Yan Parandovskiy. So‘z kimyosi (3-bob)

IShXONA

Shopenhauerga tegishli qog‘ozlar orasida tik chiziqlar bilan ikkiga bo‘lingan varaq saqlanib qolgan bo‘lib, ularning biriga: “Frankfurt”, boshqasiga esa: “Manhaym” deb yozib qo‘yilgan ekan. Mazkur ruknlarning har birida Shopenhauer ikkala shaharning o‘ziga xos xislatlari va kamchiliklarini erinmay birma-bir sanab chiqqan. Tasodif izmiga ishonib, kutilmagan ko‘ngilsizliklarga duch kelishni istamagan faylasufga xos ehtiyotkorlik bilan qulayliklar, ko‘ngil ochish va ishlash uchun nimalar zarurligini oldindan puxta o‘ylab, chamalab, mulohaza qilib ko‘rgan va shundan keyingina Frankfurt-Maynga ko‘chib borib joylashgan va u yerda umrining oxiriga qadar istiqomat qilgan. Uy-joyni shunchalik uzoqni ko‘ra bilishlik bilan tanlay olishda u barcha aqliy mehnat kishilariga, agar ularning har biri erkin tanlov imkoniyatiga ega bo‘lish darajasida ta’min etilgan bo‘lsa, ibrat bo‘lib xizmat qilishi mumkin edi.
Yozuvchilar, ayniqsa, shoirlar odatda ko‘chmanchilarga xos hayot kechiradilar. Afsona, rivoyatlarda Homer ko‘z oldimizda qo‘lida uzun aso bilan elma-el, yurtma-yurt kezib yuradigan sayyor rapsod (qadimgi greklarda rapsodiya – epik asarlardan parchalar aytib yuruvchi baxshi – Tarj.) qiyofasida, Arxilox – oltin izlovchi va jangchi, Alkey esa quvg‘in qilingan, ozodlik uchun tolmas kurashchi sifatida namoyon bo‘ladi, ular eng qadimgi davrdan boshlab elu yurt kezib, ko‘chib yurishni boshlab bergan va ularning soni tobora oshib borgan. Dantening safar va sayohatlari, Moler va Shekspirning ko‘chmanchiligi, Shellining adoqsiz darbadarliklari, Bayronning qizg‘in va jo‘shqin sayohatlari, Mitskevichning bir joydan ikkinchi joyga mudom ko‘chib yurishlari, Remboning Afrikadagi sarguzashtlari – bularning barchasi o‘ziga xos hodisalar hisoblanadi. Davlat moliya boshqarmasida uzoq yillar xizmat qilgan birgina Alber Samenga to munkillab qolgunga qadar bir manzildan boshqa bir manzilga ko‘chib yurgan, shundan keyin Verlenga o‘xshab yuzlab shoirlar tinch, sokin boshpana topa olmagan. Shoirning ilhomi boy-badavlat patron (homiy, himoyachi)ning injiqlik, qaysarliklariga bog‘liq bo‘lgan zamonlarda shoir, albatta, ertaga boshpanasi bo‘ladimi-yo‘qmi, buni aniq bilolmas edi. Hattoki moddiy qaramlikni hisobga olmagan taqdirdayam, shoirlar umrining qandaydir bir qismi kechgan dunyoning turli burchaklarida yodgorlik lavhalarini osib tashlash uchun ham baribir injiqlik, terslik, nogahoniy shiddat, hayajon, sarguzasht va yangiliklarga tashnalik yetarli edi.
Yozuvchining oldida hamisha: qishloqmi yoki shahar, degan savol ko‘ndalang turgan va u doimo ochiqligicha qolib kelgan. Ushbu masalaning paydo bo‘lishi London, Nyu-York, Parij kabi zamonaviy ulkan shaharlarning taraqqiyoti bilan bog‘liq emas, balki ko‘cha qatnovining doimiy o‘sib borishi, motorlar shovqini, benzin hidi va fabrikalarning mo‘rilaridan chiqayotgan dud, qurumlar sababli yanayam dolzarb tus olgan bo‘lsa ehtimol. Nozik, sezgir asablar uchun shahar hamisha noqulay joy bo‘lib kelgan. Sershovqin va dim Afinaning, aholisi ko‘p, notinch va bezovta Iskandariyaning, salkam bir million kishi yashaydigan Rimning bizga jozibali bo‘lib tuyuladigan, aslida esa aholisi zich joylarga xos barcha kamchiliklar mavjud, chunonchi, o‘z davrida badbo‘y, qo‘lansa, iflos, irib-chirib sasigan o‘rta asr shaharlaridan hech qanday afzallik tomonlari yo‘q. Ular bu dunyoning foniyligidan chetlashgan qalblarga jannatning devorlar bilan o‘rab olinmaganini va u yerda ko‘chalar o‘rniga gullab yotgan bog‘lararo so‘qmoqlar o‘tganini eslatib turgan. Ijodiy tafakkur hamisha tabiatga qarab intilgan. Aflotun o‘z maktabini Akadem daraxtzorida tuzgan. Epikur Afinaning boshqa bir chekkadagi xilvat go‘shasida bog‘-rog‘iga ega bo‘lgan. Shaxsiy ijod turi bo‘yicha kutubxonalar va arxivlar yaqinida yashashga majbur bo‘lgan yozuvchilar shahar markazidan uzoqroqda turishga intilishgan, xayolot dunyosi boy bo‘lgan adiblar esa osoyishta va chekka joylardan qo‘nim topishgan.
Dunyoning o‘zlari tanlagan qaysi bir burchagi bo‘lmasin, uni o‘z nomlari bilan tarix sahifalariga abadiy muhrlagan ijodkorlar qanchadan-qancha! Bugungi kunda shakl-shamoyili ham noaniq bo‘lgan Kolona haqidagi esdaliklar qatida Sofokl ko‘lankasi yashab keladi, Tivolidagi Rimga qarashli Tibur xarobalari orasidan Horatsiy izlarini qidirib topish mumkin, Voklyuz emanlari ostida Petrarkaning Laura haqidagi tushlari qolib ketgan, Selvapyana esa munkillagan shoirning yangi ijod manbaiga makon bo‘lganidan faxrlanadi. Polyak adabiyoti bo‘sag‘alarida Yan Koxanovskiyning qora o‘rmon (yaproqli daraxtlar o‘rmoni) arg‘uvonlari muattar bo‘y taratib turibdi. Boshqalarga qaraganda polyak adabiyoti qishloqqa ancha yaqin bo‘lgan. U bir necha asrlar davomida – Pyotr Skarga singari xizmat yuzasidan shaharga bog‘lanib qolgan ruhoniylar va saroy a’yonlarini hisobga olmaganda – shaharlarning toshko‘chalariga deyarli qadam bosmagan. Shaharliklar libosi kuntush (qadimgi polyakcha va ukraincha to‘n) va jupan (polyak va ukrainlarning ust kiyimi, chopon – Tarj.)lar orasida goh-goh ko‘zga chalinib qolardi. Bu manzara XIX asrga kelibgina o‘zgara boshlaydi, biroq shunda ham polyak yozuvchilarining ota-bobolardan meros – tabiatga bo‘lgan teran mehr-muhabbatiga zarracha putur yetmaydi. Kasprovichning “Xarenda” uychasi, Jeromskiyning Nalenchovodagi kulbasi yoki Konstantindagi villaning ulug‘lanish boisi ham shundan. Qishloqni Rahmon yaratgan, shaharni esa Shayton, degan ekan Jeromskiy. Xalq tuhfasi sifatida shahar tashqarisidagi yer maydoni (tomorqa) yoki Varshavadagi g‘ishtin imoratni tanlash imkoniga ega bo‘lgan Senkevich Oblengorekni afzal ko‘rgan. Tolstoy Yasnaya Polyanani tarixga abadiy muhrlagan.
Yozuvchi odam yoshligida asosan shaharda turishni ma’qul ko‘radi, chunki shahar uning ma’naviy yuksalishi uchun qulaylik tug‘diradi, ijodini to‘xtovsiz rag‘batlantirib boradi. Ijodiga berilgan baho ko‘plab yozuvchilarga butun umri mobaynida ilhom beradi. Izzat-ikrom, hurmat-ehtiromlar, imtiyozu mukofotlarning qishloq joylarga yetib borishi qiyin. Ammo shuning evaziga odatda yozuvchi shon-shuhrat yoki norasmiy bo‘lsa-da, haqiqiy e’tirofga erishgach, shahar bilan xayrlashadi. Mabodo shaharda qolgan taqdirda ham, uni endi chorbog‘lar qurila boshlagan shahar atroflaridan yoki odam kam qatnaydigan, pastqam, xilvat joylardan, bog‘, xiyobonli mavzelardan izlash kerak va yozuvchini qo‘lida suv purkagich bilan gulzorlar atrofida aylanib yurgan paytida uchrataman, deb garov o‘ynagan odamning bahsda yutib chiqishi turgan gap. Keyinchalik mashhur bo‘lib ketgan talantlar ilk sahnaga chiqadigan yoki o‘z davri bilan chiqisholmay qolgan daholar shuhrati so‘nadigan boloxona, bir tomondan va ikkinchi tomondan olganda esa – ko‘m-ko‘k dov-daraxtlarga ko‘milgan shaxsiy uycha – yozuvchining hayoti ko‘pincha mana shu ikki qutb orasida kechadi.
Albatta, shaharga mutaassib ishqibozlar ham uchrab turadi. Undaylarning biri sifatida, shubhasiz, Suqrotni aytib o‘tish mumkin, u, agar zarurat bo‘lmasa, hech qachon Afinani tark etmagan. Uning Kefis sohilida Fedro bilan qilgan suhbati shunchalik favqulodda voqea bo‘lganki, Aflotun unga o‘z asaridagi dialogning eng go‘zal sahifalarini bag‘ishlashni o‘zining burchi deb bilgan. Agar afsonaga ishonadigan bo‘lsak, Kant ham yuqoridagi toifaga mansub bo‘lishi mumkin, chunki u Kyonigsbergda yarim asr yashab, bu shahar dengiz bo‘yida joylashganini biron marta ham o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, ishonch hosil qilmagan ekan. Iskandariyalik ba’zi bir shoirlarni shahardan tashqarida tasavvur qilish qiyin, Viyon yoki Verlenga ruhan yaqin bo‘lganlar ham shular jumlasidandir. Leon-Pol Farg oyoqlari ostida Parij toshko‘chalarini his qilmasdan yashay olmagani bois, “Rieton de Paris” – “parijlik piyoda” degan laqabni orttirgan ekan. Yashil rang menga yarashmaydi, deya hazillasharkan u. Taverna (mayxona), tamaddixona, qahvaxonalar shaharga mansub ko‘plab avlodlar uchun boshpana vazifasini o‘tagan. Eski torko‘chalar va tarixiy binolarga ko‘ngil qo‘ygan yozuvchilar o‘rmon va dalalarning keng havosidan nafas olishga qiynalishadi. Ular dov-daraxtlar va gullarning go‘zalligini his etishmaydi, go‘zallikni faqat kolonna (ustun)lar va karnizlarda ko‘rishadi, xolos.
– Menga hikoya qilishlaricha, – deya ta’kidlaydi Konrad o‘z xotiralarida, – ba’zi bir yozuvchilar vagonda va hattoki ichkiyim ilinadigan arg‘amchi, chilvir ustida oyoqlarini chalishtirib o‘tirgan holda ham yozaverarkan. O‘zimga kelsak, shuni ochiq aytishim kerakki, mening yallo qilib yurishim hech bo‘lmaganda stulga o‘xshash bir nima muhayyo bo‘lgandagina yozishga imkon beradi.
Ushbu hazilomuz iqrorni ham kema kayutasida boshlangan yozuvchi ijodiy yo‘lining ibtidosiga, ham tarkidunyochilikdan uzoq bo‘lgan eng so‘nggi yillarning talablariga birdek taalluqli deb hisoblash mumkin. To‘g‘ri, duch kelgan joyda: oshxona stoli atrofida, divan ustida, osma to‘r belanchakda ham bemalol ishlay oladigan yozuvchilar uchrab turadi. Ularning ba’zilari atrofdagi har qanday muhitdan “ajrala olish” qobiliyatiga ega bo‘lib, shovqin-suron, yugur-yugur, qiy-chuv ichida – kazarmalar, idoralar, vokzal, tahririyatlarda ham yozishning uddasidan chiqa olishadi. Gote “Kapitan Frakass”ning bir necha bobini bosmaxonada, taraqa-turuq ishlayotgan mashinalarni to‘sib turgan yupqagina devor ortida o‘tirib qog‘ozga tushirgan ekan. Qahvaxona ko‘plab shoirlarning qofiyalariga hech qanday xalaqit bermagan. Bernanos qahvaxonadagi ko‘povozli g‘ovur-g‘uvurni o‘zining fikrlar to‘lqini bilan bosa olgan. Bir odamdan eshitgandim, Zakopanedagi qandolatchi huzuriga kirgan kishi Senkevichning u yerdagi mo‘jazgina stolcha atrofida o‘tirgan ko‘yi Kmitsid sarguzashtlarini qog‘ozga tushirib o‘tirganiga guvoh bo‘lar ekan.
Biroq bularning barchasi kamdan-kam uchraydigan yoki favqulodda hodisalardir. Yozuvchi o‘z tabiatiga ko‘ra asli xosxonada o‘tirib ishlaydigan odam. Uning, mayli, chordoqda bo‘lsin, kaptarxonaday bo‘lsa ham, to‘rt devordan iborat, derazali o‘z uyi bo‘lishi lozim, unga yana stol va stul ham kerak. Lekin shunda ham yozuvchi haqiqiy zohid bo‘lmasa agar, bularga qanoat qilishi qiyin. Fikrimcha, Diogen ham o‘z bochkasini papirusga so‘z yozish uchun emas, balki falsafiy fikr-mulohazalar uchun tavsiya qilgan ekan.
Yozuvchining ish joyi haqidagi masala, agar bu muammo bilan ayol kishi – mashhur ingliz adibasi Virjiniya Vulf astoydil shug‘ullanmaganida edi, uni ta’riflashdan tashqariga chiqmagan bo‘lardik. Vulfning ma’ruzalardan tuzilgan “A room of one’s own” – “Shaxsiy xona” deb nomlangan mo‘jazgina kitobchasi bir qarashda unchalik muhim bo‘lmagan ushbu masalaning o‘ta jiddiy muhokamasiga bag‘ishlangan. Asrlar mobaynida adabiyot olamiga kirib kelgan kamsonli ayollar to‘g‘risida to‘xtalar ekan, muallif bu yo‘lda ularga to‘sqinlik qilgan urf-odatlar va bid’atlarni ko‘rsatib o‘tadi. Ayol kishi yozuvchilik faoliyati bilan shug‘ullanish maqsadida o‘z shaxsiy xonasiga ega bo‘lish uchun mustaqillikning shunday bir darajasiga kamdan-kam hollarda va, odatdagidek, yaxshi nomini yo‘qotish evaziga erisha olar edi. Boshqacha qilib aytganda, ana shu mehnat atrofdagilar tomonidan tan olinib, e’tirof etilishi yoki hech bo‘lmaganda unga ko‘nib, murosa qilishlari uchun: “Shekspir zakovatiga ega bo‘lgan ayol XVI asrda ta’qib ostiga olinib, quvg‘in qilingan, o‘zini-o‘zi o‘ldirgan yoki odamlar ko‘zidan yiroqda, chekka, xilvat qishloqdami, qayerdadir jodugar xotinday o‘z hayotiga chek qo‘ygan bo‘lar edi”.
XIX asrdagina ayol adabiy hayotga chinakamiga kirib keldi va hozirgi kunda tabiiy va zarur bo‘lgan qulayliklarni talab qilishga jur’at etdi. Ilgarilari esa, yozish-chizishga botingan taqdirda ham, xuddi Jeyn Ostinga o‘xshab, ota-onasining uyidagi mehmonxonada o‘tirgan ko‘yi uyga birorta begona odam kirib kelgudek bo‘lsa, uyalib, iymanib qo‘lyozmani darrov bekitib, yashirishga majbur edi. Ha, uning zorlanganicha ham bor: “Erkaklar yozish imtiyoziga bundan bir necha ming yillar muqaddam erishgan va faqat ibtidoiy jamoa tuzumidagina shoirning o‘z fikru xayollarini bir yerga jamlab olish imkoniyatiga ega bo‘lmoq uchun unga xilvat, ko‘zdan yiroq boshpana zarur ekanini isbotlab berishiga to‘g‘ri kelgan bo‘lur edi”.
Tor va qorong‘i katalak kulbachalarda, chordoqlarda ko‘plab asarlar yozilgan va ularning orasida yirik, salmoqlilari ham uchrab turadi. Unday joylarda qanchadan-qancha ajoyib aql sohiblarining ijodi gullab-yashnagan yoki inqirozga yuz tutgan. Ayrim yozuvchilar esa o‘z tashvishlari bilan andarmon bo‘lgan odamlar ichida, shovqin-suronga to‘la, tiqilinch, tirband umumiy xonalarda yozish uchun qulay fursat poylab, ijod qilishga majbur bo‘lishgan. Ana shunday noqulay shart-sharoitlar asarlarga ham albatta o‘z ta’sirini ko‘rsatgan, ba’zan hatto kompozitsiya, uslubga qarab turib, muallif o‘z asarini qayerda yozgan – keng, yorug‘ xonadami yoki tor, dim, havosi bo‘g‘iq joydami, buni bemalol his qilish mumkin.
Garchi bu o‘rinda xilma-xillikka duch kelinsa-da, baribir yozuvchilarni ikki asosiy toifaga ajratish mumkin. Birinchi toifadagi yozuvchilar uchun yozish – zavq-shavq, havas, odat, hayotiy zaruriyat bo‘lib, bu ish bilan ular tizimli tarzda, kun va tunning ma’lum bir soatlarida mashg‘ul bo‘ladilar. Bunday yozuvchilar – Apelles tamoyilining muxlislari “nulla dies sine linea” (“Biron satr yozilmaydigan kun yo‘q”) qoidasiga amal qiladilar (ushbu hikmatli so‘z Zolyaning ish kabinetidagi kamin tepasiga o‘yib yozib qo‘yilgan ekan). Antoni Trollop har kun uchun o‘ziga o‘zi ma’lum miqdorda so‘z yozishni belgilab olgan va bu ishni o‘ttiz yil faoliyat ko‘rsatgan pochta xodimiga xos bo‘lgan sof vijdon bilan bajarar ekan. Meterlink har kuni aynan bir vaqtning o‘zida yozuv stoliga o‘tirar va hattoki biron jumla yozolmagan taqdirda ham, tushgacha o‘rnidan turmas ekan. Bunday toifadagi yozuvchilar qulay ish joyi haqida qayg‘urishlariga to‘g‘ri keladi.
Ikkinchi toifadagi yozuvchilarning ijodiy o‘y-xayollari po‘rtanadek otilib, ularni qizg‘in va jo‘shqin istak ijod qilishga majbur etadi. Bunday yozuvchilar ishlash uchun joy tanlab o‘tirishmaydi, balki duch kelgan joyda, hattoki bog‘dagi o‘rindiqning suyanchig‘i ustida ham yozib ketaveradilar. Afsuski, bunday ajoyib, saxiy qalbli insonlar nihoyatda kam uchraydi!
Yozuvchining xosxonasi uning didi va qiziqishlari hisobga olingan holda qulay bo‘lishi lozim. Bu o‘rinda moddiy masala uncha muhim rol o‘ynamaydi. Muhtojlikka chidash mumkin, qolaversa, ehtiyotkorlik, tejamkorlik, ishtiyoq va qaysarlik tufayli kabinetni saroyga aylantirib yuborsa bo‘ladi. Agar Tolstoyga o‘xshab boy bo‘lsangiz, xonangizni boshqacha qilib, oddiygina jihozlashingiz ham mumkin. Ha, aytganday, yozuvchilar mayda-chuyda bezaklarni unchalik ham yoqtirishavermaydi. Uyini naq muzeyga aylantirib yuborgan Gyote ishlagan paytda diqqati bo‘linmasligi uchun o‘ziga kulbaga o‘xshash oddiygina xona ajratvolgan ekan. Basharti yozuvchida ishtiyoq, ishqibozlik bo‘lsa, boshqa masala.
– Xonamning devorlarini o‘zim gul solib bezatganman, – deydi Norvid Nyu-Yorkdagi o‘z turarjoyi haqida hikoya qilarkan. – Grizayl uslubidagi barelef (tekis yuzaga bo‘rttirib ishlangan yassi haykalsimon naqsh – Tarj.)larda qadimgi va yangi dunyo tarixiga oid turli xil sahnalar tasvirlangan. Bunga yana antik davrda yashab o‘tgan buyuk kishilarning medalonlarini ham qo‘shib, ularni xuddi do‘stlarim va tanishlarimga o‘xshatib qo‘yganman, masalan, Avgust Seshkovskiy Suqrot, yana bir oshnam – Platon, uchinchisi – Iskandar Zulqarnayn, ayol tanishim esa Safo qiyofasida aks ettirilgan.
Agar zarurat va undan kelib chiqadigan cheklovlar bo‘lmasa, yozuvchi o‘z ishxonasidagi jihozlar, xonaning yoritilishi, devorlarning rangi va hokazolar orqali o‘z ta’b-didini namoyon etadi, shuningdek, derazalardan ko‘rinib turadigan manzaralarni ham e’tibordan chetda qoldirmaydi. Montenning “Essais” – “Tajribalar”i qog‘ozga tushgan minora uning o‘zi bilan o‘zi suhbat qurishi uchun naqadar mos bo‘lganini bilsangiz edi! Gernsidagi ummon uzra nur taratgan o‘sha oynavon chiroq – “Radeau de la Meduse” – “Meduza soli”dan ko‘ra yaxshiroq ish kabinetini Viktor Gyugo tasavvur qilolganmidi? Pyupitr ortidagi alvon mato uzra xiyol engashgan ko‘yi ummonning cheksiz kengliklarini kuzatgan “Dengiz zahmatkashlari”ning muallifi ummon bo‘ylab suzib borayotgan ko‘plab kemalar uchun baayni signalchi sifatida xizmat qilgan bo‘lsa ham ajabmas. U yerda u “Asrlar afsonasi”, “Kulayotgan odam”, “O‘rmon va ko‘cha qo‘shiqlari” kabi asarlari bilan birga dengizchilar haqidagi epopeyani ham yozgan, uning har bir jumlasi tuzga to‘yingan dengiz shamolining nafasi bilan yo‘g‘rilgan edi.
Oromkursilarning ma’lum bir shakli Volter nomi bilan yuritilardi. Ular shunchalik keng, qulay va shinam ediki, tez orada kampirlarning sevimli jihoziga aylandi, chunki o‘tirib to‘qish, tasbih o‘girish va mizg‘ib olishga ham o‘ng‘ay edi. Volter hatto o‘rinda yotib ham stolda o‘tirib yozadigan boshqa o‘nlab yozuvchilarga qaraganda ko‘proq g‘ayrat bilan ishlay olar, shuning uchun bunaqangi oromkursilardan jon deb foydalanardi.
Biroq yozuvchilar bu borada Volterdan kamroq o‘rnak olishar, ular odamni erinchoqlik tutadigan bunday o‘ta qulay va shinam oromkursilardan voz kechishni afzal ko‘rishardi. Favqulodda mehnat qobiliyatiga ega bo‘lgan Kasprovich menga bir vaqtlar o‘zining beso‘naqay Zakopane kursilarini faxr bilan ko‘rsatib, ularni ko‘klarga ko‘tarib maqtagan edi. Aslida ham muvaffaqiyatli ijod uchun eng kam miqdordagi qulaylik kifoya qiladi, chog‘i. Vile de Lil-Adanning jihozlari kimoshdi savdosida sotilib ketgach, bechora pol ustida yozishga majbur bo‘lgan ekan. Bu shoirning o‘ziga xos qahramonligidan dalolat bersa-da, ammo unga taqlid qilishning hojati bo‘lmasa kerak.
Ba’zida kabinetdagi vaziyat butunlay tasodifiy bo‘lishi, odatda uning tuzilishi haqida yozuvchining tarjimai holidan ayrim parchalar orqaligina bilib olish mumkin. Har biri bunga o‘z mehnati, o‘zi yashab, ijod qilgan yoki qilayotgan olamdan nimanidir qo‘shadi. Buklama yelpig‘ich va nafis to‘qilgan to‘r qandaydir ayol sharpasining izlari bo‘lsa, palma tropik peyzaj o‘rnini bosadi, dehqoncha ust-boshdagi haykalcha esa xona sohibining fikru zikri olis qishloqqa qaratilganidan darak beradi. Ayniqsa, tarixiy mavzu ustida ishlayotgan yozuvchining stoli ustida har xil buyum, narsalar uyilib yotadi. Yozuvchi ularning o‘z ko‘z oldida bo‘lishini, ularga qo‘l tekkizib ko‘rishni istaydi, chunki ular o‘zi tasvirlayotgan davrning izlari bo‘lib, shakl-shamoyillari, chiziq va naqshlari uni o‘sha davr bilan yaqindan aloqaga, muloqotga chorlaydi, ulardan nafis, bilinar-bilinmas va ayni choqda yengib bo‘lmaydigan joziba ufurib turadi. Frans o‘zining “Janna d’ Ark” nomli asarini yozgan paytda o‘rta asr buyumlariga ko‘milib olgan, ishni tugatgandan so‘ng, ular ko‘ngliga shunaqangi urgan ekanki, o‘zini bu eski-tuski lash-lushlardan xalos qilishni do‘stlaridan o‘tinib so‘ragan ekan. Biroq o‘ziga maftun qiluvchi ayol nazokati namoyon bo‘lib turgan tors (haykalning boshsiz, oyoq-qo‘lsiz tanasi – Tarj.) – qadimiy marmar bo‘lagidan hech qachon ajralishni istamasdi – chunki qadimgi dunyo oldida qanday bo‘lsa, ayol zotiga ham xuddi shunday ta’zim qilguvchi inson uchun bu marmar parchasi go‘zal sanam darajasiga ko‘tarilgan edi.
Gonkur yapon san’atining shaydosi edi, u nafaqat kabinetiga kirib borgan, balki butun uyda ham hukmronlik qilardi.
Yozuvchining xosxonasidagi buyum, ashyolarga qarab, uning ayni paytda nimalar bilan band ekanini bemalol payqab olish mumkin. Meterlink “Asalarilar hayoti”ni yozayotganida asalarilarni jalb etish uchun yozuv stoli ustiga asal solingan likopcha qo‘yib olgan ekan. Yozuvchining ijodxonasi, ta’bir joiz bo‘lsa, uning intellektual qiziqishlari namoyish etiladigan ko‘rgazmaga o‘xshab ketadi. Gyuismansdan biron sahifa ham o‘qimay turib, kabinetiga kirgan odam uning uslubi va dunyoqarashidan voqif bo‘lishi mumkin edi. Sirti alvon mato bilan sirilgan, hollandiyalik ustalar yaratgan gravyuralar, suratlar, hashamdor muqovali qadimiy nodir kitoblar, fil suyagidan yasalgan ashyolar, bronza buyumlar, o‘rta asrlarga oid kashta gullar bilan bezatilgan pillani bir tasavvur qiling – muallifning ko‘p yillik o‘y-xayollari mahsuli, “Teskari” deb nomlangan romanidagi asilzoda Dez Essent obrazi ana shunday paydo bo‘lgan ekan. Yung o‘zining g‘amgin “Tunlar”ini odamning bosh suyagiga suqilgan sham yorug‘ida yozgan deyishadi.
Stol yoki byuro (baland yozuv stoli – Tarj.) ba’zan xiyla maxfiyroq sirlarni ham oshkor qilib qo‘yarkan: bir qarashdayoq u yerda hosildorlik hukm surayaptimi yoki qurg‘oqchilikmi – buni bilib olish mumkin. O‘rtasi ochib qo‘yilgan kitob yoki sahifalar orasidagi pichoqcha, siyohi qurib, qorayib ketgan siyohdon, qog‘ozga sanchilgan pero, singan qalam – bularning barchasi yozuvchi faoliyatining samarasizligidan yaqqol dalolatdir. Goho mana shu sahro bo‘ylab ko‘tarilib turadigan va o‘zidan keyin yoyilib, sochilib yotgan xilma-xil mavzulardagi kitobchalar, jurnallar, yangi gazetalar, eski yondaftarchalarni qoldiradigan bo‘ron izlari ham bizni aldamaydi. Bu boshi-keti yo‘q tartibsizlik – unumli ishdan nishona emas, balki behuda, samarasiz izlanishlar, tashvish, xavotir, qoniqmaslik, norozilik alomatlaridir. Hatto eng zo‘r rasmiyatchi, maydakash ham bunaqa paytlarda tartib-qoidaga rioya qilolmay qolishi turgan gap.
Negaki, yozuvchilarning ikki turi mavjud: birinchisi tartib saqlashga qodir, ikkinchisi – qodir emas. G‘alati tarafi shundaki, unisi ham, bunisi ham tartibni birday yaxshi ko‘radi. Eng parishonxotir yozuvchi ham unga intiladi va orzu qiladi. Biroq o‘z shaxsiy yozuv stolini tartibga sololmagan odam, qanchalik urinmasin, bunga hech qachon erisha olmaydi. Go‘yoki badburush, yomon niyatli gnom – ajina chalganday, yig‘ishtirilganiga atigi bir soat bo‘lar-bo‘lmas, stol usti qachon va qanday qilib yana dasta-dasta kitoblar bilan to‘lib qolayotganiga o‘zining ham aqli yetmaydi. Bundayin yozuvchi ertami-kechmi o‘zining pala-partishligini tan oladi va noiloj mana shunday tartibsizlikka ko‘nikib, hayotda unga xuddi o‘ziga tanish o‘rmon chakalakzori kabi moslashib yashay boshlaydi. Endi undagi barcha so‘qmoq va so‘qmoqchalar uning yolg‘iz o‘zigagina ma’lum, bu chalkash va chigal manzaraga daxl qilishga hech kimning haqqi yo‘q.
San’at, bu – tartibsizlik, – bir shoirning uy xizmatkori shunday degan ekan. Ammo kitoblar uyib tashlanmagan stol ko‘proq shoirlarda, oddiy romannavislar, dramaturglarda uchraydi, chunki ular faylasuflar va tarixiy roman mualliflaridan farqli tarzda ko‘proq o‘z shaxsiy tasavvurlariga tayanib ish ko‘radilar. Ular uchun bir varaq oq qog‘oz kifoya, bularning qo‘lida esa butun bir arxiv bo‘lishi kerak.
Albatta, bu – umumiy qoida emas. Ba’zan lirik she’rlarining oxirgi bandiga hozirgina nuqta qo‘ygan shoirning yozuv stoli u yerda go‘yo tarixiy dovul bo‘lib o‘tganday taassurot qoldirsa, ayni paytda yozuvchiga urushlar va siyosiy ig‘vo, nayranglar maydoni sifatida xizmat qilgan stol xuddi sokin, beozor falsafiy fikr va mulohazalar sahnasi kabi ko‘ngildagidek batartib bo‘ladi. Men Jyul Romenning Tur yaqinidagi yerida bo‘lgan chog‘imda uning yozuv stolini ko‘rib, rosa hayron qolgandim, chunki stol usti xuddi qo‘l tegmaganday shunaqangi toza ediki, “Les Hommes de bonne volonte” – “Yaxshi niyatli kishilar”dagi shuncha olomon qanday qilib u yerga sig‘a oldiykan, bunga sira aql bovar qilmasdi. Demak, muallif ularning hammasini miyasiga joylay olgan, shu xolos. Xuddi Senkevichga ishlash uchun mehmonxona nomeridagi stolchadan boshqa hech narsa kerak bo‘lmay, o‘z qahramonlarining bir talayini butun Yevropa bo‘ylab o‘zi bilan birga olib yurgani kabi.
Yanayam hayratlanarlisi shuki, ba’zan yozuvchining fe’l-atvori bilan yozgan kitoblarida ifodalangan individuallik, ya’ni o‘ziga xos xususiyatlari o‘rtasida hech qanday muvofiqlik sezilmaydi. Qizg‘in va jo‘shqin mizoj maydakashlik bilan ajoyib tarzda chiqishib ketadi. Benuqson klassik esa eng betartib romantikni ham o‘z ishxonasidagi tartibsizlik bilan xijolat qilib qo‘yadi. Viktor Gyugo liqillab turgan kambargina novcha stol ustida o‘tirib ishlardi, aslida u yer madam de Seviniga maktub yozish uchun munosib edi. Darhaqiqat, “Xo‘rlanganlar” dunyosidagi hamda “Parij Bibi Maryam ibodatxonasi”dagi gavjum, serodam hayot qanday qilib ushbu o‘yinchoqni ezib, pachoq qilib yubormagani, qolaversa, ulug‘ adibning o‘zi ham nega uning dabdalasini chiqarmagani mudom sirligicha qolayotir. Dyuvernua loklangan, yaltiroq stol ustida yozarkan. Bunga Kolett hayron bo‘lib: “Tushunmayman, qanday qilib hovuz betida yozish mumkin”, degan ekan.
O‘rta asrlar va Renessans davriga oid qabrtosh yozuvlarida, yodgorliklarda, rang-barang bezalgan qo‘lyozmalar, qadimgi yog‘och o‘ymakorligi buyumlariga solingan suratlarda yozuvchilarni kamtarona jihozlangan oddiygina xonalarda ishlab o‘tirgan holda ko‘ramiz. Mana, Martsin Belskiy ikki derazali xonada o‘tiribdi, derazalarning biriga tuvakda gullar qo‘yilgan, o‘rtada uzun stol, emandan yasalgan bo‘lsa kerak, uning oldida kursi – ulardagi chiroyli, bejirim o‘yma naqshlar beixtiyor Zakopane jihozlarini eslatadi. “Ayollar seymi”ning muallifi kursi ustiga yostiq qo‘ygan, sovuq kirmasligi uchun deraza pardalarini yopgan. Derazalar o‘rtasidagi tokchaga bir talay kitoblar terib qo‘yilgan. Shundoqqina yonida muz solingan qadah. U ochiq daftarga yozmoqda. Kursiga gitara suyab qo‘yilgan.
Gitaraning bu yerda turishi tasodif emas, uni naqqosh o‘zicha o‘ylab topmagan. Yozuvchilarning ishxonalarida musiqa asboblarining uchrab turishi kamdan-kam yuz beradigan holat emas. Shopenhauer Rossini sovg‘a qilgan fleytani deyarli har kuni chalib turardi. Romen Rollan o‘z xonasidagi royalda tez-tez kuy mashq qilib turishga odatlangan edi. Ivashkevichning yozuv stoli yonida ham royal turar, unga musiqa adabiyot kabi qadrli edi. Musiqa bilan kechgan damlar miyada yoki qog‘ozda fikr bilan so‘z o‘rtasida yuzaga keladigan nomuvofiqliklarga, poyma-poy jumlalarga barham berib, kayfiyatni sozlaydi, kishiga ko‘tarinki ruh bag‘ishlab, ijod zavqini oshiradi, bu bizga Mitskevichning improvizatsiyalaridan ham yaxshi ma’lum. “Uolles haqidagi tragediya ustida ishlayotgan paytimda, – deb yozgan edi Slovatskiy onasiga yo‘llagan maktubida, – ko‘pincha o‘rnimdan turib, yozayotgan sahifalarimga mahzunlik insin, deya xuddi o‘sha valsni chalaman…”
Shu bilan birga, musiqa ko‘pchilik yozuvchilar uchun dushman hisoblanadi: qo‘shni xonadan taralishi bilanoq, ish taqqa to‘xtaydi, ikkita so‘zni bir-biriga bog‘lashning ham iloji bo‘lmay, ba’zida butun kun zoye ketadi. Radio bino bo‘lgandan beri, yovvoyilar uning ovozini pasaytirishni xayollariga ham keltirmaydi, oqibatda yozuvchilar asabi taranglashib, do‘zax azobini boshdan kechirishadi: qimmatli ijod damlari boy beriladi.
Adabiyot tarixida, shuningdek, yozuvchi qalamining tasviriy san’at qurollari bilan hamkorligi ham tilga olinadi. So‘z muallifga bo‘ysunmay qoladigan samarasiz paytlarda ko‘pincha mo‘yqalam, ko‘mir yordamga kelib, uni hasrat dog‘idan forig‘ etishda ko‘makchi vazifasini o‘taydi. Hammayog‘iga yozib, chizib tashlangan yuzlab qo‘lyozmalar badiiy obrazlar ifodasi bo‘lmish fikrning adashib, tentirashlari va sargardonliklaridan hikoya qiladi, ulardagi turli xil rasmlar, topografik rejalar, siluetlar qurilish havozalari yanglig‘ fantaziyaning parvozidan dalolat beradi, goho qandaydir gul yoki barg zum o‘tmay, tugallanmagan jumlaga istiora bo‘lib qo‘shilib, matnga singib ketadi. Shoir xalqi hayotining ma’lum bir davrida qalam yoki mo‘yqalamdan qay birini afzal ko‘rishni bilolmay, ikkilangan paytlar ham ko‘p bo‘lgan. Masalan, Gyote yoki Ibsenni oladigan bo‘lsak, Ibsenni o‘z xotini akvarelchi rassomlik san’atidan voz kechishga ko‘ndirgan ekan. Keyinchalik Ibsenning o‘g‘li bu haqda shunday degan edi: “Onamning ikki buyuk xizmati bor, u norveglarni ikkinchi razryadli rassomdan xalos qilib, ularga genial dramaturgni berdi”.
Shunga qaramasdan, Jeromskiy, Norvid singari ko‘plab yozuvchilar shon-shuhrat uchun emas, balki rassomlik san’atini she’riyatga teng bilib, qo‘llariga mo‘yqalam olishgan, Norvid bundan tashqari haykaltarosh ham bo‘lgan. Lenartovichning haykaltaroshlik sohasidagi asarlaridan biri Kalish kostyoli (polyak katoliklari ibodatxonasi – Tarj.)da saqlanmoqda.
Yozuvchining ish kabinetida aslida kitoblar bo‘lishi lozimga o‘xshaydi. Biroq bu majburiy emas. Ne tongki, kitobdan o‘zini ehtiyot qiladigan yozuvchilar ham uchrab turadi. Bular – yo kitobning dushmani yoki ularni juda yaxshi ko‘radi. Maroqli, qiziqarli deb ataladigan romanlar yoki teatr uchun pesalar yozadigan qanchadan-qancha o‘rtamiyona yozuvchilar bor. Ularning asarlari har qanday intellektual madaniyatdan mahrum bo‘lib, “yaxshi chiqqan” hisoblanadi. Bunday asarlardagi voqealar aslida qandaydir qahvaxona, qovoqxona yoki qimorxonalarda bo‘lib o‘tadi, lekin ular “bizning kitobimiz hayotning o‘zidan olingan” deya maqtanishgani-maqtanishgan. Mazkur yozuvchilar kitob mutolaasini zerikarli ish deb hisoblashadi, kitoblar go‘yo ularning tasavvurini parvoz zavqidan, fikr yangiligidan mosuvo qilarmish.
Yana shunisi ham borki, kitoblarni haddan ortiq sevadigan yozuvchi ham o‘z ish kabinetida kitob bo‘lishidan qo‘rqadi. Unda beixtiyor vasvasaga berilib, qalamni bir chetga olib qo‘yish va kitob muqovasiga yashirinib olgan giyohvand moddalarga qo‘l cho‘zish qiyin bo‘lmay qoladi. O‘tkir aql sohiblari, buyuk insonlar bilan tez-tez muloqot qilging keladi, lekin ularni yaqin atrofda uchratish osonmas. Anatol Frans azbaroyi zerikkanidan buning ilojini topgan, ish kabinetining shipidan to poliga qadar aylanib oqqan in-oktavo (nimchorak), in-kvarto (chorak) va in-folio (yarim) oqimiga sho‘ng‘ib ketgan. Ancha yillardan buyon Varshavada Reymontning ayoli eri yozuvchilikdan chalg‘ib ketmasligi uchun qo‘lidan kitobni tortib olib qo‘yarkan, degan gap yuradi. Albatta, u eriga nisbatan yaxshi ish qilmagan. Axir, yozuvchining o‘z tafakkuri zaiflashib, boshqa birovlarning kuchidan quvvat olishga ehtiyoj sezgan paytda kitob naqadar qudratli rag‘bat va madadga aylanishini u bechora qayoqdanam bilsin. Yozuvchilarning kutilmagan, nogahoniy uchrashuvlardan go‘zallik kashf eta olishlari, begona, yot asarning o‘qilgan har bir sahifasi o‘zlari, ehtimol, hech qachon bilib ololmaydigan narsalarni anglashga ko‘mak berishi hech kimga sir emas.

Buyuk so‘z ustalari yangiliklarni qadrlabgina qolmay, ularni nafaqat o‘zlariga teng, balki ancha pastroq yozuvchilardan ham axtarib yurishadi. Izlanayotgan ijodkor uyg‘unlikka hamohanglik tanlar ekan, ular o‘zlariga ruhan yaqin bo‘lgan muallifning kitobiga murojaat qilib, unga shunchalik sho‘ng‘ib ketishadiki, buni mutolaa deyishgayam til bormaydi, chunki ular hatto o‘qilgan bironta sahifaning mazmunini ham aytib berisholmaydi, holbuki, bundan atigi bir soat oldin xuddi o‘sha sahifadagi so‘zlar ularni junbishga keltirgan bo‘lsa ham. Boshqa paytlarda esa ruhan mutlaqo yot asarlarga ham murojaat qilishadiki, ulardagi uslub, kompozitsiya, muallif dunyoqarashi ko‘ngilni qoldiradi, ammo bu foydadan xoli emas, chunki bunday dissonans (nouyg‘unlik) jo‘shqin, faol zarbaga sabab bo‘lib, mutolaa jarayoni endi yakkama-yakka olishuvga aylanar, nainki yutuq va nuqsonlar “yalt” etib ko‘zga tashlanar, balki yozuvchi ana shu “jang”dan so‘ng, yangi kuch-g‘ayrat bilan yozuv stoliga o‘tirar ekan. Somerset Moem yozishdan oldin “Kandida”ni qayta o‘qib chiqib: “Mutolaa chog‘ida go‘yo boshimni shon-shuhrat, o‘tkir zehn va nafosat nuri ostiga qo‘yganday bo‘lardim”, degan ekan.
Kimki agar o‘zi kitob yozsa, oxir-oqibat uning shinavandasiga aylanishi aniq va bu holat mutlaqo tabiiy. O‘zidan shaxsiy kutubxona meros qoldirmaydigan yozuvchini topib bo‘lmasa kerak. Odatda bunday kutubxonaning taqdiri doimo ayanchli bo‘ladi. Agar u vasiyatnoma bo‘yicha birorta kattaroq kitob jamg‘armasi ixtiyoriga o‘tmasa, uni beparvo, befarq va ochko‘z merosxo‘rlar bittalab tashib bitirishadi. Qimmatbaho va esdalik kitoblar chordoqlarda chang bosib yotadi, kimoshdi savdosi zallarida sotilib, loqayd kishilar qo‘lida yo‘q bo‘lib ketadi. So‘ng adabiyotshunoslar ularni qiyinchilik bilan qo‘lga kiritib, ostiga chizib qo‘yilgan jumlalarni, hoshiyalariga bitilgan qaydlarni o‘rganib, tadqiq qilib, yozuvchi ijodining noma’lum, yangi qirralarini kashf etadilar. 1374 yilda, Petrarka vafotidan so‘ng, undan meros qolgan Yevropadagi eng katta kutubxonaning taqdiri ne kechgani ma’lum. O‘zaro urushlar va harbiy yurishlar chog‘ida kutubxona Italiya va Frantsiyaning turli-tuman shaharlari bo‘ylab sargardon “kezarkan”, urishqoq qirollar qo‘lida uloq bo‘lib, qo‘ldan-qo‘lga o‘tib yurgan. Per de Nolyak ulug‘ insonparvar shoirning belgi, yozuv va qaydlarini sinchiklab o‘rganib chiqib, kutubxonaning puxta katalogini tuzgan. Xuddi shunday xayrli ishni hormas-tolmas, omadli tadqiqotchi Birkenmayer ham amalga oshirgan. U Kopernik kutubxonasiga tegishli kitoblardan o‘quv materiallari sifatida foydalanish uchun zarur bo‘lgan tartib-qoidalarni ishlab chiqib, sanalarigacha aniq tayin qilgan. Sent-Byov haqidagi monografiya muallifi Bonneroning xizmati ham tahsinga sazovor: u Parij kutubxonalarining arxivlarini titkilab, Sent-Byov buyurtma bergan barcha kitoblar ro‘yxatini aniqlashga hamda uning ish taqvimini deyarli kunma-kun aniq tiklashga muvaffaq bo‘lgan.
Shunga qaramay, yozuvchining haqiqiy ishxonasi uning ishlab chiqarish qurollari qayerda bo‘lsa, o‘sha yerdadir, deb to‘la ishonch bilan aytish mumkin.
“Ishxona” so‘zini faqat bugungi kunda bemalol ishlatsa bo‘ladi. O‘tgan avlod vakillari bu so‘zni eshitsa, achchig‘i chiqqan bo‘lardi. Chunki ushbu so‘z aqliy mehnat emas, qo‘l mehnati vakillari, hunarmandlar hayoti bilan o‘zaro bog‘liq edi. Ikkala soha esa oldindan o‘ylab, to‘qib-bichilgan, yanglish, xato fikr, aqidalar, adovat, xusumat va nafrat tufayli bir-biridan ajralib qolgan edi. Tarixning har bir davrida til jamiyatdagi his-tuyg‘ular va xurofiy urf-odatlarning haqqoniy solnomachisi sanaladi. Endilikda “ishxona” tushunchasi oliyjanob maqsadlarni anglatadi. Umumiy mexanizatsiyalash sharoitida yozuvchilik o‘z shaxsiy ishxonasiga ega bo‘lishga ehtiyoj sezadigan kamsonli kasb-hunarlar sirasiga kiradi.
Bunday ishxonada foydalaniladigan ish qurollari nainki xizmat qiladigan maqsadiga ko‘ra, balki o‘zining uzoq poetik tarixi tufayli ham diqqat-e’tiborga sazovordir. Mazkur tarix istioralar bilan rang-barang qilib bezatilgan. Ularning ichida eng chiroylisi, bu – “stil” (uslub, usul) – shior-so‘z, chaqiriq-so‘z bo‘lib, so‘z san’atkorlari “tsex”ining ramzi sanaladi. Uning kelib chiqishi oddiy. Yunonchada dastlab “tayoq”, “qoziq”, “ustun” ma’nolarini anglatgan. Hozirga qadar bu so‘z Opatovskda boltaga nisbatan ham (sop, dasta ma’nosida) ishlatiladi, Polshaning boshqa ayrim joylarida uni “stilisk” deb ham atashadi. Rim qo‘shini “stillar”, ya’ni uchi qayralgan qoziqlar bilan o‘z lageri ostonalarini himoya qilgan. Keyinchalik ushbu so‘z kesish (yo‘nish) asbobi – keskich ma’nosida qo‘llanila boshlaydi. Rimliklar bunday asbobdan mumdan qilingan jadvallarga yozish uchun foydalanishgan. Keskichlar yog‘ochdan, suyakdan va metaldan tayyorlangan.
Keskich va o‘tkir uchi siyohga botirib yoziladigan qo‘g‘a (qamish) bir zamonlar adabiyotning gullab-yashnashiga baholiqudrat xizmat qilgan. So‘ngra g‘oz patlarining davri boshlanib, Kapitoliy parrandasi qayta shon-shuhratga burkangan va o‘z omadini turna, oqqush, o‘rdak, qoraqarg‘a, qirg‘iylar bilan baham ko‘rgan – shu tariqa patlarining yengilligi, o‘tkirligi va rangiga qarab, ularni bir-biri bilan taqqoslash va tanlash imkoniyati yuzaga kelgan. Kimki qo‘lida kamalakni tutib turgisi kelsa, tovus pati bilan yozgan. Keskichni bizga faqat eski istioralargina eslatib turadi va ular hali-beri yo‘qolib ketmaydi. Stanislav Gerakliush Lyubomirskiy shu o‘rinda ba’zi bir paradoksga diqqatni qaratadi. “Endilikda, – deydi u, – yozilgan narsalar haqida uslub emas, qalam deyilsa, to‘g‘riroq bo‘lardi. Masalan, bu kitob yaxshi qalam bilan bitilgan, deyish mumkin, chunki hozir odamlar “uslub”dan voz kechib, uning o‘rniga “qalam” so‘zini qo‘llamoqdalar”.
Lyubomirskiyning tilagi amalga oshmadi va dunyo o‘sha eski istiora bilan qoldi, faqat uning yoniga yangisi kelib qo‘shildi. “Qalami o‘tkir” deyilganda qo‘l, pichoqcha va uchi o‘tkirlanayotgan cho‘p tasavvur qilinadigan bo‘ldi – mening buvim ham bir paytlar shunday qilardi, keyin yangi yozilgan qog‘oz ustiga yozuv stolidagi chiroyli qumdondan qum olib sepib chiqardi.
Norvid shunday deb yozgan ekan:
Qalam!
Men uchun sen bamisoli farishtaning qanotisan…
Mazkur dabdabali murojaat oddiygina g‘oz patiga taalluqli edi. Undan Norvid ham, Viktor Gyugo (“U shamolday yengil va yashindek kuchli”) ham to umrlarining oxiriga qadar ayrilishmagan. Bizning davrimizga esa g‘oz patini Anatol Frans olib kirgan: uning Beshelleridagi yozuv stoli 1924 yilning kuzida qanday qoldirilgan bo‘lsa, hanuz shundayligicha saqlanmoqda, stol ustidagi o‘tkir g‘oz patlari solingan qadah ham joyida turibdi. Frans hech qachon boshqacha ish qurollaridan foydalanmagan. Qachonlardir taraqqiyot ramzi sanalgan po‘lat pero ham biz uchun ortiq maqbul ish quroli bo‘lmay qoldi. Endi har bir kishi o‘zicha oltin peroga ega bo‘lishga harakat qiladi, ilgarilari u, xuddi marshalning hassasiga o‘xshab, adabiyot olamining yuksak mukofoti sifatida berilardi, xolos.
Yozuvchilar ish qurollarining o‘lchami, vazni va shakl-shamoyiliga hech qachon befarq bo‘lishmagan. Ularning mustahkam, mayin, qulayligi muhim. Yomon pero ijodiy g‘ayratni sovitib, butun ish kunini yo‘qqa chiqarishga qodir. Marsel Shvob esa ataylab yaroqsiz perolarni yig‘ib yurar, ularning “qaysarligi”dan ijodiy rag‘bat olardi. Peter Altenberg bo‘lsa, “Kun” firmasining 201 raqamli havorang po‘lat perolarini shunaqayam maqtab, madh etardiki, eshitgan odam firma unga reklama uchun pul to‘lasa kerak, deb o‘ylardi.
Kitob bosish san’ati ixtiro qilingunga qadar, muallif deyarli har doim tirishqoq xattot bo‘lgan. Hozirgi kunda Arnold Bennet qo‘lyozmalari yoki Andre Syuaresning rang-barang mayda harflar bilan yozilgan qo‘lyozmalari yoxud Platon tarjimoni Vladislav Vitvitskiyning favqulodda chiroyli qo‘lyozmalari nodir xazinalar hisoblanadi. Goho hayratlanarli narsalar ham uchrab turadi: Semyuel Pipsga tegishli shifr yoki Leonardo da Vinchi maktubi, bu maktubdagi harflar ag‘darib yozilganligi sababli uni faqat ko‘zguda o‘qish mumkin. Yozish jarayonining o‘zi ko‘pchilikka lazzat bag‘ishlashi sir emas. Harflarning yozilish shaklidayoq o‘ziga xos go‘zallik yashiringan. Buni ko‘pgina yozuvchilar e’tirof etishgan, ularning ko‘pchiligi o‘z asarlarini bir necha marta qaytadan ko‘chirib chiqib, qo‘lyozmaning toza, bekamu ko‘st bo‘lishiga intiladi, ko‘proq eski urfdagi yozuv qurollarini afzal ko‘radi. “Peroni siyohga botirishning o‘ziyoq, – deydi Dekav, – mukammallik kasb etadi: u juda tez yozishga izn bermay, ko‘pgina bema’ni xatolardan saqlaydi”. Bernard Shou esa bu haqda boshqacha o‘yda bo‘lib, fikrlarini ifodalashga ulgurish uchun ko‘pincha stenografiyaga murojaat qilgan.
Yozuv qurollarining asrlar mobaynida o‘zgarib borishi ijodiy jarayon psixologiyasiga doir o‘zgarishlarni ham taqozo etgan. Kim keskich bilan yozgan, kim xitoylar singari ingichkagina cho‘tkachadan foydalangan, mixxat bilan yozgan qadimgi Bobil yozuvchilarini-ku, gapirmasa ham bo‘ladi. Albatta, ularning psixologiyasi o‘rtasida katta farq mavjud bo‘lganini tasavvur qilish qiyin emas.
Muzeylarda ulug‘ odamlar tomonidan uzoq yillar davomida ishlatilgan pero va siyohdon kabi ashyolar saqlanadi, ularning hayajonga soluvchi izlari goho o‘z egalarining mayl, havas, ishtiyoqlari, xurofiy urf-odatlari, bid’at, kamchilik, nuqsonlarini ham yoritib beradi. Garchi ko‘p yozuvchilar faqat qalamdan foydalangan bo‘lishsa-da, negadir u ko‘rinmaydi. Xuddi shunday yozuv mashinkalarini ham uchratmaysiz, buning boisi balki ularning yozuvchilar ishxonasiga qiyosan yaqindagina kirib kelganida va ehtimol, hali bu yozuv anjomida bironta ham buyuk asar yaratilmaganida bo‘lsa kerak. Garchand yozuv mashinkasi odatda qo‘lyozma nusxalarini tayyorlashga xizmat qilsa-da, original asar yozishda qalam o‘rniga undan foydalanayotgan yozuvchilar tobora ko‘payib bormoqda. Pristli yozuv mashinkasining qator afzalliklari borligiga amin bo‘ldi. “Yozuv mashinkasi, – deydi u, – kishini ma’lum bir masofada tutib turadi va yozgan asariga tanqidiy ko‘z bilan qarash imkonini beradi”. Mayli, shunday bo‘lsin ham deylik, lekin mashinka, eng avvalo, shubha-gumonlardan xoli bo‘lgan, sermahsul grafomanlarga a’lo darajada xizmat qilishini unutmaslik lozim. Ana shundaylardan biri, adiba Taylor Kolduell kitoblarni naridan-beri, yumaloq-yassi qilib yozib tashlashda katta muvaffaqiyatlarga erishgan. U chin ko‘ngildan iqror bo‘lib, shunday deydi: “Men mashinkada professional tezlikda yoza olaman. Uzoq o‘ylab o‘tirmay, juda tez bitaman. Agar bo‘sh vaqtim yetarli bo‘lsa, xiyla semiz romanni yozib tashlash uchun menga atigi ikki oy kifoya qiladi”.
Buni yanada yaqqolroq tasavvur qilishingiz uchun qo‘shimcha qilib aytmoqchimanki, bu xonim na Frantsiyani, na Yevropani ko‘rmay, bilmay turib, Rishelyo zamonidan roman yozgan. “Ularni ko‘rib nimayam qildim, – deydi u, – Buffaloda ajoyib kutubxonalar tiqilib yotgan bo‘lsa…”
Yozuvchini ish ustida tasavvur qilarkan, hech kim qaychini birrov esga olmasa kerak, hoynahoy. Ammo Krakovdagi Kallimax maqbarasining muallifi buni esdan chiqarmagan ekan. Qaychini hozirga qadar ham deyarli barcha yozuvchilarning ish stolida uchratish mumkin. Bu buyum odatda qo‘lyozma mutolaasining yakunlovchi bosqichida, ba’zan korrektura o‘qilayotgan paytda paydo bo‘lib qoladi. Shunda sahifalar kesilib, matn bo‘laklari bir joydan boshqasiga ko‘chiriladi, ba’zan shunday ham bo‘ladiki, bir bobning oxiri uning bosh qismiga o‘tib qoladi. Shu tariqa qaychi va yelim yordamida yengil o‘qilishi va tabiiyligi bilan o‘quvchini o‘ziga rom qiladigan qiziqarli syujet vujudga keladi.
Qog‘oz – bu endi juda jiddiy masala. U adabiyot olamiga kech, o‘rta asrlarning oxiridagina kirib keldi va haqiqiy ma’noda inqilob yasadi. Avvaliga qog‘oz o‘zining o‘tmishdoshi – pergament bilan “jang”ga kirishib, uni o‘z arzonligi bilan taslim qildi. Hayvonlar terisidan tayyorlanadigan pergamentning bahosi qimmat, buning ustiga kamchil edi, shu bois ko‘pincha palimpsest (pergamentdagi yuvib yoki qirib tozalangan matn ustidan yoziladigan qo‘lyozma – tarj.)dan foydalanishga to‘g‘ri kelardi. Urushda bosib olingan joylardagi ko‘pincha beqiyos darajada ahamiyatli bo‘lgan yot fikrni yo‘q qilishdek vahshiyona odat qadimgi dunyo halokatidan so‘ng boshlangan madaniy qashshoqlashishning bir ko‘rinishi edi.
Pergament yozuvchi uchun hozir unutilib ketgan ko‘pgina tashvishlarni keltirib chiqarar edi. Uni tekislash, g‘adir-budir joylarini yo‘qotib, silliqlash va bo‘r bilan ishqalab tozalab chiqish lozim bo‘lardi. Ammo-lekin mana shu ishlar bajarilgach, odam huzur qilardi! Pergamentni o‘sha davrdagi hatto nihoyatda g‘adir-budir qog‘oz bilan ham taqqoslab bo‘lmasdi. Pergamentga qaraganda arzon bo‘lgan bu qog‘oz baribir hozirgi narxiga qaraganda qimmat edi. Bora-bora yozuvchilarning ish sharoitlari ham o‘zgardi. Pergament zamonida uning oldida kitob ochiq holda turar, uning yordamida harflar silliq, sirg‘anchiq yuzaga husnixat bilan yozilar, joyni tejash uchun ko‘plab shartli qisqartmalar qilishga to‘g‘ri kelardi. O‘rta asrlarda esa qalin, g‘adir-budir qog‘oz urf bo‘lib, unga qadalgan g‘oz pati yozganda g‘ichirlab ketardi.
Yozuvchilarning did va talablarini qondirishda qog‘oz sanoati qadimda papirus tayyorlangan ustaxonalardan o‘tsa o‘tadiki, aslo qolishmaydi. Endilikda yozuvchi qog‘oz tanlashda injiqlik qilishi ham mumkin. Katta-kichiklik, qalinlik (pishiqlik), silliqlik yoki g‘adir-budirlik, yaltiroqlik – yozuvchining individual qiziqishlari qog‘ozning, asosan, ana shu sifatlari bilan bog‘liq. Agar yozuvchi qog‘oz hajmi yoki qalinligini zarurat yuzasidan emas, balki o‘z xohishi bilan o‘zgartirsa, demak, uning o‘zi ham qandaydir darajada o‘zgargan bo‘ladi. Tajribali odam qo‘lyozmaga bir qarashdayoq muallifnnig o‘ziga xos fe’l-atvori, ijodiy usuli, ba’zida esa uslubini ham bilib olishga muvaffaq bo‘ladi. Tor, kambargina sahifalar uzoq yillar ishlagan gazetachiga xos bo‘lsa, hikoyachi (roviy) nafis istioralar ijod qiladigan shoirdan farqli o‘laroq, mo‘ljalni keng oladi. Qaysi bir yozuvchi kundaliklarida katak-katak qog‘oz yomon ta’sir qilishi, fikrlarini chalkashtirib, ruhiy muvozanatini izdan chiqarishini taajjub bilan qayd etgan. Bu borada ba’zan yo‘ldan ozdiradigan vasvasalar ham uchrab turadi: xarajatlar daftarining orqa tomoniga elegiya yoki kirim-chiqim daftariga roman yozging kelib qoladi.
Qog‘ozning rang, tusi ham e’tibordan chetda qolmaydi. Ayrim yozuvchilar uni shunchalik o‘zgartirib turishadiki, qo‘lyozmaning rang, tusiga qarab, ijodining davrlarini – xuddi yilning turli fasllaridagi tabiat manzaralari singari payqab olish mumkin. Oq qog‘ozda o‘ziga tortadigan qandaydir sehrli bir narsa bor. Bu go‘yoki ochiq, keng yo‘l, undan noma’lumlik sari ilk qadam qo‘yayotgan kishida biroz qo‘rquv paydo bo‘ladi: bamisoli qordek oppoq, pokiza qog‘oz betiga dog‘ tushirging kelmaydi.
Russo o‘z “Iqrornoma”sida “Yangi Eloiza”ning dastlabki ikki qismi to‘g‘risida shunday hikoya qiladi: “Ularni yozib bo‘lgach, qish mobaynida so‘z ila ifodalab bo‘lmaydigan quvonch bilan oqqa ko‘chirdim, bunda nihoyatda chiroyli zarrin qog‘ozdan va yozuvni quritish uchun lojuvard hamda kumushrang kukundan foydalanib, daftarni havorang tasmachalar bilan qo‘shib tikdim”.
Keksa Gyote “Mariyenbad elegiyasi”dagi she’rlarni o‘rta asr qo‘lyozmalariga xos bo‘lgan dabdabali husnixat bilan ko‘chirib chiqish uchun uch kun vaqt sarflagan. Moviy matodan juda chiroyli qilib muqovalangan ushbu qo‘lyozmani bugungi kunda Vaymardagi Gyote va Shiller arxivida zavq bilan tomosha qilish mumkin. Ammo Gyote ham xuddi Russoga o‘xshab, dastlab o‘z qo‘lyozmasini ipak chilvir bilan tikib, so‘ng qizil saxtiyon teridan muqovalagan. Yozuvchilarning qo‘lyozmalar to‘plamini ziynatlash uchun xuddi oldindan mo‘ljallangandek, goho zarhallangan hoshiyali, chiroyli muqovalangan qo‘lyozmalari hamon uchrab turadi.
Har bir yozuvchini ehtiyotkor, uzoqni ko‘ra biladigan, tadbirli deb bo‘lmaydi. Anatol Frans hech qachon qog‘oz g‘amlab qo‘ymas, qo‘liga nimaiki tushsa, yozib ketaverar edi. Gohida u qog‘oz izlab, butun uyni kovlashtirib ko‘rar, ba’zan oshpaz ayoldan xiralik bilan so‘rab olar, eski xatlar, xatjildlar, taklifnomalar, tashrifnomalar, hatto to‘lov qog‘ozlari, patta, chiptalarga ham yozib tashlayverardi. Bir kuni allaqaysi firma unga xarid qilgan jihozining to‘lovi haqida eslatadi, Frans esa hech qanday qarzi yo‘qligini tushuntirmoqchi bo‘lib, behuda urinadi. O‘z do‘stining odatlarini yaxshi bilgan madam de Kayave yozuvchining Milliy kutubxonadagi qo‘lyozmalarini ko‘zdan kechirib, u yerdan hisob qog‘ozini topib oladi, ma’lum bo‘lishicha, uning orqa tomoniga romanning bir parchasi yozilgan ekan. Yozuvchining u qadar ko‘rkam bo‘lmagan qo‘lyozmalari hozirgi kunda mahobatli cherkov kitoblari kabi baxmal, duxoba, teri va fil suyagidan qilingan dabdabali, chiroyli muqovalarda saqlanmoqda. Mallarme qog‘ozni shoir uchun birdan-bir, yagona xomashyo deb hisoblamas, she’rlarini buklama yelpig‘ichlar, chiroyli, bejirim konfet qutichalariga, choynaklar, ko‘zguchalar, bankalar, ro‘molchalarga – muxlislari aytishganidek – “hayotning o‘ziga” yozib ketaverar edi.
Ba’zan yozuv stolining chiroyli va qulay bo‘lishi haqida o‘ylab o‘tirishga hojat qolmas ekan. Masalan, Vile de Lil-Adanning jihozlari musodara qilinganda shunday vaziyat yuzaga kelgan yoki Tadeush Rittner boshqa joyga ko‘chgan paytda dramaning bir qismini kitoblar o‘ralgan qog‘ozga qoralagan edi. Tutqunlikda, qamoqda yoki quvg‘inda yurgan, hatto bir umr erkalik bilan umr kechirgan odam ham, taqdir nimani ravo ko‘rsa, shunga qanoat qiladi. Oskar Uayld “De profundis”ni turmaning qo‘pol va dag‘al qog‘ozi sahifalariga ishonib topshirgan ekan. Seroshevskiy Sibirda ilk kitobini o‘zi tayyorlagan siyoh va peroda gazeta parchalariga yozgan. Benvenuto Chellini yagona dostonini qamoqdaligida turma eshigidan ko‘chirib olingan payraha va g‘ishtni maydalab tayyorlangan siyoh bilan yozgan ekan.
Garchi unchalik ko‘p bo‘lmasa-da, – xoh doimiy yoki ayrim paytlarda bo‘lsin, – begona, yot kishilar yordamiga tayangan yozuvchilar haqida ham to‘xtalib o‘tmasak bo‘lmaydi. Aytib yozdirish usuli aslida qadim zamonlardan beri ma’lum: Sitseron bu haqda o‘zining maktublarida ko‘p marta eslatib o‘tgan, Sezar ham birovga aytib yozdirishni ma’qul ko‘rgan. Ba’zi kishilar kasallik yoki majruhlik sababli, masalan, Milton ko‘zi ojizligi, Konrad esa bod xastaligi tufayli shunday yo‘l tutishga majbur bo‘lishgan. O‘z ko‘zim bilan ko‘rganman, Uells xonada u yoqdan-bu yoqqa yurgan ko‘yi romandan bobni aytib yozdirardi, u o‘sha vaqtda shu roman ustida ishlayotgandi, kotibaning epchil barmoqlari tugmachalarni mohirona bosar, mashinka ovozi jo‘rligida turli ta’rif-tavsiflar, dialoglar, psixologik sharhlar birin-ketin qog‘ozga tushardi.
Eng yomoni – hamma narsa jimjitlikka va diqqatni bir joyga jamlashga, rahmdil sehrgar – yolg‘izlikka bog‘liq bo‘lib turgan paytda, boshqa bir shaxsning malol keladigan darajada paydo bo‘lishidir. Yolg‘izlik – mukammallik doyasidir. U “Ilohiy komediya”ning tertsina (har bandi uch misradan qilib yozilgan she’r – tarj.)lari uzra bedor bo‘lib, bir kechada “Improvizatsiya”ni dunyoga keltirgan. Horatsiy o‘z she’riy bandlarining ajoyib sayqal topgani, Gyote esa – “Faust”ning ikkinchi qismidagi xa­yoliy sharpalar uchun undan – yolg‘izlikdan qarzdordir. Yolg‘izlik tufayli Flober yangi farang nasrining bir tekisdagi maromini jon qulog‘i bilan tinglagan, Dikkensning xonasi personajlarning umrboqiy olomoni bilan to‘lib-toshgan. Xushbaxt Avgustinning “Iqrornoma”si yolg‘izlik chog‘laridagi ko‘ngil izhoridan boshqa nimayam bo‘lishi mumkin? Tanholikda fikr qanot yozadi, unga yetuklik baxsh etadi, unda so‘z o‘zining gullagan davrini boshdan kechiradi. Agar har qanday yozuvchining shaxsiy hayotiga nazar solib qaralsa, undan – qaznoqdagi rangi o‘chib ketgan eski-tuski orasidagi bir hovuch dur solingan mo‘jazgina quticha kabi, albatta, yolg‘izlik tuhfasini ham topish mumkin. Yolg‘izlik bo‘lmasa, daho kuyib kul bo‘lar, iste’dod esa zavolga yuz tutardi. Mitskevichning shu bois minnatdorchilik ila yo‘g‘rilgan she’riy satrlari quyidagicha jaranglaydi:

Yolg‘izlik!
Tiriklikning qaynoq haroratidan
Yuguraman muzday, teran suvlaring tomon.
Qanday lazzat, qandayin quvonch bu –
Toza va tiniq oqimingga cho‘maman!

Hayotning sershovqin muhitida, yugur-yugur, chop-choplari ichida yaratilishi mumkin bo‘lgan har taraflama mukammal asarni topish amrimahol. Xotin podshoh Veneraning xizmatiga o‘zini bag‘ishlagan, jangu jadallar suroniga ko‘ngil qo‘ygan mard va olijanob, buyuk asilzoda qahramon Don Juan agar haqiqiy ijodkor bo‘lganida, darhol hamma narsadan voz kechib, to‘rt devor ichiga qamalib olgan bo‘lar edi. Tatsitning notiqlar to‘g‘risidagi dialogida Aper bu haqda kinoya ohangida shunday deydi: “Chindan ham qimmatli bir nima yaratishni niyat qilgan shoirlar do‘stlar huzuridagi ziyofat, bazmlardan, poytaxt hayotining ko‘ngilxushliklaridan, shuningdek, boshqa har qanday o‘yin-kulgi va hatto majburiyatlardan ham voz kechib, o‘zlari aytganday – o‘rmon va daraxtzorlar, ya’ni yolg‘izlik tomon yo‘l olmoqlari lozim”.
Har kim yolg‘izlikni o‘z mayl, havas va imkoniyatlariga mos tarzda qidiradi. Balzak – tungi payt, Valter Skott – erta tongda, hali barcha oila a’zolari uxlab yotgan paytda turib, to nonushtaga qadar ishlardi. Kimki agar o‘ziga unchalik ishonmasa, odatdan tashqari vositalarni ishga soladi. Masalan, Viktor Gyugo sochlari va soqolining yarmisini olib, qaychini derazadan pastga uloqtiradi-da, ikki hafta davomida uyiga qamalvolib, ijod qiladi. Ijodiy ishning siquvi ostida boshqa barcha yaxshi ko‘rgan narsalar, ishqibozliklar zaiflashib qoladi. Tirishqoq chavandoz otni, ovchi – miltiqni unutadi, trubadur (o‘rta asrlardagi Frantsiyaning janubi (Provans)da ashula aytib yuruvchi sayyor hofiz-shoir – tarj.) esa mahbubiga e’tibor bermay qo‘yadi. Butun olam kichkina, torgina xonaga berkinib oladi, yozuvchi tun yarmida ishdan charchab, derazani ochgandagina o‘pkasi erkin, toza havodan bahramand bo‘ladi.
Tinchlik va jimjitlik – yozuvchi uchun unumli ishlashning eng muhim ikki sharti mana shu. Ba’zilar buning uchun Karleyldek shafqatsizlik bilan kurashishga ham tayyor, u o‘zining yuvosh, beozor xotinini haftalab gapirmay qiynagan ekan. Kvintilian esa yozuvchilarga ajoyib qishloq hayotidan voz kechishni tavsiya qilgan, uningcha, hech narsa daraxt shoxlarining shitirlashi hamda qushlar xonishichalik odamning diqqatini bo‘lolmas emish. U tunda, zichlab yopilgan xonada, yakkayu yagona moychiroq yorug‘ida, yana eng yaxshisi, xuddi Demosfenga o‘xshab – yerto‘lada ishlashni maslahat bergan. Shopenhauer ko‘cha shovqinlari haqidagi ocherkini qanchalik jahl bilan yozganini payqash qiyin emas. Kasalmand Prust ishlay olishi uchun maxsus shart-sharoitlar talab qilinar, boy-badavlat bo‘lgani bois bunga imkoni bor edi. Ish kabinetining devorlari po‘kak tiqinlar bilan mahkam bekitib chiqilganiga qaramasdan, u shovqin vajidan kunduzi ham ishlay olmasdi. Ba’zan Osmann xiyobonidagi turarjoyini tark etib, ko‘chaga otlanadigan bo‘lsa, yozish uchun jimjitlik va qulaylikni har bir ikir-chikirigacha oldindan puxta o‘ylab chiqar, qo‘shnilarning shovqinidan qutulish maqsadida mehmonxonadagi bir nech­ta xonani ijaraga olardi. Unga chin dildan havas qilmaydigan yozuvchi kamdan-kam topiladi.
O‘z asari uzra engashib olgan yozuvchi xuddi telvakezik odamga o‘xshaydi: agar pastdan qandaydir hayqiriqni eshitib qolsa bormi, qulab tushishi turgan gap. Hatto eng aziz kishisi tomonidan eng nozik ovozda aytilgan begona, yot so‘z ham unga yashin urganday ta’sir qiladi. Birdaniga hammasi barbod bo‘lib, to‘kilib-sochilib ketadi va shoirning xayolot olamidan kultepadan boshqa hech nima qolmaydi. Va bularning barchasini qayta tiklash uchun ko‘p vaqt talab qilinadi, ba’zan esa, uzoqdan bo‘y ko‘rsatib turgan, tegishli so‘zlar ifodasida aks etishga tayyor poetik obraz ham bir umrga g‘oyib bo‘ladi. Yozuvchi dunyosiga aralashishning ana shunday achinarli oqibatlari (generalning qizi bilan bo‘lgan sarguzasht) haqida Konrad o‘z “Xotiralar”ida hikoya qilgan.
Ijodiy soatning astronomik soat bilan hech qanday aloqasi yo‘q, u yagona va betakrordir. Uning chorak qismini olib tashlab yoki boshqasi bilan almashtirib bo‘lmaydi. U – baxtli tasodif, taqdir marhamati, nihoyatda qulay shart-sharoitlar tuhfasi. Unga xalaqit berilsa yoki putur yetkazilsa, hech qachon boshqa qaytib kelmaydi. Ehtimol, uning ishini boshqa bir soat bajarishi mumkindir, lekin ushbu soat bizga nimalar olib kelishidan qat’i nazar, boy berilgan soatda nimalardan mahrum bo‘lganimizni hech qachon bila olmaymiz. Yozuvchi hayotini tez-tez buzib turadigan nogahoniy shovqin-suronlar, tashriflardan biri – “Dzyadalar”dagi aynan “Improvizatsiya” tug‘ilayotgan paytda ro‘y berganini tasavvur qilib ko‘rsak. Mitskevich ana shunday zo‘r diqqat, ijodiy ruhni ertasiga ham topa olardi, deb kim ham ayta oladi? Yozuvchi hayotining zamirida yo‘qotilgan lahzalar, so‘ngan obrazlar, boshlang‘ich holatidayoq mahv etilgan fikr, g‘oyalarning ulkan qabristoni pinhon mujassamdir. Bunda asosan, muhit, qolaversa, qisman yozuvchining o‘zi ham aybdor. E’tiborsizligi, faromushxotirligi yoki sabrsizligi sababli ijodiy zavq lahzasini boy berarkan, bunda o‘zining ham hissasi bor. Ammo sog‘liqning yaxshi emasligi, obdan charchagan asablar, ruhiy tushkunlik holatlari keltirib chiqaradigan u yoki bu ko‘ngilsizliklar yozuvchiga tashqi – xira, shilqim, qo‘pol va shafqatsiz dunyo yetkazadigan ziyon-zahmatlar bilan hech qanday tenglasha olmaydi.
Har bir, hatto eng o‘rtamiyona yozuvchi ham darveshona fe’l-atvor, xususiyatlarga ega. Meterlink umrining eng samarali yillarini ko‘hna, ovloq abbatlik (katolik monastir va unga qarashli mulk – tarj.) – Sen-Vandrilda o‘tkazgan, Yuliush Slovatskiyga esa Bechesban monastirida o‘tgan kunlari yuksak ruhiy ko‘tarinkilik va “Anxelli” dostonini tuhfa qilgan edi. Agar roman yoki dostonda rohib obrazi uchrasa, agar she’r monastir devorlarining aks sadosi kabi yangrasa, muallifning ism-sharifi bizni adashtirmasin: u kim bo‘lishidan qat’i nazar, uning hayoti va dunyoqarashi qanday bo‘lmasin, buni yozgan daqiqalarda o‘zi ham rohibga, uning qalbiga yo‘l topib, unda kundalik turmushning tashvishlari ichra erishish shu qadar qiyin bo‘lgan botiniy hayotga sog‘inch hissini uyg‘ota olgan odamlarning birodariga aylanganiga shak-shubha yo‘q.

Rus tilidan Mirzaali Akbarov tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2016 yil, 3-4-son