Miss Meri mister Vilsonga dedi:
— Muhtaram Vilson, ochiqchasiga gaplashib olsak, devdim. Axir, o‘zingiz tushunib turibsiz: e’tiboran, ertadan boshlab sizu men er-xotin bo‘lamiz. Har birimizning o‘tgan hayotimizda qandaydir qora dog‘lar, albatta, yo‘q emas. Keling, siru asrorlarimizdan bir-birimizni ogoh etaylik.
— Men boshlashim kerak, shunday emasmi? — har ehtimolga qarshi so‘radi mister Vilson.
— Boshlang, — dedi miss Meri, — biroq hayotingizda borini batafsil bilishni istayman, biron narsani unutib qoldirmassiz, deb umid qilaman.
— Yaxshi, — mister Vilson, o‘rindiqqa obdon joylashib sigareta tutatib oldi va kechmishini hikoya qilishga kirishdi: — Men Meriyesda, Kanadada tavallud topganman. Otam, azizam Meri, oqko‘ngil, Gerkulesnikiday bahaybat gavdali kimsa edi. Garchi o‘sha paytda yoshim hali beshga ham to‘lmagan esa-da, otamning qo‘llariga zanjir solib qamoqxonaga olib ketishganini yaxshi xotirlayman. U uquviga yarasha pul topardi. Meriyesdan to ko‘l boshlangan yerlargacha istiqomat qilayotgan badavlat odam borki, barchasi otamning rahnamoligidagi o‘g‘rilarning ashaddiy galasini haligacha unuta olmaydi.
U o‘ziga to‘q fermerlarni tunar va shunday tarzda boylik to‘plardi.
Aslo esimdan chiqmaydi, bir kechasi u meni, atigi to‘rt yoshga to‘lgan mishiqi bolakayni o‘zi bilan olib ketdi. Tug‘ilgan kunimga sovg‘a bo‘lsin deb, ko‘l bo‘yidagi bir badavlat xonadonni bosib, shafqatsizlarcha talaganlarini o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rishimga imkon yaratdi.
«Bir yildan keyin yana men bilan birga borasan», — va’da berdi o‘shanda otam. Ammo, afsuski, murodimiz hosil bo‘lmadi, uni naq o‘n yilga qamab yuborishdi.
Xuddi kechagiday yodimda: sudda otam o‘zini o‘ta bamaylixotir tutdi, hukm o‘qilgach esa shunday so‘zlarni aytdi: «Janoblar, sizlarni bolalarim nomidan alohida alqayman. Axir har kuni o‘zim uchun o‘rta hisobda naq ikki dollarni sarflamoqda edim. Butun yil davomida esa yetti yuz o‘ttiz dollarning boshiga suv qo‘yishimga to‘g‘ri kelayotgan edi. Endi buni o‘n yilga bir ko‘paytirib ko‘ring-a, ha, balli, yetti ming uch yuz dollar bo‘ladi! Yana bir marta, muhtaram zotlar, sizlarga bolalarim nomidan ana shu yetti mingu uch yuz dollar uchun tashakkur izhor etaman. Axir endi shuncha mablag‘ ularga qoladi. Ura!»
Otamdan keyin xo‘jalikni onam yurita boshladi. Uning esa qishloqni tark etib, shaharda yashagisi kelib qoldi. Biroq bu orada hovli-joylarimizni sotish bilan bog‘liq mushkulotlar tug‘ildi. Sababi, onam xaridorlardan yer-mulkimiz uchun asl qimmatidan ancha ortiq darajadagi pulni talab qila boshladi. Bundan bir ish chiqmadi. Shunda onamda mulkimizni sug‘urtalash fikri tug‘ildi. Bu orada esa xonadonimizdagi qo‘lga ilashimli narsalarning barini imi-jimida sotib yubordik. Men endi olti yoshga qadam qo‘ygan edim. Bir kuni onam meni yoniga chaqirib, shunday gap boshladi: «Suyukli bolaginam! Ishonaman, otang sen bilan albatta faxrlangan bo‘lardi. Jinqarchaday bolasan, lekin yirik ishlar qo‘lingdan keladi. Sendan mening ham umidim oz emas. Qani, ayt-chi, katta yong‘inni ko‘rishni xohlaysanmi? Ya’ni xonadonimizni unga taqab qurilgan boshqa binolar bilan birga qo‘shib, yoppasiga qamrab oladigan yong‘inni aytayapman?»
«Albatta-da, bunday yong‘inni jonu dilim bilan tomosha qilgan bo‘lardim», — dedim to‘lqinlanib ketib.
Onam fikrini davom ettirib, shunday dedi:
— Sen gugurt qutilarni juda xush ko‘rasan. Mana, senga beshta gugurt to‘la quticha. Agar bu sovg‘a senga yoqqan bo‘lsa, saroyga kir-da, xashak uyumiga o‘t qo‘y, biroq keyin tilingni tiyib yur, yo‘qsa, otangning qulog‘iga yetsa bormi, qamoqdan qaytgach, sog‘ qo‘ymaydi-ya. Baayni, Tori ismli habashning kuni boshingga tushib, seni ham itday otib tashlaydi. Uqdingmi?
Men bor mulkimizga o‘t qo‘ydim. O‘shanda biz sug‘urta mahkamasidan oltmish ming dollardan ko‘proq mablag‘ ishlab oldik. Onam esa, siylov tariqasida, hashamdor muqovali Injilni menga sovg‘a qildi. Uning yaltiroq teridan ishlangan muqovasining har bir kvadrat santimetri bir dollaru yigirma besh tsentavoga baholanar ekan. Injilni onamga pullagan tujjor bu muqovani Siu qabilasi sardorining tana terisidan qilingan, deb maqtanaverib, esi ketdi. Keyinchalik bilsak, bu sardor tirik, tujjor esa bizni laqillatgan ekan.
Nyu-Yorkka ko‘chib kelganimizdan keyin onam, serg‘ayrat ayol emasmi, qo‘l qovushtirib o‘tirmadi. Chinakam hindularning naq o‘zlari tomosha ko‘rsatadigan kattakon tsirkning xo‘jayini bo‘lishni ko‘ngli tusab qoldi.
Shu maqsadda g‘arb gazetalarida e’lon chop ettirib, zuvalasi chayir, baquvvat gavdali va xush ovoz qizil tanlilarni o‘zining bo‘lajak tsirkiga ishga chorladi. Hash-pash deguncha, o‘ttiz chog‘li hindular uning qarshisida hoziru nozir bo‘ldi. Nogahonda, ularning orasida Siu qabilasining sardori Godadiasko, soddaroq qilib aytsak, Qo‘ng‘iroqcha ham bor edi. Ha, aynan o‘sha, terisi Injil sotuvchi tomonidan bizga pullangan kimsa!
Onajonimiz shu qizil tanliga maftun bo‘lib qoldi deng. Sakkiz yoshga to‘lganimda mening hayotimda yangi egizak ukalarim, terilari misday jilolanib turuvchi ajabtovur siu-kanadaliklar paydo bo‘ldi. Ammo onam ularni emizish baxtiga muyassar bo‘lmadi. Negaki, o‘z vaqtida frantsuzlar ko‘pgina qochoq qizil tanlilarni ayamasdan otishganlari uchun Godadiasko o‘z bolalariga frantsuz ayoli ko‘krak tutishini istamadi. Xullas, bolakaylarga allaqanday bir habash ayol onalik qila boshladi. Keyin shunday hodisa ro‘y berdi: yangi ukajonlarimning otasi habash baytalni yoqtirib qoldi, men endi to‘qqiz yoshga to‘lganimda, u onamga qarashli tsirk bilan tuzgan shartnomani buzdi va o‘sha habash xotin bilan birga g‘arbga quyon bo‘ldi. Onam esa sudga murojaat qildi. Godadiasko, yoki boshqacha aytganda, Qo‘ng‘iroqchani topib qamashdi. Lekin yuzma-yuz uchrashuv paytida u onamni tilga olib bo‘lmas so‘zlarni aytib haqorat qilgach, bunga chiday olmagan volidayi mag‘ruramiz yonidan to‘pponchasini chiqarib, uni shartta otib tashladi.
Sud hay’ati onamni oqlab yubordi. Sirk esa tez orada Nyu-Yorkdagi oliy tabaqali Bruklin jamiyati a’zolarining uchrashib-ko‘rishib turadigan manziliga aylandi.
Ellik tsentavolik chiptalarni sotib, onam bir kuni meni ham tsirkda olomonga namoyish etdi. Buning boisi, men, endi to‘qqiz yoshni qoralagan bolakay, onamni sud qilishayotgan o‘sha kunlarda zalda turib: «Agar onamni jazoga hukm qilsalaringiz, barcha to‘qqizinchi, o‘ninchi va o‘n birinchi toifali sud maslahatchilarini qatorasiga otib tashlayman», deb qichqirdim.
— O-o, — miss Meri hayratini yashira olmay qoldi, — bu qilmishingiz uchun sizga hurmat-ehtiromim necha chandon oshganini aytmasam bo‘lmaydi, Vilson.
— Shundan keyin, — qismatnomasini davom ettirdi mister Vilson, — o‘n yoshga to‘lganimda uydan to‘qqiz ming dollarni o‘marib, to‘qqiz yoshli bir qizaloq bilan Bruklindan qochdim. Qizcha bilan Gudzon daryosi oqimi bo‘ylab yuqoriga, bir fermerlikdan ikkinchisiga qarab yura boshladik. Tinimsiz yo‘l bosdik. Bordi-yu, yo‘lda bir zumga to‘xtagan bo‘lsak, u holda, faqat u yoki bu daraxt soyasida andak tin olish va bir-birimizning qulog‘imizga ko‘ngil sirlarimizni shivirlash uchungina to‘xtadik.
— Oh, qadrdonim Vilson! — bundan behad zavqlandi miss Meri.
— Bir necha o‘spirin, — hikoyasini davom ettirdi Vilson. — Oldibeyda yuz dollarlik banknotni maydalayotganimga ko‘zi tushib qolgan edi. Xullas, ular bizga hamla qilishdi va bor-budimizni olib qo‘yishdi. O‘zimizni esa daryoga uloqtirishdi. Mening mahbuba qizalog‘im suvga cho‘kib ketdi: qizchaning bosh chanoq suyagi hali xomroq ekan, haligi shovvozlar uning boshiga bolg‘a bilan bir urib tinchitishdi-qo‘yishdi. Endi o‘zim haqimda gapirsam, garchi mening boshim ham yorilgan bo‘lsa-da, bir amallab suvdan qirg‘oqqa chiqib oldim, kechga yaqin qandaydir bir qishloqqa yetib keldim, menga o‘sha yerlik pastor boshpana berdi, lekin hamyonimni ham qoqladi. Shundan keyin men yaqin stantsiyada poyezdga o‘g‘rincha o‘tirib, Chikagoga yo‘l oldim…
— Menga qo‘lingizni bering! — yalingannamo ohangda so‘radi miss Meri. — Ana shunday! Qanday baxtliman, qadrdonim Vilson, axir endi siz mening erim bo‘lasiz!
— Nihoyat, ixtiyorim o‘zimga tegdi, — davom etdi Vilson beparvo. — Shundan keyin hayotimdagi voqealar quyidagicha rivojlandi. Men poyabzal tozalash bilan shug‘ullana boshladim. Bunday hodisalar to‘g‘risida siz eshitgansiz, albatta: negaki, Yevropada amerikacha hayot to‘g‘risida bitilgan hikoyalarda hamisha shunday iborani tilga olishadi: «U poyabzal tozalovchi bo‘ldi».
O‘n bir yoshimda hamon poyabzal tozalovchi edim, o‘n ikki yoshimda ham ahvolim o‘zgarmadi, o‘n to‘rt yoshga to‘lganimda ishq-muhabbat mojarosi sabab, raqibimni og‘ir yarador qildim va sud qarshisida turishga majbur bo‘ldim. Yuragimdan urgan yangi mahbubam o‘n ikki yoshda edi. Men har kuni uning tuflisini tozalar edim. Keyin — mana buni qarang-a! — ko‘chaning narigi betidagi o‘n to‘rt yoshli yana bir poyabzalchi bola shu qizchaga oshig‘u mubtalo bo‘lib qolsa bo‘ladimi? Meni chuv tushirish maqsadida, bu qitmir, bir juft poyabzalni tozalash uchun belgilangan narxni bir tsentavoga arzonlashtiribdi. Mahbubam esa o‘ta-ketgan hisob-kitobli qizaloq edi va har kuni bir tsentavoni oshiqcha yelga sovurmaslik uchun, raqibimga qarab yugura boshladi.
Men o‘zimga revolver sotib oldim. Sababi, sakkiz yoshligimdan buyon yonimda asrab kelayotganim to‘pponchaning odam o‘ldirish uchun qurbi yetarli emasday tuyuldi menga. Baxtga qarshi, sotib olganim yangi revolver ham ishq bobidagi raqibimning bira-to‘lasiga korini qila olmadi. Otganimdan keyin u og‘ir yarador bo‘ldi, xolos…
Shu boisdan, sizga maslahatim shuki, azizam Meri, hech qachon «Griana» sistemali revolverdan foydalana ko‘rmang, — hasratidan chang chiqdi Vilsonning. — Endi sud jarayoniga qaytsak, bu yerda mening haqiqiy ismi-sharifim oydinlashdi va uch yil avval uydan qochganim ham aytildi. Mana shu voqea sabab bo‘lib, men kun qahramoniga aylandim. Gazetalar mening ozod etilishimni talab qilib chiqa boshladi. Bordi-yu, mabodo jazoga hukm qilishsa, xalq baribir mahbuslikdan meni qutqarib olishini hamda janobi sudyalarning ular tomonidan sazoyi qilinishini bashorat qilishib, dag‘-dag‘ani kuchaytirishdi. Buning ustiga, mening o‘zim ham shaxsimni himoyalab sudda behad otashin nutq so‘zladim va uni shunday so‘zlar bilan tugatdim: «Jentlmenlar! Ehtimol, sizlarning tilingizdan «Ha!» degan so‘z tomay-tomay deb turgandir. Na iloj, bunday holda, men albatta qamalaman. Va agarda o‘sha tilingizdan «Yo‘q!» degan so‘z otilib chiqsa, u holda, kamina ozodlikka erishaman».
O‘zimni sovuqqon bir darajada xotirjam tutishim nafaqat hammani hayratlantirdi, balki menga ozodlik ham keltirdi. Va sudyalar shundan keyin o‘z poyabzallarini tozalatish uchun mendan boshqa hamkasblarimga bormay qo‘yishdi.
Chikagolik bir noshir esa mening suratim tushirilgan «taklifnoma»ni chiqara boshladi. Boshqa bir jentlmen, ya’ni qarib-churib, molu davlatini qayoqqa qo‘yishini bilolmay boshi qotayotgan mashhur millioner meni o‘ziga tutingan o‘g‘il qilib olish niyatida ekanligini ma’lum qildi. Men, albatta, rozi bo‘ldim va unikiga ko‘chib o‘tdim.
Biroq men ancha erkin tarbiya ko‘rib o‘sgan bolaman. Shu boisdan, bu qariyaning ezma-churuk pand-nasihatlariga va ayniqsa, uning erkaliklariga aytarli parvo qilmadim. Tutingan otam esa, buni ko‘tara olmay, tez orada bandalikni bajo keltirdi.
Uning bisotidan imkonim ko‘targanini olib g‘arbga ravona bo‘ldim. O‘n to‘rt yoshlik o‘spirinligimda San-Frantsiskoda aft-basharamni sariq rangga bo‘yadim, o‘zimga uzun qirqma soch buyurtma qildim va kafe-shantanelarda Qo‘shma Shtatlarda amerikaliklar qo‘shig‘ini ularning o‘z tilida burro qilib ijro eta oladigan yakka-yolg‘iz xitoylikday o‘zimni tuta boshladim.
Ammo, ko‘p o‘tmay, boshqa bir rostakam xitoylik chiqib qolib, yashirin nomimni fosh qildi, navbatdagi bir tomoshani ko‘rsatayotgan paytimda haligi kimsa xitoychasiga so‘kishning qahrli do‘lini boshimga yog‘dirdi. Buyam yetmaganday, g‘azab otiga minib meni chunonam do‘pposladiki, olti oygacha kasalxonada uzala tushib yotishimga to‘g‘ri keldi. Shundan keyin, Meri xonim, kasalxonadan chiqqach, savdo kemasiga ishga yollandim. Bu kemadagilar kontrabanda yuklarini tashish bilan shug‘ullanishar ekan. Bir kuni kemamizni portlatib yuborishdi, unga qo‘shilib men ham osmonu falakka parvoz qildim, albatta. Ammo parvozim shu qadar omadli kechdiki, baliqchilar suvdan meni ovlab olishib, to‘rida qirg‘oqqa chiqarishdi. Sohilda quppa-quruq hamyon bilan so‘ppayib yashay boshladim. Bu paytda men o‘n besh yoshga to‘lgan edim. Xudoyim omadli qilib yaratgan bandasini hech qachon tashlab qo‘ymas ekan. Bir kuni soddadil bir fermer meni cho‘ponlikka qabul qilib, butun boshliq qoramol podasini ixtiyorimga ishonib topshirsa bo‘ladimi?
Atrofdagi yaqin shaharlardan birigacha atigi besh soatlik yo‘l edi. Omadli tunlardan birida hech bir qiyinchiliksiz yigirma bosh, yetilgan qoramolni shu shaharga haydab borib, bir qassobga qo‘sh qo‘llab topshirdim-da, pulini sanab oldim va endi Sharqqa qarab quyonni surdim.
— Azizim Vilson! — behad zavqlanib ketdi miss Meri. — Sizday insonni umr bo‘yi orzu qilib yashayapman!
— Endi hindular orasida qurol savdosi bilan shug‘ullana boshladim, — hikoyasini bamaylixotir davom ettirdi Vilson. — Boz ustiga, ularga spirt, Injil va xochlarni keltirib, pullay boshladim. O‘n yetti yoshimda esa hindu sektalaridan birida kichik voiz-xatiblikka erishib, kutilmagan darajada katta obro‘ qozondim. Xuddi shu kunlarda boshqa sektada voizlik qilayotgan bir raqibim hindular o‘rtasida menga nisbatan kattaroq ko‘lamda spirt hamda viski tijoratini avj oldirib yubordi.
Men hindularni uning terisini tiriklay shilishga ko‘ndirdim…
— Qanday antiqa zotsiz, do‘stim Vilson!..
— Keyin kasbimni o‘zgartirishimga to‘g‘ri keldi. Bir kaltaklashuv chog‘ida besh kishi qo‘limda jon berdi…
— O-o, mening azamatim! Bir o‘zingiz besh kishini saranjom-ladingizmi? — his-hayajoni junbushga keldi miss Merining.
— Ikki bankni taladim va nihoyat, azizim Meri, — dedi mister Vilson, — yirik «Vilson Ko» bankining xo‘jayinlaridan biriga aylandim. Shundan keyin, mana, miss Meri Ovey, ikki million dollarga arzigulik yer rentasiga ega sizday ofatijonning vasliga muyassar bo‘lib turibman… Endi sizni eshitaman…
— Men o‘zim to‘g‘rimda nima ham deyishim mumkin? — taraddudlandi Meri. — Faqat shuni ayta olamanki, men boyvuchcha xonimman va shundayligimcha qolaman. Hayotim bir maromda, osoyishta kechdi. Ammo qandaydir hammaga o‘xshash, zerikarli kishining emas, balki boshimda sizday yovqur erim bo‘lish orzusini hamisha xayolimda ardoqlab kelganman. Mana, orzuyim ham ushalay deb turibdi. Qani, qo‘lingizni bering. Men sizni bir ko‘rishdayoq sevib qolganman.
Ular yana u yoq-bu yoqdan birpas gaplashib o‘tirgach, mister Vilson xayrlashish uchun o‘rnidan turdi:
— Hammasi ko‘ngildagiday. Ertaga soat o‘n birda kareta, pastor, cherkov va siz bilan bir umrga birgamiz, sevgilim Meri…
* * *
— Qanday ajoyib erkak! — ta’sirlanib dedi miss Meri mister Vilson xonani tark etganidan keyin. — Kamyob zot! Hali u bilan ko‘pdan-ko‘p qiziqarli sarguzashtlarni boshimdan o‘tkazsam kerak… I-ya, bu qanday kitob bo‘ldi? Nahotki, uni cho‘ntagidan tushirib qoldirgan bo‘lsa?
Meri xonim o‘rindiqdagi kitobni, tabarruk bir narsaday avaylab qo‘lga olib, ohista varaqladi. Dastlab kitob nomini o‘qidi: «Bo‘y yetgan qizlarni jentlmenlarga oshiqu beqaror qilib, esankiratib qo‘yish san’ati»
— Hm-m, — dedi lattaday bo‘shashib miss Meri.
So‘ng lanj kayfiyatda kitobning ilk sahifasini ochdi va tagiga qalam bilan alohida chizib, ta’kidlangan shunday satrlarga ko‘z qirini tashladi: «Romantik hikoya bilan istalgan qizni…»
Ertasiga, tonggi soat to‘qqizda mister Vilson quyidagi shoshilinchnomani oldi: «La’nati tovlamachi! Siz to‘g‘ringizda yetarli ma’lumotlarga allaqachon egaman. O‘zingiz haqingizda aytgan gaplarning barchasi yolg‘on ekan, ta’rifini kelishtirib hikoya qilganingiz favqulodda ajoyib qilmishlarning birontasini ham bajarmagansiz. Siz mutlaqo avom banda Charlz Vilsonning, oddiy va sofdil bir fuqaroning farzandisiz. Siz to‘g‘ringizda, lo‘ttiboz, menda qanday yorqin fikrlar uyg‘ongan edi. Barisi tugadi. Bas, zinhor qorangizni qaytib ko‘rmay!»
Rus tilidan Mixli Safarov tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2011 yil, 5-son.