Virjiniya Vulf. Arvohlar uyi (hikoya)

Qanday qo‘rqinchli onlar!… Uyg‘onganingizda xona eshigining sharaqlab yopilayotgan tovushi, ko‘zga ko‘rinmas qandaydir sharpalarning xonadan-xonaga juft-juft bo‘lishib yurgan tovushlari, kimnidir zinadan xonangiz tomon ko‘tarilayotgan tovushi va eshikning asta ochilishi … etingiz beixtiyor junjikib ketishi tabiiy!
— Biz bu yerdan tezda ko‘chishimiz kerak,- deya ko‘rpaga burkangancha shivirladi ayol eriga.
— Eh, axir bu yerda bizning qimmatbaho buyumlarimiz, dastgohlarimiz bor-ku, — dedi eri.
— Ular chordoqda! – deya shivirladi ayol.
— Bunday sharpalar bog‘imizda ham bor, — pichirlab qo‘shimcha qildi er ham.
— Jim!!! Aks holda biz ularni uyg‘otib yuborishimiz mumkin.
— Vaholanki, siz bizni uyg‘otmagan edingiz. Eh, yo‘q! Ular bir nimani qidirishmoqda. Mana ular pardani tortqilab ko‘tarmoqdalar! Biri kitob sahifalarini varaqlab nimanidir qidirar edi. “Hozir ular uni topib olishadi. Bu aniq !”
Daftar uzra yozib turgan qalam birdan o‘zidan-o‘zi to‘xtab qoldi. Aftidan, arvohlardan biri o‘qishdan charchadi shekilli, kitob asta yopilib ko‘rinmas sharpaing qo‘zg‘algan tovushi eshitildi. Uy ichi bo‘m-bo‘sh, uy egalaridan tashqari hech zog‘ ko‘rinmas, biroq uy eshiklarining ochilib-yopilgan tovushi, yog‘och tortmalar ichidagi narsalarning sharaqlashi hamda ferma tomondan kelayotgan yanchish mashinasining g‘uvillagan ovozi – bularning bari bir-biriga ayqashib dahshatli bir manzara hosil qilardi.
— “Men o‘zi nima uchun keluvdim bu yerga? Nimani qidirmoqchiman o‘zi?” Qo‘larim bo‘sh edi. Ehtimol, u yuqoridadir. Olma daraxti shoxlari buralib chordoqqa bo‘ylashib yotibdi. Olmalar yerga to‘kilib tusha boshladi. Maysa ustida yastanib yotgan bir kitobni hisobga olmaganda, faqat bog‘gina har doimgi holatida edi.
Sharpalar uni qidirib yana pardali xonaga kirishdi. Ularni hech kim ko‘rolmasdi. Deraza oynalari bog‘ ichidagi olmalarni, maysalarni o‘zida ko‘zgudek aks ettirar edi. Maysa ustida to‘kilib yotgan yaproqlar yashil tusda edi. Voajab, sharpalar bog‘ qo‘ynidan sirg‘alib xona ichiga kirib kelishganlarida yaproqlar sariq tusga o‘zgarib qolishdi. Bir fursatdan keyin xona eshigi asta ochildi. Uy poli uzra sharpalar ko‘lkasi yoyilib, devoriy suratlar, shift ustidagi qandil shokilalari silkinib ketdi, — Bu nima bo‘ldi ekan? Mening qo‘llarim bo‘sh edi.
El soyasi gilam uzra uchib o‘tdi. Tortmalar ichidagi qimmatbaho buyumlar yana sharaqlay boshladi. “Seyf”, “Seyf”, “Seyf”, “Sizning xonangizda xazina ko‘milgan!”- degan qo‘rqinchli tovush xona ichra jaranglab ketdi.
Tovush ham ohista to‘xtadi. Oh, bu o‘sha ko‘milgan xazinami?
Bir fursatdan keyin chiroq ham o‘chib qoldi. Bog‘ning ichi nima bo‘ldiykin? Quyosh shul’asini daraxtlarning quyuq ko‘lkasi berkita boshladi. Yog‘dulik o‘rnini salqinlik ko‘lankasi egalladi. Men doimo mana shu shisha ortidagi ko‘milgan xazinani izlayman. Bu shishada o‘lim bor! O‘lim bizning yonginamizda! Birdan bu hovlida bundan yuz yillar burun istiqomat qilgan ayol arvohi paydo bo‘ldi. Xona ichi qorong‘ulashdi. U bu narsani meros qilib qoldirgandi. U bu narsani shu ayolga meros qilib qoldirgan edi. Shu payt osmonning janubiy tomonida yulduzlar chiqa boshladi. U bu hovliga shu narsani topish uchun kelgandi. Nihoyat u o‘ziga kerakli narsani Zina ostidan topganday bo‘ldi. “Seyf!”, “Seyf!”, “Seyf!” , degan quvnoq, lekin dahshatli tovush yan xona bo‘ylab qo‘rqinchli tusda yangrab ketdi. “Sizning xazinangiz!”
Shamolning ko‘cha bo‘ylab vahimali o‘kirigi eshitilar, daraxtlar qaddi kamonday bukchayib muttasil chayqalar edi. Shunga qaramay, yomg‘ir aralash bo‘ronda ham oy nuri yerga sutday quyulib turar, derazadan tushgan yog‘du esa tashqi hovlini yoritolmay sinar, xona ichidagi sham hali ham yonib turardi. Hovli bo‘ylab sharpalarning charx urib uchayotgan tovushlari, deraza tirqishlaridan esa “ Bizni uyg‘otmanglar”, — degan qo‘rqinchli ovozlar hamda xunuk sharpalarning juft-juft bo‘lib qiyqirgan tovushlari yangrar edi.
— Biz shu yerda uxlaymiz, — dedi ayol. Eri luqma tashladi: “Arvohlarning navbatsiz bo‘salari…”, “Tongdagi sapchib uyg‘onishlar…”, “Daraxtlar ortidagi kumush buyumlar…”, “Oppoq qorga burkangan izg‘irinli qish…”, “ Xona eshiklarining g‘iyqillashi hamda ohista tiqillashi yuraklarni beixtiyor taka-puka qilib tashlaydi.
Koridor bo‘ylab kelayotgan sharpa birdan eshik oldida to‘xtab qoldi. Ular kelishmoqda! Ular shundoqqina eshik qarshisida! Tashqarida shamol uvillar, yomg‘ir tomchilaridan yer bag‘irlab to‘plangan ko‘lmakchalar billur shisha to‘shalgan kabi kumushday yaltirardi.
Ko‘zlarimiz oldi qorong‘ulashdi. Biz shundoqqina qarshimizda ko‘rinmas sharpaning oyoq tovushlari eshitib turardik. Bizning yuzimizga ayollar kiyadigan yengsiz keng kiyim etagi tegib turardi, biroq kiyim ichidagi odam ko‘rinmasdi. Erkak qo‘lidagi fonus bilan yuzini pana qildi. –Uni qara!… – dedi qo‘rquvdan hansirab ayoliga. Tirik odamning nafas tovushni sezyapman. Uning lablarining tafti shundoq yuzimga urilib turibdi!
Shundoqqina tepamizda qandaydir ko‘rinmas sharpa bukchaygan holda kumushrang chiroqchani ushlab turardi. Ularning chuqur va uzun nafas olishi va anchadan keyin uzun-uzun nafas chiqarayotgani eshitilib turardi. Shamol to‘g‘ridan va ohista esa boshladi. Alanga yolqini xiyol qiyshayib ketdi. Shul’a ko‘lankasi xona devorlariga urilar, pol uzra yoyilib qo‘rqinchli manzara hosil qilardi. Sham yog‘dusi birdan dog‘li va xunuk qiyofali basharalarni yoritib yubordi. Qo‘rqinchli basharalar uxlovchilar orasidan ular berkitgan xursandchilikni qidirishardi. Uy markazida “Seyf !”, “Seyf !”, “Seyf !”, — degan dimog‘dor tovush yangradi. “ — Uzoq yillardan beri, — dedi sharpa xo‘rsiniq aralash tovush bilan, — nihoyat sizlar meni topdingiz. “ Ular shu yerda!…-dedi ayol shivirlab. Sharpalarning ba’zilari mudrashmoqda, ba’zilari bog‘da o‘qishmoqda, ba’zilarining xunuk qiyqiriqlari quloqqa chalinadi. Ba’zilari chordoqdan olma uloqtirmoqda. – Biz shu joyga xazina qoldirib ketgandik. Ko‘zlarim oldida ularning qovoqlari egilib tusha boshladi. “Xazina!” , “Xazina !” , “Xazina!” — degan etni junjiktiruvchi yovvoyi tovush so‘nggi bor xona devorlariga urildi. Uyg‘oninglar! Uyg‘oninglar! — deya qichqira boshladim. “ Oh mana bu yerda ekan biz ko‘mgan xazina! – boyagi sharpa yaqinlasha boshladi. “Xazina sizlarning yuragingizda!”…

Ingliz tilidan Dilmurod Usmonov tarjimasi