Gul ekilgan uzun uvatdan yuzdan ortiq gul poyachalari – shunday yer yuzasida – yurak yoki tugilgan tilchadek barg yelpig‘ichsimon bo‘y cho‘zib ochilib yotar va gulkosalar quyuq rang-dor dog‘lar bilan qoplangan alvon, moviy, sariq barglarini ko‘z-ko‘z qilardi; kosasi tu-bidagi alvon, moviy, sariq qorong‘ilikdan qattiq, tilla rang changdan sal dag‘al va uchi to‘mtoq, to‘ppa-to‘g‘ri novda cho‘zilgandi. Barglar yengil saboni sezish darajasida anchayin yirik edi va ular tovlanganida qo‘ng‘ir tusdagi zaminga aql bovar qilmas yolqin sochib alvon, moviy va sariq uchqunlar bir-birlarini mahv etishardi. Bo‘yoqlar goh qayroqtoshlarning silliq yelkachasiga, goh chig‘anoqlarning o‘ynoqi qirmizi ayri qopqoqlariga tushardi; yoki to‘satdan yomg‘ir tomchilariga aralashib, alvon, moviy hamda sariq rangning toshqiniday shunaqa portlardiki, go‘yo yupqa suv devorlari dosh berol-maydigan va parchalanib ketadigandek tuyulardi. Biroq bir lahzada tomchi yana kumushsi-mon kul rang tus olar, ranglar esa endi bo‘liq bargda yastanib, chuqur bekingan tomirlar-ni ko‘z-ko‘z qilardi-da yana uchib borib soyada yurak yoki tugilgan tilcha shaklida yashil kengliklarda nur taratardi. So‘ngra shamolning kuchliroq oqimi uchib kelgach, yuqorila-yotgan rangli olov Qirollik botanika bog‘i bo‘ylab iyulda sayr qilib yurgan ayol va erkakning ko‘zlariga jo bo‘lardi.
Bu erkak va ayolning tanalari gul uvati yonida aylana bo‘ylab qandaydir betartib hara-kat qilar, xuddi hayratomuz qing‘ir-qiyshiq parvoz qilib ko‘lmakdan ko‘lmakchaga uchib o‘tayotgan oq-moviy kapalakni yodga solardi. Erkak sal oldinroqda bemalol, beparvo qadam tashlardi; ayol aniq niyat bilan qadam bosar va faqat ba’zan bolalar juda ham ortda qol-maganligini kuzatish uchun burilib qarardi. Erkak, o‘zi bilmagan holda, oldinda borar-di: u tinchgina o‘ylab olishni maqsad qilgandi. “O‘n besh yil oldin men Lilini shu yerga olib kelgandim, – o‘ylardi u. – Biz qayerdadir ko‘l bo‘yida o‘tirardik va men undan ra-fiqam bo‘lishini yolvorib so‘radim, havo ham nihoyatda issiq edi. Boshimiz ustida tinim-siz bir ninachi aylanardi, o‘sha ninachini va yana to‘rtburchak kumush to‘g‘nag‘ich qadalgan poyabzalni juda yaxshi eslayman. Men hali gapirar ekanman, nuqul o‘sha poyabzalni kuza-tardim va qimtinib, ko‘zlarini yerdan uzmasdan nima deb javob berishini bilardim; go‘yo u butun borlig‘i bilan poyabzalda mujassam edi. Mening muhabbatim, ehtirosim esa ni-nachiga aylangandi; men nimagadir agar ninachi ana u yerga, hov o‘sha keng, o‘rtasida qizil guli bor bargga, faqat o‘sha bargga qo‘nsa, Lili birdan shunday javob beradi deb o‘ylar-dim: “Ha”. Biroq ninachi aylangani aylangan edi; u hech yerga qo‘nmadi ham – ha, albatta, shunisiga ham shukur, bo‘lmasam men hozir bu joylarda Elinor va bolalarim bilan ayla-nib yurgan bo‘larmidim?”
– Ayt-chi, Elinor, sen o‘tmish to‘g‘risida hech o‘ylaysanmi?
– Buni nega so‘rab qolding, Saymon?
– Chunki men hozir o‘tmish to‘g‘risida o‘ylab qoldim. Men Lili haqda o‘ylagandim… Ne-ga jim bo‘lib qolding? Mening o‘tmish to‘g‘risidagi xayollarim seni ranjityaptimi?
– Men nega ranjishim kerak ekan, Saymon? Axir har qanday odam ham bog‘da o‘tmish haqda o‘ylanib qolmaydimi? Axir ular bizning o‘tmishimiz emasmi, hammasi emas, undan nimalar qolgan bo‘lsa, bu erkak va ayollar, daraxt tagidagi shu sharpalar… bizning baxtimiz, bizning hayotimiz emasmi?
– Men uchun baxt – kumush to‘g‘nag‘ichli poyabzal va ninachi edi.
– Men uchun esa – bo‘sa. Tasavvur qilgin-a, oltita jajji qizaloq molbert oldida tu-ribdi, yigirma yil burun, ko‘l qirg‘og‘i va suv nilufarlarini chizishmoqda, men o‘shanda ilk marta qizil suv nilufarlarini ko‘rganman. Va shunda to‘satdan bo‘ynimning mana bu yeridan, ortimdan birov bo‘sa oldi. Keyin kun bo‘yi qo‘llarim titradi, men chiza olmas-dim. Men soatni olib bo‘sa haqda o‘ylashim uchun vaqt belgilardim, faqat besh daqiqa – u shunchalik bebaho edi, burnida xoli bor oqsoch qariyaning bo‘sasi, butun hayotim davomida men uchun barcha bo‘salardan qadrli… Tezroq, Kerolayn, tezroq, Xyubert.
Ular gulxonadan o‘tishdi va yo‘lda davom etishdi, endi to‘rtalasi birga edi va tezda daraxtlar orasida, soya bilan navbat almashib, shoshilmasdan ularning yelkalaridan suzib o‘tayotgan ulkan va qaltiroq yorug‘lik dog‘lari orasida, maydalashib, yarim sharpaga aylanishdi.
Cho‘zinchoq gulxonada bir necha daqiqa avval qopqog‘i alvon, moviy va sariq ranglarga bo‘yalgan shilliqqurt bilinar-bilinmas qopqog‘ida qimirlab, qiyinchilik bilan idragan tuproq bo‘laklari uzra harakatga tushdi, kesakchalar ajralib pastga dumaladi. Uning ol-dida, ko‘rinishicha, aniq maqsad turardi, bu uni ajabtovur, yirik va burchaksimon yashil hasharotdan farqlardi; hasharot oldinga harakat qilib ko‘rdi, keyin bir lahza xuddi o‘y-ga tolgandek mo‘ylablarini titratib qotib turdi va kutilmaganda yana jadal va tushunar-siz tarzda ortga qaytdi. Yashil ko‘llarning tubsiz chuqurliklari uzra qo‘ng‘ir qoyalar, il-dizlaridan uchlariga qadar tebrangan xanjar kabi silliq daraxtlar, dumaloq kulrang xarsanglar, nozik, shitirlaydigan matoning ulkan g‘ijim o‘rami – barcha-barchasi shil-liqqurtning bir poyadan boshqa poyagacha bo‘lgan qutlug‘ orzusi yo‘lida zohir edi. U chodir bo‘lib bukilgan quruq bargni aylanib o‘tish yoki zabt etish to‘g‘risida bir qarorga kelib ulgurmasidan gulxona yonida odamlarning qadam tovushi eshitildi.
Bu safar ikkalasi ham erkak edi. Yoshrog‘ining yuzi haddan ziyod xotirjam ko‘rinardi; u hamrohi gapirayotganda oldinga juda ishonch bilan tik boqardi, ammo suhbat tugashi bi-lan yana ko‘zlarini yerga qadar va ba’zan uzoq sukutdan so‘ng javob berib qolar, ba’zida esa umuman so‘z qotmasdi. Katta yoshdagisi esa tushunarsiz keskin va betartib qadam tashlar-di: u qo‘llarini oldinga paxsa qilib, xuddi arava tirkalgan, ostonada kutishdan zerik-kan toqati yo‘q ot kabi boshini keskin silkitardi; faqat uning bu harakatlari ishonchsiz va maqsadsiz edi. U deyarli to‘xtovsiz gapirardi; o‘ziga o‘zi jilmayib so‘zida davom etardi, go‘yo kulgi so‘zlariga javob bo‘lardi. U ruhlar – marhumlarning ruhlari haqida gapirardi, uning gapiga qaraganda, hozir ham ruhlar unga jannatdagi sirli hayot to‘g‘risida so‘zlab berisharkan.
– Avvallari, Uilyam, Fessaliya jannat hisoblangan, endilikda esa, urushdan so‘ng, ruhoniy bir modda yashin chaqinidek tog‘larda izg‘iydi. – U to‘xtab nimagadir quloq sol-di, jilmaydi, bosh sikitgach, davom etdi: – Kichkina elektr batareyasini va simlarini izolyatsiyalash uchun ozroq rezina olasan… simmi… o‘rammi… hay, mayli, bu mayda-chuydalar, ular haqda gapirishdan nima foyda, birov tushunarmidi, qisqasi, bu mexaniz-mni qulay tarzda to‘shagingning bosh tarafiga qo‘yasan, masalan, nafis loklangan javonga. Ishchilar qanday o‘rnatishni o‘zlari bilishadi, men aytib turaman va shunda beva ayol qulog‘iga tutadi va kelishilgan tarzda belgilar bilan ruhni chaqiradi. Ayollar! Bevalar! Qora kiygan ayollar…
Shu yerda, sezilishicha, u uzoqroqda soya tufayli qizil-qora ko‘rinayotgan ayollar ko‘yla-gini ko‘rib qoldi. U shlyapasini yechib, qo‘lini ko‘ksiga bosdi va g‘o‘ldirab, qo‘llarini silkigancha xonimga qarab talpindi. Ammo Uilyam uni yenglaridan tutib qoldi va hassa-sining uchi bilan xayollarini bo‘lish uchun gulni niqtab ko‘rsatdi. Qandaydir sertashvish holatda qariya gulga tikildi va engashib uni tinglagan bo‘ldi, so‘ngra eshitganlariga ja-vob berayotganday o‘zi yuz yillar ilgari Yevropaning eng dilbar ayoli hamrohligida sayohat qilgan Urugvay o‘rmonlari haqida hikoya qila boshladi. Uning sham kabi muloyim tro-pik atirgul barglari bilan qoplangan Urugvay o‘rmonlari, bulbullar va qumloq qirg‘oqlar, suv parilari va suvga cho‘kkan go‘zallar to‘g‘risida laqillashi uzoq eshitilib turdi, qariyani uzoqlarga boshlar ekan, Uilyam ko‘zlarida sabr-bardosh va anduh aks etar-di.
Ularning ortida – shunchalik yaqin ediki, hatto qariyaning qo‘l harakatlari ajabtovur tuyulishi mumkin edi, – ikkita keksa ayol borardi, ko‘rinishdan ular badavlat emasdi, biri to‘lacha va og‘irkarvon, ikkinchisi serharakat va qip-qizil. Miya chayqalganligini anglatuvchi jinnilik alomatlari, ayniqsa, davlatmandlarda kuzatiladigani, bundaylar uchun nihoyatda qiziq va jozibador edi; biroq qariya erkakning shunchaki jinni yoxud bu-tunlay aqldan ozganligini aniqlash uchun masofa uzoqlik qildi, ular uzoqlashib bo‘lgandi. Diqqat bilan qariyaning yelkalariga razm solishib, keyin ayyorona ko‘z urishti-rib, ayollar tushunarsiz so‘zlardan o‘zlarining murakkab suhbatlarini tashkil etishdi:
– Hel, Bert, Lot, Sess, Fil, ota, u gapiryapti, men gapiryapman, u esa, men esa, men esa…
– Mening akam Bert esa, opa, Bill, buva, qariya, shakar,
Shakar, un, dudlangan baliq, ko‘kat,
Shakar, shakar, shakar.
To‘lacha ayol ayqash-uyqash so‘z oqimi orasidan sovuq yerdan to‘ppa-to‘g‘ri va mag‘rur ko‘ta-rilayotgan gullarga boqar va uning qiyofasida hayrat zohir edi. Bu gullar uning ko‘zlari-ga zo‘rg‘a og‘ir uyqudan uyg‘ongan odamga yorug‘likni yangicha, g‘ayritabiiy tarzda aks ettira-yotgan mis shamdon qanday ko‘rinsa, shunday ko‘rinardi; inson ko‘zini yumib ochadi va yana mis shamdonni ko‘radi va shunda to‘liq uyg‘onadi hamda shamdonga ko‘zlarini yummasdan bor kuchi bilan tikiladi. Vazmin ayol ham shu tarzda cho‘zinchoq gulxona oldida to‘xtab, hatto o‘zini tinglayotganga ham solib o‘tirmadi. So‘zlar chetlab o‘tar, ayol esa oldinga, orqaga chayqalgancha gullarga tikilardi. Keyin ayol qulay joy topib choy ichishsa yaxshi bo‘lishini ta’kidladi.
Shilliqqurt quruq bargni aylanib yoki oshib o‘tmasdan maqsadga erishishning barcha yo‘llarini o‘ylab ko‘rdi. Uning ustiga chiqishni gapirib o‘tirmasa ham bo‘lardi, shil-liqqurt shoxi tegar-tegmas qisirlab, xavfli tarzda pirpiraydigan yupqa qobiq uning vaznini ko‘tarishiga shubha bilan qarardi; ushbu fikrlar nihoyat uni barg tagidan ema-klab o‘tishga undadi, chunki bir joyida barg shunchalik bukilgan ediki, qulay kirish yo‘li paydo bo‘lgandi. U boshini ichkari suqib, baland malla tomni sinchiklab o‘rgandi, asta-sekinlik bilan oqshomning malla tusdagi sovug‘iga ko‘nikish hosil qildi, xuddi shu payt tashqaridagi o‘tloqdan ikki kishi o‘tib qoldi. Bu safarlarning ikkalasi ham yosh edi. Ular baxtli o‘smirlikning nozik qirmizi g‘uncha tarang qobig‘ini yorib chiqmagan, kapalak qanotlari o‘sib chiqqan bo‘lsa-da, ammo qimirlamasdan quyoshda yarqiraydigan yoshda edilar.
– Yaxshiyamki, bugun juma emas, – eslatdi yigit.
– Nega endi? Sen nima, irimchimisan?
– Juma kunlari kirish haqi yarim shilling bo‘ladi.
– Xo‘sh, nima bo‘pti? Axir bu yarim shillingga arzimaydimi?
– “Bu” nima – nimani anglatadi “bu”?
– Xo‘sh… hammasi… umuman, sen tushunasan.
Bu iboralarning har biri ortidan uzoq sukunat cho‘kardi; ular ma’nodan xoli edi. Ik-kalasi gul uvatning chekkasida to‘xtab, qizning yerga chuqur botgan soyaboniga tayanishgan edi. Ularning bunday turishi va yigitning qo‘li qiz qo‘llarini siqib turishi, hayrato-muz tarzda ularning his-tuyg‘ularini ifodalaydi va hech narsani anglatmaydigan bu qisqa iboralarda ham nimalardir tajassumlangan edi; bu so‘zlarning qanotlari kalta edi – ular mazmunning og‘ir yukini uzoqqa olib borisha olmasdi va shu sababli ular yaqin-atrofdagi o‘rganish bo‘lib qolgan buyumlarga qaltis qo‘nishardi, biroq ularga ilk bora, tajribasizlarcha tegishlari qanchalik muhim tuyuladi! Va kim biladi (o‘ylashardi yigit va qiz birgalikda soyabonni changallashib), qanday tubsizliklar berkingan, ehti-mol, ular ortida, qanday muzliklar boshqa tarafda, quyoshda yarqirab turibdi? Kim bila-di? Kim uni ko‘rgan? Hatto qiz Qirollik bog‘ida choy qay tarzda berilishini so‘raganida ham, yigit uning so‘zlari ortida tumanda ulkan va sirli tasvirlar osig‘lig‘ini his qil-di va juda sekinlik bilan tuman tarqadi va ko‘zga tashlandi – o, ma’budlar, bu qanday tasvir bo‘ldi? – oppoq-oppoq stollar va dastlab qizga, keyin yigitga termilayotgan ofi-tsiant qizlar; yana yigit asl ikki shillinglik tanga bilan to‘laydigan hisob-kitob, bu-ning barchasi haqiqat, barchasi chindan sodir bo‘lmoqda, deb o‘zini ishontirmoqchi bo‘ldi yigit va cho‘ntaklaridan tanga axtara boshladi, boshqalar uchun rostakamiga, faqat ikka-lasi uchun emas; hatto yigitga ham bu haqiqat bo‘lib tuyula boshladi; keyin esa… biroq yo‘q, endi turaverish va o‘ylashning imkoniyati yo‘q va u soyabonni yerdan keskin yulqib oldi, u odamlar qatori tezroq choy ichiladigan joyni izlab topishga intiq edi.
– Ketdik, Trissi, choy payti bo‘ldi.
– Ammo choy ichadigan joy qayerda? – so‘radi qiz hayajondan ovozi titrab, atrofga bepi-sand nazar tashlagancha, yashil yo‘lak bo‘ylab, soyabon uchlarini o‘tlarga tekkizgancha, choyni unutib, goh u yoqqa, goh bu yoqqa chog‘lanib, orxideyalarni, gulzordagi turnalarni ham, to-jibor qizg‘ish qushchani ham eslagancha alanglab, ilgariladi, biroq uni yigit boshlab bo-rardi.
Shu tarzda, maqsadsiz va tartibsiz yagona harakat izmiga bo‘ysunib, juftlik ortidan juftlik gulxona oldidan o‘tar va asta-sekin yashil-moviysimon ufqqa singib ketaverar-di; ularning tanalari dastlab moddiy, yorqin buyoqlarda bo‘lardi, ammo keyin rangsiz va sharpasimon tus olar va oxirda butunlay yashil-moviy tutunga singib ketardi. Juda is-siq edi! Shunchalik issiq ediki, hatto zag‘cha gullar soyasida xuddi o‘yinchoq qushday sa-krardi, ikki sakragach, uzoq to‘xtab qolardi; oq kapalaklar gulxonalar o‘rtasida uchmasdan, turgan joylarida bir-birlaridan sakrab o‘ynab qo‘yishardi, natijada yirik gullardan oppoq suv irmog‘i o‘ynoqlab tushishi sindirib tashlangan marmar ustun parchalariga o‘x-shardi; limonxonaning oynavand tomi go‘yo quyosh barq urib turgan maydonda ko‘zni qamashtiradigan yuzlab yashil soyabon ochilgandek yarqirardi; samolyotning guldirashi xud-di g‘azabnok yoz osmonining qoq yuragidan chiqayotganga o‘xshardi. Ayol, erkak va bolalar-ning sariq va qora, qirmizi va oppoq qomatlari ufqda bir lahzaga yarq etib ko‘rinib qolar, keyin, ko‘zni o‘tloqqa to‘kilayotgan sariq nur qamashtirganda, seskanib daraxtlar soyasiga o‘zlarini urishardi, suv tomchilari kabi sariq-yashil havoda parchalanib, biroz qizil va moviy rangdan qo‘shib ko‘zdan g‘oyib bo‘lardi. Mahobatli va og‘ir narsalarning barchasi yerga yopishib qolgan va issiqda qilt etmasdan yotgandek, ammo bu qotib qolgan tanalardan notekis ovozlar yo‘g‘on shamning olov tilchasidek baland-past eshitilardi. Ovozlar. Ha, ovozlar. Sukunatni so‘zsiz ovozlar shunday bir shirin mehribonlik yoki ehtiros bilan kutilmaganda buzib yuborar, agar yosh bolalar ovozi bo‘lsa, yangroq hayrat jimlikni vayron qilardi! Ammo bu sukunat yo‘q; bu paytda nuqul g‘ildiraklar aylanar, qizil avtobuslarning tezliklari ulkan xitoy qo‘g‘irchog‘i misol almashar, toblangan po‘lat sharlar aylangani aylangan, ulkan shahar guldirab, g‘o‘ldiraydi; bu shovqin uzra ovozlar baland yangraydi va son-sanoqsiz gulbarglar havoga rangli uchqunlar sochadi.
Rus tilidan Eshqobil Vali tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2015 yil, 5-son