Xorxe Luis Borxes. Qilich izi (hikoya)

Uning yuzini chuqur chandiq xunuk ko‘rsatib turardi: chandiq quloq chakkasidan jag‘iga qadar cho‘zilgan, kulrang, o‘roq shaklda edi. Haqiqiy ismining unchalik ahamiyati yo‘q. Takuaremboda uni “Koloradalik ingliz”, deb atashardi. Bu yerlarning egasi Kardoso unga qo‘rg‘onini sotmoqchi emasdi, lekin ingliz kutilmagan imkoniyatini ishga soldi: o‘zi olgan jarohati sirini unga ishonib aytib berdi. Bu ingliz chegaradan — Riu-Grandi-Sul tarafdan kelgandi. U Braziliyada kontrabanda bilan shug‘ullangan, degan gap yurardi. U, qarollari bilan yonma-yon ishlab, bu xo‘jalikni ancha tartibga keltirib qo‘ydi. Aytishlaricha, u qattiqqo‘llikda hatto yovuzlikkacha ham borib yetarkan. Lekin mayda-chuyda narsalarda birmuncha adolatli ham bo‘lgan. Ba’zan qattiq ichar ekan. Yilda ikki marta mansarda boloxonasiga qamalib olarkan-da, oradan bir necha kun o‘tgach, xuddi jangdan chiqqan yoki qattiq kema chayqalishidan azob chekkan odamdek — yuzlari oqargan, qaltiragan, bezovta holda, lekin o‘sha-o‘sha qattiqqo‘lligini saqlagancha yana paydo bo‘larkan. Uning sovuq ko‘zlari, ozg‘in bo‘lsa ham, lekin mushakli, chayir tanasi, kulrang mo‘ylovchasi hamon yodimda. U hech kim bilan muloqot qilmas, ispan tilini yaxshi bilmas, brazilcha so‘zlarni aralashtirib gapirardi.
Tijoratga oid yozishmalardan boshqa hech narsa uni qiziqtirmasdi. Shimol departamentlariga qilgan oxirgi safarimda Karaguata dar-yosida bo‘lgan toshqin tufayli “La-Kolorado”da tunash uchun joy qidirishimga to‘g‘ri keldi. Mening bu yerlarda paydo bo‘lishim mulk egasiga unchayam yoqmaganligini darhol payqadim, shu bois inglizning ko‘nglini biroz yumshatish uchun unda hissiyotlarimizdan eng ishonchlisi bo‘lgan vatanparvarlik tuyg‘ularini uyg‘otish zarur deb hisobladim. Men unga “Qayerdaki inglizona ruh hukmron bo‘lsa, o‘sha mamlakatda yengilmas kuchlar bo‘ladi”, dedim. U ma’qullab bosh irg‘adi-yu, lekin kinoya bilan ingliz emasligini, Dangarvanlik irland ekanligini aytdi. Aytishga aytdi-yu, xuddi sirni oshkor qilib qo‘ygandek talmovsirab qoldi.
Nonushtadan so‘ng biroz ochiq havoda aylanib kelgani chiqdik. Havo ochilib ketgan, lekin Janub qirlari ortidan chaqmoqlar bag‘rini tilayotgan qora bulutlar pag‘a-pag‘a bo‘lib bostirib kelardi. Kamtarona oshxonada bizga xizmat qilayotgan qarol bir shisha rom olib keldi. Biz jimlikda uni uzoq vaqt ichib o‘tirdik. Kayfim oshib qolganda vaqt allamahal bo‘lgandi. Kayfim oshgandanmi, zerikkandanmi, nima balo bo‘ldi-yu, men chandiq haqida gap ochdim. U asabiylasha boshladi: bir lahza xuddi u meni uloqtirib tashlamoqchi bo‘lgandek tuyuldi, lekin u o‘zini bosib odatdagi ohangda gap boshladi.
— Bu jarohatimning tarixi uzoq. Agar sabring yetsa, mayda-chuyda tafsilotlarigacha, qanday qilib meni bu sharmandalikka olib kelgan holatlarni to‘laligicha hikoya qilib beraman. Men rozi bo‘ldim. Ingliz tilida ispan va portugal tillarini aralash-quralash qilib aytilgan hikoya quyidagicha:
“1922 yili Kennot shaharchalaridan birida ko‘pchilik qatori Irlandiya mustaqilligi uchun bo‘lgan maxfiy janglarda men ham qatnashardim. Omon qolgan o‘rtoqlarimdan ayrimlari hozir tinchgina mehnat qilib yashab yurishipti, ayrimlari esa — bu ziddiyatga nima deysiz — ingliz bayrog‘i ostida dengizlarda, cho‘llarda jang qilishmoqda. Ularning eng sharafga sazovorlaridan biri kazarma hovlisida uyqusiragan soldatlar tomonidan otib o‘ldirilgan. Ayrimlari (ularni judayam baxtsiz deb bo‘lmaydi) esa fuqarolar urushining noma’lum janglarida jon berganlar. Biz respublikachilar — katoliklar edik: romantik orzularga boy edik. Irlandiya biz uchun nafaqat yorqin kelajagimiz, balki sho‘rlik bugunimiz ham edi: sevimli afsonalar, qasr-larning minoralari o‘tib bo‘lmas botqoqlar, Parnellga bo‘lgan nafratimiz*, goh baliqlarga, goh tog‘larga aylanuvchi qahramonlarimiz haqida hikoya qiluvchi beqiyos epopeyalarimiz… Kunlardan bir kun kechki payt, buni men hech qachon esdan chiqarmayman, Myunsterdan kelgan maslakdoshning Jon Vinsent Mun degan kimsa safimizga qo‘shildi.
Uning yoshi yigirmalar atrofida edi. Ozg‘in, nimjon — umurtqasiz bir maxluqdek taassurot qoldirdi bizda. U diqqat va ishtiyoq bilan qandaydir bir qo‘llanmani varaqma-varaq yodlab olishga kirishib ketar, dialektik materializm haqidagi bilimini esa bizning bahs-munozaralarimizga chek qo‘yish uchun ishlatardi. Bir inson boshqa bir insonni yaxshi yoki yomon ko‘rib qolishi sabablari behisob. Mun jahon tarixini faqat iqtisodiy ziddiyatlargagina bog‘lab qo‘yardi. Inqilob g‘alabasi oldindan ta’minlangan, deb ta’kidlardi. Men bo‘lsam, faqat aslzodalargina oldindan yutqazishlarini bilsalar-da, bunday ishlarga kirishishlari mumkin der edim… Yarim tun. Biz o‘z bahs-munozaralarimizni yo‘laklarda, zinalarda, kimsasiz ko‘chalarda davom ettirardik. Munning mulohazalari, bahsga o‘rin qoldirmaydigan nasihatomuz ohangi menda hech qanday taassurot qoldirmasdi. Yangi maslakdoshimiz bahslashmasa, o‘z fikrini boshqalarni mensimagan holda, asabiylashib aytib qo‘ya qolardi. Biz bir kuni fabrikaningmi, kazarmaningmi devorlari yoqalab borardik. Oxirgi binolarga yetib borganimizda o‘q tovushlari quloqlarimizni qomatga keltirdi. Qandaydir tor ko‘chaga o‘zimizni urdik. Yonayotgan uydan, xuddi alanga chiqqandek, bir barvasta soldat bizga hayqirib, to‘xtashimizni buyurdi. Men qadamimni tezlatdim, lekin sherigim menga ergashmadi. Qayrilib qaraganimda Jon Vinsent Mun dahshatdan toshdek qotib, sehrlangandek qaqqayib turardi. Men ortimga qaytib, soldatni bir zarba bilan qulatdim, Vinsent qo‘rqib ketganidan yurolmasdi, uni qo‘ltiqlab oldim. Biz qorong‘ulikda alangalar orasidan yorib borardik. Baribir o‘qdan qochib qutula olmadik, o‘q Munning tirsagini yalab o‘tdi. Qarag‘ayzor oralab borayotganimizga u tinmay oh-voh qilib borardi.
1922 yilning kuzida men general Berklining villasida o‘zimga panoh topdim. Villa egasi (men uni hecham ko‘rmaganman) o‘sha paytda Bengaliya ma’muriyatida qandaydir lavozimda ishlar edi. Uy qurilganiga hali bir asr ham bo‘lmasa-da, u nuray boshlagan, qarovsiz holda, aylanma yo‘llari-yu, hech kimga keraksiz kutish xonalari ko‘p edi. Birinchi qavatni muzey va ulkan kutubxona egallagan, unda XIX asr tarixini aks ettiruvchi, ma’nolari bir-biriga zid, yolg‘on-yashiqqa to‘la kitoblar: devordagi Nishopur shamshirlarida esa go‘yo jangu jadallar, urush sadolari yashiringandek. Biz orqa eshikdan kirganimiz yodimda. Tungi sarguzashtlarimiz juda qiziq bo‘lganligi haqida Mun qaltiragan, qurib qolgan lablarini qimirlatib g‘uldiradi. Men uning jarohatini bog‘lab, choy uzatdim. Yarani bog‘layotib, bu jarohat emas, shunchaki tirnalganligini bildim.
— Siz hayotingizni ancha xavf ostida qoldirdingiz, — deb valdiradi u hayron bo‘lib.
Men undan xavotir olmasligini iltimos qildim. (Fuqarolar urushining an’anasi shuni taqazo qilardi, men boshqacha yo‘l tuta olmasdim. Bundan tashqari, agar oramizdan birortasi asirga tushgudek bo‘lsa, barcha harakatlarimiz chippakka chiqardi).
Ertasiga Mun yana o‘z eski holiga qaytdi. U men taklif qilgan sigaretani oldi-da, “inqilobiy partiyamiz”ning iqtisodiy imkoniyatlari haqida meni so‘roqqa tutdi. Uning savollari ko‘zlagan maqsadiga borib tegardi. Men unga ahvolimiz juda ham og‘irligini aytdim (haqiqatan ham shunday). O‘q ovozlari butun Janubni larzaga solardi. Men Munga o‘rtoqlarimiz kutayotganliklarini aytib, palto va to‘pponchamni olish uchun o‘z xonamga chiqdim. Qaytib kelganimda Mun pastakkina divanda ko‘zlarini yumib yotardi. U yelkasida qattiq og‘riq turganligini, bezgak tutib qolganligini ma’lum qildi.
Qo‘rqoqlik uni hech qachon tark etmasligini tushundim. Men biroz xijolat bo‘lib, o‘zini ehtiyot qilishlikni maslahat berdim va xayrlashib chiqib ketdim. Men o‘zimdan o‘zim uyalib ketdim, go‘yo qo‘rqoq Vinsent Mun emas, men o‘zimdek. Bir odamning qilmishiga barchamiz sababchi emasmizmi? Shuning uchun, bir juhudni xochga mixlash insoniyatni xalos qilish uchun xizmat qilar ekan**, bir odam bog‘da taqiqlangan narsani bila turib yeganligi barcha insoniyat zoti uchun tavqi la’nat bo‘lar ekan***, ularni jazolash adolatsizlikka kiradi, deb bo‘lmaydi. Balki Shopengauer, men — boshqa odamman, boshqa odam esa — bu barcha insoniyat, deb to‘g‘ri aytgandir. Qaysidir ma’noda Shekspir ham o‘sha badbaxt Jon Vinsent Mun edi****.
Generalning hayhotdek villasida biz deyarli to‘qqiz kun yashadik. Urushning dahshatiyu yorug‘ kunlari haqida gapirib o‘tirmayman. Maqsadim, o‘sha men uchun sharmandali bo‘lgan chandiq haqida so‘zlab berish. Men uchun o‘sha to‘qqiz kun ham bir bo‘ldi-yu, oxiridan oldingi kun ham bir bo‘ldi: o‘shanda biz kazarmaga bostirib kirib, Elfinda pulemyotlardan otib tashlangan oz emas, ko‘p emas, o‘n oltita o‘rtoqlarimizning o‘chini oldik. Men tong ota boshlaganda — g‘ira-shira paytida uydan chiqib ketdim. Kech kira boshlaganda qaytdim.
Olgan jarohati birinchi qavatga tushishga xalaqit berganligi sababli, u meni tepada kutardi. Men uning go‘yo F.N.Moudining yoki Klauzevitsning strategiya haqidagi kitobini varaqlab turganida ko‘rgandekman. “Barcha qurollar ichida artilleriyani ma’qul ko‘raman”, deb bir kecha u tan olgandi. U doim bizning rejalarimizni bilib olishga harakat qilar, moddiy imkoniyatlarimiz juda arzimasligini shodlanib, tanqid qilar, ishimiz fojia bilan tugashini oldindan bilgandek, “Oxiri — voy!”, deb ilondek vishillab qo‘yardi. Aql jihatdan ustunlik oldida qo‘rqoqlik hech narsa emas, degan fikrini isbotlamoqchi bo‘lardi.
Yaxshi-yomonmi, xullas, to‘qqiz kunni shunday o‘tkazdik. O‘ninchi kuni butun shahar… qoralar va jigarranglar armiyasi qo‘liga o‘tdi. Ko‘chalarda barvasta, kamgap otliqlar patrullik qilishardi. Shamol kul zarralari va kuyundi hidini atrofga tarqatardi. Qaysidir bir burchakda cho‘zilib yotgan jasadni ko‘rib qoldim, lekin xotiramda bu emas, boshqa narsa: maydonda soldatlar qandaydir bir manekenga o‘q otib, do‘pposlab mashq qilayotganliklari qoldi.
Tongda uydan chiqib ketdim, tushlikka yaqin qaytib keldim. Mun kutubxonada kim bilandir gaplashardi. Telefonda gapirayotganligini bildim. Mening ismimni aytayotganligini eshitdim, keyin u meni soat yettilarga yaqin kelishimni, keyin esa meni uy oldidagi bog‘da ushlash lozimligini iltimos qildi. Mening dono do‘stim donolarcha menga xiyonat qilardi. Keyin u o‘zining xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘rishlarini talab qilganligini eshitdim.
Shu yerda mening hikoyalarim chigallashib tamom bo‘ladi. Men shu narsani bilamanki, do‘zaxdek tuyulgan qorong‘u yuraklar va aylanma zinalardan ruh xoinini tutaman, deb yugurdim. Lekin Mun villani mendan ko‘ra yaxshiroq bilardi. Bir necha marta ko‘zdan qochirdim, lekin soldatlar meni ushlab olishidan oldin men unga yetib oldim. Mulk egasi general to‘plagan, devordagi qurollar kollektsiyasidan kalta bir qilichni sug‘urib oldim. Shu yarimoy shaklidagi po‘lat qurol bilan uning yuzida yarimoy shaklida o‘chmas iz qoldirdim.
“Borxes, men sizni tanimayman, shuning uchun bor haqiqatni aytib berdim. Shu sababli sizning nafratomuz qarashingizga chidash men uchun osonroq”.
U jim bo‘lib qoldi. Qo‘llari qaltirayotganligini sezdim.
— Mun, nima bo‘ldi? — so‘radim men.
— Sotqinligi uchun beriladigan pulni olib, Braziliyaga jo‘nab ketdi. Jo‘nash oldidan u mast soldatlar maydonda manekenni o‘qqa tutayotganliklarini ko‘rdi.
Men bekorga undan hikoyaning davomini kutardim. Nihoyat, undan keyin nima bo‘lganligini so‘radim.
Shu payt uning ich-ichidan bir nola otilib chiqdi, jur’atsizlik bilan yuzida oqarib turgan yarimoy shaklidagi chandiqqa ishora qildi.

Ruschadan Abdunabi Abduqodir, Mahkam Mahmud tarjimalari
___________
* Irlandiya ozodligi uchun kurashchi, inglizparastlar uni yomon ko‘radilar. Jeyms Joys uni sharaflab yozgan. (Tarj.).
** Iso Masihga ishora.
*** Odam Atoga ishora.
**** Shekspir asarlarida tasvirlangan xoinlar obrazida uning o‘z fe’li ham aks etganiga ishora (Tarj.)