Rasul Hamzatov. O‘zim haqimda uch og‘iz so‘z

BIRINChI MAQOLA

Dog‘istondagi dorbozlari bilan mashhur Sovkra ovulida o‘g‘ilning tug‘ilgan kuni u mustaqil ravishda dorda dadil yurgan kun hisoblanadi. Zargarlari bilan mashhur kubachinlar esa, o‘g‘il otasiga kumushga jilvador naqsh o‘yib sovg‘a qilgan kunni uning tug‘ilgan kuni etib belgilashadi. O‘sha kun ota atrofdagilarga mag‘rur qarab deydi: «Mana mening uyimda o‘g‘il tug‘ildi!»
Gohi-gohida mening ko‘z oldimda shunday manzara gavdalanadi: Sada ovuli, bahor pallasi. Mo‘ylovi sabza urmagan o‘smir birinchi bor dalani shudgor qilishga chiqqan. Uning bitta tengdoshi birinchi bor o‘zi uy qurishga kirishdi. Boshqa bir o‘smir otini egarlab, birinchi bor safarga yo‘l oldi… Ularga qarar ekan, otam quvongandan shunday degandi: «Qara, bizning shu kichkina ovulimizda bu bahorda qancha o‘g‘il tug‘ildi».
Tog‘liklar ishtiyoqsiz, iste’dodsiz, mehnati bilan birovga foydasi tegmaydigan kimsalar haqida gapirganda shunday deydi: «Uning soch-soqoliga oq tushdi, lekin o‘zi hali tug‘ilgani yo‘q».
Mening sochim ikki rangda, biroq tug‘ilgan kunim haqida so‘rashsa javob berishga qiynalaman. O‘zi men qachon tug‘ilganman?
Ehtimol, o‘n bir yoshimda, hali belimga kamar taqmagan bo‘lsam ham, biron otni egarlamagan bo‘l­sam ham uyimiz tomiga yozilgan ho‘kiz terisi us­tida yotgancha birinchi she’rimni yozgan kunda tu­g‘il­gandirman?
Ehtimol, bu sal keyinroq – maktab devoriy gazetasiga birinchi bor she’rim yozilgan kun bo‘lgandir?
Ehtimol, men 1943 yilda tug‘ilgandirman, axir o‘sha yili Dog‘iston nashriyoti mening birinchi kitobimni chop etgandi.
Afsus bilmayman, maqtov so‘zlarini ko‘pam aytavermaydigan otam qachondir shu so‘zlarni irod etdimikin: «Mana, mening uyimda o‘g‘il tug‘ildi!»
Ehtimol, otam bu so‘zlarni aytmasdan olamdan o‘tgandir.
Biroq, men qachon tug‘ilgan bo‘lmay, haqiqiy tu­g‘ilgan kunim albatta, she’r yozilgan kun bilan chambarchas bog‘liq.
Mening umrim qo‘shiq bilan boshlangan va qolgan hayotim ham unga tegishli bo‘ladi. She’riyat ham boshqa foydali barcha mehnatlar kabi odamzot hayotini be­zaydi, yanada mazmunli va charog‘on etadi.
Mening oliy orzuim umrim oxirigacha nimadandir xavotir olmay yoki ko‘r-ko‘rona emas, balki chin yurakdan xalqimga sadoqat bilan xizmat qilish. Tilagim – bunday niyatni barcha odamlar orzu qilsin.
Men oz sonli tog‘lik xalqning o‘g‘liman. Qaysiki, barcha tog‘liklar kabi ularning bolaligi va keksaligi juda ham qisqa, yoshligi va yetuklik davri esa juda ham uzun.
Tog‘lik bolalar tez ulg‘ayadi va hayotda mustaqil qadam tashlay boshlaydi. Xalqimni, ta’bir joiz bo‘lsa, kaft ustiga joylashtirish mumkin: biz avarlar yer yuzidagilarning hammasini qo‘shib hisoblaganda ham ozchilikmiz, lekin millatimiz nomi tog‘lar va kengliklar aro mag‘rur jarang­laydi. Shu oq soch, bulutli tog‘lar qancha burgut yurakli o‘g‘lonlarni ko‘rdi, shunday botir askar, qahramonlar haqida aytilgan ajoyib qo‘shiqlarni tingladi.
Esimda, bolaligimda gulxan yonida o‘tirib otamning mashhur Shomil haqidagi hikoyasini sevib ting­lardim. U yetti joyidan og‘ir jarohatlangan bo‘lishiga qaramay, qilichini bir serpab g‘animini oti bilan birga ikki bo‘lak qilgan. Uning botir noibi Hojimurod to‘g‘risida Lev Tolstoy ajoyib qissa yozgan. Gidatlinlik afsonaviy Xochbar to‘g‘risida tog‘liklar ko‘plab qo‘shiqlar to‘qishgan. Choxlik o‘ktam yigit Kamolil Bashir haqida, undan chiroq nuri ham o‘tgan va yerga soyasi xira tushgan. Sevgi kuychisi Mahmud haqida, uning qo‘shiqlarini tog‘lik oshiq-ma’shuqlar tumor qilib taqib olishgan. Ha, men qanchadan-qancha shunday qahramonlarimiz haqida hikoyalar tinglaganman.
Bolaligimda eshitgan xalq afsonalari, ertak va qo‘shiqlar xuddi kubachinlik naqqosh qilich sopiga o‘ygan naqshday mening yuragimda muhrlanib qolgan. Bu hikoyat va qo‘shiqlar, uy, qal’a va tog‘dagi toshlarga o‘yib yozilgan bitiklar mening oz sonli xalqimning shonli tarixini qilichlar jarangiday baland ovozda eslatib turadi.
Tog‘lardan qo‘nim topgan xalqim bir umr erkinligini, qadrdon tog‘larini himoya qilish uchun zolimlarga, bosqinchilarga qarshi kurash olib bordi. Xalqda shunday naql bor: «Tog‘lik egar ustida tug‘iladi». Tog‘lik o‘g‘lonlar qo‘liga erta qurol olishini hayotning o‘zi taqozo etadi, keyin ularning qilichini peroga almashtirishga vaqti bo‘lmaydi.
Shukrki, men tog‘lik xanjarini bexavotir uyning devoriga osib qo‘ygan va uning ozodligiga hech kim dahl qilmaydigan vaqtda tug‘ildim. Bu vaqtda Vatan tushunchasi tog‘lar bilan chegaralanmay, ancha kengaygandi. Mening otam – Dog‘iston xalq shoiri Hamzat Sadasa mana shu bepoyon mamlakatga o‘zining eng yaxshi qo‘shiqlarini bag‘ishladi. Mana shu bepoyon mamlakat taqdiriga mening ham qo‘shiqlarim, quvonch- tashvishlarim bog‘landi.
Umrim tengdosh yurtdoshlarim hayotiga o‘xshash tarzda kechdi. Lekin yozgan she’rlarim biror shoir she’rlariga o‘xshab qolmasligi uchun harakat qildim. Mayli, bizning hayotimiz katta yo‘llar kabi bir-biriga o‘xshasin, biroq yozgan she’rlarimiz tog‘lardagi so‘qmoqlar kabi har xil bo‘lsin.
Ovulimizdagi maktabni tugatgach, Bo‘ynoqdagi pe­dagogika bilim yurtiga o‘qishga kirdim. Oliygohni ta­momlab maktabda o‘qituvchilik va avar teatrida aktyorlik qildim. So‘ngra respublika gazetasida ishladim. 1950 yilda Moskvadagi Adabiyot institutini tugatdim.
Avar tilida chiqqan birinchi she’riy kitobim – «Otashin sevgi va yondiruvchi g‘azab» juda jarangdor nomlansa ham unda «jarangdor» she’rlar jamlangan deb ayta olmayman. O‘shandan buyon avar, rus, dargin, lak, gruzin, koreys va boshqa tillarda o‘ttizdan ortiq she’riy to‘plamlarim chop etildi. Ular orasida «Tug‘ilgan yilim», «Katta akam haqda so‘zlayman», «Lirika», «She’rlar va dostonlar», «Tog‘liklar vatani», «Tog‘lik qiz» kabi kitoblarim men uchun juda qadrli.
She’riyat yoshlik bilan hamnafas. Yosh do‘stlarim, sizga bag‘ishlagan she’rlarimni o‘zingizning tengdoshingiz yozganday qabul qilishingizni istayman.
Bu she’rlarni o‘ttizdan oshganimda yozganman. O‘ttiz yoshga yetganlar haqida tog‘liklarda shunday naql bor: «Kim ikki burgut yoshini yashab burgut bo‘lmasa, hech qachon burgut bo‘lmaydi. Uning taqdiriga chirqillab o‘tish yozilgan». Men chumchuq emasman, lekin burgutlar yuksakligiga ko‘tarildim deb ham ayta olmayman. Men qanday yoza olsam, shunday she’r yozdim. Shoirona aytsam, quvonganda quvondim, ranjiganda ranjidim, g‘amli kunlar g‘am yutdim, shodlik kunlarida tantana qildim va albatta sevdim. Mening yuragim sevgi ota­shida yondi. Sevgi esa meni kuylatdi. Dardimni goh sekin, goh baland, goh she’rda, goh nasrda bayon etdim.
O‘sha yillarda mamlakatimiz tinch edi, lekin dunyo tinchimagandi. Xuddi shunday ijodkorlarning qalbi ham tinch emasdi. Axir qalbda tafakkur va tuyg‘ular kurashining adog‘i yo‘q. Chunki, ijodkor xotirjam bo‘la olmaydi, uning qalbiga cheksiz dunyoning butun quvonch-tashvishlari jo bo‘lishi kerak.
Yillar o‘taverdi. Mamlakatda urush bo‘lmasa ham menga yaqin kishilar – qardoshlarim, do‘stlarim, tanish shoirlar bir-bir olamdan o‘tdi. Shoirlar ta’biri bilan aytganda, ular nafaqat keksalikdan, balki oldin olgan eski jarohatlaridan ham vafot etishdi. Ketgan qadrdonlarim o‘rnini hech kim bosa olmaydi, to yuragim urib turar ekan, ularning xotirasi qalbimda yashaydi. Biroq yurtimda va Vatanimdan uzoqda kezganimda juda ko‘plab yaxshi insonlarni uchratdim. Bu uchrashuvlar qalbimga quvonch bag‘ishladi va hayot davom etaverishidan darak berdi.
Ish stolim ustiga hayotning timsoli bo‘lgan ikki sovg‘ani qo‘yganman. Biri urushning shafqatsiz «sovg‘a»si – askar tanasidan olingan qo‘rg‘oshin o‘q. Ikkinchisi ilgari porox va qo‘rg‘oshin o‘q bo‘lgan bo‘sh patronga qo‘yilgan qadrdon dalamizda ochilgan gul, qaysiki, u tinchlik, muhabbat, umid, hayot ramzi, o‘tgan kunlar xotirasi, bugunning bezovtaligi va kelajak haqidagi orzular. Bu tuyg‘ular hayot yo‘llarida hamisha yo‘ldosh. Ular shoirlarga qat’iy ovozda she’r va qo‘shiqlar aytadi. Ular menga ham aytib turdi, imkonim qadar qog‘ozga tushirdim. Mening bu boradagi yutuq va izlanishlarim bilan o‘quvchilar deyarli har yili tanishib bordi.
Hayot taqozo qildi, men yozdim. O‘quvchilar qo‘liga she’r-dostonlarim, «Yuksak yulduzlar», «Yulduzlar yulduzlar bilan so‘zlashar», «Uchinchi soat», «Rivoyatlar», «Shamshir va atirgul», «Chegara», «Sevgi haqida kitob», «Uyim qarshisida», «Forsiy she’rlar», «Mening Dog‘istonim», «Sonetlar» deb nomlangan qator kitoblarim yetib bordi.
Ha, kitoblarimning nomlari har xil. Ijodim mahsuli bo‘lgan kitoblarim boshiga har xil bo‘rk kiydirdim. Ammo men uchun asosiy va muqaddas mavzular uchta bo‘lib qolaveradi.
Men ikki gulxanda doiramni toblab, ikki deraza qarshisida sevgi kuyini chaldim. Bilaman, fikr­da barqaror bo‘lish shoirning kuchini belgilovchi bosh omil emas. Negaki, ayrimlar aytganday she’riyat kayfiyat mahsuli. Kayfiyat esa ob-havoday tez-tez o‘zgarib turadi, lekin men sizni ishontirib aytaman: shu ikki chegara oralig‘ida oxirigacha turaman va umrim so‘nggigacha she’r yozaman.
Bu mening ijodimdagi birinchi raqamli nazorat joyi. Bu tug‘ilgan yurtimning, Dog‘istonimning, be­poyon mamlakatimning chegarasi. Ikkinchi chegara bu muhabbatim chegarasi, bu muhtarama ayollarga bog‘­liq ekanligim chegarasi, qaysiki, ularga sevgim cheksiz. Bundan keyin ham yozgan kitoblarimni ularga bag‘ishlayveraman. Men samolyotimda sevgi aerodromidan sevgi aerodromi tomon parvoz qilaman, balki orzu aerodromiga yetmasdan halok bo‘larman.
Kitoblarimning uchinchi bir qismi hayot, o‘lim, zamin, odam, ayriliq va uchrashuvlar haqidagi o‘ylarim. Ular – «Turnalar» va «Do‘stlarni asrang», «Yillar shodasi» va «Bitiklar». Bu kitoblarni yillar o‘tib, qancha mamlakatlarni kezib chiqqach, sochim batamom oqargan vaqtda jamlaganman.
Hayot zayli, ko‘ngil kechinmalari, voqea va iztiroblar so‘z san’atkori ijodida har xil aks etadi. Buni shoirlarning saylanmasi yoki tanlangan asarlarini ko‘zdan kechirsangiz darhol payqaysiz. Boshqa kitoblarda esa ijod yo‘lining turli davrlari, yozish mahorati shakllanishi bosqichlarini ilg‘ash qiyin emas. O‘quvchilar mening kitoblarimda ham shunday o‘zgarishlarni payqagandir. Chunki ularda turli rang­lar va tasvirlar bor.
Zamondoshlarimdan biri menga shunday ta’rif beribdi: «Turfa fe’lli bo‘lgani uchun uning san’ati ham turfa». Lekin men turlanishni yoqtirmayman. So‘z san’atkori bir butun odam bo‘lishi va uning ijodi ham shu o‘ziga xosligi bilan belgilanishi kerak. Axir, ajoyib maqsadi bo‘lgan kishilargina ajoyib ishlarni amalga oshiradi. Odamlar shunday ishlariga qarab, ularning maqsadi va iqtidorini bilib oladi. Darhaqiqat, o‘z oldiga yuksak maqsadni qo‘ymasdan ijod qilib bo‘lmaydi.
Hali men asosiy kitobimni yozmadim. Uni yozishga harakat qilayapman. Hozir yoshim ellik beshda. Bu yoshdagilar haqida tog‘liklar shunday deyishadi: «Endi uning oti oqsoqlana boshlaydi». To‘g‘ri, endilikda bir qadah vino ichsam ham ta’sir qilayapti. Tan olaman, men o‘zini yoshidan kichikroq ko‘rsatishga urinayotgan kishilarni yoqtirmayman.
Na iloj, yillar mening orzularim va imkoniyatlarim orasini tobora uzoqlashtirmoqda. Ammo sizga takror aytaman: men shoirman, sevgi tuyg‘usi qalbimda oshsa oshdiki, lekin zarracha ham kamaygan emas. Xuddi yigirma yillar oldingi kabi barchaga baralla aytaman: «Mening yuragim ishq o‘tida yonayapti». Bu tuyg‘u menga she’r-qo‘shiqlar aytmoqda. Ularni albatta, qog‘ozga ko‘chiraman.
Men yozayotgan vaqtda tuyg‘ularimdan, badiiy tashbehlarimdan avvalo o‘zim zavq tuyaman. Ha, bu masalada men o‘zimga xos yo‘l tutaman. Yozib bo‘lgach, qayta o‘qiyman, tahrir qilaman, oqqa ko‘chiraman va ijodimni barcha bilan baham ko‘rishga oshiqaman. Ularni qancha ko‘p odam o‘qisa, men shuncha baxtiyorman.
Shu bilan so‘zimni yakunlayman. Boshqa tafsilotlar haqida boshqa safar aytaman.
Darvoqe, ular haqida mening she’r va qo‘shiqlarim ham aytishi mumkin. Qaysiki, ularning barchasini sizga bag‘ishlaganman, aziz o‘quvchim!
 
 IKKINChI MAQOLA

Men shoir oilasida tug‘ildim va erta she’r yoza boshladim. She’rlarim silliq va ravon edi. O‘n to‘rt yoshimda birinchi she’rim gazetada chop etildi. Quvonchim cheksiz edi, do‘stlarim ham shodlanishdi. Matbuotda men haqimda yozishdi, maqtashdi. Ammo har bir yozuvchining hasadgo‘ylari bo‘ladi. Ular menda ham paydo bo‘lishdi va o‘zi yozmaydi, unga otasi yozib beradi degan mish-mishlar tarqatishdi. Ayrim do‘stlarim taskin berishdi: senga otasi yozib beradi deb aytish­yaptimi, demak, yomon yozmayapsan, bundan quvonish kerak. Boshqalari esa chuqur mulohaza bilan shunday de­yishdi: bunday deyishlariga sabab, sen otang­ga o‘xshab yozishga urinayapsan, juda otangga taqlid qilayapsan, boshqacha yozishing kerak. Bitta uyga, hatto Avaristonga bitta Sadasa yetadi. Sen uning soyasi, ilovasi bo‘lib qolasan.
Chindan ham o‘sha boshqalar haq ekan. Men buni o‘sha vaqtda tushunmasdim. Otamning va boshqa tog‘lik shoirlarning biz yoshlarga ta’siri juda kuchli edi. Keyinchalik tengdoshlarimning ko‘pchiligi yozmay qo‘yishdi. Chunki, ular ham taqlid qilishgandi.
Tog‘liklar so‘raydi: dunyodagi eng go‘zal narsa nima? Savolga o‘zlari javob beradi: eng go‘zal narsa – o‘smir ilk bor dadil mustaqil qadam qo‘ygan kun. Eng shirin lahza qaysi? O‘sha o‘smir hali hech kim aytmagan yoqimli qo‘shiqni kuylagan kun. Bu dadil qadamsiz va yoqimli qo‘shiqsiz dunyoda yashash zerikarli bo‘lardi.
Minskdagi adabiy uchrashuvda shunday savol berishgandi: o‘n olti yoshingizda shoir bo‘lishni orzu qilganmisiz? Men javob berdim: shoir bo‘lishni orzu qilolmasdim, o‘sha vaqtda shoir ekanimga imonim komil edi. Shoirligimga keyin shubhalana boshladim. Yillar o‘tgan sayin bu bejiz emasligini tushuna bordim. Axir, men o‘n olti yoshimda maktabda o‘qituvchilik qilardim va hali o‘zim o‘qishim kerakligi xayolimga kelmasdi. Keyin teatrda, gazetada, radioda ishladim, u joy, bu joydagi adabiy uchrashuvlarda she’rlarimni o‘qidim. U joyda birinchi she’rimni maqtashdi, ikkinchi she’rimni tanqid qilishdi. Bu joyda o‘sha ikkinchi she’rimni maqtashdi, birinchisini tanqid qilishdi. Men birinchi she’rimni ham, ikkinchi she’rimni ham maqtaganlarning so‘zlarini maroq bilan tingladim, lekin u joyda ham, bu joyda ham she’rimni tanqid qilganlarning fikriga qo‘shila olmadim.
O‘sha vaqtda men juda qadrlaydigan bir kishi bor edi, aynan uning she’rlarimga e’tibor berishini istardim. O‘ylardimki, faqat u meni tushunadi va she’rlarimga xolis baho beradi. Bu kishi Effendi Kapiyev edi.
Men zamonaviy milliy yozuvchi qiyofasi haqida o‘ylaganimda, ko‘z oldimda Effendi Kapiyev gavdalanardi. U oz sonli lak xalqining farzandi edi, jahon madaniy merosini qadrlashi bilan bir qatorda jonajon tog‘larining alla-qo‘shiqlarini qalbida avaylab saqlardi. Ehtimol, shuning uchun tog‘liklar bayramiga o‘zining dog‘istoncha kiyimini kiyib borardi. Birinchi bor uni shunday kiyimda ko‘rganman. Qolgan vaqtda yevropacha kostyum kiyardi, bu ham unga juda yarashardi. Xullas, unda hamma narsa uyg‘un va bekami ko‘st edi.
U yuz qiyofamdanmi yoki boshqa biron sababdanmi menga e’tibor qaratishi lozimligini sezgan shekilli, bir kuni menday yosh shoirni ko‘chada to‘xtatdi. O‘zining qadrdon do‘sti bastakor va rassom Yunusalining uyiga birga borishni taklif etdi. Bu uyda shoirlar navbat bilan she’rlarini o‘qishdi. Oxirrog‘ida menga ham navbat berishdi. Men rus tiliga o‘girilgan bir necha she’rimni o‘qidim. Kapiyevni hayajonlantira olmadim. Birinchisi, ikkinchisi, uchinchisini o‘qisam ham yuz qiyofasi o‘zgarmadi. She’rlarimni berilib ting­layotganlardan biri chidab turolmasdan Kapiyevdan so‘radi:
– Qanday?
– Chakki emas.
– Avar tilida bundan ham yaxshi jaranglaydi.
– Ehtimol, – dedi Effendi, – ammo hozir boshqa davr, boshqacha she’rlar, boshqacha shoirlar kerak. Rasul, sen Moskvaga borib o‘qishing kerak ekan.
Bu gapni tog‘liklar she’riyatining jonkuyar tar­g‘ibotchisi, «Yigirmanchi asr Gomeri» – yozishni bilmaydigan Sulaymon Stalskiyning tarjimoni aytayotgandi. Axir, Sulaymon Moskvada o‘qimagan-ku?
Effendi Mansurovich bu savolga javob berar ekan, jumladan shunday degandi:
– Sulaymon o‘limidan bir yil oldin meni huzuriga chaqirdi va o‘zi uzoq yillar chalgan chungurini sovg‘a qildi. Ishoninglar, menda undan boshqa qimmatliroq boylik yo‘q. Men unda chalmayapman, chunki men Sulaymon emasman, Effendi Kapiyevman, mening o‘z chungurim bo‘lishi kerak. Har bir ijodkorning bahori, yoki kuzi, yoki davri qulog‘iga shivirlab aytgan o‘z qo‘shig‘i bo‘lishi darkor.
Bu suhbatdan keyin ikki yil o‘tib, men Moskvadagi Adabiyot institutiga o‘qishga bordim. Bitta yerto‘ladagi yotoqxonada o‘n olti shoir yashardi. Bitta o‘quv xonasida o‘n olti nafar orzulari osmon shoir tahsil olardi. Biz Tver xiyobonida navbatma-navbat she’rlarimizni o‘qirdik. Shundoq yonimizda Pushkin haykali turgani uchunmi she’rlarimiz unchalik jarang­lamasdi. Bir kuni men ham o‘z she’rlarimni o‘qishga tushdim, ular tengdoshlarimga yoqdi deya olmayman. Adabiyot ins­titutida o‘qigan davrimda har xil ta’sirga tushib va har kimning maslahatiga kirib o‘zligimdan boshqacha she’rlar yoza boshladim. Istardimki, Moskva meni tushunsin va she’rlarimni chop etsin, ovul bilan esa keyinchalik til topishib olaveraman. She’riyatdagi bu ko‘zbo‘yamachiligimni o‘zimcha yangi yo‘l deb baholadim va tanbeh bergan yurtdoshlarimga «Siz meni keyinchalik tushunasiz» dedim. Ovul uzoqda, otam tog‘da yashardi, o‘zimni «erkin» his qilib, xayollarimga juda erk berib yuborgandim.
Bunday odamlar haqida shunday deyishadi: «Uning paytavasiga qurt tushgan».
Ilgari men tog‘lik shoirlarga taqlid qilgan bo‘lsam, endi rus shoirlariga taqlid qila boshladim. Ular holatiga xos turishga harakat qildim.
Bir safar darsda insho yozdik. Men rus tilini yaxshi bilmaganim va rus o‘rtoqlarim xatosiz yozadi deb o‘ylaganim uchun yaqin shoir do‘stimning inshosini to‘liq ko‘chirdim. O‘qituvchimiz insholarimizni tekshirganda do‘stimning inshosida oltmishdan ortiq xato borligini aytdi. Albatta, mening inshoimda undan ham ko‘proq.
Yoki boshqa bir misol. Qadimiy rus adabiyotidan keksa professor dars berardi. O‘z-o‘zidan ayon, men tog‘lik bo‘lganim uchun bu fanni yaxshi bilmasdim. Shu bois imtihonga «kechikdim» va tog‘da bo‘lganim, u yerda qor ko‘chkisiga uchraganim uchun vaqtida imtihonga kelmaganim haqida «ertak» to‘qidim. Professor istisno tariqasida mendan alohida, telefon orqali imtihon oladigan bo‘ldi. Men professor uyiga telefon qildim. U uchta savol berdi va javob tayyor bo‘lganda telefon qilishimni aytdi. Qisqa vaqt ichida birga o‘qiydigan do‘stlarim savollar javobini tayyorlab berishdi va men imtihonni topshirdim. Javoblarimni tinglab bo‘lgach, professor telefon go‘shagini kotibaga berishimni aytdi. Ma’lum bo‘ldiki, «to‘rt» baho qo‘yibdi. Bunday bahodan ruhlanib ketdim va professor olijanob ekanligini bilganim uchun qaytadan unga qo‘ng‘iroq qildim. «Men juda xafa bo‘ldim, – dedim professorga. – Siz menga to‘rt baho qo‘yibsiz. Axir, men bu fanni yaxshiroq bilaman». «Azizim, – dedi professor, – ehtimol, siz haqdirsiz». Telefon go‘shagini kotibaga uzatdim, «besh» baho qo‘yganini aytibdi va shu bilan birga qo‘shimcha qilibdi: bu kavkazlik yosh yigit juda ranjigan ko‘rinadi, biz unga iltifot ko‘rsataylik.
Bu ikki voqeani o‘sha davrda yozgan narsalarimni yoki hozirgi kundagi qaysidir millatga mansub shoirlarning ijodini o‘qiyotganimda esga olaman. Qaysiki, bu ijod namunalari menga o‘zgadan ko‘chirgan, xatolarga to‘la o‘sha inshoimni va «telefon» orqali do‘stlarim yordamida topshirgan imtihonni esga soladi. Ba’zi bir tanqidchilar ularni baholaganda professorga o‘xshab o‘ta iltifot ko‘rsatishadi.
Haqiqiy ijodkor esa o‘ziga ko‘rsatilgan har qanday iltifotni haqorat deb biladi. Chunki barchamizga ma’lum, geologlar ba’zan kichkina tog‘ ostidan qimmatbaho oltin konini topishadi. Demakki, oz sonli xalqning ijodkori mayda fikrlaydi deb bo‘lmaydi. Xalq tiklanishining belgilaridan biri madaniyatining tiklanishi, gullab-yashnashidir. Mamlakatimizda ana shunday jarayon davom etmoqda. Menimcha ba’zilar bu jarayon murakkab va rang-barang ko‘rinishda borayotganini ilg‘ab ololmayapti. Negaki, har qanday rivojlanishda bo‘lgani kabi unda ham o‘ziga xos quvonch-tashvishlar, o‘ziga xos muammo va qiyinchiliklar bor.
Rivojlanishdagi bu qiyinchiliklar, ilgariga shiddat bilan intilayotgan hayot oqimi bularni il­g‘amayotgan shoirlarni bir chetda qoldirib ketishi mumkin. Shu jumladan, o‘zlarini she’riyat an’analariga «zanjirlab bog‘lab olgan»larni ham, aqidalariga yopishib olib sustkashlik bilan yengilini o‘zlashtirayotganlarni ham, ijodda qotib qolganlarni ham. Ular o‘zlaricha mustaqil bitta ham qadam tashlay olishmaydi. Hayotda bu toifalarning tamomila aksi ham uchraydi. Ular shoshma-shosharlik bilan hamma joyga burun suqishadi. Bu shoshqaloqlarga oldinda kim ketayotganining, yonida kim qadam tashlayotganining farqi yo‘q. Vaholanki, o‘ylamasdan, yo‘lga qaramasdan qilingan shoshqaloqlik falokat bilan yakunlanadi.
Ayrimlarining she’rlari hijobda, boshqa­lar­niki holiga yarasha. Ba’zilarniki «qip-yalang‘och». Ma’lumki, she’r onang va singling oldida, ovulda, Moskvada, hamma joyda, hammaga uyalmasdan o‘qiy oladigan bo‘lishi kerak.
O‘lkalarda yashayotgan yosh shoirlar Moskvada o‘qishga, mamlakat va jahon ijodiy hayotining markazida bo‘lishga intilishadi. To‘g‘ri, qanotingni qancha keng yozsang oldinda shuncha kenglik paydo bo‘ladi. Ammo shu kenglikdagi qaynoq hayot ichida o‘zligingni yo‘qotib qo‘yishing ham mumkin.
Shunday shoirlar bor, tirik bo‘lsa ham bedarak yo‘qolishgan. Ular bir narsaga erishish ilinjida o‘z xalqining ta’sirchan, badiiy ifoda etish an’analarini unutishgan. Men shunday ijodkorlarni bilaman, ular she’r yozish o‘rniga so‘zma-so‘z tarjimasini yozib, uni ona tiliga o‘girib berishlarini so‘rashadi. Ular uchun tug‘ilgan yurti misoli teatr sahnasi, qaysiki, istalgan dekoratsiyani o‘rnatsa bo‘ladi. Ular o‘z xalqining fe’l-atvori va urf-odatlarida faqat g‘alatilikni ko‘radi. O‘z she’riyati zaminidan uzilib, notanish adabiyot o‘lkasida yo‘l izlaganlar, xuddi qamalda qolgan askarlarga o‘xshashadi. Juda ozchilikka bu «qamal»dan omon chiqish nasib etadi. Bu holatga ko‘nikkanlar o‘zlarini erkin ijodkor deb bilib, to‘g‘ri kelgan musiqaga o‘ynay boshlaydi. Bular shunday o‘yinchilarki, bugun lezginkani, ertaga moldavankani, indiniga nimani so‘rashsa shuni o‘ynaydi. Ammo shoir artist ham, o‘yinchi ham emas. Unda biror voqeaga bag‘ishlab olib qo‘yilgan tabassum bo‘lmaydi. Shuningdek, tomoshabinlar oldida atay yig‘lash uchun ko‘z yosh ham asramaydi. Bunday bo‘lishi mumkin emas! Afsus­ki, ayrim she’rlarda «rejalashtirilgan» tabassum va «rejalashtirilgan» ko‘z yoshlarni ko‘rayapmiz…
O‘zi tug‘ilgan zamindan, yurtdan kuch olmagan she’riyat misoli uyasiz qush. Men shunday shoirlarni ham bilaman, ularning she’rlari chumchuqlar kabi esdan chiqdi, halok bo‘ldi. Chunki ular bu «chumchuq»larini yerga qo‘nishga qo‘ymay tinmay uchirishdi, oxir-oqibat, halok bo‘lib qulab tushishdi.
Moskvada talabalik davrimda men ham qadrdon zaminimdan, jonajon tog‘larimdan uzilgandim. O‘sha davrda ko‘plab she’r va dostonlar yozib, gazeta-jurnallarga peshma-pesh yetkazib turdim, alohida kitob ham chiqardim. Bu kitob haqida ijobiy taqriz ham bosildi. Maqtovlarga mahliyo bo‘lib, mening she’rlarim tog‘liklar she’riyatining yangi yo‘nalishi deyishgacha bordim. O‘zimni allalab ulg‘aytirgan milliy kuy-qo‘shiqlarni qadrlay olmadim, ashug (baxshi)lar ijodiga shubha bilan, hatto Mahmud she’riyatiga tanqidiy ko‘z bilan qaray boshladim.
Ilgari hasadgo‘ylarim unga otasi she’r yozib beradi deyishgan bo‘lsa, endi ular u otasini ham tanimay qoldi, she’rlarini faqat tarjimada o‘qish mumkin deya jar solishdi. Bu gaplar yuragimga ilgariga nisbatan ko‘proq botdi. Bu mening noziktabiat bo‘lganim uchun emas, balki ularda qandaydir jiddiy asos bor edi va ularga e’tibor bermasdan o‘tib bo‘lmasdi. Gap-so‘zlar miyamda taxminan shunday fikr uyg‘otdi:
«Taras Bulba» asarida keksa Taras sotqin o‘g‘liga shunday deydi: «Men seni dunyoga keltirdim, endi o‘zim seni dunyodan yo‘qotaman». Nima, bizning she’riyatimizda shunday o‘g‘illar paydo bo‘ldimi, ota­lariga qarab «Siz bizni dunyoga keltirdingiz, endi biz sizni dunyodan yo‘qotamiz» deydigan? To‘g‘ri, keksa Tarasning o‘g‘lini shafqatsiz jazolashiga jiddiy asosi bor edi. Nima, she’riyatga dahldor yoshlarimizning otalari bilan vorislik rishtalarini uzishga va yetim bo‘lib qolishga asoslari bormi? Bu yerda gap faqat she’rlar(yaxshi-yomonligi) haqida ketmayapti. Juda oddiy ko‘ringan gina-kuduratlar ortida jiddiy muammolar turibdi: an’anaviylik va yangilik, milliylik va baynalminallik.
Aslida, o‘z davri bilan qadam tashlayotgan, xalqi hayoti bilan hamnafas yashayotgan ijodkorlar uchun bunday muammo yo‘q. Ular bunga yo‘g‘rilib ketgan, misoli bir butun organizmday. Ammo shunday toifa odamlarni uchratayapmizki, ular ayrim hollarda voqea va dalillarni o‘z bilganlaricha talqin qi­lishadi va xulosa chiqarishda shoshilishadi. Bizning Dog‘istonimizda bir vaqtlar ovullar, ajdodlar, urf-odatlar, tog‘dagi daryo va g‘orlar haqida yozgan shoirlarni maydakash, urf-odatga berilgan, bir millatga mansub shoir deb atashardi. Ular o‘z ovulidan narini ko‘ra olmaydigan shoirlar toifasiga kiritilardi. Aksincha, kimdir olis-olisdagi mamlakatlar haqida yozib qolsa bormi, shuning o‘zi uni keng dunyoqarashli, qamrovi katta, baynalminal va ilg‘or ijodkor de­yishlari uchun yetarli edi. Har bir fikrni soxtalashtiruvchilar konsolidatsiya niqobi ostida Dog‘iston Yozuvchilar uyushmasidagi milliy tillar bo‘limlarini bittaga keltirishni, Dog‘iston umummilliy teatrini tashkil etishni, milliy tillarda chiqayotgan gazetalarni birlashtirishni taklif qilishdi. Ular hozirgacha Dog‘istonga ko‘p tillilik va ko‘p millatlilik rivojlanishga xalaqit berayapti deb ayyuhannos solishayapti. Go‘yo shoxlarini kesib tashlagan daraxt chiroyli bo‘lib qoladiganday, jozibali kamalakni bitta rangga keltirishsa yorqin nur taratadiganday.
Odamlarni faqat til emas, yurak ham bir-biriga yaqinlashtiradi. Bizning avar tilida dunyoda uch yuz ming odamgina gaplashadi. Lekin dunyoda mening yurak tuyg‘ularimni tushunadigan millionlab do‘stlarim bor, ular ham menga yurtdosh.
Shunday gap-so‘zlar ham bo‘lgan: shoirlarning sevgi haqidagi she’rlarini ikki nusxada chop etish kerak, ular ikki yurakka – oshiq va ma’shuqqa tegishli. Lekin azaldan sevgi haqidagi qo‘shiqlar kuylanadi, chunki bu muqaddas tuyg‘u millionlab yuraklarga yaqin.
 Esimda, bir dog‘istonlik shoir nashriyotga «Mening ovulim» deb nomlangan qo‘lyozmasini olib boribdi. Nashriyot direktori undan so‘rabdi:
– Ovulingizda nechta xonadon bor?
– Yetmishta, – debdi shoir.
– Biz buncha nusxada kitob chop eta olmaymiz.
Men bu direktorning javobi qanchalik to‘g‘ri-noto‘g‘riligini muhokama qilmoqchi emasman, faqat millionlab odamlarga ovul, qishloq yoki shaharda yashayotgan odamlarning hayoti yaqin va qiziq ekanligini aytmoqchiman. Odamlar bir-birlarining quvonch-tashvishlari, fikr-o‘ylari to‘g‘risida bilishni istashadi. Bu ularga ta’sir etib, ma’naviy dunyosini boyitishga xizmat qiladi.
Mamlakatda madaniy aloqalar mustah­kam­lan­­moqda. Demakki, tog‘liklar vatani ham kengayib bor­moqda. Endi u nafaqat ovulga, mamlakatga, hattoki dunyoga javobgar. Axir, qayerda chaqmoq chaqmasin, do‘l shoirlarning boshiga yog‘adi. Endi ijodkorning asari faqat u dunyoga kelgan yurtga tegishli emas. Keyingi yillarda ayrim olimlarning u yoki bu ijodkorning qaysi xalqqa mansubligiga oid bahslariga guvoh bo‘layapman. Birlari uning tarjimai holini dalil qilib ko‘rsatishsa, boshqalari ijodidan misol keltirishadi. Bu masalada aniq fikr bildirishga vakolatli emasman, lekin tarjimai holi alohida, ijodi alohida, o‘zi alohida ketayotgan shoir mening tasavvurimga hech sig‘maydi. Shuningdek, men rus shoirini rus tilisiz, avar shoirini avar tilisiz tasavvur qila olmayman.
Chinakam milliy shoir dunyoqarashi, idroki va fikrlashi bilan o‘z davrining, o‘z asrining, o‘z mamlakatining shoiri bo‘lishi kerak. Bizning dunyoqarashimiz bitta xalqning manfaatini ustun qilib, boshqa xalqning manfaatini poymol etishi mumkin emas. Chunki millatlarning turmush tarzi, tili, madaniyati bir-birlarini boyitadi. Har bir xalqda jahon taraqqiyotiga hissa qo‘shish imkoniyati mavjud. Umumiy madaniyatning rivojlanishi har bir millat rivojlanishiga turtki beradi. Bitta qo‘shiq boshqa qo‘shiqning taralishiga xalaqit qilmaydi. Biz yangi qo‘shiqlar kuylayapmiz, lekin qadimiy qo‘shiqlardan – beshik uz­ra eshitgan allalardan tonmoqchi emasmiz. Bolalar oqsoqol bobolarining ertaklarini maroq bilan ting­lashayapti, uzoq safarga otlangan o‘smirlarni keksalar duo qilib, oq yo‘l tilashayapti.
Bizda fiziklar va liriklar to‘g‘risida ko‘p gapirishadi. Men ular o‘rtasida ajib o‘xshashliklar borligini ko‘raman. Chunki unisi ham, bunisi ham insoniyat taraqqiyotiga hissa qo‘shadi. Ammo fiziklarning formulalari, kashfiyot va ixtirolari liriklardan farqli ravishda milliy asosda bo‘lavermaydi. Fizika, kimyo, kibernetikaga oid kitoblarni o‘qiganda, ularning muallifi qaysi xalqqa mansubligi sezilmaydi. Agar badiiy asarlarni o‘qiganda shunday holni boshdan kechirsangiz, bu juda achinarli albatta. Xuddi shuningdek, biror ijodkorning asarini o‘zi tug‘ilgan joydagina bilishsa, bundan boshqasiga uning ovozi yetmasa – bu ham afsuslanarli hol.
Mening bilishimcha, agar shoir o‘z shaxsiy tuy­g‘ularini to‘g‘ri ifodalay olsa, u umuminsoniyatga ham tegishli bo‘ladi. Agar u qulochi yetmaydigan narsani quchmoqchi bo‘lsa, tuyg‘ulari o‘zi ko‘tara olmaydigan toshning ostida qolib ketadi. Bunday qalamkashlarning mashqlarida umumiy fikrlar, o‘ylab topilgan shartli ifodalar, so‘zlar ketma-ketligi bo‘ladi, xolos. Mening bilishimcha, chinakam milliy asar shabnamda quyosh aks etgani kabi baynalmilallikni ham ifodalaydi. Hammasi ijodkorning nuqtai nazariga, mavzuga chuqur yondashganiga, tuyg‘ularining kuchiga, mahoratiga bog‘liq. Ba’zan shunday ham bo‘ladi: ijodkor biror uzoqroq mamlakatga borsa, safar taassurotlari asosida turkum she’rlar yoki sayohatnoma bitadi, uni adabiyoshunoslar baynalmilallik va xalqlar do‘stligining yuqori cho‘qqisi deya baholashga urinishadi. Aksincha, shoir o‘z mavzusiga sodiq qolib jonajon xalqi va o‘lkasi haqida haqqoniy she’rlar bitsa ham, uni hayotdan orqada qolgan, zamon ruhini sezmaydigan, dunyoda boshqa mamlakatlar borligini bilmaydiganga chiqarib qo‘yuvchilar ham topiladi. Shunday shoirlar bor, ular uchun muhimi – voqea, ifodalash vositasi, kuzatish. Shunday shoirlar ham bor, ular uchun muhimi – mantiqiy qurilish va fikrlash. Chinakam she’riyat esa shu ikkalasi uyg‘unlashgan vaqtda tug‘iladi.
Agar she’riyat bo‘lmasa, donishmandlik boshlanadi, donishmandlik ham tugasa aqidaparastlik – vaysaqilik boshlanadi. Hozir har bir ovul, har bitta qishloq dunyo bilan bog‘langan. Shuning uchun yurtdosh shoirlarim ijodidagi inson, ovul, millat haqidagi, demakki, butun dunyo haqidagi she’rlar menga ko‘proq yoqadi. Chinakam milliy shoirlar har doim baynalmilaldir, ular hech qachon boshqa millatni kamsitmagan, aksincha boshqa millatlarga qalban yaqin bo‘lgan. O‘z xalqing haqida, unga mansubliging haqida yozish bu yurtingning qarg‘asini bulbul, o‘zgalarning bulbulini qarg‘a, yoki o‘zingning eshagingni tulpordan uchqur, o‘zgalarning tulporlarini eshak deb atash degani emas. Adabiyotning asosiy g‘oyasi ham, zamonga hamnafaslik ham, dunyoda ro‘y berayotgan voqealarga bog‘liqligimiz ham shunda. Qirg‘iz yozuvchisi Chingiz Aytmatov haqidagi bahslarni yaxshi eslayman. O‘sha vaqtda o‘z yurtida shunday odamlar ham topildi, uni yurtdosh deb atamaydigan. Hatto uni qirg‘izlarga xiyonat qildi deyishgacha borishdi. Endilikda hammamizga ma’lum, Chingiz Aytmatov adabiyotdagi voqea! U qotib qolgan an’ana va belgilab qo‘yilgan qoliplardan voz kechib, inqilobiy o‘zgarish yasaganini, bu dadil qadam bo‘lganini endi hamma tan oldi.
O‘zimning dastlabki kitoblarimni varaqlayman: «Tog‘lar qo‘shig‘i», «Tug‘ilgan yilim», «Mening qalbim tog‘larda», «Tog‘liklar vatani», «Tog‘lik qiz»… Ularda men xalqimizning merosi haqida so‘zlaganman. Bular Ding‘ir va Do‘lalay, Sada va Gunib, Qaysu va Kaspiyim.
Ha, bu kitoblarimni varaqlagan o‘quvchi mening qayerdan ekanligimni, ota-onam kimligini, nimani yaxshi ko‘rishimni va nimani yomon ko‘rishimni, nimani yoqlashimni va nimadan yuz burishimni bilishini istadim.
O‘z she’riyatimning yoshligiga(aytishlaricha, odamning ikkita bolalik davri va bitta yoshlik davri bo‘lar ekan) «Yuksak yulduzlar», «Yulduzlar so‘zlashar yulduzlar bilan», «Mulatka», «Chegara» kabi kitob­larim mansub deb o‘ylayman. Ularda men nimani meros qilib olganim va nimaga erishganim to‘g‘risida so‘zlaganman. «Turnalar» va «Do‘stlarni asrang» ki­tob­larim esa mening izlanishlarim, uchrashuv va ay­riliqlarim, yo‘qotish va topildiqlarim mevasi. Bu kitoblarda zamin chegarasi, sevgi va mardlik, ezgulik va yovuzlik, hayot va o‘lim chegaralari to‘g‘risida so‘z yuritganman.
Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida bo‘lganman. Yev­­ropa, Osiyo, Amerika va Afrikaning qishloq-sha­har­larini kezganman. Har xil xalqlarni va har xil odamlarni ko‘rdim, har xil tildagi qo‘shiqlarni eshitdim. Har doim yuragimda bir istak uyg‘ondi – bu mamlakatlar boshqa mamlakatlar bilan xuddi «yulduzlar yulduzlar bilan so‘zlashganday» so‘zlashishini, odamlar bir-birlariga xuddi yulduzlar kabi nur va mehr taratishini orzu qildim.
Sayyoramizning turfa ranglarda tovlanishini o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rganman. Shu bois «Mulatka» kitobini yozganda faqat ayolni nazarda tutmaganman, balki bu ona sayyoramizga bag‘ishlangan qo‘shig‘im edi.
Kitoblarimni qayta-qayta varaqlayman. Mana bu she’riyatimning ikkinchi bolaligi – mening qaytishim, qaysiki, ulg‘aygan kishining alla bilan uchrashuvi. Bu menga berilgan meros, uni qanday saqlay oldim, unga nimalarni qo‘shdim. Bu «Yillar shodasi», «Ikki ro‘mol», «Bitiklar», «Mening Dog‘istonim» kitoblari. Bu ilgarigilarning takrori emas, bo‘lgan voqealarga, yodda saqlangan va yodda umrbod saqlanib qoladigan kunlarga yangicha yondashish, ziyrak ko‘z bilan qaytadan qarash. Men oxirgi kitobimning nomini «Bolalik» deb nomladim. Chunki shoirlarga keksayish begona.
 
 UChINChI MAQOLA

Yoshlikni, o‘tgan yillarni eslash keksalarga xos xususiyat. Bizda tog‘lik yoshlar bu haqda gapirishmaydi, albatta, ular hushyor bo‘lsa. Chindan ham o‘tgan kunni qanday baholash mumkin, agar hali quyosh charaqlab turgan bo‘lsa? Qanday qilib qish kunlari tugadi deyish mumkin, agar hali qor lopillab yog‘ib turgan bo‘lsa? Qanday qilib bahor haqida xulosa chiqarish mumkin, agar hali avji bahor bo‘lsa? Shoir har doim yo‘lda, kechani kecha, kunduzni kunduz demay doim harakatda. Orqamda bosib o‘tgan yo‘llarimga nazar tashlashim uchun bir muddat bo‘lsa ham otimni yo‘lning o‘rtasida to‘xtatishim kerak.
Tog‘liklar har qanday qo‘shiqni aytishdan avval musiqa chalishadi. Xuddi shunday men ham hikoyamni bolaligim haqida so‘zlashdan boshlayman.
Yo‘lovchi ham birinchi navbatda o‘zi ot egarlagan hovlini esga olganday, men ham hikoyamni o‘zim tug‘ilgan uyni eslashdan boshlayman. Bizning Sada qishlog‘imiz shaharcha deb nomlangan. Holbuki, unda yetmishta xonadon bor. «Sada» so‘zi «olovda» ma’nosini anglatadi. Bizda erta quyosh chiqadi va uzoq vaqt charaqlab turadi. Ehtimol, shuning uchun biz: Sadada qor muzga, yomg‘ir botqoqqa aylanmaydi, deymiz.
Xonamning derazasi Xunzax yo‘li tomonga qa­ragan. Nariroqda xuddi bo‘rk kiygan bolalar tom ustida to‘yni tomosha qilgani kabi tog‘lar ustidagi qoyalar ovul tomonga qarab turibdi. Ovuldoshlarim qayta-qayta ta’kidlaganidek: «Agar toshni eng arzon narxda sotish mumkin bo‘lsaydi, dunyoda biz tsadaliklardan boy odamlar bo‘lmasdi». Qoyalarda osilib turgan toshlar xuddi boshingizga qulab tushishga, g‘orlar og‘zini ochib turgan bo‘ri kabi yutib yuborishga tayyorday tuyuladi. O, mening tog‘larimning toshlari! Ular arab bosqini davrida avarlarni mustahkam qal’a kabi himoya qildi. Ular Eron shohi Nodirshohning yo‘liga to‘siq bo‘ldi. Ular Dog‘istonning birinchi imomi Qozimullaning chaqirig‘iga aks sado berdi. Ular ikkinchi imom Hamzatni ham ko‘rgan va afsonaviy Hojimurodning o‘limi uchun Xunzax xoni boshiga qasos toshlari bo‘lib yog‘ilgan.
Qo‘shni ovuldagilar barcha maqol, matal va latifalar Sada ovulida to‘qilgan deyishadi. Xuddi shu ovulda mening otam, Dog‘iston xalq shoiri Hamzat Sadasa tug‘ildi va yashab o‘tdi. Men uning oilasida to‘rtinchi farzand, uchinchi o‘g‘il bo‘lib dunyoga keldim. Bu 1923 yil 8 sentyabrda ro‘y bergan. Ikkala akam ham Ikkinchi jahon urushi janglarida halok bo‘ldi. 1951 yilning iyun oyida 74 yoshli otamdan ayrildim. Endi men oilada bo‘rk kiyganlar orasida eng kattasiman.
Bolalik vaqtimda otam meni tizzasiga o‘tqizib, po‘stini bilan o‘rardi va o‘z she’rlaridan o‘qirdi. Shuning uchun men otamning she’rlarini belimga kamar taqmasdan va otni egarlamasdan avvalroq yoddan bilardim. Qo‘shnilarimiz, maktabdagi o‘qituvchilarim otamning hali chop etilmagan she’rlardan o‘qib berishimni so‘rashardi. Men otam she’rlarini ularga hayajon bilan o‘qirdim.
 
 Keyin men shoirning o‘rtancha o‘g‘li,
 O‘zim ham havasda she’rlar to‘qidim…
 
 Birinchi she’rimni yozganimda o‘n bir yoshda edim. O‘shanda tomning ustiga yozilgan ho‘kiz terisi ustida yotib, birinchi bor Sada tekisligiga 1934 yilda qo‘ngan samolyotni ko‘rish uchun hatto sunnatga yotqizilgan bolalarning chopib chiqqani to‘g‘risida yozgandim. Keyin maktabim, o‘rtoqlarim, o‘qituvchilarim to‘g‘risida yoza boshladim. Maktabim unga she’r bag‘ishlashim uchun yetarli mavzu berardi. Chunki maktab ovulimizdan shundoq ko‘rinib turadigan Xunzax qal’asida joylashgandi va bu qal’a yuzlab yillar g‘animlarning o‘q va snaryadlariga dosh bergandi.
1940 yilda Bo‘ynoq shahridagi pedagogika bilim yurtini tugatib, shu maktabga yana qaytdim, faqat o‘qituvchi bo‘lib. Hozir bu yetti yillik maktab umumiy o‘rta ta’lim maktabiga aylangan va u otam nomi bilan ataladi.
Ettinchi sinfda o‘qiyotgan vaqtimda respublika gazetasida birinchi she’rim chop etildi va unga avar yozuvchisi Rajab Dinmagomedov o‘z munosabatini bildirib, ayrim satrlarining puxta ekanligini ta’kidladi. O‘shandan keyin she’rlarim Xunzax tumani, Bo‘ynoq shahri va respublika gazetalarida chiqdi. She’rlarimga «Sadasa» taxallusi bilan imzo chekardim. Bir kuni mening she’r yozishimdan bexabar tog‘lik adabiyot muxlisi shunday dedi: «Menga qara uka, otangga nima bo‘ldi? Ilgari she’rlarini bir o‘qishda yodlab olardim. Hozir qancha o‘qisam ham sira tushunmayapman». O‘shandan keyin otamning ismini familiya qildim va she’rlarimga Rasul Hamzatov deb imzo qo‘ydim.
Matbuotda qancha she’rlarim chiqmasin, odamlar meni shoir Rasul Hamzatov sifatida emas, Hamzat Sadasaning o‘g‘li sifatida qabul qilishardi. Otam she’riyat san’atidagi birinchi ustozim edi. U mening dastlabki she’rlarimni o‘qib shunday degandi: «Agar bu kulni otashkurak bilan yaxshilab titilsa, bitta o‘choqda o‘t oldirish uchun kichkina cho‘g‘ni topsa bo‘ladi».
Ha, dastlabki she’rlarimda so‘zlar ko‘proq, fikr kamroq edi. Tovoqdagi bir siqim unga bir ko‘za suv quyib, undan xamir tayyorlashga urinayotganim o‘zimga ham sezila boshladi. Qani o‘sha dastlabki mashqlarim? Ular daryoga yetmagan jilg‘alar kabi quridi. Men daryoga yetguncha, yiqilishdan qo‘rqqanimda qoyatoshlarga suyangancha o‘sha jilg‘alarday qancha yurdim? Bari bir, tan olishim kerak, o‘zim o‘sha vaqtda she’rlarimni yaxshi yozilgan deb o‘ylardim. Lekin o‘zimga barcha kitoblarim aziz, hatto bo‘sh to‘plamim ham. Negaki, u birinchi kitobim! U kitobni «Otashin sevgi va yondiruvchi g‘azab» deb nomlagandim. Qanday unutishim mumkin, bu kitobni o‘qib chiqqan tog‘lik qiz menga maktub yo‘llaganini? Qanday unutishim mumkin, qishki qo‘ton yonida cho‘pon shu kitobim varag‘ini tamakiga o‘ralma qilganda ranjiganimni? Qanday unutishim mumkin, otam oldida o‘zimni oqlash uchun butunlay boshqa sabab bilan o‘sha cho‘pon avlod-ajdodining nomini tuproqqa qorganimni? Bu 1943 yilda bo‘lgandi, u vaqtda soqolimni har kun qirtishlardim, namoyishkorona tamaki chekardim va har kuni qizlarni sevib qolardim.
Bu vaqtda turli joylarda ishlashga ulgurdim: ko‘chma avar teatrida rejissyor yordamchisi bo‘ldim, biz ovulma-ovul yurib tomosha ko‘rsatardik, respublika gazetasida muxbirlik qildim, radioda ham o‘zimni sinab ko‘rdim.
O‘sha davrda dog‘istonlik Ikkinchi jahon urushi Qahramoni Saad Aliyevga bag‘ishlab doston yozgandim. Sho‘rlik dostonim avar yozuvchisi Gadji Zalov qo‘liga tushibdi va u yaxshilab do‘pposlabdi. Men ham qarzdor bo‘lib qolmadim, uning «Jang soati» kitobini avra-astarini chiqarib tanqid qildim. Vaqt ikkimiz ham haq ekanligimizni ko‘rsatdi.
O‘zimning bir necha kitobim va Ilya Selvinskiy rus tiliga o‘girgan «Krasnodon bolalari» dostonimni qo‘ltig‘imga qisib, cho‘ntagimga Yozuvchilar uyushmasi a’zo­ligi guvohnomasi va ozgina pulni solib Moskvaga, Adabiyot institutiga o‘qishga kirish uchun yo‘l oldim. Agar rostini aytadigan bo‘lsam, institutga kirish ishtiyoqidan ko‘ra Moskvani ko‘rish ishtiyoqi baland edi. Shaharni ko‘raman va qaytaman deb o‘ylagandim. Ammo Adabiyot instituti direktori Fyodor Vasilevich Gladkov rus tilini bilmasligimni ko‘rib tursa ham, men yozgan diktant qizil qalam bilan rosa bo‘yalgan bo‘lsa ham, familiyamni o‘qishga kirganlar qatoriga yozdi. Shuning uchun bu bag‘rikeng insondan hamisha minnatdorman. Endigina tashakkurimni unga yozma ravishda izhor qilayapman.
Moskva va Adabiyot instituti menga ruchkani qanday ushlashni o‘rgatdi, oq qog‘oz uzra egilib o‘tirib yozishni o‘rgatdi, jumla ustida fikr-mulohaza yuritishni o‘rgatdi, muqaddas tuyg‘ularni sevishni va qadr­lashni o‘rgatdi, o‘z ijodimdan qoniqmaslikni va har bir so‘z ustida o‘ylashni o‘rgatdi.
Moskva va Adabiyot instituti menga she’riyatning ko‘z ilg‘amas sirlarini ochdi. Aynan o‘sha davrda tushundim: yaxshilab tozalangan uch tiyinlik chaqani oltin deb o‘ylab yurganimni. Men navbatma-navbat turli shoirlarga – Blokka, Mayakovskiyga, Yeseninga, Pasternakka, Svetayevaga, Bagritskiyga, avar Mahmudga, nemis Geynega ixlos qo‘ydim. Lekin Pushkin, Lermontov, Nekrasovga bo‘lgan ixlosim hech qachon o‘zgarmadi.
Men rus adabiyotining go‘zal namunalari jozibasini bolaligimdayoq his qilgandim. Otam maktabda o‘qib yurgan vaqtimdayoq Tolstoyning «Hojimurod» asarini ovuldoshlarimga o‘qib berishimni va uni gapma-gap avar tiliga tarjima qilishimni buyurardi. Oqsoqollar asarni tinglar ekan, bunday haqqoniy so‘zlarni odam bolasi yozishi mumkin emas, ularni Allohning o‘zi nozil qilgan bo‘lsa kerak, deb bosh chayqab qo‘yishardi. Krilovning masallarini, Chexovning «Xameleon» hikoyasini, otam tarjima qilgan Pushkinning «Qishloq» she’rini yoddan o‘qirdim. Keyinchalik o‘zim ixlos qo‘ygan Lermontovning she’rlarini, Pushkinning «Poltava»sini tarjima qildim. Yeseninning she’rlari tarjimasi bo‘yicha esa avarlik bitta shoir bilan mushtlashganman ham.
Mening she’rlarim to‘g‘risida yoqimli so‘zlarni yozgan Aleksandr Fadeevning maktubini hamon mehr bilan saqlab kelayapman. Rus shoirlari bilan uchrashuvlar va ular bilan do‘stlik aloqalarini o‘rnatganim, birgalikdagi qizg‘in bahslarimiz menda unutilmas taassurot qoldirdi, beqiyos saboq bo‘ldi. 1947 yilda rus tilida birinchi kitobim chiqdi.
Men ko‘p joylarda bo‘lganman. Mamlakatimizda va uning tashqarisida ham ko‘plab do‘stlarim borligidan faxrlanaman. Agar taqdir menga qancha do‘stlarim bo‘lsa, shuncha umr bersa edi, hatto uzoq yashaydigan odamlar bilan mashhur Dog‘istonda ham mendan uzoqroq umr ko‘rgan odam topilmasdi.
Agar nafis avar she’riyatiga uchta kichkina cho‘g‘ qo‘sha olgan bo‘lsam va ular uchta o‘choqda o‘tni yondirsa, buning uchun avvalo Moskvadagi Adabiyot institutidan, o‘qituvchi va ijodkor do‘stlarimdan minnatdor bo‘lishim kerak. Bir ijodkor sifatida hamisha umuminsoniyat she’riyatining marvaridlaridan, xal­­­qimning, otam va mening yo‘limni yoritgan barcha mayoq­lardan bir umr minnatdorman.

1978

Asror Mo‘min tarjimasi
“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 9-son.