Xisrav Shoxoniy. Mahallamiz do‘xtirlari (hikoya)

Mahallamizda Habib do‘xtirning qabulxona ochganiga bir necha yil bo‘di. Har gal ishga ketatyoganimda uning eshigi tepasida o‘rnatilgan mo‘jazgina peshlavahaga ko‘zim tushadi. «Habib do‘xtirning qabulxonasi, qabul vaqti ertalab 9 dan 12 gacha, tushdan so‘ng 2 dan 6 gacha». Mahallamizda undan boshqa hakim bo‘lmagani uchun kattayu kichik uning yoniga shifo istab borishardi. U tekshirib, tegishlicha dorunoma (resept) bitib bergan bemorlarni ikki xil qismat kutardi: Agar rizq-nasibasi bu dunyodan uzilmagan bo‘lsa, albatta tuzalib ketadi, bordiyu, vaqti qazosi yaqin bo‘lsa.. nachora… Xudoning irodasi!
 Men ham uning mijozlaridan biri edim. Sal tobim qochsa, oldiga borib, maslahatlarini olib turadim. Juda beozor, og‘ir-bosiq, xokisor odam edi.
 Kunlarning birida ertalab ishga ketayotib, Habib do‘xtirning qabulxonasi ro‘parasida yana tibbiy maskan ochilganini ko‘rdim. Uning tepasiga sal kattaroq peshlavhada yirikroq harflar bilan quyidagi jumla bitilgan edi. «Ichki kasalliklar bo‘yicha mutaxassis, Mahbub do‘xtirning qabulxonasi, qabul vaqti ertalab 8 dan 12 gacha, tushdan keyin 6 gacha».
 Ma’lum bo‘lishicha, yangi do‘xtir yaqindagina bu yerda o‘z ishini boshlabdi, men mahallamizda do‘xtir yana bittaga ko‘payganidan sevinib qo‘ydim.
 Ertasiga ertalab o‘tib ketayotganimda, Habib do‘xtir ishxonasi tepasidagi peshlavhani o‘zgartiribdi, qo‘shnisinikidan ko‘ra kattaroq lavhaga shunday bitiklarni joylabdi: «Ichki va tashqi kasalliklar bo‘yicha yetuk mutaxassis, Habib do‘xtirning qabulxonasi, qabul vaqti ertalab 8 dan 12 gacha, tushdan keyin 7 gacha».Kallamni boshmaldog‘im bilan qashigancha, har ikki tibbiy maskan oralab, yo‘limda davom etdim.
 Keyingi kuni mahallamizga yangi kelgan do‘xtir yana peshlavhasini o‘zgartiribdi: «Ichki va tashqi, quloq-burun-tomoq va ko‘z kasalliklvari bo‘yicha eng yetuk mutaxassis, do‘xtir Mahbubning qabulxonasi». Barakalloh! Mahallamizxda ana shunday bilimdon, malakali hakimi hoziqlar bor ekanu, biz bilmay yurgan ekanmiz-da!
 Keyingi kun qarasam, o‘zimizning eski do‘xtirimiz eshigi ustidagi peshlavha bo‘yiga ham, eniga ham kengayib, undagi bitikrlar ham xiyla uzayibdi: «Quloq, burun, tomoq, ko‘z, yurak-qon-tomir, jig‘ildon, ichak-chavoq va ruhiy kasalliklarni davolovchi oliy toifali shifokor Habib do‘xtirning shifoxonasi».
 Biroz to‘xtab, har ikkala bitiktaxtani bir-biriga solishtirgancha, yana yo‘limda davom etdim. Shu-shu har kuni ikki tibbiy maskan tepasidagi bitiklarni taqqoslaydigan, ularning katta-kichikligini chamalab o‘tadigan bo‘ldim. Chamamda ular qabul vaqtini ham tezroq 24 soatga chiqarish bo‘yicha musobaqalashganga o‘xshaydilar.
 Yanagi kun ko‘rdimki, Mahbub do‘xtirning ham peshlavhasi «semiribdi», bo‘yi ham «o‘sib qopti», yangicha «mazmun-mohiyat» kasb etibdi. «Ichki va tashqi, teri, quloq-burun tomoq, o‘pka-jigar, bel, dumba, shuningdek, so‘zaq, zahm kasalliklari, jinilik, suyaklar sinishi va chiqishini davolaydigan eng zo‘r shifokor Mahbub do‘xtir… qabul vaqti falon-falon…». Bir kun o‘tib qarasam, eski qadrdonimiz Habib do‘xtir raqibinikidan bir metr uzunroq va kengroq taxtaga Mahbub do‘xtirning peshtaxtasida bitilgan hamma jumlalarni ko‘chirib, uning yoniga «SPID kasalligi Ibn Sino ko‘rsatmalari va zamonaviy tibbiyot usulida davolanadi, o‘g‘il bolalar Amerikacha asboblar yordamida xatna qilinadi» jumlalarini qo‘shtirib qo‘yibdi.
 Yo Bahovaddin! Shu darajada yuksak bilim va iste’dod egasi bilan shuncha paytgacha bir mahallada yashab, uning naqadar buyukligini bilmagan ekanmiz, suf bizga-e! Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q-da, birodarlar! Yana bir kun o‘tib ma’lum bo‘ldiki, yangi kelgan Mahbub do‘xtir yuqoridagi hamma xislatlarga ega bo‘lishdan tashqari bepushtlik, hunasalik, hezalaklikni davolashda ham ustasi faranglardan ekan. Buni har qalay uning yangi peshlavhasidan o‘qib bildim.
 Oradan bir oy o‘tib, eski mahalladoshimiz Habib do‘xtirning ofisi ustidagi peshlavha eniga to‘rt, bo‘yiga olti metga uzaydi. Undagi yozuvlar ham yanada ulug‘vorlik va mazmundorlik kasb etdi. «Ichki tashqi, ustki, pastki kasalliklar, ko‘z, quloq, burun, tanglay, tish, til, tomoq, jig‘ildon, vijdon, ko‘richak,, 12 barmoqli, 13 barmoqli, ingichka, yo‘g‘on to‘g‘ri va noto‘g‘ri ichaklar kasalliklari bo‘yicha mutaxassis, skleroz, so‘zak, sifilis, SPID kasallikldarini davolovchi, amrikoncha usulda xatna qiluvchi, Londonning Kembrij universitetini tamomlagan, mashhur ingliz jarrohi og‘oyi Eduardning assistenti va hamkori, radioskopiya fanlari doktori, Sarbonna universiteti professori Habib do‘xtirning klinikasi, qabul vati ertalab 8 dan 12 gacha, tushdan so‘ng 2 dan 10 gacha». Ro‘paradagi «klinika» tepasida osilgan peshlavha haybatidan ot hurkar, unda yuqoridagi so‘zlar deyarli qaytarilgan, faqat, Mahbub do‘xtirning odam, maymun, it, mushuk, cho‘chqa, parranda va darranda gripplarining yagona bilimdoni ekani, Amarikadagi Harvard universitetini tamomlagani, Amerikadagi barcha klinikalarning eng katta do‘xtiri Mister Jemsonning yaqin hamkori, radioskopiya va daktiloskopiya fanlari professori, Pensilvaniya tibbiyot akademiyasining faxriy a’zosi ekanligi aytilib, qabul vaqti har kuni ertalab 6 dan kechqurun 11 gacha ekaniyu tushlikka chiqmasdan ishlashi darj etilgandi.
 Shundan keyin peshlavhalarni kengaytirish uchun joy qolmadimi, yoki tibbiyotning zikr qilinmagan sohalariyu unvonlari tugab qoldimi, ularning hajmi ham mazmuni ham boshqa o‘zgarmadi.
 Bu bitiklarni o‘qib, butun mahalla ahlining boshi garang bo‘ldi-qoldi. Yo alhazar, olamda shuncha kasallik bor ekanu, bizning Habib do‘xtir ularning hammasini davolay olar ekanu, biz hech narsadan bexabar yuraveribmiz. Qiziq, odatda shu paytga qadar uning yoniga kim qanday shikoyat bilan borsa, qo‘liga yo analgin yo baralgin tutqazar, ahvoli og‘irroq bo‘lsa, penitsillinga novokayn qo‘shib ukol qilar, shundan keyin bemor yo tuzalar, yo boqiyga rihlat qilardi. Yangi do‘xtir kelishi bilan Habib do‘xtirning ham yangi-yangi qirralari kashf etila boshladi.
 Endi mahalladoshlar qarshisida yana bir muammo ko‘ndalang bo‘ldi. Bu ikki hakimi davron bir-biridan o‘tarkan, agar kimdir og‘rib qolsa, ularning qay biriga murojaat qilgani ma’qul? Ularning qay biri durustroq va bilimdonroq? Yana ularning biri Kembrij, boshqasi Harvard universitetini bitirgan bo‘lsa?
 Mahallamiz ahlining bir guruhi o‘zimizning eski do‘xtirni ko‘kka ko‘tarib maqtashsa, boshqalar yangi kelgan do‘xtirni ta’riflab, ko‘kraklariga mushtlashar, ammo, jamoat hanuz yakdil fikrga kelib ulgurmagan edi.
 Shu orada kamina qulingizning eski dardi qo‘zg‘ab, tobi qochib qolsa, bo‘ladimi? Bilmadim, bu bod alomatimikin, belagimi, yo boshqa biror dardi bedavomikin. Har qalay kechqurun oyog‘imga o‘rmalagan og‘riq, ertalabgachah butun badanimga yoyilib, tuni bilan azoblab chiqadi. Xuddi birov ustimga tegirmon yurgizgandek. Ana endi o‘sha muammo kaminaning ham boshini qotira boshladi: Xo‘sh, bu ikki Luqmoni hakimning qay biriga borsam, tezroq va osonroq bu azoblardan qutular ekanman?
 Oila a’zolarim, meni ko‘rgani kelgan kelgan do‘stu yoronlar, tanish-bilishlar bilan maslahatlashdim, ularning fikriga quloq tutdim. Birovdaor ming qilsa-da, sinashti, o‘zimizning odam, Habib do‘xtirga bor, deyishsa, boshqalar, yangi kelgan yosh, tajribali Mahbub do‘xtirga uchrashimni tavsiya qilishardi. Habib do‘xtiga uchray desam, qo‘lidan nimalar kelishini yaxshi bilaman, lekin uning yuziga oyoq bosib, to‘ppa-to‘g‘ri Mahbub do‘xtirning qabuliga kirish ham noqulay.
 Ertalabgacha o‘ylab chiqdim va nima bo‘lsa bo‘lar deya, yangi kelgan Mahbub do‘xtirning qabulxonasiga yo‘l oldim. Zinapoyalardan ko‘tarilar ekanman, qarshidagi derazadan eski qadrdonim mening har qadamimni poylab o‘tirganini sezmabman.
 Mahbub do‘xtir meni xushmuomalalik bilan qabul qildi. Hammayog‘imni tekshirib ko‘rdi. Tavsiyalarin va ichishim kerak bo‘lgan dorilarni bir parcha qog‘ozga bitib, qo‘limga tutqazdi. Xizmat haqi – xona devoriga osib qo‘yilganidek ikki tumanni to‘lab, ortimga burildim. Agar adashmasam, Doktor Habib bir o‘zi ishlagan payti ana shundany xizmati uchun mijozlardan besh tumandan kam olmasdi. Kim bilsin, yangi raqibiga qasdma-qasd u ham narxni tushirgan bo‘lsa ajabmas.
 Xullas, ishimni bitirib. Zarur dori-darmonlarni olish uchun dorixona tarafga yo‘l olgan paytimda ro‘paramdan xuddi Imomi Husaynga qasd qilgan Yaziddek g‘azabnok alfozda Habib do‘xtir chiqib qolsa bo‘ladimi?
 Ammo, negadir u birdaniga yumshab, muloyimlik bilan aftu angorigmga razm qoldi. «Nima tobingiz qochdimi» so‘radi xalimlik bilan. Uning oldida yer yorilmadiyu, yerga kirib ketmadim. Xijolapazlik bilan sovuq terga botib, «M.men, og‘o, biroz..» deya duduqlandim xolos. Bu paytda Mahbub do‘xtir bergan xulosa qog‘ozini parishon holda changallab turardim. U gapimni eshitdimi, yo‘qmi, bilmadimu, ammo, xuddi mushukdek chaqqonlik bilan qo‘limdagi qog‘ozni yulib oldi-da, ko‘z yugurtira boshladi: Keyin esa, miyig‘ida iljaydi:
 -Hali shu dorilarni olib ichmoqchiman, deng?
 -Ha, endi, iloj qancha, issiq jonmiz…
 Habib do‘xtir asabiylashib, avval qog‘ozni obdon g‘ijimladi, keyin undan ham ko‘ngli to‘lmay, maydalab yirtdi-da, yo‘l chetida, Mahbub do‘xtirning ofisi tagidan qazilgan, suvi qurib qolgan ariqqa uloqtirdi. Keyin shartta qo‘limdan tutib, o‘zining qabulxonasi tomon yetakladi. Uning orqasidan jimgina ergasharkanman, ro‘paradagi derazadan Mahbub do‘xtir biz tomondan ko‘z uzmay turganini ko‘rdim.
 Habib do‘xtir stol ortiga o‘tarkan, allanarsalarni to‘ng‘illagancha, qog‘ozga bir balolarni yoza boshladi:
 -Tavba, siz qanqa odamisz birodar, nima qilasiz, bu mol do‘xtriining yoniga kirib, agar u yozib bergan dorilarni ichsangiz, ajalingizdan besh kun burun o‘lasiz, birodar! Mang, mana shudorilarni olib iching, agar 24 soat ichida tuzalib ketmasangiz, peshlavhamni sug‘urib laman-da, eshakka oxur qilaman! Cho‘ntak kovlamang, sizdan qo‘l haqqi olmayman.
 Indamay, Habib do‘xtir bergan dorunomani qismlagancha, u bilan xayr-xo‘shlashib, ko‘chaga chiqdim. Zinapoyaning eng quyi pog‘onasidan oyog‘imni uzishimni bilaman, narigi tarafda poylab turgan Mahbub do‘xtir yo‘lni ikki hatlashda kesib o‘tdiyu, qo‘limdagi qog‘ozga yopishdi, uni ko‘zdan kechirgach, menga yeb qo‘ygadek tikildi?
 -Men yozib bergan xulosa qani? Bu nima?
 -B..Bu hali… ichburug‘ bo‘lganm uchun… do‘xtir Habibga ham uchragandim…
 -Aldama, – dedi Mahbub do‘xtir va haligi qog‘ozni mayda-mayda qilib, chetga uloqtirdiyu, qo‘limdan tutganicha o‘z xonasiga sudrab ketdi. Keyin boshqa bir varaqqa zarur dorilar ro‘yxati va tasiyalarni qaytadan yozib, qo‘limga tutqazdi. Kein esa, boya o‘zim bergan ikki tumanlik «qo‘l haqi»ni ham qaytarib berdi.
 U bilan xayrlashib chiqarkanman, har ehtimolga qarshi qog‘ozni buklab, kulohimning astari orasiga joyladim va zinalardan tusha boshladim. Endigina juftakni rostlamoqchi bo‘lganimda, osmondan tushganday ro‘paramda yana Habib do‘xtir paydo bo‘ldiyu, yoqamga chng soldi. Keyin boshimdagi kulohimni olib, astar-avrasini ajratib tashladi (Essizgina kuloh, o‘tgan bozor kuni oluvdim) Do‘xtir xulosasini jirilatib yirtdi-da, qog‘oz parchalarini o‘sha tomonga irg‘itdi.
 -Men mijozimni yo‘ldan urishlariga va aldashlariga yo‘l qo‘ymayman! Meni kim deb o‘ylayapti bu yaramas, bu yoqqa yur, o‘zim senga boshqatdan dorunoma yozib beraman.
 U meni o‘z xonsi tomon sudrarkan, shu paytgacha tanamni zirqiratib turgan og‘riq zo‘rayib, butun tanamni izmiga olganini angladim. U yangi dorunomaga qo‘shib, qo‘limga o‘n tuman pul ham tutqazdi.
 -Ma, bu xulosa, bu esa, dori puli!
 Bir tomondan og‘riq, ikkinchi tomondan ikki do‘xtir mojarosi meni tamomila aqldan ozdira yozgan edi.
 Pul bilan qog‘ozni cho‘ntakka urib, endi qochaman deb turganimda yana Mahbub do‘xtirning changaliga tushdim. Bu gal uning tajovuzini kutmay, haligi qog‘ozni cho‘ntagimni olib, unga uzatdim: «Mang, yirta qoling!» dedim va qo‘shib qo‘ydim.
 -Lekin, men endi yigirma tumandan kamini olmayman, Habib do‘xtir menga hozirgina o‘n tuman berdi.
 -Men o‘z bemorimning bunday qo‘lma-qo‘l qilishlarini istamayman. Men bemorlar uchun najot baxsh etishga, uning shifo topishi uchun bor kuch-quvvatim, bilim va iqtidorimni sarflashga qasamyod qilganman. Qani, yuring, boshqa xulosa yozib beraman, – deya xuddi echkini sudragandek sudrab, xonasiga opkirdi. Yangi dorunomani yigirmatalikka qo‘shib uzatdi.
 Qarasam, ishim yomonga o‘xshamayapti. Ertalabdan o‘ttiz tuman cho‘ntakka tushib tursa yomonmi? Xushhol kayfiyatda zinadan tushsam, yana Habib do‘xtir yo‘limni poylab turibdi-da! Bu safar u meni yana tepaga, xonasiga tortib chiqmadi. Dorunomani avvaldan hozirlab, o‘zi bilan opchiqqan ekan. Mahbub do‘xtirning qog‘ozini yirtib tashlab, o‘zinikini tutqazdi. Hali bu dorunomani cho‘ntagimga olmagan edimki, tepamda doktor Mahbub paydo bo‘ldi. U raqibiga o‘qraygancha qarab turdi. Keyin qo‘limdagi qog‘ozni yirtib tashlab, o‘rniga o‘zi bilan optushgan bir emas, ikki nusxa xulosani qo‘limga tutqazdi. Keyin esa, xuddi ko‘za dastasiday ikki qo‘lini beliga tirab, Habib do‘xtirga g‘olibona qarash qildi:
 -Xo‘sh, endi nima deysan?
 Habib do‘xtir ham shoshib qolmadi. G‘ijingancha, cho‘ntagidan qog‘oz chiqardida, to‘rt-besh soniya iichida uch nusxa dorunoma bitib, menga berdi. Men ham bu jarayonga ancha ko‘nikkanim uchun unga Mahbub do‘xtir bergan ikki nusg‘a qog‘ozni tutqazdim.
 Mahbub do‘xtir esa, qo‘lini uzatib, mendagi nusxalarni olmoqchi bo‘lganida, Habib do‘xtir uning bilagidan mahkam ushlab, yuziga tarsaki tortdi, Mahbub do‘xtir ham javobini ko‘p kuttirmadi. U tushirgan tarsakining jarangi tinmay turib, Habib do‘tir uning gardaniga musht tushirdi. Ikkoviyam bir qo‘li bilan mening ikki tomonidan tutib turgani uchun oradagi mushtu shapaloqlardan benasib qolmayotgan edim. Har qalay bu janjalning bosh sababchisi o‘zim bo‘lganimdan keyin, jazosini ham olishim kerak-da!
 Ular esa, hech narsaga qaramay, bir-birini mushtlar, do‘pposlar, tepklar, men esa, ularning changalidan chiqishga chandlon urinar, ammo buning udasidan chiqolmasdim.
 Bir payt atrofimizda hangomatalab odamlar to‘plana boshladi. Ammo, birotrasi kelib, bizni ajratishga, janjalni tinchitishga jur’at qilolmadi. Axir jon hammaga ham shirin-da!
 Agar mahalla posbonlari kelib qolmaganda, ish nima bilan yakun topishi faqat parvardigorning o‘ziga ayon.
 O‘sha kundan beri mahallamiz ahli kasal bo‘lmaydigan, shunday bo‘lgan taqdirda do‘xtirga murojaat qilmaydigan bo‘lishdi. Habib do‘xtir bilan Mahbub do‘xtir kallai sahardan qaro kechgacha o‘z qabulxonalari derazalaridan bir-birlariga termilish bilan kun kechirishmoqda.

Fors tilidan Rustam Jabborov tarjimasi