Eshik ostonasida ustiga “Janob va xonim Lyuislarga” deb yozilgan kubsimon karton quti turardi. Norma qutini olib eshikni ochdi va uyiga kirdi. Qorong‘u tusha boshladi. Jo‘janing ichiga qiymani solib bo‘lgach, Norma karton qutini ochishga o‘tirdi.
Qutining ichidan dastagi bor yog‘och quticha chiqdi. Dastakning usti shisha gumbaz bilan qoplangandi. Norma gumbazni tortib ko‘rdi lekin u mahkam qotirilgan ekan. Norma karton qutining ichiga qaradi va u yerda yotgan qog‘ozchani ko‘rdi.Qog‘ozchani olib qaradi. Unda “Janob Styuard siznikiga kechki soat 8:00 da boradi” deb yozilgan ekan. Norma qutichani divanning ustiga qo‘yib salat tayyorlash uchun oshxonaga qaytib bordi.
Soat sakkizda eshik qo‘ng‘irog‘i chalindi.
– O‘zim ochaman dedi Norma oshxonadan turib. Artur mexmonxonada gazeta o‘qib o‘tirardi. Ostonada past bo‘yli erkak turardi. Norma eshikni ochishi bilan u shlyapasini boshidan oldi.
– Lyuis xonim? dedi u muloyimlik bilan.
– Ha?
– Men janob Styuardman.
– Eha dedi Norma tabassum qilib. U bu kimsa birorta savdo firmasi vakili ekanini fahmladi.
– Kirsam maylimi? dedi janob Styuard.
– Kechirasiz, men biroz band edim deb Norma ortiga burildi.
– Nahotki bu narsa nima ekanligiga qiziqmayapsiz?
– Unchalik emas.
– Bu juda qimmatbaho buyum.
Norma xo‘mrayib qoldi. Janob Styuardning turqi-tarovati unga yoqmayotgandi.
– Nimani sotmoqchisiz o‘zi? deb u so‘radi nihoyat.
– Hech narsa sotmoqchi emasman dedi janob Styuard.
– Nima gap? deb ichkaridan Artur chiqib keldi. Janob Styuard unga o‘zini tanishtirdi.
– Qanday buyum sotmoqchisiz?
– Ko‘p vaqtingizni olmayman. Ichkariga kiraylik. Artur xotiniga qaradi.
– O‘zingiz hal qiling dedi Norma. U ikkilanib qoldi.
Ular mexmonxonaga kirishdi. Janob Styuard Normaning stuliga o‘tirdi. U paltosining ichki cho‘ntagiga qo‘lini tiqib kichkina konvert chiqardi.
– Bu konvertning ichiga sizga tashlab ketilgan yog‘och qutichaning gumbazini ochadigan kalit bor deb konvertni stol ustiga qo‘ydi.
– Xo‘sh, bu matohingizning nima karomati bor? deb so‘radi Artur.
– Agar qutichaning dastagini bursangiz dunyoning qaysidir burchagida siz bilmaydigan kimdir o‘ladi. Buning evaziga sizga 50.000 dollar to‘laymiz dedi janob Styuard.
– Bu hazilmi?
– Yo‘q. Bu ayni haqiqat.
– Demak bu safsatangizga ishonishimizga umid qilyapsiz.
– Qaysi firmaning vakilisiz? oraga suqildi Norma.
– Buni sizga ayta olmayman ammo sizni ishontirib aytamanki firmamiz xalqaro miqyosda faoliyat yuritadi. – Menimcha ketganingiz ma’qul deb o‘rnidan turdi Artur.
– Albatta. Janob Styuard ham ko‘tarildi.
– Kalitingiz va matohingizni ham olib keting.
– Balki o‘ylab ko‘rarsiz? Artur bosh chayqab quticha bilan kalitni olib janob Styuardning qo‘liga tutqazdi.
– Bu mening tashrif qog‘ozim deb Janob Styuard eshik oldidagi stol ustiga kichkina qog‘ozchani qo‘ydi.
U ketganidan so‘ng Artur tashrif qog‘ozini olib yirtib stol ustiga tashladi.
– Uning gaplariga ishonasizmi? deb so‘radi divanda o‘tirgan Norma.
– Bu haqida eshitishni ham istamayman dedi Artur.
– Qiziqmayapsizmi?
– Yo‘q.
Artur gazetasini qo‘liga oldi. Norma esa oshxonaga borib idishlarni yuvdi.
– Nega bu haqida gapirishni istamayapsiz? deb yana gap boshladi Norma. Artur tishlarini yuvayotgandi. U ko‘zgudagi aksiga qaradi.
– Yana boshladingmi? Bu menga yoqmayapti dedi jahli chiqib.
Ular yotoqxonaga borishdi.
– Ehtimol bu psixologik tadqiqotdir dedi Norma krovatga o‘tirib.
– Bo‘lishi mumkin deb yelka qisdi Artur.
– Balki bu birorta esi past millionerning o‘yinidir.
– Ehtimol.
– Buni bilishni istamaysizmi?
– Yo‘q. Artur bosh chayqadi.
– Nega?
– Chunki bu ahloqsizlik. Artur chiroqni o‘chirdi va –xayrli tun! dedi.
– Yaxshi yotib turing! Norma ko‘zlarini yumdi. “Ellik ming dollar” o‘yladi u.
Ertalab uyidan chiqayotib Norma stolda turgan qog‘oz bo‘laklariga ko‘zi tushdi. Darrov ularni olib hamyoniga soldi. Tushlik paytida Norma hamyonidan qog‘oz bo‘laklarini chiqarib ularni birlashtirdi. Tashrif qog‘ozida faqat janob Styuardning ismi va telefon raqami yozilgan edi.
Tushlikdan so‘ng Norma janob Styuardga qo‘ng‘iroq qildi. U biroz hayajonda edi.
– Men Norma L’yuisman dedi o‘zini qo‘lga olib.
– Eshitaman L’yuis xonim? dedi janob Styuard.
– Men qiziqayapman.
– Bu tabiiy.
– Bizga aytgan gaplaringizga ishongim kelmayapti.
– Bu mutlaqo haqiqat ishonavering.
– Kimdir o‘ladi deb nimani nazarda tutdingiz?
– Aynan kimdir o‘lishini. U istagan kishi bo‘lishi mumkin. O‘lgan odam kimligini bilmasligingizga kafolat beramiz. U odam qachon va qayerda o‘lganini ham ko‘rmaysiz.
– Buning uchun ellik ming dollar berasizlar-a?
– To‘ppa-to‘g‘ri.
– Bu telbalik.
– Hech unday emas bu kashfiyot.
– Menga o‘sha dastagingizni qaytarib yuborasizmi ?
– Albatta.
Eshik ostonasida karton quti turardi. Liftdan chiqib kelgan Norma uni ko‘rdi. U eshikni ochayotib qutiga bir qarab qo‘ydi.
– Hozir buni olib kirmayman dedi o‘ziga o‘zi.
Uyga kirdi va ovqat tayyorladi. Birozdan so‘ng ko‘cha eshikni ochib karton qutini oldi va uni oshxonaga olib kelib stol ustiga qo‘ydi. Unga biroz qarab turdi. Keyin uni omborxonaga olib kirib qo‘ydi.
Kechki ovqat payti Norma va Artur jimgina ovqatlanishayotgandi. Norma birdan sanchqini yerga tushirib yubordi.
– Tinchlikmi? dedi Artur.
– Bu taklifni qabul qilsakmikan? dedi Norma.
– Nima qilmoqchisan? Styuarddan dastakni qaytarib olib uni surmoqchimisan? Kimningdir hayotiga zomin bo‘lmoqchisanmi? dedi Artur qizishib. Norma achchiqlanib qaradi.
– Kimningdir hayotiga zomin bo‘lish? Axir u odamni tanimaymiz-ku! dedi.
– O‘ylab gapirayapsanmi? O‘sha odam dunyoning qaysidir burchagidagi oilasini boqayotgan ishchi, hayot uchun kurashayotgan bemor, endi tug‘ilgan chaqaloq yoki kichkina qizaloq bo‘lsa-chi? Ana shularni o‘ylab ko‘r, xotin. Kimni o‘ldirishingni ahamiyati yo‘q bu ish baribir qotillik. Artur xotiniga qaradi.
– Ellik ming dollar-chi, Artur? Bu ozgina pul emas. Bir umrlik orzuimiz Yevropaga sayohat qilish imkoniyati. Oroldan uy sotib olishimiz mumkin.
– Yo‘q, Norma. Arturning yuzi oqarib ketdi.
– Dilingizni og‘ritdimmi? Shunchaki aytdim. Tinchlaning dedi Norma erining ahvolini ko‘rib.
– Bu haqida boshqa gaplashishni istamayman! dedi Artur jahl bilan.
– Xo‘p deb uning yelkasiga qo‘lini qo‘ydi Norma.
Ertasiga Norma odatdagidan erta turib eriga shoxona nonushta tayyorladi.
– Qayerdan kun chiqdi? dedi Artur kulib.
– Shunchaki o‘zim dedi Norma.
– Meni xursand qilding. Norma erining chashkasiga qahva suzdi.
– Sizga xudbin emasligimni ko‘rsatgim keldi.
– Senga xudbinsan dedimmi?
– Kecha o‘sha dastak haqida gaplashganimizda meni yaxshi tushinmadingiz?
– Sizningcha men faqat o‘zimni o‘ylayapman.
– Norma!
– Yo‘q, men o‘zimni o‘ylamayapman. Men shunchaki yaxshiroq sharoitda yashashimizni xohlayman. Kattaroq kvartiramiz, yangi mebellar, chiroyli kiyimlar, mashinamiz bo‘lishini istayman. Ahvolimiz yaxshilansa farzandli bo‘lardik.
– Norma hammasi bo‘ladi.
– Qachon? Artur jimib qoldi. Norma erining qo‘llari qaltirayotganini ko‘rdi. Artur o‘rnidan turdi va indamay chiqib ketdi.
Eri ishga ketgach Norma idishlarni saranjomladi. U ishiga ham borishni unitgandi. Omborxonadan karton qutini olib chiqdi. Uni ochib ichidan dastakli qutichani oldi va uni stol ustiga qo‘ydi. Norma qutichaga uzoq tikilib qoldi. Keyin konvertdan kalitni olib dastak ustidagi shisha gumbazchani ochdi.
– Qanday bemanilik! dedi dastakka qarab. Dastakni ushlab pastga qarab tortdi.
– Bemanilik! dedi yana. Atrofga alangladi.
– Hech narsa sodir bo‘lmadimi? dedi qo‘rquv bilan. Quticha va kalitni axlat savatchasiga tashladi va ishiga shoshildi.
Kechga yaqin Norma kechki ovqatni tayyorlamoqchi bo‘lib turganida telefon jiringladi.
– Allo? dedi Norma.
–L’yuis xonim?
– Labbay?
– Biz Lenoks Xill kasalxonasidan qo‘ng‘iroq qilyapmiz. Kasalxonadagilar Normaga metroda falokat sodir bo‘lgani yani tiqilinchda Artur platformadan poyezdning tagiga tushib ketgani haqida aytishdi. Norma turgan joyida qotib qoldi.
Telefon go‘shagini qo‘ygach Artur hayotini sug‘urta qildirganida u bilan baxtsiz hodisa sodir bo‘lsa 25000 dollar, mabodo ana shu falokat tufayli vafot etsa yaqinlariga ellik ming dollar tovon puli berilishi yodiga tushdi. Normaning nafasi bo‘g‘ziga tiqilib qoldi. Oyog‘ini zo‘rg‘a bosib karaxt holda oshxonaga bordi. Savatdan dastakli qutichani oldi. Yosh to‘la ko‘zlari bilan unga tikilib turdi-da uni sinib ketgunicha urdi. Qutichaning ichida na tranzistor na sim bor edi. U bo‘m-bo‘sh edi.
Norma yig‘lab o‘tirganida yana telefon qo‘ng‘irog‘i jiringladi. U qoqilib-surilib mexmonxonaga o‘tib go‘shakni oldi.
– L’yuis xonim? dedi Janob Styuard.
– Siz o‘lgan insonni umuman bilmaysiz degandingiz-ku! dedi Norma alam bilan.
– Xonim, siz chindan ham o‘z erimni yaxshi bilaman deb o‘ylaysizmi? dedi xotirjamlik bilan janob Styuard….
Ingliz tilidan Feruz Ziyodullayev tarjimasi
“7×7” gazetasi, 2015-yil, 29-oktyabr soni