Shu yilgi qish avvalgilarga qaraganda qattiq kelib, hammadan ko‘ra qashshoq bechoralarga og‘ir bo‘ldi.
Hozir qaysi kun ekanligini aniq ayta olmayman, ammo Baxman oyida rosayam jala quyib yubordi va uning ketidan shaharni dahshatli suv bosdi. Qishloqda joylashgan to‘rt ming uydan asosan, qashshoqlar istiqomat qiladigan mahallalardan ikki yuzga yaqin xonadon butunlay vayron bo‘ldi yoxud shikastlandi, uch mingga yaqin odam boshpanasiz qoldi va o‘n besh yoki yigirma kishi qurbon bo‘ldi va bedarak yo‘qoldi.
Bu fojiali hodisadan xabardor bo‘lgan ko‘plab markaziy gazetalarning maxsus muxbirlari falokat ro‘y bergan joyning o‘zidan Tehronga ma’lumotlar va axborotlarni yuborish uchun shaharga yopirilib kelishdi. Qarangki, gazetalarda yoritilayotgan ma’lumotlar bilan bizning bilganlarimiz orasida ot bilan tuyacha farq bor. Gazetalarda yozilishicha, shahardagi butun boshli ikki mingta bino vayron bo‘lib, o‘ttiz-qirq ming kishi boshpanadan ayrilgandi, cho‘kib ketganlar va bedarak yo‘qolganlar soni esa salkam bir yuz ellik, hatto ikki yuz nafarni tashkil etardi.
O‘z-o‘zidan ravshanki, shahrimiz oqsoqollari bizdan aqlliroq va tajribaliroq bo‘lishib, rasmiy ma’lumotlar to‘plashgandi. Ularning ma’lumotlari har tomonlama asoslangan ekanligi va ro‘y bergan falokat oqibatlari jiddiy o‘rganib chiqilganligi hech kimda shubha tug‘dirmadi.
Toshqinning ertasigayoq uy-joydan hamda oziq-ovqatdan mahrum bo‘lgan oyoqyalang va yirtiq-yamoq kiyimli odamlar yordam so‘rab, hokimlik binosi yonida to‘planishdi. Bechoralar bundan ortiq nima ham qilishlari mumkin edi? Axir bizlarning birdan-bir panohgohimiz janob hokim, janob munitsipalitet raisi, uning o‘rinbosarlari edilar-da.
Yaratganning o‘zi marhamatiga olgur janob hokimimiz talofat ko‘rganlar to‘planishib, uni kutayotganlardan xabar topgan zahotiyoq hokimiyatning katta eshigi oldiga stol va kursi qo‘yishlariga farmon berdi hamda o‘zi motamsaro qiyofada yengiga motam tasmasi taqib, kursiga chiqdi. Uning ikki tomonida shahrimizda e’lon qilingan umum motam belgisi sifatida qora tasma taqqan janob munitsipalitet raisi va janob o‘rinbosarlari saf tortdi.
Turli idoralar – pochtalar, moliya, suv ta’minotlari, xalq ta’limi rahbarlari esa hamdardlik bildirish maqsadida munitsipalitet raisi hamda uning o‘rinbosarlari ortida turishdi. Biroq, aftidan, ularga qora tasma yetmagan bo‘lsa kerak, ular jabrlanganlarga qanday qilib bo‘lsa-da, o‘z hamdardliklarini ifoda etish maqsadida o‘zlarining oppoq ko‘ylaklariga qop-qora kapalak nusxalarni taqib olishgandi.
Hokim janoblari ta’zim bajo etarkan, bag‘rikeng aholi tomonidan gulduros qarsaklar avjiga chiqib ketdi. Axir biz o‘sha kuni birinchi marotaba hokimimizning ta’zim qilganini ko‘rishga musharraf bo‘lgan edik-da. Bu ta’zimga ana shunday gulduros qarsaklar javob bo‘lishi kerak edi.
Hokim janoblari so‘z boshlashdan burun loyga belanganidan dog‘-dug‘ bo‘lib ketgan shimining cho‘ntagidan ro‘molcha oldi-da, sezilar-sezilmas hiqillab, ko‘z yoshlarini artib qo‘ydi. Qarang-a, hokimimizning o‘zi yig‘lab yuboribdimiki, unda biz nima qilishimiz kerak bo‘lardi. Turgan gap biz ham ho‘ngray boshladik. Har tomondan ho‘ngrab yig‘lashlari va ohu nolalar eshitila boshlandi.
…Mening og‘a-inilarim… va opayu singiljonlarim, – dedi hokim tomog‘iga tiqilib bo‘g‘ib kelayotgan o‘krikni zo‘r-bazo‘r bosib,– men boshingizga tushgan kulfatdan o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim…mening qadrdonlarim… botirlarim… jasurlarim… barcha… sabr-toqatli.. hamyurtlarim…
Uning yonida turgan munitsipalitet raisi biqiniga turtib shivirladi: “Bizlarni ham qo‘shib o‘ting… haligi, biz ham qayg‘udamiz!”
– Faqat men emas, – deya so‘zini davom ettirdi hokim, – manavi janoblar –munitsipalitet raisiyu uning hurmatli o‘rinbosarlari ham ich-ichlaridan qayg‘uga cho‘mganlar.
Shu topda munitsipalitet raisi orqasida turgan xalq ta’limi bo‘limining mudiri ham hokim janoblarini turtib shivirladi: “Biz ham qayg‘uda ekanimizni aytib o‘ting… Qarang, biz qanchali qayg‘uga cho‘kkanmiz…”.
Hokim hiqillagancha so‘zini davom ettirardi:
– Faqat bizlargina , men , munitsipa litet raisi va uning o‘rinbosarlarigina sodir bo‘lgan voqeadan qayg‘uda emasmiz… xalq ta’limi, moliya, yer tuzish… va… hamda va… bo‘limlari boshliqlari ham g‘am-anduhdalar (hokim janoblari o‘ta ta’sirchan odam edilar).
– Men tun bo‘yi mijja qoqmadim, – so‘zini davom ettirdi hokim, – shahardagi vayron bo‘lgan mahallalarni aylanib chiqdim. Mana, ko‘rib qo‘yinglar.
U shunday deb oyog‘ini ko‘tardi va uni olomon tomon cho‘zib, shimining pochasiga yopishgan loylarni ko‘rsatdi. Bunga javoban gulduros qarsaklar yana avjiga chiqib ketdi (Shahrimiz xalqi o‘ta muloyim tabiatli emasmi, shunday bo‘lgach, hokim janoblari oyoqlarini bizga birinchi marta ko‘rsatar ekan, albatta, biz bunga befarq qarab tura olmas edik-da).
– Faqat men emas, – deya so‘zini cho‘zib ketdi hokim, – boshqa muassasalarimizning hurmatli boshliqlari ham tong otguncha mijja qoqmadilar…
(Sezildiki, hokim janoblarini o‘z vaqtida nuqib qo‘yishgan). Eng oxirgi aniqlangan ma’lumotlarga qaraganda, kechagi toshqinda to‘rt ming kishi boshpanasiz qolgan, shuningdek, taxminan uch yuz odamni tom bosgan va suv oqizib ketgan!
Hamkasblari hamdardlik bildirib turgan hokim janoblarining ohu nolasi, jabrdiydalarning falakka chiqayotgan fig‘oni-yu baqirib- chaqiriqlaridan aqlga sig‘maydigan shovqin-suron ko‘tarilardi.
– Biz qasamyod qilib sizlarni ishontiramizki, – deya so‘zini yakunlardi hokim janoblari, – bir oy ichida avvalgi istiqomat qilgan uylaringizga qaraganda hashamdorroq uylar qurib beramiz. Bugunning o‘zidayoq samolyotlarda bizga yordam kela boshladi va har bir jabrdiyda o‘ziga yetarli narsalarni va oziq-ovqatni oladi.
Hokim janoblarining qisqa bo‘lsa-da, kishiga umidvorlik baxsh etuvchi nutqi nihoyasiga yetdi va biz uni uzundan-uzoq duolar qilishib, sovuqdan dildiragancha tarqala boshladik. Hamma yo‘l-yo‘lakay hokim janoblarining ajoyib nutqini hayajonli bir tarzda minnatdorchilik bilan muhokama etib borardi, faqat bizni vafot etganlar va boshpanasiz qolganlarning hayratga solarli darajadagi soni boshimizni qotirardi. Axir shahrimizning aholisi hech qachon qirq ming kishiga yetmagan edi- da. Shunday bo‘lgach, qanday qilib qirq ming kishi boshpanasiz qolsin… Uch-to‘rt ming xonadon vayron bo‘ldi degan ma’lumotga kelganda esa, shahrimizda hech qachon shuncha uy bo‘lmagan…
Ammo bu raqamlar naq hokim janoblarining o‘zi tomonidan aytilgan ekan, o‘z-o‘zidan ma’lumki, u bu raqamlarni shiftga qarab to‘qimaydi.
Xuddi o‘sha kuni tushdan keyin shakar, choy, guruch, odeyallar, un, bug‘doy, palatkalar yuklangan samolyotlar turnalar galasidek shahrimizga kelib qo‘na boshladi. Hokimlik hamda munitsipalitet qoshidagi omborlar to‘lib-toshib ketdi. Modomiki, oziq-ovqatlar va issiq kiyim-kechaklaru boshqa mollarni ko‘chada qoldirib bo‘lmas ekan, jo‘natilgan mollarning bir qismi hokim janoblarining hujrasiga va bir qismi munitsipalitet raisi va uning o‘rinbosarlari hujralariga joylashtirildi. Kim nima desa deyaversinu shunday qilinsa, ishonchli holda yaxshi saqlanardi.
Ertasiga markaziy gazetalar va jurnallarning birinchi sahifalarini bizning shahrimizda ro‘y bergan falokat haqidagi suratlar hamda xabarlar egallab turardi. Ma’lum bo‘lishicha, ish biz taxmin qilganimizga qaraganda anchagina jiddiy va toshqin biz tasavvur qilganimizdan dahshatli bo‘lgandi (Gazetalardagi ma’lumotlarga binoan shahrimizda olti-etti ming xonadon vayron bo‘lib, yetti yuz-sakkiz yuz kishi halok bo‘lgandi!) Ma’lumki, gazetalar hech qachon yolg‘on yozmas ekan, chindan ham shunday bo‘libdi-da!
Quyosh tog‘ ortiga berkinishi bilanoq shunday izg‘irin boshlandiki, biz boshpanasiz va och-nahor bechoralar hammom va nonvoyxonaning nam va sirpanchiq tomiga chiqib, itdek qaltiragan holda oz bo‘lsa-da, isinish maqsadida bir-birimizning pinjimizga kirib ketdik. Biz xushta’voze va intizomli odamlar emasmizmi, markazdan jo‘natilgan adyol tantanali ravishda, tartib o‘rnatilgan holda tarqalishi kerakligini tushunardik. Axir bu hazilakam gap emas-da! Oramizdagi ayrim hovliqmalar hokim huzuriga borib adyol so‘ramoqchi bo‘lganlarida, boshqalar ularni bu yo‘ldan qaytarishda jonbozlik ko‘rsatishdi, har qanday ishda tartib va sabr-toqat bo‘lishi kerakligini isbotlashga urinishardi.
O‘sha kuni tundayoq xorijiy radiostantsiyalar o‘z eshittirishlarida shahrimizdagi vayron bo‘lgan uylar sonini o‘n-o‘n ikki mingtaga yetkazishdi va boshpanasiz qolganlar soni esa bir yuz yigirma-bir yuz o‘ttiz mingtaga sakrab ketdi hamda halok bo‘lganlar soni uch-to‘rt ming kishini tashkil etdi!
Ana, xolos! Toshqingacha biz qanday ulkan shaharda istiqomat qilayotganimizni tasavvur ham qila olmagan ekanmiz. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring: o‘n ikki ming uy vayron bo‘lgan joyda, toshqin uch-to‘rt ming qurbonni oqizib ketgan taqdirda kam deganda o‘ttiz-qirq ming xonadon mavjud bo‘lib, to‘rt yuz-besh yuz ming jon istiqomat qilishi kerak edi-da! O‘tgan yilgi aholini ro‘yxatga olinishida shahrimizda bor-yo‘g‘i to‘rt ming odam istiqomat qilishini bilgan bo‘lsak-da, radioda aytilgan xabarni haqiqat deya tan olishdan boshqa iloj qolmagandi. Axir bu ma’lumotlarni radio eshittirib turibdi-ku. U hech qachon yanglishmaydi va hech qachon aldamaydi. Aftidan radio muxbirlarining ma’lumotlari aniqroq bo‘lib, biz o‘zimiz aybdor edik, chunki shu mahalgacha bizlar qanday ulkan shaharda yashayotganimizni bilmaganmiz.
Xorijiy agentliklarning xabarlaridan keyinoq bizning shaharchamizga xorijiy yordam oqib kela boshladi. Venesuelaning Qizil xoch tashkiloti besh yuz ming tonna bug‘doy hamda tuya junidan to‘qilgan to‘rt ming dona adyolni ayab o‘tirmadi; Norvegiyaning Qizil xoch jamiyati esa, qirq ming tonna shakar, o‘n ikki ming dona adyol va o‘n besh ming dona bankada shirin sut jo‘natdi; Gvatemalaning Qizil xochi bo‘lsa, besh yuz ming tuman naqd pul, o‘n ikki ming tonna un va besh yuz palatkani qurbon qildi; angliyalik nudistlar jamiyati bir ming ikki yuzta sholcha, ikki yuz ellikta palatka, besh yuz qop qand yubordi; Xalqaro jonivorlarga xayrixohlik jamiyati naqd million dollar pul bilan oliy navli o‘n ming tonna un, sakkiz ming dona ayollarning jun ro‘moli, katta miqdorda erkaklaru ayollarning kiyim-boshlari, poyafzallari hamda shlyapalari va boshqalarni himmat qilib yubordi…
Axir bizning shahrimizda o‘n ikki mingta uy-joy vayron bo‘lib, bir yuz yigirma ming kishi boshpanasiz qolgan va uch-to‘rt ming odam halok bo‘lgandi-da! Bu hazilakam gapmi, axir? Nahotki, bu ko‘maklar barchaga yetarli bo‘lsa?
Hokim janoblari, munitsipalitet raisi hamda uning o‘rinbosarlarining omborlari va hujralari to‘lib-toshib ketgandi. Oziq-ovqat va mollarni yana qayerlarga joylashtirish mumkin? O‘z-o‘zidan ma’lumki, bularni ishonchli saqlash joylari moliya, xalq ta’limi, yer bilan shug‘ullanish va adliya bo‘limlari boshliqlarining omborlari hisoblanardi.
Olloh ulardan marhamatini darig‘ tutmasin! Agar ular bo‘lmaganida barcha ko‘mak havoga uchib ketardi. Axir biz, toshqin jabrdiydalari shuncha boylikni qayerda ham saqlay olardik, deysiz!
Toshqindan keyingi tun g‘am-tashvish bilan o‘tdi. Ertasiga ertalab kallai sahardanoq bezgak tutayotgandek qaltirayotgan xalq tag‘in hokimlik binosi oldiga to‘plandi. Ammo bu safar taburetkaning qorasi ko‘rinmaydi. Hokim janoblari toshqin qurbonlariga yordam ko‘rsatuvchi komissiya majlisini o‘tkazayotgan bo‘lgani uchun jabrdiydalar bilan diydorlashish janob munitsipalitet raisiga topshirilgan edi.
Munitsipalitet raisi stolga chiqib oldi. U bugun kechagiga qaraganda ancha quvnoq edi. Xudo marhamatiga olgurning o‘zini tutishini qarang-a! Axir bizga rahm-shafqati kelib, yurak-bag‘ri qonga to‘lib turgan bo‘lsa hamki, bizda hushyorlik uyg‘otish va kelajakka ishontirish uchun tabassum qilishiga to‘g‘ri keldi! Qarabsizki, bizlar ham hushyor tortdik.
Munitsipalitet raisi hokim janoblarining shaxsan o‘zlari qarshimizga chiqa olmagani uchun kechirim so‘radi. Gap shundaki, deya tushuntirdi u, hokim janoblari tun bo‘yi shahrimizga yetgan ziyonni hisoblash chiqish bilan ovora bo‘libdi. Toshqin jabrdiydalariga adyol va oziq-ovqatlar tarqatish masalasi tez orada hal etilarkan. Faqat sabr-toqatli bo‘lib, eng muhimi xotirjamlikni va tartibni saqlash kerak edi. Shu bilan u muxtasargina nutqiga yakun yasadi. Shu tunda sovuqqa dosh berolmay bir necha kishi jon taslim qildi. Ertasiga hokim janoblari bilan munitsipalitet raisi komissiya ishlari bilan mashg‘ul bo‘lishar ekan, to‘planganlar qarshisida munitsipalitet devonxonasi boshlig‘i – jikkakkina serg‘ayrat kishi so‘zga chiqdi. (bu safar stolning ham, taburetkaning ham qorasi ko‘rinmadi). Devonxona boshlig‘i ham tez orada komissiya o‘z ishini yakunlashi va ana o‘shanda qimmatli hamshaharlarimizga zarur ko‘mak berilishi haqida quyuq va’dalar qildi.
Xalq yana tarqab ketdi va ertasigayoq yana hokimlik binosi oldida to‘plandi. Bu safar bizning ko‘z oldimizda munitsipalitetning bosh farroshi namoyon bo‘ldi.
– Sizlarning hadeb bu yerda paydo bo‘laverishlaringiz, – dedi u – janob komissiya a’zolari ishining bir me’yorda borishiga xalaqit bermoqda. Janob munitsipalitet raisi o‘z o‘rinbosarlariga, o‘rinbosarlari esa o‘z navbatida bo‘lim boshlig‘iga, bo‘lim boshlig‘i bo‘lsa menga hadeb bunday sabr-toqatsizlik qila berishga barham berishni aytib qo‘yishni buyurdilar. Vaqti-soati kelib sizlarga tegishli yordam ko‘rsatiladi!
Biz yana qo‘limizni burnimizga tiqib qaytdik. Shahrimizning aholisi o‘ta ketgan ishonuvchan, soddadil va umidvor xalq.
Oradan o‘n kun o‘tib ketgan bo‘lsa-da, jabrdiydalar ikki yuz-uch yuz adyoldan (ya’ni, har o‘n ikki kishiga bittadan) bo‘lak hech qanday yordam olganlari yo‘q.
Nihoyat ajoyib tonglarning birida toqatimiz toq bo‘ldi va yana hokimlik binosi oldida saf tortdik hamda hokim janoblarining o‘zlari chiqishlarini talab qildik.
Orada bo‘lib o‘tgan uzoq, keraksiz tortishuvlardan keyin axiri sanoqli a’yonlar kuzatuvida hokim namoyon bo‘ldi. Bu safar uning yengida hech qanday qora tasma ko‘rinmagandi, biz bundan quvonib ketdik: demak, hamma ish o‘z joyiga tushibdi, motam yakuniga yetgan.
Xaloyiq hokimni gulduros qarsaklar va “ura” sadolari ostida kutib oldi. Baqiriq-chaqiriqlar tinchigach, hokim janoblari zinaga ko‘tarildi- da, olomonga qarab so‘radi:
– Bu yerga nega to‘plandinglar?
– Hokim janoblari, o‘zingiz bilasizki, – dadillik bilan so‘z boshladilar oldingi qatorda turganlar, – suv toshqini bizni boshpanasiz qoldirdi. Biz va’da qilingan ko‘makni olgani keldik.
Hokim janoblari qip-qizil, go‘shtdor bo‘ynini qashib turib, hayratomuz dedi:
– Nahotki shu mahalgacha yordamni olmagan bo‘lsangiz?
– Yo‘q, o‘n kishiga bir dona adyoldan boshqa hech vaqo olmadik…
Hokim janoblari g‘azabdan qizarib ketdi va birdan g‘ayritabiiy ovozda baqirib qoldi:
–Ablahlar! Sizningcha, biz qancha adyol berishimiz kerak edi? Vijdonsizlar, tamagirlar, ozgina bo‘lsa ham uyalinglar!
Shahar posbonlarining boshlig‘i Abdulqodir bir necha o‘nlab devqomat posbonlari yordamida xalqni haydab soldi. Kimki ozgina qarshilik ko‘rsatgudek bo‘lsa, qo‘llarini orqaga qaytarib, jamoat tartibini buzganlikda ayblab, olis tumanlarga badarg‘a qilindi.
Ertasiga quyosh mo‘ralab chiqdi, havo ilib ketdi, hayajonlar so‘ndi. Abdulqodirning buralgan mo‘ylovidan hamda posbonlarining tayoqlaridan qo‘rqib, yurak oldirganlarning birontasi hokimlik binosining yaqiniga yo‘llashga jur’at qilolmadi.
Oradan bir necha kun o‘tgandan keyin biz markaziy matbuot ko‘plab saxovatpesha jamiyatlar hamda turli tashkilotlar, yer yuzining deyarli barcha joyidan shahrimizning toshqindan jabr ko‘rganlariga talaygina
ko‘mak berilgani haqida xabar o‘qib qoldik. Qarangki, har bir jabrlangan kimsaga bittadan brezent palatka, to‘rttadan tuya junidan to‘qilgan adyol, besh qopdan ikki marta tegirmondan o‘tkazilgan un, yuz kilogrammdan qand hamda ellik mingdan yuz ming riyolgacha naqd pul berilibdi. Bundan tashqari, toshqindan jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish komissiyasi tomonidan olti ming besh qavatli, keng peshayvonli, vannali, boringki, barcha qulayliklar mavjud bo‘lgan xonadonlar qurilishi loyihalashtirilibdi. Va nihoyat, toshqin sodir etilganidan o‘n besh kun o‘tgach, hokim janoblari boshliq nomi zikr etilgan komissiyaning jonbozligi tufayli shunday xonadonlardan ikki mingtasi qurib bitkazilibdi va keyingi haftadan aholiga tantanavor topshirilarkan. Qolgan to‘rt ming xonadonning qurilishi esa jadal sur’atlar bilan olib borilayotgani va yaqin kunlarda qurib bitkazilishi aytilgandi.
Toshqin qurbonlari o‘zlarining behisob telegrammalarida tashkilotlar boshliqlariga , komissiya a’zolariga beg‘araz yordam berganlari hamda hushyorlik bilan ko‘rsatgan munosabatlari uchun chin dildan minnatdorchilik bildirgandi.
Rus tilidan Murod Parpixo‘jayev tarjimasi