lekin uning lablari ohista ajralib, oldinga beo‘xshov turtib chiqqan tishlari qaytadan ochilib qolaverdi. U bir necha marotaba unnadi, lekin hech qanday natija chiqmadi. Shunday bo‘lsa-da, mayitning og‘zi atrofidagi ma’yus ajinlar yumshab, muloyimlashganini sezdi.
U barmoqlari qizib ketganini, go‘yoki badanidagi barcha issiqlik ularda mujassamlashganini his qildi va jufti halolining yuzidagi chuqur ajinlari va peshonasida bo‘rtib turgan tomirlarni zo‘r berib ishqalay boshladi. Kaftlari qizib ketgunga qadar shu yumush bilan mashg‘ul bo‘ldi.
So‘ng yana marhumaning yoniga cho‘kib, uning yuziga razm soldi. Mayitning yuzi qo‘l tafti ta’sirida qandaydir yangicha tus olgan, tinchlanganday, xotirjam tortganday va munislashganday edi.
Shu payt xonaga marhumaning onasi va singlisi kirib kelishdi.
— Siz, hoynahoy, yo‘lda toliqqan bo‘lsangiz kerak. Tushlik qilib, bir oz dam olsangiz bo‘lardi.
Lekin birdan onasining ko‘zi yoshga to‘ldi va tutilib-tutilib dedi:
— Yo, parvardigor! Inson ruhiyati naqadar kuchli ekan-a! Sho‘rlik qizim siz qaytib kelguningizcha sira jon bergisi kelmagan edi! Endi esa go‘yo mo‘jiza yuz berdi. Unga bir marta qaraganingizgayoq yuzi shu qadar osudalashib, mayinlashibdiki… Endi yetar… Bechorani o‘z holiga qo‘yaylik.
Marhumaning singlisi ta’rifi yo‘q lobar, chaqmoqday ko‘zlari bilan pochchasining telbanamo ko‘zlariga qaradi va ho‘ngragancha tiz cho‘kdi.
*Shyoji — yaponlar xonadonida suriladigan eshik.
Abduvohid Umirov tarjimasi