Valid Ixlosiy. Guli siyoh (hikoya)

Tabiat… O, ona tabiat!
Bog‘da osuda kuz fasli hukmron, yashil maysalarni sanavbar daraxtlarining soyasi qamrab olgan. Sukunat asta harakatga kelib, shaffof tutun osmonga ko‘tarildi. Bu tutun go‘yo bog‘ni tashqi olamdan ajratib, ichimga jo qildi.
Bu yerda uchtamiz: daraxtlar, maysalar va men. Men hali sarlavha topib ulgurmagan hikoyamning qoralamasini yaqindagina tugatdim. Lekin tan olishim kerakki, menda jo‘yali taassurot paydo bo‘lgandi. Bu taassurot meni hikoyadagi shaxslarni qamrab olgan barcha his-tuyg‘ulardan butunlay qutulganimni ko‘rsatardi. Endi men ham xuddi bog‘dek sokinman.
Birozdan so‘ng yon ko‘chadan pastroqdagi bog‘imga qaragan yuqori qavatlar qandaydir bir harakatni yuzaga keltirayotganini sezdim. Harakat fazodan zarrama-zarra inib kelayotganga o‘xshardi. Zarralar shovqin solib so‘zlardi. Men esa o‘zimni ovuntiradigan bir ish qilishim lozim edi. Bog‘da yangi shaxslarni izlay boshladim.
Birozdan so‘ng unsiz uchayotgan kapalaklar, so‘ngra keksa bir daraxt shoxlarini to‘ldirib qunt bilan harakat qilayotgan chumolilarning kichik-kichik qo‘shinlariga ko‘zim tushdi. Oyog‘imda bir chumoli o‘rmalab yuqoriga chiqishga harakat qilardi, biroq ko‘zi yetmadi shekilli, ortga qaytdi.
Kunim xotirjamlik bilan boshlandi. Kichik bog‘imda gavdalangan tabiat bilan yangidan payvast bo‘ldim. Hikoyaning qoralamasidan joy olgan fikrlar va chalkash so‘zlar o‘rniga bog‘, balki, tabiatning o‘zi kelgandi.
Tabiatning sarlavhasi dilimda pishib yetilgandi.
Bu sarlavhamning nomi, shubhasiz, “Sokin xursandchilik” edi. Vaholonki, hikoyamga hali sarlavha tanlaganim yo‘q. Endi men bir necha oydan beri ichimda yashayotgan hikoyani ifodalay oladigan biror so‘z yoki jumla izlab, boshimni og‘ritmaslikka qaror qilyapman.
Kuz ufqi ko‘z oldimda tobora kengayib borardi. Ko‘k rangdagi ikki kapalakni ko‘rib ozmuncha zavqlanmadim. Go‘yo ular dengizning bir zarrachasi kabi edi. Chegara qo‘riqchilariga o‘xshab qator saf tortgan chumolilarni ko‘rib, ko‘zlarim katta-katta ochildi. Kapalak jonini qurbon qilib tabiatga rang ulashayotgan bir paytda chumolilar sabot bilan turardi. Shunday qilib, “Budda” va uning ma’shuqasi “Atika” suvrati paydo bo‘ldi.
Doktor Isom “Budda” nomi bilan tanila boshlagandi. “Budda” bu Isomning harakatiga qarab aytilgan laqabi edi. O‘rtoqlari harakatchan iqtidor egalarini shunday deb chaqirishardi.
Tabiat bilan hikoya aralash-quralash bo‘lib ketdi. Hasharotlar insonlar bilan birlashib ketdi. Kunning yarmiga borib harorat ko‘tarildi. Men esa yungli ridoga o‘ranib olgandim. Xuddi qarilikdan uzoqlashayotgan yoki o‘tib ketayotgan yoshligini mahkam tutib qolgan kishiga o‘xshardim.
Mana, kun ham yarimlayapti, umr ham qisqarmoqda, xolislik nuqtasida tabiat kimyosi sezgilar tabiati bilan hali sarlavhasi yo‘q hikoyaga aylanish uchun kunlar davomida to‘planib qolgan hodisalar qorishib yotibdi. Mana, xotirjamlik yana zil ketib, men qaytadan xavotirga yuz tutyapman.
Ishlar chigal, yozuv ham aksiga olib odatdagidek aniq-tiniq emas. Jumlalar ham sahifaning uzunasiga-yu eniga sochilgan edi. O‘ylanib qoldim…
Hikoyani o‘ylardim. U Atikaga nisbatan tugamagan bo‘lsa ham, men uchun tugagandi. Atikani qahramon qilib qo‘ydim. Yoki o‘zini o‘zi hayotning eng qiyin, insonni adoyi tamom qiluvchi umidsizlik ixtiyoriga topshirgan. Haqiqatan ham u (Atika) chumoli edi, yiqilgan va o‘sha zahoti o‘rmalab chiqishga urinayotgan chumoli. Agar u shu mitta hasharot bo‘lsa, demak Budda kapalakdir.
“Chumoli va kapalak”.
“Niyatidan qaytmagan chumoli va yonib tugagan kapalak”.
Hikoyamni “Chumoli va kapalak” deb nomlaymi?
Bir necha lahzalardan so‘ng bog‘ o‘rtasidagi joyimni tark etmoqchi bo‘ldim, lekin tabiat mendan ustunlik qildi. Daraxtlar ustiga tushgan mehmonlarni yana ko‘zdan kechira boshladim. Ovozlar yoqimli musiqa ohangiga o‘xshardi. Uchib kelayotgan chumchuqlardan bolalik sevgisini tuydim va ular bilan osmondagi haqiqiy oshyonlar sari parvoz qildim. Qushlar meni yana ortga, yo‘q bo‘lib ketgan beg‘uborlikka, voqelikdagi toshu haqiqiy sahro xududlariga va tubsiz dengizga qaytardi. “Qotib qolgan qon, hasratga to‘la qum, quyosh va umidni yutib yuborgudek teran dengiz”.
O‘shanda uzoq sayohat qilib, tunda qolgan qadam izlarini ko‘zdan kechirdim. Dengiz mavjlari iz qoldirmaydi. Hattoki, qumga botgan oyoq izlarim ham bir necha lahza ichida g‘oyib bo‘ldi. Xuddi yo‘ldan adashgan odamday izlarimni qidira boshladim. Hikoyadagi haqiqiy voqealarning aksariyati sohilda ro‘y bergandi. Hikoyani yuzaga keltirgan voqealar uzoq muddat davom etmagan. Haqiqatni to‘liq idrok etayotgan bo‘lsam ham, dengiz bo‘yidagi toshlar oldida turib, quyoshning chiqishi-yu botishini takror va takror o‘ylab, vaqtning o‘tib borishini kuzatdim.
Axir tabiat go‘zal emasmi? Nima uchun u bizlarni kun botish tomon olib ketmoqda?
Ovozini eshittirmay meni baxtsiz qilgan Buddada bo‘lgani kabi mening ham boshimda bir gap aylanardi. U haqda Atika so‘zlab berganidan boshqa hech narsa bilmayman.
“U hamisha jim edi!”
“Doim mahzun edi, lekin yomonlikni bilmas edi!”
“Hayotning unga, oilasiga shafqatsiz bo‘lishiga qaramay, u yig‘i nimaligini bilmas edi!”
“O‘qishdagi va hayotdagi muvaffaqiyatlariga qaramay, tabassum nima ekanligini bilmas edi”.
“Ishga chaqirilishidan oldin elektr sohasida yangi bir nazariyaga asos solishiga oz qolgan edi. Hamma narsani stol ustida qoldirdi-yu, xuddi bir muddatdan so‘ng ilmiy ishini oxiriga yetkazib qo‘yish uchun yana qaytib keladiganday hech narsaga e’tibor bermay ketdi”.
U bilan shaxsan tanishish ishtiyoqim ko‘pincha tabiat bilan yuzma-yuz uchrashishga bo‘lgan mushtoqligimga o‘xshab ketardi.
Uy sokin, musiqa apparati ham o‘chiq.
“Musiqa sun’iy tabiatdir”.
“Tabiat esa nota ifodalay olmaydigan musiqadir”.
Onam to‘shakdan turolmas, bir o‘zi yolg‘izlanib qolgandi. O‘zimga o‘zim: “Uning go‘zal Atikasi bor, sening-chi?” derdim.
Men uchun bog‘ bor.
Kel! Yomg‘ir va vahshatdan o‘zga samoviy xursandchilik bera olmaydigan qora bulutlar to‘satdan kelib quyoshni to‘sib qo‘yishidan oldin bog‘ni tark etaylik.

JONSIZ NARSALAR TOMON QAYTISh

Bu jimjitlik meni baayni kishanlagan edi, lekin onamning ingrashi yana harakat qilishga undadi. Burchakdagi qalin bargli yashil kauchuk daraxtcha yashnab turardi. Odatdagidek, u (daraxt) bilan so‘zlashib turdim. Shu payt daraxtning bitta bargi sarg‘aya boshlaganini ko‘rdim. Uyga olib kelganimizda u kichkinagina edi. Qo‘limda xuddi chaqaloqday turardi. Bu ko‘chat hali yangi barg chiqarib, shoxlari baland bo‘ladi, ildizi baquvvat daraxt bo‘ladi deb orzulardim.
Atika pishgan zaytun rangidagi yashil ro‘mol o‘rardi. Uning qayg‘usi esa ko‘zlarining porlashiyu yuz-andomi qizdirilayotgan zaytun yog‘i kabi edi.
U bilan o‘tgan safar uchrashganimda intizorlik bilan mahbubini kutayotganini aytdi. “Kelishi gumon bo‘lgan kishini kutishdan nima ma’no?”
“Meni aytdi dersan, u albatta, keladi”.
“Nega bu qadar ishonch bilan aytyapsan?”
“O‘lishimizni bilamiz-u, yana nima uchun yashaymiz?”
“Demak, sen uning kelmasligiga to‘la aminsan?”
“Keladi…”
Daraxt menga ilhom berdi. Bir necha soatlardan beri u bilan birga bo‘lsam-da, u meni haliyam o‘ziga butunlay tortib ololmagandi. Atrofimda qalin barglaru bir yoqtirib-bir yoqtirmagan hikoyam… Demak, bular ayni paytda mavjud bo‘lib turgan olam. Menga qayg‘u keltirgan, meni to‘lib-toshirgan o‘sha hikoya… Oxirgi lahzalarda yana yozishga ehtiyoj sezayotganimni his qildim. Ilgari ham shunga o‘xshash his-tuyg‘ular paydo bo‘lardi, lekin hech biri hozirgidek kuchli bo‘lmagan. Mana Atika o‘z muhabbati bilan men ilgari bilgan, tanigan ayollarning barchasini yengib o‘tmoqda. Mana, Budda ham shu’laga aylanib, o‘z olovi bilan barchani chirmab bormoqda.
Qani Atika, qani Budda?
Bu o‘sha to‘lib-toshishmi?
Bugundan keyin yozishdan batamom to‘xtab qolishimni, tabiat qo‘yniga qaytishimni his qilyapman, haqiqatan ham, tabiatni uzoq vaqt e’tibordan chetda qoldirdim. Go‘yo insonlar tilida so‘zlay olmaydigan maxluqotlar makoniga kelib qolgandayman.
Hikoyamning sarlavhasi aslo “Chumoli va kapalak” bo‘lmaydi. Qo‘lyozma varaqlari ustida o‘tirarkanman, xayolimdan shu fikr ketmadi-ketmadi.
Shu lahzalar ichida avvalgi yozganlarimda foydalangan ramzlarimning hammasini yomon ko‘rib ketdim.
Erkin bo‘lishni, jismim bilan tabiat shovqini-yu, ingrashini, jarlikka tortayotgan kuchsiz sukunatni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tutib olishni istayman. Sanavbar daraxtining shirasi bilan loyning shirasini bir-biridan ajratishni istayman. Bir lahza kurtakning ochilishidan xabardor bo‘lishni, xotirjam hududlar yoki koinot chetida muallaq turgan yo‘laklar sari safar qilishni juda-juda xohlayman.
Hali yozilmagan she’rdek tonggacha sukut qilamiz. Atika va Budda kabi koinot sari birgalikda safar qilamiz… Poklanamiz va bir lahza quyoshda yonib, so‘ng olovimiz so‘nadi. Axir rost so‘zlash vaqti kelmadimi?
Sevgan insonda ro‘y berish mumkin bo‘lgan har qanday narsa, bu o‘zining ichki olami va u singari keng bo‘lgan borliq to‘g‘risida rost so‘zlashdir. Oshiq-ma’shuqlarni qamrab olgan barcha ehtimollar meni ro‘y berishi lozim bo‘lgan hodisalar oldiga yetaklab keldi. Bu hikoyada bo‘lgan va bo‘lmagan voqealarning bari rost edi. Hikoyaning har bir kichik qismidan so‘ng xayolan tanlagan shaxslarim haqiqatga aylanib borardi. Hattoki, so‘nggi soatlarda yozganlarimga ham shubhalana boshladim. Chunki men bo‘lgan va bo‘lmagan voqealarni ajrata olmaydigan bo‘lib qolgandim.
Boshida hodisalar mening tilimdan hikoya qilinar edi. So‘ngra Atika, gohida esa boshqa bir ayol tomonidan so‘zlanayotganini bilib qoldim. Ba’zan men shaxsan tanimaydigan Budda haqida ham gap ketadi. Vaholonki, men uning birgina suvratini ko‘rganman, xolos. Keyin unga makon va zamon berib, uni bir holdan ikkinchi holga, sevgidan mahrumlikka, o‘limdan hayotga, borliqdan yo‘qlik sari o‘tkazib bordim. Xayolimda Atika meni, men esa Buddani sayr qildirdim…
Savollar va shubhalar ko‘paya bordi. Shundan so‘ng birinchi sahifadagi hikoyaga qaytdim. Undan xayolda tarix bo‘lishga ulgurgan narsalarni izlamoqchi bo‘ldim. Ular hamon soxtalikni bilmaydigan ayol kabi voqelikni his ettirib turar edi. Mana, o‘zim uchun qadrli bo‘lgan sahifalarimni qidiryapman. Mana, ular bir ahvolda. Barmoqlarim varaqlarni paypaslay boshladi va vahimaga tusha boshladi. Meni qo‘rquvga solayotgan narsa varaqlarning kamligi edi. Hikoyadagi birinchi fasl yo‘q. Ko‘z oldim qorong‘ilashib, jinni bo‘lib qolay dedim.

HODISALAR, XOTIRALAR TITROQQA SOLARDI

Gohida uyning tashqarisi yoki ichkarisida yo‘qligimdan onamning xavotir olishi seni yaxshi ko‘radigan insoningga nisbatan azobdan huzurlanish hissini tuydirar edi. Endi men azob berguvchi xavotirdan xolis bo‘lgan lahmdan o‘tib borayapman. Yo‘qolgan varaqlardan nom-nishon yo‘q. Hikoyamning birinchi fasli yo‘qolishi mumkin emasdi. Tinish belgilar… nuqtalar… vergullar… Hikoya ichida tartib bilan o‘rin olgan barcha harflar, ular ostidagi shaxslarni haqiqat olamiga chiqargan fikrlar va suvratlar… Bu tuzatishlarni yana qaytadan yozishga imkonim yo‘q.
Bu qaysi bir lahzalarda xurujga oladigan jinnilikmi? Varaqlar yo‘qolgan joylarni o‘ylashdan charchadim. Charchadim. Go‘yoki kauchuk daraxtchasining barglari ham horg‘in, barglari sarg‘aygan. So‘ng hikoyaning boshini eslatarmikan menga deb boqqa chiqdim.
Boshi… Boshlanishi muhabbat edi. Birinchi varaqda xatlar London osmonini Quddus samosi bilan bog‘lash uchun havoda uchardi.
Xatlar… Xatlar…
Xatlar… London tumaniga o‘ralib yotgan doktor Isom Atikadagi xushbo‘y zaytun hidiga hasad qilib yozadi. Zaytun bu ruhni xushbo‘y qilgan atir manbaidir. Atika yozdi: “Ortga qaytishni orzu qilishing men uchun yetarlidir. Sen bilan uchrashishni istashim o‘zimga kifoyadir”.
U uzundan-uzun xatlar yozadi. Bir marta: “Bilasanmi, uyimiz seni kutib olishga tayyor. U (yangi uy) Xeydbergga qaragan va daraxtzorga yaqin. Ey sevgilim, sen bilan bir marta gaplashishga harakat qildim. Lekin til menga xiyonat qildi. Vaholonki, uchta tilni yaxshi bilaman. Men hamisha jimman va qachongacha jim yurishimni bilmayman”.
O‘zida zavqu shavqlarni mujassam qilgan sevgi yo‘lida xat yozishlar uzoq davom etdi. Bir marta Atika tantiqlik bilan unga xat yozdi:
“Sevgilim, uyimiz haqida menga batafsil so‘zlab ber. Yozish va o‘qishda foydalanishimiz uchun bir-biriga qaragan ikkita stol tayyorladingmi? Doktorlikni sening soyangda nihoyasiga yetkazaman. Doktorlik risolam falsafa haqida bo‘lishiga qaramay, falsafa bilan aslo shug‘ullanmayman. O‘zing bilganingdek, o‘z kulliyotimda bo‘laman…”
His-tuyg‘ular to‘la maktublar tog‘lar, dengizlar va daralar orqali Quddus-London tomon uchardi. Vaziyat keyinroq oydinlashdi. Quddus tomondan kelgan xatlar javobsiz qolaverdi. Kundan-kunga xatlar boraverar, ular ketidan sovuqqina jimjitlik ergashardi. Atika o‘z satrlarida g‘azabni ifodalamadi. U aqlu farosatiga tayandi, lekin Isomning qotillarcha e’tiborsizligini kechiradigan biror-bir oqlov topolmadi. So‘ngra buning sababini bir noma’lum kishi Atikaga yetkazdi:
“Isom qisqa muddat xat yozishdan to‘xtab turadi. So‘ngra sening oldingga qaytadi”.
U ho‘ngrab yig‘ladi. Qo‘qqisdan yuragi bir xatarni sezgan edi. Niqobli kishidan yana nimalarnidir so‘ramoqchi bo‘ldi, lekin g‘azablanishdan boshqa hech narsa qo‘lidan kelmadi. U Quddusning nafasni bo‘g‘guvchi tunida niqobli kishining harakatini kuzatardi.
Kutish xavotirga, xavotir esa g‘azabga aylangan edi. G‘azab esa parchalanishga olib kelyapti. Parchalanish esa butun kelajakka o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Atika Quddusning “Binlub”iga aylanadimi? U ilk yoshlik chog‘ida ko‘pincha uni masxaralab kelgan afsonaviy sabr bilan “Uliss”ni kutadimi?
Boshlanishi shiddatli sevgi edi, tugashi uzoq kutish bo‘ladi. Kunlar, soatlar o‘tadi, aql esa falsafani bahs qilib borishga ojiz bo‘lib qoladi. Isom o‘z sevgisini, kelajagini yoki ilmiy ishlar institutidagi ishlarini xavf ostida qoldiradimi?
Muhabbat xavf-xatar soyasida qolmoqda. Umid qushi yelkaga og‘irlik qilmoqda. Yomon gumonlarga berilish qushi esa boshqa yelkada xuddi mag‘lubiyat bayrog‘idek hilpirab turar edi. Isom Atikaga yozgan xatida ortga qaytajagini aytgan edi:
“Seni sevdim, chunki sen baxtli aql egasisan. Senga yaqin bo‘lishni xohlayman. Sen bilan uchrashganimda seni haqiqatan ham ayollarning Momo Havvosi ekanligingni, o‘zimni esa uning qovurg‘asidan yaralgan Odam Ato ekanligimni his qilgandim.
Atika va Isom. Bu so‘zlar eski hovlidagi qarib qolgan zaytun daraxtiga o‘yib yozilgan. Sevgining mantiqiy muammosi. Boshida u mustahkam oila qurishni xohlab, aql bilan muhabbat nishonini chizdi. Aqliy, ilmiy, iztirobiy barqarorlik jihatdan teng oila. Atika farzandlar to‘g‘risida ham o‘ylab ko‘rgan.
“Qiz va o‘g‘il, men yaxshi ko‘radigan o‘g‘il, chunki sen o‘shasan va sen yaxshi ko‘radigan shirin qizcha, chunki men uman. Ikkalasi Quddusni yaxshi ko‘radi. Bolalarimiz bu qadimiy shaharni bir umr sevib o‘tadilar”.
Isom maktublarini bezash uchun satrlar orasiga zaytun mevalarining rasmini chizib shunday deb yozdi:
“Bolalarimizni qanday kelajak kutmoqda? Ular ingliz tilida fikr­laydilarmi yo Xeydbergdagi ozodlikka bog‘lanib qolishadimi? O‘zlari sharqlik bo‘lsa-da, g‘arbcha taom yeb, ota-bobolari yashab o‘tgan yerlarni unutadimi? Axir, bu naqadar yomon-ku!”
Lekin Isom yana rangli, yoqimli suvratlarga qaytib, shunday yozadi: “Biz hali sog‘lom va aqlli farzandlar ko‘ramiz, ular bilan faxrlanamiz, ular ham sen va mendan faxrlanishadi”. Isomning maktublari Atika doim yonida olib yuradigan charm sumkada turadi. Yuzlab maktublar barcha yo‘qotilgan vaqtlarning evaziga kelgan. Atika izlanishlar bilan bog‘liq kitoblar va manbalarni har kuni o‘qishiga qaramay, xatlardagi har bir so‘zni qayta-qayta o‘qishga vaqt topar edi. Atika butun aqlu zakovatini Isomning nega to‘satdan o‘zgarib qolganini aniqlashga qaratgandi. Shimoldan esadigan shamol hech qachon birlashmaydi, degan fikr xayolini band qilmagan-u, lekin ayollik tuyg‘usi Atikani noma’lum bir xatarga yetaklab keldi.
Bir kuni kechasi vahimali tush ko‘rdi. Atika yosh qizcha, Isom esa yosh yigitcha emish. Isom barglari qalin daraxtga ko‘ylagi bilan osib qo‘yilgan emish. U havoda muallaq turib, bir jo‘jadan yordam so‘rayotgan emish. Jo‘jaga esa ilonlar hamla qilarmish, Atika esa unga yordam bera olmay, esankirab, o‘zini yo‘qotib qo‘ygan emish. Mana shu tush Atikaning ancha vaqtgacha esidan chiqmay yurdi.

HAYaJONGA SOLUVChI VARAQLAR

Anchadan beri bog‘dagi joyimdan qimirlaganim yo‘q. Ichkaridan onamning zaif ovozi eshitildi. U mendan: ”Varaqlaringni topdingmi, bolam?” – deb so‘radi. Men uning muzdek oyoqlari oldida cho‘kka tushib afsus-nadomat chekdim:
“Hech narsa topmadim. Keyingi varaqlar ham oppoqligicha turibdi. Go‘yoki ustidan shamol esib, harflarini uchirib ketganday. Ona, ikkinchi fasl ham yo‘qqa chiqdi”.
Barglar to‘xtovsiz to‘kilar, bog‘ esa sovuq edi. Ko‘plar meni ko‘rardi-yu, men ularni ko‘rmasdim. Musiqa esa og‘ir sado taratar, go‘yo pul uchun irg‘ishlagan raqqosalarning ahmoqona qadamlariga monand yangrayotganday. Qani endi yo‘qolgan narsalar topila qolsaydi.
Xotira qiynar, til baxillik qilardi. Hikoya qahramoni Isom esa ko‘p gapirmasdi.
Hikoya tamtaroq ohanglarga aylangan, ular esa tiriklikdan keyin keluvchi o‘limni yaratish duolari bilan omuxta edi.
Hammasi sohilda ro‘y bergandi.
Qayiq qorong‘ida qolgan. Yuzlar esa qoraygan, hech bir ma’noni ifodalamaydi. Kichkinagina kemaning ichiga o‘n ikki odam tiqilib olgan. Men esa Atika ular bilan birga, Isomga mahkam yopishib, “men uchun qaytgin” deyayotganini tasavvur qilaman. Lekin bu kabi suvrat nafratni qo‘zg‘aydigan darajadagi his-tuyg‘uga ega. Men bularni o‘chirib tashladim. Jumlani shafqatsizlarcha o‘chirib, keyin dam olganimni eslayman.
Nurlar va xotirjamlik shovqin-suroniga g‘arq bo‘lgan shaharda yurdim-yurdim, lekin insonlarning tanish bo‘lganiga qaramay, xushro‘y va jim yuradigan Buddaga o‘xshash biror kishini topmadim. U (Budda) qorong‘u tunda yerga qarab turar, o‘zi esa qayiqning o‘rtasiga suyanib olgan, churq etmay, boshini egib olgandi. Jimjitlik asta-sekin o‘z o‘rnini shovqinga bo‘shatib beradi.
Budda majburan o‘z joyini tark etgani, shahar o‘rtasidagi yangi hayotni, Xeydbergdagilar oldida arab tilida gapira olmagani, ingliz tilini yaxshi bilsa-da, lekin bu tilda gapirishni yoqtirmasligi haqida o‘ylar edi. Vazifa – bu harakat edi. Bu yangi dunyo tili edi. Ziyon va foyda barobardir. Yangi til bu Buddaning yo‘lidir va u natijalar haqida o‘ylamaydi. Bir kishining baqirishi kemadagi tinchlikni buzdi:
“Dushman kemasi!”
Bu kema xuddi qon hidini olgan yirtqich baliqdek dengizni kezib yurardi. Hamma jim bo‘lib qoldi.
Shovqin odamlarga yaqinlashib kelayotgan motor ovozidan ham balandroq edi. Mikrofonda arab tilida gapirishardi:
“Motorni o‘chiringlar, qurollaringni tashlab, tepaga chiqinglar!”
Budda g‘ayritabiiy bir narsa yuz berishini bildi. Ularning kemalari hali dushman hududidan uzoqda edi. Shuning uchun u odamlarni xotirjam qilmoqchi bo‘lib, “Xotirjam bo‘laveraylik, ular arablarning kemasi” deya boshladi. Lekin o‘ziga ham noma’lum bo‘lgan bu holat ayni paytda ularga manfaat keltirmasligi haqida o‘yladi.
U tuyg‘ulari bilan sezdiki, qorong‘uda bular tomon kelayotgan begona kema ular o‘ylagan dushmanlarniki emas, balki shu yaqin orada ularni qo‘lga tushirmoqchi bo‘lganlarniki edi.
Bo‘lar ish bo‘ldi. Odamlar qurol-yarog‘lari bilan birga bog‘lanib, sohilga olib chiqildi va yerga uloqtirildi. Boshlariga qora qop kiydirildi. Budda yangi zulmat to‘g‘risida o‘ylardi. Qulog‘i esa hujum qilganlarning gaplari bilan to‘lar edi. U barchalari o‘limga mahkum ekanini bildi. Ilgari dushman qo‘liga tushmagan kishilar noxush hodisa ro‘y berishini sezdilar. Endi Isomning barcha harakatlari sarobga aylanib, Atika bilan qilgan orzulari gumdon bo‘ladimi?
Isom va uning sheriklari dushman kuchlari tomonidan qo‘lga olinib, barchasi Ko‘rfaz yaqinidagi g‘orda so‘yib tashlandi. Ularning birortasi oilasi va qarindosh-urug‘lariga xat yozishga ham ulgurmadi.
Qon xuddi adashgan qo‘zichoqlarday atrofga tirqirar, qassoblar esa dushman ustidan g‘alabani nishonlab, sopol ko‘zalardan sharob sipqorar edi. Atika bu xavfni sezib, qichqirib yubordi: “Isom osonlikcha o‘lishi mumkin emas”. Atika har doim o‘ziga-o‘zi shunday der edi. Albatta, ro‘y bergan narsalarga ishonmas, ularni gumon deb bilardi. Uni yoniga qaytishiga umuman shubha qilmasdi. Shunga qaramay, Atika bir hafta o‘ziga kelolmay yurdi.
Sohil bo‘yida nimalar ro‘y bergandi? Uni ta’riflash ham qo‘rqinchli. Manzaraning butun dahshati – qo‘rquvdan chaqchaygan ko‘zlaru, so‘yishdan lazzatlanayotgan jonlar, shodlikdan havoga otilayotgan olovli o‘qlar, yemirilgan qoyalar, shovqin-suron, tinimsiz aytilayotgan salavotlar, qochoq bolalar, ayollar, hibsdagilarning oh-vohlaridan iborat. Toshlarning rangi o‘chgan, dengiz chag‘alaylari qo‘rqib qochar, baliqlar dahshatga tushar, dengiz esa tobora kattarib borardi… G‘arb tomonda ufqni dengiz to‘lqinlari to‘sgan. Sharqda esa ufqni tobora qonli tusga kirib borayotgan baland tog‘ qad rostlab turardi. Tanasidan judo qilingan boshlar o‘rni o‘yilib qolardi. So‘ngra ularning boshliqlari boshlarni bir joyga to‘plab, ularga og‘zidan aroq purkar, vahshiylarcha xirillardi.
Batafsil aytib berishga holim yo‘q.
Charchadim…
So‘yish voqealarini ortiq eslagim yo‘q.

HAQIQIY ShARPALARNI QIDIRISh

Charchadim. Hikoyaning varaqlari esa arosatda – yo butunlay yo‘qolgan, yoki oppoq holida qolib ketgan. Go‘yoki, bu men davolay olmaydigan sehr-jodu yoki tavqi-la’nat. London va Quddus o‘rtasidagi masofani dengiz va shaharlar orqali ifodalab turgan suvratni nihoyalash uchun yordam berar deb yuzlab tafsilotlarni to‘plagandim. Endi-chi, endi nima bo‘ladi? Tafsilotlar aralash-quralash bo‘lib ketdi. Varaqlar, qalamlar, kitoblar bilan to‘lib-toshgan xonamdagi stol bilan onamning karavoti o‘rtasida yuz martacha borib keldim. Eslashga, hikoyamning yo‘qolgan varaqlarining qayerdaligini taxmin qilishga urindim. Meni hayotga keltirgan soliha ayolning umrini uzaytirishini Xudodan yolvorib so‘radim.
Payt poylab, tun qo‘ynida o‘z shahrini tark etgan Atikani deb qayg‘uda edim (garchi unga yordam bergan narsa faqat tun emasligini bilmasam ham). O‘shanda Atika yengilgan edi. Lekin u bir kuni shunday tush ko‘rib uyg‘ondiki, tushida: “Isomni ko‘rishni istayman” deb baqirar, so‘nib borayotgan umidlarni qayta yoqmoqchi bo‘lardi.
U Isomni izlash safarida qotillikka guvoh bo‘lgan ko‘rfazga yetib keldi.
Atikaning tabiati g‘alati edi.
U o‘zidagi zaiflikni yoki ko‘zlaridagi yoshni biror insonga ko‘rsatmagan.
“Ko‘z yoshlarimni vatanga qaytib huzurlanishga yoki uchrashuv shodligi uchun saqlayman” derdi. Odamlarning ajoyib turmushiga hasad bilan qarash unga yot.
“Men Isomning o‘limini his qilmadim… Demak, so‘yish hodisasi ham ro‘y bermagan”. U ko‘rfazdagi tepalik oldiga borib to‘xtadi. Ko‘pchilik bo‘lib o‘tgan qotillikka barham berildi derdi. Ularning haqiqatni ochiq aytmayotganligi tagida boshqa ma’no bor edi. O‘ch olishdan kim qanday foyda ko‘rishi mumkin? “Intiqom ayni paytda rad etilayotgan ishdir”.
“Sevgilim Isom uchun o‘ch olishni o‘ylaymi? Buni qanday amalga oshirishim mumkin”, deya Atika o‘ziga takror va takror savol berdi. “Umidimni uzmayman”.
Atika hech qanday qarshiliksiz o‘lishga qaror qilgan edi. Isom bekordan-bekorga sichqonday qopqonga tushib qolmagan. U Atikaning hayoti davomida uchratgan insonlari ichida eng suyuklisi edi. Jimlik va umidvorlik Isomga xos bo‘lib, undagi barcha xislatlar endi Atikada bosh ko‘taradi. Atika o‘z habibi deb, habibi esa vatani deb muammoga uchradi. Orzular asrida muammolar tugaydimi o‘zi? “Haqiqatan ham bu orzu asrimi?”
Hodisalarning yomonligi umidsizlikka chorlayotgan bo‘lsa ham, lekin qon izlari umid qilishdan darak berardi. Buni Atika falsafada o‘rgangan edi. Bunday og‘ir vaziyatlarda uning ko‘ziga faqat ilm ko‘rinardi. U tobora falsafaga berilar, har bir narsani aql va mantiq tarozisiga qo‘yib o‘lchar, mulohaza natijalari esa unga umid bag‘ishlardi.
Isom o‘lgan yoki o‘lmaganligi haqidagi o‘ylar Atikaning miyasida g‘ujg‘on o‘ynardi.
“So‘yib o‘ldirilgan”.
O‘lmagan degan fikr tarozi pallasida og‘irroq kelardi. Bechora ayol begona shaharda, eshiklari zich yopiq xonada “ishonmayman” deya qichqirardi.
Atika inkor qilmoqda. Bunday inkor etish o‘z mahbubining o‘limini e’tirof etmaydigan insonning fazilatidir.
“Agar o‘ldirgan bo‘lsangizlar, menga uning jasadini ko‘rsatinglar, yuzini ko‘rsatinglar menga… Shunda ham baribir ishonmayman”.
Atika yana takrorlardi: “Agar butun dunyo Isomning o‘ldirilganini tasdiqlaydigan aql hujjatini keltirganida ham, hissiy hujjat Isomning qayerdadir yurganini, u meni eslayotganini ta’kidlaydi. Modomiki, eslash, xotiraga keltirish bor ekan, hayot hech qachon yo‘q bo‘lmaydi”.
Voqealar ziddiyatli, lekin umid bor.
Yo‘qolgan hikoya to‘g‘risidagi eslatmalarimni nihoyasiga yetkazishga harakat qilaman.
Ajabo, hikoya biror insonga yetib bormasdanoq o‘ldimi? U haqiqatan ham bir marta yashadi, varaqlarim uzra bir martagina umrguzaronlik qildi. Endi hamma narsa mendan va haqiqatdan uzoqlashib ketdi. Miyamda o‘zini siqib borayotgan aqldan bo‘lak hech narsa qolmadi. Shunday qilib, Atika oz bo‘lsa-da umid bilan yashashda davom etdi. Yangi bir guvoh qattiq mast bo‘lganida shunday dedi: “O‘ldirish uchun bittasini tanladik, boshqasini esa sherigining o‘ldirilishiga guvoh bo‘lishi uchun tirik qoldirdik. Bu bir o‘yin edi”. Atika bu kishidan hayoti saqlanib qolgan olti kishining tafsilotlarini, tirik qolganlar va o‘lganlar haqida batafsil ma’lumotlarni so‘rab olishga harakat qildi. Lekin u kishining tili tutilar, Atika esa bunga ko‘pda e’tibor qilmay, Isomni bilganicha ta’riflab berdi. Vaholonki, Atika Isom haqida to‘liq ma’lumotga ega emas edi. Shunda haligi guvoh: “U o‘ldirilganlar ichida bor edi-yov”, dedi.
So‘ngra Atika u kishiga Isomni boshqalardan ajratib turadigan vazminlik xususiyati, uning salobatini ta’rifladi. Shunda guvoh kishi: “U najot topganlar orasida bo‘lsa kerak”, dedi. Shunday qilib, ayol dengiz bo‘yida qatl qilingan joyga borib, bittama-bitta so‘rashda davom etdi. Suhbatlardan shu narsa ma’lum bo‘ldiki, u bilan gaplashganlarning har biri o‘sha voqeadan ozmi-ko‘pmi xabardor edi. Shundan so‘ng, bir notanish kishi Atikaga shunday dedi: “U yerda hech bir odam so‘yilmagan. Asirlar ozod etilgan. So‘ngra ulardan o‘zlarini-o‘zlari saqlab qolishi talab qilingan. Asirlar uzoqlashmasdanoq orqalaridan o‘q uzilgan. Ulardan olti nafari yerga yiqilgan, qolganlari esa tirik qolgan”.
Atikaning qalbida umid tug‘ildi. Isom tirik qolgan. Chunki u o‘qdan qanday qutulish yo‘lini biladi. Demak, habibi hozir qayerdadir yuribdi. Va u, albatta, keladi. Atikaning tuyg‘ulari aldamaydi. Shunday bo‘lsa-da, u qo‘rqa-pisa qayta-qayta so‘rar edi: “U jarohatlanganmi, biron-bir yordamga muhtojmikan?”
Atika asirlar qochgan tomon yurdi. Uning o‘z yaqinini izlab yurgani tog‘dagi kishilar orasida ham ovoza bo‘lgandi. Jabrdiyda ayolning oldiga bir keksa kishi kelib: “Kishanlangan bir necha kishi bir guruh militsiya qo‘riqchiligida shu yerdan o‘tib ketganini eslayman. Lekin sen aytgandek, u paytda na o‘q ovozi, na dod-faryod eshitildi”, dedi. Bunga yana bir qari dehqon ayol qo‘shimcha qilib: “Oxirgi oylarda ko‘p qotilliklarning guvohi bo‘ldik. Bir guruh odamlarni dengizda qo‘lga tushirishgan va o‘sha yerda qatl qilishgan, so‘ng qum ostiga dafn qilishdi”, deya ko‘rgan-bilganlarini so‘zladi.
Keyin qo‘shni qishloqdan bir qizcha kelib, Atikaga: “Shu yerdan usti ochiq mashinada arqon bilan bog‘langan odamlarni olib o‘tishdi. Ulardan biri menga ko‘zini qisdi”, dedi.
Atika Isom hamon tirik ekanini, uning bolalarcha tuyg‘ularini ma’sum qizcha bilan o‘ynashishga undaganini angladi.
Ayolning his-tuyg‘ulari qo‘rquvga, xavotirga aylandi. Lekin umid uni harakat qilishga undardi. Atika bo‘lgan ishlarni aql tarozusiga solib ko‘rardi va Isomning tirikligiga ishonar, uning ovozi izlashdan to‘xtamaslikka chorlardi. Bir kuni mehmonxonada bir kishi Atikaning xonasini taqillatib: “Habibingga bo‘lgan xavotiring bizni ham uni izlanishga undaydi. Demoqchimanki, Budda tirik. Menimcha, uni militsiya hukumatga topshirib yuborgan. Boshqa odamlarimiz ham xuddi shunday qo‘lga olingan-u, lekin tirik qolishgan”, dedi. Keyin o‘sha kishi sevgan insonini yo‘qotgan kishiday qayg‘uli ohangda qo‘shib qo‘ydi: “Ayni paytda qo‘limdan keladigani shu”.
Atika qichqirib: “Agar u yer yuzidagi birorta qamoqxonada yotganini, uning tirikligini bilsam bo‘ldi, menga shundan boshqa hech narsa kerakmas”.
Atika poytaxtga jo‘nab ketdi. U adolat tantanasi uchun tinimsiz qilgan izlanishlaridan chekkan azoblarini o‘z yaqinlaridan birortasiga bildirmay dam olishi va o‘ziga kelib olishi zarur edi.
Hikoyalar ko‘p, lekin umidsizlik kuchli.
Xaritaga nazar solsang, hamisha poytaxtlarning bir-biriga o‘xshashini ko‘rasan. Endi yozuv tasmasi voqealarni jonlantirar degan umidda jihozni ishlatishim kerak. Tasma g‘ildiragi aylanaveradi, aylanaveradi…
Men Atikaning o‘sha kuni peshinda odamlarga to‘lib-toshgan shaharga yetib kelishini ta’riflashga harakat qilayotgan edim. So‘zlar tushunarsiz, lekin so‘zlarni tushunish uchun jihozni asta-sekin ortga qaytarishga harakat qilardim.
Shaharda rang-barang e’lonlar, afishalar qoqib tashlangan, odamlar ko‘p bo‘lishiga qaramay, u yer g‘amgin va tushkun holatda edi.
Atika olomon ichidan nogoh bir kishi chiqib: “Sevgilingning qayerdaligini bilaman”, deyishini tasavvur qilar, lekin uning a’zoyi badani zulm va jabrdan ezilib ketgandi, shu sababli u mehmonxonaga qochdi va u yerda Isomni topish rejasini tuzmoqqa ahd qildi.
Uning birinchi maqsadi dushmanga qarshi kurashuvchi kishilarda ishlaydigan tanish kotiba bilan uchrashish edi. Atika u bilan uchrashib, ahvolini bayon etdi. Shunda kotiba ayollarga xos jasurlik bilan Atikaning bilagidan tutib, bu mavzu to‘g‘risida bilishi mumkin bo‘lgan rasmiy tashkilotlarni aylanib chiqa boshladi, lekin qilingan harakatlar baribir ularni umidsizlik eshigiga olib boraverdi. Shunda kotiba: “Aslo noumid bo‘lmaymiz. Muhabbat umidsizlikni bilmaydi”, dedi. Atika: “Umidsizlik mening xayolimda ham yo‘q. Umid haqiqat sari intiladi. Isomni sevishim – mening umidim”, dedi.
Bir kuni unga xushxabar bitilgan xat keldi. Bu xatni ko‘tarib, qo‘riqchilari bilan yuradigan bir mansabdor kishining oldiga bordi. U kishi Atikaga ishonch va xotirjamlik bilan: “Xonim, inshalloh, niyatingizga yetgaysiz”, dedi.
Atika bu gaplarni eshitib, yuragi quvonchga to‘ldi. Atika u yerda hali ham javonmardlik yalovini ko‘tarib yurgan kishilar borligini bilardi. Xushxabardan xursand bo‘lgancha u bo‘lajak uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rib, o‘ziga oro berdi. Lekin u kishi ham quruq va’dalar bilan uning qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldirdi. Atika ham xonasiga qaytib, kotiba dugonasiga ishi yana teskari ketayotganini aytdi. “Uning tirikligini bilmasam, bu hayot menga haromdir!”, dedi.
Qadam-baqadam, qamoqxonama-qamoqxona, har bir qo‘lga olinganni ko‘rib chiqish – bu dugonasidan chiqqan g‘oya edi. Chunki bunday notanish joylarda qo‘riqchilardan kimdir bo‘lsa ham bu haqda bilishi kerak. Kotiba Isomning qayerdaligini bilgan yoki ko‘rgan kishiga katta mukofot borligini aytdi. Kundan-kun natijalar yomonlashib bordi. Atika umidsizlik bilan jon olib-jon berib kurashardi. Kunlar alam va xavotir sari yetaklayotgan bo‘lsa-da, muhabbat ham porlashda davom etardi.
Bir kuni kotibaning xonasidan quvonchli qichqiriq ovozi eshitildi. Atika esa dugonasining gapiga o‘ninchi marta quloq tutayotgandi. Uning aytishicha, bolasini izlab yurgan bir ayol mahbuslar orasida Isomni ko‘rganini aytib qolibdi. Atika hali bolasini topmagan onani quchoqlab qichqirib yubordi va “Bilaman, u tirik. Uning tirikligini bilardim”, dedi. Ayol hech narsani tushunmadi. Qanday kelgan bo‘lsa, shunday chiqib ketdi. Atika esa dugonasi bilan uchrashuvning yaqinlashib qolganini nishonlab, kechani Quddus haqidagi qo‘shiqni kuylab o‘tkazdi.
Ertasi kuni ikki ayol (Otna va kotiba) uyga oyoqlarini sudrab qaytishdi. Mas’ul kishilar o‘zlarida gapirmayotgan kishining borligini ham, Isom yoki Budda laqabli kishining borligini ham inkor qilishdi. Atika balkonda tun qo‘ynida shaharga tikilib zulmni his qildi. Yoshlik, muqaddas zaminning bosib olinishi, suygan insonlardan uzoqlashish… Zulmki, unutib bo‘lmaydigan zulm. U adolatni istaydi. Sevgan insonining hali ham hayot ekanini ro‘y rost aytadigan insonni istaydi. Qanday talab bu qiyinchilikni keltirmoqda, qaysi zulmat shaharni o‘z komiga tortmoqda, qaysi kunlar hisobsiz o‘tmoqda… “Endi umid haqida xayol qilyapsanmi?”
“Zaytun daraxti charchadimi? Doim yashil turgan barglar sarg‘aymoqdami?”
“Kelgusi kunlarning sirini ochib bermoqchi bo‘lgan sadaflar jarangini kim eshitadi?” Kim ozod bo‘ladi? Kim g‘alaba qiladi? Atika qalbida, dengiz sohilida, butun hayotida shovqinni yuzaga keltirgan yo‘qlik falsafasini mahkam tutishga qaror qildi.
Umid nima uchun yaralgan? Hayot nima uchun berilgan?
Nima bo‘lsa bo‘lsin… Varaqlar yo‘qlikka mahv bo‘ldi, lekin haqiqat hamon egilgan… Nima bo‘lsa bo‘lar, hikoya yo‘qoldi, lekin hali u yuzaga chiqadi. Mana, men qadimgi kitoblarga qaytyapman. “Ming bir kecha”, “Safar ajoyibotlari”, “Haqiqiy yoki mavhum umidni izlovchi Atika voqealari”, “Kalila va Dimna”, “Hikmat mag‘zi”… Yoga bilan shug‘ullanuvchilar hushsiz uxlaydi. Magellan yo‘ldan adashadi, so‘ng yerni kashf qiladi. Abu Zarr haqiqatni biladi, so‘ng zavollik sari boradi…
Agar Atika falsafani tark etib, tarixga qaytganida edi, undan ko‘ra aza tutish afzalroq bo‘lardi. Ey qayg‘uli xonim, qayerda bo‘lmay men sen tomon bitta umid bilan yuzlanaman. Tarixni o‘rganishing kerak. Tarix menga ham taskin beradi. Balki u sen yo‘qotgan xotirjamlikni qalbingga olib kirar.
Nima bo‘lsa bo‘lsin… Endi kelgusi narsalar haqida o‘ylaylik. Ona kundan-kun to‘shakda so‘lib bormoqda, kauchuk daraxtining barglari sarg‘aymoqda. Ey, go‘zallik va qayg‘uga erta keluvchi zavolkor zot! Nihoya mantiqiy va go‘zal bo‘lsin. Mana, men ularni bog‘dagi yashil o‘t-o‘lanlardek yonma-yon kelayotganini ko‘ryapman. Budda va Atikani bir-birlaridan qayg‘u yoki firoq ajratolmaydi. Nihoyat, ikki sevishgan uchrashdi va sog‘inch shamollari ikkisini bir-biriga talpintirdi.
Ularni ko‘rib xursand bo‘ldim. Ikki sevishgan qalb bir-biriga yaqinlashar ekan, qadamlari yashil gilam uzra ildam harakat qilardi. Yosh bolalardek kulishar, ko‘zlari quvonchdan porlardi. Binafsharang kapalak­lar ularning boshi uzra uchadi… Ey, saodatni his qildirgan nihoya! Ey, nihoyani his qildirgan saodat!
Kassetani to‘xtatdim. So‘ng kassetani oxirgi uzilgan joyining boshiga qaytardim: o‘sha kunning tongida Atika o‘zi yoqtirmaydigan musiqa ostida uyg‘ondi. O‘shanda hali u uchrashishi kerak bo‘lgan mas’ul shaxs ham yoki uni umid sari yetaklaydigan kishi ham yo‘q edi. Atika ko‘zguga qaradi. Unda chiziqlar va soyalarni ko‘rgach, shaharga boqdi. To‘g‘ri yo‘l bilan yashashni o‘ylayotgan yoki umuman o‘ylamayotgan kishilarning his-tuyg‘ulari to‘g‘risida fikr yuritdi.
Kutish bilan yuz yil o‘tdimi? Atika qayg‘uga e’tibor bermay, yanada ko‘proq tabassum qilmoqda. Ko‘zgudan Buddaning siymosini ko‘rgach, Atika yana uzoq vaqt yashashi kerakligini his qildi.
Shoyadki, o‘sha kasseta ovoz chiqarmay, bo‘m-bo‘sh aylansa. Unga yozilayotgan jimjitlik o‘zida sirlarni saqlaydi. Bog‘ni kezayotib, goh Atikani, goh mevali zaytun daraxti ostida jimgina turgan Buddani ko‘rardim. Ular bir-birlari bilan ko‘zlari orqali so‘zlashardi. Ayni vaqtda bir-birlaridan uzoqlashib ham borardi. Shunda Atika dahshatga tushgancha devor ortidan bir mas’ul kishining ularni kuzatayotganini bildi. Bog‘da xavotirlik hukmron. Qora bulutlar namli, hamma narsa uning soyasi tomon yuradi. Atika ortga qaytadi. Mas’ul kishi esa uni o‘ziga tortadi. U qarshilik qilib ortga harakat qilsa-da, mas’ul kishi kuchli edi. Buddaning ko‘zlari esa bo‘shliqqa tikilgan…
Hikoyadagi hodisalar aralash-quralash bo‘lib ketdi. Jimjitlik borgan sari o‘z domiga tortardi. Shu payt to‘shakda zaif yotgan onamning “Yong‘in, yong‘in” deb yordam so‘rab chaqirgan ovozini eshitdim. Shoshib xonaga kirdim. Onam barmog‘i bilan bog‘ tomonga qaragan deraza tarafni ko‘rsatardi. U yerdan osmonga o‘rlayotgan tutun ko‘rinardi. Men vaziyatni bilish uchun ehtiyotkorlik bilan o‘sha tomon bordim. Shunda bog‘ burchagida lovullagan olovga ko‘zim tushdi. Hech narsa qilmasa kerak deb o‘ylab turgandim, lekin ahvol birdan o‘zgardi. Olov quruq shoxlarga tegib, asta-sekin ko‘tarilib borardi. Keyin xuddi shamol kelib kuchaytirib yuborgandek, olov birdan shiddatlashib ketdi. Qo‘rqib, bog‘ tomon yurdim. Bir paytlar o‘zim ekib, undagi o‘zgarishlarga qarab, voqealarni yaxshilik yoki yomonlikka yo‘yib yurgan yolg‘izgina daraxtim – zaytun tomon siljib borayotgan olovni o‘chirmoqchi bo‘ldim. Aqlim ishlamay qolgandi. Nima qilishni bilmay, olov ustiga tuproq socha boshladim. Lekin shamol kuchayib, alanga yashil o‘t-o‘lanlar sari cho‘zildi. Zaytun mevalari esa olovdan pishib to‘kila boshladi. Suvga qarab chopdim. Shamol bo‘ronga aylandi. Osmonda yashin paydo bo‘ldi-da, yomg‘ir yog‘ib dardimga sherik bo‘ldi. Fikrimni jamlay olmay, jim to‘xtab qoldim. Birozdan so‘ng hammasi tugadi. Xotirjam bo‘ldim. Yong‘in hidi bilan yomg‘irdan so‘ng paydo bo‘ladigan tuproq hidi bir-biriga qorishib ketdi. Kim ham buning sababini qidiradi deysiz? Men esa tinchlikni qidirmoqdaman. Deraza ortida bog‘da bo‘lgan hodisani qayg‘u bilan kuzataman. Yakka zaytun daraxti o‘z mevalarini yo‘qotdi. O‘t-o‘lanlar esa qorayib ketdi. Kapalaklar qochib ketdi. Chumchuqlar jim bo‘lib qoldi. Chumolilar tuproq ostiga yashirindi. Onamga “Hammasi tugadi, volidam”, dedim.
U xotirjam bo‘lib, ko‘zlarini yumdi. Kasseta ham aylanishdan to‘xtadi. Suv va olov bilan tinchlangan his-tuyg‘ularimni nima deb nomlashimni ham bilmayman. Menga nima bo‘lyapti o‘zi? Bizga nima bo‘lyapti? Yo‘qolgan varaqlar, yo‘qolgan harflar, mubham nihoyalar…
Bog‘ ichidan Atika menga qayg‘uli holda yurib kelayotgan keksa ayol bo‘lib ko‘rindi. Shuncha voqealarga qaramay, uning ovozi umid bilan titrardi. Sekin-sekin qadam tashlar, oyoqlari qorayib ketgan o‘t-o‘lanlarga ko‘milib kelardi. Tezroq harakat qilmoqchi bo‘laman-u, lekin buning uddasidan chiqolmasdim. Atikaga nima bo‘ldi? Bechora muhabbatga nima bo‘ldi? Atika endigina erishib, uni mahkam ushlayman deganida o‘rtalarida katta devor paydo bo‘ldi.
“Isomni men bilan birga qidirgin”, derdi Atika menga qarab. Unga: “Albatta, uni sen bilan birga qidiraman”, dedim. U esa hamon joyidan qimirlay: “Meni qidir, shunda uni topasan”, dedi.
Sabrni bemor yotgan onamdan, umidsizlikka tushmay izlanishni Atikadan o‘rgandim. Shuncha voqeaga qaramay, zoye ketgan vaqtu arzimas narsalarni his qilyapman. Oyoqlarim qorayib ketgan o‘t-o‘lanlarga ko‘miladi. Voqealar tinchidi, gumonlar tarqadi. Bog‘imni ta’sirli jimjitlik bilan to‘ldirgan barcha shaxslar hikoya maydonidan g‘oyib bo‘ldi. To‘satdan yozishdan to‘xtashga qaror qildim. Atika sevgilisini topmadi. Chamasi, u hayot haqiqatini bilishga bo‘lgan barcha umidlarini yo‘qotdi. Bu bilan men befoyda izlanishning manfaatiga aloqasi bo‘lmagan birgina harfni ham yozib olishdan foyda yo‘qligini angladim…
“Ey Allohim, fikrlarim tarqoq, men yo‘qolmoqdaman”.
Sochilib yotgan qoralamalaru yozilmagan varaqlarni ham yoqib yubordim. Hammasi olovda yonib, kul bo‘ldi. Bema’ni hodisalardan ta’sirlanib, azobning nihoyasini o‘ylab qoldim.
Buddaning yo o‘lmay, yo yashamay qolishiga men javobgarmanmi? Meni bunday tang ahvolga solgan aynan Atika ekanligini sezdim. U meni gunoh botqog‘iga botirdi-da, o‘zi g‘oyib bo‘ldi. Bunga ko‘z oldimdagi guli siyohlar, kulga aylangan maysalar guvoh. Budda va Atikaningmuhabbati bitilgan maktublarni o‘chiraymi? Hodisalardan xabar beruvchi, yashil rangini yo‘qotgan o‘t-o‘lan ustiga tuproq ag‘daraymi?
U erta kelgan qarilikmi yoki bog‘imda uzoq turib qolgan kuzmidi? Yolg‘ondan tush ko‘rishni istayman. Yozish, xayol surish, yolg‘onlarni tugatib, haqiqatni e’tirof etish vaqti keldi…
Hammamiz mag‘lub bo‘lyapmiz. Budda qutulish, Atika esa uni izlash yo‘lida… Men esa hech narsani o‘zgartirolmay, ularga guvoh bo‘lib turibman, xolos. Yo‘qolib boryapman, lekin o‘z so‘zlarim bilan yopgan umid eshigini Atika kelib taqillatishini kutaman. Budda bilan uchrashgani to‘g‘risida xushxabarlar keltirar deb kutishda davom etaveraman. Shunda qaytadan yozish usuli haqida o‘ylayman. Uzoq yillar aza tutishga majbur qilgan yolg‘on usul to‘g‘risida xayol suraymi?
Shunda onamning: “Butun boqqa quyosh tushyapti”, deb xursand bo‘lib gapirganlarini eshitdim. Ilgari sira bunday xushchaqchaq gapirganlarini eshitmagandim. Shunda bo‘lgan hodisalarni unutish uchun qalbga shodlik olib kirgani boqqa chiqdim…

Arab tilidan Go‘zal Jalilova tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2017 yil, 12-son