Yong‘in yarim soatdan beri davom etardi. Mahalla aholisi yong‘inning ikkita uydan nariga o‘tmay so‘nishiga ishonishardi. Chunki o‘rtada bir ulug‘ zotning maqbarasi bor edi. Bu yerning yonishi aslo mumkin emasdi! Shiddatli janub shamoli esar, olov va uchqunlarini sochgan taxta parchalari maqbaraning ustiga, pastdagi uylarning tomlariga uchib tushardi. Yong‘in ochiruvchilar so‘ng g‘ayratlarini sarf qilardi. Politsiyachilar atrofni qurshab olishgan, buyumlarning o‘g‘irlanishini oldini olishardi. Ahmat tirriq atrofga nazar tashladi. Bu kishi mahallaning tajribali bezorisi edi. Uning fikricha yong‘in – mollarni osongina qolga kiritish degani edi. Ammo mahalla xalqi faqir edi. Shu onda yongan kulbalar ichida ko‘rpa-to‘shakdan boshqa narsa yo‘qligini u yaxshi bilardi. Holbuki, yong‘inda uning odati “yuki yengil, bahosi qimmat” ashyolarni topish edi.
– Alloh balosini bersin! Foydasiz yong‘in!, – deb boshini chayqadi.
Aholi maqbaraning oldiga to‘plangan edi. Bu yerga kelguncha olov so‘nadi, deyishardi. Ahmat tirriq yashil rangdagi maqbaraning derazasidan mo‘raladi.
Xira yongan mumning yengilgina yoritayotgan mozor sag‘anasiga qaradi. Bosh tarafida ikkita katta shamdon turardi. Sag‘ananing ikki tarafiga ikkita joynamoz solingan edi. Ochiq lavhlarda buyuk Quroni Karimlar “yonboshlab yotardi”. Ozg‘in Ahmat arzon molni ko‘rganda porlaydigan yahudiy ko‘zi bilan bularga qaradi. O‘zicha ashyolarning eng arzon narxini hisobladi. Ichidan:
– Shamdonlar o‘n liradan yigirma….Joynamozlar o‘n besh liradan o‘ttiz…Kitoblar aniq qo‘l yozma bo‘lsa kerak. Yigirma lira ularga …Jami yetmish”…, dedi.
Yashil rangga bo‘yalgan eshikning yoniga bordi. Ozg‘in suyakli yelkasi bilan eshikning qanchalik mustahkamligini tekshirib ko‘rdi. So‘ngra qulfiga qaradi. Sekin-sekin eshikni itara boshladi. Xalq yong‘in bilan ovora edi.
Ahmat tirriq juda quvvatli edi. Bu mahalladagi urushqoq odamlargagina xos bo‘lgan, kuchli mushagi bo‘lmasa ham, sport bilan shug‘ullanmasa ham o‘zidan o‘zi yuzaga keladigan telba kuch edi. U eshikni butun kuchi bilan itargani uchun eshik qirsillab, nihoyat “qars” etib ochildi. Tirriqning ichkariga kirgandan keyingi ilk ishi xira mumni puflab ochirish bo‘ldi. Faqat oladigan narsalari har qancha qiymatli bo‘lsa ham yuki unchalik yengil emas edi. O‘g‘irlik rejasi uning zehnida tartiblana boshladi. Bezorining rejasi tayyor bo‘lguncha, “natija”ni kutmasdan, harakatni boshladi. Shamdonlarning mumlarini chiqarib yerga tashladi. Lavhlardagi kitoblarni olib belidan yechgan Trablus belbog‘iga o‘radi. So‘ngra biroz tin olib, burnini qashidi. Asta-sekin joynamozlarni yig‘ishtirib, bularni otning ustiga jul yopganday qilib sag‘ananing ustini o‘radi. Endi eshikdan chiqishi lozim edi. Ammo tashqari odam bilan to‘la edi. Sag‘anaga suyandi. Biroz o‘yladi. Salla ham tashlab ketiladigan narsa emasdi, ustida kumush ip bilan tikilgan naqsh bor edi. Birdan sag‘ana siljiy boshladi. Ahmat tirriq yiqilmaslik uchun o‘zini zo‘rg‘a ushlab qoldi. “Ajabo, avliyo tirilyaptimikan?” – deb o‘zicha o‘yladi. Joyida turib qoldi. U yerga qaradi va kulimsiradi. “Uh seni, yerga mixlanmagan ekan-ku”,- dedi. Egildi, ostiga qarash uchun sag‘ana qopqasini ko‘tardi. Qopqa ancha yengil edi. Ingichka yog‘ochdan yasalib, ustiga yashil mato qoplangan edi. Zehnidagi “chiqish rejasi” tamomlandi. Kitoblar bilan shamdonlarni quchoqlab sag‘ana qopqasining ostiga kirdi. Sekin-asta yura boshladi. To‘xtadi. Qopqa ostidan qo‘lini chiqarib asta-sekin eshikni ochdi. Chap taraf ko‘chaga chiqqani uchun ushlanib qolish ehtimoli bor edi. O‘ng tarafdagi ko‘chada hech kim yo‘q, tanho edi. Ko‘chada vayronalar ko‘p edi. Ammo yong‘in ham shu tarafda edi. Barcha o‘sha tarafga yig‘ilgandi. Ahmat tirriq qopqaning ostida ko‘p o‘ylab o‘tirmadi. Patir-putur qilib eshikdan chiqdi.
Shovqinni eshitib qayrilib qaragan xalq hayron edi. Hamma joyida dong qotib qolgandi. Ana.. Avliyo o‘rnidan turib yura boshlagan edi. Nasoslar to‘xtadi. Shiddatli shamol ham birdaniga tindi. O‘t o‘chiruvchilar qo‘rquvlaridan qo‘llaridagi bolta, changak, shlanglarni tashlab yubordilar. Sag‘ana qopqasi yong‘inga qarab yura boshladi. Ikki yonga ochilib yo‘l bergan aholi qo‘rquvdan titrardi. Sag‘ana qo‘rquv to‘la, ma’naviy haybat bilan silkina silkina-silkina oralaridan o‘tib, qorong‘ulikda ko‘zdan yo‘qoldi.
Maqbaradan oldingi ikki uy ham olovdan omonda qoldi.
Yonmasdan avliyosiz qolgan maqbara yana mahallaning aziz maskani bo‘lib qolaverdi. Faqat duo qilganlar yuzlarini oldingiday bo‘shab qolgan binoga emas, qiblaga qarab “Ko‘zimning nuri, yong‘in kechasi bu tarafga qarab ketdi” deyishardi.
Turk tilidan Zamira Hamidova tarjimasi