Ha, ko‘rinib turibdi, u Bob deb, chaqirgan zamonlardan kundan-kun uzoqlashib, yana ham tezlik bilan keksayib borardi va unda o‘sha pallalardan – xonaga kirib, jimgina salomlashib yoki qo‘lini qulog‘ining atrofida qoqib qo‘yib, chiroqning ostida, royal bilan yonma-yon kitob ushlagancha o‘tiradigan yoki shunchaki parishon va tund qiyofada yuz ifodasini o‘zgartirmay, lablariga sigareta qo‘ndirib, ochrang pidjagining qaytarma yoqasiga tushgan kulni qoqish uchungina ba’zi-ba’zida barmoqlarini silkitib, uzoq vaqt bizdan navqiron nigohini uzmay o‘tiradigan paytlardan – faqat peshonasida bir tutam malla sochi, yonib turgan ko‘zlari va yuzini gul-gul ochib yuboradigan tabassumigina saqlanib qolgan edi.
Uning ivirsiq shakli shamoyilidan nima to‘g‘ri kelsa ichaveradigan, isqirt qo‘llari bilan og‘zini yopgancha, tinmay puk-puk yutaladigan qarimsiq Robertadek aroqxo‘r ham hatto eng uzun ziyofatlarda ikki chovmish pivodan ortiq ichmaydigan klub mayxonasidagi kursilarda oldiga proigrivatel uchun olib kelgan o‘n sentlik chaqalarni taxlab o‘tiradigan o‘sha mishiqi Bobni topib olish mushkul edi. U o‘sha paytlari deyarli barcha jaz musiqasini yolg‘iz, orzumand, yuzlari baxtdan yayrab ketgan alfozda tinglab o‘tirar, yaqiniga borganimda salomlashgandek boshini sal egar, agar mayxonada qolsam, so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydigan chuqur nafratu g‘azab bilan yonib turadigan hayotning turli tahqirlariga to‘la moviy ko‘zlarning ta’qibidan toki toqatim toq bo‘lgancha, meni goh zimdan, goh oshkora kuzatib o‘tiraverardi. Shanba kunlar esa u xuddi o‘zidek odamning g‘ashini keltiradigan darajada isqirt, qandaydir mishiqi bola bilan birga kelar, ular yakka ijro etiladigan qo‘shiqlaru, andozaga kirgan musiqalar va xorlar haqida yoki Bob me’mor bo‘lgach, sohilda quradigan g‘aroyib shahar haqida bahslashib o‘tirishardi. Meni ko‘rgach esa boshini uquvsizlik bilan salgina egib, suhbatni to‘xtatar va ko‘zini uzmasdan meni ta’qib etar, goh-gohidagina o‘rtaga beparvo gap tashlab qo‘yar yoki og‘zining bir chetidan yosh do‘stchasiga tabassum qilar, so‘ng esa yana o‘zining surbetona boqishi bilan menga nisbatan nafrati so‘nmasligini ta’kidalayotgandek, nigohlarini xanjardek qadab o‘tiraverardi.
Ba’zida men o‘zimni yetarli darajada kuchli his qilib, unga tik qarashga jur’at qilardim; iyagimga qo‘limni tirar, tutunni qadah ustidan oshirib puflar, ko‘zlarimni lo‘q qilib, uning sovuq va biroz mahzun nigohini o‘zimning yuzimdan haydab yuborishga uringandek unga sekin qarardim. O‘sha paytlarda Bob Inesga juda o‘xshardi; liq to‘la keng klub zali adog‘ida uning yuzida Inesning chehrasini ko‘rib turgandek bo‘lardim; ehtimol, keyingi oqshomlarda Bobga xuddi Inesga tikilganday mahliyo bo‘lib, termulib o‘tirgandirman. Biroq ko‘pincha men Bobning nigohini unutishga harakat qilardim; unga yon tomonimni o‘girib, atrofimdagi stollarda qizg‘in suhbatlashayotganlarni istamaygina mahzun kuzatar, meni o‘ziga yaqin oladigan biron fazilat ham yo‘q, deb biladigan Bobni boshqa xislatlarim ham borligiga ishontirish istagida yonardim. Ba’zida bir necha qadahdan so‘ng dadillanib, «Qani, azizim, Bob, opaginangga buni ham borib aytchi,» deya ichimda xitob qilar va stolim atrofidagi qizlarning qo‘llarini shilqimlarcha silab yoki birorta qichiq latifa aytar, qizlar hayosizlarcha xoxolab kulishar, Bob esa hammasini ko‘rib, eshitib turardi.
Biroq men qanday qilib ko‘rsatmayin, Bobning na munosabati, na ko‘zlaridagi tahqir o‘zgarardi. Shuni aytishim kerakki, u meni faqat mayxonadagina ta’qib etmas, faqat mening mayxonadagi sarguzashtlarimdangina xabardor emasdi. Bir kuni oqshom payti men ularning mehmonxonasida, royal yonida tik holda Inesni ilhaq bo‘lib kutib turganimda, to‘satdan Bob kirib qolgandi. Uning movutining barcha tugmalari qadalgan, qo‘li esa cho‘ntagida edi. U men bilan boshini silkitib, salomlashgandi-da, so‘ng xuddi xonada hech kim yo‘qday, xuddi boshini silkitishi bilan meni uzoq-uzoqlarga uloqtirib tashlaganday, hamma narsaga beparvo ko‘z yugurtirib chiqdi va xona bo‘ylab sekin yura boshladi; men uning stol oldida, kauchik poshnali sariq poyafzali bilan gilamni depsigancha, asabiy tarzda oldinga va orqaga qanday borib kelayotganini kuzatib turardim. Barmoqlari bilan gulning g‘unchasini o‘ynagan va gulni vazaga loqaydlik bilan qayta joylagan kuyi mendan yuzini butunlay o‘girib olgandi. Boshini sal egib, tund va o‘ychan qiyofada stol chekkasida o‘tirar va chekar edi. Men royalga suyanib turar ekanman, chap qo‘lim, bexosdan yo‘g‘on tovushli klavishga tegib ketgandi, o‘zimni bu noqulay vaziyatdan qutqarish uchun klavishni, Bobdan ko‘zimni uzmay, uch daqiqacha to‘xtovsiz bosib turgandim.
Unga nisbatan ko‘nglim qahru-g‘azab, tahqirli haqoratlar bilan to‘lganini his etgan va o‘rtadagi noxush jimlikni yo‘qotish uchun toki bu manzarani zinaning yuqori pallasidan yoki eshik ostonasidan turgan Inesning qiyofasiga kirib kelmaguncha, klavishni qo‘rqoqlarcha jahl bilan bosavergandim; bu manzaragayuqoridan – zinada paydo bo‘lgan Inesning nigohi bilan boqqanimda meni mazax qilgandek alamidan ushshayib o‘tirgan parishon Bobni, ustimizda halqa-halqa bo‘lib suzib yurgan pag‘a-pag‘a tutunni ko‘rgandim; u yerdan nim qorong‘u mekhmonxonada kulguli holatda tik va harakatsiz qotib turgancha har uch daqiqada ko‘rsatkich barmog‘i bilan yo‘g‘on tovushli klavishni shiddat bilan bosayotgan qahrli va kulgini qistatadigan qiyofada gerdayib turgan o‘zimni ko‘rgandim. Va men shunda, bu tovushni shunchaki, chiranish uchungina bosayotganim yo‘q, yo‘q, men uni chorlayapman; oxiri zo‘rg‘a titrab chiqayotgan va barmog‘im ostida qayta-qayta paydo bo‘layotgan bu yo‘g‘on tovushli sirli ohang – men izlay-izlay nihoyat topgan va Bobdan, uning beshafqat va o‘jar yoshligidan shafqat va marhamat so‘rayotgan, shu paytgacha mening tilimga kelmagan iltijo deya o‘ylagandim. Ines yotog‘ining eshigini taraqlatib yopib, oldimga tushib kela boshlagandi. Bob joyida haykalday qotib o‘tirardi. So‘ng u o‘rnidan turib, royalning quyrug‘iga istamaygina yaqinlashdi-da, tirsagi bilan qopqog‘iga suyanib, menga yarim masxara va tahqir aralash tikildi va yuzini yal-yal ochib yuboradigan tabassum bilan;
-Xo‘sh, qalay,-deb so‘radi,- bu oqshom sut oqshomi bo‘ladimi yoki viski oqshomimi? Olamni qutqaruvchi xaloskor haqida laqillaysizmi yoki bashariyat tanazzuli haqida lof urasizmi?
Men unga hech narsa, deb javob berolmadim ham va basharasi aralash qulog‘i tagiga tushirolmadim ham; klavishni bosishdan to‘xtab, tezda qo‘limni royaldan zarda aralash tortib oldim. U chiqib keta turib; «Mayli, bir pulga qimmat nasihatlaringiz bilan zaharlamasingizdan qochib qolay” degan pallada, Ines zinaning o‘rtasiga kelib qolgandi.
Bizning it-mushukligimiz yana uch-to‘rt oy davom etgandi; shunday bo‘lsa ham men oqshomlari klubga borishni kanda qilmasdim- eslashimcha, o‘sha paytlari tennis bo‘yicha chempionat o‘tkazilayotgan edi – mening klubga bormay qo‘yishim uning g‘alabasini bildirar, Bu hol Bobning battar kulgisini va nafratini qo‘zg‘atar, meni uvadasi chiqib ketgan, pachoq kresloga cho‘kkan kuyi aftini tantanavor bujmaytirib kutib olgan bo‘lardi..
Vaqti kelib, men iloji boricha tezroq faqat Inesga uylanishnigina o‘ylay boshlaganimda, Bob ham, uning kurash usuli ham birdan o‘zgardi. Men hali bu istakni qanday bo‘lmasin yuzaga chiqarish ishtiyoqida yurganimda, bilmadim, o‘zining opasiga o‘ylanish niyatim borligini u qayerdan bildi ekan? Bu istak paydo bo‘lishi bilanoq mening muhabbatim o‘tmishni bir chekkaga surib qo‘ydi, bugungi jamiki boshqa ikir-chikirlar bilan ham aloqasini uzdi. Garchi, bir necha kundan so‘ng birdan xayolimga Bob keyingi paytlarda juda o‘zgarib ketdi, degan fikr to‘xtovsiz kelgan va bir kuni chorrahda serrayib turgancha, uning endi masxara emas, xuddi dahshat solib turgan muqarrar xavfning changalida yoki qiyin vaziyatda qolib, oldida paydo bo‘lgan to‘siqlarni chamalab ko‘rayotgan va unga qarshi o‘zining kuchlarini to‘playotgan kishidek butun diqqatni o‘g‘irlagan qandaydir rejalar aks etib turgan yuzini eslab g‘azabdan tishlarim g‘ijirlab ketgan, uni ichimda boplab so‘kkan bo‘lsam ham, endi unga e’tibor bermaslikka qaror qilgandim. Tezda bu narsalarga e’tibor qilmay ham qo‘ydim. Hatto Inesga uylanish istagim qat-qat yillarning va voqealarning tagida yotgan, endi esa o‘tmishga aylangan o‘sha olis navqironlik davridan o‘sib chiqqani uchun meni Bobga yaqin qilib qo‘ydi va tez orada uning ifodasiz, sovuq yuzida o‘zimning haqiqiy holatimni tushunganligini bildiruvchi ifoda ham aks etadi, deb o‘ylagandim.
So‘ng men u bilan muqarrar to‘qnashuvni kutib yurganimni, biroq buni Bob mendan boshqa biron mijozi qolmagan klubga kirib, kursiga o‘tirgach va imo bilan dastyorga ruxsat bergachgina anglagandim. Unga xotirjam tikilgancha jimgina jilmayib o‘tirdim – u asosan, qoshlari chimirilgan paytda Inesga juda ham o‘xshar, burnining uchi, xuddi opasinikidek, gapirayotganda biroz puchuqlashar edi.
-Siz Inesga uylanmaysiz, – dedi u nihoyat.
Men unga qarab g‘olibona kulimsiradim va jilmaygan kuyi atrofga ko‘z yugurtirib chiqdim.
-Yo‘q, siz unga uylanmaysiz. Garchi siz astoydil shunga intilayotgan bo‘lsangiz ham bu g‘arazli niyatingiz amalga oshmaydi.
Men yana takallufsiz tirjaydim.
-Bir necha yil oldin Inesga uylanishni juda ham xohlar edim,- dedim,- biroq endi opang meni qiziqtirmaydi, men uchun baribir. Shunday bo‘lsa ham agar siz biron narsani oydinlashtirmoqchi bo‘lsangiz sizni eshitishga tayyorman…
U biron so‘z demay, boshini ko‘tarib menga tikildi: uning nimadir demoqchiligi ko‘rinib turardi, biroq u men gapirib bo‘lguncha, jim kutib turdi.
-…agar siz nima uchun Inesga uylanishimni istamayotganligingizni tushuntira olsangiz, unda… -dedim men so‘zlarni chertib–chertib gapirgancha gavdamni orqaga olib, devorga suyandim. Xuddi shu daqiqada u meni butun vujudi bilan yomon ko‘rishini anglab qoldim va endi bunga zarracha shubha qilishim mumkin emas edi. U haddan tashqari oqarib ketdi, jahl bilan qimtib olgan lablarida qahrli tabassum jilvalanardi.
-Buni bandma-band izohlash kerak bo‘ladi,- ming‘irladi u, -buning uchun esa bir kecha yetmaydi. Biroq uch-to‘rt so‘z bilan ham aytsa bo‘ladi. Shuning uchun unga uylanmaysizki, siz juda keksayib qolgansiz, u esa hali juda yosh. Yoshingiz nechada ekanligini bilmayman, o‘ttizdadir, qirqdadir, buning ahamiyati yo‘q. Biroq atoqli, taniqli kishilardan tashqari, shu yoshdagi barcha kishilardek siz ham murakkablashgan, ya’ni , aniqrog‘i, keksarib, aynigan odamsiz.
U o‘chib qolgan sigaretasini zarda bilan so‘rgancha ko‘chaga qaradi, so‘ng yana menga o‘girildi; men avvalgiday, devorga suyangancha, o‘tirar va va davomini kutar edim.
-To‘g‘ri, o‘zingizni taniqli kishi deb hisoblashga sizda asoslar bordir. Masalan, siz gapliringizga qaraganda, ko‘plarni halokatdan qutqarib qolgansiz. Biroq bularning bari yolg‘on.
Men unga yon tomonimni o‘girib chekib o‘tirardim; u mening butun o‘y-u -fikrimni alg‘ov-dalg‘ov qilib tashlagandi, men ikkilana boshlagandim; Inesga uylanish istagiga tushganimdan so‘ng endi hech kim meni ikkilantirshga, bu maqsadddan qaytirishga, yoshim va kuchimni eslatib, dovdiratishga kuchi yetmaydi, deb qat’iy ishongan edim. Yo‘q, garchi oramizda bor-yo‘g‘i o‘n yil farq bo‘lsa-da, men o‘zimni xuddi Bobo kabi navqiron va orzumand deb hisoblar edim.
-Siz, aftidan, chalkashtirayotganga o‘xshaysiz, -dedim men. -Marhamat qilib, aytingchi, sizning-cha, mening nimam aynigan…
-Yo‘q, yo‘q, -shoshib qarshilik ko‘rsatdi u, – men u darajada g‘o‘r emasman. Chapanilik qilib, haqoratlash niyatim yo‘q. Siz bor yo‘g‘i xudbin odamsiz, xolos va tuyg‘ularingizda ham qandaydir jirkanch maqsad bor. Siz mayda narsalarga o‘ralashib qolgansiz va maydakashlik sizni pastkash kishi ekanligingizni ko‘rsatib turibdi. Haqiqat shuki, siz aslida, orzuning o‘zi yo‘q va hech narsaga astoydil ko‘ngil qo‘ya olmaysiz. Hamma gap shundaki, boshqa hech narsada emas, sizning ko‘nglingiz keksayib qolgan, uning ko‘ngli esa hali juda yosh. Men hatto uni siz bilan birga o‘tirgan holatda ham tasavvur qilolmayman. Siz esa nimalarni istab yuribsiz….
Biroq men bu marta ham uning basharasiga tushira olmadim va ko‘ksimni tilimlab tashlayotgan achchiq so‘zlarga e’tibor bermaslikka qaror qilib, proigrivatel yoniga bordim va qandaydir tugmachani bosib, tanga tashladim. Joyimga shoshmasdan qaytdim va yana o‘zimni loqayd tutib, kuy eshita boshladim. Qandaydir past musiqa yangrardi, menga notanish xonanda mayin va mahzun qo‘shiqni past ovozda aytardi. Bob esa yonimda o‘tirgancha, garchi ukasi bo‘lsa ham, hatto o‘zi ham Inesning sochining bir tolasiga arzimasligi haqida kuyinib gapirardi. «Bechora bola», deb o‘ylagandim. Men uni xuddi erkalayotgandek, u esa hamon ming‘irlar, uning gaplariga qaraganda, “keksalikni bildiradigan qalb o‘latining zararli tomoni” shundaki, balkim odam aynishining ramziy belgisi ham shudir, bu tayyor qoliplarda fikr yuritish, ya’ni barcha ayollarni «zaifa» degan so‘zga birlashtirish, jirkanch tajribalarda paydo bo‘lgan tayyor qolipchaga hammani olib kelib tiqish, hammaga bir xil ko‘z bilan qarash. «Biroq,-dedi u, yana-«tajriba» degan ifoda ham unchalik to‘g‘ri emas. Bu yerda hech qanday tajriba yo‘q. Bu tushuncha va narsani ifodalaydigan o‘zlari uchun yasab olgan siyqa ta’rif qat’iy qayta-qayta chaynash va uzluksiz takrorlayverish, boshqacha aytganda, o‘z qalbi va vijdoni oldidagi qo‘rqoqlik kasalligidir.” U o‘shanda mana shunga yaqin gaplarni gapirgandi. Men esa unga hozir hatto o‘zi Inesning chimchilog‘iga ham yoki etagining bir chetini o‘pishga va oyog‘ining iziga ham arzimasligi va shunga o‘xshash narsalar haqida gapirayotganda, agar Inesni hozir xayolon qanday tasavvur qilayotganimni aytsam, Bob shu joyning o‘zidayoq yuragi yorilib o‘larmikin yoki meni urib o‘ldirarmikin, deya mazaxomuz o‘y surardim. Bir oz jimlikdan so‘ng musiqa tugadi, proigrivatelning chirog‘i o‘chdi va yana ham chuqurroq jimlik cho‘kdi,- Bob «Bor gapim shu», deb to‘ng‘illadi-da, qomatini tik tutib hamishagiday o‘ziga ishonch aks etib turgan yurishi bilan shoshilmay, sekin mendan uzoqlashdi.
Agar o‘sha oqshom Bobning yuzi menga Inesning qiyofasini eslatgan va ba’zi vaziyatlarda esa nasliy bir xillik tufaylimi yoki Bob Inesning quyib qo‘ygandek o‘zi bo‘lgani uchunmi, menga Bobning o‘rnida Ines o‘tirganday tuyulganini hisobga olsam, unda shuni aytishim kerakki, men o‘sha oqshom Inesni oxirgi marta ko‘rgan edim. To‘g‘ri, ikki kundan so‘ng odatdagiday oqshom payti biz uchrashgan edik va keyin ham mening so‘zlarim va umuman, mening bu dunyoda bor yoki yo‘q bo‘lishim endi Ines uchun hech qanday ahamiyat kasb etmasligini, mening jonga tekkan iltijolarim xuddi bemaqsad otilgan tosh kabi bepoyon va ko‘m-ko‘k osmonga, so‘lim ko‘klam faslining hayot barq urib turgan yam-yashil maysalari orasiga issiz singib ketishni oldindan bilgan va endi hammasi behuda ekanligini his etgan holda hech narsaga ishonmay, hech narsaga umid qilmay, tush payti uni o‘zim chaqirib olgan va biz yana bir marta uchrashgan edik.
O‘sha oqshom Bobning chehrasida aks etgan Inesning bir lahzalik qiyofasi menga unchalik ro‘yxushlik bermay nafratomuz tikilib turgan bo‘lsa-da, baribir bu qiyofada o‘zim uchun sevimli bo‘lgan qizning meni hamisha o‘ziga mahliyo qilgan jo‘shqinligi va samimiyatini his etgan edim. Biroq bizning oxirgi uchrashuvimizda bir kechada so‘lib, hamma narsaga beparvo bo‘lib qolgan bu begona ayol bilan, qanday qilib, xuddi ko‘nglim mahubib bo‘lgan Ines bilan so‘zlashayotganday emin-erkin suhbatlashishim, uni xohlaganday erkalashim, qanday qilib, uni o‘z gaplarimga ishontirishim mumkin? O‘zining uyida, kresloga cho‘kkancha yoki parkdagi o‘tirg‘ichda muk tushgancha, surati men bilan-u, siyrati o‘zga dunyoda kezib yurgan, xuddi men ko‘ngil qo‘ygan qiz boshqa-yu, yuzida sovuq ifoda va ukasining men haqimdagi to‘qib-bichgan loflariga qorishib o‘tirgan bu suluv boshqaday, ko‘zlari sovuq miltillayotgan, lablarini zaharli qimtib, tizzasidagi qo‘llari nafratdan titrab turgan, xuddi yuzini mendan bir umrga yashirmoqchidek bo‘yniga ro‘mol tashlab olgan uzun bo‘yli kibrli bu ayolning chehrasidan doimo nur va mehr yog‘ilib turadigan Ines ekanligiga qanday ishonish mumkin? Men unga uzoq tikilgan va uning butun vujudidan «yo‘q», degan so‘z taralayotganini, hatto atrofidagi havodan ham «yo‘q» degan hid ufurayotganini anglagan edim. Bob Inesni o‘zining gapiga ishontirish uchun qanday uydirma to‘qib chiqarganini men haligacha bilmayman; biroq, har qalay, men uning yolg‘on gapirmaganiga ishonaman; o‘shanda uni hech qanday kuch, hatto Inesning o‘zi ham yolg‘on gapirishga majbur qilolmasdi. Men Inesni ham, uning o‘sha kungi sirti yaltiroq, ichi bo‘m-bo‘sh qiyofasini ham boshqa uchratmadim: bir qancha vaqtdan so‘ng uning erga tegib, Buenos-Ayresga jo‘nab ketganini eshitdim. O‘sha paytlari Inesning qalbidan meni, mening qalbimdan Inesni quvib chiqarish uchun Bob hayotimni qanday qilib ikir-chikirigacha ag‘dar-to‘ntar qilganini va ularning ichidan eng jirkanch va maqsadga muvofiq hodisalarni tanlab olganini yoki hech bo‘lmasa, bunday hodisalarni o‘zi to‘qib tashlaganini xayolan tasavvur qilar ekanman, nafrat va g‘azabdan bo‘kirib yig‘lab yuborgim kelardi.
Mana, yana men Bobni deyarli har kuni o‘sha kafeda, o‘sha kishilarning davrasida uchrata boshlaganimga ham bir yil bo‘ldi. Bizni bir-birimizga tanishtirgan payti – uni endi Robert deb chaqirishardi- men o‘tmish vaqt degan narsani bilmasligini o‘n yillar narida yotgan har qanday voqea xuddi kecha bo‘lib o‘tgandek, juda yaqin ekanligini anglagandim. Bobning yuzida hali ham mening xotiramdan endi deyarli o‘cha boshlagan tanish chehraning elas-elas sharpalari saqlanib qolgan edi: yupqa bejirim lablarning qandaydir harakati birdan Inesning xushbichim uzun qomatini va qadamlarini tamanno bilan ohista tashlab yurishlarini xotiramda qaytadan tiklagan edi: o‘sha o‘zgarmas moviy ko‘zlar esa menga qizil bog‘ich bilan chiroyli qilib bog‘langan va peshonaga osilib turgan mayin sochlarning tagidan boqayotgandek tuyulib ketgandi. Endi bir umr ayrilgan, yetib bo‘lmas darajada uzoq-uzoqlarda qolgan Ines gul-gul yongan nozanin, hech kimga o‘xshamas va o‘zining o‘sha paytdagi go‘zalligiga hech bir gard yuqtirmagan qiyofada baribir ko‘z oldimda yana namoyon bo‘ldi. Biroq bugungi Robertning so‘lg‘in yuzi, poyintor-soyintor gaplari va hech bir ahloq bilan sig‘ishmaydigan xatti-harakatlari orasidan o‘sha Bobni kovlab topish va uni yanchib tashlashga intilishga hojat qolmagandi. Birinchi uchrashgan kunimizoq men u bilan gaplashib olish va isqirt basharasiga tushirish uchun uning yolg‘iz qolishini yoki ko‘chaga chiqishini uzoq, intizor bo‘lib kutgan edim. Men qahvaxonaning derazasidan ko‘rinayotgan uning aksiga xotirjam tikilib, Ines bilan o‘tgan lahzalarni eslab va tasavvurimda Bobning tanasidan biror joyni tanlab, birinchi mushtni g‘olibona tushirganimda, talaffuz qiladigan tahqiromuz ohangdan o‘zim oldindan lazzatlangancha, uni bira to‘la yer bilan paymol qilib tashlaydigan eng haqoratli jumlalarni ichimda to‘qib o‘tirardim. Biroq kechqurun u uchta do‘stining kuzatuvida jo‘nagach, xuddi Bob ko‘p yillar avval qulay vaziyat kelishini kutgandek, men ham uning yolg‘iz qolishini kutishga ahd qildim. Biz u bilan boshqa bir kuni to‘satdan uchrashib qolgan va o‘rtamizda kutilmagan do‘stlik paydo bo‘lganda ham undan qanday qilib bo‘lsa ham qasos olish niyatim endi hech qachon tark etmasligiga qat’iy ishongandim. Men u bilan Ines haqida va Bob bilan bog‘liq o‘tmish haqida hech qachon gaplashmaslikka, bularning barini yuzaga chiqarmay, yuragimning to‘rida bir umr barhayot holda saqlashga qaror qilgandim. Deyarli har bir oqshomni Robert va kafening doimiy mijozlari bilan o‘tkazar ekanman, xuddi shunday qildim ham. Qachonki Robertni ko‘rib va uning so‘zlarini eshitib turar ekanman, ko‘ksimdagi xusumat o‘ti so‘nmas ham, zaiflashmas ham edi; hech kim mening unga nisbatan intiqomimni bilmasdi, biroq men kundan kunga nafrat va lazzat bilan bu tuyg‘uni oshkora qilib borardim. Men Robert bilan do‘stona va qadrdonlarcha suhbatlashar, chekar va birga qahva ichar edim. Va hamisha men Bob haqida, uning beg‘uborligi va sadoqati haqida, uning qo‘pol va qo‘rs fikrlari haqida o‘ylardim; musikani sevadigan Bob haqida, odamlar hayotini farovonlashtirish va millionlab kishilarga uy-joy berish uchun dengiz qirg‘og‘ida g‘aroyib, go‘zalligi bilan butun dunyoni maftun qilib qo‘yadigan shahar qurmoqchi bo‘lgan Bob haqida, hech qachon yolg‘on gapirishni bilmaydigan Bob haqida, keksalar bilan yoshlar o‘rtasida hayot-mamot jangiga chorlaydigan navqiron Bob haqida, kelajakning va dunyoning vorisi bo‘lgan Bob haqida o‘ylardim. Ko‘pdan beri achinarli va ayanchli umr kechirayotgan, qandaydir sassiq hid anqib yotadigan korxonada ishlaydigan, semiz va tepsa tebranmas ayolga uylangan va xotinini «mening sen’oram» deb chaqiradigan, uzun, zerikarli shanba oqshomlarini kafedagi oromkursida yalpaygancha o‘tirib yoki gazeta o‘qib, telefon orqali poygaga pul tikib o‘tkazadigan barmoqlari tamakidan sarg‘ayib ketgan Roberto ismli kishining qarshisida o‘tirgancha, men bularning hammasini birma-bir ko‘z oldimga keltirib, jimgina o‘tirardim.
Hech bir oshiq hayotning jirkanch botqog‘iga botib, muqarrar inqirozga qarab adashmasdan ketayotgan umr karvoniga mubtalo bo‘lganchalik ma’shuqasiga mubtalo bo‘lolmaydi, kishi umrning intihosiga qarab yugurgandek mahkumlik bilan hech bir oshiq ma’shuqning og‘ushiga qarab yugurolmaydi. Hatto o‘sha yoniq muhabbat zavq-shavqini ham o‘n yillar oldin mening hayotimdan o‘chirib tashlagan, menga qalb o‘lati haqida gapira turib, qalbimga bitmas jarohat va o‘lat olib kelgan, endi esa hayot tegirmoni qiymalab tashlagan o‘sha Bobni eslatadigan bugungi Robertoni ko‘rganda va uning bir zamonlardagi tagi puch rejalarini eslaganda menda paydo bo‘ladigan zavq-shavq va muzaffarlikni har qanday g‘oliblik va zavq-shavq bilan ham solishtirib bo‘lmaydi; shuning o‘zidan ham Bob o‘zining aldamchi orzulari bilan hayotning qaysi o‘pqoniga qarab yugurganini bilib olsa bo‘ladi.
Bilmadim kattalarning bu mudhish va qo‘lansa dunyosida har kuni Bob bilan ko‘rishgandek, ilgari Ines bilan ham aqalli bir marta shunday quvonch va muhabbatdan mast bo‘lib ko‘rishdikmikin? Bu qo‘lansa dunyoga xush kelibsan, Bob! U hali bu yerga yaqindagina kelgan musofir; u hali o‘zining yoshligini tez-tez qo‘msab iztirob va alam bilan o‘ksinib yuradi. Men ba’zan uning to‘yib ichib olib, o‘zini eng iflos so‘zlar bilan haqoratlab, har qanday bo‘lsa ham bir vaqtlar Bob bo‘lgan paytlariga qaytaman deb g‘o‘ng‘illab, qasam ichib, yig‘lab o‘tirganini ko‘rib qolaman. Ishontirib aytish mumkinki, xuddi shu daqiqalarda mening yuragim muhabbat tuyg‘usi bilan limmo-lim to‘lib ketadi va qalbim xuddi onalarning mushfiq qalbidek, yana ham marhamatli va shafqatli bo‘lib qoladi. U endi hech qayoqqa ketolmasligini, chunki endi ketadigan joyning o‘zi yo‘qligini yuragimning tub-tubidan his etib tursam ham, biroq umidu iltifot bilan uni yupatishga harakat qilaman va unga dalda beraman, qo‘llab-quvvatlayman. Ilgari Bob bo‘lib yashagan vatanining bir hovuch tuprog‘i yoki goh-gohida u o‘lkadan abadiy surgun qilingan kishilar olib keladigan qadrdon, bolalik ko‘chalarining suratlari, har xil yodgorliklari, jo‘shqin va ehtirosli qo‘shiqlari o‘rniga men unga sabru-qanoat, qalbiga taskin, ertangi kuniga ishonch va u yaqinda tashlab kelgan yoshlik mamlakatining orombaxsh nurlarini va musaffo havosini bir paytlar opasiga bergan va’dalarim kabi sovg‘a qilaman. Va u ham hammasini qabul qiladi: avvaliga, qarshilik qiladi, men o‘zimning sadoqatimni qayta-qayta ta’kidlavergach, navqiron Bobning dunyosiga qaytadigan kun yaqinligiga ishongan holda, nihoyat, u «ha, roziman» deydi va jilmayadi; o‘zi esa o‘tmishdagi orzu umidlarining erta zavol topgan badbo‘y jasadlari va jirkanch tuyg‘ular orasida minglab oyoqlar ostida shafqatsiz toptalaverib, mayib va taqdirga tan bergan qiyofada majolsiz tipirchilagancha, o‘ttiz yoshning sassiq balchig‘iga tobora ko‘proq botib boraveradi.
Nazar Eshonqul tarjimasi