Noma 1
Senekadan Lutsiliyga salomlar bo‘lsin!
(1) Shunday qila qol, azizim Lutsiliy! O‘zingni o‘zing uchun saqla, shu paytgacha sendan tortib olinayotgan yoki o‘g‘irlanayotgan, bexuda ketayotgan vaqtingni bundan buyon asra va jamlab ol. Mening yozayotganim haq ekaniga o‘zing ishonch hosil qil: bizning vaqtimizning bir qismini kuch bilan tortib olishadi, bir qismini o‘marishadi, bir qismi dangasaligimizdan bekorga oqib ketadi. O‘zimizning ehtiyotsizligimiz tufayli yo‘qotishlarimiz hammadan ham ko‘ra sharmandalidir. Diqqat qilib nazar sol: axir hayotimizning kattagina qismini axmoqona ishlarga sarflaymiz, bekorchilikda o‘tadigan vaqtimiz ham – oz emas, qolaversa, obdon qarasak, hayotimizning hammasini qilishimiz kerak bo‘lgan ishlarga emas, boshqa narsalarga sarflaganmiz. (2) Menga vaqtni qadrlaydigan, bir kunning ham qanchalar qimmatli ekanini biladigan, har bir soat sayin o‘layotganimizni tushunadigan biror-bir odamni topib ko‘rsat-chi?! Bizning fojiamiz shundaki, biz o‘limni oldinda ko‘ramiz; holbuki uning aksariyat qismi allaqachon ortimizda, – axir umrimizdan qancha yillar o‘tdi, o‘tib ketgan yillarimiz endi o‘limga tegishlidir. Azizim Lutsiliy, xuddi menga yozganingday qil: biror soatingni ham qo‘ldan berma. Bugungi kuningni qo‘lingda tutib turolsang – ertangi kuningga kamroq asir bo‘lasan. Agar shunday qilmasang, qiladigan ishingni ertaga qoldiraversang, butun hayoting shu yo‘sinda o‘tadi-ketadi. (3) Lutsiliy, bizning hamma narsamiz aslida bizniki emas, bizga begona, faqatgina vaqtimiz bizga tegishlidir. Tabiat bizga faqat mana shu qo‘limizdan sirg‘alib chiqib ketayotgan va shuvillab oqib borayotgan vaqtnigina bergan, ammo uni ham bizdan kim istasa tortib oladi. Bandalar gumrohdirlar: qandaydir bo‘lmag‘ur, arzon va o‘rni oson to‘lib ketadigan narsani olgan-berganlari uchun hisob-kitob qiladilar; ammo vaqtingni olganliklari uchun o‘zlarini qarzdor deb bilmaydilar, holbuki eng minnatdor banda ham vaqtni bizga qaytarib berolmaydi. (4) Balkim sen mendan: «Nasihat qilishni-ku bilasan, ammo o‘zing nima qilyapsan?» – deb so‘rarsan? Chin ko‘ngildan tan olishim kerak: men hisob-kitobni yaxshi biladigan chiqimdor sifatida qancha vaqtni bexuda yo‘qotganimning hisobini bilaman, xolos. Hech qancha vaqtni bexuda yo‘qotmayman deb aytolmayman, ammo qancha vaqt yo‘qotganimni, nimaga yo‘qotganimni va qanday qilib yo‘qotganimni aytib bera olaman hamda qashshoqligimning sabablarini ham tilga olishim mumkin. Men ham o‘z illati tufayli qashshoqlashmagan boshqa aksariyat odamlar singari ahvoldaman; hamma menga go‘yo rahm qiladi, biroq hech kim menga yordam bermaydi. (5) Xo‘sh, nachora? Meningcha, eng ozgina qolgan narsaga ham qanoat qila oladigan inson qashshoq emas. Sen o‘z boyligingni hozirdan asraganing durust: hozir boshlashning ayni payti! Ajdodlarimiz aytganlariday, qozonning tagi ko‘rinib qolgandan keyin tejamkor bo‘lishdan foyda yo‘q. Qolaversa, vaqtimiz nafaqat oz qolgan, juda oz qolgan. Salomat bo‘l, birodar.
Noma II
Senekadan Lutsiliyga salomlar bo‘lsin!
(1) Sen menga yozgan narsalar va men sendan eshitganlar sendan umidvor bo‘lishim mumkinligini bildiradi. Sen sayru sayohat qilmaysan, tez-tez turar joyingni o‘zgartiravermaysan. Axir ko‘chishlar, sarson-sargardonliklar – bemor qalbning belgilaridir. Men o‘ylaymanki, ruh xotirjamligining birinchi dalili – muqim yashash va o‘zligini saqlab qola olishdir. (2) Ammo boshqa narsaga ham diqqat qil: turli-tuman yozuvchilarni va har xil kitoblarni o‘qishverish ham sayoqlikka, ko‘chmanchilikka o‘xshamaydimi? Agar qalbimda biror-bir narsa o‘rnashib qolsin desang, buyuk ahli donishlarning unisi yoki bunisi bilan uzoq vaqt muloqotda bo‘lish, ularning quvvai hofizasi bilan qalbni sug‘orish lozim bo‘ladi. Hamma joyda hozir inson – aslida hech bir joyda yo‘q insondir. Hayotini sayoqlikda o‘tkazgan odamning mezboni ko‘p bo‘ladi, ammo chinakam do‘stlari bo‘lmaydi. Buyuk donishmandlarning hech biri bilan yaqinlasha olmagan, hammasini shoshilib, yuzaki o‘tkazib yuborgan kimsa ham shunday bo‘ladi. (3) Yutib ulgurmasdanoq qusib tashlangan ovqat foyda keltirmaydi va vujudga hech narsa berolmaydi. Dori-darmonni tez-tez almashtirib turadigan bemor aslo tuzalmaydi, sog‘lig‘iga zarar keltiradi. Turli-tuman dorilar surkaladigan yara sira bitmaydi. Hadeb u yoq-bu yoqqa ko‘chirilib o‘tkazilaveradigan nihol ko‘karmaydi. Eng foydali narsa ham yuzaki holda foyda keltirmaydi. Kitoblar ham ko‘plikda bizni sochib yuboradi. Shuning uchun, agar egaligingdagi kitoblarning hammasini o‘qiy olmasang, o‘qiy oladiganingcha kitobga ega bo‘l – yetadi. (4) «Ammo, – deysan sen, – gohida u kitobni o‘qigim keladi, gohida – boshqasini». Turli-tuman taomlarga qo‘l urish – to‘qchilikning belgisi, ovqatlarning turli-tumanligi oshqozonni to‘ydirmaydi, buzadi. Shuning uchun hamisha tan olingan yozuvchilarni mutolaa qil, agar gohida boshqa narsaga chalg‘iging kelsa, avval tashlab qo‘ygan narsangni o‘qi. Har kuni qashshoqlikka, o‘limga, boshqa biror ofatga qarshi bilim jamla va, boshqa ko‘p narsalarni ko‘zdan kechirib, bugun sen hazm qila oladigan birortasini tanla. (5) Mening o‘zim ham shunday qilaman: ko‘plab o‘qigan narsalarimdan biror-bir narsanigina eslab qolaman. Bugun men Epikurni mutolaa qilayotib (men shunday tez-tez begonalarning bog‘iga tushib turaman, qochqin sifatida emas, mehmon sifatida tushaman), quyidagi hikmatga duch keldim: (6) «Shodumon qashshoqlik, – deyli u, – xususiy narsa». Agar shodumonlik bo‘lsa, bu qanaqa qashshoqlik bo‘ldi ekan? Oz narsaga ega bo‘lgan inson qashshoq emas, ko‘p narsaga ega bo‘lishni istaydigan, boriga qanoat qilmaydigan inson qashshoqdir. Xazinasida va xirmonida qancha narsasi borligga, qancha suruvlari borligi va yana qanchasi qo‘shilayotganiga qaramasa, ko‘zlari boshqanikiga qadalgan bo‘lsa, topganini emas, hali yana topishi kerakligini o‘ylasa? Boylikning chegarasi bormi, deb so‘rarsan? Quyi chegarasi – zarur narsalargagina ega bo‘lish, yuqori chegarasi – yetarlicha narsaga ega bo‘lishdir. Salomat bo‘l, birodar.
Noma III
Senekadan Lutsiliyga salomlar bo‘lsin!
(1) Sen men uchun yozgan xatingni menga berib qo‘yishi uchun do‘stingga berganingni yozibsan va keyin ogohlantiribsan: men senga taalluqli hamma narsani ham unga aytavermasligim kerak ekan, chunki sening o‘zing ham odatda bunaqa qilmaysan. Ayon bo‘ladiki, bitta xatning o‘zida sen uni ham do‘st deb etirof qilasan va ham uning do‘stligini tan olmaysan. Agar sen «do‘st» so‘zini shunchaki til uchida tilga olgan bo‘lsang ham mayli edi, axir biz ham saylovlarda nomzod bo‘lganlarning barchasini shunchaki «jasur jo‘mardlar» deb ataymiz yoki qarshimizdan chiqib qolgan, biz ismini eslay olmayotgan har bir kishiga «janob» deb murojaat qilamiz. (2) Ammo, agar sen kimnidir do‘st hisoblasang va ayni paytda unga o‘zingga ishonganday ishonmasang, demak, sen xato qilyapsan hamda haqiqiy do‘stlik qanday bo‘lishidan bexabarsan. Hamma narsani do‘sting bilan birga hal etishga harakat qil, ammo avvalo do‘stingning o‘zini tanib ol. Do‘st bo‘lsang, unga ishon, ammo do‘st bo‘lishdan avval uni bilib ol. Kimki Feofrastning nasihatiga rioya qilmasa, avval fikrlab, keyin sevish o‘rniga, avval yaxshi ko‘rib qolib, keyin mulohaza qilsa, demak, u nima avvalu nima oxirligini adashtirib qo‘ygandir. U yoki bu kimsa bilan do‘st bo‘lishdan oldin uzoq o‘yla, ammo do‘stlikkka qaror qilganingdan so‘ng do‘stingni butun qalbing bilan qabul et hamda u bilan xuddi o‘zing bilan so‘zlashgandan dadil so‘zlashaver. (3) Shunday yashaginki, hatto dushmangga aytib bo‘lmaydigan biror narsani o‘zing ham tan olishingga to‘g‘ri kelmasin, ammo sir saqlash lozim bo‘lgan narsalar baribir ham mavjud bo‘lsa, barcha tashvishlaringni, fikrlaringni do‘sting bilan bo‘lishgin. Agar unga ishonsang – uni ishonchli do‘stga aylantirasan. Ko‘pincha aldanishdan qo‘rqish orqali aldovga o‘rgatishadi va shubhalanishlari natijasida shubhalangan kimsalariga yovuzlik qilish huquqini berib qo‘yishadi. Nega men u yoki bu so‘zni do‘stim oldida aytolmasligim kerak? Nega men do‘stim huzurida turganda o‘zimni xuddi o‘zim bilan yakkama-yakka turganday sezmasligim lozim? (4) Birovlar faqat do‘stgagina aytish mumkin bo‘lgan narsani duch kelgan har qanday odamga aytaverishadi, faqat u jimgina eshitsa bo‘ldi, ko‘ngillaridagi hamma narsani to‘kib solishadi. Boshqalar o‘zlari haqida eng yaqin odamlari ham nimanidir bilishini istamaydilar; ular, agar qo‘llaridan kelganda, hattto o‘zlariga ham ishonmagan bo‘lardilar, shuning uchun ular hamma narsani ichlariga yutishadi. Unisini ham bunisini ham qilmaslik kerak: axir ikkisi ham – hammaga ishonish ham, hech kimga ishonmaslik ham – illatdir, faqat shuni aytishim mumkinki, birinchi illat – xayrliroq, ikkinchisi – xavfsizroq. (5) Xuddi shunday doim xavotirda yashaydiganlar ham va doim xotirjam yashaydiganlar ham g‘azabga loyiqdirlar. Zero har narsadan talvasaga tushish faollikdan emas, doimiy hayajonda bo‘lgan ko‘ngil bezovtaligidandir hamda, xuddi shuningdek, har bir harakatni og‘ir, og‘rinib qabul qilish – xotirjamlikning belgisi emas, dangasalik va injiqlikning nishonasidir. (6) Shuning uchun men Pomponiydan o‘qigan quyidagi so‘zlarni ko‘nglingda saqla: «Ayrimlar shu qadar zulmatga botganlarki, yorug‘likdagi hamma narsani noaniq ko‘radilar». Hammasi mutanosib bo‘lishi kerak: huzur-halovat asiri harakat ham qilishni boshlashi kerak va tinim-tinchimas kishi – biroz tin olishni, fikrlashni o‘rganmog‘i lozim. Tabiatdan maslahat so‘ra: u senga kun va tunni yaratganini aytadi. Salomat bo‘l, birodar.
Noma IV
Senekadan Lutsiliyga salomlar bo‘lsin!
(1) Azizim, boshlagan ishingni izchil davom ettir va qalbingning kamoloti va xalovatidan rohatlanish uchun imkon qadar shoshilgin. Ruhni komillashtirishda va ko‘ngil xotirjamligiga intilishda ham huzur-halovat bor; ammo illatlardan xoli va nuqsonsiz ruhga razm solsang, butkul o‘zgacha rohat og‘ushiga cho‘masan. (2) Aniq yodingda bo‘lsa kerak, odmi lash-lushingni yechib, erakaklik kiyimlarini kiganingda va forum davrasiga chiqqaningda qanchalar quvongan eding? Bolalarcha xulq-atvoringdan qutilib, falsafa seni erlar qatoriga qo‘shganda bundan-da kattaroq quvonchni his etasan. Axir bu paytgacha bizda bolalikning yoshi qolmasa-da, eng yomoni, bolalarcha go‘llik qolgan bo‘ladi. Bu shunisi bilan yomonki, bizni dono keksalar sifatida hurmat qilishadi, ammo bizda bolalarning, nafaqat bolalarning, hatto go‘daklarning illatlari saqlanib qolgan bo‘ladi; axir go‘daklar arzimas narsalardan qo‘rqishadi, bolalar – o‘tkinchi narsalardan hayiqishadi, biz esa – unisidan ham, bunisidan ham xavotirdamiz. (3) Oldinga qadam tashla – va sen tushunasanki, ko‘p narsa aynan hammadan ko‘p qo‘rqitishi tufayligina qo‘rqinchli emas. Oxirgisi bo‘lgan hech bir yovuzlik ulkan bo‘lolmaydi. O‘limga duch kelmoqdamisan? Agar o‘lim sen bilan qolganda edi, u qo‘rqinchli bo‘lardi, o‘lim esa yo senga hali kelmaydi yoki, kelsa, tezda o‘tadi, orqada qolib ketadi, boshqacha bo‘lishi mumkin emas. – (4) «Ruh hayotdan nafratlanishiga erishish, – deysan sen, – oson ish emas». – Biroq sen odamlar qandaydir arzimas sabablar tufayli hayotdan yuz o‘girayotganini ko‘rmayapsanmi? Bittasi sevganining darvozasiga o‘zini osib qo‘yibdi, boshqasi uy egasi qichqirganini eshitmaslik uchun o‘zini tomdan tashlagan, boshqa qochib ketgan bir kimsa qaytarib kelmasliklari uchun o‘z qorniga pichoq tiqib qo‘yibdi. Nahotki xaddan oshgan qo‘rquv qilgan ishni fazilatimiz qila olmaydi? Hayotni uzaytirish xaqida ko‘p o‘ylaydigan odamning hayotida halovat yo‘q, ko‘p konsulliklarni boshdan kechirishni buyuk ezgulik hisoblaydigan odam xotirjam bo‘lolmaydi. (5) Har kuni, har lahza shu haqda o‘ylagin, tokim hayotdan ketishni fojia bilma, o‘limga xotirjam qara, ko‘pchilik kishilar ummon oqimi tortib ketayotgan kishi tikanak butalarga va qirrador toshlarga tarmashgani singari hayotga tarmashishadi va yopishib olishadi. Ko‘pchilik shunday – o‘lim qo‘rquvi va hayot azob-uqubatlari o‘rtasida arosatda yashaydi; ularga rahming keladi, yashashni istamaydilar, o‘lish ham qo‘llaridan kelmaydi. (6) Yashash uchun, hayot uchun qayg‘urishni to‘xtatsanggina hayotingda halovat bo‘ladi. Agar inson biror-bir ezgulikni oxir-oqibat muqarrar yo‘qotishiga hamisha ich-ichidan tayyor turmasa, undan rohatlana olmaydi hamda, aytish kerakki, yo‘qotganda achinilmaydigan narsani yo‘qotish og‘riqsiz bo‘ladi. Shuning uchun o‘lim qarshisida ruhingni jasorat bilan mustahkamla va chiniqtir, bilginki, o‘limdan bu dunyoning eng qudratli shaxslari ham qutilib qololgan emas. (7) Pompeyga o‘lim hukmini bir bolakay va skopchi chiqarganlar, Krassga – bir shafqatsiz va sharttaki parfiyalik. Gay Sezar Lepidaga bo‘ynini notiq Dekstrning qilichiga tutishni buyurgan – o‘zining boshi esa Xereyaning zarbasiga duchor bo‘ldi. Hech kimni omad yuqoriga ko‘targanidan ko‘ra kamroq xavfga qo‘ymagan. Sokinlikka ishonma: dengiz bir lahzada qo‘zg‘alishi va hozirgina bir maromda kezib yurgan kemalarni yutib yuborishi mumkin. (8) Shuni o‘ylaginki, sening tomog‘ingga qaroqchi ham, g‘anim ham qilich tirashi mumkin. Mayli sen yuqori hokimiyatda emasdirsan – baribir har qanday qul sening hayotingga ham, o‘limingga ham tajovuz qilishi mumkin. Men senga shu gapni aytaman: o‘z hayotidan to‘ygan har qanday odam sening hayotingga xo‘jayin bo‘la oladi. Uy-ro‘zg‘or fitnalaridan halok bo‘lganlarni esla, – ular yo kuch bilan, yo makkorlik bilan maxv etilganlar, – shunda tushunasanki, qullarning g‘azabidan halok bo‘lganlarning soni shohlarning g‘azabidan qurbon bo‘lganlarning sonidan kam emas. Sen qurqayotgan qudratli hokimiyatning kuchi nima bo‘pti, axir sen qo‘rqayotgan o‘limni boshingga boshqa har kim ham sola oladi? (9) Mana, deylik, sen g‘anim qo‘liga tushding va u seni o‘lim kundasiga olib borishni amr etdi. Axir sen o‘zi shundayiga ham o‘lim tomon borayotibsan! Tug‘ilgan har bir inson o‘limga tomon borayotir. Nega o‘z-o‘zingni aldaysan, go‘yo doimo yuz berib turgan narsaga endi tushungandaysan? Senga aytay: tug‘ilgan soatingdan boshlaboq o‘limga tomon borayotirsan. Agar biz butun umrimizning hamma soatlari mobaynida qo‘rqib yashayotgan oxirgi soatni xotirjam qarshi olishni istasak, bu haqda hamisha o‘ylashimiz va hamma vaqt buni yodda tutishimiz kerak. (10) Maktubimni tugatishim uchun bugun mening ko‘zim tushib qolgan (menga begona bir bog‘dan uzgan) bu hikmatni bilib ol: «Tabiat qonuniyatiga monand qashshoqlik – katta boylikdir». Sen mazkur tabiat qonuni bizga qanday chegaralar qo‘yishini bilasanmi? Na tashnalikdan, na ochlikdan, na sovuqdan uqubat tortishimiz shart emas. Ochlik va tashnalikni daf qilish uchun dimog‘dorlarning ostonasiga bosh urish, xudbinlarning qosh-qovog‘iga qarashimiz yoki haqoratomuz muomalaga chidashimiz shart emas, baxtimizni izlab dengizga talpinishimiz yoxud qo‘shin ketidan borishimiz ham kerakmas. Tabiat talab qiladigan narsaga imkonimiz yetarli, bunga erishsa bo‘ladi, biz faqat keragidan ortig‘iga erishish uchun qon va terga botamiz. 11) Ortiqcha havas uchun biz nechtalab ko‘ylak yirtamiz, jang-jadal o‘tovlarida umirimizni o‘tkazamiz, qariymiz, begona yurtlarga, begona qirg‘oqlarga yuzlanamiz. Bizga yetarlisi esa yonimizda, shundoq qo‘limizning ostida zohirdir. Qashshoqligida ham sabr-toqat qilgan, ko‘zi to‘q inson aslida boydir, boy bo‘la turib, yana boylik izlab izg‘iyotgan, hech narsadan tap tortmayotgan ko‘zi och boy aslida juda qashshoqdir, ochdir. Salomat bo‘l, birodar.
Noma V
Senekadan Lutsiliyga salomlar bo‘lsin!
(1) Sening tirishqoqligindan va mashg‘ulotlardagi harakatchanligingdan quvonaman, sen hamma narsani yig‘ishtirib, o‘zingni kun sayin izchil komil etish istagida harakat qilyapsan va men seni bu uchun sharaflayman. Bundan keyin ham shunday tirishqoq bo‘lgin, men bunda seni nafaqat qo‘llab-quvvatlayman, balkim o‘tinaman ham. Seni faqat bir narsadan ogohlantirishni istayman: komillikka erishishni emas, odamlarning ko‘z o‘ngida bo‘lishni istaydiganlardan o‘rnak olma hamda na kiyim-kechagingda va na hayot tarzingda hech narsa yarq etib ko‘zga tashlanmasin. (2) Aftoda holda, tekislanmagan soch va o‘siq soqol bilan ko‘chaga chiqma, yasama darvishona ko‘rinishga urinma, oltin-kumushga nafratingni, kerak bo‘lsa quruq yerga to‘shak tashlab yotaverishingni – bir so‘z bilan aytganda, xudbinlikni qondirish uchun qilinadigan har qanday harakatni namoyishkorona ko‘rsatma. Axir o‘zimizni kamtarona tutishimizga qaramasdan, faylasuf, so‘fiy nomining o‘ziyoq bu gumroh olomonda yetarlicha nafrat uyg‘otayotgan bir paytda, biz o‘zimizni odamlarning urf-odatlariga zid tutsak, oqibati nima bo‘ladi? Mayli qalbimizda biz o‘zgacha bo‘laylik – tashqi tomondan biz odamlardan ajralib turmasligimiz kerak. (3) Mayli, kiyim-kechagimiz yarqiroq bo‘lmasin – ammo kir-chir ham bo‘lmasin; mayli quyma oltindan bezalgan kumush idish-tovoqlar bizniki emasdir – ammo oltinu kumushning bizda yo‘qligining o‘zi hali ko‘zi to‘qlikning belgisi emas. Olomondan yaxshiroq yashash uchun balkim hamma narsani qilarmiz, ammo buni olomonga o‘chma-o‘ch qilmasligimiz kerak, aks holda biz o‘zimiz komil qilmoqchi bo‘lganlarni qo‘rqitib qo‘yamiz va o‘zimizdan yiroqlashtiramiz. Bizga monand bo‘lishga to‘g‘ri kelishidan qo‘rqishlari oqibatida ular hech narsada bizga o‘xshashni istamay qoladilar – biz faqat shunga erishamiz. (4) Falsafa havola etishni vada qiladigan birinchi narsa – odamlar orasida yashash qobiliyati, xushmuomalalik va muloqotga moyillik; ammo bizning hashamdorligimiz, odamlardan ajralib turishimiz bu vadani bajarishimizga xalaqit beradi. Shu haqda tashvishlanishimiz lozimki, tokim biz odamlarda hayrat uyg‘otishni istagan narsa ularda kulgu va nafrat uyg‘otmasin. Axir bizning tabiat bilan uyg‘unlikda yashashdan o‘zga maqsadimiz yo‘q. Ammo tabiat o‘z vujudini qaqshatmaydi, oson erishiladigan batartiblikdan yuz o‘girmaydi, bokiralikni sevadi, nafaqat arzon yemakdan, balkim qo‘pol va badxo‘r taomdan ham yuz o‘giradi. (5) Faqatgina hashamdorlikka mukkasidan ketganlar kamyob narsalarga qiziqadilar – faqat aqlidan mosuvo kimsalar arzon va hammabop narsalardan o‘zlarini tortadilar. Falsafa ko‘zi to‘qlikni taqozo etadi, ammo bu – azob-uqubat chekish degani emas; kamsuqumlik albatta ko‘rimsizlikni bildirmaydi. Mana, mening ko‘nglimga maqbul mezon: bizning hayotimizda ezgu fazilatlar, xulq-atvorlar ko‘pchilikning xulq-atvori bilan qorishiq bo‘lishi lozim, odamlar bizning fazilatlarimizdan hayratlanishsin, shu bilan birga uni tan ham olishsin. – (6) «Qanday? Nahotki biz ham boshqalarday bo‘lsak va biz hamda ularning oramizda nahotki farq bo‘lmasa?» – Farq bo‘ladi va bu farq juda katta bo‘ladi. Mayli, bizga yaqindan razm solgan kimsa biz olomondan qanchalik farq qilishimizni bilsin. Mayli, bizning uyimizga kirgan kimsa bizdan hayratlansin, ammo uyimizdagi idish-tovoqdan hayratlanmasin. Loydan bo‘lgan sopol idishdan xuddi kumush idishdan foydalanganday foydalanuvchi inson buyukdir, ammo kumush idishdan xuddi loydan bo‘lgan idishdan foydalanganday foydalanuvchi inson ham buyuklikda undan kam emas. Boylikka kuchi yetmagan, boylikdan o‘zini yo‘qotib qo‘ygan, boylikni ko‘tarolmagan kimsa ruhan zaif kimsadir. (7) Bugun ham sen bilan o‘zimning kichkinagina daromadimni bo‘lishmoqchiman: men o‘zimizning Gekatondan barcha istaklarimizdan voz kechsak, qo‘rquvdan ham xolos bo‘lishimiz haqidagi hikmatni topdim. «Agar umid qilishdan to‘xtasang, – deydi u, – qo‘rqishdan, titrab-qaqshashdan ham to‘xtaysan». Bu turli-tuman ikki narsani qanday qiyoslash mumkin, deb so‘rarsan?! Ammo o‘zi shunaqa, azizim Lutsiliy: garcha ular o‘rtasida hech qanday umumiylik yo‘qday tuyulsa-da, aslida ular bir-biri bilan o‘zaro bog‘liqdir. Bitta zanjir qorovul va u qo‘riqlaydigan asirni bog‘lab turgani singari, bir-biriga umuman o‘xshamaydigan qo‘rquv va umid birgalikda kelishadi: umidning ortidan qo‘rquv paydo bo‘ladi. (8) Men bunga hayron bo‘lmayman: axir ularning ikkisi ham ishonchi mustahkam bo‘lmagan, istiqbolni xavotir bilan kutayotgan qalbga doxildir. Umid hamda qo‘rquvning bosh sababi – bizning bugungi kunga moslasholmasligimiz va o‘z niyat-istaklarimizni hamisha olis kelajakka tomon yo‘llashimiz, bugunni yaxshilash o‘rniga ertaga albatta yaxshi bo‘lar, deb yashashimizdir. Shunday qilib, insonga berilgan eng buyuk ezguliklardan bo‘lmish bashorat qilish hayotda yomonlikka evriladi. (9) Hayvonlar, jonivorlar xavfni ko‘rgach, qochadilar, xavfdan qochib qutilgach, boshqa qo‘rqmaydilar. Bizni, insonlarni esa ham o‘tmish ezadi, ham kelajak azoblaydi. Bizga berilgan ezgu fazilatlarning ko‘pi o‘zimiz tufayli bizga zarar keltiradi: xotira bizni qo‘rquvdan titragan kunlarimizni yana boshdan kechirishga majbur qiladi, bashorat qilish hislatamiz kelajakda chekadigan azob-uqubatlarimizdan darak beradi. Va hech kim faqat bugungi sabablarning o‘zi tufayligina baxtsiz emas. Salomat bo‘l, birodar.
Noma VI
Senekadan Lutsiliyga salomlar bo‘lsin!
(1) Tushunman, Lutsiliy, men nafaqat yaxshi tomonga o‘zgaryapman, balkim boshqa odamga aylanib bormoqdaman. Menda o‘zgartiradigan hech narsa qolmadi deb aytolmayman, bunga umid ham qilmayman. Tuzatilmaydigan, kamaytirish yoki ko‘tarish lozim bo‘lmaydigan narsaning o‘zi bormikin? Axir qalb avval bilmagan kamchiliklarini ko‘ra olsa, demak u yanada yaxshilanishga tomon yuz tutayotgan bo‘ladi. Ayrim bemorlarni kasal ekanliklarini sezganliklari uchun ham tabriklasa bo‘ladi. (2) Men o‘zimda shiddatli tarzda yuz berayotgan bu o‘zgarishlar senga ham o‘tishini istayman: shunda men bizning do‘stligimizga – na umid, na qo‘rquv, na tama parchalay olmaydigan, to o‘lim kunigacha saqlanib qoladigan, uning uchun o‘limga ham tik boriladigan haqqoniy do‘stlikka yanada mustahkam ishonch hosil qilardim. (3) Men senga do‘stlari boru, ammo do‘stlikning o‘zidan mosuvo ko‘p odamlarni sanab bera olaman. Qalbini umumiy iroda va haqiqat istagi chambarchas bog‘lagan do‘stlar bunday bo‘lmaydilar. Boshqacha bo‘lishi mumkinmi? Axir haqiqiy do‘stlar hamma narsalari, ayniqsa tashvishlari mushtarakligini biladilar. Har bir kun, mening sezishimcha, meni qanchalik oldinga harakat qildirayotganligini sen tasavvur ham qila olmaysan. – (4) «Agar sen biror narsani topgan bo‘lsang va uning foydali ekanini tajribada ko‘rgan bo‘lsang, men bilan baham ko‘r», – deb aytasan sen. – Men ham hamma bilganimni sening shuuringga quyishni istayman va biror narsani o‘rganar ekanman, uni senga ham o‘rgata olishimdan quvonaman. Va har qanday bilim, qanchalik yuksak va farahbaxsh bo‘lmasin, agar bir mening o‘zim uchun bo‘lsa, menga halovat bermaydi. Agar menga biror hikmatni bersalar va shart qo‘ysalar: uni men o‘zimda saqlashim va hech kimga aytmasligim lozim bo‘lsa, – men bu hikmatdan voz kechar edim. Agar bir o‘zimiz uchun bo‘lsa, hech bir ezgulik bizni quvontirmaydi. (5) Men senga kitoblarni jo‘nataman va sen undagi foydali o‘rinlarni izlashga vaqt sarflamasliging uchun belgilar qo‘yib qo‘yaman, tokim sen bu belgilar orqali men tavsiya qiladigan va o‘zim hayratlangan narsalarni oson topa olasan. Biroq donolarning tirik ovozi va ular bilan birga yashash ularning so‘zlarini o‘qishdan ko‘ra ko‘proq foyda keltirgan bo‘lardi. Kelib, hammasini o‘z joyida ko‘rgan afzal, chunki, birinchidan, odamlar quloqlari eshitgandan ko‘ra ko‘zlari ko‘rganiga ko‘proq ishonadilar, ikkinchidan, nasihatning yo‘li – uzun, namuna ko‘rsatishning yo‘li qisqa va ishonarlidir. (6) Agar faqat tinglaganida edi, Kleanf Zenonning aniq nusxasiga aylanmagan bo‘lardi. Axir u Zenon bilan birga hayot kechirdi, yashirin narsalarni ham ko‘rdi, Zenon o‘zi chiqargan qoidalarga monand yashayotgan-yashamayotganligini kuzatdi. Aflotun ham, Arastu ham va keyin turli tomonga tarqalib ketgan boshqa ahli donishlar ham Suqrotning so‘zlaridan ko‘ra, ko‘proq uning xulq-atvoridan o‘rgandilar. Metrodora, Germarxa va Polnenani Epikurning darslari emas, u bilan hamnafaslikda kechirilgan hayot buyuk insonlarga aylantirdi. Darvoqe, men seni oladigan foydang uchungina men tomonga davat qilmayapman, balkim sen ham menga beradigan foydani o‘ylayapman; biz birgalikda bir-birimizga ko‘p narsa bera olamiz. (7) Aytganday, men har kuni nimanidir tuhfa qilishim kerak. Mana, men bugun Gekatondan o‘qib olgan hikmat: «Nimaga erishding, deb so‘rarsan? O‘zimga o‘zim do‘st bo‘ldim». U erishgan narsa oz emas, chunki o‘zini topgan, o‘zini o‘z do‘stiga aylantirgan odam endi hech qachon yolg‘iz qolmaydi. Va shuni bilgin: o‘zini o‘ziga do‘st tutolgan odam boshqalarga ham do‘st bo‘la oladi. Salomat bo‘l, birodar.
Noma VII
Senekadan Lutsiliyga salomlar bo‘lsin!
(1) Sen kimdan o‘zimni chetga tortishim kerak, deb so‘rabsan? Olomondan-mi? Axir olomonga bexavotir yaqinlashishning iloji yo‘q! Men senga o‘zimning zaif tomonimni aytishim kerak: hech qachon ko‘chaga qanday chiqqan bo‘lsam, shunday qaytmaganman. Neni xotirjam qilgan bo‘lsam, u yana hayajonga tushgan, nimani o‘zimdan yiroqlashtirgan bo‘lsam – u yana qaytgan. Xuddi uzoq yotgan bemor o‘zini xavf ostiga qo‘ymasdan ko‘chaga chiqolmaganiday, bizday uzoq chekilgan iztirobdan dili bemorlar ham odamlar oldiga chiqishdan bezillaymiz. (2) O‘zingni qariga urib borayotgan olomondan yomonroq g‘anim yo‘qdir. Har biri muqarrar o‘z illatini senga jilvador qilib ko‘rsatadi yoki yuqtiradi yoxud bildirmay singdiradi. Bu to‘dada odam qanchalar ko‘p bo‘lsa, u shunchalar xavfliroqdir. Yaxshi xulqlar uchun tomoshodan ko‘ra daxshatliroq narsa yo‘qdir: zero bizga illatlar huzur-halovatlar orqali oson yuqadi. (3) Seningcha, men nima deyapman? Odamlar orasida bo‘lganimdan so‘ng men uyga yanada xasisiroq, izzattalabroq, boylikka xavasmandroq va, albatta, shafqatsizroq va noinsoniyroq bo‘lib qaytaman. Men tasodifan kunduzgi tomoshoga duch kelib qoldim, istagim insonning qoniga ko‘zi tushgan odamni tinchlantiradigan o‘yinlar ko‘rib va hazil-mutoyibalar tinglab hordiq chiqarish edi. Ajabo! Avvallari ko‘rganlarimizning hammasi jang emas, bag‘rikenglik bo‘lgan ekan, bugun – hazildan asar ham yo‘q – haqiqiy qonxo‘rlik avjida! Yopinchlar yo‘q, butun vujud zarbaga ochib qo‘yilgan, hech kimning qo‘li bexudaga ko‘tarilmaydi. (4) Ko‘pchilik aynan shuni xush ko‘radi, avvalgi odatiy juftliklar va sevimli jangchilardan afzal bilishadi! Nega shunday bo‘lmasin? Na boshda niqob bor, na qilichni qaytaradigan qalqon bor! Lash-lushlar nega kerak? Usullar nimaga zarur? Ularning barchasi o‘lim lahzasini uzaytiradi. Ertalab odamlar qashqirlar va ayiqlarga yediriladi, tushlikdan so‘ng – tomoshabinlarning g‘ajishlariga duchor qilinadi. Tomoshabinlar o‘ldirganlarni ularni ham o‘ldiradiganlar zarbasiga bosh tutishga buyuradilar, g‘oliblarni ertangi yangi jang uchun qoldirish maqsadidagina ayaydilar. Jangchilar uchun o‘limdan boshqa chora yo‘q. Olov va temir ishga tushadi, sahna bo‘shab qolguncha shu ahvol. – (5) «Axir u qaroqchi edi, qotil edi». – Odam o‘ldirgan kishi o‘limga loyiq. Ammo sen, sho‘rlik tomoshabin, qaysi aybing uchun buni ko‘rishga majbursan? – «Kes, ur, yondir! Nega u bu qadar qimtinib tig‘ga boradi? Ana unisi nima uchun qo‘rqa-pisa o‘ldiradi? Bunisi nega istar-istamas o‘ladi?» – Hakamlar g‘animlarni qilich tig‘iga haydashadi, yalang‘och ko‘kraklari bilan tig‘ga borishlarini istashadi. Tanaffus paytida-chi? Bu vaqtda odam o‘ldirishadi, ularga nimadir yuz berib tursa bo‘ldi. Nega tushunishni istamaysiz, yomon namunalar ularni namoyish qilayotganlarning o‘zlariga qaytadi? O‘lmas xudolarga shukr qilingkim, siz o‘rganishga noqobillarga shafqatsizlikni o‘rgatyapsiz. (6) Hali diydasi qotmaganlar, qalbi shafiqlar, ezgulikda barqaror bo‘lib ulgurmaganlar o‘zini xalqdan uzoqroq tutsin: bundaylarning ko‘pchilik tomoniga o‘tib ketishi oson. Hatto Suqrot, Katon va Leliy ham o‘zlariga o‘xshamagan olomon orasida ezgu xulqlaridan chekingan bo‘lardilar, biz bandai ojizlar esa, o‘z tabiatimizni qanchalar takomilashtirmaylik, har tarafdan xamla qilib kelayotgan illatlar bosimiga chidash berolmaymiz. (7) Isrofgarchilik va xasislikning bitta namunasi ham ko‘plab yovuzliklarni olib keladi; erkatoy oshnamiz bizni ham zaif va tanbal qilib qo‘yadi, boy-badavlat qo‘shnimiz felimizdagi ochko‘zlikni gij-gijlab yuboradi, makkor o‘rtoq eng bokira va sodda birodarining dilini ham zanglatishga qodirdir. Xo‘sh, agar bizning xulq-atvorimizga butun-bir olomon hamla qilsa, nima bo‘ladi? Yo sen ularga taqlid qilasan yoki hammani yomon ko‘rib qolasan. (8) Ayni paytda unisidan ham, bunichidan ham yiroq bo‘lish lozim: yomonlar ko‘p bo‘lgani uchungina ularga qo‘shilish, taqlid qilish kerak emas yoki ularga o‘xshamaganing uchun ko‘pchilikni yomon ko‘rish ham kerakmas. Uzlatga chekin, imkon qadar o‘z ichingga berkin; vaqtingni faqat seni komillashtiradiganlar bilan o‘tkaz, yoningga faqat o‘zing yaxshilashing mumkin bo‘lganlarni yaqinlashtir. Unisi ham, bunisi ham o‘zarolikda amalga oshadi, zero odamlar birovni o‘qitar ekan, o‘zi ham o‘sadi, o‘rganadi. (9) Demak, sen izzattalabliging istagi tufayligina o‘zingni ommaga namoyish qilishing, olomon o‘rtasiga chiqib, nimanidir ovoz chiqarib o‘qishing yoki fikrlashing shart emas; mening nazarimda. Agar sening berayotgan mahsuling olomonning qalbiga yaqin bo‘lsagina ularning oldiga chiqish mumkin, aks holda oqil odamni ular tushunmaydi. Ehtimol, bir-ikkita tushunadigan odam senga uchrab qolar, ammo seni chuqur va to‘g‘ri tushunishlari uchun ularni ham o‘qitish va yo‘llash lozim bo‘ladi. «Ammo men nima uchun ilm oldim, o‘qidim?» – Mehnatim zoye ketdi deb achinma, xavotirlanma: sen o‘zing uchun ilm olding. (10) Biroq men bugun faqat o‘zim uchungina o‘qimadim va shuning uchun senga buyuklar bisotidan bugun ko‘zim tushgan uchta hikmatni yetkazaman – ularning hammasi aynan bitta narsa haqidadir. Birinchisi shu nomamning qarzini uzsin, qolgan ikkitasi keyingi xatlarimning haqi bo‘la qolsin. Demokrit yozadi: «Men uchun bitta inson –halqdir, xalq – bitta insondir». (11) Va yana bir donishmand shug‘ullanayotgan sanati faqat bir necha odamgagina yetib boradiganligini, nega bu natijasiz ish bilan bu qadar tirishib shug‘ullanishini so‘raganlarida, aytgan: «Menga bir necha odam ham yetadi, menga bitta odam ham yetadi, hech kim tushunmasa ham yetadi», – bu donishmand kim bo‘lmasin (bu haqda turli fikrlar mavjud), yaxshi aytgan-da, birodar. Uchinchi hikmat ham juda go‘zal – Epikur o‘quv mashg‘ulotlaridagi o‘rtoqlaridan biriga yozgan: «Buni men olomonga emas, senga aytyapman: axir bizning har birimiz boshqa birimiz uchun bir teatr to‘la odam barobaridamiz». (12) Mana, azizim Lutsiliy, ko‘pchilikning maqtovlaridan keladigan sarxushlikdan saqlanish uchun ana shu hikmatlarni qalbda asrash kerak. Seni ko‘pchilik qo‘llab-quvvatlashi mumkin. Ko‘pchilikka tushunarli bo‘lsang, demak, o‘zingdan rozi bo‘lishingga sabab bormikin? Sening fazilatlaring qalbingga qaratilgan bo‘lishi kerak! Salomat bo‘l, birodar.
Noma VIII
Senekadan Lutsiliyga salomlar bo‘lsin!
(1) «Sen menga olomondan yiroq bo‘lishni, uzlatga chekinishni va o‘z vijdoning bilan qanoatlanishni buyurasan, – deb yozasan. – To o‘lguncha mehnat qilish haqidagi nasihatlaring-chi?» – Senga buyurgan narsamni – odamlarga foyda keltirish uchun ulardan yashirinish va eshikni tambalab olishni – o‘zim ham qilganman. Bir kunni ham bekorchilikda o‘tkazmayman, hatto tunning ham bir qismini mashg‘ulotlarga bag‘ishlaganman. Ozod bo‘lganimdan keyin ham uxlashga yotmayman: yo‘q, uyqu meni o‘z domiga tortadi, men esa tirishganimdan charchagan, yumilib borayotgan, toriqqan ko‘zlarimni ishimga tikkancha, o‘tiraverman. (2) Men nafaqat odamlardan uzoqlashdim, balkim ishlardan, eng avvalo – o‘z ishlarimdan ham uzoqlashdim va avlodlarning ishlari bilan shug‘ullandim. Men kelajak avlodlar uchun ularga yordam berishi mumkin bo‘lgan narsalarni yozib boraman. Xuddi tabiblar dori-darmonlarni qanday tayyorlashni yozib borganlariday, men ham o‘z qalb yaralarimni davolashda foydalanib, ishonch hosil qilgan xoloskor nasihatlarni qog‘ozga tushiraman: yaralarim bitmagan bo‘lsa-da, gazak olib ketmadi. (3) Men boshqalarga o‘zim uzoq adashishlardan keyin, kechikib bo‘lsa-da topgan yagona to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsataman. Qichqiraman: «Olomon sevadigan, tasodif hadya qilgan narsalardan yiroq bo‘linglar! Tasodifan kelgan har qanday boylik, halovat qoshida shubha va qo‘rquv bilan to‘xtang! Axir baliqlar ham, jonivorlar ham shirin umid ilinjida qarmoqqa, qopqonga tushadilar! Siz bu narsalar taqdir inoyatlari, deb o‘ylaysizmi? Yo‘q, bu taqdir tuzoqlaridir. Hayotini imkon qadar xavfsizroq yashab o‘taman deganlar bu qush yelimi surtilgan hayot boyliklaridan, bu dunyoning biz sho‘rliklarni aldash uchun jilvalangan nafsidan, bu o‘ljaga ega bo‘ldim, deb sarxush bo‘lganimizda o‘zimizni o‘ljaga aylantiradigan nematlaridan qochsin. Bu nematlar ketidan quvish bizni chohga tortib boradi. (4) Yuksakka havolangan hayotning oxiri aniq – qulashdir. Buning ustiga, baxt-saodat bizni o‘ngu so‘lga tortgan paytda qarshilik qilish mumkinmas. Yo to‘g‘ri suzish kerak yoxud birdan tubsizlikka qulaysan! Ammo tole yo‘ldan qaytmaydi – u ag‘dar-to‘nkar qiladi va qoyalarga uradi. (5) Shuning uchun vujud mayllariga uning mustahkamligini quvvatlaydigan darajadagina xohish bildiring va shunday hayot tarzini yagona sog‘lom va shifobaxsh tiriklik, deb biling. Vujudni itoatda saqlang, toki u qalbga bo‘ysunishdan chekinmasin: ovqat faqat ochlikni qondiradigan darajada kifoyadir, suv – chanqoqni bossa bo‘ldi, kiyim badanni sovuqdan asrasin, uy-joy – vujudga bo‘ladigan xavf-xatarlardan himoya qiladigan bo‘lsa, bas. Uyi loydan bo‘lganmi yoki xorijdan keltirilgan qimmatli toshdanmi, buning farqi yo‘q: bilingki, qamish tom ostida inson oltindan yopilgan tom ostidagidan yomon yashamaydi. Keraksiz zahmat ortidan keladigan, zeb berish yoki ko‘z-ko‘z qilish uchun yaratilgan narsalardan tortining. Yodingizda tuting: ruhdan boshqa hech narsa faxrlanishga arzimaydi, buyuk qalb uchun hamma narsa undan kichikdir». (6) Men o‘zimga bilan shunday suhbat qurar ekanman, ayni paytda buni avlodlarga aytayotgan bo‘laman, nahotki, seningcha, men bu bilan sudga qo‘llab-quvvatlovchi bo‘lib borgandan yoki uzuk muhri bilan meros qog‘ozlarini zarblayotgandan yoxud senatda qaysidir mansabdorga qo‘l ko‘tarib, ovoz bergandan kamroq foyda keltirayotirman? Shunga ishonginki, senga bekorchi bo‘lib ko‘rinayotgan odam aslida muhim yumushlar bilan – ham ilohiy, ham insoniy ishlar bilan mashg‘uldir. (7) Darvoqe, maktubni xotimalashning ayni paytidir va men, qoida tariqasida, bu nomamda ham nima bilandir seni rozi qilishim kerak. Men senga o‘z zahiralarimdan to‘lamayman; hali-hanuz Epikurni mutolaa qilayapman va bugun undan shunday so‘zlarni o‘qidim: «Haqqoniy erkka erishish uchun falsafaga qul bo‘lgin». Agan sen bu hikmatga o‘zingni baxsh etsang, erkinliging kundan-kun ortga surilavermaydi: darhol erkka noil bo‘lasan. Chunki, falsafaga qullik – bu dunyodan erkinlikdir. (8) Ehtimol, sen nega bu go‘zal so‘zlarni o‘z zamondoshlarimizdan emas, Epikurdan keltirishimning sababini so‘rarsan. Nega bu so‘zlar hamma insonlarga emas, faqat Epikurga tegishli, deb o‘ylaysan? Axir, bugungi shoirlaring aytayotgan ko‘pgina fikrlar allaqachon faylasuflar tomonidan aytilgan yoxud aytilgan bo‘lishi kerak! Men na tragediyalarni, na bizning tragediya va komediya o‘rtasida turgan, jiddiylikdan xoli bo‘lmagan togatalarimizni aytayotganim yo‘q; hatto mimlarda ham qanchalar muazzam satrlar bor! Publiliyning ko‘plab sherlarini ham kishanini sudrab yurganlargina emas, minbarlarda nutq so‘zlayotganlar shavq ila o‘qisa arziydi. (9) Men uning falsafaga, xususan falsafaning hozirgina men aytgan va men shug‘ullangan qismiga tegishli bo‘lgan bitta satrini keltiraman; unda shoir tasodifan qo‘lga tushgan narsani o‘ziniki hisoblash mumkin emasligini yozadi:
Begonadir ul, agar istagimizga ko‘ra birdan
Yoprilib kelsa biz tomon.
(10) Yodimda, sen menga mehnatsiz kelgan boylik haqidagi bundan ham qisqa va lo‘nda bir satrni keltirgan eding:
Omad bergan narsa bizniki emas.
Sening mana bu hikmating (men uni ham tilga olmay qo‘ymayman) undan ham yombidir:
Bizga oson berilgan narsa oson qaytib olinishi ham mumkin.
Men bu hikmatni qarzimni uzish uchun bermayapman: men senga o‘zingnikini qaytaryapman. Salomat bo‘l, birodar.
Noma IX
Senekadan Lutsiliyga salomlar bo‘lsin!
(1) Sen bilishni istaysanki, Epikurning bir maktubida donishmand insonga o‘zidan boshqa hech kim kerakmas, donishmand hech kimning do‘stligiga muhtojmas, deb takidlaydiganlarni qoralashi adolatdanmikin?! Epikur bu tanani Stilponga va boshqa qalbni har qanday tasirga chidashdan asramoq – oliy nematdir, deb biladiganlarga yo‘llagan. (2) Darvoqe, agar biz qisqalikka erishmoq uchun awa&eia so‘zini «chidamoq» deb tarjima qilsak, Epikurni turlicha talqinlashga yo‘l qo‘ygan bo‘lamiz. Axir, bunda biz o‘zimiz nazarda tutganimizdan boshqacha, butkul teskari manolarni o‘ylashimiz mumkin. Biz: «har qanday og‘riqqa beparvo qalb» deyishni istaymiz, ammo: «har qanday og‘riqqa chidamaydigan qalb» deb ham tushunish mumkin. O‘zing diqqat qil, «daxlsiz qalb» yoki «har qanday azob-uqubatlar zabt etolmaydigan qalb» deyish yaxshiroq emasmi? (3) Biz va ular o‘rtasidagi farq ham shunda: bizning donishmandimiz hamma noqulayliklarni sezadi va yengadi, ammo ularning ahli donishlari hatto sezmaydi ham. Biz va ular o‘rtasidagi umumiylik esa mana bunda: donishimandga uning o‘zidan boshqa hech kim kerak emas. Donishmandga uning o‘zi yetarli bo‘lsa-da, baribir u ham do‘sti, qo‘ni-qo‘shnisi va birodari bo‘lishini istaydi. (4) O‘zing mulohaza qilib ko‘r, o‘zining bir qismi bilan ham farahlana oladigan odam qanchalik halovatlanishi mumkin. Agar kasallik yoki g‘anim uni qo‘lidan ayirsa, agar taqdir uni ko‘zlarni ko‘r qilib qo‘ysa, donishmandga qolgan qismi ham yetarli bo‘ladi, u majruh vujudi bilan ham jarohatdan oldingiday tafakkur qiladi, quvonadi. Garchand u yo‘qotilganlarini sog‘inmasa-da, yo‘qotishlarsiz yashashni afzal bilgan bo‘lardi. (5) Xuddi shunday, donishmandga do‘stlarsiz yashashni istashi tufayli emas, do‘stlarsiz ham yashay olishi mumkinligi tufayli o‘zidan boshqa hech kim zarur emas. «Mumkin» der ekanman, men shuni nazarda tutaman: yo‘qotishni xotirjam qabul qila olishga qodir insongina donishmanddir. Axir, donishmand hech qachon do‘stsiz qolmaydi va boshqa bir do‘stni qanchalik tezroq topish uning amridadir. Agar Fidiy o‘zi yasagan haykalni yo‘qotib qo‘ysa, darhol boshqasini yaratib olgan bo‘lardi. Xuddi shunday, donishmand – do‘stlik rishtalarini bog‘lashga usta inson – yo‘qotilgan do‘stning o‘rnini yangisi bilan to‘ldirishga qodirdir. (6) Sen kiningdir do‘stligiga qanday qilib tezroq erishish mumkinligini so‘raysan; agar men qarzimni hozir qaytarishimga kelishsak, men javob beraman va biz bu maktub uchun hisoblashgan bo‘lamiz. Gekaton aytadi: «Men dori-darmonlarsiz, giyohlarsiz, jodugarning duoyi-badlarisiz ham boshqalarni moyil etadigan vositani ko‘rsataman. Agar seni sevishlarini istasang – o‘zing ham sev». Nafaqat ko‘hna, sinalgan do‘stlik bizga oliy huzur-halovat beradi, balkim yangi, endi topilgan do‘stlikning boshlanishi ham bundan kam emas. (7) Do‘stga ega kishi bilan endi unga erishayotgan kishi o‘rtasidagi farq o‘roqchi bilan don sepuvchi o‘rtasidagi farqqa o‘xshaydi. Faylasuf Attal musavvir uchun rasm chizib o‘tirish uni chizib bo‘lgandan keyingi damdagidan ko‘ra huzurbaxshligi singari, do‘stlikka erishishga harakakat qilish unga erishib bo‘lishdan ko‘ra rohatli ekanini ko‘p marta aytgandi. O‘z asarini ruhiy xotirjamlik bilan ishlayotgan odam o‘z mashg‘ulotidan oliy huzur-halovat oladi. Tugal asarni qo‘ldan chiqarar ekan, endi u avvalgiday rohatlanmaydi: endi u bor-yo‘g‘i sanatining mahsulidan quvonadi, asar ustida ishlayotganda u buyuk yaratuvchilik sanatining o‘zidan shodlanar edi. Bolalarimizning o‘smirligi sermahsuldir, ammo bizga ularning go‘daklik paytlari lazzatliroqdir. (8) Darvoqe, suhbatimizning mavzuiga qaytsak. Mayli, garchand donishmand odamga uning o‘zidan boshqa hech kim kerak bo‘lmasin, u baribir, do‘stlik singari oliy fazilatdan mosuvo yashamaslik uchun, buyuk do‘stlik hurmati uchun do‘sti bo‘lishini istaydi va buni, Epikur o‘sha maktubida aytganiday, «kasal bo‘lganida qarab turadigan odam bo‘lishi, muhtojlikda yoki asirlikda yordam olish uchun» istamaydi, aksincha, do‘sti bemor bo‘lganda, unga qarash uchun, dushmanga asir tushgan birodarini qutqarib olish uchun xohlaydi. Faqat o‘zini o‘ylab do‘st tutinganlarning fikri ojizdir; qanday boshlagan bo‘lsa, shunday tugatadi. Zanjirbanlikdan xolos bo‘lish uchun do‘st tutingan odam, zanjirlar uzilgan zahoti g‘oyib bo‘ladi. (9) Xalq vaqtinchalik deb ataydigan do‘stlik ittifoqlari shundaydir. Foyda ilinjida topgan do‘stlarimizning do‘stligi foydamiz tegib turganicha davom etadi, xolos. Shuning uchun ishi o‘ngidan kelib turganlarning atrofida do‘stlari to‘da-to‘da yuradi, ishi chappa ketganlar, halokatga duchor bo‘lganlarning atrofi – sahroday huvillab qoladi. Do‘stlik sinaladigan paytda do‘stlarning aksariyati qochib ketadi. Mana, xuddi shuning uchun biz birovlar qo‘rquvdan do‘stini tashlab ketayotganiga, boshqalar qo‘rquvdan do‘stlarini sotayotganiga ko‘plab sharmandali misollarni ko‘rib turibmiz. Ibtido qanday bo‘lsa, intiho ham shunday bo‘ladi, boshqacha bo‘lishi mumkin emas. O‘z foydasi uchun do‘st bo‘lgan odam bu do‘stlikka xiyonat qilish uchun qimmatroq to‘laydigan kimsani topsa, do‘stlikni sotadi, zero uning uchun do‘stlikdan qimmatliroq narsa bordir. (10) Men nima uchun do‘st orttiraman? Men do‘stimni deb o‘lish uchun, do‘stimni deb surgun-sargardonlikka ketish uchun, uning hayotini saqlamoq yo‘lida kurashish va hayotimni tikish uchun do‘st orttiraman. Sen yozayotganingday, manfaat uchun, biror foyda olish uchun tuzilgan do‘stlik – do‘stlik emas, bu tujjorlar tuzadigan savdo shartnomasidir. (11) Shubhasiz, sevishganlarning ehtirosi va do‘stlik o‘rtasida bog‘liqlik bor, muhabbatni aqlidan mosuvolarning do‘stligi, deb ham atash mumkin. Axir sevgan odam foydasi uchun sevadimi? Yoki izzattalablik va shon-shuhrat uchun sevadimi? Ishq qolgan hamma narsadan yuz o‘girib, go‘zallikka talpinish hissini qalbda olovlantiradi, javoban bo‘ladigan mehru muhabbatdan umidvorlik unda yashirindir. Nega bo‘nday? Nahotki juda halol bir sabab uyatli ehtirosni to‘g‘dirsa? – (12) Sen meni inkor qilasan: «Hozir gap bu haqda emas, nahotki do‘stlikning o‘zi uchun yoki boshqa biror maqsad bilan do‘st orttiriladi». Aksincha, shuni isbotlash lozim. Axir, do‘stlikni do‘stlikning o‘zi uchun izlash kerak bo‘lsa, demak, o‘zidan boshqaga ehtiyoj sezmagan inson ham do‘stlikni izlashi mumkin. – «Xo‘sh, u do‘stlikni qanday izlaydi?» – Foydani ko‘zlamay, omadning xiyonatkorligidan cho‘chimay, eng go‘zal narsani axtarayotganday izlaydi. Foydasi tegib qolar, deya do‘st orttiradigan odam do‘stlikning yuksak qimmatini yo‘qotadi. (13) Donishmand insonga uning o‘zidan boshqa hech kim kerak emas. Lutsiliy, ko‘pchilik odamlar bu fikrni teskari talqin qilishadi: donishmand, aqlli odamni hamma joydan haydashadi va o‘z qobig‘iga o‘ralib yashashiga majbur qilishadi. Ayni paytda mazkur hikmat ko‘p narsani vada qiladimi va u nimani vada qiladi – buni oydinlashtirib olish lozim. Donishmand odamlarday yashashi uchun emas, fozilona hayoti uchun o‘zi yetarlidir. Tiriklik uchun unga ko‘p narsa kerak, fozilona, farahbaxsh hayot uchun omadga termilib turmagan, yuksak va sog‘lom ruh kifoyadir. (14) Men Xrisippga, uning bo‘linish haqidagi fikriga murojaat qilmoqchiman. U aytadiki, donishmandga ko‘p narsa kerak bo‘lsa ham, u hech narsaga ehtiyoj sezmaydi, axmoqqa esa hech narsa kerak emas, chunki u hech narsadan foydalana olmaydi, ammo uning hamma narsaga ehtiyoji bo‘ladi. Donishmandga qo‘l ham, ko‘zlar ham, kundalik hayot uchun zarur bo‘ladigan boshqa ko‘pgina narsalar ham kerak, ammo u hech narsaga ehtiyojmand emas. Axir, ehitiyoj – bu zaruriyatdir, donishmand uchun esa zaruriyat yo‘qdir. (15) Demak, garchand donishmand uchun uning o‘zi yetarli bo‘lsa-da, ammo uning do‘stlarga talabgorligi bor va ko‘proq do‘stlar orttirishni istaydi, ammo bu do‘stlar unga farahbaxsh yashash uchun kerak emas, u do‘stsiz ham farahbaxsh hayot kechira oladi. Yuksak ezgulik tashqaridan qurol-aslaha izlamaydi: ezgulik uyda yaratiladi va o‘zi-o‘zidan kelib chiqadi. Agar uning biror-bir qismi tashqaridan olinsa, demak, uning taqdiri omadga bog‘liq bo‘lib qoladi. – (16) «Agar asirga tushsa, begona yurtlarga borib qolsa, uzoq safarlarda qolib ketsa, kimsasiz qirg‘oqlarda qolsa-yu, atrofida do‘sti bo‘lmasa, donishmand qanday yashaydi?» – Dunyo junbushga kelib, xudolar yaxlitlashganda, tabiat qilt etmay, qotib qolganda, Yupiter tinchlanadi va xayollarga beriladi. Donishmand ham shunday qiladi: o‘z ichiga safar qiladi, o‘zligiga qaytadi. (17) Tokim o‘z ishlarini o‘z bilganicha qila olar ekan, u, garchand o‘zidan boshqa hech kimga muhtojlik sezmasa-da, xotin oladi, hech kimga ehtiyoji bo‘lmasa-da, farzandlar tug‘diradi, boshqalarsiz yashay olsa-da, agar biror odamni ko‘rmasdan yashash kerak bo‘lsa, yashamay qo‘ya qoladi. Do‘stlikka uni yetaklagan narsa o‘z manfaati emas, bu tabiiy ishtiyoqdir. Axir ko‘p narsalarga, jumladan do‘stlikka ishtiyoq bizning jonu qonimizdadir. Yolg‘izlikk hammani nafratini uyg‘otgani singari, hamnafaslikda yashash insonni inson bilan birlashtirgani singari bizni do‘stlikka intilishga majbur qiladigan bir ishtiyoq mavjuddir. (18) Ammo, garchand donishmand do‘stini boshqalardan ziyoda sevsa-da, do‘stini o‘ziga teng va gohida o‘zidan-da yuqori qo‘ysa-da, – har holda u shunga ishonadiki, ezgulik uning o‘zida mujassamdir, shuning uchun u o‘zicha Stilponning, ha, o‘sha Epikur o‘z maktubida hamla qilgan Stilponning so‘zlarini takrorlab yuradi. Stilponning jonajon shahri g‘anim qo‘liga o‘tganida, xotini, bolalaridan ayrilganida va hamma narsani yamlab yutgan olov ichidan bir o‘zi tirik, avvalgiday xurram chiqqanida, ko‘plab shaharlarni vayron etgani uchun Poliorket deya nom olgan Demetriy Stilpondan biror narsa yo‘qotgan-yo‘qotmaganligini so‘raydi, faylasuf javob beradi: «Hammasi o‘zimda!» (19) Mana, jasur va qatiyatli odam! U jangda g‘olib bo‘lgan g‘animning ham ustidan g‘alaba qilar edi. U: «Men hech narsa yo‘qotmadim», – deb aytdi va g‘anim o‘z g‘alabasiga shubha qila boshladi. «Hammasi o‘zimda» – adolatim, fasohatim, oqilligim, xotinim va bolalarim yodi, tafakkurim, tortib olsa bo‘ladigan narsalarni nemat deb bilmaslikka bo‘lgan qatiyatim o‘zimda… Biz olov ichidan o‘tib, tanasi kuymay qolgan jonivorlardan hayratlanamiz; qurolli qo‘shin safidan, olov va vayronalar ichidan o‘tib ham o‘zini yo‘qotmagan bu inson qanchalar hayratlidir! Ko‘ryapsanmi, butun boshli xalqni yengish osondir, ammo bir insonni yengish qanchalar mushkul? Uning nutqi o‘z ezguligini yonayotgan shaharlar aro butun olib o‘tgan jo‘mardning nutqidir. Axir uning o‘zidan boshqa hech kimga muhtojligi yo‘q – uning uchun baxtning chegarasi shudir. (20) Sen faqat bizning o‘zimiz bu balandparvoz so‘zlarni aytmayotganimizga ishonch hosil qilishing uchun aytaman – shuni bilginki, Stilponga etiroz bildirgan Epikurning o‘zi ham shunga o‘xshash hikmatni aytgan, garchand bugungi qarzimni allaqachon uzgan bo‘lsam-da, bu hikmatni ham qabul qilgin. «Bor narsaga qanoat qilmagan, borini to‘kinlik deb bilmagan kishi, garchand dunyoning hammasiga ega bo‘lsa-da, qashshoqligicha qoladi». Agar sen bunisi yaxshi jaranglaydi, deb o‘ylasang, boshqacha aytishim ham mumkin (axir, biz so‘zlarga emas, fikrga sadoqatli bo‘lishimiz kerak): «Dunyoning egasi bo‘lganda ham, o‘zini hammadan baxtli deb his qilmagan odam, hammadan baxtsiz bo‘lib qolaveradi». (21) Bilginki, bu fikrlar hammaga tegishlidir va, demak, tabiat tomonidan donishmandlarning qulog‘iga shivirlangandir, shuning uchun ularni sen hatto hajvchi shoirning ijodida ham uchratishing mumkin:
Baxtsizdir o‘zini baxtli deb bilmagan odam.
Yomon yashayapman, deb hisoblasang, qanday yashayotganingning ahamiyati bormi?
(22) «I-ya, – deysan sen, – harom pul topib boyigan, minglab qullarga ega bo‘lgan va minglab boshliqlariga qul bo‘lgan qallob ham o‘zini baxtli deb elon qilsa, o‘z hukmiga binoan baxtli bo‘lib qoladimi?» – Yo‘q, uning nima deb aytayotgani muhim emas, nimani his qilayotgani muhimdir, faqat bugun his qilayotgani emas, hamisha his qilishi muhimdir. Shuning uchun sen o‘zini farahbaxsh, baxtiyor hisoblash bunga munosib bo‘lmaganlarga ham doxil bo‘lishidan xavotirlanmasang ham bo‘ladi. Faqat donishmandlargina boriga qanoat qila oladi, qalbi bilan uyg‘unlikda yashay oladi, axmoqlar esa boriga qanoat qilmaganliklaridan doimo eziladilar, izchil azob chekadilar. Bu xavotir, bu tinkaquritar azob ularning qanoatsizligiga jazodir. Ularning jazolari o‘zlaridadir. Salomat bo‘l, birodar..
Noma X
Senekadan Lutsiliyga salomlar bo‘lsin!
(1) Aynan shunday, men o‘z fikrimni o‘zgartirmayman: olomondan uzoqroq bo‘l, ayrimlardan nari yur, birorta odamga yaqinlashma. Men sening yoningda hech kimni yonma-yon ko‘rishni istamayman. Menga ishonginki, men sen haqingda yuksak fikrdaman, shuning uchun o‘zingni o‘zingga ishonib topshirishga jazm qilaman. Aytishlaricha, o‘sha avvalgi maktubimda men tilga olgan Stilponning tinglovchisi bo‘lgan Kratet bir kuni yolg‘iz sayr etib yurgan o‘smirni ko‘rib qoladi va undan bu joyda bitta o‘zi nima qilib yurganini so‘raydi. – «O‘zim bilan o‘zim so‘zlashyapman», – deb javob beradi yigitcha. Bu javobga nisbatan Kratet shunday deydi: «Ehtiyot bo‘l, yigitcha, iltimos, yaxshilab razm sol: sening suhbatdoshing – yomon odam!» (2) Odatda biz fojiaga duchor bo‘lgan yoki qo‘rquv ostida qolgan odamlardan falokat ariguncha xabardor bo‘lib turamiz, yolg‘iz qolganda biror biror yomon ish qilib qo‘yishidan cho‘chiymiz. Umuman olganda, aqli takomilga yetmagan hech bir odamni o‘z-o‘zicha qo‘yib qo‘yish mumkin emas: yolg‘izlikda bunday odamlarni yomon fikrlar chulg‘ab oladi, ular o‘zlarini ham, boshqalarni ham xavf-xatarga qo‘yadilar, bunday paytda ularga sharmandali istaklar to‘da-to‘da hamla qiladi. Shunda shu paytgacha uyat va qo‘rquv yashirib turishga majbur qilgan narsalar ko‘ngil tubidan yuzaga qalqib chiqadi, sharttakilik avjiga chiqadi, yaramas mayllar qutqulanadi, g‘azab qo‘zib ketadi. Yolg‘izlikning bitta afzalligi bor: hech kimga hech narsani oshkor qilmaslik va fosh bo‘lib qolishdan qo‘rqmaslik imkoniyati; ammo bu nemat ahmoq odamni ado qiladi, chunki u o‘zini o‘zi fosh qiladi. Ko‘ryapsanmi, mening sendan umidim qanchalar ulkan, to‘g‘rirog‘i, men senga kafilman (zero «umid» deb biz yo amalga oshadigan, yo amalga oshmaydigan nematni ataymiz): men sen uchun o‘zingdan yaxshiroq do‘stni topolmayman. (3) Men xotiramda sen yuksak bir fasohat bilan talaffuz qilgan so‘zlarga qaytaman. O‘shanda men seni tabriklab, shunday degan edim: «Bu so‘zlar shunchaki tildan osongina uchib chiqqan so‘zlar emas, bu so‘zlarning mustahkam zamini bor. Bu inson – ko‘plardan biri emas, u erkinlikka intiladi». (4) Shunday so‘zla, shunday yasha. Faqat diqqat qilginki, seni hech narsa asir qilolmasin. O‘zingning avvalgi tilaklaring ijobatini xudolarning irodasiga qoldir, endi o‘zing ulardan yangidan iltijo qilib so‘ra: aqling ravshan bo‘lsin, xotiring jam bo‘lsin, dilxasta bo‘lma, keyin – vujud salomatligi haqida so‘rashing mumkin. Nima uchun bu haqda tez-tez iltijo qilishing mumkin emas? Xudodan dadil so‘ragin: sen undan birovning narsasini so‘rayotganing yo‘q. (5) Darvoqe, odat qilganimizday, bu noma bilan ham senga mo‘jazgina tuhfa yuborishni istayman. Afinodorning bisotidan shunday haqqoniy so‘zlarni topdim: «Bilginki, agar sen xudolardan hammaga eshittirib so‘rash, iltijo qilish darajasiga yetsang, yashirib so‘raydigan narsang bo‘lmasa, sen barcha havoyu hirslardan, nafsu istaklardan ozod, hur bo‘lgan bo‘lasan». Axir, odamlar qanchalar aqli noqisdir! Odamlar xudodan shivir-shivir qilib, mayda-chuyda, pastkash narsalarni so‘raydilar, birov quloq tutsa – jimib qoladilar, odamlardan yashiradigan narsalarni xudoga aytadilar. Diqqat qil, tokim bu nasihat senga ham taalluqli bo‘lib qolmasin: odamlar bilan go‘yo seni xudo ko‘rib turganday yashagin va xudoga go‘yo hamma odamlar eshitib turganday iltijo qilgin. Salomat bo‘l, birodar.
Karim BAHRIEV tarjimalari