Kuxara o‘ttiz olti yoshida to‘satdan uylanadigan bo‘lib qoldi.
Kuxara uylanish desa ko‘ngli sust ketadigan bo‘ydoqlardan emasdi, shuning uchun oila qurishga ahd qilgach, el qatori kelinnikiga sovchi yubordi. Shu jihatdan olganda-ku uning uylanishi gap-so‘z qilib o‘tirishga arzimasdi. Biroq oshna-og‘ayni, tanish-bilishlari bundan xabar topgach, lolu hayron bo‘lib qoldi. Bunga ozmi-ko‘pmi kelinning benazir husnu malohati ham sabab bo‘lgandi.
Kelinni ko‘rib, og‘zi ochilib qolgan og‘aynilaridan ayrimlari, ochig‘i, ertaroq uylanib qo‘yganiga afsuslandi. Nimasini aytasan, bolapaqir ichidan pishgan ekan, deya ich-ichlarida unga havas qilishdi va hammalarining Kuxaraga muomalasi keskin o‘zgardi. Hammaning og‘zida duv-duv gap: kelin juda badavlat ekan, endi Kuxaraning ishlari yurishib ketsa, ajab emas. Ba’zilar Kuxara xususiy kasalxona qurarmish desa, boshqalari, yo‘q, u ta’lim-tarbiya sohasida astoydil shug‘ullanmoqchi deya taxmin qilishardi. Nima bo‘lgan taqdirda ham, uylanish sharofati bilan Kuxaraning birdan mo‘tabar shaxsga aylangani g‘alati edi.
Tibbiyot bilim yurtining tish kasalliklari bo‘limini tugatgach, Kuxara tibbiyot institutiga assistent bo‘lib joylashgandi. Shu tariqa u shifokorlar davrasida tanish-bilish orttirmoqchi, keyin ilm olib, alohida amaliyot bilan shug‘ullanmoqchi edi. Biroq dissertatsiya yoqlagandan keyin ham u tajribaxonada qoldi; amaliy faoliyatdan ham, yangi ish boshlash niyatidan ham voz kechib, kutilmaganda patologiya bo‘yicha tadqiqot olib borishga ahd qildi. Agar bularning bariga shu choqqacha bo‘ydoq yurgani qo‘shilsa, tanish-bilishlari uni nima sababdan bir qaynovi ichidagi odamga chiqarib qo‘yganlarini tushunish mumkin. Tibbiyot bilim yurtida orttirgan yor-do‘stlari o‘zlarini horiqulodda iste’dodli, istiqboli yuksak alloma deb sezishdi va odamga o‘xshab tuzukroq muomala qilishni ham unutib yuborishdi, pirovardida asta-sekin undan uzoqlasha boshladilar.
Nima sababdan aynan uylangach ko‘pchilik e’tiboriga sazovor bo‘lganiga Kuxaraning o‘zi ham ajablanardi. Qizig‘i shundaki, bir zamonlar yuz o‘girib ketgan eski do‘stlari ham unga butunlay boshqacha muomala qila boshlashdi. U qallig‘i Xaruko bilan sayr qilib yurganida hatto begonalar ham ularga havas bilan qarar, shunday choqlarda Kuxara nima uchun kutilmaganda bunchalar mo‘tabar insonga aylanib qolganidan hayron bo‘lib, ularning nigohida aks etgan allanechuk ehtirom tuyg‘ularidan mutaassir bo‘lardi. Uylanish tufayli hayotida ajabtovur, umidbaxsh o‘zgarishlar yuz berajagini ham bilmas edi-yu, ammo Xaruko husnu malohatli bo‘libgina qolmay, qadami qutlug‘ qiz ekanini ko‘ngli sezardi. Aloha u o‘zicha Xarukoga hech qachon ozor bermaslik kerak, degan qarorga keldi.
Kuxaraning ulfatlari Xarukodek go‘zal qiz nega shu paytgacha turmushga chiqmagan ekan, deya hayron bo‘lishardi. U ko‘rinishidan yigirmalarga chiqqanga o‘xshasa-da, yoshi yigirma yettini hatlab o‘tgandi.
– Dunyoda haliyam bunaqa bebaho gullar bor ekan-u, bilmay yurgan ekanmiz, biz ham baxtimizni sinab ko‘rsak bo‘larkan, – deya ich-ichidan havas qilganini yashirmoqchi bo‘lib, jo‘ralari hazil qilishardi. Kuxara esa o‘zini eshitmaganga olib, jilmayib qo‘yardi. Uning qiyofasi baxt kulib boqadigan zamonlar kelishini sabr-toqat bilan kutayotgan saodatmand kishini eslatardi. U Xarukoning bunchalar kech turmushga chiqqanining sababini hech kimga aytmadi.
O‘sha kezlari Kuxara sovchilar bilan orasida bo‘lib o‘tgan g‘alati bir suhbatni tez-tez eslardi.
– Uni o‘ziga aytmay qizko‘rarga bir necha bor olib chiqishgan ekan, – deya hikoya qilib bergan edi sovchilardan biri. – Har safar uchrashuvga chiqqan kuyov yoqtirib ketar-u, qiz tomon unamas ekan.
Ota-onasi Xarukoning erga tegmaslik qarori qat’iyligi va ustalik bilan uyushtirilayotgan qiz ko‘rishlardan foyda yo‘qligiga ishonch hosil qilgach, oxir-oqibat kuyov axtarishdan voz kechishgan va keyingi o‘n yil mobaynida uning oldida bu mavzuda gapirishni ham lozim topishmas ekanlar.
– Ammo sizga kelganda, janob Kuxara, kutilmaganda hammasi o‘zgarib ketdi, – degan edi sovchi.
Ular go‘yo teatrda tasodifan uchrashib qolishdi, Kuxarani qizga institut kasalxonasida davolanayotgan onasini alohida muolaja qilgan shifokor sifatida tanishtirishgan edi. Qisqasi, xuddi ilgari bir necha bor o‘tkazilgan qizko‘rar bu safar ham binoyidek uyushtirilgan edi. Lekin bu gal Xaruko ikki oyog‘ini bir etikka tiqib olmadi, unashtirishlariga qarshilik bildirmadi.
Bamisoli uzoq davom etgan tun oxirlab, tong otayotgandek, ota-onasining quvonchdan boshlari osmonga yetdi.
Xaruko, Kuxaraga aytadigan zarur gaplarim bor edi, deya sovchilardan ayttirib yubordi.
Gap o‘zining hajrida kuyib olamdan o‘tgan yigit haqida ekan.
Sovchi eshitganlarini hazil aralash Kuxaraga so‘zlab berdi:
– Umuman olganda qizning ishqida yona-yona toqati tugagan yigit yengiltaklik qilib o‘z boshiga yetgan, shekilli.
Kuxara hangu mang bo‘lib qoldi: nahotki shu sababli Xarukodek har jihatdan benuqson qiz yoshligini xazon qilgan bo‘lsa?
Nafsilamrini aytganda, u qizning fidoyiligiga qoyil qolgan, aynan shu iqror unga uylanish niyatini mustahkam va barqaror qilgan edi. Holbuki, ungacha Xarukoga sovchi qo‘ygan boshqa yigitlar ham qiz haqida xuddi shunday fikrda bo‘lishgan ekan.
– Kechirasiz, agar shunday deb o‘ylasangiz, u holda… – sovchi ta’zim qildi, – bularning hammasi o‘tgan gaplar. Bunda qizning zarracha gunohi yo‘q. U hatto sal bo‘lmasa tarki dunyo qilib, monastirga ketmoqchi bo‘lgan ekan…
Shunday bo‘lsa ham Kuxara o‘sha yigit haqida Xarukoning o‘zidan eshitgisi keldi. Bir to‘xtamga kelish uchun emas, yo‘q, u ich-ichida allaqachon uylanishga qaror qilib qo‘ygan, qolaversa, bo‘lajak rafiqasining o‘tmishi haqida so‘rash o‘zi tengi yigitlarga munosib ish emasligini bilardi. Shunchaki, bunaqangi ajoyib qizni o‘zi haqida gapirib berishga majbur qilishini oldindan ko‘z oldiga keltirib, huzur qila boshlagan edi.
II
Xarukoning ota-onasi to‘ygacha qizlariga Kuxara bilan uchrashib turishga ruxsat berishdi. Aslida aytish mumkinki, yigirma yetti yoshli qizlarining kuyov bilan uchrashib turishga rozi bo‘lganini ko‘rib, ota-onaning shodlikdan boshlari ko‘kka yetgandi.
Zero ular, xudo ko‘rsatmasin, Kuxaraning sovchilari aynib ketsa, Xaruko baxti ochilmay qariqizligicha o‘tiraveradi, degan xavotirda hammasiga chidashga tayyor edilar.
Kuxaraga kelsak, boshidanoq qizning iffatli, hayoli ekani uni maftun etgan va u anavi g‘amgin sarguzashtni aytib berishni Xarukodan so‘rashga sira botinolmas edi.
– Sovchilar shu choqqacha nega turmushga chiqishdan bosh tortib kelganingiz haqida gapirib berishdi, – deya gap boshladi bir kuni u.
Xaruko bosh qimirlatdi va xuddi bu mavzuda gap ochilishini anchadan beri kutayotgandek darhol jiddiylashdi.
Qizning ruxsorida shunday yoqimli ifodalar balqidiki, Kuxara daf’atan tutilib qoldi va o‘zi istamagan holda gapni butunlay boshqa tomonga burib yubordi.
– Shunday ekan, nega ahdingizdan qaytib men bilan uchrashishga rozi bo‘ldingiz?
Bu nojo‘ya savol edi.
– O‘zim ham bilmayman. Balki shifokor bo‘lganingiz uchundir.
– Shifokor bo‘lganim uchun?!
Xarukoning soddadillik bilan bergan javobini eshitgan Kuxara dovdirab qoldi. Daf’atan, balki meni laqillatayotgandir, deb o‘ylaydi u.
– Chindan ham shifokorga turmushga chiqsangiz yomon bo‘lmaydi, – dedi birozdan so‘ng. – Bir mutaxassis sifatida shuni aytishim mumkin, sizning erga tegishdan bezillaganingiz o‘ta ta’sirchanligingizdan bo‘lsa kerak. Ammo xotirjam bo‘ling, bular o‘tib, hech nima ko‘rmagandek bo‘lib ketasiz.
Xaruko uning hazilini tushunmadi, shekilli, xayolga toldi.
Kuxara tashvishga tushdi: u vosvos yoki savdoyi emasmikin, ishqilib?!
O‘z joniga qasd qilgan yigitning taqdiri Xarukoning qalbida unutilmas armon bo‘lib qolgan, deya taxmin qildi Kuxara.
Qiz o‘sha yigit haqida bor gapni ochiq-oydin aytib berishi uchun Kuxara bir yo‘lini qilishi kerak edi, ana shunda u qizning yuragiga bir dunyo taskin va tasalli baxsh eta olar hamda dardiga malham topardi.
Kuxara, sizga butunlay ishonaman, keyinchalik ham turmushimizga shubha-gumonlar rahna solmasligini istayman, xolos, deb bir necha bor takrorladi.
– Ko‘nglingizda sizni qiynayotgan neki armon bo‘lsa, ayting, yengil tortasiz, men sizga yordam beraman, – dedi u.
– Xo‘p. – Xaruko ma’qullab bosh irg‘adi. – O‘zim ham sizga hammasini aytib bermoqchi bo‘lib yurgandim. Keyin nima qilsangiz, ixtiyoringiz…
– Qo‘rqmang, mening qarorim qat’iy. Men sizga hamdard bo‘lishni istayapman, xolos.
– Tushunib turibman, lekin… – Xaruko yana o‘yga toldi, keyin o‘ziga tikilib turgan Kuxaraga ko‘zi tushib, loladek qizarib ketdi va boshini quyi solgancha dedi:
– Noz qilyapti, deb o‘ylamang, men avval sizdan o‘z o‘tmishingiz haqida gapirib bersangiz, deb so‘ramoqchiydim.
– Mendan?! Avval?.. – Kuxara dovdirab qoldi.
Xaruko bosh qimirlatdi. Uning barmoqlari bilinar-bilinmas titrardi.
– Xo‘p, nimani aytib berishim kerak?
– Nahotki hayotingizda arzigulik biron nima yuz bermagan bo‘lsa?! – deya ajablanib so‘radi Xaruko. – To‘g‘ri, tushunaman, sizning hurmatingizga sazovor bo‘lish uchun aslida avval men boshimdan o‘tganlarni aytib berishim kerak edi. Lekin siz turib avval men gapirib berishim g‘alati tuyularkan.
– Menga ishonavering, rostdan ham gapirishga arzimaydi, – dedi Kuxara va o‘sha zahoti Xaruko gaplariga ishonmayotganini fahmladi.
Ochig‘i, bu iqrori g‘alati va ishonish qiyin ekanini o‘ziyam sezdi.
– Ishoning, yashiradigan gapim yo‘q, – deya takrorladi u va yana ham noqulayroq ahvolga tushdi.
– Agar siz istamasangiz, janob Kuxara, men ham o‘zim haqimda gapirib berolmayman. Siz meni juda noqulay ahvolga solib qo‘ydingiz. Nima desam ekan, xuddi meni xijolat chekishga majbur qilayotganga o‘xshaysiz. – Kuxaraning nazarida nogahon Xaruko qalbining allaqanday darichalari o‘zi uchun yopilgandek bo‘ldi.
O‘sha kuni ularning gaplari ichlarida qolib ketdi.
Ochig‘ini aytganda, Xaruko haq: to‘rt muchasi salomat, bo‘ydoq yigitning o‘ttiz olti yoshgacha bironta ayolga ilakishmaganiga ishonish qiyin. Xaruko shu ma’noda Kuxarani kechirishga ham tayyor edi. Chunki uning ham hayotida o‘zini deb joniga qasd qilgan yigit bo‘lgan-ku! Ehtimol, shuncha payt uylanmay yurgan Kuxaraning qalbida ham qandaydir bitmas jarohati bordir? Modomiki bir yostiqqa bosh qo‘yishar ekan, bularni yashirishdan nima foyda?! Xaruko o‘zicha shunday deb o‘ylar edi.
Balki u bir-biriga tasalli bera oladigan, bir-birini kechiradigan mushtarak taqdirlarning qovushishi uchungina erga tegishga rozi bo‘lgandir?!
“Xaruko hammasini aytib beradi, men esa unga hech nima aytmayman”, deya xayol qilgan Kuxara chakki o‘ylagan edi.
Kuxarani beg‘ubor, pokdoman yigitlardan deb bo‘lmasdi, ammo modomiki gap oila qurish haqida ekan, u ishonch bilan tashlab ketib, so‘ng qiynalgan yoki pushaymon bo‘lgan bironta ayolni uchratmaganman, deya bemalol aytishi mumkin edi.
Buning sababi tabiatan ayollarni yoqtirmasligi va ularga ishonmasligi emasdi. Balki shu choqqacha ko‘ngli suv ichadigan qizni uchratmagan edi.
Vaqti-soatida uylanmagach, oila qurishdan, umuman ayol zotidan sovub ketgandir?! Yurakda bu narsalarning o‘rni kelmagandir? Ehtimol, shu sababli u so‘qqabosh yurishni afzal ko‘rib, oxir-oqibat ilmga berilgandir? Balki mana shu fe’lini yaxshi bilgan tanish-bilishlariga uning uylanishi favqulodda hodisa bo‘lib ko‘ringandir?!
Bo‘ydoqligida Kuxara emin-erkin yurardi. Ilgari ayollardan omadi chopmagan bo‘lsa, endi, Xarukoni uchratgach, unga baxt kulib boqqan edi. Shunga qaramay, Xarukoning iltimosi uni esankiratib qo‘ydi va shu bois u o‘z o‘tmishi haqida o‘ylab ko‘rishga qaror qildi.
To‘g‘risi, ko‘nglida yashiradigan sir-asrori yo‘qligidan u o‘zicha g‘ururlanib ham qo‘ydi. Lekin, ajabo, shunday ekan, nega qizga buni ochiq aytishga botinolmadi? “Demak, men sofdil, samimiy inson emas ekanman”, degan andishada diliga g‘ashlik cho‘kdi.
Balki u yomon yashagandir? Unday bo‘lsa, Xaruko ishonmay to‘g‘ri qilgan bo‘lib chiqadi. Kuxara shuni ko‘nglidan o‘tkazib, o‘zicha kulib qo‘ydi.
Shunga ham ota go‘ri qozixonami? Xaruko birinchi bo‘lib o‘tmishdagi gunohlarini bo‘yniga olishni shart qilib qo‘ygan ekan, Kuxara ham iloji boricha ishonarli bir ishq mojarosini o‘ylab topishga ahd qildi.
III
U o‘zi tanigan barcha ayollarni – yoshligidagi do‘stlaridan tortib to hamshiralaru kasalxonada o‘zi davolagan bemor xotinlargacha birma-bir xotiridan o‘tkazib, Xarukoga aytib berish uchun favqulodda ishqiy sarguzasht o‘ylab topishga kirishdi.
Bu juda bachkana va kurakda turmaydigan bir mashg‘ulot edi. U o‘sha ayollar bilan qallig‘i Xarukoni xayolan taqqoslab ko‘rar, ularning hammasi fayzsiz-farishtasiz tuyulardi. Lekin baribir Xarukoning qulfi dilini ochadigan bir jo‘yali voqea o‘ylab topolmadi.
Xarukoning o‘z joniga qasd qilgan yigit haqidagi hikoyasi esa – qiz hammasini Kuxaraga aytib berdi – har holda odatiy, hatto aytishga arzimas voqea ekan.
O‘sha yigit Xarukodan ikki yosh katta bo‘lib, uning tog‘avachchasi ekan, Xaruko bilan yigit yoshlikdan birga o‘sishgan ekan. Keyinchalik yigitning otasini Tokiodan ancha olisdagi qishloqqa ishlagani yuborishgach, yoshlar xat yozib turishgan ekan. Ta’til paytlarida yigit bilan Xaruko yozda cho‘milgani dengizga borishar, qishda esa chang‘i uchgani toqqa chiqishar, birga bo‘lishgan chog‘larida o‘zlarini nihoyatda baxtiyor sezishar ekan. O‘rta maktabni tugatish arafasida yigitning maktublari tobora ishqiyona tus ola boribdi. So‘ngra, u kollejga o‘qishga kirgach, Tokioga ko‘chib kelib, Xarukolarnikida yashay boshlabdi.
Ular har kuni ko‘rishib turishar ekan. Ko‘p o‘tmay yigit unga muhabbat izhor etgan. Xaruko qarindoshligini ro‘kach qilib, rad javobini bergan. O‘sha yili qishda yigit chang‘i uchgani bir o‘zi toqqa jo‘nagan va bo‘ron paytida tog‘dan yiqilgan. Uning jonini saqlab qolishibdi.
Biroq ko‘krak qafasi lat yegani uchun uzoq vaqt kasalxonada yotibdi.
Ko‘p o‘tmay yigit Xarukoga vidolashuv maktubini yozib, o‘zini-o‘zi o‘ldirgan ekan. O‘sha maktubning ayrim lavhalari o‘z vaqtida ro‘znomada ham e’lon qilingan ekan. Agar u kasalxonada qazo qilganda bu haqda ovoza qilishmas ekan, biroq yigit o‘zini dengizga tashlagan, kasalxona ma’muriyati javobgarlikdan qochish niyatida uning o‘limi oldidan yozgan maktubini tahririyatga yuborgan. Shu tariqa yigit go‘yo ishq dardiga chidayolmay o‘zini-o‘zi o‘ldirdi, degan gap tarqalgan.
– O‘sha paytda necha yoshga chiqqan edingiz, Xaruko? – deb so‘radi Kuxara qizning hikoyasini tinglab bo‘lgach.
Bu sevgi dostoni shunchalar jo‘n va oddiy ediki, avvaliga uning ishongisi ham kelmadi. Bunga o‘xshagan voqealar haqida ro‘znomada bir necha bor o‘qigan edi.
Ammo har qanday ishqiy sarguzasht ham o‘zgalar tilidan eshitganda ozmi-ko‘pmi bachkana bo‘lib tuyulsa, ajab emas.
Zero, xunobi oshayotgan Kuxara nazarida Xarukoning erga tegishdan qat’iy bosh tortishlariga faqatgina kutilmagan, fojiaviy hodisa sabab bo‘lishi mumkindek edi.
Qiz bolaning qalbini vayron qilishga bir necha satr ham kifoya.
Lop etib alanga olgan fidoyi muhabbatdan farqli o‘laroq tog‘avachchasi bilan o‘rtalaridagi munosabat Xarukoning qalbida go‘zal xotira sifatidagina qolgan va bu uzoq vaqtdan buyon uning xayolini tark etmay kelayotgan edi.
– Xaruko, o‘sha yigitda ko‘nglingiz bormi? – deya so‘radi Kuxara.
Xaruko bosh qimirlatdi.
– Hozir o‘ylasam, yaxshi ko‘rgan ekanman… Ammo u paytlarda juda yosh edik.
– O‘sha halokatdan keyin ota-onalaringiz yuzko‘rmas bo‘lib ketishmadimi?
– Tog‘am bilan kelinoyim meni biron nimada ayblaydigan odamlar emas.
– Shuning uchun unga sadoqatli bo‘lib qolmoqchi bo‘lganmisiz?
– Sadoqatli deysizmi?.. Ehtimol…
Ammo Xaruko ochiq aytishi mumkin bo‘lgan gaplarning hammasi shulardangina iborat emasdi.
Tog‘avachchasi o‘z joniga qasd qilganda Xaruko o‘n to‘qqiz yoshda edi, oradan ikki yil o‘tgach, uylariga sovchi keldi. Xaruko rozilik bildirdi, biroq to‘y tadorigini kelishib olishgandan keyin, ikki kun o‘tar-o‘tmas bo‘lg‘usi kuyovning ota-onasi o‘zini o‘ldirgan yigit haqida xabar topdi-yu, to‘y buzildi.
Bu voqea Xarukoga tog‘avachchasining o‘limidan ham yomonroq ta’sir qildi: u kuyov Katakirini astoydil sevib qolganga o‘xshardi.
Xaruko peshonamga er yozilmagan ekan, deya o‘shandayoq bor umidini uzgan edi.
To‘g‘risini aytganda Xarukoning birinchi muhabbati tog‘avachchasi emas, Katakiri edi. Katakiriga bo‘lgan mana shu muhabbati keyinchalik halok bo‘lgan qarindoshining xotirasi bilan qorishib ketgan edi.
Xaruko keyingi unashtirishlar ham xuddi shunday tugaydi, deya qo‘rqardi. To‘g‘ri, o‘sha paytda u Katakiriga turmushga chiqishiga ishonchini butunlay yo‘qotgan edi, kuyovning ota-onasi to‘yni buzishgandan keyin ham ular pinhona – atigi bir marta uchrashgan, Katakiri ota-onasini ko‘ndirishga va’da bergan edi.
Xaruko Katakiri bilan bog‘liq voqealarni Kuxaradan yashirmoqchi emasdi, faqat Kuxara o‘tmishi haqida yana biron nima so‘rab qolsagina, aytib bermoqchi edi.
Biroq, siyoqiga qaraganda, tog‘avachchasi haqida aytib berganlaridan Kuxara qanoat hosil qilgan va boshqasi qiziqtirmayotganga o‘xshardi, shuning uchun Xaruko Katakirini eslashni lozim ko‘rmadi.
Darhaqiqat, Katakiri haqida gapirish uning uchun ham og‘ir, ham alamli edi: Kuxara Xarukoga sovchi qo‘yganda Katakiri allaqachon oila qurgan va bundan xabar topgan Xaruko o‘zini tahqirlangandek sezardi.
IV
Kuxara bilan Xaruko turmush qurishdi. To‘y safarining ikkinchi kuni musofirxonaga joylashganlarida Xarukoning tushiga o‘z joniga qasd qilgan tog‘avachchasi kirdi.
Ularning qishloqdagi uyidami yoki o‘zlarining uyidami – Xaruko aniq bilolmadi. U xonaga kirganda tog‘avachchasi eshikka orqa qilib o‘tirardi. Kutilmaganda o‘girilib qaradi-yu, Xaruko qotib qoldi. U daf’atan yalang‘och ekanini sezib qolgandi… Xaruko o‘zining ovozidan cho‘chib uyg‘onib ketdi.
Uning yuzi nomusdan lovullab yonardi.
Xaruko titrab-qaqshab Kuxaraning tungi kimonosi yengidan ushlab oldi.
Tushida marhum tog‘avachchasini ko‘rgani haqidagi xayoldan dahshatga tushdi.
– Meni kechir… – deya shivirladi u va butun vujudi titrab, erining pinjiga suqildi.
O‘sha kechasi Xaruko erga tegib, marhum tog‘avachchasining ruhiga xiyonat qilgandek uzoq o‘yga toldi. Bundan tashqari, nazarida, ko‘rgan tushi juda-juda bexosiyat edi.
Biroq vaqt o‘tib elas-elas yodida qolgan tog‘avachchasi bilan Katakirining qiyofalari bora-bora unutilib ketdi. Xarukoning qalbida kurtak yozgan muhabbat gullari kechikib bo‘lsa ham barq urib ochildi va bu gullarning tarovati endi Kuxaraga tegishli edi.
– Bizga o‘xshab vaqti-soatini sabr-toqat bilan kutib turmush qurganlarni xudoning o‘zi qo‘llaydi, – der edi ba’zan Kuxara.
Shunday lahzalarda Xaruko o‘tmishni eslamaslikka harakat qilardi.
Xaruko gul-gul ochilib, Kuxaraning orzu-havaslarini tinglar va oilasiga baxt tilagani-tilagan edi.
Kunlarning birida Kuxara beg‘araz ohangda so‘rab qoldi:
– Tog‘avachchang o‘limi oldidan yozgan maktubining ba’zi yerlari juda g‘alati-ya, ahamiyat berdingmi?
– Bo‘lishi mumkin, siz bekorga gapirmaysiz, – dedi Xaruko xotirjam.
– Rostdan-da. Gap shundaki, u yotgan kasalxonada bir o‘rtog‘imning tanishi ishlaydi. Men tog‘avachchangning o‘limi sabablarini surishtirdim. Ma’lum bo‘lishicha, uning asablari tamom ishdan chiqib, qandaydir vosvos, telbanamo bo‘lib qolgan ekan. Men uning kasallik varaqasini ham ko‘rdim. Shulardan kelib chiqib aytishim mumkinki, u sen tufayli o‘zini o‘zi o‘ldirmagan. U shunchaki sog‘ayishiga ko‘zi yetmagan – uning o‘pkasi tamom bo‘lgan ekan. O‘lganning ustiga tepgan degandek, ruhiy xastalikka ham chalingach, buni ko‘tarolmagan. Irodasi shunaqa bo‘sh ekan. Uning o‘limida sening mutlaqo aybing yo‘q.
– Bularni qachon bila qoldingiz?
– Ancha bo‘ldi.
– Yaramas, nega shu choqqacha indamay keldingiz? – dedi Xaruko ginaxonlik bilan. Ko‘nglidan esa, buni ilgariroq bilganimda, balki Katakiri bilan to‘yimiz buzilmasmidi, degan o‘y kechdi.
Bu fikr Xarukoga shunchalik ta’sir qildiki, boyaqish dovdirab qolganini yashirish uchun siniqqinab kulimsiradi.
– Lekin shuni esdan chiqarmaslik kerak, o‘sha telbaning sharofati bilan biz turmush qurdik, – dedi farosatsizlarcha Kuxara.
– Shuni ayting-a!
– Sen bo‘lsang, Xaruko, o‘zingni-o‘zing qiynab yuribsan. Bir gap aytaymi, buning uchun sendan yanayam xursandman.
O‘shandan buyon Xaruko juvonmarg bo‘lgan tog‘avachchasini tez-tez eslaydigan odat chiqardi. Shunday damlarda ko‘z oldiga yoz faslidagi moviy dengiz hamda qor bosgan tog‘lar kelardi.
Lekin afsuslar bo‘lsinkim, unga ato etilgan ne’mat – o‘zgalarga baxt keltirish iqtidori susayib borardi.
Rus tilidan Olim Otaxon tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 5-son