Xotinim g‘ira-shira ko‘rina boshlagan deraza tokchasi oldida o‘tirardi. Butun kechani o‘sha joyda o‘tkazibdi, bechora.
“Sen, shu paytgacha yotmadingmi?” -dedim.
Qaddini rostladi. Kul rang deraza tokchasi yonida bor-yo‘g‘i bir ko‘lankadan iboratdek ko‘rinardi. Ammo bu ko‘lankada birga o‘tkazgan yigirma yildan ortiqroq umrimizning har bir kunidan nimalardir bor edi.
“Azon o‘qilyapti,” deya pichirladi.
Ovozida qandaydir mahzunlik bor edi. Go‘yo uyimiz bu dunyodan batamom olislab, hatto his-tuyg‘ular ham yetib bora olmaydigan darajada uzoqlab ketgandek edi. Va xotinim Qur’onda va’da qilingan saodatni go‘yo behuda kutayotgandek edi.
Yurish-turishlarida botiniy mag‘lubiyatning mahzun sukunati sezilardi. Oshxonaga o‘tdi. Uni go‘yo tushda ko‘rayotgandek edim. Sandal va pechkaga ko‘mir solgandan keyin tahorat olishga chiqdi. Keyin joynomozni solib namozga turdi.
Derazadan tong oqargani ko‘rina boshladi.
Rangsiz, sokin va salqin sahar pallasi. Yotoqning iliqligi, lohas tuyg‘ular, ayqash-uyqash o‘ylar… Xayollarim parishon bo‘lgandi.
— Voy tavba-ey…
— Ha, nima gap?
— Keldi-ya…
— Shukr, nihoyat kepti-ku…
Ammo masala faqat shundan iborat emasdi. Xotinim meni bunga umuman e’tibor bermaydi deb o‘ylaydi, chamamda. O‘zi aytmasa ham xafa bo‘lganini sezaman.
— Indamay o‘tiraverasizmi? Axir bu uchinchi marta qaytarilyapti…
— Xo‘sh, nima qilay, aytgin?
Nima qilish kerakligini haqiqatan bilolmayman. Ammo unga: “Erta-perta o‘zim gaplashib qo‘yaman,” — deyman chor-nochor.
Qachon keladi o‘sha ertangi kun?.. Osmon tiniq moviy tusga kirgan edi. Kun, yashashimiz kerak bo‘lgan yana bir yangi kun boshlanmoqda. Xotinim haqli. Bu muammoni tezroq hal qilish kerak. O‘g‘lim yotog‘iga elan-qaran kirib bormoqda. Unga bu ishlarning abasligini tushuntirishim kerak. Buning behuda isyon ekanligini anglatmog‘im lozim. Yotoqdan sakrab turdim. Xotinim bezovtalanib:
— Qattiq gapirib yubormang-a, dadasi. Nima bo‘lganda-yam endi…
Davomini aytolmadi. Unga tikildim. Ko‘zlaridagi ma’noni anglash mushkul edi. “Oh, o‘zimning oy yuzli, qora sochli bolam-a…” Eshikka yaqinlashganimda xotinim yelkamga choponimni ildi.
* * *
Xonasi binoning kungay tomonida edi. Derazasi kenggina bog‘ga qaragan. Qarshidagi uy ortidan ko‘tarilayotgan quyosh nuridan devorlar sarg‘ish-pushti tusga kirgandi.
Va u uxlab bo‘lgandi.
Kiyimlari stol ustida palapartish sochilgan… Pijamasining ustini kiymabdi. Yotog‘ining yonboshiga ohistagina o‘tirdim. Ichimda g‘alati hislar g‘ujg‘on edi. Unga qaray olmasdim, ammo ichim u bilan to‘lgan edi. Huddi ancha oldin bir marta bo‘lgani kabi. U paytlar kichkina bola edi. Terlamaga chalingan, isitmalab alaxsirardi. U buni hozir eslamaydi albatta…
* * *
Fevralning qorli bir tunida tug‘ilgandi… Otamning qo‘liga tutqazganimda butun vujudimni g‘alati hissiyot qoplagan edi. Unga ism qidirganimda muazzam qomus menga bo‘m-bo‘shdek tuyulgan edi. Unga eng chiroyli, eng jarangdor va koinot kabi purma’no ism qo‘yishni xohlardim. Alohal Umar deb ism qo‘ydik. Bu ism ham unga juda yarashgan edi. Uning ismida tarix sahifalariga bitilgan barcha Umarlarning iqbolini ko‘rardim.
Ilk kulishi… Ilk tishi chiqqan kun… Birinchi bor talaffuz qilgan so‘zi… Onasiga tomon, yosh, go‘zal va behad baxtiyor onasiga tomon tashlagan ilk odimlari…
Keyin yettiga to‘lgan kun… Maktabga olib borganimda rosa yig‘lagan edi… Go‘yo dunyosiga uydan boshqa joyni qo‘shishni istamayotgandek yig‘lagan edi. Biroq bundan qochib bo‘lmasdi. U ham boshqa bolalar kabi ko‘cha, maktab va bozor orasida kun sayin qat’iylashadigan bo‘linishga mahkum edi.
Va o‘n to‘rtinchi yosh. Qaysarliklar, ishtahasizliklar… Bizga yangi bir sherik, sheriklarning eng yengilmasi… Xotinimning tugunmas tashvishlari va mening ilk qayg‘ularim…
Avval maktabni, keyin universitetni tamomladi. O‘sha paytlari uni biroz bo‘lsa-da kam-ko‘stsiz yashasin deya xotinim to‘yidan yodgor uch-besh taqinchog‘ini sotgandi… Va u birinchi muhabbatining shafqatsiz yakunidan sarosimaga tushdi, bizni ham parishon qildi.
Shu tariqa biz unga bor-budimiz bilan bog‘lanib qolgandik, dunyomizning hududini u bilan bog‘lagandik.
“Sen bizdan birdaniga uzoqlashib ketding. Muhabbatimiz ortgani sayin sen bizdan siqilaverding. Men buni ilg‘ardim. Biz seni asragimiz-avaylagimiz kelardi. Sen esa “o‘z holimga qo‘ymayapti” deb o‘ylading. Ammo onang…
Men bilardim. Sen endi shu xonalarning bu tarzda bezatilishini, hatto bu uyni ham umuman yoqtirmay qolganding… Uchishni o‘rgangan polaponday ko‘zingni boshqa shoxlarga tikkanding. Ehtimol, ertanggi kun haqida o‘ylayotgandirsan, hashamdor uy, keng xonalar… Hatto bizga atalgan xonani ham unutmagandirsan, bunga imonim komil. Lekin menga shu er etadi, o‘g‘lim… Boshqa joyning keragi yo‘q. Biroq onang… Buni sen ham yaxshi bilasan, ba’zi-ba’zida ukalaringni qanday o‘qitishing, biz uchun nimalarni orzu qilganingni to‘lib-toshib aytib berasan. Faqat nega bir-birimizdan yashirishimiz kerak?! Sen orzularingni aytayotganingda ovozingda titroq paydo bo‘ladi, bo‘g‘zingga nimadir tiqilganday bo‘ladi… Chorasizlik degan baloning azobi shunchalik og‘ir bo‘ladimi, bolam… Ammo sen bu narsalar uchun o‘zingni qiynama. Sen qo‘lingdan kelganini qilyapsan, hayot degani shunday ekan-da, na chora…
Sening shu zormandaga bunchalik ruju qo‘yganingni yaxshi tushunaman. Mubtalosiga aylanmasligingga ham ishonaman… Ammo onang…
Yana… Yana tashqarida nima qidirayotganingni ham, uyda o‘tirolmasligingning sababini ham juda yaxshi bilaman. Balki biror betayin g‘alchadir. Men ularni malomat qilmoqchi emasman, hatto… Ammo onang… Mushtipar onang shunaqangi betayinlarning bittasiga ilakishib qolishingdan qo‘rqib yuragini hovuchlab o‘tiradi. Sen ozroq hayallab qolsang vahimaga tusha boshlaydi. Ko‘z qamashtiradigan ko‘cha va tunggi klublarni bir zumda ertaklardagi yalmog‘izlar yashaydigan g‘orlarga aylantirib yuboradi.
Ammo bu gaplarning nima keragi bor? Go‘yo sen bularni bilmaydigandek aljirashimni qara… Shu narsalar tufayli qanchalik qiynalayotganingni bilmaymanmi? Onang, men… Sen bizga e’tibor qilma. Hamma ahmoqlik bizning o‘zimizda. Go‘yo biroz betob bo‘lishingni kutayotganga o‘xshaymiz. Har doim bizga eng yaqin bo‘lgan kunlardagidek qolishingni xohlayapmiz. O‘zgarishing mumkinligini tan ololmayapmiz. Bor gap shu xolos, bolam. Mana shuning uchun ham senga tik qaray olmayapman, yuzimni sen tomon o‘gira olmayapman. Onang ham shunday. Hozir biz seni uyg‘otolmaymiz. Chunki tan olishga irodamiz etmasa ham bilamizki, endi sening uxlashing ham o‘zgargan. Avvallari bizni kutayotgandek uxlarding. Ha, o‘g‘lim, endi uyqung ham o‘zgargan. Hatto asl o‘zgarish uxlashingda bo‘ldi. Sen uyqularingda ham bizdan uzoqlashding…”
Boshimni o‘girdim. Unga boqdim. Unga qarayotib bodli qo‘limga jon kirgandek bo‘ldi. Ichimga birdaniga yorug‘lik kirganday engilladim. Go‘yo ko‘p yillardan beri qidirayotgan qadrdonimni, sirdoshimni topgandek bo‘ldim. Xursandligimdan hushtak chalgim keldi. Quyosh uni bezovta qilmasin deya deraza pardalarini tortib qo‘ydim. O‘zimnikiga o‘xshagan qalin va qora soqolli yuzidan sekingina o‘pib tashqariga chiqdim.
Nonushta payti xotinim hamishagiday o‘yga tolib o‘tirardi. Men esa kichik o‘g‘limning choyiga unga ko‘rsatmasdan (yoqtirmasligini bilganim uchun) limon siqib qo‘ydim.
Turk tilidan Ma’rufjon Yo‘ldoshev tarjimasi