Xoan Ignasio Taybo. Odamlar, kimsiz o‘zi? (hikoya)

I

U hali kichkina paytlaridayoq, otasi, odamlarga yaqin borma, garchi dengizda tirikchilik qiladiganlar unchalik badkirdor bo‘lishmasa ham, bekordan- bekorga tosh yoki kaltak bilan urib dilingni siyoh qilib ko‘yishlari mumkin, deb tayinlagan, biroq delfin bolasi unda hali juda murg‘ak, buning ustiga gapirishni ham bilmas, shu bois bu bilan otasi nima demoqchi bo‘layotganini tushunmagan edi.
Oradan yillar o‘tdi. O‘sha paytlarda ular suvi musaffo, haroratli va sokin ko‘rfazda yashashar, u yerda baliq mo‘l-ko‘l bo‘lib, hammalariga yetib ortar, binobarin, delfinlar qorin tashvishidan butunlay forig‘ edilar.
O‘ziga aytilgan gapni hali tushunmasa ham, lekin suzishga kelganda delfinchaga yetadigani yo‘q edi, u shunchalar mohirona suzar ediki, garchi ochiq dengizga chiqmasa ham bir o‘zi ko‘rfazda emin-erkin suzib yura olardi. U atrofidagi mavjud olamni bilishga kiziqar, hamma narsadan boxabar bo‘lishni istar, parrandalar, odamlar hamda delfinlar hayotini, odatlarini kuzatishdan bahra olar, qiskasi, dunyodagi barcha bolalar singari har kuni o‘zi uchun bir yangilik kashf etardi.
Shu vajdan kunlarning birida u tap tortmasdan qirg‘okkacha suzib bordi. U hali qirg‘oqqa yetib bormayoq o‘sha yerda yurgan allaqanday g‘ayritabiiy mavjudotlarga ko‘zi tushdi. Bunaqasini u hali ko‘rmagan edi, ular delfinlarga ham, baliqlarga ham o‘xshamasdi. Bu g‘alati mavjudotning qo‘li, oyog‘i, boshi bo‘lib, egniga yana allanimabalolarni kiyib olgandi, delfin bolasi faqat ulardagi kalla nimaligini tushunib yetdi, negaki bunaqa a’zo dengiz jonivorlarida ham bor edi-da! Qolgan narsalarining farqiga bormadi… Delfinchaga otasi bular odamlar, deb ta’riflagan mavjudot ekanini dabdurustdan anglayolmadi, o‘z-o‘zidan ulardan nega qo‘rqishi kerakligini esa mutlaqo tushunmadi.
U odamlar sezib qolmasliklari uchun ehtiyotkorlik bilan qirg‘oqqa suzib keldi, to‘g‘risini aytganda, u boshqa delfin bolalariga nisbatan o‘yinqaroq bo‘lgani bilan har holda ehtiyotkor va itoatgo‘y edi. Hozir ham suvdan boshini xiyol chiqarib, sohilni diqqat bilan ko‘zdan kechirdi.
Delfincha har kuni ertalab, kun endi yoyila boshlaganda ota-onasi bilan birga dengizga baliq ovlash uchun chiqadigan tagi yassi kema ortidan ergashib yurardi. U o‘sha kemaning kapitani bilan uning ikki nafar yordamchi matroslarini allaqachon tanib olgan edi. “Karmina” deb nomlangan bu kema ana shu uch kishiga tegishli edi. Delfinchani o‘ziga o‘xshagan, kattalar doim ovga o‘zlari bilan olib chiqadigan kichkina odamcha — quralay ko‘z bola qiziqtirib qolgandi. O‘sha bola endi-endi tetapoya bo‘lganiga qaramay chayqalib-chayqalib suzayotgan kemada yiqilmasdan bemalol yura olardi. Kichkintoy bolani kattalar hamisha bir xilda, Fuko deb chaqirishar, shu sababli delfincha uning ismi Fuko ekanini bilib olgandi. Bu delfincha o‘rganib olgan odamzod tilidagi birinchi so‘z edi.
Har kuni ertalab baliqchilar kema bilan qirg‘oq orasiga to‘r tashlab qo‘yishar, bolaning otasi bilan matroslar tezroq gapirishni o‘rgansin, degan maqsadda Fukoni gapga tutishardi. Delfin bolasi har bir so‘zlarini ilib olayotgani ularning xayoliga ham kelmasdi.
Delfinlar boshqa jonivorlarga nisbatan ancha-muncha idroki baland ekanidan u sekin-asta odamlarning tilida gapirishni o‘rganib oldi. Kema bilan yonma-yon suzib borayotgan mahal kattalar o‘rgatayotgan so‘zlarni kaytarayotgan Fukoga ergashib, to yodlab olmaguncha o‘sha so‘zlarni qayta- qayta takrorlardi. Ota-onasi oldiga qaytib borganda esa ular bolasiga delfincha gapirishni o‘rgatishar edi; delfinlar tili g‘oyatda go‘zal, lekin shu bilan birga o‘zlashtirish ancha mushkul edi, ularning tovushlari esa bamisli qo‘shiq kabi murakkab va baland pardalarda yangrar edi. Nafsilamrini aytganda, bu tilda istagan narsa haqida gapirish mumkin edi, bu tilda o‘zga bolalar, qushlar hamda odamlarning og‘zidan chiqayotgan hamma gaplarni aytsa bo‘ladi, faqat “o‘ldiraman seni”, “boshingga it kunini solaman” qabilidagi o‘ta xunuk, qo‘rqinchli va tahdidona so‘zlarni aytishga yaramasdi, chunki bunaqa tushunchalardan delfinlar tamoman bexabar edilar.
Oxir-oqibat, delfin bolasi o‘zining qadrdon ona tilida ham, odamzodning tilida ham bir xilda bemalol gapirishni o‘rganib oldi. Biroq buni u hali amalda qo‘llab ko‘rmagan, shu choqqacha katta odamlar va bolalar bilan suhbatlashish unga nasib etmagan edi.

II

Kunlar ketidan kunlar, oylar o‘tdi. Fuko ulg‘ayib qoldi, delfin ham. U baliq ovlagani chiqqan kemani kuzatib yurishni yaxshi ko‘rardi; kema bilan yonma-yon suzib borayotganda delfincha odamlar e’tiborini jalb qilish uchun dam-badam suvdan sapchib havoga otilar, kattalar bunga ortiqcha ahamiyat berishmas, chunki ular kema atrofida suzib yurgan delfinlarning bunday qilig‘iga allaqachon ko‘nikib qolishgan edi. Kunlardan bir kun delfin bolasi Fukoning o‘ziga qiziqsinib qarayotgani, bu ham yetmagandek marok bilan tomosha qilayotganini payqab qoldi. Kema ochiq dengizga chiqib ketgan paytlarda delfin bolasi zerikib qolardi: uning ortidan ergashib borolmas, hali yosh ekani tufayli ko‘rfazdan chiqib, olislarga suzib borishdan qo‘rqar edi. Ittifoqo, bir kuni ertalab Fuko barvakt uyg‘ondi va kattalarni kutib o‘tirmay o‘zi dengiz yokasiga bordi. Delfin bolasi shu yerda, doimgidek kemaning yon-verida kutib turardi. U kattalarning yo‘qligidan foydalanib, beozorgina kulayotgandek tuyulguvchi tumshug‘ini suvdan chiqardi. Fukino uni ko‘rib hayratdan qotib qoldi, negaki, shu chokqacha u birinchi marta delfinni bunaqa yaqindan ko‘rishi edi, u faqat odamlarni, mushuklar bilan parrandalarni va yana kemada ovlanadigan baliqlarni ko‘rgandi, xolos, shunga qaramay u delfinlarning baliqlarga mutlaqo o‘xshamasligini, terilari esa odamlarnikiga qaraganda yumshok va mayinroq ekanini anglab yetdi. Delfin Fukoning ismini aytib chakirdi- da, undan hol-ahvol so‘ragan bo‘ldi.
Fukino delfinchadan qo‘rqmadi, delfincha ham undan hurkmadi, zero, yolg‘iz kattalargina o‘zlari nimaligini bilmaydigan narsalardan ko‘rqishadi. Kichkintoylar esa aksincha. Fuko delfin bolasi o‘ziga o‘xshab galisiy tilida gapira olishidan, kattalar ertalab sohilga kelishganida doim nari yurishidan boxabar bo‘ldi. Bora-bora delfin bolasi uning eng qadrdon, ajralmas do‘stiga aylandi. Nafsilamrini aytganda, Fuko ham delfinning birdan-bir do‘sti bo‘lib qoldi.

III

Shu asno ko‘klam keldi. Kunlar uzaydi, Fuko har kuni ovga chiqish oldidan barvaqg turib, dengiz bo‘yiga kelardi. Kattalar hali uyqudan turmagan mahal ikki o‘rtoq suvda kim o‘zarga o‘ynashar, miriqib cho‘milishar, hammayoqqa suv sachratib sakrashar, ichakuzdi qo‘shiqdar aytib, tinmay yayrashar edi. Maza qilib o‘ynab bo‘lishgach, oldinma-ketin otasi bilan matroslar kelishar, uzoq paysalga solishmay “Karmina”da dengizga yo‘l olishardi. Delfin bolasi endi kema qayerga bormasin, uning ortidan kuzatib borar, zero, u odamlardan ham, vahimali dengizdan ham cho‘chimaydigan bo‘lib kolgandi.
Qisqasi, ota-onasi delfinchaning odamdan do‘st orttirganini aslo bilmasdilar. Fuko ham delfin bilan do‘stlashib qolgani haqida hech kimga aytmas, negaki, kattalar aksar hollarda hamma narsadan xavotir olish tugul, hech narsani tushunishni istamas, ular hatto eng oddiy narsalar, aytaylik, delfinning biz odamlarga o‘xshab gapira olishiga ham ishonishmas edi.
Fuko ov tugab, uylariga qaytishgach, qosh qoraygandan keyin ham dengiz bo‘yiga kelardi, u kela solib o‘zini suvga otar va aloha, ikki o‘rtoq — delfin bilan inson qayiq va sollar orasida yonma-yon suzib yurishardi. Ular birgalikda ko‘rfazdagi havzada cho‘milayotgan boylarning bolalarini kuzatishar, goho-goho o‘sha bolalardan bitta-yarimtasi havza yon devoridan boshini chiqarib Fuko bilan delfinni tomosha qilar, boyoqishlar hech qachon qumloq sohilda, dengiz yoqasida o‘ynolmas yoki delfin bilan do‘stlasholmas, bu ikki qadrdon o‘rtoq bilan suhbat qurish u yoqda tursin, salom-alik ham qilisholmas edi. Ko‘pincha boylarning o‘z bolalariga pand-nasihatlarini, o‘gitlarini eshitib, ular hayron bo‘lishardi: “Dengizda cho‘milishni xayolingga ham keltirma, cho‘kib ketasan” yoki “anovi baliqchi bola bilan o‘ynama, u sening tenging emas” yo “ko‘p xayol suraverma, boshing og‘rib qoladi” qabilidagi gaplaridan ma’lum bo‘lishicha ota-onalari bu bolalarga hech narsani ravo ko‘rishmas edi. Boyaqishlar, bu ikki o‘rtoqning sho‘x-shodon, beg‘araz kulgilari tufayli yanada zavqliroq tuyulayotgan sho‘xliklariga maxliyo bo‘lib qarab turishar, Fuko bilan delfin esa odamzod hech qachon to‘ymaydigan hayot zavqidan mast holda yayrashardi.
Havzada cho‘milayotgan bolalar orasida shiringina, kulchayuz, shahlo ko‘zli qizaloq ham bor edi, Fuko undan ko‘zini uzmasdi va nima uchundir uning davlatmand odamning qizi ekanidan ich-ichidan kuyunar va ohista xo‘rsinib qo‘yardi. Delfinlar boy nima, kambag‘al kim, degan narsani tushunishmaydi. Chunki ularning hayotida bunaqa tushunchalarning o‘zi yo‘q edi; ular pul bilan boylik nimaligini bilishmaydi; odamlar hayotining mana shu jihatlarini delfincha Fukodan eshitib hayron bo‘ldi, u bir narsani sira hazm qilolmasdi — qiz boy xonadonda, Fuko kambag‘al oilada o‘sgan bo‘lsa nima qipti, asosiysi — ikkovi ham yosh, tengqur-ku!
Ikki do‘st g‘ira-shira oqshom qorong‘isida ovdan qaytib kelayotgan bahaybat kemalarni tomosha qilishni yaxshi ko‘rishar, quyosh zavolga yuz tutgan mahal ufqning alvon jilolarda tovlanishini kuzatishdan zavqlanishar edi. Yoz oqshomining tarovati, osmondagi ranglar jilosi ikki yoshning diliga bir dunyo quvonch baxsh etardi.
Fuko bilan delfin ulg‘ayib borardi. Ular ulg‘aygan sari vakt o‘tishi tobora tezlashayotgandek bo‘lardi. Ular har kuni birga o‘ynashar, bir-birlariga qiziqarli hangomalar aytib berishdan charchashmas, delfincha hech qachon bormagan zamindagi hayot haqida gapirsa, delfin dengiz sirlari haqida so‘zlar edi.
Kunlarning birida delfinning ismi nimaligini ham bilmasligi Fukoning esiga tushib, undan ismini so‘radi. O‘rtog‘i unga delfinlarning har xil ismlari — balina, muhur, dengiz mushugi, afolina, Yunusbaliq degan nomlari bor, lekin sen so‘rayotgan ismlar yo‘k, deb javob berdi. Fuko ajablandi, u delfinlarning umumiy nomi kerakmas, men qadrdon do‘stimning ismini bilgim kelyapti, xolos, dedi. Buni bilishning nima keragi bor, ming qilsa ham boshqa bironta delfin odamzod tilida gapirmagandan keyin, mening hech qanaqa ismim yo‘q, deya o‘zicha tushuntirgan bo‘ldi delfincha, sen so‘rayotgan bunaqa ismlar yolg‘iz odamlar bilan uy hayvonlarida bo‘ladi, dengizda yashovchi jonivorlarning hammasi bir xil nom bilan ataladi, ular birga yashab, bir-birlarini yaxshi bilgandan keyin ismlarning nima keragi bor?!
Fukoning ko‘nglida delfindan sir saqlaydigan gapi yo‘q edi, nega deganda delfin uning birdan-bir do‘sti-ku! Biroq yillar o‘tib, ular o‘sib ulg‘aygach, Fuko bu o‘yin-kulgilar, birga vaqt o‘tkazishlar o‘ziga yoqmay qolayotganini payqadi: u kuni bo‘yi ishlab charchardi. Endi u delfinga har xil narsalarni gapirib o‘tirmas, ko‘proq hech qachon do‘stlashib ketolmasligi ro‘yi-ravshan bo‘lib borayotganini his qilar, cho‘milayotgan bolalar hayotiga qiziqar, bu o‘zgarishlarni o‘rtog‘idan yashirishga harakat qilar edi. Pirovardida, Fuko bunday o‘zgarish sabablarini izohlab berish uchun shunday sabablarni ro‘kach qilar ediki, delfin bolasi buni hech qachon tushuna olmasdi.
Fuko odamga o‘xshab hayot kechirishlari uchun kun-uzzukun ishlashga majbur ekani, puldor ota-onalarning bolalari esa ishlashni xayollariga ham keltirmasligi, baliqchining bolasi ertadan-kechgacha ishlab ham, ochig‘i, ro‘shnolik ko‘rmasligi to‘g‘risida gapirardi. Ulg‘ayib katta bo‘lgani uchun yanayam ko‘proq ishlashga majburligi, buning ustiga maktabda o‘qishi, haftada olti kun darslarga qatnashga majburligi, xullas, bundan buyon umrining oxirigacha shunday yashashga mahkum ekanligini tushuntirmoqchi bo‘lardi. Delfin galisiya tilini bilgani bilan uning gaplarini mutlaqo tushunmasdi, buning sababi yana o‘sha delfinlar hayoti bilan bog‘liq narsalar edi, zero, ularni dengiz boqardi, ular holdan toygunlaricha ter to‘kib ishlashlari shart emasdi, mol-dunyoga zarurat sezishmasdi, odamlar singari boylik orttiraman, deb hayotlarini xavf ostiga qo‘yishlarining hojati yo‘q, farovon hayot va muhtojlik degan tushunchalar ularga begona. Shuning uchun delfincha Fukoning aqli tobora xira tortib borayapti, deb hisoblashdan o‘zga vaj topolmadi.

IV

Yoz tugab, qish yaqinlashdi. Ko‘rfaz suvi sovuqlik qila boshlagani yetmay qandaydir g‘alati nordon, dori-darmon hidi yoxud ta’mi keladigan bo‘lib qoldi, delfin bolasi Fukoning daragi bo‘lmagan kunlar bepoyon dengizga chiqib ketishni afzal ko‘rar, u yerda o‘zining hamjinslari ko‘p, suvi esa sho‘rtang va toza bo‘lardi.
Kunlarning birida Fuko otasi bilan matroslardan ancha ilgariroq kemaga keldi. Dengiz ustini tuman qoplagan edi. U o‘pkasi to‘lib, kelgan zahoti o‘ksib-o‘ksib yig‘lashga tushdi, delfin bolasi uning ko‘z yoshlarini birinchi marta ko‘rishi edi. Fuko o‘zini sira bosolmadi, oxiri ko‘z yoshlari qurib, chuqur xo‘rsindi-da, tilga kirdi. Biz boshqa ko‘rishmaymiz, dedi. Delfinlar yolg‘on gapirishni bilishmaydi, ular umuman yolg‘on nima ekanidan bexabardirlar, biroq bizning delfincha Fuko ayni lahzalarda aldayapti, degan xayolga bordi, chunki uning tushunchasiga ko‘ra, ikkovlari oralaridan qil o‘tmaydigan do‘st bo‘lishsa, o‘rtalaridan gap o‘tib, urishib qolishmagan bo‘lishsa, nega bundan buyon butunlay ko‘risholmas ekanlar? Bir-birlariga zarracha yomonlikni ravo ko‘rmaydigan ikki qadrdon nega birdan uchrasholmay qolarkan?
Bu kun ularning hayotidagi eng qayg‘uli kun bo‘ldi. Ko‘rfazni tuman qoplagani uchun dengiz ichkarisi, qirg‘oq yaqinidagi qoyalar ham ko‘zga chalinmasdi. Ko‘rfaz tugul dengizda ham baliq qolmagan, baliqchilar baliq ovlagani, delfinlar yemish izlagani ancha olisga borishlari lozim bo‘lib qolgan edi. “Karmina” kemasi xiyla kichik ekanligi sababli baliq ovlagani dengiz ichkarisiga borisholmasdi, chunki u kuchli to‘lkinlar zarbiga dosh berolmasdi. Fukoning otasi “Karmina”ni sotib yubordi, biroq uning puliga nisbatan yiriqroq shxuna sotib olishning iloji bo‘lmadi, shu boisdan Fukoning otasi, o‘zi va ikki nafar matros ulkan bir kemada yollanib ishlashga qaror qilishgan edi, o‘sha kema “Karmina” singari ularning tasarrufida bo‘lmay, ikki do‘stga havas bilan qaragan o‘sha kulcha yuzli shirintoy qizning otasiga tegishli edi.
Delfincha baliq ovlagani shunday bahaybat kemada, buning ustiga, yana shunaqa olislarga borish shartmi, deya boshi qotardi. Hammasi pul uchun, deb tushuntirardi Fuko, otasi pul topib, yangi bir kema sotib olish maqsadida shunga qaror qilibdi. Baliqchi qushlar qirg‘oqqa yaqin kelib, qanot qoqa boshladi, bu yomg‘ir yog‘ishidan darak berardi. Delfincha Fukodan endi nima qilasan, deb so‘ragandi, u shunday javob berdi:
— Men pul topish uchun ishlashim kerak, tushunayapsanmi? Bizning endi “Karmina”miz yo‘q, men endi olislarga ketishga majburman. Bu yerlarda dengizdan baliq ovlash mumkin edi, endi esa baliq ham qolmadi. Shuning uchun men boshqa yurtlarga ketayapman. U shunchalar uzoqda joylashganki, u yerlardan qaytib kelishimga ham ishonolmayapman. Shu sababli biz xayrlashishimiz kerak. Boshqa hech kachon ko‘risholmaymiz, deb qo‘rqaman.
— Lekin nega, Fuko, nima uchun? — deb so‘radi delfin bolasi va yig‘lab yubordi, vaholanki, odatda delfinlar yig‘lamas edi. — Biz axir do‘stmiz- ku, dunyoda eng sadoqatli og‘a-ini bo‘lib yurgandik-ku, nega axir, sen o‘zing yashayotgan qishloqni, mana shu ko‘rfazni, meni yaxshi ko‘rsang, iforli yoz tonglarini, qish faslini, tuman qoplagan qoyalarni va yomg‘irni yaxshi ko‘rsang, delfinlarsiz, hamqishloqlaringsiz qanday yashaysan? Nega hammasidan yuz o‘girib, ularni unutib, olislarga bosh olib ketmoqchi bo‘layapsan? Tushuntirib ber menga, Fuko, nega, nima uchun?
Fuko ko‘zlariga quyilib kelayotgan yoshni to‘xtatolmay javob kaytardi:
— Chunki endi bizning ko‘rfazda balik qolmadi, endi baliq dengizda ham yo‘q. Sarmoyador kishilar suvni zaharlashdi, bulg‘ashdi, baliqlar qirildi, qolganlari ham bu yerlardan olisga ketib qoldi, baliqchilar kun ko‘rolmayapti. Bu yerda qolsang, sen ham halok bo‘lasan.
Fuko to‘g‘riso‘z bo‘lganiga qaramay delfin bolasi unga ishonmadi va uni yana savolga tutdi.
— Nega ular suvni iflos qilishadi? Nima sababdan baliqlarni qirib yuborishadi? Nima foydasi bor buning?
Fuko yelka qisdi va ko‘ngli buzilib dedi:
— Pul uchun, ular pul dardida shunday qilishgan.
Buni eshitib delfin bolasi dovdirab qoldi.
— Odamlar bizlarga mutlaqo o‘xshamas ekan. Sizlar vahshiy ekansiz, sizlarga zarracha ziyoni yetmagan bo‘lsa ham baliqlarni o‘ldirasiz, suvlarni zaharlaysiz, yer yuzida hayot chashmalarini quritasiz, o‘zgalarni yakson qilish, qirish, o‘ldirish, vayron qilishga sharoit yaratasiz, yo‘l qo‘yasiz! Faqat insonlargina bir-biriga shunday adovatda yashar ekan. Sizlarning tilingizni hech qachon o‘rganmasam bo‘lar ekan-a! Alvido, Fuko-Fukino, biz boshqa hech qachon ko‘rishmaymiz!
U shunday dedi-da, bepoyon dengiz sari suzib ketdi. Musaffo havodan o‘pkasini to‘ldirib nafas olish uchun suv yuzasiga chiqqanida Fuko haliyam, endi o‘zlariga tegishli bo‘lmagan “Karmina” kemasida qimir etmay, tobora uzoqlashib borayotgan do‘stining ortidan termilgan ko‘yi yig‘lab turardi. Biroq delfin bolasi iziga qaytmadi. Nega deganda uning hafsalasi pir bo‘lgan, alamidan o‘rtanar, qolaversa, Fukoni ham, odamlarni ham butunlay unutishga, ular haqidagi xotiralardan ham voz kechishga qaror qilgan edi. U dengizning chuqur qatlamlariga qadar tushdi va olis-olislarni ko‘zlab suzib ketdi. Darhaqiqat, suv taxir, dori-darmon bilan moy hidi anqirdi. Bu hid uni behuzur qildi.
Delfinchaning iloji boricha uzoqroqqa ketgisi kelardi. Fukoni, ko‘rfazni, bu qo‘lansa suvning ta’mini butunlay unutishni istardi. U ota-onasi bilan xayrlashgani bordi. Lekin yolg‘iz onasini uchratdi. Onasi achchiq-achchiq yig‘lardi. Otasi jon berayotgan edi. Unga odamzod hidi anqiyotgan zaharli suv tufayli shunday bo‘ldi, deya tushuntirishdi. Delfinchaning ko‘z yoshlari qurigan, u endi yig‘layolmas edi. Qolaversa, delfinlar kamdan-kam hollarda yig‘laydi.

V

U bir paytlari qadrdon bo‘lgan maskandan tezroq bosh olib ketish uchun bor kuchi bilan suzib borardi. Uni olis sarhadlar chorlardi. U oshiqqan tomonda — yiroq-yiroqlardan inson yashaydigan zamin butunlay ko‘rinmaydi, na odamlar, na kemalar, na qayiqlar, na zulm bor edi u yerda. U delfinning bolasi edi, bundan buyon yolg‘iz delfinlardan do‘st orttiradi. U endi aslo odamzodga yaqin bo‘lmaydi, ularni, Fuko-Fukinoni har qancha sog‘inmasin, delfincha o‘z qaroridan qaytmaydi.

Ruschadan Olim Otaxon tarjimasi