Rashod Nuri Guntekin. G‘amsizning o‘limi (hikoya)

O‘sha kuni ertalab, talabalar bayrami nishonlanadigan kuni bolalar bog‘chasida oldingidan farqli besaranjomlik va jonlanish yuz berdi. Ko‘chalardan guruh-guruh bo‘lib boshlang‘ich va o‘rta maktablarning o‘quvchilari marsh aytib o‘tishar, hammasi shaharning olis saylgohlariga yo‘l olishardi.
Eng katta tarbiyalanuvchisi olti yoshda bo‘lgan bu bog‘cha bolalarini uzoqroq joyga eltish biroz mushkulligi tufayli har yili ular bayramni kichkina oyoqlari bilan 20 daqiqacha yo‘l bosib boriladigan xushmanzara soy bo‘yida nishonlashadi.
Tayyorgarlik joy-joyida. Bog‘cha turli-tuman rangli kiyimdagi jonli gullar dalasidek to‘lib-toshgan. O‘g‘il bolalar yangi poyabzallarini artib tozalashsa, qizlar bir-birining sochlarini to‘g‘rilab, buzilgan lentalarini bog‘lab qo‘yishar, tugmalarini o‘tkazishardi. Bu paytda olti yoshli bir qizaloq tosh zinaga o‘tirib, to‘rt yoshli yetim o‘rtog‘ining so‘kilgan ko‘ylagini tikishga urinar, bu esa albatta, ko‘rgan odamning hayratiga sabab bo‘lardi.
Nihoyat tayyorgarlik tugab, quvnoq bolalar guruhi yo‘lga tushdi. Kichkintoylar bir qo‘llarida rangli paketlar, o‘yinchoq va yeguliklar bilan to‘la savatlarni ko‘tarib olishgan, ikkinchisi bilan esa o‘rtoqlarining qo‘llaridan mahkam tutishgancha yo‘llarida davom etishardi. Ko‘chada ortiqcha shovqin-suron chiqarmaslik uchun o‘qituvchilar bolalarga marsh ayttira boshlashdi. Katta bolalar qomatlarini bor kuchi bilan ko‘tarib, xursandchilikdan ichiga sig‘may kuylashardi. Kichkinalar yurishda qanday bo‘lsa ashula aytishda ham shunday orqada qolishar, natijada pala-partish ovozlar paydo bo‘lardi. Bolalar ko‘chalardan o‘tisharkan, derazalar ochilib ayollar boshlarini chiqarar, do‘konlardagi sotuvchilar nima bo‘layotganini bilish uchun qiziqib qarashardi.
Bolalar bog‘chasining hamma sayohatlarida bo‘lgani kabi bu gal ham safning boshida g‘amsiz kichkinalar bilan birga ildamlashardi Famsiz sariq rangli qari it. U bolalar bog‘chasi joylashgan mahallada yashaydi. Famsiz odamlardek tushuna oladi. Lekin u ba’zi odamlarga qaraganda vafodorroq jonivor. Daydi yurgani uchunmi, mahalladagilar unga g‘amsiz deb nom qo‘yishgan. Darhaqiqat, rostdan ham u ja’mi itlarning eng g‘amgini. Bunga bir necha yil avval katta baxtsizlikka uchragani sabab bo‘lgan.
O‘shanda u to‘rt bolasining birdaniga zaharlanib, ko‘z o‘ngida to‘lg‘ona-to‘lg‘ona o‘lganidan qattiq g‘amga botgandi. O‘lik bolalarini ortib olib ketayotgan mashinaning orqasidan ancha olisgacha chopib borib, bir hafta orqaga qaytmagandi.
O‘shanda uni biror joyda falokatga uchrab jon berganini taxmin qilganlar ham bo‘ldi. Biroq g‘amsiz devona va o‘ychan ko‘ringani bilan juda ziyrak it edi. U dushmanlarini tez payqab olsa-da, ba’zan o‘zini ularga ishonib zaharli ovqatlarini yeb, tuzoqlariga tushadigandek ko‘rsatardi. Lekin bunday qilmasdi. Shu sababli dushmanlari uni o‘ldirishning ilojini topisholmasdi. O‘shanda u tez-tez quloqqa chalinayotgan sovuq gaplarni chippakka chiqarib, bir haftadan keyin yana mahallaga qaytib kelgandi. Ammo u endi baxtga qarshi qarib, g‘amginlashib qolgan, uzun sariq tuklari loyga bulanib, yaralangan oyoqlari bilan oqsog‘lanib qadam tashlardi.
Bilmadim, rostmi-yolg‘on, mahalladagi ayollar u haqidagi bir voqeani ko‘p gapirishardi. Yoamsiz bolalarining o‘limidan keyin yashashni istamagan emish… Vayronaga aylangan binolar oldida turgancha osmonga qarab yolvorgandek to‘xtab-to‘xtab uligan, bolalarini zaharlagan ovqatdan unga ham berishlarini so‘raganmish… Hatto bir marta zaharlangan ekan-u, o‘lmagan emish… Ko‘p azob chekib, ancha payt sudralib yurgandan keyin yana oyoqqa turib ketganmish…
Famsiz bolalari o‘lgach mahalladagilardan xafa bo‘lib, bolalar bog‘chasining orqasidagi vayronaga joylashib olgandi. U endi oldingidek ko‘chalarda aylanib yurmas, faqat ahyon-ahyonda bog‘cha darvozasidan iymanib ichkariga kirib bolalar bilan o‘ynar, tushlik vaqtida ulardan ortgan yeguliklarni yer edi.
Kattalarga qaraganda ko‘proq bolalarga ishonardi. Kichiklardan yomonlik ko‘rmasligini bilgani va ularni ham o‘lib ketgan kichkina jigarporalari kabi himoyasiz ekanini his qilgani uchunmi, shunday qilardi.
O‘qituvchilar bu oltin rangli, hammaga mahzun va o‘zgacha mehr bilan qarab qo‘yadigan, bolalarning har bir erkaligi-yu jabr-zulmiga bardosh beradigan qari, ko‘cha itini quvishmas, uni himoya qilishardi. Shuning uchun bolalar bog‘chasining qorovuli va xodimlari unga g‘amxo‘rlik qilishardi. U kichkintoylarning eng sevimli do‘stiga aylangandi.
Bolalar bog‘chalari jamiyatning kichiklashtirilgan bir bo‘lagiga o‘xshaydi. Bu yerda kambag‘allik, oilaga dog‘ tushishi kabi sabablar bilan jamiyatdan ajratib qo‘yilgan yoki turli xil vaj tufayli yolg‘iz yashash istagida uyidan qochgan murg‘ak bolalar hayot kechirishadi. Famsiz bog‘chaning bir chekkasida bolalar bilan ovunadi. Mushtdek yuraklarida aytib bo‘lmaydigan dard-u g‘amlarini sig‘dirib yashayotgan bolalar uning loy oyoqlarini qo‘llarida tutgancha jonivor bilan suhbatlashardi.
Famsiz ham bolalarga mehribonlik qilardi. Hatto bir marta uning bog‘chada yugurib yiqilgan kichkintoyning yaralangan tizzasini tili bilan yalayotganini ko‘rgan o‘qituvchilar hayron qolishgandi.
Bolalar to‘dasi mahalladan chiqib yam-yashil dalalardan o‘tadigan tor so‘qmoq bo‘ylab harakatlanar, g‘amsiz hammadan oldinda mag‘rur ildamlardi. Lekin nimagadir bugun uning ko‘zlarida ma’yus kayfiyat zohir edi.
Nihoyat bayram o‘tkaziladigan joyga yetib borishdi. Bu yer soya-salqin daryo sohili bo‘lib, suv ostida silkinayotgan yashil suvo‘tlari tepadan aniq ko‘rinib turardi. Bolalarning shovqin-suronidan o‘tloqdagi qushlar hurkib uchib ketdi. Hozir ularning xursandchilik qiladigan payti. Ular qichqirib-quvalashib har tarafga tarqalishar, ba’zilar daraxtga tirmashib chiqa boshlashsa, ba’zilar o‘tloqzorda yumalashib o‘ynardi. Kechqurun bo‘lishiga hali ancha vaqt borligini hisobga olmasdan butun kuch va shodliklarini sarf qilishar, ayrimlari ul-bul yeguliklarini tanovvul qilishni ham boshlab yuborishdi.
Famsiz biroz jonlanib bolalar bilan o‘ynay boshladi. Lekin birdaniga to‘xtadi. Boshini ko‘tarib alamli faryod qildi. Keyin asta-sekin jimib qoldi-yu, kattakon ikkita toshning orasida to‘lg‘ona-to‘lg‘ona yotib qoldi.
It kasallangan edi. Buni darhol fahmlagan bolalar unga ovqat olib bordilar. U ovqatni yemas, vaqti-vaqti bilan ingrab, tishlarini g‘ijirlatib qo‘yardi. Uning iztirobli boqishlarini o‘qituvchilar ham ko‘rishdi.
— Yaqinlashmanglar, bolalar… Nima bo‘lgandayam bu hayvon, balki quturgan bo‘lishi mumkin, — deyishdi kattalar.
Bolalarni tartibga keltira olishmagandan keyin xodimlardan birini navbatchi qilib qo‘yishga majbur bo‘lishdi.

* * *

Olti-etti yoshlardagi qiz nimanidir eslab, baqira boshladi.
— Ey, voh, g‘amsizni zaharlashdi. Bugun ertalab xarid qilgani baqqolga borgandim. Bir chekkadagi axlatlar oldida uni ko‘rgandim. Boshqa itlar bilan birga bir nimalarni yeyishardi. Menimcha, ana shu aniq zaharli ovqat edi…
O‘qituvchilar qari itning bunday ehtiyotsizlik qilishini kutishmagandi. Biroq qizchaning aytganlari to‘g‘ri edi. Famsiz zaharlanib qiynaladigan hamma itlar kabi to‘lg‘onib-to‘lg‘onib tipirchilardi. Endi bolalarning xursandchiligidan asar ham qolmadi. Bayram o‘tayotgan o‘tloqzor jim-jit bo‘lib qoldi. Shu yetmaganday, ba’zi bolalar yig‘lay boshlashdi. Hamma qiladigan ishini unutganday, parishon bo‘lib qolgandi.
Famsiz bog‘chaning qadrdon hayvoni bo‘lib qolgan bo‘lsa-da, o‘qituvchilar bayramni bolalarga zahar qilishni istashmadi.
— Bolalar, qo‘rqmanglar! Sizlar bilmaysizlar, g‘amsiz oldin ham bir necha marta zaharlanib, keyin tuzalib ketgandi. Unga hech narsa bo‘lmaydi, qani, hamma o‘yinga! — dedi o‘qituvchilardan biri.
Kichkintoylarni qiyinchilik bilan tarqata boshladilar. Kimdir yig‘lashda davom etar, yana kimdir kattalarning so‘zidan taskin olib, Qamsiz sabrli jonivor, unga hech narsa qilmaydi, deyishardi. Hatto kichkina hovuchlarini ochib, uni duo qilganlar ham bo‘ldi.
Bolalarni g‘amsizdan uzoqlashtirishning iloji bo‘lmadi va o‘qituvchilar buning boshqa chorasini o‘ylab topishdi. Ular bayram joyini ikki-uch daqiqa olislikdagi boshqa bir yerga ko‘chirishga qaror qilishdi. To‘shanchilar, paketlar yig‘ishtirilib, bolalar g‘amsizni yolg‘iz tashlab keta boshlashdi…

* * *

Bolalar o‘zaro kelishib olishdimi, har to‘rt-besh daqiqada bir o‘quvchi yo‘qolib qolar va ular hech kimga bildirmay g‘amsizning ahvolidan xabar olishardi. Bundan eng kichkina bolalar ham xabardor bo‘lsa-da, o‘qituvchilardan sir tutishib miq etishmasdi.
Bir soat o‘tib, g‘amsiz jon taslim qilayotgani haqidagi sovuq gap tarqaldi. Bechora yotib olgan toshlar orasidan chiqib, achinarli ahvolda tipirchilardi. Famsizning og‘zidan qon kelayotgani uchun yuz-ko‘zi, oyoqlari qip-qizil tusga kirgandi. Endi na buyruq, na do‘q-po‘pisa bolalarni itning oldiga borishdan to‘xtatib qola olardi. Hamma bolalar birdaniga baqirib yig‘lab chopa boshladilar… O‘qituvchilar zo‘rlik bilan ikki-uchtasini qaytarib qolishsa, yana boshqa sakkiz-to‘qqiztasi qochib ketishardi.
Biroq endi hech kim itga yaqinlasha olmadi. Chunki g‘amsizning tipirchilashi qo‘rqinchli tus olgan edi. U o‘zini qo‘yarga joy topolmay tipirchilar, oyoqlari bilan har tarafga tuproqni titkilar, qonga bo‘yalgan og‘zini osmonga qaratib, tahdid qilayotganday tushunarsiz ovozda g‘ingshirdi. Bu hol bir muddat davom etgach, oxiri u so‘nggi kuchini to‘pladi. Va ichini yondirayotgan olovni pasaytirish uchun daryo tomonga yugurib ketdi.

* * *

Xuddi shu paytda daryo ustidagi omonatgina taxta ko‘prik yaqinida, chamasi, besh yoshlardagi ikki qizcha o‘ynab yurardi. Ular itning chang-to‘zonga bulanib o‘zlari tomonga yugurib kelayotganini ko‘rib, qo‘rqib ketishdi. Ko‘prikdan narigi tarafga o‘tib olmoqchi bo‘lishdi-yu, azbaroyi shoshilganidan bittasi daryoga tushib ketib, jon holatda pitirlay boshladi.
Falokatni ko‘rgan g‘amsiz darhol to‘xtab qoldi. Yo‘lini ko‘prik tarafga o‘zgartirib chopdi va qizchaning orqasidan suvga otildi. Og‘zi bilan uning kiyimidan tishlab sayozroq joyga olib chiqdi. O‘qituvchilar yetib kelgunicha uni suv ustida ushlab turdi.
Keyin sabri va nasibasi tugadi chog‘i, asta oyoqlari ostida suvga yiqildi. Bir-ikki marta sho‘nQib atrofdagi suvni harakatlantirdi va joni uzildi. Bo‘shashib qolgan tanasi bir zayldagi suv oqimiga bo‘ysunib, asta-sekin sohildan uzoqlasha boshladi.

Ismatulla Do‘stmurodov tarjimasi

*****************************

BEG‘AMNING O‘LIMI

O‘sha tong bog‘chaning hovlisida favqulodda bir hayajon hamda jonlanish bor edi. O‘quvchilar bayrami kuni edi. Boshlang‘ich hamda o‘rta maktablar, guruh-guruh bo‘lib, madhiyalar aytib, ko‘chalardan o‘tishar, shaharning uzoq burchaklariga tarqalishardi.
Eng keksa tarbiyalanuvchisi endigina olti yoshda bo‘lgan bog‘cha bolalarini esa u qadar uzoqlarga olib borishning imkoni yo‘q edi. Ular bayramlarini o‘z mitti-mitti, kichik-kichik odimchalari bilan yigirma daqiqalik yo‘l keladigan bir o‘tloq etagida nishonlamoqchi edilar.
Tayyorgarlik yuqori darajada edi. Bog‘cha hovlisi rango-rang liboslar ichra o‘zgacha ko‘rinishga kirgan, go‘yo gul-chechaklar chamaniga aylangandi. O‘g‘il bolalar yangi oyoq kiyimlarini artib-surtishar, qizlar esa bir-birlarining sochlarini tarab-tuzatishar, yechilib ketgan lentalarini bog‘lashar, tugmalarini qadashardi. Olti yoshdagi qizcha tosh zinapoyaning pillapoyasiga o‘tirib olgancha to‘rt yoshli bir yetim o‘rtog‘ining so‘kilgan ko‘ylagini tikishga urinardi.
Nihoyat, tayyorgarlik tugadi, guruh bir safga tizilib, yo‘lga tushdi. Bir qo‘llari bilan yonidagi o‘rtoqlarining qo‘llaridan ushlab, ikkinchisida rangli xaltalar hamda yegulik va o‘yinchoqlari solingan jajji-jajji savatchalarni ko‘tarib olishgandi.
Yo‘l davomida ko‘cha-ko‘yda ortiqcha tartibsizlik hamda shovqin-suron bo‘lmasin degan maqsadda tarbiyachilar bolalarga madhiya ayttirib borishardi. Kattalar hayajonlari ichlariga sig‘may, yurakdan kuylashar, kichiklar esa xuddi tashlayotgan qadamlariga monand qo‘shiq aytishda ham orqada qolishar, kishining kulgisini qistaydigan darajada pala-partishlik bilan baqirishardi.
To‘da ko‘chalardan o‘tib borarkan, xonadon derazalari ochilar, ayollarning boshlari ko‘rinar, sotuvchilar do‘konlaridan chiqib qarashardi.
Bog‘cha bolalaridan iborat ushbu karvonni barcha sayohatlardagidek bu gal ham Beg‘am boshqarib borardi. Beg‘am — sariq yungli qari mahalla iti. U xuddi isonlardek aqlli, biroq insonlardan ko‘ra vafodor bir maxluq edi.
Boshi oqqan tomonda daydib yurgani uchun mahalladagilar unga «Beg‘am» deya nom qo‘yishgandi. Aslida esa, kuchuklarning ichida uning g‘ami eng ko‘p edi. Bir qancha yillar avval juda katta ayriliq, motamsarolik tushgandi uning boshiga. To‘rt bolasining birdan zaharlanganiga, ko‘z oldida tipirchilay-tipirchilay jon berganiga guvoh bo‘lgandi u. Bolalarining murdasini olib ketgan axlat tashuvchi ulovning ortidan uzoq mahallalargacha to‘xtamay yugurib borgan bechora maxluq bir haftagacha qaytmagandi.
Uning qayerdadir biror falokatga yo‘liqib, o‘lganini bashorat qilgan kishilar ham bo‘lgandi. Ammo aftodahol ko‘rinishiga qaramasdan u judayam sezgir hamda zukko it edi. Jinsdoshlarining dushmanlarini yaxshi tanir, hatto ba’zan o‘zini ularga ishongandek, zahar aralashtirilgan nonlarni yegandek, tuzoqlariga tushgandek ko‘rsatib, ularni masxara ham qilardi. Shunday ekan, uning biror yerda o‘lib ketishi mumkin emasdi. Shu bois bir haftadan keyin o‘z mahallasiga qaytib keldi. Faqat yana ham qarigan, ma’yus ko‘rinishda, sariq yunglari avvalgidan battar kirlangan, oyoqlari loy-balchiqqa qorishgan holda edi…
Bilmadim, bu gap yolg‘onmi-rostmi, mahalla xotinlari u haqida bir voqeani so‘zlab yurishadi. Emishki, Beg‘am bolalarining o‘limidan keyin yashashni istamaganmish… Eski kulbalarning ro‘parasida turib, yolvorgandek qisqa-qisqa ulib, bolalarining o‘limiga sabab bo‘lgan yemakni xohlagan… Hatto bir martasida zaharlangan ham, faqat o‘lmay qolgan… Ancha qiynalgan, uzoq vaqt yotib qolgandan keyin yana oyoqqa turgan…
Beg‘am bolalarining o‘limidan so‘ng mahalladagilardan ranjib, bolalar bog‘chasining orqasidagi vayronadan panoh topgan. Endi ko‘chalarda avvalgidek ko‘rinmas, faqat har-har zamon bog‘chaning devoridan ichkariga sakrab o‘tib, bolalar bilan o‘ynaydi, tush paytida ulardan qolgan ovqat qoldiqlarini yeydi.
Bolalarga kattalardan ko‘ra ko‘proq ishongani, ulardan hech qanday zarar kelmasligini bilgani uchunmidi, yo‘qsa, ularning ham o‘z o‘lgan bolalari singari ma’sum va himoyaga muhtoj maxluqlar ekanini his qilganidan shunday qilarmidi, bu bizga qorong‘u…
Tarbiyachilar, oltinrang ko‘zlari mahzun va ma’yus, shuningdek, vafo bilan boquvchi, sho‘x-shaddod bolakaylarning barcha erkaliklari-yu barcha aziyatlariga indamay chidaydigan bu qari ko‘ppakni haydab solishmas, bil’aks, bekitiqcha himoya qilishardi. Alhosil, Beg‘am bog‘chaning xodimiga aylanib, qo‘riqchisi bo‘lgani uchun siylanar, kichkintoylarning esa suyukli do‘stlariga aylangandi.
Bolalar bog‘chasi, insonlar jamiyatining kichraytirilgan namunalariga o‘xshaydi. U yerda ham qashshoqlik, faqirlik singari oilalarga xos dog‘ deb qaralgan turfa sabablar bilan jamiyatdan tashqariga otilgan yoxud to‘satdan yolg‘izlikni xohlab, uyidan qochgan «yolg‘iz»lar bor. Beg‘am aynan ana shu kichik «yolg‘iz»lar bilan do‘st tutinar, bog‘cha hovlisining bir burchagida og‘ir-og‘ir odimlab aylanib yurardi. Mitti yurakchalarida izhor qilib bo‘lmaydigan dardu alamlar bilan yashayotgan bolalar u bilan ruhan suhbat qurishardi.
Beg‘am, shu holatida ham hatto bemorga yordam berishni uddalagan, bir kun hovlida yugurib yurib, yerga yiqilib tushganidan tizzalarini shilib olgan kichkintoyni turg‘azib qo‘ygan, to o‘zini o‘nglab olgunicha uni suyab turgandi.
Karvon endi mahalladan chiqib, yashil dalalarning orasidan o‘tgan anhorning ingichka kechuv joyidan o‘tayotgandi. Beg‘am eng oldinda, mag‘rur va bamaylixotir ketib borardi. Biroq nima uchundir, bugun uning yurish-turishida qandaydir bir mujmal kayfiyat, tushunib bo‘lmas bir sokinlik sezilmoqda edi.

* * *

Nihoyat, bayram qilinadigan yerga yetib borishdi. Bu yer soya-salqin anhor bo‘yi edi. Suv ichida yashil suv o‘tlar chayqalib turardi.
Kichkintoylarning chug‘ur-chug‘uridan qushlar hurkib uchib ketishdi. Hozir dunyo ularniki edi. Qiy-chuv qilgancha atrofni boshlariga ko‘tarib yugurishar, daraxtlarga tirmashib, ko‘m-ko‘k o‘tlar ustida yumalashardi. Kechgacha yana bir dunyo vaqt bor ekanini hisoblamasdan, kuch-quvvatlari hamda zavq-shavqlarini sarflashar, hatto tushlik uchun keltirgan yeguliklarini yeyishga tushib ketishgandi.
Beg‘am ham bir lahza jonlanib, bolalar bilan birga o‘ynashni istadi. Biroq birdan to‘xtab qoldi, boshini yuqori ko‘tarib, achchiq-achchiq ulidi. Keyin sekin-asta ortga chekinib, yirik-yirik ikki toshning orasiga kirib yotib oldi.
Beg‘am kasal edi. Bolalar buni darrov sezishdi. Uning oldiga ovqat keltirib qo‘yishdi. Ammo it ovqatlarga qayrilib ham qaramas, har-har payt tipirchilab, o‘z holiga qo‘yishlari uchun yolvorayotgandek tishlarini ko‘rsatib, sekingina irillab qo‘yardi.
Beg‘amning iztirob chekayotganini hamda boqishlaridagi parishonlikni tarbiyachilar ham ko‘rishdi.
– Bolalar, yaqinlashmanglar!.. U nima bo‘lganda­yam baribir hayvon. Balki, qutirgan bo‘lishiyam mumkin! – deya kichkintoylarni ogohlantirishdi.
Bolalarning bu gaplarga parvo qilmayotgani­ni ko‘rib, ehtiyotkorlik yuzasidan xodimlardan birini ularga qarab turish uchun navbatchi qilib qo‘yishga majbur bo‘lishdi.

* * *

Tarbiyalanuvchilardan yoshi kattaroq bo‘lgan olti-etti yoshlardagi bir qizcha birdaniga xuddi nimadir esiga tushib qolgandek baqira boshladi:
– Ey voh, Beg‘amni zaharlashibdi!.. Bugun ertalab bir narsa olish uchun do‘konga borgandim. Ko‘cha boshidagi axlat tashlanadigan yerda uni ko‘rdim… Boshqa itlar bilan birga u ham nimanidir yeyayotgandi… Zaharlangan non yegani aniq!…
Tarbiyachilar bo‘lsa, qari itdan bunday ehtiyotsizlikni aslo kutishmasdi. Biroq, ming afsuski, qizchaning gaplari to‘g‘ri edi. Beg‘am barcha zaharlangan itlarda kuzatilganidek to‘lg‘onib tipirchilashga tushdi.
Bolalarning shodliklari birdaniga yo‘qolib, hozirgina kichkintoylarning qiy-chuvlari bilan jonlanib turgan o‘tloqqa qabristondagidek jimjitlik cho‘kdi. Ba’zi birlari yig‘lashardi. Unga biror yordam berishning imkoni yo‘q edi.
Bog‘chaning qanchalik suyuklisi bo‘lmasin, bir itni deb, bayram shodiyonasi kichkintoylarga tatimasligiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasdi. Tarbiyachilar­dan biri:
– Bolalar, qo‘rqmanglar… Sizlar bilmaysizlar, Beg‘am avval ham bir marta zaharlanib, o‘lmay qolgandi… Unga hech nima bo‘lmaydi… Qani endi, bayramni davom ettiringlar! – deya baqirdi.
So‘ng kichkintoylarni deyarli majburlab, tarqata boshlashdi. Ularning ba’zilari yig‘lashda davom etar, ba’zilari esa tarbiyachilarning so‘zlari bilan o‘zlariga tasalli berib: «Beg‘am — kuchli… Unga hech narsa qilmaydi!» deyishardi. Hatto jajji qo‘lchalarini ochib, uning haqqiga duo qilganlar ham bo‘ldi.
Tarbiyachilar nihoyat boshqa bir chora o‘ylab topishdi. Bayram joyini sal nariroqqa; ikki-uch daqiqalik masofa olisligidagi daraxtzorga ko‘chirishni ma’qul ko‘rishdi… O‘tloq ustiga to‘shal-gan sholchalar hamda yo‘lxaltalar yig‘ishtirilib, guruh Beg‘amni yolg‘iz qoldirgancha yo‘lga tushdi.

* * *

Bolalar o‘rtasida shu zahoti bir yashirin tashkilot tuzildi. Uch-besh daqiqada guruhdan ikkitasi g‘oyib bo‘lar, yashirincha Beg‘amni ko‘rishga ketib, uning holidan xabar keltirardi. Axborot shu zahoti kichkintoylar ichida tarqalib, hatto eng kichkinalari ham buni tarbiyachilardan sir saqlashardi.
Bir soatdan so‘ng yana-da yomon xabar keldi: Beg‘am o‘lim arafasida edi. O‘zi berkinib olgan toshlar orasidan chiqib, qattiq tipirchilardi. Og‘zi, ko‘zi hamda oyoqlari qonga belangandi. Endi na buyruq, nada po‘pisa bolalarni zabt etoldi. Barchasi bab-baravar yig‘lagancha baqirishib, yugurishga tushdi. Tarbiyachilar ikki-uchtasini amallab tutib olishsa, sakkiz-o‘ntasi ularning qo‘lidan qutilib qochardi.
Shunday bo‘lsa-da, endi itga yaqinlashishmadi. Beg‘amning tipirchilashi qo‘rqinchli tus olgandi. Goh yerda ag‘anar, oyoqlari bilan tuproqni timdalar, goh qonli og‘zini ko‘kka ko‘tarib, tahdid qilgandek xunuk tovushda ulirdi. Nihoyat, oxirgi kuchini jamlab, oyoqqa turdi. Ichidagi olovni bosish uchun anhorga qarab yugurishga tushdi.

* * *

Anhordagi ingichka yog‘och ko‘prikning yonida besh yoshlar atrofidagi ikki qizcha turardi. Ular itning chang-to‘zon ko‘tarib yugurib kelayotganini ko‘rib, qattiq qo‘rqib ketishdi. Yog‘och ko‘prikdan narigi tarafga o‘tmoqchi bo‘lishdi. Ammo ularning biri shoshib qolganidan anhorga tushib ketdi. Suvdan chiqish uchun jon holatda tipirchilay boshladi.
Beg‘am bu falokatni ko‘rgach, birdan taqqa to‘xtadi. Yo‘lini o‘zgartirdi. Yog‘och ko‘prik tomon yugurdi. Qizchaning ortidan suvga sakradi. Uning kiyimlarini tishlab oldi. Tarbiyachilar yetib kelgunga qadar uni suv yuzida ushlab turdi.
So‘ngra xuddi boshqa toqati qolmagandek, o‘zini suvning ixtiyoriga topshirdi. Bir-ikki bor sho‘ng‘idi, atrofidagi suvni ko‘pirtirgancha joni uzildi. Beg‘amning ruh tark etgan jonsiz jasadi suvning oqimi bo‘ylab, sekin-asta uzoqlashdi.

Turkchadan Gulbahor Abdulloh qizi tarjimasi