Habibni ko‘rsangiz taniyolmasdingiz. U bilan anchadan beri do‘st bo‘lganimiz uchun, qanchalik o‘zgarmasin, uni darrov tanidim.
U oldinlari ancha dadil, harakatchan va ulfati jonon bo‘lib, ovqat yeyishni xush ko‘rar, xushchaqchaq va hazillashishni yoqtirar – bir so‘z bilan aytganda, davraning guli edi. Ko‘p topardi va shunga yarasha sarflardi. Doimo chiroyli ko‘rinardi: dumaloq yuzi qip-qizil, qadamlari shaxdam. Hozir unga bir qarab qo‘ying! Xuddi bezgakka chalingandek: yuzlari so‘lg‘in, bo‘zdek oqargan, chalishib yuradi. Xullasi kalom, Habibni tanib bo‘lmay qolgandi.
Men azaldan birovning ishiga aralashishni yoqtirmasam-da, hozir o‘zimni tutolmay, undan so‘radim:
– Senga nima bo‘ldi, Habibjon? Tanib bo‘lmaydigan ahvolga tushibsan!
Uning jahli chiqib ketdi:
– Er-xotin va sevishganlarning ishiga burnini suqqanlarga xudoning la’nati bo‘lsin!
Noo‘rin savol berganimni bildim va uni tinchlantirishga urindim:
– Xafa bo‘lma, Habibjon! O‘zi nima gap, nimadan bunchalik jig‘ibiyronsan?
– Ayollar jurnalini sotib olma va o‘qima, deb ming marta aytdim unga! Yo‘q, gapimga quloq solmadi va meni mana shu ahvolga solib qo‘ydi-da!
– Sening bu ahvolga tushishingga ayollar jurnalining nima daxli bor?
Habib endi menga mo‘ltayib qaradi:
– Hamma gap ayollar jurnalida-da, sen buni tushunmaysan! Yur, qahvaxonaga kiraylik, o‘sha yerda hammasini aytib beraman.
– Sen meni yaxshi bilasan-ku, – deb o‘z hikoyasini boshladi Habib joylashib o‘tirishimiz bilan. – Qanday sho‘x va xushchaqchaq edim. Eslaysanmi?
– Eslamay, o‘libmanmi?
– Endi-chi?.. Bunga kim aybdor deb o‘ylaysan?
– Men qaydan bilay?
– Doktor, la’nati doktor Xilder Gavzer aybdor, la’nat bo‘lsin unga!
– Tushunmadim, ochiqroq gapirsang-chi!
– Yarim yil oldin xotinim ayollar jurnaliga obuna bo‘lgan edi. Jurnalda nimani yozishsa, xotinim uni yod olardi-da, keyin quyonlar ustida tajriba o‘tkazganday, o‘sha o‘rganganlarini menda sinab ko‘rardi, endi tushundingmi?
– Yo‘q, hech narsaga tushunmadim!
Habib cho‘ntagidan papiros chiqarib, uni tutatdi, so‘ng menga bir qarab oldi-da, davom etdi:
– Olti oy burun o‘sha doktor – ilohim soqoli o‘smasin! – jurnalda talay maqolalarini chop ettirdi. “Ayollar! Eringizning taqdiri sizning qo‘lingizda. Uning sog‘lom va baquvvat bo‘lishini istasangiz, mana bu maslahatlarga amal qiling!” deb yozgan ekan bir maqolasida.
– Xo‘sh?
– Besh oy burun, uyga kirib, yo‘lakda tibbiyot tarozisi turganiga ko‘zim tushdi. “Bu nima?” deb so‘radim Minadan.
– Unga chiq, seni o‘lchab qo‘yaman! – dedi u jilmayib.
– Menimi?
– Ha, seni!
– Nimaga?
– “Erkaklar sog‘lig‘ining eng asosiy omillaridan biri – vaznni me’yorida saqlash!” deb yozibdi doktor Xilder Gavzer.
Shundan beri bu xotin ertalab, peshinda, kechasi, uxlashdan oldin, ovqatgacha, ovqatdan keyin bir qop sholg‘omday kuniga olti marta meni taroziga chiqarib qo‘yib o‘lchaydi. Agar vaznim kamaysa – darrov o‘tirg‘izib qo‘yib, majburlab ovqatlantiradi, agar vaznim ko‘paysa – la’nati doktor Xilder Gavzer maslahatiga binoan kiyimsiz yugurishga majbur qiladi.
– Nega endi kiyimsiz?
– Doktor Xilder Gavzer, bunaqa paytda butun tana erkin nafas olishi kerak, deb maslahat berganmish.
– Xo‘sh, yana nima gap?
– Bu la’nati doktor, ayol erini oyiga bir marta barcha tibbiy tekshirish bo‘yicha shifokor ko‘rigidan o‘tkazib turishi shartligini uqtiradi, mabodo, shifokor qandaydir nuqson topsa, unga o‘z vaqtida chora ko‘rish kerakmish. Shunday qilib, olti oydan buyon bu xotin mening sog‘lig‘imni o‘ylaydi…
– Demak, xotining seni yaxshi ko‘rarkan, Habibjon! – ko‘nglini ko‘targan bo‘ldim.
– …poliklinikaga olib boradi meni, – mening gapimga e’tibor bermay, davom etdi Habib. – Bir kuni ko‘z do‘xtiriga, ikkinchi kuni – tish do‘xtiriga, uchinchi, to‘rtinchi, beshinchi kunlari – terapevtga, jarrohga, onkologga va yana kim-kimlarga olib boradi… Jonimdan to‘yib ketdim!
– Asabiylashma, Habibjon! – taskin berdim men. – Demak, Minaxonim seni sevadi, ko‘r bo‘lib qolishingdan yoki oshqozoningda yara paydo bo‘lishidan xavotirlanadi-da.
– Yana bu doktor Xilder Gavzer xotinlarga erkaklar o‘z mehnat qobiliyatini uzoq saqlab qolishlari uchun ularni ertalab va kechqurun badantarbiya bilan shug‘ullanishga majbur qilishni maslahat beradi!.. Xotinim menga ikkita sakkiz kilolik tosh, yana buqaning bo‘ynini sindiradigan shtanga ham sotib oldi. Tosh ko‘targanda, o‘ylab qolaman, nega men mayib bo‘lmayman deb? Menda kuch ham qolmadi, toqat ham!
– Ish nima bo‘lyapti, ish, Habibjon?
– Qanaqa ish? Ishlaydigan vaqtlar o‘tmishda qoldi! Har kuni kechasi soat sakkizda bolalarni uxlatadi, keyin meni ko‘rpaga o‘raydi va “o‘qib dam ol” deb, oldimga bir olam kitob-jurnallarni uyib tashlaydi.
– Nimaga?
– Nima “nimaga”? Buni doktor Xilder Gavzer maslahat bergan, deydi xotinim. Senga, – ya’ni menga, – dam olishing, o‘qishing va uxlashing uchun tinchlik kerak, deydi.
Men mahbus yoki moxov emasman, bunaqada jinni bo‘lib qolaman, dedim unga. Doktor Xilder Gavzer shunday degan, men boshqasini bilmayman, deydi xotinim. Bu doktor Xilder Gavzer mening tinchligimni, baxtli hayot kechirishimni buncha istamasa? Burunlari ishdan kelib, kechalari bolalarim bilan birga televizor ko‘rardim, ularga ertaklar aytib berardim, o‘ynatardim, kuldirardim. Soat o‘n ikkida uxlardim, ertalab meni to‘p otib ham uyg‘otib bo‘lmasdi, endi esa irg‘ib turaman.
– Nimaga, Habibjon?
– Kechasi, doktor Xilder Gavzerning maslahati bilan, – do‘zaxda kuyib kul bo‘lmasa rozi emasman! – oshqozonga og‘ir botmasligi va yaxshi uxlab tush ko‘rishim uchun qotgan non bilan qirg‘ichdan o‘tkazilgan sabzidan tayyorlangan yovg‘on sho‘rva ichaman. O‘zing bilasan, oldinlari nonushtada bir juft qo‘y tilini, to‘rtta oyog‘ini ikkita non bilan yeb tashlardim. Bundan tashqari, xotinim kechalari ustimga o‘n marta ko‘rpa tashlab, o‘n marta ochib tashlaydi.
– Nima uchun, Habibjon?
– Hammasi doktor… doktor Xilder Gavzer shunday maslahat beradi. Bilasanmi? “Eringizga qarab turing, uxlaganda usti ochilib qolmasin – shamollashi mumkin, yana ko‘rpa tagida dimiqib qolmasin – bo‘g‘ilishi mumkin”, deb yozganmish. Endi tushundingmi?
– Bir nimalarni tushunganday bo‘lyapman! Keyin-chi?
– Ishdan kelib, kiyimlarimni almashtirmasimdan turib, Mina meni savolga tutadi:
– Charchamadingmi, Habibjon?
– Yo‘q!
– Boshlig‘ing bilan jiqillashmadingmi?
– Yo‘q!
– Ehtimol, jiqillashgandirsan, menga to‘g‘risini ayt.
– Aytdim-ku, jiqillashmadim deb!
– Ehtimol, boshqa birov bilan janjallashgandirsan?
– Nega janjallasharkanman?
– Men bilaman, janjallashgansan, faqat menga aytging kelmayapti. Mana, doktor Xilder Gavzer “erlar o‘z tinchliklarini o‘ylasalar, quvonch-tashvishlarini xotinlari bilan birga baham ko‘rishlari kerak”, debdi. Shuning uchun, azizim, menga to‘g‘risini ayt, bugun biror kishi bilan janjallashdingmi?
– Sening noming bilan qasam ichaman, janjallashmadim!
– Ehtimol, hech narsadan-hech narsa yo‘q politsiya senga xiralik qilgandir?
– Yo‘q!
– Yoki ishxonangda senga hayfsan berishdimi?
Shu payt Habib qo‘lini ko‘tarib, menga iltijo qildi, go‘yo hozir qarshisida men emas, go‘yo xotini Mina turgandek, na’ra tortib yubordi:
– Qiblaga qarab qasam ichaman, yo‘q! Yo‘q! Yo‘q! Hech kim bilan g‘ijillashmadim, hech kim bilan janjallashmadim! Ishxonamda menga hayfsan berishmadi! Politsiya menga xiralik qilgani yo‘q! Meni tinch qo‘y, jonimga tegdi, qiynalib ketdim!
Habibning ovozini eshitgan ofitsiant bizga yaqinlashdi:
– Nima bo‘ldi, og‘a? Iltimos, shovqin ko‘tarmang.
– Hech nima, hech nima. Biz shunchaki ochiqchasiga gaplashyapmiz, – dedik ikkalamiz baravariga.
– Bundan keyin, bilasanmi, xotinim nima qildi? – ofitsiantga e’tibor qilmay davom etdi Habib. – Asabim charchagan ekan, bunaqa paytda doktor Xilder Gavzerning maslahatiga ko‘ra… Aytishga uyalasan kishi!
– Gapir, gapir, Habibjon, uyalma.
– Huqna qiladi, dori beradi yoki og‘zimga tomizg‘i tomizadi! Men oldinlari zarur ishim bo‘lmasa, ertalab soat yetti, sakkiz, to‘qqizda turardim. Endi la’nati doktor Xilder Gavzerning ko‘rsatmasi bo‘yicha: “Tur o‘rningdan, bo‘lmasa nonushta qilishga ulgurmaysan, badantarbiya qilolmaysan, muolajalar uchun vaqt qolmaydi, huqna qilish kerak”, deb xotinim soat oltida uyg‘otib oladi. Men tushunolmay qoldim, bu xotin menikimi yoki doktor Xilder Gavzernikimi? Meni go‘r yoqasiga olib borishining nima keragi bor unga?
– Albatta, bu sening xotining, Habibjon! – dedim unga.
– Unda nima uchun meni bu ahvolga solib qo‘ydi?
– Menimcha, u seni sevadi!
Habib tishini shunaqangi g‘ijirlatdiki, men stulning to‘rtta oyog‘i baravar sindi, deb o‘ylabman.
– U meni sevadimi yoki o‘zinimi?
– Albatta, seni, Habibjon, shuning uchun shunday qiladi-da…
Ofitsiant hisob-kitob varaqasini keltirganda, men to‘layman desam, Habib unamadi.
Rus tilidan Ilhom Zoyir tarjimasi