I
Endi Jeffersonda dushanba haftaning boshqa kunlaridan hech nimasi bilan farq qilmaydi. Ko‘chalarga tosh yotqizilgan, telefon hamda elektr kompaniyalari kundan-kunga soya-salqin daraxtlar – emanlar, akaslar, zaranglar, qayrag‘ochlarni tag-tubidan qirqib – o‘rniga to‘lg‘in, shaffof, tussiz uzum boshlari osilgan temir ustunlar o‘rnatishadi; bizda ham shahar kirxonasi bor, dushanba kuni ertalabdan bo‘yoqlari yaltiragan avtomobillar shaharni aylanib yuradi; bir hafta davomida to‘planib qolgan kir kiyim-kechaklarga to‘lgan holda yon-veringdan xuddi sharpadek o‘tadi, avtomobillarning karnaylari jirtak chalib g‘at-g‘ut qiladi, asfalt ustida xuddi ipak mato sharillatib yirtilayotgandek shinalarning sharillashi eshitiladi; odatda oq tanlilarning kiyimlarini yuvadigan negr xotin-qizlar libos-anjomlarni avtomobillarda tashishadi.
Ammo bundan o‘n besh yil burun dushanba kuni ertalablari sokin salqin chang-chung ko‘chalar negr ayollarga to‘lib ketardi, ular o‘zlarining shol ro‘mol tang‘ilgan baquvvat boshlarida kattaligi bir toy paxtadek keladigan choyshab tugunlarni ko‘tarib, ularga qo‘llarini tekkizmay oq tanlilarning oshxonalari ostonasidan to negrlar mahallasidagi hujralari oldida o‘rnatilgan qorayib ketgan qozongacha eltardilar
Nensi boshi tepasiga kir solingan tugunni o‘rnatib, tugunning ustiga qora poxol shlyapasini joylashtirar, bu shlyapa qishin-yozin uning boshidan sira tushmasdi. Uning bo‘yi baland, tovoqdek sumraygan yuzining yonoqlari bo‘rtib chiqqan, yonoqlari ostida yuzi chuqurchaday bo‘lib turar – jag‘larida birtalay tishlari yetishmasdi. Ba’zida biz unga ko‘chada to o‘tloqqacha ergashib borar, boshidagi tugunni chaqqon ko‘tarib borishini tomosha qilardik; eng tepaga o‘rnalgan shlyapasi hech qachon qimir etmas, qiyshaymas va hatto jarga tushib, undan yuqoriga chiqayotganda yoki chetanlar orasidan o‘tayotganda ham qimirlamasdi. U cho‘kka tushib tuynukdan sudralib, boshini adl tutib o‘tganlarida ham tugun boshida mahkam turar, xuddi kallasi uzra havo to‘ldirilgan pufak shar suzib ketayotgandek ko‘rinardi, keyin yana ikkala oyog‘ida tik turar va yo‘liga ketaverardi.
Gohida kir kiyimlarni olib ketgani kir yuvuvchi ayollarning erlari kelishardi, lekin Iisus hech qachon Nensi uchun bunday qilmasdi, hali otamiz uni biznikiga kiritmay qo‘ygandan ancha ilgari, hatto Dilsi asal bo‘lib yotib qolganida Nensi uning o‘rniga biznikiga kelib kir-chirlarni yuvib, osh-ovqatga qaraganda ham, hech qachon bunday qilmasdi.
Har kuni ertalab Nensining uyiga yugurib borib, uni tezroq kelib nonushta tayyorlashga chaqirardik. Biz jar yoqasida to‘xtab turardik, chunki otamiz bizga Iisus bilan gaplashgani ijozat bermasdi. Iisus basharasida chuqur tig‘ izi chandiq bo‘lib qolgan chorpahil negr kishi edi, biz jar yoqasida turib Nensining uyiga mayda toshlarni otar, nihoyat, u qip-yalang‘och holda eshikda ko‘rinardi.
– Bu nima qiliq, tosh otish! – derdi Nensi. – Nima kerak siz shumtakalarga?
– Otam seni darrov kelib nonushta tayyorlasin dedi, – bidirlardi Keddi. – Otam nonushta yarim soatga kechikdi, deyapti, sen tez borarkansan.
– Nonushtasiz turolmas ekansizlar-da, a! – derdi Nensi. – Uxlagani qo‘ymaysizlar.
– Nima balo, mastmisan, – derdi Jeyson. – Otam seni mast deyapti. Sen mastmisan, Nensi?
– Kim aytdi shuni? – derdi Nensi. – Uyquni harom qilasizlar. Nonushta qilmay turolmaysizlarmi?
Biz yana bir qancha toshlar otib, so‘ng uyga qaytardik. Nihoyat, Nensi uyimizga yetib kelganda, men maktabga allaqachon kechikkan bo‘lardim. Biz Nensi qamoqqa olinguncha bularning hammasi uning viski ichganidan deb o‘ylardik. Nensini qamoqqa olib ketishayotganda, yo‘lda ularga janob Stovel duch kelib qoldi – bu kishi bankda kassir va baptistlar cherkovining oqsoqoli bo‘lib ishlardi. Nensi uni ko‘rgan zahoti labi labiga tegmay shaqillay ketdi:
– Siz qachon menga haqimni berasiz, janob? Qachon menga pulimni to‘laysiz, janob? Menikiga uch marta bordingiz, haliyam haqimni to‘lamaysiz…
Janob Stovel uni qattiq urdi, Nensi yerga yiqildi, ammo shunda ham uning jag‘i tinmasdi:
– Siz qachon haqimni berasiz, janob? Menikiga uch marta bordingiz, men shu paytgacha…
Shunda janob Stovel uni tovoni bilan yuziga qarab tepdi, sherif uni nari surdi, Nensi esa yerda ag‘anib yotgancha kulardi. U boshini ko‘tarib burildi-da, qon aralash tushgan tishini tupurib tashladi, so‘ng dedi:
– Menga uch marta bordi-yu, bir tsent ham to‘lamadi.
O‘sha kuni hammaning og‘zida Nensi bilan janob Stovel bo‘ldi, kechasi esa qamoqxona yonidan o‘tganlar Nensining qo‘shiq aytgani va dodlaganini eshitishdi. Pastdan uning deraza panjaralarini changallagan qo‘llari ko‘rinardi, qamoq devori oldida ancha odamlar to‘plandi. Hammalari uning baqirayotganini tomosha qilib turishardi, nazoratchi uning og‘zini yumishga, tinchitishga urinardi. Ammo u og‘zini yummas, kechasi bilan dodlab baqirib chiqdi; tong qorong‘isida nazoratchi yuqorida nimadir taraqlab, chiyillayotgani, devorni tirnayotganini eshitib qoldi: u yuqori qavatga chiqib, Nensi deraza panjarasiga o‘zini osganini ko‘rdi. U keyin gap viskida emas, kokainda deb yurdi: agar negr burniga to‘yib kokain tortmasa, hech qachon o‘zini o‘ldirmaydi, dedi. U kokain tortgandan keyin negrga ham o‘xshamay qoladi.
Nazoratchi Nensini sirtmoqdan chiqarib, hushiga keltirdi, keyin xumordan chiqquncha kaltakladi. Nensi ko‘ylagini arqon qilib, hammasini joyiga qo‘yib o‘zini osgan ekan. Uni qamoqqa olib ketishayotganda, egnida faqat ko‘ylagi bor ekan, qo‘lini boylashga boshqa narsa topilmagan, keyin u qo‘llarini deraza tokchasidan tortib ololmagan. Ana shunda nazoratchi yuqorida bo‘layotgan shovqinni eshitib, yugurib chiqqanu Nensi panjarada qip-yalang‘och osilib turganini ko‘rgan.
Dilsi betob bo‘lib qolib, o‘z kulbasida ko‘rpa-yostiq qilib yotgandi, Nensi biznikiga kelib osh-ovqat tayyorlardi, biz shunda uning qorni ustida fartug‘i do‘mpayib turganini payqaganmiz. Bu Iisusni otamiz biznikiga keltirmay qo‘yganidan ilgariroq bo‘lgandi. Iisus oshxonada plita yonida o‘tirar, uning qop-qora yuzidagi chandiq xuddi kir chizimchaga o‘xshab ko‘rinardi. U bizga Nensining ko‘ylagi tagida tarvuzi bor, dedi. Vaholanki, qish payti edi.
– Qishda tarvuzni qayerdan olding? – so‘rab qoldi Keddi.
– Men olganim yo‘q, – javob berdi Iisus. – Bu mening sovg‘am emas. Mendanmi, mendan emasmi, baribir bir kun uni so‘yib tashlayman.
– Nega bolalar oldida bunday gapiryapsan? – dedi Nensi. – Nega ishga bormay o‘tiribsan? Nima, janob Jeyson sening bu yerda o‘tirib bolalar oldida valdirayotganingni eshitsinmi?
– Nimani valdirayapti? U nimani valdirayapti, Nensi? – so‘radi Keddi.
– Men oq tanli odamning oshxonasiga kirmasligim kerak, – dedi Iisus. – Mening oshxonamga esa oq tanli odam kirsa bo‘laveradi. U uyimga kirib kelaveradi, men kirma deyolmayman. Oq odam mening uyimga kirdimi, tamom, endi u mening uyim emas. Men unga kirma deyolmayman, mayli, lekin u meni o‘z uyimdan haydab chiqarolmaydi. Yo‘q, bu uning qo‘lidan kelmaydi.
Dilsi haliyam tuzalgani yo‘q. Otamiz bizning uyimizga Iisus kelishini taqiqlab qo‘ydi. Dilsi haligacha kasal yotardi. Uzoq og‘rib yotdi. Bir kuni kechki ovqatdan so‘ng kabinetda o‘tirgandik.
– Nima, Nensi ishini tugatdimi? – so‘rab qoldi oyim. – Shu vaqtgacha allaqachon idish-tovoqni yuvib qo‘ysa bo‘lardi.
– Kventin borib qarasin, – dedi otamiz. – Kventin, borib qara-chi, Nensi ishini tugatdimi, yo‘qmi? Ayt unga, uyiga ketaversin.
Men oshxonaga yo‘l oldim. Nensi ishini bitirgan ekan. Idish-tovoq yig‘ishtirilgan, o‘choqda o‘t o‘chirilgan. Nensi o‘chgan plita oldida kursida o‘tirgan ekan. U menga qaradi.
– Oyim ishingni qilib bo‘ldingmi, yo‘qmi, deb so‘rayapti, – dedim men.
– Ha, – dedi Nensi; u menga qaradi. – Ishimni bo‘ldim. – U yana menga qaradi.
– Nima qildi, Nensi? – so‘radim. – Senga nima bo‘ldi?
– Men qora xotinman, xolos, – dedi Nensi. – Lekin bu mening aybim emas-ku.
U boshida poxol shlyapasi bilan o‘ti o‘chgan plita yonida o‘tirar va ko‘zini mendan uzmasdi. Men kabinetga qaytib keldim. Plita o‘chgani uchun bo‘lsamikin, oshxona oshxonaga o‘xshamasdi, axir, odatda oshxona issiqqina bo‘ladi, hammaning dimog‘i chog‘, hamma nima bilandir band. Hozir esa plita o‘chgan, idish-tovoq yig‘ishtirib qo‘yilgan, bunaqa paytda hech kim ovqat yeyishni o‘ylamaydi.
– Nima, ishini qilib bo‘libdimi? – so‘radi oyim.
– Ha, oyi, – dedim.
– O‘zi nima qilyapti? – so‘radi oyim.
– Hech nima. O‘tiribdi.
– Borib qaray-chi, – dedi otam.
– U Iisusni kutayotgandir, uyga kuzatib qo‘yadi deb, – dedi Keddi.
– Iisus ketib bo‘lgan, – dedim.
Nensi bir kuni ertalab uyqudan ko‘zimni ochsam, yonimda Iisus yo‘q, deb hikoya qilib bergandi.
– Meni tashlab ketdi, – dedi Nensi. – Menimcha, Memfisga ketgan. Politsiyadan qochib yuribdi, shekilli.
– Undan qutulganingga xudoga shukr qil, – dedi otamiz. – Shoyad o‘sha yerda qolib ketsa.
– Nensi qorong‘idan qo‘rqadi, – dedi Jeyson.
– Sen ham qo‘rqasan, – dedi Keddi.
– Hecham-da, – dedi Jeyson.
– Qo‘rqoq! – dedi Keddi.
– Hecham-da, – dedi Jeyson.
– Kendeysi! – xitob qildi oyim.
Otam kirib qoldi.
– Men Nensini biroz kuzatib qo‘yaman, – dedi u. – U Iisus qaytib keldi deyapti.
– Uni ko‘ribdimi? – so‘radi oyim.
– Yo‘q. Bitta negr aytibdi, uni shaharda ko‘rishibdi. Men tez kelaman.
– Nensini kuzatib kelguningcha men yolg‘iz o‘tiramanmi? – dedi oyim. – Uni qo‘riqlaysanu meni qo‘riqlamaysanmi?
– Men tez qaytaman, – dedi otam.
– O‘sha negr shu yerlarda izg‘ib yuribdi, sen bolalarni yolg‘iz qoldirasanmi?
– Men ham boraman, – dedi Keddi. – Maylimi, ota?
– Bolalaringni boshiga uradimi u? – dedi otam.
– Men ham boraman, – dedi Jeyson.
– Jeyson! – dedi oyim. Uning ovoziga qaraganda, otamga gapirayotgani aniq edi. O‘zicha shunday demoqchi edi: kun bo‘yi meni qanday qilib qattiq xafa qilishni o‘ylab yurdi, men baribir bilardim u bir narsani o‘ylab topishini. Men jimgina o‘tirardim, biz otam ikkimiz bilardikki, agarda oyim meni sezib qolsa, albatta, otamning sen oying bilan qol, deb aytishini xohlardi. Shuning uchun otam hatto menga qaramasdi. Men to‘ng‘ich farzand edim. Men to‘qqizga, Keddi – yettiga, Jeyson – beshga kirgandik.
– Ahmoqlik! – dedi otam. – Biz tezda qaytib kelamiz.
Nensi shlyapasini kiyib tayyor bo‘lib turardi. Biz tor ko‘chaga chiqdik.
– Iisus doim menga yaxshi muomala qilgan, – dedi Nensi. – Ikki dollar pul ishlab topsa, doim bir dollarini menga bergan.
Biz tor ko‘chadan yurib borardik.
– Faqat tor ko‘chadan o‘tib olsak, bas, – dedi Nensi, – u yog‘iga o‘zim ketaveraman.
Tor ko‘cha doim qorong‘i bo‘lardi.
– Barcha avliyolar kuni Jeyson mana bu yerda qo‘rquvdi, – dedi Keddi.
– Hecham-da, qo‘rqmaganman.
– Xolasi Reychel uni tartibga sololmaydimi? – so‘radi otam.
Reychel xola qarib-qartayib qolgan edi. U Nensiga yaqin kulbada turardi. Uning sochlari oqargan, endi ishlamasdi, uzzukun ostonaga chiqib o‘tirar, tamaki chekardi. Aytishlaricha, Iisus uning o‘g‘li edi. Ba’zan u ha, shunaqa, derdi, ba’zan mening hech kimim emas, deb bosh tortardi.
– Yo‘q, sen qo‘rqding, – derdi Keddi. – Sen Fronidan ham battar qo‘rqding. Negrdan ham battar.
– Hech kim uni hech narsa qilolmaydi, – derdi Nensi. – Men uning devini uyg‘otib yuborgan emishman. Endi uning ko‘ngli joyiga tushmaydi, toki…
– Bo‘pti, mayli, – dedi otam, – u ketib qoldi-ku. Endi qo‘rqmasang ham bo‘ladi. Faqat oq tanlilar bilan gap-so‘zga qolib yurmasang bo‘ldi.
– Nega gap-so‘zga qolarkan? – so‘radi Keddi. – Qanaqa oq tanli odamlar?
– U ketmagan, – dedi Nensi. – Yuragim sezib turibdi, u shu yerda. Mana shu tor ko‘chada. Har bir so‘zimizni eshityapti. Bir joyga berkinib, poylayapti. Men uni ko‘rganim yo‘q, endi faqat qo‘lida pichoq ko‘tarib kelganini ko‘rsam kerak. Pichoqni chizimchaga boylab yelkasiga ko‘ylagi tagidan osib yuradi. Ko‘rsam, ajablanmayman.
– Men hecham qo‘rqqanim yo‘q, – dedi Jeyson.
– Agar sen o‘zingni tutib yurganingda, hech narsa bo‘lmas edi, – dedi otam. – Ammo endi kech. U hozir Sent-Luisda bo‘lsa kerak, o‘ziga allaqachon boshqa xotin topib olgan, seni esidan ham chiqargandir.
– Shunaqa bo‘lsa agar, – dedi Nensi, – men buni bilmaganim ma’qul. Bo‘lmasa, men uni shundoq qo‘ymayman, bildingizmi! Qani, uni bir quchoqlaganini ko‘ray-chi, qo‘llarini chopib tashlayman! Kallasini olaman, o‘sha xotinning qornini yoraman, men…
– Jim-m! – dedi otam.
– Kimning qornini, Nensi? – so‘radi Keddi.
– Men hecham qo‘rqqanim yo‘q, – dedi Jeyson. – Xohlaysanmi, men tor ko‘chadan bir o‘zim o‘taman?
– Qanaqasiga! – dedi Keddi. – Biz bo‘lmasak, tiraqaylab qochasan!
II
Dilsi haliyam kasal yotardi va biz har oqshom Nensini uyiga kuzatib qo‘yardik. Nihoyat, oyimning toqati toq bo‘ldi.
– Qachongacha bu shunday davom etadi? Men har kuni kechqurun hech kim yo‘q uyda bir o‘zim qolaveramanmi, sen qo‘rqoq negr xotinni kuzatib ketaverasanmi?
Nensiga oshxonada to‘shak to‘shab berishdi. Bir kuni kechasi biz allaqanday tovushdan uyg‘onib ketdik, tovush pillapoya tagidagi qorong‘ilikdan kelar, dam kuyga, dam yig‘iga o‘xshardi. Oyimning xonasi yorug‘ edi, biz otam yo‘lakka chiqqanini eshitdik, keyin u chetki zinaga o‘tdi, biz ham Keddi bilan yo‘lakka qarab chopdik. Pol muzdek sovuq edi. Oyoqlarimizning barmoqlari sovuqdan changak bo‘lib qoldi, biz tovushlarga quloq tutib turdik. Bu tovush kuyga ham o‘xshar, kuy ham deb bo‘lmas – negrlarning ishlarini ba’zan anglab yetolmaysan kishi.
Keyin tovush o‘chdi, otam pillapoyadan pastga tushayotganini eshitdik, biz ham zina panjarasi oldiga kelib to‘xtadik. Keyin yana o‘sha ovoz endi zinadan ohista eshitila boshladi, biz devorga yaqin zina ustida Nensining ko‘zlarini ko‘rdik. Uning ko‘zlari xuddi mushuknikidek yonib turar, xuddi devor oldida katta mushuk yashirinib bizga tikilib turgandek edi. Biz bir necha zinani bosib pastga tushganimizda, u ovoz chiqarishni bas qildi va biz shu yerda to otamiz qo‘lida to‘pponcha bilan oshxonadan chiqib kelmaguncha turaverdik. Otam Nensi bilan birga pastga tushdi, keyin ular orqaga qaytib Nensining to‘shagini olib kelishdi.
To‘shakni biz yotadigan bolalar xonasiga joylashtirishdi. Oyimning xonasida chiroq o‘chgandan keyin, yana Nensining ko‘zi yiltiray boshladi.
– Nensi! – pichirladi Keddi. – Sen uxlaganing yo‘qmi, Nensi?
Nensi nimadir deb pichirladi, men yaxshi eshitmadim. Pichirlagan tovush qorong‘ida qayerdan kelayotganligini bilib bo‘lmasdi, xuddi noma’lum yoqdan o‘z-o‘zidan chiqayotgandek edi, Nensi ham u yerda yo‘qday edi, ko‘zlari yonib turganligining sababi shunda ediki, hali zinada turganimizda men juda diqqat bilan unga tikilgan edim, shundan ular mening qorachiqlarimda o‘rnashib qolgandi, quyoshga tik qarab, so‘ng ko‘zingni yumsang, ana shunday bo‘ladi.
– Xudoyim! – xo‘rsindi Nensi. – Xudoyim!
– U yerda Iisusni ko‘rdingmi? – pichirladi Keddi. – U oshxonaga kirmoqchi bo‘ldimi?
– Xudoyim, – dedi Nensi. U: “Xudoooyyyimm”, – dedi, pichirlash shu bilan sham piligiday yo gugurt alangasiday so‘ndi.
– Sen bizni ko‘ryapsanmi, Nensi, – shivirladi Keddi. – Sen ham bizning ko‘zlarimizni ko‘ryapsanmi?
– Men bir qora xotinman, xolos, – dedi Nensi. – Xudoyim biladi, xudoyim biladi…
– Oshxonada nima bo‘ldi? – shivirladi Keddi. – Nima, kirmoqchi bo‘ldimi?
– Xudoyim biladi, xudoyim biladi, – dedi Nensi. Biz uning ko‘ziga qarab turardik.
Dilsi sog‘ayib ketdi. U qozon-tovoqqa qaray boshladi.
– Sen yana biron kun yotsang bo‘lardi, – dedi otamiz.
– Nima keragi bor? – dedi Dilsi. – Yana bir kun yotsang, bu yerning changi osmonga chiqib ketadi. Qani, bu yerni bo‘shatinglar-chi, men bir oshxonani tartibga keltiray.
Kechki taomni ham Dilsi pishirdi. Kechqurun qosh qorayganda oshxonaga Nensi keldi.
– Qayerdan bilasan uning qaytib kelganini? – so‘radi Dilsi. – Sen, axir, uni ko‘rganing yo‘q-ku?
– Iisus – qora yaloq, – dedi Jeyson.
– Ko‘nglim sezyapti, – dedi Nensi, – u jarda yashirinib yuribdi, ko‘nglim sezyapti.
– Hozir-a? – so‘radi Dilsi. – Hozir u o‘sha yerdami?
– Dilsi ham qora, – dedi Jeyson.
– Biron narsa yeb olsang bo‘lardi, – dedi Dilsi.
– Ko‘nglim tilamayapti, – dedi Nensi.
– Men esa qora emasman, – dedi Jeyson.
– Qahva ichgin, – dedi Dilsi. U Nensiga idishda qahva quyib berdi. – Seningcha, u haliyam o‘sha yerdami? Sen qayerdan bilasan?
– Bilaman, – dedi Nensi. – O‘sha yerda poylab turibdi. Shuncha vaqt u bilan bekorga yashaganim yo‘q. Men doim uning nima qilishini bilaman, o‘zi bilmaganda ham, men bilib turaman.
– Qahvangni ichib ol, – dedi Dilsi.
Nensi qahvani og‘ziga olib bordi-da, uni pufladi. Og‘zi xuddi rezinkaday cho‘zildi, qahvani puflaganda go‘yo butun qizilligi o‘chib ketganday lablari oqarib qoldi.
– Men qora emasman, – dedi Jeyson. – Sen qoramisan, Nensi?
– Meni xudo urgan, – dedi Nensi. – Tez kunda mendan hech nima qolmaydi. Tez orada qaydan kelgan bo‘lsam, o‘sha yerga ketaman.
III
U qahvasini ho‘play boshladi. Qahva idishni ikki qo‘lining kaftida tutarkan, uni icha turib, yana o‘sha tovushni chiqarishga tushdi.
Tovush qahva idishga o‘tib, ichidagi qahva chayqalardi va Nensining qo‘liga, etagiga to‘kilardi. Uning ko‘zlari bizdan uzilmasdi; u qahva idishni kaftlari orasiga olib, ikkala qo‘lini tizzasiga tirab, qahva to‘la idish osha bizga qaragancha o‘sha tovushni chiqarardi.
– Nensiga qara, – dedi Jeyson. – Dilsi kelgani uchun Nensi bizga ovqat pishirmayapti.
– Jim o‘tirsang-a, – dedi Dilsi.
Nensi qahva idishni ikki qo‘llab ushlab, bizga qarab haligi tovushni purkar, xuddi bir emas, ikkita Nensi borga o‘xshardi: biri bizga qarar, ikkinchisi tovush chiqarardi.
– Nega janob Jeyson telefonda sherifga aytib qo‘yishini istamayapsan? – so‘radi Dilsi.
Nensi qahva idishni katta qora qo‘llarida tutgancha, jimib qoldi. U qahvani labiga olib borib ho‘plamoqchi bo‘ldi, lekin qahva chayqalib qo‘li va tizzasiga to‘kildi-yu, u idishni chetga qo‘ydi. Jeyson undan ko‘zini uzmasdi.
– Og‘zimdan o‘tmayapti, – dedi Nensi. – Yutmoqchi bo‘lsam, tomog‘imga tiqilib qolyapti.
– Mening xonamga bor, – dedi Dilsi. – Froni joy solib beradi, men ham hozir boraman.
– U qandaydir qora-quralardan qo‘rqib o‘tirarmidi? – dedi Nensi.
– Men qora emasman, – dedi Jeyson. – Dilsi, men qoramasman, to‘g‘rimi?
– Shunaqaga o‘xshaydi, – dedi Dilsi. U Nensiga qarab qolgandi. – Shunaqaga o‘xshaydi. Qani, nima qilmoqchisan o‘zi?
Nensi bizga ko‘z yugurtirardi. U qimir etmas, ammo ko‘zlari xuddi hammasini ko‘rmay qolishdan qo‘rqqandek, juda tez alang-jalang qilardi, u bizga qarar, uchalamizga birdan qarardi.
– Sizning xonangizda yotib qolganim esingizdami? – dedi u.
U biz erta tongda uyg‘onib o‘ynagani o‘tirganimizni hikoya qilib bera boshladi. Biz to otamiz uyqudan turguncha Nensining to‘shagi ustida o‘ynagan edik, keyin Nensi pastga tushib nonushta tayyorlagandi.
– Oyingizdan so‘rang, men bugun ham sizlar bilan yotib qolay, – dedi Nensi. – Menga to‘shakning ham keragi yo‘q. Biz yana birga o‘ynaymiz.
Keddi oyimga bordi. Jeyson ham unga qo‘shildi.
– Men qalang‘i-qasang‘i qoralar uyimizda yotib qolishlariga yo‘l qo‘yolmayman, – dedi oyimiz.
Jeyson yig‘ladi. Agar shunday yig‘layversang, uch kungacha shirinlik yemaysan, dedi oyimiz. Shunda Jeyson agar Dilsi shokolad tort qilib bersa, boshqa yig‘lamayman dedi. Otamiz ham shu yerda edi.
– Nega hech narsa qilmay qarab o‘tiribsan? – dedi oyim. – Politsiya nima qilib yuribdi?
– Nega Nensi Iisusdan qo‘rqadi? – so‘radi Keddi. – Oyi, siz ham otamdan qo‘rqasizmi?
– Politsiyaning qo‘lidan nima keladi? – e’tiroz bildirdi otam. – Nensining o‘zi ko‘rmagan bo‘lsa, uni qayerdan qidirish kerak?
– Uning nimasidan qo‘rqadi?
– Nensi u shu yerda, men bilaman, deydi. Hatto bugun ham shu yerda yurganmish.
– Axir, biz bekorga soliq to‘lamasak kerak, – dedi oyim, – sen har xil qora-qura xotinlarni kuzatib yurasan, men esa huvillagan uyda yolg‘iz qolaman, shu ham ish bo‘ldimi?
– Men seni qo‘ynimga pichoq yashirib ta’qib qilayotganim yo‘q-ku, axir, – dedi otam.
– Dilsi shokolad tort qilib bersa, men yig‘lamayman, – dedi Jeyson.
Oyim bizga chiqishga ruxsat berdi. Otam, bilmadim, Jeyson shokolad tort oladimi-yo‘qmi, lekin hoziroq bu yerdan jo‘nab qolmasa, Jeysonning boshqa narsa olishi tayin, deb po‘pisa qildi. Biz oshxonaga yo‘l oldik. Shu yerda Keddi Nensiga dedi:
– Otam seni uyiga borsin dedi, eshikni berkitib o‘tirsin, hech kim tegmaydi dedi. Senga kim tegadi, Nensi? Iisusmi? U sendan xafa bo‘lganmi?
Nensi haliyam qahva idishni tizzalari orasida ikki qo‘llab tutib turar, tirsaklarini tizzasiga tiragan edi. U qahva idishga ko‘zini tikkan edi.
– Nima qilib Iisusning jahlini chiqarding? – so‘radi Keddi.
Nensi qahva idishni tushirib yubordi. Idish sinmadi, faqat qahva to‘kildi, Nensi esa hamon qo‘lini hovuch qilib turardi, xuddi qahva idishni tutganday. Shunda u yana ohista boyagi tovushni chiqara boshladi. Kuyga o‘xshab-o‘xshamaydi. Biz unga qarab turardik.
– Bo‘ldi, bas! – dedi Dilsi. – Yetar endi. Munaqa bo‘shashish kerak emas. Shu yerda o‘tira tur, men borib Vershdan iltimos qilaman, seni uyga kuzatib qo‘yadi.
Dilsi chiqdi. Ikki ko‘zimiz Nensida edi. Uning yelkalari silkinardi, ammo endi indamasdi. Ko‘zimizni undan uzmasdik.
– Iisus seni nima qilmoqchi? – so‘radi Keddi. – Axir, u ketgan-ku.
Nensi bizga qaradi.
– Men sizlar bilan yotganimda rosa xursand bo‘lgandim, a?
– Hecham-da, – dedi Jeyson. – Men hech xursand bo‘lmaganman.
– Sen uxlab qoluvding, – dedi Keddi.
– Bizga qo‘shilganing yo‘q.
– Hozir menikiga boraylik, yana birga o‘ynaymiz, – dedi Nensi.
– Oyim ruxsat bermaydi, – dedim. – Vaqt kech bo‘lib qoldi.
– Siz esa unga aytib o‘tirmang, – dedi Nensi. – Ertaga aytasiz. U xafa bo‘lmaydi.
– Oyim ruxsat bermaydi, – dedim.
– Unga hozir aytmang, – dedi Nensi. – Uning joniga tegmang.
– Oyim bormanglar, degan emas, – dedi Keddi.
– Biz so‘ramovdik-ku? – dedim men.
– Agar hozir borsanglar, men aytib beraman, – dedi Jeyson.
– Biz birga o‘ynaymiz, – dedi Nensi. – Mening uyimgacha boramiz. Oyingizning jahli chiqmaydi. Axir, men shuncha vaqtdan beri siznikida ishlayman. Oyingiz va otangiz urishmaydi.
– Men boraman, men qo‘rqmayman, – dedi Keddi. – Jeyson qo‘rqadi, u oyimga aytib beradi.
– Men qo‘rqmayman, – dedi Jeyson.
– Yo‘q, sen qo‘rqasan. Oyimga aytib berasan.
– Aytmayman, – dedi Jeyson. – Men qo‘rqmayman.
– Jeyson men borimda qo‘rqmaydi, – dedi Nensi. – To‘g‘rimi, Jeyson?
– Jeyson oyimga aytadi, – dedi Keddi.
Tor ko‘cha qorong‘i edi. Biz orqa eshikdan o‘tloqqa chiqdik.
– Agar eshik orqasidan bir nima chiqib qolsa, Jeyson dodlardi.
– Hecham dodlamasdim! – dedi Jeyson.
Biz yurib ketdik. Nensi baland ovozda gapirardi.
– Nega bunday ovozingni baland qilib gapiryapsan, Nensi? – so‘radi Keddi.
– Kim? Menmi? – so‘radi Nensi. – Qarang-a, nimalar deyishyapti bu Kventin, Keddi bilan Jeyson, go‘yo men baqirib gapirayotgan emishman.
– Sen xuddi bu yerda beshinchi bir odam ham borday qilib gapiryapsan, – dedi Keddi. – Xuddi otam ham biz bilan birga borayotganday.
– Kim baqirib gapiryapti? Menmi, janob Jeyson? – dedi Nensi.
– Nensi ukamiz Jeysonni “janob” dedi, – so‘yladi Keddi.
– Qaranglar, qanday gaplashishyapti, bu Keddi, Kventin, Jeyson, – dedi Nensi.
– Biz hecham gaplashayotganimiz yo‘q, – dedi Keddi. – Sen bir o‘zing gaplashyapsan, xuddi otam…
– Jim, – dedi Nensi. – Jim, janob Jeyson.
– Nensi yana Jeysonni “janob” dedi…
– Jim! – dedi Nensi.
Biz jardan va chetan orasidan o‘tarkanmiz, u tinimsiz baqirib gapirib bordi, u har doim boshida tugun bilan shu chetan orasidan o‘tardi. Nihoyat, biz uyga keldik. Biz jadal yurdik. U eshikni ochdi. Uyda lampa chiroq hidi anqirdi, Nensining o‘zidan tarqayotgan hid esa xuddi pilikning isiga o‘xshardi, xuddi yanada kuchliroq is taratish uchun ular bir-birlarini kutib turganday edi. Nensi chiroqni yoqdi, eshikni yopdi, tambaladi. Shundan so‘ng u baqirib gapirishni bas qildi va bizga qaradi.
– Endi nima qilamiz? – dedi Keddi.
– O‘zingiz nimani xohlaysizlar? – dedi Nensi.
– O‘zing o‘ynaymiz devding.
Nensining uyida nimadir uncha yaxshi emasdi, bu tarqalayotgan hiddan bo‘lsa kerak. Buni hatto Jeyson ham sezdi.
– Men bu yerda qolishni istamayman, – dedi u. – Men uyga ketaman.
– Mayli, bor, ketsang, ketaver, – dedi Keddi.
– Bir o‘zim ketmayman, – dedi Jeyson.
– Mana hozir biz o‘ynaymiz, – dedi Nensi.
– Nima o‘yin? – so‘radi Keddi.
Nensi eshik oldida turgandi. Uning ko‘zlari bizda edi, lekin ko‘zlari hech narsani ko‘rmayotgandek, bo‘m-bo‘sh edi.
– Siz nima o‘yinni xohlaysiz? – so‘radi Nensi.
– Bizga ertak aytib ber, – dedi Keddi. – Sen ertak aytishni bilasanmi?
– Bilaman, – dedi Nensi.
– Unda, ayt, – dedi Keddi.
Biz Nensiga qarab turgan edik.
– Sen hech qanaqa ertakni bilmaysan-ku, – dedi Keddi.
– Yo‘q, bilaman, – dedi Nensi. – Mana, hozir sizlarga aytib beraman.
U borib o‘choq oldidagi kursiga o‘tirdi. O‘choqda hali so‘nmagan cho‘g‘lar bor ekan, u cho‘g‘larni alanga oldirdi. O‘t oldirishga hojat bo‘lmadi. Nensi olovni kattaytirdi. Keyin ertak ayta boshladi. U shunday so‘ylar va qarardiki, xuddi ko‘zi ham, ovozi ham uniki emas, boshqa begona birovnikiday, o‘zi ham xuddi bu yerda emasday edi. U qaydadir boshqa bir yerda, go‘yo nimanidir kutardi. U bu yerda uy ichida emas, balki qayerdadir tashqarida, qorong‘ilik ichida edi. Uning ovozi shu yerda edi, tanasi, vujudi shu yerda edi, anov boshida katta sharday tugun bilan chetan orasidan qilt etmay o‘tadigan Nensi esa havol hamda vaznsizga o‘xshardi. Shu vaznsiz pufakdek vujudgina va faqat shugina shu yerda edi.
–…Mana, nihoyat, qirolicha yomon odam yashirinib turgan jar yoqasiga yetib keldi. U jar ichiga tushdi-da, shunday dedi: “Ishqilib, men jardan o‘tib olsam edi…”
– Qanday jar? – so‘radi Keddi. – Bizning jarga o‘xshaganmi? U nega jarga tushdi?
– Uyga yetib olish uchun, – dedi Nensi. – Uyga yetib olish uchun jarga tushish kerak edi.
– Nima qilardi u uyiga borib? – so‘radi Keddi.
IV
Nensi bizdan ko‘z uzmasdi. U ertakni to‘xtatdi. Uning ko‘zi bizda edi. Jeysonning oyoqlari ishtoni ichidan chiqib turardi. U kichkina bo‘lgani uchun kalta ishton kiyib yurardi.
– Bu yomon ertak, – dedi u. – Men uyga ketaman.
– Rost, uyga ketaylik, – dedi Keddi va poldan turdi. – Bizni kutib qolishgandir, qidirishayotgandir. – U eshikka qarab yurdi.
– Yo‘q, – dedi Nensi. – Ochma.
U o‘rnidan sakrab turib, oldinga chopib bordi. Eshikka, yog‘och tambaga u qo‘l urmadi.
– Nega? – deb so‘radi Keddi.
– Yur, yana birpas chiroq oldida o‘tiraylik, – dedi Nensi. – O‘ynaymiz. Ketishga hali erta.
– Biz qololmaymiz, – dedi Keddi. – Mabodo, juda qiziq o‘yin bo‘lsa, boshqa gap.
U Nensi bilan o‘choq oldiga qaytdi.
– Men uyga ketaman, – dedi Jeyson. – Men hammasini aytib beraman.
– Men boshqa bir ertakniyam bilaman, – dedi Nensi.
U Keddiga qarab turar, lekin ko‘zlari kosasidan chiqib ketayotganga o‘xshardi, cho‘pni burun uchida tutib turmoqchi bo‘lib, unga pastdan yuqoriga qaraganda, shunday bo‘ladi. Nensi Keddiga tepadan pastga qarayotganday edi, shunday esa-da ko‘zlari kosasidan chiqib ketayotganday ko‘rinardi.
– Eshitgim kelmayapti, – dedi Jeyson. – Oyog‘imni tapillataman.
– Bu yaxshi ertak, – dedi Nensi. – Oldingidan ancha yaxshi.
– Nima haqda? – so‘radi Keddi.
Nensi chiroq oldida turardi. U chiroq shishasiga qo‘lini tutdi. Chiroq yorug‘ida qo‘li uzun va qora bo‘lib ko‘rindi.
– Qizib turgan shishani ushlading, – dedi Keddi. – Qo‘ling kuymadimi?
Nensi qo‘liga qaradi.Uni sekin shishadan oldi. U Keddiga qarab turar va qo‘lini shunday aylantirardiki, xuddi qo‘li chizimchaga osilganga o‘xshardi.
– Yaxshisi, boshqa bir narsa qilaylik, – dedi Keddi.
– Men uyga ketaman, – dedi Jeyson.
– Mening jo‘xorim bor, – dedi Nensi. U Keddiga, keyin menga, keyin Jeysonga, keyin yana Keddiga qaradi. – Kel, jo‘xorini qovuramiz.
– Men jo‘xorini yaxshi ko‘rmayman, – dedi Jeyson. – Men popuklarni yaxshi ko‘raman.
Nensi Jeysonga qaradi.
– Sen tovani dastasidan ushlab turasan.
Nensi haliyam qo‘lini aylantirardi. Qo‘li uzun va qop-qora, xuddi suyagi yo‘qday edi.
– Mayli, – dedi Jeyson. – Agar tovani ushlab turadigan bo‘lsam, men qolaman. Keddi tovani ushlab turolmaydi. Agar Keddi tovani ushlab tursa, men uyga ketaman.
Nensi olovni ko‘tardi.
– Qara, Nensi to‘g‘ri olovni ushlayapti, – dedi Keddi. – Senga nima bo‘ldi, Nensi?
– Jo‘xorim bor, – dedi Nensi. – Ozgina bo‘lsa ham, bor.
U karavot tagidan tovani oldi. Tovaning dastasi singan edi. Jeyson yig‘lab yubordi.
– Hech narsa qilib bo‘lmaydi, – dedi u.
– Baribir uyga ketadigan vaqt bo‘ldi, – dedi Keddi. – Kventin, ketdik.
– To‘xtanglar, – dedi Nensi. – To‘xtanglar. Men uni hozir tuzataman. Sen menga yordamlashmaysanmi?
– Jo‘xori yegim kelmay qoldi, – dedi Keddi. – Juda kech qoldik.
– Unda, sen menga yordam qil, Jeyson, – dedi Nensi. – Sen menga yordam berasan, to‘g‘rimi?
– Yo‘q, – dedi Jeyson. – Uyga ketaman.
– Kerakmas, – dedi Nensi, – kerakmas. Qarab tur, mana, mening nima qilishimni. Men hozir tovani tuzataman, keyin Jeyson uni ushlab turib jo‘xorini qovuradi.
U bir bo‘lak sim topdi-da, tovaning dastasini mahkamladi.
– Yaxshi ushlamaydi, – dedi Keddi.
– Yaxshi bo‘ladi, – dedi Nensi. – Mana ko‘rasan. Endi menga jo‘xori po‘stini archishga yordamlashinglar.
Jo‘xori ham karavot ostida ekan. Biz uni archib, tovaga sola boshladik. Nensi esa Jeysonga tovani olov ustida tutib turishga ko‘maklashdi.
– U bodramayapti, – dedi Jeyson. – Men uyga ketaman.
– Shoshma, – dedi Nensi. – Hozir yorila boshlaydi. Juda qiziq bo‘ladi.
Nensi olovga yaqin o‘tirardi. Chiroqning piligi haddan ortiq ko‘p ko‘tarilgan ekan, u lopillab tutay boshladi.
– Uni pasaytirib qo‘ysang bo‘lmaydimi? – deb so‘radim.
– Hechqisi yo‘q, – dedi Nensi. – Men keyin qurumini tozalayman. Qara: hozir yorila boshlaydi.
– Yoriladiganga o‘xshamaydi, – dedi Keddi. – Baribir uyga ketishimiz kerak. Xavotir olishadi.
– Yo‘q, – dedi Nensi. – Hozir yoriladi. Dilsi men bilan birga ketganingizni aytadi. Men shuncha vaqt uyingizda ishladim. Men bilan kelganingizga xafa bo‘lishmaydi. Shoshmang. Ana hozir yorila boshlaydi.
Shu vaqt Jeysonning ko‘ziga tutun kirib achishtirdi-da u yig‘lashga tushdi. U tovani olov ichiga tushirib yubordi. Nensi lattani ho‘llab Jeysonning yuzini artdi, u esa yig‘idan to‘xtamasdi.
– Qani, bo‘ldi, – dedi Nensi. – Bo‘ldi qil.
Ammo u bas qilmasdi.
Keddi tovani olovdan oldi.
– Hammasi kuyib ketibdi, – dedi u. – Yana jo‘xori kerak, Nensi.
– Sen hammasini soluvdingmi? – so‘radi Nensi.
– Ha, – dedi Keddi.
Nensi unga qaradi. Keyin tovani olib kuygan jo‘xorilarni etagiga to‘kib, donalarini uzun qora barmoqlari bilan tera boshladi. Biz ko‘zimizni undan uzmasdik.
– Boshqa jo‘xori yo‘qmi? – so‘radi Keddi.
– Bor, – dedi Nensi. – Bor. Qara, hammasi kuyib ketmabdi. Shuni faqat…
– Uyga ketaman, – dedi Jeyson. – Hammasini aytib beraman.
– Tishsh! – dedi Keddi.
Quloq soldik. Nensi boshini eshik tomonga burdi, ko‘zlari chiroqning qizg‘ish shu’lasi bilan to‘ldi.
– Kimdir kelyapti, – dedi Keddi.
Shunda Nensi o‘choq oldida o‘tirib, uzun qo‘llarini ikki tizzasi orasiga osiltirib ohistagina yana boyagi tovushni chiqara boshladi, keyin butun yuzidan ter quyilib oqdi; ter yonoqlaridan oqib, iyagida aylanar, har bir tomchida o‘choqdagi o‘tning olov nuqtasi akslanardi.
– U yig‘layotgani yo‘q, – dedim.
– Men yig‘layotganim yo‘q, – dedi Nensi: uning ko‘zlari yumilgandi. – Men yig‘layotganim yo‘q. Kim kelayotgan ekan?
– Bilmadim, – dedi Keddi; u eshik oldiga borib tashqariga qaradi. – Ana endi uyga ketamiz. Otam keldi.
– Hammasini aytib beraman, – dedi Jeyson. – Men kelmoqchi emasdim, sizlar majbur qildingiz.
Nensining yuzidan hamon tomchilar oqardi. U kursida o‘tirgan ko‘yi o‘girildi.
– Menga qaranglar, unga aytinglar… Aytinglar biz o‘ynaymiz deb. Aytsanglar, men sizlarga ertalabgacha o‘zim qarayman. Iltimos qilinglar, men sizlar bilan boray, tunni sizlarnikida o‘tkazay, polda bo‘lsa ham yotay. Ayting, menga to‘shakning ham keragi yo‘q. Biz o‘ynaymiz. Esingizdami, o‘tgan safar rosa maza qilganmiz?
– Men maza qilmaganman, – dedi Jeyson. – Meni qattiq ushlab og‘ritding. Sen ko‘zimga tutun haydading.
V
Otam kirib keldi. U bizga boqdi. Nensi o‘tirgan yeridan turmadi.
– Unga aytinglar, – iltijo qildi u.
– Men kelmoqchi emasdim, – dedi Jeyson, – Keddi esa meni majbur qildi.
Otam o‘choq yoniga bordi. Nensi boshini ko‘tardi.
– Axir, sen Reychel xolangning oldiga borib, o‘sha yerda yotib qolsang bo‘lmaydimi? – so‘radi otam. Nensi ikki qo‘lini tizzalari orasida osiltirib, unga qarab turardi. – Anoving bu yerda emas, – dedi otam. – Men ko‘rgan bo‘lardim. Bu yerda hech kim yo‘q, tirik jonning o‘zi ko‘rinmaydi.
– U jarda, – dedi Nensi. – Jarga berkingan.
– Bo‘lmag‘ur gap, – dedi otam. U Nensiga boqdi. – U jarda ekanligini qayerdan bilasan?
– Menga bashorat bo‘ldi, – dedi Nensi.
– Qanaqa bashorat?
– Shunaqa. Kirganimda stol ustida ekan. Cho‘chqaning qoniga belangan suyak go‘shti. Stol ustida chiroq yonida turuvdi. U o‘sha yerda. Siz manovi eshikdan chiqishingiz bilan men adoyi tamom bo‘laman.
– Adoyi tamom nimasi, Nensi? – so‘radi Keddi.
– Men chaqimchi emasman, – dedi Jeyson.
– Behuda gap! – dedi otam.
– U o‘sha yerda, – derdi Nensi. – Hozir oynadan qarab turibdi, siz ketishingizni kutyapti. Adoyi tamom bo‘laman.
– Behuda gap! – dedi otam. – Uyni berkit. Biz seni Reychel xolanikiga kuzatib qo‘yamiz.
– Befoyda! – derdi Nensi. Otamga u boshqa qaramasdi, otam uning uzun qora behol qo‘llariga qarardi. – Cho‘zib o‘tirishdan nima foyda!
– Endi nima qilmoqchisan o‘zi? – so‘radi otam.
– Bilmadim, – dedi Nensi. – Nima ham qila olardim? Yana biroz cho‘zish mumkin. Nima foydasi bor! Aftidan, peshonamga shunday yozilganga o‘xshaydi. Yozilganini olaman.
– Nimani olasan? Senga nima yozilgan? – so‘radi Keddi.
– Bular hammasi behuda, – dedi otam. – Hammalaringizga uxlaydigan vaqt bo‘ldi.
– Men xohlamadim, Keddi meni majbur qildi, – dedi Jeyson.
– Reychel xolangnikiga bor, – dedi otam.
– Nima foydasi bor! – dedi Nensi. U o‘choq oldida tirsaklarini tizzasiga tirab, uzun qo‘llarini tizzalari orasida osiltirib o‘tirardi. – Hatto sizning oshxonangizda o‘tirganimda ham, jonim omonda emas. Mabodo, men sizning bolalaringiz bilan bir xonada yotganimda ham, baribir ertalab meni qonimga belangan holda topgan bo‘lishardi va …
– Jim-m! – dedi otam. – Eshikni yop, chiroqni o‘chir va uxlagani yot.
– Men qorong‘idan qo‘rqaman, – dedi Nensi. – Men bu ish qorong‘ida ro‘y berishini xohlamayman.
– Nima, sen chiroqni yoqib tun bo‘yi o‘tirib chiqmoqchimisan? – so‘radi otam.
Shunda birdan Nensi o‘choq oldida o‘tirib, uzun qo‘llarini tizzalari orasida osiltirgancha, yana o‘sha tovushni chiqara boshladi.
– Ey, qurib ketmaydimi, – dedi otam. – Qani, uyga jo‘nanglar, bolalar! Uxlaydigan vaqt bo‘ldi.
– Siz ketishingiz bilan meni quritishadi, – dedi Nensi. – Ertaga men o‘lgan bo‘laman. Men tobutimga pul topib qo‘yganman, janob Lavlediga topshirganman…
Janob Lavledi negrlardan sug‘urta puli yig‘ib yuradigan bo‘yi pastroq, isqirt bir odam edi, shanba kunlari ertalabdan u barcha kulbalarni aylanib chiqar va negrlar unga o‘n besh tsentdan badal topshirishardi. U xotini bilan qo‘noqxonada turardi. Bir kuni ertalab xotini o‘zini o‘ldirib qo‘ydi. Ularning bitta qizchasi bor edi. Xotini o‘zini o‘ldirib qo‘ygandan keyin janob Lavledi bolasini olib ketib qoldi. Biroz vaqtlardan so‘ng u qaytib keldi. Shanba kunlari tong chog‘lari biz uning tor ko‘chalarda aylanib yurganini ko‘rardik.
– Abas, – dedi otam. – Ertaga ertaminan sen oshxonamizga bor.
– Borgancha borarman. Borganda nima ko‘rarman, yolg‘iz xudoyimga ayon.
VI
Biz Nensining uyidan chiqdik; u haliyam o‘choq oldida o‘tirardi.
– Eshikni yop, – dedi otam, – tambani qo‘y. – Nensi qimirlamadi. U bizga boqmadi. Biz ketdik, u o‘choq oldida qoldi; eshik lang ochiq, chiroq yonib turardi.
– U nima deydi, ota? – so‘radi Keddi. – Nima ro‘y berishi kerak?
– Hech nima, – dedi otam. Jeyson uning yelkasida o‘tirar, shuning uchun hammamizdan baland ko‘rinardi. Biz jarga tushib bordik; men indamay har yoqqa alang-jalang qarardim. Lekin oy shu’lasi soyalar bilan chaplashgan yerlarda hech narsani ko‘rib bo‘lmasdi.
– Agar Iisus bu yerga berkinib olgan bo‘lsa, u bizni ko‘rib turibdi, to‘g‘rimi? – dedi Keddi.
– Bu yerda u yo‘q, – dedi otam. – U allaqachon ketib qolgan.
– Sen meni majbur qilding, – dedi Jeyson o‘zi o‘tirgan cho‘qqidan; osmon sahnida otamning ikkita boshi borga o‘xshab ko‘rinar – biri kichkina, ikkinchisi katta edi. – Men esa bormayman dedim.
Biz so‘qmoqdan yurib jardan chiqdik. Bu yerdan hamon Nensining eshigi lang ochiq uyi ko‘rinib turardi, ammo Nensining o‘zi ko‘rinmasdi – balki o‘choq oldida eshikni keng ochib qo‘yib o‘tirgandir, chunki u kutaverib charchagandi.
– Men charchadim, – dedi u biz ketar paytimiz orqamizdan. – Oh, juda charchadim. Men bor-yo‘g‘i bir qora xotinman. Bu mening aybim emas.
Ammo hali uning tovushi eshitilib turardi, nega deganda, biz naq jardan chiqqanimizda, u yana o‘sha tovushni chiqara boshladi – tovush kuyga o‘xshab-o‘xshamasdi.
– Endi kiyimlarimizni kim yuvib beradi? – deb so‘radim men.
– Men qora emasman, – dedi Jeyson o‘z cho‘qqisida o‘tirib, u otamning yelkasida silkinib borardi.
– Sen battarroqsan, – dedi Keddi, – sen chaqimchisan. Oldingdan biron narsa chiqib qolsa, sen qoradan ham battar qo‘rqarding.
– Hecham-da, – dedi Jeyson.
– Sen bo‘kirib yig‘lab yuborarding, – dedi Keddi.
– Keddi! – dedi otam.
– Hecham yig‘lamasdim, – dedi Jeyson.
– Qo‘rqoq! – dedi Keddi.
– Kendeysi! – dedi otam.
Rus tilidan Ibrohim G‘afurov tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2016 yil, 10-son