Atrofdagi odamlar Seryoga Bezmenovning xotinini battol deyishardi. Battol, injiq va ahmoq. Bu hammaga ma’lum va ayon edi. Faqat Seryogagina hech nimani ko‘rmas, anglamas edi. U hammadan jig‘ibiyroni chiqib, o‘zicha hayron bo‘lardi: nahotki ular xotinining qanchalar mustaqil, o‘qimishli, qanchalar.. ekanligini ko‘rishmasa, tushunishmasa.. Odamlarni nima jin urdi ekan: tilim bor deb og‘ziga kelganini valdirayverishadi. Axir ular xotinining zukkoligi, sho‘x-shaddodligini qayoqdan ham bilishsin? Loaqal sollanib yurishini bir ko‘rishsa edi! Ana buni yurish desa bo‘ladi, har qadam tashlaganda mayda tomirlarigacha o‘ynab-yayrab ketadi. Seryoga, ayniqsa, xotinining ana o‘sha yurishiga besh ketardi: shundoq qarab turib azbaroyi mehri tovlanib ketganidan tamshanib qo‘yardi. Uyda hayrat bilan xotinini aylanib tomosha qilar ekan, hayajondan hovliqib, terlab ketardi.
— Xo‘sh? — deb qo‘yardi Klara. — Hmm?.. — So‘ng ishva bilan tilini cho‘chchaytirardi. Keyin jo‘rttaga, go‘yo yana bir bor qadam olishini ko‘z-ko‘zlash uchun boshqa xonaga yo‘rg‘alab qolardi. Seryoga ham zipillab orqasidan ergashardi.
… Buning ustiga ular yana xotini haqida vaysashib, go‘yo uni… O, qishloqilar! Seryoga taqdirning bu noyob tuhfasini qo‘ldan chiqarib yubormaslik uchun yaratganga tavallo qilardi. Ba’zan u qo‘rqib ketardi: boshiga qo‘ngan baxt qushi tasodif emasmikin, o‘zi shunga munosibmi, bunda biron-bir anglashil¬movchilik yo‘qmi, qo‘qqisdan, falakning gardishi teskari aylanib, unga “ E-e og‘aynichalish, xomtama bo‘lma! Ko‘ngling tag‘in nimalarni tusaydi?” deyish¬masmikin?
Seryoga Klarani birinchi marta kasalxonada (u endigina hamshira bo‘lib ishlaщ uchun kelgandi) ko‘rgan zahotiyoq yuragi jizillab ketgan. Oldiniga u faqat ko‘zoynak va bejirim burunni ko‘rdi. O‘sha zahotiyoq yuragiga o‘t tushdi. Undagi jozibaning yangi-yangi qirralarini ochish baxti keyinchalik nasib etdi. Oldin faqat yaltiroq ko‘zoynak bilan bejirim burun ko‘ziga ko‘rindi, qolgani sap-sariq turmaklangan soch edi. Hamshira oq xalatini ikki yoniga yellatib, yo‘lakdan shiddat bilan o‘tib borarkan, yo‘lakay navbat kutib o‘tirgan xomush bemorlarga: “Bog‘latmoqchi bo‘lganlar kirishsin” deya xonasiga kirib, g‘oyib bo‘ldi. Seryoga shunday bezovtalandiki, yuragi tuz sepganday achishib ketdi. Keyin hamshira yumshoq, muloyim barmoqlarini tekkizib, undan so‘raydi: “Og‘rimayaptimi?” Atir hididan Seryoganing boshi aylanadi, og‘rimayapti degandek bazo‘r bosh chayqaydi. Azbaroyi hayiqqanidan qimirlashga ham botinolmaydi.
— Sizga nima bo‘ldi? — deb so‘raydi Klara.
O‘zini yo‘qotib qo‘ygan Seryoga og‘rimayapti degandek yana bosh chayqaydi. Klara shundoqqina uning qulog‘i ostida kulib yuboradi… Seryogani ichidan, kindigidan yuqoriroqdan bir nima kuydirardi… U aftini bujmaytiradi va… yig‘lab yuboradi. Rostakamiga yig‘laydi! U o‘zini tushunmas va qo‘lga ham ololmasdi. Seryoga burnini qoqib, boshini solintiradi va tishlarini g‘ijirlatadi. Ko‘z yoshlari qo‘lidagi jarohatga va hamshiraning oppoq barmoqlariga toma boshlaydi. Klara qo‘rqib ketadi: “Og‘rimayaptimi?!”
— E bor-e! — Seryoga bazo‘r gap qotadi. — Ishingni qilsang-chi. — U mana shu aziz barmoqchalarga nam yuzlarini bosishga ham tayyor edi, hech kim xalaqit bermasdi. Ammo qo‘rquvdan karaxtlandi, qilmishiga yig‘lab sharmanda bo‘lgani dard ustiga chipqon edi.
— Og‘rimayaptimi deyapman? — Klara yana so‘raydi.
— Faqat… haligi… hamma ertadan-kechgacha ishlashini pesh qilish kerak emas, — deydi Seryoga jahl bilan. — Qolaversa, hammamiz ham bitta davlatda yashaymiz.
— Nima, nima?
Hay, buyog‘i ma’lum endi…
O‘n sakkiz kundan keyin ular turmush qurdilar.
Klara uni Seriy deb atay boshladi. Erkalab. Ma’lum bo‘lishicha, u avval er ko‘rgan ayol ekan, ammo eri qandaydir “shalpaygan” kimsa bo‘lib, tez orada ajralishibdi. Seryoga xotinining birinchi eri “shalpaygan”ligidan ko‘kragini kerib yurar, o‘zida beqiyos kuch-qudrat his etar edi. Klara uni maqtab qo‘yardi.
Xuddi mana shunday bir pallada, baxt-saodatdan sarxush bo‘lib, o‘zini qo‘yarga joy topolmay yurganida ular xotinini injiq va battol deyishardi. Seryoga ularning hammasini yomon ko‘rib qoldi. Axir ular bilmasdi-da, xotinining qanchalar… Eh, odamlar! Hammasi ko‘rolmaydi, jin urgurlar. Birovga omad kulib boqqanini xotirjam hazm qilisholmaydi.
— Sizlar hayvonlardan o‘rnak olinglar, — deya maslahat berdi Seryoga shunaqa bilag‘onlardan biriga. — Agar ular bironta kuchukni tsirkda tomosha ko‘rsatishga olishsa indashmaydi-ku. G‘ayirlik qilishmaydi-ku. Sizlar nega jazavaga tushyapsizlar?
— Sen sho‘rlikka rahmimiz keladi.
— E, rahmat! To‘ydim.
Seryoga xit bo‘lib, bo‘g‘ilar, xunobi oshgani bilan foydasi yo‘qligini bilar, bundan battar jig‘ibiyroni chiqar edi.
— Vaysaqilarga parvo qilma, — derdi xotini Klara. — Biz yaxshi yashayapmiz-ku, bo‘ldi-da. Men ularni odam o‘rnida ko‘rmayman.
Seryoga Klaraga qoyil qolishmagani uchun qarindosh-urug‘lari, do‘stlari bilan ham chiqisholmay qoldi. Ichishni butunlay tashladi, kir yuvish mashinasi sotib oldi va shanba kunlari og‘ziga kuchi yetmaydiganlar ko‘rmasin deya hammom dahlizida kir yuvar edi. Seryoganing onasi bu ish xosiyatlimi yoki bexosiyatmi – bilolmasdi. Bir hisobdan, erkak kishi xotinlarning ishiga aralashmagani ma’qul ko‘rinar, ikkinchidan… Tag‘in kim bilsin!
— Axir u ichmayapti-ku! — derdi Klara qaynonasiga. — Sizga yana nima kerak? U ish bilan andarmon.
— Unga mundoq joning achishsin, o‘zing mundoq yuvib qo‘yaqol, boyoqishning bir hafta ezilgani kammi, damini olsin-da.
— Men, nima, ishlamayapmanmi?
— E seni ishing…senikini erkaklarniki bilan solishtirib bo‘ladimi, onaginam? Zormandasini bir kungina aylantirib ko‘r-chi ( Seryoga traktorchi edi ) – ancha-muncha qo‘l chidolmaydi! Axir uning joni temirdan emas-ku.
— Erim bilan qanday yashashni men o‘zim bilaman, — deydi Klara. — Sizga qolsa ichgani yaxshimi?
— Nimalar deyapsan?
— Bo‘pti-da. Bularga yaxshilik qilmoqchi bo‘lsang yana noz-firoq qilishadi.
— Axir unga ichim achiydi, bolam-da.
— Ular devorlarning tagida mast-alast bo‘lib yumalab yotishsa ichingiz achimaydimi? Achiydimi? Bo‘pti-da. Bu to‘g‘rida boshqa gapirishning hojati yo‘q. Tushunarlimi?
— Yo xudo, tovbangdan ketay!.. Erning tumshug‘idan ip o‘tkazib opti-yu, tag‘in og‘iz ochma emish.
— Bo‘pti, men unga ulfatlaring bilan borib ichib kelaver, deyman. Shunda ko‘nglingiz joyiga tushadimi?
— Namuncha sen ichkilikka yopishib olding? — onaning jahli chiqdi. — U sengacha ham ko‘pam ichavermasdi, hadeb shu savilni pesh qilaverasanmi?
— Yaxshi, men unga borib kir yuvishga ruxsat bermayotganingizni aytaman, — dedi Klara. Qo‘lidagi tibbiyot kitobini bir chetga surib, turishga chog‘landi.
Ona xavotirlandi.
— Mayli! Darrov – “Aytaman” emish. Chaqimchilikka suyaging yo‘q.
— Xo‘sh, siz nimani taklif qilasiz? — Klara ko‘zoynakdan qaynonasiga tik boqdi. — Gapning po‘stkallasini ayting.
— Men nimayam derdim. Faqat men, tasaddug‘ing ketay, ering bilan oxiratgacha umr qilish niyating yo‘qligini ko‘rib turibman, bildingmi? Umr qilmoqchi bo‘lganingda uni ayarding. Sen bo‘lsang…haligi nimaydi, ksplatatorga o‘xshaysan: boyoqishning tinkasini qurityapsan. Nahotki senga loaqal suv olib kelish shunchalik og‘ir bo‘lsa! U shundog‘am uzzukun tinim bilmaydi, uyga kelganda yana qo‘shdan chiqarib molaga solasan. Axir bechora qachon dam oladi?
— Qaytarib aytaman: men uniyam o‘ylayman. Qachon unga achinish kerakliginiyam o‘zim bilaman. O‘zinglar bu yerda erkaklarni taltaytirib yuborgansizlar, keyin ularning dastidan kimga dod deyishni bilmaysizlar.
— Yo tovba, yo tovba, — deyishdan nariga o‘tmasdi ona. — Mana hozirgi zamon xotinlari! Esiz, esiz!
Seryoga bu mojarolarni bilsa bormidi? Klara bu haqda eriga churq etib og‘iz ochmasdi.
Seryoga esa suv tashish, kir yuvishdan astoydil zavqlanardi… Uyga chopib kirib, xotinini burnidan o‘pib qo‘yar, uning bo‘liq, lorsillagan, sip-silliq quymuchidan o‘zicha hayratlanar edi. Goho xotinidan oq xalat kiyishni so‘rab qolardi.
— Nima keragi bo-or? — deya Klara shiringina noz qilardi. — Bu nimasi endi?
— Iltimos, — deya Seryoga qistab qo‘ymasdi. — Men seni o‘shanda xalatda ko‘rganman, birinchi marta. Kiyaqol, tomosha qilgim kelyapti: mana bu yerimda yana bir nima qaynab-toshadi. — U yuragining ostini ko‘rsatadi. — Qani, bo‘laqol, Klarnetik. — U xotinini Klarnetik deb atardi. Yoki, qattiqroq chaqirish lozim bo‘lib qolganda, Klarnet, derdi.
Klara xalatini kiyar va ular sho‘xlik qilishardi.
— Qayering og‘riyapti? – deb so‘rardi Klara.
— Mana bu yerim, — Seryoga yuragini ko‘rsatardi.
— Anchadan buyonmi?
— Yetmish besh kun bo‘ldi.
— Ijozat bersinlar. — Klara engashib, Seryoganing ko‘ksiga quloq tutadi. Bo‘yalgan sochlar hidi Seryoganing dimog‘iga uriladi…Va yana, yana hayajonu quvonchdan boshi aylanadi. U “vrach”ni mahkam quchoqlar, lablari bilan nozikkina burnini qidirar – negadir burnidan o‘pishni yaxshi ko‘rar edi.
— E-e, — deya Klara qarshilik ko‘rsatardi. — Vrachni-ya!.. — Hoynahoy, erining bir xildagi erkalatishlari joniga tekkan edi.
“ Ey xudoyim-ey, nechuk shunday baxt qushi yelkamga qo‘ndi! — deb o‘ylardi Seryoga yana tashqariga chiqib, kir yuvish mashinasiga yaqinlasharkan. — Bu ahvolda bardosh berolmayman. Jinni bo‘p qolishim ham hech gapmas. Yoki butunlay mazam qochadi”.
U jinni bo‘lmadi. Boshqa, kutilmagan voqea ro‘y berdi.
Seryoganing amakivachchasi Slavka ta’tilga kelib qoldi. Slavka katta shaharda, oliy texnika maktabida o‘qir, qarindosh-urug‘lar u bilan faxrlani¬shar, u har gal ta’tilga kelganda otasi Nikolay amaki ziyofat berar edi. Shunaqa bazmi jamshidlardan ikki marta bo‘ldi, Slavka endi uchinchi kursga o‘tgandi. Xullas, yana to‘planishdi. Seryoga bilan Klarani ham chorlashdi.
Oldiniga hamma narsa maromida bordi.Klara yenglari baroq-baroq binafsha ko‘ylakda, ko‘ksida medalon — oltin zanjirli soat, sochlari kumushday tovlanadi, ko‘zoynagi yarqiraydi… Seryoga uni mana shu ko‘zoynakda ko‘rganida qanchalar suyardi! Atrofiga alanglab, xotiniga qarar, shunda yuragi yana quvonchdan hapriqib ketar edi: u davradagilardan alohida ajralib turardi: mag‘rur savlat to‘kib o‘tirar, aqlli, tarbiya ko‘rgan, unchalik anoyi ham emas. Seryogaga Slavka ham xotinini ko‘pchilik ichidan ajratib olib, stol osha gaplashgani ma’qul tushdi. Avvaliga shunchaki gaplashib o‘tirishuvdi, keyin birdan suhbat qizib ketdi, davradagilar jim bo‘lib, ularga quloq tutishdi.
— Yaxshi, yaxshi, — dedi Slavka hamma qulog‘ini ding qilib turganini fahmlab, — biz – texnikaparastlarni haligi… quruqroq xalq deyishadi va shunday yozishadi… Men shu o‘rinda aniqlik kiritmoqchi edim: quruq emas, konkret deyish kerak, illo biz uchun eng muhimi – janobi Dalil.
— Ha, ammo ana shu dalil zaminida ko‘pincha yanada konkretroq bo‘lgan jonli odamlar turadi, — deya e’tiroz bildirdi Klara. U ham atrofdagilar quloq solayotganini payqagan edi.
— Bunga e’tirozim yo‘q! — deya sipolik bilan, miyig‘ida kulimsirab javob qildi texnikaparast Slavka. — Ammo hamisha dalil zaminida jonli odamlar turganini o‘ylayversak va bunga had-hisobsiz izohlar beraversak, unda fan va texnika bir joyda depsinib turaveradi. Biz o‘lik nuqtadan bir qarich ham siljiy olmaymiz!
Klara shisha, kumush va oltinlari bilan yal-yal tovlanib javob qildi:
— Demak, tibbiyot, asosan, sizlarning orqangizdan murdalarni yig‘ishtirish bilan shug‘ullanishi kerak ekan-da! — Bu luqma anchagina nordon jarangladi, davraga sukunat cho‘kdi.
Slavka bir muddat talmovsirab qoldi, ammo o‘zini qo‘lga olib, gap qotdi:
— Xohlasangiz – xuddi shunday! — dedi u. — Faqat ana shunday qurbonlar evazigagina insoniyat jamiki tabiat boyliklaridan bahramand bo‘la oladi.
— Axir bu MUTTAHAMLIK-ku! — dedi Klara sekingina jimlikni buzib, alohida, ma’nodor ohangda.
Slavka kuldi, ammo kulgisi soxta chiqdi, buni o‘zi ham sezdi. U asabiylashdi.
— Nega endi muttahamlik bo‘larkan? Mening bilishimcha, muttahamlik tibbiyotga xos narsa. Faqat tibbiyotgagina.
— Siz xufya abortlarni ko‘zda tutyapsizmi?
— Faqat bugina emas…
— Tabobatmi? Unday bo‘lsa, qulog‘ingizga yaxshilab quyib oling, — Klara shiddat va zarda ila, nasihatomuz gapirdi, — kimda-kim xatto tumov bo‘lgan odamni davolamoqchi bo‘lsa-yu, ammo bunga muvofiq huquqi bo‘lmasa, u — yashirin JINOYaTChI. — Ayniqsa, “jinoyatchi” degani vahima va salobat bilan jarangladi. Bu gaplar qishloqda turli o‘t-o‘lanlar, damlama va qaynatmalar bilan shug‘ullanib yuradigan xotinlar huzurida, xuddi ana o‘shalar haqida aytildi… Hamma Klaraga angrayib qarab qoldi. Seryoga shu damdan boshlab odamlar xotinini izzat qilishlarini, undan hayiqishlarini angladi. U yayrab ketdi. U o‘zining ko‘zoynakli ma’budasini duo qilarkan, bor ovozi bilan baqirgisi keldi: “Ajab bo‘lsin endi! Valdirashlaring olamni buzardi-ku?!” Ammo Seryoga baqirmadi, yana yig‘lab yubordi. Jin ursin, asablariga nima bo‘lgan o‘zi? Baralla yig‘lavordi-ya. U bilintirmay ko‘z yoshlarini artdi va chekdi.
Slavka bir nimalar deya ming‘irladi, ammo shu asno davrada yana o‘zaro gurung jonlandi: Slavka yutqizdi. Klaraga yopirilishdi — kimdir qadah bilan, kimdir savol bilan… Seryoganing baland bo‘yli qarindoshi, Yegor amakining qulog‘iga engashib, ohista so‘radi:
— Ismi shariflari nima edi?
— Nikanorovna. Klavdiya Nikanorovna.
— Klavdiya Nikanorovna! — Yegor amakining do‘rillagan ovozi boshqa tovushlarni bosib ketdi. — Klavdiya Nikanorovna!..
Klara shu tomonga o‘girildi.
— Labbay, men sizni eshitaman. — Burro, odob ila javob qildi Klara.
— Mana siz bizning… qarindoshga tushgansiz, to‘yni esa o‘tkazmadik. Bunisi qandog‘ bo‘ldi endi? Urf-odatimizga ham to‘g‘ri kelmaydi…
Klara javob uchun bosh qotirib o‘tirmadi. Umuman olganda, u hammaning nazariga tushib, o‘ngu so‘lga shunaqa so‘z qotib, tabassum hadya etishga suyagi yo‘q edi… Hamma undan hayratlanib, qoyil qolib, allakimdir g‘oyibona kuyinib o‘tirganda u o‘zidan atir hidlari, joziba va madaniyat unsurlarini ufurgan edi. Yegor amakining bu savoliga javoban Klara gilosday qip-qizil lablarini cho‘chchaytirib, kulimsiradi… Texnikaparast Slavkaga bir nigoh tashlab olgach, Yegor amakining gapini bo‘lib, dedi:
— To‘y – bu hali sifat belgisi emas. Bu, — Klara stol uzra qo‘lini ko‘tarib, hammaga barmog‘idagi tilla uzukni ko‘rsatdi, — bor-yo‘g‘i bir ramz, belgi, xolos, ammo kafolat emas. Oilaning mustahkamligi ichilgan shishalar soni bilan o‘lchanmaydi.
Xullas, bugun uning judayam avji baland edi. Hatto Seryoga ham xotinini shu alpozda ko‘rmagandi. Ha, Klarasi tushmagur mo‘ljalga bexato urardi. Go‘yo beodobligi uchun xijolatda qolgan Yegor amakiga har tomondan qochirimlar yog‘ildi.
— Qalaysan endi? Shunaqa bo‘ladi.
— Xo‘sh, Yegorsha, popuging pasaydimi? Khm!..
— Urf-odat emish! Bu yerda urf-odatsiz ham shundoq surobingni to‘g‘rilab qo‘yishadiki… Ma, ovqatdan ol yaxshisi.
Seryoga, azbaroyi xotinidan adoqsiz g‘ururlanib, quvonib, chamasi sal ko‘proq ichib qo‘ydi. Yelkalari xuddi devorning qarama-qarshi tomoniga tekkuday o‘sib-g‘ovlab ketdi. Quvonchi ichiga sig‘mas, hammani birvarakayiga quchoqlab, o‘pgisi kelardi. U yig‘ladi, qo‘shiq aytmoqchi, kulmoqchi bo‘ldi… Keyin ko‘chaga chiqdi, qo‘lyuvgichga engashib, boshini suvga chayib oldi va sal hovurini bosib, chekish uchun ayvondagi burchakka bordi. Qosh qoraya boshladi, yengil shamol turdi. Seryoga ko‘p o‘tmay bahavoroq joyga chiqib, o‘ylanib qoldi. Yo‘q, o‘ylamasdi, balki butun vujudi, ruhi orom olardi. Ko‘nglida kamdan-kam bo‘ladigan, g‘aroyib bir sokinlik tuydi: vaqtning qudratli, ohista oqimiga bo‘ysungan holda qayoqqadir yengil suzib ketdi. O‘ylari ham sodda va ravshan edi: “ Mana, yashayapman. Yaxshi”.
Nogoh u eshik oldida ikki kishining shoshilinch tovushini eshitib qoldi, yuragi noxush orziqib ketdi: u xotinini ovozidan tanidi. U qotib qoldi. Ha, bu Klaraning ovozi edi. Ikkinchisi Slavka edi. Oraliqda yupqagina to‘siq bor edi. Slavka bilan Klara shu yerga kelib turib qolishdi. Shunday bo‘ldiki, Seryoga to‘siqning bu tomonida orqasini o‘girib turar, ular esa narigi tomonida edilar… Oralari shunchalik yaqin ediki, faqat ovoz yoki bo‘lakcha xatti-harakatnigina emas, begona yurakning urishini ham bemalol eshitsa bo‘lardi. Ayni mana shu yaqinlik – u xuddi karavot ostida yotganday edi – dabdurustdan uni gangitib, karaxt qilib qo‘ydi. Seryoga oyoq-qo‘li tushov¬langandek qimirlayolmay qoldi.
— Do‘mboqqinam, — deya muloyim, judayam tanish ohangda erkalardi Klara, — namuncha oshiqmasang? Kel, men seni… —Cho‘lp-cho‘lp. Naqadar tanish! Shundoqqina qulog‘ining tagida… — Shunqorim. Quvonchim… — Cho‘lp-cho‘lp. — Shiringinam…
Ular yengilgina nari-beri surilishib, Seryogani ham qo‘zg‘otishdi. Slavka shosha-pisha bir nimalar deya ming‘irladi, nimanidir so‘radi. Seryoga uning gapiga e’tibor qilmadi, Klara sekingina kulib, dedi:
— Shiringinam… Qayoqqa, qayoqqa? Voy, sho‘xligingdan aylanay! Qani burnimdan bitta o‘pib qo‘y-chi.
“E-ha,mana shunaqa bo‘larkan-da, — Seryoga dahshat,hazar va alam ila anglab yetdi. — Mana shunday!” Jamiki ma’no-mazmun, naslu nasab kasb etgan tirik narsalar qayoqqadir gumdon bo‘ldiyu o‘rnida yolg‘iz, qop-qora zimiston bo‘shliq qoldi. “Endi hammasi bir go‘r”, deb o‘yladi Seryoga. Va ana shu o‘pqon sari qadam qo‘ydi.
— Klarnetik, bu men, Seriyman, — Seryoga kutilmaganda xuddi cho‘pchak so‘ylayotib, tulki xo‘rozchaning uyiga kelgan joyini aytayotgandek xirgoyi qildi: — A-u-u! Men hozir sizlarni o‘ldirama-an.
Keyin hamma narsa uzuq-yuluq, go‘yo tushida ro‘y bergandek bo‘ldi: Seryoga goh u, goh bu narsani elas-elas ko‘rib qoldi. Goh u qayoqqadir chopib ketdi, goh odamlar qiy-chuv ko‘tarishdi. Seryoga o‘zining butun borlig‘ini unutgandi.Qanday qilib qo‘liga bolta ilinib qolganini ham eslolmasdi. Ammo u bitta narsani – Klaraning to‘siqdan qanday sakrab o‘tganini yaxshi eslab qoldi. Klaraning sochlari to‘zg‘ib, yoyilib ketdi, to‘siqdan sakrab o‘tayotganda malla sochlari boshi uzra bir lahza dikkaydi… Xuddi olov yanglig‘. Mana shu uchib o‘tayotgandagi g‘aroyib holati xotirasiga qattiq muhrlandi. Keyinchalik Seryoga sobiq xotinini eslaganda har gal ana o‘sha sakrash ko‘z oldiga kelar, bu ham kulgili, ham ayanchli edi.
O‘sha kecha hamma narsa taraqa-turuq, to‘s-to‘polondan so‘ng birdan tinib, tinchidi-qoldi. Hamma qayoqqadir g‘oyib bo‘ldi. Seryoga bir o‘zi qo‘lida boltasi bilan qoldi… U endi hamma narsaning tagiga yeta boshladi. Shu qadar alam qilardiki, hatto nafasi bo‘g‘ildi. “Bu nima degan gap, axir! Nimalar bo‘lyapti o‘zi?” — deb o‘ylardi Seryoga… Xodaning ustiga chap qo‘lini qo‘yib, bolta bilan panjalarini chopib tashladi. Ikkita barmog‘i – ko‘rsatkichi bilan o‘rtadagisi uzilib tushdi. Seryoga boltani uloqtirib, kasalxonaga jo‘nadi. Mana endi loaqal qayoqqadir borsa bo‘ladi. Qo‘llarini ko‘ylagining bari bilan o‘rab oldi.
O‘shandan buyon qishloqda unga Cho‘ltoq degan laqab qo‘yildi.
Klara o‘sha kechayoq jo‘nab qoldi, keyinchalik hujjatlari — mehnat daftarchasi bilan pasportini qayoqqadir yuborishdi… Slavka ham o‘sha ketgancha boshqa ta’tilga kelmadi. Seryoga hali-hamon traktor haydaydi, bu ishini ilgarigidan ham qoyilmaqom qilib do‘ndiryapti. Klara haqida hech qachon, hech kim bilan gaplashmaydi. Faqat bir marta erkaklar bilan aytishib qoldi.
— Axir senga xotining battol… deb aytuvdik-ku, Serga.
— Qanaqasiga u battol bo‘lsin?! — birdan Seryoganing jig‘ibiyroni chiqib ketdi. — Battollikning bunga aloqasi yo‘q.
— Bo‘lmasa qanday edi u? Soddadilmidi?
— Axir soddalik, battollikning bunga nima daxli bor? Hamma balo battollikdami?
— Nimada bo‘lmasa?
— Hech nimada! Bilmayman nimadaligini… Harqalay, gap battollikda emas-da. Axir boshqacharoq so‘zlar ham bor-ku… Namuncha “battol, battol” deb bitta gapga yopishib oldinglar? Ehtimol, u aksincha, oliyjanobdir, amakivachchamga yordam bermoqchi bo‘lgandir.
— Seryoga, — deya qiziqsinishdi, — axir sen uni haligi… yaxshi ko‘rarding-ku… Agar hozir qaytib kelsa kechirarmiding?
Seryoga indamadi. Hech narsa demadi.
Shunda erkaklar o‘zaro suhbatga berilishdi.
— Ahmoqmidi u qaytib kelib.
— Nima bo‘pti? Yaxshi ko‘rganini o‘ylasa…
— Xo‘p, yaxshi ko‘rgan, yaxshi ko‘rgan. Bu yaxshi ko‘rgan, ammo u yaxshi ko‘rmagan-da. U buzuq yo‘lga kirib ketgan, bittasiga qanoat qilmagan. Agar odam yoshligidan buzilsa bormi, ish xurjun deyaver. Erkakmi, ayolmi – bari bir go‘r. Xotin zoti ba’zan bu ishni hushi bo‘lmasayam qilaveradi.
— Ha, chirigan daraxt har qanday shabadaga egilaveradi.
— Ularga ortiqcha erk berib yuborildi-da! — dedi kuyinib ko‘zi ojiz, ammo nordongina gapiradigan Kostya Bibikov. — Ivan buva, hozir xotinlar bilan sigirlarning kuni tug‘di, ot bilan erkakka qiyin, deyapti. To‘g‘ri aytadi. Boshvoqsiz bo‘lgach, bilgan noma’qulchiligini qilishyapti-da. Ana Ignaxa Juravlyovnikini oling. Manjalaqi, ichib olib erini butun qishloqqa sharmanda qildi. Bu ham kamlik qilgandek, yana eriga “Meni ichishga o‘rgatgan o‘zing emasmiding?” degani-chi!… Mana shunaqa-da!..
— Yoshgina narsalar-a!.. Kalta ko‘ylak kiyvolib yurishlarini ko‘rsang… Tuf-e!
Seryoga endi suhbatga aralashmay bir chetda o‘tirardi. Qo‘lidagi giyohni o‘ynagancha qayoqqadir uzoq-uzoqlarga tikilardi. U o‘ylardi: hay endi, peshonada bu ko‘rgulik ham bor ekan-da. Ammo u mabodo yana o‘shanday to‘fonga yo‘liqsa, yana ko‘krak kerib unga peshvoz chiqardi. Harqalay, qanchalik alam qilmasin, bu ko‘pga kelgan to‘y edi. Albatta, to‘yda sarxushlik ham bo‘ladi, taomili shunday… Axir to‘y bo‘ldimi? Bo‘ldi. Tamom-vassalom.
Rus tilidan Shodmon Otabek tarjimasi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 12-son