Ishtirok etuvchilar:
Ro‘dakiy – yosh, IV pardada – qari.
Maj – uning tengquri, IV pardada – qari.
Bal’amiy – 48 yoshda.
Nigina – 18 yoshda.
Bonu – Bal’amiyning xotini, 43 yoshda.
Amir Nasr – yosh.
Ustod, saroy shoirlari sardori – 40 yoshda, IV pardada juda qari.
Sahl binni Mansur – sipohsolor, 45 yoshda, IV pardada juda qari.
Sulamiy – faqih, din-shariat aqidalari donishmandi, 40 yoshda, IV pardada juda qari.
Shahid, Murodiy, Faroloviy – forsigo‘y shoirlar.
Shakuriy, Orifiy – yosh shoirlar.
Akbar – 30 yoshda, IV pardada qari.
Junayd – visoqboshi (kichik sarkarda), 30 yoshda, IV pardada qari.
Oytosh – kichik sarkarda, 30 yoshda, IV pardada qari.
Nuh – yosh shahzoda.
Nuh – somoniy amiri, yosh.
Qari dehqon.
Birinchi dehqon.
Ikkinchi dehqon.
Uchinchi dehqon.
Sarkardalar, saroy ahli, Buxoro shoirlari, asir dehqonlar, xorijiy elchilar, qullar (sarbozlar), sulton saroyining ikki darvozaboni, vazir mulozimi, habashiy qul, mulla, amaldor.
BIRINChI PARDA
Birinchi ko‘rinish
Buxorodagi Somoniylar saroyi darvozasining old tomoni.
Murodiy, Shahid va Faroloviy darvoza tomon yaqinlashib keladi.
Murodiy. Alarni Ustod xojayi buzurgning iltimosi bilan Samarqanddan so‘ratib oldirgan ekanlar.
Faroloviy. Mening farazimcha, xojayi buzurg alarni saroyga chaqirib olmoqchilar. Shunday emasmi, mavlono Murodiy?
Murodiy. Shoyad. Sir emasdurki, xojayi buzurg dariy tili va dariy she’rining muxlisidurlar.
Faroloviy. Qani koshki, alar Buxoroda qolsalar. Mening mulohazam bo‘yicha, Ustod – saroyning “malik ush-shuarosi” hayot ekan, Ro‘dakiyning saroy doirasidan maskan olmog‘iga yo‘l bermaydilar. Nechukkim, “gado dushmani – gado” debdurlar. Shunday emasmi, mavlono Shahid?
Murodiy. Saroy shoirlari sardorini shuaroning ustodi emas, baxillar ustodi, hasadchilar piri va arabiyparastlar shayxi desak, to‘g‘ri bo‘lgusi.
Shahid. Haq gapni gapirdingiz, mavlono Murodiy. Hoy, Faroloviy janoblari, bu yaramaslardan so‘rang-chi, shuaro mushoirasi bo‘ladurmu yo yo‘q?
Faroloviy (darvozabonlarga). Ahli she’r tashrif buyurdilarmi? Bugun shuaro mushoirasi bo‘ladurmi?
Darvozabon. Biz qaydan bilaylik!
Murodiy. Mana ustod ham keldilar.
Shahid (qarab qolib). Ha, har qachongidek, hujra-yu xonaqohning tuprog‘ yalovchisi Sulamiy bilan hamrohdurlar.
Saroy shoirlari sardori, Sulamiy va Bal’amiy kirib keladi.
Ustod (ulug‘vorlik bilan). Xo‘sh, azizlar, ne xabarlar?
Murodiy. Shuaro majlisiga kelgan edik.
Ustod. Shuaro mushoirasida bugun faqat arabcha ash’or o‘qilg‘usi.
Shahid. Biz ham arabiyni biladurmiz.
Sulamiy (tasbeh o‘girib). Bilmoq bilan bilmoqning farqi bordur. Zindiqlar ham, kofir qarmatiylar ham biladurlar oni, ammo…
Shahid (darg‘azab). Nima dedilar, xojam? Biz zindiqlar, qarmatiylar bilan barobar bo‘ldukmi?
Sulamiy. Olloh saqlagay, kamina bu ma’noda gapirmadim. Aytmoqchi edimki, arab lisonini bilmoq kofiy emas, bu lison ixlos ham talab etgusidur. Zero, bu kalomi sharif – Qur’on va payg‘ambar sollallohu alayhi vassalam lisonidur.
Ustod. Sizlar arabiy ash’or o‘qimaydursizlar. Forsiy-dariy ash’ori ersa, navbatdagi mushoirada o‘qilgusidur.
Murodiy. Biz Ro‘dakiy hazratlari ash’orini tinglamoq uchun qadam ranjida qilgan edik.
Faroloviy. Balli, alar bugun shuaro majlisiga tashrif buyurg‘usi.
Ustod. Kelarmish? Ro‘dakiy?
Murodiy. Balli.
Ustod. U Samarqandga qaytmoqchi edi-ku!
Shahid (kinoya bilan). Nachora, u tog‘lik qaysar Ustodning hakimona pandiga quloq osmay, Buxoroda qolibdur va gustohlik bilan shuaro majlisida hozir bo‘lib, xojayi buzurg – Bal’amiy a’lo hazratlari bilan uchrashmoq niyatida emish.
Ustod. Xojayi buzurg bilan?.. Siz qaydan bilursiz?
Murodiy. Alarning o‘zlaridin. Kamina bugun sahargoh payti alarni Maji xattot kulbasida ziyorat qilgan edim.
Faroloviy. Xojayi buzurg! Bal’amiy!
Bal’amiy (Ustodga). Ne xabar, xoja? Ayturlarki, Ro‘dakiy Buxoroda emish, siz oni ko‘rdingizmu?
Ustod. Ha, xojayi buzurg, ko‘rdim, suhbat qildim.
Bal’amiy. Qanday kishi ekan? Sizningcha, biz oni qabul etsak, munosib bo‘lurmu? Ba’zi kishilarning qavliga ko‘ra, u yo‘nib pardozlanmagan qishloqiy emish, ulug‘lar majlisi odobini bilmas emish.
Ustod. Karomat qildingiz, xojayi buzurg. Gapu so‘z so‘zlamoq, xulqu atvorda bir sahroyining o‘zginasi. Buxoro shuarosi majlisida ishtirok etsa, bu go‘yo tovuslar davrasiga nogahon kirib qolgan tuyadek bo‘lur erdi. Ta’bi ham xom, zavqi noraso, alfozi dag‘al. (Istehzo bilan kulib) Bunga ilova shuki, bu shoir o‘zini Dabusiya aholisining dodxohi – adolat muborizi deb hisoblaydur ekan.
Bal’amiy. Dabusiya aholisining?
Ustod. Ha, uningcha, podshohimning vazirlari bu viloyat aholisiga jabru zulm qilayoturlar emish!
Bal’amiy andishaga tushib darvozadan kiradi, uning ortidan shoirlar ham ergashadilar. Saroy shoirlari boshlig‘i qadamini sekinlatib, darvozabonlarga murojaat qiladi.
Ho‘, Yazdondod, ahvolu kayfiyating qalay?
Darvozabon. Salomat bo‘lg‘aylar, Xojam.
Ustod. Agar Ro‘dakiy ismli shoir kelsa, sizlar oni kiritmagaysizlar.
Birinchi darvozabon. Ro‘dakiy? Bizga bunday farmon bo‘lgan emas.
Ustod. Xojayi buzurg shundoq farmon qildilar. Ul shaxs Xojayi buzurgni ranjitibdi. (Hamyonidan bir necha tanga olib, darvozabonlarga ulashadi). Hayit yaqinlashmoqda, bu hayitlikka xamir uchidan patir.
Birinchi darvozabon. Salomat bo‘ling, xoja, aslo kam bo‘lmang. Biz xizmatingizga hozirmiz.
Ustod darvozaga kirib ketadi. Ro‘dakiy va Maj kelishadi.
Ro‘dakiy. Axiyri u ismini aytdi, ismi Nigina ekan. Nigina – ko‘z, uzukning ko‘zi. Kecha sizning boloxonangiz ayvonidan vazir bog‘iga nazar tashlagan edim, bog‘da yana o‘sha qiz paydo bo‘ldi. Tut daraxtiga chiqdi. Tut terar edi-yu, yoqimli, ammo g‘amgin bir g‘azalni xirgoyi qilib aytur erdi. Men shavqu zavq bilan tinglagan bo‘lsam kerak, g‘azal o‘sha damdayoq yod bo‘lib qoldi. Matlai budur:
Maro zi hasratu g‘am yak damo chudoyi nest,
Nishotro zi azal bo man oshnoyi nest…
Maj: Azaldin aysh-shodlik ila oshno emasmen. Bah-bah! Buni qaysi bir tolesiz shoir aytkan ekandur?
Har ikkisi darvozadan kirmoqchi bo‘lishadi.
Ikkinchi darvozabon. To‘xtang! Sizlar kim bo‘lasizlar?
Maj. Men Maji xattot bo‘lamen, bu kishi oshnam shoir Ro‘dakiy.
Birinchi darvozabon. Biz sizlarni tanimaymiz.
Ro‘dakiy. Men shoirdurman. Shuaro mushoirasiga kelibdurman.
Ikkinchi darvozabon. Har payshanba kuni Buxoro shoirlari saroyga tashrif buyurishadi, ammo alarning orasida biz sizlarni biror daf’a ham ko‘rmadik.
Birinchi darvozabon (shoirning oddiy libos va etigiga taajjub bilan boqib). Shoir emishlar! Yana shotir-novvoy bo‘lib chiqmang? (Qah-qahlab kuladi).
Maj (qizishib). Nega kulasan, noxalaf?
Ro‘dakiy. Gap bu darvozabonlarda emasdur, Maj. Men beishtiboh mulohaza qilurmenkim, bu ham saroy shuarosi sardorining o‘yinu hiylasidur. (Ma’noli qilib)
Dar ba ro‘yam bubast nogah daste,
Sohibi dast nigoh bud pasi dar.
Keling, ketdik.
Parda.
Ikkinchi ko‘rinish
Vazirning hovlisi. Bonu eshik oldida Nigina bilan birga sipohsolor Sahl binni Mansurni kutib oladi. Sipohsolorning ketidan Junayd kirib, bir tomonda tik turadi.
Sahl. Assalomu alaykum.
Bonu. Vaalaykum assalom, sipohsolor. Kelingiz.
Sahl ehtiros bilan Niginaga qaraydi.
Borg‘il, Nigina.
Nigina uyga kirib ketib g‘oyib bo‘ladi.
Sahl. Meni muborakbod eting, Bonu. Amirim yuz ming dinor evaziga menga Dabusiya viloyati xirojini bag‘ishladilar. Hozir men xazinaga yuz ming dinor naqdinani topshirib keldim. Xiroj yig‘ish ertadan boshlanadi. Mening xiroj to‘plovchi vakilim Junayddir. Kanizakni menga tortiq qiling. Xirojning yarmi sizniki bo‘ladi. Junayd ertadan boshlab xaltalab oltinu kumush, xirmonlab g‘alla va mato olib kelib, sizning omboringizga to‘kadi.
Bonu. Buyurgaylar, o‘tirsinlar.
Sahl (o‘tiradi). Mening toleyimga vazir Bal’amiy, sizning fuqaroparvar eringiz shaharda yo‘qdirlar. Bo‘lmasa, albatta, xirojning sotilishiga monelik qilur edilar.
Bonu. Faqat yuz ming? Naqadar arzon?
Sahl. Qullari xirojni undirish yo‘lini biladur. Agar ikki yuz ming dinordin kam undirsam, otim Sahl binni Mansur bo‘lmag‘ay. Xo‘sh, maning shartimga rozimidursiz?
Bonu (chetga qarab). Viloyatning yarim xiroji. Ammo xirojning hammasini bermaguncha osonlik bilan rozi bo‘lmayman. (Sahlga) Nigina bir mamlakat xirojiga arziydur. Qahat bo‘lgan bir viloyat xiroji nima? Yana xirojning yarmi emish!
Sahl. Mening zorim boru zo‘rim yo‘q, mehribon Bonu. Sizdan nima ketdi? Men ham dargohingizning bir qulimen. Axir, o‘zingiz doimo meni “do‘stim, otam davronidan qolgan yodgorlik” deb e’zozlaysiz-ku!
Bonu. Darhaqiqat, sizni ko‘rsam go‘yo otamni ko‘rgandek bo‘ladurmen.
Sahl. Men o‘z vaqtida rahmatli otangizning farmonlari bilan qilich chopib, viloyatlar oldim. Otangiz kaminani Xuroson hokimi lavozimiga tayin etmoqchi edilar…
Bonu. Men bu muddaoni tunov kuni amirga arz qildim. “Xuroson hukumatini sipohsolorga topshiring”, dedim, qabul etmadilar.
Sahl. Bizning bu yosh amirimiz, sizning jiyaningiz kaminaning qadrini bilmaydurlar. Oliymaqom eringiz ham menga yaxshi nazar bilan boqmaydurlar. Har doim meni amirga qoralab yuradurlar. Shunday, jilla bo‘lmasa, siz mening qadrimga yetarsiz, Bonu?
Bonu. Niginani baxsh etaymi?
Sahl. Bu ayni muddao – sizning lutfingizu mehribonchiligingiz bo‘lur edi.
Habashiy qul (kiradi). Shoirlar tashrif etmoqchi.
Bonu (Sahlga qarata). Yana so‘zlashurmiz. Shitob qilmoq, shoshilmoqqa harakat yo‘qtur. (Qulga) Ayt, kirishsin.
Ro‘dakiy va Maj kiradi.
Bonu. Ha-a, Maji xattot!.. Nechun ko‘rinmaysen? Men senga “Kalila va Dimna”ni berib, bir nusxa kitobat qilmoqni buyurmoqchi erdim.
Maj. Jon-dilim bilan, mehribon Bonu. Keyingi paytlarda men ish bilan behad band erdim. Bu shoir do‘stimning devonini kitobat qilmoq ila mashg‘ul erdim.
Bonu. Bu shaxs shoirmilar?
Maj. Ro‘dakiyi Samarqandiydurlar.
Bonu. Ha, eshitganmen. Ba’zi she’rlarini o‘qiganmen ham. (Ro‘dakiyga) Bizning dargohimizga shoirlar ko‘p tashrif buyurishadi. Huzurimizda ash’orlarini o‘qishadi, nega siz kelmaysiz?
Ro‘dakiy. Men ba’zi begonaparvar buxoroliklar kabi, Bonuning latif ta’blari arabiy ash’orini yoqtirib, dariy she’riyatini xush ko‘rmas, degan andisha bilan qadam ranjida qilmas erdim.
Bonu. Men arabiyni yaxshi bilmaymen. Shoirlar huzurimda dariy tilida she’rxonlik qilurlar. Marhamat eting. (O‘tirmoqqa taklif etadi).
Ro‘dakiy. Mehribon Bonu, men sizga ushbu devonimni tuhfa qilib olib kelgandurmen. (Kitobni uzatadi).
Maj. Yagona kitob! Benazir! Kitobat qilgan esa – ushbu qulingiz.
Bonu (shoirga). Sizning marhamatingiz behad ziyoddur. Men devoningizni amir va vazirga ko‘rgazurmen. (Sahlga) Sipohsolor, maylingiz bormi, bu devonni biroz o‘qisak?
Sahl (ta’na ohangida). Ixtiyoringiz.
Bonu (kitobni varaqlaydi, ichidan qog‘oz chiqadi). Bu nedur?
Ro‘dakiy. Bu shu bugun bitilgan yangi g‘azaldur.
Bonu. Mening ko‘zim xira bo‘libdur, yozuvni ravshan ko‘ra olmasmen. (Qulga) Niginani chaqir.
Nigina keladi.
Kel. Buni o‘qig‘il! Ko‘raylik-chi, shoir bugun qanday g‘azal bitibdur?
Nigina (qog‘ozga qarab):
Girift xoham zulfayin anbarini turo…
Sening anbarin ikki zulfingni qo‘lga olayin,
Bo‘salar bilan chehrang betiga naqshlar solayin.
Ro‘dakiy (davom etadi. Bonuga qarab o‘qisa-da, aslida Nigina uchun o‘qiydi).
Bir qatla bo‘lsa-da, sen qadam bosgan yer tuprog‘in
Sajda etib, ko‘zimga surma qilib qolayin.
Sening maktubing sevinchiga ming bo‘sa berayin,
Agar muhrida oning uzuging izin bilayin.
Qo‘lim bir lahza tutmasa agar etaging, buyur:
Uni hind tig‘i bilan kessinlar, rozi bo‘layin.
Bonu. Bah-bah! Juda soz, yoqimli. (Sahlga) Qalay? Ma’qulingiz bo‘ldimu?
Sahl. Men she’rni xush ko‘rmaymen. She’rdan ham, shoirlardan ham bezormen.
Ro‘dakiy. Ha, “ho‘kiz gul istamas, gul qadrin bulbul bilur”, deganlar.
Maj, keyin Nigina va so‘ng Bonu o‘zlarini tutolmay kulib yuboradilar.
Sahl (xijolatda). Garchi odobdin yiroqdur, ammo chiroyli masal aytding, shoir. (Turadi). Menga ijozat bergaysiz, Bonu. Ammo men bilmoq istar edim… Umidvor bo‘laymi yo yo‘q? Dabusiya xirojining yarmi – sizniki!
Ro‘dakiy (maroq bilan). Dabusiya xiroji?
Bonu. Ha. Sipohsolor u viloyatning bu yilgi xirojini sotib olganlar.
Ro‘dakiy. Sotib olganlar? Qaysi xirojni? Axir, Dabusiyada bu yil qurg‘oqchilik. Och-yalang‘och aholi Ko‘hak – Zarafshon daryosidan arig‘ ochib, suvsizlik ofatidan qutulmoqchi. Men Buxoroga yo‘l olar ekanmen, u navohiydan o‘tdim va o‘z ko‘zim bilan ko‘rdimki…
Sahl. Aholining ochu to‘qligi bilan mening ishim yo‘qtur. Xirojni undurmog‘im darkor. Men xazinaga yuz ming dinor naqdina topshirganmen.
Ro‘dakiy. Xalq xiroj to‘lamoqqa qodir emas, siz qanday undirasiz?
Sahl. Qanday? Ha-ha!.. Junayd, sen shoirga aytib ber, xirojni qanday undirasen!
Junayd. “Zam qilu kam qil” usuli bilan.
Ro‘dakiy. Nima?
Junayd. Chunonchi, sizga o‘n dirham xiroj yozgan bo‘lsinlar, men buning ustiga yana o‘n dirham zam etamen; siz yig‘i-sig‘i qilasiz, shunda men besh dirham kam qilamen; keyin siz o‘n besh dirham to‘lashga ko‘nasizu ustiga yana meni duo qilursiz.
Sahl (xushnudlik bilan kuladi). Agar bo‘yin tovlasa, nima qilasen?
Junayd. Qotib qolgan bo‘yinni paykand yumshatgay.
Ro‘dakiy. Paykand?
Junayd. Balli, qarzdorlarni haydab borib, qal’a qurishda ishlatamen.
Ro‘dakiy. Dahshat, dahshat! Buxoroning barcha ulug‘lari arvohiga qasam ichamenki, siz, sipohsolor, xudobexabar kishi ekansiz!
Sahl (Bonuga). Aytdim-ku, men shoirlardan ham, ularning suhbatlaridan ham bezormen. (Ketadi).
Parda
Uchinchi ko‘rinish
Vazir bog‘ining bir burchagi. Nigina Ro‘dakiyning “Ba tog‘i hindi” baytini o‘qimoqda.
Nigina.
Qo‘lim bir lahza tutmasa agar etagini buyur:
Uni hind tig‘i bilan kessinlar, rozi bo‘loyin.
Aylanib, gullarni iskaydi. Ariqda betini yuvadi. Ro‘dakiy paydo bo‘ladi.
Ro‘dakiy.
Yuzingu zulfingni ko‘rib qizil gul,
Boy beribdi rangu hidin butkul.
Suv gulrang bo‘ladi yuz yuvganingda,
Anbar tarqaladi tarasang kokul.
Nigina (shoshilib hayajonda qoladi). Ketingiz!.. Yaxshi emastur…
Ro‘dakiy. Nigina, men bu fursatga ko‘pdan beri orzumand edim.
Nigina. Bu qanday jasorat!
Ro‘dakiy. Bonu huzurlarida o‘qigan g‘azalim sizning sha’ningizga aytilgan edi, payqagan bo‘lsangiz kerak?
Nigina. Yo‘q, payqaganim yo‘q… ketingiz!
Ro‘dakiy. Bag‘ri tosh, meni quvlamang.
Visoling bo‘lmasa bo‘lmas na sabru na toqat, na dil,
Ishqingda yo‘qdir menda na ahdu irodat, na dil.
Nigina. Xudoyo tavba!
Ro‘dakiy. Quyoshim, menga nuringni tarat. Sensiz na kunduzim boru na hayotim.
Be ro‘yi tu xurshedi jahriso‘z mobod…
Sening yuzing bo‘lmasa, xurshidi zahriso‘z bo‘lmasin,
Sensizin ul dame chirog‘i olamafro‘z bo‘lmasin.
Sening vaslingga hech kim mendek badomo‘z bo‘lmasin,
Qaysi kun seni ko‘rmasam, o‘shal kun o‘z bo‘lmasin.
Nigina (orqasini o‘girib xomush qoladi-yu, keyin birdaniga she’r bilan javob beradi).
Mendan visol tamanno qilma hargiz,
Oni qalbingga oshno qilma hargiz.
Visolim tushingda ham ko‘rmagaysen,
Kechgil, bu xayol bino qilma hargiz.
Ro‘dakiy (hayratda. Uning orqasidan borib sochini ushlaydi).
Zulfingni tutsam uzun tun bo‘lg‘usi hosil,
Echsam o‘ramlarin yana bo‘lg‘usi chigil.
Agar torlarin chigilin yechsam birma-bir,
Taroz mushkini taratgay har tola-yu qil.
Nigina.
Ko‘rmak tilaging erdi, ushaldi tilak,
Maqsadu murodiga yetgandin yurak.
Yana ne tilarsen, gustohlik qilmagil,
Chehramda ne ko‘rding, ondin bergil darak.
Ro‘dakiy.
Latofatda yuzing daryo, labing marjon,
Zulfing anbar, og‘zing sadaf, tish dursimon.
Qoshing qayiq, peshonang ajini mavj,
Baqbaqangdir balo qa’ri, ko‘zing to‘fon.
Nigina. Endi bas qilsak. Sizning badihago‘ylikda mahoratingiz menga sobit bo‘ldi.
Ro‘dakiy. Menga ham u yoqimli g‘azalning yaratuvchisi endi ma’lum bo‘ldi: “Maro zi hasratu g‘am yak dame judoyi nest”…
Nigina. Siz endi g‘azal bitishimni bilgan birinchi kimsasiz. Men g‘azal yozishimni hammadan sir tutamen. Ha, kanizakdan she’r to‘qishni emas, xizmat qilishni talab etadilar-da, axir. She’rni esa sizdan talab qilishur.
Ro‘dakiy. Evoh, men faqat endi kim uchun she’r bitganimni bildim. Menga g‘oyibdan kim ilhom yo‘llaganini aniqladim. Men Maj boloxonasidan turib bog‘da sizni birinchi daf’a ko‘rganimda, g‘oyibdan bir ovoz kelib aytur erdi: “Ey shoir, bu parizod sening iqboling, sening taqdiringdur”. Menga ayting-chi, kimning farzandisiz? Qaysi bo‘stonning gulisiz?
Nigina. Men… Niginaman. O‘zgalar barmog‘i uzugining nigini – ko‘zi. Men tili bor qo‘g‘irchoqmen. Men buyummen. Meni o‘g‘irlashlari, sotib olishlari, sotib yuborishlari mumkin.
Ro‘dakiy. Jahon xazinalarini bir joyga to‘plasalar ham, sizning qimmatingizga teng kelmaydi, baho bo‘lolmaydi, siz bebaho xazinasiz.
Nigina. Shoyad ushbu boisdandur, Dovudxon qaroqchi ushbu “xazina”ni o‘g‘irladi. To‘qqiz yoshda ekanmen, Abevarddan, ota-onam uyidan meni olib qochdi. Bilmadim, zargar otam, mushtipar onam hayot ekanmilar yo… Qizig‘i shundaki, men ozgina bo‘lsa ham bilimu donishda fazilat hosil qilganim uchun ushbu odam qaroqchisidan minnatdormen. Chunki u meni ustodlar qo‘lida o‘qitdi, hunar o‘rgatdi. Bular mening qimmatu bahoimni oshirdi. Uch yil muqaddam meni Buxoroga olib kelib, Bonuga sotdi… Endi boringiz, yana biror kimsa ko‘rib qolmasin. (Uzoqlashadi).
Ro‘dakiy. Men sizni yana ko‘ramenmi yo yo‘q?
Nigina. Agar istasangiz, ko‘rasiz.
Ro‘dakiy. Qachon? Qayerda?
Nigina. Bilmadim, o‘zingiz topib olursiz. (Ketadi).
Parda
To‘rtinchi ko‘rinish
Saroy. Amir Nasr, Bal’amiy, saroy shoirlari sardori, Sulamiy.
Bal’amiy (Ro‘dakiy devonini o‘qimoqda).
Zamona pandi ozodvor dod maro…
Zamona menga juda qimmat nasihat etdi,
Agar bilsang, zamon to‘la nasihat erur.
Dedi: “O‘zdan balandroqni ko‘rib g‘am yema,
Ko‘p kishi bor, sen bo‘lishni orzu qilur”.
Nasr. Bah-bah! Juda soz aytgan ekan.
Bal’amiy. Xudo haqi, bu ma’noni dariy tilida bundan yaxshiroq tushuntirmoq va yuksakroq bayon etmoq amri maholdir.
Sulamiy. Yaxshi so‘zladilar, xojayi buzurgim, ammo banda ham uning ash’orlarini mutolaa qilibdurmen va arz etmog‘im lozimki, uning ash’orida mavjudotning faqat tashqi jihatlari haqida bahs etildi; biroq ilohiy qudrat va rasulu nabiy haqida biron kalima so‘z yuritilmadi…
Bal’amiy. Har so‘zning o‘z o‘rni bor. Ollohu rasulining nomi tasbih emaski, bo‘lar-bo‘lmasga uni o‘giraversang.
Nasr (saroy shoirlari sardoriga). Siz nima deysiz, Ustod?
Ustod. Bu qulingizning nazaricha, Ro‘dakiy she’rlarining ko‘pi bir daraja silliq emas, pardozlanmay qolganga o‘xshaydi, amirim. Tili dag‘al, ma’nosi esa yengil-elpi…
So‘zi shartta kesiladi. Chunki shu vaqtda Ro‘dakiy, Mahmud Murodiy, Faroloviy va Maj kirib keladilar. Ro‘dakiy saroy shoirlari sardorining so‘nggi so‘zlarini eshitadi.
Bal’amiy. Siz Ro‘dakiymisiz?
Ro‘dakiy yarim ta’zim qiladi.
Nasr. Siz yosh ekansiz! Biz sizni yuksakroq, jahongashta, yaxshi-yomonni ko‘rgan kishi deb gumon qilar ekanmiz.
Ro‘dakiy. Podshohim ham navqirondurlar. (Saroy shoirlari sardoriga kinoya qilib). Ba’zi kishilar yoshi ulg‘aygan sari faqat soqollarini o‘stirib uzaytiradilar, ba’zilar aqlni.
Nasr va Bal’amiy zavq bilan kuladilar.
Bal’amiy (saroy shoirlari sardoriga). So‘zingiz tugallanmay qoldi, Ustod, nima demoqchi edingiz?
Ustod (Ro‘dakiyning so‘zidan mulzam bo‘lgani uchun bir qadar hayajonlanib gapiradi). Podshohning umrlari uzoq bo‘lgay, bu yosh shoirning she’rlari, harqalay, yomon emas, ammo bandaning nazarida, ash’ori birmuncha ravonlik va ravshanlikdan xolidir. Shoir avom xalq va qishloqilarning so‘zu kalimalarini ko‘p iste’mol qiladur…
Bal’amiy. Siz asabiysiz, Ustod. Siz ham, Sulamiy.
Ustod (tavoze bilan). Xojayi buzurg arab lisoni va arab she’riyatining balog‘at va fasohatiga shak bilan qaraydilar, deb gumon qilmasin…
Bal’amiy. Yo‘q, men sizning ona tilimizni sevish-sevmasligingizga shak bilan qaraymen!
Ro‘dakiy. Yaxshi arabiy ash’orini men ham sevaman; arablarning shunday zabardast shoirlari borki, alar, alhaq, badiiy so‘zni kiritib tashlaganlar, ammo menga o‘z ona tilimiz yaqinroq va dariy so‘zlari yoqimliroqdir.
Ustod. Yoqimlilik bilan yoqimlilikning tafovuti bordur. Forsiy-dariy tilida she’r bituvchi shunday shoirlar ham borki, alarni oliy martabali va didi yuksak kishilar xush ko‘radilar.
Bal’amiy. Ammo, aziz Ustod, shunday bo‘lsa-da, bizning xalqimiz bunday ash’orni yaxshi tushunmaydi va yoqtirmaydi ham.
Ro‘dakiy. Qaysi biri avlo: xos kishilarning yoqtirishi va ommaning yoqtirmasligimi yoki ularning har ikkisiga manzur bo‘lishmi?
Ustod. Menga birinchisi ma’quldir.
Bal’amiy. Ash’or ilohiyot va rasulu nabi madhi va sharafini ifodalamog‘i darkor.
Ro‘dakiy. Shu bilan birga go‘zallar husni-latofati, bazmu razm, qalbning shodu xurramligi, gulu bulbul, bahor nafosati, may va ob ham o‘z ifodasini topmog‘i lozim.
Murodiy. Bularning barchasini mamlakatimiz shoirlari o‘z ona tilimizda – forsiy dariy tilida yaxshiroq va go‘zalroq kuylashlari mumkin.
Ustod. Har holda nazmda avom alfozini, sahroyilar, ko‘cha-ko‘y, bozor ahli so‘zlarini iste’mol etish mumkin emas.
Ro‘dakiy. Ha, arab dasturxoni qoldig‘ini kutganlar bizning beminnat jaydari nonimizni xush ko‘rmaydilar-da!
Bal’amiy. Alhaq, shunday. Durust so‘zladingiz.
Nasr. Ayturlarkim, arab she’riyatining alfozi avvalboshida avom xalq alfozi erkan; she’riyatda bu so‘zu alfoz go‘zalroq va ravonroq bo‘lubdur. Movarounnahr, Xuroson va Eron aholisi shoirlarimiz ash’orini o‘z ona tilida ko‘proq o‘qisa va tinglasalar, bu bilan alarning bizga va bizning davlatu saltanatimizga mehru muhabbati ortgay. Bizning dargohimizga tashrif buyurgan ayrim arab zodagonu arboblari ta’na bilan ayturlarkim: “Bizning falon-falon ulug‘ shoirlarimiz bor, sizlardan kim bor?” Shoyad shoirlarimiz bizni bu ta’nalardan xalos etsalar. (Biroz xomushlikdan keyin) Sizning ustodingiz kimdur?
Ro‘dakiy. Mening ustodim badihago‘y – xalq shoiri edi, oti Surhaq, o‘z qishlog‘im Panjrudning cho‘poni; undan keyin mening ustodim Xuroson, Eron va Movarounnahrning barcha zabardast shoirlaridurlar.
Nasr. Qani, biz uchun biron she’r o‘qisangiz.
Ro‘dakiy. Bosh ustiga. Nima xususda she’r eshitmoqchisiz, amirim?
Nasr. O‘zingiz yaxshi bilursiz. Chunonchi, bahor haqida, lolalar, gul fasli haqida… biron nimangiz bor-ku?
Ro‘dakiy.
Omad bahori hurram bo rangu bo‘yi tib,
Bo sad hazornakhatu oroyishi ajib…
Keldi ajoyib, chiroyli bahor,
Qancha go‘zallik desang unda bor.
Ajabmas qari bundan yasharsa,
Jahri o‘ziga topmish yosh nigor.
Salak o‘ziga lashkar tuzubdur,
Bulut askaru shamoli sardor.
Dovulchasi ra’d, shartlovchi yashin,
Bunday haybatli lashkar qayda bor?
Motamlilarcha yig‘laydi bulut…
Nasr (shavq bilan takrorlaydi). “One abr bin, ki giryad chun mardi so‘gvor” – “Motamlilarcha yig‘laydi bulut”…
Ro‘dakiy.
Nolishda ra’di oshiqqa o‘xshar,
Quyosh har zamon ko‘rinib qolur.
Go‘yo qo‘rg‘ondan mo‘ralar nigor.
Qahri necha kun kasalmand edi,
Gul hidi qildi doruni tayyor.
Sochmoqda yomg‘ir xushbo‘y tomchilar.
Oq to‘nni yechdi yer yuzidan qor.
Qor o‘rnini gul egallab oldi,
Qaqragan ariq bo‘ldi obshor.
Uzoqdan lola aylar tabassum,
Qip-qizil go‘yo xina qo‘ygan yor.
Nasr. “Chun panjayi aro‘simba xino shuda xazib” – “Qip-qizil go‘yo xino qo‘ygan yor”.
Ro‘dakiy.
Galma-gal har dam kuy kuylashadi,
Gul uzra bulbul kuylar, yor-yor.
May ichib endi bo‘lding shodmon,
Olur nasiba o‘z yoridan, yor.
Tanlab soqiyni, nay ichib kuyla,
Kuylamoqdadur bulbul bilan sor.
Nasr. “Kaz kisht sor nolayu az bog‘ andalib” – “Kuylamoqdadur bulbul bilan sor!”
Soz, juda soz. Axsant, ofarin!.. Yaxshi so‘z va yaxshi shoir biz uchun qadrli-qimmatlidur. (Uzugini barmog‘idan olib, shoirga in’om qiladi). Bu bizdan sizga bir yodgorlik. Bizning xizmatimizga keling, saroy shuarosi davrasidan o‘rin oling. (Devonni varaqlaydi). Xati chiroyli ekan. Devonning kotibi kimdur?
Ro‘dakiy. Maji xattot.
Maj (ta’zim bajo keltiradi). Yagona desa arzigulik devon, amirim. Devon emas , ma’nolar xazinasi. So‘z emas, durru gavharlar.
Sahl binni Mansur kirib bir joyda kutib turadi.
Nasr (Ro‘dakiyga). Bizdan talab-istagingiz bormi? Ayting, biz mehru ehsonni darig‘ tutmaymiz.
Ro‘dakiy (ko‘zi Sahlga tushadi). Oliy marhamatingiz meni so‘zlamoqqa da’vat etib, dadillik bag‘ishladi. Istardimki, podshohim lutfu karam qilib bu yil Dabusiya aholisini xirojdan ozod etsalar.
Nasr (hayratlanadi). Nima? Xirojdan ozod etaylik?
Ro‘dakiy. Men o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim: qurg‘oqchilik va qahat ul viloyat aholisini qattiq azob-uqubatga giriftor etgan…
Bal’amiy (amirga). Haq gapirdilar. Bu talabni men ham podshohimga arz qilgan edim.
Ro‘dakiy. Aholi xirojni to‘lashga ojizdur, ular podshohimizning adolatidan umidvor. U vohadan o‘tib borarkanman, mening shoirligim va Buxoroga ketayotganimni bilgan kishilar, zori-tavallo qilib, arzi hollarini oliy dargohlariga yetkazishimni o‘tinib iltimos qilib qoldilar.
Nasr (xushnudsiz). Yana Dabusiya?.. Dabusiya masalasi sipohsolorning ixtiyorida.
Sahl. Podshohim, bu shoir gapirgan gaplar safsata, asli-asosi yo‘q. Dabusiya ahli mug‘ombirdurlar: o‘zlarini muhtoju benavo qilib ko‘rsatadilar, bu bilan podsholik xirojini o‘z zimmalaridan soqit qilmoqchi yoki kamaytirmoqchi bo‘ladilar.
Nasr (Ro‘dakiyga). Siz ularning arzi holini yetkazish – dodxohlik qilishni chakki o‘z zimmangizga olgansiz, shoir. Biz bu viloyatdan xiroj olish ixtiyorini sipohsolorga topshirganmiz. Biz o‘z farmonimizni o‘zgartira olmaymiz.
O‘rnidan turib boshqa bir xona eshigiga kirib ketadi. Bal’amiy ham uning ortidan yurib boradi.
Sahl (Ro‘dakiyga). Sen sherning dumi bilan o‘ynama, shoir. Ehtiyot bo‘l!.. (Chiqib ketadi).
Parda
IKKINChI PARDA
Beshinchi ko‘rinish
Dala. Suv yoqasi. Otlarning oyoq dupuri eshitiladi. Ro‘dakiy va Maj kirib keladilar.
Ro‘dakiy. Keling, Maj, bu yerda biroz dam olaylik.
Maj. Ajib xushhavo joy ekan.
Ro‘dakiy. Men Buxoroga ketayotib shu yerdan o‘tgan edim, xalq ushbu ariqni qazir edi. O‘sha kezlarda tashnalikdan joning halqumingga kelsa ham, bir tomchi suv topolmasding, kishi. Darhaqiqat, insonning qo‘li yaratuvchidir: cho‘llarni farovon bog‘-bo‘stonga aylantiradi… lekin nega bu yerda odamlar ko‘rinmayotir?..
Boshqa tomondan bir necha otning dupur-dupuri va turli ovozlar eshitiladi: “Tezroq, qadam bosinglar!”, “Hey, qayerga boryapsan? Yo‘l bu yerda!”, “O‘g‘ri! Muttaham! Shunday urayinki, parcha-parcha bo‘lib ketasan!”, “Visoqboshi! Shu yerda ozgina dam olsak-chi, otlar ham charchab ketdi”. Junayd bir necha qilich yalang‘ochlagan sarboz bilan bir guruh oyoqyalang, egni-boshi yirtilib ketgan dehqonni haydab kiradi. Bu bandilarning qo‘li arqon bilan orqasiga bog‘langan va arqonning uchi sarbozning qo‘lida.
Mo‘ysafid dehqon. Mana bizning arig‘imiz! Bizning suvimiz. (Junayd va sarbozlarga yig‘lab) Ilohim, bizning mehnatu mashaqqatimiz uvoliga qolinglar. Ilohim, sitamgarlar bir tomchi suvga zor bo‘lib, yurak-jigari kuyib o‘lsin!
Ro‘dakiy. Vatanimdan – Samarqandning Panjro‘didan. (Mo‘ysafidga) Usta amaki?.. Meni tanidingizmi?
Mo‘ysafid dehqon (ta’na ohangida). Tanidim, sen shoir Po‘dakiysan. O‘tgan yili ariq qaziyotganda shu yerda seni ko‘rib arzi hol qilgan edik. Sen “arzi holingizni podshoga yetkazaman”, degan eding. Endi sen saroy shoirisan, podshoning mahramisan. Albatta, kishi amiru vazirlar bilan hamnishin bo‘lgandan keyin va’dasi esidan chiqadi, bechora kishilarning arzi-dodi qulog‘iga borib yetmaydi.
Ro‘dakiy. Men sizlarning arzingizni amirga yetkazgan edim. (Junaydga) Nima hodisa, visoqboshi?
Junayd. Bular xiroj to‘lashdan bo‘yin tovlashdi.
Dehqonlar g‘avg‘o qilishadi.
Birinchi dehqon. Tomosha qil. Biz ushbu qo‘llarimiz bilan tog‘-tosh kesib, biyobonning siynasini chok etib, shu ariqni ochdik, o‘zing ko‘rgan eding!
Ikkinchi dehqon. Bizga hech kim yordam bermadi!
Uchinchi dehqon. Bir necha bor Buxoroga borib, ko‘maklashing, ariq ochaylik, qaqrab ketdik, deb arz qildik. Bizga aytishdi: “Ariqni o‘z kuchingiz bilan oching, biz sizlarni uch yil xirojdan ozod qilamiz”. Endi esa arig‘imiz uchun ham xiroj solishadi…
Birinchi dehqon. Axir, suv yaqindagina keldi, bor-yo‘g‘imiz ariq qazishga sarf bo‘lib ketdi, biz xirojni qayerdan olamiz?
Mo‘ysafid dehqon. Sen shoirsan, haqparastsan, agar qo‘lingdan kelsa, bizning dodimizga yetgin.
Ro‘dakiy (Junaydga). Bularni qayerga olib ketayotirsiz?
Junayd. Paykandga. Sipohsolorning farmoni bilan bular u yerda qal’a qurish ishida qarzlarini uzguncha ishlashadi.
Maj (qo‘li bog‘langan kimsani ko‘rsatib). Bu kishi kimdur?
Junayd. Bilmayman. Kimligini aytaymi? Yo‘lda qayerdandir paydo bo‘lib, bularning orasiga kirib oldi, keyin bir mahal isyon ko‘tarib, bu odamlarni qochirib yubormoqchi bo‘ldi, sipohsolorning ikki qo‘lini urib qontalash qildi.
Mo‘ysafid dehqon. Qo‘rqmas, adolatparast, mard ekan!
Ro‘dakiy. Bularni ozod eting! Ozod eting!
Junayd. Mening farmonfarmoyim sipohsolordurlar.
Ro‘dakiy. Ozod eting!
Maj. Sen bilan saroy shoiri gaplashyapti, yaramas noxalaf!
Junayd. Men shoir-poirni bilmaymen. (Ro‘dakiyga) Siz kattaligingizni boshqa yerda qiling, xoja. Mening boshlig‘im – farmonfarmoyim sipohsolor Sahl binni Mansurdurlar.
Ro‘dakiy. Mening o‘zim sipohsolor bilan gaplashamen!
Junayd. Gaplashsangiz gaplashaverasiz, men sipohsolorning ushbu amrlarini allaqachon olganman. (Bandilarga) Yuringlar!
Ro‘dakiy (Junaydga). Sabr qiling, biroz to‘xtang! Bularning qarzi qancha?
Junayd. Bir ming yuz dinor.
Ro‘dakiy (cho‘ntagiga qo‘l soladi, siqiladi; bandilarning iltijoli qarashlaridan eziladi. Go‘yo madad so‘rab Majning yelkasiga qo‘lini qo‘yadi va birdan ko‘zi barmog‘idagi uzukka tushadi. Uzugini olib Junayd tomon uzatadi). Mana! Oling!
Maj (qo‘rquv bilan). Abuabdullo!.. Siz nima qilayotirsiz? Amirning uzugi!.. Balolarga qolasiz!..
Ro‘dakiy (Junaydga). Oling! Uzukning narxi bularning qarzidan ziyodadir. Oling!
Junayd (uzukni olib tikiladi). Hazil qilmang, xoja. (Qaytarib beradi).
Ro‘dakiy. Hazilning o‘rni emas! Oling! Hammalarini ozod eting!
Junayd ikkilanadi.
Ro‘dakiy (alamidan faryod chekkandek). Garchi siz sitamgarsiz, berahmsiz, ammo sizni ham ona tuqqan-ku! Agar vujudingizda insoniylikdan bir zarra ham qolgan bo‘lsa, olingu bu kulfatkashlarni ozod eting!
Junayd (uzukni oladi). Xayr, buni sipohsolorga topshiraman. (Dehqonlarga) Hammangiz ozodsiz! (Sarbozga qo‘li bog‘liq kishini ko‘rsatib) Uning qo‘llarini yech! Qo‘yib yubor, ketsin!
U kishining qo‘llarini yechadilar. Junayd sarbozlar bilan birga ketadi. Dehqonlar Ro‘dakiyni o‘rtaga oladilar.
Mo‘ysafid dehqon. Ilohim, yuz yoshga kirgin! Murod-maqsadingga yetgin! Biz bu yaxshiligingni unutmaymiz.
Birinchi dehqon. Keling endi, inim, bugun mehmonimiz bo‘ling, birga non-tuz yeng.
Ikkinchi dehqon. Bizning qishlog‘imiz uzoq emas, mana shu tepalikning ortida.
Ro‘dakiy. Agar fursatimiz bo‘lganda, jon-dilimiz bilan borardik. Biz tezda Buxoroga yetib borishimiz lozim. Sizlar boringiz. Nasib bo‘lsa, yana bir-birimiz bilan ko‘rishurmiz.
Mo‘ysafid dehqon. Ilohim, nasib etsin. Salomat bo‘l, inim, xayr, oq yo‘l!
Hamma ketadi, “isyonchi” kimsa qoladi.
Ro‘dakiy. Siz nega ketmaysiz?
Isyonchi kimsa xomush.
Siz kimsiz?
Kimsa. Men shunday bir kimsamenkim, sizdan ikki dunyo qarzdorman.
Ro‘dakiy. Agar qarz demoqdan maqsad undan ozod bo‘lish bo‘lsa, men qarzingizdan kechdim.
Kimsa. Falakning gardishi bilan siz meni ikki marta ajaldan qutqarib qoldingiz.
Ro‘dakiy (hayron bo‘lib). Ikki marta?
Kimsa. Balki… Bu yetti yil muqaddam bo‘lgan edi… Hammasi ko‘z oldimda: Samarqand jangi, dahshatli muhoraba, g‘oratgarlik Shahid bo‘lgan amir amakisini yengib, uning qullarini bandi qildi. Hammalarini qilich domidan o‘tkazishga farmon berdi. Shoirlar, olimlar amir ziyoratiga kelgan edilar, shunda amir sizdan so‘ragan edi: “Ey shoir, menga ayt-chi, kim marddir va mardlik nimadir?” Siz she’r bilan javob qaytarib aytgan edingiz:
Gar ba sari nafsi xud amiri, mardi!..
O‘z nafsini mag‘lub etolgan marddir!
G‘iybatdan uzoq-uzoq ketolgan marddir!
Nomard tepib o‘tar yiqilganlarni,
Ojiz kishilar qo‘lini tutolgan marddir!
Amir bu she’rni tinglab, andishaga g‘arq bo‘ldi. Keyin hojibga buyurib: “Bu bandilarni ozod qilgin!” dedi. Ozod bo‘lgan bandilar qatorida men ham bor edim.
Ro‘dakiy. Siz kimsiz? Kasbingiz nima?
Kimsa. Men Akbar Marvaziymen…
Maj. Akbar Marvaziy!
Kimsa. Sobiq sarboz, zindondan qochgan, uysiz-kimsasiz, farmonlardan bo‘yin tovlagan sarkash! Mazhabim ismoiliylik, sizlarning qavlingiz bilan aytganda, qarmatiy. Qarmatiylar peshvosi Muhammad Nahabandiy menga hodiy va men uning payravimen. Biz haqiqat izlaymiz! Adolat istaymiz! Hozirgi kunda o‘nlab kishilar bizning tomonimizga o‘tmoqda, erta-indin, pichoq borib suyakka qadalgandan keyin, yuzlab, minglab kishilar bizning tomonimizga o‘tishadi. Siz bu yerda bir qishloqning asirlarini ozod etdingiz. Vaholanki, sarkardalar, amaldorlar, vaziru amirlarning navkarlari shaharu qishloqlarda piltani tul xotinlar chirog‘idanu luqmani yetimlar og‘zidan tortib olmoqdalar. Bu benavolarni kim qutqaradi? Kim?.. Kechirgaysiz, men sizlarni yo‘ldan to‘xtatib qoldim, o‘zim ham sheriklarimdan orqada qoldim, salomat bo‘linglar. (Ketadi).
Ro‘dakiy (mot bo‘lgandek hayratda). Piltani tul xotinning chirog‘idan… Luqmani yetimning og‘zidan…
Parda
Oltinchi ko‘rinish
Oydin. Vazir bog‘ining bir cheti. Ro‘dakiy intizorlikda. Nigina keladi.
Ro‘dakiy. Bu sizmi, ey oliy zebolik? Nahotki, siz yana men bilan birga bo‘lsangiz? Agar o‘ngim bo‘lsa, ma’lum bo‘ldiki, parvardigor behisht saodatini kishiga shu dunyoda ham ato qilar ekan va agar bu tush bo‘lsa, kechiring, qiyomatga qadar men uyg‘onmay uxlab qolayin.
Nigina. Koshki edi, tush bo‘lsa! Zero, siz aytgan saodatga kishi faqat tushida erisha oladi, xolos.
Ro‘dakiy. Sizni bilmadim-u, ammo diydoringizni ko‘rmoq men uchun saodatdur. Nigina, ne bo‘ldi, parishon ko‘rinasiz?
Nigina. Shodmen… xususan, kishi mahbubi diydorini oxirgi marta ko‘rishga muyassar bo‘lsa, juda shodlanadi, axir.
Ro‘dakiy. Oxirgi? Nechuk oxirgi?
Nigina (so‘zlashga taraddudlanib). Negaki… ha, shunday… yo‘q-yo‘q, hech gap yo‘q… Aytgandek, Samarqandga yaxshi sayohat qildingizmi?.. qarindosh-urug‘laringizni ko‘rdingizmi?.. Shod-xushnud bo‘lib qaytdingizmi?
Ro‘dakiy. Shod-xushnud bo‘lib qaytdim, siz tomon shitoban intildim. Nigina, “oxirgi diydor” deganingizning ma’nosi nima? Nega gapni yashirasiz?
Nigina (noiloj). Men… asira edim, ammo or-nomusli asira. Endi xudoyim asirlikni ham ko‘p ko‘rdi. Meni orsiz-nomussiz asiraga aylantirmoqchilar, so‘nggi insoniylik sharafimni, usiz hayot – hayot emas, o‘limdir, fano yeliga sovurmoqchilar… Bizning uyimiz shiftiga qaldirg‘och in qo‘yib, bolalarini uchirma qilgan edi… Men bir kuni ularning oxirgi uchishi – palapon bo‘lishini tomosha qilardim, bir mahal qarasam, yig‘layapman ekan. Ular-ku pat-qanot chiqarib, keyin uchib ketdilar, ammo men… men loaqal bir marta bo‘lsa ham o‘z maylim bilan parvoz qilolmadim, pat-qanotimni qirqib qo‘ydilar… Qayerga qarama, hammasida tuzoq, sayyod, qafasni ko‘rasen.
Nigina so‘zlayotganda, bog‘ bilan ko‘chani ajratib turuvchi devorning ortidan ot minib, qo‘lida qamchin tutgan saroy shoirlari sardori ko‘rinadi. U o‘tib ketib g‘oyib bo‘ladi.
Ro‘dakiy. Nigina, nimalar deyapsiz? Sayyod kim? Kim sizga tuzoq qo‘ymoqchi?
Nigina. Oltinparast, mol-dunyoga hirs qo‘ygan Bonu meni sipohsolorga sotdi. (Yig‘laydi).
Ro‘dakiy. Yo rabbiy!.. Hali qadam yor visoli ko‘chasiga yetmay, yor diydori lazzatidan bahra topmay, falak bizga ayriliqning zahar qo‘shgan may qadahini tutib ichirmoqda…
Nigina. Kimdir biz tomonga kelayotir. Men tamom bo‘ldim!
Aylanib yurgan Bal’amiy bularning ustiga kelib qoladi.
Bal’amiy. Hoy, Nigina?.. Bu erkak kimdur?.. Ro‘dakiy?
Ro‘dakiy. Balli, bu menmen. Xojayi buzurg, men bu qizning oshig‘imen, ul ham meni sevadir.
Bal’amiy (tutila-tutila). Behuda, behuda… Bu ishqning hosili baxtsizlik va murodsizlikdan bo‘lak narsa emas.
Ro‘dakiy. Nima?.. Xojayi buzurg!
Bal’amiy. Balli, agar bu qiz nahangning og‘zida bo‘lganda ham olish osonroq bo‘lardi, ammo u… Bonuning panjasida. Mana Bonuning o‘zi ham shu yerga kelayotir, siz boring, Ro‘dakiy, tezroq.
Ro‘dakiy ketadi, Bonu hozir bo‘ladi.
Bonu. Nigina? Senmi? Men seni qachondan beri izlayapman, hech qayerda yo‘qsen! Nega hayajondasen? Nima voqea sodir bo‘ldi?
Bal’amiy (kulib). U bog‘ning qorong‘iligida menga duch kelib, qo‘l-oyog‘ini yo‘qotib qo‘ydi. (Niginaga) Yoki sen meni qaroqchi Dovudxon deb gumon qildingmi?
Nigina (o‘zini tutib olib Bal’amiyga ta’zim qiladi). Ma’zur tuting, men sizni taniyolmadim.
Bonu. Bor, uyga bor!
Nigina ketadi.
Uxlashdan oldin aylangani chiqqanmidingiz?
Bal’amiy. Balli, Bonu, kanizagingizning xulqu atvori haqida biror nima sezganmidingiz?..
Bonu. Gumonimcha, bu aqlsiz Ro‘dakiyga ko‘ngil qo‘ygan.
Bal’amiy. Mening gumonimcha ham shunday. Ammo nega aqlsiz deysiz. Nima, Ro‘dakiy uning sevgisiga munosib emasmi?
Bonu. Bu bilan siz nima demoqchi bo‘lasiz?
Bal’amiy. Ro‘dakiy ham unga oshiqdur. Bonu, Sahl binni Mansur kanizakka muhtoj emas. Agar siz lutfu marhamat qilib, qizni shoirga xotinlikka bersangiz, har holda xayrli bir ish qilgan bo‘lur edingiz.
Bonu. “Xayrli”? Men amirni deyarli rozi qilgan edim, ammo siz oraga tushib, ishni buzdingiz.
Bal’amiy. Sipohsolor sizga kanizakning haqini berib tugatdimi yo yo‘qmi?
Bonu. Yarmini berdi. U hali Dabusiya xirojini undirib olib, tamom qilganicha yo‘q.
Bal’amiy. U amirning farmoni bilan Abusolih isyonini bostirish uchun bir necha kundan keyin lashkar tortib Nishopurga jo‘naydi.
Bonu. Bilamen.
Bal’amiy. U yerdan qachon qaytadi, tirik qaytadimi-yo‘qmi, xudo biladi.
Bonu. U qaytib kelguncha men Niginani omonatda saqlaymen. Biz sipohsolor bilan shunga qaror qildik.
Bal’amiy (istehzo bilan). Qiz allaqachon sipohsolorniki bo‘ldimi? Uning omonat moli bo‘ldimi?
Bonu (Bal’amiyning istehzosi izzat-nafsiga tegib). Bo‘lsa-bo‘lmasa, sizga nima? Nigina o‘zim sotib olgan qul – zarxarid, uni nima qilsam, ixtiyor o‘zimda; yaxshisi, siz mening ishimga aralashmang. (Ketadi).
Bal’amiy. Ha, bu mamlakatda xotini “Mening ishimga aralashmang” deguvchi yagona er men bo‘lsam kerak.
Parda
Ettinchi ko‘rinish
Saroy. Sahl binni Mansur va saroy shoirlari sardori – Ustod kirib keladilar.
Ustod. Eshitdimki, siz ishqi mazraiga hoyu-havas urug‘ini sepgan ekansiz, ammo nega shudgorni qo‘riqlamaysiz, uni toptashyapti-ku?
Sahl. Men bilan ramzu kinoyasiz gaplashsangiz. Nima bo‘libdi, o‘zi?
Ustod. Men vazirning bog‘ida kanizak Niginaning bir yigit bilan o‘pishib-quchoqlashib turganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim.
Sahl. Nigina? Qachon? Kim bilan? Abulhafsi Kabir mozoriga qasam ichamen, agar yolg‘on gapirsangiz, mana shu dudama xanjar bilan sizni…
Ustod. Men hech qachon kizbu yolg‘on so‘zning biror harfi bilan tilimni bulg‘agan emasmen, men sizning do‘stingizmen. Kecha kechqurun saroydan qaytayotib, ittifoqo vazir bog‘ining devori ustidan qarasam, Ro‘dakiy bilan qizni ko‘rib qoldim, ikkalasi berilib suhbat qilishardi. Oshiq-ma’shuqlar odatan o‘pishib-quchoqlashadi-da, men…
Sahl. Bas, bo‘ldi! Vallohu billoh, mana shu xanjar bilan har ikkisining qornini yorib tashlaymen! Siz bilib ko‘ring-chi, Ro‘dakiy amir bilan Hirotga jo‘naydimi yoki Buxoroda qoladimi? Agar qoladigan bo‘lsa, men ham Nishopurga ketmaymen, mayli, meni amir dorga osib yuborsin. Men qo‘zichoqning bu bo‘riga yem bo‘lishini istamaymen.
Junayd kiradi.
Junayd. Assalomu alaykum. Sipohsolor, men Paykanddan keldim. U yerda uch ming qarzdor qal’a qurishda ishlamoqda. Ammo men Dabusiya qarzdorlarini u yerga haydab olib ketolmadim: shoir Ro‘dakiy menga monelik qildi. U yo‘lda bizga duch kelib qolib, mana shu uzukni berib, hammalarini ozod qilgin, deb amr etdi. Men saroy shoiri va podshoh nadimining so‘zini rad etolmadim.
Sahl (uzukka tikilib qarab). Buni biror kishi ko‘rdimi-yo‘qmi?
Junayd. Men bilan birga bo‘lgan to‘rt nafar quldan boshqa hech kim ko‘rgani yo‘q.
Sahl. Borgin, keyin so‘zlashurmiz.
Junayd chiqib ketadi.
Ustod. Bu podshohim Ro‘dakiyga in’om qilgan o‘sha uzuk.
Sahl. Buning qimmati besh ming dinordan kam emas. Xoja, siz bilasiz va Xudo. Damingizni chiqarmang, ming dinor sizniki.
Ustod. Gapirmang! Raqibingizga qarshi ish tutmoq uchun buni sizga Ollohim yuborgan. Bu uzuk sizning xanjaringizdan qotilroqdur! Sizdek davlatmand kishiga besh ming dinorning nima qimmati bor?
Sahl. Ya’ni… uzukni amirga ko‘rsataymi?
Ustod. Albatta! Ko‘rsatasiz-u keyin Ro‘dakiyning hol-ahvolini fosh qilasiz. Amir uning qadahiga g‘azabning halok etuvchi zahrini quyadi va lutfu marhamatning bolini siz tatiysiz. Qo‘zichoq ham biryo‘la bo‘rining changalidan xalos bo‘ladi.
Dahlizda kulgi va shovqin-suron. Oytosh shahzoda Nuh bilan o‘yinchoq qilichda qilichbozlik qilib kirishadi va ularning ortidan amir hamda qo‘lida tasbeh tutgan Sulamiy ko‘rinish beradi, ular bu manzarani zavqu shavq bilan tomosha qiladi.
Sulamiy. Shahzoda hali go‘dak bo‘lsalar ham, alarning zarbalaridan tug‘ma shijoat va quvvat hissi sezilib turadur. Inshoolloh, jahongir bo‘lgusidurlar!
Nasr (Sulamiy va Oytoshga). Biz sizlarning har ikkingizni shahzodaga muallim qilib tayinladik. Sen, Oytosh, unga qilichu o‘q-yoy ilmini o‘rgatursen; siz, Sulamiy, oxiratu imon ilmini. Boringiz, shahzoda bilan mashg‘ul bo‘lingiz.
Oytosh va Sulamiy shahzoda Nuh bilan birga chiqib ketishadi.
Sipohsolor! Ertaga biz Hirotga jo‘naymiz, siz Nishopurga lashkar tortasiz. Abusolih, osiy qarmatiyni mag‘lub etib bosganingizdan keyin bizning huzurimizga – Hirotga borgaysiz. Dindan toygan u yaramas, mal’un toifaga rahm-shafqat qilmang. Fitna va fasod o‘tini qilich suvi bilan o‘chirib tashlang!
Sahl. Farmonbardoringizmen. Bu boshimu tanim podshohimga fido, valine’matim, sohibdavlatim. Agar bu tanimda yuz boshu yuz jonim bo‘lganda ham hammasini darig‘siz sohibdavlatimga nisor etur edim. Bu qulingiz yaxshilikning qadr-qimmatiga yetadi, bevafolik qilmaydi. Ba’zi ko‘rnamaklarga o‘xshab oyoqyalang, avbosh itoatsizlarga, toju taxtga yomonlik sog‘inuvchi yaramaslarga yon bosib, ularni himoya qilmaydi.
Nasr. Siz kimdan va nimadan kinoya qilayotirsiz, sipohsolor?
Sahl. Sahroyi qalamkashlardan, she’r bitguvchi kulollardan, zarbof kiygan ta’bi gadolardan, naslu nasabsiz masnadnishin amaldorlardan, podshohim. Siz bittasini sahrodan olib kelib, saroy shoiri qildingiz, endi u bosar-tusarini bilmay qoldi. Zakotu xirojga ham aralashmoqda. Fuqaroga amiru vazir tilidan so‘zlamoqda. Buyruq berib hukm qilmoqda.
Ustod. Xudoning soyasi bo‘lmish podshohimizga va osmonga tutash bu dargohga o‘zining noloyiq so‘z va nomunosib xatti-harakatlari bilan isnod keltirmoqda.
Nasr. Sizlar Ro‘dakiyni nazarda tutayapsizlarmi? Ochiqroq gapiring-chi, u nima ish qilibdi, o‘zi?
Sahl. Podshohim Paykand yaqinida qal’a qurishni menga amr qilgan edilar, tokim u qal’a devor ko‘chmanchilar yo‘lini to‘sib, ularning obod vohalariga bostirib kirib, talon-toroj qilishlariga yo‘l bermagay. Bu oliy amrga muvofiq men visoqboshi Junaydga o‘g‘rilar, bezorilar, yo‘lto‘sar-qaroqchilarni tutib olib, ularni Paykandga haydab borib, u yerda qal’a qurishda ishlatish vazifasini topshirgan edim. Junayd Dabusiyaning bir guruh o‘g‘ri va bezorilarini bandi qilib haydab ketayotganida, yo‘lida Ro‘dakiy uchrabdi va podshohning nomidan farmon berib: “Hammani ozod qil!” depti. U yana: “Qal’aning hojati yo‘q, bu xomxayol va amiru vazirning fuqaroga zulmidur. Amir andishasizlik qilib ushbu farmonni bergan edi va endi u bu ahdu niyatidan qaytdi”, depti. Junayd o‘g‘rilar, bezorilar toifasini qo‘yib yuborishga majbur bo‘libdi.
Sukut.
Nasr. Garchi sizning e’tiboringiz, sipohsolor, biz uchun baland va yuksakdur. Ammo bu aytgan gaplaringiz e’tiborga munosib ko‘rinmaydur. Yaxshilab tekshiring, ehtimol, Ro‘dakiyga qarshi ig‘vo uyushtirishgandir. Hasadchi va baxil kishilar ko‘pdur. Ular bu zakiy va mohir shoirni biror baloga giriftor qilmoqchi bo‘lishgandir. Siz Ro‘dakiyga nisbatan aytgan bu so‘zlaru xatti-harakatlar shunday ulkan xiyonat, azim gunohdirki, u gunohkorni to‘ppa-to‘g‘ri dor ostiga sudrab boradi. Ro‘dakiy bunday xatti-harakatlarni sodir etishiga ishongim kelmaydi.
Sahl. Podshohim, unday bo‘lsa, men yolg‘on so‘zlabman-da?
Nasr. Shohid-guvoh kerak.
Sahl. Shohid Junayd va qullardir.
Nasr. Ular sizning qullaringiz, siz nimaiki aytsangiz, ular shunga guvohlik beradilar.
Ustod. Junayd haligina Paykanddan qaytib, bu gaplarning hammasini mening huzurimda sipohsolorga naql qilib berdi, men o‘z qulog‘im bilan eshitdim.
Nasr. Siz hasadchisiz, Ro‘dakiyni ko‘rarga ko‘zingiz yo‘q… Xudoga qasam bo‘lsin, agar aytganlaringiz yolg‘on bo‘lib chiqsa, men sizlarning mansabu xizmatlaringizga ham rioya qilmaymen. Bizning qahru g‘azabimizdan hazar qilingiz.
Sahl. Ro‘dakiy xoindur.
Nasr. Dalil keltiring!
Sahl. Tanidingizmi? Ushbu dalildir. (Uzukni chiqarib amirga beradi).
Nasr. Uzuk? Biz buni Ro‘dakiyga hadya qilgan edik.
Sahl (zaharxanda bilan). Podshohim, albatta, shoir oliy hadyani aziz va tabarruk tutg‘usi deb, unga komil ishonch bilan qaraganlar. Xudo saqlasin! Ro‘dakiy Dabusiyada bir necha o‘g‘ri, bezori-yu muttahamni qutqarish uchun bu uzukni Junaydga poraga bergan. Junayd keltirib menga topshirdi.
Ustod. Kufroni ne’mat – ne’matga ko‘rnamaklik. Podshoh hadyasi, oliy marhamat nishonini bu taxlit xor etish va xo‘rlik tuprog‘iga tashlash – faqat ko‘rnamak odamlarning qo‘lidan keladur.
Nasr (kayfiyati o‘zgarib). Nega buni bizga avvalroq ko‘rsatmadingiz?
Sahl. Men avval podshohimning o‘zimga nisbatan ishonchi, so‘zlarimga munosabatini bilmoqchi edim.
Nasr (xijolat va g‘azabda). Ro‘dakiyga o‘g‘ri-yu bezorilarni qutqarishdan ne naf?
Ustod. Shoyadki, ularning orasida o‘zining sobiq do‘stlarini ko‘rgan bo‘lsa? Yo balki shuhratparastlik vajhidan shunday qilgandir, tokim xalq uni halimu muloyim, saxiy desin, Hotami Toy deya alqasin.
Saroy mulozimi (kirib). Shoir Ro‘dakiy xizmatingizga kelibdur.
Ro‘dakiy kiradi, ta’zim bajo keltiradi. So‘ng Bal’amiy ham ko‘rinish beradi.
Nasr. Ne xabarlar bor, shoir?
Ro‘dakiy. Kecha Samarqanddan qaytdim. (Sahlni ko‘rib o‘zgaradi). Mening arzim bor, podshohim.
Nasr. Nima arz?
Ro‘dakiy. Karam qilingiz, podshohim, sitamdiydalar dodiga yetingiz, sipohsolor Dabusiyada haqsiz xiroj undirmoqda. Uning qullari tul xotinlar chirog‘idan pilik va yetimlar og‘zidan luqmani tortib olmoqdalar. Men talon-toroj etilgan qishloqlar va xonavayron bo‘lgan fuqaroni ko‘rdim. Och-yalang‘och aholini podaga o‘xshab Paykandga haydadilar. Farqi shundaki, poda yaylovga haydaladi, bu benavolar esa zolimning zulmi bilan nohaq tekin mehnatga va jahannam o‘tidan ham kuchliroq bo‘lgan o‘tga haydaladilar!
Nasr (mulohaza qilib). Biz barmoqlaringizda uzukni ko‘rmayotirmiz. U qayerda? Yo magar hadyamizni ehtiyot qilib sandiqda saqlaysizmi?
Ro‘dakiy. Uzuk… o‘zim bilan emas. Podshohim, jafokash xalq…
Nasr. Uzuk qani?
Ro‘dakiy. Uzuk… yonimda emas. Nohaq xiroj…
Nasr. Shunday qilib… uzuk! Hoziroq ayting, siz podsholik hadyasini qaysi qimorbozga yutqazib qo‘ydingiz? Yo qaysi bir yaramasga pora tarzida berdingiz?
Ro‘dakiy. Ha, shunday. Naqd pulim yo‘q edi, adolatsizlik bilan bandi qilingan kishilarni ozod etsin deb uni sipohsolorning navkariga berdim.
Sahl. Bu shoir menga bo‘hton qilayotir. Men shu oliy dargohda o‘ttiz yildan beri xizmat qilurmen; bobokalonlarim va shahid ketgan otalarimning farmoni bilan qilich chopdim, viloyatlar oldim. Xudo va xaloyiq shohid, men hech qachon ezilganlarga sitam qilganim yo‘q; xosu omma, sipohu fuqaro hamisha mendan rozidurlar va duoga qo‘l ochadurlar.
Nasr (Ro‘dakiyni ko‘rsatib). Zindon qiling bu tuztepqurni!
Qullar hozir bo‘lib Ro‘dakiyni olib ketmoqchi bo‘ladilar.
Bal’amiy. Podshohim, taammul. Men uning gunohini sizdan so‘raymen.
Nasr (qullarga). Olib keting.
Ro‘dakiyni olib ketadilar.
Bal’amiy. Kaminaning yolg‘iz sizga muhim bir arzi bor edi.
Nasr Sahl va saroy shoirlari sardoriga imo qiladi, ular chiqib ketishadi.
Podshohim, shoir pok niyat va rahm-shafqat yuzasidan ish tutgan, yo siz bunga shubha qilasizmi? Mabodo gunoh ish qilgan bo‘lsa ham, uning gunohi sipohsolor gunohining yuzdan biriga teng kelmaydi. Podshohim mendan bemaslahat Dabusiya xirojini Sahlga topshirganlar, men bo‘lganimda bunga rozilik bermas edim. Ro‘dakiy fuqaroning talonu toroj bo‘lgani haqida aytgan bu so‘zlar esa haqiqatga yaqindur; axir, men ham bu talabni podshohimga arz qilgan edim.
Nasr. Nima, siz istaysizki, biz kechagina saroyga kelgan bir shaxsning inoyati bilan sipohsolorni muttahamga chiqaraylikmi? Axir, u ertaga Nishopurga lashkar tortadi, bizning makkor dushmanimizni daf etishga boradi.
Bal’amiy. Men sizga Sahlni hoziroq jazolang demoqchi emasman, men shoir jazo-yu uqubatga loyiq emas demoqchiman. Bunday adolatsizlik, alalxusus, Hirot safari arafasi va Abusolihga qarshi xatarli jang oldidan andishadan yiroqdur. Mamlakatning eng yaxshi shoiri zindonda. Bu qanday badnomlik!
Nasr. U bizga nisbatan xiyonat qildi. Biz xiyonatchini hech qachon afv etmaymiz.
Bal’amiy. Begonalarning ta’nasini eslang, podshohim. Xalifaning vakillari, arab shoirlari yana saroyga tashrif buyurishadi. Men aminmen: Ro‘dakiy so‘zamollik va she’rguftorlikda ulardan mag‘lub bo‘lmagay, u bizning obro‘ va sarbalandligimiz boisi o‘lg‘ay.
Nasr (bo‘shashib). Axir, bu sahroyi xalqni isyonu dag‘dag‘aga tashviq etadi.
Bal’amiy. Buning chorasi shuki, bundan so‘ng siz uning saroydan uzoqlashuviga yo‘l bermang va o‘zingizning huzuringizda olib qoling, tokim u xalq bilan yaqinlashsin. Hirotga uni o‘zingiz bilan birga olib boring.
Nasr (sukutdan so‘ng). Ayting, uni ozod etishsin.
Parda
UChINChI PARDA
Sakkizinchi ko‘rinish
Hirot yaqinidagi daryo sohilida joylashgan amirning lashkargohi. Atrof ko‘m-ko‘k. Sarkardalar va qullar (sarbozlar) u yoqdan-buyoqqa yuradilar. Ro‘dakiy chodirida o‘tirib she’r bitmoqda.
Ro‘dakiy (yozgan she’rini o‘qiydi).
… Dilam chu arzane, ishqi tu ko‘he…
Dilim tariqdek, ishqing erur tog‘,
Tog‘ ostida soy neki, tariq bo‘lsa,
Kelgilu Ro‘dakiy ahvolina boq,
Jonsizga jon bo‘l, tani turar toq.
Bal’amiy keladi, u xayolu andishaga g‘arq bo‘lgan. Ro‘dakiy uni ko‘rib, chodiridan chiqadi.
Xojayi buzurg, biz bu diyorda qachongacha sarsari-daydi bo‘lib yuramiz? Axir, vatandin yiroq tushganimizga uch yil bo‘ldi.
Bal’amiy. Buxoroni sog‘ingansiz, shundaymi?
Ro‘dakiy. Agar qanotu patim bo‘lganda, uchib borardim. Na qilayki, amir ruxsat bermayotirlar.
Bal’amiy. Ha, amirning o‘zi Buxoroga azimat qilmasa, na siz qayta olasiz, na o‘zgalar… Bu yerda amirning uzoq qolishi Buxoroga katta xavf-xatar tug‘diradi. Men Bonudan noma oldim…
Ro‘dakiy. Bonudan? Nigina to‘g‘risida biron narsa yozganmilar yo yo‘q?
Bal’amiy. Niginadan ham ming marta muhim narsalar bor. Amirning Buxoro zindonida yotgan inisi boshqa amirzodalar bilan aloqa bog‘lab, fitna-yu fasod payiga tushibdi. Mamlakat, xalqning moli-joni xatarda.
Ro‘dakiy (hayajonlanadi). Siz amirni ogohlantirdingizmi?
Bal’amiy. Ha. Ammo u ishonmayotir… “Aslu asossiz ovoza”, deydi. Amirning boshida Hirot havosi, qalbida Hirotning ishqi, u bu go‘zal va xurram diyordan ketgisi kelmayotir… Yetib kelgan ba’zi xabarlarga ko‘ra, ko‘chmanchilar zimdan harakat qilib, birdan xuruj ila butun Movarounnahrni Buxoro bilan birga bosib olishmoqchi ekan.
Ro‘dakiy. Shunday bo‘lgach, nima qilmoq darkor, xojayi buzurg?
Bal’amiy. Aqliy dalillar amir oldida ojizlik qilmoqda, endi qo‘lni boshqa chora-yu tadbirga cho‘zmoq kerak. Siz amirning tabiatini bilasiz, Ro‘dakiy, u sizni xush ko‘radi. Siz biron chora toping, hunar va san’atingizni ishga soling, toki bu zamindan siljisa.
Ro‘dakiy. Modomiki, shunday tadbirkor vazir bu ishda ojiz bo‘lsalar, mening qo‘limdan ne ham kelur?
Bal’amiy. Shunday bir ish qilingki, amirning vatanga qaytish xohishu hissiyoti va boshida Buxoro havosi jo‘sh ursin. Axir, siz shoirsiz, sozanda va hofizsiz, siz kishilar qalb torini chertasiz.
Oraga sukunat cho‘kadi. Ro‘dakiy o‘y-xayolda.
Evoh, men qaysi bir oqar suvni, qaysi bir bo‘stonni ko‘rsam, undan Buxoroning Mo‘liyon arig‘i hidi dimog‘imga uradi.
Ro‘dakiy (shavqlanadi). Bo‘yi Mo‘liyon… Bo‘yi Mo‘liyon… Oyad hame…
Ilhomlanib, aylanib yurib she’r to‘qiydi. Chodiriga kirib yoza boshlaydi. Ov libosida Nasr sarkardalar (ularning qatorida Sahl binni Mansur ham bor), saroy ahli va o‘q-yoychilar bilan birga kirib keladi. Hammalari sharobdan xushkayf.
Nasr. Xojayi buzurg, shikorga boramiz! Siz tayyormisiz?
Bal’amiy. Podshohim, qaytish maslahatini qilib olsak. Hirotda bundan ziyod turish durust bo‘lmas.
Nasr. Buxoro qochib ketmaydi. Yozda bu yerdan ko‘ra yaxshiroq maqomgoh topolmaysiz.
Bal’amiy. Siz har safar bir faslni ikkinchisiga ulaysiz: yoz kelsa, “kuzda ketamiz” deysiz, kuz kelsa, “bahorda qaytamiz”. Axir, buxorolik bu uch ming kishining vatani va bola-chaqasi ishtiyoqi bilan yuragi qon bo‘ldi.
Sarkardalar, saroy ahli, navkarlar vazirning so‘zlarini quvvatlaydilar.
– Rost aytasiz.
– Bag‘rimiz qon bo‘ldi, o‘zga toqat qolmadi.
– Koshki tezroq vatanga qaytsak.
Nasr (Bal’amiyga). Qo‘ying, yigitlik davlatidan biroz dilimizni xushnud qilaylik. Nega tashvish tortasiz? Mamlakat tinch, dushmanlar zabun, saodat hamrohimiz bo‘lsa. Bir makkor dushmanimiz Abusolih bo‘lsa, sipohsolorning qon to‘kuvchi qilichi uning ishini ham saranjomladi. Menga bundan so‘ng Buxorodan so‘z ochmang.
Ro‘dakiy yozgan she’rini qo‘lida tutib chodirdan chiqadi.
Ro‘dakiy. Podshohim, men yangi bir she’r to‘qidim. Agar oliy ruxsatlari bo‘lsa…
Nasr. O‘qi!
Ro‘dakiy. “Qaytish qo‘shig‘i”.
Amir atrofidagilar (hayajonda). “Qaytish qo‘shig‘i”?
Ro‘dakiy. Bo‘yi jo‘yi Mo‘liyon oyad hame…
Mo‘liyonning hidi bu yonga kelur,
Yor yodida dil fig‘onga kelur.
Amir atrofidagilar (shovqin-suron qilishadi). Buxoro!.. Buxoro!.. Ey Buxoro, Hamisha xurram bo‘l, Buxoro!…
Bal’amiy. Podshohim, Buxoro kutmoqda!
Nasr (iztirobda). Mening otim qayerda? Otlarni egarla! Buxoroga! Buxoroga ketdik…
Shitob bilan yurib ketadi, qolganlar uning ortidan ergashadi. Otlarning dupir-dupiri balandlashadi.
Parda
To‘qqizinchi ko‘rinish
Vazir chorbog‘ining bir chekkasi. Nigina keladi.
Nigina. Nahotki, kelmasa? Axir, Hirotdan qaytishganiga uch kun bo‘ldi-ku! Ey intizorlik, naqadar og‘irsan, jon olguvchisan. Yuragimni tog‘ bo‘lib siqasen. Nahotki, kelmasa? Yoki meni unutdimi? O‘zgaga ko‘ngil qo‘ydimi? Yo‘q, yo‘q. Qalbimdan nari keting, ey shubha-yu gumonlar: axir, uning yo‘llagan maktubi yonimda-ku… (Engining ichidan maktubni chiqarib oladi). Uzoq diyordan turib meni eslab, menga bag‘ishlab shunday g‘azal bitgan kishi meni unutishi mumkin emas. (O‘qiydi).
Har bod ki az so‘yi Buxoro ba man oyad
Bo bo‘yi guu kushku nasimi suman oyad…
Buxorodan esgan har sabo birla chaman kelgusi,
Xush hidin taratib, gulu mushku suman kelgusi.
Har kecha ko‘z tikamen Yamanga, seni ko‘ray deb,
Zero, Suhayliy Suhaylga maskan Yaman kelgusi.
Kim bilan so‘zlashmayin, men istayu istamasam,
Avvalgi so‘zim ismingdur bo‘lib gulshan kelgusi.
Ro‘dakiy keladi.
Ro‘dakiy. Nigina! Yaratuvchi sizni ko‘rmoq baxtini nasib etdi. Bu baxtu saodat shukronasini ne bilan bajo keltirsam ekan? Uch yil sizsiz, sizdan yiroqda! Firoq tunining oxiri bo‘lmasa kerak deb gumon qilar edim.
Nigina. Azizim, siz uch yil deysiz, ammo bu men uchun butun umrga teng mangulik edi. Agar hayotim bardavom bo‘lsa, bilingki, diydoringiz menga ikkinchi umr bag‘ishlabdur.
Ro‘dakiy. Nozaninim, ayting-chi, firoq kunlarida hayotingiz nechuk kechdi?
Nigina. Sizning yodingiz birla kechdi.
Ro‘dakiy. Mening ham. To‘g‘ri, sizning yodingiz xuddi yeldek hijron o‘tini yanada yolqintiradi. Ammo shunga qaramay, u ham rohat, ham jon bag‘ishlardi, kuyib kul bo‘lishga qo‘ymas edi.
Nigina. Xuddi shu vazifani men uchun yo‘llagan maktublaringiz bajardi. Agar jon bag‘ishlovchi maktublaringiz bo‘lmasa, beshak, g‘am meni halok etar edi. Buxorodan siz tomon esgan sabo Hirotdan menga umid guli hidini eltib qaytardi. (Mahzun). Ammo, azizim, baxtiqoraliq bo‘lib sizlar bilan sipohsolor ham Buxoroga qaytibdi.
Ro‘dakiy. Ha, shunday. Lekin tokim men hayot ekanman, u sizni ololmag‘ay.
Nigina. Siz meni qutqarasiz? Qanday qilib? Men, axir, u sotib olgan buyummen-ku.
Ro‘dakiy. Umidvorman, xojayi buzurg bizga madad bergusi. Agar madad bermasalar yoki buning ilojini topolmasalar, u taqdirda men oxirgi choraga qo‘l uzaturman. Mana, xojayi buzurgning o‘zlari ham kelayotir.
Bal’amiy kirib keladi. U parishonhol.
Bal’amiy. Ro‘dakiy! Qasida ne bo‘ldi? Bitdingizmi?
Ro‘dakiy. Qasida, go‘rdami, Xojayi buzurg. Yuragimga hech narsa sig‘mayotir, xojam.
Nigina (Bal’amiy qarshisida tiz cho‘kib). Hazrat, menga rahm qiling, meni qutqaring.
Bal’amiy. Tur. Uyga kir. Bonu seni izlayotgan edi.
Nigina yig‘lab ketib qoladi.
Afsus. Umidim sizdan edi, Ro‘dakiy. (Asabiy ohangda) Amir Nishopurni fath etish munosabati bilan tantanavor ziyofat uyushtirmoqchi. Unda xalifaning vakili va xorijiy mamlakatning elchilari ishtirok etgusi. Amir yangi qasidaga muntazir. Qasida boshdan-oxir Somoniylar davlati, podshohimizning ulug‘vorligini tavsif etadi, bunga ilova sifatida Buxoroning Bag‘doddan qolishmasligini ifodalashi lozim. O‘n ikki shoirni qalam-qog‘oz bilan band etdim, ammo natija chiqmayotir. Ro‘dakiy, sizdan o‘tinib so‘raymen, Hirotda qilganingizdek, biror hunar-mo‘jiza ko‘rsating.
Ro‘dakiy. Bugun ikki insonning, ikki sevishganning, ikki begunohning hayot-mamoti hal bo‘ladi. Siz bo‘lsangiz qasida g‘amidasiz. Men la’nat deyman qasidaga!
Bal’amiy. Men qanday qilib qasida g‘amida bo‘lmayin, ertaga mamlakatimiz shoirlarining sha’ni, fuzalomiz sharafi imtihondan o‘tgusi.
Ro‘dakiy. Yorug‘ dunyo ko‘zimga qorong‘i, qalbim xazinasi talonda, Nigina ismidan o‘zga xotiramni barcha ma’nilaru xayollar tark etgan bo‘lsa, ne qilayin, siz mendan yana she’r talab etursiz! Xojayi buzurg, axir, Bonu Niginani…
Bal’amiy. Bilurman, aytmoqning hojati yo‘qdur.
Ro‘dakiy. Axir, Bonu sizning ayolingizdur, sizning u kishiga hukmingiz ravodur.
Bal’amiy. Bu mamlakatda hukmim ikki kishiga o‘tmaydur: biri – amirga, ikkinchisi – Bonuga.
Ro‘dakiy. Xojayi buzurg…
Bal’amiy. Ha, men hokimmen va mahkum, zabardastmen va itoatkor, ermen va qul. Nigina avval Bonuga tegishli edi, endi Sahl binni Mansurga. Mendan har ne ishga madad so‘rang, hozirmen, ammo bu ishda ojiz.
Ro‘dakiy (ma’yus, alamzada).
Lab tar makun ba ob, ki talx ast dar qadah…
Suv-la ho‘llama dudog‘ing, achchiqdur qadahda,
Qo‘ling tortg‘il kabobdan zaharga egizdur ul.
Quruq og‘zu o‘tli jigar bilan chetlab o‘tgil,
Olam gulistonin shu tarz tark qil, bo‘lmagil qul.
Sizni mardona kishi deb tan olurlar, siz yunonu arabu ajam ma’rifatini egallagansiz, bu falokatli rasmu qoidalar itoatkori emassiz. O‘zingiz aytgandek, odamiylik, muruvvat va adolatni kasb qilib olgansiz, ammo endi… o‘zingizni “itoatkor”, deysiz, “qul” deysiz! Siz ikki gunohsiz jafokashga madad berishga ojizsiz.
Bal’amiy (o‘ylanib). Ro‘dakiy! Sizning mushkulingizga madad beruvchi yagona tadbir shulki, Nigina shu bugun tunda qochadi. Uni o‘zingiz qochirib yuborasiz. U qishloqlarning birida, biron kampirning uyida panoh topadi. Ikki-uch oydan keyin mojaro pasaygach, qizning huzuriga borasiz va nikohlab olasiz. Sipohsolorning kanizak evaziga bergan oltinu molini qaytarib olishdan o‘zga chorasi qolmaydi, vassalom.
Ro‘dakiy. Men uni qanday qilib qochiramen?
Bal’amiy. Biron dovyurak chapani kishi kerak, tokim sizga madad bersin. Do‘stlaringiz orasida shunday kishi yo‘qmi?
Ro‘dakiy (o‘ylab qolib). Bor, Akbar Marvaziy.
Bal’amiy. Keyinroq keling, qizni qanday qochirish rejasini aytib beraman.
Parda
O‘ninchi ko‘rinish
Saroy. Tantanali ziyofat. Nasr kursida o‘tiribdi. Bir tomonida Bag‘dod xalifasi vakillari, ikkinchi tomonida Farangiston, Xitoy, Kiyev, Koshg‘ar, Hindiston elchilari. Har bir elchi o‘z milliy libosida. Saroy ahli, sarkardalar va shoirlar. Tokchalar va dasturxonlar ustiga anvoyi gullar bilan guldonlar qo‘yilgan. Sozandalar jo‘r bo‘lmoqda. Keyin bir arab shoiri chang, rud, barbat va nay chalmoqda, hofizlar ovozi jo‘r bo‘lmoqda. So‘ng bir arab shoiri arab tilida so‘z boshlaydi.
Arab shoiri (Nasr va Bal’amiyga qarata). Durust, siz o‘z shoiringizning yangi qasidasini va’da qilgan edingiz, qani u qasida? Tengi yo‘q ajam shoiri qaydadur?
Bal’amiy (hayajonlanib). U… biroz noxush erdi, keladur.
Nasr (Bal’amiyga g‘azab bilan). Siz nima qilib qo‘ydingiz? Qani Ro‘dakiy? Qani qasida?
Bal’amiy (siqilgan holda). Bo‘ladi… andak sabr qilaylik.
Nasr. Qasida bormi-yo‘qmi?
Bal’amiy. Hm… Ha, bor… hozir, shu damda…
Ro‘dakiy kirib keladi. Bal’amiy shod bo‘lib, uning oldiga boradi.
Keldingizmi? (Past ovoz bilan) Niginaning ishi nima bo‘ldi?
Ro‘dakiy. Kuzatib qo‘ydim. No‘shdoringizdan keyin sipohsolor qotib uxlab yotibdi. Mening Niginam najot topdi. Men bu yaxshiligingizni hech qachon…
Bal’amiy. Qasidani yozdingizmi?
Ro‘dakiy. Ma’zur tutgaysiz, xojayi buzurg, shu paytgacha bir lahza ham bo‘sh vaqtim bo‘lgani yo‘q.
Bal’amiy. Yozmadingizmi? Axir, va’da bergandingiz-ku! Men bunday va’dasiz ekaningizni bilmagan ekanman. Siz meni sharmanda qildingiz!
Ro‘dakiy. Xojayi buzurg, tinchlaning. Qasida… bo‘ladi, bor!
Bal’amiy. Bor! Qani? Qayerda?
Ro‘dakiy. Mana bu yerda (ko‘ksiga ishora qilib). Yuring.
Bal’amiy va Ro‘dakiy ziyofat bo‘layotgan joyga keladilar. Shoir amir va mehmonlarga ta’zim qiladi.
Nasr. Shoir, sharob ichingiz (qadah tutadi).
Ro‘dakiy. Podshohimning salomatliklari uchun (ichadi).
Nasr. Bag‘dodlik bu mehmonning so‘zlariga qaraganda (xalifa vakiliga ishora qiladi), buyuk arab shuarosi, chunonchi, Jarir, Toyi, Xasson bazmu ziyofat mavridida badiha bilan she’r to‘qib aytishur erkanlar. Qo‘lga qog‘ozu qalam olib xalifaning ko‘z oldida qasida bitar ekanlar. Biz aziz mehmonga bunday dedik: “Arab shoirlariga tahsin bo‘lg‘ay! Bizning shoirlarimiz bu usulda she’r bitmaganlar, chunki biz buyurmaganmiz, ammo agar buyursak – bajargusidurlar”. Ayo, siz bizning aytganimizni o‘rinlata olurmisiz?
Qul o‘sha zahotiyoq barkashda qog‘oz, siyohdon va qalam olib keladi. Ro‘dakiy barkashni ohista surib qo‘yadi. Chuqur o‘y bilan biroz aylanib, ziyofatda o‘tirganlarni ko‘zda kechiradi. Amir va barcha mehmonlar unga tikilib qarashadi.
Ro‘dakiy (badiha yo‘li bilan yoddan she’r to‘qib o‘qiydi).
Shunday go‘zal majlis tuzdi shahriyor,
Unda anvoyi gullar alvoni bor.
Jannatning noz-ne’mati muhayyodir,
Rayohin anda farovon, taxt tayyor.
(sozandalarga qarata)
Iso barbati, Favodiy gilami,
Madaknir changi, naychi-yu chobuk yor.
Sarkardalar qatoriga Bal’amiy kelib o‘tiradi.
Bir tomonda amirlaru Bal’amiy,
Qari dehqon Solih, go‘zallar-nigor.
Qulbacha shoirga qadah tutadi.
May tutadi xushtavoze g‘ulom
Sarvqomat go‘zallar bo‘lib dastyor.
Billur qadahni qo‘lida tutib:
Billur qadahda ko‘rarman sharobni
Dersen: ilmu hikmatda gar boshlasa suhbat,
Dersen: ilmu hikmatda Luqmoncha bor.
Odobga aqdu hikmat esh bo‘lgandek,
Aqlu hikmatga esh-odob darkor.
Ilmu hikmatda go‘yo ul bir tog‘dir,
Sayyom tog‘i tenglasholmay, qilur or.
Dushmani gar ajdardur, nayzasi
Mahv etib bir zumda keltirur tor-mor.
Ulug‘dir bezavol Rustamning nomi,
Shoh ila bo‘lg‘usi yana barqaror
Chinu hindu ajamdan kelgan mehmon
Topar izzat-ikrom, ardoqlar Buxoro.
Bugungi Buxoro go‘yo Bag‘doddur,
Poytaxti purshavkatu ulug‘vor.
Madh etmoqqa ayon etdim qudratim
Yana ko‘p so‘z, ma’no kutar – umidvor.
She’rda bo‘lsam Jarir Toiyu Xasson,
Lek shoh madhiga boz ururman qarzdor.
Majlis ahli (g‘ala-g‘ovur ko‘tariladi. O‘tirganlarning ko‘pi oyoqqa turadi). Tahsin, ofarin! So‘zamolligu she’r to‘qishni qotirib yubordingiz!
Hind elchisi. Balli, balli, balli!
Xitoy elchisi. Juda soz, juda soz!
Kiyev elchisi. Buxoro o‘zining ushbu shoiri bilan faxr qilishga haqlidur.
Farangiston elchisi. Dargohida shunday shoiri, xos vassofi-qasidanavisi bo‘lgan podsho ulug‘ va baxtiyor podshodur.
Nasr (xalifa vakiliga shoirni ko‘rsatib). Qalay, qanday?
Xalifa vakili. Benazir! Mo‘jiza! Hech qachon bunday shoirni ko‘rgan emasman.
Bal’amiy. Podshohim. Bu asrda na arabu va na ajamda Ro‘dakiy bilan tenglasha oladurg‘on shoir yo‘qdur.
Ustod (Ro‘dakiyga). So‘zamollik maydonida – mushoirada siz g‘olib chiqdingiz, men sizga tan berdim!
Nasr. Bizning huzurimizda so‘z va so‘z ustasining qadr-qimmati yuksakdir. Biz shoirga qirq ming dirham ato qilurmiz. Ro‘dakiy, shu bugundan boshlab siz saroy shoirlari sardorisiz! Sarpo keltiringiz! Oltin-kumush sochingiz!
Shovqin-suron va majlis ahlining tahsinu ofarin sadolari ostida Ro‘dakiyga xil’at – faxrli chopon kiygizib, boshidan xaltachalab oltin-kumush sochishadi. Eshikdan Maj kirib keladi, hayajon va parishonlik bilan bir chetda muntazir bo‘lib turadi.
Nasr (kursidan turadi). Xojayi buzurg, mehmonlarni sayru tomoshaga da’vat etingiz.
Bal’amiy. Aziz mehmonlar, lutfan tashrif buyurgaysiz, ot choparu nayzabozlikni tomosha etingiz.
Hamma chiqib ketadi. Maj Ro‘dakiyning orqasidan yetib kelib, uni to‘xtatadi. Sahnada faqat ikkisi qolishadi.
Ro‘dakiy (Majning vaziyatidan xavotirga tushib). Nima xabar, Maj?
Maj qo‘li bilan yuzini bekitadi.
Nigina qo‘lga tushdi, shundaymi?
Maj tasdiq alomati bilan boshini qimirlatadi, gapirishga majoli yetmaydi.
Hazillashasiz!… Keyingi vaqtlarda siz xiyla sho‘x bo‘lgansiz. Maj!.. Ayting, hazil qildim, deng! Ey xudoyim! Koshki siz men bilan bir daf’a hazil qilsangiz edi?.. Axir, tezroq gapiring! Qachon? Qayerda? Sizga kim aytdi?
Maj. Akbar Marvaziy aytdi. U hali-hozirgina yashirincha mening uyimga keldi. Sipohsolorning qullari dashtda har ikkovini qo‘lga tushirishibdi. Nigina xanjar bilan o‘zini halok etibdur. Akbarni bog‘lab olib, sudrab ketishibdi, ammo yo‘lda u o‘zini jarlikka tashlab qochibdur.
Ro‘dakiy. Koshki yer yorilib, qa’riga tortsa, qora tuproq meni mahv etsa.
Oh bu shum zamona jabridin oh-uh,
Bir shodlik ketidan yuz g‘amu anduh.
Parda
TO‘RTINChI PARDA
O‘n birinchi ko‘rinish
Ro‘dakiyning Buxorodagi hovlisi. Ayvon. Xontaxtaning ustida bir nechta kitob, tarqoq qog‘oz varaqlari va siyohdon. Nariroqda ikkinchi xontaxta. Unda keksaygan Maj kitobat bilan mashg‘ul. Ko‘chadan jarchining shovqinli ovozi: “Musulmonlar, kimda-kim kofir qarmatiylarni bilsa-yu ularni ma’lum qilmasa, o‘zi zindon qilinadi, molu mulki podshohlikka o‘tqaziladi”.
Maj. Yana boshlandi! Bu ur-yiqit qachon tugaydi?
Orifiy va Shakuriy kirib, salom beradilar.
Shakuriy. Ustod uydamilar?
Maj uy tomonni ko‘rsatib, qo‘li bilan labini to‘sib, baland gapirmaslikka ishora qiladi.
Shakuriy. Zamonaning Zahhoki qarmatiylar qonini to‘kmoqchi.
Maj. Qarmatiylarni o‘ldirib tugatganlari yo‘qmi?
Shakuriy. Kimning aft-angori bu xoin sarkardalar va din shariat sohiblariga ma’qul bo‘lmasa, u kishini qarmatiy deb hisoblashadi.
Orifiy (o‘z-o‘zicha misra to‘qiydi). “Xoin sarkardalaru bedin din sohiblari”.
Shakuriy (uy tomonni ko‘rsatib). Ustodning kayfiyati qanday?..
Maj. Ertalabdan beri uydan chiqmaydurlar. Ortiq g‘amgin. Axir, shuncha yor-do‘stlari qirilib nobud bo‘lib ketdi.
Orifiy. Qonga tashna Zahhoku bu yirtqichlar to‘dasi…
Shakuriy (Ro‘dakiyning xontaxtasidagi varaqlardan o‘qiydi).
Dimnadin so‘rdilar, nedur bu bongning ma’nosi?
Tolonu yag‘mo, vahm solgan kimning zamonasi?
Manzum – she’riy “Kalila va Dimna”. Ustodning chidamu hafsalasiga qoyilmen. Shunday alg‘ov-dalg‘ov bir zamonda ham qo‘llariga qalam oladilar, she’r bitadilar.
Maj. Xudo u kishiga kuch-quvvat bag‘ishlasa, biror oydan keyin “Kalila va Dimna”ni she’rga aylantirib tugatgaylar.
Orifiy.
Va bu yirtqichlar to‘dasi
Faredun mulkin bo‘lib hukmroni-yu egasi.
Shakuriy (Majning daftarini ko‘rib). Uni kitobat qilmoqni boshlab yuboribsiz, shekilli? Musavvar kitob. Bu ajoyib rasmu suratlarni kim naqsh etdi?
Maj. Chin naqqoshi.
Shakuriy. Bah-bah! Orifiy, she’r bitishni to‘xtating-da, bu ajoyibotni tomosha qiling. Bu yo‘lbars hozir kitob sahifasidan chiqib, sizu menga hamla qilib, yorib tashlamoqchi. (Majga) Qaysi Chin naqqoshi?
Maj. Naqqosh demang, ikkinchi Moniy deb atang!
Shakuriy. Bu o‘sha naqqoshki, bu yaramas amir…
Maj (qo‘rqib). Sekinroq, Shakuriy!
Shakuriy. Yaramasdur! Bu xoin sarkardalar va bu xudobexabar dinu shariatfurushlar fitnasi bilan o‘z otasini taxtdan ag‘darib tashladi; donishmand Bal’amiyning o‘rniga bu ablah zohid Sulamiyni o‘tqizdi.
Orifiy. Xayr, mayli, bu qadar ezma bo‘lmang, Shakuriy. (Majga) Xo‘sh, u qaysi “ikkinchi Moniy” ekan?
Maj. Uni Nuhning qallig‘i – Chin xoqonining qizi o‘zi bilan birga Buxoroga hamroh qilib kelgan edi. Ro‘dakiy saroyda yurgan kezlari bu naqqoshga “Kalila va Dimna”ni hikoya qilib bergan edi, zavq-shavqqa to‘lgan naqqosh bir hafta davomida ishlab, jonzotlar surati bilan kitobga ziynat berdi.
Orifiy. Ajoyib ishu hodisalar. Ijod qilguvchi Hindiston xalqi, she’r yozuvchi – Buxoro shoiri, ziynatlovchi – Chin naqqoshi. Darhaqiqat, ilmu hunar na dinu mazhab, na nasabu millat va na sarhadlarni, hech qaysini tan olmaydi, faqat insonni tan oladi. Hinduni forsga qarindosh etadi, xitoy – hinduga birodar.
Uydan qarigan Ro‘dakiy chiqib keladi. Yosh shoirlar ta’zim bajo keltiradilar.
Ro‘dakiy. O‘tiringiz. (Majga) Men yaqindagina Nigina bilan uchrashdim. Mudrab qolgan ekanman, u tushimga kirdi. Aynan o‘sha kundagidek qiyofada…
Ko‘chada shovqin-suron, to‘polon. Sadolar: “Ushlang! Uring! Bu yaramas qarmatiyu ismoiliylarning qoni siz uchun haloldir!”
Shakuriy va Orifiy yugurib ko‘chaga chiqadilar va tezda qaytib kiradilar.
Shakuriy (iztirobda). Faroloviyni olib ketdilar.
Ro‘dakiy dardu alam bilan boshini quyi egadi.
Orifiy. Nima qilmoq kerak, ustod? Agar shunday davom etaversa, erta-indin sizni ham, bizni ham…
Ro‘dakiy. Haqdin noumid bo‘lmangiz, haq o‘z o‘rnini topg‘usi. (Qutichadan qo‘lyozma varaqlarni olib) She’rlaringni o‘qidim, Shakuriy. Rost aytamen, yaxshi she’rlar. Sen pandu hikmatga nisbatan hajvda o‘tkirroqsen. Chunonchi, Orifiy qasidaga nisbatan g‘azalda ustaroq bo‘lganidek. (Ma’yuslik bilan) Shahid va Murodiy dunyodan o‘tgandan keyin men xiyla ma’yus bo‘lib qolgan edim. Endi har qachonkim, mening huzurimga biron yosh shoir yaxshi bir she’ri bilan kelib qolsa, o‘zimda yo‘q shod bo‘lamen. Mana ikkinchi Shahid yo ikkinchi Murodiy yetishdi deyman! Inshoolloh, bizning shoirlarimiz ulug‘ ijodiy ishlarni amalga oshirib, mo‘jizalar ko‘rsatgaylar. Jahri dariy tilidagi she’riyatni sevib, ardoqlab qolajak. So‘zning qadriga yetingiz. Shoir ham dehqonga monanddir: u jahonga yaxshilik va to‘g‘rilik urug‘ini sepadi. (Qalb hayajoni va iztirobini bosolmay, hayqiriq bilan) O‘z she’rlaringiz bilan tosh qalblarni yumshatingiz, sovuq majlislarni qizitingiz! Yo‘qsillarga madad beringiz, sitamgarlarni sarnigun etingiz!
Akbar Marvaziy kirib keladi. Issiq-sovuq, yaxshi-yomonni ko‘rgan bu jangovar shaxs xiyla qarigan bo‘lsa ham hamon baquvvat ko‘rinadi.
Akbar. Assalomu alaykum!
Maj. Akbar? Akbar Marvaziy?
Akbar notanish yoshlardan xavfsirab, sallasining peshi bilan yuzini berkitadi. Maj o‘rnidan turib, Akbarning oldiga borib, u bilan quchoqlashib ko‘rishadi.
Bu yoshlardan xavfsiramang, Akbar, bular shogirdlarimiz va sadoqatli do‘stlarimizdurlar. Shuncha yillar davomida qayerda edingiz? Qayerdan kelayotirsiz? Marhamat, o‘tiringiz.
Akbar Marvaziy. Fursatim yo‘q, xoja. (Xavfsirab eshik tomonga qaraydi). Bir mulla izimga tushdi, ayg‘oqchi bo‘lsa kerak, deb xavfsirayman. Sarguzashtlarim uzundan-uzoq, xoja. Men Xurosonda erdim. To‘rt g‘alayon, uch qatla zindondan qochmoq, amir va hokim lashkari bilan olti marta jang… So‘zning qisqasi, men xalq uchun adolat istadim. Yahyo Somoniy Buxoroga lashkar tortib kelmoqda, men u bilan birgamen. Shaharga esa u bilan yashirin kirib keldim. Shu bugun tunda g‘alayon ko‘tariladi. Yo o‘lim, yo najot. Shaharda ko‘p lashkarim bor… Ha, shunday. Temirchi, misgar, meshkob, novvoy, otboqar-sayis, o‘tinchi – hammasi mening lashkarimdur. Xoja! Siz, har ehtimolga qarshi, bugun shahardan tashqariga chiqib keting. Alg‘ov-dalg‘ov chog‘i hayotingiz xatarda qolmasin.
To‘satdan hovliga saroyning katta lavozimiga chiqqan, qarib qolgan Junayd boshchiligida qurollangan sarbozlar va mulla bostirib kirishadi.
Mulla. Ana, isyonchi Akbar!
Akbar sakrab o‘rnidan turadi, chakmoni tagidan bog‘lab olgan qilichiga qo‘l uzatadi…
Junayd. Ha, eski “oshnam”!.. Meni tanidingmi?
Akbar. Tanidim. Kuchuk eding, endi qari it bo‘libsen. Hali ham Sahl binni Mansurning ityalog‘i bo‘lsang kerak?
Junayd. O‘g‘ri! Qaroqchi! Men ajalingman! Ikki qatla qo‘limdan qutulib qolding. Endi bu daf’a qutulolmaysen! Taslim bo‘l, yaramas.
Akbar. Sengami! Zinhor! Eshitganing bormi, sher itga taslim bo‘lganmi?
Junayd (qullarga). Bu mal’unni olingiz!
Akbarga hamla qilishadi, o‘rtada qilichbozlik bo‘ladi.
Ro‘dakiy (oraga kirib). Qo‘l tortingiz! (Junaydga) Mening uyimda adolatsizlik qilishingizga yo‘l bermaymen! Akbar mening mehmonim va panohimdur. Hoziroq uyimdan chiqib keting!
Junayd (istehzo bilan). Bunday ohangda gapirishga qanday jur’at qildingiz? Hamon o‘zingizni saroy shoiri deb hisoblayapsizmi? Siz allaqachon saroydan quvilgansiz, aziz xojam. Davru davroningiz o‘tib ketdi. Sizga pushtu panoh bo‘lgan amir zindonda yotibdi. Homiyingiz Bal’amiy bo‘lsa, jonini o‘ylab, qochib qoldi. Endi davru davron bizniki. Nuh – podshohimiz, Sahl binni Mansur sarkardamizdur. Siz tugagansiz, xoja, sizda quruq jasad qolgan, xolos.
Akbar (qilichni o‘pib, Ro‘dakiyning oyog‘i ostiga qo‘yadi). Afv eting, xojam. Xudo shohidim, huzuringizga sof qalb bilan kelgan edim. Siz meni afv etsangiz, bas, shunda men na dordan qo‘rqamen, na jallodning tig‘idan.
Ro‘dakiy. Siz begunohsiz, Akbar.
Junayd (Ro‘dakiyga). Endi kaminaga isyonchilar bilan aloqadorligingiz tamomila ravshan bo‘ldi. Shaharni qo‘riqlash vazifasi zimmamga yuklatilgan edi. Binobarin, men sizni saroy mahkamasiga olib bormog‘im lozim. Siz amirning o‘ziga javob berursiz.
Maj (gavdasi bilan shoirni to‘sadi, Junaydga qarata). Sharm et, adolatsiz! Xudodan qo‘rq!
Orifiy. Agar shunday bo‘lsa bizni ham birga olib boring.
Shakuriy. Avval bizni o‘ldiring, keyin ustodni olib keting!
Ro‘dakiy. Qo‘yingiz, men o‘zim boramen! Men dodxohmen, adolat talab etguvchimen. Men bu adolatsizliklarga qarshi amirning ko‘zini ochamen! (Junaydga) Olib boring meni, men tayyormen.
Junayd Ro‘dakiy va Akbarni oldiga solib, olib chiqib ketadi.
Parda
O‘n ikkinchi ko‘rinish
Saroy. Amir Nuh, Sahl binni Mansur, vazir Sulamiy, Junayd, ustod – saroy shoirlarining sobiq sardori, saroy ahli. O‘rtada Ro‘dakiy turibdi. Eshik orqasidan, saroyga tutash ayvondan xalqning g‘ala-g‘ovur sadolari eshitilib turibdi.
Oytosh. Xalq borgan sari ko‘paymoqda. “Ro‘dakiyni ozod etmaguncha, biz ketmaymiz!” deb g‘ovg‘a solmoqda.
Sahl (g‘azabda Junaydga Ro‘dakiyni ko‘rsatib). Nega sen uni kuppa-kunduz kuni rasta-yu bozor aylantirib olib kelding? Hech kimsa ko‘rmasligi uchun kechasi olib kelish lozim edi!
Nuh. Xalqning Ro‘dakiyda nima ishi bor ekan? Ro‘dakiy bizning bitta qulimizdur, biz uni qanday jazolasak, haqimiz bor.
Sobiq Ustod. Tavba qiling, Ro‘dakiy, tavba qiling. Podshohim gunohingizni kechirgaylar.
Ro‘dakiy xomush.
Nuh (Ro‘dakiyga). Sen isyonchilarni qo‘llaysenmi? Itoatsizlar, oyoqyalang bezorilar tarafini olasenmi?!
Sulamiy. Podshohimning dushmanlari bilan do‘stlik qilasenmi?
Sahl. Bu kishi avvaldan ham qarmatiylarning xayrixohi edi!
Sulamiy. Zotiga tortadi, podshohim. Achchiq daraxtni shakarobu bol bilan parvarish qilsalar ham baribir mevasi achchiq bo‘ladi.
Nuh (Ro‘dakiyga). Sen bir sahroyi eding, bir qishloqi gado eding. Somoniylar xonadoni seni shunday baland martabaga yetkazdi, endi sen yaxshilikka yomonlik qilasenmi?
Sobiq Ustod. Axir, tavba qiling, yer o‘ping.
Ro‘dakiy. Amirim, somoniylarning menga nisbatan lutfu marhamati ulug‘dir. Men bu ulug‘ xonadon ne’matiga tashakkur qilishga vojibmen. Ammo bu baxtiqaro kishilar, balo domiga tushganlar, xoru zabun bo‘lib, qatlu torojga mahkum etilgan kishilarki, siz ularni qarmatiy, itoatsiz, mazhabi buzuq deb ataysiz. Aslida gunohsizdurlar! Xudo shohid, gunohsizdurlar. Agar alardin kimningdur gunohi bo‘lsa (amir atrofidagilarga ishora qilib), gunohi shularning bo‘ynidadur. Chunki ularning og‘irdan-og‘ir xiroj solishi va shafqatsizlik bilan mol-mulkini musodara qilishi oqibatida pichoq xalqning suyagiga borib taqaldi!
Hozir bo‘lganlar g‘avg‘o solishadi.
Oytosh. Tilingni tiy, shoir, gustohliging haddan oshdi!
Ro‘dakiy. Sizning qarshingizda haq so‘z – gustohlik-andishasizlikdir. Xaloyiq adolat talab etib jon bermoqda, qiyomat qoyim bo‘lmoqda. Xaloyiqning mardligi va qahramonligi oldida mening gustohligim hech gap emas.
Sulamiy. Ey Xudoyim, saroyning bitta quli podshohi a’zamning betiga qarab shunday so‘zlarni aytsa-yu, yana jazosiz qolsa. Koshki men ko‘r, kar bo‘lsaydim. Buni ko‘rmagan va eshitmagan bo‘lardim!
Nuh (darg‘azab bo‘lib o‘rnidan turadi. Ro‘dakiy haqida farmon berishga shaylanadi. Ammo shu asnoda maydondan xalqning g‘ala-g‘ovuri eshitiladi. Amir derazadan tashqariga qaraydi, siqiladi, ikkilanib qoladi. Sulamiyga murojaat qilib so‘raydi). Sizning ra’yingiz nedur, vazir!
Sulamiy (cho‘zib gapiradi). Podshohim adlu insofda ulug‘durlar, fazlu donishda – mukammal. Podshohimning har bir so‘zlari darveshlarga najot, g‘amginlarga farog‘at, baxtsizlarga ozodlikdur. Kimki, bu haqiqatni inkor etsa, mal’un va yaramasdur…
Nuh (toqatsizlanib). Qisqa qiling!
Sulamiy. Shoir Ro‘dakiy ne’matga nisbatan nonko‘rlik qilishni o‘ziga shior qilib oldi, u bu oliy dargohni qoralaydi. U bir she’rida: “Chi nishinini ba dargahash hamvor, Ki hama kori o‘ na hamvor ast”, deydi. Ya’ni podshohimning barcha ishlari bir tekis emas, nosavob va sahvu xatodir. Yana ayturki: “Uning bilimi yaxshi emas, chehrasi ham”. Eshitdingizmi?.. “Zishtkirdoru xubdador ast”, ya’ni “diydori yaxshi bo‘lsa-da, kirdori tubandur” va…
Nuh. Bas, yetadi!
Maydonda xalq g‘avg‘osi.
Sahl. Xalq hayiqmaydigan bo‘lib qolibdur, amirim. Xalqning ko‘zini qo‘rqitib qo‘yish lozim.
Nuh. Xalqni tarqatib yuboring!
Oytosh yugurib chiqib ketadi.
Ro‘dakiy: To‘xtang!.. Gunohsizlar qonidan qo‘rqing!.. (Amirga)
Gar tog‘ ba dast ori, mardum notavon kusht!
Dar peshi xudovand badi nest faromusht!..
O‘ldirmoqchun birovlarni qo‘lingga tig‘ tutma,
Yomonliqni unutmas xudo, buni unutma!..
Nuh. Bu xoinning sazosi…
Sobiq Ustod (qo‘rquv va dahshat bilan). Podshohim, rahm qiling! Adolat qiling! Shoirga sitamni ravo ko‘rmang!..
Sahl (Sobiq Ustodga). Sizga nima bo‘ldi? Bir vaqtlar Ro‘dakiyni ko‘rarga ko‘zingiz yo‘q edi. Uning ortidan g‘iybatu bo‘hton tarqatib yurardingiz!
Sobiq Ustod. Men pushaymonmen, yuz marta pushaymonmen. Men ko‘r ekanmen. Ro‘dakiy mislsiz, tengsizdur! Men tugal iqror etamenki, u shoirlar sohibqironi – podshosi ekan! Ulug‘ ustod ekan! Axir, fors she’riyati poydevorini qurgan ham, dariy tilidagi she’riyatni saltanat taxtiga olib chiqqan ham shu Ro‘dakiydir!…
Nuh. Bu ko‘rnamakni… (Maydondagi xalqning g‘avg‘osini eshitib yana ikkilanib qoladi).
Sulamiy. Zindon qilmoq darkor!
Sahl. Yaxshisi, boshini dorga osmoq!
Sobiq Ustod (yig‘lagan holda). Podshohim, adolat qiling.
Sahl. Xoinlarga jazo berish ayni adolatdir.
Nuh. Sahl binni Mansur! Biz gunohkorni sizga topshirdik. Qanday jazo lozim bo‘lsa, shunday qiling.
Sahl (Ro‘dakiyga yaqinroq borib). Endi sen mening qo‘limdasen. Men uzoq yillar shu soatni intizor bo‘lib kutar edim.
Ro‘dakiy. Sen, Sahl, shoir hazar qiladigan har qanday yaramas narsadan ham yaramasroq va razilroqdursen.
Sahl. Sen hali bu so‘zlaringga ham javob berg‘usidursen. Sen bugun Sahl binni Mansurning kimligini, uning o‘chi nimaligini bilib olasen. Men bugun “ho‘kiz va bulbul”, Dabusiya xiroji, “tul xotinlar chirog‘i piligi”ni senga ko‘rsatib qo‘yamen. Niginaning qasosini sendan olurmen, hayot-mamoting endi qo‘limdadur.
Ro‘dakiy. Mening hayotimni mendan olmoq istaysen? (Istehzo bilan kuladi). Kechikding, Sahl, g‘aflatda qolding! Hayotim allaqachonlar she’rlarimga, kitoblarimga ko‘chib o‘tgan. Sen endi nimani ololasen? Shoirning hayotini, uning qismatini podshohlar ham o‘z hukmlariga tobe’ qilolmaydilar, senga o‘xshash qonxo‘r jallodlarga yo‘l bo‘lsin.
Sahl (g‘azablanib). Oling uni!
Sahlning ishorati bilan darborlar Ro‘dakiyga yopishib, sudrab-sudrab boshqa xonaga olib chiqib ketadilar. Sobiq Ustod yerga yiqilib, darborlarning etagidan ushlab, dod soladi, biroq ular bunga e’tibor bermay, o‘tib ketadilar. Shoirni olib kirgan xonadan jigarni ezuvchi qisqa bir nola – fig‘on chiqadi. Birozdan keyin darborlar orqalari bilan yurib xonadan chiqadilar va Ro‘dakiy qonga bulg‘angan dastro‘mol bilan ko‘zlarini berkitib olib, kalovlanib-kalovlanib chiqib keladi.
Ro‘dakiy (dard bilan). Boshimdagi ko‘zimni ko‘r qildilar. Xudoyim, endi qalbim ko‘zini ochg‘il, uni munavvar qilg‘il.
Sahl, Sulamiy, darborlar o‘z jinoyatlaridan dahshatga tushib, yurib kelayotgan Ro‘dakiydan qo‘rqib, vahm qilib, orqalari bilan tisarilib devorga tutashib qoladilar.
Parda
O‘n uchinchi ko‘rinish
Ro‘dakiyning hovlisi. Ayvonda Ro‘dakiy, Maj (xontaxta oldida), Orifiy, Shakuriy, Sobiq Ustod.
Ro‘dakiy. Yozdingizmi, Maj?
Maj. Yozdim.
Ro‘dakiy. Yana bir necha bayt aytamen, shu bilan doston tugallanadi… Nima desam ekan?.. “Kalila va Dimna” – hayotning bilimnomasidur. Men jahonni o‘zgacha ko‘ramen. Boshim ko‘zini bosib oldilar, qalbimning ko‘zi ochildi. Men munavvarroq ko‘radigan bo‘lib qoldim. Ha, quyoshning diydorini ko‘rmoq uchun qorong‘i tunni sabr-bardosh bilan o‘tkazmoq kerak. Jahon homiladur. U yangi turmush, yangi rejalar tuqqusi. Shod bo‘lib, umidvor bo‘lib yashamoq darkor. Hayot rahmsizdur, qattiqqo‘ldur. Ammo u ustoddur, murabbiydur…
Navkarlari hamrohligida amaldor kirib keladi.
Amaldor (Majga). Vazirning farmoni bilan men musodara…
Maj (nafrat bilan sekingina). Tinchlaning! Musodara qiling, ammo xalaqit bermang!
Amaldorning navkarlari shoir uyidagi buyumlarni yig‘ishtirib, olib chiqib keta boshlaydilar. Orifiy va Shakuriy shoirning kitoblarini talon-toroj qilishdan saqlab qoladilar.
Ro‘dakiy. Barcha mamlakatlarning oqillari hamma tillarda hayotni o‘rganib, uni aziz tutib, hayot bilimini zarra-zarra jam etib, daraxtlarning barg va po‘stloqlariga bitganlar. Charmga, toshlarga naqsh etganlar va nihoyat kitobat qilganlar. Tokim kishilar o‘rganib chiqsunlar, o‘git olsunlar deb. Men hayot bilimini, turmush o‘gitini sharaflaymen.
Yozing, Maj!
To jahon bud az sari mardum faroz…
Odamdan yuqori turarkan olam,
Bilim oshirmoqqa muhtojdur odam.
Aqlli kishilar har qaysi tilda
Har qanday zamonda, har qaysi xilda
Bilimlarni to‘plab, hurmat etdilar,
Toshlarga naqsh etib, bitib ketdilar:
“Odamlar qalbining chirog‘i bilim,
Yomondan saqlanish yarog‘i bilim.
Har kishi olmasa hayotdan ta’lim,
Unga o‘rgatolmas hech bir muallim”.
Mana shu bilan mening dostonim poyoniga yetdi… Maj… Ular…. Musodara qildilarmi?
Maj. Hamma narsani olib ketdilar, hech narsa qolmadi.
Ro‘dakiy (qattiq toqatsizlanib). Nima? Kitoblarniyammi?
Maj. Kitoblaringiz qoldi, hammasi oldingizda.
Ro‘dakiy (kitoblarni paypaslab ushlab, tinchlanadi, kuladi). Eshak munchoqni olib ketibdi, durlar qolibdur. Yo‘q! Bu jaholat! Suvga chizilgan naqsh! Men bechora emasmen (kitoblarni paypaslab ushlaydi). Bu mening to‘plagan boyligim, bezavol xazinam! Ro‘dakiy g‘azaliyoti. Ro‘dakiy qasidalari. Ro‘dakiy ruboiylari. Ro‘dakiy “Pandnoma”si. Ro‘dakiyning “Kalila va Dimna”si. Bu mening nomu nishonimdur. Mening mangu hayotimdur. Men bularning hammasini kishilarga, meni sevgan va sevuvchi kishilarga armug‘on etamen. Men kimsasizmenmi? Yo‘q. Jafokash xalqim bor, uning qalbi mening uyim, makonim. Hassa keltiring, men o‘z makonimga – xalqimga boramen!..
Parda
Tojik tilidan Natan Mallayev tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2017 yil, 3-son