Somerset Moem. Yomg‘ir (hikoya)

Vaqt allamahal bo‘lib qolgan, ertaga tongda qirg‘oq ko‘zga tashlanishi kerak edi. Doktor Makfeyl trubkasini yondirib, panjaraga suyangancha ko‘kdan Janubiy Xoch yulduzlar turkumini qidira boshladi. Janggohda o‘tgan ikki yil va juda uzoq bitgan yaradan so‘ng u hech bo‘lmasa yil-o‘n ikki oy tinchgina yashash uchun Apiaga ketayotganiga suyunib, sayohatga chiqqanidan beri o‘zini ancha tetik his qilayotgandi. O‘sha kuni kechqurun Pago-Pago orolida kemadan tushadigan yo‘lovchilar sharafiga odmigina raqs kechasi uyushtirilgan, pianolaning yoqimsiz sadosi uning qulog‘ida hamon jaranglardi. Lekin hozir kema sahna sokin edi. Doktor nariroqda, uzun o‘rindiqda er-xotin Devidsonlar bilan gurunglashayotgan ayolini ko‘rib, o‘sha yoqqa yurdi. Fonus yoniga o‘tirib shlyapasini yechgan doktorning tepakal boshidagi malla sochlari sepkilli sariq yuziga juda mos edi. Yoshi qirqlarga borgan, yuzi kaftdekkina bu odam juda tartibli va bir oz jizzaki. Doim past ovozda, shotlandcha shevada gapirardi.
Makfeyllar va missioner er-xotin Devidsonlar kemaga chiqishganidan beri o‘zlarini bir-birlariga yaqin tutishar, bu yaqinlikni qiziqishlari bir xil odamlarning do‘stligidan ko‘ra ko‘proq fe’l-atvorlaridagi o‘xshashlik bilan izohlash mumkin edi. Makfeyllar ham, Devidsonlar ham tamaki chekiladigan xonaga qamalib olib ertalabdan kechgacha poker yoki brij o‘ynab ichkilikbozlik qiladiganlarni yoqtirmasdilar. Devidsonlarning butun boshli kemada faqat o‘zi va eri bilan do‘stlashganidan missis Makfeylning boshi ko‘kka yetdi, hatto tortinchoq, lekin aqlli doktor ham beixtiyor bu iltifotdan xushnud bo‘ldi. Aslida u o‘sha oqshom kayutada xotinining jig‘iga tegmoqchi edi.
— Missis Devidson, agar sizlar bo‘lmaganingizda safarimiz qanday o‘tardi, — deya gap boshladi yasama sochini berilib tarayotgan missis Makfeyl. — Aytishicha, bu kemada faqat bizlar ularning e’tiboriga tushibmiz.
— Missionerlarning bunchalik o‘zlariga bino qo‘yganini bilmagan ekanman.
— Bu o‘ziga bino qo‘yish emas. Missis Devidsonning nima demoqchiligini men darrov angladim. Axir, Devidsondek odamlarga tamaki chekiladigan xonadagi qalang‘i-qasang‘ilar bilan o‘tirish yarashmaydi-ku.
— Ular targ‘ib qiladigan din asoschisining o‘zi bunchalik ayirmachi bo‘lmagan, — dedi doktor Makfeyl miyig‘ida kulib.
— Din haqida yengil-elpi gaplarni gapirma, deb senga necha marta aytganman, — dedi xotini. — Shu fe’ling menga hech yoqmaydi-da, Alek. Sen odamning yaxshi-yomonini ajratolmaysan.
Makfeyl ko‘m-ko‘k ko‘zlari bilan xotiniga bir qarab qo‘ydi-da, indamadi. Uzoq yillik turmush uni xotini bilan qulog‘i tinch yashashi uchun bir gapdan qolish kerakligiga o‘rgatgandi. U xotinidan avval kiyimini yechdi-da, tepadagi osma karavotga chiqib, uyqusini keltirish uchun kitob o‘qiy boshladi.
Ertasi kuni subhidamda doktor Makfeyl kema sahnaga chiqqanida kema qirg‘oqqa yaqinlashib qolgandi. U sohilga intiq bo‘lib tikildi. Oppoq qumli ensizgina qirg‘oq boshdan-oyoq daraxt va buta bosgan tepaliklarga tutashib ketgan, qalin va yam-yashil kokos daraxtlari suvgacha tushib borgandi. Daraxtlar orasida samoaliklarning shox-shabbadan tiklangan kulbalari, orolning har joy-har joyida esa qubbalari yaltirab chog‘roq cherkovlar ko‘zga tashlanardi. Doktorning yoniga missis Devidson keldi. U qora libosda, bo‘ynidagi tilla taqinchoqqa kichkina xoch osilgandi. Missis Devidson qo‘ng‘ir sochlari tartib bilan turma- klangan, ko‘m-ko‘k, zag‘chanikidek ko‘zlariga gardishsiz ko‘zoynak taqqan jikkakkina ayol edi. Yuzi qo‘ynikidek cho‘zinchoq bo‘lsa-da, o‘zi befarosat emas, aksincha, o‘ta tiyrak ayolligi sezilib turardi. U xuddi qushdek chaqqon harakatlanar, lekin hammadan ham uning doim bir maromdagi shang‘illagan ovozi kishini ajablantirar, quloqqa nuqul bir xil eshi- tiladigan bu tovush parmaning tirillashidek asabni egovlardi.
— Bu yerlarda siz o‘zingizni uydagidek his etsangiz kerak, — dedi doktor Makfeyl odatiga ko‘ra xiyol jilmayib.
— Bizning orollarimiz bunaqa emas, tekis. Ular marjon orollar. Bular esa vulqondan paydo bo‘lgan. Bizlarnikiga yetish uchun yana o‘n kun suzish kerak.
— Bu tomonlarda bir oroldan boshqasiga borish bir ko‘chadan narigisiga o‘tishdek gap bo‘lsa kerak, — dedi doktor hazillashib.
— Bir oz bo‘rttirib yubordingiz. Lekin janubiy dengizlarda odam masofani boshqacha his eta boshlaydi. Shu ma’noda gapingiz to‘g‘ri.
Doktor Makfeyl xo‘rsinib qo‘ydi.
— Yaxshiyam bizni bu orolga yuborishmagan ekan, — gapida davom etdi missis Devidson. — Bu yerda ishlash azob deyishadi. Kemalarning shovqini odamning miyasini egovlarkan; ustiga-ustak, orolda harbiy dengiz floti bor, bu mahalliy aholiga yomon ta’sir qiladi. Biz ishlaydigan hududda bunaqa qiyinchiliklar uchramaydi. Bir-ikkita olib-sotar bor-u, ularning yurish-turishi doim nazoratimizda, agar biror nomaqbul ishga qo‘l ursa, o‘z oyog‘i bilan oroldan juftagini rostlaydigan qilib tanobini tortib qo‘yamiz.
Missis Devidson ko‘zoynagini burniga bosib, o‘tkir nigohini yam-yashil orolga qadadi.
— Bu yerda unaqangi tartib o‘rnatish amrimahol. Pago-Pagodek orolda ishlashdan asragani uchun Xudoga ming qatla shukr.
Devidsonlar missionerlik qiladigan hudud Samoaning shimolidagi bir-biridan xiyla olisda joylashgan orollardan iborat ekan. Mister Devidson oroldan-orolga kichkina qayiqda uzoq suzar, bunaqa paytlari missis Devidson boshqarmada qolib missiyani o‘zi boshqararkan. Bu ayolning shijoat bilan toat-ibodat marosimini boshqarishini ko‘z oldiga keltirib doktorning yuragi uvishib ketdi. Xonim mahalliy xalqning axloqsizligi haqida ko‘zlari ola-kula bo‘lib shunchalik vahima bilan gapirardiki, uning jo‘shqin nutqini bo‘lishning mutlaqo iloji yo‘q edi. Missis Devidson odob-axloq masalalariga juda qattiq qarardi. Endi tanishgan paytlarida xonim doktorga shunday degandi:
— Bilsangiz, orollarga birinchi marta kelganimizda bu yerliklarning to‘y marosimini ko‘rib tepa sochimiz tikka bo‘lgan, buni sizga aytishga tilim bormaydi. Missis Makfeylga aytaman, o‘zi sizga gapirib beradi.
Keyin doktor Makfeyl kema sahnadagi shezlongda missis Devidson xotini bilan ikki soatcha berilib suhbatlashganiga guvoh bo‘ldi. Badantarbiya qilib, ularning ko‘z o‘ngida u yoqdan-bu yoqqa yurib turgan doktorning qulog‘iga labi-labiga tegmay javrayotgan missis Devidsonning hayajonli ovozi uzoqdagi sharsharaning shovullaganidek eshitildiki, xotinining og‘zi ochilib, rangi quv o‘chganidan vahimali gaplarni eshitayotgani sezilib turardi. Oqshom bo‘lmada xotini nafasini ichiga yutib, eshitganlarini oqizmay-tomizmay doktorga so‘zlab berdi.
— Xo‘sh, sizga nima devdim? — deb so‘radi ertasi kuni ertalab hovliqqancha missis Devidson. — Hayotingizda hech bunaqa irganch narsalarni eshitganmisiz? Nega sizga bularni aytolmaganimni endi tushungandirsiz? Doktor bo‘lsangiz ham aytolmadim-da.
Xonim doktorga sinchkov tikildi, eshitganlari unga qanday ta’sir etganini tezroq bilmoqchi edi.
— Bilasizmi, birinchi marta bu orollarga kelganimizda yuragimiz orqaga tortib ketgan. Ishonsangiz, qishloqlarda birorta ham bokira qiz topilmasdi.
Missis Devidson “bokira” so‘zini alohida uqtirib aytdi.
— Mister Devidson ikkimiz uzoq maslahatlashib, avvalambor, raqsga tushishni man etish kerak, degan qarorga keldik. Mahalliy aholi raqs desa o‘zini tomdan tashlardi.
— Yoshligimda menga ham raqs tushish yoqardi, — dedi doktor Makfeyl.
— Kecha kechqurun missis Makfeylni raqsga taklif qilganingizda payqadim. Erkak kishining o‘z xotini bilan raqs tushishining ayb joyi yo‘g‘-u, lekin xotiningiz unamaganini ko‘rib men yengil tortdim. Menimcha, bunday paytlarda chetroqda turganimiz ma’qul.
— Qanaqa paytlarda?
Missis Devidson oynak taqqan ko‘zlari bilan unga bir qarab qo‘ydi-da, savolini eshitmaganga oldi.
— Bu narsalarga oqtanlilar har xil qaraydi, — deya gapini davom ettirdi Devidson xonim. — Lekin shaxsan men mister Devidsonning xotini begona kishi bilan raqs tushishiga jimgina qarab turadigan erkaklarga sira tushunmayman, degan gapiga to‘la qo‘shilaman. O‘zimga kelsak, turmushga chiqqanimdan beri biror marta raqs tushmaganman. Ammo orolliklarning raqsi mutlaqo boshqa masala. Bunaqa uyatsiz raqsga tushgan odamning axloqi buzilmay qolmaydi. Yaratganga shukrki, biz mana shu rasvogarchilikka chek qo‘ydik, aniq aytishim mumkin, biz tomonda sakkiz yildan beri birorta odam raqsga tushgani yo‘q.
Missis Makfeyl davraga qo‘shilgan mahal kema bandargohning og‘ziga yaqin kelib, keskin burildi-da, bug‘ chiqarib sekingina ichkariga suzdi. Bu uch tomoni yam-yashil pasttepaliklar bilan o‘ralgan, ichiga jangovar kemalar floti ham sig‘ib ketadigan ulkan bandargoh edi.
Dengiz shamoli esib turadigan bandargoh og‘ziga yaqin joyda gubernatorning tomorqali uyi ko‘rinar, uzun dastakda AQSh bayrog‘i shalpayib turardi. Kema tartib bilan qurilgan uch-to‘rtta ayvonli uy va tennis kortining yonidan o‘tdi-da, omborxonali qirg‘oqqa yetib to‘xtadi. Missis Devidson qo‘li bilan qirg‘oqdan ikki-uch yuz yard narida langar tashlagan, ularni Apiaga eltishi kerak bo‘lgan kichikroq yelkanli kemani ko‘rsatdi. Qirg‘oq atrofdagi orollarda yashovchi, quloqni qomatga keltirib shovqin ko‘tarayotgan, serg‘ayrat va xushchaqchaq tubjoyliklar bilan gavjum edi. Ularning ayrimlari shunchaki aylanib yurishar, boshqalari esa Sidneyga yo‘l olayotgan sayohatchilarga ananas, har biri bilakdek-bilakdek keladigan banan, tut po‘stlog‘idan tikilgan kiyim-kechak, chig‘anoq yoki akula tishidan yasalgan munchoq, sopol piyolacha va o‘yinchoq-harbiy qayiqchalarni ayirboshlashni taklif qilish bilan andarmon edilar. Bashang kiyingan, soqoli qirtishlangan amerikalik olifta dengizchilar olomon orasida daydishar, uch-to‘rt amaldor ham shu yerda edi. Yuklarini kemadan tushirishayotganda Makfeyllar va missis Devidson olomonni kuzatib turishdi. Doktor Makfeyl orollik bolalar va o‘smirlarning badanidagi o‘simtayu yara-chaqalardan aziyat chekishini payqadi. Katta, beso‘naqay qo‘lini shalviratib yoki ko‘ngilni aynitadigan darajada tasqara oyog‘ini sudrab yurgan odamlarda birinchi bor teri berchligi kasalligi alomatlarini ko‘rarkan, doktorning ko‘zi chaqnab ketdi. Erkaklar ham, ayollar ham lava-lava kiyib olishgandi.
— Bu uyatsizlarning kiyimiga qarang, — dedi missis Devidson. — Mister Devidson buni qonun bilan taqiqlash kerak, deb hisoblaydi. Beliga bir parcha qizil latta bog‘lagan odamni axloqqa o‘rgatib bo‘ladimi?
— Ob-havoga mos-da, — dedi doktor yuzidagi terni artib.
Erta tongda kemadan tushgan bo‘lsalar ham havo nihoyatda dim edi. Tepaliklar bilan o‘ralgan Pago-Pagoda g‘ir etgan shabada yo‘q.
— O‘zimizning orollarda, — dedi missis Devidson shang‘illab, — lava-lavani yo‘q qildik hisob. Bir-ikkita qariya kiyishi mumkinu, lekin boshqa hech kim kiymaydi. Ayollarning barini uzun ko‘ylakka, erkaklarni bo‘lsa shim va mayka kiyishga o‘rgatdik. Orollarga keliboq mister Devidson ma’ruzalarining birida o‘nga kirgan har bir bola ishton kiymaguncha orolliklar chinakam nasroniy bo‘lolmaydilar, dedi.
Shu payt xonim zag‘cha ko‘zlarini bandargohning og‘ziga yopirilib kelayotgan qop-qora bulutlarga qadadi. Yomg‘ir tomchilay boshladi.
— Panaroq joyga o‘tmasak bo‘lmaydi-yov, — dedi u.
Uchovlon olomonga qo‘shilib ustiga qovurg‘asimon tunuka yopilgan ulkan ayvonga kirishganda jala quya boshlagandi. Bir ozdan keyin mister Devidson ham keldi. U sayohat vaqtida Makfeyllarga ancha iltifot ko‘rsatgan bo‘lsa-da, xotinidek odamshavanda emasdi, kemada ko‘p vaqtini kitob o‘qib o‘tkazardi. Kamgap va badqovoqroq missionerning xushmuomalaligi nasroniylik talabidan ekani sezilib turardi. Tabiatan og‘ir-bosiq, hatto biroz mahzun qiyofali bu odamning ko‘rinishi ham ajabtovur edi: o‘zi novcha va ozg‘in, uzun qo‘l-oyoqlari shalviragan, yuzi ichiga botib, yonoq suyaklari bo‘rtib chiqqandi. Rangi arvohnikidek oppoq missionerning ehtirosli, qalin lablari kishida g‘alati taassurot qoldirardi. Sochlari yelkasiga tushgan, ich-ichiga botgan qop-qora, katta- katta ko‘zlari ma’yus, uzun barmoqli qo‘llari nozik edi. Bularning bari uni ulug‘vor ko‘rsatardi. Lekin mister Devidsonning eng hayratlanarli xislati — unda har qanday odamni ham bo‘ysundiradigan ichki shijoat bor edi. Bu xislati atrofdagilarga kuchli ta’sir qilar, hatto biroz hayiqtirardi ham. U kimgadir sirdosh bo‘ladiganlar xilidan emasdi.
Hozir mister Devidson xunuk xabar keltirgandi. Pago-Pagoda ko‘pincha kanaklarning umriga zomin bo‘ladigan qizamiq avjiga chiqqan, kasallik sayohatchilarni Apiaga eltadigan yelkanli kema jamoasi orasida ham tarqalgandi. Qizamiqqa chalingan dengizchini qirg‘oqqa olib chiqib, maxsus shifoxonaga yotqizishgan bo‘lsa ham, Apiadan telegraf orqali yelkanli kemadagi qolgan dengizchilarning soppa-sog‘ ekanligi aniqlanmaguncha kema bandargohga kiritilmaydi, degan buyruq yuborilgandi.
— Demak, bu yerda kamida yana o‘n kun turamiz.
— Lekin men Apiaga tezroq yetib borishim kerak, — dedi doktor Makfeyl.
— Boshqa iloji yo‘q. Agar kemada yana kasalga chalinganlar chiqmasa, faqat oqtanli yo‘lovchilar bilan suzishga ruxsat beriladi, mahalliy aholini tashish esa uch oyga ta’qiqlangan.
— Bu yerda mehmonxona bormi? — so‘radi missis Makfeyl.
Devidson miyig‘ida kuldi.
— Yo‘q.
— Unda nima qilamiz?
— Men gubernator bilan gaplashdim. Bir savdogar qirg‘oqqa yaqin joydagi uyidan ijaraga xona berarkan. Menimcha, yomg‘ir tinishi bilan o‘sha yoqqa borib, gaplashib ko‘rish kerak. Qulaylikdan umid yo‘q. O‘tishga karavot, boshimiz ustida tom bo‘lsa bas, shunga shukr qilishimiz kerak.
Lekin yomg‘ir tinay demasdi va ular soyabonu yomg‘irpo‘shlarga o‘ranib yo‘lga tushishdi. Shahar hokimlikka qarashli uch-to‘rtta bino va bir-ikkita do‘kondan iborat edi, ichkariroqda — kokos daraxtlari va otquloqlar orasida orolliklarning uylari ko‘zga chalinib turardi. Ular qidirgan uygacha bandargohdan besh daqiqacha yurilarkan. Bu ikki qavatli, har qavatida keng ayvoni bor, tomi qovurg‘asimon tunuka bilan yopilgan sinchli uy edi. Egasining ismi Horn, o‘zi metis, orollik xotini va bir etak qora-qura bolalari bor. Horn uyning birinchi qavatidagi do‘konda konserva va mato sotardi. Savdogar mehmonlarga ko‘rsatgan xonalarda uy jihozlari deyarli yo‘q edi. Makfeyllar joylashgan xonada pashshaga qarshi yirtiq to‘r bilan o‘ralgan uvadasi chiqqan eski karavot, liqillab qolgan kursi va qo‘lyuvgich bor edi, xolos. Ular ko‘zlari jovdirab xonani ko‘zdan kechirishdi. Yomg‘ir hanuz tinmay quyardi.
— Jomadondan faqat eng zarur buyumlarni olamiz, — dedi missis Makfeyl.
U jomadonni ochayotganda xonaga missis Devidson kirib keldi. Xonim juda harakatchan, chaqqon bo‘lib qolgan, xonalarning abgorligi unga zig‘ircha ham ta’sir etmagandi.
— Sizlarga maslahatim, hoziroq igna bilan ip olib to‘rni yamanglar, yo‘qsa, bugun tun bo‘yi uxlolmaysizlar, — dedi u.
— Bu yerda pashsha shunchalik ko‘pmi? — deb so‘radi doktor Makfeyl. — Hozir pashsha mavsumi. Apiada hali gubernator kechaga taklif etsa, hamma ayollarga haligi… quyi a’zolarini berkitish uchun yostiq jildi berishlarini ko‘rasizlar.
— Qani endi yomg‘ir birpasga tinsa, — dedi missis Makfeyl. — Quyosh chiqmasa xonani epaqaga keltirishga qo‘l ham bormaydi.
— Eh-he, quyoshni hali uzoq kutasiz. Pago-Pago Tinch okeanidagi yomg‘ir eng ko‘p yog‘adigan joylardan. Bulutlar nuqul tepaliklar va ko‘rfaz ustiga yopiriladi. Har yili bu vaqtda yomg‘ir yog‘ishi tayin.
Missis Devidson xonaning ikki tomonida nima qilarini bilmay mo‘ltirab turgan Makfeyllarga bir-bir qaradi-da, labini qimtidi. Ularni o‘z qanoti ostiga olishi kerakligini tushundi. Bunaqa bo‘shang odamlar uning asabini o‘ynatar, lekin, odatda, hamma narsani tartibga solmaguncha xonimning ko‘ngli tinchimasdi.
— Bo‘lmasa, menga igna bilan ip beringlar, narsalarni joy-joy qilguningizcha to‘rlaringni o‘zim yamay. Tushlik soat birda. Doktor Makfeyl, siz bandargohga borib, og‘ir yuklaringizni quruq joyga o‘tkazishibdimi, yo‘qmi, qarab keling. Bu orolliklar yuklaringizni yomg‘irda qoldirib ketaverishadi.
Doktor yomg‘irpo‘shini yopinib, zinadan pastga tushdi. Eshikning yonida mister Horn ularni boyagina orolga keltirgan kema boshqaruvchisi va bortda bir necha marta ko‘zi tushgan ikkinchi klass yo‘lovchisi bilan gurunglashib turardi. Ust-boshi kir-chir, yuzini ajin bosgan, pak-pakana kema darg‘asi unga qarab boshini qimirlatdi.
— Qizamiq tarqalgani yomon bo‘ldi-da, doktor, — dedi boshqaruvchi.
— Darrov joylashib olibsizlar-da?
Betakallufroq ekanmi, deb o‘yladi doktor, lekin uning o‘zi kamsuqum va bosiq odam edi, shu bois ranjimadi.
— Ha, yuqori qavatdan xona oldik.
— Miss Tompson ham sizlar bilan birga Apiaga ketmoqchi ekan, uni bu yerga yetaklab kelaverdim.
Kema darg‘asi bosh barmog‘i bilan yonida turgan ayolga ishora qildi. Bu ochiq-sochiq kiyingan yigirma yetti yoshlardagi semiz xotin edi. Egnida oppoq libos, boshida katta oq shlyapa. Oq paypoqli yo‘g‘on boldirlari mayin teridan tikilgan uchi o‘tkir loklangan oq etigining qo‘njidan do‘ppayib chiqib turardi. U Makfeylga qarab makkorona jilmaydi.
— Manavi nusxa katalakday xona uchun mendan kuniga bir yarim dollar olmoqchi, — dedi xonim shang‘illab.
— Axir, bu ayol mening do‘stim-ku, Jo, — dedi kema darg‘asi. — Bir dollardan ortiq to‘lolmaydi. Rozi bo‘lavering.
Savdogar mudom jilmayib turadigan baq-baqaloq yuvvosh odam edi.
— Unda men bir o‘ylab ko‘ray, mister Svan. Missis Horn bilan maslahatlashay. Agar narxni tushira olsak, rozi bo‘laman.
— Meni laqillataman, deb ovora bo‘lmang, — dedi miss Tompson.
— Buni hozir hal qilamiz. Xona uchun kuniga bir dollardan ortiq bir tsent ham bermayman.
Doktor Makfeyl jilmaydi. Xonimning bezrayib savdolashayotganidan zavqi keldi. Doktorning o‘zi esa qancha so‘rashsa, indamay beradiganlar xilidan edi. U savdolashishdan ko‘ra, ortig‘i bilan to‘lashni ma’qul ko‘rardi. Savdogar xo‘rsindi.
— Mayli, mister Svan hurmati, roziman.
— Bu boshqa gap, — dedi miss Tompson. — Hoziroq xonaga kirib qittak-qittak ichamiz. Mister Svan, anavi sakvoyajni keltiring, ichida zo‘r javdar arog‘i bor. Siz ham kiring, doktor.
— Rahmat, men kirolmayman, — dedi doktor. — Yuklarimdan xabar olish uchun pastga tushayotgandim.
U yomg‘irga chiqdi. Yomg‘ir butun ko‘rfaz bo‘ylab sharillab quyar, ro‘paradagi qirg‘oq deyarli ko‘rinmay qolgandi. Doktor badaniga faqat lava-lava kiygan, katta soyabon ko‘targan uch-to‘rtta orollikning yonidan o‘tdi. Shoshilmay viqor bilan qadam tashlab borayotgan orolliklar jilmayib unga tushunarsiz tilda salom berishdi.
Doktor ortga qaytganda tushlik vaqti bo‘lgan, savdogarning mehmonxonasida dasturxon yasatilgandi. Yashash uchun emas, obro‘ uchun jihozlangan bu xona juda dim edi. Devorlariga gulli chiybaxmal qoplangan, shiftning o‘rtasiga pashshalardan asrash uchun sariq qog‘oz bilan o‘ralgan tillarang qandil osilgan edi. Devidson yo‘q edi.
— U gubernatornikiga mehmonga ketgan, — dedi missis Devidson. — Gubernator tushlikka ushlab qolgan bo‘lsa kerak.
Orollik qizcha laganda qovurilgan go‘sht keltirdi va ko‘p o‘tmay mehmonlardan hol so‘rash uchun savdogarning o‘zi ham kirib keldi.
— Yangi qo‘shni kelibdi-da, mister Horn? — dedi doktor Makfeyl.
— Ijaraga xona olgan, xolos, — dedi savdogar. — O‘zi alohida ovqatlanadi.
U ikkala xonimga ko‘zlari jovdirab qaradi.
— Sizlarga xalal bermasligi uchun uni pastki qavatga joylashtirdim. Hech kimga zarari tegmaydi.
— Kemada kelgan yo‘lovchilardan bo‘lsa kerak-da? — so‘radi missis Makfeyl.
— Ha, mem, ikkinchi klass kayutada kelgan. Apiaga borayotgan ekan. O‘sha yoqda hisobchi bo‘lib ishlamoqchi emish.
— O‘-ho‘!
Savdogar chiqib ketgach, Makfeyl gap boshladi:
— Meningcha, xonasida yolg‘iz o‘zi ovqatlanayotganidan xonim xursand bo‘lmasa kerak.
— Agar ikkinchi klass yo‘lovchisi bo‘lsa, xursand emasligi aniq, — dedi missis Devidson. — Kimligini hecham eslolmayapman.
— Kema darg‘asi uni boshlab kelganda o‘sha yoqda edim. Ayolning ismi — Tompson.
— Kecha kechqurun kema boshqaruvchisi bilan raqs tushgan ayol emasmi? — so‘radi missis Devidson.
— O‘sha bo‘lishi kerak, — dedi missis Makfeyl. — O‘ynayotganiniko‘ruvdim. Shaddodroqdek tuyuldi menga.
— Bu juda bema’ni odat, — dedi missis Devidson.
So‘ngra gap boshqa mavzuga ko‘chdi. Tushlikdan keyin esa, saharda turib holdan toyishgani bois, ular uxlagani tarqalishdi. Uyg‘onganlarida osmonni qora bulut qoplagan bo‘lsa-da, yomg‘ir yog‘mayotgandi. Ular amerikaliklar ko‘rfaz yoqalab qurgan katta yo‘l bo‘ylab sayrga chiqishdi.
Sayrdan qaytishsa, Devidson endi kelib turgan ekan.
— Bu yerda ikki haftacha qolib ketamiz, shekilli, — dedi u qovog‘ini uyib. — Gubernator bilan gaplashdim, hech qanday yordam berolmayman, deyapti.
— Mister Devidson tezroq ishga qaytishni o‘ylayapti, — dedi xotini unga xavotir aralash ko‘z tashlab.
— Orollardan ketganimizga ham bir yil bo‘ldi, — dedi Devidson ayvonda u yoqdan bu yoqqa yurib. — Missiya ishlarini mahalliy missionerlar zimmasiga yuklab ketuvdik, ular vazifalariga panja orasidan qarashmagan bo‘lishsin-da, ishqilib, deb rosa xavotirlanyapman.
Mahalliy missionerlar haqida bir og‘iz ham yomon gap aytmoqchi emasman, Xudo asrasin, bari esli-hushli, insofli, chin nasroniylar — ayrim nasroniylarning ularga tenglashishiga hali ancha bor — lekin ularda shijoat yetishmaydi. Dinni bir marta himoya qilishi mumkin, ikki marta himoya qilishi mumkin, lekin doimo himoya qila olishmaydi. Agar missiyani mahalliy missionerga ishonib topshirsangiz, u qanchalik ishonchli odam bo‘lmasin, vaqti kelib razolatga yo‘l qo‘yganiga guvoh bo‘lasiz.
Mister Devidson hamon tik turardi. Novcha va ozg‘in gavdasi, bo‘zargan yuzidagi katta-katta chaqnoq ko‘zlari kishida kuchli taassurot qoldirardi. Jazavaga tushib qo‘llarini silkitishi va jarangdor ovozi gaplarining samimiy ekanini tasdiqlab turardi.
— Ishlarim qalashib yotgan bo‘lsa kerak. Men darhol ishga kirishaman. Modomiki, daraxt chirigan ekan, uni kesib, olovga tashlash kerak.
Kun botib, kechki ovqatdan keyin choy ichilgach, kichkina mehmonxonada xonimlar bir nimalarni tikib, doktor Makfeyl esa trubkasini tutatib o‘tirganda missioner ularga orollarda bajargan yumushlari haqida gurung berdi.
— Bizlar bu orollarga kelganimizda mahalliy aholi gunoh-savob nima ekanini bilmasdi, — dedi u. — Muqaddas ta’limotlarni bot-bot buzib, ayb ishga qo‘l urishayotganini xayollariga ham keltirishmasdi. Meningcha, faoliyatimdagi eng qiyin ish mahalliy aholida gunohkorlik hissini uyg‘otish bo‘ldi.
Devidson xotinini uchratgunga qadar besh yil Sulaymon orollarida ishlaganidan Makfeyllar allaqachon xabardor edi. U paytlari missis Devidson Xitoyda missionerlik bilan mashg‘ul bo‘lgan, ular Bostonda, missionerlar qurultoyida ishtirok etgan kunlari tanishgandilar. To‘ydan so‘ng ularni orollarga safarbar qilishgan va o‘shandan buyon eru xotin shu yerda ter to‘kishardi.
Mister Devidsonning gaplarini tinglab, insonning mislsiz jasoratiga qoyil qolish mumkin edi. Devidson tibbiy missioner bo‘lgani bois, uni istalgan paytda istalgan orolga chaqirishlari hech gap emasdi. Yomg‘irlar mavsumida Tinch okeanida to‘fon ko‘tarilganda hatto kit ovlovchi kemalarda suzish ham xavfli bo‘lsa-da, Devidson ko‘pincha qayiqda yo‘lga chiqar, bu esa o‘lim bilan o‘ynashishdek gap edi. Kasallik yoki baxtsiz hodisa haqida xabar kelsa, u hecham ikkilanib o‘tirmasdi. Tirik qolish uchun necha marta tun bo‘yi qayig‘idan suvni to‘kib tashlashga majbur bo‘lgan, missis Devidson esa uni bir necha bor o‘ldiga chiqargandi.
— Ba’zan bormang, hech bo‘lmasa, havo ochilishini kuting, deb yalinardim, — dedi missis Devidson. — Lekin gapimga quloq solmasdi. Mister Devidson juda qaysar, biror narsaga ahd qildimi, bas, uni yo‘lidan qaytarishning sira iloji yo‘q.
— O‘zim Xudoga ishonib tavakkal qilishdan qo‘rqsam, mahalliy aholini haq yo‘lga qanday boshlayman? — hayqirdi Devidson. — Men qo‘rqmayman, qo‘rqmayman. Ular bilishadi: agar boshlariga musibat tushib, menga xabar yuborishsa-yu, yetib borishning imkoni bo‘lsa, men albatta yetib boraman. Yaratganning yo‘lida zahmat cheksam-u, Xudo menga madad bermaydi, deb o‘ylaysizmi? Shamol Uning buyrug‘i bilan esadi, to‘lqinlar Uning amri bilan jo‘shadi.
Doktor Makfeyl qo‘rqoqroq odam edi. Jangovar safdagi tibbiy bo‘linmada jarrohlik qilayotganda snaryadlarning xandaqlar ustidan chinqirib uchib o‘tishiga hecham ko‘nikolmas, qoshidan oqqan ter ko‘zoynagini namlar — shunday tang holatda qaltirayotgan qo‘llarini o‘ziga bo‘ysundirishga zo‘r berib urinardi. Missionerga qarab turib, u xiyol seskanib ketdi va:
— Qaniydi, men ham hech qachon qo‘rqmaganman, deb ayta olsam edi, — dedi.
— Qaniydi, siz Xudoga ishonaman, deya olsangiz, — dedi unga javoban missioner.
O‘sha kuni kechqurun gapdan gap chiqib missioner xotini bilan orollarga endi kelgan davrlarini xotirlay boshladi.
— Ba’zan missis Devidson ikkimiz bir-birimizga termilardik,ko‘zimizdan duv-duv yosh oqardi. Ertayu kech tinim bilmay ishlasak ham biror-bir natijaga erisholmayotgandek edik. O‘shanda yonimda xotinim bo‘lmaganda, nima qilardim, bilmayman. Ruhim cho‘kib, bariga qo‘l siltay deb turgan paytlarimda, u menga matonat va umid bag‘ishlardi.
Missis Devidson boshini egib, qo‘lidagi matoga qaradi va ozg‘in yanoqlari xiyol qizargandek bo‘ldi. Qo‘llari bilinar-bilinmas titrab, gapirishga majoli kelmadi.
— Bizga hech kim yordam berolmasdi. Biz yolg‘iz edik, o‘zimiznikilardan minglab mil uzoqda, zulmat iskanjasida edik. Holdan toyib, tushkunlikka tushgan paytlarimda missis Devidson ishlarini bir chetga surib qo‘yardi-da, Injilni qo‘liga olib, xuddi go‘dakni allalagandek ko‘nglim xotirjam tortguncha o‘qib berardi. Keyin kitobni yopardi-da: “Biz nima bo‘lsa ham ularni qutqaramiz”, derdi. Shunda Xudoning madadi bilan o‘zimda ishonch paydo bo‘lganini his qilardim va: “Ha, Yaratganning ko‘magi bilan men ularni qutqaraman. Ularni qutqarishim kerak”, derdim.
Devidson stolga yaqin keldi va xuddi mehrob ravog‘i qarshisida turgandek uning yoniga turib oldi.
— Ishonsangiz, mahalliy aholi fahsh botqog‘iga shunchalik botgan ediki, qo‘l urayotgan ishlari g‘irt axloqsizlik ekanini ularga sira tushuntirib bo‘lmasdi. Shunda ular odatlanib qolgan tabiiy amallarni gunoh deb e’lon qilishga majbur bo‘ldik. Xiyonat, yolg‘on gapirish, o‘g‘rilik kabi ayb ishlarga qo‘shib, badanni ko‘z-ko‘z etish, raqs tushish, cherkovga bormaslikni ham gunohlar qatoriga qo‘shdik. Qizlarga ko‘kragi ochiq yurishni, erkaklarga shalvar kiymay yurishni taqiqladim.
— Qanday qilib? — deb so‘radi doktor Makfeyl qiziqsinib.
— Jarima tayinladim. Axir, odamlarga qo‘l urayotgan ishlari noto‘g‘ri ekanini ko‘rsatishning birdan-bir yo‘li ularni jazolash. Cherkovga borishmasa, raqs tushishsa, ochiq-sochiq yurishsa, jarimaga tortdim. Har bir gunoh uchun ma’lum miqdorda jarima belgilab, pul yoki mehnat evaziga undirdim. Nihoyat, ularning aqlini kirgizdim.
— Biror marta bo‘lsa ham jarima to‘lashdan bosh tortishmadimi?
— Bosh tortib ko‘rishsin-chi, — dedi missioner.
— Mister Devidsonga qarshi chiqish uchun otning kallasidek yurak kerak, — dedi uning xotini labini qimtib.
Doktor Makfeyl Devidsonga bezovtalanib qaradi. Eshitgan gaplari uni ajablantirgan bo‘lsa ham, e’tiroz bildirishga botinolmadi.
— Shuni esdan chiqarmangki, oxirgi chora sifatida men ularni cherkov jamoasi a’zoligidan mahrum qilishim mumkin edi.
— Ular buni ko‘ngliga og‘ir olishmasmidi?
Devidson xiyol jilmayib, qo‘llarini bir-biriga ishqab qo‘ydi.
— A’zolikdan mahrum bo‘lgach, ular o‘zlari yetishtirgan kokos yong‘oqlarining mag‘zini sota olishmaydi-da. Dengizchilar ovlagan baliqdan ulush tegmaydi. Bu degani, och qolishadi. Shunday ekan, albatta, og‘ir olishadi-da.
— Bularga Fred Olson haqida ham gapirib bering, — dedi missis Devidson.
Missioner chaqnab turgan ko‘zlarini doktor Makfeylga qadadi.
— Fred Olson orollarda uzoq yillar yashagan daniyalik savdogar edi. Olib sotar bo‘lsa ham, xiylagina badavlat edi. Bizning orollarga kelishimiz uni unchalik xursand qilmadi. Chunki bu odam sira o‘z bilganidan qolmasdi. Mahalliy aholidan olgan kokos mag‘ziga o‘zboshimchalik bilan haq to‘lar, biror narsa yoki aroq berib yuboraverardi. U shu yerlik ayolga uylangan, biroq unga oshkora xiyonat qilardi. Buning ustiga aroqxo‘r edi. Uni to‘g‘ri yo‘lga boshlamoqchi bo‘ldim, quloq solmadi. Ustimdan kuldi.
Oxirgi jumlalarni aytganda Devidsonning ovozi yo‘g‘onlashdi, keyin u bir muddat jimib qoldi. Bu tahlikali jimlik edi.
— Oradan ikki yil o‘tgach, u kasodga uchradi. Chorak asr yiqqan biso- tidan ayrildi. Men uni yengdim, nihoyat, Olson tilanchidek oldimga emaklab kelib, Sidneyga qaytishga izn berishimni so‘rab yalindi.
— Uning mister Devidsonning oldiga qay ahvolda kelganini bir ko‘rganingizda edi, — dedi missionerning xotini.
— Olson bir paytlari baq-baqaloq, yo‘g‘on gavdali odam edi, tovushi ham baland chiqardi. Lekin mening oldimga kelgan qaltiroq savdogar- da o‘sha saxt-sumbatdan asar ham qolmagandi. Olson birdaniga qarib qolgandi.
Devidson o‘yga tolib, tashqaridagi tun qorong‘uligiga tikildi. Yana yomg‘ir yog‘a boshlagandi. Kutilmaganda pastki qavatdan shovqin eshitildi va Devidson o‘girilib savol nazari bilan xotiniga qaradi. Bu allaqanday kuyni uzuq-yuluq qilib, quloqni qomatga keltirib varanglayotgan grammofon tovushi edi.
— Bu nima? — so‘radi missioner.
Missis Devidson ko‘zoynagini burniga qattiqroq bosdi.
— Ikkinchi klass yo‘lovchilaridan bittasi shu uydan xona olgan. Shovqin o‘sha xonadan kelyapti, shekilli.
Ular jimgina quloq tutishdi va ko‘p o‘tmay to‘pir-to‘pir boshlandi — pastdagilar raqs tushishardi. Keyin musiqa sadosi o‘chib, shisha idishlarning qopqoqlari paqqillab otilgani va vag‘ir-vug‘ur ovozlar eshitildi.
— Xonim kemadagi do‘stlari sharafiga xayrlashuv bazmi uyushtirgan ko‘rinadi, — dedi doktor Makfeyl. — Kema soat o‘n ikkida jo‘naydi, shundaymi?
Devidson indamay soatiga qaradi.
— Tayyormisiz? — dedi u xotiniga.
Missis Devidson tikishini yig‘ishtirib, o‘rnidan turdi.
— Ha, tayyorman.
— Uxlashga hali erta-ku? — dedi doktor.
— O‘qiydigan ancha-muncha narsamiz bor, — tushuntirdi missis Devidson. — Qayerda bo‘lmaylik, uxlashdan avval Injildan bir parcha o‘qiymiz-da, sharhlari bilan yod olib, atroflicha tahlil qilamiz. Bu xotirani zo‘r charxlaydi.
Er-xotinlar bir-birlariga xayrli tun tilashdi. Doktor bilan missis Makfeyl yolg‘iz qolishdi. Ikkalasi ham bir necha daqiqa indamay o‘tirdilar.
— Qartani opkelay, — dedi doktor nihoyat.
Missis Makfeyl unga ikkilanibroq qaradi. Devidsonlar bilan bo‘lgan suhbat uni bir oz xijolatga solgandi. Lekin xonim qarta o‘ynamay turaylik, Devidsonlar kirib qolishlari mumkin, deyishga iymandi. Qartani olib kelib, suzayotgan eriga qarab xonim o‘zini aybdordek sezdi. Pastda esa bazm to‘xtamasdi.
Ertasi kuni havo ochilib ketdi va ikki hafta Pago-Pagoda qo‘l qovushtirib o‘tirishga mahkum etilgan Makfeyllar fursatni boy bermaslikka qaror qilishdi. Ular bandargohga borib qutilaridan bir nechta kitob oldilar. Doktor harbiy dengizchilar shifoxonasining bosh shifokorini chaqirib, u bilan birgalikda kasalxonadagi barcha bemorlarni ko‘rib, aylanib chiqdi. Gubernatorga ham tashrif qog‘ozi yubordilar. Yo‘lda miss Tompsonni uchratdilar. Doktor shlyapasini qo‘liga olib salomlashganda xonim baland va xushchaqchaq ovozda: “Xayrli tong, doktor”, dedi. Miss Tompson xuddi kechagidek oppoq libos kiygan, uzun poshnali yaltiroq oq etigining qo‘njidan do‘ppayib chiqib turgan bo‘liq boldirlari kishida g‘alati taassurot qoldirardi.
— Meningcha, kiyimi o‘ziga yarashmabdi, — dedi missis Makfeyl. — Ko‘rinishidan g‘irt tuturuqsiz xotinga o‘xshaydi.
Makfeyllar uyga qaytishganda miss Tompson ayvonda savdogarning qora-qura bolalaridan biri bilan o‘ynab o‘tirgandi.
— Unga biror nima de, — shivirladi doktor xotiniga. — U bu yerda yolg‘iz, ko‘rmaganga olsak bag‘ritoshlik bo‘ladi.
Missis Makfeyl noqulay ahvolda qoldi, lekin u erining gapini ikki qilishga odatlanmagandi.
— Bir uyda turarkanmiz-da, — dedi u soxta halimlik bilan.
— Bunaqa kaftdek shaharda tiqilib yashash azob-a? — dedi miss Tompson. — Omadingiz bor ekan, xona topdingiz, deyishganiga o‘laymi yana. Men bu yerliklarning uyida yasholmayman, biror chora ko‘rish kerak-da, axir. Nega mehmonxona qurishmaydi bular, hayronman.
Ular yana bir-ikki og‘iz gaplashishdi. Ovozini ko‘tarib gap sotishni xush ko‘radigan miss Tompsonning g‘iybatlashgisi kelayotgani sezilib turardi, lekin missis Makfeyl gapga chechan emasdi.
— Mayli, biz endi yuqoriga chiqishimiz kerak, — dedi u biroz turishgach.
Kun botib, ular kechki ovqatga o‘tirishganda, Devidson kirib kelib:
— Pastdagi ayol ikkita dengizchi bilan o‘tiribdi. Ular bilan qanday qilib tanishib oldiykan, hayronman, — dedi.
— U tortinib o‘tirmaydi, — dedi missis Devidson.
Behuda o‘tgan zerikarli kun hammalarini holdan toydirgandi.
— Agar shu ikki hafta ham shunday o‘tadigan bo‘lsa, oxiriga borib qay ko‘yga tushamiz, — dedi doktor Makfeyl.
— Birdan-bir to‘g‘ri yo‘l kunni har xil yumushlarga taqsimlash, — deb so‘z qotdi missioner. — Men yodlashga bir necha soat, takrorlashga bir necha soat ajrataman, havo ochiq bo‘ladimi, yomg‘ir yog‘adimi, baribir — yog‘in mavsumida yomg‘irga termilib o‘tirishdan foyda yo‘q — bir-ikki soat dam olaman.
Doktor Makfeyl suhbatdoshiga xavotir aralash qarab qo‘ydi. Devidsonning rejasi uning yuragini siqqandi. Ular yana qovurilgan go‘sht yeyishayotgandi. Chamasi, oshpaz boshqa ovqat pishirishni bilmasdi. Keyin pastdan yana grammofonning shovqini eshitila boshladi. Devidson asabiylashib o‘rnidan sapchib turdi-yu, lekin hech nima demadi. Erkaklarning g‘o‘ldiragan ovozi eshitildi. Miss Tompsonning mehmonlari mashhur bir qo‘shiqqa jo‘r bo‘lishayotgandi, ko‘p o‘tmay xonimning quloqni qomatga keltiruvchi shang‘i ovozi ham eshitildi. Kulgi-yu, baqir-chaqir avjiga chiqdi. Gapni gapga qovushtirishga urinayotgan tepadagi to‘rtovlon esa stakanlarning jarangi va kursilarning g‘ichirlashini eshitib o‘tirishga majbur edi. Pastda ancha-muncha odam yig‘ilgani sezilib turar, miss Tompson bazm uyushtirgandi.
— Qiziq, ularning barini bir xonaga qanday sig‘dirarkan, — dedi missis Makfeyl missionerning tibbiyot mavzuidagi suhbatini bo‘lib.
Bu gap xonimning nimani o‘ylayotganidan dalolat berardi. Yuzining uchayotganiga qaraganda tabobat haqida gapirayotgan missionerning xayoli ham o‘sha yoqda edi. Bir mahal, doktor frontda orttirgan tajribasini gapirayotgandi, missioner hayqirgancha o‘rnidan irg‘ib turdi.
— Nima bo‘ldi, Alfred? — deb so‘radi missis Devidson.
— Bunga shak-shubha bo‘lishi mumkin emas! Shu paytgacha xayolimga kelmaganini qarang-a. Tompson iveleylik.
— Yo‘g‘-e?
— U Honoluluda kemaga chiqdi. Bu — aniq. Tompson hunarini shu yerda ham davom ettiryapti. Mana shu yerda!
Devidson oxirgi jumlani g‘azab bilan aytdi.
— “Iveley” degani nima? — so‘radi missis Makfeyl. Missioner qayg‘uli nigohini unga qadadi va ovozi nafratdan titrab ketdi.
— Honolulu yuzidagi zahm. Fohishalar dahasi. Tamaddunimizga isnod keltirgan joy. Iveley Honoluluning bir chekkasida joylashgan. Qorong‘ida bandargoh yoqalab o‘tgan ko‘chalar bo‘ylab yurib, omonat ko‘prikdan o‘tsangiz, o‘nqir-cho‘nqir, qarovsiz yo‘lning ro‘parasidan chiqasiz, keyin fonusga ko‘zingiz tushadi. Yo‘lning har ikki tomonida mashina qo‘yiladigan maxsus joylar bor, eshik-ayvoni yaltir-yultir bezatilgan, ichkarisidan doim pianola sadosi taralib turadigan qovoqxonalar, sartaroshxona va tamaki do‘konlari bor. Havo ham qiy-chuv va orziqib kutilgan xursandchilik shavqi bilan to‘la bo‘ladi. Keyin bir jinko‘cha bo‘ylab yurib o‘ngga yoki
chapga burilasiz-da — yo‘l Iveleyni ikkiga bo‘lgan — dahaga kirib bo- rasiz. Bu yerda ikki qator qilib qurilib, orasiga keng va tekis yo‘lak solingan, hafsala bilan yashil rangga bo‘yalgan ayvonli uychalar bor.
Daha xuddi ko‘kalamzor shaharchaga o‘xshaydi. Tartib bilan qurilgan bu serhasham va orasta makonda etni junjiktiradigan nimadir bor edi; hali hech qachon aysh-ishratga bo‘lgan ehtiyoj bu qadar bekamu ko‘st bir
me’yorga solinmagandi. Yo‘lak xira fonus bilan yoritilgan, lekin uychalarning ochiq derazalaridan tushayotgan chiroq yorug‘i bo‘lmasa, baribir, g‘ira-shira ko‘rinardi. Erkaklar derazalari qarshisida kitob o‘qib yoki biror narsa tikib o‘tirgan, ko‘pchiligi ularga e’tibor ham bermayotgan ayollarga qarab u yoqdan-bu yoqqa salanglashar, ayollar orasida ham, erkaklar orasida ham turli millat vakillari uchrardi. Bandargohdagi
oddiy va harbiy kemalardan tushgan amerikalik qovog‘i soliq mast dengizchilar, orollarga joylashtirilgan polklarning oqtanli va qoratanli askarlari, ikki-uch kishilashib yurgan yaponlar, gavayliklar, uzun rido
kiygan xitoyliklar, g‘alati bosh kiyimli filippinliklar — bari shu yerda edi. Hammalari go‘yo g‘amga botgandek indamay yurishar, ularni nafs qiynardi.
— Bu Tinch okeanidagi eng bijg‘igan rasvo joy! — hayqirdi Devidson jazavaga tushib. — Missionerlar bunga qarshi ko‘p yillar tashviqot qilishdi va nihoyat, mahalliy matbuot ishga kirishdi. Politsiya qimirlamadi ham. Ularning bahonasini bilasiz. Bu illatni yengib bo‘lmaydi, shunday ekan, eng to‘g‘ri yo‘l uni chegaralab, nazoratda ushlab turish lozim, deyishadi. Aslida esa, hammasi poraxo‘r. Qovoqxona egalaridan, qo‘shmachilardan, fohishalarning o‘zidan ham pora olishardi. Lekin, oxir-oqibat, ular chora ko‘rishga majbur bo‘lishdi.
— Men bu haqda Honoluluda kemada tarqatilgan gazetalarda o‘qigandim, — dedi doktor Makfeyl.
— Gunohga botgan Iveley aynan biz bu yerga kelgan kuni bekitildi. Butun aholisi odil sudga tortildi. Bir ko‘rishdayoq bu ayolning aslida kim ekanligini payqamaganimga hayronman.
— Gap bu yoqda ekan-da, — dedi missis Makfeyl. — Men kema jo‘nashiga bir necha daqiqa qolganda uning bortga chiqqanini yaxshi eslayman. Sal bo‘lmasa kech qolardi-ya, degan fikr xayolimdan o‘tgani ham esimda.
— Bu yerga kelishga qanday haddi sig‘di! — baqirdi Devidson jazavaga tushib. — Men bunga yo‘l qo‘ymayman.
U eshikka yo‘naldi.
— Nima qilmoqchisiz? — undan so‘radi Makfeyl.
— Nima qilardim? Pastga tushib bariga chek qo‘yaman. Men bu uyni…
U xonimlarning ko‘ngliga og‘ir botmaydigan so‘zni qidirib qoldi. Uning ko‘zlari chaqnar, hovliqqanidan rang-quti o‘chgan, yuzi battar bo‘zarib ketgandi.
— Pastdagi vag‘ir-vug‘urga qaraganda, u yerda kamida uch-to‘rtta erkak bor, — dedi doktor. — Hoziroq u yoqqa kirilsa, shoshqaloqlik bo‘lmasmikan?
Missioner unga o‘qrayib qaradi-da, churq etmay xonadan otilib chiqib ketdi.
— Agar mister Devidson o‘ziga biror ziyon yetishidan cho‘chib burchini bajarishga botinolmaydi, deb o‘ylasangiz, demak, u kishini yaxshi bilmas ekansiz, — dedi uning xotini.
Keyin xonim mushtlarini asabiy qisib, bo‘rtib chiqqan yonoqlari xiyol qizarib pastdan eshitilayotgan tovushlarga quloq tuta boshladi. Hammaning qulog‘i ding edi. Missionerning yog‘och zinadan tapillab tushgani va pastki xonaning eshigini sharaqlatib ochgani eshitildi. Birdan qo‘shiq sadosi tindi, lekin grammofon g‘ichirlab bemaza bir kuyni chalishda davom etardi. Keyin Devidsonning ovozi eshitildi va og‘ir bir narsa qarsillab quladi. Musiqa tindi. Missioner grammofonni polga uloqtirgandi. Keyin yana Devidsonning ovozi eshitildi, gaplarini ilg‘ab olish qiyin edi. So‘ng miss Tompsonning quloqni qomatga keltirib shang‘illagani eshitildi va go‘yo xonadagilar bari bir yo‘la kekirdaklarini cho‘zib o‘shqirayotgandek qiy-chuv ko‘tarildi. Missis Devidson xo‘rsinib qo‘ydi-da, mushtlarini qattiqroq qisdi. Doktor Makfeyl nima qilarini bilmay dam unga, dam xotiniga qarardi. Doktorning pastga tushgisi kelmas, ammo xonimlar undan shuni kutishyaptimi, yo‘qmi — bilishni istardi. Keyin pastda musht zarbini eslatuvchi tovush eshitildi va baqir-chaqir avjiga chiqdi. Chamasi, Devidsonni xonadan uloqtirishgandi. Eshik sharaqlab yopildi. Bir muddat jimlik cho‘kdi va zinadan chiqayotgan Devidsonning qadam tovushi eshitildi. U xonasiga o‘tib ketdi.
— Uning oldiga boray-chi, — dedi missis Devidson va o‘rnidan turib tashqariga yo‘naldi.
— Yordamim kerak bo‘lsa, chaqirarsiz, — dedi missis Makfeyl va miss Devidson xonadan chiqqach qo‘shib qo‘ydi: — Missioner jabrlanmagan, deb umid qilaman.
— Bo‘lmasa, nega birovlarning ishiga burnini tiqadi? — dedi doktor Makfeyl.
Ular bir muddat jim o‘tirishdi, keyin yana grammofonning varanglagani va bemaza qo‘shiqqa atay baqirib jo‘r bo‘layotgan ovozlar eshitildi-yu, ikkalasi ham seskanib tushdi.
Ertasi kuni missis Devidson rangida rang yo‘q, holsiz bir alpozda yurdi. Boshi og‘riyotganini aytib nolidi. U bir oqshomda qarib munkillab qolganga o‘xshardi. Xonim missis Makfeylga missioner tun bo‘yi mijja qoqmadi, deb aytdi. Missioner qattiq bezovtalanib, soat beshda o‘rnidan turibdi-da, tashqariga chiqib ketibdi. Unga pivo quyilgan idishni uloqtirishgan, bulg‘angan ust-boshidan qo‘lansa hid anqirdi. Lekin missis Devidson miss Tompson haqida gapirganida ko‘zlarida sovuq uchqun chaqnadi.
— U hali mister Devidsonni tahqirlagan kunni alam bilan eslaydi, — dedi xonim. — Mister Devidson judayam bag‘rikeng inson, boshiga tashvish tushgan biror-bir odam hali uning huzuridan tasalli topmay ketmagan, ammo gunoh bor joyda u shafqatsiz, chindan g‘azabi qaynagan damda undan yomoni yo‘q.
— Yo‘g‘-e, nima qiladi? — so‘radi missis Makfeyl.
— Bilmayman, lekin men miss Tompsonning o‘rnida bo‘lishni hecham istamasdim.
Missis Makfeyl seskanib ketdi. Jikkakkina bu ayolning o‘ziga ishonch bilan gapirishida odamni xavotirga soladigan nimadir bor edi. O‘sha kuni tongda ular birga tashqariga chiqishayotgandi, zinadan yonma-yon tusha
boshlashdi. Miss Tompsonning eshigi ochiq edi va ular kir xalat kiyib olgan xonimning qozonda nimadir pishirayotganini ko‘rishdi.
— Xayrli tong, — dedi u. — Mister Devidsonning ahvoli yaxshimi?
Ikkovlon go‘yo miss Tompsonni ko‘rmagandek churq etmay g‘oz yurish qilib uning yonidan o‘tib ketishdi. Lekin xonim xoxolab kula boshlagach, ularning yuzlari bo‘zardi. Missis Devidson yalt etib unga qaradi.
— Menga gap otishga qanday haddingiz sig‘di? — deb qichqirdi u. — Meni haqorat qilganingiz uchun sizni bu yerdan haydattiraman.
— Mister Devidsonni men chaqirmadim-ku, to‘g‘rimi?
— Unga javob bermang, — shivirladi shoshib missis Makfeyl.
Ular tez-tez yurib, gaplari Tompson xonimga eshitilmaydigan joygacha borishdi.
— Surbet, surbet! — birdan koyinishga tushdi missis Devidson. G‘azabdan nafasi bo‘g‘ilib qolay dedi.
Ular sayr qilib qaytishayotganida miss Tompsonning qirg‘oq tarafga borayotganini ko‘rishdi. Xonim, odatdagidek, yasanib olgan, go‘yo ularni tahqirlamoqchi bo‘lgandek didsizlarcha rangdor gullar taqib tashlangan katta oq shlyapani boshiga qo‘ndirgan. Yonidan o‘tishganida miss Tompson ularga qarab shodon qiyqirdi va yaqinroqda turgan ikkita amerikalik dengizchi o‘zlariga o‘qrayib qaragan xonimlarni ko‘rib iljayishdi. Ular uyga kirib kelishganda yomg‘ir yog‘a boshlagandi.
— Tompsonning shuncha yasangani bir pul bo‘ladigan bo‘ldi-da, — dedi missis Devidson nafratomuz, kinoya bilan. Devidson kirib kelganida ular tushlik ovqatni yarimlatishgandi.
Missionerning ust-boshi jiqqa ho‘l bo‘lsayam kiyimini almashtirmadi. Qovog‘ini uyib jimgina joyiga o‘tirdi-da, ovqatdan bir-ikki qoshiq yegan bo‘lib, qiyalab yog‘ayotgan yomg‘irga termuldi. Missis Devidson miss Tompsonga ikki marta ro‘baro‘ kelishganini aytganda u javob qaytarmadi.
Qovog‘ining battarroq uyulgani xotinining gapini eshitganidan darak berib turardi, xolos.
— Mister Hornni uni haydab chiqarishga majbur qilsak-chi? — deb so‘radi missis Devidson. — Bizni tahqirlashiga yo‘l qo‘yolmaymiz, axir.
— Chamamda, uning boshqa boradigan joyi yo‘q, — dedi Makfeyl.
— Shu yerliklarning birortasi bilan yashayveradi.
— Bunaqa havoda bularning kulbasida yashashning o‘zi bo‘lmaydi.
— Men bir kulbada yillab turganman, — dedi missioner.
Qoratanli qizaloq, odatdagidek, hazmi taom uchun qovurilgan banan olib kirganida Devidson unga dedi:
— Miss Tompsondan so‘ra-chi, uning oldiga qachon kirsam bo‘larkan.
Qizaloq uyalinqirab bosh irg‘adi-da, chiqib ketdi.
— U bilan uchrashib nima qilasan, Alfred? — so‘radi missionerning xotini.
— Uning oldiga borish mening burchim. Men unga yetarlicha imkon bermayturib ishga kirishmayman.
— Sen uni yaxshi bilmaysan. U seni haqorat qiladi.
— Mayli, haqorat qilsin. Yuzimga tupursa ham mayli. Uning qalbi hali o‘lmagan, men shu qalbni qutqarish uchun bor kuchimni sarflashim kerak.
Fohishaning masxaraomuz kulgisi missis Devidsonning quloqlari ostida hamon jaranglardi.
— U haddidan oshib ketgan.
— Xudoning marhamatiga erisholmaydigan darajada haddidan oshganmi? — Kutilmaganda missionerning ko‘zlari yiltirab ovozi mayinlashdi. — Yo‘q. Bo‘lishi mumkin emas. Gunohkor gunohga do‘zaxning tubidan-da tubanroq botsa ham Iso undan mehrini darig‘ tutmaydi.
Qizaloq xabar keltirdi:
— Miss Tompson alangali salom yo‘llab, agar taqsir Devidson ish vaqtida kelmasa, xonim u bilan istalgan paytda uchrashishga tayyor ekanini aytdi.
Davradagilar xabarni qovoq uyib, sukut saqlab eshitishdi, doktor Makfeyl kulib yuborishdan o‘zini zo‘rg‘a tiyib qoldi. Miss Tompsonning surbetligidan zavqlanganini sezdirib qo‘ysa, xotini undan ranjishi mumkinligini doktor bilardi.
Ular ovqatni gap-so‘zsiz yeb bo‘lishdi. Keyin xonimlar yana hunarlari bilan mashg‘ul bo‘ldilar, missis Makfeyl urush boshlanganidan buyon to‘qiyotgan son-sanoqsiz jun bo‘yinbog‘larining navbatdagisiga urinayotgandi. Doktor trubkasini tutatdi. Devidson esa parishon nigohini stolga qadagancha kursisida qilt etmay o‘tirardi. Bir ozdan so‘ng u o‘rnidan turdi-da, bir so‘z demay xonadan chiqib ketdi. Ular missionerning pastga tushib eshikni taqillatgani va miss Tompsonning “Kiring” degan shang‘illagan ovozini eshitishdi. Missioner uning oldida bir soatcha qolib ketdi. Doktor Makfeyl esa yomg‘irni kuzatardi. Yomg‘ir uning asabiga tega boshlagandi. Bu yomg‘ir bizning mayin yog‘adigan ingliz yomg‘irimizga o‘xshamas, shafqatsiz va unda tabiatning allaqanday ibtidoiy buzg‘unchi kuchi mujassam edi. Shivillab yog‘ish o‘rniga chelaklab quyilayotgan bu yomg‘irdan xuddi osmon toshayotgandek tuyular, qovurg‘asimon tunuka tomni to‘xtovsiz taraqlatib, kishini aqldan ozdiray derdi. Quturib yog‘ayotganini, to‘xtamayotganini ko‘rib turib, beixtiyor dod solgingiz kelar, suyaklaringiz mayishib qolgandek, o‘zingizni behol, umidsiz va nochor his qilardingiz.
Missioner qaytgach, Makfeyl u tomonga o‘girildi. Xonimlar boshlarini ko‘tarishdi.
— Unga ming bitta imkoniyat berdim. Tavba qil, deb rosa yalindim. Bu ayol emas, iblisning aynan o‘zi ekan.
Shunday deb Devidson jimib qoldi va doktor Makfeyl uning ko‘zlari olayib, siniqqan yonoqlari bo‘rtib chiqqanini payqadi.
— Endi Iso sudxo‘ru sarroflarni Xudoning uyidan haydash uchun qo‘liga olgan darrani ishlatish payti keldi, — dedi missioner va xona ichida u yoqdan bu yoqqa yura boshladi. Uning lablari qimtilgan, qop-qora qoshlari chimirilgan edi.
— Agar dunyoning narigi chetiga qochsa ham ortidan quvib boraman endi.
Devidson shartta burildi-da, xonadan chiqib ketdi. Ular missionerning yana zinadan pastga tushayotganini eshitishdi.
— U nima qilmoqchi? — so‘radi missis Makfeyl.
— Bilmayman, — dedi missis Devidson ko‘zoynagini artarkan. — Xudo yo‘lida zahmat chekayotganida men undan hech narsa so‘ramayman.
Xonim xo‘rsinib qo‘ydi.
— Nima bo‘ldi sizga?
— U endi tinkasi quriguncha tinchimaydi. Erim o‘zini ayash nimaligini bilmaydi.
Doktor Makfeyl missioner erishgan ilk natijalar haqida o‘zlari ijarada turgan uyning egasi — metis savdogardan eshitdi. Savdogar do‘koni yonidan o‘tib ketayotgan doktorni to‘xtatib, gurunglashish uchun ayvonga chiqdi.
Uning etli yuzida xavotir alomatlari bor edi.
— Taqsir Devidson oldimga kelib nega miss Tompsonga xona berganimni so‘radi, — dedi u. — Axir, men ijaraga qo‘yayotganimda bu ayolning aslida qanaqaligini bilmasdim-ku. Odamlar mendan ijaraga xona
so‘raganda men ularning to‘lashga puli bor-yo‘qligi bilan qiziqaman, xolos. Miss Tompson esa bir haftalik ijara haqini oldindan to‘lab qo‘ygan.
Doktor Makfeyl bu g‘avg‘oga aralashmoqchi emasdi.
— Har nima bo‘lgandayam bu sizning uyingiz. Boshpana berganingiz uchun sizdan juda minnatdormiz, — dedi u.
Horn unga ishonqiramay qaradi. Makfeyl missioner tarafidami, yo‘qmi, buni u aniq bilmasdi.
— Missionerlar bari bir-birini qo‘llab-quvvatlaydi, — dedi u sekingina. — Agar ularga biror savdogar yoqmasa, tamom, boyaqishning do‘konini yopib juftakni rostlashdan boshqa iloji qolmaydi.
— Devidson miss Tompsonni haydashingizni xohlayaptimi?
— Yo‘q. Missioner, agar Tompson o‘zini odob doirasida tutsa, mendan buni iltimos qilolmasligini aytdi. U menga nisbatan adolatli bo‘lmoqchi ekan. Men xonimning oldiga boshqa hech kim kelmaydi, deb so‘z berdim. Hozirgina miss Tompsonning yoniga borib, bor gapni unga aytdim.
— U nima dedi?
— Meni bo‘ralatib so‘kdi.
Eski kanop shim kiygan savdogar o‘ng‘aysizlanib, aftini burishtirdi.
U miss Tompsonning o‘ta beadab ayol ekaniga amin bo‘lgandi.
— Meningcha, Tompson xonim ketsa kerak. Oldiga odam kelib turmasa, bu yerda qolishi dargumon.
— Uning shu atrofdagi kulbalardan boshqa boradigan joyi yo‘q. Lekin missionerlar tish qayrab turgan paytda mahalliy aholi uni uyiga kiritmaydi.
Doktor Makfeyl to‘xtovsiz quyayotgan yomg‘irga qaradi.
— Menimcha, havoning ochilishini kutishdan naf yo‘q, — dedi u.
Kechqurun to‘rtovlon mehmonxonada o‘tirishganda Devidson kollejda o‘qigan davrini gapirib berdi. Pul topish uchun u ta’til paytida duch kelgan joyda ishlayvergan ekan. Pastki qavat jim-jit edi. Miss Tompson xonachasida yolg‘iz o‘tirgandi. Shu payt kutilmaganda grammofonning tovushi eshitildi. Xonim yolg‘izlik azobidan qutulish uchun baribir grammofonni qo‘ygandi. Lekin qo‘shiq aytadigan odam bo‘lmagani uchun kuy ham qayg‘uli eshitilardi. Bu go‘yo e’tibor bermasligini so‘rab Devidsonga qilingan iltijoga o‘xshardi. U pinagini buzmay hikoyasini davom ettirdi. Grammofon sadosi ham tinmadi. Miss Tompson bir plastinkaning ketidan boshqasini qo‘yardi. Qorong‘ulik va sukunat uning asabiga tegayotgandek edi go‘yo. G‘ir etgan shamol yo‘q, havo dim edi. Makfeyllar xonasiga uxlagani kirib ketishdi, biroq hech uyqulari kelmadi. Ular chivindan himoyalanib tortilgan to‘rning ortida pashshalarning bezovta g‘o‘ng‘illashini eshitib, ko‘zlari chaqchayib yonma-yon yotishardi.
— Bu nima? — pichirladi tuyqusdan missis Makfeyl.
Yog‘och devorning ortidan Devidsonning ovozi kelayotgandi. Bu bir maromda g‘o‘ldirab chiqayotgan, qat’iy ohangdagi tovush edi. Devidson miss Tompsonning qalbini qutqarish uchun ovoz chiqarib duo o‘qiyotgandi.
Oradan ikki-uch kun o‘tdi. Endi, yo‘lda miss Tompsonga ro‘baro‘ kelishganda, xonim soxta samimiyat bilan jilmayib salomlashmas, xuddi ularni ko‘rmayotgandek pardozlangan yuzini burib, xo‘mrayib o‘tib ketardi. Savdogar Makfeylga uning boshqa joydan ijaraga uy olaman, deb bekorga ovora bo‘lganini aytdi. Kechqurunlari miss Tompson grammofoniga har xil plastinkalarni qo‘yar, lekin endi xursandchiligining soxtaligi sezilib turardi. Raqs kuyi xuddi umidsizlik navosidek yurakni ezib uzuq-yuluq eshitilardi. U yakshanba kuni grammofonni qo‘yganda Devidson muqaddas kunda musiqani darhol o‘chirishini so‘rab oldiga Hornni jo‘natdi. Grammofon ovozi o‘chdi va yomg‘irning tunuka tomni tinmay taraqlatayotganini aytmaganda uyga sukunat cho‘kdi.
— Meningcha, miss Tompson xiyla quyilib qoldi, — dedi ertasi kuni savdogar Makfeylga. — U mister Devidsonning nimalarni rejalashtirayotganini bilmaydi, shuning uchun taysallab turibdi.
O‘sha kuni tongda xonimga Makfeylning ham ko‘zi tushgan, uning burnini jiyirmayotganini ko‘rib doktor ajablangandi. Miss Tompsonning yuzida xavotir bor edi. Metis doktorga ko‘z qirini tashladi.
— Mister Devidsonning nima qilayotganidan xabaringiz bo‘lmasa
kerak-a? — yurak yutib so‘radi u.
— Yo‘q, xabarim yo‘q.
Missionerning sirli bir ishni boshlaganini doktor ham tusmollab turgan bir paytda Hornning bu savoli g‘alati tuyuldi. Makfeylga Devidson miss Tompsonning atrofini asta-sekin to‘r bilan o‘rab olayotgandek,
vaqti-soati yetganda ipni tortadigandek tuyulardi.
— Missioner miss Tompsonga aytib qo‘yishimni tayinladi, agar xonim uni ko‘rishni istasa, chaqirtirishi hamonoq yetib borarkan, — dedi savdogar.
— Bu gapni yetkazganingizda miss Tompson nima dedi?
— Indamadi. Men ham gapirishini kutib o‘tirmadim. Aytishim kerak bo‘lgan gapni aytdim-u qaytib chiqdim. Chamamda, u yig‘lagudek bo‘lib qoldi.
— Yolg‘izlik uni ezayotgani tayin, — dedi doktor. — Ustiga-ustak yomg‘ir ham. Har qanday odamning asabini ishdan chiqarishga shularning o‘zi kifoya, – gapida davom etdi u ijirg‘anib. — Xudo qarg‘agan bu joyda
yomg‘ir hech to‘xtaydimi o‘zi?
— Yog‘in mavsumida tinmay yog‘adi. Yiliga uch yuz dyuym. Bilasizmi, hamma gap ko‘rfazning shaklida. Bu ko‘rfaz Tinch okeanidagi yomg‘irni butkul yig‘ib oladigandek tuyuladi.
— Ming la’nat bunday ko‘rfazgayu uning shakli-shamoyiliga, — dedi doktor.
Keyin pashsha chaqqan joylarini qashishga tushdi. U juda asabiylashayotgandi. Yomg‘ir to‘xtab quyosh chiqqan paytlari g‘ir etgan shamol esmas,hamma yoq xuddi issiqxonadagidek dim va zax bo‘lar, go‘yo atrofdagi o‘t-o‘lan vahimali shiddat bilan o‘sayotgandek tuyulardi; badaniga rasm solib, sochlarini bo‘yab olgan, betashvish va quvnoq, bolalarcha sodda mahalliy aholining yuzida yovuz bir ifodani payqagandek bo‘lardingiz. Ular yalang oyoqlari bilan mayda qadam tashlab ortingizdan yurganda beixtiyor o‘girilib qarardingiz. Ular istalgan paytda ketingizdan pusib kelib, uzun xanjarlarini ikki kuragingiz orasiga sanchadigandek tuyulardi. Ularning kirtaygan ko‘zlarida qanday qora niyatlar yashiringanini payqash qiyin edi. Bu odamlarning Misr ibodatxonalari devoridagi rasmlarni eslatuvchi qiyofalarida o‘ta qadim va mudhish bir ifoda bor edi.
Missioner mudom qayoqqadir borib kelardi. U band edi, lekin Mak- feyllar Devidsonning nima bilan mashg‘ulligini bilishmasdi. Horn doktorga uning har kuni gubernatorning oldiga borayotganini aytdi va bir kuni missionerning o‘zi ham gubernator haqida so‘z ochdi.
— U juda qat’iyatli odamdek ko‘rinadi, — dedi Devidson. — Lekin aslida unda matonatdan asar ham yo‘q.
— Demak, gubernator siz xohlayotgan ishni qilmoqchi emas, — dedi doktor hazil aralash.
Missioner jilmaymadi.
— Men uning to‘g‘ri yo‘l tutishini istayman, xolos. Aslida, odamni bunga undash shart emas-ku.
— Lekin nima to‘g‘ri-yu, nima noto‘g‘riligi haqidagi fikrlar bir-biridan farq qilishi mumkin.
— Agar birovning oyog‘i chiriy boshlagan bo‘lsa, shu oyoqni kesib tashlaymi, yo‘qmi, deb ikkilanayotgan odamga jim qarab turarmidingiz?
— Oyoqning chirishi — aniq bir xastalik.
— Jaholat-chi?
Devidsonning aynan nima ish qilib qo‘ygani ko‘p o‘tmay oshkor bo‘ldi.
O‘sha kuni to‘rtovlon endigina ovqatlanishgan, hali tushki hordiqqa tarqalishmagandi. Issiqda xonimlar va doktor tush mahali dam olishga majbur bo‘lar, Devidson esa tamballarga xos bu odatni yoqtirmasdi. Bir
payt eshik lang ochildi-da, miss Tompson kirib keldi. U xonadagilarga ko‘z yugurtirib, keyin Devidsonning ustiga bostirib bordi.
— Gubernatorga men haqimda nima deding, o‘v, iflos? — vajohat bilan o‘shqira ketdi xonim.
Keyin oraga bir lahzalik jimlik cho‘kdi. Missioner bo‘sh kursini oldinga surdi.
— O‘tiring, miss Tompson. O‘zim ham siz bilan yana bir marta gaplashmoqchi bo‘lib turuvdim.
— Voy, haromi-ey.
Miss Tompson shaloq so‘zlarni aytib, bo‘ralatib so‘kinishga tushdi. Devidson yuvosh nigohini undan uzmasdi.
— Ustimga yog‘dirayotgan haqoratlaringiz menga ta’sir qilmaydi,miss Tompson, — dedi u. — Lekin, o‘tinaman, bu yerda xonimlar ham borligini unutmang.
Bu paytga kelib g‘azab otiga mingan Tompsonning ko‘zi yoshga to‘lgandi. Yuzi qip-qizarib, bo‘g‘riqib ketgan, u xuddi bo‘g‘ilib qolganga o‘xshardi.
— Nima bo‘ldi o‘zi? — deb so‘radi doktor Makfeyl.
— Boyagina bir nusxa keldi. Uning aytishicha, men birinchi kelgan kemaga o‘tirib, bu yerdan tuyog‘imni shiqillatishim kerak emish.
Missionerning ko‘zida uchqun “yilt” etgandek bo‘ldi. Lekin hissiz yuzi o‘zgarmadi.
— Bunaqa ahvolda gubernatorning qolishingizga ruxsat berishini kutish noo‘rin, — dedi u.
— Bu sening ishing, — chinqirib yubordi miss Tompson. — Meni laqillataman, deb ovora bo‘lma. Bu sening ishing.
— Sizni aldash niyatim yo‘q. Vakolatidan kelib chiqib chora ko‘rishga uni men undagandim.
— Nega meni hech o‘z holimga qo‘ymaysan? Senga zararim tegmagan-ku, axir.
— Ishonaverin g, agar zarari ngi z tek k anda ham xafa bo‘lib o‘tirmasdim.
— Meni bu xaroba shaharda uzoq vaqt qolmoqchi, deb o‘ylaysanmi? Nima, men kechagina cho‘ldan chiqib kelgan odamga o‘xshaymanmi?
— Unda nimadan norozi bo‘lyapsiz, tushunmadim, — dedi missioner.
Miss Tompson jazavaga tushib bir nimalar deb o‘shqirdi-da, xonadan chiqib ketdi. Oraga jimlik cho‘kdi.
— Gubernatorning nihoyat ishga kirishganini eshitish ko‘ngilga tasalli beradi, — dedi Devidson. — Gubernator qat’iyatsiz, bo‘shang odam. Bu ayol bor-yo‘g‘i ikki hafta turadi, keyin agar Apiaga ketsa, bu yog‘i mening ishim emas, Apia Britaniya qaramog‘ida, degandi u.
Missioner o‘rnidan turib xonaning u yog‘idan, bu yog‘iga yura boshladi.
— Qo‘lida hokimiyat bor odamning o‘z vazifasini bajarishdan bo‘yin tovlashidan yomoni yo‘q. Ular xuddi o‘z ko‘zlari bilan ko‘rmagan gunohni gunoh emas, degandek fikrlaydilar. Anavi ayolning turgan-bitgani g‘alva, bu muammoni shunday qoldirib bo‘lmaydi. Axiri gubernatorga ochiqchasiga gapirishga majbur bo‘ldim.
Devidsonning qoshlari chimirildi va katta iyagi bo‘rtib, basharasi qat’iy va vahimali tus oldi.
— Bu bilan nima demoqchisiz? — dedi doktor.
— Bizning missiyamiz Vashingtonning ta’sirisiz to‘la kuchga ega emas. Gubernatorga, agar ustidan shikoyat tushsa, oqibati chatoq bo‘lishini eslatib qo‘ydim.
— Miss Tompson qachon ketishi kerak? — dedi doktor bir oz jim turgach.
— San-Frantsiskoga boradigan kema Sidneydan bu yerga yanagi seshanba yetib kelishi kerak. U o‘sha kemada ketadi.
Ungacha hali besh kun bor edi. Ertasi kuni Makfeyl biror foydali ish topish umidida deyarli har kuni ertalab boradigan shifoxonasidan sekin-sekin qadam tashlab qaytayotgan edi, zinadan chiqaverishda uni metis savdogar to‘xtatdi:
— Kechirasiz, doktor Makfeyl, miss Tompsonning mazasi yo‘q. Uni bir ko‘rib qo‘ymaysizmi?
— Albatta.
Horn doktorni ayolning xonasiga boshlab bordi. Miss Tompsonning o‘qishga ham, tikishga ham hafsalasi yo‘q edi. U bir nuqtaga tikilgancha, kursisida yalpayib o‘tirardi. Egnida oppoq libos, boshida gullar qadalgan katta shlyapa. Makfeyl uning upa surtilgan yuzi sarg‘ayib, so‘lg‘in bo‘lib qolganini payqadi.
— Mazangiz qochgani yomon bo‘libdi-da, — dedi doktor.
— E-y, men kasal emasman. Sizda zarur gapim borligi uchun surishtirgandim. Meni San-Frantsiskoga boradigan kemada jo‘natib yuborishmoqchi.
Xonim Makfeylga qaradi, doktor uning nigohida nogahoniy qo‘rquvni ilg‘adi. Miss Tompson titrayotgan qo‘llarini qisdi. Savdogar eshik yonida quloq solib turardi.
— Tushunarli, — dedi doktor.
Xonim qult etib yutindi.
— Hozir mening San-Frantsiskoga borishim noqulayroq. Kecha tushdan keyin gubernatorga boruvdim, o‘zi bilan uchrasholmadim. Yordamchisini ko‘rdim, u o‘sha kemada ketishdan boshqa ilojim yo‘qligini aytdi. Gu- bernator bilan uchrashmoqchi bo‘lib bugun tongda uyining yonida kutib turdim, tashqariga chiqqach, oldiga bordim. Uning men bilan gaplashgisi kelmadi, lekin hol-joniga qo‘ymaganimdan keyin, agar taqsir Devidson rozi bo‘lsa, Sidneyga boradigan kema kelguncha shu yerda qolishimga e’tirozi yo‘qligini aytdi.
Miss Tompson xavotir aralash doktorga qarab jim qoldi.
— Lekin men nima qila olaman? — dedi Makfeyl.
— Devidsondan so‘rab ko‘rasizmi, degandim. Xudoni o‘rtaga qo‘yib qasam ichaman, agar qolishimga ijozat bersa, o‘zimni risoladagidek tutaman. Agar u xohlasa, uydan ko‘chaga ham chiqmayman. Ikki haftaga chidasa bo‘ldi.
— Undan so‘rab ko‘raman.
— Missioner rozi bo‘lmaydi, — dedi Horn. — Seshanba kuni u sizni haydaydi, shunday ekan, taqdirga tan berishdan boshqa ilojingiz yo‘q.
— Unga Sidneydan ish toparkan, deb ayting, doimiy ish demoqchiman. Men ko‘p narsa so‘ramayapman.
— Qo‘limdan kelganicha urinib ko‘raman, — dedi doktor.
— Keyin menga javobini ayting, xo‘pmi? Shu ish biryoqli bo‘lmaguncha joyimda tinch o‘tirolmayman.
Bu iltimos doktorni xursand qilmadi, shu tufayli Makfeyl boshqacha yo‘l tutishga kirishdi. Xotiniga miss Tompsonning iltimosini aytib, missis Devidson bilan gaplashishini so‘radi. Missionerning qattiqqo‘lligi sezilib turar, miss Tompson Pago-Pagoda yana ikki hafta qolsa hech kimga ziyoni tegmasdi. Ammo doktor, elchilar singari, bu ishining yakuniga tayyor emas edi. Missioner darhol uning qoshiga keldi.
— Missis Devidson menga Tompson bilan gaplashganingizni aytdi, —dedi u.
Bunday kutilmagan hamladan so‘ng doktor Makfeyl ochiqchasiga gapirishga majbur bo‘lgan tortinchoq odamlarga xos g‘azabni ko‘nglida tuya boshladi. U asabiylashayotganini sezdi va yuzi qizarib ketdi.
— Miss Tompson San-Frantsiskoga emas, Sidneyga borsa, bundan nima o‘zgaradi, hayronman. Bu yerda o‘zini risoladagidek tutishga va’da berib turgan paytda uni haydash g‘irt zolimlik, — dedi doktor.
Missioner unga o‘qrayib qaradi.
—U nega San-Frantsiskoga qaytishni xohlamayapti?
— So‘raganim yo‘q, — to‘ng‘illadi Makfeyl. — Men birovning ishiga hadeb burun suqavermaslik kerak, deb hisoblayman.
Harqalay, bu xiyla qo‘pol javob edi.
— Gubernator Tompsonga oroldan jo‘naydigan birinchi kemaga o‘tirib, bu yerdan ketishni buyurgan. U xizmat burchini bajardi, xolos. Men uning ishiga aralashmayman. Anavi ayolning bu yerda qolishi xavfli.
— Siz shafqatsiz, zolim odamsiz.
Xonimlar doktorga xavotir aralash tikilib qolishdi, lekin missioner jilmaygach, ularning endi dahanaki jang boshlanib ketadi, deb bekorga cho‘chishgani ayon bo‘ldi.
— Men haqimda bunday fikrga kelganingizdan juda afsusdaman, doktor Makfeyl. Ishoning, boyaqish ayolni o‘ylab. yuragim tilka-pora bo‘lyapti, men o‘z burchimni bajarishga urinyapman, xolos.
Doktor churq etmadi. U qovog‘ini uyib, derazaga termulib turardi. Tashqarida esa yomg‘ir yog‘ayotgandi va ko‘rfazning naryog‘idagi daraxtlar orasidan mahalliy qishloqchaning kulbalari ko‘rinib turardi.
— Yomg‘ir tinganidan foydalanib, bir aylanib kelaman, — dedi doktor.
— Istagingizni qila olmaganim uchun jahlingiz chiqmasin, — dedi Devidson ma’yus jilmayib. — Sizga hurmatim baland, doktor, agar men haqimda yomon fikrga borsangiz xafa bo‘laman.
— Siz o‘zingizga shunchalik yuqori baho berasizki, mening fikrim sizga zig‘irchayam ta’sir etmaydi, — e’tiroz bildirdi Makfeyl.
— Shu yerda meni mot qildingiz, — miyig‘ida kulib qo‘ydi Devidson. Doktor Makfeyl bekordan-bekor qo‘pol gapirgani uchun o‘zidan ranjib pastga tushganda miss Tompson eshigini qiya ochib, uni kutib turgandi.
— Xo‘sh, — dedi xonim, — u bilan gaplashdingizmi?
— Ha, lekin, afsuski, missioner rozi bo‘lmadi, — dedi doktor ko‘zini olib qochib.
Xonim ho‘ngrab yig‘lab yubordi, doktor unga ko‘z qirini tashladi. Miss Tompsonning yuzi dokadek oqarib ketgandi. Bu Makfeylni cho‘chitib yubordi va qo‘qqisdan uning miyasiga bir fikr keldi.
— Lekin hali umidingizni uzmay turing. Menimcha, ularning sizga bu muomalasi g‘irt pastkashlik, gubernatorning yoniga o‘zim bormoqchiman.
— Hozirmi?
Makfeyl bosh irg‘adi. Xonimning yuzi yorishdi.
— Juda yaxshi ish bo‘lardi. Ishonchim komil, agar siz tarafimni olsangiz, u qolishimga ruxsat beradi. Xudo haqqi, shu yerda ekanman, quyushqondan chiqadigan biror qiliq qilmayman. Nega gubernatorning qoshiga bormoqchiligini doktor Makfeylning o‘zi ham aniq bilmasdi. Aslida, miss Tompsonning muammosi uni mutlaqo o‘ylantirmayotgandi. Missioner uning g‘azabini qo‘zitgandi, doktor esa bir jini qo‘zisa oxirigacha kurashardi. Borsa, gubernator uyida ekan. U mo‘yloviga oq tushgan, gavdali, kelishgan dengizchi edi, egniga oq tikdan tikilgan gardsiz rasmiy libos kiygandi.
— Bizlar bilan bir uyda ijarada turgan ayol masalasida keluvdim, — dedi doktor. — Uning ismi Tompson.
— Bu ayol haqida bir dunyo gap eshitdim, doktor Makfeyl, — dedi gubernator jilmayib. — Unga yanagi hafta seshanba kuni bu yerdan ketishni buyurdim, qo‘limdan kelgani shu.
— Bunchalik qattiqqo‘llik qilmang, xonim Sidneyga ketishi uchun San-Frantsiskodan kema kelguncha shu yerda qolishiga ruxsat bering. Uning o‘zini risoladagidek tutishiga men kafilman.
Gubernator hamon jilmayib turar, lekin ko‘zlari qisilib, nigohi jiddiylashayotgandi.
— Jon-jon deb iltimosingizni qondirardimu, doktor, lekin men buyruqni berib bo‘lganman, endi uni o‘zgartirolmayman.
Doktor vaziyatni yotig‘i bilan tushuntirishga kirishgandi, gubernatorning yuzidagi tabassum butkul yo‘qoldi. U Makfeylning gaplarini chetga qarab, istar-istamas tingladi. Doktor gaplari unga mutlaqo ta’sir etmayotganini tushundi.
— Xonimni noqulay ahvolga solganimdan afsusdaman, ammo u seshanba kuni kemada jo‘nab ketishi kerak, tamom-vassalom.
— Ammo qachon jo‘nab ketishining nima farqi bor?
— Kechirasiz-u, doktor, lekin men rasmiy faoliyatim borasida tegishli hukumat vakillarigagina hisobot beraman.
Makfeyl unga o‘qrayib qaradi. Keyin Devidsonning gubernatorga do‘q-po‘pisa qilgani haqida aytgan gaplarini esladi. Gubernatorning gap ohangida allaqanday sarosima bor edi.
— Devidson — birovlarning ishiga burun suqaveradigan hovliqma, — dedi Makfeyl g‘ijinib.
— Bu gap oramizda qolsin-u, mister Devidson menda ham unchalik yaxshi taassurot qoldirgani yo‘q, — dedi gubernator. — Lekin mahalliy aholi orasiga ancha-muncha askar joylashtirilgan, bunday joyda miss Tompsondek ayolning turishi xavfli ekanini eslatib qo‘yishga uning haqqi bor. Buni tan olmay ilojim yo‘q.
U o‘rnidan turdi va Makfeyl ham qo‘zg‘alishga majbur bo‘ldi.
— Kechirasiz, zarur ishlarim bor. Missis Makfeylga mening nomimdan salom aytib qo‘ying.
Doktor gubernator huzuridan tushkun kayfiyatda qaytdi. Miss Tompson kutib turganini bilgani uchun qo‘lidan hech ish kelmaganini aytishga istihola qilib, uyga orqa eshikdan kirdi va zinadan o‘g‘ridek oyoq uchida
ko‘tarildi.
Kechki ovqat mahali doktor behalovat, ichini it tirnasa-da churq etmay o‘tirdi, missioner esa aksincha, xushchaqchaq va sergap edi. Makfeylga Devidson g‘olibona masrur nigoh bilan qarab-qarab qo‘yayotgandek tuyuldi.
Kutilmaganda doktorning miyasiga gubernator bilan uchrashib biror ish chiqara olmaganimdan missionerning xabari bor, shekilli, degan o‘y keldi. Devidson buni qay go‘rdan eshita qoldiykan? Bu odamda qandaydir bir yovuz kuch bor edi. Kechki ovqatdan so‘ng Makfeyl Hornning ayvonda o‘tirganini ko‘rib, u bilan laqillashmoqchi bo‘lgandek tashqariga chiqdi.
— Xonim, gubernator bilan uchrashibdimi-yo‘qmi, deb so‘rayapti, — dedi shivirlab savdogar.
— Uchrashdim. Lekin u rozi bo‘lmadi. Ming afsus, qo‘limdan boshqa hech nima kelmaydi.
— Uning rozi bo‘lmasligini bilardim. Ular missionerlarga qarshi chiqishga botina olishmaydi.
— Nima haqda gaplashyapsizlar? — dedi davraga qo‘shilish uchun tashqariga chiqqan Devidson muloyim jilmayib.
— Apiaga yetib olishlaring uchun kamida yana bir hafta kutishlaringga to‘g‘ri keladi, deb turuvdim, — dedi savdogar pinagini buzmay.
Horn ketgach, ular mehmonxonaga qaytib kirishdi. Mister Devidson taomdan keyin, odatda, bir soatcha hordiq chiqarardi. Shu payt eshik taqillagandek bo‘ldi.
— Kiravering, — dedi missis Devidson o‘zining shang‘illagan tovushida.
Lekin eshik ochilavermagach, xonim o‘rnidan turib uni ochdi. Bo‘sag‘ada miss Tompson turardi. Uning aft-angori tanib bo‘lmas darajada zgarib ketgandi. Endi u xonimlarni yo‘lda mazax qilgan betgachopar shallaqi emas, irodasi singan qo‘rqoq ayol edi. Uning odatda yaxshilab turmaklab qo‘yiladigan sochi bo‘yniga yopishib to‘zg‘ib yotar, egniga xalat, oyog‘iga tungi shippak kiygan, kiyimlari kir-chir edi. Yuzidan duv-duv yosh oqar, ichkari kirishga botinolmay turardi.
— Sizga nima kerak? — dedi missis Devidson o‘qrayib.
— Mister Devidson bilan gaplashsam maylimi? — dedi Tompson hayajonlanganidan nafasi bo‘g‘ilib.
Missioner o‘rnidan turib u tomon yurdi.
— Kiravering, miss Tompson, — dedi u xushmuomalalik bilan. — Xo‘sh, xizmat?
Miss Tompson xonaga kirdi.
— O‘t… o‘tkan kuni sizga aytgan gaplarim uchun ham, boshqalari uchun ham kechirim so‘rayman. Bir oz qizishib ketibman. Meni kechiring.
— E, hechqisi yo‘q. Men bunaqa haqoratlarga parvo ham qilmayman.
Miss Tompson qullarga xos itoatkorona bir harakat bilan missioner sari yurdi.
— Siz meni yengdingiz. Yengilganimni tan olaman. Endi meni San-Frantsiskoga qaytib ketishga majbur qilmaysiz-a?
Devidsonning xushmuomalaligi bir zumda yo‘qoldi, ovozi dag‘allashdi.
— Nega siz u yoqqa qaytishni xohlamayapsiz?
Miss Tompson qo‘rqqanidan yelkalarini qisib oldi.
— Adashmasam, ota-onam o‘sha yerda yashaydi. Ular meni bu ahvolda ko‘rishini xohlamayman. O‘sha yerdan boshqa istagan joyingizga borishga tayyorman.
— Nega San-Frantsiskoga qaytishni xohlamayapsiz?
— Aytdim-ku.
Missioner oldinga egilib, Tompsonga tikilib qaradi va chaqnayotgan katta-katta ko‘zlari ayolning qalbiga qadalayotgandek tuyuldi. Keyin u birdan chuqur nafas oldi.
— Axloqsizlar turmasi.
Miss Tompson ingrab yubordi, keyin tiz cho‘kib uning oyog‘iga tarmashdi.
— Meni u yoqqa qaytarib yubormang. Xudo haqqi, ont ichaman, bu yog‘iga yaxshi ayol bo‘laman. Qaytib yomon yo‘lga kirmayman.
Miss Tompsonning upa surtilgan yuzlaridan duv-duv yosh oqar, u tinmay yolvorardi. Missioner egilib uning boshini ko‘tarib, o‘ziga qarashga majbur qildi.
— Hamma gap o‘sha — axloqsizlar turmasida, to‘g‘rimi?
— Ularning qo‘liga tushib qolmay deb bu yoqqa qochganman, — dedi xonim o‘pkasini bosolmay. — Agar xitlar ushlab olsa, uch yilga qamalib ketaman.
Devidson uni qo‘yib yubordi, Tompson yerga yiqilib uvvos solib yig‘ladi. Doktor Makfeyl o‘rnidan sakrab turdi.
— Shuni bilaturib uni ortga qaytishga majburlay olmaysiz, — dedi u. — Unga imkon bering. Xonim hayotini yangidan boshlamoqchi.
— Men unga hayotidagi eng zo‘r imkoniyatni tuhfa etaman. Tavba qildimi, endi jazoga ham chidab bersin.
Miss Tompson missionerning gapini noto‘g‘ri tushunib, boshini ko‘tardi. Uning qayg‘uli ko‘zlarida umid uchqunlari porladi.
— Meni qo‘yib yuborasizmi?
— Yo‘q. Siz seshanba kuni San-Frantsiskoga jo‘naysiz.
Miss Tompson ingrab yubordi, keyin etni junjiktiradigan bir qayg‘uli tovushda chinqirib, boshini yerga ura boshladi. Doktor Makfeyl yugurib borib uni turg‘azishga urindi.
— O‘zingizni tuting. Yaxshisi, xonangizga boring-da, yotib dam oling. Men biron dori topib tushaman.
Doktor xonimni o‘rnidan turg‘azdi va pastga suyab tushdi. Yordamlashishni xohlamagan missis Devidson va xotinidan g‘azablandi. Metis savdogar zinada turgan ekan, birgalashib Tompsonni karavotga yotqizishdi.
Xonim ingrab, tinmay ko‘z yosh to‘kar, hushidan ketadigan ahvolda edi.
Doktor ukol qildi. Keyin holdan toyib asabiylashgan bir holatda tepaga ko‘tarildi.
— Uni karavotga yotqizishga to‘g‘ri keldi, — dedi u xonaga chiqqach.
Xonimlar va Devidson u chiqib ketganda qanday o‘tirishgan bo‘lishsa, hamon o‘sha holatda edilar. Aftidan, doktorning yo‘g‘ida gaplashmagan, qimir etmagandilar.
— Sizni kutib turgandim, — dedi Devidson g‘alati, sovuq ohangda.
— Yo‘ldan ozgan singlimiz uchun hammangiz men bilan birga duo o‘qishinglarni xohlayman.
U tokchadan Injilni oldi-da, kechki ovqat tanovul qilingan stol yoniga kelib o‘tirdi. O‘ali idish-tovoq yig‘ishtirilmagan edi, missioner choynakni nariroq surdi. Keyin yo‘g‘on, jarangdor va ta’sirli ovozda
ularga Iso Masihning xiyonatkor ayol bilan muloqoti haqidagi bobni o‘qib berdi.
— Endi hammamiz tiz cho‘kib, suyukli singlimiz Sedi Tompson haqqiga duo o‘qiymiz.
Missioner Xudodan gunohkor ayolga rahm-shafqat tilab, g‘ayrati
jo‘shib, uzundan-uzoq duo o‘qiy boshladi. Missis Makfeyl bilan missis Devidson ko‘zlarini yumib, tiz cho‘kishdi. Noqulay ahvolda qolgan doktor ham o‘ng‘aysizlanib istar-istamas tiz cho‘kdi. Missioner voizlardek kuyib-pishib duo o‘qir, haddan tashqari ta’sirlanganidan ko‘z yoshlari yuzini yuvardi. Tashqarida esa yomg‘ir shafqatsiz quyib yog‘ar, bunda odam zotiga xos qahru g‘azab mujassamdek edi.
Nihoyat, Devidson qiroatini to‘xtatdi. Keyin bir oz jim turdi-da:
— Endi Lord’s prayer duosini takrorlaymiz, — dedi.
Duoni o‘qib bo‘lishgach, ular Devidson bilan birga qadlarini rostlashdi. Missis Devidsonning yuzi siniqib, ma’yus tortib qolgandi. U tinchlangan, ko‘ngli orom olayotgandi. Lekin Makfeyllar o‘zlarini noqulay
seza boshladilar. Ular nigohlarini qayoqqa qaratishni bilolmasdilar.
— Men pastga tushib, miss Tompsonning holidan xabar olib kelaman,— dedi doktor Makfeyl.
U xonimning eshigini taqillatgandi, eshikni Horn ochdi. Miss Tompson tebranma kursida ovoz chiqarmay yig‘lab o‘tirardi.
— Nima qilib o‘tiribsiz? — o‘shqirdi Makfeyl. — Sizga yotib dam oling, degandim-ku.
— Yotolmayman. Men mister Devidsonni ko‘rishim kerak.
— Voy bechoragina-ey, buning nima foydasi bor? Baribir, uning rahmini keltirolmaysiz.
— U menga, qachon chaqirtirsang darrov yetib kelaman, degan.
Makfeyl savdogarni imladi.
— Borib missionerni chaqirib keling.
Savdogar yuqoriga chiqib ketgach, doktor miss Tompsonning yonida jimgina kutib turdi. Devidson kirib keldi.
— Sizni bu yerga chaqirtirganim uchun meni kechiring, — dedi xonim missionerga ma’yus nigoh tashlab.
— Men chaqirtirasiz deb kutib turgandim. Iltijolarim Xudoga yetib borishini bilardim.
Ular bir lahza bir-biriga tikilib qolishdi, keyin xonim ko‘zini olib qochdi. U gapirayotganda ham nigohini chetga tikib turdi.
— Men axloqsiz ayol edim. Endi tavba qilishni xohlayman.
— Xudoga shukr! Xudoga shukr! Iltijolarimizni eshitibdi.
Missioner Makfeyl bilan savdogarga yuzlandi:
— Bizni yolg‘iz qoldiringlar. Iltijolarimiz Xudoga yetib borganini missis Devidsonga aytinglar.
Ular xonadan chiqib, eshikni yopishdi.
— Yo, tavba! — dedi savdogar.
O‘sha kuni kechqurun doktor Makfeylning ko‘ziga uyqu kelmadi, missionerning zinadan ko‘tarilayotganini eshitib, soatiga qaradi. Soat ikki bo‘lgandi. Lekin missioner shundan keyin ham uxlagani yo‘q. Doktor holdan toyib uxlab qolguncha ularning xonalarini ajratib turgan yog‘och devor ortidan Devidsonning ovoz chiqarib tilovat qilayotganini eshitib yotdi.
Ertasi kuni tongda missionerning aft-angorini ko‘rib Makfeyl hayron qoldi. Devidsonning yuzi battar oqarib ketgan, biroq ko‘zlarida g‘ayritabiiy o‘t chaqnardi. Aftidan, u quvonchini ichiga sig‘dirolmayotgan edi.
— Hoziroq pastga tushing-da, Sedini ko‘ring, — dedi u. — Ehtimol, tani sog‘aymagandir, lekin qalbi o‘zgargani aniq.
Doktorning madori qurib, jini qo‘zib turgandi.
— Kecha u bilan yarim tungacha qolib ketdingiz, — dedi u.
— Ha, Sedi yolg‘iz qolishga, mening ketishimga bardosh berolmasdi.
— Og‘zingiz qulog‘ingizda-yu, — dedi doktor ijirg‘anib. Quvonchdan Devidsonning ko‘zlari porlardi.
— Men Xudoning marhamatiga noil bo‘ldim. Kecha tunda adashgan qalbni Tangrimning mehribon qo‘llariga topshirishga loyiq ko‘rildim.
Miss Tompson oromkursida o‘tirardi. Karavot yig‘ishtirilmagan, xona to‘zib yotardi. U risoladagidek kiyinishga urinmagan ham, egniga kir xalatni ilib, sochlarini naridan-beri turmaklagandi. Yuzini ho‘l sochiq bilan artgan bo‘lsa-da, yig‘layverganidan yuz-ko‘zi shishib ket- gandi. Uning aft-angoriga qarab bo‘lmasdi.
Doktor xonaga kirganda Tompson unga ma’nosiz nigohini tikdi. Xonimning shashti qaytib, yuragi bezillab qolgandi.
— Mister Devidson qani? — deb so‘radi u.
— Uni ko‘rmoqchi bo‘lsangiz hoziroq keladi, — dedi Makfeyl ensasi qotib. — Men sizning ahvolingizdan xabar olgani kiruvdim.
— Ahvolim yaxshi. Xavotirlanmang.
— Biror nima yedingizmi?
— Horn qahva keltirdi.
Miss Tompson bezovtalanib eshikka qaradi.
— U tezroq kelarmikan, u yonimda bo‘lsa vahimam bosilgandek bo‘ladi.
— Baribir, seshanba kuni ketadigan bo‘ldingizmi?
— Ha, u ketishing kerak, deyapti. Iltimos, unga ayting, tezroq kirsin. Siz menga yordam berolmaysiz. O‘ozir undan boshqa hech kim menga yordam berolmaydi.
— Yaxshi, — dedi doktor Makfeyl.
Keyingi uch kun mobaynida missioner vaqtini deyarli Sedi Tompson bilan o‘tkazdi. U faqat ovqat mahali davraga qo‘shilardi. Doktor Makfeyl uning istab-istamay ovqatlanayotganini payqadi.
— U bor kuchini sarflayapti, — dedi missis Devidson zorlanib. — Agar o‘ziga qaramasa, tinkasi qurib qoladi, lekin u o‘zini ayamaydi.
Missis Devidsonning ham quti o‘chib, rangi oqarib ketgandi. U missis Makfeylga tuni bilan mijja qoqmayotganini aytdi. Missioner miss Tompsonning yonidan chiqqach, sillasi qurigancha tilovat qilar, lekin
shundan keyin ham ancha vaqtgacha uxlay olmas ekan. Bir-ikki soat o‘tgach, o‘rnidan turib kiyinarkan-da, ko‘rfazni yoqalab uzundan-uzoq piyoda aylanarkan. U g‘alati tushlar ko‘rayotgan emish.
— Bugun ertalab u menga Nebraska tog‘larini tush ko‘rganini aytdi, — dedi missis Devidson.
— Qiziq-ku, — dedi doktor Makfeyl.
Doktor Amerikani kesib o‘tayotganda poyezd derazasidan o‘sha tog‘larni ko‘rganini yaxshi eslardi. Dum-dumaloq, sip-silliq ulkan do‘ngliklarga o‘xshash bu tog‘lar yalanglikda do‘ppayib turardi. Makfeyl ularning ayol
siynalariga o‘xshashidan hayratga tushganini esladi.
Tinim bilmayotgani hatto Devidsonning o‘ziga ham og‘ir tushayotgandi. Lekin mislsiz bir g‘ayrat uning kuchiga kuch qo‘shardi. U boyaqish ayol qalbining tub-tubiga yashiringan gunohni tag-tomirigacha sug‘urib tashlayotgandi. Devidson Tompson bilan birga duo o‘qib, birga iltijo qilardi.
— Bu haqiqiy mo‘jiza, — dedi missioner ularga bir kuni kechki ovqat mahali. — Bu chindan-da, qayta tug‘ilish. Uning tundek qora qalbi hozir yangi yoqqan qordek beg‘ubor. U barcha gunohlaridan pushaymon bo‘lib, shunday chiroyli tavba qildiki, men xijolat bo‘lib, talmovsirab qoldim. Men hatto uning kiyimiga qo‘l tekkizishga ham noloyiqman.
— Uni San-Frantsiskoga qaytarib yuborishga yuragingiz qanday dov beradi? — deb so‘radi doktor. — Amerika turmasida uch yil yotadi. Men siz uni bundan saqlab qolarsiz, deb o‘ylovdim.
— Nahotki, tushunmasangiz! Bu axir zarurat-ku. Siz meni unga rahmi kelmaydi, deb o‘ylaysizmi? Men uni xuddi xotinim yoki singlimni yaxshi ko‘rgandek yaxshi ko‘raman. U qamoqda qancha azob cheksa, men ham bu yerda shuncha azob chekaman.
— Bo‘lmagan gap! —baqirib yubordi doktor o‘zini tutolmay.
— Siz tushunmaysiz, chunki siz so‘qirsiz. U gunohkor, demak, azob chekishi kerak. Men uning qay ko‘yga tushishini bilaman. Uni och qoldirishadi, qiynashadi, xo‘rlashadi; o‘ziga odam qo‘li bilan beriladigan jazolarni
u ochiq chehra bilan Xudo yo‘liga qurbonlik, deb qabul etishini istayman. U kamdan-kam bandasiga nasib qiladigan imkoniyatga ega. Yaratganning bag‘ri keng, marhamati cheksiz.
Hayajondan Devidsonning ovozi titray boshladi. U tiliga quyilib kelayotgan so‘zlarni aniq aytishga qiynalib qoldi.
— Kun bo‘yi u bilan birga ibodatdaman, yonidan ketsam ham ibodatni davom ettiraman. Tangrim undan marhamatini darig‘ tutmas, deb bor kuchim bilan iltijo qilaman. Uning qalbida jazolanishga shunday
bir kuchli xohish uyg‘otayki, oxir-oqibat ijozat bersam ham jazosiz qolishdan o‘zi bo‘yin tovlasin. Men mashaqqatli qamoq jazosi o‘zi uchun jon bergan Iso Masih poyiga qo‘yadigan shukronalik ehsoni ekanini
Sedi his etishini istayman.
Kunlar juda sekin o‘tardi. Pastdagi qavatda azob chekayotgan boyaqish ayol tufayli uydagilarning bari bezovta edi. Miss Tompson qonxo‘r butparastlarning vahshiyona marosimga hozirlashgan qurboniga o‘xshardi. U qo‘rqqanidan esankirab qolgandi. Devidsonni bir daqiqa ham yonidan uzoqlashtirmas, missioner oldida o‘tirgandagina o‘zini dadilroq sezar, quldek itoatkorlik bilan unga bog‘lanib qolgandi. Xonim tinimsiz yig‘lar, Injilni o‘qir va tavba qilardi. Ba’zan holdan toyib beparvo bo‘lib qolar, keyin bu azoblardan qutulishning birdan-bir chorasidek tuyulgan og‘ir jazoni kutishga chog‘lanardi. U o‘zini iskanjaga olgan bu g‘ayritabiiy qo‘rquvga ortiq bardosh berolmasdi. Gunohlari haqida o‘ylayverib o‘ziga oro berishni ham unutgandi, egnida pala-partish tikilgan xalat, sochlari to‘zg‘igan, irkit bir ahvolda xonasida sudralib yurardi. Tungi ko‘ylagini to‘rt kundan beri yechmagan, paypoq ham kiymagandi. Xonasi to‘zib yotardi. Yomg‘ir esa ayovsiz quyardi. Oxir-oqibat, osmonda suv tugab bitadigandek tuyulsa-da, lekin yomg‘ir aqldan ozdiradigan darajada tinim bilmay tunuka tomni taraqlatardi.
Hamma narsa namiqib, zax tortib ketgan, devorlarni ham, yerda yotgan poyabzallarni ham po‘panak bosgandi. Uyqusiz tunlarda pashshalar jon achchig‘ida tinimsiz g‘o‘ng‘illardi.
— Yomg‘ir hech bo‘lmasa bir kungagina to‘xtaganda ham ahvol bunchalikka bormasdi, — dedi doktor Makfeyl.
Hammalari seshanba kunini, San-Frantsiskoga yo‘l oladigan kemaning Sidneydan kelishini kutishardi. Asablar chidab bo‘lmas darajada taranglashgandi. Doktor Makfeylning tinchi shu qadar buzilgan ediki,shu badbaxt ayoldan qutulishni o‘ylashning o‘ziyoq yuragini afsus-nadomatlaru qahr-g‘azabdan aritadigandek tuyulardi. Bo‘ladigan ishning tezroq bo‘lgani yaxshi. Kema jo‘nab ketgach, erkin nafas olishini doktor sezib turardi. Sedi Tompson gubernatorning idorasida ishlaydigan bir xizmatchi kuzatuvi ostida kema bortiga chiqishi kerak edi. Bu odam dushanba kuni kechqurun keldi va miss Tompsonga ertalab soat o‘n birga tayyor bo‘lib turishni tayinladi. Devidson xonimning yonida edi.
— Hammasiga o‘zim ko‘z-quloq bo‘laman. Uni kema bortiga o‘zim chiqarib qo‘yaman, — dedi u.
Miss Tompson indamadi.
Doktor Makfeyl shamni o‘chirib, o‘rmalab pashsha qaytargich to‘rning tagiga kirgach, erkin nafas oldi.
— Xudoga shukr, hammasi ortda qoldi. Ertaga shu paytda u ketgan bo‘ladi.
— Missis Devidsonning ham xursand bo‘lishi aniq. Missionerning tinkasi qurib ketdi, deyayotgandi, — dedi missis Makfeyl. — Ayol butkul o‘zgardi.
— Kim?
— Sedi-da, men bunday bo‘lishiga ishonmagandim, buning iloji yo‘q, deb o‘ylovdim. Bu odamni itoatkorlikka undaydi.
Doktor Makfeyl indamadi va ko‘p o‘tmay uxlab qoldi. Rosa holdan toygani bois, u har doimgidan ko‘ra qotib uxladi.
Doktor tongda bilagiga tegingan qo‘ldan uyg‘onib ketdi. Sapchib tushib, karavoti yonida turgan Hornni ko‘rdi. Savdogar shovqin solmang,degandek barmog‘ini lablariga bosib, doktorni imlab chaqirdi. Doim kanop shim kiyib yuradigan Horn yalangoyoq, egnida shu yerliklarning lava-lavasidan bo‘lak hech vaqo yo‘q edi. U yovvoyilarga o‘xshab qolgandi.
Doktor karavotdan turayotib savdogarning badani rasm bilan to‘lib ketganini ko‘rdi. Horn ayvonga yuring, deb ishora qilgach, uning ortidan tashqariga yo‘naldi.
— Shovqin solmang, — shivirladi savdogar. — Yordamingiz kerak. Plashni yelkangizga tashlab, oyog‘ingizga bir nima ilib oling. Tezroq.
Doktor Makfeylning miyasidan “yarq” etib miss Tompsonga biror kor-hol bo‘lgan, degan fikr o‘tdi.
— Nima bo‘ldi? Asbob-anjomlarimni olivolaymi?
— Faqat tezroq.
Doktor o‘g‘rincha yotoqxonaga qaytib kirib, ko‘ylak-ishtonining ustidan suv o‘tmaydigan plashni, oyog‘iga esa tagi rezina tuflisini kiydi. Keyin ular oyoq uchida zinadan pastga tushdilar. Katta yo‘lga qaragan eshik ochiq bo‘lib, eshik yoniga tubjoyliklardan besh-olti kishi yig‘ilgandi.
— Nima bo‘ldi o‘zi? — savolini takrorladi Makfeyl.
— Ortimdan yuring, — dedi Horn.
Doktor savdogarga ergashdi. Tubjoyliklar ham to‘dalashib ularning ortidan yurishdi. Yo‘lni kesib o‘tib, sohilga chiqishganda doktorning ko‘zi suv bo‘yida bir nimaning atrofida uymalashib turgan tubjoyliklar to‘dasiga tushdi. Qolgan yigirma yardcha masofani ular shosha-pisha bosib o‘tishdi. Doktorni ko‘rgan odamlar unga yo‘l berishdi. Savdogar uni oldinga o‘tkazdi va doktorning ko‘zi mudhish bir manzaraga, yarmi suvdan chiqib turgan Devidsonning jasadiga tushdi. Makfeyl engashdi-da — u favqulodda vaziyatlarda esankirab qoladiganlar toifasidan emasdi — jasadni ag‘dardi. Murdaning kekirdagi qulog‘igacha kesilgan, o‘ng qo‘lida esa siqimlab ushlagan ustara bor edi.
— Jasad sovib qolibdi, — dedi doktor. — O‘lganiga ancha bo‘lgan ko‘rinadi.
— Ishga ketayotgan yigitlardan biri uning bu yerda yotganini hozirgina ko‘ribdi, kelib menga aytdi. Nahotki, u o‘zini-o‘zi o‘ldirgan bo‘lsa?
— Ha. Kimdir politsiyaga xabar berishi kerak.
Horn mahalliy tilda bir nima degan edi, ikkita yigit yugurib ketdi.
— Politsiya kelguncha jasad shu yerda qolishi kerak, — dedi doktor.
— Ular murdani uyimga olib bormaydi. Men uni uyimga kiritmayman.
— Rasmiylar nima desa siz shuni qilasiz, — dedi doktor g‘ijinib.
— Jasadni o‘likxonaga olib borishsa kerak, harqalay.
Ular joylaridan jilmay kuta boshladilar. Savdogar lava-lavasining buklangan chetidan papiros chiqarib, doktorga ham uzatdi. Ular murdaga tikilgancha, tamaki tutatishdi. Doktor Makfeylning boshi qotdi.
— U nega bunday qildi ekan-a? — deb so‘radi Horn.
Doktor yelkasini qisdi. Ko‘p o‘tmay dengiz piyoda askarining kuzatuvi ostida zambil ko‘targan mahalliy politsiyachilar, ularning ortidan ikki nafar dengiz zobiti va flot doktori yetib kelishdi. Hash-pash deguncha
hamma ish bajarildi.
— Endi xotiniga bildirish kerak, — dedi zobitlardan biri.
— Kelganingizdan foydalanib men uyga borib kiyimimni almashtiraman. Meningcha, xotini uni bu ahvolda ko‘rsa, ko‘tarolmaydi. U yoq-bu yog‘ini epaqaga keltirguncha xotiniga ko‘rsatmay turgan ma’qul.
— To‘g‘ri aytasiz, — dedi flot doktori.
Makfeyl qaytganda xotini kiyinayotgandi.
— Missis Devidson eridan rosa xavotirlanyapti, — dedi u doktorni ko‘rgach. — Missioner uxlagani ham kelmabdi. Devidson xonim soat ikkida uning miss Tompsonning xonasidan chiqqanini sezibdi, lekin missioner tashqariga chiqib ketibdi. Axir, shu paytgacha sang‘ib yurgan bo‘lsa, o‘lguday holdan toygani aniq.
Doktor Makfeyl xotiniga ro‘y bergan voqeani aytib berdi va undan bu shumxabarni missis Devidsonga ehtiyotkorlik bilan yetkazishni so‘radi.
— U nega bunday qiladi, axir? — dedi missis Makfeyl o‘takasi yorilib.
— Bilmayman.
— Lekin men aytolmayman. Aytolmayman.
— Aytishing kerak.
U ko‘zlari jovdirab eriga bir qarab qo‘ydi-da, tashqariga yo‘naldi.
Doktor xotinining missis Devidsonning xonasiga kirganini eshitdi. Keyin bir daqiqa nafas rostladi va soqolini olib yuvindi. Kiyingach, karavotga o‘tirib xotinini kuta boshladi. Nihoyat, missis Makfeyl kirib keldi.
— Missis Devidson erini ko‘rmoqchi, — dedi u.
— Uni o‘likxonaga olib ketishdi. Xonim bilan birga borganimiz ma’qul. U bu xabarni qanday qabul qildi?
— Meningcha, esankirab qoldi. Yig‘lamadi. Lekin dir-dir titrayapti.
— Hoziroq borganimiz ma’qul.
Eshigini taqillatishlari bilan missis Devidson chiqib keldi. Xonimning rangi bo‘zday oqarib ketgan, lekin ko‘zida bir tomchi ham yosh yo‘q edi. Doktorga u o‘ta xotirjamdek tuyuldi. Hech kim og‘iz ochmadi va ular jimgina yo‘lga tushishdi. O‘likxonaga yetib borishganda missis Devidson tilga kirdi.
— Uni bir o‘zim kirib ko‘rishimga ijozat beringlar.
Ular chetroqqa chiqib turishdi. Tubjoylik bir kishi missis Devidsonni ichkariga kiritib, ortidan eshikni yopdi. Makfeyllar o‘tirib kuta boshladilar. Bir-ikki nafar oqtanli ularning yoniga kelib shivirlashib gaplashishdi. Doktor Makfeyl fojea haqida bilganlarini aytdi. Nihoyat, eshik sekingina ochilib, missis Devidson tashqariga chiqdi. Bir zum o‘rtaga jimlik cho‘kdi.
— Endi qaytsak bo‘ladi, — dedi missis Devidson.
Uning ovozi tiniq va qat’iy edi. Xonimning nigohlaridagi ifodani doktor Makfeyl tushunmadi. Missis Devidsonning bo‘zargan yuzida qahr qotgan edi. Ular bir-bir qadam tashlab, jimgina ortga qaytishdi va nihoyat, chetida uylari joylashgan halqa yo‘lni aylanib o‘tishdi. Bir payt missis Devidson oh tortib yubordi. Uchalasi ham qoqqan qoziqday taqqa to‘xtab qolishdi. Hech kutilmagan bir sado ularning qulog‘ini
qomatga keltirdi. Shuncha paytdan beri ovozi chiqmagan grammofondan yoqimsiz raqs kuyi varanglardi.
— Bu nima? — deya chinqirdi o‘takasi yorilayozgan missis Makfeyl.
— Yuraveringlar, — dedi missis Devidson.
Ular zinadan ko‘tarilib dahlizga kirishdi. Miss Tompson eshigining yonida bir dengizchi bilan gap sotib turardi. U butunlay o‘zgarib qolgan, tavbasiga tayanib, bo‘yin eggan ayolga hecham o‘xshamas edi. Xonim po‘rim bo‘lib kiyinib olgandi: egnida oq libos, paxtali paypoq kiygan oyog‘idagi baland poshnali yaltiroq qo‘nji kalta etigidan semiz boldirlari do‘ppayib chiqib turardi. Sochlari hafsala bilan tarab-turmaklangan, boshiga ola-bula gulli savatday shlyapasini qo‘ndirgan.Yonoqlari pushtirangga, qoshi qop-qora, lablari to‘q-qizilga bo‘yalgandi. Xonim ko‘kragini kerib turardi. Miss Tompson tag‘in ular ilk bora ko‘rgan o‘sha shallaqi suyuqoyoqqa aylangandi. Eshikdan kirishlari hamono Tompson xoxolab ularni masxaralab kula boshladi. Keyin, missis Devidson beixtiyor to‘xtab qolganda, u og‘ziga so‘lagini yig‘di-da, tupurib yubordi. Missis Devidson titrab-qaqshab ortga o‘girildi, uning yonoqlari qip-qizarib ketgandi. Keyin u qo‘llari bilan yuzini bekitgancha yuqoriga yugurdi.
Doktor Makfeyl o‘zini tahqirlangandek his etdi va miss Tompsonning ortidan uning xonasiga bostirib kirdi.
— Bu nima qiliq, jin ursin? — deya o‘shqirdi u. — Anavi la’nati matohni o‘chiring.
Doktor grammofonning yoniga borib plastinkani sug‘urib oldi. Miss Tompson unga o‘girildi.
— Nima, siz ham menga tirg‘almoqchimisiz, doktor? Xonamda sizga balo bormi?
— Bu nima deganingiz? — baqirib yubordi Makfeyl. — Nimaga shama qilayapsiz?
Missis Tompson qaddini rostladi. Uning yuzidagi istehzoni ham, javobidagi nafratni ham tasvirlashga til ojiz edi.
— Eh, erkaklar! Senlarning sassiq to‘ng‘izdan farqing yo‘q! Hammang bir go‘rsan. To‘ng‘izlar!
Doktor Makfeyl chuqur tin oldi. U hammasini tushundi.

Ingliz tilidan Alisher Otaboyev tarjimasi