Ulviy Bunyodzoda. Sadoqat (hikoya)

Bu rivoyatni buvimning tizzasiga o‘tirib ting­laganman. Naql qilishlaricha, arab sahrola­ri­dan birida oq “kuloh”li baland bir qoya bor emish. Uzoqdan qaraganda, u boshiga oq ro‘mol o‘rab olgan qora kiyimli go‘zal qizni eslatarmish. U qora ot­ning beliga minib, bir oz oldinga engashganicha yelib borayotganga o‘xsharmish. Go‘zal ot ustida borarkan, ko‘zlarini bekitayozgan ro‘molini bir qo‘li bilan nari surib, ortiga tashvishli nigoh tashlayotir… Yaqinlashib borganingiz sari qizdan nomu nishon qolmasmish, qarshingizda viqor-la o‘shshayib turgan ulkan qoyadan bo‘lak…
Yo‘q, bu voqeani menga eski xotiralarim emas, aynan ko‘zlarim eslatdi, ko‘zlarim…

* * *

Entikib samoga termildim. Gapirishga so‘z to­polmasdim.
– Sadoqat, – deya pichirladim u tomon bir oz surilarkanman. – Qara, sahnaga qancha ko‘zlar tikilib turibdi.
Qiz avval menga, keyin men qaragan tarafga boqib jilmaydi:
– Bir juft, ikki juft, uch juft…
U ko‘kdagi yulduzlarni, men esa, yerdagi — yashil kinoteatr sahnasiga qadalgan ko‘zlarni sanay boshladik. Birdan Sadoqat bolalarcha beg‘ubor hayrat bilan ko‘kda suzib yurgan Oyga ishora qil­di:
– Qara, uning shoshib kelishini!
Oyga qaramadim. Sadoqatning yuziga boqdim. Nazarimda Oy ham nurini, xuddi to‘y atri misol qizg‘anmasdan ana shu zebo yuzlarga sochardi. Faqat uning ko‘nglini og‘ritib qo‘ymaslik uchun istar-istamas ko‘kka bo‘ylandim. Chindan Oy qayoqqadir shoshilayotganga o‘xshardi. Ko‘p o‘tmay, shu’lalar boshqacha jilolanib, kontsert boshlandi. Oy-yulduzlar bilan xayrlashib, sahnaga ko‘z tikdik.
Sadoqat bilan yonma-yon o‘tirib, kontsert tomosha qilayotganimga ishongim kelmasdi. Ish nimadan boshlanganini eslashga urindim. Ha, hammasi o‘zimga o‘zim yaxshilab tanbeh berganimdan keyin boshlandi.
– Yigitga o‘xshasang-chi, bundoq, – dedim, – gaping bo‘lsa, borgin-da, dangal ayt-qo‘y. Qachon­gacha tishi og‘rigan bemordek, tong otguncha to‘sha­gingda to‘lg‘anib chiqasan. Ko‘p o‘ylagan, och qoladi. Ertagayoq borib, masalani ko‘ndalang qo‘y!
Ertasi kuni hamma ma’ruzalar qulog‘im ostida kechagi xitobning takrori bo‘lib jarangladi. Oxirgi para tugashi bilan hammasini yana bir karra mulohaza qilib, Sadoqatning yoniga bordim. Nimadir yozib o‘tirardi.
– Sadoqat, – dedim jur’atimni to‘plab. – Ovozim titraganini sezdim. Boshini ko‘tardi. Jim turganimni ko‘rib, kulimsiradi. Ke­yin daftarlarini yig‘ishtirib, sumkasiga joylash­tira boshladi. Uning ketib qolishidan qo‘rqib, fikrimni tamomlashga oshiqdim.
– Sadoqat, senga gapim bor edi, balki bir oz… shoshilmay turarsan?
So‘zlarim o‘zimga shu qadar quruq va kulgili tuyuldiki, nima qilishni bilmay, yuragimning dukillashiga quloq tutdim. Nazarimda bu sokin auditoriyada hozirning o‘zida momaqaldiroq guldirab, to‘fon turadigandek edi. Bexos, Sadoqatning ovo­zidan o‘zimga keldim. Chamasi u ismimni tilga oldi. Keyin eshik tarafga odimladi. Balki u hech narsa demagandir? Balki nimadir degan bo‘lsa-da, eshitmagandirman? E Xudo! Odam degan shunaqa landavur bo‘ladimi?
Endi yana uni qachon xoli topa olaman? Yaxshi­yamki, o‘zi to‘xtadi. Avvaliga ismini aytdi, keyin:
– Bugun shoshib turuvdim, – dedi. – Taklif etilganman. Bormasam bo‘lmas.
“Qayoqqa shoshilyapti? Kim qayerga taklif qildiykin? So‘rasam, to‘g‘ri bo‘larmikin? Nega yuragim buncha bezovta?
– Sadoqat qayerga… bormoqchiyding?
Javob qisqa va lo‘nda bo‘ldi:
– Yashil kinoteatrga.
“Yashil kinoteatrga? Kim bilan boradi? Demak… Yo‘q, bo‘lishi mumkin emas. Buniyam so‘ra­sam bo‘lmas…”
– Bugun badiiy havaskorlik jamoalarining kontserti edi. Opam ham chiqib qo‘shiq aytadi. Unga, albatta, boraman, deb so‘z berganman.
Bezovtaligimni yuzimdan o‘qidimi, har qalay, ana shunday, atroflicha ma’lumot berdi. Yelkamdan tog‘ ag‘darilgandek bo‘ldi. Ko‘z oldim xiyol ravshan tortdi. Demak, opasi uni kontsertga taklif qilgan. Men ham borsam bo‘larmikin? Sadoqat bilan birga. Ammo, chipta masalasi… Boradigan bo‘lsam, ikki kishiga chipta olishim kerak. Cho‘ntagimga qo‘l soldim. Barmoqlarim timirskilanib, pul qi­dira boshladilar. Chaqalar bir-biriga urilib, ji­ringlab ketdi. Uch manatli pulim bo‘lishi kerak edi. Qayerda qoldiykin? Manavi qog‘oz parchasi bo‘lsa kerak.
– Nima deding? – Sadoqat ko‘zlarini suzib, mening tushuniksiz g‘o‘ldirashimdan ma’no izladi. O‘zimcha nimalardir degan bo‘lsam kerak?
– Shu…
– Nima shu? Nega buncha talmovsiraysan, ovsar? Gapirsang-chi, javob kutyapman.
– Shu… menam borsam, qarshimasmisan?
Indamay yerga qaradi. Yana o‘pkalarim to‘­lib bo‘shashdi. Rostdan cho‘ntagimdagi pul uch manat­limikin? Balki bir manatlidir? Ertalab bi­ror narsaga pul sarflamaganmidim?
– Qarshimasman, ketdik. Bari bir uyga bora­digan bo‘lsam, kontsertga kech qolaman. To‘g‘ri bora­veramiz. Singlimning taklifnomasi senga nasib qilgan ekan…
…Hozir opam chiqadi. Eshitdingmi? Uning is­mini e’lon qilishdi.
Qo‘limga kimdir tegib ketgandek bo‘ldi. Seska­nib Sadoqatga qaradim.
– Uyg‘otib yubordimmi?
Javob o‘rniga aybdorona iljaydim.
Qizargan yuzlaridan, dumaloq siynalari orasi­da bir-biriga mahkam chirmashgan barmoqlaridan uning hayajonda ekanini payqash mumkin edi. Uning holati menga ham ta’sir qildi. Qisqa-qisqa nafas olarkanman, goh sahnaga, goh Sadoqatga tikilardim. Sahnadagi qiz malohat ila kuylardi.
Olqishlar boshlandi. Men ham hamma qa­tori o‘rnimdan turib, qarsak chalar, zaldagi tomo­shabinlarning olqishiga hamohang qichqirar, Sadoqatning opasini sahnaga chorlardim. Keyin Sadoqat yodimga tushdi. U tarafga o‘girildim. Va… ko‘z oldimda o‘t chaqnagandek bo‘ldi. Sadoqat ko‘zim aralash yuzimdan o‘pib oldi. Kontsert qachon tugaganini eslolmayman. Garangsib qolgandim. “Neftchilar” prospektiga tushdik. Sadoqat me­ning qo‘limdan tutdi.
– Meni kechir, – dedi boshini quyi solib.
Hayajondan o‘zimni yo‘qotib qo‘ygandim. Ni­madir demoqchi edim, imkon bermadi. To‘xtab, yo‘limni kesdi.
– Mana, yetib ham keldik.
Chindan ham yetib kelibmiz. (Sadoqatning uyini yaxshi bilardim). Tek qotgancha u bilan qay taxlit xayrlashish haqida o‘ylardim.
– Nima haqida o‘ylayotganingni, menga nima demoqchi ekaningni ham bilaman. – Sadoqat ko‘z­larini daf’atan yerdan yuzimga qadadi. Uning negadir ovozi titrab, tomchidek lablari orasidan sizib chiqdi. Ko‘zlarim yumildi. Nazarimda turgan yerimiz asfalt yo‘lak emas, bahor yomg‘iridan so‘ng kamalak ingan chamanzor edi. Bulutlar orasidan mo‘ralagan quyosh nurlari ostida maysalar us­tida turib qolgan shaffof tomchilar olmos zarra­la­ridek tiniq shu’la sochardi. Biz ana shu go‘zallik qo‘ynida yolg‘iz edik. Sadoqat qo‘llarini keng yoygancha chamanzor uzra xuddi kamalakni bag‘riga bosmoqchidek yugurib borardi. Uning yangroq ovozidan maysalar, chechaklar titrab, bag‘ridagi tomchilarni poyiga durdek to‘kardi. Birdan hushyor tortdim. Sadoqatning titroq lablari ohista pichirlardi.
– Men unashtirilganman… Qallig‘im yaqinda xizmatdan qaytadi.
Ko‘z oldimda zulmat quyuqlasha boshladi. Quloq­larim ostidan uning qadam to­vushlari olislab borardi. Bora-bora “taq-tuq” tovushlar ham yo‘qolib, qulog‘im tom bitgandek bo‘ldi.
Uyqudan uyg‘ongandek, u ketgan tarafga olazarak qaradim. U ro‘paradagi qora toshdan qurilgan ba­land bino yonida mendan ko‘z uzmay turardi. Kula-kula qo‘lidagi oq dastro‘molini silkitib, men bilan xayr-xo‘shlashayotgan edi. U tarafga yugurdim. Yoniga yetib borganimda hayratdan tosh qotdim. Kimdir bexos yuzimga tarsaki tushirgandek bo‘ldi. Qiz turgan yerda qora toshdan tiklangan shu bino yuksalib borardi.

Ozarboyjon tilidan Rustam Jabborov tarjimasi