Hammaning qo‘shnilari qo‘shniday, meniki-chi! Devor ortida ayol qichqiradi: “Uh-h!”, “Joyiga!”, men itiga buyurayotgandir deb o‘ylagandim, yo‘q, eriga ekan! O‘zi parhezda o‘tiribdi, erini ham o‘tqazdi, unga parhezning nima keragi bor, ko‘chada ketayotganda shamol uchirib ketadiganday qaltirab turgan bo‘lsa. Yaqinda shamol bo‘ldi – uni qo‘shni ayolning boloxona ayvonidan uchirib ketdi.
Qo‘shnilar… uchinchi xonadonda – rejissyor… seriallar oladi, shuning uchun hech narsani o‘ylamaydi! Kuniga men bilan yigirma marta salomlashadi. Men undan “Nima, meni tanimayapsizmi?” deb so‘rayman. “Nega endi – taniyman, ammo sizlar ko‘pchiliksizlar, deb o‘ylayman-da”, deydi u.
Uning xotini top-model… Ozg‘in, novdaday! Eri uni xonadonida qanday toparkin? Men u bilan liftga chiqdim. “Menga sakkizinchi qavat” dedi u. Qayrilib qaradim – hech kim yo‘q. Qo‘rqib ketdim, “Qayerdasiz? deb so‘radim, “Elkangizning orqasida”, deb javob berdi u.
Qo‘shnilar… bittasi o‘n yil qamoqxonada o‘tirib keldi va endi uchrashganda hammaga “Nimagadir siz anchadan buyon ko‘rinmadingiz!” deydi. Hazilkash… Boshqa bittasiga suratga tushib berishini so‘rashibdi, pul ham to‘lashibdi. U xursand bo‘ldi, keyin esa ko‘chada ketayotib plakatga ko‘zi tushibdi – uning rasmi ostiga “Ehtiyot bo‘ling – OITS” deb yozib qo‘yishibdi. Endi u pasportga suratga tushishga ham qo‘rqyapti, o‘rniga suratga tushib kelishini xotinidan iltimos qilyapti.
Qo‘shnilar… beshinchi qavatda militsioner yashaydi – DANda ishlaydi… Yaqinda mast bo‘lib, liftda hammani tekshirdi: “Dori-darmonlar qutisi qani?”, “Nega xavfsizlik kamari bog‘lanmagan?”. Bir soatda professorning bir oylik maoshidan ko‘proq mablag‘ni to‘plab oldi. Eng qizig‘i, sport kiyimida… mayka, kalta ishton… qo‘lida ola tayog‘i.
Oltinchi qavatdagi piyonista o‘ziga qo‘lbola aroq tayyorlaydigan mo‘jazgina qurilma yasab olgan. Qo‘lbola aroqni ham ichib tugatdi, endi faqat suv ichadi, shakar chaynab, hamisha quvnoq yuradi!
Sakkizinchi qavatda muttaham firibgar: bir gal porani olgach, pullarga belgi qo‘yilganini bilib qoldi. Ularni yamlab yutib yubordi, militsiya pullarning chiqishini kutdi. Keyin-chi… dollarni yutgandi, sobiq ittifoq davridagi rubllar chiqdi.
Pastki qavatda sportchi turadi… Olimpiadadan oltin medal olib kelgan, ammo u yoqda uni hamon qidirishayotgani hech kimni tashvishlantirmaydi.
Qo‘shnilar… bittasi elektr hisoblagichga qandaydir ignani qo‘yibdi, endi elektr uchun u emas, unga to‘lashyapti. Uni deb elektr tarmoqlari korxonasi qarzga botib qoldi.
Uning o‘g‘li ham xaker chiqib qoldi! Qandaydir bankdan o‘zining hisobiga 100 ming o‘tkazdi, endi stipendiyam shuncha bo‘ldi, deyapti. Bunga ishongan bobosi o‘zi ellik yil ilgari bitirgan MDUga qayta o‘qishga kirmoqchi bo‘lib yuribdi.
Qo‘shnilar… to‘qqizinchi qavatda bittasi katta nog‘ora sotib oldi. Endi uni chalmasligi uchun yonida yashovchilar, har oy pul to‘plab turishadi.
Ha, birinchi qavatdagi anovi qurumsoq qo‘lida bo‘sh chelak bilan uyidan chiqayotgan ishbilarmonning ro‘parasida paydo bo‘ladi. Ishbilarmon ikki kun chidadi, keyin unga yuz rubldan to‘lay boshladi. Erkakka bu ozdek tuyuldi, yana chiqdi, boshiga chelagini kiydirib qo‘yishgach qaytib keldi va yuz rubl – bu ko‘pligini tushundi.
Qo‘shnilar… yigirmanchi qavatdagi amaldor, hammaga ayyorlik qilmoqchi bo‘ldi: o‘zining mulkini xotini va qaynonasiga o‘tkazdi, sud ijrochilari ro‘yxatga olgani kelishdi, u bo‘lsa “Bu meniki emas!” dedi. Ular ketishdi. Xotini va qaynonasi esa, “Bu seniki emas!” deyishdi. Keyin katta ko‘chani ko‘rsatib qo‘yishdi.
Mana shunaqa mening qo‘shnilarim! Agar men bo‘lmaganimdami… bu uyda birorta risoladagidek odam topilmasdi!
Ruschadan Habib Siddiq tarjimasi
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2023 yil 34-son

