Siz chumoli bilan chigirtka haqidagi hikoyani eshitganmisiz? Men bolaligimda maktabda shuni o‘rganishga majbur bo‘lganman. Bu oddiygina hikoya bo‘lib, yosh o‘quvchilarga ibrat bo‘lishi kerak edi. Hikoya mehnatsevarlik g‘oyasini targ‘ib qilardi. Unga ko‘ra kimki mehnatkash bo‘lsa, muvaffaqiyatga erishishi mumkin-u, kimki mehnat qilmasa, biror narsaga erisha olmaydi.
Hikoyada chumoli yoz bo‘yi tinimsiz mehnat qiladi. U har kuni uyiga don tashiydi. Yoz oxiriga borib u qishga yetarli ozuqa g‘amlab qo‘yadi. Chigirtka esa umuman mehnat qilmasdan, oftobda toblanib qo‘shiq aytishdan bo‘shamaydi.
Keyin qish keladi. Chigirtkaning ovqati bo‘lmaydi. U chumolinikiga borib biror yegulik berishini so‘raydi.
“Sen yozda nima qilding?” – deya qarshi oladi uni chumoli.
“Qo‘shiq aytdim”? – deydi chigirtka. – Quyoshda tob-lanib qo‘shiq aytdim”.
“Endi yana borib raqs tushishing mumkin”, – deydi chumoli.
O‘shanda bu hikoyani jinim suymagandi. U meni mehnatsevarlikka chorlay olmadi. U menda chumolilar berahm ekan, degan tasavvur uyg‘onishiga va chumolilardan nafratlanishimga sabab bo‘ldi. Men qaerda chumoli ko‘rsam uni bosib-yanchib, ezib o‘tib ketadigan bo‘ldim. “Bu sening chigirtkaga rahmsizlik qilganing uchun jazo”, derdim.
Bundan bir necha kun ilgari menga chumoli bilan chigirtka hikoyasini yana eslatgan bir voqea sodir bo‘ldi. Men restoranga tushlik qilgani borgandim. U yerda do‘stim Jorj Ramseyni ko‘rib qoldim. U stolda yolg‘iz o‘tirar va juda g‘amgin ko‘rinardi.
– Salom, Jorj, – dedim unga.
– Ahvollaring yaxshimi?
– Unchalik emas, – javob qildi u.
– Nima bo‘ldi? – so‘radim stolga o‘tirayotib. – Yana ukang Tommi? Yana u tufayli muammomi?
– Ha, – dedi u. – Yana Tom.
Keling, sizga avvalo Tom haqida so‘zlab beray. Har qanday yaxshi oilaning bitta nomunosib a’zosi bo‘lganidek, Jorjning oilasida o‘sha odam – ukasi Tom edi.
Boshda Tomning ishlari juda yaxshi edi. Uning yaxshigina biznesi, xotini va ikki bolasi bor edi. Kunlarning birida u ortiq ishlashni xohlamasligini aytib qoldi. U dam olishni, rohatlanib yashashni istab qolgandi.
U oilasi va ishini tashlab, Yevropaga jo‘nab ketdi. Uning mablag‘i juda oz bo‘lib, o‘ylamasdan pullarini sovurardi. U hashamatli mehmonxonalarda turar, eng qimmat restoranlarda ovqatlanar, turli bazmlarga go‘zal ayollar bilan borardi. Qisqasi, u vaqtini juda xush o‘tkazar edi.
Uning oilasidagilar bu gaplardan xabar topishgach, afsus bilan bosh chayqashdi.
“Pullari tugagach, u qanday qilarkan?” – degan savol qiynardi ularni.
Tez orada bu savolga javob topildi. Tom hammaning yoqimtoyi edi. U juda xushchaqchaq bo‘lib, do‘stlari ham juda ko‘p edi. Puli tugagach, u do‘stlaridan qarz olardi.
Uning oladigan qarzi unchalik ko‘p miqdorda bo‘lmagani uchun do‘stlari odatda qarzni so‘rab ham o‘tirishmasdi. Men uni tez-tez uchratib turardim, u bilan hamsuhbat bo‘lish menga yoqardi va har gal uni kayfiyati choq holda ko‘rardim. Lekin har ko‘rishganimizda u mendan qarz olardi.
Tom o‘zining odatiy xarajatlariga pulni do‘stlaridan olardi-yu, mabodo ko‘proq pul kerak bo‘lib qolsa, akasi Jorjning oldiga kelardi.
Jorj juda obro‘-e’tiborli edi. U ko‘p ishlar, pulni ham o‘ylab sarflardi. U ukasining ham obro‘li odam bo‘lishini xohlardi.
Tom akasiga hayotini o‘zgartirishga va agarda Jorj unga yetarli mablag‘ bersa, ishini qaytadan boshlashga va’da berdi.
Birinchi marta u akasidan olgan pullarni qimmatbaho mashina sotib olishga, ikkinchi safar Parijdagi mehmonxona maishatiga sarflab yubordi.
Jorj unga mutlaqo ishonmaydigan bo‘ldi. U Tomga pul berishdan bosh tortdi. Shundan so‘ng o‘ta dahshatli voqea yuz berdi. Tom qamoqxonaga tushib qolishi ma’lum bo‘ldi. Jorj bu voqeani eshitib, juda xafa bo‘ldi. Agar Tom qamoqqa olinsa, u va uning oilasi uchun bu narsa sharmandalik hisoblanardi.
Tom Kronshav ismli kishini katta miqdordagi pulga chuv tushirgan edi. Kronshav uni sudga bergan bo‘lib, agar puli qaytarib to‘lanmasa, Tomning qamoqqa tushishi muqarrar edi. Turgan gapki, Tom uni to‘lolmasdi. Shuning uchun Jorjning 500 funt-sterling to‘lashdan boshqa iloji qolmadi.
Jorj pulni to‘lab bo‘lgan kuniyoq, Kronshav bilan Tom Monte-Karloga jo‘nab ketishdi. Ular Monte-Karloda Jorjning pullariga kayfu safo qilib birga yurishganini ko‘rishibdi. Jorjning fig‘oni falakka chiqdi. Men uni hech ham bunchalik jahldor holatda ko‘rmagandim.
Shunday qilib yigirma yil davomida Tom baxtli hayot kechirdi. Yigirma yil davomida u go‘zal ayollar davrasida davron surdi. U qirq besh yoshga to‘lgan bo‘lsa-da, anchagina yosh ko‘rinardi. Uning do‘stlari ko‘p edi.
Jorj butun umr mehnat qildi. U har kuni saharlab ishxonasiga borardi. U ishxonasini qorong‘u tushmasdan tark etgan kunini eslay olmaydi. U topganini yig‘ib oilasi uchun sarfladi. Uning ko‘ngil yozish, hordiq chiqarishga mutlaqo vaqti bo‘lmadi. Uning yoshi atigi qirq yettida bo‘lsa-da, oltmish yoshli qariyaga o‘xshardi.
Jorj qariyotganidan mamnun edi.
“Tom ham qariyapti”, degandi u bir kuni menga. “U yosh va chiroyliligida do‘st orttirishi oson edi. To‘rt yildan so‘ng u ellikka to‘ladi. O‘shanda nima qilarkan? Men ellikka to‘lganimda o‘ttiz ming funt sterling miqdoridagi jamg‘armam bo‘ladi. Tomda esa hech vaqo bo‘lmaydi. Ko‘ramiz, umrni mehnat qilib o‘tkazgan yaxshimi yoki o‘ynab?”
Men stulga o‘tirdim. Bechora Jorj. Unga ichim achishib ketdi.
– Bu gal nima bo‘libdi? – so‘radim undan.
Men Tom yana qanday xatolikka yo‘l qo‘ydi ekan, deb o‘ylardim. Uni politsiya ushladimikan yo yana qamoqqa tushdimikan?
– Men butun umr tinimsiz mehnat qildim, to‘g‘rimi? – asta gap boshladi Jorj.
– Bilaman, – dedim men.
– Tom oxirgi yigirma yil davomida biror-bir ishning boshini tutmay, bekor yurgani uchun qolgan umrini qashshoqlik va nadomatda o‘tkazishi kerak, to‘g‘rimi?
Tasdiqlashdan o‘zga ilojim yo‘q edi. Jorj g‘azabdan bo‘g‘riqib ketdi. Uning shunchalik jahli chiqqandiki, hatto gapirolmay qoldi.
– Bir necha hafta ilgari Tom va bir qari kampirning unashtiruv marosimi bo‘lib o‘tgandi, – dedi u nihoyat. – Kampirning yoshi shunchalik katta ediki, Tom uni bemalol oyi deb chaqiraverishi mumkin edi. Bugun u o‘libdi. Tomga esa o‘zining bor mulkini qoldiribdi. Tomga uning yarim million funt-sterlingi, Londonda va qishloqda joylashgan hashamatli uyi meros bo‘lib o‘tibdi, – dedi Jorj stolni alam bilan mushtlarkan.
Men bu vaziyatda o‘zimni kulgidan to‘xtata olmasdim. Baland ovozda kulib yubordim. Yaqin orada bunchalik kulgili voqeani eshitmagandim. Chigirtka chumolidan ko‘ra omadliroq chiqqandi.
Jorj meni o‘sha kungi kulgim uchun kechirmadi. U men bilan umuman gaplashmay qo‘ydi. Tom esa meni tez-tez Londonning eng qimmat kvartalida joylashgan hashamatli uyiga tushlikka taklif qilib turadi.
Lekin u o‘zgarmagan. Hali ham uyidan chiqayotganimda mendan qarz so‘rab turadi.
Ingliz tilidan SamDChTI talabasi Abror RAHIMOV tarjimasi.
“Yoshlik” jurnalining 2011-yil, 5-sonidan olindi.