Umberto Eko. Qadrdon nabiram, o‘qib yod ol!

Qadrdon nabiram!

Men, rojdestvo munosabati bilan yozilgan ushbu maktubimni De Amichis[1] kayfiyatidagi singari o‘ta nasihatomuz tarzda yaqinlarimizga hamda shu kabi yana boshqa narsalarga zo‘raki muhabbat uyg‘otsin deb yo‘llayotganim yo‘q. Sen buni eshitib ham o‘tirmas eding (sen endi katta bo‘lding, men esa ancha qarib qoldim). Chunki endilikda qadriyatlar tizimi shu qadar o‘zgardiki, o‘gitlarim o‘rinsiz tuyulishi mumkin.

Alqissa, hozir planshetingdan foydalanayotgan kezlaring senga amalda asqotib qoladigan bittagina maslahat bermoqchiman. Men senga miyasi aynigan qariyaga o‘xshab ko‘rinishdan cho‘chiyotganim uchun bu maslahatni berayotganim yo‘q. Men, axir, o‘zim ham undan foydalanaman. Har holda, senga insonlar bilan insonlar, odamlar bilan hayvonlar o‘rtasidagi shahvoniy o‘yinlarni namoyish etuvchi yuzlab pornografik saytlarga e’tiboringni qaratmaslikni maslahat bera olaman. Ishqiy munosabatlar bunaqangi xiyla bir zayldagi harakatlardan iboratligiga ishonma! Bunday sahnalar seni hayotdagi mavjud qizlar oldiga borib tanishishdan ko‘ra, ataylab uyda tutib turish uchun o‘ylab chiqarilgan. Taxminimcha, sen haqiqiy yigit bo‘lib ulg‘ayding, aksincha bo‘lsa, mening tavsiyalarimni o‘z holatingga ilova sifatida qabul qil, lekin maktab yoki o‘yin maydonchalaridagi qizlarga nazar sol, negaki ular telepersonajlardan yaxshiroq va payti kelib senga “online” qizlardan ko‘ra ko‘proq quvonch baxsh eta oladilar. So‘zlarimga ishon, chunki mening tajribam katta (agarda men kompyuterdagi bu shahvoniy o‘yinlarni kuzatib vaqt o‘tkazganimda edi, otang hech qachon tug‘ilmas va sen ham hozir yorug‘ dunyoda bo‘lmas eding).

Biroq men sen bilan bu haqda emas, balki tengqurlaring va hozir universitetlarda tahsil olayotgan sendan avvalgi avlodni shikastlashga ulgurgan bir kasallik haqida gaplashmoqchiman. Men xotirani yo‘qotish haqida gapiryapman.

Chindan ham, agar sen Buyuk Karl kimligini yoki Kuala-Lumpur qayerda joylashganligini bilmoqchi bo‘lsang, shu zahoti tugmachani bosishing va barchasini internetdan aniqlashing mumkin. Zarurati bo‘lsa, shunday qil, ammo kerakli ma’lumotni olgach, qachonki, masalan, maktabda shu bilimlar senga zarur bo‘lganda, qayta qidirib o‘tirmaslik uchun, uning ma’nosini yodda saqla! Eng yomoni shuki, xohlagan paytingda savolingga kompyuter orqali javob olishga bo‘lgan ishonch senda axborotni esda saqlash istagini so‘ndiradi. Bunga quyidagicha muqoyasa keltirsa bo‘ladi: shoshilganda bir ko‘chadan boshqasiga avtobus yoki metroda yetib olish mumkinligini anglagan kishi endilikda yayov yurmasam ham bo‘laveradi, degan qarorga keladi. Ammo piyoda yurmas ekansan, sen nogironlar aravachasida yuradigan odamga aylanasan. Ey, aytgancha, sen sport bilan shug‘ullanasan va tanangni boshqara olasan-a, biroq, kel, sening miyangga qaytamiz.

Xotira xuddi oyoqlaring mushaklariga o‘xshaydi. Mashq qilmay qo‘ysang, ular shalvirab qoladi va sen (dangal gaplashaylik) ovsarga aylanasan. Bundan tashqari, biz barchamiz keksarganimizda Altsgeymer[2] kasalligi bilan og‘rish xavfidan xoli emasmiz va bunday ko‘ngilsizlikning oldini olishning yo‘llaridan biri hamisha xotiramizni mashq qildirishdir.

Mana, mening yo‘sinim. Har kuni ertalab, xuddi bolalikda bizni majburlashganidek, birorta qisqagina she’rni yod ol. O‘rtoqlaring bilan kimning xotirasi kuchli ekanligi bo‘yicha musobaqa uyushtirishlaring mumkin. Agar she’riyatga mayling yo‘q esa, unda futbol jamoalarining tarkibini esda saqlashga urinib ko‘r, lekin sen nafaqat Rim klubining hozirgi o‘yinchilarini, balki jamoaning avvalgi tarkibini ham bilishing shart (o‘ylab ko‘rgin-a, men Superga tepaligida halokatga uchragan samolyot bortidagi Turin jamoasi o‘yinchilarining ismlarini yod bilaman: Bachigalupo, Ballarin, Marozo va boshqalar). O‘qilgan kitoblarning mazmunini kim yaxshi eslay olishi bo‘yicha bellashinglar (xazinalar orolini qidirishga otlangan “Ispan’ol” kemasi bortida kimlar bo‘lgan? Lord Treloni, kapitan Smollett, doktor Livsi, Jon Silver, Jim…). O‘rtoqlaring uch mushketyorlar va d’Artanyan xizmatkorlarining ismlarini (Grimo, Bazen, Mushketon va Planshe) eslay oladilarmi-yo‘qmi, oydinlashtir… Mabodo, “Uch mushketyorlar”ni o‘qishni xohlamasang (garchi bu bilan nimani boy berayotganingni bilmasang-da), unda o‘zing o‘qigan birorta kitobdan bahs och.

Bu senga o‘yindek tuyuladi, aslida ham bu bir o‘yin xolos, ammo ko‘rasan, miyang personajlar, afsonalar va turli esdaliklarga to‘ladi. Nimaga qachonlardir kompyuterni elektron miya deb atashganligini so‘raysan. Shuning uchunki, u miyamizning nusxasi sifatida o‘ylangan, biroq inson miyasining aloqalari kompyuternikidan chandon ortiq. Miya – bu shunday kompyuter-ki, u hamisha sen bilan, uning imkoniyatlari mashqlar natijasida kengaya boradi, stoling ustidagi kompyuterning esa davomli foydalanishdan so‘ng tezligi pasayadi va bir necha yildan so‘ng boshqasiga almashtirishni talab etadi. Miyang esa senga 90 yoshgacha xizmat qilishi va mashq qildirib tursang, to‘qsondan keyin ham hozirgidan ko‘p narsani eslay olishing mumkin. Ustiga-ustak, u tekin ham.

Bundan tashqari hayotingdagi voqea-hodisalar yoki sen o‘qigan narsalar bilan bog‘liq bo‘lmagan tarixiy xotira ham bor. U sen tug‘ilgunga qadar yuz bergan voqealarni o‘zida saqlaydi.

Bugungi kunda, agar sen kinoteatrga bormoqchi bo‘lsang, film boshlanishiga kelishing shart. Kino boshlangach esa, xuddi nima yuz berayotganini senga izohlab berishayotgandek bo‘lishadi. Bizning zamonlarda kinoteatrga xohlagan paytda, hatto film o‘rtasida ham kirish mumkin edi. Ko‘pgina voqealar sen kelguncha bo‘lib o‘tar va nimalar ro‘y berganini tusmollashga to‘g‘ri kelardi. Film yangidan boshlanganda esa, xayolingda tiklagan voqealaring qanchalik to‘g‘ri ekanligini ko‘rsang bo‘lardi. Agar film yoqqan bo‘lsa, kinoteatrda qolish va uni yana bir marotaba tomosha qilish mumkin edi.

Hayot ham filmni bizning zamonlardagiday tomosha qilishni eslatadi. Biz yuz minglab yillar davomida ko‘plab voqealar yuz bergan paytga kelib tug‘ilamiz va tavalludimizga qadar nimalar sodir bo‘lganini bilish juda muhimdir. Shuning uchun ham muhimki, bugun nimaga buncha ko‘p voqealar yuz berayotganini anglashimizga kerak bo‘ladi.

Bugun maktabda (sen o‘qiydigan kitoblar doirasidan tashqari) senga sen tug‘ilgunga qadar bo‘lgan narsalarni eslab qolishni o‘rgatishlari lozim, ammo hozir buning uddasidan chiqolmayaptilar. Ko‘plab so‘rovlarning ko‘rsatishicha, bugungi yoshlar, hatto 1990 yilda tug‘ilgan universitet talabalari ham, 50 yil avvalgi voqealarni qo‘ya turaylik, bor-yo‘g‘i 1980 yilda nimalar ro‘y berganini bilmaydilar, balki bilishni istamaslar.

Attang, bundan bor-yo‘g‘i o‘ttiz yil avval siyosat sahnasida bo‘lgan “Qizil brigadalar”ning faoliyati bugun ko‘pchilik uchun sir bo‘lib qolmoqda. Men fashistlar hokimiyat tepasiga kelganidan o‘n yil o‘tib, 1932 yilda tug‘ilganman, ammo Rimga qilingan yurish chog‘ida kim bosh vazir bo‘lganligini bilardim. Ehtimol, hokimiyatdan chetlatilgan bu vazirning qanchalik ahmoq va yomon odam bo‘lganligini anglatish uchun fashistlar maktabida menga u haqda gapirishgandir. Shunday bo‘la qolsin, ammo men bu haqda bilardim. Lekin maktabni bir chetga qo‘ya turaylik. Bugungi yoshlar yigirma yil avvalgi kinoda o‘ynagan ayol artistlarni bilmaydi, men esa dunyoga kelishimdan yigirma yil avval ovozsiz kinoda suratga tushgan Francheska Bertini kim ekanligini bilardim. Balki, bunga uyimiz omborchasidagi eski jurnallarni birma-bir varaqlaganim sababdir. Men senga ham eski jurnallarni varaqlashni taklif qilaman, chunki bu sen dunyoga kelmasingdan avval bo‘lib o‘tgan narsalarni o‘rganishga yordam beradi.

Xo‘sh, uzoq o‘tmishdagi voqealarni bilishning nimasi buncha muhim? Chunki ko‘pincha shunga o‘xshash bilimlar bugungi voqealarning kechishini tushunishga ko‘maklashadi va har qanday vaziyatda, futbol jamoalarining tarkibini bilganing singari, xotiramizni boyitishga xizmat qiladi.

E’tiborga olib qo‘y, sen o‘z xotirangni nafaqat kitob va jurnallar ko‘magida, balki internet yordamida ham chiniqtirishing mumkin. Internet faqatgina do‘stlaring bilan suhbatlashishda emas, balki jahon tarixini o‘rganishda ham qo‘l keladi. Xettlar va kamizarlar kimlar? Kolumbning uchta kemasi qanday nomlanardi? Dinozavrlar qachon qirilib bitgan? Afsonaviy to‘fonda Nuh alayhissalom, uning oilasi va hayvonlar jon saqlab qolgan kemaning shturvali bo‘lganmi? Buqaning ajdodlari nima deb atalgan? Yuz yil avval yo‘lbarslar hozirgidan ko‘proq bo‘lganmi? Mali imperiyasi haqida sen nimalarni bilasan? U haqda kimdan eshitgansan? Tarixda ikkinchi Papa kim edi? Mikki Maus qachon yaratilgan?

Men bunday savollarni poyonsiz bera olishim mumkin va ular tadqiqotlar olib borish uchun ajoyib mavzular bera oladilar. Bularning barchasini yodda tutish kerak. Kun kelib qartayganingda, sen o‘zingni xuddi Vaterloo jangida qatnashgandek, Yuliy Sezarga qotillik uyushtirilganini ko‘rgandek, Bertold Shvarts oltin olaman deb hovonchada turli moddalarni aralashtira turib, tasodifan porox kashf etgan va portlab parcha-parcha bo‘lib ketgan (unga o‘zi shu kerak edi!) joyda bo‘lgandek his qilasan. Xotiralarini boyitishga intilmaydigan sening ayrim do‘stlaring esa, o‘zlarining bir zayldagi zerikarli va yorqin hissiyotlardan mosuvo birgina umrlarini yashab o‘tadilar.

Shunday ekan, xotirangni boyit va ertagayoq “La Vispa Teresa”[3]ni yod ol.

Ruschadan Mavlon Boboxonov tarjimasi

“Sharq yulduzi” jurnali, 2014 yil, 4-son

—————————–

[1] Edmondo de Amichis (1846-1908) – italiyalik yozuvchi, shoir va jurnalist. 1886 yilda uning “Yurak” nomli bolalarga mo‘ljallangan qissasi nashrdan chiqadi. Bu yerda aynan shu qissaga shama qilinmoqda. Gap shundaki, ikkinchi nomi “O‘quvchining kundaligi” bo‘lgan bu qissa o‘ta nasihatomuz ruhda bitilgan edi. Qissa dunyoning o‘ndan ortiq tillariga tarjima qilingan.

[2] Altsgeymer kasalligi miya funktsiyasining so‘nishi alomatlaridan biridir. Bu kasallik qarilik marazmi, deb ham ataladi, odam xuddi yosh boladek bo‘lib qoladi. Bemor bo‘lib o‘tgan voqealarni eslab qololmaydi, qaysi kunligini, haftaligini, o‘zining yoshini, turar joyini bilmaydi. Eng yomoni, bemor yaqinlarini, hatto, xotini, o‘g‘il-qizlarini tanimay qoladi. Odamlar bilan muloqot qilish qobiliyatini yo‘qotadi. Altsgeymer kasalligi keksa va juda qarib qolgan odamlarda paydo bo‘ladi va esi pastlikkacha olib keladi. 65-70 yoshlarda 5,7%ni, 85 yoshdan keyin 43%ni tashkil qiladi. Hozirgi kunda 55 yoshdan oshganlarda, hatto yoshroqlarda boshlanishi mumkin bo‘lib qoldi. «Lanset» jurnalining ma’lumotlariga ko‘ra, hozir dunyo bo‘yicha esi past qariyalar soni 24,1 million. 2040 yilga borib, ular soni 81,1 millionga yetadi. O‘zbek xalqi ota-onasiga mehribon bo‘lgani uchun keksalarni nihoyatda izzat-hurmat qiladi, ardoqlaydi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, qariyalarimizda bu kasallik kam uchraydi.

[3] “La Vispa Teresa” – italiyalik xonanda Ka Bizarroning “O‘ynoqi Tereza” qo‘shig‘i. Bu yerda uning matnini yodlashga (umuman she’r yodlashga) ishora qilingan.