I
Eh, mening unutilmas, uzoq bolalik chog‘larim…
Oradan qancha yillar o‘tib ketgan bo‘lsa-da, qo‘ng‘irrang po‘stinli, cho‘pdek ozg‘in, oqsoq o‘sha bola hamon yodimda. Ba’zan ko‘zimni yumib xayol surib ketaman, shunda ovul oralab bir to‘da bolalar qiy-chuv ko‘targancha yugurib ketayotganlari, ularning ortidan esa mayib bola o‘rtoqlaridan qolib ketmaslik harakatida oqsoqlana-oqsoqlana chopib borayotganini aniq-tiniq tasavvur etaman. U yugurishga harchand urinmasin, baribir do‘stlaridan ortda qolib ketardi. Shunda bolaning: “Hoy, to‘xtanglar! Yuringlar biznikiga, yangi ertak aytib beraman, mana, ko‘rasizlar bugungi ertagim kechagidan ham qiziqroq!” – degan so‘zlari hamon qulog‘im ostida qayta-qayta jaranglaydi.
Qirq ikkinchi yilning bahorida Ayanning onasi vafot etdi. Bechora bola buvisi bilan qoldi. Otasini esa urushning dastlabki kunlaridayoq armiyaga chaqirishgan edi. Shunda Ayanning buvisi uni bizning ovulga olib keldi, chunki ovulimizda kampirning qarindosh-urug‘lari yashashar, ular yetimcha Ayanning boshini silashar, degan umidda buvi nabirasini ovulga boshlab kelgandi.
Ayan ilk bor uydan tashqariga chiqqan kuni biz bolalar ovuldagi yagona serqatnov ko‘chada “urush-urush” o‘ynayotgan edik. Tuproq to‘ldirilgan qog‘oz “granata”ni qilib “dushman”ga uloqtirdik. O‘tib borayotgan chol-kampirlar bizning o‘yinimizdan norozi bo‘lib: “Tavba, manavi tirmizaklarning ahmoqligini qaranglar-a! Boshimizga tushgan urush kasofati yetmaganday bular ham yaramizni yangilaganlari-chi! Boshqa o‘yin qurib qolganmi?! Xah, zumrashalar-a, zumrashalar!” – deya sannab qo‘yishardi. Havo dim, atrofda tiq etgan shamol yo‘q, uloqtirilgan “granatalar” ning kulrang chang-to‘zoni quyosh yuzini to‘sib, ko‘cha uzra ancha vaqtgacha tarqamay muallaq osilib turar, biz bo‘lsak “urra!” deb qichqirgancha “dushmanimiz”ga hujum boshlardik, azbaroyi o‘yinga berilib ketganimiz uchun yon-atrofdagi hech narsani ko‘rmasdik. Bir payt “komandirimiz” Sodiq chang-to‘zon orasida to‘xtab:
– Hoy, bola, sen kimsan? Qayerdan kelib qolding?– deb so‘rab qoldi.
Shu ondayoq hammamiz o‘yinni to‘xtatdik – chunki ovulda bir-birimizni yaxshi taniganimiz uchun hozirgi savol g‘alati tuyulgandi. Darhol o‘girilib, oq ko‘ylak va qora kalta shim kiyib olgan notanish bolaga ko‘zimiz tushdi. Uning ko‘rinishi bizning ovul bolalariga sira o‘xshamasdi, peshonasiga tushib turgan dag‘al qora sochlari yanayam hayratga soldi. Ovulimizda yangi bolaning paydo bo‘lishi biz uchun katta yangilik edi, shuning uchun darhol o‘yinimizni yig‘ishtirib, Ayanni qurshab oldik. Har bir bola uning yoniga yaqinroq borib, tuzukroq ko‘rishga harakat qilardi. Ovulimiz bolalari uchun Ayanning paydo bo‘lishi maroqli tomoshadek gap edi.
– Hoy, bu bola kim o‘zi?
– Qayerdan kelgan, bilmaysanmi? – deb bir-birimizni turtar edik, baqraygan ko‘yi begona bolaning boshdan-oyog‘igacha ko‘zdan kechirardik.
– Men bu bola kimligini bilaman! – dedi baland ovozda Sodiq. – Sen ovulimizga kecha kechqurun kelding-a, to‘g‘rimi? – deya murojat etdi u yangi kelgan bolaga. – Ko‘k sigirlaring bor, to‘g‘rimi?
– To‘g‘ri, – jiddiy bosh irg‘ab ma’qulladi yangi kelgan bola. – Lekin sigirimiz ko‘kish emas, sen uni kechasi ko‘rganing uchun shunday tuyulgan shekilli, aslida sigirimiz sarg‘ish. Buzog‘imiz ham bor,– qo‘shib qo‘ydi u. Shu tob uning labida tabassum jilvalangandek ko‘rindi menga.
Sodiq yana: – Oting nima? – deb savol berdi.
– Ayan.
Ba’zi bir bolalar uning ismini eslab qolish maqsadida “Ayan” deb shivirlab ham qo‘ydilar.
– Yur biz bilan, do‘stlashamiz,– taklif qildi Sodiq Ayanning roziligini ham olmay, nari yetaklab.
Yangi bola Sodiqning isqirt va timdalangan barmoqlaridan jirkanib, qo‘lini asta tortib oldi. Hozir janjal boshlanmasaydi, deb yuragim orqamga tortib ketdi. Sodiqni kimki kamsitsa, alamini olmay qo‘ymasdi.
– Bolalar, qayerda cho‘milsa bo‘larkin-a? Qaranglar, judayam issiq bo‘lib ketdi, – deb qoldi bu orada Ayan.
– Agar bilsang, bizda shunaqayam rohatijon joy bor, o‘sha joyda cho‘milmabsan, bu dunyoga kelmabsan! – javob qaytardi hammaning nomidan Sodiq. – Xohlaysanmi, hoziroq boramiz?
– Xohlamay-chi, juda xohlayman-da! – xursand bo‘ldi Ayan.
Sodiq ovulimizga kelgan yangi bolani ko‘l tomon boshlab borarkan, yo‘l-yo‘lakay ko‘lning suvi mazzaligini rosa maqtardi. Biz ham ularning ortidan ergashib boryapmiz. Bolalar Ayanning yonida o‘ralashishar, har biri nimadir deb bu g‘alati bola oldida o‘zini ko‘rsatishga harakat qilardi. Lekin baribir Sodiqning bolalarga boshchiligi sezilib qola boshladi.
– Suv tagida qanchagacha o‘tira olishimni bilasanmi? Oltmishgacha sanaguningcha o‘tira olishim mumkin, – zavq bilan yolg‘onni do‘ndirdi Sodiq. Shu tobda rostgo‘y Sodiqning o‘zi ham to‘qigan yolg‘on gapiga chippa-chin ishonib ketdi.
O‘sha kuni biz mazza qilib cho‘mildik, yayrab oftobda toblandik. Ko‘l bo‘yida kechgacha yallo qilib o‘ynadik. Kechga tomon Ayanga shunchalik o‘rganib ketdikki, go‘yo u ovulimizda azaldan yashaydigandek edi.
Xullas, birinchi kuniyoq Ayan hammamizning hurmatimizga sazovor bo‘ldi. Ayniqsa, bizga uning xushmuomalaligi yoqib qoldi. Har bir bola Ayanga o‘zicha do‘st bo‘lishga harakat qilardi. Ammo Ayan hammaga bir xilda yaxshi munosabatda bo‘lar, bolalar bilan do‘stlashmoqchi ekanligini bildirishga harakat qilardi. Janjalkashlardan ba’zi birlari Ayanni mojaroga tortishga harakat qilishardi, lekin Ayan og‘ir-bosiqlik bilan janjaldan o‘zini chetga olardi. Xiralik qilavergan bolalarga esa u shunday javob qaytarardi:
– Men urishishni xohlamayman. Urishish ahmoqlik, men buvimning yolg‘iz nabirasiman. Janjallashsam, buvim qattiq xafa bo‘ladilar.
Urishqoq Yesiqboyning bitimga kelishdan o‘zga chorasi qolmadi. Ayan bo‘sh keladiganlardan emasligiga u dastlab tanishganidayoq ishonch hosil qilgandi. O‘shanda biz qum ustida kurash tushgandik, Ayan birin-ketin hammani yenggandi. Faqat Yesiqboygina uni yiqitgandi, xolos.
Jangari Yesiqboyning miyasida to‘rt kundan buyon Ayan hamma qatori bir bola, uni ham urib ketaversa bo‘ladi, degan fikr o‘rnashib qolgandi. Shuning uchun u Ayanga tegajog‘lik qila boshladi. Lekin ko‘ngilchan va aqlli Ayanni janjalga tortish oson emasdi.
– Bo‘ldi, bas qil! – dedi chiroyli kulib Ayan Yesiqboyga.
Lekin kunlardan bir kuni Yesiqboyning sabr kosasi to‘ldi, u kaftiga tuflab Ayanning yuziga surta boshladi. Ayan yuzini artgach, bunday dedi:
– Nima, urishmasang turolmaysanmi?
– Kim bilan, sen bilanmi? Sendaqalarni ko‘pini ko‘rganman! – dedi Yesiqboy va shaylanib Ayanning peshonasiga chertmoqchi bo‘ldi, ammo Ayan vaqtida chap berib qoldi.
– Yur, soy bo‘yiga. Ko‘chaning o‘rtasida sen bilan urishmayman. Bu yerda buvim ko‘rib qolishlari mumkin,– xotirjamlik bilan dedi Ayan.
– Soy bo‘yida qo‘lingdan nima kelardi? Shundog‘am po‘stagingni qoqayki, buving ham bilmay qolmaydi,– gerdaydi Yesiqboy.
Biz ularning ortidan ergashib bordik. Hamon gerdayayotgan Yesiqboy soy bo‘yiga yetganda chirana boshladi:
– Qani, og‘aynichalish, bu yoqqa kel-chi. Hozir senga ko‘rsatib qo‘yaman.
Ayan ko‘ylagini yechib, butoqqa ildi-da, kurash tushishga hozirlana boshladi. Raqiblarning bo‘ylari bir-biriga teng edi. Yesiqboy qo‘lini birinchi bo‘lib cho‘zdi-da, Ayanni o‘zi tomon qattiq tortib yiqitmoqchi bo‘ldi. Biroq Ayan oyog‘ini yerga mahkam tirab olgandi, biz ularni kuzatib turar ekanmiz, Yesiqboy Ayanni halollik bilan yiqita olmasligiga ko‘zimiz yetardi. Buni Yesiqboyning o‘zi ham tushundi. U Ayanning sochiga chang solib, uni yuz-tuban yiqitmoqchi bo‘ldi. Ayan og‘riqdan tishini-tishiga qo‘yib asta ag‘darildi. Yesiqboy uning ustiga minib olib, yuz-ko‘ziga qaramay musht tushira ketdi. Yesiqboy yelkasi bilan Ayanning yuzini bosib turardi, biz qattiq tipirchilayotgan oyoqlar tuproq to‘zitayotganini ko‘rardik, xolos. Banogoh Yesiqboy qattiq “dod” solib bir yoniga ag‘darildi.
Ayan uning bilagidan mahkam ushlab olgandi. Yesiqboy Ayanning qo‘lidan chiqib ketishga harakat qila boshlagandi, Ayan uning bilagini buray boshladi. Keyin u ko‘z o‘ngimizda zo‘ravon Yesiqboyning gardanidan tutib, ikki marotaba tumshug‘ini yerga ishqadi.
– Endi ko‘ngling o‘rniga tushdimi? – so‘radi Ayan bosiqlik bilan.
– Voy-voy! Bo‘ldi-bo‘ldi! – qichqirib yubordi Yesiqboy og‘riqqa dosh berolmay.
Ayan Yesiqboyning boshi ustidan hatlab o‘tib, qaddini rostladi. Chunki u qadimiy qozoq afsonasiga ko‘ra g‘olib shunday qilsa, mag‘lubning qolgan kuchi ham yenganga o‘tishini bilardi. Shundan so‘ng Ayan ko‘ylagini xotirjam kiydi-da, qo‘li bilan sochini tekislab, to‘ppa-to‘g‘ri tepalikka ko‘tarila boshladi.
II
Kuz keldi. Biz birinchi sinfga bordik. Imomjonov degan keksa kishi bizni o‘qita boshladi. O‘qituvchimizning shamollagan ko‘zlari yoshlanib turardi. U o‘sha vaqtlarda taxchil hisoblangan kitob-daftar olib kelib, bizlarga savod o‘rgatishga kirishdi.
Men Ayan bilan bir partada o‘tirardim. Uning zehni o‘tkirligiga shaxsan guvoh bo‘lganman. Yodimda, jonimizga tekkan nollar va raqamlardan so‘ng o‘qituvchi doskaga birinchi harfni yozdi, biz harfni daftar betiga bita boshladik. Yozib-chizishga o‘rganmagan qo‘limiz ruchkani beo‘xshov ushlardi. Barmoqlarimizni yaxshi bukolmay qiynalardik, Ayan bo‘lsa, partada o‘tirvolib, muallimimiz Imomjonovdan sabrsizlik bilan dars davomini so‘rardi.
– Sabr qil, Ayan, hammasini o‘z vaqti bilan o‘rgataman, – tinchlantirardi uni o‘qituvchimiz qiziquvchan shogirdi borligidan xursand bo‘lib.
Dars tugagach, Ayan ko‘ngli to‘lmay:
– Nega o‘qituvchimiz hamma harflarni o‘rgatmayaptilar? – deb qo‘yardi. – Harflarni o‘rganib olsam, dadamga xat yozardim.
Bu hammamizning dilimizdagi gap edi. Har birimiz dadamiz yoki akamizga xat yozish daqiqalarini sabrsizlik bilan kutardik. Keksa muallimimiz ezgu niyatimizni tushungandek bizga o‘qib-yozishni o‘rgatish uchun vaqtini ham, kuchini ham ayamayotgandi. Nihoyat, kunlardan bir kuni tanaffus vaqtida biz Ayanning atrofini o‘rab oldik, u: “Mehribon dadajonim…” so‘zlarini qiynalmay, mustaqil o‘zi yozgandi. Shu kundan e’tiboran Ayan maktabdan qaytdi deguncha qalamini lablarida namlab, dadasiga xat yozadigan bo‘lib qoldi. U qalamini hadeganda namlayvergani uchun lablari siyohrang bo‘lib ketardi.
Ayanga juda-juda havasimiz kelardi, chunki hammamiz ham harflarni bir-biriga qo‘shib, ma’noli gap tuza olavermasdik. Ammo Ayan yozishni yaxshi o‘rganib olgan bo‘lsa-da, burni ko‘tarilib ketmadi, birortamiz uning yoniga borib: “Ayan, yordam qilib yubor, akamga xat yozmoqchi edim”, desak, Ayan og‘rinib o‘tirmay: “Men yozgan xatni olgin-da, ko‘chirib ola qol. Faqat dadamning ismi o‘rniga o‘zingning akangning ismini qo‘ysang, bas, tushundingmi?” – derdi.
Bora-bora barcha sinfdoshlar frontga xat yoza boshladik. Xatlarning mazmuni deyarli bir xil edi, chunki ular Ayandan ko‘chirib olinardi.
Muallimimiz go‘yo bizning xat yozishga o‘rganishimizni kutib turgandek, ko‘p o‘tmay, to‘satdan oyoq-qo‘li shol bo‘lib yotib qoldi. Boshqa muallim yo‘q edi (urush yillari kichik bir ovulda muallim qayoqdan topilardi deysiz). Biz o‘z-o‘zidan uzoq muddat o‘qimay qo‘ydik.
Juda yaxshi saqlanib qolgan xotiralardan yana bittasi hamon hozirgiday esimda. Kunlardan bir kuni Ayan qandaydir buqani yaylovdan haydab kelaturib, uni minmoqchi bo‘ldi. Odatdagi yuvosh buqaning o‘sha kuni asovligi tutib, irg‘ishlay-irg‘ishlay Ayanni ustidan uchirib yubordi. To‘pig‘i chiqib ketgan Ayan bir oycha uyda ko‘rpa-to‘shak qilib yotdi. Uning lat yegan to‘pig‘i chala bitdi. U endi ko‘chaga kam chiqar, oyog‘i oqsoq bo‘lib qolgandi. Bu orada qilichini qayrab qish kirib keldi. Yerga birinchi qor tushdi. Chana uchish va bolalarning qiy-chuv ko‘tarib qorbobo yasash davrlari boshlandi.
Ovulimiz Echkio‘lmas tog‘ining etagida. Qishda biz tepalikdan pastga qarab qor ustida chana uchardik. Qorong‘i tushgunga qadar bolalarning shodon qiyqiriqlari yangrardi. Ovulimizda qish fasli ham ajib manzara kasb etadi. Tizza barobar qor yog‘adi, so‘ng tog‘ etagiga quyosh tushib, havo mo‘- tadillashadi. Tepalikdan chanada uchib tushayotganingda yuzlaringga sovuq uriladi, yoqimli g‘ijirlayotgan qor zarralari nuqradek sachrab yaltillaydi. Yo‘l-yo‘lakay tepalik sari chana tortib chiqayotgan o‘rtoqlaringning qip-qizarib ketgan yuzlarini ko‘rib yanada yayraysan.
O‘sha kundagi chana uchish boshqa kunlardagidan aslo farq qilmasdi. Kun kech bo‘lib qolgandi. Qontalashrang quyosh kattalashib, Echkio‘lmas tog‘i ortiga botib borar, uning nurlari hamon borliqni chulg‘ab turardi. Tog‘ning qori erigan yonbag‘irlarida o‘tlagan podalar ovul sari tushib kelayotgandi. Dilrabo, huzurbaxsh, g‘am-anduhdan xoli manzara.
Shu payt banogoh yangragan yig‘i ovozi hammamizni cho‘chitib yubordi. Pastroqqa tushib, yig‘i ovozi Ayanning uyidan eshitilayotganini bildik. Biz chanalarimizdan tushib, kulfat ro‘y bergan yerga yugurib ketdik. Odamlar bir-birlariga:
– Eshitdinglarmi, Ayanning buvisi qazo qilibdi, – deyishardi.
Bo‘sag‘ada turgan Ayanning rangi qordek oqarib ketgan, kipriklari pirpirardi. Qo‘ni-qo‘shni ayollar uvvos solib yig‘lashmokda. Ayan xuddi kar va soqovdek miq etmas, hamon kipriklari pirpirab, ora-chora titrab qo‘yardi, xolos. Biz bir-birimizni itarib-turtib, Ayanga yaqinlashdik. U bizni indamaygina kutib olarkan, chanalarimizga havas bilan qaray boshladi.
Quyosh Echkio‘lmas tog‘i ortiga botib ketdi. Yon-atrofni qorong‘ulik chulg‘adi. Biz Ayan hozir yig‘lab yuborsa kerak, deb o‘ylab, undan ko‘z uzmasdik. Kimdir eshitadigan qilib:
– Hoy, Ayan nega yig‘lamayapti? Axir buvisi o‘ldi- ku! – deb qo‘ydi.
Ayan eshik yonidan nari borib, biz tomonga o‘girilgach, so‘radi: –Xo‘sh, bolalar… Ertak eshitishni xohlaysizlarmi?
Ayan bu gapni shunday xotirjam aytdiki, go‘yo uning buvisi emas, balki bizlarning buvimiz vafot etganu uning tasallisiga muhtojdek edik.
– Xo‘sh, ertak eshitasizlarmi? – savolini takrorladi Ayan ma’yus jilmayib.
– Mayli,– dedi Sodiq,– hoynahoy, qiziqarlirog‘idan aytarsan?
Ayan chuqur tin oldi-da, go‘yo yonida biz yo‘kdek ertagini boshlab yubordi:
– Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, bir yetim bola bo‘lgan ekan.
Ayan ertagini ora-chora to‘xtab-to‘xtab aytishda davom etdi. U ertakni hozir to‘qiyotgani sezilib turardi. Ertak qayg‘uli bo‘lsa-da, uning qahramoni – yetim bola sira taqdiridan nolimas, pishiq-puxta ish tutardiki, biz hatto Ayanning buvisi qazo qilganini ham unutgan ko‘yi kulardik…
Ertasi kuni Ayanning buvisini dafn etishdi. Kattalar tarqalishgach, qabr yonida qolgan Ayan ancha vaqt boshini solintirgancha qimirlamay turdi. Shunda ham ko‘zidan bir tomchi bo‘lsa-da, yosh dumalamadi. Oxiri u qabr uyumidan bir qism qor aralash tuproq olib, uni: “Buvijon, tuprog‘ingiz yengil bo‘lsin”, – deya atrofga sochib yubordi.
Shu kuniyoq Ayan buvisining uzoq qarindoshi Bapay ismli cholning uyiga ko‘chib o‘tdi. Avval darvozadan Bapay buva chiqdi. Uning chanasiga olaquroq ko‘rpa-yostiqlar ortilgandi. Ketma-ket sigir yetaklagan Ayan ko‘rindi. Sigir bir-ikki qadam yurgach, go‘yo qadrdon molxonasidan olib ketayotganlarini sezganday taqqa to‘xtab qoldi. Bizlarga ermak topilmay turadi o‘zi, darhol chanalarimizni bir chekkaga qo‘yib, sigirni qistalangga ola boshladik.
– Qani, bir-ikki-uch, jildirdik!..– deya kuchanib qichqirdi Yesiqboy.
Kampirga o‘rganib qolgan sigir ma’yus ko‘zlarini katta-katta ochgancha joyidan siljimay bizlarga qarab turardi. U xuddi kana chaqayotganday boshini uyoq-buyoqqa chayqab, dumini silkitardi; jonivor oldiniga Ayanni suzishga chog‘landi-yu, lekin keyin yuvosh tortib mungli mo‘ragach, Ayanning ortidan ergashib ketdi.
– Sigirimiz juda aqlli-da, hamma narsaga tushunadi,– dedi Ayan bizning oldimizda sigirini oqlamoqchi bo‘lib.
Biz uni yangi uyigacha kuzatib borib, so‘ng yana chana uchishga kirishdik. Ayan oldimizga oradan bir kun o‘tgach keldi. U bir chekkada turarkan, ko‘zlari yonar, bolalarning tepalikdan chana uchishlarini havas bilan kuzatardi.
– Mening ham chanam bor edi, shaharda qolib ketgan,– dedi Ayan uning yoniga chana uchirib kelganimda.
U bu so‘zlarini xuddi biz Ayanni bir narsada ayblayotgandek, o‘zini oqlash maqsadida gapirayotgandek aytdi.
– Ayan, agar xohlasang, chanamni olib ucha qol,– deb taklif qildim uning mo‘ltirab qarab turishiga dosh berolmay.
– Rostdanam bir uchib ko‘rsammikan-a? – dedi Ayan gapimga ishonqiramay, so‘ngra uning yuziga tabassum yoyildi-da: – Qani, kim men bilan musobaqa o‘ynaydi? – deb qoldi.
Ayan oqsoqlangan ko‘yi tepalikka mening chanamni olib chiqqach, unga qorni bilan yotib, shu zahoti pastga uchib tushdi.
– Rahmat! – dedi o‘rnidan turarkan. – O‘ziyam o‘kday uchib tushdim-a! Judayam tez-a!
– Mening chanam bunikidanam tez sirpanadi, – maqtandi Sodiq. – Qani, Ayan, menikida uchib ko‘r-chi!
– Olib kel chanangni, – dedi suyunib ketgan Ayan.
U Sodiqning chanasida uchib bo‘lgach, Yesiqboyning chanasida endi tepalikdan uchib tushmoqchi bo‘lib turgan ham ediki, bolalar baravariga:
– Ayan, Ayan! Mening chanamda uch! Menikida ucha qol! –deb qichqira boshladilar.
– Eh, rosayam miriqib uchdim-da! – dedi Ayan hars-hurs nafas olaturib. Aftidan u bunday ko‘p chana uchishga o‘rganmaganligi sababli charchab qolganga o‘xshardi.
– O‘rniga yana bitta ertak aytib berasan,– hazillashdi Sodiq.
– Mayli, xo‘p,– jilmaydi Ayan bolalarga qarab. Kechqurun bo‘lsin. Bugun avvalgilaridan ham qizig‘ini aytib beraman.
Qorong‘i tushar-tushmas biz Bapay buvaning uyi oldiga bir-birimizni chaqirib to‘planayotgandik, cholning kampiri chiqib hammamizni koyib ketdi:
– Hoy, zumrashalar, bu nima shovqin?! Nega baqir-chaqir qilasanlar?
Miyani qoqib qo‘lga berdilaring-ku! Qani, tuyoqlaringni shiqillatib qolinglar-chi bu yerdan! Xah, ishyoqmas tirmizaklar! Hozir adablaringni berib qo‘ymasammi! – Kampir qoq suyak mushtini po‘pisali silkitgandi, hammamiz duch kelgan tomonga qochdik. Sal keyin hammamiz bir yerga to‘planib, boshimiz qotib qoldi: ertak eshitish nima bo‘ladi endi? Barchamizning yuzimizda afsus alomati. Shu payt Sodiq jonimizga oro kirib qoldi.
– Bolalar, yuringlar otxonaga! Tomga chiqib, xohlagancha ertak eshitaveramiz, qalay, zo‘rmi?
Boshqa hech kimning xayoliga kelmabdi-ya bu fikr! Otxonaning tomiga kuzda xashak bostirib qo‘yilgan, uning hidi atrofga gurkirab anqirdi. O‘sha yerda maza qilib ertak eshita qolamiz! Aqlingga balli, Sodiq!
Biz “urra!” deya qichqirib, o‘zimizni otni niqtalagan kabi otxona tomon yugurdik. Hammadan orqada Ayan oqsoqlanib kelardi. Terilgan tosh ustidan tomga chiqib olish aytarli qiyin emasdi, ayniqsa, zerikib yurganlar uchun ayni muddao bo‘ldi. Tomdagi joy ayni ko‘ngildagiday ekan! Avvaliga xurram yozni eslatuvchi xushbo‘y hid anqiyotgan xashakka bo‘yimiz baravar ko‘milib rosa dumalashdik. So‘ng bolalar tinchib, davra qurib o‘tira boshladilar. Ertakchi Ayan davra o‘rtasidagi bir bog‘ xashak ustida o‘tirdi-da, o‘tkir nigohini qorayib ko‘rinayotgan jarlik tomon tikdi. Ayanni qorong‘ilikda bazo‘r ko‘rardik. Lekin Ayanning ko‘zlari qorong‘ilikka tikilarkan, boshqa bolalar ko‘rishmayotgan nimalarnidir ilg‘ab olayotgandi. Biz bolalar bundan sehrlanganday edik.
– Qadim zamonda… – deb salmoq bilan ertagini boshladi Ayan. – Bir bola yashagan ekan… U yetim ekan…
Ayanning ovozi bizni darhol o‘ziga rom etib qo‘ydi. Hammamizning vujudimiz quloqqa aylangandi go‘yo. Garchi Ayan hozirgi ertakni ichidan to‘qiyotganini bilsak ham uning har bir so‘ziga chippa-chin ishonayotgandik. Tom ostidagi otlar dam pishqirib, dam depsinardi. Biz otlarning xarxashasiga parvo ham qilmay, xayolan Echkio‘lmas etagidagi zimistonlikda joylashgan mamlakatda sayr etardik.
Shu kundan e’tiboran qorong‘ilik tushishi bilanoq sehrgohimiz – otxona tomiga chiqib o‘tirish odat tusiga kirib qoldi.
Shunday oqshomlardan birida Sodiq uyidan o‘g‘irlab chiqqan gazeta hamda bir siqim tamaki bilan kelib qoldi. U xuddi kattalar kabi gerdayib o‘tirib oldi-da, gazetaga tamakidan solib o‘radi, so‘ng cho‘ntagidan bir dona gugurt cho‘pi bor qutichani chiqazib, o‘ramani beo‘xshov tutatdi. Biz unga baqraygancha qarab qoldik; Sodiq ichiga birinchi marta tutun tortgani uchun bo‘g‘ilib-bo‘g‘ilib qattiq yo‘taldi, so‘ngra ko‘z yoshlarini artaturib beparvo:
– Endi boshlasak ham bo‘ladi. Qani, Ayan, boshla ertagingni! – dedi.
– Ie, to‘xta-to‘xta, avval men ham chekib ko‘raman. Qani, berib tur-chi, men ham bir tortay, – deya Qosim timdalog‘ich sabrsizlik bilan o‘ramaga qo‘l uzatdi.
Sodiqning qo‘li ochiq, qizg‘anchiq emasdi. U qo‘lbola papirosni Qosimga uzatdi. Qosim bo‘lsa, papirosni tanqis yemishdek shartta yulqib oldi. Oradan biroz vaqt o‘tgach, Qosim aksa urib, yo‘talishga tushgandi, biz uning ustidan kula boshladik, kimdir:
– Ajab bo‘ldi, ikkinchi ochko‘zlik qilmaysan! – deya tanbeh ham berdi.
Shu payt gapga Yesiqboy aralashdi:
– Qani, Sodiq, bu yoqqa ber-chi, qanday chekish kerakligini bir o‘rgatib qo‘yay senlarga.
– Xo‘p, ma,– deya hamon gerdayib papirosni uzatdi Sodiq.
Esiqboy tutunni chuqur tortdi-da, so‘ng asta burnidan chiqara boshladi. Keyin u bizdan ustunligini namoyish qilib: “Chekish mana bunday bo‘pti, zumrashalar”, degan ma’noda hammamizga ko‘z yugurtirib chiqdi. Men ham beixtiyor chekib ko‘rdim. Ko‘p o‘tmay, papiros kichkinagina bo‘lib qoldi, endi uni hech kim og‘ziga olishga jur’at etolmasdi.
Ertasiga bolalar tamaki olib kelishdi-da, birin-ketin gazeta yirtib, tamaki o‘ray boshladilar. Shu-shu Ayanning ertaklarini tamaki chekkan ko‘yi tinglaydigan bo‘lib qoldik.
Qaysidir kuni allaqaysi bola uyidan tamaki o‘g‘irlayotganda onasi tutib olibdi. Bundan xabar topgan ota-onalarimiz tashvishga tushib, tamaki bilan gazetani yashirib qo‘yadigan odat chiqarishdi. Lekin egasi ming poylasin, o‘g‘ri bir poylasin, deganlaridek ertak eshitishga amal-taqal qilib tamaki “o‘marib” kelardik.
Ayanning g‘aroyib ertaklarida bahodirlik, donolik va mardlik hikoya qilinardi. Ertaklarning bizga, ayniqsa, yoqadigan joyi shunda ediki, ularning asosiy qahramonlari biz bo‘lardik. Ayan ertak aytish davomida bizning har birimizni yuzlab, hatto minglab fashistlarni qirib tash- layotgan qahramonlar tarzida tasvirlardi. Ostimizda g‘irko‘k tulpor, qo‘limizda kumush shamshir. Tabiiyki, bizga duch kelib qolgan har qanday fashist tiraqaylab qochishga majbur bo‘lardi. Oramizda ertak tinglayotgan Qosim timdalog‘ich ham burnini tortgan ko‘yi ertak qahramoniga aylanib, bir o‘zi bir qilich sirmab bilan qanchadan-qancha fashistlarni qiyratayotganday bo‘lardi.
Biz Ayanning ertaklarini berilib tinglar ekanmiz, qornimiz och-to‘qligini ham, yupun ust-boshimizni ham unutib yuborardik. Xayoliy jasoratimiz oldida hech narsa cho‘t emasdi. Ayan ertakni tugatishi hamono biz hozirgina o‘zimiz qatnashganday bo‘lgan voqealarni muhokama qilishga tushib ketardik:
– Agar mening shunday sehrli shamshirim bo‘lganida, to‘ppa-to‘g‘ri frontga borardim-da, fashistlarni boplab adablarini bergan bo‘lardim. Agar dadam fashistlar qurshovida qolsa, darhol sehrli qilichimni yalang‘ochlab, yonlariga boraman-da: “Dada, bu men, o‘g‘lingiz Sodiqman, deyman, keyin shartta tashlanib, dushmanni qilich damidan o‘tkazaveraman”. Ba’zida Ayan dahshatli ertaklar aytardi. Ana shunda yon-atrofimizni uchayotgan afsonaviy qushlarning mis qanotlari ovozi tutib ketardi. Tor ko‘chalar, soy va jarliklar bir ko‘zli maxluqlar, alvastiyu jinlar bilan to‘lardi. Ana vahima-yu, mana vahima! Jarlik tarafdan shamol qulog‘imizga qo‘rqinchli uvillayotgan tovushlarni keltirib urar, o‘shanday daqiqalarda kimdir qo‘qqisdan “a!” deb yuborsa, naq o‘takamiz yorilib, shartta xashak ichiga kirib ketishimiz ham hech gap emasdi.
Ayanning xayolida shunday ertaklar paydo bo‘lganida qay holatga tushganini hali-hanuzgacha aslo eslay olmayman. Ehtimol, u yolg‘izlikdan ezilgan paytlari umidsizlikka tushib, hayot – bu baxtsizlik, degan qarorga kelgan bo‘lsa kerak. Shuning uchun ham Ayanning murg‘ak xayolida qo‘rqinchli maxluqu insu jinslar namoyon bo‘lavergan, shekilli. Yana kim bilsin, u yog‘i menga qorong‘i. Lekin, shunga qaramay, Ayanning ertaklari doimo yaxshilik bilan tugardi, chunki u ezgulik g‘alaba qilishiga ishonardi.
Ayni vaqtda bizni hech kim Ayandek xursand qilolmasdi. Ayan notekis tishlarini ko‘rsatgancha, nim jilmayib, kulgili ertakni boshlashi bilan oyoqlarimizni tipirchilata-tipirchilata qornimizni ushlagan ko‘yi qotib-qotib kulardik. Ana shunday daqiqalari yer yuzida go‘yo urush bo‘lmayotgandek, ota-onalarimiz issiq uyda betashvish-beg‘am o‘tirishayotgandek tuyulardi.
– Ayan, yana boshqasini aytib ber… Senga oson-ku, – deb yalinib-yolvorardik biz ertak tugagandan keyin.
Qancha yalinmaylik, Ayan bir aytgan ertagini boshqa takrorlamasdi. U o‘rnidan turib, kiyimiga yopishgan xas-cho‘plarni qoqayotib, aybdor odamdek shunday derdi:
– Og‘aynijonlar, vaqt allamahal bo‘lib qoldi. Uxlashimiz kerak, hoynahoy, uydagilar xavotir olishayotgandir.
Nazarimda, Ayan bizni yalintirish maqsadida iltimosimizni rad etayotgandek tuyulardi. Ertak to‘qish unga cho‘t emasdi, faqat xohlasa bas edi…
Ayan kunduzlari oftobga o‘zini toblab, xayol surib o‘tirar, biz bo‘lsak, beparvo chana uchganimiz-uchgan edi. Kechga tomon horg‘in, hammayog‘imiz ho‘l bo‘lib ketgan bo‘lsa-da, do‘stimiz bugun bizga qanday ertak o‘ylab qo‘ygan ekan, degan o‘yda otxona tomon oshiqardik. Siylov tariqasida bolalardan birontasi Ayanga chanasini berib turardi. Bu odat tusiga kirib qolgandi. Qaysi birimizdir saxiylik ko‘rsatardik. Ammo bora-bora ertak eshitishga qiziqmay qo‘ydik. Bir kuni chana berish navbati kelgan o‘rtog‘imiz shunday dedi:
– Ayan, chanamni ertaga bera qolsam maylimi? Xafa bo‘lmaysanmi?
– Yo‘q, xafa bo‘lmayman,– noiloj javob qaytardi Ayan.
Boshqa bolalar ham chana berishdan asta-sekin bosh torta boshladilar. Qor sathi yaxmalak bo‘lib, rohatijon sirpanchiq uchiladigan paytda kimning ham chana berib turishga ko‘zi qiyardi deysiz? Agar bolalardan birontasi insofga kelib, til uchida bo‘lsa ham: “Ayan, chana uchasanmi?” deya taklif qilib qolsa-yu, Ayan chana uchishga muvaffaq bo‘lsa, bu uning shu kungi eng katta xursandchiligi hisoblanardi.
Ayan chanani tepalikka sudrab chiqardi. Lekin uning quvonishi vaqtinchalik edi. Chunki tepalikdan pastga sirpanib tushgan zahoti chanani darhol egasiga qaytarib berishi kerak. Ayan buni yaxshi tushunsa ham chanasini taklif qilgan bola xijolat bo‘lmasligi uchun chor-nochor chanani olib ucha qolardi. Keyin sovuq qotgan yuzini yoqasi bilan to‘sgan ko‘yi oyoqlarini bir-biriga ura-ura, jimgina bizning chana uchishimizni tomosha qila boshlardi.
Ba’zida darvozadan Bapayning kampiri chiqardi-da:
– Hoy, Ayan, qayerlarda sanqib yuribsan? Bu yoqqa kel. Bor, sigirni arqonla, o‘rdak-g‘ozlarni qama. Ha-ya, esim qursin, biyaniyam sug‘orib qo‘y. Oxurga xashak tashlash esingdan chiqmasin! – deya yumushlarni ustma-ust qatorlashtirib tashlardi. Ayan:
– Xo‘p bo‘ladi, hozir, buvijon,– derkan, ichkariga kirib ketaturib, biz tomonga havas bilan qarab-qarab qo‘yardi. Yumushlarini bajarib bo‘lgach, darhol yana yonimizga qaytib chiqardi.
Ayan kun botishini sabrsizlik bilan kutardi. Echkio‘lmas cho‘qqisi ortiga quyosh botib, qosh qorayishi hamono uning kayfiyati chog‘ bo‘lib, chehrasiga tabassum yoyilardi.
– Endi otxonaga bora qolay. Bugun kechagidan ham yaxshi ertak to‘qiganman…
Ba’zi kunlari Ayan kechgacha sabr qilolmay, kunduz kuni ham bolalarni ertak tinglashga taklif etardi.
– Chana uchaverish joninglarga tegmadimi? Har kuni faqat shu-ya o‘yininglar, – derdi u lablarini cho‘chchaytirib.
Ayan jo‘rttaga shunday der, lekin biz uning asl maqsadini tushunib turardik. Shuning uchun bolalardan birortasi: “Ertak eshitmaymizmi bundan ko‘ra? Hammayog‘imiz shalabbo bo‘lib ketdi-ku,” – deb qolardi.
Bu Ayan uchun ayni muddao edi.
– Shuyam chana bo‘ldi-yu,– deya burnini jiyirib qo‘yardi u.– Xuddi buzuq aravaga o‘xshaydi. Qani endi chanangning ruli, motori, chirog‘i bo‘lsa! Ham pastga uchsang, ham yuqoriga ko‘tarilsang o‘shanday chanada.
– Voy-bo‘y, namuncha xayolparast bo‘lmasang? Chana hech jahonda ham pastga uchib, ham tepalikka chiqishi mumkinmi?
– Judayam mumkin-da! Xuddi Tayburilga o‘xshab uchqur bo‘lishi mumkin chana!
– Tayburilga o‘xshab deysanmi? Qoplonbek botir mingan tulporga o‘xshabmi?
– Ha. Vaqti kelib, pastniyam, tepalikniyam farq qilmaydigan chanalar bo‘ladi.
Ayan bilan astoydil tortishishni hech kim lozim ko‘rmasdi. Hamonki Ayan aytayotgan ekan, o‘shanday chanalar, albatta, bo‘ladi.
Hammamiz dilimizda Ayanning tasavvuridagi chanaga ega bo‘lishni orzu qila boshladik.
III
Ayanning fe’li juda g‘alati edi. Kunlardan bir kuni oqshom, yotish oldidan aylanib kelgani tashqariga chiqdimu o‘z ko‘zlarimga o‘zim ishonmay qoldim: kimdir qorong‘ilikda tepalikdan chanada tushib kelayotgandi. Yarim kechada chana uchayotgan qaysi tentak bo‘ldiykin, deb o‘yladim. Yaqinlashib qarasam, Ayan ekan. Xursandchilikdan uning og‘zi qulog‘ida edi. Ayan chana uchishga shunday berilib ketgandiki, foydalana olmay qolgan kunlari hissasini chiqarishga shoshilayotganga o‘xshardi.
– Senmisan, Ayan? – savol berdim beixtiyor.
– Ha, menman. Sodiq ertagacha chanasini berib turdi. Ke, birga uchamiz!
– Jinni bo‘ldingmi, nimalar deyapsan? Aqling joyidami o‘zi? Yarim kechada ham chana uchib bo‘larkanmi?
– Ie, hali sen bilmaysanmi? – ajablandi Ayan.– Oydinda chana uchish mazza-ku, xosiyatiyam bor.
Oydinda chana uchishning qanday xosiyati borligini bilmaganim uchun indamay qoldim. Bu orada Ayan yana tepalikka ko‘tarilib, chanaga o‘tirdi-da, pastga qarab o‘qdek otildi. Darhaqiqat, hozir uning oy nurida chana uchib tushayotgani qandaydir o‘zgacha ko‘rinar, ertaklardagi kabi sirli manzara kasb etgandi.
– Urra!– qichqirdi Ayan shodon qo‘l silkitib.
Men ham qattiq sehrlanib, chana keltirmoq uchun uyga g‘izilladim. Aksiga olib, qorong‘i dahlizda paqir, tog‘oralarga qoqilgandim, hammayoqni shaqir-shuqur ovoz bosib ketdi.
– Dahlizga tag‘in it kirib olganga o‘xshaydi, – dedi cho‘chib uyg‘ongan onam.
Chanamni ola jo‘nab qolmoqchiydim, shu payt yonginamda onam paydo bo‘ldi.
– Ie, shaqir-shuqur qilayotgan senmiding hali, yarim kechada uxlamay nega ivirsib yuribsan?
– Chana uchmoqchiydim.
– Kunduzi uchayotganing kammidi?! – jahli chiqdi onamning. – Tavba, hamma uxlab yotibdi-yu, chana uchishga balo bormi, a? Shoshmasang, ertalab ucharding!
– Ayan uchyapti, u aytyaptiki…
– Ayan, Ayan… baloga uchrasin o‘sha Ayaning. Nuqul: “Ayan undoq dedi, Ayan bundoq dedi!” – deganing-degan. Chanani hoziroq joyiga qo‘yib, yot o‘rningga.
Onam shunday deb, qo‘limdan yulqib olgan chanani nariga uloqtirib yubordi.
Dard-dunyom qorong‘i qiyofada yechindim-da, buvamning yoniga cho‘zilib, uzoq vaqt ko‘zimga uyqu ilinmadi. Qulog‘im ostida hamon qorda sirg‘alib uchib borayotgan “qanotli” chananing g‘izillagan tovushi eshitilardi. Nihoyat, ko‘zim ilinib, Ayanni tush ko‘rdim, u qanotli chanada Echkio‘lmas tog‘ining cho‘qqilari sari uchib borardi…
Bu qish qor qalin yog‘di. Qaysidir kuni osmonni qora bulut bosib, suyak-suyakdan o‘tgudek izg‘irin esa boshladi. Shu kuni ovuldagi chiroqlar odatdagidan barvaqtroq yondi. Biz odatdagidek otxona tomiga yig‘ilib, qog‘ozga tamaki o‘rardik-da, navbatdagi ertakni eshitishga hozirlik ko‘ra boshladik. Esimda, Ayanning yuzida mayin tabassum o‘ynardi.
– Bolalar, bugun ajoyib tush ko‘rdim. Tushimga dadam kiribdilar. Kechqurun ustimga dadamning paltolarini yopib yotgandim. Paltodan doim yovshan aralash dadamning hidi kelib turadi. Buvim tirikliklarida shunday deganlar: “Dadangni qayerda tuqqanimni bilasanmi? O‘sha Yovshantepaning eng baland joyida tuqqanman. Mollarni o‘tlashdan uyga haydab kelayotganimda to‘lg‘oq tutgan-u naq tepalik ustida ko‘zim yorigan”. Ehtimol, dadamning paltosidan doim yovshan hidi kelishiga ham sabab shu bo‘lsa kerak. Xullas, tushimda xushchaqchaq, zabardast dadamni ko‘rdim. Dadam menga qarab nuqul kularmishlar.
– Men ham bugun dadamning paltosini yopib yotaman. Undan ham doim yovshan isi keladi,– dedi bolalardan kimdir.
Shundan keyin boshqa bolalar ham dadalari bilan akalarining kiyimidan yovshan hidi kelishini gapira ketdilar. Eng qizig‘i shundaki, bolalarning gaplariga qaraganda, ularning dadalari bilan akalari ham o‘sha Yovshantepada tug‘ilgan emishlar. Shundan so‘ng hammamiz tag‘in Ayanning og‘ziga tikildik.
– Bolalar, hech sezganmisizlar, mendan ham yovshan isi kelib turadi, – dedi u. – Hoynahoy, bu dadamga juda-juda o‘xshaganligimdan bo‘lsa kerak. Hamma shunday deydi. Mana, ishonmasanglar, hidlab ko‘rishinglar mumkin.
Biz Ayanni iskab ko‘rdik: chindanam undan yovshan isi ufurardi. Ehtimol, Ayanning gaplariga astoydil ishonganimiz uchun shunday tuyulgan bo‘lsa ham ajab emas.
Ayanga havasimiz kelayotganini sezib, baxilligi qo‘zigan Yesiqboy darhol gapga aralashdi:
– Nima bo‘pti, mana, mendan ham yovshan hidi keladi, boshqa bolalardan ham yovshan hidi kelyapti.
Shundan so‘ng hamma ust-boshini hidlay boshladi:
– Mendan ham yovshan isi kelyapti!
– Mendan ham!
O‘shandagi xursand bo‘lib ketganimizni bir ko‘rsangiz edi! Nihoyat, chug‘ur-chug‘urimiz to‘xtab, Ayan endi ertak boshlashga og‘iz juftlagan ham edi, to‘satdan tag‘in Yesiqboy gapning beliga tepdi:
– Hoy, to‘xta! – dedi u.– Mening timdalog‘ichda savolim bor. Nega kecha Ayanga chanangni berib turmading? Sening navbating edi-ku?!
– Mening chanam sinib qoldi, – yig‘lamsirab javob qaytardi Qosim.
– Obbo, kelib-kelib chanang kecha sinib qolibdi-da, a? Avvalroq emas, kecha sindimi? Kimni laqillatyapsan?! Yig‘ishtir bunaqa bahonangni! – o‘dag‘ayladi Yesiqboy.
– Unda, nega o‘zingnikini berib tura qolmaysan? Ayagansan-da o‘zingnikini! – bo‘sh kelmadi Qosim timdalog‘ich.
– Bo‘ldi, bolalar, bas qilinglar! Arzimagan narsaga ham janjal ko‘taravermanglar,– o‘rtaga tushdi Ayan.
– Aralashma sen, Ayan. Bu timdalog‘ichni bir boplab qo‘ymasam bo‘lmaydi, – deya Yesiqboy shartta Qosimning qalpog‘ini yulqib olib, pastga uloqtirdi. Noiloj pastga tushgan Qosim yerda yotgan qalpog‘ini boshiga bostirib kiygach, nari ketarkan, Ayan bilan Yesiqboyni akasi Turjonga urdirajagini aytib qo‘rqitdi.
Qosimning akasi Turjon urush arafasida janjalkashligi bilan nom chiqargan edi. U bir oy muqaddam urushdan qo‘lsiz qaytib kelgan bo‘lib, bizning nazarimizda, Turjon hozir nima qilsa ham hech kim hech narsa demaydiganday tuyulardi.
– Men urushda bir qo‘limni tashlab keldim! Senlardaqa mishiqilarni deb, frontda qon to‘kkanman! – deya ta’na qilardi Turjon odatda.
U, ayniqsa, yosh bolalarga ko‘p dashnom berardi. Shuning uchun ham Qosim timdalog‘ich bizni o‘z akasi bilan qo‘rqitmoqchi bo‘lgan edi. Ammo hozir hayiqadigan odamimiz yonimizda yo‘q, Ayanning yangi ertak boshlashini sabrsizlik bilan kutib o‘tirardik.
O‘sha oqshom Ayan yetim bola haqidagi ertakni takroran aytib berdi.
– … u asov otda yo‘l yuribdi, yo‘l yursa ham mo‘l yuribdi, ittifoqo, ot yo‘lda tilga kirib, odamlardek so‘zlay boshlabdi: “Qarshingdagi baland tog‘ni ko‘ryapsanmi? Bu – dunyodagi tog‘larning eng balandi hisoblanadi. Men shu tog‘ning uchiga bemalol chiqishim mumkin. Qanotlarimni keng yoya olaman. Faqat quyosh botishini kutish darkor. Oftob chiqqanda hatto qush ham bu tog‘ ustidan uchib o‘tolmaydi, sababi, jazirama quyosh nuri qanotlarini kuydirib yuborishi mumkin. Ko‘ryapsanmi, tog‘ naq quyoshga tegay-tegay deb turibdi. Oqshom cho‘kib, oftob tafti pasaysin, keyin yo‘lga chiqamiz. Ehtiyot bo‘l, meni mahkam ushla, tag‘in yiqilib tushma, yaxshisi, ko‘zingni yumib ol. Ko‘zingni qachon ochishingni o‘zim aytaman. “Ko‘zingni och”, deganimdagina ochasan, tushundingmi?”
Xullas, ular tunda osmono‘par tog‘ning narigi tarafiga uchib o‘tgach, bir g‘orni ko‘ribdilar. U yerdagi gulxan yonida kimdir uxlab yotardi. “Shu yerda bir ko‘zli maxluq yashaydi”, debdi ot yetim bolaga.
Ayan bizni xuddi endi ko‘rayotgan kabi ko‘zini katta-katta ochib qaradi-da, o‘zi tasvirlagan bir ko‘zli maxluq xuddi uning so‘zlarini eshitib qolayotgandek ovozini pasaytiribroq gapirdi. Ayan shu daraja sehrli ohangda gapirdiki, beixtiyor hammamizning etimiz jimirlab ketdi. Nazdimizda Echkio‘lmas tog‘ining serqirra, qop-qora soyasi go‘yo Ayan tasvirlagan osmono‘par tog‘u, uning ortidagi g‘orda bir ko‘zli maxluq xurrak otib uxlab yotgandek tuyuldi. Esayotgan izg‘irinli shamol esa bamisoli uning xurragidan hosil bo‘layotgandek edi. Ana shu xurrak-shamol ta’sirida tog‘ tebranar, maxluq nafas olib-chiqarganida cho‘qqilar o‘tov tomiday dam yuqori ko‘tarilib, dam pastga tushayotganga o‘xshardi. Biz hatto nafas olishga ham ko‘rqardik, hammamizning damimiz ichimizga tushib ketgandi. Tog‘ tarafga qarashga hech kimning yuragi betlamasdi.
Tobora zo‘rayayotgan shamol betimizga tinimsiz ho‘l qor keltirib urardi. Ovul tepasini qop-qora, quyuq bulut bosdi. Bu bulutlar yig‘ilib kelib, uylar tepasida muallaq osilib qolgandek edi. Qayerdadir it cho‘zib-cho‘zib vovillay boshladi. “Itning vovillashi bir ko‘zli maxluqni uyg‘otib yuborsa ko‘radiganimizni ko‘ramiz”, degan xayoldan etim junjikib ketdi.
Ertak eng qkziq joyiga kelganida bolalardan biri:
– Voydod, o‘t tushdi-ku! – deya qichqirib yubordi.
Tomning bo‘g‘oti ilonizi bo‘lib yona boshlagandi. Shamol yong‘inni dam sayin kuchaytirardi. Bolalardan kimdir tomdagi xashak g‘aramiga tamaki qoldig‘ini tashlagani uchun yong‘in chiqqandi.
Biz go‘yo shamol pishib yetilgan daraxt mevalarini to‘kkan kabi tomdan yerga tappa-tappa o‘zimizni tashladik-da, tumtaraqay qochib qoldik. Eng oxirida Ayan sakrab tushdi, uning:
– Voy! Voy, oyog‘im! – deb baqirgani hali-hali yodimda.
Ochig‘ini aytsam, o‘shanda juda ham nomardlik bo‘lgandi. Hammamiz o‘zimiz bilan o‘zimiz bo‘lib, voy-voylayotgan Ayanni o‘z holiga tashlab qo‘ygandik, ustiga-ustak, hammayoqdan: “Otxonaga o‘t tushibdi!” “Otxona yonayotganmish!” deya odamlar yugurib kela boshladilar. Ularning orasida ayniqsa Turjon g‘azabnok baqirardi:
– Buni anavi, bekorchi zumrashalar qilgan! O‘sha mishiqilarni deb qon to‘kib kelganman-a!
Men o‘zimni yo‘l yoqasidagi butalar orasiga urgandim, atrofga olazarak qarab, Turjonni ko‘rib qoldim. U qo‘lida qamchi bilan to‘ppa-to‘g‘ri Ayanning ustiga bostirib borardi. Ko‘p o‘tmay, qamchinning havoda shuvillagan ovozi eshitildi. Turjon mayib Ayanni ayamay savalashga tushdi. Ayan bechora nuqul:
– Voy, nega urasiz meni? – derdi xolos. Turjon bo‘lsa, battar haddidan oshardi:
– Bu ham kam senga, shumtaka, ma, mana!
Oxiri Turjon Ayanning biqiniga kerza etigi bilan qattiq tepgandan so‘ng, yong‘indan bezovtalanib depsinayotgan otlar tomonga yugurdi. Namiqqan xashak burqsib yonayotgan edi. Yugurib kelgan odamlar aloha yong‘inni o‘chirishdi. Shundan keyin erkaklardan kimningdir Ayanga ko‘zi tushib, uni silab-siypay boshladi:
– Bolaniyam shunday uradimi?! Alamingni shu mayib murg‘akdan olasanmi, go‘rso‘xta?!
Boshqalar ham Ayanning ahvoliga achinishib, Turjonga tanbeh bera boshladilar. Bundan biz bolalar xiyol dadillanib, yashiringan joylarimizdan bir-bir chiqdik-da, chetroqda to‘plangan ko‘yi xijolatda boshimizni xam qilib turib qoldik. Hech qaysimiz bir-birimizning ko‘zimizga qarolmasdik. To‘g‘ri-da, qaysi mard boshiga kulfat tushgan sherigini tashlab, qochib qoladi?!
– Menga qaranglar… – dedi bolalardan kimdir.
– Menga qaranglar emish… Ovozingni o‘chirsang bo‘lardi, – jerkib tashladi uni Yesiqboy.
Ayanni Bapayning uyiga olib ketishdi. Bizning dilimiz xufton, gapimiz qovushmasdi, oxiri noiloj uy-uyimizga tarqalib ketdik. Uyga borsam, kattalar hali uxlashmabdi. Buvam to‘shalgan o‘rni ustida o‘tiribdi. Onam bilan buvimning avzoylari buzuq. Ular mening kelishimni poylab turishgan shekilli.
– Mana, qahramonimiz ham keldi. Ko‘rib qo‘yinglar! – dedi jahl bilan buvam. – Mayib bolanimas, seni savalash kerak edi qo‘rqoq!
Men o‘zimni qanday oqlashni bilmay, barmog‘im bilan devorni cho‘qilab turardim. Qornim judayam och. Qani endi ovqat so‘rashga yuzim chidasa! Ovqat berishlariga ham arzimaydiganday o‘zimdan qattiq nafratlanardim.
– Bechora Ayan, jabr bo‘ldi-da, bola boyaqishga. Otasi urushda bo‘lsa. Buvasi bilan buvisining o‘zlari birovning yordamiga muhtojlar, bir oyoqlari yerda bo‘lsa, bir oyoqlari go‘rda bechoralarning, – dedi onam. So‘ngra menga murojaat qildi:
– O‘tir, dangasa! Ovqatingni yegin so‘rraymasdan.
– Yemayman, – deya g‘udrandim garchi qornim o‘lgudek och bo‘lsa ham, keyin yonlamasiga asta-asta yurib borib, o‘rnimga yetib oldim-da, yechinib, shartta ko‘rpaning orasiga kirdim.
Qattiq charchaganim uchun darhol ko‘zim uyquga ilinayotib buvamning:
– Bundan ellik yil avvalgi quvvatim bo‘lganida, Turjonni boplab adabini berib qo‘ygan bo‘lardim! Judayam haddidan oshib ketyapti ko‘rnamak! – degan gaplari qulog‘imga uzuq-yuluq chalindi, xolos.
Ertalab uyg‘ongach, onam ko‘zadan sopol kosaga sut quyayotganini ko‘rib qoldim. Onam qarab turganimni sezgandek men tomonga o‘girildi:
– O‘rningdan turib, nonushta qil. Men manavi sutni Ayanga eltib beray. Qorni ochib ketgandir bola paqirning. Aytishlariga qaraganda, haliyam qimirlolmay yotganmish bechora.
Men nari-beri nonushta qilib oldim-da, Ayannikiga yugurib ketdim. Ayanlarning uyida ip yigirayotgan kampir bilan onam nimanidir shivirlab gaplashishayotgan ekan. Dam-badam Ayan tarafga qarab qo‘yishadi. Ayan pechkaning yonginasida yotgan bo‘lsa ham, lekin uning eti junjikar, quroq ko‘rpaga o‘ralib yotardi. Yuzlari qamchi zarbidan momataloq bo‘lib ketibdi.
– Hech qayering og‘rimayaptimi? – so‘radim Ayanning yoniga yaqin o‘tirib.
– Hechqisi yo‘q, tuzalib ketaman,– javob qaytardi zo‘r-bazo‘r ohangda Ayan.
Biz jim bo‘lib qoldik. Nimaniyam gaplashardik deysiz?! Bir-birimizga tikilamiz, xolos. Ittifoqo, qulog‘imga onam bilan kampirning gaplari chalinib qoldi:
– Xo‘sh, oyog‘i qalay? Soldirdilaringmi? – so‘radi onam.
– Qayerda deysiz! Cholim bechora kecha kechqurundan beri zir yugurib yuribdi. Bugun sahar-mardon turib ketgan edi. Foydasi yo‘q baribir. Ovulda kim ham bor tuzatadigan?
– Singan-chiqqanlarni tuzatadigan Asilbek-chi? Aytishlariga qaraganda, uning qo‘li yengil emish-ku!
– Eh, nimasini aytasiz, u ham shaharga ketgan ekan. Hamma narsa aksiga yuradi o‘zi. Dard ustiga chipqon bo‘ldi bu tashvish. O‘ziyam tinchgina uyda o‘tirmaydi zumrasha, – Ayan tomonga bosh irg‘ab, ishora qildi kampir. – Yarim kechagacha qayerlardadir sanqib yurgani-yurgan. Hamma narsaga qiziqaveradi. Hech o‘yinga to‘ymaydi. Xavotirlanganimiz bilan ishi yo‘q. O‘zimiz zo‘rg‘a yurganimizda. Tezroq urush tugab, otasi qaytib kela qolsin-da ishqilib. O‘shanda biz ham xotirjam oyog‘imizni uzatib ketardik.
Kampirning qulog‘i og‘ir edi, shuning uchun u xuddi gapini birov eshitmayotgandek xonani boshiga ko‘tarib shang‘illab gapirardi.
– Voy-voy-ey, hech bandani dardga chalintirmasin-da, – dedi onam shu orada o‘rnidan qo‘zg‘alib,– mayli, kuyavermang, tuzalib ketar… Men bora qolay bo‘lmasa, negadir belim og‘riyapti. Aytganday, biron narsa zarur bo‘lib qolsa, bemalol, hech tortinmay boraveringlar. Qo‘limizdan kelganini ayamaymiz.
Kampir qo‘lidagi urchuqni yerga qo‘ydi-da, onamni kuzatmoqchi bo‘ldimi yo boshqa ish bilanmi, harqalay onamning ketidan chiqib ketdi. Ayan ikkalamiz xoli qoldik. Shunda xayolimga kelgan bir rejani Ayanga aytdim:
– Turjon bizdan katta. Unga kuchimiz yetmaydi. Akasining o‘rniga Qosimni boplab do‘pposlay qolamiz. O‘shanda Turjonga rosa alam qiladi, biz ko‘pchilikmiz, qaysi birimizni tutib olib urishni bilmaydi.
– Timdalog‘ichda ayb yo‘q, nomardlik bo‘ladi unda,– dedi Ayan hamon devor tomonga o‘girilib yotgan ko‘yi.
– Qo‘yaver, baribir Turjonning ukasi-da timdalog‘ich, – dedim o‘zimnikini ma’qulllab. Ichimda bo‘lsa Ayandek aqlli bola ham oddiy narsani tushunmayotganidan hayron bo‘lardim. Asli, Turjonning ham aybi yo‘q, – negadir tantilik qildi Ayan.
– Unda kim aybdor? – so‘radim hang-mang bo‘lib.
– Urush aybdor, bildingmi? Hammasiga urush aybdor!
– Hecham-da! Turjon urushdan oldin ham janjalkash edi, deyishadi-ku kattalar! Ishonmasang, xohlagan odamingdan so‘rab ko‘r.
– Endi sira-sira tamaki chekmayman, hammasiga shu tamaki…
Shundan so‘ng Ayan men tomonga o‘girildi-da:
– Iltimos, anavi paltoni olib ber… Yo‘q, yo‘q, uni emas, yonidagi qorasini,– dedi uyning to‘rida osig‘liq turgan eski paltoni ko‘rsatib.
Darhol mayib oshnamning iltimosini bajardim. Ayan qo‘limdan paltoni avaylabgina olib, yuzini uning dag‘al tuklariga surtgandi, burun kataklari kengayib ketdi.
– Yovshan isi kelyapti, bu dadamning paltosi, qaniydi, hozir dadam kelib qolsalar. Rahmat, endi joyiga ilib qo‘y paltoni. Buvim ko‘rib qolsalar, xafa bo‘ladilar. Hech kimga bermay saqlayaptilar dadamning paltosini.
Shundan so‘ng Ayan chalqancha yotib, bo‘ynining ko‘kargan joyini silab qo‘ydi.
– Ko‘nglim sezib turibdi, yaqin kunlarda dadam kelib qoladilar…
Oradan o‘n kuncha o‘tgach, Ayan o‘rnidan turib, asta yura boshladi. U ilk bor ko‘chaga chiqqanida, oyog‘i umrbod mayib bo‘lib qolganini tushundik.
Ayan ilgarigidek tog‘ etagidagi o‘zi yoqtirgan sayhonlikka kelardi-da, chana uchayotgan bolalarni tomosha qilib turardi. U bizning har bir harakatimizni havas bilan kuzatardi. Mabodo biron qiziq voqea ro‘y berib qolgudek bo‘lsa, ich-ichidan xandon otib kulardi. Shunday paytlarda u o‘zini hamma bolalar qatori to‘rt muchasi sog‘dek sezardi. Lekin endi Ayan umuman chana uchmay qo‘ygan, ucholmasdi ham…
IV
Goho kechki paytlari Ayanlarnikiga borardim. Kun bo‘yi yugura-yugura charchaganim uchun oyoqlarimni zo‘rg‘a ko‘tarib bosardim. Ostona hatlab kirganimda, Ayan pechkaga siqim-siqim somon tashlab o‘tirgan bo‘lardi. Urush yillari o‘tin taqchil bo‘lgani uchun noiloj somon yoqishga to‘g‘ri kelardi. Ba’zan somon orasidan bo‘liq boshoqlar ham chiqib qolardi. Yengil yonayotgan somon orasidagi boshoq charsillagani hamono qo‘rni titkilab, qovurilgan boshoqni topardik-da, huzur qilib yerdik. Qo‘rda qovurilgan bug‘doydan ishtahali taom bo‘lmasa kerak dunyoda! Ayrim kunlari men Ayanning qovurmoch yeb o‘tirgani ustidan chiqib qolardim.
Mabodo, kechki taom payti borib qolsam, Ayan meni amal-taqal tayyorlangan ovqatga taklif etishdan uyalgani uchun pechka yonidagi kigiz ustiga chaqirardi-da, yer ostidan chol-kampirlarga qarab qo‘yardi. Chol-kampirlar bug‘doy bilan jo‘xori tolqonini ozginagina yoqqa qorib yeyishardi, xolos. Ularning bor yemishlari shu edi. Ayan bo‘lsa qovurilgan bug‘doy bilan cheklanardi.
– Sen hali yoshsan, bizga o‘xshab qari emassan. Tishlaring baquvvat,– yupatguchi edi kampir Ayanni.
Ayan tasdiq ma’nosida bosh irg‘ardi-da, choydan bir-ikki ho‘plagach, piyolasini to‘nkarib qo‘yardi-yu, menga yaqinlashib so‘rardi:
– Yangi ertak eshitishni xohlaysanmi? Bugun to‘qidim. Boshlayveraymi?
– So‘rab o‘tiribsan-a! Bo‘l, boshla tezroq.
– Unda eshit… Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, bir bola yashagan ekan. U yolg‘iz ekan…
Ayan shunday deya ertak boshlagan damlar men uchun eng ajoyib damlar bo‘lardi. Shunisi yaxshiki, bizga chol ham, kampir ham xalaqit berishmas, ular tolqon yeyish, ustidan bosib-bosib choy ichish bilan ovora bo‘lardilar. Choydan so‘ng chol o‘rniga o‘tib yonboshlardi-da, cho‘ziq kekirib qo‘ygach, yostiqni u qo‘ltig‘idan-bu qo‘ltig‘iga olgan ko‘yi biz bilan hazillashib ham qo‘yardi:
– Namuncha shivir-shivir qilmasalaring? Obbo fitnachilar-ey! Hoynahoy, biron qizni o‘g‘irlashni maslahatini qilayotgan bo‘lsanglar kerak, a? To‘g‘ri topdimmi?
Yotishdan avval kampir xira chiroqni yanayam pasaytirayotib:
– Sen bekorchilarga bu ahvolda lampamoy ham yetkazib bo‘lmaydi. Hech gaplaring adoq bo‘lmadi-bo‘lmadi-da.
Nihoyat, buva bilan buvi uyquga ketishardi, men bo‘lsam, ularning xurraklari jo‘rligida miriqib ertak eshitardim.
Qaysidir kuni kechasi bilan juda ko‘p qor yog‘ib chikdi. O‘sha kuni bolalardan biri qorbo‘ron o‘ynashni taklif qilib qoldi. Biz ikki guruhga bo‘lindik. Bir chekkada turgan Ayan ham o‘zini tiyolmay, “meni ham o‘yinga qo‘shinglar”, deya iltimos qilib qoldi.
– Oqsoq oyog‘ing bilan xalaqit berasan-ku? Yugurolmasang. Tushun axir o‘zing, – deyishdi bir xil bolalar.
Ayanning ko‘zlarida yosh g‘iltilladi. U shartta orqasiga o‘girildi-yu, boshini solintirgan ko‘yi oqsoqlana-oqsokdana bolalardan uzoqlasha boshladi. Ayanga rahmim kelib, yuragim tuzdek achishib ketdi. Shu zahoti uning ketidan yugurdim.
– Ayan, qayerga ketyapsan?
– Ko‘rmaysanmi…– dedi Ayan o‘kirib yuborishdan o‘zini zo‘rg‘a tiyib.
Ancha joygacha yonma-yon, jimgina bordik. Shu alfozda Asilbek tabibning uyiga yetganimizni ham sezmabmiz. Eshik oldida Ayan chuqur xo‘rsinib, ichkariga yo‘naldi. Do‘stimni yolg‘izlatmaslik uchun men ham Ayanga ergashdim.
Asilbek otxona tozalayotgan ekan. U bizni ko‘rgan zahoti ishini to‘xtatdi-da, belkurakka suyanib, nariroqdanoq so‘radi:
– Xo‘sh, xizmat, bolalar?
– Buvajon, jon buvajon, nima qilib bo‘lsayam oyog‘imni tuzating. Men ham bolalar bilan yugurib yurgim kelyapti,– iltijo qildi Ayan.
Tabib belkurakni devorga suyab qo‘ygach, oldimizga kelib, Ayanning oyog‘iga tikilib razm soldi.
– Bapay aytuvdi… O‘zing unamabsan-ku. Endi vaqt o‘tgan, bo‘tam, oyog‘ingni to‘g‘rilab bo‘lmaydi,– dedi Asilbek ota “ilojim yo‘q” degan ma’noda.
– Bir ilojini qiling, buvajon. Judayam yugurgim kelyapti,– yolborishga o‘tdi Ayan.
– E, bolam-a, oson emas-da oyog‘ingni tuzatish. Yomon azob chekasan, og‘riq qattiq bo‘ladi. Senikidaqa oyoqni hech qachon davolamaganman buning ustiga, – dedi uzrli ohangda Asilbek tabib.
– Yo‘q, demang, jon buva, bir urinib ko‘ring,– yig‘lamsiradi Ayan.
Asilbek buvaning Ayanga qattiq rahmi keldi shekilli, noiloj ko‘nganday bo‘ldi:
– Qaydam-ov, mayli, qani, bir harakat qilib ko‘ray-chi. Hoy, kampir, manavi yigitchalarga biror yegulik keltir.
Yon xonadan ayol kishining: “Xo‘p bo‘ladi, hozir”, degan ovozi eshitildi.
Biz qisilib-qimtinib, xonaning bir burchagiga cho‘kdik. Kirib kelgan kampir yelib-yugurib oldimizga bo‘g‘irsoq bilan ayron keltirib qo‘ydi. Men ikki kishining hissasini tamaddi qilishimga to‘g‘ri keldi. Chunki hozir Ayanning tomog‘idan hech narsa o‘tmasdi. Bu orada tashqariga chiqib ketgan tabib ham qaytib keldi.
– Xo‘sh, azamatlar, qorinni to‘yg‘azib oldinglarmi? – so‘radi u ostonadanoq ochiq chehra bilan.
Ayan bosh silkib qo‘ydi.
– Barakalla, azamatlar. Sen, buvisi, toza adyol solib yubor. Manavi yerga. Sen lochin, qani, oyog‘ingni uzatib yot-chi! Dadil bo‘l! O‘zing iltimos qilib kelding, chidaysan buyog‘iga. O‘g‘il bolasan-ku!
Shundan so‘ng tabib qandaydir malham bilan Ayanning oyog‘ini uzoq siladi. Men Ayanning a’zoyi badani tarang tortilayotganini his qilib turardim. Bolakayning xavotirlanayotganini sezgan tabib chalg‘itish maqsadida bo‘lsa kerak, qo‘li ishda-yu, o‘zi allaqanday qiziq voqealarni gapirardi. Oradan yarim soatlarcha vaqt o‘tgach, Asilbek buva qo‘lini keskin bir siltalagandi, ko‘zlari ola-kula bo‘lib ketgan Ayan xonani to‘ldirib: “Voy, o‘ldim!” deya baqirib yubordi.
– Mana, bo‘ldi, azamat, bo‘ldi, – dedi yupatgan ohangda tabib.
So‘ng kampir oppoq latta olib keldi, chol Ayanning tovonini qattiq tang‘ib qo‘ydi-da, og‘ir jismoniy mehnatdan qutulgan qiyofada bo‘shashib, o‘tirgan joyida devorga suyandi.
– Ana, tamom. Endi senga hamma bolalarning havasi keladi, – deb qo‘ydi, – besh-o‘n kundan keyin toychokday irg‘ishlab yuraverasan, bo‘tam. Lekigin huda-behuda baland-pastga sakrayverma.
Sepini yoyib bahor keldi. Ovulda ishchi kuchi yetishmas edi. Biz bolalar kattalar qatori dalaga chiqib ishlay boshladik. Avvaliga vazifamiz qiyin emasdek tuyuldi: omochga qo‘shilgan ho‘kiz ustiga minib olib, uni tayoqcha bilan xalalardik. Orqada esa ayollar omoch boshqarishar, chunki erkaklarning hammasi frontga ketishgan bo‘lib, erkaklar ishi ham ayollar zimmasiga yuklangan edi.
Er haydash erta tongdanoq boshlanardi. Ho‘kizlar imirsilab omoch tortar, ag‘darilgan tuproq qop-qorayib, ortda qolib ketardi.
Ko‘pincha omoch tishi biror chuqurlikka tushib qolar, shunda ho‘kiz yukini tortishga qiynalardi. Ho‘kizlar qishda ham boquvda bo‘lmay, tinimsiz ishlar, bahorga kelib butkul holdan toygani uchun shudgorda bazo‘r odimlardi.
– Qani, chuh, chuh, jonivor! – derdi har bir bola o‘zi mingan ho‘kizini cho‘p bilan niqtalab.
Orqadagi omoch dastasini tutgan ayol nuqul: “Ha, bo‘l, imillama, bo‘la qolsang-chi”, – deya qistalangga olgani-olgan edi. Kechga tomon “chuh-chuh”layverib, ovozlarimiz bo‘g‘ilib qolar, cho‘pdek ozg‘in ho‘kizning suyagi botgan quymuchimiz jazillab og‘rir, cho‘p niqtalayvergan kaftimiz bez-bez qilardi. “Chuh-chuh”lab, cho‘p niqtalashimizga qaramay ho‘kizning tixirlik qilaverishini ko‘rib, alam-xo‘rlikdan yig‘lagan paytlarimiz ham ko‘p bo‘lardi.
Omoch boshqarayotgan ayolning ho‘kiz ustidagi bolaga rahmi kelib, tez-tez uni yupatib qo‘yar, “ehtiyot bo‘l, yiqilib tushma tag‘in, bolam”, deya dalda ham berardi. Shunisi taajjublanarliki, ayol boyaqishlar majolsiz zo‘rg‘a odimlayotgan, ko‘zlari kirtayib, qo‘l-oyoqlari qaltirayotgan bo‘lsa-da, tuyqus ulardan birortasi qo‘shiq boshlab qolar, shunda shudgordagi boshqa ayollar ham unga jo‘r bo‘lishardi.
Voh, bunchalar baland Ko‘kcha tog‘
Olisdagi jigarlardan
Bir xabar olib bo‘lmas.
G‘amgin, sog‘inch to‘la qo‘shiqdan murg‘ak dilimiz o‘rtanib, zor-zor yig‘lagimiz kelsa-da, o‘g‘il bolalik nafsoniyatimiz ko‘z yoshi to‘kishga yo‘l qo‘ymasdi.
Piligi pasaytirilgan lampamoy chiroq xira miltillar, hatto oldimizdagi ovqatni ham sira ko‘ra olmasdik, faqat ta’mi orqaligina atala tamaddi qilayotganimizni sezardik. Kechki ovqatdan keyin kiyim-boshimizni ham yechmay poxol ustiga cho‘zilardik-da, dong qotib uxlab qolardik. Tong juda tez yorishganga o‘xshab tuyulardi. Ko‘z ochar-ochmasimizdan brigadirimiz Turjon yerto‘laga kirib kelardi-da:
– Hoy, ishyoqmaslar, qani, bir o‘rninglardan turib yuboringlar-chi! – derdi do‘q-po‘pisa aralash.
Uning ovozi bo‘g‘ilib qolgan, keyingi kunlarda avvalgiga qaraganda ham ko‘proq baqirib-chaqiradigan bo‘lib qolgandi. Mana, hozir ham u deyarli har birimizning yelkamizdan turtib uyg‘otarkan, qo‘yarda-qo‘ymay tashqariga unday boshladi. Har kungi ahvol shu. Yana ho‘kizlarni “chuh-chuh”laymiz, yana cho‘p niqtaymiz.
Tushga yaqin holdan toyib, mudroq bosadi, ko‘zimiz ilinib qolgani uchun goho haydalgan tuproq ustiga qulaganimizni ham sezmay qolamiz. Ho‘kiz shartta yurishdan to‘xtaydi. Omoch boshqarayotgan ayol buni ko‘rib, qulagan bola ustiga keladi-da, urushni la’natlay-la’natlay, yordamchisini silab-siypalab, ho‘kiz ustiga mindirib qo‘yadi.
Ayan ham qaysidir kuni ko‘zi ilingan bo‘lsa kerak, ho‘kiz ustidan qulab tushdi. U qaltis qulaganmi, qattiq “dod” dedi-yu, yotgan yerida qimirlolmay qoldi. Kattalardan kimdir Ayanning oyog‘idan oq bog‘lamni yechib ko‘rmoqchi bo‘lgandi, u bay-baylab qo‘l tekkizmaslikni iltimos qildi.
Ayanni ko‘tarib, brigada kapasiga olib bordilar-da, oshpaz ayolga arava kelguncha bolakaydan ko‘z-quloq bo‘lib turishni tayinladilar.
Oradan ancha vaqt o‘tgach, oshpaz ayol hovliqqancha shudgorga yugurib keldi. Uning labi-labiga tegmasdi:
– O‘rtog‘ing g‘alati ekan-ku! Nima qilganini bilasanmi? O‘zini osib qo‘yishiga ozgina qoldi-ya! Ha, ha, o‘lay agar. Bir payt kapaga bosh suqib qarasam… Naq o‘takam yorilayozdi! “Hoy, bola, bu nima qiliq, joningdan to‘ydingmi?” desam, darhol yerga cho‘zildi-yu, o‘zini uxlaganga solib oldi. Yo tavba! Darrov bu yoqqa yugurdim. O‘zing gaplashib qo‘ymasang bo‘lmaydi, o‘rtog‘ing shekilli u?
Ho‘kizdan shartta tushib, kapaga qarab yugurdim, orqamdan hars-hurs qilib kelayotgan oshpaz ayol haliyam tinmay javrardi:
– Unga aytib qo‘y, hozir hammaga og‘ir, kim tarallabedod qilib yuribdi? Oting o‘chgur urush aybdor hammasiga! Ayt, yosh joniga jabr qilmasin, gunoh bo‘ladi-ya axir…
Etib borsam, Ayan ko‘zlarini yumib chalqancha yotibdi.
– Ayan! Ayan! – shivirladim men uning bosh tomoniga o‘tirib.
Ayan ko‘zini ochib, yuzimga qaradi-da:
– Bilasanmi, o‘zimni o‘ldirmoqchi bo‘ldim. Keyin nega bunday qilyapman, deb o‘ylab qoldim. Dadamni esladimu es-hushimni yig‘ib oldim, – dedi.
Ayan shunday degach, burnini yoqasining uchiga tekkizib, jilmaygan ko‘yi gapini davom ettirdi:
– Hammayoqdan yovshan isi kelyapti, judayam mazza. Dadam kelib, albatta oyog‘imni tuzattiradilar. Shaharda oq xalat kiygan doktorlar bor. Dadam meni doktorlarga ko‘rsatib: “O‘g‘limning oyog‘ini tuzatinglar!” deb iltimos qiladilar. Doktorlar oyog‘imni davolashadi, o‘shanda hech narsa ko‘rmaganday bo‘lib ketaman. Keyin dadam meni maktabga olib boradilar.
Ayan hozir hatto ertaklaridan ham ta’sirliroq so‘zlayotgani uchun uning gapini jon qulog‘im bilan tinglab, o‘rtog‘imga nisbatan yanayam hurmatim ortib borardi.
– Mana, ko‘rasan, yaqinda urush tugab, otam albatta qaytib keladilar. Fashistlarni yengib, yonimga qaytib keladilar,– dedi Ayan gapining oxirida ishonch bilan. Men o‘rtog‘imning orzusi ushalishiga, dadasi frontdan soppa-sog‘ qaytib kelishiga chin yurakdan ishonardim.
Kechga tomon ekish uchun urug‘ keltirilgan aravada Ayanni olib ketishdi.
Ha, bizning bolaligimiz juda og‘ir, qiyinchilikda kechgan. Urush tugab, azob-uqubatlar o‘tmishga aylangan, jarohatlar asta-sekin bitgan bo‘lsa-da, lekin o‘sha kulfat izlari ahyon-ahyon o‘z kuchini ko‘rsatib turadi. Ovulimizda g‘addor urush yillari judolik jabrini chekmagan, och-yalang‘ochlik azobini ko‘rmagan biror xonadon topilmasdi, desam yanglishmasam kerak.
Nihoyat, intiq kutilgan G‘alaba kuni keldi. Urushda boshi omon qolganlar birin-sirin uylariga qayta boshladilar. Ularning aksari mayib, to‘rt muchasi sog‘i sanoqli edi. Shunga qaramay, kimki eshikdan kirib kelsa, o‘sha kuni ovulda bayram bo‘lib ketardi. Sababi, o‘zi emas, qoraxat kelganlar ko‘p edi.
Yozning jazirama kunlaridan birida Ayanning otasidan qoraxat kelgani hali-hali yodimda. Urush oxirlab qoldi, hali zamon frontdagilar qaytib kelishadi, derdi kattalar. Banogoh Ayanning otasi…
Ayan chang-tuproq ko‘chada oqsoqlana-oqsoqlana ortimizdan yugurib kelardi. U ozg‘in bo‘lgani uchun nuqul tushib ketayotgan shimini bir qo‘li bilan ushlab olgancha, yalinib-yolvorardi:
– Hoy, bolalar, to‘xtab turinglar! Yangi ertagim bor! Eshitsanglar, judayam mazza qilasizlar! Qayoqqa ketyapsizlar, bolalar?
O‘yin qizig‘ida kim ham uning gapiga quloq solardi deysiz! Ortiqcha yukka kimning toqati bor?! Xullas, Ayan ancha orqamizda qolib ketgan, bizni to‘xtatib, yetib olishga harakat qilardi. Ittifoqo, qaysidir eshikdan pochtachi chiqib qolib, Ayanning qo‘liga xat tutqazdi-yu, nimadir degach, qo‘li bilan Ayanning kiftiga qoqib qo‘ydi-da, boshini quyi egiltirgan ko‘yi nari yurib ketdi. Biz pochtachi qanday xat berib ketganini bilmoq niyatida “gurra” izimizga qaytdik. Ayanga yaqinlasharkanmiz, u xatni yana bir ko‘zdan kechirgandan so‘ng cho‘ntagiga solib qo‘yganini ko‘rdik. O‘rtog‘imiz turgan joyida tek qotgan, rangi oppoq oqarib ketgandi. Shundan so‘nggina ko‘nglimiz nima gapligini seza boshladi. Ayan xiyol jim turgach:
– Xayr, bolalar, men ketdim,– dedi-da, oqsoqlana-oqsoqlana otxona tomonga yurib ketdi.
– Negadir uyga borgim kelmayapti,– deya men Ayanning ortidan ergashdim. Ayan bo‘lsa, go‘yo yon-atrofida nima bo‘layotganini ham unutib qo‘yganga o‘xshardi. Oxiri u otxonaga kirib ketdi. Otxona dim, go‘ng hidi dimoqni yorib yuboray derdi. Katta-katta xira pashshalar dam sayin yuzga uriladi. Shiftdan chumchuq bolasining chirqillagan ovozi eshitildi. Yorug‘likdan kirganim uchun ko‘zim qorong‘ilikka o‘rganishini ozroq kutgach, paypaslana-paypaslana ichkariroqqa kira boshladim. Ayan burchakdagi xashak ustida yuzini kaftlari bilan to‘sib o‘tirardi. Anchadan keyin u kaftlari orqasi bilan ko‘z yoshlarini artib tashqariga yo‘naldi. Men ham orqasidan yetib chiqqandim, Ayan sir boy bermaslik uchunmi:
– Havo juda issiqmi, a? – deb qo‘ydi…
Oradan bir hafta o‘tdi. Echkilarimizni yaylovga o‘tlatgani eltib, qaytayotganimda Bapay buvaning eshigi oldida to‘planishib turgan bolalar bilan katta tugunga ko‘zim tushdi. Bolalar bir-birlariga nimadir deyishardi. Ularga yaqinlashgandim:
– Ayan bolalar uyiga ketyapti,– deb qoldi chetda turgan Yesiqboy.
– Nima? Qayoqqa ketyapti? – so‘radim avvaliga hech nimaga tushunmay.
– Hozir uni stantsiyagacha kuzatib qo‘yishar emish, u yerdan poyezdda olib ketisharkan.
Shu payt ichkaridan Ayan chiqib keldi. Yonida Bapay buva bilan kampiri ham bor edi. Bapay buva aravakash yigitga Ayanni to‘g‘ri stantsiyaga olib borib ko‘yishini qayta-qayta tayinlay boshladi. Kampir bo‘lsa, yig‘lamsirab Ayanni kuchoqladi.
– Baxtli bo‘l, bolaginam. Otangga o‘xshab yaxshi odam bo‘lib yetish. Eson-omon bo‘lsak diydor ko‘risharmiz hali.
– Yetib borgan zahoting xat yoz. Savoding bor-ku, – dedi Bapay buva. – Attang, hozir xaridor yo‘q-da, bo‘lmasa, sigirni sotib pulini berib yuborardim. Mayli, borgan joyingni xabar qilsang, keyinroq jo‘natarman.
– Ie, nega sotarkanmiz sigirni? – ranjidi kampir, – Ayan o‘sib-ulgayg‘ach, sigiri bir kuniga yarar. Bolam, buvangning gapini qo‘yaver. Sotmaymiz. Sigiring qaytib kelguningcha o‘zidan ko‘payib turadi.
– Keragi yo‘q hech qanaqa sigir-pigirni! – dedi o‘ksigan ovozda Ayan o‘pkasi to‘lib, so‘ngra biz bilan bir-bir xayrlasharkan, aravaga chiqib oldi. Aravakash:
– Qani, chuh, jonivor! – deya otga qamchi bosdi.
Esiqboy aravaga osilib, ko‘cha oxirigacha Ayanni kuzatib qo‘ygan bo‘ldi. Biz uzoq vaqt aravadan ko‘zimizni uzmasdan turdik. Chang ko‘tarib ketayotgan aravada o‘tirgan Ayan uzoqdan bizga so‘nggi marta qo‘l silkitib qo‘ydi.
– Negadir boshim og‘riyapti, – dedi Sodiq qovog‘ini uyub uyi tomon ketarkan.
– Men bugun o‘ynamayman! – qichqirdi bolalardan yana kimdir.
Shunday qilib, o‘sha kuni kech kirmayoq bolalar uy-uylariga tarqab ketishdi.
Biz ancha kungacha Ayanni, uning ertaklarini eslab yurdik. Ba’zan qish oqshomlari to‘planardik-da, Ayan bir paytlar bizga aytib bergan ertaklarni xotirlashga urinardik.
Yaqinda men bolalik chog‘imni eslab, ovulimizga bordim. Banogoh Echkio‘lmas tog‘i ortida yetim bola kurashgan tog‘u toshlarni larzaga solib xurrak otayotgan bir ko‘zli maxluq hamon uxlab yotgandek tuyuldi. Hozir Ayan qayerda ekan? Hayotmikin u, ehtimol, olimmi yoki biror rahbar bo‘lib ketgandir?
Shamol esib, Yovshantepadan yoqimli, tanish hid taraldi. Xayolga toldim: Ayan tirik bo‘lsa, albatta ovulimizga keladi. Chunki xushbo‘y yovshan isini bir marta tuygan odam bu yerlarga kelmay qo‘ymaydi.
Rus tilidan Nazira Jo‘rayeva tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 5-son