Qalen Sidiqova. Nasl-nasab inqirozi (hikoya)

Farzandlarim Oyzoda bilan Sultonbekka bag‘ishlayman

Kunlarning bir kunida elat xalqining tepa sochi tik turib, yurak-bag‘irni o‘rtaguvchi to‘s-to‘polon bo‘ldi. Ulug‘lar yoqasini ushlab, urf-odatdan yuz o‘girgan bunday voqeaga ich-ichidan tavba-tazarru qilib, yaqinda bandalikni bajo keltirgan, hali tuprog‘i sovub ulgurmagan marhumlarning qarindosh-urug‘lari lolu-hayron edi…
Bu dahshatli hodisaning sababi qabristonda tilovat qilib o‘tirgan joyida to‘satdan vafot qilgan Otin oyining o‘limidan keyingina ayon bo‘ldi.
Xudo rahmat qilgur, o‘ta imonli edi. Besh vaqt namozini kanda qilmay, qaridi-horidi. Otin oyining qancha yoshga chiqqanligini hech kim bilmasdi. Ancha-munchaga o‘zini oldirmagan, bardam, chayir edi. Yursa-tursa faqat Yaratganning nomini tilidan tushirmaydigan qari momoni birovlar “Otin oyi” desa, boshqalari “Bibi xola” deyishib, izzatini joyiga qo‘yishardi. Butun bir vohaga pokizaligi, oqilaligi bilan ibrat bo‘lgan jussasi oshiqday kampirsho taniqli boyning kenja qizi bo‘lgan. Inqilobga qadar martabali ilm ahllarining qo‘lida xat-savodini chiqargan. Momoning aytgan so‘zini hech kimsa qaytarmagan. Qo‘shiq aytishda, go‘yandalikda bu atrofda unga teng keladigan yo‘q. Fotiha lozim bo‘lgan yerdan sira qolmaydi. Tabibchiligiga taraf yo‘q. Tishi og‘riganlarning joniga ora bo‘ladi. Yengil-elpi uchinganlarni, suqli nazarga duchor bo‘lganlarni duoi bad qiladi. Tug‘ilajak bolasi teskari kelib qolgan kelin-kertiklardan yordamini darig‘ tutmaydi. Bemorlar ko‘ngillaridan chiqarib bergan sovg‘a-salomlarni olmaydi. Faqat chit durrachaga o‘ralgan non bilan novvotni qaytarmaydi. Bir yildan buyon duduq xotinning bolasiga yetti kunda bir marta borib, kuf-suf qilib, dam solib savobgarchilik yo‘lida qur’on tilovat qilib qaytadi. Bechoraning nav-nihol o‘g‘li o‘lganidan so‘ng, qabristonga ko‘proq qatnaydigan, o‘ksib-o‘ksib yig‘laydigan bo‘lib qolgandi. Yakkayu yolg‘iz farzandidan ayrilgach, yanada qartayib-qarib, o‘zini oldirib qo‘ydi.
Ovulda momo fotiha bermagunicha birorta mol yoki qo‘y so‘yilmasdi. Qaysi xonadonga kirmasin, duo o‘qimasdan chiqmasdi. Basharti, birorta yosh-yalang yodidan chiqib, Otin oyini chaqirmay qolsa, kampirsho o‘ksinib ketardi. Fotiha o‘qishga bormaslik, jiddiy gunoh ekanligini shu bibidan ortiqroq biladigan odamning o‘zi yo‘q. Ayniqsa, kuz kirishi bilan ba’zilar ayttirib o‘tirmay momoning o‘tin, ko‘miridan xabar olishi odat tusiga kirgandi. Deyarli kunora Otin oyi ovuldagi qutlug‘ bir xonadonning qadrli mehmoni bo‘lardi. Elu xalqning nazarida qadri baland ana shu tabarruk kampirshoning yuragi to‘la armon ekanligini ko‘pchilik bilmasdi. Qalbini g‘am kemirgan bu volidaning Yaratganga shukronasi bor ekan. Sababi, ikki qizi qutlug‘-poyonlik bo‘lib, o‘zidan tingani uchun nabiralari undan xabar olib turishadi. Nima bo‘lsa ham urf-odatga amal qilishga bir umr ko‘nikib ketgan momo uchun tutingan o‘g‘lining ketib qolganligi armonlarning armoni edi. Qolmishiga bir etagini yozib bosgan, bir etagini uzib bosgan kichik ovsinlarining qilig‘i oshib tushdi. Shu boisdan oxirgi mahalda kamgap, kamsuqum bo‘lib qolgandi. Uyqusi qochgan tunlarda esa “o‘z farzandim bo‘lganida shunday qilarmidi” deb g‘ijinib qo‘yardi.
Uydagi kam-ko‘st, tirikchilik bilan umuman ishi yo‘q zaifona o‘g‘liga ba’zan yuragi achishadi. Ichingdan chiqqan egri ilon deganlariday, o‘zi tug‘magan bo‘lsa ham murg‘akligidan asrab-avaylab, kunduzi tinim bilmay, tunlari uxlamay ulg‘aytirgan bolasi toshbag‘ir bo‘lishini qayoqdan bilsin. Biror kishi u haqda past-baland gap aytguday bo‘lsa, sir boy bermay, o‘g‘lining tarafini olib: “hukumatning odami, qo‘li bo‘shamayotgandir, xizmatchilik, oltin boshi omon bo‘lsa, menga shuning o‘zi yetadi” deb qo‘yadi. O‘g‘li dastlab uylangan paytlarda: “Yuring, shaharga olib ketay” deya saza qilgan choqda momo shahardagi o‘n ikki qavatli uylarda yashashga ko‘nikolmasligiga ko‘zi yetib ro‘yixush bermagandi. Biri-biriga o‘xshagan uylar, yo‘laklar, eshiklar. Yanglishib boshqa xonadonga kirib ketishi hech gap emas. Qaytaga onasi “Ko‘zimning tirikligida qishloqda ishlab turgin” degan iltimosini rad etib, “Yaqinda poliklinikaga bo‘lim boshlig‘i bo‘ldim, hozircha kelolmayman. Mana bu uch nabirangiz ulg‘ayib qoldi, ularga shahardan joy-poy deganday. Ellik yoshga chiqsam, bir yo‘la ovulga qaytib, yoningizda ishlab, birga turaman”, deganida: “Yo‘q-yo‘q, sen ellikka chiqquningcha men qora yerning ostida bo‘laman”, deya taqdirga tan bergandi. O‘g‘li oxirgi marta kelganida momoning oldida bir soatcha bo‘lib, asl maqsadini tasdiqlagan ohangda: “Oyi, mashina sotib olmoqchiydim, picha aqcha yetmay qoldi” deb qizil sigirni sottirib, pulini olib ketayotganida kampir unga: “Qaridim-hordim, tezroq qishloqqa kel, qarindosh-urug‘lar bilan bordi-keldi qil, o‘g‘illaring ham begonalashib ketayapti. Qo‘qqis bir kuni o‘lib qolsam, mayitimning ustida kim aytib yig‘laydi”, — dedi onasi yuragi o‘rtanib. Ovuldoshlari davrasida “jinni suvdan” kekirdagini ho‘llab olgan o‘g‘liga kampirning yuqoridagi so‘zi yetmay turgan ekanmi: “Xo‘sh, nima qilayin? Shaharga olib ketayin desam bormasangiz. Men ham qiynalib ketdim. Ovuldoshlarga masxara bo‘lmasdan men bilan keting”.
— Men u yerga ko‘nolmayman. Qarigan chog‘imda tug‘ilgan joyimda tinchroq o‘layin.
— Siz tinch o‘lmaysiz, ko‘ringanga meni yomonlab yurar ekansiz. Qoqbosh bo‘lib yolg‘iz o‘tirguncha, nabiralaringizga qarasangiz yaxshi bo‘lardi. Meni boqmayapti deb elga sharmanda qilguncha, qariyalar uyiga borib, o‘sha yerda zikir solib o‘tirganingiz ma’qul…
— Qo‘y, bolam, bo‘lmag‘ur gaplarni aytib, onangni yomonotliq qilma. O‘sarim emas, o‘larim qolgan kezda sening yomon gaplaringni eshitmay. Har kimni tangrim o‘z rizqi-ro‘zi bilan yaratadi. Qoqbosh deb hech kimi yo‘q kishilarni aytishadi, bo‘tam. Ming qatla shukurkim, ikki qizim uyli-joyli, o‘zidan tingan. — Momo iztirobdan ovozi qaltirab, entikib boshqa gap aytolmadi. O‘shanda o‘g‘lidan bir yo‘la ko‘ngli qolgandi. Xususan, “qariyalar uyiga bor” degani suyak-suyagidan o‘tib ketgandi. Egiz tuqqan o‘g‘illari bevaqt o‘lmaganida u shunday malomatlarga giriftor bo‘larmidi? Kuyov o‘g‘illari necha marta olib ketmoqchi bo‘lib, qiyin-qistov qilishdi. “O‘z uyim, o‘lan to‘shagim, kuyovning to‘rida o‘tirguncha, o‘g‘limning poygagi yaxshiroq” degan mulohazalar bilan shu kunlarga yetib keldi. Qizlarining yig‘i-sig‘ilari ham naf bermadi.
“Otanglarni arvohi rozi bo‘lsin, ko‘zim tirik ekan, mo‘ridan tutun chiqarib turay”, deb Otin oyi ko‘nmagan.
Hech bo‘lmaganda, katta kuyovi besh-o‘n yil yashasa bo‘lardi. Xudo rahmat qilgur, qaynonasiga juda mehribon edi: “Xonadonimizning qut-barakasi onam kelayapti, hoy bolalar, momonglarni kutib olinglar” deb o‘tqazgani joy topolmasdi… Endi esa kampirshoning yolg‘iz ilinji, o‘tgan-ketganlarni xotirlab, Qur’on tilovat qilishdan iborat. Bibi onaning bitta suyangan tog‘i jiyan nabirasi. Ismi Norgul, oziq-ovqatga, uydagi yumushlarga puxta. O‘ta quvnoq. Choy ichib, ovqatlanib o‘tirishgan paytda momo odatdagidek o‘limning barhaqligidan gap ochib, jiyan nabirasiga quyidagi so‘zlarni tez-tez takrorlashi odat tusiga aylanib qolgan:
— Sadag‘ang bo‘lay, men o‘lsam, qanday yo‘sinda aytib yig‘laysan?
— O‘lmasangiz ham hadeb aytaveramanmi? — deb Norgul e’tiroz bildiradi.
— Har doim aytib, yodlab olganing yaxshi, qarog‘im. Qadimda senga tengdosh qizlar go‘yandalikni joyiga qo‘yishgan. Qani, yana bir marta takrorlagin.
— Muallimlarim koyishadi.
— Aza chog‘ida aytib yig‘laganlarni hech kim koyimaydi, chirog‘im. Azada yosh kelinlar yukunmaydi, xolos. Qiz bolaning qiyiq bo‘lgani yomon, sen balog‘atga yetding, qani ayt! Norgul momosi ayttirmaguncha qo‘ymasligiga ko‘zi yetib, bir oz hafagazak ohangda ifodali o‘qiy boshlaydi:

Hech tengi yo‘q onajon,
Sirti go‘zal bo‘lsin deb,
Saxtiyondan o‘ydirding.
Kuvim go‘zal bo‘lsin deb,
Oq archadan choptirding.
Quvnasin deb mehmonlar,
Ipakka nil torttirding.
Namozin kanda qilmagan,
Fe’li yaxshi onajon,
Betahorat yurmagan,
Pokdomonim onajon.
Ketdi Olloh yo‘liga,
Xaftiyak olib qo‘liga.

— Bo‘ldi, endi, hadeb aytganim bilan yog‘i chiqarmidi? — nabirasining kayfiyatini ilg‘ab, uni ortiqcha qistab o‘tirmadi.
— Qani, dasturxonga duo qilaylik. Omin! Yetkazganingga shukur! Choynak va piyolalarni yig‘ishtir. Oftob tobida, sandiqdagi bisotimni dorga yozib, shamollatay. Ertaga payshanba, hozirlik ko‘rishim kerak. Xamir achib ketmasin. Qo‘shni kelinni chaqirib chiqqin, bo‘g‘irsoqqa unnasin.
Otin oyining odati shu. Har payshanba quyosh charaqlab turgan kezda sandiqdagi qizil duxobaga o‘rab qo‘yilgan kafanligini ohista yozib, obdon shamollatib, bola-chaqaga, mol-holga tegdirmay yana taxlab uch marta tilovat qilib, keyin joyiga qo‘ymaguncha ko‘ngli o‘rniga tushmaydi. Balki, kampirning ko‘ngli shundan taskin topar. Qarilik ham sir-sinoatlarga to‘la. Gohida qo‘ni-qo‘shnilar o‘zaro shivirlashib, “Dindor odamlarning ajabtovur fe’l-atvorlari bo‘ladi-da. Namuncha kapanlarini silab-siypasharkin?” Bularni keksa bibi yaxshi anglar, yaratganga iltijo qilib, osonidan berishini astoydil tilab, jamiki jonzot bu omonat dunyoga mehmon ekanligini tez-tez uqtirib turardi. Momo barchaga toza imon, pokiza dil, bola-chaqalarga halol rizqi-ro‘z tilashga ko‘nikib ketgandi. Kampirshoning ko‘nglidan har doim ana shu so‘rovlar o‘tishi odat tusiga aylangan edi.
Qo‘shni kelin bo‘g‘irsoqni pishirib bo‘ldi.
— Momo, biror kishi keladimi? — deb qoldi kelinchak.
— Norgul balog‘atga yetdi, shunga…
Qo‘shni kelin bu gapga uncha e’tibor bermay, “shundaymi” deb qo‘ya qoldi. Bibiga bo‘g‘irsoqdan og‘iz tegdirib, sutli choy berishdi.
— Sen Begjonga ayt, ishdan kelgach, qora qo‘zini bo‘g‘izlab bersin.
Oqshom cho‘kdi. Otin oyi kechki namozni o‘qigach, hordiq olish niyatida o‘ringa cho‘zildi. Ammo kunduzi ko‘proq urinib qo‘ygan ekanmi, sira uxlolmadi. Qartayganda ko‘rpa ham ko‘zingga yovday ko‘rinib qolarkan… Yostiqqa bosh qo‘yar-qo‘ymay uxlab qolgan totli tunlar… Qiziq, hozirgi yoshlar shunday bag‘ritosh bo‘lib o‘sayotganligining boisi nimada? Qarindoshlari bilan bordi-keldi qilmasa, o‘lganlarning ortidan kelib tuproq solmasa. Ta’til vaqtida ham ikki-uch kun turadi, xolos. Qishloqdan ketib, shaharda yashayotganlarning eng yoshi ellikdan oshdi. Hatto Muzropning kenja o‘g‘li Sapashning sochi ham moshkichiri bo‘lib qolganiga qaramay, ovulga qaytmoqchi emas. Hatto xotini ham o‘zimizning qishloqning qizi. Aytishlariga qaraganda, u toshlarning do‘xturi emish. Tavba, toshlarni do‘xturi degani nimasi? Basharti, ularning kuni, suvi bitsa shahardagi qabristonga kofirlar bilan yonma-yon qo‘yisharmikin? Tangrim, o‘zing kechir, nimalar deb valdirayapman? Behuda gunohga botmayin. O‘tgan safar o‘g‘lim o‘rislarni sandiqqa solib ko‘mishadi… degan edi shekilli… Kampirsho nari ag‘darilib, beri ag‘darilib xayoli chuvalib, ayni zamonda yetti otasini tanib-tanimay borayotgan yoshlarning kelgusi taqdiri borasida o‘ylab ketdi. Parvardigorim, qanday alomat zamonlarga ro‘baro‘ qilding? Oqsoqollardan fayz ketdi. Nega ovullik o‘smirlar shaharga qochayotir. Mayli, o‘qisin, ilmli bo‘lsin. Biroq, qishloqdagilar haqida kim qayg‘uradi? Shaharning mehrigiyosi — bo‘lka bilan shishadagi suvmi? Qo‘y so‘yib, qazi-qarta chaynamasa? Shaharga bosh olib ketganlarning hammasi ham yetakchi, olim bo‘lsa-ku, mayliga?! Paxta yog‘ini dog‘lab-dog‘lamay, suvga do‘kondagi uzunchoq xamirdan solib tirikchilik qiladi. Qolmishiga ko‘kat bilan qalampir soladi. Shu ham tirikchilik bo‘ldimi? Rosmana odamlarday qovurdoq bilan sarimoyga to‘yib nasb-nasabingni qadriga yetmaysanmi? Momo shunday turfa xayollar og‘ushida tongga yaqin ko‘zi ilindi. Ertalab bomdodni o‘qigach, sigirni sog‘ib, buzoqni erkin qo‘yib uyga kirdi. Nabirasining maktabga oshiqayotganini ko‘rib:
— Maktabingga bugun bormay qo‘ya qol. Muallimingga ayttirib qo‘ydim.
— Matematikadan nazorat ishi yozishimiz kerak. O‘qituvchi opamiz darsdan qolmanglar, degan.
— Buguncha o‘qishingni yig‘ishtir! Kechadan buyon sening tashvishing bilan ovoraman.
— Xudo bo‘lmasa ham irim-sirim qilaverasizmi?
— Hoy, shakkoklik qilma, kofir bo‘lasan-a?!. Bu qadimdan qolgan urf. Qarog‘im, Allohga aslo shak keltirma, yomon bo‘ladi. Tahorat nimaligini bilmagan hozirgi yoshlar ro‘za tutishning o‘rniga araq bilan og‘iz ochadi. Darsdan qolgan nabira g‘udranib yurib maktab formasini uy kiyimlariga almashtirdi va dahlizga o‘tayotib, supurgini tepib yubordi. Momo bu holatni ko‘rib, “bola emasmi, maktabdan qolganiga jahli chiqayotir” deb yuragi achishdi va o‘z navbatida unga nasihat qildi:
— Qiz bola deganlari supurgini tepsa ayb bo‘ladi. Bo‘sag‘ada turma, buyragingga tayanma, burningni kavlama. Norgul “bibim hadeb bitta gapni to‘tiday takrorlayveradi”, deya koyinib ichkari xonaga yo‘naldi.
Vaqt choshgoh bo‘ldi. O‘choqdagi qozonda kecha so‘yilgan qo‘zi mildirab qaynayapti. Bir bog‘lam kiyik o‘t yegan bu go‘shadagi chorva mollarning go‘shtlari ham ming dardga davo bo‘lib, uning ifori butun ovulni qoplaydi. Uyning ichi jim-jit. Momo darvozani tanbalab, eshikni ichidan ilib, cholidan qolgan yashil o‘tirg‘ichni olib pechkaning yoniga qo‘ydi. Keyin qozondagi iliq suvni katta tog‘oraga quygach, yenglarini shimarib, nabirasiga yuzlandi.
— Qani, bolam, yechin. O‘n ikkiga chiqib, balog‘atga yetib qolding. Qiz katta buvisi uni cho‘miltirmoqchi bo‘layotganligini ko‘rib yechindi. Xushbo‘y giyohlar solingan tog‘oraga ohista oyoqlarini qo‘ydi.
— Bismillohir rahmonir rohiym. Mana buni ushlab tur, — deya momosi qizning kaftiga bir juft oltin isirg‘ani tutqazdi. Oldindan irim qilib sochini yuvish uchun olib qo‘ygan kosadagi qatiqni uning ikkinchi qo‘liga berdi. Norgulning nozik, momiqdek badaniga atir sovun surib, nabirasining uzun sochlarini qatiqlab hafsala bilan yuvdi. Yana bir sidra boshi uzra xushbo‘y suvdan quygach, kamzulining cho‘ntagidan mo‘jazgina kumush qaychisini olib, qizni g‘oz turg‘izib, avratidagi nozik qillarga uch marta qaychi tegizib kerta boshlaganida u negadir cho‘chib ketdi.
— Endi balog‘atga yetding, qizim. Qizning qilig‘i uning jon siri bilan omuxta, bo‘tam. – Otin oyi qolgan tuklarni ham asta qaychilar ekan, xirildoq ohangda quyidagi termani hirgoyi qila boshladi:

Buning nomi Bubushdir,
To‘ntarilgan kumushdir.
O‘ymoqdayin og‘zi-chi,
Er yigitga yumushdir.
Suppasida uch qili,
Uch g‘unonning bahosi.
Labidagi to‘rtta qil,
To‘rt g‘unonning bahosi.
Bu tundagi rizqi-ro‘z,
Er yigitga yumushdir.
Shohu gado parvona,
Uning nomi kumushdir…

— Ilgari bunday rusumlarni, ya’ni balog‘atga yetgan qizlarni kelinlikka tayyorlashni oiladagi bosh kelinlar — yangalar amalga oshirib kelardi. Hozir tamoman teskari. Kelinlar erkaklar bilan ertayu-kech dalada, bozorda. Ayrim xotinlar erkakshoda bo‘lib borayotir. Bo‘tam, rizqi baland kelin bo‘l. Mening yoshimga yetib, boyvuchchalik nasib etsin. Odatda bo‘yiga yetgan qizlar sochini ikkita qilib o‘rib, ortiga tashlab yuradi. Yaxshi niyatli har qanday odam yetti kunda bir marta poklanib turadi. Shuning uchun payshanba qutlug‘ kun sanaladi. Turmushga chiqqaningda ham yostiqdoshing bilan birga poklanish, dilni tozartish odatga aylanmog‘i shart. Kundalik hayotni shodon o‘tkazish kerak. Seni bugun ataylab cho‘miltirishimning sababi shu. – Otin oyi ikkinchi jomdagi suvga muattar hidli yalpizlardan qo‘shib chapishtirib, Norgulni yana bir sidra yuvintirib bo‘lgach, dast ko‘tarib, onadan yangi tug‘ma bo‘lgan pariruxsor qizni oppoq choyshabga o‘rab, ixlos bilan fotiha berdi:
— Imoning toza bo‘lsin! Boshingga g‘am-tashvish tushgan chog‘da ham yaxshilikdan umidingni uzma. Baxtli-saodatli bo‘l! — Norgulni peshonasidan o‘pib, qizning qo‘lidagi qo‘sh tillo isirg‘ani qulog‘iga taqib qo‘ydi. Unga bir sidra yangi tikilgan ust-boshni kiygizib, qo‘shni xotin-xalajlarni chaqirtirib dasturxon yozdi. Mehmonlarning ko‘z o‘ngida qizning o‘ng qo‘liga qo‘yning to‘shini ushlatib, chap qo‘liga bobosidan qolgan shokosani tutqazib, beshikni yonida guli yo‘q oq chinniga suv to‘ldirib, uning boshidan yetti marta aylantirgach, tashqariga olib chiqib to‘kdi. So‘ngra mehmonlarga nabirasining balog‘at yoshiga yetganligini ma’lum qildi. Qo‘shni xotinlar Otin oyining bu irim-sirimlariga uncha e’tibor bermay, yegan ovqatlariga xursand bo‘lib uylariga tarqalishdi…
Shanba kuni jiyan o‘g‘li kelib: — Momo, mol so‘ymoqchimiz, kutamiz, — deb aytib ketdi. Kampir “aytgan joydan qolma, aytmagan joyga borma” degan naqlga amal qilib, peshin namoziga tahorat olarkan, shu jiyan o‘g‘li haqida, el ichida past-baland “visir-visir” so‘zlar yurishi xayolidan kechdi va fotiha bergani borsam gunoh bo‘larmidi, degan xolis niyat bilan sajdaga bosh qo‘yib, ota-ona avlodidan o‘tganlarning haqiga duo o‘qidi. Darhaqiqat, oq fotiha bizning qavm uchun ham farz, ham qarz. Bu rusm faqat g‘ayridinlar uchun begona, xolos.
Kechki ovqat ichilib, xesh-aqrabolar tarqalgandan keyin, jiyani picha shiratobroq bo‘lib qoldi. Barcha uyquga ketgan palla. Otin oyi har kungi odatiga ko‘ra tashqariga chiqdi. Oy yangilanibdi. Kampir ro‘molini o‘nglab, oyga qarab uch marta salom berib, “Yaxshiligingni darig‘ tutma, tangrim” deb kaftini yuziga surtdi. O‘tgan yili kuyov o‘g‘li qazo qilganida tikilgan o‘tovni aylanib o‘tib, keyin tahorat ushatgani yodiga tushdi. Shu mahal tomning ortidan begona odamlarning gaplari quloqqa chalindi. Hatto shohlar ham piyoda boradigan nozik joyga yetganida jiyanining tanish ovozini eshitdi. “Bu xudo urgan yana uxlamay mast-alast yuribdi. Bola-chaqasini yana biror kor-xolga duchor qilmasaydi”. Uning ovozi endi aniq eshitila boshladi.
— Hoy, onangni uray, ortimni artishga ham arzimaydigan pul uchun senlarga sherik bo‘ldimmi? Axir men ham bola-chaqamni boqishim kerak. Ol, ikki to‘g‘aloqqa o‘zing burningni art.
— Hali aytdim-ku, bu gal ovimiz baroridan kelmadi, — deb. — Juda qiyinchilik bilan o‘tkazdik. Hozircha shunga shukur qil. Kelgusi gal qo‘shni ovullarda tentirab yurmay, sizlarning qishlog‘ingizda ishni bitiramiz.
— Ahmoq, bu so‘zingni yig‘ishtir, el bilib qolsa, terimizni sidirib tashlaydi. Harholda ikkovlashib meni aldadinglar.
— Har doim sen toza, biz yomon. Qachon bo‘lsa bizdan gumon qilasan. Bo‘lgani shu desam, ishonmaysan. Haligi haromidan bo‘lganning ukasi uch-to‘rt kundan beri uylanaman deb ota-onasining boshini qotirayotgan emish. Chamasi bir qora ko‘zning ishini to‘g‘rilab qo‘ygan bo‘lsa kerak, u “olmasang o‘zimni osib o‘ldiraman” deb dag‘dag‘a qilayotganmish. Shuning uchun ilojimiz qurib sizlarnikidan ikkitasini tumanga o‘tkazib yubordik. Bittasi bizning qo‘rada turibdi. Lekin, uning qoni yerga to‘kilmaydi. Shahardagi eski tanishlarga yetolmadik. Chunki, Qizil ko‘prikda nazorat jiddiy. Vaqt tig‘iz, mashinaga benzin topilmadi. Itday qiynaldik. Bormay qolganing uchun xafa bo‘lma, bir boladan seni yo‘qlatsak, xotining mol izlab ketdi, — debdi.
Momo iloji yo‘qligidan ancha turib qoldi. Hamkasabalar olislab ketgach, kampir kovushining tovonini ezg‘ilagan holatda ohista uyga kirib o‘rindiqqa cho‘zildi, alla-pallagacha mijja qoqmadi. “Bu xudo urgan kofir, harom-xarish ishga aralashib qolgan, shekilli”. El og‘ziga elak tutib bo‘lmasa-da, xotinlarning ayrim gaplarini shunchaki g‘iybatga yo‘yardi…
Jiyanining gaplarini o‘z qulog‘i bilan eshitgach, xuddi yantoqning ustida yotganday to‘lg‘anib chiqdi. Bomdod namozini bir navi o‘qib, ozgina qush uyqu qildi.Ertalab nonushtaga kirganida jiyani ishga ketib qolibdi. U bilan yuzma-yuz uchrashmaganiga yuragi hijil bo‘lib uyiga otlandi. Hovliga kiriboq o‘tgan-ketganlarni xotirlab qur’on o‘qib, o‘ziga taskin bermoqchi bo‘ldi. Go‘yo xom yog‘ yeganday ko‘ngli g‘ash. Tunda eshitgan gaplar unga tinchlik bermasdi. Peshin mahali ovuldagi duduq xotin kirib keldi. Bu bechora ham oromini yo‘qotgan. O‘lgan o‘g‘lini xotirlab kun ora qabristonga qatnaydi. Ko‘zidan yoshi uzilmagan duduq ayol derazadan qabriston tomonga ishora qilganini ko‘rgan momo “o‘g‘limga qur’on o‘qib qo‘y” degan ma’noni anglab, mehmonni yoniga o‘tqazib tilovat qilib, fotiha o‘qidi. Duduq xotin yana eshik tarafni ko‘rsatib, nimanidir aytmoqchi bo‘ldi. Otin oyi uning maqsadini tushunib yetmadi. Oldinlari indamay chiqib ketadigan mehmon yana nimlarnidir tushuntirmoqchi bo‘lardi. “Bechora, chamasi, qabristonga borib qur’on o‘qi”, — deb iltimos qilayapti shekilli. “Shu so‘zni aytolmay qiynalayotganga o‘xshaydi sho‘rlik. Til — ko‘makayning quti deganlari rost ekan. Kech kirib qoldi, qabristonga xiyla bor. U yerga ivirsib yetguncha oqshom cho‘kadi. Ertaga juma, ertalab o‘tganimiz yaxshiroqmikan”. Ammo, duduq ayolning ketgisi yo‘q. U dam-badam momoning yengidan tortib eshik tomonga imlaydi. Kampirning u ko‘rsatgan tomonga bormaslikka iloji qolmadi. “Ey, tangrim, olamdagi o‘n sakkiz ming jonzotga til ato qilgan o‘zingsan-u, nega ularni to‘kis yaratmading?! Birovga xor, birovga zor dunyo ekansan…” O‘ziga madad berib kelayotgan Qur’oni karimni tumorday bag‘riga bosib tashqariga chiqdi.
Butun vohadagi bitta uruqqa mansub elning yetti otasi dafn etilgan tabarruk qabriston qishloqdan ancha olis. Ana, mashhur Qizart dovoni qorong‘ulik og‘ushiga cho‘kib boryapti. Olmos qirrali tog‘larning cho‘qqilari quyosh aksida lolarang. Baliqchining beldor qirlarini ham qorong‘ulik o‘z domiga tortdi. Momo bilan duduq ayol qarilikdan koyib bo‘lsa ham qabristonni ko‘zlab borishmoqda. Otin oyi so‘qmoq yo‘lni o‘zidan yaxshiroq o‘zlashtirib olgan hamrohiga ishonib, gulgun yoshligini eslab odimlaydi. Bu xilvat mozorotga ular oqshom cho‘kkan mahalda kirib kelishdi. Duduq xotin o‘g‘lining qabriga ishorat qildi, momo qur’on o‘qidi. Keyin, kampir cholining paxsa devor bilan himoyalangan mozoriga o‘tib, uch bora qur’on tilovat qilib, o‘y-sanoga berildi. Shu mahal uni kimdir turtganday bo‘ldi, qarasa duduq xotin. Uni etagidan tortib “o‘tir, hozir ketamiz” deya ishorat qildi. Birdan shundoqqina naridan “to‘q-to‘q” degan ovoz eshitildi. Ular hushyor tortdi. O‘sha ovoz yana avjiga chiqa boshladi. “To‘q-to‘q, dup-qars”… Momo bilan duduq xotin kalima keltirib, ohista qo‘rg‘onning ortiga o‘tishdi. Odamlarning ovozi eshitildi. “Bemahalda bu tabarruk yerda begona kishilar nima qilib yuribdiykin? Yo, o‘g‘ri-po‘g‘rilar bisotini shu yerga yashirgani olib kelganmikin? To‘q-to‘q etgani nimasi?!.”
— Uch donani eplashtirdik, ilgari ham uchta oluvdik. Ko‘p ko‘chirsak el payqab qoladi.
— Yana bir-ikkitani olaylik, ovora bo‘lganimizga yarasha. Keyin qaytib kelmaymiz. Aytganday, bu yerga ko‘milganlarning qarindosh-urug‘lari oyda-yilda bir keladi, sezmaydi.
— Bo‘ldi, haddimizdan oshmaylik. Qani, ketdik.
— Bizni-ku hech kim tanimaydi. Sen esa uncha-munchaga hid sezdirmaydigan xilidansan-ku… Anqovsirab yuraver, ovuldoshlaring hech qachon gumon qilmaydi. Hoy, moxovga sherik bo‘lganlar, xazinaning barchasi qabristonda yotibdi… Izimizni sezdirmasak bo‘ldi-da…
— Ko‘p valaqlamay, haligi isqotdan quy. Bu ovozni momo darhol tanidi. Stakanning ovozi, “jinni suv”ning shildiragan tovushi dangal eshitildi. “Arvoh urgurlar, mozor boshida ham aroq ichadimi?”
— Bo‘pti, xudo gunohimizni kechirsin. Iloyim to‘shlari yalang xotinlarimiz bilan ayshu-ishrat qilgani yetkazsin! — Yoqimsiz kulgi eshitildi.
— Omad tilayman! Olaylik, oldirmaylik. Irg‘itilgan shishalarning charsillab singani qabristonning nolasiga o‘xshab ketdi. Kampir jiyanining ovozini aniq-tiniq angladi. Qo‘ltig‘idagi Qur’oni karim tizzasiga sirg‘alib tushdi, yuragi tez-tez ura boshladi. Ko‘ngli qorong‘ilashib, bo‘yniga muzday ilon o‘ralganday, nafasi qisilib, yoqasidagi tugmani yechmoqchi bo‘lib paypaslay boshladi.
— Bir oz kutib turinglar. Bahonada papamning qabrini ziyorat qilib qo‘yayin.
— Bo‘ronli kunda tahoratxonani izlaganday bu qanaqangi qiliq. To‘yib ichgandan keyingi fotiha to‘ppa-to‘g‘ri Yaratganning o‘ziga tegsa kerak. — U sheriklarining ilmoqli qochirimlariga parvoyi-palak, qalqib-qalqib ilgari yurdi va qurib qolgan tol xodaga yo‘lanib, peshob qildi. Achimsiq hid momoning dimog‘iga urildi. O‘z xeshi cholining qo‘rg‘onini bulg‘ayotganini ko‘rgan kampirning yelkasi osha birov choptirib yuborganday nafasi qisildi.
Kampirning oppoq kafanligiga kimdir qora chag‘ir ilonni irg‘itib yuborganday hushidan ketdi. Ko‘zi tindi, qora tunda go‘yo yulduz uchganday oppoq nur ko‘k toqida so‘ndi. Otin oyi nima gaplar bo‘layotganligini o‘zi anglab ulgurmay, haligi bedavo narigi tarafdan baqirib-chaqirib qoldi:
— Ey, shaytonning malaylari, fonarni yoqinglar. O‘tgan kuni qayerdagi yodgorlikni oluvdinglar?
Bir hovuch nur uning yuzini yoritdi.
— Xuddi o‘sha sen turgan joydagi qizil marmarni olganmiz.
Nafasi tobora qisilib borayotgan momo fonar yorug‘ida fufaykachan jiyanining yuzini ko‘rdi. Duduq xotin uni bu yerga behuda boshlab kelmaganligini endi angladi. Boshi lo‘qillab, qo‘li qayishib, rangi ko‘karib, tomog‘i xirqirab qoldi…
…Fufaykali bedavoni sheriklari boshiga bir mushtlab, “og‘zingni yum, ovozingni chiqarma” deb biqiniga niqtab olib ketishdi. Duduq ayol bor ovozi bilan hayqirib, qabristonni oralab chopib borardi.
— Onangni uraylar, kelib-kelib papamning yodgorligini o‘marasizlarmi? Ahmoqlar! Endi men qaysi yuzim bilan ovuldoshlarimga qarayman?! Qonxo‘r ekansizlar! Hozir militsiyaga boraman, xaromxo‘r ifloslar. Barchangni qamattiraman. Menga ko‘p bo‘lsa besh yil berar. Baringni aytaman. — Fufaykali yigit sheriklaridan birining kekirdagidan bo‘g‘ib, xirillagan ovozda so‘kinib, burniga bir musht tushirdi. Qon yoqasiga quyildi.
— Og‘a, kechirib qo‘y, bilmasdan olibmiz. Uzr, og‘a! Musht yegani uning bo‘ynidan quchoqlab vaziyatni yumshatishga harakat qildi.
— Onangni uraylar! Meni yurtga sharmisor qildinglar. Sudga beraman. O‘zini ilkis rostlab olgach, sheriklarini bir-ikki siltab, dadil yuraboshladi.
— To‘xta! Hoy, it! To‘xta, deyapman. Sening otangga qo‘yilgan yodgorlik ekanini biz qayoqdan bilaylik. Bo‘lar ish bo‘ldi, to‘xta! Xarom bilan halolni birga yedik. Biz qamalib, sen omon qolarmiding. O‘zing o‘ylab ko‘r!
— Gunoh bizda!
— Urdim senlarni! Baribir umring turmada chiriydi. Peshonam sho‘r ekan, senlarning gapingga kirib… — U to‘xtamay ketib borardi. Sheriklari uning maqsadini tushundi:
— Oxirgi marta aytayapman, to‘xta!
Kuyikib ortidan chopib kelgan sheriklarining biri yulqinib borib, qo‘sh tig‘li xanjarni zarb bilan doliga sanchdi. O‘tkir tig‘li xanjar mo‘ljalga sanchilgani uchun u ha, deyishga ulgurmay yerga yuztuban qapishdi.
— Bekor qilding, shoshilmaganingda o‘zi insofga kelardi.
— Uni bir yoqlik qilmaganimizda holimizga maymunlar yig‘lardi.
Shu payt mashina gurilladi.
— Ag‘darib tashla, qon hidi kelayotgan marmarlarni. Hali kimdir sezib qolganday bo‘ldi.
Mashinadagi yodgorliklarni shoshib-pishib ag‘dargan bag‘ri qattol quzg‘unlar ovuldan juftakni roslab, shitob tun qa’riga singib ketdi…
…Qabrlar orasida biri halol, biri esa xarom mayitlar yotganini ko‘rgan qishloq ahli hang-mang bo‘lib qoldi. Sababi, bunday fojia bu muzofotda ilgari yuz bermagan edi. Imonini pokiza tutgan Otin oyining qadr-qimmatini o‘rniga qo‘yib dafn etishdi. Norgul toyloqday bo‘zlab, momosi o‘rgatgan motam aytimini kuylab, go‘yandalikni joyiga qo‘ydi. Xaloyiq xarom o‘lgan kimsaga teskari fotiha o‘qib: “Nasl-nasabing yuzga yetmasin, yetsa ham kuzga yetmasin” deb tavqi la’nat aytib, yetti kishidan ortiq odam uning qabriga tuproq solmadi…
Momosi va o‘g‘lidan ayrilgan yuzi qora ona halol bilan haromning farqiga bormay, xush kallayu mush kalla bo‘lib o‘tirardi. Qabrdan qo‘porib olingan marmar yodgorlikni ko‘rganlar o‘ksinib yig‘laydi. Qadr-qimmati oyog‘osti qilinganlarning qarindosh-urug‘lari uchun hech kutilmagan hodisa bo‘ldi. Axir o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, bundan ham o‘tgan vahshiylikning o‘zi bormikin?!

Qirg‘iz tilidan Tursunboy Adashboyev tarjimasi

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2003 yil, 7-son