1-tarjima
Bobo yetmish uch yoshda, Petka esa o‘n uchga kirgandi. Bobo sharttaki va asabiy edi, qulog‘i og‘irligidan azob chekardi. Petka yoshiga qaraganda mustaqil, novcha, uyatchan va o‘jar edi. Ular do‘stlashib qolgandilar
Ular bu dunyoda hammadan ko‘ra kinoni yaxshi ko‘rishardi. Boboning pensiya puli-ning yarmisi chipta sotib olish uchun ketardi. Odatda oy oxirida pulini sanarkan, bobo Petkaga alamli quvonch bilan e’lon qilardi:
– Ikkovimiz besh so‘mning boshiga suv quyibmiz!
Petka odob yuzasidan qiyofasiga taajjublangan tus berdi.
– Hech qisi yo‘q, boqib olishadi, – dedi bobo ( u Petkaning otasi va onasini ko‘z-da tutayotgandi. Petkaning otasi boboning o‘g‘li edi). – Bu ikkalamizning foydamiz.
Ular doim birinchi qatorda o‘tirishar, bu yerda bobo yaxshiroq eshita olardi. Lekin baribir u so‘zlarning yarmisini tushuna olmas, aktyorlarning labiga qarab nima deyotgani-ni taxminlardi. Ba’zan bobo hech bir sababsiz to‘satdan xo-xolashga tushardi. Tomosha zalida esa boshqa hech kim kulmasdi. Petka bobosining biqiniga turtar va achchig‘lanib pichirlardi:
– Senga nima bo‘ldi? Tentakka o‘xshab …
– U nima dedi bo‘lmasa? – so‘rardi bobo.
Petka bobosining naq qulog‘iga shivirlab, aktyorning nima deganini aytardi:
– Sur’atni pasaytirmasdan.
– He-he-he, – bobo o‘z ustidan ohista kulardi. – Men boshqacha eshitibman.
Ba’zan kimdir aybsiz insonni o‘ldirganida bobo yig‘iga tushardi.
– Eh siz … odamlar! – u alam bilan shivirlardi va ro‘molchasiga burun qoqardi.
Umuman u ekranda ko‘rgani haqida gapirishni yaxshi ko‘rardi. Kinoda qattiq o‘pishib qolishsa, u jilmayar va pichirlardi :
– Shaytonning ishi!.. Sen qara, qaragin… Heh!
Kinoda urushib qolishsa, qo‘llarini stulga tirab olib, berilgancha diqqat bilan mushtlashuvni tomosha qilardi ( aytishlaricha u yoshligida janjallashishga o‘ch bo‘lgan. Va janjallashish qo‘lidan kelgan.)
– Yo‘q, anovinisi bo‘lmag‘ur … e, nima… nimjon. Bunisi bo‘lsa yomon emas, abjir. Bordi-yu, yasamalik bo‘lsa darrov ilg‘ab olardi
– O-la, – derdi u xafa bo‘lib, – buni yolg‘ondan qilishdi.
– Qon chiqayapti-ku, – Petka norozi bo‘lardi.
– Sho-osh-ma … qon. Nima bo‘pti? Burun deganlari nozik keladi: salgina tushir-sang, darrov qonaydi. Aslida nomiga mushtlashyapti.
– Nomiga mushtlashyapti emish!
– Albatta, nomiga-da .
Ortdagilar ularni turtishdi va jim bo‘lib qolishdi.
Bahsning kattasi klubdan chiqishgandan so‘ng boshlandi. Gap ayniqsa qishloqqa bag‘ishlangan filmlarga kelganda boboning qattiq jahli chiqardi.
– Hammasi bo‘lmag‘ur, – derdi u. – Bunaqasi bo‘lmaydi.
– Nega bo‘lmas ekan ?
– Nima, seningcha anovi yigitning ishi o‘ziga yarashadimi?
– Qaysi yigitni aytyapsiz?
– Garmoshka ko‘targan-chi. Derazadan kirmoqchi bo‘lgan yigit-da.
– U derazadan kirgani yo‘q, – Petka bobosining gapini to‘g‘riladi; u film voqealarini boshdan-oxir aniq eslardi, bobosi aralashtirib yuborar va bu Petkaning g‘ashiga tegardi,- U qo‘shiq aytish uchun derazaga rafiga chiqib oldi, xolos.
– Chiqdimi, axir. Mana men, esimda turibdi, bir marta derazaga chiqqandim…
– Nima u senga yoqmayaptimi?
– Kim?
– Namuncha kimlading!.. Ana qaysi bir yigit derazaga chiqibdi. Uni o‘zing ayt-madingmi?
– Hech ham bunday emas, – bobo jimjilog‘ining uchini ko‘rsatdi. – Allaqanday bir Vanya-tentak. Ashula aytadi va yurgancha ashula aytadi… Bizda bitta Vanya-tentak boriydi – yurgan yo‘lida ashula aytgani-aytgan edi.
– Axir u sevib qolgan-ku! – Petka asabiylasha boshladi.
– Sevsa nima bo‘pti?
– Sevganiychun ashula aytadi-da.
– A?
– Ashula aytishining sababi bor, deyapman !
– Bunaqalarni qachonlardir kulgiga ko‘mib tashlashardi! Yo‘lini yurolmasdi. Sevar-mishlar … Sevgan odam, uyaladi. U bo‘lsa qishloqning to‘rt tomonini boshiga ko‘tarib yuribdi… Qaysi ahmoq qiz unga tegadi! U ji-id-diy yigit emas. Esimda turibdi, bizga biron qiz yoqib qolsa, ikki ko‘cha naridan o‘tardik – chunki uyalardik. Sevarmish… Sevsang-sevaver istaganingcha, lekin nega bunday ashula aytib…
– Nima – nega?
– Odamlarga kulgi bo‘lib nima? Esimda bor, biz …
– Yana “biz, biz”. Hozir odamlar boshqacha bo‘lishgan !
– Nimaga boshqacha bo‘lishgan ekan? Har doim odamlar bir xil bo‘lishgan. Nima sen o‘zimizda bunaqa tentaklarni ko‘p ko‘rganmisan?
– Bu bir kino-da. O‘xshatish yaxshi emas.
– Men o‘xshatayotganim yo‘q. Men yigitning harakatlari o‘xshamagan, deyapman, vassalom, – bobo so‘zida turib oldi.
– Ana hammaga yoqyapti-ku! Kulishdi-ku! Men ham kuldim.
– Sen halli kichkinasan, shuniychun senga kulgili. Mana men duch kelgan narsaga kulavermayman.
Bobo kattalar bilan san’at borasida kamdan-kam bahslashardi – qo‘lidan kelmasdi. Bahs boshlanishi bilan asabiylashar, haqoratlashga tushardi.
U bir marta kattalar bilan aytishib qoldi, o‘sha bir martagina ham boshiga g‘avg‘o olib keldi.
Bu voqea bunday bo‘lgandi.
Ular – Petka ikkov komediya ko‘rib, klubdan chiqishdi va biri olib-biri qo‘yib uni danagidan mag‘zigacha chaqishga tushishdi.
– Bilasanmi, odamga nimasi alam qiladi: shaytonlar, anov aktyorlar-da o‘zlari qah-qahlashadi, sen esa o‘tiraverasan, qitiqlashsa-da, kulging kelmaydi! – bobo qattiq achchig‘-landi. – Seni kulging qistadimi nima?
– Yo‘q – tan oldi Petka. – Faqat bir martagina, ular mashina bilan ag‘darilib ketishganda.
– Ana ko‘rdingmi! Biz-chi pulini to‘lab qo‘yganmiz – eski pulga ikki so‘mdan! Ularchi, o‘zlari kulishdi, tamom.
– Muhimi, “Komediya” deb yozishdi.
– Komediya!.. Bunaqangi komediya uchun ularning tishlarini urib sindirish zarur.
Ular uyga qahru-g‘azabga to‘lib qaytishdi.
Bu paytda uylarida televizorda qishloq hayotiga oid qandaydir bir film ko‘rib o‘tirishardi.
Uylariga Petkaning xolasi, ya’ni onasining singlisi mehmonlikka kelgandi. Bir o‘zi emas, eri bilan. Ha, shahardan. Mana endi hammasi o‘tirib olib televizor tomosha qilishyapti. ( Bobo va Petka ikkovlonning televizorni hech jinlari suymasdi. ” Hali men bo‘ydoq edim, akam, Mikita, uylandi, ana shunda men ularning xonalariga teshikdan mo‘ra-lash uchun borishni yaxshi ko‘rardim. Televizor ularniki-da: nazaringda mo‘ralaganingcha hammasini ko‘rayotgandaysan» – dedi bobo bir-ikki marta televizion ko‘rsatuvlarni tomosha qilgach.)
Ana, demak, hamma o‘tiribdi, tomosha qilyapti.
Petka dars tayyorlash uchun tezda dahlizga chiqib ketdi, bobo esa boshqalar bilan birga qoldi, besh daqiqacha televizordagi yaltir-yulturlarga qarab o‘tirdi va hammani o‘ziga qaratdi:
– Bo‘lmag‘ur narsalar. Bunday bo‘lmaydi.
Petkaning otasi xafa bo‘ldi:
– Ota, jim bo‘lgin, xalaqit berma..
– Yo‘q, bu qiziqarli, – dedi shaharlik xushtakalluf kishi. – Otaxon, nega bunday bo‘lmaydi, deb o‘ylaysiz? Nega bo‘lmas ekan?
– A?
– U yaxshi eshitmaydi, – tushuntirdi Petkaning otasi.
– Men nega bunday bo‘lmaydi, deb so‘rayapman. Sizningcha qanday bo‘ladi? – shahar-lik kishi oldindan negadir jilmayib qo‘yar ekan, baland ovozda takrorladi.
Bobo unga shubhali ko‘z tashladi:
– Bunday bo‘lmaydi, ana shunday. Man-na sen unga qarab rostdan ham duradgor deb o‘ylayapsan, lekin men bunday nazar solib, uning hech qanday bir duradgor emasligini darrov bilib oldim. U hatto boltani to‘g‘ri ushlashni bilmaydi.
– Otam bilan Petka ikkovlari bizning tanqidchilarimiz, – dedi Petkaning otasi boboning so‘zlash ohangini biroz yumshaytirish maqsadida.
– Qiziq, – shaharlik yana og‘iz ochdi. – Nega siz u boltani to‘g‘ri ushlashni bilmay-di degan qarorga keldingiz?
– Chunki men bir umr duradgorlik qilganman. “Nega bunday qarorga keldingiz?” emish.
– Ota, – Petkaning ammasi gapga qo‘shildi, – nima qipti shunga?
– Nimaga?
– Menga bu odamning o‘zi qiziqarliroq .Tushundingizmi? Men uning haqiqiy duradgor emasligini bilaman, u – aktyor, lekin menga qiz… menga juda qiziq…
– Xuddi mana shunaqalar studiyada o‘tirvolib yozishadi, – dedi yana jilmaygancha Petkaning ammasining eri.
Petkaning ammasi va uning eri o‘ta aqlli va hamma narsani bilishardi. Ular bobo bilan kulgancha gaplashishardi. Bu boboning achchig‘ini chiqardi.
– Bu senga muhim emas, menga esa muhim, – u qizini og‘iz ochirgani qo‘ymadi, — Ular senga pufakni puflab o‘tqazishadi, lekin menga o‘tqazisholmaydi.
– Xa-xa-xa, – shaharlik kishi kuldi. – Haqingni oldingmi?
Petkaning ammasi ham tirjaydi.
Petkaning otasi va onasi boboning gaplaridan xijolatga tushishdi.
– Ota, seni ko‘nglingni topish rosayam qiyin, – dedi Petkaning otasi. – Yaxshisi Petkaning oldiga bor, unga yordamlash. – Petkaning otasi shaharlikka tomon burildi va past tovushda tushuntirdi:
– O‘g‘limga dars tayyorlashga yordam beradi, lekin o‘zi hech narsani bilmaydi. Ikkov-lari tortishgani-tortishgan. Kulging qistaydi!
– Qiziq chol, – shaharlik Petkaning otasi gapini ma’qulladi.
Hammalari cholni unutib, yana kino ko‘rishga tushishdi. U orqada xuddi basharasiga tupurib tashlangan odamday turardi. Yana birpas turdi-da Petkaning oldiga ketdi.
– Kulishyapti, – dedi u Petkaga.
-Kimlar?
– Ana… – chol mehmonxona tomon bosh irg‘adi – Mayli, sen qari to‘nka hech narsa-ni bilmaysan deyishyapti. Ular-chi, tushunishadi!
– E’tibor berma, – maslahat berdi Petka.
Chol stol yoniga borib o‘tirdi, og‘iz ochmadi. Birozdan so‘ng yana gapga tushdi.
– Sen ahmoqsan, deyishdi, aqlingni yeb qo‘ygansan…
– Nima, shunday deyishdimi?!
– Nima?
– Seni ahmoq deyishdimi?
– O‘tirib olib kulishgani-kulishgan. Ular juda ko‘p narsani bilishadi-da ! – Pet-kaning ta’biri bilan aytganda bobo tobora «o‘t olardi».
– E’tibor bermagin, – Petka yana maslahat berdi.
– Savodxonlar… Kelishdi! – Bobo o‘rnidan turib sandiq titkiladi, pul olib, chiqib ketdi.
Bir soatdan keyin mast qaytib keldi.
– O-o! – Petka hayratga tushdi (bobosi kamdan-kam ichardi). – Senga nima bo‘ldi?
– Tomosha qilishyaptimi? – so‘radi bobo.
– Tomosha qilishyapti. U yoqqa kirma. Kel, yechintirib qo‘yay. Nega ichding?
Bobo yog‘och katga og‘ir cho‘kdi.
– Ular tushunishadi, sen bilan men tushunmaymiz ! – bobo ovozini baralla qo‘ydi -Sen ahmoqsan, bobo, deyishdi! Sen hayotda hech narsani tushunmaysan. Ular-chi, tushuni-shadi! Pullari ko‘pmi?! – bobo endi baqira boshladi. – Puling bijg‘ib yotgan bo‘lsa-da, burningni ko‘tarma! Men bir umr egilib-bukilib halol mehnat qildim. Endi men jim-gina o‘tirishim kerak ekan. Hey, sen o‘zing umringda qo‘lingga bolta ushlaganmisan?! – Bobo eshik bilan gaplashardi, uning ortida televizor ko‘rib o‘tirishardi.
Petka o‘zini yo‘qotib qo‘ydi..
– Kerak emas, kerak emas , – u bobosini xotirjam bo‘lishga undardi . – Kel, men seni yechintirib qo‘yaman. Ularni qo‘yaver !..
– Yo‘q, to‘xta, men unga aytadiganimni aytaman … – Bobo o‘rnidan turishga urindi, lekin Petka uni ushlab qoldi:
– Bobojon, kerak emas !
– Shaharlik ichi po‘k oliftalar . – Bobo tinchlanganday bo‘lib, jimib qoldi.
Petka uning bitta etigini tortdi.
Lekin shu payt chol nimagadir bosh chayqadi.
– Sen mening ustimdan kulmoqchi bo‘lyapsanmi? – uning ko‘zlari yana alamli chaqnab ketdi. – Men senga bitta so‘zni aytishim mumkin!.. – Bobo etikni oldi-da, mehmonxonaga qarab yurdi. Petka uni to‘xtatib qola olmadi.
Chol mehmonxonaga kirdi-da, qo‘lini siltab etikni televizorga irg‘itdi:
– Mana sizlarga!.. Sizlarning duradgorlaringizga ham!
Ekran chil-chil sindi.
Hamma o‘rnidan irg‘ib turdi. Petkaning ammasi hatto chinqirib yubordi.
– Masxara qilmoqchi bo‘ldinglarmi! – baqirdi chol. – Sen biron marta qo‘lingga bolta ushlaganmisan?!
Petkaning otasi cholni qo‘ltiqlashga urindi, lekin u qarshilik ko‘rsatdi. Kursi-lar to‘rt tomonga sharaqlab uchdi. Petkaning ammasi yana chinqirdi va ko‘chaga qarab otildi.
Petkaning otasi baribir cholni bo‘ysundirishga muvaffaq bo‘ldi, uning qo‘llarini orqaga qayirdi va sochiq bilan bog‘lashga tushdi.
– Rosa vaqtingni topding-da, otaginam, meni tilimni qisib qo‘yding, – Petkaning otasi cholning qo‘llarini qattiq bog‘larkan g‘azabini tuta olmadi. – Rahmat senga.
Petka o‘lgudek qo‘rqdi, u ko‘zini katta ochgancha bo‘layotgan voqealarni kuzatardi. Shaharlik kishi chetda turar va ahyon-ahyon boshini chayqab qo‘yardi. Petkaning onasi shisha siniqlarini yig‘ishtirardi.
– Tilimni qisib qo‘yding… – Petkaning otasi hadeb bir gapni takrorlardi va tishini gizlatdi.
Chol yerga qarab yotar, bo‘yalgan polga soqolini ishqar va baqirardi:
– Sen mening ustimdan kulavergin, men esa senga – bitta so‘zni aytaman!.. Bu so‘zni aytganimdan so‘ng ovozing o‘chadi. Agar sen aytganingday men ahmoq bo‘lsam…
– Nima men shunday dedimmi? – so‘radi shaharlik kishi.
– U bilan gaplashmang, – dedi Petkaning onasi. – Hozir uning qulog‘i butkul tom bitgan. Vijdonsiz.
– Meni siz bilan bitta dasturxon atrofiga o‘tirishimni istamaysiz, ha, mayli! Lekin sen menga… Bu… mayliga! – chol baqirdi. – Lekin sen menga aytginchi – umringda bitta daraxt kesganmisan? A-a!.. Ana shunday. Sen meni duradgorlikni tushunmaydi de-yapsan! Qishloqdagi uylarning yarmini men o‘z qo‘llarim bilan qurganman!..
– Rosa vaqtini topib tilimni qisding, Xudoyim olsin seni, tilimni qisding, -g‘uldullardi Petkaning otasi.
U gapirib turarkan Petkaning ammasi va milisa xodimi, shu qishloqlik Yermolay Kibyakov kirib kelishdi.
– O‘hu-u! – dedi Yermolay yoyilib kularkan. – Timofey amaki, nega bunday qilding? A?
– Xursandchiligimni naq burnimdan chiqardi, – dedi Petkaning otasi o‘rnidan turar ekan.
Milisa «hm-hm»ladi, kafti bilan jag‘ini siladi va Petkaning otasiga qaradi. U rozi bo‘lib bosh irg‘adi va dedi:
– Shunday qilish kerak. O‘sha yerda tong ottirsin-chi…
Ermolay furajkasini boshidan oldi, uni avaylab mixga ildi, planshetdan bir varaq qog‘oz oldi va stol yoniga kelib o‘tirdi.
Chol jimib qoldi.
Petkaning otasi bo‘lgan voqeani qo‘shib-chatmasdan hikoya qildi. Yermolay qorayib ketgan dag‘al kafti bilan xumdek boshidagi yog‘ bosgan sochini siladi, yo‘taldi va stolga ko‘kragini tiragancha, boshini chap tarafga qiyshaytirib, yozishga tushdi.
“Grajdanin Novoskoltsev Timofey Makarich, bir ming …”
– U nechanchi yil tug‘ilgan?
– To‘qsoninchi yilda .
“… Bir ming sakkiz yuz to‘qsoninchi yilda tug‘ilgan, sobiq duradgor, hozir pensiyaga chiqqan. Ajralib turadigan belgisi yo‘q. Yuqorida ko‘rsatilgan Timofey joriy yil yigirma beshinchi sentyabrida uyiga o‘tkir araq ichgan holda kelgan. Bu paytda uning oila-si televizor ko‘rib o‘tirgan bo‘lgan. Mehmonlar ham bo‘lishgan…”
– Nima degan kinofilm edi ?
– Bilmayman. Televizor qo‘yganimizda kino boshlangandi, – tushuntirdi Petka-ning otasi. – Kolxoz haqida .
“… Filmning nomini eslashmaydi. Bir narsani bilishadi: kolxoz haqida. Timo-fey ham televizor ko‘ra boshlagan. Keyin u: ” Bunday duradgorlar bo‘lmaydi”, degan. Hamma Timofeydan o‘zini tutib olishini so‘ragan. Lekin u tutaqib, o‘z bilganidan qol-magan. U yana bunday duradgorlar bo‘lmaydi, hammasi yolg‘on, degan. “Duradgorlarning qo‘li bunday bo‘lmaydi, hech qachon”. Va qo‘llarini qarsillatib ura boshlagan. Undan yana bir marta o‘zini tutib olishini so‘rashgan. Shunda Timofey o‘ng oyog‘idagi etigini yechgan
( bichimi – 43-45 , yungi to‘kilgan) va televizorga qarab otgan.
Albatta, dunyodagi bor narsani, ya’ni odatda ko‘z bilan ko‘rish mumkin bo‘lgan nar-salarni irg‘itdi.
KIBYaKOV, milisa katta leytenanti”.
Ermolay o‘rnidan turdi, protokolni ikki qatladi, planshetiga yashirdi.
– Timofey amaki, ketdik!
Petka nima yuz berayotganini haligicha anglab yetmasdi. Lekin Kibyakov va otasi ikkovlon bobosini yotgan yeridan turg‘azishayotganda uni qafasga olib ketishayotganini tushundi. U dodlab yig‘ladi va bobosini himoya qilish uchun otildi:
– Uni qayerga opketyapsizlar?! Bobojon, seni qayerga opketishyapti!.. Ota, bunday qilma, kerak emas!..
Otasi Petkani itarib tashladi, Kibyakov bo‘lsa, kula boshladi:
– Bobongga achinyapsanmi? Hoz-zir biz uni turmaga tiqamiz. Hoz-zir…
Petka yanada qattiqroq yig‘ladi.
Onasi uni burchak tomon olib ketdi va yupata boshladi:
– Sen nimaga yig‘laysan, unga hech narsa bo‘lmaydi! U yerda bir kecha yotadi va qaytib keladi. Ertaga o‘zi uyalib qoladi. Yig‘lamagin, o‘g‘lim.
Cholning etigini kiygazishdi va uydan olib chiqib ketishdi. Petka piqillab yig‘-ladi. Shaharlik ammasi ham Petkani yupatishga tushdi:
– Petenka, senga nima bo‘ldi? Uni hushgakeltirgichga olib ketishdi, hushgakeltir-gich-ga! U tezda qaytib keladi. Bizda, Moskvada qancha odamni hushgakeltirgichga olib ketishlarini bilasanmi!..
Petka milisani ammasining o‘zi olib kelganini esladi, uni qattiq itarib tash-ladi, pechka ustiga chiqib oldi va yostiqqa yuzini bosgancha uzoq-uzoq yig‘ladi.
Ruschadan O‘rinboy Usmon tarjimasi
2-tarjima
TANQIDChILAR
Chol yetmish uchda, nabirasi Petka o‘n uch yoshda edi. Qariya qotmadan kelgan,asabiy, qulog‘i og‘irroq. Bo‘yi cho‘zilib qolgan Petka esa yosh bo‘lishiga qaramay, o‘ziga mustaqil, o‘jar, lekin tortinchoq. Ikkovi juda inoq edi.
Ularning jonu dili – kino. Chol nafaqasining naq yarmini kinoga sarflaydi. Har oyning oxirida u Petkaga:
— Ikkovlon besh so‘mning tagiga suv quyibmiz, — deydi ham alam, ham faxr bilan.
Petka odob yuzasidan hayratlangan bo‘ladi.
— Hechqisi yo‘q, boqib olishar, — deydi bobosi ( Petkaning ota-onasi nazarda tutiladi. Chol Petkaga ota tomondan bobo bo‘ladi). — Bizning tomosha ko‘rib qolganimiz qoladi.
Ular hamisha birinchi qatorda o‘tirishadi: arzongina, cholga yaxshi eshitiladi. Qulog‘i og‘irroq-da, so‘zlarning yarmini eshitolmay, aktyorlarning lab-lunjiga tikilibgina fahmlab oladi. Ba’zan chol tomdan tarasha tushganday, o‘zicha xo-xolab qoladi. Zalda esa hech kim miq etmaydi, Petka biqiniga turtib, jahl bilan shipshiydi:
— Nima jin urdi? Esingiz joyidami…
— Haliginda nima dedi o‘zi? — so‘raydi chol.
Petka bobosining qulog‘iga shivirlaydi:
— “Tezlikni pasaytirmay” deyapti.
— Hi-hi-hi, — chol endi o‘zidan-o‘zi kuladi. — Menga boshqacharoq tuyuluvdi.
Ba’zan bironta gunohsizni jabrlashsa, chol yig‘lab yuborardi.
— Eh…odamlar-ey, odamlar! — alam bilan pichirlaydi u ro‘molchasiga burnini qoqa turib. Umuman, u ekranda ko‘rganlarini gapirib yurishni yoqtiradi. Aytaylik, ekranda astoydil o‘pishib qolishsa, istehzo bilan ishshayadi:
— Voy, shaytonlar-ey!.. Buni qara, buni qara… Eh…
Mushtlashishni ko‘rsatib qolishsa, stulni changallagancha entikib, kiprik qoqmay tomosha qilardi (aytishlaricha, yoshligida ancha jangari bo‘lgan ekan. Baloday mushtlashgan deyishadi ).
— Yo‘q, anavisi… bo‘lmaydi, nimjon. Mana bunisi durust, ancha chayir ekan, azamat.
Darvoqe, soxtalikni payqardi.
— E-e, — derdi hafsalasi pir bo‘lib, — jo‘rttaga qilishyapti.
— Rostakamiga qon chiqib ketdi-yu, — deb e’tiroz bildiradi Petka.
— Hmm…qon degin. Xo‘sh, nima bo‘pti? Burun degani nozik narsa: sal chertsang ham qonab ketaveradi. Gap bundamas.
— Bundamas emish.
— Albatta-da.
Orqadan turtishgach, ular jim bo‘lib qolishadi.
Bahsning kattasi klubdan chiqishganda boshlanadi. Chol, ayniqsa, qishloq mavzuidagi filmlarga qattiq edi.
— G‘irt bema’nilik! — deydi film yoqmasa. — Hecham bunaqa bo‘lmaydi!
— Nega bo‘lmas ekan?
— Nima, haligi yigit senga ma’qul tushdimi?
— Qaysi yigit?
— Garmon ko‘targani, derazaga osilib…
— Derazaga osilgani yo‘q, — Petka aniqlik kiritadi. U filmdagi voqealarni yaxshi eslab qolar, bobosi esa ko‘pincha chalkashtirib, bolaning jahlini chiqarar edi. — U qo‘shiq aytish uchun derazaga chiqdi-ku!
— Chiqsa chiqibdi-da. Men ham, esimda, bir marta derazaga tarmashganimda…
— Nima, u sizga yoqmadimi?
— Kim?
— O‘sha yigit-da, derazaga chiqqan. O‘zingiz gapirib turuvdingiz-ku, o‘shani.
— Tirnoqchayam yoqmadi, — chol chimchalog‘ining uchini ko‘rsatdi. — Qandaydir Ivan-tentakka o‘xshaydi. Qo‘shiq aytib, sang‘igani-sang‘igan. Bizdayam bitta shunaqa Ivan-tentak bo‘lardi – xirgoyi qilib yurgani-yurgan edi.
— Axir u sevadi-ku! — Petka asabiylasha boshlaydi.
— Xo‘sh, sevsa nima bo‘pti?
— Shunga qo‘shiq aytadi-da!
— A?
— Shunga qo‘shiq aytadi-da, deyapman!
— Unaqada borib-borib hammaga kulgi bo‘ladi. Ko‘z ochirmay qo‘yishadi uni. Sevarmish… Sevgan odam sal iymanadi. Bu esa butun qishloqni boshiga ko‘tarib yuribdi. Unga qaysi ahmoq tegardi. Axir bu g‘irt yengiltak-ku. Esimda, biz yoshligimizda bironta oyimqizga xushtor bo‘lib qolsak, ikki mahalla naridan aylanib o‘tardik – duch kelishga yurak betlamasdi. Sevarmish… E, sevsang sevaver, lekin…
— Nima yana lekin?
— Lekin masxaravozlikka balo bormi? Esimda, biz…
— Tag‘in “biz-biz”. Hozir odamlar boshqacha bo‘lib ketishgan!
— Qanaqasiga boshqacha bo‘larkan? Odamlar hamma vaqt bir xil bo‘lgan. Sen bizda haliginaqa tentaklarni ko‘p ko‘rganmisan?
— Endi bu harholda, kino-da. Solishtirib bo‘larmidi?
— Men ham solishtirayotganim yo‘q. O‘sha yigit o‘rniga tushmapti deyapman, xolos, — chol aytganidan qolmasdi.
— Hammaga yoqdi-ku bo‘lmasa! Kulishdi ham. Hatto men ham kuldim.
— Sen hali bolakaysan, senga hamma narsa kulgili. Men, masalan, bo‘lar-bo‘lmasga kulavermayman.
Chol kattalar bilan san’at haqida kamdan-kam tortishardi — eplay olmasdi. Darrov jini tutib, so‘kinishga tushardi.
Faqat bir martagina kattalar bilan jiddiyroq tashlashgan, o‘shanda boshiga balo orttirib olgan edi.
Mojaro shunday bo‘lgandi.
Petka bilan kinoga tushishdi – kulgili kino ekan. Klubdan chiqqach, gapni bir joyga qo‘yib, filmning avra-astarini ag‘darishdi.
— Eng alam qiladigani — haligi shumtaka aktyorlar o‘zlari kishnab kulishadi-yu, sen o‘tirgan joyingda parvoying falak, hatto iljayib ham qo‘ymaysan. Yo sen iljaydingmi?
— Yo‘q, — tan oldi Petka. — Faqat bir marta, ular mashinasi bilan ag‘darilib tushganda…
— Ana shu-da! Axir bizning pulimiz kuydi-ku, ikki so‘m, eski pul hisobida! Ular bo‘lsa, dimog‘lari chog‘, mazza qilib kulishdi, tamom-vassalom.
— Elburutdan tag‘in “Komediya” deb tamg‘a bosib qo‘yishgani-chi.
— Komediya emish!..Bunaqa komediya uchun tumshug‘ini yerga ishqalash kerak.
Uyga tajang bo‘lib qaytishdi.
Bu palla uydagilar televizorda qandaydir qishloq mavzuidagi filmni tomosha qilishayotgan ekan. Petkaning xolasi, ya’ni onasining singlisi ham eri bilan birga shu yerda ekan. Ular shahardan. Xullas, hammalari o‘tirishib televizor ko‘rishardi. (Chol bilan Petka televizorni “hazm qilisholmasdi”. “Bo‘ydoqligimda, akam Mikita uylangach, ularning go‘shangasiga tirqishdan mo‘ralagim kelaverardi.Bularning televizori ham shunga o‘xshash: bamisoli tirqishdan mo‘ralayotgandaysan”, — deydi chol.)
Xullas, hamma o‘tiribdi, tomosha ketyapti.
Petka darsini qilgani dahlizga o‘tib ketdi, chol bo‘lsa, orqaroqda turib besh daqiqacha tomosha qildi-da, dedi:
— G‘irt bema’nilik. Bunaqa bo‘lmaydi.
Petkaning otasi ranjidi.
— Jim turing, ota, xalaqit bermang.
— Yo‘q, bunisi ancha qiziq, — dedi shaharlik xushmuomala kishi… — Nega bunaqasi bo‘lmaydi deysiz, otaxon? Nega bo‘lmas ekan?
— A?
— U yaxshi eshitmaydi, — tushuntirdi Petkaning otasi.
— Men nega bunaqasi bo‘lmas ekan, deb so‘rayapman?! Qanday bo‘lishi kerak? — shaharlik kishi negadir oldindan kulimsirab, baland tovushda gapini takrorladi.
Chol unga yovqarash qildi.
— Bo‘lmaydi-da. Sen uni ko‘rib turib chindan ham duradgor deb o‘ylaysan, men bo‘lsam uni bir ko‘rishdayoq payqadim: hech qanaqa duradgor-puradgor emas u. Hatto boltani ham to‘g‘ri ushlolmayapti.
— Bular, Petka ikkovi, o‘zimizdan chiqqan tanqidchilar, — dedi Petkaning otasi cholning dag‘alligini sal yumshatish uchun.
— Qiziq, — dedi shaharlik. — Nega endi boltani noto‘g‘ri ushlaydi deyapsiz?
— Chunki men bir umr duradgorlik qilib kelgan odamman. “Nega endi?” emish.
— Buvajon, — gapga aralashdi Petkaning xolasi, — axir gap bunda emas-ku!
— Nimada bo‘lmasa?
— Masalan, meni insonning o‘zi ko‘proq qiziqtiradi. Tushunyapsizmi? Men bilaman, bu haqiqiy duradgor emas, bu – aktyor, lekin menga… menga hammadan qizig‘i…
— Mana shunaqalar studiyaga xat yog‘diradi-da, — dedi yana kulimsirab xolaning eri. Petkaning xolasi bilan uning eri juda aqlli kishilar edi, ular hamma narsani bilishardi. Ular chol bilan so‘zlashayotganda har zamonda jilmayib qo‘yishardi. Mana shunisi cholni jig‘ibiyron qilardi.
— Senga unisi muhim bo‘lmasa, mana menga muhim, — cho‘rt kesdi chol. — Seni laqillatish ularga hech gapmas, meni esa laqillatib bo‘pti!
— Xo-xo-xo! — quvnab kuldi shaharlik kishi. — Bopladimi?
Petkaning xolasi ham jilmayib qo‘ydi.
Petkaning ota-onasi chol tufayli ancha xijolat bo‘lishdi.
— Sizning ko‘nglingizni ovlash juda qiyin o‘zi, dada, — dedi Petkaning otasi, — yaxshisi, borib Petkaga yordamlashing. — Shaharlik kishi tomon engashib ohista tushuntirdi. — O‘g‘limga dars qilishda yordam berib turadi, ammo o‘zi alifni kaltak deyolmaydi. Qizig‘i shuki, o‘zaro bahslashib ham turishadi. Juda qiziq-da!
— Alomat chol, — qo‘shildi shaharlik kishi.
Hamma yana filmga berilib ketdi, chol esdan chiqdi. U orqada, xuddi otashkurakda qimchib tashlanganday, so‘ppayib qoldi. Yana ozgina turgach, Petkaning yoniga bordi.
— Kalaka qilishyapti, — dedi u Petkaga.
— Kim?
— Anavilar… — Chol narigi xonaga ishora qildi. — Sen, miyasi aynigan cholsan, hech baloni tushunmaysan, deyishyapti. Faqat ular tushunisharkan.
— Parvo qilmang, — yupatdi Petka.
Chol stolga o‘tirib, jimib qoldi. Keyin yana so‘zlandi:
— Sen ahmoqsan, ovsarsan, deyishyapti…
— Nima, dangaliga shunday deyishdimi?
— A?
— Dangal aytishdimi ahmoqsan deb?
— O‘tirib olib mazax qilishyapti. Ular ja-a ko‘p tushunarkan! — Petkaning ta’biricha, chol asta-sekin “zanjirini uzishga” chog‘lanardi.
— Parvo qilmang? — tag‘in tasalli berdi Petka.
— Tashrif buyurishibdi-da…Bilag‘onlar! — chol o‘rnidan turib, sandig‘ini kovlashtirdi, pul olib chiqib ketdi.
Bir soatdan keyin mast-alast qaytib keldi.
— O-o! – Petka hayron qoldi (bobosi kamdan-kam ichardi). — Sizga nima bo‘ldi?
— Haliyam o‘tirishibdimi? — so‘radi chol.
— Ha. Bormang u yoqqa. Keling, joyingizni solib beray. Nimaga ichdingiz-a?
Chol kursiga og‘ir cho‘kdi.
— Ular tushunarkan, sen bilan biz bo‘lsak hech nimani tushunmas ekanmiz! — chol ovozini ko‘tarib gapira boshladi. — Sen, boboy, ahmoqsan, hayotni tushunmaysan, deyishyapti. Ular bo‘lsa tushunisharkan! Puldor-da, hammasi, a? — Chol endi baqira boshladi. — Puling oshib-toshsayam burningni ko‘tarma! Bir umr halol ter to‘kib qaddim bukilgan! Endi og‘zimga talqon solib, jim o‘tirishim kerak emish? Sen o‘zing umringda qo‘lingga bolta ushlab ko‘rganmisan! — Chol eshikka qarab o‘dag‘aylab gapirar, ichkaridagilar televizor ko‘rishar edi..
Petka gangib qoldi.
— Qo‘ysangiz-chi, buva, qo‘ysangiz-chi, — u buvasini hovuridan tushirishga urinardi. — Keling, yechintirib qo‘yay. He, o‘shalarni!..
— Yo‘q, shoshma, men unga baribir aytadiganimni aytaman… — Chol o‘rnidan turmoqchi edi, Petka ushlab qoldi.
— Keragi yo‘q, buva!
— Shaharlik oliftalar! — Chol biroz shashtidan qaytib jimib qoldi.
Petka uning bir poy etigini sug‘urdi.
Shu payt chol yana boshini ko‘tarib:
— Hali men senga kulgi bo‘ldimmi? — dedi. Ko‘zlari yana telbavor yiltilladi. — Men senga bir og‘izgina gap aytaman! — Etigini olib, mehmonxonaga kirdi. Petka uni tutib qololmadi.
Chol mehmonxonaga kirib, etigi bilan qulochkashlab turib televizorga tushirdi.
— Mana senlarga!..Duradgorlaringga ham!
Ekran chil-chil bo‘ldi.
Hamma o‘rnidan sakrab turib ketdi.Petkaning xolasi hatto chinqirib yubordi.
— Kalaka qiladi-ya! — baqirardi chol. — Sen o‘zing umringda biron marta qo‘lingga bolta ushlaganmisan?!
Petkaning otasi cholni tutib qolmoqchi bo‘luvdi, u bo‘ysunmadi. Stullar taraqlab uchib tushdi. Petkaning xolasi yana chiyillab ko‘chaga otildi.
Petkaning otasi axiyri cholning qarshiligini sindirdi, qo‘llarini orqasiga qayirib, sochiq bilan bog‘lay boshladi.
— Yomon tuzladingiz meni, otaginam, yomon tuzladingiz, — derdi u zahrini sochib,cholning qo‘llarini mahkam tortib bog‘larkan. — Rahmat sizga.
Petkaning yuragi qinidan chiqib ketgandi, bu mojarolarga ko‘zlari baqraygancha uzoq qarab qoldi. Shaharlik kishi bir chetda, har zamonda boshini tebratib qo‘yardi. Petkaning oyisi shisha siniqlarini yig‘ish¬tirishga tushdi.
— Yomon tuzladingiz meni… — Petkaning otasi tishlarini beo‘xshov ishshaytirgancha hamon javrardi.
Chol yuztuban yerda yotgancha, soqollarini endi bo‘yoqdan chiqqan polga surkab baqirardi:
— Sen meni mazaxlasang, men senga bir og‘izgina gapiraman!.. Bir og‘iz gaplik holing bor o‘zi. Seningcha men ahmoq bo‘lsam …
— Axir men shunaqa dedimmi? — so‘radi shaharlik kishi.
— Gapirmang unga, — dedi Petkaning oyisi. — Ja-a quyushqondan chiqib ketdi. Betamiz.
— Sizlar men bilan bir stolda o‘tirishdan or qilasizlar, mayli! Lekin sen menga… Bunisi ham mayli, sadqai sar! — baqirdi chol. — Biroq unda sen menga ayt-chi: umringda o‘tin yorganmisan? A-a?.. Sen bo‘lsang meni duradgorlikni tushunmaydi, deysan, meni-ya!
Men mana shu qishloqning yarmini o‘z qo‘lim bilan qurganman.
— Tuzladingiz, baraka topgur, otaginam, tuzladingiz, — deya hamon nola qilardi Petkaning otasi.
Shu payt Petkaning xolasi va shu yerlik militsioner Yermolay Kibyakov kirib kelishdi.
— O‘h-o‘! — xitob qildi Yermolay og‘zining tanobi qochib. — Sizga nima bo‘ldi, Timofey tog‘a? A?
— Tuzladi meni – oshga pashsha tushdi, — dedi yana Petkaning otasi o‘rnidan turarkan.
Militsioner “hm-hm” deya kafti bilan iyagini qashlab, Petkaning otasiga qaradi.
U “roziman” degandek bosh irg‘ab, dedi:
— Shunisi kerak.Mayli, o‘sha yerda tunab kelsin.
Ermolay furajkasini olib, hafsala bilan mixga osdi, sumkasidan bir varaq qog‘oz, qalam oldi va stolga o‘tirdi.
Chol miq etmasdi. Petkaning otasi mojaroni bayon qila boshladi.Ermolay dag‘al kafti bilan kattakon boshidagi siyrak sochlarini siladi, tomoq qirib, ko‘ksini stolga tashladi-da, boshini chapga qiyshaytirib, yoza ketdi:
“Fuqaro Novoskoltsev Timofey Makarich, bir ming…”
— Nechanchi yili tug‘ilganidi?
— To‘qsoninchi!
“ Bir ming sakkiz yuz to‘qsoninchi yili tug‘ilgan, sobiq duradgor, hozir nafaqada.
Alohida shaxsiy alomatlari yo‘q… Mazkur Timofey shu yilning beshinchi sentyabr kuni uyga mast bo‘lib kelgan, bu mahalda uydagilar televizor ko‘rishayotgan edi. Mehmonlar ham bor edi”.
— Nima degan kino edi?
— Bilmadim. Qo‘yganimizda kino boshlanib qolgan ekan, — izoh berdi ota. — Kolxoz haqida.
“…Filmning nomini eslasholmaydi. Kolxoz haqida ekan: shuni bilishadi, xolos.
Timofey ham televizor ko‘ra boshlaydi. Keyin u : “Bunaqa duradgorlar bo‘lmaydi” deydi. Hamma Timofeyni tartibga chaqiradi. Ammo u haddidan osha boshlaydi. Yana, bunaqa duradgorlar bo‘lmaydi, bu qip-qizil yolg‘on, deydi. Duradgorlarning qo‘li, — deydi, — hech bunaqa bo‘lmaydi, deydi. Keyin qo‘lini ishga sola boshlaydi. Uni yana bir karra tartibga chaqirishadi. Shunda Timofey o‘ng poy etigini yechib turib ( molning terisidan, 43-45-razmer) televizorni bir uradi. Shubhasiz, hamma narsasini, ya’ni qaysiki, haligi — ko‘rsatadigan joyining abjag‘ini chiqardi.
Militsiya serjanti Kibyakov”.
Ermolay o‘rnidan turdi, bayonnomani ikki buklab, sumkasiga joyladi.
Petka so‘nggi daqiqagacha nimalar bo‘layotganini anglamadi. Ammo Kibyakov bilan otasi bobosini o‘rnidan turg‘izishayotgandagina tushundiki, hozir bobosini qamoqqa olib ketishadi. U ho‘ngrab yig‘lab yubordi va bobosining himoyasiga otildi.
— Qayoqqa opketyapsizlar uni? Bobojon, qayoqqa opketishyapti sizni? Keragi yo‘q, dada, olib qoling uni!..
— Otasi Petkani chetga surdi, Kibyakov bo‘lsa kulardi.
— Bobongga achinyapsanmi? Hozir biz uni oborib turmaga qamaymiz. Ho-zir…
Petka battar ho‘ngrab yubordi. Onasi uni chetga yetaklab, ovuta boshladi.
— Hech nima bo‘lmaydi unga, nega yig‘laysan? Bir kecha yotib qaytib keladi. Ertaga o‘zi izza bo‘ladi. Yig‘lama, o‘g‘lim.
Cholni kiyintirib, xonadan olib chiqib ketishdi. Petka hamon qaqshab yig‘lardi.
Shaharlik xolasi ham yoniga kelib ovutishga tushdi:
— Senga nima bo‘ldi, Petkajon? Axir uni hushyorxonaga olib ketishdi, hushyorxonaga! Tezda qaytib keladi.Bizning Moskvadagi hushyorxonalarda, bilasanmi, bunaqalardan qanchasi yotibdi?!..
Petka xuddi mana shu xolasi militsionerni boshlab kelganini anglab, uni zarda bilan turtdi-da, pechkaga chiqib, ko‘rpaga boshini burkagancha, uzoq va achchiq-achchiq yig‘ladi.
Rus tilidan Shodmon Otabek tarjimasi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 12-son