Favqulodda Internetga kirib qoldim, unda “Odnoklassniki” sayti bor ekan – o‘zimiznikilar hammasi shu yerda, Petka ham! U maktabda faqat ikkita to‘rt baho olgan, bu yerda bo‘lsa qandaydir devor oldida turibdi va “Men Stokgolmdaman”, deb yozib qo‘yibdi.
Eh, men yarim kechgacha uxlolmadim. Ertalab Botanika bog‘iga bordim! Qandaydir kaktus oldida suratga tushdim va suratni “Men Misrdaman” degan yozuv bilan Internetga joyladim.
Ertasi kuni saytga qaradim – Petka xotini bilan mamnun qiyofada. Meniki bo‘lsa, uyda bo‘lmagan paytdagina xursand. Tunda ortimdan yuradi, hojatxonada o‘tirganimda chiroqni o‘chiradi.
Mayli, deb o‘yladim. Teatr oldida mashhur aktrisani kutdim, birga suratga tushishga ko‘ndirdim va suratni “Baxtiyor kelin-kuyovlar Gaitida o‘tadigan asal oyi oldidan”, degan yozuv bilan saytga qo‘ydim.
Keyingi kuni saytni ochsam, Petka bolalari bilan turibdi! Ikkita – o‘g‘il va qiz. Menda ham ular ikkita: qutidagi toshbaqa va mushugim Borsik. Ha, men bolalar bog‘chasiga bordim, tarbiyachidan iltimos qilib, bolalar bilan suratga tushdim – ular yigirmatacha bor! Keyin – Internetga! Ostiga esa “Oila davrasida baxtli soatlar” deb yozib qo‘ydim.
Petka jimib ketdi. Keyinroq qarasam, surat paydo bo‘ldi: Petka ot ustida! “Mening sevimli Arg‘unim 50 ming yevro turadi” deb yozib qo‘yibdi. 50 ming… men o‘zimning Borsikimni yuvindixonadan topib olganman.
Hayvonot bog‘iga chopdim. Filning oldida suratga tushdim va “Bu mening filim Filya, 500 ming turadi, ertalablari shippagimni keltirib beradi”, deb yozdim.
Petka ikki kun jim qoldi, keyin ko‘rdimki, u “Mersedes” yonida turibdi! Ostida yozuv: “Ikkinchisini nega sotib oldim, bilmayman!”
Ha-a, hozir bilasan, dedim! Markazga bordim, “Leksus”, “Rollsroys”, “Yaguar”lar bilan suratga tushdim va yozib qo‘ydim: “Avtomobillarni kollektsiya qilish odati bolaligimda – marka to‘plab yurgan paytlarimda paydo bo‘lgan”.
Petka pisib ketdi, keyin ko‘rsam – u yaxta yonida turibdi. “Men va mening yaxtam “Izolda”. Xotinim sharafiga nomlangan”, deb yozib qo‘ygan.
Men Moskva daryosiga bordim! U yerda o‘ziyurar “Axtubinsk” barjasi – yuk kemasi. Suratga tushdimu Internetga joyladim. “Men va mening qaynonam sharafiga nomlangan barjam “Axtubinsk”, deb yozib qo‘ydim.
Petka tinim bilmadi, keyin qarasam, u yaramas dubulg‘a kiyib samolyot yonida turibdi! Yozuv: “Mening qiziqishim osmon!” Osmon emish… o‘zi boloxona ayvoniga ham ehtiyot choralarisiz chiqishga qo‘rqardi!
“Men yashashni xohlayman!” deb qichqirdim. Ha, mayli, Sheremetevoga bordim, u yerda devor ortida havo laynerlari turibdi, suratga tushdim va yozib qo‘ydim: “Faqat “Boing-737”ni sotib olgachgina, menga nima yetishmaganligini tushundim!”
Tamom, deya o‘yladim men. Endi Petkaning ovozi o‘chadi! Ammo… qarasam u qo‘lida kitob bilan turibdi va shunday yozuv bor: “Menga Bukerov mukofotini topshirish marosimida”.
Eh, sen kallavaram, deb o‘yladim! Sakkizinchi sinfgacha to‘rtta harfli so‘zda ikkita xato qilarding. To‘qqizinchida esa “Lev Tolstoy”ni “Lev Tolstiy” derding.
Ha, men uch kun o‘ylandim, nima qilish kerak, keyin yuzimga qorakuya chaplab rasmga tushdim va yozib qo‘ydim: “Menga qo‘yilgan yodgorlik, haykaltarosh Sereteli ishlagan. Mening sharafimga nomlangan “Boronkin” shohko‘chasiga o‘rnatish rejalashtirilyapti”.
Ana shunda qo‘qqisdan bir nima “shaq” etdi! Saytni qaradim – uchrashuv oqshomi haqida xabar! O‘ylayapman: Petka, yaramas, “Mersedes”da keladi, men-chi, tramvaydami?! Yana onam yettinchi sinfdaligimda olib bergan katta kamzulda-ya?
Qo‘shnimning qaytarma shoyi yoqali movut kostyumini so‘rab oldim, tomida o‘chib-yonadigan chirog‘i bor BMV haydovchisi bilan kelishib qo‘ydim: u meni maktabga olib borib, signal chaladigan, hamma derazadan qaraganda, menga eshikni ochadigan va hurmatimni joyiga qo‘yadigan bo‘ldi.
Ketayapmiz, qarasam Petka ketyapti… xomush, kiyilaverib qiyshayib ketgan poyafzalda. Unga rahmim keldi, mashinaga chiqarib oldim, maktabimizga yetib kelganimizda esa, haydovchi signal chaldi, Petka bilan mashinadan tushdik. Mayli, barcha bizda hammasi yaxshi deb o‘ylasin!
Ruschadan Habib Siddiq tarjimasi
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2023 yil 32-son

