Uning shahar kasalxonasiga bosh shifokor bo‘lgan yillari shahar janubidan qurib olgan to‘rt xonali uyi farzandlari kattaygan sayin qo‘shib quraverib, ulkan saroyga aylangan edi. Uy ortidagi tomorqasi kichrayaverib, tovuqxonaga taqalib qoldi. Shahar markazidagi to‘rt qavatli, beton devorli uyning kichik hujralariga ko‘nikmay yurgan onasi, mana shu uy bitgunicha borib-kelaverar, ba’zan qo‘nib qolardi. Hozir uyning kunchiqar tomonida katta, tomorqaning yarmiga soya tashlagan keksa klyon daraxti bor.
– Bu onamning hassasi edi, bahorda sanchilib qolgan ekan, kurtak ochib ketibdi, – deydi Shinnazar Nasirovich hazil-chin aralash.
Onasi esa: “Yaxshi ko‘rib ekkan edim, o‘ris daraxt ekanmi, manglayim-ov” deb qo‘yardi. Qanday bo‘lsa-da, bu juda bahaybat, anov-manov emas, naq o‘n ikki qanotli o‘tovning o‘rnini egallagan gavjum (“gujum” so‘zining negizi bo‘lsa kerak) daraxt bo‘ldi. Ostiga qurilgan supa yozda go‘yo jannatning o‘zi.
Bu “hassa”ni qadab ketgan onasi vafot etgan yili tug‘ilgan o‘g‘lini uylantirib, Shinnazar Nasirovichning o‘zi ham nevarali bo‘ldi. Gavdasi og‘irlashib, oyog‘i ko‘zlagan joyiga zo‘rg‘a boradi, ertalab-kechqurun kiyinib-echinishi qiyinlashdi, xullas qarilik o‘zini bildira boshladi.
Shifokor degani umrining oxirigacha shifokor ekan-da. Boshqalarni bilmadim-u, shu do‘stimiz keksayganda ham ishini tashlay olmadi. “Jarroh degani kunu tun tayyor mashina, chaqirishsa, yarim tunda ham chopib ketaverasan, telefonimizni o‘chirib qo‘yishga yoki ma’rakada o‘tirgan joyimizda sanaviatsiyaga xabar qilmaslikka haqqimiz yo‘q”, degan gapni uning og‘zidan ko‘p eshitganmiz. Yarim tundami, tongdami, qo‘shnilari, yaqin ko‘chadagi odamlar bu kishidan tortinib o‘tirmasdan, eshigini taqillataveradi.
Dam olish kuni edi. Uyiga peshindan so‘ng, kasalxonaning “Tez yordam” mashinasida keldi. Tushlik qilmadi. Uyiga kelib ham ovqatlanishga holi yo‘qday sezdi o‘zini. Oyoq kiyimini yechdi-da, supaga yonboshladi. “Odam mehnatdan charchamaydi, birovning qo‘pol munosabatidan, kelishmovchilikdan charchaydi”, deyishadi olimlar. Men esa mehnatdan charchayapman, – deya o‘yladi u. – Bugungi operatsiya og‘ir bo‘ldi. Tikkan joyimizning terisi yetmay, yonboshdan olib yamadik”.
U shu ko‘yi “hassa”ning dim havoda ham shamol chaqirib turgan yaproqlari shivirini eshitib yotdi. “Bu bir mevali daraxt yoki tut bo‘larmidi, bir elni obod qilardi, – deb o‘yladi jarroh. – Yo‘q, tut bo‘lganida ostiga supa qurish u yoqda tursin, pishiqchilikda yonidan o‘tganlar shirasiga toyib yiqilardi. Boyaqish, toza og‘och ekan. Atrofdagi qoratoldan boshlab o‘rikkacha shirincha bosganida bunga hech ta’sir qilmaydi. Qurt-qusmursqadan ovloq, asl daraxt. Onaizorimdan qolgan yodgorlik”.
Shu orada makiyon tovuqning achchiq tovushi eshitildi. Shinnazar Nasirovich gavdasini ko‘tarib, tomorqaning ovoz chiqqan tomoniga tikildi. Tim qora katta makiyon bo‘yin parlari hurpaygan holda tikrayib turardi. Bo‘ynini cho‘zib, dushmaniga beayov hujum qilishga tayyor, uzib-uzib achchiq qiyqirib qo‘yadi. Ikki ko‘zi anov joyda buni pisand qilmaganday, goh qo‘sh oyoqda asta sakrab, goh qo‘zg‘almay dumini likillatayotgan, atrofida aylanayotgan hakkada. U ham o‘ziga ishonganday, yordam kutib yon-atrofga qaramaydi. Shu orada gavdasini yonlama qilib, orqasida payt poylayotgan hakkaga yana qiyqirib qo‘ydi.
“Yo tavba, bularga nima yetishmaydi?” deya o‘yladi jarroh. Endi hakka sal yaqinlashgandi, tovuq unga vajohat bilan tashlandi. Bu safar tanasining barcha parlari tikrayib, shar holiga keldi, shu holicha raqibiga talpindi. Hakka esa bir-ikki marta qo‘shoyoqlab sakradi-da, orqaga chekindi. Shu payt, (endi “ona” deyaveraylik) ona makiyonning qanotlari ostiga yashiringan yolg‘iz jo‘ja ko‘rinib qoldi. Unga endi ikkinchi hakka uchib kelib tashlanmoqchi edi, ona tovuq unga ham hamla qilib, jo‘jasini bag‘riga yashirishga ulgurdi.
– Hay, qanoti qirqilgur yovuzlar, yo‘qoling, qani, – deb qo‘llarini sharp-sharp urgan ayol tovushidan hakkalar hurkib havoga ko‘tarilishdi-yu, klyonning qalin yaproqlari orasiga yashirinishdi. – Voy, ona bo‘lgani qursin bu dunyoda, jonivorim-ay, agar inson bo‘lganingda kuyukdan o‘larding bu paytgacha, joning tosh ekan.
Eltisining (hurmatli jarrohimizning ota-onasini urug‘lari, tanishlari e’zozlab “maxsum og‘a”, “elti aya” deyishgan) bu so‘zlariga hayron qoldi. Uning qarashlaridan “bu nima deganing” deyayotganini sezgan ayoli (kampiri, deb aytib hali o‘rganmaganmiz) davom etdi:
– Bu jonivor o‘n besh tuxum bosib, shundan o‘n bir jo‘ja chiqargan edi, uchtasini palag‘da qildi, boshqalarini ergashtirib yurib, endi o‘stirgan paytda, mana shu la’nati hakkalar chor-atrofidan o‘rab, jo‘jalarini olib ketib bo‘lishdi. Endi esa yakkayu yagonasini mo‘ljallashmoqda…
“Voy onajonimay, – u og‘ir xo‘rsinib, sovuq dam oldi. – Voy, mehribongina ka’bam-ay, faqat “bolam-bolam” deb o‘tib ketding-ku! Mana bu qushlar mehrni sendan o‘rgandimikan? Yo barcha ona bo‘ladigan jonli maxluqlarning yuragi bir tuproqdan qoriladimi? Ay, chivin jonimning qo‘rg‘oni bo‘laman, deb turli balo-qazolardan omon olib chiqqan qahramonim. Men seni Yernazar Olako‘zning onasidan kam ko‘rmayman, sen botir eding-ku”.
U “ko‘rmayman” degan so‘zni xayolidan o‘tkazib, yanada teran o‘yga cho‘mdi. “Ko‘rmaymanmi, ko‘rmadimmi? Bu so‘zni tirikligida aytganmidim? Yo hozir mardligim tutyaptimi?”
Bu payt yonboshidan ag‘darilib, chalqancha yotganicha Kerder ovulini, Kegayliga ketiladigan arava yo‘lning moy tuproqlarini kechgan onasining: “Bu yoqqa kel, katta yo‘lda o‘ynama” deya chaqirgan yillarini esladi. Uydan sal nariroqqa yoyilgan tovuqlarni yilg‘inlar orasidan shoqol olib ketib, onasi tovuqning tuxumini olib kel, desa katakka kirib, qaytib chiqolmay yig‘laganlari ko‘z oldida xuddi kechagidek namoyon bo‘ldi.
– Kelin choy olib kelsinmi? – degan eltisining ovozi uni o‘ziga keltirdi, biroq, u “kerak emas” degandek qo‘lini bir silkib, o‘ng tomoniga ag‘darildi-da, yana boyagi dunyoga sho‘ng‘idi…
Onasi boyaqish, uzun bo‘ylik, qoruvli ayol edi. Gavdasi faqat ustixonu teridan iborat bo‘lsa-da, o‘zi cho‘rtkesar, dadil odimli, ovul odamlari so‘zi bilan aytganda “qaytmas zaifa” edi. Odamlar undan hadiksirar, sirtidan ne gap aytishsa-da, yuzma-yuz kela olishmas, ko‘plar bezor edi. Bezor bo‘lishganini keyin, o‘zi o‘rta yoshlarga kelganda tushunib yetdi. “Voh, onajonim-ov, farzandingga bunchalik mehrli bo‘laverib nima qilarding?..” Bunday o‘ylarga onasi keksaya boshlagan, ayniqsa vafot etgan damlarda ko‘p beriladigan bo‘ldi.
“Xalqimizda “Qushga oldirgan tulkidan ne naf?” degan naql bor, – deya o‘yladi jarroh. – Chindan ham, juni yiltillagan, qorni to‘q tulki anov-manov qushga oldiradimi? Ochlik, yetar-etmas zamonda yolg‘iz bola boqqan so‘qqabosh onaning sho‘ri qursin…”
Supada bir tomonlab yotgan, hozirgina Xudoga shukr, dard ko‘rmagan qo‘llari bilan bir bandani o‘limdan olib qolgan, bilimi bilan tanilib, bugun kimsan – Shinnazar Nasirovich bo‘lgan oqsoqol, u paytlarda bola edi. Maktabga borgan yili otasining uydan chiqib ketganiga uch yilcha bo‘lgandi. Bu paytda yoshgina onasi eri go‘yo urushdan kelmay qolgandek, kuyunib yurardi. Burungi fe’liga “tirik kuyuk” qo‘shilib, birato‘la o‘zgarib ketdi. “Bundan ko‘ra, urushga ketib o‘lgani yaxshi edi, boshimni ko‘tarib, men ham xalqqa qadrli bo‘lib yurardim”, degandi o‘sha yillari. Shinnazar sinfda eng pachog‘i edi. Ovuldan birga qatnaydiganlarning ko‘pi kattarib ketgan bolalar, o‘qituvchi barchani bo‘yiga qarab tizganda u eng oxirida turardi.
Bolalar o‘rganishaverib, kim kuchli, kim chatoq, kim musofir, ayrilisha boshlashdi. Kimning orqasida kim bor, kimning ota-onasi qanday odamlar, bularni ham bilishadi. O‘qishdan qaytib kelayotib yo‘l bo‘yi o‘ynab kelishadi, bora-bora kurashishadi, so‘ngra to‘polonga aylanadi, g‘olib bo‘lish uchun nomusga tegadigan so‘zlar aytishib bir-birini kamsitishadi. Kun kelib, unga nisbatan “otasi tashlab ketgan tirik yetim”, degan gap ham aytila boshladi. Yosh yurak, bunday so‘zlarni qabul qilmaslik uchun jon talvasasida olishardi. “Ko‘k it yengadimi, ko‘p itmi?” deganlaridek, ajrashtiradigandan ko‘ra musht ko‘taradiganlari ko‘payib ketdi. Umrida birinchi marta burni qonab, ko‘zi ko‘kardi. Buni ko‘rgan onani sal bo‘lmasa jin urayozdi. “Kim urdi? Ayt, qaysi itning bolasi urdi?” Shinnazar indamadi. Ona, ayt, deb do‘q urdi. Bola yig‘lab yubordi, biroq aytmadi. Onasi qo‘shni qiz O‘ringulga o‘shqirdi, uning po‘pisasidan qo‘rqqan qiz: “Rahmon do‘konchining bolasi” deganini bilmay qoldi. Janjalning zo‘ri ana shundan so‘ng boshlandi. Onasi Shinnazarni sudrab do‘konchining uyiga yetib keldi.
– Bolangni chaqir!
– Nima qilasan uni?
– Chaqir, nima qilishimni ko‘rasan!
Shinnazar yulqinib qochmoqchi bo‘ldi. Onasining: “Hoy, shumshuk, tur shu yerda”, deganidan so‘ng bir joyda qotib qoldi. Onasi ichkariga talpindi, do‘konchi uning yo‘lini to‘sdi, onasi yulqinib uyga kirmoqchi bo‘lib (shu ko‘rinishi boyagi ona tovuqqa o‘xshardi), do‘konchini itarib yubordi. Rahmon do‘konchi ham bir qop jo‘xorini kiftiga qoqib soladigan, ovuldagi to‘q yashaydigan, o‘rko‘krak yigit edi. Ayolning qo‘llaridan sudrab, ancha joyga olib bordi-da, u ham ko‘ksidan itarib yubordi. Ona orqasiga yonboshlab yiqildi. Shinnazar o‘kirib yig‘lab yubordi. Onasi darrov o‘rnidan turdi-da, ustidagi changni ham qoqmasdan yana do‘konchiga tashlandi. Shu orada to‘planib qolgan qo‘shnilar onani chekkaga tortishdi.
– Do‘koningga o‘t qo‘yaman! O‘zingni qovurdoq qilaman!
Onasining shu so‘zlari yoshligidan qulog‘iga muhrlanib qolgandi. Ularni yana ko‘p eslagani yodida.
Ona so‘zidan qaytmadi. “Sen meni zaifa deb, suyaydigani yo‘q, deb bosqilading, do‘koningga o‘t qo‘yaman, dedimmi, o‘t qo‘yaman!” Odamlarning hay-hayiga qaramasdan, shu so‘zlarini takrorlayverdi. Avvaliga, qo‘lidan nima kelardi, deb turgan do‘konchi endi xavotirga tusha boshladi. Qo‘shnilardan biri: “Qo‘y, nima Xudo uribdi” desa, “Men bu xotindan qo‘rqaman, u kuyukdan nima qilishini bilmay yuribdi”, dedi boshqasi.
Qo‘shnilar maslahatlashdi, “do‘kon yonib ketsa, yer siypalab qolarmiz” deb eng yaqin tengquri Boltanni chaqirishdi. Onasi uni ko‘rishdan, boyagi janjal janjalmi, battar quturib ketdi.
– Sen nega kelding? Menga qarashga yuzing bormi sening? Sen emasmi, mening erimni ergashtirib yurt kezgan, ikki-uch yillab qimor o‘ynab uydan bezdirgan? So‘ngra uni urug‘dosh-qarindosh singling bilan Turkmanistonga qochirib yuborib, sen ham hali yer bosib yuribsanmi? O‘zing ham bolalaringni chirqiratib, tashlab ketsang bo‘ladi-ku? Imonsiz sening…
Bobosi “xalq dushmani” sifatida qamalib, bedarak yo‘qoldi. Otasi Nasriddin esa bobosidan qolgan ozgina “dunyo” va el orasidagi obro‘si bilan unchalik qiynalmay o‘sdi. Urush arafasida uylanib, Shinnazar tug‘ildi. Qarindoshlari uni Qozoqdaryo tomonlardagi to‘qaylarda mol boqtirib, urushdan olib qolishdi. Urush tugagach, ovulga mol-holli bo‘lib keldi. Bevoshroq yigit edi. Bazmchi, ovga chiqib, qimorga berilib ketdi. Bir-ikki kunlab uyga kelmay qolgan kunlari xotini uyga kiritmay, tez-tez janjal ko‘tarilardi. Bir safar, shu Baltan bilan qimor o‘ynab o‘tirgan joyiga qo‘lida bolta bilan kirib keldi. Qo‘yarda-qo‘ymay, oldiga solib olib keldi. O‘shandan keyin turmush buzildi, yigit or qildimi, yo o‘zi ilgaridan taraddud ko‘rib yurganmi, ovuldagi bir og‘aynisining qizi bilan qochib ketdi…
O‘sha yili onasi ko‘k eshakka ko‘ch-ko‘ronini ortib, o‘rtasiga Shinnazarni o‘tqazdi-da, Amudaryoning qibla – kunbotaridagi Qo‘ng‘irot degan yurtning “Qonliko‘l”, “Do‘ngalak ko‘l” atroflariga ko‘chib ketdi. Borgani bilan uy-joyi yo‘q, har kimning xizmatini qilib, birovlarning hujrasida yashadi. Bolasi maktabdan kelayotganida oldiga chiqib turardi. To‘polonidan, birovni urib yoki kaltak yeganidan battar, uning nomusiga tegib, kamsitilishidan qo‘rqardi. Qalbi o‘ksib, boshi egilib o‘smasin, deb bolasi uchun adolar bo‘lardi. Shu sababli tez-tez yashash joyini o‘zgartirishardi. O‘zining fe’li ham tik, ko‘pincha bolasi uchun talashib-tortishib, boshi janjaldan chiqmasdi.
“Do‘ngalak ko‘l” degan joyda ham ikki marta maktabini o‘zgartirdi, ko‘pincha shu bolasi uchun yomonotlig‘ bo‘lib, bir-ikki joyga ko‘chdi. Shinnazar oqsoqol u paytlarda yosh bola bo‘lgani uchun, hozir u yillarni eslaganida, ovullarni aniq bilmaydi, bilgani – oltinchi sinfdan yana o‘qishi bo‘linib, Sho‘manaydan Xo‘jaylidagi “Ivan yop” atroflariga ko‘chib kelishganidan keyingi voqealar.
U Sho‘manayda bizning sinfga kelib qo‘shildi. Sariqdan kelgan, sochlarining tolasi yirikligidan, peshonadan ikki tomonga ayrilib, orqaga qayrilavermaydigan, og‘zining kattaligi, tishlarining siyrakligi ham o‘ziga yarashgan, kulganda qisiladigan ko‘zlari chiroyli va yoqimli, so‘zga ham ancha chechan, chala yetimligi, aniq yashaydigan uyi yo‘qligi ham fe’l-atvoridan bilinmaydigan, barcha bilan tez til topishib ketadigan bola ekan.
Sho‘manaydan ketishining sababi mening ham esimda. Shinnazarning quloqlarini qimirlatadigan mahorati bor ekan. Ikkala qulog‘ini teppa-teng qilib ham, alohida-alohida ham qimirlataveradi. Ko‘rib ichaging qotib kulasan. U bu hunarini sinfdoshlariga ko‘rsatib qo‘ydi. Bu birpasda maktabga tarqalib ketdi. Endi uni barcha “qulog‘ini qimirlatadigan bola” deb ko‘rsatadigan bo‘ldi. Tanaffusga chiqishdi deguncha, “qulog‘ingni qimirlat” deya ortidan bolalar ergashar, u esa qochib sinfga yashirinardi. Bir yuqori sinfning devday bolalari uni ushlab olib: “Qani, ko‘rsat” deb turib olishibdi. Qo‘shiqchiga yoqasidan olib, qani, ayt, desang, ayta olmaganidek, uning ham o‘sha paytda ilhomi kelmay qolganmi, xullas, qulog‘ini hech qimirlata olmabdi. Unga ishonmagan bolalar avvaliga baqirishgan, ba’zilari “qani, bo‘l” deb qulog‘iga chertgan, oxiri nega aytganni qilmaysan, deb ura boshlashibdi, so‘ngra o‘rtaga olib, bir-biriga itarib, Shinnazarni to‘pday o‘ynashibdi. Sinfdosh bolalarning esa ajratishga kuchi yetmabdi. O‘shandan keyin uni biz qaytib ko‘rmadik…
Supada yotgan Shinnazar Nasirovich o‘zidan-o‘zi “piq” etib kuldi. O‘rta maktabni bitkazgan yili qaysi bir hujjati chala bo‘lib, o‘qishga keta olmay, Xo‘jaylidagi moy zavodiga ishga kirgan edi. Bir kuni, peshin payti onasi izlab kelsa, bolasi ishda yo‘q. Yonidagilar oshxonaga borishadi, nari-beri izlashadi, topisholmaydi. Birdan shovqin ko‘tarilib, tsex boshlig‘i, injeneri har tomonga izlatib odam yuborishadi. Onasi janjal ko‘tarib, barchani oyoqqa turg‘azadi. Bolasi yo‘q! Shu orada chigit ombori boshlig‘i onani chaqirib, yog‘li iz qoldirgan botinkani quvib ketishadi. Iz ombor ortidagi narvonga borib yo‘qolgan edi. Qarashsa, Shinnazar omborning tepasiga chiqib, kitob o‘qib o‘tirgan ekan. “Samarqanddagi tibbiyot institutiga ketaman deb, “ximiya”dan tayyorlanayotgan edim” dermish. Oqsoqol shuni eslab kulgandi…
Voy-bo‘y, onasi Samarqandga, institutga o‘qishga kirganidan so‘ng ham hech indamay izidan borib, besh yil birga bo‘ldi. Uylanganidan keyin to to‘rt-beshta nevarali bo‘lguncha ham undan uzoqlab ketmagan, tun yarmigacha u kelmay ko‘zi uyquga ilingan emas. Birovlar, bu yigitning onasi chatoq, desa, ba’zilari ona degani ham shunchalik mehribon bo‘ladimi, deb hayron qolardi. Bolasi qaysi joyda ishlasa onasini hamma tanirdi. “Ona, endi meni izlayverma”, deb qancha yolvorsa-da, tinglamasdi, yolg‘izini hatto keliniga ham ishonmas, xuddi o‘zi yonida bo‘lmasa, bolasiga nimadir bo‘ladigandek, “men uni birovga qanday ishonay”, degan o‘y doim qalbida, endi bu fikridan uni hech kim qaytara olmas edi…
U xotinining boyagi: “Voy, ona bo‘lgani qursin bu dunyoda, jonvorim-ay, agar inson bo‘lganingda kuyukdan o‘ladigan payting bo‘lgandi, joning tosh ekan”, deganini esladi.
O‘rnidan turdi-da, qiblaga yuzini burib, onasining ruhiga Qur’on tilovat qila boshladi…
“Sharq yulduzi”, 2017 yil, 12-son