Ulviy Bunyodzoda. Inson (hikoya)

Keksa faylasuf sohil bo‘yidagi xiyobonda den­gizga yaqin qo‘yilgan o‘rindiqlardan birining yonida to‘xtadi. Barmoqlari bilan oq, jingalak sochlarini tarab, bilinar-bilinmas xo‘rsindi. Ko‘zlari noma’lum nuqtaga qadalgancha qotdi. Keyin “Eh dunyo, dunyo” degancha o‘rindiqqa cho‘kdi.
U mashhur olim, dunyoga dong‘i ketgan akademik edi. Jamiyatni taraqqiy ettirish borasida do­hiyona fikrlari ila elga tanilgan, jild-jild kitob va darsliklar yaratgan edi. O‘g‘il-qizlari ham ota izidan borib, ilm yo‘lini tanlagan edi­lar. U hammaning nazarida baxtiyor inson edi.
Keksa faylasuf hammaga o‘xshab fikrlamasdi. Hozir ham dengizga termilgancha, bosib o‘tgan yo‘li, dunyoi dunning o‘tkinchi va bevafoligi haqi­da o‘y surmoqda edi.
– Amaki, Xudo yo‘liga xayr qiling!
Keksa olimning qarshisida yetti-sakkiz yoshlar chamasidagi yupun kiyingan bir bola qo‘l cho‘zib turardi.
Olim avval nima qilarini bilmay turdi. Bo­lani quvib yuborishni ham, besh-to‘rt tanga sadaqa berib jo‘natishni ham bilmasdi. Nogoh bu go‘dak bilan suhbatlashish, uni bu noloyiq, yo‘ldan qaytarish fikri tug‘ildi.
– Bu yoqqa kel, bolam! O‘tir yonimga.
Bola indamay uning aytganini qildi.
– Oting nima?
– Inson.
– Nima? Shunaqa ism ham bo‘larkanmi?
– Bilmasam.
– Bu ismni senga kim qo‘ygan? Inson o‘zini bunchalar yerga urmasligini aytmaganmi onang?
– …
Qariyaning kayfiyati buzildi. U suhbati qo‘r olmasligini anglab, bolaning javobini be­rish uchun cho‘ntak kovladi. Aksiga olib, mayda topol­madi. Keyin gunohkor qiyofada bolaning yuzlariga tikildi. Uning nigohlari loqayd edi. Ketish uchun o‘rnidan turdi. Biroq, keksa faylasuf bolani quruq qo‘l bilan qaytarishni istamasdi. Hamyonini chiqarib, o‘n manatlik tutqazdi.
– Anavi muzqaymoq sotayotgan ayolga obor, may­dalab bersin. Bir manatini o‘zingga opqolasan. Qolganini opqochib ketmassan, har qalay?
– Opqochib ketaman!
Qariyaning jahli chiqib, pul tutgan qo‘lini tortib oldi. Hayrat bilan bolaning ko‘zlariga tikildi. Bolaning qiyofasidagi avvalgi befarq ifoda yo‘qolmagandi.
– Bo‘lmasa, bor, ishingni qil, Inson!
Bola qimirlamay turaverdi. Qariyaning g‘ashi keldi. Bolani so‘kib, haydamoqchi bo‘ldi. Uning ko‘zlarida allaqanday mavhum bir uchqun chaqnab turardi. Bu uchqun qariyaning ham ko‘ngliga nedir qo‘r solgandek bo‘ldi. Fikridan qaytdi. Hamon qo‘lida tutib turgan pulni yana bolaga uzatdi, bu gal muloyimlik bilan gap qotdi:
– Mayli, bolam, olaqol. Hammasi senga!
Bola pulni olib, qariyadan uzoqlashdi. Olim anchagacha fikrini bir joyga jamlolmay turdi. Qiziq, bolaning nimasi uni o‘ziga buncha bog‘lab oldiykin? Nega uning yuragi birdan bu qadar yumshab ketdi? Bu marhamat hissimidi yoki g‘azab? Kimdan, nima uchun g‘azablanishi kerak? U bolani darrov jo‘natvorganidan xiyla afsuslandi. O‘ngu so‘liga qayrilib qaradi. Bola ko‘rinmasdi. Keyin yana boshini egganicha o‘zining xayoliy olamiga g‘arq bo‘ldi.
…Ko‘p o‘tmay, qadam tovushlaridan sergaklanib, boshini ko‘tardi. Qarshisida boyagi bolakay tu­rardi. Avvaliga quvondi, keyin taajjublandi. Yana bir lahzadan so‘ng ich-ichdan g‘azab toshgandek bo‘ldi. Bolaga qarab baqirib berdi:
– Ha? Yana nimaga kelding? Tinchgina o‘tirgani qo‘yasanmi, yo‘qmi?
Qariya zarda bilan turib ketmoqchi bo‘ldi. Bo­lakay qo‘lini nimdosh shimining cho‘ntagiga solib, boyagi o‘ntalikni chiqardi va qariyaga uzatdi:
– Mang, amaki, oling pulingizni!
Keksa faylasuf hayratdan qotib qoldi.
– Nega? – so‘radi past ovozda.
– Oyim “Oborib ber, bu odamning puli bizga kerakmas, o‘ziga kafanlik olsin”, dedilar.
– Onang qani? – qariyaning yuragi muzlab ketgandek bo‘ldi. O‘rnidan turmoqchi edi, beli zirqirab ketdi.
– Ana, ketyaptilar-ku!
– Bor, tez borib, onangni qaytarib kel! – dedi qariyaning hayajondan nafasi bo‘g‘ziga tiqilib.
– Kelmaydilar, oyim sizni qarg‘adilar-ku!
– Onangni oti nima?
– Nargiz.
“Nargiz” — faylasuf xayolga toldi. Nargiz! Bu ism faylasufning, vij­do­nidagi qora dog‘ misol muhrlanib qolgan.
…Sakkiz yil ilgari hech kimi yo‘q, uzoq qish­loqdan kelgan bir qiz o‘g‘lining to‘riga ilinib qolgandi. Albatta, o‘g‘li ham bir oz yoshlik qil­gan, hirsini jilovlay olmagan. Qizning bo‘yida bo‘p qolgan… Ish hatto sudlashishgacha borib yetdi. “Adolat” sudining “adolat”li qozisi mash­hur faylasufning hurmati yuzasidan, nozik odam­larning aralashuvi tufayli “odilona” qaror chiqardi. Nargiz hurmatli bir oilaning nomiga isnod tushirgani, tuhmat qilgani uchun bir yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
…Keksa faylasuf sud hukmini qayta tinglayot­gandek bo‘ldi. U seskanib, boshini ko‘tardi. Bola onasining orqasidan ketib borardi.
– Inson! – Keksa faylasufning ovozi sohil bo‘ylab yoyildi.
Bola orqasiga o‘girilib qaradi. Lekin yo‘lidan qaytmadi. Qariyaning nazdida bola bilan birga yuragining bir parchasi uzilib borayotgandek bo‘ldi. U ona-bolani orqaga qaytarish uchun ham­ma narsaga hozir edi. Lekin, Nargizdan ham, Insondan ham u ancha ilgari, bundan sakkiz yil muqaddam o‘z INSONligini yo‘qotgan damdayoq judo bo‘lgan edi.
Inson uning kelajagi edi. U kelajagini yo‘qotgandi. Xo‘sh, uning o‘rniga nima topdi? Keksa faylasuf yana qo‘llari bilan oq sochini taradi. O‘ng qo‘lida turgan o‘ntalik kaftini xuddi cho‘g‘dek kuydirardi…

Ozarboyjon tilidan Rustam Jabborov tarjimasi