Vasiliy Shukshin. Chappa (hikoya)

Xotini uni «Chappa» deb chaqirardi. Ba’zida erkalab shunday derdi. Chappaning bir g‘aroyib xususiyati bor edi; u bilan hamisha qandaydir hodisa ro‘y berardi. U buni xohlamasdi, albatta, ammo negadir doimo qanaqadir hodisalarga aralashib qolaverardi. Har xil mayda-chuyda bo‘lmag‘ur hodisalarga. Mana, safarda ro‘y bergan ana shunday voqealardan biri.
Ta’til olgach Uralga, akasinikiga borib kelmoqchi bo‘ldi; o‘ziyam u bilan o‘n ikki yildan beri ko‘rishmagan edi.
– Qayerga yo‘qoldi, anaqa… yaltiroq «bi­tyura»ga o‘xshash?! – qichqirdi Chappa qaznoq­dan turib.
– Men qayerdan bilaman.
– Mana, mana shu yerda yotgandi! – Chappa qahrli qarashga harakat qilib moviy, dumaloq ko‘zlarini chaqchaytirdi. Hamma narsa turibdi, u esa yo‘q.
– «Bityur»ga o‘xshashmi?
– Yo‘q, cho‘rtanga.
– Men uni adashib qovurib yuborgan bo‘l­sam kerak.
Chappa birmuncha vaqt jim bo‘lib qoldi.
– Xo‘sh, qanday ekan?
– Nima?
– Shirin ekanmi? Xa-xa-xa! – U qochiriq qilishni umuman eplolmasdi-yu, ammo juda xohlardi. – Tishlaring butunmi, ishqilib? U axir duralyumindan edi-ku.
… Ancha vaqt taraddud ko‘rishdi, deyarli yarim tungacha.
Erta tongda Chappa jomadon bilan qishloq ko‘chasida ketib borardi.
– Uralga! Uralga! – javob qaytarardi u, qayerga ketayapsan, deb so‘raganlarga. – Bir shamollab kelay.
Uning go‘shtdor dumaloq yuzi va dum-duma­loq ko‘zlari bunaqangi uzoq safarlar unga
pisand emasligini, olis yo‘ldan qo‘rqmas­ligini ifoda etishga harakat qilardi.
«Uralga!»
Ammo Uralgacha hali uzoq edi. Hozircha u eson-omon tuman markaziga yetib kelgan, endi esa chiptani qo‘lga kiritib, poyezdga chiqib olishi kerak edi. Vaqt hozircha ko‘p edi. Chappa bundan foydalanib jiyanlariga atab sovg‘a-salom, qand-qurslar olmoqchi bo‘ldi… Oziq-ovqat do‘koniga kirib navbatda turdi. Undan oldinda shlyapa kiygan erkak, undan ham oldinda esa semiz, lablari qalin bo‘yalgan bir ayol turardi. Ayol shlyapa kiygan erkakka qarab past ovozda, tez va jo‘shqin so‘zlardi.
– Tasavvur qilasizmi, qanchalik qo‘pol va odobsiz kishilar bo‘lishi mumkin. U parishonxotir, yaxshiyamki u yetti yil oldin parishonxotirlikka chalindi, ammo hech kim unga nafaqaga chiqishini aytmagan. U bo‘lsa, rahbar bo‘lganiga hech qancha bo‘lmay, «Aleksandr Semenovich, yaxshisi siz nafaqaga chiqarsiz», der emish. Yuzsiz!
Shlyapali fikrni quvvatladi.
– Ha-ha… Ularning hammasi shunaqa. Qarang-a, parishonxotir emish. Xo‘sh, Sumba­tov-chi? U ham keyingi paytlar matnni ushlab ko‘rmagan. Ana u-chi, oti nima edi?
Chappa shaharliklarni hurmat qilardi. Albatta, hammalarini ham emas, bezorilar, savdogarlarni sira yoqtirmasdi, ulardan cho‘chirdi. Uning navbati yetib keldi. U qand, shirinkulcha va uch taxta shokolad oldi. Chetga o‘tib ularni jomadonga joylashtira boshladi. Odamlar navbatda turgan to‘siq oldida – oyoq ostida nimadir yotardi, qarasa, ellik so‘mlik qog‘oz pul. Yashil «tentakvoy» odamlar oyog‘i ostida yotsa-yu, boshqalar uni ko‘rmasa? Chappa ko‘zlari chaqnab, hayajondan, hatto, qaltirab ketdi. Shoshilgancha, boshqalar un­dan oldinroq bilib qolishidan cho‘chib, quvnoqroq, o‘tkirroq hazil qilib qog‘oz pul haqida odamlarga ma’lum qilishni o‘ylay boshladi.
– Fuqaro! – ajoyib hayot kechirayotibsizlar, – dedi u quvnoqlik bilan baland ovozda.
Hamma unga qaradi.
– Masalan, bizda mana bunaqangi qog‘oz oyoq ostida yotmaydi!
Xuddi shu damda atrofdagilarni sal hayajon chulg‘adi. Axir bu uch so‘mlik emas, besh so‘mlik ham emas – ellik so‘mlik, buning uchun yarim oy ishlash kerak. Bu pulning esa egasi yo‘q.
«Boyagi shlyapalikniki bo‘lsa kerak», o‘yladi Chappa. Pulni peshtaxta ustiga – ko‘rinadigan joyga qo‘yishga kelishishdi.
– Hozir kimdir yugurib kelsa kerak, –dedi sotuvchi ayol.
Chappa do‘kondan ko‘nglida ajib bir xursandchilik bilan chiqdi. Xayolida esa qanday qilib boplab, qoyillatib gapirgani aylanaverdi. «Masalan, bizda mana bunaqangi qog‘oz oyoq ostida yotmaydi!» Birdan uning issig‘i chiqib ketdi, esladi, xuddi shunday pulni va yana bitta yigirma besh so‘mlik chirvonni unga o‘zi turgan joydagi jamg‘arma kassadan berishgandi. Yigirma besh so‘mlikni u hozirgina maydalatdi, ellik chirvon cho‘ntagida bo‘lishi kerak… Qo‘lini tiqdi – yo‘q. U yog‘i, bu yog‘ini titkiladi – yo‘q.
– Pul o‘zimniki ekan-ku! – baqirib yubordi Chappa. – Voy onangni sani!.. Mening pulim-a.
Alamdan ko‘kragining osti jizillab ketganday bo‘ldi. Xayoliga kelgan ilk narsa do‘konga qaytib: «Og‘aynilar, bu pul meniki ekan. Men uni jamg‘arma kassadan olgan edim, biri yigirma beshtalik, ikkinchisi elliktalik. Yigirma beshtalikni hozirgina maydalatdim, unisi esa yo‘q», degisi keldi. Lekin u o‘zicha tasavvur qildi, bu gaplarni ularga qanday qilib aytadi. Odamlar nima deb o‘ylashadi. «Albatta, egasi yo‘q ekan deb, cho‘ntagiga urmoqchi», deyishmaydimi? Yo‘q, u o‘zini majburlay olmaydi, la’nati chirvonga qo‘lini cho‘za olmaydi. Balki bermasliklari ham mumkin.
«Nima uchun men bunaqa go‘l va ovsar ekanman-a? – Alam bilan ovozini balandlatib gapirdi o‘ziga-o‘zi Chappa. – Endi nima qildim?.. Endi uyga qaytish kerak».
Do‘kon yoniga keldi, uzoqdan bo‘lsa ham pulini ko‘rmoqchi bo‘ldi, eshik yonida turib qoldi… Ichkariga kirmadi. Battar abgor bo‘ladi. Yuragi chiday olmaydi.
Avtobusda keta turib, o‘zicha sekin so‘­kinib borardi, ko‘nglini tinchlantirdi: hali xotiniga nimadir deb hisob berishi ham kerak.
…Jamg‘armadan yana ellik so‘m oldilar. O‘zining bir chaqalik ekanligidan ko‘ngli ozor chekkan Chappa (buni unga xotini yaxshilab tushuntirgan, boshiga bir-ikki marta kapgir bilan tushirgan ham edi) poyezdda ketib borardi. Ammo, alami asta-sekin bosildi. Deraza oldidan o‘rmonlar, qishloqlar, daraxtzorlar lip-lip etib o‘tib borardi… Har xil odamlar chiqib-tushishar, har xil voqealarni so‘zlashardi, Chappa ham tamburda chekishib turganlarida po‘rimroq bir kishiga shunaqa voqealardan birini gapirib berdi.
– Bizda ham, qo‘shni qishloqda bitta ahmoq… qopqoqni olib onasini quvib qolibdi. Ona undan qocharmish-u: «Qo‘lingni, qo‘lingni kuydirib olma, o‘g‘lim!» – deb baqirarmish. O‘g‘lining g‘amini yermish. Bu mast cho‘chqa bo‘lsa, onasiga qarab yugurarmish. Tasavvur qiling, qanchalik ahmoq va axloq­siz ekanligini…
– O‘zingiz o‘ylab topdingizmi? – jiddiy so‘radi po‘rim ko‘zoynagining tepasidan unga qarab.
– Nega? – tushunmadi u. – Bizda daryoning narigi tomonida Ramenskoye qishlog‘ida…
Po‘rim oyna tomonga qarab burilib oldi va boshqa gapirmadi.
Chappa poyezddan keyin yana bir yarim soatcha mahalliy samolyotda uchishi kerak edi. U avval, ancha ilgari bir marta uchib ko‘rgan edi. U samolyotga qo‘rqa-pisa o‘tirdi. «Nahotki bir yarim soat ichida undagi birorta murvat buzilib qolmasa, ishdan chiqmasa!» – deb o‘yladi. Keyin o‘zini bosib olishga jur’ati yetdi. Hatto, yonidagi kishi bilan suhbatlashishga ham urinib ko‘rdi, ammo u gazeta o‘qir, xuddi gazetada yonidagi tirik odamdan ham ko‘ra qiziqroq narsa borday, u bilan gaplashishni xohlamasdi.
Chappa bir narsani juda ham bilgisi kelayotgan edi, samolyotda ovqat berishadimi, yo‘qmi? Negadir olib kelishmayotgandi. Uning samolyotda judayam ovqat yegisi kelayotgandi: och qolganidan emas, qiziqqani uchun. Chunki u samolyotda ovqat berishadi, deb
eshitgan edi-da.
Qurumsoqlik qilishdi, deb o‘yladi.
Pastga qaray boshladi, pastda tog‘dek bulutlar ko‘rinardi. Chappa negadir bularning hammasi chiroyli ko‘rinayaptimi, yo‘qmi, aniq ayta olmasdi. Atrofidagilar esa: «Qarang, qanday go‘zal!» – der edilar. Unda negadir bir bema’ni istak – mana shu paxtadek momiq bulutlar ustiga qulash istagi paydo bo‘ldi. Yana u nimaga men hayratga tushmayapman, deb o‘ylardi, pastgacha besh kilometr masofa bor-ku. Xayolan yergacha bo‘lgan o‘sha besh kilometrni tasavvur qildi, uni miyasida aylantirib, hayratga tushmoqchi bo‘ldi, tushmadi.
– Odamzodning o‘ylab topganini qarang! – dedi u hamrohiga. U Chappaga bir qarab qo‘ydi-da, hech narsa demadi, yana gazetasini shitirlataverdi.
– Kamarni taqib oling ! – dedi ko‘hlikkina ayol. – Yerga qo‘nayapmiz.
Chappa bo‘ysungancha kamarni taqdi. Qo‘shnisi esa parvo ham qilmadi. Chappa uni sekingina turtdi:
– Kamarlarni taqib oling deyishayapti.
– Hechqisi yo‘q, – dedi qo‘shnisi. Gazetani qo‘ydi-da, o‘rindiqqa yastanib oldi, xuddi bir nima esiga tushib qolganday:
– Bolalar – hayotning gullari, ularni bosh tomoni bilan yerga ekish kerak, – dedi.
– Qanaqasiga? –tushunmadi Chappa. «Gazetxon» qattiq kulib yubordi-da, boshqa hech narsa demadi.
Samolyot tez pastlay boshladi. Mana, yer ham ko‘rindi… orqaga o‘qday uchib borayotgan zaminga go‘yo qo‘l o‘zatsang yetadi. G‘ildiraklar esa yerga tekkani yo‘q. Keyin biladiganlarning aytishlaricha, uchuvchi «eplolmabdi». Nihoyat, g‘ildiraklar yerga urildi. Hamma uyoqdan-bu yoqqa qalqib ketdi. Hatto, tishlarning takillashi, g‘ijirlashi eshitila boshladi. Boyagi «gazetxon» esa joyidan uchib ketdi va kal boshi bilan Chappaga kelib urildi, so‘ngra oynaga qapishib qoldi, keyin esa polga quladi. Shu vaqt ichida undan biror marta un chiqmadi. Atrofdagi boshqalar ham ovoz chiqarmasdilar, bu esa Chappani hayratga solgandi. U ham jim edi. Hamma tura boshladi. Oldinroq o‘ziga kelganlar oynadan qarashdi va samolyot kartoshka ekilgan dalaga qo‘nganini aniqlashdi. Uchuvchilar xonasidan qovog‘idan qor yog‘ilib uchuvchi chiqib keldi va eshik tomon yurdi. Kimdir astagina undan so‘radi:
– Nazarimda, biz kartoshka dalasiga qo‘n­dikmi?
– Nima, o‘zingiz ko‘rmayapsizmi? – javob qildi uchuvchi.
Vahima tugadi va ba’zi bir sho‘xroqlar jur’atsizgina hazillashishga urinib ko‘r­dilar. Tepakal «gazetxon» o‘zining sun’iy tish qoplamasini qidirardi. Chappa kamarni yechdi-da, u bilan birga izlay boshladi.
– Mana bumi?! – quvnoqlik bilan so‘radi Chappa va qo‘lidagini unga uzatdi.
«Gazetxon»ning, hatto yaltiroq boshi ham qizarib ketgandi:
– Nima endi, albatta, qo‘l bilan ushlash kerak ekanmi? – qichqirdi u vishillab.
– Unda nima bilan?..
– Men endi uni qayerda qaynatib olaman?! Qayerda?
– Yuring men bilan, – taklif qildi Chappa. Bu yerda mening akam yashaydi. Siz meni mik­rob yuqtirdi, deb o‘ylayapsizmi? Menda ular yo‘q. «Gazetxon» unga hayron bo‘lganday tikilib qarab qoldi va qichqirishdan to‘xtadi.
Aeroportda Chappa xotiniga telegramma yubordi: «Erga qo‘ndik. Ko‘ksimga nastarin shoxi uzilib tushdi. Oppog‘im, sen meni unutma, Vaskaginang».
Qoqsuyak, jiddiy telegrafchi ayol telegrammani o‘qib, taklif qildi.
– Boshqatdan yozing. Siz kap-katta odamsiz, bolalar boqchasidagi go‘dak emas.
– Nima uchun? – so‘radi Chappa. – Men unga doim shunaqa yozardim. U mening xotinim-ku. Siz o‘ylaysizki…
– Xatingizda nima deb yozsangiz yozavering, telegramma esa aloqa turi. Bu ochiq matn.
Chappa qaytadan yozdi. «Erga qo‘ndik. Hammasi joyida, Vaskaginang». Telegrafchi ayolning o‘zi yana ikkita – «Erga qo‘ndik» va «Vaskaginang», so‘zlarini to‘g‘riladi, «Etib keldik», «Vasiliy» so‘zlari qoldi.
– «Erga qo‘ndik» emish, nima, siz kosmonavtmidingiz?
– Ha, mayli, – dedi Chappa. – Shunday bo‘la qolsin.
… Chappa bilardiki, uning Dmitriy degan akasi va uchta jiyani bor… Bundan tashqari yana yangasi bo‘lishi mumkinligi xayoliga ham kelmagandi. Ana o‘sha yanga hammasini rasvo qildi. Nimagadir u Chappani darrov yoqtirmay qoldi.
Kechqurun akasi ikkalasi ichishdi va Chappa xirqiroq ovoz bilan qo‘shiq ayta boshladi.

Terakla-a-a-ar…

Sofya Ivanovna narigi xonadan mo‘ralab, g‘azab bilan so‘radi:
– Qichqirmaslikning iloji bormi? Siz vokzalda emassiz-ku, to‘g‘rimi? – dedi-da, eshikni qattiq yopib oldi. Akasi Dmitriy noqulay ahvolda qoldi.
– Haligi… U yerda bolalar uxlayotgan edi. Umuman, u unchalik yomon emas.
Yana ichishdi. Bolalik chog‘larini, ota-onalarini eslashdi…
– Esingdami?.. – quvonch bilan so‘radi akasi Dmitriy. – Aytgancha, sen qayerdan ham eslarding. U paytlari kichkina go‘dak eding-ku. Meni sen bilan qoldirishardi, men esa seni quchoqlab o‘paverardim, o‘paverardim. Bir marta, hatto, ko‘karib ketgansan. Buning uchun rosa ta’zirimni berishgan. Keyin sen bilan meni qoldirmaydigan bo‘lishgan. Men esa, baribir, ularning ko‘zini shamg‘alat qilib sening yoningga borardim-u, yana o‘paverardim. Jin ursin, nimaga bunaqa qilganman. O‘zimni esa hali burnim oqib yurardi…o‘sha o‘pishlar esa… bilmadim bu…
– Aytgancha, esingdami?! – Chappa ham eslashga tushdi. – Sen qanday qilib meni…
– Sizlar baqirishni bas qilasizlarmi, yo‘qmi? – yana g‘azab bilan so‘radi Sofya Ivanovna asabi buzilib. – Kimga kerak sizlarni o‘sha burun oqishlaringu, o‘pishishlaring haqida eshitish. Hasratlashadigan joyni topibsizlar.
– Yur, ko‘chaga chiqamiz, – dedi Chappa.
Ko‘chaga chiqib, o‘rindiqqa o‘tirishdi.
– Esingdami? – davom etdi Chappa.
Ammo shu yerda akasi Dmitriy bilan nimadir sodir bo‘ldi-yu, u yig‘lab yubordi va mushtlari bilan tizzasiga ura boshladi.
– Mana, mening hayotim! Ko‘rdingmi? Odam ham shunchalik g‘azabnok bo‘ladimi?! Qanchalik g‘azab!
Chappa akasini ovuta boshladi.
– Ey, qo‘y, xafa bo‘lma. Kerak emas. Hech qanaqangi g‘azabnok emas, ular – jinni. Menda ham bitta shunaqasi bor.
– Xo‘sh, aytchi, nima uchun u seni yoqtirma­di?! Nima uchun? Axir, seni yoqtirmadi-ku! Ayt, nima uchun?
Faqat shundagina Chappa tushundi: rostdan ham yangasi uni yoqtirmadi. Nega? Sababi nima?
– Bilasanmi, mana nima uchun, chunki sen hech qanday mas’ul odam, rahbar emassan. Men bu ahmoqni bilaman. Esi og‘ib qolgan o‘sha «mas’ul odam»i bilan. Uning o‘zi kim? Bufetchi bo‘lib ishlaydi boshqarmada. Uning o‘zi kim bo‘libdi, hech kim emas. U yerdagilarni ko‘rib diydiyosini boshlaydi… Uning meni ham ko‘rgani ko‘zi yo‘q – «mas’ul kishi» emasligim uchun, qishloqi ekanim uchun.
– Qaysi boshqarmada?
– Haligi… tog‘… Hozir tilimga kelmayapti. Nimaga tegdi bo‘lmasa? Nima, u meni bilmasmidi?
Xuddi shu yerda Chappaning ham jahli chiqib ketdi.
– Umuman olganda, gap o‘zi nimada? –baqirib so‘radi u akasidan emas, yana boshqa kimdandir so‘raganday. – Agar bilsang, hamma mashhur kishilar qishloqdan chiqishgan. Rasmi qora chiziqqa olinib, ta’ziyanoma beradiganlarning hammasi qishloqdan chiqqan. Gazeta o‘qib turish kerak! Mansabdor degani borki, ish faoliyatini qishloqdan boshlagan.
– Men unga necha bor isbot qilganman, qishloq odamlari yaxshiroq, mustaqil kishilar deb.
– Stepan Vorobyovni eslaysanmi? Sen uni bilarding-ku…
– Ha, albatta, bilardim.
– O‘sha ham qishloqdan! Mana, marhamat – qahramon! To‘qqizta tankni majaqlagan. Tankka yuzma-yuz borgan. Endi uning onasiga bir umrlik nafaqa tayinlangan – oltmish so‘m berishadi. Yaqinda aniqlashdi, shungacha bedarak yo‘qolgan deb hisoblanardi…
– Ilya Maksimovichni aytsang-chi!.. Biz frontga birga jo‘nagan edik. Marhamat – «Shuhrat» ordenining to‘liq nishondori. Ammo, sen unga Stepan haqida aytma… Kerak emas.
– Mayli. Ha, haligi-chi!..
Aka-ukalar yana ancha vaqt qizishib, shov­qin solib gaplashishdi. Chappa, hatto, qo‘llarini silkitib ostona atrofida aylanardi.
– Qishloqi emish, qarang!..
– Hatto, uning toza havosi qanday bebaho! Ertalab shundoq derazani ochsang, yuzing yuvilganday bo‘ladi. Xohlasang uni ichishing mumkin, shunchalik sofki, har xil gullarning iforini aytgin.
Keyin ular charchashdi.
– Tomni yopdingmi? – so‘radi akasi.
– Yopdim, – dedi Chappa sekingina. – Ayvon qurdim, ko‘rsang maza qilasan. Shundoq kechqurun ayvonga chiqasan… xayol sura boshlaysan. Agar ota-onamiz tirik bo‘lsa, sen bolalaring bilan kelsang, hammamiz birga malinali choy ichib o‘tirsak. Malina bu yil juda serhosil bo‘ldi. Dima, u bilan janjal qilma, bo‘lmasa battar yomon ko‘radi. Men ham muloyimroq bo‘lishga harakat qilaman, qarabsanki, hammasi joyiga tushadi.
– Axir, uning o‘zi ham qishloqdan-ku! – qandaydir g‘amgin ohangda ajablandi Dmit­riy. – Bolalarni ham qiynab qo‘ydi ahmoq, birini pionina deb qiynaydi, yana birini figurali uchishga yozdirib keldi. Yurakni qon qilib yubordi, bir narsa desang, darrov janjal boshlanadi.
– Hm-m! – yana qizishdi Chappa. – Hech tushunmayman bularni, mana, masalan, bittasi do‘konda sotuvchi – qo‘pol. Eh sizlarni! Uyga kelgach esa anavunaqa. Mana, qayerda azob! Men esa tushunmayman! – Chappa ham mushtlari bilan tizzasiga urdi. – Tushunmayman, nimaga ularning bari quturganday.
Chappa ertalab uyg‘onsa, uyda hech kim yo‘q, akasi Dmitriy ishga ketgan, yangasi ham. Bolalarning kattalari hovlida o‘ynab yurishar, kichigini esa bog‘chaga olib ketish­gandi.
Chappa o‘rin-to‘shakni yig‘ib, yuvindi va o‘ylay boshladi: yangasiga ma’qul keladigan nima qilsa ekan? Shu payt uning ko‘zi bolalar aravachasiga tushdi. «A-ha! – o‘yladi Chappa, – hozir unga shunday rasm solamanki». U uyida pechkasiga shunday rasm chizganida hamma qoyil qolgandi. Bolalar bo‘yog‘ini, cho‘tkasini topdi-da, ishga kirishdi. Bir soatdan keyin hammasi tamom bo‘ldi; aravachani tanib bo‘lmasdi. Aravachaning yuqorisiga arg‘amchi bo‘lib uchayotgan turnalarni, pastki qismiga gullar, o‘simliklar, chumoli va bir juft xo‘rozu jo‘jalarni chizdi… Aravachaning har tomonidan aylanib tomosha qildi, ajo­yib. Aravacha emas – o‘yinchoq. Tasavvur qildi: yangasi ishdan kelib ko‘radi-da, shunday hayratga tushadiki. U jilmayib qo‘ydi.
– Sen esa qishloqi, deysan Chappavoy. – U yangasi bilan kelishib olmoqchi edi. Bola xuddi savatchada yotganday sezardi o‘zini.
Chappa kun bo‘yi shahar aylanib yurdi, do‘konlarga kirdi. Jiyaniga qayiqcha sotib oldi, ajoyib qayiqcha, oppoq, chiroqlari ham bor. «Men unga ham rasm chizaman», o‘yladi Chappa. Soat oltilarga yaqin Chappa akasinikiga kirib keldi. Bo‘sag‘aga yaqinlashganda ichkarida akasi Dmitriy bilan yangasi janjallashayotganlarini eshitdi. Umuman olganda, janjalni yangasi qilayotgan, akasi Dmitriy esa faqat:
– E, qo‘ysangchi, nima qilibdi? Xo‘p, mayli endi… Sofya… qo‘ysangchi endi, – deb ming‘irlardi.
– Ertagacha bu ahmog‘ingning qorasini o‘chir bu yerdan! – qichqirardi Sofya Ivanovna. – Ertagayoq ketsin , tushundingmi!
– Xo‘p, mayli endi!.. Sofya…
– Mayli emas! Mayli emas! Kutib o‘tir­masin, hozir jomadonini uloqtiraman, jin ursin, tamom-vassalom!
Chappa shoshilib bo‘sag‘adan uzoqlashdi. Keyin esa nima qilarini bilmay qoldi. Uning yana qalbi og‘ridi. Uni yomon ko‘rib qolishganlarida doim qalbi ozor chekardi. Dahshatga tushardi. Hammasi tamom bo‘l­ganday, yashagisi kelmay qolganday tuyu­lardi. Qayoqqadir, odamlardan uzoqqa qochib ketgisi, uni yomon ko‘rayotganlardan olisroqda bo‘lgisi kelar yoki uning ustidan kulganlarini eshitgisi kelmasdi.
– Nimaga endi men munaqaman-a? – deb afsuslanardi u bostirma ostida o‘tirganicha shivirlab. – Axir, uning xalq ijodini tushunmasligiga aqlim yetishi kerak edi-ku.
U qorong‘i tushguncha bostirma ostida o‘tirdi. Yuragi hamon og‘rirdi. Keyin akasi Dmitriy keldi. Xuddi ukasi Vasiliy bu yerda anchadan beri o‘tirganini bilganday, hayron ham bo‘lmadi.
– Qara… – dedi u. – Anavi, yana shovqin ko‘tardi. Aravachani… unaqa qilmasliging kerakmidi.
– Men unga ma’qul bo‘ladi, deb o‘ylagan­dim. Men ketaman, akajon.
Akasi xo‘rsindi… ammo hech narsa demadi.
Chappa uyiga yomg‘ir shivalab yog‘ayotgan paytda yetib keldi. Avtobusdan tushdi-da, oyoq kiyi­mini yechdi va iliq nam yerda bir qo‘lida tuflisini, bir qo‘lida jomadon ko‘targancha yugurib ketdi. Sakrab, sakrab qo‘shiq aytardi.

Terakla-a-r… Terakla-a-r…

Osmon bir chekkasidan ochilib kelar, moviylashib borar va quyosh ham qayerdadir yaqinginada edi. Yomg‘ir ham siyraklashib, yirik tomchilar ko‘lmaklarni savalar, pufakchalar hosil bo‘lar va yorilib-yorilib ketardi. Bir joyda Chappa toyib ketib, yiqilishiga ozgina qoldi.
O‘ttiz to‘qqiz yoshga kirganda – uni Vasiliy Yegorevich Knyazev deb atashardi. U qishloqda kinomexanik bo‘lib ishlardi. Izquvarlar va itlarni judayam yaxshi ko‘rardi. Shuning uchun bolaligida shpion bo‘lishni orzu qilardi.

Rus tilidan O‘roz Haydar tarjimasi