MING TILLOGA BAHOLANGAN BOSh
Tarixiy fojia
Voqea 1810 –1827 yillarda bo‘lib o‘tadi
QATNAShUVChILAR:
O y d o‘ s b o b o
X o n
B o sh v a z i r
X o n n i n g m a h r a m i
B ye g i s v a M ir j i q – O y d o‘ s bo b o n i n g i n i l a r i
Q o‘ n g‘ i r o t h o k i m i
B i y l a r
D o‘ s p a n – O y d o‘ s b o b o n i n g j i l o v d o r i
Ya s o v u l l a r, n a v k a r b o sh i l a r, n a v k a r l a r
N o t a n i sh q o r a q a l p o q
D ye h q o n l a r, b a l i q ch i l a r, ch o r v a d o r l a r, ye t i m l a r
BIRINChI VOQEA
K o‘ r i n i sh
Yopiq parda oldida qo‘llariga uzun sopli – bir uchi nayzaga, ikkinchi uchi boltaga o‘xshash yaroq tutgan uch yasovul ikki bandini haydab keladi. Bandilarning biri qalin soqolli, xushsurat Oydo‘s bobo, ikkinchisi uning jilovdori, g‘o‘labir gavdali yosh yigit Do‘span. Yasovullardan biri Oydo‘s boboning bo‘g‘ziga nayza sanchgudek, ikkinchisi uning boshini bolta bilan chopgudek alfozda. Uchinchi yasovul og‘ziga latta tiqilgan Do‘spanning orqasidan turtkilaydi. Do‘span dam yiqiladi, dam qaddini rostlaydi. Sahnaga kirib yiqilganida Do‘spanning og‘zidagi latta qonga belanib yerga tushadi. U erkin nafas olib,
bilagi bilan og‘zini artib tupurinadi.
1-ya s o v u l. Qalaysiz endi, Oydo‘s bobo?
O y d o‘ s b o b o (unga burilib qarab.) Yaxshi. (Yasovullar kulishadi.)
2- ya s o v u l. “Yaxshi”mish! Bu kishiga u dunyo ham yaxshi, do‘zax ham yaxshi!
D o‘ s p a n. Bu dunyo ham, narigi dunyo ham faqatgina qo‘li toza, ko‘ngli oq, o‘zi haq odamga yaxshi!
3-ya s o v u l. Tilingni tiy!
D o‘ s p a n. Sizlarga o‘xshaganlarga bu dunyo do‘zax, u dunyo yanayam battarroq!
1-ya s o v u l. O‘-o‘, la’nati! Jim bo‘l! Og‘zingni yum!
D o‘ s p a n. O‘zlaringiz majbur qilyapsizlar-ku!
1-ya s o v u l. Bu gaping bilan bizgagina emas, ulug‘ Xiva xoniga ham tuhmat qilyapsan!
D o‘ s p a n. Dunyoda ulug‘lar ikki xil bo‘ladi: bir xillari hammaga ma’qul keladigan ish qiladi, yana bir xillari o‘zlariga ma’qul tuyulgan noma’qulchiligini hammaga ma’qullatmoqchi bo‘ladi.
1-ya s o v u l. Hoy mahmadana, shuni bilib qo‘yki, ulug‘ xonimiz odamlarni faqat yaxshilikka boshlaydi, biz senga o‘xshagan beboshlarni ulug‘ xonning hurmatini joyiga qo‘yishga o‘rgatamiz.
D o‘ s p a n. To‘g‘ri, Ulug‘ Xiva xoni yaxshilikka boshlaydi, biroq sizlar… Biroq sizlar yomonlikni, shafqatsizlikni, hatto tilanchilikni o‘rgatasiz!
1-ya s o v u l. Tilanchilikni?!
D o‘ s p a n. Hovva.
1-ya s o v u l. Isbot qil!
D o‘ s p a n. Biz shaharga kirgan paytda o‘rta yoshlardagi birov bolasi bilan yetaklashib, gaplashib kelayotgan edi. Bizlarga yaqinlashganida u bolasini orqasidan biz tarafga itardi. Bola oldimizga kelib, ikkala kaftini ochib sadaqa so‘radi…
3-ya s o v u l. Xo‘sh, nima bo‘pti? Shuhratparast biy bilan uning jondorida harom pul ko‘p deb o‘ylagandir-da!
D o‘ s p a n. Qarg‘a o‘z otini o‘zi aytib chaqirar ekan…
2- ya s o v u l. Obbo, manovi mahmadana tilini tiyishni bilmaydi, shekilli?!
D o‘ s p a n. Bu dunyoda hech kim dushmanidan qo‘rqib-pisib yashamasligi kerak. Kunlardan bir kuni o‘sha dushman ham axiyri o‘ladi-ku…
1- ya s o v u l. Gapirgani qo‘ymay qayta tiq lattani og‘ziga!!!
Uchinchi yasovul Do‘spanning o‘z ko‘ylagidan bir parcha yirtib olib og‘ziga tiqadi.
PARDA OChILADI
K o‘ r i n i sh
Oltinu kumushdan naqshlar o‘yilgan darvoza ko‘rinadi. Yasovulboshi boshqalarni tashqarida qoldirib ichkariga kiradi. Darvoza ochiladi.
Baland oltin taxtda o‘tirgan xonning ikki tomonida ikki mulozim uni yelpib turibdi. Xon hovliqib kirgan yasovulboshiga nafratli nazar bilan qaraydi.
X o n. Qanday xabar?..
Ya s o v u l b o sh i. Xon hazratlari, siz hamisha hurmat qiladigan qoraqalpoq elining bosh biyi Oydo‘s farmoni oliyingizga tupurdi!
X o n. Qanaqasiga?..
Ya s o v u l b o sh i. Sahroyi elning bosh biyi o‘zining yovvoyiligini ko‘rsatdi-da…
Ya s o v u l b o sh i. Sherg‘ozi madrasasida tahsil ko‘rayotgan bir turkman talabasi yoshlar orasida buyuk Xorazmning oftobi bo‘lmish Sizdek zoti oliylari haqida qing‘ir gaplar tarqatgani uchun dorga hukm etilgan edi. Farmoni oliyingizni bajo keltirish niyatida aybdorning bo‘ynidan arqon o‘tkazilib, endigina yuqori ko‘tarilganida, sahroyi Oydo‘s biy sizning nomingizni sotib dor ostiga keldi-da, o‘tkir qilichi bilan gunohkorning bo‘ynidagi arqonni kesib tashladi. Xorazm tarixida bunday yovvoyilik hech qachon bo‘lmagan. Lekin ulug‘ ajdodlarimizdan qolgan an’analarga ko‘ra, bir odam ikki marta dorga osilmaydi. Gunohkorning bo‘yniga osilgan dor arqoni bexos uzilib ketsa yo kesib tashlansa, mahkum ozod qilinishi kerak…
X o n. Qani, Yasovulboshi, sen nariroq tur-chi! Hoy, qoraqalpoqning bosh biyi, sen gapir-chi, bu qanaqasi?
O y d o‘ s b o b o. Shunaqa bo‘lib qoldi-da, xon hazratlari.
X o n m a h r a m i (xon bilan yasovulboshiga qarab.) Biy emas, o‘taketgan buzg‘unchi ekan-ku, bu!
X o n (vazminlik bilan har bir so‘zini salmoqlab.) Gunohkor talaba turkman ekan, siz qoraqalpoq bo‘lsangiz… Tog‘a-jiyanmisiz yo?..
O y d o‘ s b o b o. Tanimayman uni! Biroq hamma turkiylarning qonimiz bitta-ku!
X o n m a h r a m i. Yaloqxo‘r sahroyining keltirgan daliliga qarang!
O y d o‘ s b o b o. Bunday o‘zboshimchalikka jur’at qilganimda avvalo sizning dovrug‘ingizga dovrug‘ qo‘shishni o‘yladim, xon hazratlari.
X o n. Aksincha, mening obro‘yimga soya tashlab, o‘zingizni g‘amxo‘r-mehribon ko‘rsatmoqchi bo‘lgansiz!
X o n m a h r a m i. To‘g‘ri aytasiz, xon hazratlari. Bu odamning dardi bedavo!..
O y d o‘ s b o b o. Hoy mahmadana mahram, men xon hazratlari bilan gaplashayotganimda oraga suqilavermay jimgina turing, xo‘pmi!
X o n (mahramga jiddiy tahdidli qarash qiladi-da, Oydo‘s boboga sinovchan ko‘z tikadi.) Nima, Farmoni oliyimning to‘g‘riligiga shubhangiz bormi?
O y d o‘ s b o b o. Hech qanday shubham yo‘q!
X o n. U holda?..
O y d o‘ s b o b o. Soliq pullarini xazinaga topshirib saroydan chiqayotganimda munkillagan chol-kampirni ko‘rib, to‘xtadim. Hol-ahvol so‘rashdim. Gapirishimdan kimligimni bilib olishdimi, qaydam, ikkalasi yig‘lab-siqtab yolg‘iz o‘g‘illarining dorga hukm qilinganini aytishdi. Huzuringizga kirib arz-dod qilishmoqchi ekan, posbonlar kirgizishmabdi… Shundan keyin ularga shafqat so‘rab huzuringizga kirgunimcha yosh talaba dorga osilmasin deb…
X o n m a h r a m i. Bu keng jahonda…
O y d o‘ s b o b o. Bu keng jahonda har bir insonning ko‘ngli ham o‘zicha keng jahon, uni sizga o‘xshaganlar tangu tor qiladi, mahram!
X o n. Bilaman, aqllisiz, Oydo‘s biy. Lekin aql odamni shuhrat-parastlik kasalidan xalos qilsagina aql! Aks holda…
X o n m a h r a m i. Xon hazratlari, Qo‘ng‘irot hokimi ham o‘sha esi past talabaga shafqat so‘rab kelgan edi. Kaltafahm hokimga achchiq qilib jazoni og‘irlashtirgan edingiz…
X o n. Oydo‘s biy, sizni ham qo‘ng‘irotlik deb eshitganman. Men ham shu urug‘danman. Qo‘ng‘irotlarning tub bobosi kim, bilasizmi?..
O y d o‘ s b o b o. Bizning elimizdagi afsonalarga ko‘ra, barcha turkiylar orasiga olaog‘izlik urug‘ini sepmoqchi bo‘lganlarga qarshi kurashgan bir guruh yigitlar, boshqalardan ajralib alohida ko‘zga tashlanib turishlari uchun yoppasiga qo‘ng‘ir otlarga minib chiqqan ekanlar. Qo‘ng‘irot qabilasi ana o‘shalarning avlodi deyishadi.
X o n. Abulg‘ozi Bahodirxonning “Shajarai turk” kitobida bosh-qacharoq yozilgan. Yofasning to‘qqizinchi avlodi Elxonning Kayon degan kenja o‘g‘lidan urchiganlar “qo‘ng‘irotlar” deyiladi.
O y d o‘ s b o b o. Buni ham inkor qilmayman. Demak, o‘sha qo‘ng‘ir otlarni dastlab minganlar Kayonning ullari…
X o n. Endi ochig‘ini ayting-chi, dor arqonini kesish bilan qanday qilib mening shuhratimga shuhrat qo‘shmoqchi bo‘ldingiz?
X o n m a h r a m i (chidayolmay.) Janobi oliylari, bu sahroyi hazratlarining shuhratini oshirishni o‘ylamadi, aksincha, sizdek oftobi olamning yuzlariga oyoq qo‘ymoqchi bo‘ldi.
O y d o‘ s b o b o (mahramga nafratli bir nazar tashlab, xonga tik qaraydi.) Xon hazratlari, bu mahram ulug‘ pirimiz Xoja Ahmad Yassaviyning “Tuproq bo‘lg‘il, olam seni bosib o‘tsin” degan hikmatidan bexabarmi deyman. (Xon mahramga burilib qaraydi).
X o n m a h r a m i. Xon hazratlari, bu kishining o‘zlari o‘sha ulug‘ pirning yana bir hikmatli satrini unutib qo‘yganini bilsa ekan!..
X o n (Oydo‘s tomonga buriladi.) Qulog‘im sizda!
O y d o‘ s b o b o. Mahramning nega qo‘ng‘irot hokimini tilga olganini tushunib turibman, xon hazratlari. Mening Begis, Mirjiq degan ikki inim hokimning gumashtalariga aylanib qolishgan. Shuni yuzimga solmoqchi. Menga ishoning, ularni o‘z yo‘rig‘imga yurgiza olaman. “Sizning shuhratingizga shuhrat qo‘shmoqchi bo‘ldim” deganimning ma’nosiga kelsak, ellik, yuz, ikki yuz yildan keyin keladigan avlodlar “Ulug‘ Xiva xonining qoraqalpoqlarni hurmat qilgani shunchalikki, hatto uning Oydo‘s degan o‘zboshimcha biyi erkalik qilib dor arqonini kesganida ham uni bag‘rikenglik bilan kechirgan ekan!..” deb nomingizni tillarda doston qilsin dedim o‘zimcha. Chunki hozirga qadar o‘tgan ulug‘ xonlar haqidagi afsonalar mana shunday erkaliklarga ham tantilik bilan qarashdan boshlangan, deb o‘ylayman.
X o n m a h r a m i. Xon hazratlari, Xivaga har kelganida huzuringizga taklif qilib, gohida bir lagandan ovqat yeganingiz uchun ko‘zlarini yog‘ bosgan buning!..
X o n (bir muddat o‘ylanib.) Yasovulboshi, bu odamning qo‘llarini yeching! (Yasovulboshi tezda Oydo‘s boboning qo‘llarini yechishga tutinadi.) Endi Oydo‘s biydan boshqa hammalaringizga ruxsat!
X o n m a h r a m i (chiqa turib.) Oftobi olam, farmoni oliy ijro etilmasa, raiyat nima deydi? Oydo‘sning o‘rniga uning jilovdori dorga osilsa ham bo‘laverar edi!
O y d o‘ s b o b o. Undan ko‘ra o‘zimni osingizlar! Otqo‘shchim hali o‘n gulidan bir guli ochilmagan yigit-ku!
Hamma chiqib ketadi.
X o n. Oydo‘s biy! Avvalgi uchrashganimizda xalqingiz uchun mustaqil xonlik so‘raganingiz esimda…
O y d o‘ s b o b o. Xon hazratlari, qoraqalpoq yeri egasiz boqqa o‘xshaydi. Mevasiga ishqivozlar ko‘p! Unga, siz g‘amxo‘rsiz, albatta. Biroq bog‘ qanchalik katta bo‘lsa, parvarishi ham shunchalik qiyin, shuning uchun kamhosil bo‘ladi. Keng dalani kichik-kichik otizlarga bo‘lib sug‘orish, ekish foydali. “Qoraqalpoq” deb ataluvchi keng yerimizni alohida otiz qilishga yordam bersangiz, Sizga hosilni yanada mo‘lroq yetkazar edik, degan niyatim bor edi.
X o n. Avvalgi gal siz o‘zingizga xos donolik bilan “Shahar shahardan ulkanroq yo kichikroq, bir joy ikkinchi joydan balandroq yo pastroq, odam odamdan aqlliroq yo aqlsizroq bo‘lgani bilan, xalq xalqdan katta yo kichik, past yo baland, aqlli yo aqlsiz bo‘lmaydi” degan edingiz. Bu gapni ko‘p o‘yladim. Ulug‘ faylasuf Aflotun “Har qanday savolga to‘g‘ri javob berish uchun avvalo savol to‘g‘ri qo‘yilgan bo‘lishi kerak” degan ekan. Bugungi nojo‘ya xatti-harakatlaringizdan keyin, ochig‘i, men yana ikkillanib qoldim.
O y d o‘ s b o b o. Donishmand bobolarimizdan biri “Gapiruvchi nodon bo‘lsa ham tinglovchi dono bo‘lsin” degan ekan. Siz dono ting-lovchisiz, xon hazratlari!
X o n. Navoiy hazratlari “Ipak qurti o‘zini qurbon qilib ipak bo‘ladi, urug‘ tuproqqa ko‘milib unadi” deganlaridek, siz o‘zingizni qurbon qilib bo‘lsa-da, elingizga mustaqil xonlik olmoqchisiz-da, a?
O y d o‘ s b o b o (o‘rnidan turib, qo‘llarini ko‘ksiga qovushtiradi.) Yetti pushtingizga jonim fido, hazrati oliylari!
X o n. O‘tiring! O‘zi xonlikni istagan odam boshqa xonga hadeb bosh egavermaydi.
O y d o‘ s b o b o. Xonlik menga emas, xalqimga kerak! Sizga sodiq fuqaro emas, yelkadosh do‘st bo‘lish uchun kerak!
X o n. Tushunaman, biroq har bir insonning o‘ziga xos nuri bilan soyasi bo‘lganidek, har bir xonlikning ham o‘ziga yarasha nuri bor, soyasi bor…
O y d o‘ s b o b o. Xalqimga mustaqil xonlik kerakligi to‘g‘risida gapirib boshlasam gapim ado bo‘lmaydi. Bundan ikki yil avval mening arzimni tinglab bo‘lgach, “O‘tov tikadigan odam avvalo keragalarini tayyorlab, o‘rnini tozalaydi. Xonlik ham o‘tovdek gap!” deb, bu maslahatingizni avvalo o‘zingiz amalga oshirish uchun menga ko‘p yordam ko‘rsatdingiz… Natijada urug‘-urug‘ bo‘lib bosh-boshiga soliq opkeladigan biylarning sonini asta-sekin kamaytirib borib, oxiri faqat meni qoldirdingiz… Hammasi esimda, shuning uchun bugungi o‘zboshimchaligim ham sizning donoligingizga qattiq ishonganimdan…
X o n. Bugun dor arqonini kesganingizda mening huzurimga kirish uchun bahona qidirganingizni ham tushunib turibman. Shunday bo‘lsa ham bo‘yningizga oling: nega boshingizni asrashni o‘ylamay, o‘z joningizga o‘zingiz qasd qildingiz? Aqlning ko‘z, quloq, til degan xizmatkorlari ham borligini unutdingizmi yo? Yo men bir paytlar “Barcha qoraqalpoqlar bir aqlli biyga bo‘ysunishlari kerak” deganimga o‘zingizcha butun Xorazm menga bo‘ysunishi kerak degan xayolga bordingizmi?..
O y d o‘ s b o b o. Xon hazratlari, avvalgi aytganlarimga shuni qo‘shimcha qila olamanki, pushti-palagi o‘zingizdek turkiy, jangari turkmanlar bilan yovlashib qolmasangiz edi, degan xavotirim ham bor edi. O‘zingiz bilasiz, turkmanlar g‘azabga minsalar, qudratli Eron shohiga ham bosh egmaydilar…(Biroz jim qolib.) Aqlingiz har qanday g‘azabni ham, yovuzlikni ham jilovlay olishini yaxshi bilaman, xon hazratlari.
X o n. Ajabo… Jamiki turkiylarning o‘zaro yovlashmasligi, til topishishiga tarafdordek ko‘rinasiz-da, tag‘in nima uchun bizdan bo‘linib chiqib, alohida qoraqalpoq xonligini tuzmoqchi bo‘lasiz?..
O y d o‘ s b o b o. Butun turkiy olamga bo‘lmasa-da, aqalli Turkiston aymog‘iga, bu aymoqning uzoq-yaqin tarixiga o‘zingizcha bir nazar tashlasangiz…
Xon bir muddat o‘ylanib, miyig‘ida kuladi-da, qarsak chaladi. Mahram va yasovullar yugurgilab kirishadi.
X o n. Mashshoqlar bilan raqqosalarni chorlang! Hindcha ham, arabcha ham bo‘lsin!
Ikki yasovul tez chiqib ketadi-da, sozandalar va raqqosalar bilan kirib keladi.
Soz bilan raqs avjiga chiqadi. Xorazm lazgisiga hindcha va arabcha raqslar ulanib ketadi. Oydo‘s bobo bahuzur tinglab-tomosha qilib o‘tiribdi. Do‘span ham xursand. Xon goh raqqosalarga, goh Oydo‘s boboga, goh uning anqayib o‘tirgan otboqariga qarab miyig‘ida kuladi. Mahram bilan yasovullar o‘yin-kulgiga loqayd-beparvo holda
o‘zlaricha shivirlashadilar:
– Menimcha, xon hazratlari Oydo‘sni mana shunday avvaliga bir sevintirib, keyin dorga osishni buyuradi!
– Nega unday deysiz?
– Qarasang-chi, miyig‘ida kulib o‘tiribdi-ku!
– Jilovdorining ahvoliga qarang!
Jilovdorning og‘zidan so‘lagi oqib turibdi.
– Hamma qoraqalpoqlar ham shunaqa og‘zi ochiq…
– Durustroq raqqosalari yo‘g‘-u, mustaqil xonlikni boshlariga uradimi, qaydam!
Sozandalar bilan raqqosalar chiqib ketadilar.
X o n. Nima deysiz, Oydo‘s biy?
O y d o‘ s b o b o. Mustaqil xonlik mana shunday bo‘ladi demoqchisiz-da? Xudo xohlasa, siz qo‘llab-quvvatlasangiz, bizda ham bular bo‘ladi, xon hazratlari. O‘rganamiz. Birinchi galda Xivadan o‘rganamiz. Biz o‘z xonligimizni siz ba’zida ovga chiqib dam oladigan joyga aylantirsak ajab emas.
M a h r a m (yonidagilarga.) Ana, ko‘rdingizmi, bu noinsof uyalmay-netmay xonga o‘z elining suluv qizlarini in’om qilib, shu bilan aldamoqchi!
D o‘ s p a n. Birovga tuhmat qilishdan qo‘rqing, mahram!
X o n (ularga beparvo.) Mulla bo‘lish oson, odam bo‘lish qiyin, Oydo‘sbiy…
O y d o‘ s b o b o. Menga o‘xshagan bir sahroyi podshoga yer-suv so‘rab borganida podsho: “Suv Sulaymonniki, yer Qodirniki!” degan ekan, o‘sha anoyi sahroyi “Menga osmon ham yetadi!” depti. Bizga avvalo sizning fatvongiz kerak, xon hazratlari.
X o n (bir muddat o‘ylanib qolganidan keyin.) Tavakkal qilishga shoshilmasangiz bo‘larmidi, Oydo‘s biy…
O y d o‘ s b o b o. Payg‘ambarimiz Nuh alayhissalomning o‘g‘illaridan biri Yofasga Turon yerlari vatan qilib berilgan ekan. Yillar o‘tib Yofas avlodlari ko‘paygach, urug‘-urug‘ bo‘lib bo‘lingan ekanlar. Keyin bu urug‘lar orasida hosildor yerlar, keng yaylovlar uchun talashish-tortishish boshlanib ketibdi. Ahvolni yaxshilashni niyat qilgan bobolarimizdan biri bundan 1330-1400 yilcha avval barchani bir xonlikka birlashtirishga harakat qilgan ekan.
X o n. Ha, turkiylar tarixidan birmuncha xabardor ekansiz. Biroq siz Abulg‘ozi Bahodirxonning “Shajarai turk” kitobini o‘qib ko‘ring! Unda Nuh payg‘ambarning Xom, Som, Yofas degan o‘g‘illari bo‘lgan deyiladi. Nuh alayhissalomning kemasi Shom yurtidagi Judi tog‘ida to‘xtaganidan keyin Xomni Hindistonga, Somni Eronga, Yofasni esa, Shimolga yo‘llaydi. Shunday qilib, Yofas barcha kunchiqar joylarga egalik qilgan ekan.
O y d o‘ s b o b o. Meni avf etasiz, xon hazratlari. Bizning xalqimiz orasidagi afsonalarga ko‘ra, hozirgi Orol dengizining o‘rni balandgina bir otov bo‘lgan ekan. Nuh payg‘ambarning kemasi xuddi shu otovda to‘xtab, kemadan tushganlar bilan o‘z o‘g‘illariga yer yuzini taqsimlab, kenja o‘g‘li Yofasga siz aytgan joylarni meros qilib bergan ekan… Ana shundan keyin Ollohning amri bilan Nuh alayhissalom yasagan kemaning o‘rni xalqning ro‘shnoligi uchun ilohiy dengizga aylantirilgan ekan…
X o n. Xudo xohlasa, men sizga Abulg‘ozixonning “Shajarai turkini o‘qish imkoniyatini yaratib beraman. Yofasdan to‘ragan, keyin ko‘pdan-ko‘p urug‘laru qabilalarga bo‘lingan barcha turkiylarni birinchi marta bir xonlikka, ya’ni to‘qqiz xonlikni bir xonlikka biriktirmoqchi bo‘lgan ulug‘ turkiy bobomiz Bumin hoqon degan odam bo‘lgan ekan.
O y d o‘ s b o b o. Bizda ham shunday afsona bor, xon hazratlari.
X o n. O‘sha Bumin hoqonning davrida turk hoqonligi, ya’ni turk eli juda kengaygan… Afsuski, bu xonlik uzoq yashamagan. Bunga sabab qoniga Iblis qoni ko‘proq qo‘shilgan o‘zboshimchalar ko‘payib, hokimiyat tarqab ketgan. Ezgu niyat tuproqqa ko‘milsa ham qayta unib chiqib, oradan 250 yil o‘tgach, turkiylar orasida Eltarish ismli dono hoqon dunyoga keladi. U barcha mayda xonliklarni qayta birlashtirishga kirishadi. Afsuski, uning hukmronligi ham bor-yo‘g‘i 40-50 yil davom etgach, ulkan saltanatni parchalaydigan sizga o‘xshaganlar paydo bo‘ladi, Oydo‘s biy…
O y d o‘ s b o b o. Mening turkiylarni parchalash niyatim yo‘q, xon hazratlari.
X o n. Siz turkiylar tarixi haqida qanday afsonalar bilasiz?
O y d o‘ s b o b o. Siz aytgan ulug‘ Eltarish hoqondan keyin, ya’ni Turonda islom dini qaror topganidan keyin erkaklarning ola-og‘izliklari, amalparastliklariga chidayolmagan xotin-qizlar qo‘zg‘alib, ularni Guloyim degan donishmand ayol podsho boshqarib, turkiylarni birlashtirishga harakat qilgan. Bu haqda elda “Qirq qiz” degan doston bor.
X o n. Hammasi afsona, albatta.
O y d o‘ s b o b o. Xon hazratlari, agar barcha tariximiz yozib qoldirilganida edi, bugungi kunda turkiylar butun olamga hukmronlik qilishlari ehtimol edi.
X o n. Amudaryoning naryog‘idagi “Qirq qiz” qal’asi ham o‘sha qirq qizlarning nomiga qo‘yilgandir, balki?
O y d o‘ s b o b o. Xuddi shunday, xon hazratlari.
X o n. Qirq qizlarning ko‘tarilishi qachon bo‘lgan ekan?
O y d o‘ s b o b o. Bundan taxminan 900-1000 yil avval!
X o n (miyig‘ida kuladi.) Hamma narsada hozirjavobsiz, Oydo‘sbiy. Ana o‘sha ayol podshodan keyin turkiylarni birlashtirgan ulug‘ Amir Temur saltanati ham ko‘pga bormagan. Bizning turkiylarda bir-birlarini kavlashtirish, bir-birlarini mensimaslik degan bir balo bor…
Xon mahrami bilan yasovullar yana o‘zaro shivirlashadilar.
X o n m a h r a m i (sekin.) Xon hazratlari Oydo‘sni avvaliga kuldirib-quvontirib, axiri dorga ostiradi deganimga endi ishondingizmi?
1- ya s o v u l (sekin.) Ha, xonimizning donishmandligiga taraf yo‘q!
2- ya s o v u l (sekin.) To‘g‘ri, tarixda turkiylar tuzgan ne-ne ulug‘ davlatlarni shu Oydo‘sga o‘xshagan odamlar parchalaganini bo‘yniga qo‘yganidan keyin, albatta, dorga osishga buyuradi-da.
X o n. Barcha turkiylarning birlashish va parchalanish tarixini yaxshi bilar ekansiz, Oydo‘s biy. Bizning ham, sizning ham mushtarak niyatimiz turkiylarni parchalanishdan saqlab qolish emasmi?
X o n m a h r a m i (sekin.) Ana, aytmadimmi, endi tamom!
1-ya s o v u l. Oydo‘s o‘ldi deyavering!
2- O y d o‘ s b o b o. Bizning bobolarimiz tugul onalarimiz ham turkiylarning markazlashgan davlatini parchalashni hech qachon istamaganlar. Jung‘orlar bosqinidan keyin Kichik yuz xonligiga o‘tganlar… Parcha-parcha bo‘lib, qay birlari Xitoyda, qay birlari o‘ris podsholigida qolib ketganlar. Afg‘on tomonlarga ketganlar ham bor. Misr taraflarga, Shomga ketgan qondoshlarimiz ham yo‘q emas. Afsuski, shimoldagi muzli ulkan dengizdan to O‘rtayer dengiziga qadarlik kengliklarni egallagan shuncha turkiy xonliklar “qoraqalpoq” deb atalgan bir qabilani himoya qilib qola olmagani sababli ularning biron joyda “xonlik” degan o‘z o‘toviga ega bo‘lolmaganiga barcha qoraqalpoqlilar juda afsuslanamiz. Ochig‘ini aytsam, uzatilgan qizlarga o‘xshab, peshonamizga bitgan o‘tov (xonlik)ning kelini, ya’ni keragasi bo‘lib yashaymiz. Izlab izimizni topolmaymiz.
X o n (uzoq o‘ylanib qoladi.) To‘g‘ri aytasiz, biroq… bizdan Qo‘ng‘irot hokimligi ham…
O y d o‘ s b o b o. Ularniki bir yiqilgan chog‘da yana bir yiqilib ko‘rishdek gap.
X o n. Bu gapingizda jon bor. Urug‘lar millatlardan avval paydo bo‘lgan. Shuning uchun ham qadimgi tariximizda Qo‘ng‘irot, Kenegas, Mang‘it, Xitoy, Qipchoq, Uyshin, Nayman, yana boshqa turkiy urug‘larning otlari bilan juda ko‘p xonliklar yashab o‘tganlar. Hammalari bir-birlari bilan yovlashib, bir-birlarini tariqday tirqiratib, yer-yakson qilaverganlaridan keyin ba’zi qabila-urug‘larning aqlli, atoqli yo‘lboshchilari har bir turkiy qavmlarning boshqa urug‘laridan o‘ziga ergashganlarni birlashtirib, xonliklar, mamlakatlar barpo qilish natijasida har bir xonlik – mamlakat o‘zicha atalib, bugungi millat tushunchasini paydo qilgan deb o‘ylayman. Shuning uchun ham biz o‘zbeklarmiz. Qozoqlar ham, qirg‘izlar ham, turkmanlar ham… shunday yo‘llar bilan shakllangan. Sizlar ham har xil urug‘lardan quralgan, biroq boshqalarga o‘xshab alohida xonlik bo‘lolmagan bir qavmsiz. Qavmingiz bosh kiyimingizga qarab “qoraqalpoqlar” deb atalgan. Shunday qilib, hozirgi kunda alohida millat atalayotgan turkiylarning barchasi bir otaning farzandlari ekanligini butun olam biladi.
O y d o‘ s b o b o. Ming yashang, ulug‘ xonimiz. Men ham ancha narsani endi tushunyapman. Qaysi bir urug‘ni olib qaramang, uning bir bo‘lagi turkiy xalqlarning, mamlakatlarning har birida bor.
X o n. Shunday. Barchamiz uchun afsuslanarli hol – bo‘linganimizdir. Hatto biz “o‘zbek” teb ataluvchi millat ham Xiva, Buxoro, Qo‘qon xonliklariga bo‘linganmiz. Qozoqda ham shunday. Uch juzi uch xonlikni tashkil qiladi. Shularni ko‘rib sizning ham alohida bir xonlik tuzgingiz kelayotgani tushunarli, niyatingiz yomon deyolmayman.
O y d o‘ s b o b o (o‘rnidan turib xonga uch marta ta’zim qiladi-da, qayta o‘tiradi.) Iloyo, sizdek turkiylarning g‘amxo‘riga Xudoyim ming yillik umr hadya etgay!
X o n m a h r a m i (sekin.) Manovi qari tulkining shumligi tobora oshib ketyapti-ku!
X o n (mahramning gaplarini eshitmaydi.) Oydo‘s bobo, xalqingizning boshqa turkiylardan keskin farq qiladigan bir o‘ziga xosligi, menimcha, o‘ristabiatligimi, deyman-da?
O y d o‘ s b o b o. Gapingizda jon bor, hazratim. Ko‘pincha qorni to‘ysa bo‘ldi, ertasini o‘ylamay bayram qilaveradigan odati yo‘q emas…
X o n. Boshqa turkiylar orasida ham ertasini o‘ylab ish yuritadiganlar ko‘p emas. Aytganday, bundan sakson-to‘qson yilcha avval yashagan Maman ismli biy otangiz g‘ayridin o‘ris podshosidan panoh so‘rab borganini bilasizmi?
O y d o‘ s b o b o. Bilaman. U ulug‘ Insonni ko‘rganman ham, duoyi fotihasini olganman ham…
X o n m a h r a m i. “Qashqirni qanchalik qo‘lga o‘rgatmagin, baribir to‘qayga qarab ulishini qo‘ymaydi” degan maqolni bilasizmi?
1- ya s o v u l (o‘zicha.) Ha, tilingga shakar, dono mahram!
X o n (bir mahramga, bir Oydo‘s boboga ajablanib qaraydi.) Nima gap?
O y d o‘ s b o b o (o‘ylanib.) Mahramning aytgan maqoli xalq orasida bor… Lekin uning afsonaviy Maman biyga, u olib borgan siyosatga mutlaqo aloqasi yo‘q.
X o n. Nega?
X o n m a h r a m i (shivirlab): Bo‘yniga dor arqonini qayta ildimmi?
1- ya s o v u l (o‘zicha shivirlab.) Sahroyilarda imo-ishorani tushunadigan aql qayda!
O y d o‘ s b o b o. Xon hazratlari, bilasiz, buzoqning joniga xavf tug‘ilgan paytda ko‘zi tinib, xavfdan qutulish uchun o‘zini o‘tga uradi. Afsonaviy Maman biy ham o‘z vaqtida ko‘zi tingan buzoqqa o‘xshab qolgan. Chunki jung‘or bosqinidan keyin dini, tili, tub ildizi bir qardosh turkiy xalqlardan ham zulm ko‘rgani uchun ko‘zi qonga to‘lgan buzoqday o‘ris podsholigidan panoh so‘ragani sir emas.
X o n. Agar mustaqil xonlik bermasak, balki siz ham o‘sha Mamandan ibrat olarsiz?
O y d o‘ s b o b o (o‘ylanib.) Otalar yo‘li – tengi yo‘q ulug‘ tajriba! Lekin o‘ris podshosi afsonaviy Maman biyni qabul qilib, g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga va’da berib, bitim imzolasa-da, qoraqalpoqlarning boshiga og‘ir musibatlar tushganida yordam qo‘lini cho‘zmagan. Albatta, mensimagan. O‘taketgan qaysar Maman biy o‘ris podshosining oldiga ikkinchi marta bosh egib borishni o‘ziga or deb bilib, el-xalqini azaliy otamakoni – Xorazmga o‘zi bosh bo‘lib ko‘chirib kelgan.
X o n. To‘g‘ri. Shajarada aytilishicha, o‘sha paytdagi Xiva xoni ularni quchoq ochib kutib olgan-da, qadimiy ajdodlari egallagan joylarni to‘laligicha o‘zlariga qaytarib bergan.
O y d o‘ s b o b o. Ota-bobolaringizning ruhi poklari oldida hamisha ta’zimdamiz, xon hazratlari!
1- ya s o v u l. Xon bu anqov sahroyi biyni o‘limi oldidan jo‘rttaga erkalatayapti.
X o n m a h r a m i. Ulug‘ Abulqosim Firdavsiy “Bizlar ham foniymiz, bu olam boqiy, Odamdan qoladi so‘zlar – xotira” degan…
X o n (mahramga e’tibor qilmay, eshik oldida qo‘l qovushtirib turgan Do‘spanga qaraydi.) Otboqarlar ham o‘zicha bir xalq! Xo‘sh, siz nima deysiz?
D o‘ s p a n (xonga uch karra ta’zim qiladi.) E’tiboringizdan boshim osmonga yetdi, xon hazratlari. Onaning qaddi-qomati ulug‘ bir daraxt bo‘lsa, har bir farzand uning bir mevasi. “Haqiqat ko‘zi bilan qarasak, ona suti farzandning yurak qoni…” degan ekan Shayx Sa’diy. Xiva xonligi ham bamisoli bir ona. Endi “qoraqalpoq” deb atalgan bir mevasiga yurak qonini bersa, avlodlar hech qachon unutmaydi.
X o n m a h r a m i (o‘zicha.) Bunisining ham gaplari yirik-ku, a!
X o n (Oydo‘sga burilib qaraydi.) Jilovdorga yolchigan ekansiz!..
O y d o‘ s b o b o. Siz onadek mehr bilan qarasangiz, mening elatim Xiva xonligining do‘stlariga sodiq do‘st, dushmanlariga ashaddiy dushman bo‘lib qolaveradi.
X o n. Aflotun hakim “Odam oynaga qarab o‘zini go‘zal qiyofada ko‘rsa, o‘sha go‘zalligiga dog‘ tushirmasin, agar o‘zi tasqaradek bo‘lsa, oynadan o‘pkalashning o‘rniga yaxshi ishlari bilan o‘zini tuzatsin” degan ekan. Jahonga mashhur Xiva xonligini oyna deb tushunsangiz ham mayli. Tinchlikmi, mahram, bezovta ko‘rinasiz, nimadir demoqchimisiz?
X o n m a h r a m i. O‘z vaqtida Muso alayhissalom qavmini fir’avn qulligidan ozod qilish uchun qirq yil cho‘l-biyobonda ergashtirib yurgan ekan. Sinay tog‘larining eng baland cho‘qqisiga ko‘tarilganida eng so‘nggi johil qul – fir’avnning quli dunyodan o‘tib, avlod butunlay tozalanibdi. Shundan keyin unga Jabroyil alayhissalom orqali Olloh taolodan o‘n vahiy – ta’limot tushgan ekan… Oydo‘s biyning gaplarini o‘ylab qarasam, afsonaviy Maman biyni o‘z xalqining Muso alayhissalomi qilib ko‘rsatmoqchiday. Biroq Muso alayhissalom o‘sha ta’limotning birinchisida “Olloh yagona, faqat unga bo‘ysinish kerak” degan ekan. Oydo‘s biy bu gapni qanday tushunadi?
X o n. Olloh taolo Qur’oni karimda har bir qavmga payg‘ambar yuborishini ham aytgan emasmi?
X o n m a h r a m i. Shunday, olampanoh, faqat Muhammad alay-hissalomga qadar…
X o n (andak o‘ylanib.) Oydo‘s bobo, o‘tgan gal qabulimda bo‘lganingizda “Xiva madrasasida o‘qigan edim” deb sizning oldingizga kelgan, o‘shanga qadar o‘zingizga ham notanish bo‘lgan bir qoraqalpoqni saroyga xizmatga olishimni o‘tingan edingiz. Aytganingiz bo‘ldi… Endi gapni qisqaroq qilaylik! Bugun borib elingizdagi barcha biylarni, atoqli urug‘ boshliqlarini yig‘ib maslahatlashing. Aniq bir fikrga kelsangizlar, barchalarini mening huzurimga ergashtirib keling. Niyatlaringizning xolisligiga ishonch hosil qilsam, iltimosingiz balki inobatga olinar.
2- ya s o v u l (o‘zicha ming‘irlaydi.) “Oydo‘s bobo” deb juda hurmatlab yubordi-ku!
O y d o‘ s b o b o (o‘rnidan turib xonga qulliq qiladi.) Qulluq, olampanoh, marhamatingizdan boshim osmonga yetdi.
X o n (qarsak uradi. Ikki yasovul kirib keladi.) Mehmonlarning otlari tayyorlansin. Bosh vazirga xabar qiling, mehmonlarning hurmatini joyiga qo‘yib o‘z eliga kuzatib qolsin. Bosh vazir qayerdan ortiga qaytsa, o‘sha joy kelajakda qoraqalpoqlar bilan Xiva xonligining chegarasi bo‘ladi!
H a r i k k i ya s o v u l (baravariga.) Bosh ustiga, olampanoh!
X o n. Oydo‘s bobo, sizu bizdan 550 yil ilgari yashab o‘tgan Pahlavon Mahmud hazratlarining bir ruboiysini sizga eslatmoqchiman:
Zarb bersak agar, charx fili yakson bo‘lg‘ay,
Ufq doirasi nog‘orai shon bo‘lg‘ay.
Joy olsa gar chumoli bizim saflardan,
Davlatimiz tufayli arslon bo‘lg‘ay.
… Xo‘sh, elingizga bizning sog‘inchli salomimizni yetkazasizmi?..
O y d o‘ s b o b o. Inshoollo! Avliyo shoirimiz Pahlavon Mahmudning joylari jannatda bo‘lg‘ay! Iloho siz ham dunyo turguncha turing! Qulluq! (Xonga uch karra ta’zim qilib, orqasi bilan eshik tomon yuradi. Do‘span Oydo‘s bobo bexos surilib yiqilmasin deb unga yaqinlashgan holda ortiga tisariladi…)
X o n m a h r a m i(tashqariga chiqqach.) Unutmang, Oydo‘s biy, “Agar bir chumoli bizning qatorimizdan joy olgudek bo‘lsa, u bizning mamlakatimizda yo‘lbarsga aylanadi!”
Ya s o v u l. Bunisi qandoq bo‘ldi?..
X o n m a h r a m i. Bosh vazir xonni tushunadi. Baribir Oydo‘s omon qolmaydi. Bosh vazir bir bahonai sabab topib uni dorga olib boradi… Qani, bosh vazirga xabar qiling-chi!..
P a r d a yo p i l a d i.
IKKINChI VOQEA
K o‘ r i n i sh
Yopiq parda oldidagi bir tup turong‘il tagida Oydo‘s bobo, inilari Begis bilan Mirjiq – uchovlon o‘zaro gaplashib o‘tirishibdi. Har birining qurol-yarog‘i o‘z yonida. Do‘span chetroqda, bir Oydo‘s boboga, bir inilariga zimdan ko‘z tashlab, atrofiga
olazarak boqib o‘tiribdi.
O y d o‘ s b o b o. Keyingi bir oy ichida mana uchinchi marta yuzma-yuz o‘tiribmiz. Mirjiq bovurim, sen har gal o‘zing uylangan to‘yingni gap qilasan. Yana o‘tinib so‘rayman: bunday qilma! Qo‘ng‘irot hokimini panoh tutib ko‘chishingga ham sening o‘sha to‘ying sabab! Yana aytaman: noto‘g‘ri o‘ylaysan, bovurim! Ko‘chganing yaxshi bo‘lmadi. Mening yozug‘im shuki, “To‘yga faqat bu to‘yni eshitib quvonadiganlarni chaqir!” dedim. Sizlar bo‘lsangizlar, elning hamma urug‘larini yoppasiga chaqirishni ixtiyor qildingizlar. Mening yozug‘im – bu to‘ydan quvonmaydiganlarga so‘yiladigan mollarni muhtojlarga, beva-bechoralarga ulashtirganim bo‘ldi. Shu ishlarimga gina qilib ovuldan ko‘chganingizda sizlarni qo‘llab-quvvatlaganlar kimlar bo‘ldi? O‘sha to‘yda alohida mol so‘yilib, kallasi oldiga qo‘yilganlar emas, uloqcha bo‘lsa-da, bir jonliq yetaklab kelgan g‘arib-g‘urabolar ko‘pchilik edi. Ularning ancha-munchasi hatto sizlarga qo‘shilib ko‘chdi.
M i r j i q. O‘lgan ilonning boshini qo‘zg‘ab nima demoqchisiz? Otadan oltov tug‘ilganda ham har kimning o‘z vatani – o‘z boshpanasi bor!
O y d o‘ s b o b o. Ikkalangiz ham elda e’tiborli azamat botirlarsiz. Yaxshisi ertaga xalqimizning taqdiri qanday bo‘lishini jiddiyroq o‘ylab ko‘ringlar!
B ye g i s. Aravaning oldingi g‘ildiragi qayoqqa yumalasa, keyingi g‘ildiragi ham shu yoqqa yumalaydi. Yoshingiz ulug‘, qani, o‘zingiz ayting!
O y d o‘ s b o b o. Meniki o‘sha bir gap, yagona maqsad! U ham bo‘lsa, eldagi barcha urug‘larning boshini qovushtirib, Qoraqalpoq xonligini barpo qilish! Bizlar ham o‘z otimiz bilan ataladigan bir mamlakat bo‘lishimiz kerak!
B ye g i s. “Oydo‘s mamlakati”mi? “Oydo‘s xonligi”mi?.. Baliq boshidan chirir ekan-da!
M i r j i q. Agar xon o‘z odamlaridan gumonsirasa, o‘zining omadsizliklari uchun hattoki tug‘ishganlaridan shubhalana boshlasa, yoshi ulug‘ligini pesh qilib oshkora tuhmat yo‘lini tutsa, bunday xon, albatta, xalqni buzadi!
O y d o‘ s b o b o. Gapni burmalamanglar! “Qoraqalpoq xonligi” bo‘lib jahonga tanilmasak, ko‘pdan-ko‘p xonliklar bilan podsholiklar soyasida yaltoqilik bilan kun ko‘rib yurgan qoraqalpoqlar o‘sha yaltoqiligicha qolib ketaveradi, axir!
B ye g i s. Bilib qo‘ying, payg‘ambarimizning hadislarida “Bir odam yolg‘iz o‘ziga butun boshli xalqning bosh egib xizmat qilishini istasa, uning joyi jahannamda” deyilgan.
M i r j i q. Sizning maqsadingiz zamonga isyon, xalqqa norozilik. Holbuki zamonni yaxshilab, xalqning taqdirini o‘ylaydigan kuch – yolg‘iz Olloh! Xudoning irodasiga qarshi bormang-da!
O y d o‘ s b o b o. Millat tarixdan o‘z oti-zotini qidirsa, nima, yomonmi? Shu xudoning irodasiga qarshi borishmi?
B ye g i s. Buningiz yoqimli ertak! Bir bechora cholning injiq nevaralarini yupatish uchun osmondagi oyga qo‘l cho‘zib: “Tinchlaninglar, chiroqlarim, hozir sizlarga osmondagi oyni oberaman, dumalatib o‘ynaysanlar” degandek bir gap!
M i r j i q. Bolatabiat og‘ajonimiz-ov, sizga qarigan chog‘ingizda xonlikni havas qilishning nima keragi bor?
O y d o‘ s b o b o. Bir aqli noqis farzandning o‘z otasiga “To‘ringizdan go‘ringiz yaqin bo‘lib turganida sizga yangi kiyimning nima keragi bor?” degan gapini esimga tushiryapsan-da, bovurim.
M i r j i q. O‘zingiz bir paytlar “Erni ko‘k ho‘kiz emas, yoshlar ko‘tarib turibdi” degan edingiz…
O y d o‘ s b o b o. Shuni unutmangki, “aqlli yoshlar” deganman! Aqllilar yo‘l yo‘q joydan yo‘l topadi, aqlsizlar keng-ravon yo‘lda ham adashadi.
B ye g i s. Shunday qilib, Xiva xoni bilan maslahatni pishitdim deng?
O y d o‘ s b o b o. Ochiq gaplashdik. Elning ko‘zga ko‘ringan biylarini oldiga boshlab borishimni so‘radi. Hammamizning niyatimiz bir, butun xalq yakdil bo‘lsak, xonlikka ruxsat berishini aytib, Bosh vaziriga bizlarni kuzatib qo‘yishni, u qayerda xayrlashsa, o‘sha yerni ikki xonlikning chegarasi qilib belgilashni ham o‘zi taklif qildi.
B ye g i s. Og‘a, birov odamgarchilikning quli, birov amalning quli. Bo‘ladigan ishni qilib, Qo‘ng‘irotni qo‘llab-quvvatlash odamgarchilikdan emasmi?
M i r j i q. Qo‘ng‘irot xonligiga asos solish butun turkiylar orasidagi qo‘ng‘irotliklar uchun faxr emasmi?
O y d o‘ s b o b o. Bu qo‘ng‘irot hokimining gapi!
B ye g i s. Hammamiz qo‘ng‘irot qabilasidanmiz-ku, axir! Xivaning hozirgi xoni ham qo‘ng‘irotlardan!
O y d o‘ s b o b o. Bilaman. Xiva xonligini bundan 500 yilcha avval qo‘ng‘irot qabilasining so‘fiylari boshqarganlar… Ular hokimiyatni yigirma yildan ortiq tutib tura olmaganlar… Shundan keyin…bundan oltmish to‘rt yil avval qo‘ng‘irotlik bo‘lgan Muhammad Amin inoq Xiva xonligining taxtini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ladi. Undan keyin Eltuzar inoq ikki yilcha hukmronlik qilgan. Lekin u ko‘plab oqko‘ngil, ishonuvchan mo‘minlarning begunoh qonlarini to‘kib, Xiva taxtini egallagan edi. Endi bu taxtga sizlarning hokimingiz ham o‘zicha ega chiqmoqchi bo‘lib turibdi!
M i r j i q. Qo‘ng‘irotlik bo‘lganingiz uchun faxrlanish o‘rniga nega ensangiz qotadi, og‘ajon? Eltuzar inoqdan keyin baribir Xiva taxtida qo‘ng‘irotliklar o‘tiribdi-ku! Bilasizmi, hatto o‘z vaqtida Amir Temurning ham bir xotini qo‘ng‘irotlik Oq so‘fi deganning qizi bo‘lgani bilan nega faxrlanmaysiz?
B ye g i s. Hozirgi qo‘ng‘irot hokimining aqli baayni bir qaynarbuloq, shuni nega qadrlamaysiz!..
O y d o‘ s b o b o. Sizlar shunday deb o‘ylaysizlar!..
M i r j i q. Tajribali aravakashlar yuqoriga chiqayotganida eshagi aravani tortolmay qolsa, uning quyrug‘idan ushlab orqaga tortar ekan! Nima, biz ham o‘sha aravakashlarga o‘xshaylikmi endi?
O y d o‘ s b o b o. Yodlaringizda bo‘lsin, qadimiy va hamisha navqiron Xiva Buyuk Turonning ko‘rar ko‘zi bo‘lsa, hozirgi Qo‘ng‘irot hokimligi unga tushgan cho‘p, mo‘jizaviy Xiva Buyuk Turonning og‘zi bo‘lsa, hozirgi Qo‘ng‘irot hokimligi o‘sha og‘izdagi so‘yloq tish!..
B ye g i s. Bizlar bo‘lsak, Qo‘ng‘irot hokimligini himoya qilib: “Oydo‘s butun qo‘ng‘irot qabilasining qoq peshonasiga bitgan qora so‘gal” deymiz.
O y d o‘ s b o b o. Orqada qolib, hozirda changal bosib ketgan yo‘ldan yana yurishni ko‘ngillaring tusamay qo‘ya qolsin, jon inilarim! Bilib qo‘yinglar, ming yillar avval urug‘larning otlari bilan Qo‘ng‘irot, Kenegas, Qipchoq, Jaloyir, Nayman, Mang‘it…singari xonliklar bo‘lgan. Har bir urug‘ o‘z ko‘mochiga kul tortgani sababli vaqt o‘tishi bilan bu xonliklar tezda parchalanib ketavergan. Men bo‘lsam, o‘zimizdagi barcha urug‘larni birlashtirib, bir butun qoraqalpoq xonligini tuzmoqchiman. Bilib qo‘yinglar, tarixda avvaliga urug‘lar, qabilalar paydo bo‘lib, shular asosida, ya’ni, qabilalar birlashmalaridan millatlar paydo bo‘lgan. Qoraqalpoqlar ham bir millat! Xuddi o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, turkman, tatar, boshqird, ozorbayjon singari millat!
B ye g i s. Og‘a, bir gapni qayta-qayta chaynayverasiz-da! Birinchidan, Xiva “Qoraqalpoq xonligi” degan xonlikni o‘laqolsayam bermaydi, ikkinchidan, hozir o‘zingiz aytgan urug‘larni boshqarib turgan biylar ikki dunyoda sizga ergashmaydi…
M i r j i q. Tushuning, og‘a, odam bolasi uch tayanchi bilan tirik: birinchi – o‘z aqli, ikkinchi – qarindoshlari, uchinchi – urug‘i!
B ye g i s. Kim shu uchovini o‘zida baravar jamlay olsa, o‘sha odam havo, o‘sha odam yer, o‘sha odam suv, quyosh, olam…
O y d o‘ s b o b o. Balkim…
M i r j i q. Qo‘ng‘irot hokimi xonlik taxtiga o‘tirsa, qarshingda o‘tirgan shu jigarlaringning biriga Qushbegilik, ikkinchisiga Devonbegilik lavozimini bermoqchi! U shu va’dasiga vafo qilaman deb qo‘liga Qur’on ushlab qasam ichdi! Xiva xoni sizning oldingizda qo‘liga Qur’on ushlab qasam ichdimi, aqalli biron va’da berdimi?..
O y d o‘ s b o b o (chidayolmay o‘rnidan sapchib turadi.) O‘-o‘, sho‘rpeshana laqqilar! Shuni bilib qo‘yinglarki, va’da bilan ish bita qolmaydi! Va’dabozlar o‘zlaricha quruq va’da bilan ish bitirmoqchi bo‘lishadi!
M i r j i q. Qur’on ushlab qasam ichgan odamga bunday tuhmat qilmang!
O y d o‘ s b o b o. Payg‘ambarimizdan rivoyat qilishlaricha, Odam qattiq ochqaganida qo‘l cho‘zsa yetgulik joyda non ko‘rib, uni olishga bo‘yi yetmaganida qo‘lidagi Qur’onni oyog‘ining ostiga qo‘yib, o‘sha nonni olsa, gunohkor bo‘lmas ekan!
B ye g i s. Bundan chiqdi, bizlar ham Qur’onning ustiga chiqib nonga qo‘l uzatuvchilarmizmi?
O y d o‘ s b o b o. Bo‘lmasam-chi!
B ye g i s. Yo‘q! (Qad rostlaydi).
M i r j i q. Shuni bilingki, tishlar qarshilashsa chaynaydi! (Qad rostlaydi).
O y d o‘ s b o b o. Ozgina sabr qilinglar! Sizlardan og‘alik o‘tinchim: ikki haftadan keyin “Maslahat tepa”ga elimizning barcha biylarini yig‘aman. Kelinglar! Puxta o‘ylab, fikrlaringni jamlab kelinglar!
B ye g i s. Bilib qo‘ying, uchib yurgan qushning ham rizqi yerda, og‘a! Boshingiz osmonga yetganda ham tovoning yerda bo‘ladi. Shu joy, shu tuproq Qo‘ng‘irotniki! Bildingizmi? Egilishni bilganning tiklanishi ham oson bo‘ladi!
M i r j i q. Xiva xoni tulkilik qilib sizni ko‘tarmalab, otingizga “Oydo‘s shahri”ni qurishga yordam qilgani uchun u sizga oydekkina emas, quyoshdek ko‘rinib turibdi!
B ye g i s. Buzog‘i o‘lgan sigirdan sut olish uchun buzoqning terisiga somon tiqib, oldiga qo‘yib iydirilsa, sigir sut beradi ekan! Xiva xoni sizni ham buzog‘i o‘lgan sigirdek sog‘moqchi, xolos! O‘zingiz yaxshi bilasiz, o‘zbeklarda Xiva, Buxoro, Qo‘qon xonliklari, qozoqlarda Ulug‘ juz, O‘rta juz, Kichik juz xonliklari bor!.. Shuning uchun Qo‘ng‘irot hokimining yo‘liga to‘g‘onoq bo‘lmang. Biz boshlayotgan yo‘ldan borib kelajakda Xitoy, Qipchoq, Kenagas, Mang‘it xonliklari ham paydo bo‘lsa, ajabmas!
O y d o‘ s b o b o. Tarix ortga qaytmaydi. Agar Olloh Taolo bu dunyoga Amir Temurni qayta bino qilib, barcha turkiylarni birlashtirar kun kelishiga ishonsam, mening ko‘nglim qoraqalpoq xonligini mutlaqo tusamas edi. Barcha turkiylarga bir mamlakat yetar edi aslida! Shimolda Shimoliy muz okeani, Kunchiqarda Mo‘g‘uliston bilan Xitoy, Janubda Eron, Hindiston, Kunbotarda O‘rtayer dengizi… shu orada qanchadan-qancha turkiylar yashaydilar. Hammalari tariqdek tirqirab ketgan!
B ye g i s. Osmonda – panohi, yerda – tirgagi yo‘q xomxayollaringiz kimga nima uchun kerak?!. Undan ko‘ra bizga o‘xshab Qo‘ng‘irot hokimiga navkar bo‘ling-da, og‘ajon!
M i r j i q. Navkarlar qilichi yo nayzasi bilan buyruq bajaradi.
O y d o‘ s b o b o (ovozi titrab.) Erkini yo‘qotgan inson sovun ko‘pigiga o‘xshaydi, jigarlarim. Men ham o‘z xalqimning navkariman!.. Haliyam bo‘lsa o‘ylab ko‘ringlar!
B ye g i s. Og‘a, erksiz kishi qo‘rqoq bo‘ladi, qo‘rqoqdan sotqin chiqishi oson!
M i r j i q. Og‘a, sizni ko‘rib qarilik aqli noqislik ekanini yaxshigina tushundik! (Begis bilan Mirjiq yonlarida yotgan qurol-aslahalarini qo‘llariga olib, ortlariga qaramay jahl bilan chiqib ketadilar).
O y d o‘ s b o b o (ularning ortidan.) Shoshmanglar, inilarim!..
Oydo‘s bobo yolg‘iz qoladi.
Yo Xudo! Bularning qalblariga o‘zing mehr-oqibat nurini ato et! O‘rtaga shayton oralaganidan keyin…. qarindoshlar ham bir-birlariga yov ekan… Biri uchsam qanotim, ikkinchisi qo‘nsam quyrug‘im edi… Ularsiz men endi pati yulingan qushdekman. (Olisroqda turgan Do‘spanga burilib qaraydi.) Qani, ayt-chi, Do‘span, biz uch og‘a-inilarning avvalgi uchrashuvimiz bilan bugungi uchrashuvimizda qanday farq ko‘rding?
D o‘ s p a n. Ularning fe’llari ayniganga o‘xshaydi, bobo.
O y d o‘ s b o b o. Uh-h-h! Mayli… Baribir, ulug‘ Xiva xonini aldamayman. Tez otlan-da, yaqin atrofdagi biylarga xabar ber. Narigi seshanbaga hammalari “Maslahattepa”ga yig‘ilsinlar!
D o‘ s p a n. Xo‘p bo‘ladi, biy bobo!
Ular ikki tomonga qarab ketadilar.
Chiroq o‘chib yonadi
PARDA OChILADI
Qo‘ng‘irot hokimining saroyi. Hokim o‘zining tarafdorlari bilan choy ustida maslahatlashmoqda. O‘zini xon deb tasavvur qilayotgani sezilib tursa-da, ayni chog‘da
o‘zini anchagina kamtar – xokisor ko‘rsatishga tirishadi.
H o k i m. Og‘aynilar, o‘zlaringiz bilasizlar, Xiva xonligining saroyida Eltuzar inoqdan keyin Qo‘ng‘irotning ta’siri kuchli. U yerda mening tarafdorlarim ham anchagina. Ularning aytishlariga qaraganda, Oydo‘s beboshligi sababli dorga osilayotgan turkman talabasini ozod qilib yuboribdi. Bu ishi uchun xon uning o‘zini dorga ostirishi kerak edi. Lekin jo‘rttaga kechirgan bo‘lib mehmon qilibdi. Hatto saroy sozandalari bilan raqqosalari ijrosida katta tomosha ko‘rsatdi deyishyapti!
1-b i y. Unda siz bilan bizning umidimiz puch bo‘lib chiqibdi-da?
B ye g i s. Gapni oxirigacha eshiting!
H o k i m (avvalgisidan battarroq xokisorlanib.) Og‘aynilar, endi Qo‘ng‘irotning ikki suyanar tog‘i – Begis bilan Mirjiqdan eshitaylik!
O v o z l a r. Qani, eshitaylik!.. Gapning qizig‘i buyoqdami deyman?..
B ye g i s. Oydo‘s og‘amiz Xivadan kelishi bilan Mirjiq ikkovimizni oldiga chaqirdi. Ko‘p gaplar bilan bizni o‘zi tushgan tuzoqqa tushirmoqchi bo‘ldi…
M i r j i q. Biroq biz ko‘nmadik.
H o k i m. Og‘aynilar! Qo‘ng‘irotning faxri haqiqatparvar Begis bilan Mirjiqqa o‘rinlaringizdan turib ta’zim qilsangizlar!
Hamma o‘rnidan turib Begis bilan Mirjiqqa bosh egib ta’zim qiladi va qaytib
o‘tiradi.
B ye g i s. Oydo‘s og‘amiz tarixni bilmaydi deyolmayman…
H o k i m. Biladi! Ming yil avval Qo‘ng‘irot xonligi hukm surganini ham biladi! O‘sha qudratli adolatparvar davlatning parchalanib ketishiga xuddi shu Oydo‘sga o‘xshagan bir sotqin sababchi bo‘lgan. Bizning avlodimiz o‘sha xatodan xulosa chiqarsa, bobolarimizning ruhi shod bo‘ladi, albatta.
1- b i y. Hokim janoblari, sizga bir savol.
H o k i m. Marhamat.
2- b i y. Bugungi Xiva xonligining janubi Qo‘ng‘irot hokimligi bo‘la turib nima uchun Qo‘ng‘irot xonligiga qarshi qoraqalpoqlarga xonlik berilmoqchi?
H o k i m. Bermaydi! Bu xonning nayrangi, xolos! Shuni bilingki, qo‘ng‘irotlar anoyi emas. Shuning uchun bizga xavf soladi, deb qo‘rqishadi. To‘g‘risini aytganda, bizning bobolarimiz tarixda katta bir xatolikka yo‘l qo‘yganlar. Yo‘l qo‘yilgan bu xato biz uchun juda katta saboq bo‘lishi kerak.
2- b i y. Qo‘ng‘irot xonligi bir marta tuzilib, tarqab ketganini nazarda tutyapsizmi?
H o k i m. Albatta!
1- b i y. Qo‘ng‘irot barcha turkiylarning ichidagi eng oliy tabaqa, oqsuyak urug‘. Bu fazilatlar bizning hokimimizda ham bor.
H o k i m. Qani, Begisjon, Mirjiqjon, Oydo‘s menga qanday baho berganini ko‘pchilikka aytib beringizlar. O‘zlaringizning unga bergan baholaringizni ham ko‘pchilikka ma’lum qilib qo‘ysalaringiz yaxshi bo‘lardi.
M i r j i q. Shu kerakmikan?
H o k i m. Oydo‘sning bizga dushmanligining o‘zi ham bizga yordam beradi. O‘zi yaxshilikni bilmaydigan noinsof bo‘lganidan keyin…
1- b i y. Dushmanlarining nodonligidan ham saboq chiqara oladigan sizday dono uchun jonimiz fido!
B ye g i s. “Karomatli Xiva Xorazmning ko‘zi bo‘lsa, Qo‘ng‘irot bu ko‘zga tushgan cho‘p. Xiva buyuk Xorazmning og‘zi bo‘lsa, Qo‘ng‘irot o‘sha og‘izdagi so‘yloq tish” dedi. Men: “Oydo‘s – qo‘ng‘irot urug‘ining qoq peshonasidagi qora so‘gal” dedim.
O v o z l a r. Ming yasha, botir Begis!.. Qoyil!..
H o k i m. Og‘aynilar, endi mening sizlarni yig‘ishdan niyatimni aytay. Oydo‘sning “Maslahattepa”ga biylarni yig‘ishdan bosh maqsadi Xivada dor arqonini kesgani uchun ozod etganiga javob tariqasida barcha biylarni xon huzuriga boshlab borib bizga qarshi ont ichtirmoqchi. U shum. Biylarni aldashi mumkin. Xon huzurida va’da bergan biylar Qo‘ng‘irotga tahdid solishi aniq!
1- b i y. Ha-a, mana, gap qayoqda ekan!
H o k i m. Agar qo‘ng‘irotga qarshi turmaydigan biylar bo‘lsa, Xivaga borganlarida bir bahona bilan bundaylarning hammalarini gumdon qilishadi.
1- b i y. Oydo‘s biy har safar Xivaga tulki bo‘lib borib, eliga yo‘lbars bo‘lib qaytishni biladigan iblis!
2- b i y. Nimagadir miq etmay qoldingiz-ku, Mirjiq?
3- b i y. Tug‘ishgan og‘asiga qarshi chiqish osonmi?
M i r j i q. Bekor gap! Qo‘ng‘irotning sha’nini himoya qilmagan inson, kim bo‘lishidan qat’i nazar, menga dushman!
H o k i m. Og‘aynilar, ulug‘ jamoat, asosiy maqsadga o‘tishdan avval kelajakda bo‘ladigan ikki lavozim egalarini hozirdanoq belgilab qo‘ysam degan fikrim bor edi.
O v o z l a r. Ma’qul!.. Ertaga kim bo‘lishingni avvaldan bilib harakat qilsang, kuchingga kuch qo‘shiladi!..
H o k i m. Unday bo‘lsa, eshitinglar! Qo‘ng‘irotning suyanar tog‘i bo‘lgan botir Begisga Qushbegilik, Qo‘ng‘irotning mustahkam uli Mirjiqqa Devonbegi(moliya vaziri)lik lavozimini bersak, qanday qaraysizlar?..
Anchaga cho‘zilgan jimlikdan so‘ng ma’qullovchi ovozlar paydo bo‘ladi.
O v o z l a r. Qaroringiz ma’qul, hokim janoblari!.. Eshitib Oydo‘sning bir ichi kuysin!..
B ye g i s (qilichini bosh ustiga ko‘tarib o‘rnidan turadi.) Qo‘ng‘irot hokimiga xiyonat qilsam mana shu qilichda bo‘ynim kesilsin!
M i r j i q. Men ham bu lavozimda adolat bilan ishlashga jon-tanimni bag‘ishlamasam non ursin!
H o k i m. Rahmat! Xo‘sh, shunqorlarim! O‘zlaringiz bilasizlar, bu dunyo baliqqa faqat suvdan, qushga faqat havodan iborat…
O v o z l a r. Ana taqsimotu mana qasamyod!.. Lavozimni to‘g‘ri taqsimlagan hokimga ofarinlar bo‘lsin!..
H o k i m. Endi Begis bilan Mirjiqqa birinchi topshiriq shuki, barcha navkarlarni ertadan boshlab Hakim ota tarafga olib chiqib, Oydo‘s biylarni “Maslahattepa”ga yiqquniga qadar mashq qildirsinlar! Xudo xohlasa, Qo‘ng‘irotning karomatli piri barchamizga madadkor bo‘lajak!
1- b i y. Bu Begis bilan Mirjiqqa ulkan sinov!
2- b i y. Hokim janoblari, o‘zingiz Qo‘ng‘irotda qolasizmi?
H o k i m. Xon o‘z o‘rnida bo‘lishi kerak. Biroq “Maslahattepa”ga hujum qilishda Begis bilan Mirjiqning yonida o‘zim turmasam bo‘lmas.
M i r j i q. Albatta, boshsiz oyoqning yurishidan natija chiqadimi!
B ye g i s. Siz boshlagan joyda bizning ishlarimiz o‘ngidan kelaveradi, albatta.
H o k i m. Og‘aynilar, barchangiz Begisdek o‘ylaysizlarmi?
O v o z l a r. Albatta! Qo‘ng‘irot bilan uning hokimi uchun o‘limga ham tayyormiz!..
H o k i m. Og‘aynilar! Qolganlaringizga tegishli lavozimlarni g‘alaba kunini bayram sifatida nishonlab, o‘shanda e’lon qilaman!
O v o z l a r. Sizning niyatingiz xolis!.. Biz sizga ishonamiz!..
H o k i m (tashqariga.) Oshpazlar! Taomlar keltirilsin!
P a r d a yo p i l a d i.
UChINChI VOQEA
K o‘ r i n i sh
Maslahattepa. Uning keng xonalaridan birida Oydo‘s bobo maslahatlashib o‘tiribdi. Boshqa kichikroq xonalardan kirib-chiqib yurgan, yig‘ilishga kechikkan urug‘
oqsoqollari, arzgo‘ylar, otqo‘shchilar ko‘rinadi. Bir chetdagi xonada
ovqat pishirilmoqda.
O y d o‘ s b o b o (yakunlovchi so‘zini aytishga shaylanib.) Birodarlar, Chin-Mochin elining bir ulug‘ olimi “Odamlar go‘zallikni ko‘rib, xunuklikning nima ekanini, birlik bilan o‘zaro mehr-oqibatni ko‘rib olaog‘izlik bilan boshboshdoqlik nima ekanini; quyoshni ko‘rib, qo-rong‘ulikning nima ekanini; tushunadi” degan ekan. Biz ham hozir tushunib kelayotibmizki, agar barchamiz bir yoqadan bosh, bir yengdan qo‘l chiqarsak, xalqimizning o‘zlarimiz bilgan tarixida birinchi marotaba qoraqalpoq xonligini bunyod qilib, go‘zallikning, totuvlikning, yorug‘likning nima ekanini yaxshiroq bilib olgan bo‘lar edik…
1- b i y. Oydo‘s biy, avval-boshdan og‘zingizdan bol tomib Xiva xonini rosa maqtadingiz. Endi sizga qarshi gapirish avliyoga kesak otish bilan barobar bo‘ladimi, qaydam…
O y d o‘ s b o b o. Men o‘zimga ayon chin haqiqatni, ulug‘ Xiva xoni bilan oramizda bo‘lib o‘tgan gaplarni ochiq aytdim, xolos. Mabodo ko‘nglingizda biron shubha-gumoningiz bo‘lsa, siz ham ochig‘ini aytavering!
1- b i y. Men bir narsaga tushunmayman: o‘zingiz donishmand odamsiz, biroq nega hadeb Xiva xonining oldiga chopqillayverasiz? Qo‘ng‘irot hokimi bunday qilmaydi-ku?
O y d o‘ s b o b o. “Nega bilimdon-donishmandlar hokimlarning huzuriga boraveradilar-u, hokimlar hech qachon donishmandlarning oldilariga kelmaydilar?” deb so‘raganlarida afsonaviy Maman biy: “Donishmandlar o‘zlariga nima kerakligini biladilar, hokimlar esa, afsuski, bilmaydilar” degan ekan.
2- b i y. Qoraqalpoqlardan ham Xivaga xon bo‘lganlar bor… Masalan, bundan qirq yilcha avval Xiva taxtiga Yodgorbek degan xon o‘tirgan. Rostini aytganda, o‘shaning yo‘lidan yurib, kunlardan bir kuni Xiva xoni bo‘lishni mo‘ljallab turganingiz yo‘qmi mabodo?.. Gapingiz avvalida “Manovi Maslahattepada birov birovni majburlash, achchiq gap aytganlarga adovat saqlash bo‘lmasin” degan edingiz. Shuning uchun ham ochig‘ini ro‘y-rost so‘ragim kelyapti: vaqti-soati bilan Xivaga xon bo‘lishni ko‘nglingiz tusab turibdimi?..
O y d o‘ s b o b o. Bunday o‘yim mutlaqo yo‘q! Yagona maqsadim qoraqalpoqlarning boshini qovushtirish!
1- b i y. Xon bo‘lgulik boyligimiz bormi o‘zi?
O y d o‘ s b o b o. Boshqalarga o‘xshab biz ham to‘rt xil boylikka egamiz!
2- b i y. Qanday?..
O y d o‘ s b o b o. Havo, suv, tuproq, olov!
2- b i y. Ulardan hozirning o‘zidayoq tuppa-tuzuk foydalanib yuribmiz, shekilli?
O y d o‘ s b o b o. Yetarli emas! Ahillik bilan yaxshi foydalanib, bizlar ham o‘zimizning xalq ekanimizni atrofdagilarga tanitishimiz kerak.
2- b i y. Mustaqil xonlik bo‘lishimiz menga ma’qul ko‘rinmaydi.
O y d o‘ s b o b o. Payg‘ambarimiz bir hikmatlarida “O‘yinga tushganlarni yomon ko‘radigan oqsoqollarga nima deyish mumkin?” degan ekanlar.
2- b i y. Payg‘ambarimiz yana bir hikmatlarida “Ho‘kiz o‘z bo‘yintirig‘ini yoqtirib, to‘qayda emin-erkin yurgan kiyiklar bilan yo‘lbarslarga “Egasiz bechoralar-ey!” deya achinib qarasa, bunga nima deyish mumkin?” degan ekanlar.
O y d o‘ s b o b o. Xonlikka birlashish bo‘ynida bo‘yintirig‘i bor ho‘kiz bo‘lish emas, aql bilan o‘zligingni tanish! Ana o‘shanda bizga ham boshqa ellarning savdogarlari, olim-fozillari keladi. Har bir ishda bevosita o‘zlaringiz bilan muomala qiladi.
2- b i y. Xo‘sh, bundan oddiy xalq nima yutadi?
O y d o‘ s b o b o. Xalq avvalo ilm egasi bo‘ladi. Ilmli el hattoki tuproqni ham oltinga aylantira oladi. Bizlar hozirgi holimizda so‘qir tovuqqa o‘xshab yashayapmiz. So‘qir tovuq nimani qanday cho‘qilashi barchangizga ma’lum!
1- b i y. “Xivaga xon bo‘lmoqchimisiz?” deb so‘raganimning ma’nosi shuki, Qo‘ng‘irot hokimi bilan bir uchrashganimizda u “Attang, Xiva taxtiga o‘tirgan qo‘ng‘irotlilar o‘zlarining kelib chiqishini unutib qo‘yishgan-da!” deb xo‘rsingan edi.
O y d o‘ s b o b o. Quyoshda ko‘lanka bo‘lmaydi, lekin u odamlarning ko‘lankasini o‘zlariga ko‘rsata oladi.
1- b i y. Bundan chiqdi, siz hokimning ko‘lankasini o‘ziga ko‘rsatadigan quyoshmisiz?
O y d o‘ s b o b o. Men bunday deganim yo‘q!
2- b i y. Qo‘ng‘irot hokimi siz haqingizda gapirganida “Oydo‘s har safar Xivaga mushukdek muloyim bo‘lib boradi-da, tulki bo‘lib qaytadi” degan gapni ko‘p aytadi. U o‘zini sizning o‘rningizda ko‘rgisi kelganidan shunday demasmi ekan?
O y d o‘ s b o b o. Har kim boshqalarni yomonlaganda ham, maqtaganida ham o‘z qarichi bilan o‘lchaydi.
3- b i y. Bir odam “Men shaharda yashayman” deb maqtanganida Arastu hakim “Buning ahamiyati yo‘q, sen shunga loyiqmisan, hamma gap mana shunda!” degan ekan. O‘zingiz qoraqalpoqlarning xoni bo‘lishga loyiqmisiz?
2- b i y. Nega bunday deysiz? Qo‘ng‘irot urug‘ining qo‘ldovli shahobchasidan chiqqan Oydo‘s biy xon bo‘lishga har jihatdan loyiq!
O y d o‘ s b o b o. Barchangizga mening savolim shuki, biz qoraqalpoqlarning ham mustaqil xonlikka ega bo‘lishga haqqimiz bormi-yo‘qmi?
2- b i y. Xonlikka ega bo‘lishimiz kerak. Ana o‘shandagina biz ham kiroyi el bo‘lamiz.
1- b i y. To‘g‘ri!
O y d o‘ s b o b o. Menimcha, mustaqil xonlikka ega bo‘lish yo‘lida ish boshlar ekanmiz, kim xon bo‘ladi degan masala hozircha hech kimni qiynamasligi kerak. Balkim sizlarning orangizdan aqlliroq birov bo‘lar…
Biylar bir-birlariga ma’noli qarashadilar.
1- b i y (yonidagi biyga.) Sen bo‘lmaysanmi?
2- b i y. O‘zingning nomzodingni taklif qilaymi?
3- b i y. Xonlik?! Eh-he! Qo‘yinglar, tinchlik kerak!
O y d o‘ s b o b o. Xonlikning o‘zidan qo‘rqishning keragi yo‘q, lekin uddalayolmasman deb qo‘rqish mumkin!
3- b i y. Bundan qirq yil avval Xiva xonligining taxtini egallagan qoraqalpoq Yodgorbek besh yil to‘liq hukmronlik qilolmadi. O‘zimizning qoraqalpoqlar uni taxtdan ag‘darib tashlab, hattoki o‘ldirib tinchishdi.
1- b i y. O‘sha Yodgorbek xonning ko‘rgiliklarini siz ham takrorlab qo‘yishingizdan qo‘rqmaysizmi, Oydo‘sbiy?
O y d o‘ s b o b o. Yodgorbek ko‘pni ko‘rgan qadimiy saroyning nozik fitnalarini tushunmagan, menimcha. Shuning uchun ham Xivaga xon bo‘lishni orzu qilmayman. Lekin bizning xonligimiz tuzilsa, ko‘p qadimiy tajribaga ega, xazinasi boy, olim-ulamolari azaldan olamga mashhur Xiva xonligining qo‘llab-quvvatlashiga muhtoj bo‘ladi, albatta.
3- b i y. Qoraqalpoq xonligi tashkil topib, o‘z qaddini rostlab olsa, murodingiz hosil bo‘lar deyman?
O y d o‘ s b o b o. Agar bunga gumoningiz bo‘lsa, shu bugunoq barcha biylar ont ichishimiz kerak bo‘ladi: Xiva xonligi bilan jondosh-qondosh egizaklardek yashashimiz kerak!
2- b i y. Bizlar-ku, kelishdik deylik, lekin kelgusi avlodlar bunga ko‘narmikan?
O y d o‘ s b o b o. Bunga ham gumon bo‘lsa, barchamiz imzo chekib, kelgusi avlodlarga vasiyatnoma yozaylik!
2- b i y. Bunga ham kelishish mumkin… Biroq sizning o‘zingiz atoqli biy bo‘la turib, ikki birday tirik ukalaringiz bilan til topisholmay yurganingizda kelgusi avlodlarga qay tilda nima deya olasiz?
O y d o‘ s b o b o. Mening jonchiqar joyimni ezasiz-a, do‘stim!
3- b i y. Endi mening shu bir saovlimga javob bering! Bir tomonda – Xivadan ajralib chiqish, ikkinchi tomonda – Qo‘ng‘irot hokimiga qarshi turish xalqning boshiga ulkan fojialarni boshlab kelmaydimi?
2- b i y. Vahima qilmang-e, unchalik emas-e! Hamma gap o‘zimizga, xalq baxti uchun qanchalik astoydil kurashishimizga bog‘liq.
3- b i y. Xalq baxti uchun kurashuvchilar xalq dushmanlarining nayzasiga ko‘ksini qalqon qilishi, bundaylarga o‘zi ham nayza sanchib, qilich ura bilishi kerak bo‘ladi. Xo‘sh, Oydo‘s biy ikki inisining dushmanligiga qarshi nima qila oladi?
O y d o‘ s b o b o. Bugun mustaqil xonlik tuzishga kelishib, shu niyatimizni Xiva xonining huzurida yakdillik bilan tasdiqlasangiz, barcha ishlarni sizlar kutgandek qilishga tayyorman.
1- b i y. Xiva xoni bilan diydorlashib, tillashib, xonlik tuzish xususida arz qilib yurgan o‘zingiz, Oydo‘sbiy! Shuning uchun xonlik taxtiga o‘tirishga tavsiya qilinadigan birinchi odam siz bo‘lasiz, albatta.
O y d o‘ s b o b o. Avvaliga mustaqil xonlikka ruxsat olaylik! Ana undan keyin taxtga meni loyiq ko‘rmasangizlar, ixtiyor o‘zlaringizda.
1- b i y (yonida o‘tirgan Oydo‘s biyga ishora qilib shivirlaydi.) Bechora qarib qoldi-da! O‘layotganida miyasini olib, boshqa bir kallaga solishning iloji bo‘lsa ekanki!..
2- b i y. Agar bo‘lishtirib kelsa, uning miyasi bizlardek uch-to‘rt biyning boshiga bazo‘r sig‘ardi-yov!..
3- b i y. Oydo‘s og‘a! Bo‘pti, Xivaga hammamiz boramiz. Xon elimizga mustaqil xonlik in’om etsa, qabul qilaylik-da, shu “Maslahattepa”ga qaytib kelib, oramizdan xon saylaylik.
B i y l a r. Ma’qul!
– Endi taomlar keltirilsin!
– Avvalo non olib kelinsin! Ahdimizni buzmaslikka non ushlab qasam ichaylik!
O y d o‘ s b o b o. Yaxshi taklif! Qani, non keltiringlar!..
K o‘ r i n i sh
O sh p a z kiradi.
…Kutilmaganda atrof-tevarakdan ot tuyoqlarining dupurlashi bilan allaqanday bosqinchilarning “Ur!”, “Ayama!”, “O‘ldir!”, “Oydo‘sni ko‘rsang ushla!” degan xitoblar eshitiladi. Oshpaz olib kelgan kattakon nonni biylar endigina ushatib, og‘ziga sola boshlaganida ro‘y bergan bu hodisa barchani esankiratadi. Hammalari apil-ta
pil o‘rinlaridan turib, otlariga yetib olishga oshiqadilar.
Tashqarida yana shovqin-suron, baqiriq-chaqiriq, dod-voylar: “Ie, Begis, senga nima bo‘ldi? Bu og‘ang Oydo‘sning “Maslahattepa”si-ku!”, “Mirjiq, sen ham og‘angga dushmanmisan, nima balo? To‘ng‘ich o‘g‘ling tug‘ilganida uyingga atoqli biylarni boshlab kelib, o‘g‘lingga Ernazar deb ot qo‘ygan Oydo‘s biyning o‘zi edi-ku!”, “Oydo‘sning
gaplariga ishonmanglar!”, “Oydo‘s aldoqchi!”, “Oydo‘s shuhratparast!”…
Bosqinchi navkarlar kirib keladilar. To‘rt navkar ikki tarafga turib, o‘rtada
yo‘l ochadilar.
1- n a v k a r. Oradan o‘tmanglar, Qo‘ng‘irot hokimi kelyapti!..
Sovut kiyib, qurol-yarog‘ ushlagan Oydo‘s bobo bunday gaplarga parvo qilmay
bostirib keladi.
O y d o‘ s b o b o (ortidagi yigitlarga.) Menga avvalo Begis bilan Mirjiqni ko‘rsatinglar! Oqko‘ngil xalqimning bir navkari sifatida uning dushmanlarini ayamayman! (Qilichini yuqori ko‘taradi.) Sizlar ham ayamanglar!
1- b i y (buning ham qo‘lida qurol-yarog‘.) Oydo‘sbiy, ana, qarang! Ana, Begis, ana, Mirjiq!
O y d o‘ s b o b o. O‘z halqiga rahm qilmagan yovuzlarni!..
G‘ijinganicha oldinga intiladi.
P a r d a yo p i l a d i
Urush tugagan, lekin jang maydonida hali o‘pkasini bosolmay yig‘layotganlar, qilich va yo nayzadan yaralanganlar, yaralaridan oqqan qonni to‘xtatolmay ingranib
yurganlar… Hammasi o‘zicha g‘udranadi:
– Qo‘ng‘irot hokimi xudoning g‘azabiga uchraydi hali!
– Oydo‘s biy shu ketshida elni bir baloga yo‘liqtiradi..
– Oydo‘sga til tekizma, elga o‘z oti bilan ataladigan xonlik olish uchun tug‘ishgan inilarini o‘ldirdi-ku u!
– Mustaqil xonlik bo‘lganda yotib yermidik!
– Baribir o‘sha mehnatimiz mehnat-da!
– Bizga qanday xonlik bo‘lsa ham baribir!
– Hech kim yotqizib og‘zingga quymaydi!
– Kim bo‘lsayam bizni o‘z tinchimizga qo‘ysin!..
Chiroyli qurilgan “Maslahattepa”ning barcha xonalari buzilgan. Vayron holida ham xonlikka munosib hashamatli bino bo‘lgani ko‘rinib turibdi.
Vayronalar orasidan yarador biylar, oqsoqol-qariyalar amal-taqal chiqib kelishmoqda. Dutor bilan qo‘biz ko‘targan bir baxshi bilan bir jirov nima qilishini, qayerga yurib, odamlarga nima deyishini bilolmay hayron. Qilichsiz-nayzasiz, kiyimlari yirtilib qonga belangan, yalangbosh, yuziga, soqol-mo‘ylovlariga qon sachragan Oydo‘s bobo bu manzaraga qarab o‘tiradi-da, qo‘llarini osmonga cho‘zib, yuragi
to‘liqib nola qiladi.
O y d o‘ s b o b o. E-e, xudo! Bu qanday ko‘rgilik?! Og‘zini ochsa o‘pka-jigari ko‘rinadigan mening oqko‘ngil xalqimni yana nega bunday kulfatlarga giriftor qilding?! Nega? Nega?.. “Giriftor qilgan o‘zing!” deysanmi? Shuning uchun qarg‘ishing tegdimi! Xalq baxtiga chang solganlardan bo‘lgani uchun hasratli yuragim qahr-g‘azabga to‘lib… ikki birday tug‘ishgan inimni ham ayamadim… Bas shunday ekan, bu kulfatga men aybdormanmi? Yo‘q, yo‘q!.. Ikki inim xalqqa qarshi turib, meni qotillikka o‘zlari majbur qilishdi. (Atrofidagi vayronaga ko‘z tashlaydi.) Bularning bari elimda mustaqil xonlik o‘rnatish niyatida ulug‘ Xiva xoni o‘z ustalarini yuborib, qurdirib, bizga qilgan shohona ehsoni edi… Bari yer-yakson bo‘ldi. Buzganlar orasida mening jigarlarim Begis bilan Mirjiq ham bor edi… Ularni o‘ldirishdan boshqa ilojim qolmadi… Menga osonmi?! Ucharga qanotlarim, yurarga oyoqlarim, ko‘z qaroqlarim edi-ku, ular. Mana endi… o‘z xalqimgina emas, butun odamzodni bag‘riga sig‘dirgan bu keng jahon ham ko‘zimga ignaning teshigiday tor ko‘rinib turibdi. Endi nima qilay? Qayga boray? Yer yorilsa ekan, tiriklayin yerga kirardim-ketardim. Ulug‘ Xorazmning shuhratini olamga yoygan buyuk polvon-shoir Pahlavon Mahmudning “Nuh alayhissalom to‘fon azobini bir marta boshidan kechirgan bo‘lsa, men har kuni…” degani esimga tushsa, “shunday ulug‘ inson nega shuncha azob chekkan ekan?” deb ajablanar edim… Menga o‘xshaganlar ko‘radigan azoblarni ham oldindan his qilib shunday degan ekan-da u! Mana, mening hayotimda ham har kuni bir kulfat, ofat, to‘fon…
Uch biy kirib keladi.
1- b i y. Sabr qiling, Oydo‘s og‘a! Shu ko‘rgiliklar ham toleimizda bor ekan!
2- b i y. Bu kulfatlar ham elimizning peshonasiga azaldan yozib qo‘yilgan bo‘lsa ne ajab!
3- b i y. O‘zingizni qo‘lga oling, Oydo‘s og‘a! Bu dunyoning turgan-bitgani zulmat-zimiston emas. Bizga atalgan yorug‘ kunlar ham bordir hali!
2- b i y. Endi hozirgi ahvolimizdan kelib chiqib, eng to‘g‘ri yo‘lni qidirishga majburmiz… Endi yo‘l boshlang! Sizning iltimosingizga binoan Xiva xoni huzuriga borish uchun ko‘p biylar yig‘ilib kelishdi.
3- b i y. Sizga ishonadigan, qolaversa elimizda mustaqil xonlik bo‘lishini istaydiganlarning barchalari shu yerda.
O y d o‘ s b o b o. Qani ular?
1- b i y. Tashqarida. Birozi sizni uyingizda deb o‘ylab o‘sha yoqqa ketishdi.
O y d o‘ s b o b o. Aytinglar, hammalari bu yerga kelishsin. Avval manovi yaradorlarni uylariga oborib, o‘lganlarini yerga qo‘yaylik!..
Bir necha biylar kirib kelishadi.
P a r d a yo p i l a d i.
Yopiq parda oldidagi kenglikda Oydo‘s bobo boshliq bir necha biylar kelmoqdalar.
O y d o‘ s b o b o. Ko‘ngilni cho‘ktirmang, birodarlar! Xudo yorlaqab elimizda mustaqil xonlik o‘rnatsak, bu yo‘ldagi kurashda shahid ketganlarga yodgorlik o‘rnatamiz.
1- b i y. Qo‘ng‘irotlilarning kutilmagan hujumi chog‘ida o‘lganlarning barchasiga yodgorlik o‘rnatilishi kerak!
2- b i y. Hali shoshmayroq tur! Xonlikning xazinasini nima bilan to‘ldirishni o‘ylasang-chi, avval!
1- b i y. Odam bolasi bu dunyoga borni yo‘q qilish emas, yo‘qdan bor qilish uchun keladi!
O y d o‘ s b o b o. Aziz birodarlar! Biz hozirga qadar boriga shukur qilib yashadik. Endi harakat ham kerak. Dunyoda bo‘shliq yo‘q, yaxshilikni quvlasang, o‘rnini yomonlik egallaydi, aksincha, yomonlikni quvlasang o‘rniga yaxshilik keladi. Xudo xohlasa, o‘zimiz ham harakat qilsak, endi bizda yaxshilik hukm suradi, degan umidim bor.
B i y l a r. Iloyo aytganingiz kelsin, ovmin!..
O y d o‘ s b o b o. Mana, do‘stlarim, o‘tgan gal Xiva xonining Bosh vaziri meni kuzatib kelib, ortiga qaytgan joyga yetib keldik. O‘shanda u manovi ariqning ko‘prigi ustida atrofga qarab, “Agar sizlarga mustaqil xonlik berilsa, shu joy ikki xonlik o‘rtasidagi chegara bo‘ladi, degan edi…
1- b i y. Ie, atrof changalzor-ku!
2- b i y. Aynan shu changalzorni tanlashda bir qing‘ir niyat yo‘qmi ekan?
1- b i y. Saroy a’yonlari bir shumlikni boshlamoqchimi?
O y d o‘ s b o b o. Bunday noo‘rin gumonlarni qo‘yingizlar!
2- b i y. “Endi oramizda hamisha changal turadi” degan tagdor ishora bo‘lmasa mayli edi-ya!
O y d o‘ s b o b o. Hamma narsani yomonlikka yo‘yavermaslik kerak!
D o‘ s p a n. Kimning qalbida qing‘ir niyati bo‘lsa, u boshqalarni ham qing‘ir niyatli deb o‘ylaydi.
1- b i y (3-biyga.) Oydo‘sbiyni yo‘ldan ozdirayotgan sen ekaning endi ma’lum bo‘ldi, oshna!
2- b i y. Inilarini o‘ldirishida ham sening qo‘ling bo‘lsa kerag-ov!
O y d o‘ s b o b o (ularning so‘zlarini eshitmaydi.) Birodarlar, shu yerda bir muddat to‘xtab, manovi changalzorga qulluq qilib o‘tsak nima deysizlar?
2- b i y. Balki alifga ta’zim, kaltakka qulluq qilish mumkindir, lekin kelib-kelib allaqanday changalzorga?!.
1- b i y. Changal ham xudoning yaratgan ne’mati! Ba’zida nainki changal, iblisga ham ta’zim qilishga to‘g‘ri keladi, demoqchidir-da?
O y d o‘ s b o b o. Iblisga ta’zim qilinmaydi! Biroq changal, umuman olganda, foydali narsa.
3- b i y. Turli xil yovuz niyatlarni u tomonga ham, bu tomonga ham o‘tkazmay ushlab qoladigan changalzorga bosh egsak egibmiz-da!!
O y d o‘ s b o b o. Birodarlar, baxtu baxtsizlik deganlari fikrlay oladiganlar uchun baayni soyaga o‘xshaydi: quvlasang qochadi, qochsang quvlaydi. Biz shu topda baxtni quvlab emas, baxtsizlikdan qochib kelyapmiz! (Barcha biylar bir-birlariga ajablanib qaraydilar.) Ba’zilarning qildan qiyiq qidirib yomon xayollarga borishlarini oldindan bilganimiz uchun bu changalzorni “Moyli changal” deb atash niyatida atayin tayyorgarlik ko‘rib keluvdik.
1- b i y. Nega endi “Moyli changal”?..
Biylar bir-birlariga qarab kulishadilar.
O y d o‘ s b o b o. Xiva xonligi bizlarga qoraqalpoq xonligini tuzishga ruxsat berganini e’lon qilgudek bo‘lsa, o‘zimizga yaqinroq saroy a’yonlarini chaqirib ziyofat berishimiz uchun yaxshi niyat bilan yetti qo‘yni so‘ydirib, Do‘span yetaklab kelayotgan ikki otga yuklatgan edim!
1- b i y. Ie, shunaqa deng! Men bu otlarda qo‘shimcha undirilgan soliqlar olib kelinyapti, deb o‘ylabman.
2- b i y. Yaxshi niyat yarim davlat deganlar. Ishqilib, oxiri baxayr bo‘lsin-da!
O y d o‘ s b o b o. Ana o‘sha qo‘ylarning dumbalaridan maydalab kesib, manovi changallarga bitta-bitta ilib chiqinglar!
2- b i y. Bunisi nimaga kerak?
1- b i y. Xiva xonining sizga bergan va’dasining chinligiga shubhangiz bormi deyman, Oydo‘s biy?
O y d o‘ s b o b o. Shubhalansam, barchalaringizni Xivaga boshlab kelmas edim.
3- b i y. “Xonning ishi – shaytonning ishi” degan gap bekor aytilmagandir-ov!
O y d o‘ s b o b o. Unday demanglar, axir xon Xudoning yerdagi soyasi bo‘ladi, shaytonning malayi emas!..
Oydo‘s biylarni boshlab, sahnaning bir chetidan ichkariga kirib ketadi. Orqaroqda bir guruh biylar o‘zaro gaplashib keladilar.
– Ishqilib, Xiva xoni g‘azab qilib zaptiga olmasa bo‘ldi!
– Changalzor ham yaxshi niyat bilan moylandi-ku! Xonning ko‘nglini yumshatish uchun ham endi qahr yo shubha emas, mehr kerak, inim.
– Xiva xonligining obro‘sini o‘ylaboq o‘sha xon Qo‘ng‘irot hokimiga qarshi turgan, hatto unga tarafdor ikki tug‘ishgan inisini o‘z qo‘li bilan o‘ldirgan odamga rahmi kelganidanoq unga yomonlik sog‘inmasa kerak?..
– Menimcha, xon Oydo‘s biyning biri yo‘lbarsday, biri arslonday ikki inisidan hayiqqanidan uni hurmat qilar edi… Endi, ochig‘i, Xivadan xursand bo‘lib qaytishimizga ko‘zim yetmayroq turibdi.
– Qo‘yinglar, yomon niyat qilmanglar! Undan ko‘ra, mard bo‘lsangiz, xon qabul qilganida shunga o‘xshagan gaplaringizni ochiq aytingizlar!
– Ie-iye, sen juda mard chiqib qolding-ku!..
– Nima bo‘lganda ham Oydo‘s biyning niyati menga ma’qul: agar qoraqalpoq xonligi tuzilsa, nainki bizlar, Edil bilan Yoyiq taraflarga, Xitoy, Afg‘oniston, Hindiston mamlakatlariga, Rossiya bilan Usmonlilar saltanatiga sochilib ketgan qondoshlarimiz, butun jahondagi jamiki boshiga qora qalpoq kiyganlar uchun chinakam baxt edi-da, bu!..
– To‘g‘riku-ya, lekin bizda xonlik tajribasi bormi o‘zi?
– Xonlik bo‘lganda ham urug‘larimiz orasida taxt talash boshlanib, tag‘in tumtaraqay bo‘ladigan zamonlar kelmasa edi!
– Bu xavotiringiz ham o‘rinli. Azaldan xudoning qarg‘ishiga qolgan xalqmizmi, nima balo!
– Oydo‘s bobo tilda qoraqalpoq xonligi desa ham, aslida, xudo biladi, ko‘nglida qanday niyatlari bor…
D o‘ s p a n (ortiga burilib.) Qani, yetishibroq yuraylik! Ana, shahar darvozasining oldida xonning bosh vaziri, mahrami, yasovullari bizni kutib turishibdi.
Hamma olg‘a qarab qadamini jadallatadi.
PARDA OChILADI
K o‘ r i n i sh
Xiva shahrining baland va muhtasham darvozasi oldida bosh vazir, mahramlar,
mulozimlar, yasovullar saflanib turishibdi.
O y d o‘ s b o b o.. E Xudo, o‘zing oxirini baxayr qilib niyatimizga yetkazgaysan! (U qo‘llarini ko‘ksiga qovushtirib, tavoze qilgan holda oldinga yuradi. Biylar ham unga taqlid qilib ergashar ekanlar, o‘zaro gaplashishda davom etadilar).
1- b i y. Iloyo qadamimiz qutlug‘ kelsin!
2- b i y. Agar mustaqil xonlik bersa, xonning oyoqlariga bosh urib, uni o‘pganim bo‘lsin!
1- b i y. Mustaqil xonlikka ega bo‘lganimiz yaxshi, biroq uning taxtiga Oydo‘s o‘tirsa, elimizda naq oxirzamon boshlanadi deyvering!
O v o z. Nega endi?
1- b i y. Azbaroyi taxtga o‘tirish umidida ikki inisini o‘ldirgan qotil taxtga o‘tirgach, kimga shafqat qilar ekan?..
Bosh vazir viqor bilan yurib kelib, qoraqalpoq biylari bilan salomlashadi.
B o sh v a z i r. Assalomu alaykum, biy bobo!
O y d o‘ s b o b o.. Vaalaykum assalom, bosh vazir janoblari!
B o sh v a z i r (hammaga.) Assalomu alaykum, ulug‘ qoraqalpoq elining donishmand biylari!
H a m m a. Vaalaykum assalom!..
B o sh v a z i r. Muhtaram biylar! Men sizlarga xon hazratlarining bir iltimoslarini yetkazish uchun yo‘lingizga peshvoz chiqdim. Albatta, uzoq yo‘ldan charchab keldingizlar. Sizlar uchun maxsus mehmonxona tayyorlab qo‘yilgan. Buguncha o‘shanga borib yuvinib-taraningizlar, dam olingizlar, ovqatlaningizlar…
X o n m a h r a m i. Dono biylar, aytib qo‘yay, har biringizning har bir harakatingiz alohida diqqat-e’tiborimizda turibdi. Amudaryodan o‘tgandan keyingi har bir qadamingiz, hatto changalli chegarani “Moyli changal” bo‘lsin deb kelishib olganlaringizni ham bilamiz!
Biylarda ajablanish, esankirash, taajjub alomatlari ko‘rinib, o‘zaro
shivirlashadilar:
– Bundan chiqdi, oramizda xonning ayg‘oqchisi bor ekan-da, a?
– Oydo‘sning o‘zidan boshqa xon bilan tillasha oladigan kim bor oramizda?
– Oydo‘s biy biz bilan yurgan holda hamma xabarni bularga qanday yetkazib ulgurdi?
– Imo-ishora orqaliyoq yetkazgandir-da! Yo avvaldan til biriktirib olganmi?..
– Tillaringni tiyibroq yuringlar! Til yugurigi boshga deganlar!..
X o n m a h r a m i. Hurmatli biylar! Dono qoraqalpoqlar! Xon hazratlari sizlarni ertangi mashvaratda qabul qiladi. Sizlar ham umumiy yig‘ilishga qatnashib, bevosita xon hazratlari bilan suhbatlashish baxtiga musharraf bo‘lasizlar!
O v o z l a r. Xon bilan yuzma-yuz o‘tirish… qanday baxt!
– Bunday saxovatli xon olamda bo‘lmasa kerak!
– “Xon biz laqqilarni boplab laqillatadi” deganlarning og‘ziga tosh!…
D o‘ s p a n. Aqalli shu yerda o‘z ortlaringni o‘zlaring ochmay jimgina tursalaring bo‘larmidi!
O y d o‘ s b o b o. Sizlarga rahmat, janobi vazir, janobi mahram!
B o sh v a z i r (bir yasovulni yoniga imlab chaqiradi.) Bularni mehmonxonalariga boshlab bor! Hammasi joyida bo‘lsin!
O y d o‘ s b o b o.. Qani, ketdik, birodarlar! (Hamma unga ergashadi).
X o n m a h r a m i. Siz bir muddat to‘xtang, Oydo‘s bobo! Aytib qo‘yay, qabul marosimi qoraqalpoqlar bir paytlar xon hazratlariga sovg‘a qilgan katta Oq o‘tovda bo‘ladi. Ammo sizlarga shuni ham aytib qo‘yayki, ertaga xon hazratlarining huzurlariga kelganlaringizda o‘tovga kirib salom bersangiz ham, o‘tovning tashqarisida turib salom bersangiz ham aybdor hisoblanasiz!.. Xo‘p, mayli, yaxshi dam olingizlar!
Biylar seskanib, esankirab, taajjublanib bir-birlariga qaraydilar:
– Ie, bu qanaqasi? Topishmoqmi?
– Topishmoq emas, jonning tuzog‘iga o‘xshaydi-ku!..
O y d o‘ s b o b o.. Topishmoq bo‘lsa topamiz, jumboq bo‘lsa yechamiz, tuzoq bo‘lsa qutulish yo‘lini birgalashib qidiramiz!..
P a r d a yo p i l a d i.
K o‘ r i n i sh
Sahna oldida biylarning har biri o‘z dardini aytib, ohista odimlab o‘taveradilar.
1- b i y. Bosh vazirning “Ulug‘ qoraqalpoq elining donishmand biylari” deganini eshitib naq boshimiz osmonga yetdi-yov!
2- b i y. Mahram “Dono qoraqalpoqlar!” dedi-ya, buni qarang!
3- b i y. O-o, bechora laqmalar!
1- b i y. Nega unday deysan? Kim laqma?..
3- b i y.“Ulug‘ qoraqalpoqlar” bilan “donishmand biylar”ni xon qanday do‘zaxga jo‘natmoqchi bo‘lib turganini sezmadingizlarmi, axir!
2- b i y. Sal-pal sezgandek bo‘ldik-ku-ya!..
3- b i y. Bo‘pti-da! “Siqqanga ham bittangga, sig‘maganga ham bittanga” degani mana shu bo‘ladi! Endi bu do‘zaxdan omon chiqib bo‘psiz!
O y d o‘ s b o b o. Birodarlar! Hammamiz ham rosa charchaganmiz. Mehmonxonaga boraylik, dam olaylik, aqlimizni jamlaylik! Keyin mahram aytgan shartni bamaylixotir muhokama qilaveramiz.
1- b i y. Bajarib bo‘ladigan shartmi shu?!
3- b i y. Shartning ma’nosini tushundingizmi axir, o‘tovga kirib salom bersak ham, kirmay salom bersak ham aybdor sanalib jazolanadigan bo‘lgach?..
Biylar baayni dor oldida turgan gunohkorlardek jon qayg‘usida bir-birlariga
mo‘ltirashib qaraydilar.
O y d o‘ s b o b o. Shoshmanglar, do‘stlar! Avval mehmonxonaga borib, choy-poy ichib, jon chaqiraylik, ana undan keyin o‘ylashib ko‘raylik!..
1- b i y. Shu topda ulug‘ Abdurahmon Jomiy hazratlarining:
Nodonda yaxshi fikr bo‘lganmi, qachon?
Puch yong‘oqda mag‘iz bo‘lganmi, qachon?
degan bir baytini eslab qoldim-da, Oydo‘s biy…
2- b i y. Azbaroyi shumlik bilan ikki inisidan keyin bu yerda bizni ham asfalosofilinga jo‘natib, o‘zi kimsasiz tog‘da yolg‘iz ki-yikdek yashamoqchi bo‘lganga o‘xshaydi-ku, bu Oydo‘s biy!
3- b i y. Azamatlar! Men ham Oydo‘sni endigina tushunib turgandekman. Shu topda ulug‘ Jaloliddin Rumiy hazratlarining:
Nodonga aytilgan gap – ushlovi yo‘q shamol.
Unga olam nasihati – g‘alvirdagi suv misol,
deganini eslab…
1- b i y. Uyalmay-netmay shunchamizni shuncha aldab-laqillatdingiz-a, Oydo‘s biy!
2- b i y. Endi boshimiz omon qolganiga shukur qilib tezroq qochib qolaylik!
4- b i y. Qani, bu yog‘iga ham yo‘l boshlang, Oydo‘sbiy, sizning ortingizdan qochaylik!..
Shu payt biylar orasidagi bir notanish qoraqalpoq quyushqonga qistirilib gap qo‘shadi.
N o t a n i sh qo r a q a l p o q. Shoirlar shohi Abulqosim Firdavsiyning shunday hikmatli satrlarini eshitganmisizlar:
Nodondan yomonlik keladi faqat,
Nodon bilan umr qilmaydi shafqat!..
O y d o‘ s b o b o (notanish qoraqalpoqqa.) Hay, sho‘rpeshona, hov o‘shanda oldimga yig‘lab kelib “Xivada o‘qib yuribman, shaharda yashash maza ekan deb yurgan bir qoraqalpoq bolasiman…” deb yalinib-yolvorganingda to‘ppa-to‘g‘ri xonning o‘zidan iltimos qilib, seni Devonga ishga oldirgan edim, esingdami?..
N o t a n i sh q o r a q a l p o q. Xo‘sh, nima bo‘pti shunga? Sensiz ham bir amallar edim! Devonda ishlash uchun katta aql kerak, bildingmi! Shu narsa menda avval-boshdanoq yetarli bo‘lganidan keyin!..
O y d o‘ s b o b o. O-o, bechora, qay bir niyati qing‘irlarning nuqsi urib, to‘g‘ri yo‘ldan ham qiyshiq yurishni o‘rganibsan-a!
N o t a n i sh q o r a q a l p o q. Endi yaxshisi Sa’diy Sheroziydan eshiting!
Qaridan kutmanglar tayinli fikr,
Yoshlik ortga qaytmas tushsang ham zikr!
Ketadi
1- b i y. Oydo‘s o‘zi odam qilgan Notanish qoraqalpoqning manovi xurmacha qilig‘iga qarab turib hammasi tushunarli bo‘ldi! Demak, Xiva xoni Oydo‘sni laqillatgan! Endi boshimiz bo‘ynimizda turganida tezroq elga qaytganimiz ma’qul!
2- b i y. O‘zing ham bir nima de, Oydo‘s! Biroq aytib qo‘yaylik: bizdan ajralib yolg‘iz o‘zing qolgudek bo‘lsang, “Moyli changal”ingga o‘t qo‘yamiz: moyi bor changal yaxshi yonadi!
3- b i y. Changalzor oralab o‘tgan ariqning baland ko‘prigiga ham o‘t qo‘yamiz! O‘sha kuyib-qoraygan ko‘prik mabodo chegara bo‘lsa, balki keyinchalik “Qorako‘pir” deb atalar!
O y d o‘ s b o b o. Shoshmanglar endi, aql bilan ish qilinglar, birodarlar!
3- b i y. Mayli, u bilganini qilaversin, biz elga qaytaylik! Muhtasham mehmonxonasini ham yelkamizning chuquri ko‘rsin! Nima dedingizlar?..
Oydo‘s bobo bilan Do‘spandan boshqa hamma to‘xtab qoladi.
O y d o‘ s b o b o. Baraka topgurlar, yuringlar endi! Mehmonxonada o‘ylashib-kengashamiz dedim-ku!
Hech kim uning gapiga quloq solmaydi. Hamma biylar o‘z yo‘llariga ketadilar.
O y d o‘ s b o b o (sir boy bermaslikka tirishib, Do‘spanga nochor-noiloj kulib qaraydi.) Ertaga xonning o‘toviga kirishning yo‘lini ikkovginamiz topa olamizmi?
D o‘ s p a n.“Bir kalla – bir kalla, ikki kalla – ikki kalla”! Astoydil bosh qotirsak, toparmiz, biy bobo! Ixtiyorimizda hali bir kecha-kunduz bor-ku!
O y d o‘ s b o b o. Yasha, chirog‘im! Bir yo‘lini topmay qo‘ymaymiz!
Chiroq yonib-o‘chadi va qayta yonadi.
PARDA OChILADI
K o‘ r i n i sh
Xon saroyi. Kattakon o‘tovning to‘rida xon o‘tiribdi. O‘ng tomonida bosh vazir, chap tomonida mahram va boshqa saroy a’yonlari.
X o n. Shunday qilib, Oydo‘sdan boshqa biylar qo‘rqqanlaridan ortlariga qaytib ketdi, dedingizmi?..
B o sh v a z i r. Shartimizni yaxshigina tushunishgan ko‘rinadi!
X o n. Muncha hammalarini qo‘rqitadigan qanday shart qo‘ygan edingiz?
X o n m a h r a m i. Janobi oliylari, avval bundan yetti yuz yil avval yashab o‘tgan Rashididdin Vatvot laqabli Muhammad binni Abdumalikka bog‘liq bir latifa aytsam maylimi?
X o n. Qani, eshitaylik-chi!
X o n m a h r a m i. Rashididdin saljuqiylar davrida qariyb yuz yil yashab, ko‘pni ko‘rgan zo‘r shoir!..
X o n. Ha, avval ham bir aytgan edingiz! Endi bu yog‘ini qisqaroq qiling!
X o n m a h r a m i. Ulug‘ saljuqiylar davlatining podshosi Sulton Sanjar o‘ziga qarashli Xorazm hukmdori Qutbiddin Muhammad vafot etgach, uning yigirma to‘qqiz yashar o‘g‘li, saljuqiylar mamlakatining asosiy qal’asi Marvda tahsil ko‘rgan Oloviddin Jaloliddin Otsizni o‘rniga taxtga o‘tqazadi. Ajoyib vatanparvar, Xorazmning asl farzandi Otsiz Sulton Sanjarga ochiq qarshilik ko‘rsatmaydi-yu, biroq uning ojiz tomonlaridan ustalik bilan foydalanib, saljuqiylar hukmronligini zaiflashtirishga, hatto uni ich-ichdan yemirishga muvaffaq bo‘ladi!
X o n. Qanday qilib? Nima demoqchisan?!
X o n m a h r a m i. Demoqchimanki, Oydo‘s biy ham ajoyib vatanparvar… Shuning uchun sizning huzuringizga har taraflama o‘ylanib, ayrim xomroq o‘ylarini obdon pishitib kirsin degan niyatda…
X o n. O‘zidan boshqa hamma biylarni qo‘rqitib qochirgulik qanday shart qo‘yuvdingiz, shuni ayting-da!
X o n m a h r a m i. Siz oq o‘tovda o‘tirganingizda huzuringizga yurak yutib kirolmaydigan, tashqarida ham uzoq turib qololmaydigan bittagina shart qo‘ydim-da!
X o n. Nima bo‘lganda ham siz kimsan Jaloliddin Otsiz bilan Oydo‘s biyni tenglashtirmang! Oydo‘s biy qanchalik aqlli, shumgina ko‘rinmasin, nihoyati bir sahroyi, buning ustiga, urug‘i qo‘y! Yurtdoshlari ham unga osongina ergasha qolmaydi. Lekin agar ularning boshlarini qovushtirishga ko‘maklashsak, Xudo shohid, Xorazm xonligining olamshumul dovrug‘iga dovrug‘ qo‘shgan bo‘lamiz!
B o sh v a z i r. Siz haqsiz, olampanoh! Buyog‘i Oydo‘s biyda o‘tkir aql bor – har qanday muammoni yecha oladi. Faqat yordam berilsa bas…
X o n m a h r a m i. Uning bizdan ajralib chiqadigan mustaqil xonlik talab qilayotgani menga mutlaqo yoqmayapti, xon hazratlari. Yodingizda bo‘lsa, Xivada o‘qib, shu yerda qolgan bir qoraqalpoq bolasini sizning o‘zingizdan iltimos qilib devonga ishga oldirgan edi… Oydo‘sning niyati hatto o‘sha bolaga ham yoqmay turibdi-da!
X o n. Bir-birlarini yoqtirmaslik biz turkiylarning qonimizda bor!.. (Bosh vazirga.) Siz nima deysiz?
B o sh v a z i r. Haq gapni aytdingiz, olampanoh! Jahondagi jamiki turkiylarni yagona mamlakatga birlashtirmoqchi bo‘lgan Bo‘min hoqon, Eltarish hoqon afsonalarda “Qirq qiz” oti bilan shuhrat qozongan onalarimiz, Amir Temur boshqa ko‘pdan-ko‘p ulug‘ ajdodlarimizning taqdirlari sizning gapingizga yaqqol misol bo‘la oladi!
X o n. O‘z xalqini sevadigan har bir inson boshqalarning ham o‘z xalqini sevishini to‘g‘ri tushunishi kerak. Menimcha, o‘z eli Oydo‘s boboning ko‘nglida nima borligini hali durustroq anglab yetmayapti. Shu sababdan uning dardi-dunyosi qorong‘i bo‘lib, achchiq ustida ikki inisini o‘ldirishga majbur bo‘lganini ham to‘g‘ri tushunishimiz kerak. Shularni ko‘ra-bila turib, Oydo‘sga biz ham teskari qarasak, haqiqiy elsuyar, bag‘rikeng bir turkiyga, uning xalqiga yomonlik sog‘ingan bo‘lamiz.
B o sh v a z i r. To‘g‘ri aytasiz, xon hazratlari.
X o n. Qoraqalpoqlar ham bizga o‘xshagan, turkmanlar, qozoqlar, Olatovdagi oq qalpoqli qirg‘izlar, olisdagi ozorbayjonlar, tatarlar, boshqirdlar singari kelib chiqishi turkiy xalq. Bugun barcha turkiylarning o‘z xonligi bor, bas shunday ekan, nega bu bechoralarda bo‘lmasligi kerak?
X o n m a h r a m i. Siz qo‘llab-quvvatlasangiz, ular ham yaxshigina xonlik bo‘ladi, albatta. Men faqat xon bo‘ladigan odamning aqlini sinab ko‘rmoqchi edim, xolos.
X o n. Sinash kerak, albatta. Agar afsona-rivoyatlarga suyanadigan bo‘lsak, qoraqalpoqlar turkiylar birlashganida ularga tashqaridan hujumlar chog‘ida qurolli bosqinchilarga qarshi ko‘ksini qalqon qiluvchi eng jasur jangchilarga aylanadigan yovqur xalq. Ularning shunday jangovorligi sababli urushlarda erkaklarining ko‘plari qirilib, nufuzi ozayib ketgani ham bugungi kunda hech kimga sir emas.
X o n m a h r a m i. Aslini olganda, qoraqalpoqlar biz o‘zbeklarning bir urug‘i emasmi, janobi oliylari? Qozoq juzlari ham ularni o‘zlarining bir urug‘-aymog‘i deb qaraydi…
X o n. Bunday qilishdan bizga ham, qozoq xonlariga ham zarracha foyda yo‘q. Bilmaysizmi, ular milliy xususiyatlar, o‘ziga xos turmush tarzi, urf-odatlari, o‘z taqdiri, qo‘shig‘i, tiliga ega bo‘lgan alohida bir xalq-ku. Biz xonlik bersak, yovimizga yov, do‘stimizga do‘st bo‘ladigan yelkadosh, suyansa bo‘ladigan ishonchli qardosh xonlik paydo bo‘ladi…
K o‘ r i n i sh
O‘tov oldida uyqusizlikdan ko‘zlari kirtaygan Oydo‘s bobo bilan Do‘span
ko‘rinadi.Oydo‘s bobo xon o‘tirgan o‘tovning guldor jez chiylarini tashqariga
qayirib, ular bilan qora uy oralig‘iga kiradi.
O y d o‘ s b o b o. Assalomu alaykum, xon hazratlari!
X o n (atrofga qaraydi, ko‘rmaydi.) Oydo‘s biyning ovozi-ku! O‘zi qani?
O y d o‘ s b o b o. Xon hazratlari, mahramingiz qo‘ygan shartga ko‘ra, mana, sizning huzuringizga kirib turganim ham yo‘q, kirmay turganim ham yo‘q!
X o n m a h r a m i (o‘rnidan turadi.) Qani, ko‘raylik-chi!
O y d o‘ s b o b o. Ko‘ring-ko‘ravering! Ichkariga kirib turibsiz desangiz, oldimda xon o‘tovining kumush keragalari, agar tashqarida turibsiz desangiz, ortimda ulkan o‘tovning sochdek taralgan jezu mis chiylari…
X o n (keragalar bilan chiylar orasida turgan Oydo‘s boboni ko‘rib o‘rnidan qo‘zg‘aladi.) O‘-o‘, aqlingizga tasanno, Oydo‘s bobo! Sizdek aqlli, kamtar, sabr-toqatli biyga hurmatimning ifodasi sifatida bugundan boshlab sizni “Oydo‘s bobo” deb ataganim bo‘lsin! Haqiqatan ham, o‘z elingizga xon bo‘lishga munosib donishmand ekaningizga meni ishontirdingiz! (Xonning o‘zi jez chiylarni qayirib, Oydo‘s boboni oraliqdan chiqarib oladi.) Oydo‘s bobo, endi keling, biz bilan yonma-yon o‘tiring! Yasovul, mening eski taxtim keltirilsin! (Yasovul tezda taxt ko‘tarib olib kirib, xonning taxtiga yonma-yon qo‘yadi.) Ana endi marhamat qilib o‘tiring, qon-qardosh qoraqalpoq elining mustaqil xonligi xususida gaplashamiz!
Tashqaridagi yasovullar orasida bu gaplarni tinglab turgan Do‘spanning
sevinchdan ko‘zlari yoshlanadi.
D o‘ s p a n. Ey, Xudo!..
Oydo‘s bobo eski taxtga andak qimtinibroq o‘tiradi.
X o n. Oydo‘s bobo! Siz oxirgi marta huzurimizda bo‘lganingizdan keyin shajara varaqlab ayrim narsalarni aniqlashga muvaffaq bo‘ldim. Bundan qariyb ming yil avval qoraxoniylar davlati paydo bo‘lgan. “Xoniy” deganining ma’nosi “xon tarafdorlari” degani bo‘lsa kerak? Arabu fors tillari bilan munosabatda bo‘lgach, bizning tillarimiz ham shu tillar hisobiga boyigan. Ma’lum bo‘lishicha, “qora” so‘zi qadimiy turklarda “balandlik”, “ulug‘lik” degan ma’nolarni ham anglatar ekan. “Qoraqalpoq”, ya’ni, “ulug‘ qalpoqli el”, hatto o‘sha qoraxoniylarning birinchi xoni Sodiq Abdukarim degan odam boshiga toj o‘rnida katta qora qalpoq kiygan emish! Ba’zi rivoyatlarda o‘sha birinchi xon “Bug‘roxon” deb ham atalgan ekan. “Bug‘ro” so‘zi, bilasiz, albatta, “qo‘sh o‘rkachli tuya” degan ma’noni anglatadi.
O y d o‘ s b o b o. Qoraqalpoqlar baayni qo‘sh o‘rkachli tuyadek yuk ko‘targich, buning ustiga, tashnalikka ham, ochlikka ham chidamli xalq, xon hazratlari.
X o n (miyig‘ida kulib.) Lekin shunday baquvvat xalqning urug‘lar o‘rtasidagi nizolarning to‘xtovsiz kuchaya borishi natijasida xonlik asta-sekin yemirilib, bundan 615 yilcha avval Usmon degan so‘nggi xoni o‘ldirilganidan keyin xonlik butunlay tugab bitgan ekan…
O y d o‘ s b o b o (o‘rnidan turib, ta’zim qiladi.) Sizdek bilimdon insonga jonim tasadduq, ulug‘ Xorazmning donishmand shohanshohi!
Ziyofat uchun noz-ne’matlar keltirila boshlanadi.
X o n. Olloh taolo tong-sahardan boshlangan ishlarni xush ko‘rar ekan… Shoshilmay maslahatlashaylik, kerak bo‘lsa, Saroyimda biror oy qolib, ish o‘rganing, sulololaru shajaralar bilan yaqindan tanishing!..
O y d o‘ s b o b o (yana o‘rnidan turib, ta’zim qiladi) Oftobi olamdek cheksiz mehringizdan elim gullab-yashnab, ahillikka yuz burishidan umidvorman, xon hazratlari! (Ko‘zlaridan oqqan yoshni sidiradi.) Ko‘ngilbo‘shligim uchun ma’zur tutasiz!..
X o n. Sizni his qilib turibman! Olloh Taoloning amri bilan Jabroyil alayhissalom hazrati Odam bino bo‘lishidan avval tuprog‘ini pishitganida uni shodlik bilan g‘am yoshlariga qo‘shib qorishtirgan ekanlar!
O y d o‘ s b o b o (xonning oyoqlariga bosh uradi.) Xon hazratlari! Ulug‘ Shayx Sa’diy Sheroziyning “Do‘st ko‘nglini topish uchun hatto otangning bog‘ini sotsang ham arzir” degan hikmatli gapiga amal qilaman!..
TO‘RTINChI VOQEA
K o‘ r i n i sh
Olisdan to‘lg‘anib-to‘lqinlangan Orol dengizi ko‘zga tashlanadi. Uning bir chetidagi yarim otovda bir to‘p odamlar yig‘ilishib majlis qilmoqdalar. Qurol-aslahalarini bo‘yinlariga osgan navkarlar ularni qo‘riqlab turibdi. Biylar navbat bilan so‘zlamoqdalar.
1- b i y. Oydo‘s biy rostdan ham beshafqat odam ekan! O‘ziga baayni ko‘z-quloq, qo‘l-oyoqdek aziz ikki inisini baravariga o‘ldirdi-ya! Bunday yovuzni odam qatoriga qo‘shib bo‘ladimi? Yo gaplarim noto‘g‘rimi?..
2- b i y. To‘g‘ri gap! U qoraqalpoq xonligini tuzish uchun xon huzuriga kirib ruxsatnoma olamiz, degan bahona bilan bizni Xivaga ergashtirib obordi. Keyin bilsak, asosiy maqsadi hammamizni o‘ldirtirib, elga yolg‘iz o‘zi ega chiqmoqchi ekan! Shunaqangi yakkaxonlikni u o‘zicha mustaqil xonlik deb xayol qilsa kerak-da!..
3- b i y. Hovva-hovva! Bizlar xon saroyiga yaqinlashgan zahoti xonning mahrami bilan darhol til biriktirdi-da, xon huzuriga qanday kirish kerakligi haqidagi antiqa shartni unga ayttirdi. Shartni eshitib esxonam chiqib ketdi, ammo-lekin! Odam bolasi bajara oladigan shart emas-da, bu!
O v o z l a r. Qanday shart?
– Biz ham eshitaylik!
– Aniqroq gapiringlar-da!
3- b i y. Qabul paytida o‘tovda o‘tirgan xonga salom bergani kelishimiz kerak ekan. To‘ppa-to‘g‘ri xon huzuriga kirib salom bersak ham, tashqarida turib salom bersak ham aybdor bo‘lar ekanmiz!..
O v o z l a r. Yo tavba!
– Bu qanday shumlik!
– “Siqqangayam bittangga, sig‘magangayam bittanga”ning yangicha ko‘rinishimi bu?!.
2- b i y. Shuning uchun ham hamma biylar birgalikda Xivadan juftakni rostlab qoldik-da! Yana Oydo‘s Xiva xonligi bilan qoraqalpoq xonligining chegarasi bo‘ladi deb ko‘rsatgan changalzorga, Oydo‘sbiyning gaplariga ishonib, qo‘ylarning quyruq moylarini ilib, uni “Moyli changal” deb atagan edig-a!. Oydo‘s biy ikki o‘rtadagi munosabatni yumshataman deb, aksincha, qattiqlashtirmoqchiligini qayoqdan bilibmiz…
3- b i y.“Mana bo‘lmasa” deb o‘zlarimiz “Moyli changal” deb atagan ana o‘sha changalzorga Xivadan qochib kelayotib o‘t qo‘ydik. Dumba yog‘ining changalga qo‘shilib yonishini ko‘ring! O‘sha yerda yo‘lni kesib o‘tadigan ariq bor edi, uning ustidagi ko‘prikka ham o‘t qo‘ydik!
1- b i y. Mayli-da, agar xonlik barpo bo‘lsa, “Moyli changal” bo‘lmasa, “Kuygan ko‘pir”mi “Qorako‘pir” deb atalar!
3- b i y. Oydo‘sdek sotqin el boshqarib turgan joyda xalqimiz mustaqillikni faqatgina tushida ko‘radi!
O v o z l a r. Oydo‘sbiyning o‘zi qani?
– O‘zidan eshitaylik-da, bo‘ladigan gapni!
3- b i y. Ie, hali bu yog‘ini aytmabmiz-ku! Oydo‘s xonning odamlari bilan til topishib, Xivada qoldi. Piridan bezgan choldan o‘lim ham qo‘rqadi. Mana, ko‘rasizlar, hali omon-eson qaytib keladi u! O‘z boshini deb ikki insini o‘ldirgan bemehrda iymon qoladimi!
O v o z l a r. Elimizning bosh biyini Xivada yolg‘iz tashlab kelganingiz xiyonat emasmi, aziz birodarlar?..
– Sotqinlik bundan ortiq bo‘ladimi!
– Kimga ishonishni ham bilmay qoldik-ku!..
2- b i y. Shuni bilib qo‘yinglarki, daraxtda chiroyligina ko‘rinib hil-hil pishib turgan meva tuproqning ostida ko‘milib yotgan ildizlarning sharofati bilan meva! Xuddi shunday, agar sizu biz tuproqqa ko‘milgan ildizlar, Oydo‘s esa, o‘zicha mevalarning sarasi atanib yurganini Xivada yaxshigina tushundik!
O v o z. Tushunarli!..
– Sizlar qo‘rqib qochib ketganlaringizdan keyin Oydo‘s biy xonning shartlariga javob topolmay jazolangandir?..
3- b i y. Oydo‘sdek yomonlarning yomoniga o‘lim yo‘q! Xon uni tirik qoldirishi aniq. Kecha men o‘zim eshitgan uzun quloq gaplarga ko‘ra, xon unga saroyda bir oz damingni ol degan emish!
1- b i y. Xaloyiq, Oydo‘s barchangizdan xon uchun soliq yig‘ib, Xivaga yollangan sotqin ekanini endi tushundingizmi? Gapning po‘stkallasi shuki, u sotqin! Xiva xoni bo‘lsa, xo‘jako‘rsinga Oydo‘s bilan til topishib, xalqimizni yomon laqillatib yuribdi. Shuning uchun endi to‘ppa-to‘g‘ri Xivaga qarshi jangga otlanmasak bo‘lmaydi!
O v o z l a r. Nimamizga ishonib?!. Nima maqsadda?!
– Mustaqil xonlikni Qo‘ng‘irotga bersin!
– Ikki inisini o‘ldirgan Oydo‘sga ishonmasin!
– U qonxo‘r, diyonatsiz, sotqin!
–Muttaham suvni loyqalatib baliq ushlamoqchi bo‘lyapti!..
2- b i y. Xaloyiq, endi ishondingizmi?
1- b i y. Hamma biylar bir gapni aytib turganidan keyin kim ishonmaydi!
2- b i y. Unday bo‘lsa, “Oydo‘s biy sotqin!” deb takrorlanglar!
O v o z l a r. Oydo‘s biy sotqin! Oydo‘s biy sotqin!..
1- b i y. Ana endi shumniyat Xiva xoni bilan uning shumniyat yaloqxo‘ri Oydo‘sga qarshi jangga otlanamizmi?..
O v o z l a r. Otlanamiz! Otlanganimiz bo‘lsin!..
2- b i y. Barakalla, xaloyiq! Ana endi olomon emas, chinakam xalq bo‘ldingiz!
1- b i y. Endi jarchilar bir qadam oldinga chiqsinlar!
Hamma baravariga bir qadam olg‘a bosadi.
1- b i y. Xaloyiq! Aqlni xazina desak, uning kaliti til! Demak, jarchilar aqlning kalitlari!.. Hamma jarchilarga topshiriq shuki, shimoli Oqmachit, sharqi Nurota, janubi Xiva bilan Ko‘hna Urganch, g‘arbi Hazar dengiziga qadar ovuldan ovulga, yaylovdan yaylovga, elatdan elatga o‘tib, “Xivaga qarshi urush ochildi! Barcha elsevar yigitlar qo‘liga ilingan yaroqlarini olib jangga chiqsin!” deb jar solishni boshlangizlar!
O v o z l a r. Bo‘sh tovoqqayam fotihami?
– Quruq qoshiq og‘iz yirtar deganlar!
– Haqimizni kim to‘laydi?!.
1- b i y. Mana men to‘layman!
2- b i y. Men ham qarab turmayman!
3- b i y. Men ham!..
4- b i y. Men bo‘lsam, “Oydo‘s biy sotqin!” deb jar solgan odamga, mana, hozirning o‘zidayoq qurtdekkina qilib sanab beraman! (U qo‘lidagi bir to‘rvacha tangalarini shiqirlatadi).
Ko‘pchilikning orasidan uch jarchi ajralib chiqadi. Ular to‘rtta biyning boshlaridan
tanga sochadilar.
B i y l a r. Bizlar qarab turamizmi! (Ular ham tanga sochadilar).
1- b i y. Muhimi siz azamatlar elimizning ko‘ngil qulfini ochadigan chinakam kalit bo‘lingizlar!
3- b i y. Xiva xoniga qarshi jangga otlanishga xalqni ruhlantiringizlar!
U bir dasta qog‘oz pullarni ham oldida turgan jarchilarning boshlaridan
sochib yuboradi.
2- b i y. Hoy kalitlarning uzuni! Menga yaqinroq kel! (Novcha jarchi yaqin keladi), Ma, manovini ham olgin-da, shu joyning o‘zida xalqqa ovoza qilib boshla! Hamma eshitsin!
N o v ch a j a r ch i (biyning bergan tugunchasini qo‘yniga yashiradi-da, ovozining boricha baqiradi.) He-hey, xaloyiq!.. Eshitmadim demanglar! Xiva xoniga qarshi urush boshlandi! Barcha elsuyar azamatlar qo‘llariga qurol olib jangga otlansin!..
U qichqirgan ko‘yi odamlardan ajralib chiqib ko‘zdan yo‘qoladi.
4- b i y. Hoy kalta! Qani, sen mening qoshimga kel-chi! (Bo‘yi pakanagina jarchi uning oldiga pildirab keladi.) Ma, senga! (Bir tugunchak beradi.) Sen ham xuddi shu joydan boshla! “Oydo‘s biy sot-qin!” deb jar sol-da, oyog‘ing yetgan joygacha ketaver!
P a k a n a j a r ch i (tugunchakni bosh ustida namoyishkorona ko‘tarib.) Odamlaru odamlar! Bog‘da bitgan bodomlar! Eshitmadim demanglar! Oydo‘s biy sotqin – Oydo‘s biyga ishonmanglar! Oydo‘s biydan qochinglar!..
Chiroq o‘chib yonadi.
K o‘ r i n i sh
Yopiq parda oldida Oydo‘s bobo bilan Do‘span Xivadan qaytayotib, bosh vazir bilan kelishilgan chegarada bir muddat to‘xtab, atrofga nazar tashlab turishibdi.
O y d o‘ s b o b o. Mana, bolam, ko‘rib turibsan, bechora biylarimizning aqalli birontasi yaxshi niyatlarimizni to‘g‘ri tushunishni istamadi. Kelayotganimizda “Moyli changal” deb atashga kelishib, har tupga bir bo‘lakdan moy ilib chiqqan o‘zlari edi. Qaytib kelayotganida hammasini o‘zlari yoqib yuborishibdi. Xivadan biz tomonga hech kim o‘tmasin degan yomon niyat bilan manovi ariqdagi ko‘prikka ham o‘t qo‘yishibdi! Bu nodonlarga nima deysan endi?!.
D o‘ s p a n. Ichgan bulog‘imizdan chiqqan o‘zimizning qo‘yimizning qumalog‘i deysiz-da, ishtahangizni buzmaysiz, biy bobo!
O y d o‘ s b o b o. Shunday, bolam! O‘z barmog‘ingni o‘zing kesib tashlayolmaysan, nachora! Agar shu safar ular ketib qolmaganlarida bugun birga-birga quvona-quvona qaytgan bo‘lar edik. Xiva xoniga mingdan-ming rahmat! Saroyda bir oy ish o‘rgan deb edi, saroy ishlariga qattiq qiziqqanimiz uchun ikki oycha qolib ketdik. Xon bunga ham ko‘ndi. Hamma xarajatlarimizni o‘z xazinasidan ko‘tartirdi. Agar barcha biylar birga bo‘lganlarida ularning orasidan biri xonligimizning qushbegiligiga, boshqasi devonbegiligiga, yana biri vazirlikka…malaka hosil qilgan bo‘lar edi. O‘zing ko‘rding, xon hazratlari saroyda bizga qanday imkoniyat yaratib berdi.
D o‘ s p a n. Biy bobo, agar mustaqil xonlikni qo‘lga olar bo‘lsangiz, birinchi galda bozordagi narx-navoni o‘rganib, ularni arzonlashtirishga harakat qilmaysizmi?
O y d o‘ s b o b o. Buyam mo‘ljalimda bor edi, biroq endi bu ishdan voz kechishga to‘g‘ri keladi.
D o‘ s p a n. Nega? Endi ish boshlaganingizda tashqaridan kelgan savdogarlar ishkal chiqarishidan xavotiringiz bormi?
O y d o‘ s b o b o. Gap bunda emas. Xon hazratlari qabul paytlarida meni qoshida olib o‘tirdi. Arzgo‘ylardan biri sen aytgandek bozordagi narx-navodan nolindi. Shunda xonimiz bunday muammo Rasululloh zamonida ham bo‘lib, u kishiga kimdir arz qilib kelganida Rasululloh “Narx-navoni belgilovchi ham rizq ulashuvchining o‘zidir” degan ekanlar, dedi.
D o‘ s p a n. Payg‘ambarimizning bu gaplari biron joyda yozilgan ekanmi?
O y d o‘ s b o b o. Men saroyda bir kunimni ham bekor o‘tkazmay, ko‘p kitoblarni ko‘rib chiqqanimdan xabaring bor. Bu hadisi sharif bobomiz Anas ibn Malik tilidan “Sahihi Termiziy” degan kitob-da yozilganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Men uchun yana bir yangilik shu bo‘ldiki, Abulg‘ozi Bahodirxon yozib qoldirgan “Shajarai turk”, o‘zimizcha aytganda, “Turklar shajarasi” bilan tanishdim.
D o‘ s p a n. Qo‘ng‘irot hokimi u ham bizning urug‘dan – qo‘ng‘irotlik, bizga o‘xshab Orol dengizi yaqinida yashagan ulug‘lardan, biz o‘sha odamning urug‘imiz deb maqtanganini eshitgan edim.
O y d o‘ s b o b o. Abulg‘ozi ham orolbo‘yida yashagan degan gap to‘g‘ri. U ko‘p qamoqlar, quvg‘inlardan keyin 41 yoshida taxtga o‘tirgan. Uning haqiqatgo‘yligini shundan ham bilsa bo‘ladiki, ki-tobida Xorazmning o‘zigacha bo‘lgan tarixiy shajarasi yozilmagani ota-bobolarimizning beparvoligidan, Xorazm xalqining e’tiborsizligidan deb ko‘rsatibdi. Bu bizga ham tegishli gap. Agar mus-taqil xonlik tiklasak, “Shajarai turk”ka qo‘shimchalar yozish niyatim ham bor!
D o‘ s p a n. Niyatingizga yetishingizda Olloh madadkor bo‘lg‘ay, biy bobo. Biroq Xivada bizlarni tashlab ketganlarning bir qismi elga mustaqil xonlik berilgani haqidagi yangilikni eshitgach, sizdan qo‘rqqanidan yurtni tashlab ko‘chishga tushmaydimi?
O y d o‘ s b o b o. Undaylardan qo‘rqma, bo‘tam! Bundan uch yuz yil avval yashagan Abduqodir Bedilning shunday bir to‘rtligi bor:
Kimlar g‘animat deb vatandan ko‘char,
Boshqa joyga ko‘ngil qo‘yolmay o‘tar.
Uchqun toshdan ajralib chiqqach,
Qancha avaylama, baribir o‘char.
D o‘ s p a n. O‘-o‘, hikmatni qarang!
Uchqun toshdan ajralib chiqqach,
Qancha avaylama, baribir o‘char!
O y d o‘ s b o b o. Xivaning kutubxonalari juda boy ekan! Xudo xohlasa, xonlikka ega bo‘lgach, qobiliyatli bolalarni afsonaviy Maman biy zamonidagidek donishmand oqsoqollarning sinovidan o‘tkazib, avvalo Xivaga, keyin Bog‘dodga, Shomga, Misrga, Istanbulga o‘qishga jo‘natamiz. Shu bilan birga har bir uyning peshtoqiga payg‘ambarimizning “Beshikdan qabrgacha ilm izla” degan hadisi shariflarini yozdirib qo‘yamiz.
D o‘ s p a n. Odam qanchalik bilimli bo‘lsa, shunchalik elsuyar, shunchalik insonparvar bo‘lib borsa kerak-a?
O y d o‘ s b o b o. Bundan sakkiz yuz yil avval yashagan Abulqosim Firdavsiy bitgan shunday bir to‘rtligining o‘ziyoq ozmuncha elsuyarlarni tarbiyalaganmi, bo‘tam!
Erimiz, suvimiz, farzandimiz deb,
Ayol, bola-chaqa, dilbandimiz deb,
Har biri uchun jonni etamiz fido,
Vatanni dushmanga bermaymiz aslo.
Bu shoirning “Shohnoma”sidek asar-ku, dunyoda yo‘q!..
D o‘ s p a n. Xalqimizning haligacha mustaqil xonlikka birlasholmay yurganiga birlamchi sabab uning savodsizligi bo‘lsa kerak deb o‘ylab qoldim shu topda!
O y d o‘ s b o b o (kulimsirab.) Shu topdami?
D o‘ s p a n. Shu topda, biy bobo! Agar mustaqil xonlik bo‘lsak…
O y d o‘ s b o b o. Xonlikka ega bo‘lish bilan ish bitmaydi. Avvalo uni boshqaradigan xonning o‘zi savodxon bo‘lishi kerak. O‘z elining tarixini, qo‘shni ellar, davlatlar bilan munosabatlar tarixini, diniy kitoblarni, o‘z elining allomalariyu shoirlarini yaxshi bilmagan odam davlatni yaxshi boshqarolmaydi. Agar biron bilimi sayoz ilondek jilpanglab yurib ustalik bilan el boshqarish darajasiga ko‘tarilganida ham, u o‘z elini baxtsizlikka duchor qilishdan bosh-qasiga yaramaydi. Shuning uchun ham bundan roppa-rosa to‘qqiz yuz yil avval ulug‘ Abu Abdullo Ro‘dakiy:
Ilonga qanchalik qilma nasihat,
Baribir senga ham sochar zahrini.
Bilimsiz nodonlar ilontabiat,
Ulardan qoch sochmay turib qahrini,
deb nasihat qilgan ekan. Bilasanmi, bolam, shu paytgacha aqalli kuni kecha yashab o‘tgan mashhur bobolarimiz O‘razan botir, Murod shayx, afsonaviy Maman biyga durustroq maqbara tiklayolmaganimiz esimga tushsa, kechalari uyqum qochib, yig‘lab tong ottirgan paytlarim bo‘lgan!
D o‘ s p a n. Bunga ham aynan elimizning mustaqil xonlikka ega bo‘lolmagani sababmi?
O y d o‘ s b o b o.. Ha, shu sabab! Agar xonlik tuzilsa, uning o‘z xazinasi bo‘ladi. Ana o‘shanda o‘tmishimizdagi dono bobolarimizni har bir urug‘ o‘z ko‘mochiga kul tortgandek o‘ziga tortavermaydi, butun millatimizning faxri sifatida xazinadan mablag‘ ajratilgan holda munosib qadrlanadi…
D o‘ s p a n. Shunday kunlarni ko‘rish bizga nasib qilarmi ekan, biy bobo!.. Lekin men bir narsaga tushunmayapman: Xiva xoni bizlarga qo‘shib yuborgan qo‘sh yasovul nega yonimizda emas, uzoqroqda ortimizdan ergashib kelyapti?
O y d o‘ s b o b o. Ikki oydan buyon eldan biron-bir xabar yo‘q. Xonning qattiq bezovta bo‘lishiga qaraganda, bizlarni tashlab qochgan biylar elda qandaydir shumlikni boshlayotganga o‘xshaydi. Shuning uchun xon ikki yasovulni bizlarga, birinchidan, himoyachi, ikkinchidan, biz olib kelayotgan xushxabarni xonning nomidan elga e’lon qiluvchi jarchilar sifatida yubordi.
D o‘ s p a n. Sabr-toqatli insonlar ekan!
O y d o‘ s b o b o. Bizning elimizning azamatlari ham o‘z xonlarining amrlarini sabr-toqat bilan bekami-ko‘st ado etishni o‘rganishlariga hali ko‘p vaqt kerak bo‘ladi, bo‘tam!..
K o‘ r i n i sh
Oydo‘s bilan Do‘span sahnaning bir chekkasidan kirib ketadi, boshqa chekkasidan ikki yasovul chiqib keladi.
1- ya s o v u l (oldinga imo qilib.) Oydo‘s bobo jilovdoriga qiziq-qiziq hangomalar aytib kelyaptimi deyman, qarang! Balki biz ham yaqinroq yurib eshitib ketarmiz?..
2- ya s o v u l. Bizning vazifamiz ularning gaplarini eshitish emas! Avvalo ularni sahroyi hamyurtlari hujumlaridan himoya qilish, qolaversa, Oydo‘s boboning bundan buyon o‘z elida xonlikka tegishli ishlarni boshlashga xon hazratlari ruxsat berganlarini xabar qilish, ana undan keyin, Oydo‘s boboning yangi xonligida, agar uning o‘zi xohlasa, bir muddat maslahatchi bo‘lib ishlash…
1- ya s o v u l. Bularni tashlab qochgan biylarning eliga borgandan keyin xonimiz bilan Oydo‘s boboga qarshi el orasida bo‘hton gaplarni tarqatib, fitna qo‘zg‘ab yurganlaridan bu ikkovining xabari bormi ekan?
2- ya s o v u l. Menimcha, bexabar. Har qalay, o‘zi to‘g‘ri turganning soyasini bukib bo‘lmaydi!
1- ya s o v u l. Shundaylikka shunday-ku-ya, lekin…
2-ya s o v u l. Qing‘ir niyatlarda tugilgan chigalliklarni xolis niyat yechadi!
1- ya s o v u l. Bu ham to‘g‘ri-ku-ya, lekin… E xudo, ishqilib, bu sahroyilarning yurtidan sog‘-omon qaytish nasib qilsin-da!..
Yasovullar ham sahnaning Oydo‘s bobo bilan Do‘span kirgan chekkasiga kirib ketadilar.
K o‘ r i n i sh
Oydo‘s bobo bilan Do‘span paydo bo‘ladi.
D o‘ s p a n (ortiga burilib.) Xiva xonining buyrug‘i muncha yaxshi ekan! Yasovullardan biri bizlarni ko‘zdan qochirmaydi, ikkinchisi atrof-tevarakni sinchiklab kuzatadi!
Ularning oldilaridan ikki yetim chiqadi.
1- ye t i m (tikilib qarab.) Oydo‘s biy otamiz-ku! Ana endi sadaqaga yolchiydigan bo‘ldik-da!
2- ye t i m. To‘xta, uning sadaqasi kerak emas. Axir, u sotqin-ku! “Xalq dushmani” desayam bo‘ladi!..
1- ye t i m. Hali shunaqami? Unda dushmandan qochdik!..
Etimlar qo‘l ushlashib qochadilar. Oydo‘s bobo buning sababini tushunmay ajablanib qaraydi. Shu orada ko‘zi ojiz otasini yetaklagan qiz ko‘rinadi. Oydo‘s bobo
otdan tushib, cho‘ntagidan bir xaltacha pul chiqaradi-da,
qariyaga salom beradi.
Q a r i ya. Ovozidan Oydo‘sga o‘xshaydimi?
Q i z. Hovva, ota, o‘sha odam!
O y d o‘ s b o b o. Mana, sizlarga xayr-ehson!..
Q a r i ya. Ola ko‘rma, qizim! Sotqinning ehsoniga zor emasmiz! Bundan ko‘ra ochimizdan o‘lganimiz yaxshi!
Qiz qariyani ortiga yetaklab ketadi. Oydo‘s bobo ham, Do‘span ham hang-mang bo‘lib
qotib qolishadi. Olis-olislardan jarchining ovozi elas-elas eshitiladi.
J a r ch i. Eshitmadim demanglar! Oydo‘s bobo elimizni Xiva xoniga sotdi! Amal deb ikki inisini o‘ldirgan noinsof qotil sot-qinlik qildi!..
O y d o‘ s b o b o (quloqlariga ishonmay atrofiga alanglab qaraydi va o‘zicha allanimalar deb g‘udranadi.) Do‘span, mening qulog‘imga… juda yomon gaplar eshitilayotganday?..
D o‘ s p a n. Men eshitmayapman-ku, biy bobo?
O y d o‘ s b o b o. Eshit! Diqqat bilan eshit!
Jarchining ovozi yana elas-elas eshitiladi.
D o‘ s p a n. Men hech nima eshitmayapman-ku! Charchabsiz, biy bobo!..
Ular sahnaning avvalgi chekkasiga kirib ketadilar.
K o‘ r i n i sh
Sahnaga ikki yasovul kirib keladi.
1- ya s o v u l. Anovilarni qara, suvga borayotgan ayollar ham Oydo‘s boboni ko‘rib qochdi-ku?..
2- ya s o v u l. Avvallari bu kishining oldini kesib o‘tadigan ayol tugul erkakni ham ko‘rmagan edim! Oydo‘s biy kimga ehson bersa, peshonasi yerga tekkudek egilib olar edi.
1- ya s o v u l. Xon shunday bo‘lishini bilgani uchun bizlarni qo‘shib jo‘natgan ekan-da! Endi sergak bo‘lishimiz kerak!
Jarchining ovozi ancha yaqindan eshitiladi.
O v o z. Eshitmadim demanglar, keyin afsus yemanglar!.. Oydo‘s biyga ergashganlarning boshlari o‘limda, mol-mulki talonda!..
2- ya s o v u l. Ie, anovini qara, bir gala navkarlar!..
Oydo‘s bobo ularni ko‘rib to‘xtab qoladi.
1- ya s o v u l. Qadamingni jadallat! Tezroq ularga yetib olaylik, yo‘qsa…
Ular shoshilgancha yurib, pardaning bir chekkasiga kirib ketadilar.
PARDA OChILADI
Ko‘ r i n i sh
Uch biyning atrofida qurol-yarog‘ osib olgan navkarlar turibdi. Oydo‘s bobo ularning ro‘parasida ko‘z ko‘rgulik joyda taqqa to‘xtab qolgan edi. Ikki yasovul yetib
keladi.
1- ya s o v u l. Oydo‘s bobo, xotirjam bo‘ling, qo‘rqmang!
2- ya s o v u l. Sahroyilar baayni olomonga o‘xshaydi. Olomon shamolga o‘xshab chiviqning uchi egilgan tomonga qarab yuguraveradi.
O y d o‘ s b o b o. Mening xalqim o‘ta ishonuvchan, oqko‘ngil, lekin u haqda yomon gap aytmasliklaringizni o‘tinib so‘rayman.
D o‘ s p a n. Jarchilarni ham to‘g‘ri tushuningizlar. Qorni ochlar orasida bir kosa jo‘xori berganning oyog‘ini yalashga tayyor turganlar bor…
O y d o‘ s b o b o. Qani, bu yerda qo‘rqqandek bo‘lib turavermaylik!..
1- ya s o v u l. Hammalari siz bilan bizga qarshi qattiq tish qayragan ko‘rinadi. Yurtimizga qaytib, bularga bas kelgulik kuch bilan kelsak bo‘larmidi?
Ikkinchi yasovulga im qoqadi. U asta-sekin ortga chekinib, to‘qayga sho‘ng‘iydi.
O y d o‘ s b o b o (1-yasovulga.) Yangiliklarni o‘zingiz e’lon qilasizmi yo?..
1-ya s o v u l (yig‘ilganlarga yaqinroq keladi.) Qadrli biylar, navkarlar, birodarlar, bir jarchi chaqirsangiz, hammaga e’lon qiladigan xushxabarimiz bor edi.
O y d o‘ s b o b o (betoqatlanib.) Qadrdonlarim! Elimizga mustaqil xonlik beriladigan bo‘ldi. Xon yasovuli shu xushxabarni e’lon qilmoqchi!..
1- b i y. Bizni ortiq aldayolmaysan! Qani, yigitlar, ushlang bularni!
O‘ntacha yigitlar ko‘pchilikdan ajralib chiqib, Oydo‘s bobo, Do‘span, 1-yasovulni qurshab oladi.
1- ya s o v u l (qilichini ko‘taradi.) To‘xtanglar! Eshitinglar! Sizlar Xivadan qochib ketganingizda ham xonning og‘ir sinov shartiga javob topishga jur’at qilgan odamni ushlamanglar! U qoraqalpoq xalqining asl farzandi. Bilsangiz, shu bugundan boshlab qoraqalpoqlarning xoni!
2- b i y. Oydo‘s biyning sirti qoraqalpoq bo‘lgani bilan ichi zaharga to‘la bir gazanda, gazandani yanchib tashlash kerak!
D o‘ s p a n. Unday demang! Biy boboning ichi to‘la nur!
1- b i y. Yelpatak, sen jim tur!
1- ya s o v u l. Ichi zaharga to‘la gazanda, bilsangizlar, Qo‘ng‘irotning hokimi!
3- b i y. Tuhmat qilmang! Qo‘ng‘irot hokimi hammamizning suyanar tog‘imiz!
1- b i y. Nega bular bilan adi-badi aytishib turibmiz?! Qani, yigitlar, uchalasiniyam ushlab oyoq-qo‘lini bog‘langlar! (Oldinga o‘tgan navkarlar ularning uchalasini mahkam ushlab qo‘llarini bog‘laydi. Qo‘llari orqasiga qayirib bog‘langan yasovulga.) Qani, endi rostingni gapir-chi!..
2- b i y. To‘rtinchisi qani bularning?! Yana bittasi bor edi-ku!
1- b i y. Kim qochirdi uni? Qani, yigitlar, quvinglar, toki Amudaryodan omon o‘tmasin!
Ikki yigit qochoqni quvlab ketadi.
1- ya s o v u l. Rost gapni aytib bo‘ldik!
O y d o‘ s b o b o. Yasovulning qo‘llarini yechinglar!
2-biy (masxarali kuladi.) Qoraqalpoq xonining farmoni oliysini qaranglar!
O y d o‘ s b o b o. Meni dorga ossangiz ham ulug‘ Xiva xoni elimizga elchi sifatida jo‘natgan yasovullarga qo‘l tekizmanglar! Elchiga o‘lim yo‘q, jazo ham!
1- b i y (Oydo‘s boboga yaqin kelib, uni qamchining dastasi bilan ikki marta uradi) Bunday buyruqni sen emas, mana biz beramiz!
D o‘ s p a n. Hoy nodon, qoraqalpoqning birinchi xonini urma! Tort qo‘lingni!
Biylar ularni masxaralab o‘zlaricha kulishadi
2- b i y (Do‘spanga.) Oydo‘s faqat senga xon, nodon!
3- b i y. Hurmatli biylar, mening bir iltimosim bor.
2- b i y. Qanday iltimos?
1- b i y. Qani, ayt-chi!
3- b i y. Menimcha, Oydo‘sni bo‘shatish kerak. Eliga xiyonat qilgani uchun xor bo‘lganini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, nomusdan ichi kuyib o‘lsin!
Ular Oydo‘s biyning yolg‘iz o‘zini qoldirib, boshqa ikkovini oldlariga
solib haydaydilar.
2- b i y. Qani, azamatlar, takrorlanglar: Xiva xoniga qarshi kurashda jonimizni ayamaymiz! Vatan uchun jon fido qilish to‘ppa-to‘g‘ri jannatga kirish demakdir!
O v o z l a r. Xiva xoniga qarshi kurashda jonimizni ayamaymiz!
Vatan uchun jon fido qilish to‘ppa-to‘g‘ri jannatga kirish demakdir!
1- b i y (navkarlarga.) Yana takrorlanglar! Muqaddas tuprog‘imizga shum niyatda qadam qo‘ygan har bir odam dushmanimiz!!
O v o z l a r. Muqaddas tuprog‘imizga shum niyatda qadam qo‘ygan har bir odam dushmanimiz!..
3- b i y. Yana takrorlanglar! “Oydo‘s biy sotqin!”
O v o z l a r. Oydo‘s biy sotqin!
Oydo‘s biy sotqin!..
Hamma chiqib ketadi.
K o‘ r i n i sh
Sahnada Oydo‘s bobo yolg‘iz. Allaqaydan yosh bolalar paydo bo‘lib, Oydo‘s boboga
“Sotqin!”, “Sotqin!” deya kesak otadilar. Oydo‘s bobo tiz cho‘kib o‘tirib,
qo‘llarini osmonga ochadi.
O y d o‘ s b o b o. Yo Olloh, ne yozug‘im uchun bu ko‘rgiliklar?!.
J a r ch i (ovozi eshitiladi.) Xaloyiq! Qoraqalpoqlar!.. Eshitmadim demanglar! Oydo‘s boboga shafqat qilib, taom berganlarga yuz darra urilib, mol-mulki talon-taroj etiladi!..
O y d o‘ s b o b o. Yo Olloh! Bu nimasi?! Elimni qarg‘ish urdimi, yo meni?! Men qanday girdobga tushib qoldim o‘zi?!. Bu hayotda ko‘pchilikdan ilgarilab ketganning ham, ortda qolganning ham boshida yong‘oq chaqilishi azaldan ma’lum edi-ya. Xo‘sh, men ilgarilab ketdimmi, ortda qoldimmi?!. (Erga engashib, bir kaft tuproq oladi-da, ko‘zlariga surtadi.) Bobolarimning muqaddas xoki poyi!.. Mening gunohim nima?!. Bir tomoni taqirlik, bir tomoni to‘qayzor, bir tomoni ko‘m-ko‘k dengiz, bir tomoni o‘rkach-o‘rkach o‘sma qumliklar yastangan ona yerim! Xalqimning bir tomchi begunoh qonini to‘ktirmay, elni kiroyi el qilaman, jahonga tanitaman deya ot choptirib yurgan niyati xolis beg‘araz jon edim-ku, Qodir Egam!.. O‘zim qo‘ng‘irotlik bo‘la turib qo‘ng‘irotliklarga qarshi chiqqanim uchunmi yo bu jazoying?..
Suvga borayotgan bir to‘p ayollar Oydo‘s boboni ko‘rib ortlariga
burilib qocha boshlaydilar.
O y d o‘ s b o b o. Kelinlar, nima, men yovvoyiga o‘xshaymanmi?..
A yo l l a r. Bunaqa tilyog‘lamalik qilmang, baribir aldaganingizga laqqa ishona qolmaymiz, sotqin biy!.. (Gurra qochishadi).
O y d o‘ s b o b o. O-o, olomonga aylangan bechora xalqim!.. (Tentirab u yoq-bu yoqqa yuradi. O‘zicha so‘zlanadi.) Yoshligimga qaramay, afsonaviy Maman biy yolg‘iz otini sotib, meni mehmon qilib, kelajagimga ishonib oq fotiha berganida menga bog‘liq yaxshi niyatlarining oqibati shunday bo‘lishini o‘ylaganmi edi?.. Nega Maman biyni eslab qoldim? Uning taqdiri ham o‘zimga o‘xshagani, umrining oxirida uni hech kim tushunmay qo‘ygani sabablimi? U o‘z eli uchun nimalar qilmadi! Tub ildizi bitta turkiy xalqlarning bir-birlarini tushunmasliklari natijasida ofatga uchragan eliga ro‘shnolik ko‘rsatarmikan degan umidda suyanar tog‘ va ishonar do‘st qidirib o‘ris podshosiga ham bordi. O‘z fuqaroligiga qabul etgani haqidagi yorliqqa ham ega bo‘ldi. Ana o‘shanda u aldanganini, yurtiga yov bostirib kelganida rus podshosi shartnomaga binoan yordam qo‘lini cho‘zmasligini xayoliga keltirganmi edi! U o‘ris podshosiga aldandi. Men-chi, kimga aldandim? Rostdan ham Xiva xonligiga aldanib yuribmanmi? Bunaqa bo‘lmasa kerak… Pushti-palagimiz, tilimiz, dinimiz bir-ku, axir! Shunday bo‘lgach, aldamasa kerak!
Muhtoj paytida o‘ziga yordam qo‘lini cho‘zmagan o‘ris podshosining va’dasiga vafosizligiga chidayolmagan Maman biy unga qaytib bormay, bosqin sabab porakanda bo‘lgan xalqini boshlab ko‘chdi. Qadimiy otamakoni shu ulug‘ Xorazmga ko‘chishda yo‘l azobini torta-torta sillasi qurigan xalq chidayolmay Maman biyni otiga teskari mindirganida u o‘zini to‘g‘ri tushunadigan bir inson topilgunicha xalqning xohish-irodasiga qarshi borolmagan… Meni “Kimsasiz cho‘lda qang‘irib o‘lsin!” deganlari Maman biyga qilingan zulmning davomimi? Shunday bo‘lsa, mening ham chidashdan o‘zga ne choram bor? Attang, Xiva xoni meni aldamaganiga, hech qachon aldamasligiga qanchalar ishonar edim-a!
O‘tinga ketayotgan bir to‘p bolakaylar Oydo‘s boboni ko‘rib to‘xtaydilar.
1- b o l a k a y. Qaranglar, Oydo‘s bobo!
2- b o l a k a y . Bobo emas, balo!
3- b o l a k a y. Sotqin!
O y d o‘ s b o b o (bolalarga talpinadi.) Qani, qaroqlarim, beriroq kelinglar-chi! (Bolalar hurkkan qo‘zilardek dikonglashib orqalariga qochadilar.) Hammasi tugadi! Kimsasiz cho‘lda qang‘irib o‘lishdan bosh-qa chora ko‘rmayapman! Bu qanday qismat? Bu nimaning alomati?..
Ey Xudo!. Ey avliyoi kiromlar! Aytinglar, qayoqqa boray, qanday o‘lay?.. (Yiqiladi).
Chiroq o‘chadi.
Yopiq parda oldidagi nimyorug‘da qattiq holdan toygan, ancha qarigan, ko‘rinshi aftodahol Oydo‘s bobo bazo‘r yurib kelmoqda. Surinib yiqiladi, qayta qad rostlaydi. Kiyimlari yirtilgan, yuzlari shishgan, ko‘zlari kirtaygan…
O y d o‘ s b o b o. Yo Olloh! Bu elatda meni tushunar biron jon bormi?!.
PARDA OChILADI
K o‘ r i n i sh
Oydo‘s bobo gumbazli qabrga kelib unga peshonasini bosadi.
O y d o‘ s b o b o. Qo‘ng‘irotliklarning eng ulug‘ karomatli bobokaloni, Xizr nazar qilgan piri komil Hakim ota – Sulaymon Ba-qirg‘oniy hazratlari!.. Sizning ruhingizga bosh egib, sizdan madad so‘rab keldim. Kallasi ishlamaganning oyog‘iga jabr ekan!.. Mening boshim qotib qoldi-ku! Sizning xoki poyingizga bosh urib kelishdan avval ona tuprog‘im bag‘rida mangu orom olib yotgan ko‘pdan-ko‘p ulug‘ ajdodlarimizni ziyorat qildim… Muhammad alayhissalomning kuyovi, choryorlardan biri Hazrati Alining dulduli Amudaryodan sakrab o‘tgan joyga borib duldulning izlarini ham tavob qildim. Shundan keyin jasadi o‘sha duldulga mindirilib bizning Qoratovimizga – onasining qoshiga olib kelingan, dini islom yo‘lida forslar yurtida qurbon bo‘lgan sulton Uvays boboning mozori qoshida bosh egdim. Bundan ming yillar avval Bo‘min hoqon bilan Eltarish hoqonlardan keyin, Amir Temurga qadar butun turkiylarni birlashtirish maqsadida islomiy ta’limotlarga tayanib ish yuritgan oqilalarimiz qurgan “Qirq qiz” shahrining mo‘jizakor devorlarini tavob qildim. Shundan keyin ulug‘ Alisher Navoiy tilga olgan Shibliy shayxning Xalqobod elatidagi qabrini ziyorat qildim… Yana xayol izidan yurib, Bahoviddin Naqshband hazratlari ta’riflagan “Mizdekxon” mozorini ham, “Ubbi xo‘ja bola shahid”, “Qoboqli ota” qabrlarini ham ziyorat qilib, qalbimning qonli yaralariga mal-ham, yurak dardlarimga davo izladim. Hech biridan davo topolmay, endi sizning qoshingizga keldim, ey pirim Hakim ota! Ruhingizdan madad so‘rab keldim, ota!..
Qabrning ichi gumburlab, Hakim otaning ovozi eshitiladi.
H a k i m o t a. Qaydan bo‘lasan, ism-sharifing kim, ey mo‘min banda?
O y d o‘ s b o b o. Asli naslim turkiy, barcha turkiylarning yo‘lidan borib, “qoraqalpoq” atalgan xalqning qo‘ng‘irot urug‘idanman. Ota-onam qulog‘imga azon ayttirib qo‘ygan ismim Oydo‘s!
H a k i m o t a. Tushunarli. Qo‘ng‘irotlar qiziqqon keladi. Yaqindagina bizning boqiy dunyomizga kelib qo‘shilgan ikki yosh yigit sening inilaring ekan-da?
O y d o‘ s b o b o. Kechirasiz, avliyo ota, men ularni qiziqqonligim uchun emas, xalqimning baxtini deb, uning mustaqil davlatiyu jahonga tanilishini deb…
H a k i m o t a. Tushunaman. Baribir o‘z tug‘ishganlaring bilan farzanding qonini to‘kish… Olloh taolo oldida kechirilmas gunoh!..
O y d o‘ s b o b o (yig‘lamsirab.) Kechirilmas gunoh?!
H a k i m o t a. Ha, gunoh!.. Men bir paytlar Qonli ko‘l elatida yashar edim. Xo‘jazodalardan bo‘lmish ayolimdan tug‘ilgan Ubbi ismli ulim karomat ko‘rsatishda o‘zim bilan raqobatlashgani uchun qattiq darg‘azab bo‘lganman… Hozirgi Qonli ko‘ldagi “Ubbi xo‘ja bola shahid” mening pushti kamarimdan bo‘lgan bolamning qabri bo‘ladi. Menga ham sendagi qo‘ng‘irotliklarning qiziqqonligi o‘tganligi uchun shunday bo‘ldi. Lekin o‘zim boqiy dunyoga kelganimdan keyin Olloh taolo mening foniy dunyoda o‘z farzandimga ko‘rsatgan qahr-g‘azabim uchun qabrimning ustidan Amudaryoni oqizib, suyaklarimni qirq yil yuvganidan keyingina poklandim…
Ko‘ngling pok, niyating xolis bo‘lsa, rostdan ham xalqingning baxtini deb gunoh ishga qo‘l urgan bo‘lsang, Olloh taolo oxiridan yorlaqaydi… Chida… chida… Ortingga qayt… El-yurtga qo‘shil!..
Ovoz birdan tinadi.
O y d o‘ s b o b o. “El-yurtga qo‘shil!..” (Ortiga qaytib, ohista odimlaydi.)
Chiroq o‘chib yonadi.
Oydo‘s boboning qoshida kiyimlari yirtilgan, og‘zi-burni qonagan
Do‘span paydo bo‘ladi.
D o‘ s p a n. Assaalomu alaykum, biy bobo!
O y d o‘ s b o b o. Ko‘rinishingdan qattiq qiynalganga o‘xshaysan, biroq yuz-ko‘zlaringda quvonch?..
D o‘ s p a n. Gaplaringiz to‘g‘ri, biy bobo!
O y d o‘ s b o b o. Nimasi to‘g‘ri?
D o‘ s p a n. Qiynalganim ham, sizni qidirib kelayotganim ham, quvonchim ichimga sig‘mayotgani ham.
O y d o‘ s b o b o. Qani, avval chekkan azob-uqubatlaringni ayt-chi!
D o‘ s p a n. Yo‘q, avval quvonchimni aytay!..
O y d o‘ s b o b o. Elda odam bolasi tushunolmaydigan taloto‘plar avjiga chiqib turganida…quvonch?..
Tanish biylar boshchiligidagi bir guruh navkarlar shoshilib o‘tib ketadilar.
O y d o‘ s b o b o (taajjublanib.) Bular qayoqqa borishyapti o‘zi?
D o‘ s p a n. Qayoqqa bo‘lardi, Qo‘ng‘irotga-da! Endi anovi tomonga qarang, biy bobo!
O y d o‘ s b o b o (ko‘rsatilgan tomonga qaraydi.) Nima, Qo‘ng‘irotda biron tadbir bo‘lyaptimi?
D o‘ s p a n. So‘nggi xabarlarga qaraganda, Xiva xonligining saylanma qo‘shini ertalab Qo‘ng‘irotga kirib keladi ekan!
O y d o‘ s b o b o. Nega? Buning oqibati nima bo‘ladi endi? Xorazm xonligining Qo‘ng‘irot hokimligi tugul, Eron shohiga ham, O‘rusiya podshosiga ham bas kela oladigan qudratli qo‘shini bor-a!
D o‘ s p a n. Hov o‘shanda Xiva xoni bizga qo‘shib yuborgan qo‘sh yasovulning biri o‘z vaqtida qochib qolgan edi-ku! U elimizda Xiva xonligiga qarshi ro‘y beryotgan fitnalarni xonga oqizmay-tomizmay yetkazgan bo‘lsa kerak-da!
O y d o‘ s b o b o. Sen bilan birga olib ketilgan yasovul-chi? U qayda?
D o‘ s p a n. Qo‘ng‘irot hokimi o‘zining Xiva xonligidan qolishmaydigan kuchini yurtga ko‘rsatib qo‘yish maqsadida bechorani shaharning qoq o‘rtasida dor qurdirib ostirdi.
O y d o‘ s b o b o. Ostirdi?! Hech kim “Hoy, nima qilyapsan?!” demadimi?
D o‘ s p a n. Bir odam yig‘ilganlarga payg‘ambarimiz hadislarini eslatib, o‘zingizcha adolat o‘rnataman deb yo‘l chekkasidagi qiyshiqroq o‘sgan daraxtni kesib tashlashdan avval uning ham ildizi borligini unutib qo‘ymangiz, dedi.
O y d o‘ s b o b o. Aqlli gaplarni to‘g‘ri tushunib, ularning qadriga yetmasligimiz yomon-da! Xo‘sh, sen o‘zing qanday omon qolding?
D o‘ s p a n. Meni ertasiga osmoqchi bo‘lishuvdi. Tunda sizning tarafdorlaringizdan biri kelib qochishimga yordam berdi.
O y d o‘ s b o b o. Yuz-ko‘zingda barq urib turgan quvonch boshing omon qolganiga ekan-da?
D o‘ s p a n. Yo‘q, biy bobo! Sizning bo‘yningizdan “sotqin” degan tavqi la’nat olib tashlanadigan bo‘ldi! Endi “Oydo‘s biy xalqning asl farzandi, fidoyi xalqparvar!” deya ovoza qiladigan jarchilar yurt oralab yurishibdi!
O y d o‘ s b o b o (o‘zicha.) Ey Xudo! Hakim otaning ruhi poklari biylarning ko‘nglida mehr-shafqat uyg‘otdimi ekan?.. Jarchilarni kim yubordi? Bunday fikr kimdan chiqdi?!
D o‘ s p a n.“Yaxshi farzand – bog‘, yomon farzand – dog‘” degan hikmatli gapni ko‘p takrorlar edingiz. Farzandlaringiz sizning bog‘ingiz ekan, biy bobo! Bu fikr o‘g‘illaringizning sharofati!
O y d o‘ s b o b o. Qanaqasiga?!
D o‘ s p a n. O‘g‘illaringiz Rizo bilan To‘ra Xiva xonligiga qarshi hujumga tayyorlanayotgan Qo‘ng‘irot hokimining huzuriga borib, “Agar otamizning boshidan “sotqin” degan isnodni olib tashlasangiz, sizga sadoqat bilan xizmat qilamiz” deyishibdi. Bu gapdan hokim juda quvonib, Rizo bilan To‘raga “Agar gaplaring chin bo‘lsa, Xiva xoniga qarshi qilich ko‘taradigan bo‘lsangiz, men ikkalalaringizni mingboshi qilib ko‘taraman” debdi. Rizo bilan To‘ra shu zahtiyoq rozi bo‘libdi.
O y d o‘ s b o b o. Sen bu gaplarni qayoqdan eshitding?
D o‘ s p a n. Meni dorga osilishdan qutqarishga kelgan odam aytdi. Sizni tezda topib, bu xushxabarni yetkazishimni iltimos qildi.
O y d o‘ s b o b o. Oh-h, mening fidoyi farzandlarim!.. (Allanechuk majolsizlanib, o‘zicha so‘zlanadi.) Farzandlik burchingizni o‘zingizcha shunday tushunganingiz uchun ham sizlarning bu kaltabinliklaringizni kechirishga majburman!..
D o‘ s p a n. O‘g‘illaringizning bu ishlari “Yaxshi farzand ota-onaning umrini uzaytiradi” degan gapning qanchalik to‘g‘riligini yaqqol ko‘rsatib turibdi, biy bobo.
O y d o‘ s b o b o (og‘ir xo‘rsinib.) Toshni tuxumga ursang ham tuxum sinadi, tuxumni toshga ursang ham tuxum sinadi. Bu xabaring menga unchalik xushxabar tuyulmay turibdi, chirog‘im. Xalqimning oti bilan ataladigan mustaqil xonlikka erishib bo‘lganimdan keyin meni dorga ossalar ham o‘limim eng baxtiyor o‘lim deb olamga jar solgan holda jon taslim qilar edim!..
D o‘ s p a n. Bu nima deganingiz, biy bobo?..
Olisdan jarchining ovozi eshitiladi: “Ho-ho-ho, eshitmadim demanglar!..
D o‘ s p a n. Ana, tinglang, biy bobo! Menimcha, siz haqingizda avvalgi tuhmat gaplarni tarqatgan jarchilar mana endi “Oydo‘s bobo sotqin emas, xalqning asl farzandi!”, hatto “Xalqning otasi!” deb jar solishyapti!..
Ikkalasi baravariga quloq tutib tinglaydi.
O y d o‘ s b o b o. Qiyshiq mo‘ridan to‘g‘ri tutun chiqadimi, qaydam!..
D o‘ s p a n. Ozgina sabr qiling, biy bobo! Hozir sizni “Xalqning faxri” deb jar solishganini eshitasiz!
O y d o‘ s b o b o (bosh chayqaydi.) Haqiqat yo‘qolgan joyda bir yolg‘ondan qirq yolg‘on chiqib kelaverar ekan-da, bolam!..
Jarchining ovozi aniq eshitiladi.
J a r ch i n i n g o v o z i. …Eshitmadim demanglar! Oydo‘s biyni kim topib kallasini olib kelsa, ulug‘ Xiva xonining ming tilla mukofoti bor!..
Ikkalalari ham lolu hayron bo‘lib qoladilar.
O y d o‘ s b o b o(qattiq qiynalib, ich-ichdan kuyinib gapiradi.) Qo‘ng‘irot hokimi… axiyri… murodiga yetdi-ya!.. Endi men-ku, o‘lib qutularman, biroq… xalqqa qiyin bo‘ladi! Xalqimizga himmat qilib oq ko‘nglini ochgan Xiva xoniga ko‘rnamaklik qilindi!.. Endi u hech kimga ishonmaydi, hech kimni ayamaydi!..
D o‘ s p a n (esankirab turib, birdan qattiq jazavaga tushib o‘zicha g‘ijinadi.) Hozir to‘ppa-to‘g‘ri boraman-da, avval jarchini, keyin Qo‘ng‘irot hokimini o‘ldiraman!
O y d o‘ s b o b o. Sabr qil, Do‘span, bolam!.. Kimningdir qo‘lida o‘lish mening taqdiri azalimda yozilgan bo‘lsa kerak, nachora…
D o‘ s p a n. Bu qanaqasi?! Bunday bo‘lishi mumkin emas edi-ku!..
O y d o‘ s b o b o. Menimcha, xon qo‘shiniga qarshi chiqqan jangchilarni mening bolalarim boshqarayotgani ma’lum bo‘lgach…
D o‘ s p a n. Hozir Qo‘ng‘irotga borib, Rizo bilan To‘raga “Xonga qarshi chiqmanglar!” deb tayinlab qaytaman!
O y d o‘ s b o b o. Endi kechikding, bo‘tam!.. Mayli, bolalarim o‘z ishonchlarida qolsin. Odam bolasiga ona tuprog‘ini himoya qilish yo‘lida shahid bo‘lishdan ortiqroq baxtiyor o‘lim yo‘q! Bolalarim shu ishonchda ekanlar, mayli, nachora… Men endi ketaman!
D o‘ s p a n. Qayoqqa?
O y d o‘ s b o b o. Yaxshi it o‘z vatanida sasimaslik uchun olislarga bosh olib ketib, shu yoqlarda o‘ladi!.. Attang, bu dunyoda sendan qarzlarim ko‘p edi. Sen menga ko‘p xizmat qilding. Men senga hech yaxshilik qilolmadim. Aqalli uylantirolmadim…
D o‘ s p a n. Men sizdan mingdan-ming roziman, biy bobo.
O y d o‘ s b o b o. Unday bo‘lsa… Yaxshi qol, bolam! (U burilib keta boshlaydi.)
D o‘ s p a n (hech nimaga tushunmay esankirab turadi-da, birdan sergak tortadi.) To‘xtang, biy bobo, men ham siz bilan!..
Chiroq o‘chib yonadi.
K o‘ r i n i sh
Oydo‘s bobo bilan Do‘span bir eski imoratning soyasida o‘tiribdilar.
D o‘ s p a n. Qayoqqa borasiz, ketmang, biy bobo! Sizsiz elning yelkasiga oftob tegishi qiyin!..
O y d o‘ s b o b o (ko‘zlarida yosh bilan miyig‘ida kuladi.) Elning yelkasiga oftob tegdirish!.. qiyin!.. Umar Xayyom bundan yetti yuz yil avval “Men kelganim bilan to‘ldimi dunyo, Men ketganim bilan kamaymas dunyo”, degan-ku! Qoraqalpoq eli men tug‘ilmasimdan avval ham ko‘pni ko‘rgan, mendan keyin ham boshiga tushganini ko‘raveradi. Odamzodning ham, elimizning ham kelajagi porloq… Sening ham kelajaging oldinda. O‘sha porloq kelajakda yashashing uchun ham menga ergashma, ortimda qol, bolam!
D o‘ s p a n. Qololmayman, biy bobo! Siz el nazaridagi odamsiz, uning o‘tar yo‘lida ko‘prik, ko‘rar ko‘zisiz, biy bobo!..
O y d o‘ s b o b o. Tirgaksiz ko‘prik yo‘q, bo‘tam, buyog‘i ko‘z jonivor ham o‘zini o‘zi ko‘ra olmaydi…
D o‘ s p a n. Siz xalqning suyangan tog‘isiz!.. Siz baayni mevali daraxtsiz, biy bobo! Mevali daraxtga tosh otuvchilar, shoxini qayirib sindiruvchilar ko‘p bo‘ladi… Siz xalqning yo‘lini yorituvchi chiroqsiz, biy bobo.
O y d o‘ s b o b o. Chiroq qo‘yilgan yerga nur tegmaydi… Gulzorga shumg‘iya chiqsa, uni yulib tashlaydilar. Men endi o‘z elim uchun ham, Xiva xonligi uchun ham bir shumg‘iya bo‘lib qoldim, bolam. Shumg‘iya bilan qo‘shilib yulinib ketma! Ortingga qayt, kelajakka qarab yur, suyukli Do‘spanim!
D o‘ s p a n. Men sizga xizmat qilish uchun, sizni himoya qilish uchun dunyoga kelganman. Sizsiz menda kelajak nima qilsin, biy bobo!
O y d o‘ s b o b o. Olloh Taolo bir odamga qahr qilsa, o‘sha odamning kasriga uning xalqini ham qo‘shib jazolaydi. Men elimdan qanchalik tezroq ketsam, xalqimga ham, senga ham shunchalik yengil bo‘ladi.
D o‘ s p a n. Unday demang, biy bobo! Siz elning bebaho gavharisiz. Gavhar botqoqqa otilsa ham, toshga urib sindirilsa ham uning qiymati kamaymaydi, biy bobo!
O y d o‘ s b o b o. Qo‘y, yolvorma, Do‘span! Elimning shu kecha-kunduzdagi baxtsizligiga o‘zim sababchi ekanimni tushunib turibman-ku! Endi baxtsizlikdan baxtsizlik tug‘ilaveradi. Shuning uchun men tezroq yo‘qolishim kerak. O‘tinaman, menga ergashma! Xayr, mendan rozi bo‘l!..
Jadal yurib ketadi. Do‘span uning ortidan yuguradi.
Chiroq o‘chib yonadi
K o‘ r i n i sh
Yopiq parda oldida izquvarlar o‘zaro gaplashib kelmoqdalar:
– Menimcha, Oydo‘s biy Buxoro amiridan yordam so‘ragani ketgan bo‘lsa kerak.
– Yordammi, boshpanami?.
– Avvaliga Xivani deb qo‘sh inisini o‘ldirgan, keyin qo‘sh farzandini Xiva xoniga qarshi urushga otlantirgan beburd uyatsizga kim yordam, kim boshpana beradi?
– Lafzsizga kim ishonadi?..
X o n m a h r a m i (orqaroqda kelayotgan notanish qoraqalpoqqa.) Hoy, birodar, beri kel!.. Gapimga quloq tut! (Notanish qoraqalpoq yugurib kelib unga qulog‘ini tutadi). Biz ularni otlarining izlariga qarab quvib kelyapmiz. Oydo‘s o‘taketgan shum, otini otqo‘shchisiga yetaklatib, o‘zi shu atrofdagi biron ungurda jon saqlab o‘tirgan bo‘lishi mumkin. Bizga ergashavermay o‘z harakatingni o‘zing qil!.. Ko‘rib turibsanki, bu atrofning yo‘llari past-baland. Yolg‘iz qolib tozi itdek hid ol. Panada buqinib yotgan odam boshqalarni tezroq ko‘radi. Sen notanish bo‘lsang ham, harqalay, qoraqalpoqsan-ku. Shuning uchun ham yolg‘izligingni ko‘rsa qoshiga chaqirib yordam so‘rashi mumkin. Qarabsanki, Xudoning qudrati bilan ming tilla cho‘ntagingga kelib tushsa ajab emas!
N o t a n i sh q o r a q a l p o q. Rahmat! Bo‘ldi! Tushundim! Men ketdim!
X o n m a h r a m i. Faqat qoningga tortib ketma tag‘in!..
PARDA OChILADI
K o‘ r i n i sh
Oydo‘s bobo bilan Do‘span uyum-uyum qumlar orasidagi bir chuqurlikda
turishibdi.
O y d o‘ s b o b o. Hattoki o‘ligimniyam hech kim topolmasin degan niyatda edim… Nega ortimdan soyadek ergashib yuribsan o‘zi?..
D o‘ s p a n (peshonasiga urib zor-giryon yig‘laydi.) Evoh, taqdiri azalda sizning soyangiz bo‘lish mening peshonamga yozilgan bo‘lsa nima qilay, biy bobo?! Qur’oni karimni yaxshi bilasiz, musulmonsiz. O‘z joniga qasd qilish jannat eshiklarini taqa-taq yopish bilan barobar… O‘lmang! O‘lishingizga yo‘l qo‘ymayman, biy bobo!..
O y d o‘ s b o b o. Yig‘lama! Yigit yig‘lamaydi!.. Biroq o‘lishimga rozilik ber! Meni allaqachon o‘lgan deb o‘zingni ishontir!.. Ulug‘ Xiva xonining meni o‘ldirish haqidagi farmoni oliysini bekor qiladigan kuch qoraqalpoq elida yo‘q!..
D o‘ s p a n. Nega endi yo‘q ekan, biy bobo?! Siz o‘zimni o‘zim o‘ldirmayman deng, men to‘ppa-to‘g‘ri Xivaga borib, xon huzuriga kiraman!
O y d o‘ s b o b o. Qari biy o‘lar oldida maqtandi deb o‘ylama-da, shuni bilki, xon faqatgina bir marta o‘z farmonini bekor qiladi. Men turkman talabasining bo‘ynidagi sirtmoqni kesganimda… Endi kim men uchun oraga tushishga jazm qilsa, o‘sha odam o‘z boshini o‘zi sirtmoqqa tutib bergan bo‘ladi!
D o‘ s p a n. Unda nima qilish kerak?
O y d o‘ s b o b o. Har mavsumda po‘st tashlaydigan ilonlar po‘st tashlayolmaydigan ilonlarni “yalang‘ochlanib qolgan sho‘rliklar” deydi ekan, bolam. Buning ustiga, xon va’da qilgan ming tilla qo‘l uzatsa yetgulik joyda deb uni olishga chog‘lanadiganlar ozchilik emas. Shuni o‘zing tanangga o‘ylab ko‘r-da, quruq qolmasang-chi!.. Xon bir marta gapiradi! Ming tillani va’da qildimi, albatta beradi!
D o‘ s p a n. Menga bunday maslahat bera ko‘rmang, biy bobo! Mening manovi bir pulga qimmat qovoq kallam sizning ming tillaga teng boshingiz o‘rnini bosa olarmidi!
O y d o‘ st b o b o. Xonga sening boshing kerak emas!..
D o‘ s p a n. Unday bo‘lsa ham, baribir, men sizdan keyin yashamayman!
O y d o‘ s b o b o (qo‘lini olislarga cho‘zib ishora qiladi.) Anovi ikki qumtepaning o‘rtasiga qara, otliqlar ko‘rinyapti! Oralarida xon mahrami ham bor. Ana, ko‘rdingmi? Notanish qoraqalpoq unga yaqinlashyapti. Ana, maslahatni pishitib, ajralishdi. Menimcha, u mahramning pinjiga suqilib olib elga kattaroq bir mansabni qo‘lga kiritib qaytmoqchi! Balkim ming tilla odam qurigandek kelib-kelib o‘shanga nasib qilar?..
D o‘ s p a n. U sizni o‘ldirsa, men uni o‘ldiraman!
O y d o‘ s b o b o. Qo‘y, undan ko‘ra gapning po‘stkallasiga kelaylik, Do‘span! Buyog‘iga shoshilmasak bo‘lmay qoldi. Agar sen meni chindan hurmat qiladigan bo‘lsang, so‘nggi buyrug‘imni bajarasan!
D o‘ s p a n. Qadim zamonda yunon faylasufi Suqrotga nohaq jazo berilganida u afinaliklarni ulkan va chiroyli, biroq semiz va yalqov otga o‘xshatib, uni yaxshiroq choptirish uchun gohida so‘naga chaqtirib turish kerak degan ekan, deb o‘zingiz bir naql aytgan edingiz. Shuni eshitganimdan buyon bizning qoraqalpoqlar ham ko‘z oldimda otga o‘xshab ko‘rinadi. Bu otni yaxshiroq choptirishning yo‘llarini o‘zingizdan boshqasi bilmaydi, biy bobo!
O y d o‘ s b o b o. So‘na chaqqaniga chidayolmay gijinglagan otlarga minganlar mening tirik qolishimni mutlaqo istashmaydi. Bas shunday ekan, behudaga ovora bo‘lma! Undan ko‘ra, senga eng so‘nggi vasiyatim shuki, xonning ming tillasini mening dushmanlarimga berma-da, o‘zing ol!.. Titrama! Mard bo‘l! Mukofotni sening olishingga ko‘zim yetsa, “Umr bo‘yi menga sadoqat bilan xizmat qilgan sendek oqko‘ngil, odil, asl yigitning hamma yaxshiliklari evaziga bir narsa berib ulgurdim-ku!” deb Xudoga ming qatla shukurlar qilib o‘laman, bolam!
D o‘ s p a n. Siz ulug‘ insonsiz, biy bobo, meni Rizo bilan To‘ra ismli o‘g‘illaringizdan keyingi uchinchi o‘g‘lim deb hisoblasangiz ekan!..
O y d o‘ s b o b o. Shu topda sen har ikki o‘g‘limdan yaqinroqsan!
D o‘ s p a n. Unday bo‘lsa, Ibrohim alayhissalom yolg‘iz o‘g‘li Ismoilni Olloh yo‘liga qurbonlik qilmoqchi bo‘lganidek, o‘zingizdan avvalroq meni shu topda Xudo yo‘liga qurbonlik qiling! Balki shunda Qodir Egam hammasini ko‘rib, sizdan o‘z marhamatini darig‘ tutmas!
O y d o‘ s b o b o (qilichini qinidan chiqarib Do‘spanga uzatadi.) Manovini ushla, bolam! Sen hali yoshsan. Ismoil yosh bo‘lgani uchun Olloh taolo uning o‘rniga bir qo‘chqor paydo qildi… Men payg‘ambar emasman, biroq shunday bo‘lsa-da, tilagimni o‘zim bajo keltirib, mayli, sening o‘rningga so‘yiladigan qo‘chqor bo‘lay! Eng so‘nggi tilagim shuki, ham Ismoildek tirik qol, ham Xonning ming tillasiga ega bo‘l!
D o‘ s p a n. Biy bobo… Biy bobo… insof qiling!
O y d o‘ s b o b o. Yolvorma, ma, ushla! Bo‘shashma! Oldingda uzala tushib yotaman, bor kuchingni ishga solib ixlos bilan chop! Bir urganda boshimni uz! (Do‘span titrab-qaltiraydi.) Qaltirama! Hamisha buyrug‘imni sidqidildan bajargansan, shu so‘nggi buyrug‘imni ham ko‘ngillanib bajar, toki Do‘span degan Kenja Botirim borligiga ishonib o‘layin! (Do‘span yig‘laydi.) Yig‘lama! Yodingda tut: izquvarlar kelib sendan men haqimda so‘rashlari mumkin. Bittayu bitta yolg‘onni xudo ham kechirar. O‘shanda soddadilligingga borib qilich bilan chopib o‘ldirishimga Oydo‘s cholning o‘zi ruxsat berdi deb yurma tag‘in!.. Qochib ketayotgan edi de! “Qayoqqa?” deb so‘rasa, xohla, Buxoro amirligiga de, xohla qozoq xonligiga de, xohla o‘ris podsholigiga de. Vaziyatga qarab nima deyishning ixtiyori o‘zingda. Ha, aytmoqchi… Qani, o‘rningdan tur-chi! Mana, men ham turaman. (Ikkalasi o‘rnidan turadi. Oydo‘s bobo iyagi bilan olisni imlab ko‘rsatadi.) Qara, yaqinlashib kelishyapti! Tez bo‘l, tez! Yig‘lama-da endi! Toki dushmanlarim mening otqo‘shchimning ham ko‘zlarida yosh ko‘rmasinlar. Bu foniy dunyo barchaga omonat. Mening ruhim endi senda yashay boshlashiga ishonaman, o‘g‘lim, esingni yig‘! Bundan ikki yarim ming yil avval yashagan yunon faylasufi Biant haqida afsona aytib bergandim, esingdami?..
D o‘ s p a n. Sizning hech bir gapingizni unutmaganman, unutmayman ham, biy bobo! Biant yashab turgan shaharga yov bostirib kirganida faqatgina o‘z boshini olib qochayotganiga ajablanib qaraganlarga “Mening butun mol-mulkim o‘zim bilan!” degan ekan…
O y d o‘ s b o b o. To‘ppa-to‘g‘ri, ming yasha, o‘g‘lim! Mening ham mol-mulkim o‘zim bilan!.. Kelgusi avlodlarga men haqimda nimalarni yetkazish ixtiyori o‘zingda! Biroq bir narsaga iymonim komil: xon aldamaydi. U ulug‘ xon, va’da qilgan ming tillasini albatta beradi. Sen ol shuni! (Do‘span yana titrab-qaltiraydi.) Quvib kelayotganlar senga ishonishlari uchun u yoq-bu yoqqa qochganim ma’qulroq bo‘lar… Ma, qilichni ushla, bovurim! (Do‘span qilichga qo‘lini cho‘zsa-da, tutib turolmay yerga tushirib yuboradi. Oydo‘s bobo qilichni qo‘liga qayta ushlatadi.) Ma, ur-da, endi! Qo‘lingda mahkam tut! Ikkillanmay qattiq ur! Bor kuchingni ishga sol! (U Do‘spanni aylanib yuguradi.) Eshityapsanmi, anovilarning ot tuyoqlari dupurlayapti, qani, bo‘la qolsang-chi! (Oydo‘s bobo atrofida aylanib yurib Do‘spanning achchig‘ini chiqarish uchun uni dam mushtlab, dam tepib o‘tadi.) Sho‘rpeshona, ur! Nodon, ur! Ming tilla dushmanimga ketmasin, axir! Ur, bovurim, ur! O‘z farzandlarimdan ham ziyodaroq jigarbandim, ur! (Oydo‘s bobo yoqasini ochib bo‘ynini tutadi.) Ana endi senga osonroq bo‘ldi, ur! Bor kuching bilan ur! (Do‘span qilichini yuqori ko‘taradi.) Ha, barakalla, qulochkashlab ur! Ular yaqinlashib qoldi-ku, axir, nimaga anqayib turibsan, ursang-chi, ur!
D o‘ s p a n (qilichni ikki qo‘llab ushlagancha ortiga tislanadi.) Ey xudoyim-ey!.. Ey ulug‘ biy bobo, meni kechiring! (Uradi. Oydo‘s boboning bo‘ynidan qon otilib yiqiladi. Do‘span nima qilib qo‘yganini tushunmay serrayib qoladi. Sal o‘tmay Notanish qoraqalpoq yetib keladi).
N o t a n i sh q o r a q a l p o q (atrofga olazarak qaraydi.) Ulguribsan-da, la’nati haromzoda! Ming tilla seniki bo‘ladimi endi?!. Yo‘q-yo‘q, sendek yuvindixo‘rga oldirib bo‘pman, o‘zim, o‘zim!!!
D o‘ s p a n (bazo‘r tilga kirib.) Hov… senmi?.. Yordam bersang-chi, og‘ayni!.. Qanday tiriltirsa bo‘ladi?..
N o t a n i sh q o r a q a l p o q (masxaraomuz kuladi.) Sen o‘ldirasan, men tiriltiramanmi hali?!.
D o‘ s p a n. Kulma, kulma, nega kulasan?.. Elimizning ulug‘ biyi, bo‘lajak xoni o‘layotganida sen kulasanmi? Sen ham qoraqalpoqsan-ku, axir, yaxshiroq qara-chi, balki o‘lmagandir?.. Sekin urmoqchi edim!..
N o t a n i sh q o r a q a l p o q (qilichini qinidan chiqaradi-da, bir zarb bilan Do‘spanning o‘zini chopib tashlaydi.) Mana senga ming tillo! Mana, tiriltirish!!! (Do‘span Oydo‘s boboning ustiga yiqiladi. Notanish qoraqalpoq unga yana bir qilich uradi.) Bu la’nati qaytib tirilmasin! (Oydo‘s boboni ham uradi.) Ana endi ming tillo uchun talash tamom! Ming tillo (ko‘ksiga urib) mana endi meniki! Mana, ko‘z oldimda bitta emas, ikkita kalla yotibdi! Bularni xon mahrami ko‘rsa, ming emas, kamida bir yarim ming tillo berdiradi… Ana shundan keyin qoraqalpoqlarni mana men boshqaraman! Endi aql boshqarmaydi, pul boshqaradi, pul! Bir yarim ming tilloning egasi bo‘lib men boshqaraman! (Otlar tuyog‘ining dupurini eshitib atrofiga qaraydi.) Ana, mahramning o‘zi kelyapti! (Baqiradi.) O‘-o‘, dono mahram! Mehribon mahram! Buyoqqa keling! Mana, topdim, topib ikkalasiniyam o‘ldirdim!.. (Mahram yetib keladi.) O‘-o‘, dono mahram, menga “tozidek hid ol!” deb bilib maslahat bergan ekansiz! Ko‘rdingizmi, o‘ziniyam, otqo‘shchisiniyam qilichdan o‘tkazdim. Qilichimga qarang! (Ko‘rsatadi.) Qarasam, bu la’natilar o‘zimga tashlanishyapti. “Ahmog‘ingni topgan ekansan!” dedim-da, unisiniyam, bunisiniyam asfaloasofilinga jo‘natdim-qo‘ydim! Endi ikkinchi bosh uchun kamida yarim ming tillo qo‘shtirasiz-da, a? Agar to‘liq ming tillo qo‘shtirsangiz, qoq yarmi sizniki! Ha, o‘z-o‘zingizniki!
X o n m a h r a m i (o‘liklarga diqqat bilan qarab, qilich bilan chopib o‘ldirilganiga ishonch hosil qiladi.) Ahmoqlik qilibsan!!! (Boshqa izquvarlar ham yetib kelishadi.)
N o t a n i sh q o r a q a l p o q (ko‘pchilikka maqtanib.) Ko‘rib qo‘yinglar, o‘zim o‘ldirdim! Barchangiz guvoh bo‘lingizlar!..
Har kim har xil kayfiyatda o‘liklarga tikilib turadi.
X o n m a h r a m i. Ulug‘ xonimiz Oydo‘s boboning tirik kallasini ming tilloga baholagan edi, axir, kallavaram! O‘lik kallaning kimga necha pullik keragi bor?!. Manovi ahmoq qoraqalpoq tushunmabdi! (Notanish qoraqalpoqqa.) Hoy qovoqbosh! Senga bundan sariq chaqayam yo‘q, bildingmi?! Xonga tirik boshni oborishimiz kerak edi! Xudo berib tutib olgan ekansan, Oydo‘sning ming tilloga teng boshini nega olding, hoy, tovuqmiya?! Shu tovuqmiyaliging uchun ham qoraqalpoqsan-da! Endi o‘z qo‘llaring bilan bularni ko‘m! Tuproqqa ko‘m!
N o t a n i sh q o r a q a l p o q. Ming tillalik kallani xonga oborishning o‘rniga tuproqqa ko‘mish?!. Endi men ko‘mamanmi? Men-a?!.
X o n m a h r a m i (notanish qoraqalpoqning yuziga tikilib qaraydi.) Yaxshisi, bu dunyoparast sotqin ham Oydo‘s biyning ortidan ketadigan joyiga ketsin!.. (Atrofga maroq bilan ko‘z yugurtiradi.) Mana, hozir ko‘z oldimizda ro‘y bergan shu tarixiy fojiadan roppa-rosa 413 yil avval dunyoga kelgan ulug‘ mutafakkir shoir Abdurahmon Jomiy:
Vayronalar uzra xazina izlab,
Boyo‘g‘lilar chekar yuz turli azob.
degan she’riy satrlarini yozib, qanday bebaho hikmat qoldirgan! Afsus, ko‘pchilik ulug‘ ajdodlarimiz hikmatlarning qadriga yetmaydi! (Yonidagilarga qarab.) Mana shunaqa gaplar! Ko‘rgan-boqqanlaringizdan to‘g‘ri xulosa chiqaring, haloyiq! Shu bilan Oydo‘s biy orzu qilgan qoraqalpoq xonligining tarixi tamom! Ushbu tarixiy fojiadan chiqadigan achchiq xulosa va eng birlamchi saboq shuki, o‘zaro til topisholmagan elga hech qachon hech qanday mustaqil xonlik yo‘q!
P a r d a yo p i l a d i.
Qoraqalpoqchadan Rahimjon Otauli tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2007 yil, 11-son