Chol sahardan holdan toydi. Azob beruvchi holsizlik yopirilib keldi. U bir oydan buyon darmonsiz edi, ammo bugungisi oshib tushdi – yuragining tubi yig‘lasa ham, qandaydir g‘am-g‘ussaga to‘lgan, shunday yomon ediki, qo‘rqinchli bo‘lsa-da, ajabtovur: bunday holsizlik hech qachon ro‘y bermagandi. Goh oyog‘i uvishib qoladi… Barmoqlari qimirlamaydi desa, yo‘q qimirlaydi. Goh chap qo‘li uvishadi, uni qimirlatgan edi – joni borday. Ammo bu qanaqa behollik bo‘ldi, xudo…
Peshingacha chidab kutdi: balki qo‘yib yuborar, balki yuragining ostiga sal-pal jon kirar – chekkisi, ichkisi kelar. So‘ngra angladiki: bu ajal edi!
– Onasi… hoy, onasi! – deb kampirini chaqirdi chol. – Bu… men o‘layotganga o‘xshayman.
– Yo xudoyim! – xitob qildi kampir, – yotib nimalarni o‘ylaysan-a?
– Meni bu yerdan bir amallab tushirsang edi. Juda qattiq, – chol pechka ustida yotgan edi. – Tushir.
– Bir o‘zim tushira olmayman. Yegorga boraymi?
– Bor. Uydamikan?
– Boya aylanib yurgandi… Boray-chi!
Kampir kiyinib, kulbaga oppoq sovuq tumanni kiritgancha chiqib ketdi. “Qishda o‘lim turgan-bitgani tashvish-da”, o‘yladi chol.
Qo‘shnisi Yegor kirdi.
– Sovuq quturdi-ku! – dedi u. – Shoshmang, Stepan amaki, sal isinib olay, oldingizga keyin chiqaman. Bo‘lmasa muzlab qolaman. Nima, tobingiz qochdimi?
– Ahvolim juda yomon, Yegor. O‘laman.
– E, qo‘ysangiz-chi, birdaniga bunday demang!.. Vahima qilmasangiz-chi!
– Vahimami, vahima emasmi – tamom. Juda sovuqmi?
– Ellik daraja bordir, – Yegor chekdi. – Dalalarda qordan boshqa hech vaqo yo‘q. Traktorlar bilan suryaptilar, ammo qayoqda deysiz!
– Balki yana yog‘ar.
– Boshqa nimayam bo‘lardi endi. Qani, endi tushamiz…
Kampir karavotga yostiq qo‘ydi, parto‘shakni to‘g‘riladi. Yegor yonlama turib, qo‘lini cholning tagiga tiqdi.
– Bo‘ynimdan qattiq ushlang… Ana shunday! Qandaydir yengil bo‘psizmi!..
– Kasallandim…
– Juda yosh boladay. Mening Kolkam og‘irroq…
Cholni karovotga yotqizib, ustini po‘stin bilan yopib qo‘yishdi.
– Papiros o‘rab beraymi? – taklif qildi Yegor.
– Yo‘q. Kerak emas. Yo xudo, – xo‘rsindi chol, – qishda o‘lsang, yomon bo‘ladi-da…
– Qo‘ysangiz-chi! – dedi Yegor jiddiy tarzda. – Bunday fikrlarga berilmang. – U kursini karovotga yaqin surib o‘tirdi. – Menga frontda mana bunday jonimga tekkandi! Men ham, kunim bitdi, deb o‘ylagandim. Doktor esa, yashashni istasang – yashaysan, istamasang – yo‘q. Men-chi, gapirolmayman. Yotaman-u, o‘ylayman: “Kim yashashni istamaydi, ahmoq odam? Shunday ekan, yotib “Yashayman!” – deb o‘ylang.
Chol ojiz jilmaydi.
– Qani, bir tortay, – deb so‘radi u.
Egor berdi. Chol tortib, yo‘talib qoldi. Uzoq yo‘taldi…
– Butunlay ozib ketganman… Tutun baribir qornimga bordi.
– Qayering og‘riyapti? – deb so‘radi kampir cholga rahmi kelib va negadir norozi holda.
– Hamma joyim… Butun a’zoyi badanim. Go‘yo butun qonimni so‘rib olishgandek holdan ketganman.
Uchovlari ham jim qolishdi.
– Men boray, Stepan amaki, sigirlarni sog‘dirish, ularga yem berish kerak…
– Boraver…
– Kechroq kelib, xabar olaman.
– Kirgin.
Egor ketdi.
– Holdan ketganing nimadan? Hech narsa yemaysan, ana shundan behollik, – dedi kampir. – Balki kurkani so‘yarmiz – sho‘rva pishirarman? Mazali, quvvat bo‘lar… A?
Chol o‘ylab qoldi.
– Kerak emas. Yemayman.
– Bitta kurka nima bo‘pti, xudo ko‘tarsin! Hechqisi yo‘q…
– Kerak emas, – yana bir bor ta’kidladi chol. Menga, yaxshisi, yarim ryumka vino ber…Sal-pal qonimni qizitar.
– Battar qilmasaydi…
– Hech narsa bo‘lmaydi. Balki salgina qizitar.
Kampir shkafdan choraktalik olib, shoshmasdan og‘zidagi latta tiqinni ochdi. Shishada yarimdan sal ko‘proq edi.
– Qara, battar qilmasin tag‘in…
– Aroq qachon battar qilgandi o‘zi, sen nima? – Chol o‘kinch bilan dedi. – Butun umr uning ustida qaltiraysanu, ammo tushunmaysan: aroq – birinchi dori. To‘nkasan qandaydir…
– Hozir shu gapni aytmasang-chi! – dedi kampir alam bilan. – “To‘nka” emish… Bir oyog‘ing u yoqda-yu, yana birovni badnom qilasan. Doktor bezovta bo‘lmaslikni buyurgan.
– Doktor… o‘lma, deydi, odamlar esa o‘lishyapti.
Kampir yarim qadah aroq quyib, cholga berdi. U ho‘pladi va sal bo‘lmasa tomog‘iga tiqilib qoldi. Hammasi qaytib keldi. U ancha vaqt harakatsiz yotdi. Keyin mashaqqat bilan:
– Yo‘q, endi ichib bo‘lmaslik aniq bo‘lib qoldi, – dedi.
Kampir unga achinish va rahmdillik bilan qarab qoldi. Qarab turdi, turdi-yu, birdan hiqillab yig‘lab yubordi:
– Chol… xudo ko‘rsatmasin-u, rostdan ham, o‘lib qolsang, yolg‘iz men nima qilaman?
Chol uzoq jimib qoldi, shiftga qattiq tikildi. Uning uchun gapirish og‘ir edi. Ammo u yaxshilab, batafsil gapirishni istadi.
– Birinchidan, Mishkadan aliment undirib ol. Unga: “Otang o‘ldi, onangni umrining oxirigacha boqishni senga buyurdi”, – deb ayt. Xo‘pmi? Agar u battollik qilib, ko‘zi ochilmasa, aliment undirish uchun sudga ber. Uyat-ku, o‘z yo‘liga, ammo yashash ham kerak. Yaxshisi, unga uyat bo‘lsin. Mankaga yozgin, o‘g‘lini o‘qitsin. Yigitchaning zehni o‘tkir. Ko‘p narsani yoddan biladi. “Otang o‘qishni buyurdi”, deb ayt, – chol charchadi va shiftga qarab qoldi. Uning yuzi ifodasi tantanavor va qatiy edi.
– Petkaga nima deyish kerak? – so‘radi kampir ko‘z yoshlarini artib: u ham jiddiy, ko‘z yoshi to‘kmay gapirishga shaylandi.
– Petkami?.. Petkaga tegma – u zo‘rg‘a bir amallab kun ko‘ryapti.
– Balki, sho‘rva pishirib berarman? Yegor so‘yib beradi…
– Kerak emas.
– Nima, yomon bo‘lib qolasanmi?
– Shunday. Sal dam olay, – chol ko‘zlarini yumdi va asta-sekin tinch nafas oldi.
U xuddi o‘likka o‘xshab qoldi: yuzida qandaydir parishonlik, bu yerda xos bo‘lmagan g‘alati bir sokinlik bor edi.
– Stepan! – deb chaqirdi kampir.
– Hm?
– Sen bunday yotma…
– Qanday yotmay, ahmoq? Birov o‘lyapti-yu, u esa, bunday yotma, deydi. Qanday yotishim kerak? To‘rt oyoqlab yuraymi?
– Men Mixeenani chaqiraman – badaningga zaytun moyi surkab qo‘yadi?
– Qo‘y-ey! U menga ko‘p yaxshiliklar qilgan… Kurkangni Mixeevnaga bekordan-bekor tiqishtiryapsan… Yaxshisi, bu kurkani Yegorga ber – u go‘rimni qazib beradi. Bo‘lmasa kim qazirdi?
– Qo‘rqma, topilar…
– “Topilar” emish! Keyin butun qishloqdan axtarib yurasan – bunday sovuqda kim qazishni istaydi? Qishning ishi… Yozda bo‘lsa edi…
– Senga nima bo‘ldi, o‘lasanmi yoki? Balki hali badaning sovimagandir?
– Hozir soviyapti. Oyog‘im, ana, qotib qoldi… Oh, xudoyim, xudoyim! – Chol chuqur xo‘rsindi. – Xudoyim… og‘ir bo‘ldi, men gunohkorni kechir…
– Stepan, sen biroz hushyor bo‘l. Yegor: “Har xil gaplarni o‘ylama”, – dedi-ku!
– U ko‘p narsani biladi! O‘zi xuddi ho‘kizday sog‘lom. Unga, o‘lma de, o‘lmaydi.
– Unday bo‘lsa, meni kechir, chol, agar aybdor bo‘lsam.
– Xudo kechirsin, – dedi chol zo‘rg‘a eshittirib. U yana nimanidir, juda zarur gapni aytmoqchi edi, ammo atrofga allanechuk boshqacha qaradi, qandaydir g‘alati bezovta bo‘ldi…
– Agnyusha, – dedi u zo‘rg‘a, – meni kechir… biroz qo‘rqoq edim…
– Burchakka qara-chi, kim u? Kim turibdi u yerda?
– Qayerda, Stepan?
– Ana, u yerda!.. – Chol qo‘liga tiralib ko‘tarildi, qandaydir ziyrak nazar bilan kulba burchagiga, oldinga qaradi. – Ana o‘sha-ku, ana… o‘tirdi-ku?
Egor kechqurun keldi…
Chol karavotda yotar, o‘tkir oppoq burni tepaga qaragandi. Kampir bosh tomonida o‘tirib ohista yig‘lardi…
Egor shapkasini boshidan olib, biroz o‘ylanib turdi, so‘ng ikonaga qarab cho‘qindi.
– Ha, – dedi – u, hammasini sezgan edi.
Ruschadan Fathulla Namozov tarjimasi
“Kitob dunyosi” gazetasidan olindi.