Ularni kechasi turmadan olib chiqib, shaharning zim-ziyo ko‘chalari bo‘ylab, allaqayoqqa olib ketishyapti. Ammo Avtux qaysi tomonga ketishayotganini bilolmay xunob. Usti yopiq mashinada deraza degan narsa yo‘q, biror joyida yilt etgan yorug‘ tushadigan teshigi ham ko‘rinmaydi, na tashqarida, na ichkarida biror narsani ajratib bo‘ladi. Avvaliga Avtux “qora qarg‘a”ga tushib qoldim deb o‘yladi. “Qora qarg‘a”ning nimaligini turmada o‘tirib rosa bilib olgan, qolaversa, uning to‘g‘risidagi gaplar qishloqda ham qulog‘iga chalingandi. Avtux bir oz mulohaza yuritib, bu fikrdan qaytdi — yo‘q. Ularni olib ketayotgan mashina “qora qarg‘a” emas. Kechasi ularni turma hovlisiga olib chiqishayotganda Avtux mashinaning qora emas, kulrangroq ekanligini payqagandi. Biqiniga ham nima balo degan kaltagina bir so‘z yozilgan ekan. Faqat Avtux bu so‘zni o‘qib ulgurolmadi. Mahbuslarni to‘rtta-to‘rttadan shoshilinch ravishda mashinaning qora qa’riga tiqishtirishdi. Avtuxning oyog‘idagi chipta kovushning ipi yechilib ketdi, uni bog‘lamoqchi bo‘lib engashgan edi, orqasidan tepki yeb qoldi — mahbuslarni mashinaga ortishga ko‘z-quloq bo‘lib turgan harbiy yigit jahlini shu tariqa namoyish qildi. U soqchimidi, yo boshqa biron balomidi — kim bilsin. Faqat tarashaday ozg‘in, bir chimdim mo‘ylovi ham bor. Avtux shosha-pisha mashinaning temir kuzoviga tarmashib chiqib oldi. U yerda oltitacha mahbus bir-birining pinjiga kirib olishgandi. Avtux chiqib olishi bilan kuzovning eshigi taraqlab yopildi. Mashina bir-ikki silkinib, hovlining adog‘iga yo‘l oldi va darvozadan chiqib, ko‘chadan goh bir tomonga, goh boshqa tomonga burilib yurib ketdi. Avtuxning chap tomonida charm kamzul kiygan notanish erkak o‘tiripti. Avtux uni bir marta tergovchining xonasida ko‘rgan. Endi tushunib bo‘lmayapti — u bu yerda nima qilib o‘tiripti? Yoki u ham qamalganmikin? Uni biron-bir boshqa turmaga olib ketishayotganmikin? Balki uni qo‘yib yuborishar? O‘zi ham rosa to‘rt oy turmaning nonini yedi-da! Endi chiqarib yuborishsa xo‘b yaxshi bo‘lardi! Sirasini aytganda, Avtuxning nima gunohi borki, uni jazolashadi? Avtux qanaqasiga polyak josusi bo‘lsin? Polshaga biron marta ham borib kelgan bo‘lmasa? Bor-yo‘q aybi chegarada yashaganimi? Xutorda… Yakka xo‘jalik bo‘lib…
Ha, albatta-da! Avtuxning eng katta gunohi ana shunda — uning yakka xo‘jalik bo‘lib yashaganida bo‘lsa kerak. Uch yil mobaynida yakka xo‘jalik bo‘lgani uchun boshiga shunaqa savdolar tushdiki, qo‘yaverasiz. Boshqa odam butun umri davomida buncha mushkulotlar ko‘rmasdan o‘tib ketishi ham mumkin.
— O‘rtoq… Hoy, o‘rtoq, — deb charm kamzul kiyib olgan qo‘shnisini astagina turtib so‘radi. — Bizni qayoqqa olib ketishayotganini bilmaysizmi?
— Kudikin adriga, — deb zarda bilan javob berdi qo‘shnisi bir oz dam saqlab turgach.
Bu qo‘shnining familiyasi Survila edi. U o‘tib borayotgan yo‘llarini qorong‘ida ko‘zini yumib turib aytib beraolardi — shahar markazidan uning chekkasiga borishadi, so‘ng shahar yonboshidagi qishloqlardan o‘tib, uncha olis bo‘lmagan o‘rmonga borishadi. U yerda narkomat o‘qchilarining miltiq otib mashq qiladigan maydoni bor. Bir vaqtlar mahbuslarni u yerga Survilaning o‘zi olib borardi. Ayniqsa, u komendaturada xizmat qilgan kezlarda bunday voqealar tez-tez ro‘y berib turardi. Keyin tergov bo‘limiga o‘tgandan so‘ng u yerga ikki-uch marta borib, TT to‘pponchasidan, ya’ni shaxsiy qurolidan otib mashq qilgan edi. Avvallari boshqarmadagi hamma chekistlarga nagan berilar edi, o‘tgan yili birinchi bo‘lib tergovchilarning hammasiga yangi TT to‘pponchasini berishdi — ular juda qulay, qo‘lga yaxshi tushadigan, dastalari qop-qora edi. Shu to‘pponchadan otib mashq qilishgan. O‘shanda Survila mashqda “yaxshi” baho olgandi. Endi esa bu mashqlarni boshqalar bajaradi. Amalda, manavilarning bo‘yniga otib mashq qiladi.
Mashina yurgan yo‘lida goh u tomon, goh bu tomonga chayqala boshladi. Survila, mashina shahardan chiqa boshlaganini fahmladi. Yaqin o‘rtada chog‘roq bir qishloq bor, ular chapga burilishlari kerak. Keyin… manzilgacha, ya’ni ular yetib borishi kerak bo‘lgan joygacha juda yaqin qoladi. Bor-yo‘g‘i yarim soatcha vaqt qoldi, keyin tamom. Hammasi manguga tamom bo‘ladi.
Lekin hamma narsaning tez orada tamom bo‘lishi Survilani uncha bezovta qilayotgani ham yo‘q. Bunga u bir oy avval, hatto sud bo‘lmasdan avval tayyor edi. U, uning gunohidan o‘tishmasligini bilar edi. Otib tashlashadi. Uning bo‘yniga qo‘yishgan ayblari, umuman aytganda, haqiqatga to‘g‘ri kelardi: u huquqini suiiste’mol qilgan, man etilgan usullarni qo‘llagan, qiynagan, suyaklarini sindirgan. Biroq bunaqa qilgan uning bir o‘zimi? Ularning boshqarmasidagi hamma xodimlar shunaqa ishlagan — jonini jabborga berishgan, tuni bilan mijja qoqishgan emas, har bir xalq dushmanidan mumkin bo‘lgan ma’lumotning hammasini sug‘urib olishgan. Bu mal’un dushmanlar esa rosa ularning asabiga tegishgan, gunohlarini tan olishni sira-sira istashgan emas, yolg‘on-yashiqlarni uyib tashlashgan, o‘zlarini oppoq qilib ko‘rsatmoqchi bo‘lishgan, eng mayda masalalarda ham tergovchining ko‘ziga cho‘p solishgan. Ba’zilar esa hatto qo‘l qo‘yib qo‘yganlaridan keyin ham sud vaqtida hammasidan tonishgan. Sudda ham o‘z bilganlaridan qolmay, hech narsadan xabarimiz yo‘q, hech qanaqa gunoh ish qilmaganmiz, zararkunandalik bilan shug‘ullanmaganmiz, josuslik qilmaganmiz, hech kimni yollamaganmiz deb oyoq tirab turib olishgan. Ish juda og‘ir edi — sharros terga cho‘mib, ularni tan olishga majbur qilish, familiyalarini, xufiya uylarini, uchrashadigan vaqtlarini bilib olish kerak edi. Ba’zan haddan oshirib yuborgan. Bu — to‘g‘ri. Biroq shunday qilgan bo‘lsa, buni o‘zi uchun emas, ishning foydasini ko‘zlab qilgan-ku! Anavi Semux deganlari so‘roq vaqtida uning xonasida o‘lib qoldi, o‘lgani-ku mayli-ya, sadqai sar, hamma gapni o‘zi bilan olib ketgani yomon bo‘ldi. Undan umid katta edi. Durustroq dag‘dag‘a qilingan edi, muloyimgina bo‘lib ko‘rsatma bera boshladi. Uning yordamida ularning razil tashkilotini tag-tugigacha fosh qilmoqchi edi. Ishning borishi shunaqa edi. U bo‘lsa, jonini jabborga topshirib o‘tiripti. Kuptsovni u o‘sha yangi TT to‘pponchasidan otib tashlovdi. Axir, Kuptsovning o‘zi mushtlarini o‘qtalib unga tashlangan edi-da… Bo‘yi ikki metr keladigan bu temirchining mushtlari shunaqa ediki, har qanday odamni ham ikki zarb bilan beligacha yerga kirgizib yuborar edi. Yaxshi hamki, Survila qurolini ishlatishga ulgurdi. Shu bilan u o‘zini ham, sherigini ham qutqarib qoldi. Ana shunaqa! Qani, xo‘sh, xolisanlillo qaraganda, uning nima aybi bor? Eng so‘nggi qonunga muvofiq hech narsaga rioya qilmay, qattiq tergaydigan bo‘lsa, ehtimol… to‘g‘ridir: aybi bor, albatta. Ammo inqilobiy proletarcha shuur asosida hukm qilsa-chi?.. Sirasini aytganda, u o‘zini unchalik himoya qilib ham o‘tirmadi, hammasini tan olib qo‘ya qoldi. Biroq ich-ichida uncha qattiq jazo berishmas-ov degan umid bor edi. Nima bo‘lganda ham, u biron-bir aksilinqilobchi bo‘lmasa, millatchi bo‘lmasa, o‘zlarining odami-ku — chekist-ku! Buni inobatga olmoqlari kerak-ku, axir. Inobatga olishmadi. U bilan ashaddiy xalq dushmanlari orasidagi tafovutga qarashmadi. Ular bilan bir mashinaga tiqilib o‘tirishipti-ya! Hali bir chuqurga tiqishmasa go‘rga edi. Shunisi alam qiladi-da!
Mashinaning ichida sukunat hokim edi. G‘ildiraklarning toshlarga tegib shitirlashi eshitiladi. Mashina har gal chuqurga tushganida kuzovning bir burchagida nimadir g‘ijirlaydi.
— Shunaqami? Kudikinga ketyapmizmi? — deb so‘radi Avtux xavotir bilan. U nimanidir tushunib yetmagan edi. Allanechuk yomon narsani sezib, kayfiyati butunlay tushib ketdi.
Avtux kayfiyatini sozlashga harchand unnab eplayolmadi. Qaytaga badtar bo‘ldi. U qorong‘ida besaranjomlanib, bezovta bo‘la boshladi, burnini tortdi, yo‘taldi. Uning o‘ng tomonidami, chapidami mashinada tanishi ketyapti. Hatto hamqishloq desa ham bo‘ladi. Adash. Uning ham familiyasi Kozel. U Avtuxdan ikki baravar yosh. Minskda pedtexnikumda o‘qiydi. She’rlari Minskda chiqadigan gazetalarda bosilgan. She’rlarining tagiga Feliks Yashin deb chiroyli imzo qo‘yadi. Avtuxning o‘zi bu she’rlarni o‘qigan emas, ular to‘g‘risida odamlardan eshitgan. So‘roq vaqtida tergovchi ham bir-ikki og‘iz ochganday bo‘lgandi. Lekin tergovda she’rlar to‘g‘risida undan ko‘p so‘rashgani yo‘q. Ko‘proq boshqa narsani so‘rashgan. Bu Kozel-Yashin Avtuxni aksilinqilobiy, aksilsho‘raviy, qo‘poruvchi-ayg‘oqchilar to‘dasiga qanday yollaganini surishtirdi.
Avtux past ovozda chaqirdi:
— Felya! Hov, Felya!
— Nima, — degan ovoz eshitildi mashinaning bir chekkasidan.
— Bizni qayoqqa olib ketishayotganikin?
— Hukmni ijro etgani, — deb xunob ohangda javob berdi Feliks. Uning ohangida aniq sezilib turgan tushkunlik Avtuxni badtar tashvishga soldi.
— Nahotki otgani…
— Bo‘lmasa-chi! Sen nima deb o‘ylovding!
— Menmi?.. Anaqa deb o‘ylovdim…
— O‘chir ovozingni undan ko‘ra…— deb gapni qisqa qildi hamqishlog‘i. Aftidan, ko‘ngliga qil sig‘masdi.
Haqiqatan ham, Feliks Yashinning gaplashadigan holi yo‘q edi, so‘roqlardan, kaltaklashlardan keyin ko‘kragi qattiq sanchib og‘rimoqda, nafas olishning imkoni bo‘lmayapti. U Avtux amakining bolalarday go‘lligiga hayron qoldi — u qayerga olib ketishayotganini chivdan ham bilmaydimi yo kunlari bitganini anglashni istamaydimi? O‘tgan kuni sud bo‘ldi — avvaldan tayyorlab qo‘yilgan qog‘ozlarni o‘n daqiqa davomida o‘qib berishdi. Bu qog‘ozlardan hukm e’lon qilinishidan avvaloq hamma narsa ravshan bo‘lib qolgandi. Aftidan, uning hamqishlog‘i, xutorda yashagan Avtux Kozelgina hech narsani anglamagan ko‘rinadi. U bu gal ham har doimdagidek o‘zining oilasi-yu, yakka xo‘jaligini o‘ylashdan bo‘shamagan bo‘lsa kerak.
Feliks Yashin turmada o‘tirib, jonajon qishlog‘i haqida ham, o‘zi o‘qiyotgan pedtexnikum to‘g‘risida ham, hatto o‘zining she’rlari haqida ham o‘ylamay qo‘ydi. U she’rlarini tartiblab bitta to‘plam ham qilgan va qamalishi arafasida uni nashriyotga topshirgan edi. Ammo muallifdan avval to‘plamni qatl qilishdi. Tergov vaqtida, so‘roqlarda tergovchilar bir-biriga gal bermay, uning hibsga olingan she’rlaridan parchalar keltirishar, ularni xohlaganlaricha buzib o‘qishar, satrlar orasiga yashiringan xufiya ma’nolarni hushyorlik bilan topishga harakat qilishardi. “Sahar chog‘i tiniq osmonda Suzib yurar oppoq bulutlar”. Xo‘sh, bu oppoq bulutlar nimani bildiradi? Nimani bildirardi? Bulut bulutni bildiradi-da… Boshqa nimani bildirsin. E, yo‘q, bekorlarni aytibsiz. She’riyatda bulut shunchaki bulut emas, uning boshqa ma’nosi ham bor deb e’tiroz bildiradi biqiniga to‘pponcha osib olgan “adabiyotshunoslar”. Qani, xo‘sh, sahargi bulutlar deganda qanday ma’noni ko‘zda tutasiz?
U hech narsani nazarda tutmoqchi emas edi, uning o‘rniga ular nimanidir nazarda tutishadi, lekin nimaligani aytishmaydi. Ularning fiqrlarida pinhon bo‘lgan narsani Feliksning o‘zi fahmlab olmog‘i va o‘zi ularga aytib bermog‘i kerak edi. Aftidan, shunday qilsa, aybini bo‘yniga olgan bo‘lardi. Tergovchilarga ayni shu kerak edi. Ammo u fahmlamadi va aybiga iqror bo‘lmadi. Shunda uni rosa kaltaklashdi — tayoq bilan oyoqlariga urishdi, etik bilan ko‘kragiga tepishdi, uch kechayu uch kunduz uxlagani qo‘yishmadi.
Keyin uni oq panlar Polshasi foydasiga josusliqda ayblay boshladilar. Uning yoniga qishloqda kolxozga kirishdan bo‘yin tovlab, yakka xo‘jalik bo‘lib yashagan Avtux amakini tirkashdi. Holbuki, Feliks o‘sha Avtux bilan bor-yo‘g‘i bir marta — o‘tgan yili Minskdan bemor otasini ko‘rgani kelganida gaplashgan, xolos. Doktor olib kelish uchun ot so‘rab borgan edi. Avtux amaki otini bermadi, kolxozdan ol dedi, ot o‘zimga kerak, yomg‘ir yog‘ib yubormasdan pichanni keltirib olishim kerak, dedi. Gaplari bor-yo‘g‘i besh daqiqagina davom etdi, xolos. Mana endi o‘sha daqiqalarning haqini to‘lashyapti. Ikkovlariga ham — oliy jazo,
— Birpas tek o‘tirsang bo‘lmaydimi? Ichida qurti bor odamday tipirchilaysan-a! — dedi qorong‘ida kimdir zardali ohangda.
— Biror narsa ko‘rinarmikin degandim. Mening qishlog‘im shu o‘rtada-da… — javob berdi tipirchilayotgan odam.
— Sen shaharlik emasmisan? — deb gap qo‘shdi eshik yonida o‘tirgan Survila. — So‘roqda Komarovkadanman deganding.
— Komarovkada yashaganman-da. Depoda ishlay boshlaganimdan keyin. Aslida Ko‘k Yaylovda tug‘ilganman.
— Ijtimoiy kelib chiqishing endi aniq bo‘ldi! — dedi Survila jinday sukutdan keyin. — So‘roqda nuqul ishchiman, temiryo‘lchiman derding. Tullaklik qilyapsan-ov, Shestak.
— Hech qanaqa tullaklik qilayotganim yo‘q. Qishloqda tug‘ilganman, to‘g‘ri. Lekin ishchiman. Buni e’tiborga olmoq kerak. Hali partiya a’zosiman.
— A’zosi eding! — deb gapni muxtasar qildi Survila.
Chekistning bu luqmasi, aftidan, Shestakka qattiq tegdi — uning yuragidagi og‘ir dardni qo‘zg‘atib yubordi.
— Partiya a’zosi edim va shunday bo‘lib qolaman. Ba’zi birovlarga o‘xshab partiyadan yuz o‘girmayman. Partiya oddida vijdonim toza!
Mashina kattaroq chuqurga tushib ketib, qattiq silkindi. Shoir Feliks Yashin ko‘kragidagi og‘riqdan ingrab yubordi. Oldinda o‘tirganlardan biri so‘kindi.
— Ablahlar! Kuning bitayotganda ham odamga o‘xshab muomala qilay deyishmaydi. He onangni, sening…
— Sekinroq so‘kinishning iloji yo‘qmi? — dedi Survila.
— Nima sekinroq? Sekinroq-sekinroq! Bor, yo‘lingan qolma…
— Sen kimsan? Familiyang nima?
— Senga nima? Tergovchimisan?
— Ha, tergovchiman. Familiyang nima deb so‘rayapman?
— Nima qilarding? Zaykovskiyman. Hammasi daftarlaringda yozig‘liq bo‘lsa kerak. He o‘sha senlarni tuqqan onalaringan… O‘zingni tugib o‘tirsang-chi, burjuyning dumi! O‘ligingni ortib olding-ku! — deb to‘satdan baqirdi u qorong‘ida kimgadir. — Axir, mening qo‘lim singan.
Sog‘ qo‘li bilan Zaykovskiy yonidagi odamning orqasiga turtdi. Mashina burilganida u ham Zaykovskiy tomon og‘ib ketib, unga ancha aziyat yetkazgandi. Uning yelkasidagi suyagi darz ketgan edi. Bu voqea bir hafta avval so‘roqda ro‘y berdi. Uni o‘sha kuni ikki tergovchi o‘rtaga oldi. Ularning biri yosh, chuvalchangday ingichka, ikkinchisi esa keksaroq, mo‘ylovdor, gimnasterkasiga orden taqib olgandi. Uni “Polsha josusiman, ayg‘oqchiman, familiyam Mlinets” deb tan oldirishmoqchi bo‘lishdi. Lekin Zaykovskiy josus emas edi, uning familiyasi ham Mlinets emas, sababki, u moskvalik xashaki bir o‘g‘ri edi. Moskvada uning bo‘yniga sakkizta talonchilikni osishgandi. To‘g‘risini aytganda, Zaykovskiyning talonchiliklari ko‘proq edi (o‘n uchta edi, shekilli), lekin u bir balo qilib suvdan quruq chiqar, na jinoyat qidiruv bo‘limining, na GPU, na militsiyaning qo‘liga tushar edi. Uning hayotiga Vanda suqilib kirmaguncha shunday bo‘lib yurdi. Bu razil chaqimchi ayol avval qo‘yniga oldi, keyin sotdi. U tavakkalchi, dovyurak va epchil edi, shu sababdan bu gal ham militsiyaning qo‘lidan chiqib ketishga muvaffaq bo‘ldi. Rost, qochayotganda navbatchi militsionerni u dunyoga jo‘natishga to‘g‘ri keldi. O‘sha kezlardayoq u Moskvada kuni bitganini tushunib olgandi, Moskvadan tusini shiqillatish fursati kelgandi. Shu asnoda u Minskda istiqomat qiladigan amakisini esladi. NEP zamonlaridan beri u bilan ko‘rishmagan edi. Minskka kelib, kerakli uyni allaqanday Zaslavskaya deb nomlanadigan pasqam ko‘chadan rosa qidirdi, nihoyat topdi, topdi-yu, darrov ish pachava ekanini tushundi — amakisi allaqachon allaqayerga gum bo‘lipti. Oldida yam-yashil bog‘i bor uyda butunlay boshqa odamlar istiqomat qilishar ekan. Ular amakisini bilish emas, hatto uning nomini ham eshitishmagan ekan. Uni qayerdan izlash kerak? Qayerda tunasa bo‘ladi? Vokzalga yo‘l oldi. Holbuki bilardi — unga o‘xshagan ucharlar uchun vokzal eng noqulay joy. Ammo nima iloji bor — rosa charchagan, kun bo‘yi oyoqda yurgandi. Buning ustiga yomg‘ir yog‘ib yubordi. Biror joyda o‘tirib, jinday hordiq olmog‘i, ust-boshini quritib olmog‘i kerak-ku! O‘ylaganidek, uni vokzalda qo‘lga olishdi. Jo‘ngina qo‘lga tushdi. Ikkita militsioner istehzoli kulib, o‘zlari bilan olib ketdi. Shu tarzda o‘zining bema’ni taqdir yo‘lini bosib o‘tdi — vokzaddagi kursidan aybdorning qora kursisigacha. Natija ma’lum — oliy jazo!
Agar yelkasi lat yemaganida, u, albatta, tavakkal qilib ko‘rardi. Hali kuchi bor — anavi suyaksindirar so‘roqparda bor kuchini qoqib olganlaricha yo‘q. Ammo bunaqa lat yegan yelka bilan bir qo‘li yo‘q desa ham bo‘laveradi. Bir qo‘l bilan esa hech narsani eplab bo‘lmaydi. Shuning uchun Zaykovskiy alamdan va nochorliqdan labini tishlashdan boshqa iloj topolmadi. Axir, u bema’ni taqdirini o‘zgartirishga ojizlik qilyapti-da!
Bu orada undan “burjuyning dumi” degan so‘kish eshitgan Valeryanov injiq qo‘shnisining yonidan nari surilib o‘tirdi. U bir og‘iz ham gap aytmadi. Umuman u tevaragida sodir bo‘layotgan voqealarga kam e’tibor berar, odatiga ko‘ra qobig‘iga o‘ralib olgancha, u yerga boshqa biron begonani yo‘latmas edi. Hatto turmada ham. Xoh yomon, xoh yaxshini. Bu la’nati zamonda “yaxshi” deganlari ham bir zumda chappa teskarisiga aylanib qolishi hech gap emasdi. Insonning eng oddiy yaxshiligi ham. Hatto hamdardlik ham. Valeryanovning jiyan singli urushdan keyin Krakovga borib qolgandi. Taqdir taqozosi bilan Minskka kelib qolgan akasining og‘ir qismati haqida tasodifan xabardor bo‘lib qoladi. Tabiiyki, akasiga rahmi keladi. Bahorda mavlud kunlari arafasida Valeryanov pochtadan xorijiy muhrlar bosilgan bir xaltacha oladi. Uning ichida ikkita bolalar ko‘ylagi, oq paypoq, o‘ziga xavfsiz ustara va yaltiroq qog‘ozlarga o‘ralgan konfetlar bo‘ladi. Uning hali maktab yoshiga yetmagan qizaloqlari uchun bu konfetlar olam-jahon shodlik keltiradi. Valeryanovning o‘zi ham juda xursand bo‘ladi. Chunki gimnaziyada o‘qiydigan singlisidan o‘n besh yildan beri birinchi marta xabar topishi edi. Ular o‘n to‘qqizinchi yilda Kiyevda ajralishgan va shundan beri Valeryanov jiyanimdan butunlay ajrab qoldim deb hisoblardi. Lekin uning xursandchiligi uzoq davom etmadi. Oradan bir oy ham o‘tmasdan, sahar chog‘i eshik taqillab qoldi. Xotini Dusya to‘shakdan sapchib turib, darhol yig‘i-sig‘isini boshladi. Saharlab eshik taqillasa nima bo‘lishini fahmlagan edi. Buni Valeryanov ham shu damdayoq fahmladi — u eshikni ochdi, ochdi-yu, qaytib yopmadi. Uning o‘rniga eshikni boshqalar yopdi. Chekistlar xonani boshdan-oyoq ag‘dar-to‘ntar qilib tashlashdi. Xotini jon-jahdi bilan ularga tashlandi. Ammo ayol kishining qo‘lidan nima ham kelardi. Ertasi kuniyoq ko‘ylaklar va paypoqlar Valeryanovning polyak razvedkasi bilan jinoyatkorona aloqasini isbotlovchi ashyoviy dalilga aylandi.
Bu uning inqilobdan keyin oltinchi qamalishi edi. Valeryanov o‘zini oqlay-verib, qo‘yilgan ayblarning o‘ta darajada bema’niligini rad qilaverib, joni halqumiga kelgandi. Shuning uchun so‘roqlarda har qanday tahqirlar va kaltaklarga chidab, ularni qandaydir tabiiy narsa deb hisoblar, ko‘pincha indamay o‘tirardi. So‘roqlar oralig‘ida esa o‘zining urushdan avvalgi uzoq o‘tmishdagi hayotini eslab, uning tafsilotlarini xotirasiga keltirib vaqt o‘tkazardi. Uning u hayoti keyingisiga mutlaqo o‘xshamasdi. To‘g‘ri, o‘tmishdagi hayoti ham bir tekisda o‘tgan emas — unda yaxshi voqealar ham, uncha yaxshi bo‘lmaganlari ham tiqilib yotardi. Ammo u paytlarda talaba bo‘lgan edi, harbiy xizmatni o‘tagan edi va hatto ikki marta sayyoh bo‘lib, Bolgariyaga va Avstriyadagi Alp tog‘iga ham sayohat qilgan edi. Krakovda esa hech qachon bo‘lmagan va bu notanish shahar uning taqdiriga shu qadar fojiona ta’sir qilishini xayoliga ham keltirmagandi.
Kechasi kamerada odamlarning shovqin-suroni jinday tingan kezlarda Valeryanov ibodat qilar, ya’ni Xudo bilan tillashardi. U xudodan o‘zi uchun emas, hozir allaqayoqlarda qolib ketgan ikki farzandi uchun iltijo qilardi. Uning boshqa iltijo qiladigan yaqini yo‘q edi. Xotini uchun xudodan shafqat so‘rashning foydasi yo‘q edi. Chunki Valeryanov xotinining fe’lini yaxshi bilardi. Bunaqa fe’lu-atvor uchun uni siylab o‘tirishmaydi. Birovning yomonligiga esa jirtaki ayollarga xos qiziqqonlik bilan javob berar, qarshisida turgan odam tergovchimi, soqchimi yo turma boshlig‘imi ekaniga qarab o‘tirmasdi. Valeryanov o‘z tajribasidan bilardiki, bunaqa odamlar turmada kun ko‘rolmaydi — yo ularni o‘ldirib yuborishadi, yo ular o‘zlarining joniga o‘zlari qasd qiladi.
Uning birinchi xotini dvoryanlardan edi. Undan inqilob kezlari ayrilib qoldi. Keyin u farroshning qizi Dusyaga uylandi — endi farroshlarning davri keldi deb o‘ylagandi u. Adashgan ekan. Aftidan, yangi hayot na ularga, na boshqalarga mos kelardi. Dusya bilan birga turmush kechirishga qo‘yishmadi, Dusyaning o‘ziga ham yashashga imkon berishmaydi. Maktab yoshiga yetmagan qizaloqlari qolib ketdi — ularning ahvoli nima kecharkin?
Hademay boshiga tushadigan musibat to‘g‘risida Anton Arkadevich unchalik o‘ylamaydi, chunki biladiki, uning ustidan hukm o‘tgan kuni chiqarilgani yo‘q, balki bu hukm o‘n yettinchi yildayoq chiqarib qo‘yilgan. Yana shuncha yillardan beri tirik yashab yurgani qiziq — nazariy jihatdan bular aql bovar qilmas gaplar bo‘lib tuyuladi, lekin amalda shunday bo‘lib chiqdi. Shuncha yil faqat bir kuni otilsin uchun yashaydimi? Yurak hovuchlab yashagan bu yillar nima berdi unga? Xotini uchun, o‘zi uchun, undan tug‘ilgan farzandlar uchun bitmas-tuganmas qo‘rquv, adadsiz tashvish berdi, xolos. Har holda, oila qilib yaxshi ish qilmagan ko‘rinadi — undan vatangado, yupun, yetim-esirlar qolmoqtsa. Endi kim yordam beradi ularga? Yaxshi odamlarmi? Qani o‘sha yaxshi odamlar? Hamma-si qirilib bitdi-ku! Faqat yakkayu-yagona Iloh, pakkai Parvardigor qoldi, xolos. Faqat Parvardigorgina bu bokira go‘daklarni pushti-panohiga olmog‘i mumkin.
Shahardan chiqqandan keyin mashina katta yo‘ldan kichikrog‘iga burilganga o‘xshaydi, uning harakati sekinlashdi, o‘nqir-cho‘nqirlarda bahaybat kuzov chayqalib borardi. O‘qtin-o‘qtin mashinaning motori kuchayib, zo‘r-bazo‘r ishlayotgandan, mana — hozir to‘xtab qoladiganday tuyulardi. Partiya a’zosi — bolshevik Shestak ham bu yo‘lni juda yaxshi bilar va hozir qayerdan ketib borishayotganini bexato aniklay bilardi. Turmadan olislaganlari sari g‘am ichini kuchliroq kemirib borardi. Turmaga tushganiga olti oy bo‘ldi. Bu muddat davomida u taqdiri uchun kuyib o‘zini o‘zi ado qildi deb aytib bo‘lmas – turmada uning xuddi xizmatdagiga o‘xshash vazifalari bor edi. Shestakning VKP(b) a’zosi bo‘lganiga ikki yildan oshib qolgandi — u ishchilar sinfi va uning ilg‘or otryadi bolsheviklar partiyasining yetakchilik rolini juda yaxshi tushunardi. Modomiki, u hozir turmaga tushib qolgan ekan, bu yerda ham u o‘zini bolshevikchasiga tutmog‘i kerak, ya’ni organlarga xalq dushmanlarini fosh qilishda yordam bermog‘i zarur.
Ma’lumki, dushmanlar juda makkor odamlar, ustalik bilan niqoblanishadi, ayyorlik qilishadi, aldashadi, ularni fosh qilmoq uchun juda katta kuch sarflash kerak. Shestak kuchini ayamadi, o‘zini jo‘n odam qilib ko‘rsatdi, odamlarni gapga soldi, ular gapirgan gaplarni tinglab, eslab qoldi. Ba’zan u odamlarga maslahatlar berardi. Yakka xo‘jalikchi Kozelga donolik bilan maslahat berib, hamma aybiga iqror bo‘lishi va tergovchi talab qilganda hammasiga imzo chekishi kerakligini aytdi. Shundoq qilsa, kamroqqa kesilishi mumkin ekan, omadi kelib qolsa, bo‘shatib yuborishlari ham hech gap emas. O‘jarlik qiladigan bo‘lsang, badtar bo‘lasan. Otib tashlashlari ham mumkin. Kozel bu gaplarga chippa-chin ishondi, shekilli, ko‘p paysalga solmay, hammasiga qo‘l qo‘yib berdi. Tergovchi Kutasov mamnun bo‘ldi, yakka xo‘jalik tarafdorini tergovga chaqirmay qo‘yishdi, u sho‘rlik ancha xotirjam bo‘lib qoldi, qo‘yib yuborishlarini kutaboshladi. Shestak badniyat odam emas edi, o‘zi ham Kozelni qo‘yib yuborishlariga ishonishga tayyor edi. Rost-da, Kozel ham xalq dushmani bo‘ldi-yu… Ongi yetishmaydi, xolos. Ammo ayni ana shu Kozel voqeasidan keyin Shestakning ham hamma ilinjlari chippakka chiqqanday bo‘ldi, nima sababdandir uning o‘zidan ham shubhalana boshlaganday bo‘lishdi. Albatta, shubhalanishlari behuda edi, uning hech qanaqa gunohi yo‘q edi, unga nima deyishsa hammasini bekamu ko‘st ado etar edi. Undan temir yo‘ldagi zararkunandalik haqidagi ko‘rsatmaga imzo chekishni talab qilishdi. Bu unga uchchiga chiqqan adolatsizlikday ko‘rindi. Biroqtergovchi Kutasov unga tushuntirdi: VKP(b) a’zosi sifatida u organlarga gap qaytarmasligi kerak, balki maxfiy va faxrli ishlarida ularga yordam bermog‘i darkor. Shu narsa esida bo‘lmog‘i kerakki, organlar adashmaydi. Mayli, avvaliga shunday tuyulmog‘i mumkinki, kimnidir noo‘rin ayblashyapti, unga nisbatan adolatsizlik qilishyapti. Ammo o‘ta xavfli josuslarni fosh qilmoq uchun shunday qilmoq kerak. Bundan tashqari, kimdir o‘zini fido qilmog‘i ham kerak-ku! O‘tmishda otashin inqilobchilar ishchilar sinfining manfaatlari uchun, Lenin-Stalinning ulug‘ g‘oyalari uchun shunday qilishgan. Vaqti keladi — partiya hamma narsaga adolat yuzasidan baho beradi, hech kimning xizmati unutilmaydi. Ishning bunaqa tus olishi Shestakka unchalik yoqinqiramadi. Albattainki, Shestak partiyaga va uning organlariga yordam berishga hamisha tayyor edi. Ammo hozir tergovchi jon-jahdi bilan urinib, uni shunaqa yo‘lga boshlayaptiki, bu yo‘lda muayyan xavf-xatar bor. Birdan-bir taskin beradigan joyi shundaki, partiya chuqurroq ko‘radi va organlar adashmaydi. Shunday o‘yga borib, yuragi zirillab tursa-da, ko‘ndi. Qog‘ozga imzo chekdi. Unda go‘yoki Panteley Ivanovich Shestak “Erkinlik uchun olg‘a” (EUO) degan nomdagi zararkunandalar guruhining a’zosi bo‘lgan, bu guruhga temir yo‘llar xalq komissarining muovini Bulesh rahbarlik qilgan deyilgan edi. Tergovchilar unga siz bu guruhda organlarning xufiya odami sifatida qatnashgan bo‘lishingiz mumkin deyishdi. Bu gap ham unga ancha tasalli berdi. Eng muhimi — hozir ko‘nib, imzo chekish, keyinchalik sudda hamma narsadan tonadi, shu bilan uni oqlab yuborishadi. Sudyalar — malakali chekistlar, ular organga xizmat kiladigan odamlarni xafa qildirib qo‘yishmaydi.
Hozirga qadar Shestakning ishlari ancha silliq ketayotganday edi. So‘roqlarda unga xushmuomalada bo‘lishar, ba’zan esa hatto choy-poy ham quyib berishardi. Lekin so‘nggi kunlarda nimadir ro‘y berdi! Bir hafta mobaynida uni butunlay tergovga chaqirishmadi — go‘yo uning shu yerdaligini unutib qo‘yishganday. Keyin sudga olib borishdi. Shestak shunchaki xo‘jako‘rsinga sud bo‘ladi, deb o‘ylagan edi. Yo‘q, unaqa emas ekan, xo‘jako‘rsinga bo‘lib chiqmadi. Soqchilar unga juda dag‘al muomala qilishdi, sudyalar qahr bilan qarshi olishdi. Qisqagina savol-javoblar unga juda bema’ni tuyuldi — sudyalari tushmagurlar uning organlar bilan yashirin hamkorlik qilganidan bexabarga o‘xshashadi. Tergovchi Kutasov ularga bor gapni to‘la-to‘kis aytmaganmi, nima balo? “Oliy jazoga!” deb unga hukmni e’lon qilishganda, u chin yuraqdan hayron qoldi. Lekin shu lahzadayoq bir fikr kallasiga keldi: aftidan, shunday bo‘lmog‘i kerak. Har nima deganda uning o‘zi yolg‘iz sud bo‘layotgani yo‘q, qora kursida o‘tirgan xalq dushmanlari bisyorgina. Demak, ular bilib qolmasliklari uchun niqob ostida ish olib bormoq kerak. Loaqal anavi Avtux Kozelni olaylik. U ham oliy jazoga hukm qilindi. Keyin Shestakning javobini berib yuborishadi. Axir, nima gunohi borki, uni otib tashlashsin? Olti oy mobaynida turmada o‘tirib tortgan azoblari uchun va organlarga ko‘rsatgan xizmatlari uchun uni mukofotlash darkor. Bir necha kun davomida u kamerada sabr-toqat bilan kutdi. Lekin bundan hech narsa chiqmadi. Keyin tergovchi kelishini talab qila boshladi. Bir kuni u qattiq tashvishlanganidan eshikni taqillatishga tushdi, shunda ikkita nazoratchi kirib, uni o‘lgiday do‘pposlashdi. O‘shanda u birinchi marta ishlari juda chatoq ekanini tushundi. Biroq hamma narsaning pachavasi chiqishiga ishongisi kelmasdi. U Kutasovning kelib qolishini kutardi. Kutasov kelsa, ishlar yurishib ketadi, hamma narsa joy-joyiga tushadi. Balki bu Kutasov deganlari turmada emasdir, balki biror yoqqa safarga ketgandir. Masalan, Moskvaga. Axir, turmada organlarning sadoqatli yordamchisi, partiya a’zosi Shestak uni poylab o‘tirganini esidan chiqarib qo‘ymaydi-ku!
Tunda ularni mashinaga o‘gqazish uchun olib chiqishganda, u tergovchini izladi. Ammo bu yerda Kutasov yo‘q edi. Xuddi yer yorilgan-u, Kutasovni yer yutgan. Shu lahzada yana bir fikr Shestakning joniga ora kirdi: ha, Kutasov otish oldidan paydo bo‘ladi-yu, eng so‘nggi daqiqada uni boshqalardan ajratib oladi. Endiliqda uning uchun eng muhimi xuddi avvalgidek sirini fosh qilib qo‘ymaslik, qat’iyatli bo‘lish, oxirigacha o‘zining yashirin burchini ado etish. Shunda hamma narsa joyida bo‘ladi. Joyida bo‘lmog‘i kerak.
Birdan mashina keskin og‘ib ketdi, uning ichidagilar bir silkinib tushdi, motor o‘kirib yuborganday bo‘ldi, ular to‘xtab qolgandek edilar. Survila fahmladi — mashina loyga tiqilib qoldi. Yo‘lning dabdalasi chiqib ketgan, hatto yog‘ingarchilik bo‘lmagan vaqtlarda ham bu yerda ko‘lmak bo‘lib yotardi. Kecha yomg‘ir boshlangan, ko‘lmaklar yana ham ko‘paygan bo‘lsa kerak. Eshikning yonida o‘tirgan ko‘yi Survila loyga tiqilib qolgan g‘ildiraklar ostida suvning shaloplayotganini eshitdi. G‘ildiraklar turgan joyda aylanar edilar. Kabinaning eshigi taraqlab ochildi, yon tomondan erkak kishining serjahl ovozi eshitildi — ular bilan birga hukmni ijro etishga ketayotgan komendant yordamchisi Kostikov kabinadan yo‘lga tushgan edi.
— Chaproqqa bur, chapdan ol, ablah! — deb g‘azab bilan baqirdi u shofyorga. Shofyor esa ustma-ust gazni bosar, motor o‘kirar, mashina turgan joyida silkinar edi-yu, yurmas edi. G‘ildirak aylanib, loyni behuda qorardi.
— Qani, menga ber-chi…
Kostikov gazni bosa boshladi — u bir oz qattiqroq bosar, keyin kamaytirardi. Lekin bularning bari behuda edi — mashina borgan sari loyga chuqurroq botib borardi.
… Bir zamonlar ana shu Kostikovni rayondan turma boshqarmasiga o‘tqazishgan edi. U paytlarda u endigina organlarda xizmat qila boshlagan yoshgana yigitcha edi. O‘sha oqshom navbatchilik qilayotgan Survila uni birinchi bo‘lib qarshi oldi. Ozg‘in, tortinchoq Kostikov uning turma tartiblari haqidagi, mahbuslar bilan pachakilashib o‘tirish mumkin emasligi to‘g‘risidagi gaplarini indamay tingladi. Albatta, bu gaplarning hammasi uning uchun yangilik edi, Survila esa chekistlik ishida birmuncha tajriba to‘plagan, hozir esa shu tajribasini yangi odam bilan baham ko‘rishga tayyor edi. O‘sha kuni u yosh xodimga ijaraga oladigan uyni qayerdan izlash haqida ham yaxshi yo‘l-yo‘riq berdi. Haqiqatan ham, Kostikov ko‘p o‘tmay Kalvari qabristonining orqa tomonidan bejirimgina bir uyni ijaraga oddi. Keyin u Survilani uyiga chaqirdi. Ikkovlari rosa to‘yib ichishdi. Bir necha muddat o‘tgandan so‘ng Survila ko‘tarilib ketdi — uni tergov bo‘limiga o‘tkazishdi. Kostikov esa komendaturada avvalgi mansabida — komendant yordamchisi bo‘lib qoldi. Endilikda Survilaning chekistlik faoliyati fojiona tarzda xotimalanadigan bo‘lganda shu Kostikov tergov bo‘limida uning o‘rnini egallamasa go‘rga edi. Egallasa nima — Survilaning e’tirozi yo‘q — Kostikov yomon yigit emas, yoshligaga qaramay, haqiqiy chekist desa bo‘ladi.
Nihoyat, komendant yordamchisi mashinani botqoqdan faqat motorning kuchi bilan chiqarib olish mumkin emasligini tushundi, shekilli, gazni kamaytirib, kabinadan pastga tushdi. Temirning temirga urilib jaranglagani eshitildi.
— Qani, itaramiz. Sen — Nikolay va sen — Kozel, tushlaring bu yoqqa. Ular eshikka yaqin o‘tirishardi. Darrov o‘rinlaridan turishdi. Survila o‘ylab o‘tirmay, to‘g‘ri loyga sakradi. Avtux oyoq qo‘ygani joy topolmay, bir oz taysallandi. Ammo Kostikov yana bir po‘pisa qilgan edi, Avtux oyog‘ida chorig‘i bilan beso‘naqay bir tarzda ko‘lmakka tushdi.
— Qani, bo‘llaring! Men aytishim bilan baravar itarasanlar, — deb buyruq berdi Kostikov yo‘lning chekkasida turib. — Bo‘laqol, shofyor, gaz ber-chi! Ha, bir-ikki, oldik…
Ular ancha botib qolgan mashinani orqa tomondan bor kuchlari bilan itara boshlashdi. Bir tomonda Survila, yana bir tomonda Avtux. Hali qorong‘i edi. Yo‘ldan nariroqda kichikroq bir o‘rmon, osmondan mayda yomg‘ir urib turipti. Avtomobil g‘ildiraklari chir aylanib, ularning ust-boshini loyga botirdi. Ko‘p o‘tmay Survilaning charm kamzuli ham, Avtuxning movut choponi ham shalabbo bo‘dtsi. Ular ko‘lmak tagidagi sirpanchiq yerga oyoqlarini tirab, jon-jahdlari bilan harakat qilishar, lekin mashina joyidan siljimas edi, aksincha, u badtar botdi. Buni ko‘rib, Kostikov shoferga: “Hadeb gaz beraverma, benzinni ado qilasan” deb baqirdi. Survila bilan Avtux hansirab qadlarini rostladilar. Sukunat ichida mashinaning kuzovidan iltijoli bo‘g‘iq ovoz eshitildi:
— Qani, menga ham beringlar-chi… “Ha” degan tuyaga madad.
Ovoz Shestakniki edi, komendantning yordamchisi bir zum dudmallandi.
— Bo‘pti. Qani…
Kostikov bir oyog‘i bilan ko‘lmakda turganicha kuzovning eshigini ochdi, u yerdan ko‘ringan Shestak shalop etib loyga tushdi.
Uch kishilashib ular yana mashinani itarishga tushishdi, ammo ularning bu harakatlari ham zoye ketdi. Motor cho‘zib uvillar, mashina silkinar va chayqalardi, lekin joyidan qimirlamas edi. Kuzovda mashina bilan birga Feliks Yashin ham silkinardi. Uning xayolidan “men ham mashinadan chiqib, qolganlarga yordam bersam bo‘larmidi, odamlar jonini jabborga berib ishlayotganida qo‘l qovushtirib o‘tiraverish yaxshi emas” degan o‘y o‘tdi. Ammo uni chaqirishmadi. Endi chaqirishmasalar ham kerak. U dushman, dushman bo‘lganda ham, albatta, hamqishlog‘i Avtuxga yoki anavi ishchi — partiya a’zosi Shestakka qaraganda o‘n chandon badtarroq dushman. Chekist Survila to‘g‘risida gapirmay qo‘yaqolsa ham bo‘ladi. Survila bu yerda nima qilib yurganini Feliks sira tushunmay garang edi. Uning ishi boshqalarnikidan alohida ko‘rildi. To‘g‘risini aytganda, bu shoirning parvoyiga ham kelmaydi. Bor gap ham shu: boshqalarning ishiga burun tiqishni yomon ko‘radi. Faqat Avtux Kozelning taqdirigina uni jinday tashvishlantiradi, xolos. Lekin bir narsa g‘alati edi — nechuk komsomol shoirning ishini yakka xo‘jalik tarafdorining gunohi bilan bog‘lashdiykin? Ularning hech qanaqa qarindosh-urug‘chiligi tugul, oshna-og‘aynigarchiligi bo‘lmasa? Feliks Yashin adabiyotda ko‘zga tashlanib qolgan edi, Kozel Avtux esa o‘zining chalasavodligi vajidan gazeta ham o‘qimagan bo‘lsa kerak. Shunga qaramay, ikkovlarini bir arqon bilan tushovlashdi. Darhol emas, turmada anchagina o‘tirganidan keyingina Feliks angladiki, u umuman, she’rlari tufayli qopqonga tushib qolgani yo‘q, balki belorus tilida yozgani uchun hibsga olindi. Ruscha she’rlar siyosiy jihatdan beloruscha she’rlardan xavfsizroq edi. Nima jin urib u belorus she’riyati bilan shug‘ullanib yuripti? Ochig‘ini aytganda, unga rus she’riyati o‘n chandon ortiqroq yoqardi. Pushkin, Lermontov, ayniqsa, Fetni aytmaysizmi? Ammo bir vaqtlar Fet yozganiga o‘xshatib yozmoqning imkoni yo‘q — komsomol do‘stlarining masxarasiga qoladi. Mayakovskiydan o‘rnak olmoq kerak. Ammo Feliks Yashin Mayakovskiyni ko‘p ham yoqtiravermas edi. U “Yosh avlod” uyushmasiga qo‘shildi. Boshqa yosh shoirlar ham shu uyushmaga kirishgan edi. Shundan keyin Feliks hamma joyda urf bo‘lganidek, balandparvoz, jo‘shqin she’rlar yoza boshladi. Vujudiga singishib ketgan tug‘ma diddan, meshchanlikdan qutulishga harakat qildi. O‘rmonni ko‘rganda iyib ketish, qarag‘ayga muhabbat izhor qilish kimga ham kerak deysiz! Bularning hammasi siyqasi chiqib ketgan. Kundalik hayot hodisalariga yuz o‘girmoq kerak. Boshqa estetikani o‘zlashtirmoq lozim. Bu estetika zavod tsexlarining guldurosiga, fabrika mo‘rilaridan chiqqan tutunlar dudiga, kommunizm quruvchilarining kollektiv mehnatiga to‘lig‘dir. Uning ijodida nimalardir endi-endi qovushib kelaboshlagan edi. “Sovet Belorussiyasi” poeziya obzorida yosh proletar shoirlari qatorida uning ham nomini sanab o‘tgan va “May ohanglari” degan eng yaxshi she’ridan bir baidni misol keltirishgandi. Iste’dodining rasman tan olinganidan qanoatlangan Feliks bunaqa she’rlardan yana bir dyujinasini sharillatib yozib tashladi va o‘zini pixini yorgan inqilob kuychisi deb his qila boshladi.
Uning hamma ishlari yurishib ketdi. Shunday paytda qamalib qoldi-da… Birov chaquv qildimi, kayf ustida aytib yuborgan biror gapini yetkizdimi? Turmada avvaliga faqat she’rlar masalasida so‘roq qilishdi, keyin esa she’rlar masalasida pichoqqa ilinadigan gap chiqmasligini tushunishdi, shekilli, uni Avtux amakiga bog‘lashdi — polyak josusi ekaningni tan olasan deb turib olishdi. Aftidan, Avtuhdan ham shuni talab qilishgan ko‘rinadi. Va maqsadlariga yetishdi ham. Avtux amaki dehqonda — ongi yetishmaydi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, so‘roqlarga dosh berolmadi — Feliks meni polyak razvsdkasiga ayg‘oqchi qilib yolladi, men uni chegaradan o‘tkazib qo‘yishim kerak edi deb ko‘rsatma berdi.
Tashqarida mashinaning silkinishi va itaruvchilarning inqillab-sinqillashlari birdan tinib qoldi. Faqat motor sekin guvillab turardi. Komendant yordamchisi tushkun ohangda dedi:
— Uzil-kesil botdikmi?
— O‘qiga o‘tirib qoldi, — deb horg‘in javob berdi Shestak. Feliks Yashin astagina eshikni taqillatdi:
— Men ham yordamlashib yuboraymi? Har holda, to‘rt kishi bo‘lsak… Tashqaridan hech kim javob bermadi, lekin eshik g‘ijirlab lang ochildi.
— Qani, chiqhammang. Hammalaring chiq, he onalaringning oyog‘idan osib… Itarlaring. Hamjihatlik bilan. Birgaliqda! — deb po‘pisa qildi komendant yordamchisi.
Ammo bu gal po‘pisasining qo‘rquvlik joyi yo‘q edi — uning nomigagina dag‘dag‘a qilayotgani shundoqqina ko‘rinib turardi. Endi uning buyrug‘i go‘yo erkalayotganday eshitildi. Buni ko‘rib, Feliks unchalik yomon odamga o‘xshamaydi deb o‘yladi. Ikki oy turmada o‘tirib, so‘roqlar berib, u ancha-muncha xo‘rliklar tortgan edi. Shuning vajidan ularning o‘rtasida bironta ham insonga o‘xshaga-ni yo‘q, hammasi yirtqichdan badtar degan to‘xtamga kelgan edi. U loaqal sunggi nafasi oldidan bironta risoladagi odamga ro‘para kelishga zor edi. Qani endi bu odam ularning kulfatiga jindakkina hamdardlik ko‘rsatsa, ularning holini tushunib, zig‘irdek achinsa… Shunda Feliks garchi eng oliy sotsialistik jazoga hukm qilingan bo‘lsa ham, o‘zini bir qadar odam dsb hisoblagan bo‘lardi.
Feliks Yashin kuzovdan qorong‘ilik qo‘yniga sakradi va tizzasigacha loyga kirib ketdi. Ammo undan keyin qolgan ikki kishi ko‘pda oshiqavermadi. Komendant yordamchisi yana dag‘dag‘aga tushdi:
— Hoy ablahlar! Kutib o‘tiramanmi senlarni? He onalaringni…
— E, toshingni tersang-chi! — Kuzovdan Zaykovskiyning bo‘g‘iq ovozi eshitildi. — Men mahkumman. Menga mashina itarish mumkin emas.
— Mumkin emas? Nega endi? — dedi hang-mang bo‘lgan Kostikov.
— Shunaqa! RSFSR Jinoyat majmuasi. Bir yuzu yigirma yetgi — prim moddasi. O‘qiganmisan?
Nima deyishini bilmay qolgan Kostikov yo‘lning chekkasida oyoklarini keng qo‘yganicha bir daqiqaga indamay qoldi. Boshqalar ham hansiragancha tek turishardi. Feliks Yashin mashinani itarish qulayroq bo‘lsin deb o‘zini moslamoqda. Ko‘kragidagi sanchig‘i bu ishni oson bajarishga qo‘ymas edi.
— Aldayapti! Bu to‘g‘rida modda yo‘q, — dedi Survila.
— Yo‘q bo‘lsa nima? Baribir, chiqmayman. Menga desa, yorilib o‘llaring. Otishga hukm qilganlaringdan keyin, marhamat qilib, qatl joyiga sog‘-omon yetkazib qo‘yinglar. Tushunarlimi? — dedi Zaykovskiy mashinada xunob bo‘lib.
— Hozir senga qatl joyini ko‘rsatib qo‘yaman,—dedi darg‘azab bo‘lib Kostikov. Shunday deb u qinidan to‘pponchasini ola boshladi. — Seni itday loyga belamasammi hali! He sening o‘sha bezori basharangdan o‘rgildim. — Lekin u eshikni ochishga jazm qilmadi — botqoqning eng chuqur joyiga tushib qolishdan qo‘rqdi, shekilli.
— Kattalaringga nima javob berasan? — degan ovoz eshitildi mashina ichidan. — Olib ketishga olib ketib, yetkazib borolmadingmi, deyishmaydimi?
Vaziyat tobora chalkash tus olmoqda edi. Chuqur ko‘lmakning narigi tomonidagi Zaykovskiy hozircha daxlsiz bir ahvolda edi.
— Ha ablah! Hali shoshmay tur! Bir boplay seni! Bir emas, beshta o‘qni joylay gavdangga! Birin-ketin!
Zaykovskiyning so‘nggi gallarini Kostikov bee’tibor qoldirdi — uni boshqa narsa bezovta qilmoqda edi. Mahkumlarning bukik qaddi-qomatlarini indamay ko‘zdan o‘tkazib chiqqan Kostikovga kimdir yetishmayotganday ko‘rindi.
— Kuzovda anavi burjuy ham qolgan,— deb gap qo‘shdi Shestak.
— Oqgvardiyachi,— deb aniqlik kiritdi Kostikov va darg‘azab qichqirdi:— Kani, chiq bu yoqqa, grajdanin Valeryanov! He sening dvoryanligingga o‘ynab qo‘yay!
Kuzovdan Valeryanovning shapkasiz kal boshi ko‘rindi. Avval u kuzovning bir chetiga o‘tirdi, oyog‘i bilan paypaslab tayanadigan biror narsa izladi, dudmallik bilan qo‘llarini silkitdi.
— Qani, sakra! Qo‘rqma! — deb unga dalda berdi Survila.
Ammo oqgvardichi sakramadi, u Avtuxning yelkasiga tayanib, asta sirg‘anib ko‘lmakka tushdi.
— Qani, oldik! Ha, bir-ikki — oldik! — deb buyruq berardi Kostikov. U bir chekkaga chiqib, nuqul to‘pponchasini o‘ynatardi.
Ular yana mashinani itarishga kirishishdi. Mashinani g‘ildiraklar hosil qilgan chuqurdan chiqarib olish niyatida shofer bot-bot gazni kuchaytirib, uni silkitardi. Zaykovskiyni o‘z holiga qoldirishdi. Endi kuzovdan uning bo‘g‘iq ovozi olis-olislardan kelayotganday eshitilardi:
— Itaringlar, ha-a, itaringlar, sotsializmning sho‘rpeshona qullari. Ahilroq! Kuchliroq! Baquvvatroq! Yuksakroq! O‘limingiz sari olg‘a!
— Buni qara-ya! — dedi jon-jahdi bilan mashinani itarishayotgan Shestak. —Bunda ichaklaring uzilib ketay deyapti-yu, bu ablah o‘tirib olib masxara qiladi-ya! Voy la’nati qizig‘ar-ey!..
— Bo‘laqollaring, yo‘qsuldan tarqaganlar…
— O‘chir ovozingni! Buyuraman — uningni o‘chir. Otaman! — deb tahdid qildi Kostikov yo‘l chetida u yon-yon yugurar ekan.
Zaykovskiy parvo qilmay, yana nimadir deb qichqirdi. — Bu gal ancha shaloq va tahqirli gaplarni aytdi. Survila chidayolmadi shekilli, Kostikovga maslahat berdi:
— Otib tashlasang-chi! Uni o‘chardi. Qancha chidash mumkin?
— Uchgacha sanayman. Keyin hamma o‘qni bo‘shataman.
— Otaqol! Davlatning mashinasiga iching achimasa, mayli, ot! — degan ovoz eshitiddi kuzovdan.
Ammo Kostikov o‘zining qo‘rqinchli tahdidini amalga oshirishga ulgurmay, motor “paq” etgan ovoz chiqardi-yu, o‘chib qoldi. Birdan hammayoq jim-jit bo‘lib qoldi, mashinaning tagidan ko‘kish qo‘lansa tutun buralib chiqa boshladi.
— Nima bo‘ldi? — deb so‘radi Kostikov sergaklanib.
— Tamom. Benzin ado bo‘ldi, o‘rtoq komendant yordamchisi,— deb javob berdi shofyor kabinadan. Kostikov so‘kindi.
Hamma nimadandir hafsalasi pir bo‘lganday yoxud birov aldab ketganday indamay turardi. Rost-da, shuncha harakat qilishdi, qancha kuch sarflashdi — hammasi behuda bo‘lib chikdi. Endi yana hammasini boshidan boshlash kerak.
— Xo‘p, bunday qilamiz, — dedi Kostikov bir zum indamay turgach. — Shofyor, sen garajga yugur. Benzin yuborishsin.
— Chistyakovga ayt,— deya ogoh qildi Survila. — Chistyakovning xabari bor. Yosh qizil askar — shofyor horg‘ingina shahar tomon yo‘rg‘aladi. Mahkumlar birin-ketin loydan yo‘l chetiga chiqishdi. Yo‘l chekkasi unchalik shilta emas edi. Hammalari boshliq yana qanday buyruq berarkin deb kutib turardi. Boshliq bo‘lsa bir qo‘li bilan shinelining tugmalarini yechdi. Ikkinchi qo‘lidan esa hamon to‘nponchani qo‘ymagan edi.
— Ha, nima? Endi bekor o‘tirmoqchimisizlar? Bekorlarni aytibsiz! Qani, ishga kirishinglar! Shuncha odam bitta mashinani chiqara olmaydimi?
Tepilaverib suyulib ketgan bo‘tqa ichiga qaytadan kirishga hech kimning ishtiyoqi yo‘q edi, shunday bo‘lsa-da, mashinaning loy bosgan orqasiga qo‘llari bilan tarmashdilar. Survila bilan Shestak ikki burchakdan, Avtux bilan Feliks yonma-yon. Mashina g‘ildiraklarning to‘xtovsiz aylanishidan hosil bo‘lgan suv to‘la chuqurga uzil-kesil botib bo‘lgandi — unga qaragan odam mashina hozir yo‘l bo‘ylab suzib ketadi deb o‘ylashi mumkin edi. Lekin u suzib ketmadi, u joyidan qo‘zg‘alishni ham istamas edi. Kostikov yo‘l chekkasida u yoq-bu yoqqa yurib, to‘pponchasini silkitgancha qo‘mondonlik qilar, odamlar esa oyeqlari bilan loyni toptab, kuchanib-zo‘riqib mashinani itarishardi.
Ammo bu gal ham hamma harakat zoye ketdi. Mashina yana ham chuqurror botdi. Endi hech qanday kuch uni botqoqtsan tortib chiqara olmaydigandek ko‘rinardi. Bir necha fursat o‘tgandan keyin komendant yordamchisining ham popugi pasayib, dami chiqmay qoldi. Mahkumlar bir oz nafaslarini rostladilar.
— Bu tarzda bo‘lmaydi, — deb gap boshladi Shestak o‘ksinib. — Itaradigan bo‘lsak, hammamiz birgalikda itaraylik-da! Biz bo‘lsak… Xuddi kolxoz brigadasidagidek — bitta odam ishlaydi, boshqasi tishlaydi…
— Qani, kim u ishdan bo‘yin tovlayotgan? — deb so‘radi Survila sergaklanib.
— Kimligini bilmaganday gapirasiz-a! Ana, anavi burjuy-da. Nomigagina qo‘lini tekkizib turipti.
Valeryanov beso‘naqay tarzda yelka uchirdi.
— Men ushlayotganim yo‘q…
— Shunaqa degin? Nima, mening ko‘zim yo‘qmi? Yana o‘zini oqlaydi-ya!
— Yana kim ko‘rdi? — qovog‘ini uyub so‘radi Kostikov. Lekin qolganlar in-damay turishardi. Komendant yordamchisi hammani bir-bir so‘roqqa tutdi. — Yakkaxo‘jalik, ko‘rdingmi?
— Yo‘q. Hech narsa ko‘rmadim.
— Sen-chi, shoir?
Feliks Yashin ko‘lmak ichidagi oyoqlarini bir-bir bosdi, yengil bir tujurkada badani sovuqdan dildirab qolgandi.
— Nima desam ekan? Anaqa… Har nima deganda ham, yoshi o‘tinqirab qolgan-da…
— E-e, o‘tinqirab qolgan, degin! Demak, kuchi yo‘q! Sovet hokimiyatiga zarar yetkazishga kuchi yetadimi? Har bittangni o‘zim kuzataman. Ishyoqmaslarni ogohlantirmasdan joyida otaman. Jasadini g‘ildirakning tagiga tashlayman. Shunda chuqurdan tezroq chiqamiz.
Feliks Yashinning o‘zi ham bir qo‘llab itaryapti hisob, ko‘kragiga bosib olgan ikkinchi qo‘lini og‘riqning zo‘ridan ko‘tarolmay qolgan. U xavotir ichida o‘yladi — uning ojizligini hushyordan hushyor Shestak yoki bo‘lmasa komendant yordamchisi Kostikovning o‘zi payqab qolmasa go‘rga edi. U tahdidini amalga oshiraman desa, birov unga xalaqit berarmidi? Otadi — tashlaydi-da… Keyin manavi suyuq bo‘tqaga uloqtiradi. Yolg‘iz shu o‘yning o‘zidayoq uning a’zoyi-badanida qaltiroq turdi. U xavotir ichida yonida qorayib ko‘ringan gavdaga qarab qo‘ydi.
Ular yana itara boshlashdi. Bor kuchlari bilan, komandaga rioya qilib… Feliks Yashin og‘riqning zo‘ridan entikib ketdi. Uning yonida oqgvardiyachi burjuy Valeryanov jon-jahdi bilan tirishmoqda. Aftidan, chekistning po‘pisasidan u ham qo‘rqadi, shekilli. Lekin o‘ylab qarasa, nimasidan qo‘rqadi? Biroq hamma gap shunda ediki, har bir mahkum ikkidan birini tanlash zaruriyati qarshisida qolgan edi — uning jasadi qayerga ko‘miladi — quruq sarg‘ish qumloqqami yoxud ataladay botqoq ichida qolib ketadimi? Bu botqoqni ko‘rganda tirik odamning oyog‘ida tomiri tortishadi-yu… Bu ahvolda shamollab qolish ham hech gap emas deb o‘yladi mahzun kinoya bilan Feliks Yashin.
Dafn joyiga o‘z tobutlarini ular o‘zlari ko‘tarib borishmoqda — bu qadimgi marosimda allanechuk yangilik edi. Yoki qatlning yangicha nozik usulimi? Qani endi shu to‘g‘rida she’rmi, balladami yozsang! Lekin keng tarqagan vaznda emas, og‘ir, zalvorli vaznda yozmoq joiz. Homerga o‘xshab. Ha, bu mashum davr uchun Homer eng mos keladigan shoir bo‘lsa kerak. “Yosh avlod”dagilarning bari Mayakovskiy!
— Bir-ikki — oldik! Ha, qani bos! Yana bir! Ha-a: yana! — deb bo‘g‘ilardi yonida chinqiroq ovozda Kostikov.— Ishyoqmaslik qilma! Kuchliroq! Yana ham. Kuch bormi o‘zi, he senlarni tuqqan onangni…
Ikki-uch marta u orqa tomonda turib to‘pponchasini bo‘shatdi. O‘q ovozidan hamma zir titradi. Odamlar terlab ketgan, hammayog‘i shalabbo, butkul kuchdan qolgan edi.
— Bo‘llaring! Bo‘laqollaring! Bo‘lmasa, hammangni itday otib tashlayman, sovet xalqining mal’un dushmanlari! — degan hayqiriq yangrardi yo‘l ustida tunda.
Keyin birdan mo‘jiza ro‘y berdi — mashina bir siljiganday bo‘ldi, ular bundan xursand bo‘lishib, yana bir zo‘r berishdi, qo‘llari va oyoqlarini tirab yana itarishdi. Shunda mashina chindan ham loy ichida bir qadamcha surildi. O‘rtaliqda turgan Yashin bilan Valeryanov eng chuqur joyga tushib qolishdi, lekin chekinishmadi, qo‘llarini mashinaning temir bortidan uzishmadi. Nihoyat, hammalari bir bo‘lib bir amallab hamma yog‘i loy bo‘lib ketgan mashinani chuqurdan chiqarib olishdi. Yo‘lning eng yaramas joyi ortda qoldi, mahkumlar mamnuniyat bilan qaddilarini rostladilar.
— Ana, bo‘larkan-ku, he onalaringni senlarning! — deyarli erkalagandek ohangda so‘kindi komendant yordamchisi. — Mohirona rahbarlik qanaqa bo‘lishini ko‘rdilaringmi? Kuchdan qoldik, charchadik emish… Majbur qilmoq kerak. O‘n minut chekib olinglar! — deb mamnuniyat bilan tanaffus e’lon qildi u va ariqcha bo‘yidagi quruqroq joyga o‘tdi. Uning ketidan dudmallanib mahkumlar bitta-bittadan loydan chiqishdi va nima bo‘lshshshi kutib qarshi tomonda tizilishdi. Kostikov to‘pponchasini shinelining ichiga — qiniga solib qo‘ydi, cho‘ntagidan bir quti “Belomor” chiqardi.
— Olinglar, chekinglar…— Birinchi navbatda oshnachilik qilib papirosni Survilaga tutdi. U loy chaplangan barmoqlari bilan ehtiyot qilib qutidan bir dona papiros oldi va haqirona bir tarzda hovuchda tutib turilgan gugurtdan tutatib oddi. Yo‘l uzra xushbo‘y tutun taraldi. Hamma tarang bir sukut ichida edi.
— Topshiriqni bajarish vaqtida ro‘y bergan favqulodda voqeani tugatishdagi zarbdorona mehnat uchun minnatdorlik e’lon qilaman, — dedi Kostikov yumshagan ohangda.
Bu so‘zlar allaqachon mahbuslarning xotirasidan o‘chib ketgan edi. Ularni eshitib seskanib ketishdi. Ularning tortib olingan hayoti shu so‘zlar orqali yurakni orziqtiruvchi sado bermoqda edi. Ular bu so‘zlarni hazil o‘rnida qabul qildilar. Endi esa shu hazil ham ular uchun hayotdan bir nishona edi. Faqat anavi chekist hazili bilan mahkumlarning g‘ashiga tegmoqchiday edi. Bu esa ularning har birining dardini yana ham chuqurlashtirar edi.
Yolg‘iz Shestakkina komendant yordamchisining so‘zlariga jiddiy qarashga tayyorday edi.
— Rahmat, o‘rtoq… Grajdanin boshliq. Qani endi, shu minnatdorlik ino-batga olinsa…
— Olinadi, olinadi, — deb mujmal va’da berdi Kostikov.
— Narigi dunyoda, — deb istehzo qildi Survila.
— Nega narigi dunyoda? — deb e’tiroz bidtsirdi Kostikov. — Bu dunyoda ham inobatga olinadi. Men sizga eng yaxshi chuqurni va’da qilaman. Kup-quruq, sariq qumi bilan.
U jiddiy gapiryaptimi yoki ularni behayolik bilan mazah qilyaptimi, anglab bo‘lmadi — tonggi g‘ira-shirada uning navqiron chehrasidagi ifodani ajratib olish qiyin edi. Ammo ovozida haqoratomuz ohang yo‘q edi, bu esa beixtiyor ravishda chekistga nisbatan bir iliqlik uyg‘otdi.
— Men axir aybdor emasman, — dedi Shestak oldinga qadam tashlab. — Ter-govchi Kutasov biladi. Men zararkunanda emasman.
Kostikov miriqib papirosini tortdi-da, xayolchan bir qiyofada og‘zi-burnidan buruqsitib tutun chiqardi.
— Albatta, aybdor emassan. Agar aybdor bo‘lganingda seni qiyma-qiyma qilib tashlashardi, bironta qovurg‘ang sog‘ qolmagan bo‘lardi. Xotiningni ko‘z o‘ngingda… Aybdor bo‘lsang shunaqa bo‘lardi. Hozir esa tepalikdagi qayinzorda xotirjamgina otib tashlaymiz, vassalom. To‘g‘rimi, burjuy? — qo‘qqisdan u Valeryanovga murojaat qildi. U boshqalardan nariroqda turardi.
Komendantning yordamchisi nima qilib bo‘lsa ham Valeryanovning jig‘iga tegishga, uni javob berishga majbur qilishga harakat qilardi. Ammo u javob bermadi. Balki u yosh chekistning gaplarini eshitmagandir ham. O‘zining hayotida o‘n to‘qqizinchi yildan beri — uni Alushtada otib tashlamoqchi bo‘lishgandan buyon bunaqa chekistlardan ozmunchasini ko‘rdimi? Albatta, o‘shanda otib tashlashganda keyinchalik boshiga tushgan juda ko‘p savdolardan uni ozod qilgan bo‘lishardi. Ammo Alushtada qo‘yib yuborishdi. O‘shanda ko‘ngillilar armiyasining elliktacha zobitlari qatorida sharob saqlanadigan yerto‘lada suvsiz, ovqatsiz, hatto hojatga ham chiqarmay uch hafta ushlab turishgan edi. Valeryanov ochlik va tashnalikdan ko‘ra ham hojatga chiqarmaganlaridan ko‘proq azob chekdi, u notanish odamlarning ko‘z o‘ngida ancha vaqtgacha “katta”sini ham, “kichigi”ni ham qilolmay yurdi — ana o‘shanda chekistlarning g‘ayri insoniy qiyofasini anglab oldi. Ular odam emas. Agar ularni risoladagi aql bilan idrok etishning iloji bo‘lsa, faqat shunday deb ta’riflash mumkin. Valeryanovning tug‘ishgan ukasi poruchik Arkadiy Arkadevich qanaqa odamlar bilan muloqotda bo‘layotganini tushunib yetmadi, shekilli — qiziqqonlik qildi, norozi bo‘ldi, bahslashdi. Oxir-oqibatda esidan og‘ib qoldi. Uni itday otib tashlashdi va yo‘l bo‘yida o‘sgan sassiq alaflar ichiga uloqtirishdi. U esa hech qayerda qarshilik ko‘rsatmadi, norozilik bildirmadi, hech kim bilan talashib-tortishmadi, imkoni boricha o‘zini o‘tdan past, suvdan tinch tutishga harakat qildi. Asosan shu sababdan mana — o‘lmay tirik qoldi. Xo‘sh, oqibatda nimaga erishdi? Ukasining qismati uning ham boshiga tushdi-ku! Faqat, oradan o‘n besh yil o‘tgandan keyin… Shunaqa ekan, arzirmidi shuncha urinishlar?
Bu orada osmon yorisha boshladi. Yo‘lning ikki chekkasida g‘ira-shira adirlik bag‘ridan dala va uning etagidagi butazor suzib chiqdi. Osmondan mayda kuz yomg‘iri goh yog‘ar, goh tinardi, dala tomondan g‘arbning namxush shabadasi esa boshladi. Dala yo‘li adirga olib boradi. Mashinalar yuraverib, yo‘dda ikkita chuqur ariqcha yasagan. Hozir ular loyqa suvga to‘lib yotipti. Shaharliklar bu yo‘ldan ko‘p qatnamaydi. Ariqlar ichki ishlar xalq komissarligi mashinalarining g‘ildiraklaridan hosil bo‘lgan, yo‘lning o‘zini ham shular solgan. Ko‘proq kechasi qatnashgan. Ba’zan, kunduz kunlari ham yurishga to‘g‘ri kelgan. Ayniqsa, Moskvadan tekshiruvchilar bosganda… Shahar turmasini oshig‘ich ravishda yengillatish talab qilinardi.
Kostikovning gaplariga Valeryanov pinagini buzmagani unga yoqmadi.
— Hoy burjuy! Senga gapiryapman!
— Eshityapman,— dedi Valeryanov past ovozda.
— Mening yaxshiligim uchun qulluq qil. Otib tashlamoqchi bo‘luvdim…
— Rahmat.
— Shunaqa-da! Rahmatni ham o‘zing tilab olishing kerak. Tarbiya ko‘rmagan bir burjuysan-da!
— Uzlarining burjuylari bilan muomala qilishganda juda ham boadab bo‘lib qolishadi,— deb gapni ilib ketdi Shestak,— og‘izlaridan “minnatdorman” tushmay qoladi.
— O‘zlarinikiga shunaqa qilishadi, yo‘qsullarga qilishmaydi,— deb gap qo‘shdi Survila. — Yo‘qsullar ularning dushmani.
— Kam otishgan-da ularni,— dedi Shestak.
— Anchasini otib tashlashgan. Lekin hammasini otib bitirib bo‘larmidi? Ko‘proq ayblarini izlashgan. Dalil-isbot qidirishgan. O‘zlari iqror bo‘lishini kutishgan. Qancha qog‘oz isrof bo‘ldi-yu…—dedi alam bilan Survila go‘yo yig‘ilib qolgan dardini aytib yig‘layotganday.
— Yozib nima qilisharkin?.. — hayron bo‘ldi Shestak. —Axir, aksilinqilobchi “mana man” deb ko‘rinib turmaydimi? Mana kostyumi, mana ko‘ylagi, mana — shapkasi…
— Balki bo‘yinbog‘i ham bordir? — deb jilmaydi Kostikov.
— Ha, bor, albatta,—deb past ovozda javob berdi Valeryanov, — har bir ziyoli odamda bo‘yinbog‘ bo‘ladi.
— Otilishi muqarrar bo‘lsa-yu, yana bo‘yinbog‘ bog‘lasa… Bo‘yinbog‘ nima qilib berardi? Yo turmada o‘zini osishga yarab qolarmikin?
— Shu bilan jazodan qutulib qolaman deydi-da, — deya luqma tashladi Survila. — Bizda bunaqa nomer o‘tmaydi. Bizda tartib qattiq!
He o‘sha tartiblaring boshlaringni yesin, degan fikr o‘tdi Avtuxning ko‘nglidan. Uning usti-boshi shalabbo, izg‘irindan suyaklarigacha sirqirab ketgandi. Avtux ularning turli-tuman tartiblari bilan so‘nggi yillarda qishloqda xo‘b tanishib ulgurgan edi. Chalasi bilan turmada tanishdi. Sovet hokimiyatiga uning qarshiligi yo‘q edi — u siyosatga kam qiziqardi. Lekin uning yeri bor va u o‘zining nonini o‘zi topib yeyishni istar edi. Holbuki, uning yoqasidan olib, kolxozga kirasan deyishadi. Kolxozga kirsa kirib ham qo‘yaqolardi. Lekin kolxozda qanday xo‘jalik yuritishlarini va buning oqibatida nimalarga ega bo‘lishlarini xo‘pam tuyib ko‘rdi. Kolxozdagi tartiblar ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan tartiblar edi. Bunaqa tartiblar dunyoning hech qaysi burchagida bo‘lmasa kerak. Kartoshka yer bag‘rida sovuq tushgunicha chirib yotaveradi. Yog‘ingarchilik vaqtida o‘rib olingan g‘alla yanchilmasdan xirmonda qolib ketadi va turgan joyida qizib tamom bo‘ladi. Asbob-aslahalar uch yil mobaynida shalag‘i chiqib yo‘q bo‘lib ketishga keldi. Aravani tuzatadigan, egar-jabduqni sozlaydigan odam yo‘q. Hamma hosilni davlatga topshirishadi, o‘zlariga loaqal urug‘likka olib qolishmaydi, apreldan boshlab ko‘k yeyishadi. O‘rmon yoqasidagi bir shapaloq yerining orqasidan u zo‘r-bazo‘r kunini ko‘rib kelardi, tuzukroq yashashiga yo‘l qo‘yishmas edilar. Bahorda uning yerini qirqishardi, unga sassiq alaflar bilan qoplangan noqulay bo‘lakni qoldirishardi va yana “kolxozga kirasan” deb tiqilinch qilishardi. U kirmayman deydi. Shunda o‘tloqni olib qo‘yishadi, sigirni boqadigan joy qolmaydi. Keyin uning g‘aramlarini tortib olishadi. Sababki, kolxoz molxona qura boshlagan emish, shunga uskuna kerak bo‘lib qolipti. Buyumlarining hammasini kolxoz olib borib bir joyga taxlab qo‘ydi, kolxozchilar ularni qishi bilan olib ketib o‘tin qilishdi. Yana boshliqlar kelib dag‘-dag‘a qilishdi — endi ham kirmaysanmi kolxozga? Shunda ular xutordan katta yerga olib boradigan yo‘lni traktor solib kavlab tashlashdi. Haydalgan yerdan yurib o‘rmondan aylanib, bir-ikki chaqirim yo‘l bosib boriladigan bo‘lib qoldi. Go‘yo u Polshaga qatnab turadi degan mishmishlar shu sababdan tarqagan bo‘lsa, ajab emas. He-e, senlarning go‘rlaringni shunaqa olisdan bersin-a— deb o‘yladi alam bilan Avtux Kozel.
Hamma narsasini olib, shipshiydam qilishdi, qirqadiganning hammasini qirqib olishdi, xullas, xonavayron qilishdi. Keyin uning toyiga ko‘z olaytira boshlashdi. Kolxoz otlari allaqachon qirchang‘iga aylanib bo‘lgan edi, ularni rosa ishlatishar, lekin yolchitib boqishmasdi. Avtuxning toychog‘i esa xuddi suvratdagidek, gijinglab turar edi. O‘zining baytalidan bo‘lgan bu toyni Avtux juda mehrini qo‘yib parvarish qilar, hattoki uni bo‘y yetib qolgan qizlaridan ham a’lo ko‘rardi. Ba’zan shunday bo‘lardiki, Avtux o‘tloqdan aravaga o‘t bosib kelardi, kechgacha u shu darajada toliqib qolardiki, to‘shagiga chiqib yotishga ham holi qolmas edi. Buning ajablanadigan joyi yo‘q — har qaysi tepalikda yelkasi bilan aravani suyaydi, uni itarib, go‘yo otiga yordam bergan bo‘ladi. Rost, toychog‘i ham egasining ahvolini yaxshi fahmlayotganga o‘xshardi, u harakat qilar, hali kamquvvat oyoqlarining tomirlari ko‘pchib ketgudek bo‘lar, o‘tni qancha ortsa ham aravani tortaverardi. Shunaqa otni kolxozga topshirib, hammaning mulkiga aylantirib bo‘larkanmi? Bir yozning o‘zida uni ishdan chiqarib, harom o‘ddirishardi. Yo‘q, toyni o‘g‘irlab ketishdi. Kechqurun uni otxonasiga olib borib, oyoqlariga arqon soldi, lekin kishan urmadi — kun bo‘yi harakat qilib horigan oyoqlarga rahmi keldi. Kim o‘g‘irlaganini Avtux darhol fahmladi. Nimasi bor, buni qishloq ahlining hammasi bilardi. Qishloqda faqat bitta o‘g‘ri bor edi. U Avtuxdan oldin ham odamlarning mollarini o‘g‘irlab yurgan. Avtux rayonga yugurdi, militsiyaga, prokurorga uchradi. Hech narsa chiqmadi. Hammalari indamay quloq solishdi, dardiga hamdard bo‘lganday bo‘lishdi, lekin qidirishni xayollariga ham keltirishmadi. Avtuxning o‘zi o‘g‘ri kim ekanini ko‘rsatib berganini ham inobatga olishmadi. Asosli dalil kerak deyishdi, dalil esa yo‘q. Ammo Bolozev otlarni o‘g‘irlab, poles’elik lo‘lilarga pullab yurishi ko‘pdan beri odamlarga ma’lum bo‘lsa, yana qanaqa isbotu dalil kerak? Yo‘q, bu gap ketmas ekan. Dalil-isbot bo‘lishi kerak ekan. Tartib shunaqa ekan.
Unda juda asosli dalillar zarur bo‘lgandi, bu ishda esa, umuman, hech qanaqa dalil-isbotsiz ham bo‘laverar ekan. Avtux hech qachon chegaradan o‘tishni xayoliga ham keltirgan emas. Polshada nima qiladi u? Pishirib qo‘yiptimi? Bular bo‘lsa borgansan deyishadi. Go‘yo biror marta uni Polshada ushlab olishganday. Yoki uni birov ko‘rgani borday. Shundoq bo‘lsa ham, borgansan deb yozishdi, vassalom. Bo‘yningga olasan!
U ahmoq ham anavi partiya a’zosining gapiga kirib, bo‘yniga olib o‘tiripti-ya! Aytgan qog‘ozlariga qo‘l qo‘yib berdi. Shunday qilsa, yaxshi bo‘ladi deb o‘ylovdi. Yo‘q, bunday bo‘lmadi, aksinsa, teskarisi bo‘ldi. Endi uzil-kesil ishning pachavasi chiqtsi, shekilli, Polyak josusi bo‘lib qoldi. O‘ziga ham, qizlariga ham yaxshi sovg‘a bo‘ldi. Bir umrlariga tatiydi.
— Ha, bolshevikcha tartib! — deya ma’qulladi Shestak.— Sichqon ham o‘tolmaydi.
— Sen uningni o‘chirib o‘tirsang-chi! — deya qo‘qqisdan uning gagshni cho‘rt kesdi Kostikov. — Senga tushib qolgan gap bormi, sotqin?
— Menmi? — deb bo‘zarib ketdi Shestak.
— Ha, sen, sen, — deya ravon ohangda takrorladi komendant yordamchisi va Valeryanov tomonga bosh irg‘adi. — Manavi sotqin emas, chunki u oshkora dushman. Oq ofitser. Yana nima balo. Sen bo‘lsang, va’dani bizga berib, ishratni boshqalar bilan qilasan.
— Men boshqalar bilan ishrat qilmaganman. Men o‘zimiznikilar bilan…— deb qizishdi Shestak.— Men partiyaga xizmat qilganman. Men bolshevikman. Meni bu yerga qamaganlari… xatolik bo‘lgan…
— Bo‘pti,— deb qo‘l silqdi Kostikov. — Tagiga yetishadi.
Kanday qilib tagiga yetisharkin — Shestak buni tushuna olmadi. Kim tagiga yetadi? Kachon? Umuman, bu nima degani? Chekistning gapi juda-juda mujmal edi, ammo shu mujmallikda cho‘kayotgan odamga xizmat qiladigan somon parchadek allanechuk xalos etuvchi ma’no bor edi. Bordi-yu hali chindanam biror ilinj bo‘lsa-ya? Shestak shuni o‘ylab, bir kayfiyatda, biroq yuragida jinday umid paydo qilib, yashirin alam bilan bir chekkaga chiqtsi. Komendant yordamchisining yoniga Survila keldi.
— Hoy, menga qara, — dedi u yaqin turganlar eshitmasin uchun ovozini pastlatib. — Meni hammi?
— Seni ham,— dedi Kostikov unga chaqnagan ko‘zlarini tikib. Survilaning go‘shtdor basharasida taajjub ifodasi paydo bo‘ldi.
— Manavilar bilan birga-ya?
— Bu yog‘ini ko‘ramiz, — dedi chekist bir necha muddat indamay turgach. Keyin sobiq hamkasabasining bo‘g‘riqib ketgan yuziga papiros tutunini pufladi.
Kostikovning bu mujmal gapi Survilaning yuragida ham nochorgina umid uchqunini yoqdi. Albatta, yaqin-yaqinlarda hamkasaba bo‘lib yurgan odam hukmni ijro etmaslikka jur’at qiladi degan o‘yni Survila xayoliga ham keltira olmas edi. Buni qo‘ying, u hatto buyruqni bajarishda jinday yengillikka ham yo‘l qo‘ya olmaydi. Lekin shundoq bo‘lsa ham — u jinday yumshashi mumkin-ku? Hukmni sal yumshoqroq ijro etsa ham bo‘ladi-ku! Axir, o‘zining odamiga — chekistga imkoni boricha bir oz yon bossa hech narsa qilmas. U mahkum bo‘lsa-da, baribir odam-ku? Axir, uning gunohi har qancha og‘ir bo‘lmasin, manavi xalq dushmanlarining gunohi bilan qiyoslab bo‘ladimi? Axir, Survila otib tashlaganlaridan keyin ham Dzerjinskiy armiyasining sadoqatli soldati bo‘lib qolaveradi. Ori rost, u ham ancha-muncha xatoliklarga yo‘l qo‘ygan. Ularning ko‘pchiligi tajribasining kamligi va o‘qimagan bir omi bo‘lgani uchun ro‘y bergan. Bir yosh toliba qiz bilan shunaqa bo‘lgandi. Uni otib tashlashga to‘g‘ri kelgandi. O‘shanda u hali yosh edi. Qizaloq ham bir qarashda jonni olar darajada dilbar edi — nimjongina, kelishgangina, istarasi issiq, betining yarmi ko‘zdan iborat. Shu ko‘zlarga qaradi-yu, Survilaning ixtiyori qo‘ldan ketdi, qizni otishga yuragi betlamadi. U tegmaydigan qilib otdi. O‘q qulog‘ining yonidan o‘tib ketdi. Lekin qiz, bari bir, handaqqa qulab tushdi — aftidan, qo‘rqqanidan hushidan ketib qolgan bo‘lsa kerak. Qiz yiqilganicha shu xandaqda boshqa jasadlarning tagida qoldi. Buni hech kim payqagani yo‘q. Keyin ham hech kim hech qachon uning qilg‘ilig‘idan xabar topgani yo‘q. Lekin baribir Survila ancha vaqtgacha o‘zini gunohkor his qilib yurdi, chunki tushundiki, qiz bolaning jozibasiga dosh berolmadi, qarshisida fosh qilingan makkor dushman turganini unutib qo‘ydi. U o‘zining bu xatosini bir umrga eslab qoldi, ehtimolki, shuning uchundir, butun umri davomida bo‘ynidagi yumushlarni keragidan ortiq o‘rinlatib bajarishga harakat qildi. Uning harakati samarasini berdi. Ancha vaqt o‘tgach, tergov bo‘limida ishlab yurgan kezlarida yarim yil uchun eng yuksak ko‘rsatkichga erishdi — 127 kishiga oliy jazoni yopishtirdi. O‘shanda uning suvrati yil oxirigacha boshqarmaning Hurmat taxtasida osig‘liq turgan edi.
Endi bo‘lsa, mana —uning o‘zini…
Ular hordiq chiqarib, nafaslarini rostlab ulgurmay, shahardan keladigan yo‘dda mashina paydo bo‘ldi — u ham usti yopilgan, kattakon yuk mashinasi bo‘lib, o‘ydim-chuqurlarda sakrab-sakrab chayqalib kelardi. Mashina yaqin kelib to‘xtadi. Undan shinel kiygan uchta o‘qchi askar tushdi va qo‘llaridagi miltiqni o‘qtalib, mahkumlar guruhiga yopirilishdi.
— Ostavit!— deb xotirjam komanda berdi Kostikov.— Hammasi joyida. Shofyorlar tunuka idishdagi benzinni mashinaga quya boshlashdi, mahkumlarni esa Kostikov yana kuzovga joyladi. Kuzovda ularni uyqusiragan Zaykovskiy ranjib qarshi oddi.
— Uxlagani ham qo‘ymadinglar…
— Hali ko‘p uxlaysan,—dedi Survila, — zax yer bag‘rida…
— He-e, jin ursin. Bunaqa hayotdan ko‘ra, — deb so‘kindi bezori va kuzov ustiga uzun gavdasi bilan ko‘ndalang cho‘zildi.
Ular yana uydim-chuqur loy yo‘ldan o‘rmalaganday ketib borishar, orqalaridan esa ikkinchi mashina sekin kelardi. Lekin hammalari cho‘zilib ketgan bu sayohatlari oxirlab borayotganini his qilishardi. Ularning har qaysisi safar oxirida ro‘y beradigan mudhish voqea haqida uncha o‘ylamaslikka harakat qilar, lekin o‘ylamaslikning iloji yo‘q edi. Feliks Yashin sud bo‘lgan kundan beri uni qanaqa qilib otib tashlashlarini ko‘z oldiga keltirishga urinardi. Otishning aniq tartib-qoidalarini u, albatta, bilmas edi, ammo eslaydi. O‘qchilar qator saf tortib turishadi, nayzali miltiqlar g‘isht devor tagidagi qurbonlarga o‘qtalingan. Kurbonlar oq ko‘ylaqda, har birining ko‘ksi iftixor bilan tog‘day ko‘tarilgan. Uqchilar baravar o‘q uzadi. Miltiqlarning og‘zidan yengilgina ko‘kish tutun ko‘tariladi, qurbonlar T’er jallodlariga la’natlar yog‘diradi. Chiroylik! Xo‘sh, bu yerda-chi? Qani ular uchun saf tortgan o‘qchilar? Anavi mashinada o‘tirgan askar yigitlarning uchta miltig‘i-yu, komendant yordamchisining bitta to‘pponchasi chiroyli qilib birvarakay o‘q chiqarish uchun kamlik qilsa kerak, albatta. “La’nat!” deb kimlar hayqirarkin? Feliksga qolsa, u sira ham qichqirmaydi, unga desa jallodlari ham, qurbonlari ham qo‘shmozor bo‘lmaydimi! U yerda — turmada va tergovda. Avtuxdan dehqoncha fahmsizligi uchun qattiq o‘pkalagan edi. Biroq keyin ma’lum bo‘ldiki, uning hamqishlog‘idan yuz chandon o‘tib ketadigan nusxalar ham bor ekan. Loaqal anavi Shestakni olaylik. U bilan Feliks kamerada bir necha marta suhbatlashgan, adabiyot haqida unga nimalardir deb gapirgan. Shestakka o‘xshaganlar kamerada bittamidi? Yaxshi hamki, ular bilan birga Survila o‘tirgani yo‘q. Uni alohida kamerada saqlashgan bo‘lishsa kerak-da. Chekistlarning kameralari ham boshqa. Hayotda ham ularning hamma narsasi boshqa-ku! Faqat u — shoirgina oddiy xalq bilan birga, shodliksiz g‘am-g‘ussalari bilan birga. Feliks Yashin necha martalab pushmon yedi — nega endi adabiyotga mehr qo‘ydi? Nega o‘qidi? Nega shoir bo‘lmoqni havas qildi? Undan ko‘ra savodsiz o‘tgani ming bor yaxshi emasmidi? Uning ukasi to‘rt sinfni bitirgan. Kolxozda ishlaydi. Kitobsiz, she’rsiz ham kunini ko‘rib yuribdi-ku! Kitobsiz o‘lib qolayotgani yo‘q.
Undoq desa Avtux amaki ham she’r yozgan emas, yozish bir yoqtsa tursin, umrida she’r o‘qimagan ham bo‘lsa kerak. Shunday bo‘lsa-da, endi ularning jasadi bir chuqurda yonma-yon. Shunaqa bo‘lgandan keyin hayotda nima qilganingni o‘zing topib olaver.
Bu paytda Avtuxning fikrlari mashinadan, o‘nqir-cho‘nqir yo‘ldan va hatto oradan ko‘p o‘tmay shahar yonidagi o‘rmon dahanasida uni muqarrar tarzda qarshi oladigan qismatdan ham olisda edi. Avtux hozir ham o‘ziga odat bo‘lib qolganidek butun fikri-zikrini hamisha — erkin yurganida ham, turmada ham va hatto o‘lim sari olib ketayotgan so‘nggi yo‘lda ham band qilib kelgan eng muhim narsa to‘g‘risida o‘ylardi. Afsuslar bo‘lsinki, bular befoyda o‘ylar edi, chunki bu o‘ylar o‘tmishga qaratilgan edi. O‘tmishni esa na qaytarib bo‘ladi, na undagi biron narsani o‘zgartirish imkoni bor. O‘rmon yoqasidagi jilg‘a bo‘yida bir necha ariq kartoshka kavlanmay qolib ketdi. Kuz yomg‘irlari bosib yog‘ib bersa bormi! Unda u yerlarga kirib bo‘lmay qoladi. Xotini ulovsiz faqat belkurak bilan qanday eplaydi? Kech qolsa, sovuq urib ketadi, kartoshka nobud bo‘ladi. Kishda nima yeysan? Rost, hozir yeydigan og‘izlar kamayib qolgan, lekin ishlaydigan azamatlar ham kamaygan-da! Eng muhimi esa, xo‘jalik egasiz qoldi — uning o‘rnini beshta ishlaydigan azamat ham bosolmaydi.
Mashinaning kuzovi bir yonga og‘di, keyin kabina ko‘tarilib ketdi. Mashina allaqanday do‘nglikdan oshib o‘tib, to‘xtadi. Zaykovskiy g‘ashi kelib nim qorong‘iliqda o‘rnidan turdi-da, keyin yana o‘tirdi. Aftidan, qandaydir yangi bir narsani his qildi, shekilli, so‘kinmadi. Boshqalar ham indamay g‘uj bo‘lib olishdi — ular nimanidir kutishardi. Eshikni hali ochishganicha yo‘q, ularni tashqariga chiqarishmayapti. Tashqarida soqchilar g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir nimanidir gaplashishyapti, kimdir qaygadir yugurib ketdi. Aftidan tayyorgarlik ko‘rishmoqda edi.
Nihoyat, taqir-tuqur qilib eshik lang ochildi. Mashina bir yonga ancha-muncha og‘ganicha qarag‘ay nihollari o‘sgan joyda turardi.
— Qani, chiq! Bittadan!
Lekin hech kim o‘rnidan qo‘zg‘olmadi, bir lahza go‘yo hamma gung bo‘lib qolgandi. Biroq oradan ko‘p o‘tmay Kostikovning tabassumli basharasi ko‘rindi. U gapni tahdidli tarzda so‘kinishdan boshladi.
— Nima, alohida taklifni kutyapsanlarmi? Hoy, sen! — deb kuzovda birinchi ko‘zi tushgan odamga o‘qraydi. Bu Avtux edi. — Qani, tush bu yoqqa!
Avtuxning yuragi alamdan o‘rtanib ketdi — nega endi u birinchi bo‘lar ekan? Nima, bu yerdagilarning ichida eng katta dushmanmi? Undan kattaroq dushmanlar ham bordir?.. Ammo iloj qancha? Komendant yordamchisi kutib turipti. U beso‘naqay tarzda mashinadan tushdi.
Ro‘parasida tonggi yengil tuman ichida qarag‘ay nihollari mudrayotganday sokin turardi. Ularning orasida esa diqqat-e’tiborini bir nuqtaga jamlab, navqiron qizil askarlar qotib turishipti. Bir oz chekkaroqda pastliqda qumloq adir sarg‘ayib ko‘rinyapti. Hammasi ravshan edi…
— Qani! Olg‘a!
Tushunib bo‘lmaydigan qahru-g‘azab bilan Kostikov Avtuxning yelkasiga turtdi. Avtux esa, oyog‘i ho‘l maysaga chalishib qolib, yiqilib tushli. Ko‘kragida yuragi qinidan chiqib ketay deb gurs-gurs urardi. O‘zining beo‘xshov, faqirona qiyofasi uchun juda xo‘rligi kelib ketdi, qattiq alam qildi — ayniqsa, undan ko‘zini olmay tikilib turgan harbiy kiyimdagi navqiron, sarishta yigitlar qarshisida xijolatdan yerga kirib ketay dedi. Kalovlanib o‘rnidan turdi-da, to‘satdan qalbini o‘rtay boshlagan alamni yenga-enga, chuqur tomon nochorgina qadam tashladi.
— Bo‘pti, cho‘qinib ol, — dedi Kostikov past ovozda, deyarlik do‘stona ohangda. Ulgurmay qolishdan qo‘rqqan Avtux pravoslavlarga xos tarzda o‘ngdan chapga qarab shosha-pisha cho‘qindi. Chorig‘i yumshoq tuproqqa tegdi. Tuproq shuvillab chuqurga to‘kildi. Avtux vaqtidan oldin chuqurga qulab tushmay deb qo‘rqib ketdi. Boshi aylandi, ko‘ngli behuzur bo‘ldi. U ko‘zlarini yumganicha kuta boshladi. Tezroq bo‘laqolsa go‘rga edi…
— Qo‘rqadigan joyi yo‘q, — dedi avvalgidek do‘stona ohangda chekist. To‘pponchasining zatvorini shiqirlatib, o‘qdonga birinchi o‘qni joyladi. Avtux endigana qazilgan chuqurga qarashga ulgurgan ham ediki, orqasida boshi ustida o‘q paqilladi. Chuqurning o‘zi Avtux sari tashlandi — unga bag‘rini tutdi.
— Ana! Bittasi bo‘ldi! — dedi komendant yordamchisi bardam ovozda. U mashinaga o‘girildi. Uning chekistlik ishi boshlangan edi. U bu ishni epchillik bilan o‘rniga qo‘yib bajarardi. Har doimgidek yana mashinada hamma taxta bo‘lib qoldi. Go‘yo endi kimni chaqirar ekan deya kutib, biqinib olishganday. Komendant yordamchisi ko‘rib qoldimi yo esladimi — mashinaning orqa tomoniga qapishib, indamay turgan Zaykovskiyni chorladi.
— Hoy sen, bezori!
Zaykovskiy bir lahza kutib, o‘rnidan turdi, qat’iyat bilan eshik tomon yurdi-da, mashinadan sakrab tushdi.
— Qo‘lingni orqaga! Orqaga!
— Qanday orqaga qilaman. Mana, singan, ko‘rmayapsanmi?
— Hozir ikkinchi qo‘linpsh ham sindiraman! — deb uning yengiga yopishdi Kostikov. Ammo Zaykovskiy chap berib qoldi.
— Tegma! Senga otish buyurilganmi — otaver. Lekin qo‘lingni tekkizma!
— Voy sen bezori-ey!
— Men bezori emasman.Men siyosiyman. Hammang qo‘shilib ham menchalik bo‘lolmaysan.
— Shunaqami?
— Shunaqa.
— Xo‘p, ketdik, bo‘lmasa! — dedi xotirjamgina Kostikov to‘pponchasi bilan chuqur tomonga ishora qilib. Yaqin o‘rtada turgan jangchilar nayzalarini ko‘tarishdi. Aftidan, bunaqa dahanaki jangni ular bu yerda kamdan-kam ko‘rishardi.
— Menga qara, bilib qo‘y,— deb birdan to‘xtadi Zaykovskiy. Kostikov ham to‘xtadi.— Agar sening o‘zingai otadigan bo‘lishsa, bu chuqurda otishmasin. Hamma yeqni sasitib yuborasan.
— Voy iflos-ey! — g‘azablandi komendant yordamchisi va Zaykovskiyning ko‘kragiga qarab o‘q uzdi — bir emas, uch marta otdi. U chuqurga yetib Gormay, quladi, uning gavdasi tagida bir zumda qonli ko‘lmak hosil bo‘ldi.
— Menga do‘q qiladi-ya! Ko‘rsatib qo‘yaman do‘qingni! — Kostikov sira o‘zini bosib ololmadi.
Aftidan, otib tashlangan mahbusning zaharli gaplari chekistga qattiq botgandi. U jinoyatchining gavdasi jon talvasasida silkinayotganini kuzatib, yana bir necha daqiqa to‘pponchasini o‘qtalib turdi. Bir yonga tashlangan sog‘ qo‘li bilan Zaykovskiy ho‘l maysani changallab olgan, ammo uni uzib olishga holi yo‘q edi. Barmoqlar kuchdan qolib bo‘shashdi.
Avvaliga Kostikov xotirjam edi, butkul ishchanlik kayfiyatida edi. Endi sezilarli darajada kayfiyati buzila boshladi. Hukmlarni ijro etishning odatdagi jarayoni izdan chiqa boshladi. Bunga asosiy aybdor moskvalik bezori edi. O‘zlarining, ya’ni belorus xalq dushmanlari bilan hech qachon ortiqcha chalkashliklar chiqmas edi. Beloruslar hamma vaqt itoatkor bo‘lishgan, xandaq oldida o‘zlarini osoyishta tutganlar, intizomga bo‘ysunganlar. Turma, uzoq davom etgan tergov, sud ularni uzil-kesil sindirgan. Ana shunaqalarni otsang maza qilasan-da! Rost, ba’zi birlar (ayniqsa, partiya a’zolari) o‘lim oldidan o‘zlari ko‘nikkan shiorlarni aytib qichqirishadi: “Yashasin o‘rtoq Stalin!” Yo “komunizm”… Ba’zilar hatto “Yashasin jahon inqilobi!” deydi. Kostikov bunaqa xitoblarga o‘rganib qolgan, indamaydi. Mayli, yashasa yashayversin. Shunday derdi-da, navbatdagi egilgan boshga qarab o‘qini uzaverar edi. Uning ko‘z o‘ngidan qanchadan-qancha bo‘yinlar o‘tmadi — ularning ba’zilari qora yo malla, silliq yo serjun, tuklari oqargan yoxud taqir. Lekin ularning birontasi Kostikovni haqorat qilgan yoxud haddi sig‘ib so‘kkan emas. Siyosiy jihatdan ongli bo‘lishgan-da, azamatlar. Manavi zoti past haromzoda bo‘lsa…
— Bir yo‘la ikki kishidan chiqlaring! — deb g‘ijinib buyruq berdi Kostikov mashina yonida. — Sen — oqgvardiyachi va sen — ikki pullik shoir! Tezroq!
Feliks Yashin itoatkorlik bilan mashinadan sakrab tushib, sherigini kutib turdi. Valeryanov kuchdan qolgani uchun kuzovdan beso‘naqay tushdi — qorniga o‘girilib, oyoqlarini yerga cho‘zdi. Keyin barmoqlarining asabiy harakatlari bilan paltosining tugmalarini qaday boshladi. Dusya bir amallab tirik qolishi mumkindir degan o‘y keldi unga qo‘qqisdan. Xotinining yo‘qsullar tabaqasidan ekani nahotki asqotib qolmasa? Bolalari ham tirik qolishsa ajab emas. Mayli, yetim-esir bo‘lishsa ham. Bekorga o‘lib ketgandan ko‘ra yaxshi-ku!.. Har nima bo‘lganda ham, baribir, hayot shirin-da!..
Qizil askar Zaykovskiyning tinchib qolgan jasadini chuqurga sudrab tushirdi. Adir ustidagi yumshoq qumloqni ularning etiklari ancha toptab qo‘ygan, shu vajdan handaqning labi oldidagi ensizgina maydoncha ancha qulay bo‘lib qolgandi. Valeryanov tiz cho‘kib, uch bora cho‘qindi-da, qimir etmay qotib qoldi. U o‘zining mudhish qismatini — ko‘pdan kutilgan intihosini qarshi olishga tayyor edi. Ibodat qilib olmoqchi bo‘ldi-yu, lekin ulgurmayman deb o‘yladi. Feliks Yashin parishonxotirlik bilan uning yoniga o‘rnashdi. Unga nimadir halaqit bermoqtsa edi, Valeryanov pastga qarab, xandaqning uncha chuqur emasligini ko‘nglidan o‘tkazgan ham ediki, orqa tomondan ketma-ket yangragan ikki o‘q ularning ikkovini xandaqqa qulatdi.
Mashinada ikki kishi — Shestak bilan Survila qolgan edi.
— Sotqin, qani chiq!
Mashina kuzovining eshigida Shestakning bo‘zargan yuzi ko‘rindi. Soqoli bir necha kundan beri qirilmaganidan pataklanib ketgandi.
— Menga aytyapsanmi?
— Ha, senga. Senga! Qani, tush.
— Men sotqin emasman. Boya aytuvdim-ku! Bu — anglashmovchilik. Xato!
— Qanaqasiga xato bo‘larkan? — deya jon-poni chiqib ketdi Kostikovning.— Hammasi xatga tushgan, imzolar chekilgan. Qani, qadamlab marsh!
Rangi o‘chgan, o‘zini yo‘qotib qo‘ygan Shestak mashinadan sakrab tushdi-da, og‘zini kalpa-kappa ochib, qurt yegan, yarmi singan tishlarini ko‘rsatib esnay boshladi.
— Men, axir… Men, axir… Meni otib bo‘lmaydi! Men partiya a’zosiman! Bunday gaplarni yoki shunga o‘xshash iltijolarni Kostikov xandaq tepasida ko‘p eshitgan edi. Ayniqsa, partiya a’zolari otilish oldidan ko‘p tavallo qilishardi. Bunday hollarda Kostikov sinalgan dalilini ishga solar va bu dalil hamisha bexato amal qilardi.
— Agar sen partiya a’zosi bo‘lsang, nima bo‘q yeb organlarga qarshilik ko‘rsatyapsan?
— Menmi? Men… ko‘rsatayotganim yo‘q…
— Marsh undoq bo‘lsa! Xandaqqa jo‘na! Yordam beraymi?
Shestak xuddi mastga o‘xshab gandiraklab xandaqqa jo‘nadi. Ammo toptalgan qumloqqa yetib borgach, yana to‘xtadi:
— To‘g‘ri ish bo‘lmayapti-da…
— Hammasi to‘g‘ri! — dedi komendant yordamchisi va uning bo‘yniga o‘q uzdi. Shestakning qoq suyak gavdasi xandaqqa — undan avval qulagan jasadlar yoniga yiqildi.
Kostikov mashinaning yoniga qaytib kelganida Survila qismatiga tan bergan holda uni kugib turardi. Mahkumning shishinqiragan basharasi butkul ko‘karib kettan edi — bunaqa kechinmalarga dosh berolmagani shundoq sezilib turardi.
— Nima, meni ham shu yoqqami? — deb so‘radi u nigohini qumloq adirga tikib.
— Qayoqqa bo‘lmasa? Mening alohida xandaqim yo‘q.
— Kavla.
— Bir kamim shu qolgan edi.
— O‘zim kavlay qolay, bo‘lmasa.
— Mayli, kavlay qol! — deb rozi bo‘ldi Kostikov bir oz o‘ylanib.
— Qayerdan kavlay?
— Qayerdan bo‘lardi? Manavi yerdan kavlay qol. Bo‘la qol, tezroq. Survila shosha-pisha, asabiy bir holatda maysa aralash yumshoq qumni tevaragiga sochib kavlay boshladi. U kavlayotgan chuqurining bejirim bo‘lishini xayoliga ham keltirgani yo‘q. Shuning uchun xandaq to‘rt burchak bo‘lish o‘rniga deyarlik doira shaklida chiqdi. Qarag‘ayzor ichi unchalik sovuq emas edi. Survila bir daqiqa kavlashdan to‘xtab, urinqiranib qolgan jigarrang charm kamzulini yechdi-da, Kostikovning oyog‘i ostiga tashladi.
— Ma, ol. Bekor ketmasin.
Komendant yordamchisi loy chaplangan xrom etigi bilan tepib, charm kamzulni nariroqqa uloqtirdi. Survila yalinib o‘tirmadi, xohlamasa-xohlamas. Uning o‘ziga ham hech narsa kerak emas. Manavi alohida go‘rdan boshqa. Organlar tomonidan fosh qilingan dushmanlar bilan birga yotgandan ko‘ra bu yerda bir o‘zi yotgani ma’qulroq bo‘lar. Lekin shundoq bo‘lsa-da…
— Nima vajdan-a? Organning halol xodimini-a? Nima jinoyat qildim? Begunoh dushmanni mahv etdimmi? E-e, ularni minglab o‘ldirsang ham oz. Zarbdor ishim uchun meni to‘rt marta mukofotlashgan. Hammasi behuda bo‘lib chiqdimi? Dushmanni ayashadi-yu, o‘zinikini, sadoqatli odamni ayashmaydi.
— Bo‘pti, bas qil,— deb qichqirdi xunob bo‘lib Kostikov. — Jim tursang-chi, bir pas.
— Men jim turganman. Butun umrim mobaynida jim turganman. Senga o‘xshab.
— Jim bo‘lib, chuquringni kavlasang-chi…
— Yo‘q, bekorlarni aytibsan. Endi gapiraman. Mana, seni olaylik. Sog‘ qolaman deb o‘ylaysanmi? Sadoqatingni pesh qilib qutulib qolmoqchimisan? Yo‘q! Senga ham navbat keladi.
— Jim bo‘l!!!
— Yo‘q! Gapiraman. Biz bir bankaga solingan o‘rgumchaklarmiz. O‘rtoq Stalin xabar topib qolsa bormi?..
Ana shu gap ortiqcha bo‘ldi. Ularning yon-verida soqchi qizil askarlar miltiqlarini o‘qtalib, quloqlarini ding qilib turishipti. Hamma gapni eshityapti ular. Yuragi taka-puka bo‘lib, mashina oldida shofyor ham indamay tik turipti. Hammalari lol qolib tanish chekistga tikilib qarab turishipti. U o‘ziga go‘r qazib, qayoqtsagi gaplarni gapiryapti. Kostikov to‘pponchasini ko‘tarib, mo‘ljallab o‘tirmay, ikki marta o‘q uzdi. Survila belkurakni qo‘lidan chiqarib yuborib ikki bukildi-da, kavlangan chuqurga yonboshi bilan tushdi.
— Ot yana… Qutulay…— deya zo‘rg‘a so‘radi u.
Kostikov bunaqa iltimosni rad etolmasdi. Bir qadam tashladi-da, Survilaning boshiga o‘q uzdi. Maysaga va qum ustiga miyaning qatig‘i sachradi.
— Olib borib boshqalarning yoniga tashlang, — deb buyurdi Kostikov qizil askarlarga.
Uzun miltiqlarini yelkaga ilib qizil askarlar sobiq chekistning ikkala qo‘lidan ushlab, xandaqqa sudrashdi. Kostikov mashinadan nari ketdi. Qarag‘ayzorda sukunat hukm surardi. Havo yorishib ketdi, qarag‘aylarning ustida pag‘a-pag‘a oq bulutlar qayoqqadir asta suzib ketyapti.
Bu la’nati tun Kostikovning bor kuchini sug‘urib oldi. U har doim otishlarga bamaylixotir qarashga, o‘zini bir tekis tutishga harakat qilardi. Bir qaraganda, ishning og‘irligi yo‘q, lekin har kuni bir xil, bir xil, bir xil. Mahkumlarni qo‘yday bosib kelaverishadi, bosib kelaverishadi… Axir, qachon tamom bo‘ladi bu? Kostikov yalanglik bilan adirdagi qarag‘ayzor orasiga nigoh tashladi — kuzda bu yerlar ham xandaqqa to‘lib ketadi, albatta. Hech ajab emas-ki, ularning orasida uning ham go‘ri bo‘lsa…
Bu hayotda hamma narsa juda oson…
Ozod Sharafiddinov tarjimasi
«Drujba narodov» jurnalining 1997 yil, 11-sonidan olib, tarjima qilindi.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 1998 yil, 3-son