Rabindranat Tagor. Ta’til (hikoya)

Qishloq bolalarining jo‘raboshisi Fatik Chokrobortining kallasiga yangi fikr keldi. U daryo qirg‘og‘ida yotgan yo‘g‘on xodani kema langariga aylantirmoqchi bo‘ldi. Fatik, bu ishda hamma qatnashishi kerak, degan qarorga keldi. Bu ishning qanchadan-qancha taajjub, gap-so‘z va noroziliklarga sabab bo‘lishini o‘ylab, hamma bolalar shu taklifga xursandchilik bilan rozi bo‘ldilar.
Hammalari yeng shimarib, g‘ayrat bilan ish boshlaymiz deb turganlarida birdan Fatikning ukasi Makxonlal xodaning ustiga o‘tirib oldi. Bolalar o‘z mehnatlariga bunchalik beparvolikni ko‘rib, dastlab gangib qoldilar. So‘ng bittasi astagina kelib Makxonlalni turtib yubordi. Biroq bu chora hech kor qilmadi. Bola, hamma o‘yinlaring bir chaqa degandek qilib, bemalol xayol surib o‘tiraverdi.
Jahli chiqqan Fatik ukasiga qarab:
—- Menga qara, urib abjag‘ingni chiqaraman! Tur o‘rningdan! — deb baqirdi.
Ammo Makxonlal bir qimirlab qo‘ydi-yu, yana ham yaxshiroq o‘tirib oldi.
Albatta, bunday holda, boshqalar oldida obro‘ni saqlash uchun gapga kirmas ukaning quloq-chakkasiga tushirishi lozim edi, biroq Fatik bunga jur’at etolmadi. Fatik, Makxonlalning adabini berish unga hech gap emas-u, lekin undan qiziqroq o‘yin o‘ylab topgani uchun bu ishdan tiyilib turganday ko‘rinardi. U bolalarga xodani ukasi bilan birga yumalatib yuborishni taklif qildi.
Makxonlal, mayli, juda qiziq bo‘ladi, dedi-yu, bu qaltis o‘yinning oqibati naqadar xavfli ekani na uning, na boshqalarning aqliga kelmadi.
Bolalar: «Ha, qani! Ha, qani!» — deb xodani qimirlata boshladilar.
Xoda sal aylanishi bilan Makxonlal ag‘darilib tushdi. Bu bolalargan kutganlaridan ham ortiqroq ta’sir qilib, kula-kula ichaklari uzilayozdi. Lekin boshqalar kulsa ham, Fatik bir oz esankiradi. Makxon sakrab o‘rnidan turdi-da, akasiga tashlanib, uni savalay boshladi. So‘ngra,
hammayog‘i timdalangan holda yig‘lab uyga jo‘nadi. Shu bilan o‘yin tamom bo‘ldi.
Fatik bo‘lsa bir ko‘katni yulib, yarim cho‘kkan qayiqning uchiga chiqib o‘tirdi-da, indamay ko‘kat poyasini shimiy boshladi.
Shu paytda qirg‘oqqa bir qayiq kelib to‘xtadi. Undan o‘rta yoshli, sochlari oq, murtlari qora bir janob chiqib keldi.
—    Chokrobortining uyi qayerda? — deb so‘radi u Fatikdan.
Bola poya shimib turib:
—    Ana u yerda, — deb javob berdi.
Biroq, u qaysi tomonga ishora qilganini bilish qiyin edi.
Notanish janob savolini takrorladi:
—    Qayerda?
Bu gal Fatik yana poya shimishni davom ettirib:
—    Bilmayman, — deb javob berdi.
Shundan so‘ng u janob boshqa kishidan so‘rab olib, Chokrobortining uyiga qarab ketdi. Shu orada uydan Bagxa Bagdi kelib:
—    Fatik, yur, seni onam chaqiryapti, — dedi.
—    Bormayman!
Bagxa uni zo‘rlik bilan qo‘lida ko‘tarib olib ketdi. Fatik esa jon-jahdi bilan pitirlar, tipirchilar edi. Onasi uni ko‘rgan hamon jahl bilan o‘shqirdi.
—    Sen Makxonni yana urdingmi?
—    Men urganim yo‘q! — dedi bola.
—    Yolg‘on gapiryapsan!
—    Hech urganim yo‘q, ishonmasangiz Makxondan so‘rang.
Ammo Makxon o‘z shikoyatini takrorladi. Fatik chidolmadi. Yugurib ukasining oldiga bordi-da:
—    Yolg‘on gapirma! Yolg‘on gapirma!— deb qarsillatib shapaloq bilan quloq-chakkasiga tortib yubordi.
Onasi Makxonning tarafini olib, Fatikning yelkasiga bir necha marta qattiq musht tushirdi. Shundan so‘ng bola onasini itarib yubordi. Bu holni ko‘rib ona:
—    Hali sen menga qo‘l ko‘tarmoqchi bo‘ldingmi? — deb qichqirdi.
Xuddi shu paytda:
—    Nima gap? — deb xonaga haligi qora murtli notanish janob kirib keldi.
Fatikning onasi hayrat va quvonchdan terisiga sig‘may:
—    Voy, bu akam-ku! Hay, siz qachon keldingiz? — deb mehmonga ta’zim qildi.
Akasi g‘arbga ishga ketganiga bir necha yil bo‘lgan edi. Bu orada Fatikning onasi ikki o‘g‘il ko‘rdi, eri o‘ldi, lekin akasi hanuz kelmagan edi. Endi, bir necha yil judolikdan so‘ng akasi vataniga qaytib, singlisi bilan ko‘rishgani kelibdi. Bir necha kun o‘yin-kulgi bilan o‘tdi. Ketishi yaqinlashganda Bishonbxor singlisidan bolalaraing o‘qishlari haqida surishtirib qoldi. Singlisi, Fatik o‘jar, injiq, darslarga e’tiborsiz, Makxon bo‘lsa, mo‘min-qobil bola, deb maqtadi.
—    Fatik meni jondan bezor qildi, — deb qo‘shib qo‘ydi u.
Bishonbxor Fatikni olib ketib, Kalkuttada tarbiyalash niyatida ekanini aytdi. Tul xotin darrov rozi bo‘la qoldi.
—    Tog‘ang bilan Kalkuttaga borishni xohlaysanmi? — deb so‘radilar Fatikdan.
Bola xursandligidan irg‘ishlab:
—    Xohlayman! — deb qichqirib yubordi.
Onasi, Fatik Makxonni suvga itarib yuboradi, boshini yoradi yoxud shunga o‘xshash biror kor-hol qilib qo‘yadi, deb mudom qo‘rqib yurgani sababli, undan qutulganiga sevinib turgan bo‘lsa-da, o‘g‘lining ketishga tayyorligini ko‘rib ko‘ngli buzildi.
Fatik esa:
—    Qachon ketamiz tog‘a, — deb so‘ragani-so‘ragan edi. U tun bo‘yi Kalkuttani o‘ylab, mijja qoqmay chiqdi.
Ketadigan kuni Fatik muruvvat ko‘rsatib qarmog‘i bilan varragini ukasiga hadya qildi, hadya qilganda ham qaytib olmaslik, o‘zidan so‘ng meros tariqasida bola-chaqasiga qoldirish sharti bilan hadya qildi.
Kalkuttaga kelgach, eng avval tog‘asining xotini bilan so‘zlashdi. Tog‘asining xotini oilada ortiqcha bir nonxo‘rning paydo bo‘lishidan quvondi deb aytish mumkin emas edi. Uning o‘zida uch o‘g‘il bo‘lib, oilada hamma narsani o‘zicha tartibga solgan, o‘n uch yashar tar-biyasiz qishloqi bolaning paydo bo‘lishi esa, bu tartibni buzishi mumkin. Bishonbxor shuncha yoshga kirsa ham sira aqli kirmadi!
Darhaqiqat, dunyoda o‘n uch yashar boladan shum narsa bo‘ladimi. Uni na go‘dak deb bo‘ladi, na kattalar qatoriga qo‘shib bo‘ladi. U mehr uyg‘otmagandek, baxtga ham loyiq emas. Agar u go‘daklardek bo‘lar-bo‘lmasni gapiraversa — demak, ahmoq: bordiyu kattalardek gapirishga urinsa, uyatsiz, mahmadona. Bo‘yi cho‘zilib kiyimi tor kelib qolsa, u hammaga beor, xunuk ko‘rinib qoladi. O‘n uch yoshda bolalik latofati va mayin ovoz yo‘qoladi, odamlar buni ham bolaning gunohi deb biladilar. Bolalikda ko‘p xatolar kechiriladi, ammo o‘n uch yashar o‘smirning tabiiy xulqi — kechirilmas gunoh sanaladi. Bunday bola hayotda o‘rni yo‘qligini o‘zi ham sezib, o‘z yurish-turishidan nomus qiladi, shuning uchun o‘zini chetga olib yurishga urinadi. Xuddi mana shu yoshda bola shirin so‘zning gadoyi bo‘ladi. Agar bu yoshda biror kishi bolaga yaxshi muommalada bo‘lsa, u bola bu odamdan hayotini ham ayamaydi. Lekin o‘n uch yashar bolani hech kim sevmaydi, chunki bunday qilganda, bola taltayib ketadi, deydilar. Shuning uchun o‘n uch yashar bola egasiz itdek yakkalanib qoladi.
Tabiiy, bu yoshda bola onasi bilan bo‘lgani ma’qul, begona uy uning uchun do‘zax. E’tiborsizlik va mensi-maslik har qadamda uning yuragiga jarohat soladi. O‘n uch yashar o‘smir bu yoshda xotin zotini tutqich bermas samoviy bir mavjudot deb o‘ylay boshlaydi. Binobarin, uning nafrati bolaga ayniqsa alam qiladi.
Tog‘asining xotiniga yoqmaganini o‘ylaganda Fatikning yurak-bag‘ri ezilardi. Uning uchun tog‘asining xotiniga yoqmaganini eslashdan ko‘ra qattiq azob yo‘q. Tog‘asining xotini uni biror ishga buyurganda, u g‘ayrat bilan keragidan ortiqroq qilib o‘tar, kelinoyisi esa uning g‘ayratini sindirish uchun:
—- Bas, bas… senga bir ish buyurib bo‘lmaydi! Bor, yo o‘qi, yoxud o‘z ishingni qil, — der edi.
Kelinoyisining uning ma’naviy kamoloti to‘g‘risidagi g‘amxo‘rligi shunday kezlarda haddan tashqari adolatsizlik bo‘lib tuyular edi.
Tog‘asining uyidagi hayot quvonchsiz, Fatik o‘z has-ratini kimga aytishini bilmas edi. Chor devor orasida qamalgan bola o‘z qishlog‘i haqidagi xotiralar bilan yashardi.
U, uzun ipli varrakni uchirib, chopib yurgan maysazorlarni, o‘zi to‘qigan she’rlarni o‘qib kezgan daryo qirg‘oqlarini, istagan vaqtda cho‘milish, suzish mumkin bo‘lgan tezoqar, soy to‘lqinlarini, o‘rtoqlarini, o‘zining sho‘xliklarini, erkin hayotini, ayniqsa, adolatsiz va badjahl onasini eslab, alamdan yuragi siqilardi.
Qandaydir tabiiy mehr, aytilmagan hasrat, oldida yaqin kishisi bo‘lmagani uchun, bu uyatchan, beso‘naqay, ko‘rimsiz bolani «ona, ona!» deb nola qilishga majbur etardi. Qosh qorayganda onasini yo‘qotgan buzoq xuddi shunday ma’raydi.
Maktabda Fatikdan ko‘ra noshud, e’tiborsiz bola yo‘q edi. Agar muallim undan savol so‘rasa, u og‘zini ochib qarab turar, agar unga qattiq gapirishsa, yuk ko‘tarib turgandek xomush qolar; tanaffus chog‘larida bolalar o‘ynagani chopishsa, u deraza oldida jimgina turib, uzoqdagi uylarning tomiga tikilar; agar bu tomlarda bolalar paydo bo‘lib, oftobda o‘ynashsa, yuragi hovliqib ketar edi.
Bir kuni Fatik jur’at etib:
—    Tog‘a, men qachon oyimning oldilariga boraman?— deb so‘radi.
—    Maktabda ta’til boshlanganda, — deb javob berdi tog‘asi. Ta’til esa kartik oyida boshlanadi uni hali uzoq kutishga to‘g‘ri keladi.
Kunlardan bir kun Fatik darslik kitobini yo‘qotib qo‘ydi. U ilgari ham darsini yaxshi tayyorlamasdi, kitob yo‘qolgandan so‘ng esa darsga butunlay qaramay qo‘ydi.
Muallim uni har kuni tergar, urishardi. Undan hatto tog‘avachchalari ham or qilar edilar. Muallim Fatikni urganda yo so‘kkanda tog‘avachchalari hammadan ko‘proq masxaralab kulishar edi. Buncha xo‘rlikka chi-dolmay Fatik bir kuni kelinoyisiga:
—    Men kitobimni yo‘qotdim, — deb gunohkorona arz qildi.
Kelinoyisi g‘azabdan lablarini qisib:
—    Juda soz! Lekin men senga oyiga besh marta kitob olib berolmayman! — deb javob berdi.
Fatik «g‘ing» demay ketdi. Boshqalar hisobiga yashayotganini o‘ylab, yuragida onasidan juda xafa bo‘ldi. Kambag‘alligi unga endi ta’sir qilgan edi.
O‘sha kuni maktabdan kelganda Fatikning boshi og‘rib, badanlari uyusha boshladi. Bola o‘zini bezgak tutayotganini, agar kasal bo‘lib yotib qolsa, kelinoyisini ancha besaranjom qilib qo‘yishini bilardi. U o‘z kasalining kelinoyisiga qanchalik malol kelishini ravshan tasavvur etardi. Bu qiziq tabiatli, tentak bola, yotib qolsam menga onam emas, begonalar qaraydimi, degan andisha bilan kasalini hech kimga aytmadi.
Ertasiga ilk saharda Fatik g‘oyib bo‘ldi. Uni qidirib hamma qo‘shnilarnikiga kirib chiqdilar, lekin bola topilmadi. Kechqurun sel quya boshladi. Bolani izlaganlar bekor ivib uyga qaytishdi. Oxiri Bishonbxor politsiyaga xabar qildi.
Ertasiga kechki paytda eshik oldiga ekipaj kelib to‘xtadi. Yomg‘ir to‘xtovsiz quyar, ko‘chalar tizza bo‘yi suv edi. Ikki politsiyachi Fatikni qo‘ltig‘idan ushlab kelib, Bishonbxorga topshirdi. Fatik boshdan-oyoq jiqqa xo‘l, butun vujudi loy, iflos. Yuz-ko‘zlari yonar, uni bez-gak tutgan edi. Bishonbxor uni ohista ko‘tarib ichkariga kirdi.
Xotini Fatikni ko‘rib:
—    Birovning bolasiga muncha kuyishning nima hojati bor! Uyiga yuborsangiz bo‘lmaydimi? — deb baqirdi. Bu kungi tashvishni ko‘rib, uning ishtahasi ham bo‘g‘ilgan, o‘z bolalarini ham jerkib tashlagan edi.
—    Men onamning oldiga ketayotgan edim, nega meni qaytardingiz? — deb yig‘ladi Fatik. Bolaning ahvoli og‘irlashdi. Kechasi u alahsirab chiqdi. Ertasiga Bishonbxor doktor chaqirdi.
Fatik isitmadan yonib turgan ko‘zlarini ochib shiftga qaradi-da:
—    Tog‘a, ta’til boshlandimi? — deb so‘radi. Bishonbxor ko‘z yoshlarini dastro‘moli bilan artib uning qizib ketgan ozg‘in qo‘llarini ushlab yoniga o‘tirdi. Fatik yana:
—    Oyijon, meni urmang! To‘g‘ri aytyapman hech gunohim yo‘q,— deb alahsiray boshladi.
Ertasiga Fatik andak hushiga kelib, birovni qidirganday atrofga ko‘z yugurtirdi. So‘ng noumid bo‘lib, devorga qarab yotdi. Bishonbxor bolaning ruhiy holatini payqab egilib uning qulog‘iga:
—    Fatik, onangga odam yubordim, — deb shivirladi.
Ertasiga, doktor rang-quti uchib, tashvish bilan, bolaning ahvoli juda og‘irlashganini xabar qildi. Bishonbxor yarim qorong‘i uyda, bemor bolaning yonida o‘tirib uning onasini sabrsizlik bilan kutardi.
—    Chap tomonga tashla! Yo‘q, bunday emas! Yana chapga! — Fatik alahsirab, matroslarga taqlid qilib qichqirardi. Kalkuttaga kelishda u tog‘asi bilan paroxodda ham ancha yo‘l yurgan edi, matroslar shu zaylda qichqirishib, dengiz chuqurligini o‘lchardilar. Fatik alahsirab ularga taqlid etar, lekin u hozir suzayotgan bepoyon dengizda uning arqoni hech qachon suv tagiga yetmasdi.
Shu paytda Fatikning onasi faryod qilib, uyga chopgancha kirib keldi. Bishonbxor uni arang yupatdi.
—    Fatik, chirog‘im, qarog‘im, — deb chaqirardi sho‘rlik ona.
—    Nima? — dedi Fatik.
—    O, Fatik, chirog‘im!
Bola ohista o‘grilib, oldidagi odamlarni payqamay, sekin gapirdi:
—    Oyi, hozir mening ta’tilim boshlanadi, men uyga boraman, oyi!

To‘xtasin Jalolov tarjimasi