Ingliz shoiri Semyuel Teylor Kolrij 1797 yil yoz kunlarining birida g‘aroyib ohangli va qat’iy qofiyaga solingan “Qubla Xon” (“Hubilay Xon”) dostonining ellik misradan iborat parchasini tush ko‘rdi. Esdaliklarida yozishicha, u o‘sha vaqtlar Eksmur atrofidagi uyida yolg‘iz yashar va xastaligi bois ko‘knor ichishga majbur bo‘lgan edi; u shu alfozda Perches qalamiga mansub Qubla Xon haqidagi asarni, Marko Polo G‘arb o‘lkalari uzra shavkatini tarannum etgan hukmdor haqidagi asarni mutolaa qilishga tutindi; Qubla Xonning saroy barpo etishi haqida so‘z borgan joyga yetgach, mudroq uni o‘z zabtiga oldi. Tasodifan o‘qib qolingan asar Kolrij tushida bo‘yi va eniga o‘sa boshladi: uxlayotgan odam turfa manzaralar va hatto mana shu manzaralarni ifoda etuvchi so‘zlar shodasini ko‘ngil ko‘zi bilan ko‘rib turardi; bir necha soatdan so‘ng u qariyb uch yuz misradan iborat doston yaratdim yohud qabul qilib oldim, degan ishonch bilan uyg‘ondi. Ayni misralarni hayratomuz aniqlik bilan xotirlar ekan, o‘z asarlaridan joy olgan o‘sha mashhur parchani qog‘ozga tushirishga ulgurdi. Kutilmagan tashrif ishdan chalg‘itgach, qolgan misralar yoddan ko‘tarildi. “Hayrat va alam ichra angladimki,-deb hikoya qiladi Kolrij,-men tushimning umumiy manzarasini hamon ko‘rib tursam-da, sakkiz-o‘n misradan boshqa barcha satrlar daryo yuzasidagi xalqachalar yanglig‘ g‘oyib bo‘lgan va taassufki, ularni qayta tiklashning imkoni yo‘q edi”. Suinbern unut bo‘lishdan saqlab qolingan misralar ingliz tili musiqasining ajoyib namunasi ekanini his etdi va bu satrlarni tahlil qila olgan kishi ranglar jilosini kashf etadi. Asosiy fazilati musiqiy ohangdan iborat bo‘lgan dostonlarni boshqa tilga o‘girish yohud ularni bayon qilishga har qanday urinish behuda chiranishdan boshqa narsa emas va bu harakatlarning nafidan ko‘ra zarari ko‘proqdir. Shu bois Kolrijga, shubhasiz, ajoyib misralar in’om etilgan, deyish bilan cheklanamiz.
Tarix bu kabi g‘aroyib hodisalarning yana bir qanchasiga guvoh. Xevlok Ellis o‘zining “Tushlar olami” («The World of Dreams») badiasida bastakor va g‘ijjakchi Juzeppe Tartini bilan kechgan voqeani hikoya qiladi. Unga ko‘ra, bastakor tushida Iblisning go‘zal bir sonata ijro etishiga guvoh bo‘ladi; Tartini uyg‘ongan hamon “Iblis nag‘malari” («Trillo del Diavolo») nomi bilan dovruq qozongan asarini yorug‘ dunyoga olib chiqadi. Robert Lyuis Stivenson boshidan kechirgan voqea tafakkur ixtiyorsiz faoliyatining yana bir yorqin namunasidir. O‘zining “Tushlar haqida mulohazalar” («Chapter on Dreams») asarida ma’lum qilishicha, u bir safar “Olalya” mazmuniga ega bo‘ladi, 1884 yilda ko‘rilgan tush esa “Jekil va Xayd” syujetini hadya etadi. Tartini uyqudan turgach, tushda tinglangan (his etilgan) musiqani qayta tiklashga harakat qildi; Stivenson esa asar syujetini, ya’ni umumiy manzarasini tushning o‘zida qo‘lga kiritdi. Kedmon ismli baxshi ko‘rgan tush Kolrij tushiga birmuncha yaqin turadi. Muhtaram hazrat Bedaning ma’lum qilishicha, (“Anglizlar nasroniylik tarixi”, IY, 24) bu voqea YII asr so‘ngida mutaassib va jangarilar Angliyasida sodir bo‘lgan. Kedmon yoshi bir joyga borib qolgan oddiy cho‘pon edi; qo‘shiq kuylashga majbur etishlarini payqagan Kedmon bir gal bayramdan juftakni rostladi. Otxonada otlar orasida pinakka ketishga chog‘langan mahal, kimdir uning ismini aytib chaqirdi va kuylashga amr etdi. Kedmon kuylay olmasligini aytdi, ammo buyruq takror yangradi: “Yaratilish ibtidosi haqida kuyla”. Va shunda baxshi avval o‘zi hech eshitmagan misralarni baralla kuylay boshladi. Uyg‘ongach esa xotiriga muhrlangan qo‘shiqni rohiblarga qayta aytib berdi. U baribir savod chiqara olmadi, ammo rohiblar Muqaddas Bitik matallarini hikoya qilishlari hamon “u baayni iqtidorli shogird yanglig‘ voqealarni puxta o‘zlashtirib, ularni quloqqa yoqimli g‘azalga aylantirar va shu tariqa olam va odam yaralishini, Borliq va Bani Isroil farzandlari Hijrati voqealarini, ularning va’da qilingan o‘lkaga qadam qo‘yishlari va evrilishlaru ehtiroslarni, Xaloskorning qayta tirilib samoga me’roj qilishi, Muqaddas Ruh tashrifi va havoriylar hadislarini, shuningdek, Qiyomat va jahannam azobi dahshatlarini, jannatiy rohat-farog‘at hamda Tangri marhamati va qahrli jazolarini tarannum qildi”. U anglizlarning ilk ruhoniy shoiri edi. “Unga hech kim bas kelmaydi,-deydi muhtaram Beda,-illo u bandalar emas, bil’aks Tangridan saboq olgan”. Oradan yillar o‘tib, Kedmon o‘zining qazo fursatini bashorat qildi. U valine’mati bilan diydor ko‘rishgan, deya umid qilamiz.
Bir qarashda, Kolrij voqeasi Kedmon voqeasidan ko‘ra g‘arib tuyilishi mumkin. “Qubla Xon” – ajoyib go‘zallik namunasi, Kedmon tush ko‘rgan to‘qqiz misradan iborat marsiyaning esa tushda bino bo‘lganidan boshqa fazilati yo‘q, biroq, gap shundaki, har ikki voqea sodir bo‘lgan vaqtda Kolrij shakllanib bo‘lgan shoir, Kedmon esa endigina iste’dodi ochilayotgan baxshi edi. Shuningdek, “Qubla Xon”ni bunyod etgan tushning mo‘jizakor sinoatini bundan-da beqiyos darajaga olib chiqishga qodir holat mavjud. Agar dalillar xato qilmayotgan bo‘lsa, Kolrij ko‘rgan tush tarixi shoirning o‘zidan bir necha asr avval boshlangan va u hali adog‘iga yetgan emas.
Shoir bu tushni 1797 yilda ko‘rgan (ba’zilar 1798 yilda deb hisoblaydi), u haqdagi xabarni esa dostonning tugallanmagani izohi sifatida 1816 yilda e’lon qildi. Oradan yigirma yil o‘tgach, Parijda (G‘arbda ilk bor) XIV asr fors muarrixi Rashididdin qalamiga mansub “Voqealar muxtasar bayoni” tarjimasi ayrim parchalar tarzida nashr etildi. Ushbu asar sahifalaridan birida shunday jumla bor: “Ksamdudan sharq tomonda Qubla Xon tushida ko‘rib, yodida saqlab qolgan loyiha asosida saroy barpo qildi”. Qubla Xon avlodidan bo‘lgan hukmdor Hasan Mahmudning vaziri bu haqda yozib qoldirgan.
Mo‘g‘ul hukmdori XIII asrda saroyni tush ko‘radi va shunga muvofiq, uni chindan ham barpo etadi; mazkur imorat tushdan bunyod bo‘lganidan mutlaqo bexabar ingliz shoiri XYIII asrda ushbu saroy latofatini tarannum etgan dostonni tush ko‘radi. Agar uxlab yotgan odamlar qalbiga ta’sir o‘tkazishga qodir hamda qit’alar va zamonlarni zabtiga olgan ushbu baqamtilik muqaddas kitoblarda tasvir etilgan samoga me’rojlar, qayta tirilish va bashoratlar bilan qiyoslanadigan bo‘lsa, fikrimcha, keyingilari hech vaqoga arzimaydi.
Ayni voqeaga qanday izoh ravo ko‘riladi? Har qanday g‘ayrioddiylikni avvaldan inkor etuvchilar (men o‘zimni hamisha mazkur davra vakili hisoblardim) ba’zan bulutlar qoplon yohud otlar shamoyilini olgani kabi bu ikki tush voqeasi ham tasodiflar o‘yinidan boshqa narsa emas, deyishlari tayin. Boshqa birovlar esa shoir, aftidan, mo‘g‘ul hukmdori saroyni tushida ko‘rganidan voqif edi va “men ham dostonni tushda ko‘rdim” qabilida xabar tarqatgan hamda bu bilan dostonning notugalligi va misralar noto‘g‘riligini izohlamoqchi bo‘lgan, deya taxmin qiladilar. Bu faraz haqiqatga yaqinroq, ammo u bizni – hech bir asossiz – xitoyshunoslarga noma’lum bo‘lgan va Kolrij Qubla Xon ko‘rgan tush haqida 1816 yilga qadar o‘qishga ulgurgan matnning mavjudligini taxmin qilishga undaydi. Shuurdan tashqaridagi farazlar bundan ko‘ra jozibadorroq. Masalan, marmar va ma’dandan ko‘ra sobitroq so‘zlar ko‘magida shoir o‘sha saroyni qayta tiklashi uchun hoqonning ruhi Kolrij qalbini ishg‘ol qilgan, deya tasavvur qilishimiz mumkin.
Dastlabki tush saroyni hayotga tadbiq qildi, besh asrdan so‘ng ko‘rilgan ikkinchi tush esa saroy ko‘ngilga solgan dostonni (yoxud doston muqaddimasini) yuzaga chiqardi; tushlarning o‘xshashligi ortida allaqanday olamshumul reja yashirin, ayni shu ikki tush oralig‘ida kechgan ulkan vaqt esa ushbu reja ijrochisi g‘ayrioddiy hilqat ekanidan dalolat beradi. Ushbu mangu zotning asil niyatini anglashga intilish behuda chiranishdan boshqa narsa emas, ammo biz u zot o‘z rejasini amalga oshirganiga shubha bildirishga haqlimiz. 1691 yilda Iso maseh Jamiyati a’zosi hazrat Jerbiyon Qubla Xon saroyidan faqat xarobalar qolganini aniqladi; dostondan esa atigi ellik misra saqlanib qolgan. Ushbu dalillar asosida yillar va intilishlar shajarasi maqsadiga erisha olmaganini taxmin qilish mumkin. Birinchi odam tushida saroyni ko‘rdi va uni chindan barpo qildi; birinchi odam tushidan bexabar boshqa odam Saroy haqidagi dostonni tush ko‘rdi. Agar ushbu reja to‘g‘ri bo‘lsa, kelajak asrlar qa’rida yashirin allaqaysi bir oqshom chog‘i “Qubla Xon” dostoni mutolaasi bilan mashg‘ul kimdir birov haykal yohud musiqani tush ko‘radi. Bu odam bir zamonlar yashab o‘tgan ikki notanish odam tushlaridan bexabar bo‘ladi va tushlar sinoatiga yo‘l ochguchi kalit eng so‘nggi tushda yashirin bo‘lsa, ehtimol.
Ushbu satrlarni yozib bo‘lgach, men tasodifan boshqa bir izohga e’tibor qildim. Ehtimol, odamlarga hali noma’lum bir arxetip, allaqanday adoqsiz mangu vujud (Uaytxed atamasi) asta-sekin, ammo beomon tarzda dunyomizni ishg‘ol etmoqda; uning ilk alomati Saroy edi, ikkinchisi esa – doston. Agar kimdir birov bu ikki hodisani o‘zaro qiyoslamoqchi bo‘lsa, ehtimol, ular mohiyatan ayniy ekaniga ishonch hosil qilishi tayin.
Sharifjon Ahmedov tarjimasi