Chol o‘lgan edi. Chunki ancha vaqtlardan buyon cholning katta ko‘zoynagi tokchada turar, uning o‘ng ko‘ziga tushgan darz kundan kunga kattalashib borardi. Kampir – Hamdam uchun bu hodisaning yuz berishiga ishonish unchalik ham qiyin emas edi. Chunki aks holda devorga chirmalib o‘sadigan siren guli qurimagan, bog‘chadagi payvand qilingan nok daraxtining tanasiga shira tushmagan, yerto‘laning yomg‘ir ivitib yuborgan zinalari qulab tushmagan bo‘lardi.
Shu sababli ham Hamdam soatlab undan yodgor qolgan poyalari kalta charm qoplangan divanda o‘tirar va uning yodi bilan to‘lgan barcha kunlarni eslardi. Chol hamisha mana shu yerda o‘tirardi. Xuddi mana shu yerda. Ustiga quroq matodan jild tikilgan va mana shu divanning ustiga solingan to‘rtburchak shaklidagi ko‘rpachada o‘tirganicha, Hamdamga e’tibor ham bermasdan va uning ovozlarini eshitmasdan ham ikki to‘lqinli kichkina yashil radiosiga quloq berib o‘tirardi.
Chol vafot qilganidan keyin kunning aksar vaqtida ana shu divanning ustida o‘tiradigan, sarg‘aygan oriq barmoqlari bilan ko‘rpachaning qurama jildini silaydigan ham Hamdamning o‘zi edi. Ammo endi uning o‘rnidan turib borib tokchadan ko‘zoynakni olishga, so‘ngra eski gazetalarni yoyib, undan allaqachon tugab ketgan urush xabarlarini o‘qishga yoki ikki to‘lqinli radioning yashil chirog‘ini yoqib, chol uni eshitishni yoqtiradigan kuyni eshitishga hafsalasi yo‘q edi. Faqatgina ayrim paytlari hassasining uchi bilan divan ostidagi bo‘g‘chani tortib chiqarib, undagi latta-puttalardan quroq tikishni yoqtirardi. Ammo u qo‘liga igna olib quroq tikishni boshlashi bilan chol qarshisida paydo bo‘lar, quyosh bilan Hamdamning o‘rtasida turvolib unga tushayotgan nurlarning yo‘lini to‘sardi. Axiyri Hamdam e’tiroz bildirishga majbur bo‘lardi:
– Chetga tur. Ishimni qilishimga xalaqit berma.
Ammo chol qaysarlik qilar, uning boshida turvolib:
– Mening dorilarim qani? Ovqatim qani? Tarvuz suvidan tayyorlangan sharbatim qani?! – deyaverardi.
Hamdam oh chekar, qo‘lidagi ignasini latta-luttalarning bir chekkasiga sanchardi-da, uyning bir burchagiga otib yuborardi. So‘ngra yog‘och hassaning ajdaho shaklida yasalgan dastasini mahkam ushlaganicha qiyinchilik bilan o‘rnidan turar, ammo to qarshisiga qarayman degunicha chol birdaniga yuqorilab ketar va shiftning bir burchagiga qo‘nganicha o‘rgimchakka o‘xshab to‘r to‘qiy boshlardi.
Shu choq qo‘shni ayolning gaplari Hamdamning miyasida charx urardi:
– Ko‘zingga har xil narsalar ko‘rinadigan bo‘lib qolibdi, kampir. Ikki-uch kun kuyovingning uyiga, nevaralaringning oldiga borib turgin. Ham bir havo almashtirasan, ham har xil xayollar miyangdan chiqib ketadi.
Hamdam yana divan tomonga qaytib borardi. O‘sha ko‘rpachaning ustida o‘tirar va soatlab to‘g‘riga qarab termulardi. Faqat biror luqma ovqat yeb olish va dorilarini ichish uchungina o‘rnidan turar, so‘ngra yana divanning ustida o‘tirib olardi. Bu safar g‘ujanak bo‘lib olganicha ertalabgacha uxlardi.
Ko‘zini ochishi bilan yana chol shiftdan pastga tushib kelar, ingichka va uzun qaddini tik qilganicha uning qarshisida turvolardi:
– Hamdam, senga shakar solingan piyolani xonaning o‘rtasidan olib qo‘y, deb ayt-maganmidim? Oyog‘im bilan turtib yuborib, hamma joyga shakar to‘kilib ketishini xohlaysanmi?
Hamdam hali yuz-qo‘lini yuvmasdan turib hassaning uchi bilan shakar solingan piyolani o‘ziga qarab surar va uni divanning ostiga yashirardi. So‘ngra o‘rnidan turib igna bilan to‘qilgan gilamning ustidan yurib tahorat olardi.
Yuz-qo‘lidan suv tomchilari tomib turgancha qaytib kelib, divanning ustiga o‘tirar va kichkina stolchani oldiga tortardi. So‘ngra joynamozini solib, o‘tirgan holda namozini o‘qirdi. Ammo hali salom berib namozini tugatmasidan uning to‘q-to‘qi eshitilardi:
– Kampir, bog‘qaychim qayerda? Uni bu yerdan olib qo‘yma deb aytmaganmidim? Nuqul axtargan narsamni joyidan topolmayman…
U zo‘rg‘a namozini tugatar, so‘ngra o‘rnidan turib igna urgandek sanchiyotgan oyoqlari bilan yurib borib ko‘rpalar taxmoni ostidan bog‘qaychini olar va uni tokchaga qo‘yib qo‘yardi.
– Oxirgi marta o‘zing shu yerdan o‘tganding. Nega xayolingni joyiga qo‘yib yurmaysan, chol? Nimaga hamma narsani mendan so‘raysan?
Ammo choldan javob bo‘lmasdi. Xuddi “bir bor ekan, bir yo‘q ekan, xudodan boshqa hech kim yo‘q ekan”, deganlaridek. Hamdam yig‘lab yuborardi. Shu paytda qo‘shni ayol kelib qolar, eshikning og‘zida turib olganicha derdi:
– Ko‘zingga har xil narsalar ko‘rinadigan bo‘lib qolibdi, kampir. Yolg‘izlik sening esingni og‘dirib qo‘yibdi… Qizing, qizing, qizing, qizing…
Chol o‘lgan edi. Buni bir qancha vaqtlardan beri tokchada yotgan o‘ng ko‘zi siniq ko‘zoynak, zanglagan bog‘qaychi, qurigan siren guli, shira tushgan nok daraxti… aytib turardi. Hamdam ba’zida to‘g‘ri to‘rtburchak shakliga ega bo‘lgan va yam-yashil bo‘lib turgan maysazor tomonga qarab ochiladigan derazaning yoniga borardi. Ammo chol o‘lganidan keyin xuddi uning hamma joyiga kul sepilgandek ko‘rinardi.
Maydonchada to‘p ketidan yugurayotgan bolalar ham uning yoshligini eslatishardi. Bu manzara go‘yoki Hamdam uchun bir ko‘zguday bo‘lib, unga bundan o‘ttiz to‘rt yillar oldingi vaqtni ko‘rsatayotgandek edi. Ammo qachonki Hamdam uni tomosha qilishdan charchasa, ular ham birin-ketin uchayotgan to‘plari bilan birgalikda osmonga parvoz qilishar va kunbotar tomonga qaragan darvoza tomon uchib ketishardi. Hamdam ularni to ko‘rinmay ketgunlaricha kuzatib qolardi. Shundan so‘ng yana asta-sekin yurib cholning o‘tirgan o‘rni haliyam issiqqina bo‘lib turgan divanga borib o‘tirishga majbur bo‘lardi. Shundan so‘ng yana soatlab o‘tirar va uydagi hamma narsaning va millari chol o‘lgan vaqtga kelib to‘xtab qolgan devor soatining ustiga qo‘ngan g‘uborga tikilib qolardi. So‘ngra daraxtlarning soyasidan kun botishiga qancha vaqt qolganligini bilardi. Faqatgina tong chog‘ida qo‘shni ayolning kelishidan ertalabki soat yetti bo‘lganligini anglardi. Ayol oriq va beso‘naqay bo‘lib, sochlari siyrak va ko‘zlari g‘ilay edi. Kelardi-da eshikning ostonasida turib olardi. U hech qachon ichkariga kirishga va eshikning oldida turgan polyakcha stulga o‘tirishga hafsala qilmasdi.
Ammo ko‘zlari bilan uyning barcha burchaklarini kezib chiqar va og‘zidan suvi oqib derdi:
– Ko‘zingga har xil narsalar ko‘rinadigan bo‘lib qolibdi. Nega aytmaysan, qizing, qizing, qizing, qizing…
Yo‘q, u ko‘rmasdi. Yuqorida, shiftga yopishib olgan cholni ko‘rmasdi. Bir shisha sutni uning qo‘liga berardi-da, ko‘zlari bilan uyning ichini aylanib chiqardi. Hamdam sabri – sariq sabri bir gul kabi ochilib ketmasidan oldin uning tezroq ketishini istardi. So‘ngra qizim kelib qolar, degan umidda hamma joyni saranjom-sarishta qilib qo‘yardi.
Chol o‘lganidan beri qizining ham qadami bu yerlardan uzilgan edi. Doim: “Ishim ko‘p, – derdi. – Bolalarim, erim…”
Hamdam yolg‘izlikka chidardi. Bir necha soatlab, bir necha kunlab… Ana shu yolg‘iz kunlarida va yolg‘iz soatlarida qizi to‘g‘risida ham o‘ylardi. U bir zamonlar jajji qizaloq edi. Jingalak qop-qora sochlari peshonasiga tushib turar, ko‘zlari ham tasbeh donalariday qop-qora edi. Dadasining tizzasida o‘tirib o‘ynar, unga qo‘shiq aytib berardi:
“Hilu gavhar, halvoyitar, qursi qamar…”
Ammo endi… undan buyon qancha yillar o‘tib ketdi. Yuzlariga, ko‘zlarining ostiga va peshonalariga tushgan ajinlarning sonicha, oqarib qolgan sochlarining sanog‘icha…
Hamdam bugun ham har kungidek yolg‘iz edi. Nega qizi kelmayaptiykin? Ayniqsa hozir, dadasining jahli chiqqan payti.
Kunbotar chog‘ida eshikning qulfi ichida bir kalit aylandi va eshik og‘zida butun bo‘y-basti bilan qizi paydo bo‘ldi. Hamdam uning kulishini kutgandi. Ammo… judayam toliqqan ko‘rinardi. Bolalari qayerda ekan?
Qizi keldi. Onasini ko‘rgani kelgan hamma qizlar kabi. Hamdam uning ovozini ichdi va oyoqlarining izini surma kabi ko‘zlariga surtdi. Biroq uning yuzidagi tundlikni ko‘rib titroq tutdi. So‘ngra o‘zi bilan botayotgan quyosh o‘rtasida turgan qizining soyasini ko‘rdi.
– Bilasanmi, oyijon, bir narsa aytgani kelgandim. Yuzim bo‘lmayapti, ammo… Bizga pul kerak bo‘lib qolgandi. Qurilish qilayotganimizni bilasan. Agar… agar mana shu yerni sotishning iloji bo‘lsa… Umuman uyning nima keragi bor senga? Yolg‘izsan, har xil xayollar seni qiynab yotadi. Agar istasang o‘zimizning yaqinimizdan birorta xona…
Hamdam qo‘lidagi ko‘hna jez uzugiga termulgancha qotib qolgandi. Uzuk titrardi. Boshini ko‘tardi. Chol o‘sha tepadan unga qarab turardi. “Yo‘q”, demoqchi bo‘ldi… Ammo ustiga baxmal tashlangan sandiq tomon borayotgan qizini ko‘rdi.
Endi u kichkina bir qizaloqqa aylanib qolgan edi. Peshonasiga tushib turgan o‘sha jingalak sochlari bilan sandiqni ushlab olganicha o‘jarlik qilardi:
– Menga berasiz, menga berasiz!
Qizi sandiqning qulfini ushlab olgandi. Hamdam derazaning yoniga borib, maysazorga tikilib o‘tirgan cholga yana bir qarab qo‘ydi. Har doim shunday bo‘lardi. Qachonki biror yordamga muhtoj bo‘lsa, yonida bo‘lmasdi. Shu yerda bo‘lib turgan bo‘lsa ham ketvorardi. Endi nima qilishi kerak?
– Menga berasiz, menga berasiz!
Hamdam qo‘lini cho‘zib, hassasidagi ajdahoning kallasiga yopishdi. Mashaqqat bilan o‘rnidan turdi va igna bilan to‘qilgan gilamning ustidan o‘tdi. Qo‘lini bo‘g‘ziga olib bordi. Ipga osilgan kichik oltinrang kalitchani chiqardi. Qiynalib engashdi-da haliyam qizining qo‘lida bo‘lgan qulfni ochdi.
Sandiqning eshigi ochildi. Tikilmagan bir necha qatlam matoning ustiga xalati va yana bir qalin mato yopilgan, ularning orasiga sedar, kofur, anor daraxti shoxidan olingan kichkinagina bir cho‘p, nam tegmagan tuproq qo‘yilgan, bularning hammasining ustida esa uyning hujjati turardi. Hamdam faqatgina xalatini oldi va asta-sekin yurib haliyam cholning o‘tirgan o‘rni issiq turgan divan tomonga bordi. Qizi uyning hujjatini qo‘liga olib, varaqladi, u yoq bu yog‘iga qaradi va qo‘l sumkasiga soldi.
Endi qizi borib Hamdamga choy damlab berishi yoki latta bilan uydagi chang-larni artib chiqishi kerak edi. Ammo negadir Hamdamning ko‘zlariga qarash uchun boshini ko‘tarmasdi.
Bir necha daqiqalardan keyin qizi ketgan, sandiqning eshigi haliyam ochiq turardi. Hamdam xalatini egniga ildi, orqasi bilan divanga suyanib ko‘zlarini yumdi. Botayotgan quyosh uning peshonasiga bir parcha muhr tushirgan edi. Balkim uning vujudidagi yagona issiq nuqta ham bir necha daqiqalardan keyin butunlay o‘chadigan ana shu bir parcha qizil nur edi. Kun esa tunga ulanib borardi.
Forschadan Shokirjon Olimov tarjimasi