1. Jilletta
1612 yil adog‘idagi ayozli dekabr tongida engil-boshi yupungina yigitcha Parijning Katta Avgustinchilar ko‘chasida joylashgan bir uy oldida taraddudlanib nari-beri borib kelardi. Ilk bor sevib qolgan-u, ammo ma’shuqasiga dil izhori qilmoqqa botinolmagan bo‘zboladek rosa ko‘cha tepkilagach, u nihoyat, ostona hatlab, metr Fransua Porbus1 uyda bor-yo‘qligini so‘ramoqqa jazm etdi. Dahliz supurayotgan kampirdan “Ha, uydalar”, degan javobni olgach, qirol hazratlari qanday qabul qilarkanlar, deya yuragi taka-puka bo‘lgan yangi saroy a’yoni misol, aylanma zinapoyaning har bir pog‘onasida to‘xtay-to‘xtay, imillab yuqoriga chiqdi. Chiqdi-yu, ustaxona eshigiga zeb berib turgan g‘aroyib bolg‘achaga qo‘l tekkizolmay maydonchada tag‘in turib qoldi. Ehtimol, bu choq Rubens dahosi porlab, Mariya Medichi nazaridan qolgan Genrix Yettinchining xos musavviri ichkarida ijod qilib o‘tirgandir. Ayni damda yigit ham bo‘lajak buyuk rassomlar yoshlik shavqi va san’at ishqi bilan yonib yashayotgan kezlar biror daho ijodkor yoxud durdona asarga yovuq kelgan payt boshdan kechiradigan jo‘shqin tuyg‘ular iskanjasida edi. Insondagi his-tuyg‘ularning ham olijanob intilishlarga doxil bahor chechaklaridek gul ochish fasli bo‘ladiki, baxt xotiraga, shuhrat esa ro‘yoga aylanishi bilan ular sekin-asta kuzgi bog‘lar kabi za’faron tortadi. Qalbning o‘tkinchi hayajonlari orasida hech biri shuhrat va kulfat yo‘lida endigina ijodning ilk ajib qiynoqlarini totayotgan yosh rassomning jur’atu jur’atsizlikka, umidu umidsizlikka limmo-lim ehtirosichalik muhabbatga uyqash emas. Cho‘ntagida bir miriyam yo‘g‘-u, ammo ko‘ngli oyni tusagan kezlari ulkan san’atkorga duch kelib, yuragi dukillab urib ketmagan rassomning qalbi albatta jindek kemtik bo‘ladi, mo‘yqalamida biror bir bo‘yoq, ijodida biror bir tuyg‘u, yaratig‘ida biror bir jilo yetishmaydi doim. Men bo‘lg‘usi dahoman deb podadan oldin chang ko‘targan maqtanchoqlar esa ahmoqlar ko‘zigagina oqil bo‘lib ko‘rinadi, xolos. Go‘zal xonimlar noz-karashmani mashq qila-qila tortinchoqlik hissini yo‘qotib qo‘ygani kabi, iste’dod egalari ham san’at atrofida aylana-aylana oson boy berib qo‘yadigan uyatchanlik hissi jihatidan qaralsa, xudo yigitchani bu ne’matdan asti qismagan edi. Ishingiz baroridan kela boshlagach, jur’atsizlik ham yo‘qoladi, tortinchoqlik, uyatchanlik esa, ehtimol, jur’atsizlikning bir turidir.
Agar tasodif ro‘y bermaganida, muhtojlikdan boshi gangigan va ayni damdagi dadilligidan o‘zi ham hayratda turgan bechora yigitcha Genrix To‘rtinchining ajoyib portretini chizgan rassom huzuriga kirishga jazm etolmas edi. Xayriyatki, ortidan bir chol chiqib keldi. Alomat kiyim-boshi, hashamdor to‘r yoqasi, sipo va o‘ktam qadam olishidan bu odam ustaning homiysi yoxud do‘sti ekanini payqab, yigit yo‘l bermoq uchun o‘zini bir qadam orqaga oldi-da, bu zotda san’at ahliga xos hamiyat yoxud san’at shaydosiga xos iltifot alomatini ko‘rish umidida uni qiziqib kuzata boshladi, ammo cholning yuzida iblisona bir ifoda, boz ustiga musavvirni jalb etadigan mubham va g‘alati bir jozibami-ey bor edi. Rable yoxud Suqrotnikidek ixcham, yapasqi, uchi qanqaygan burunga tutash siyqa boshli keng do‘ng peshonani; atrofini ajin qoplagan istehzoli labni; kibr-la oldinga turtgan kichkina iyakni; oppoq cho‘qqi soqolni; qarilikdan xira tortgan, ammo g‘azab yoki quvonch damlari hali ham odamni sehrlab qo‘yuvchi nigoh tashlamoqqa qodir dengiz suvidek yam-yashil ko‘zlarni tasavvur qiling-a! Darvoqe, bu turq qarilikdan ko‘ra ko‘proq ruh va tanani kemiruvchi o‘y-xayollardan so‘lg‘inlashgandek edi. Kipriklar butkul to‘kilib bitgan, qosh o‘rnida yakkam-dukkam mo‘ylar ko‘zga chalinadi. Shu kallani zaif va dardmand gavdaga qo‘ndirilgan holda tasavvur eting-da, uni oppoq nafis to‘r bilan o‘rab, cholning qora nimchasiga yo‘g‘on tilla zanjir osib qo‘ying, qarabsizki, bu kimsaning notugalroq surati tap-tayyor – faqat shuni ham qo‘shimcha qilish joizki, ayni damda zinapoyadagi xira yorug‘da u xayoliy tusga kirgan. Go‘yoki Rembrandt mo‘yqalamidan chiqqan bu portret qasnog‘ini tark etib, ulug‘ rassom xush ko‘rgan nimqorong‘ilikda sassiz kezib yuribdimi, deb qolasiz. Chol yigitga sinchkov nazar tashlab, eshikni uch marotaba taqillatdi va uni ochgan qirq yoshlardagi rangpar kishiga:
– Xayrli kun, metr, – dedi.
Porbus nazokat ila cholga ta’zim qildi va yigitchani ham u bilan kelgan deb fahmlab ichkariga oldi. Keyin esa ular yigitga deyarli e’tibor ham qilishmadi. Holbuki, yigitcha rassomlik sir-asrorini o‘rganish mumkin bo‘lgan ustaxonaga ilk daf’a kirib qolgan barcha tug‘ma musavvirlar kabi hayratdan qotgan edi. Usta Porbus ijodxonasini ravoqdagi ochiq deraza yoritib turardi. Yorug‘lik to‘ppa-to‘g‘ri molbertga va undagi oq bo‘yoq chaplangan polotnoga kelib tushar – zulmatga cho‘mgan bu katta xonaning burchak-burchagigacha yetib borolmas edi; ammo uning o‘jar shu’lalari nimqorong‘ilik aro goh devorga osilgan suvoriy sovutining bo‘rtiqlarida kumushdek jilva qilar, goh noyob idish-oyoqlar terib qo‘yilgan ko‘hna javonning o‘ymakor naqshli yaltiroq karnizini taram-taram bo‘lib yoritar, goh hafsala bilan qat-qat tax berib tikilgan va chamasi bitta-yarimta kartina uchun natura o‘rnida xizmat qilgan eski zarboft parda g‘uddalarini yaltillatib yuborar edi.
Tokcha va tagliklarda yalang‘och mushaklarning ganchga tushirib olingan nusxalariyu antik davr ilohalarining gavdalari uyulib yotardi. Qalam yoki pero bilan chizilgan hisobsiz xomaki rasmlaru etyudlar devorni shiftga qadar to‘ldirib tashlagan. Bo‘yoq solingan qutilar, moy va eritmalar quyilgan shishalar, to‘nkarib qo‘yilgan uzun xarraklar orasidan baland deraza sari faqat tor bir yo‘lakcha qoldirilgan, shu derazadan Porbusning rangpar yuziyu anovi g‘alati odamning sarg‘imtir do‘ng peshonasiga tik yorug‘lik tushib turar edi. Yigit o‘sha tahlikali, olag‘ovur yillarda juda mashhur bo‘lgan bir kartinaga butun vujudi bilan singib ketgan – bu kartinani tomosha qilgani yakkash qaysar, cho‘rtkesar odamlar kelardiki, bugun o‘sha qabohat davrida ham ilohiy otash saqlanib qolgani uchun aynan shular oldida qarzdormiz. Kartinada daryo¬dan o‘tkazib qo‘ygani uchun qayiqchiga kira haqi berishga chog‘langan Misr qizi Maryam tasvirlangan edi.
– Avliyo ayoling menga yoqadi, – dedi chol Porbusga. – Qirolicha senga to‘laydigan haq ustiga yana o‘n tilla ekyu qo‘shib bergan bo‘lardim-u, ammo zoti oliyalariga tenglashaman deb boq-chi… holing ne kecharkan!
– Bu ishim sizga yoqadimi?
– He-he, – deya to‘ng‘illadi chol, – yoqadimi emish! Yoqadiyam, yoqmaydiyam. Ayoling xo‘b xushbichim-u, ammo jonsiz. Siz, musavvirlar, odam a’zolarini anatomiya qonunlariga muvofiq joy-joyiga qo‘yib chizsak bas, deb hisoblaysiz. So‘ng bu shakl-shamoyilni palitrada tap-tayyor turgan tana rangidagi bo‘yoq bilan bo‘yashga tutinarkansiz, bir tarafini boshqasiga qaraganda to‘qroq qilish payida bo‘lasiz va qarshingizda turgan yalang‘och ayolga faqat shu maqsaddagina ahyon-ahyon nazar tashlab qo‘yib, kamina tabiatni qayta bunyod etyapti, men – xudodan san’atkorlik sirini o‘g‘irlab olgan zotman, deya xayol qilasiz o‘zingizni… Be, qo‘ysangiz-chi! Buyuk shoir bo‘lmoq uchun gapni chappa tuzishu zo‘r qofiya topishning o‘zi kifoya emas-da! Avliyo ayolingga qara, Porbus! Bir qarashda, u ofatijon bo‘lib ko‘rinadi, ammo ser solib tikilsang, polotnoga chippa yopishib qolganini anglaysan: uning girdida aylanib bo‘lmaydi. U – faqat old tomonigina bor, yorti bir tasvir, xolos. Na u yoq-bu yoqqa o‘girilishi, na-da im qoqishi mahol bo‘lgan ayolsimon bir ko‘lanka. Men mana bu qo‘llar bilan orqa manzara oralig‘ida havo sezmayapman; kartinada bo‘shliq yo‘q; holbuki, olislashish qonuni to‘liq-tugal saqlangan, orqa manzara qoidasiga ham xuddi shunday rioya etilgan; ammo maqtovga loyiq bunday tirishqoqligingga qaramay, bu go‘zal vujudga hayotning qaynoq nafasi-la jon ufurilganiga aslo ishonolmayman; deylik, uning olmadek shu ko‘kragiga qo‘l tekkizsam, marmardek sovuqligidan seskanib ketaman! Ha, do‘stginam, bu bug‘doyrang badanda qon gupirayotgani yo‘q, chakka va ko‘kragining tiniq terisi ostida to‘r bo‘lib taralgan tomirlarda hayot alvon chashma kabi jo‘sh urmayotir. Qara, mana bu joyi nafas olayotgandek – xuddi tirik odamnikidek, mana bu joyi esa qilt etmaydi, kartinaning har bir bo‘lagida hayot bilan o‘lim olishib yotipti; mana bu yerda ayollik latofati namoyon, bu yerda esa u qo‘g‘irchoqning o‘zi. Xullas, asaring nomukammal. Sen sevimli asaringga qalbingning bir bo‘laginigina bag‘ishlagansan, xolos. Qo‘lingda Prometey mash’alasi necha bor o‘chib qolgan, samoviy otash kartinaning ko‘p joyiga tegmagan ham.
– Sababi nima, qadrli ustoz? – deb so‘radi Porbus tavoze bilan, yigit esa cholga musht tushirib qolishdan o‘zini arang tiyib turardi.
– Boisi shuki, – dedi chol, – sen ikki uslub o‘rtasida, rasm bilan bo‘yoq tanlovida, eski nemis ustalariga xos bo‘lgan ikir-chikirlargacha o‘ta aniq tasvirlashdek sovuqqonlik bilan italyan musavvirlarining hayratomuz ehtirosi va olijanob hotamtoyligi orasida kalovlanib qolgansan. Sen bir vaqtning o‘zida Hans Holbeyn va Titsianga, Albrext Dyurer va Paolo Veronezega ergashmoqchi bo‘lgansan. Albatta, bu juda zo‘r da’vo! Biroq natija qanday bo‘ldi, xo‘sh? Na sovuqqonlikning tund maftunkorligiga, na nur bilan soyaning aldoqchi o‘yiniga erisha olding. Xuddi qaynoq mis mo‘rt qolipni yorib tashlaganidek, mana bu yerda Titsianning serhasham va serjilo bo‘yoqlari Albrext Dyurerning sipo konturini buzib, toshib chiqqan. Rasmning boshqa joylari-ku durust, Venetsiya palitrasining boy bisotiga ham dosh bergan. Yuz tasvirida esa na rasm, na koloritni bekami ko‘st deb bo‘ladi, bu yerda mash’um jur’atsizliging izlari ayon ko‘rinib turibdi. Modomiki, bir-biriga ters bo‘lgan bu ikki ijod uslubini iste’doding alangasida eritib, qorishtirib yuborishga ko‘zing yetmadimi, jonli naturaning hechqursa biror bir xususiyatini tugal ifoda etadigan yaxlitlikka erishmoq uchun ikkovidan birini tanlashing zarur edi. Sen faqat oraliq qismlarnigina haqqoniy tasvirlagansan; konturlar bo‘lsa hayotiy chiqmagan, ular oxiriga yetkazilmagan va, demakki, bundan biror ma’no kutish ham noravo. Mana bu yeri tabiiy chiqibdi, – dedi chol avliyo ayolning ko‘kragini ko‘rsatib. – Mana bu yeri ham, – deb davom etdi u yelkaning tugash joyiga ishora qilib. – Ammo bu yeri, – dedi ko‘krak oralig‘iga qaytib, – sirayam o‘xshamagan… Kel, sarak-puchak deb ajratishga nuqta qo‘ya qolaylik, aks holda ijoddan hafsalang sovishi hech gapmas…
Chol kursichaga o‘tirib, qo‘lini chakkasiga tiragancha sukutga cho‘mdi.
– Ustoz, – dedi Porbus unga, – men, harqalay, bu ko‘krakni yalang‘och tanada obdon o‘rganganman, lekin baxtga qarshi, tabiat shunday taassurotlar tug‘diradiki, ular polotnoda nohaqqoniydek bo‘lib chiqadi…
– San’atning vazifasi tabiatdan nusxa ko‘chirish emas, balki uni ifodalay bilishdir. Sen ayanch bir nusxakash emas, chinakam san’atkorsan! – deya zavqqa to‘lib xitob qildi chol Porbusning gapini shart bo‘lib. – Aks holda, haykaltarosh ham ganchdan ayol shaklini olardi-da, shu bilan ish tugadi, deb qo‘lidagi yuqni ketkazishga unnardi. Qani, ganchdan sevgilingning qo‘l shak¬lini ol-da, qara-chi, zarracha o‘xshashlik toparmikansan, yo‘q, bu – ayni murdaning qo‘li bo‘ladi, oqibatda sen haykaltarosh oldiga yukinib borishga majbur bo‘lasan, u esa qo‘ldan aniq nusxa ko‘chirmasa-da, unga harakat va hayot baxsh etadi. Biz jonliyu jonsiz mavjudotlarning ruhi va mohiyatini, o‘zigagina xos bo‘lgan qiyofasini ilg‘ab olmog‘imiz lozim. Taassurot, taassurot deysan! Uqib ol, taassurot bu – hayotning o‘zi emas, undagi bir tasodif, xolos! Modomiki, qo‘lni misol qildimmi, shuni ham aytay, qo‘l nafaqat inson tanasidagi bir a’zo, ayni choqda ilg‘ab olinishi va aks ettirilishi kerak bo‘lgan fikr ifodasi ham. Na musavvir, na shoir, na haykaltarosh taassurotni sababiyatdan ajratmasligi lozim, chunki bu ikkisi – yalakat, biri boshqasisiz mavjud emas. Kurashdan asl maqsad ham ana shu. Aksariyat musavvirlar san’atning shu qoidasidan bexabar bo‘laturib, o‘zi ham bilmagan holda g‘alaba qozonadi. Siz ayolning rasmini chizasiz-u, biroq uning qalbini ko‘rolmaysiz. Bu ahvolda tabiatdan sir o‘g‘irlab bo‘lar ekanmi? Siz o‘zingiz sezmagan holda ustozingizdan ko‘chirib olgan bitta qolipni hadeb tasvirlayverasiz. Siz shaklni qalbdan tuya bilmaysiz, undagi har bir chetlashish va chekinishni zo‘r ixlos va sabot bilan kuzata olmaysiz. Go‘zallik bu – sipo va qaysar xilqat – oppa-oson taslim bo‘lmaydi, uni bo‘ysundirish uchun qulay fursatni kutish, izma-iz ta’qib etish va g‘aflatda qoldirish darkor. Shakl bu – Protey1, biroq afsonadagi Proteydan yuz karra abjir va hiylakor! Qattiq olishuvdan so‘nggina uni asl qiyofasida ko‘rinishga majbur etish mumkin. Sizlar esa, uning o‘zi qay qiyofada ko‘rinishni xohlasa, shu birgina qiyofasi, nari borsa, ikkinchi, uchinchi qiyofasini ko‘rish bilan qanoatlanasiz; g‘alabaga munosib kurashchi esa bunga ko‘nmaydi. Bu tolmas musavvirlar turli hiyla-nayranglarga aldanib qolmaydi, tabiatni yalong‘och holda asl mohiyati-la namoyon bo‘lmoqqa majbur qilmaguncha ahdidan qaytmaydi. Rafael aynan shunday qilgan, – dedi chol san’at qiroliga bo‘lgan hurmatini ifodalash uchun boshidan qora baxmal qalpog‘ini yechib. – Rafaelning boshqalardan beqiyos ustunligi – shaklni qalban tuyish va tabiatni majburlay bilish qobiliyatidir. Uning ijodidagi shakl – bor-yo‘g‘i g‘oya, tuyg‘u va nafosatni yetkazish vositasidirki, bizning “chizgi”larimizda ham aynan shunday bo‘lishi zarur. Har bir tasvir – butun boshli olam, mana shu dunyomizdan manba oluvchi tasvir vositalariga parvardigorning o‘zi ishorat berib turgan onlar qalb ko‘zi-la ilg‘anadigan va bizga daf’atan yuz ko‘rsatadigan muazzam nurli ro‘yodan andoza olib chiziladigan portretdir. Siz vujudning chiroyli libosini kiydirib, latofatli qo‘ng‘iroq sochlar chodrasi bilan ziynatlaysiz ayolingizni, biroq uning tomirlari bo‘ylab qalblarga halovat yoxud ehtiros solaroq jo‘shib oquvchi va zo‘r taassurotlar hadya etuvchi o‘sha qon qani? Sening avliyo ayoling – qorasoch, ammo mana bu bo‘yoqlar, notavon Porbus, mallasoch ayoldan olingan! Shu sabab ham sizlar matoga tushirib oldimizga tizib tashlagan bu qiyofalar bo‘yoq chaplangan ko‘lankadan boshqa narsa emas, shularni rangtasvir va san’at asari deb ataysizmi?.. Chizganingiz ajinani emas, ayolni eslatgani uchungina qoyillatdim deb havolanasiz, qadimgi musavvirlar kabi rasmlaringiz tagiga currsus venustus2 yoxud pulcher homo3 deb yozib qo‘yishga ehtiyoj yo‘qligidan g‘ururlanasiz-da, o‘zingizni zo‘r musavvir xayol qilasiz!.. Ho-ho… Yo‘q, siz hali bu darajaga yetganingiz yo‘q, qadrli birodarlarim, asl rassom bo‘lish uchun hali qancha mo‘yqalamning boshiga yetishingiz, qancha matoga qiron keltirishingiz kerak! Juda to‘g‘ri, ayol kishi boshini shunday tutadi, etagini shunday ko‘taradi, charchoq bosgan ko‘zlari ham shunday malohat-la yiltillaydi, uzun qayrilma kiprik¬larining titroq soyasi yonoqlarida xuddi shunday lipillaydi. Hammasi aynan shunday va… shunday emas ham! Xo‘sh, toping-chi, nima kamlik qilyapti? Arzimas bir chizgi! Ammo shu arzimas chizgida gap ko‘p. Siz hayotni faqat zohirdan ko‘ra olasiz, xolos, botindagi toshqinni bo‘zga tushirolmaysiz, holbuki, bu toshqin ko‘kni qoplagan bulut yanglig‘ jismga harorat bag‘ishlab turgan jon-ku! Boshqacha aytganda, siz Titsian va Rafaeldan farq etaroq, barq urib turgan hayot nafosatini tasvirlab berolmaysiz. Siz turgan shu mavqedan yana olg‘a harakat qilinsa, balki go‘zal rangtasvir asari yaratsa bo‘lar, ammo siz tez orada holdan toyib qolasiz. Oddiy odamlar asaringizga qoyil qolib tasanno ham aytar, lekin chinakam bilimdon miyig‘ida kulibgina qo‘yadi. O, Mabuze!1 O, ustozim! – deya xitob etdi qo‘qqis bu alomat odam. – Sen – o‘g‘risan, hayotni o‘zing bilan ola ketding!.. Shunga qaramay, bu asar betamiz Rubensning qizil bo‘yoq chaplangan flamandcha yuzlar, malla sochlaru tumtaroq ranglar toshqinidan iborat polotnosidan afzal. Asaringda harqalay kolorit, his-tuyg‘u va rasmchilik – san’atning uch muhim uzvi tugal.
– Biroq avliyo ayol g‘oyat jozibali, janob! – dedi xayolot olamida kezib yurgan yigit birdan o‘ziga kelib baralla. – Har ikkala chehrada – avliyo ayolning ham, qayiqchi erkakning ham yuzida italyan ustalariga noma’lum bo‘lgan bir nozik¬lik barq urib turibdi. Qayiqchining yuzidagi taraddud ifodasini ulardan birortasi ham aks ettirib berolmasdi, bunisi – aniq.
– Bu yigitcha sizning hamrohingizmi? – deb so‘radi Porbus choldan.
– Oh, ustoz, odobsizligim uchun avf eting, – dedi yigit qizarib-bo‘zarib. – Kaminangiz rasm chizishga ozroq havasmand. Ilmu san’at o‘chog‘i bo‘lgan bu shaharga yaqindagina kelganman.
– Qani, bir ko‘raylik-chi! – dedi Porbus unga qizil qalam bilan qog‘oz tutqazib.
Yigit chaqqonlik bilan Maryam tasviridan nusxa ko‘chirib berdi.
– O‘-ho‘! – deya xitob qildi chol. – Isming nima?
Yigit rasm tagiga “Nikola Pussen”2 deb imzo chekdi.
– Yosh rassomchamiz chakkimas, – dedi gap-so‘zi telbanamo bu alomat chol. – Rangtasvirdan uncha-muncha xabaring borga o‘xshaydi. Mayli, Porbusning avliyo ayolidan bu qadar hayratga tushganing uchun seni koyimayman. Ha, barchaga bu asar – buyuk ijod mahsuli, san’atning eng chuqur sirlaridan voqif kishilargina undagi qusurni ko‘ra oladi, xolos. Ammo sen bizdan saboq olishga loyiq ekansan, qolaversa, fahm-farosating ham binoyidek, shu bois senga hozir bu kartinani tugallamoq uchun nimalar qilish kerakligini ko‘rsataman. Ko‘zingni kattaroq och, diqqatingni jamla, ehtimol, saboq olishga bunday qulay fursat qayta nasib etmas senga. Porbus, qani, menga palitrangni uzat-chi.
Porbus palitra bilan mo‘yqalamlarni unga tutqazdi. Chol bir dasta katta-kichik mo‘yqalamni uning qo‘lidan qariyb yulqib oldi, chaqqon yeng shimarib, zildek olachipor palitra teshigiga boshmaldog‘ini suqdi. Cholning cho‘qqi soqoli jo‘shqin xayol dolg‘alarini ifodalagan kabi tuyqus qahrli silkinib ketdi. U mo‘yqalamni bo‘yoqqa botirarkan, tishlari orasidan javrar edi:
– Mana bu bo‘yoqlarga qo‘shib, uni qorishtirgan odamni ham derazadan uloqtirib yuborish kerak, ranglar behuzur qilar darajada yorqin va qalbaki – shular bilan bir ish qilib bo‘ladimi, axir?
Chol jazavakor shiddat bilan mo‘yqalamni har xil bo‘yoqlarga shunday chaqqon botira ketdiki, uning qo‘li gamma ustida O filii3 pasxa madhiyasini ijro etish paytida klavishlar uzra suzgan cherkov org‘anunchisi barmoqlaridan ham abjirroq yugurar edi.
Porbus bilan Pussen polotnoning ikki tomonida unga mahliyo bo‘lgancha turardi.
– Ko‘ryapsanmi, yigitcha, – dedi chol boshini ishdan ko‘tarmay, – ko‘ryapsanmi, ikkita yo uchta chizgiyu bitta tiniq lojuvard bo‘yoq bilan shunday bo‘g‘iq havoda nafasi qaytib, sal bo‘lmasa o‘layozgan avliyo ayolning boshi atrofida yengil shabada esa boshladi. Qara, libos burmalari endi qanday tebranib-hilpiramoqda, go‘yo shabada ular bilan o‘ynayotgandek! Vaholanki, u ilgari xuddi nina to‘g‘nab qo‘yilgan ohorli bo‘zga o‘xshab turgan edi. Payqayapsanmi, hozirgina ko‘kragiga mana bu yorqin shu’lani yugurtirdim va u ayol badanining mayin tarangligiga naqadar haqqoniylik baxsh etib yubordi? Yoki qon jo‘sh urish o‘rniga to‘ng‘ib qotib qolgan mana bu kulrang va sovuq bo‘shliqqa qizg‘ish jigarrang bilan qizg‘ish sariq rang aralashmasi nechog‘li harorat ufurdi? Yigitcha, uqib ol, shu tobda senga ko‘rsatayotganlarimni boshqa birorta ustoz o‘rgata olmaydi! Tanaga hayot baxsh etish yo‘lini yolg‘iz Mabuzegina bilardi. Mabuze faqat bitta shogird chiqargan – u ham bo‘lsa menman. Mening esa qartayib qolganimga qaramay bitta ham shogirdim yo‘q. Nimaga shama qilayotganimni tushungan bo‘lsang kerak…
Bu g‘alati qariyaning chakagi bilan birga qo‘li ham tinmas, kartinaning har xil qismlariga tuzatishlar kiritar edi; mana, u bu yerga ikki marta, boshqa yerga bir marta bo‘yoq urdi. Har gal bo‘yoq surtganida go‘yo yangi bir rangtasvir asari paydo bo‘lib borardi. Chol shunday ehtiros, shunday shiddat bilan ishlar ediki, taqir boshiga ter tepchidi; u mo‘yqalamni keskin, epchil va besabr yurgizarkan, navqiron Pussenga xuddi bu alomat odamning ichiga iblis kirib olganu uning qo‘llarini o‘z maylicha harakatlantirayotgandek tuyulib ketdi. Ko‘zlarining majhul bir kuchni daf etayotgan singari g‘ayritabiiy chaqnashi, qo‘llarining asabiy siltanishi yigitcha ko‘nglida g‘imirlagan bu gapning bir qadar rostligini tasdiqlayotgandek edi. Cholning qo‘li ishda-yu, chakagi ham yopilmasdi:
– Voh! Voh! Voh! Bo‘yoqni mana bunday chaplaydilar, yigitcha! Qani, bo‘yoqlarim, shu sovuq chizgilarni jonlantirib yuboring-chi. Qani, qani! Shunday, shunday! – deya bir-ikki bo‘yoq surtish bilan Maryamning qaddi-bastidagi ba’zi g‘alatliklarni bartaraf etar, hayot asari sezilmayapti, deya barmoq niqtab ko‘rsatgan joylarini jonlantirib yuborar, qizning ehtirosli tabiatiga mos ranglarni yo‘qdan bino etar ekan, xitob qilardi qariya: – Ko‘ryapsanmi, azizim, hamma gap so‘nggi bo‘yoqni qanday berishda! Porbus yuz martalab bo‘yoq surtgan bo‘lsa, men bir martagina mo‘yqalam yurgizdim. So‘nggi bo‘yoq tagida qolib ketgan ranglarni esa hech kim hatto eslamaydi ham. Buni yodingda tut!
Nihoyat, qariya ishini tugatib, hayratdan dong qotgan Porbus bilan Pussenga yuzlandi-da:
– Bu asarning “Go‘zal Nuazeza”mga yetishiga hali ancha bor, ammo tagiga imzo cheksam arziydi. Ha, shu asar tagiga imzo qo‘ysam yarashadi, – dedi u ko‘zgu olish uchun joyidan qo‘zg‘alib. So‘ngra kartinani ko‘zguga solib tomosha qila boshladi. – Endi, yuring, nonushta qilamiz, – deb qoldi qariya dabdurustdan. – Ikkalangiz uyimga marhamat qilasiz. Dudlangan son go‘shtiyu xushta’m sharob bilan mehmon qilaman sizlarni. He-he, shunday tahlikali zamonlarda ham biz rangtasvir haqida bahslashsag-a! Ha, chakana odamlar emasmiz! Mana bu yigitchaning ham qobiliyati chakkimas, – deb qo‘shib qo‘ydi u Pussenning kiftiga qoqib.
Shunda cholning nazari yigitchaning uniqib ketgan kamzuliga tushdi-yu, kamariga osig‘liq charm hamyonni paypaslab topdi-da, ichini kavlab ikki tilla tanga oldi va Pussenga uzatib:
– Boya chizgan rasmingni sotib olaman, – dedi.
– Olaver, – dedi Porbus Pussenga uning titrab va qizarib ketganini ko‘rib: yosh musavvir qalbida kambag‘allik ori tug‘yon urar edi. – Olaversang-chi, buning hamyoni qirolnikidan ham kattaroq!
Uchovlon ustaxonadan chiqishdi-da, san’at haqida suhbat qila-qila, Sen-Mishel ko‘prigi yaqinidagi ko‘rkam yog‘och uyga yetib kelishdi. Uyning jimjima bezaklariyu eshigidagi bolg‘achasi, derazasining panjarasiyu naqsh-nigorlari Pussenni mahliyo etdi-qo‘ydi. U esini yig‘ib olgan chog‘da anvoyi noz-ne’matga to‘la dasturxonga yondosh chars-churs yonib turgan kamin oldida, ne ajib baxtki, bir-biridan suhbati shirin ikki buyuk musavvir davrasida o‘tirardi.
– Yigitcha, – dedi Porbus uning bir kartinadan ko‘z uzolmay qolganini ko‘rib, – bu polotnoga ko‘pam tikilib qaramang, aks holda kayfiyatingiz buziladi.
Bu – Mabuzening “Odam ato” kartinasi bo‘lib, rassom o‘ziga qarz bergan kimsalar uni uzoq vaqt qamoqqa tiqib qo‘yganida hibsdan ozod bo‘lish uchun chizgan edi. Odam atoning qaddi-basti shu qadar tabiiy, shu qadar haqqoniy ko‘rinardiki, Pussen cholning dudmal so‘zlaridagi tub ma’noni shu daqiqadayoq anglab yetdi. Chol esa kartinaga qoniqish bilan, ammo zavq-shavqsiz boqib turar, go‘yo ko‘nglidan “Men bundan yaxshi chizaman”, degan o‘yni o‘tkazar edi.
– Unda hayot ufurib turibdi, – dedi chol, – bu asarni chizganda boyoqish ustozim o‘zidan ilgarilab ketgan, biroq tub mohiyatda haqqoniyatga yetisha olmagan. Odam ato go‘yo tirik, u hozir o‘rnidan turib, siz tomon yurib keladigandek. Ammo biz nafas olayotgan havo, biz boqib turgan samo, biz his etayotgan shabada yo‘q bu asarda! Qolaversa, undagi odam ham – shunchaki bir odam. Vaholanki, parvardigor endigina yo‘qdan bor etgan bu ilk odamda biror ilohiy belgi nish berib turmog‘i zarur edi, unda bo‘lsa aynan shu narsa yo‘q. Mabuzening o‘zi ham sharob totmagan hushyor chog‘lari hasrat bilan iqror bo‘lardi bunga.
Pussen tiyiqsiz bir qiziqish bilan goh cholga, goh Porbusga termilar edi. U hatto bir gal uy sohibining ismini so‘rash uchun Porbusning yoniga ham bordi, ammo Porbus yuziga sirli tus berib barmog‘ini labiga bosdi, qiziqishi battar alangalangan yigitcha bu ismni ertami yo kech tasodifan og‘izdan chiqib ketadigan biror luqmadan bilib olishga umid bog‘lab, mum tishlab qoldi. Porbus sidqidildan bajo keltirayotgan hurmat-ehtirom ham, xonani to‘ldirgan ajoyib asarlar ham uy sohibining, hech shubhasiz, katta boylik va zo‘r iste’dod egasi ekanidan guvohlik berardi.
Qoramtir eman yog‘ochidan yasalgan panelda ayolning serhasham portretini ko‘rib, Pussen hayajon ichida:
– Qanday go‘zal! Jorjone! – deya hayqirib yubordi.
– Yo‘q! – deya e’tiroz bildirdi chol. – Qarshingizda – kaminaning ilk asarlaridan biri, xolos.
– Yo parvardigor, demak, men kimsan – rangtasvir xudosining uyida mehmon ekanman-da! – dedi Pussen soddadillik bilan.
Bunday iltifotlarga allaqachon ko‘nikib ketgan chol faqat jilmayibgina qo‘ydi.
– Frenxofer, aziz ustozim, – dedi Porbus, – menga asl Reyn sharobidan ozroq berolmaysizmi?
– Ikki bochka berganim bo‘lsin, – dedi chol hotamtoyligi qo‘zib, – birini misrlik Maryamingdan olgan zavqim haqqi, ikkinchisini esa do‘stligimiz haqqi tortiq etaman.
– Oh, agarda uzzukun xastalik qiynamaganida, – dedi Porbus, – qolaversa, “Go‘zal Nuazeza”ngizni bir ko‘rishimga ijozat etganingizda, men katta-katta jozibador asarlar yaratgan, odamlarni bo‘yi baravar qilib chizgan bo‘lardim.
– Asaringizni ko‘rsaydim, deysanmi? –dedi hayajondan titrab chol. – Yo‘q, aslo! Men hali uni yakunlaganim yo‘q. Kecha oqshom, – deya davom etdi u, – Nuazezamga nuqta qo‘ydim deb o‘ylagan edim. Uning mijjalarida yosh qalqigandek, vujudiga esa jon kirgandek ko‘ringan edi. Kokillari to‘lqin urardi. Nafas olardi u! Garchand silliq matoda naturaning do‘ng va dumaloq joylarini qanday tasvirlash yo‘lini topgan bo‘lsam-da, bugun ertalab, yorug‘da xatomni payqadim. Eh, Nuazezani tirikdek chizmoq uchun qancha-qancha buyuk kolorit ustalari ijodini qunt bilan o‘rganmadim, yorug‘lik tushirishning piri bo‘lgan Titsian kartinalarini qatlamma-qatlam ko‘rib chiqmadim, tahlil qilmadim! Men shu buyuk musavvir singari, yuzga ilk bo‘yoq berishda yorqin va quyuq ranglarni qo‘lladim, chunki soya – faqat bir tasodif, xolos, buni yodingda tut, qarog‘im. So‘ng ishimni yetgan joyidan davom ettirib, nimsoya va yorqin rang¬larni oz-ozdan quyuqlashtirish evaziga qora va timqora soyalarni tushirdim; axir, hamma musavvirlar chizgan asarlarda naturaning soya tushgan joylari nur tushgan joylaridan boshqacharoq ashyodan: deylik, yog‘ochmi, birinjmi yoki boshqa biror narsadan yaralgandek tuyuladi, ammo soya tushib turgan tanaga o‘xshamaydi, aslo! Bu asarlarda mabodo tana holati o‘zgarsa ham, avval soya tushgan joylari o‘sha-o‘sha – yorishmay qolaverishi bilinib turadi. Ko‘pgina mashhur musavvirlar ham yo‘l qo‘ygan bu xatoni men chetlab o‘tdim – kartinalarimda eng quyuq soya ortida ham juda yorqin rang ko‘pirib turadi. Men, har bir chizgini hafsala bilan chizgani uchungina o‘z ishimning ustasiman deb maqtanuvchi ko‘pgina nodon musavvirlarga o‘xshab, gavdani aniq chiziqlar bilan tasvirlamaganman, anatomik mayda-chuydalargacha ijikilab o‘tirmaganman; negaki, inson tanasi chiziqlargagina qarab qolgan emas. Bu borada haykaltaroshlar, biz, musavvirlardan ko‘ra, haqiqatga yovuqroq boradi. Natura biridan boshqasiga o‘tib turuvchi do‘ngliklardan tarkib topgan. Naf-silamri, rasm degan narsa yo‘q o‘zi dunyo¬da! Kulmang, yigitcha. Bu so‘zlar sizga har qancha g‘alati tuyulmasin, bir kun kelib albatta mag‘zini chaqasiz. Chiziq degani shunday bir vositaki, inson uning ko‘magida jism sirtida yorug‘lik jilvasini payqab oladi. Ammo boshdan-oyoq bo‘rtiq tabiatda asli chiziq degan narsa yo‘q: rasm faqat namuna olish, ya’ni biror jismni o‘z muhitidan ajratib ko‘rsatish bilan yaratiladi. Faqat yorug‘likning tarqalishigina jismlarga namoyon bo‘lish imkonini beradi! Shuning uchun men yaqqol chizgidan qochib, konturni ochiq va iliq nimtatir ranglar tumani bilan yashirganman, binobarin, hech kim kartinamda kontur bilan fon tutashib ketgan joyni barmoq nuqab ko‘rsatib berolmaydi. Yaqin borib qarasangiz, bu asar go‘yo paxmoq bir narsadek ko‘rinadi, biroq ikki qadam orqaga chekinsangiz, hammasi aniq va yaqqol bo‘ladi-qoladi – vujud harakatga keladi, shakllar bo‘rtib chiqadi, havo epkin taratadi. Biroq, shunga qaramay, hali asardan ko‘nglim to‘lgani yo‘q, gumon ezmoqda meni. Balki birorta ham chiziq tortmasligim kerakmidi, avval nurga chulg‘algan bo‘rtiq joylarga unnab, keyin, aksincha, soya tushib turgan joylarga o‘tsam – ishni Nuazeza qaddi-bastining qoq o‘rtasidan boshlasam durustmidi? Axir, dunyoning nazarkarda musavviri – quyosh aynan shunday yo‘l tutmaydimi? O tabiat, tabiat! Sening lip etib ko‘rinib, so‘ng g‘oyib bo‘luvchi etagingdan tutish biror marta biror kishiga nasib etganmikan? O‘zing ham tan ol – ortiqcha bilim, xuddi nodonlik kabi, kishini gumon va inkor yo‘liga yetaklaydi. O, asarim mukammal ekaniga shubham bor!
Chol bir lahza tin olib, so‘ng yana so‘zida davom etdi:
– Shu asarni boshlaganimga o‘n yil bo‘ldi, yigitcha. Biroq gap tirik tabiatni zabt etish haqida borar ekan, o‘n yil nima bo‘libdi! Pigmaliondek qudrat sohibi birgina haykal yaratib, uni tiriltirish uchun qancha vaqt sarf etgani bizga qorong‘i, axir!
Chol qattiq o‘yga cho‘mdi, u ko‘zini bir nuqtaga qadagancha qo‘lida beixtiyor pakki o‘ynatardi.
– U o‘z ruhi bilan suhbat quryapti, – dedi Porbus pichirlab.
Shu on Nikola Pussen borlig‘ini so‘z bilan ta’riflab bo‘lmas qiziqish egallab oldi. Ma’nosiz ko‘zlarini bir nuqtaga qadagancha dong qotgan chol, Pussen nazdida, insondan-da oliyroq bir xilqat, boshqa bir olamga doxil g‘aroyib daho edi. U ko‘ngilda minglab mavhum fikrlar uyg‘otardi. Vatan haqidagi qo‘shiq badarg‘a etilgan odamda qanday taassurot qo‘zg‘atishini so‘z bilan ifodalash qanchalik qiyin bo‘lsa, shu qabildagi jodulovchi ta’sirda o‘zini namoyon etadigan ruhiy hayot hodisotlarini aniq ta’riflash ham shunchalik mushkul. Cholning san’atdagi eng zo‘r kashfiyotlarga oshkora nafrati, hech kimnikiga o‘xshamagan fe’l-atvori, Porbusning unga bo‘lgan ehtiromiyu uzoq vaqt pinhon tutilgan, katta sabr va qunt evaziga yaratilib, yosh Pussenni qattiq hayajonga solgan va hatto Mabuzening “Odam ato”sidan ham zo‘r chiqqan Bibi Maryamning boshi eskizini ko‘rgach aytilsa, shubhasizki, bularning bari san’at mulki sultonlaridan birining ilohiy mo‘yqalamidan shahodat berar, bu choldagi jamiki xislat inson tabiatining chek-chegarasini buzib chiqqan edi. Nikola Pussenning jo‘shqin xayolida shu ajab zotning birgina jihati aniq, yorqin aks etdi: bu – tug‘ma musavvirning barkamol timsoli edi, odatda bunday zotlar ixtiyoriga buyuk kuch-qudrat berilgan bo‘ladi va ular ba’zan shu kuch-qudratni suiiste’mol qilishgacha borib yetadiki, oqibatda nainki oddiy odamlar, hatto san’at shaydolari ham ularga butun aql-idrokini topshirib qo‘yib, hech vaqo topib bo‘lmas minglab toshko‘chalarga ergashib ketadi, vaholanki, ilohsifat, devonavash bu qalbning ko‘ziga o‘sha toshko‘chalarda olamshumul voqealar, mahobatli saroylar, san’at mo‘jizalari ko‘rinadi. U tabiatan hazilkash va ko‘ngilchan, boy va faqir bir xilqat! Shunday qilib, serzavq Pussen nazdida, bu chol daf’atan san’atning naq o‘ziga – siru asrorlar, tug‘yonu to‘lg‘onishlar, orzuyu xayollar bilan to‘lib-toshgan san’atga aylandi-qoldi.
– Ha, azizim Porbus, – deya yana gapga tushib ketdi Frenxofer, – shu vaqtgacha chehrasiyu tanasi benihoya chiroyli, benuqson bo‘lgan sohibjamolni uchratish nasib etmadi menga. Ayniqsa, uning terisi shunday bo‘lsaki… Lekin qadimgi odamlar xayoloti yaratgan ilohiy Veneraning tirigini qaydan topay? Biz bu go‘zallikni qanchalik ishtiyoq bilan izlaylik, faqat bo‘laklarnigina topamiz, xolos! Oh, o‘sha ilohiy sanamni, go‘zallik farishtasini, xullas kalom, idealni faqat bir marta va bir lahza ko‘rmoq uchun butun mol-dunyomni nisor etgan bo‘lardim. O, samoviy go‘zallik, seni axtarib narigi dunyoga borishga ham roziman! Seni olib kelish uchun, Orfey singari, san’at jahannamiga tushishga ham tayyorman!
– Endi ketsak ham bo‘lar, – dedi Porbus Pussenga, – bu yog‘iga u bizni eshitmaydi ham, ko‘rmaydi ham.
– Ustaxonasiga kirsak-chi? – dedi hanuz hayajonini bosolmagan yigitcha.
– O, qari tullak oldindan buning ehtiyot chorasini ko‘rib qo‘ygan. Uning xazinasi qattiq muhofaza qilinadi, kirib bo‘pmiz u yerga! Bu fikr, bu istak faqat sizdagina paydo bo‘lgan emas, men ham avval bu asrorxonaga kirishga urinib ko‘rganman…
– Demak, sir yashirilgan ekan-da u yerga?
– Ha, – dedi Porbus. – Mabuze shogirdlikka olgan yakkayu yagona odam shu – keksa Frenxofer bo‘ladi. Frenxofer Mabuzega ham do‘st, ham homiy, ham padar edi, uning betiyiq ehtirosi yo‘lida ozmuncha boyligini sarflamagan bu chol. Mabuze evaziga unga relef sirini ochgan, bizga faqat orzu bo‘lib qolayotgan – tanaga favqulodda hayotiylik va tabiiylik bag‘ishlash mahoratini o‘rgatgan. Darvoqe, Mabuze bu mahoratni shu qadar puxta egallaganki, Karl Beshinchining saroyidagi marosimga tiktirib kiyib borishi kerak bo‘lgan guldor shohi matoni sotib, ichib qo‘yib, u yerga qog‘ozdan libos kiyib borganini birov payqamagan ham. Chunki Mabuze qog‘ozni naq guldor shohi matoga aylantirib yuborgan va g‘aroyib libos hatto imperator nazariga tushib, u qari piyonistaning homiysiga bundan g‘oyat zavqlanganini shipshib o‘tgan. Biroq ba’zi “xira” kiborlar libosni ushlab ko‘rmoqchi bo‘lgan-u, oqibatda yolg‘on fosh bo‘lib qolgan… Frenxofer – tasviriy san’atga zo‘r ehtiros bilan yondashuvchi odam, uning qarashlari boshqa hamkasblariga qaraganda keng va chuqur. U bo‘yoqlar va chiziqlarning haqqoniy chiqishi ustida ko‘p bosh qotirgan, natijada, o‘z fikr-o‘ylariga ham shubha bilan qaraydigan bo‘lib qolgan. U noumid bo‘lgan chog‘larida rasm – aslida yo‘q narsa, chiziqlar bilan faqat handasaviy shakllarnigina ifodalash mumkin, deb javraydi. Bu shunisi bilan ham yanglish fikrki, yakkash chiziq va qora dog‘lar yordamida ham tasvir yaratsa bo‘ladi. Axir, tasviriy san’at ham tabiatning o‘zidek ko‘pgina unsurlardan tashkil topgan: rasm bu – moya, kolorit esa – hayot, lekin moyasiz hayot hayotsiz moyaga qaraganda notugaldir. Va nihoyat, musavvirga eng zaruri – betinim kuzatish va mashq qilishdir – agar aql va tuyg‘u mo‘yqalamga esh bo‘lolmasa, zo‘r musavvir, shu bilan birga telba ham bo‘lgan cholimiz misol, shubhalar girdobiga tushib qolish hech gap emas. Bu g‘aroyib musavvir, taassufki, boy bo‘lib tug‘ilgan, shu sabab ham uning ortiqcha o‘ylashga imkoni bor. Siz unga taqlid qilmang! Ishlang, ter to‘king! Musavvir qo‘lda mo‘yqalam bilangina o‘y-xayolga berilishi kerak.
– Biz o‘sha xonaga albatta kiramiz! – deya birdan xitob qildi Pussen. Shu damda Porbusning gapi uning qulog‘iga kirmas, o‘zining qaltis niyati yo‘lida har nega-da shay edi.
Porbus yigitchaning zavq-shavqiga shunchaki jilmayib qo‘ydi va kelib turing, deya u bilan xayrlashdi.
Nikola Pussen sekin qadam tashlab de-lya-Arp ko‘chasiga qaytdi va xayol surganicha o‘zi yashab turgan odmi mehmonxonaga qanday yetib kelganini sezmay qoldi. U omonat zinadan shosha-pisha eng yuqori qavatga chiqdi va barcha eski Parij uylari kabi yog‘och to‘sinlari ochilib turgan, behafsala yopilgan tom ostidagi g‘aribgina hujraga kirdi. Shu zahotiyoq yagona xira deraza oldida turgan qizga ko‘zi tushdi; eshik g‘ichirlashi bilanoq bu sevgidan entikkan qiz, sapchib oyoqqa turgan, musavvirni eshik bandini tutishidanoq tanigan edi.
– Senga nima bo‘ldi? – dedi u Pussenni ko‘rar-ko‘rmas.
– Men, men, – deya qichqirib yubordi yigit azbaroyi quvonib ketganidan nafasi qaytib, – o‘zimni musavvir deb his etdim! Shu vaqtgacha shubhalanib yurardim, ammo bugun ertalab o‘zimga ishonch paydo bo‘ldi. Mendan buyuk musavvir chiqsa ehtimol! Ha, Jilletta, biz boylik va baxtga ega bo‘lamiz! Bu mo‘yqalamlar hali bizni oltinga ko‘mib tashlaydi!
Shunday deya yigit birdan jim bo‘lib qoldi. U o‘zining buyuk orzularini ayanch¬li ahvoli bilan taqqoslar ekan, jiddiyat va shijoat ufurib turgan chehrasidan shodlik ifodasi aridi. Xona devorlariga yopishtirilgan silliq gulqog‘ozga qalam bilan eskizlar chizib tashlangan edi. Yigitning hatto to‘rt dona ohorli polotnosi ham yo‘q edi. Bo‘yoq o‘sha davrlarda o‘ta qimmat bo‘lib, boyoqishning palit¬rasi ham deyarli bo‘m-bo‘sh turardi. Garchi shunday muhtojlikda kun kechirsa-da, u o‘zini katta ma’naviy xazina egasi, har ishga qurbi yetadigan zo‘r iste’dod sohibi deb bilardi. Bir zodagon tanishi, to‘g‘rirog‘i, o‘z talanti orqasidan Parijga kelib qolgan Pussen aksar ayollar bu yerda hasham ketidan quvib, hissizligini ko‘z-ko‘zlab yurgan bir vaqtda, yosh jonini ulug‘ bir insonga baxshida etib, barcha jabru jafolarni so‘zsiz bo‘yniga olgan, muhtojlik azobini birga-birga tortadigan, bu zotlarning injiqliklarini miq etmay ko‘taradigan, qashshoqlik va muhabbat sinovlariga dosh beradigan ayollar toifasidan bo‘lgan olijanob va tanti bir qiz bilan tasodifan tanishib, uni sevib qoldi. Jillettaning lablarida o‘ynagan tabassum quyosh shu’lalari bilan bahs boylab, chordoqdagi bu hujrani tilla misol tovlantirib yubordi. Quyosh-ku har doim ham charaqlayvermaydi, ammo butun borlig‘ini yolg‘iz muhabbatga baxsh etgan, o‘zining baxtu kulfatiga birdek ko‘nikib ketgan bu qiz doim shu yerda – san’at sirlarini egallashdan ham burun sevgi dunyosiga g‘arq bo‘lgan iste’dod egasiga taskin berib charchamaydi.
– Kel bag‘rimga, Jilletta, so‘zimni eshit, – dedi yigit.
Qiz quvonchdan yal-yal yonib yigit sari otildi-da, uning tizzasiga o‘tirib oldi. U maftunkor ham jozibador edi; bahor misol go‘zal bu pariga pokiza qalb nuri bilan yo‘g‘rilgan ayol latofati bus-butun baxsh etilgan edi…
– Yo xudoyim, – deya oh urdi yigit, – qanday qilib aytaman…
– Qanday gap u? – deb so‘radi qiz. – Qani, aytsang-chi! – Pussen xayolga cho‘mib turardi. – Nega jimsan? – dedi qiz betoqatlanib.
– Jilletta, go‘zalim!
– Oh, nima qilay senga, ayt?
– Men…
– Agarda sen avvalgi safargidek menga qarab rasm solmoqchi bo‘lsang, – dedi qiz labini cho‘chchaytirib, – bunga sira ko‘nmayman, chunki bunday damlarda ko‘zing loqayd bo‘lib qoladi, menga boqib turasan-u, xayoling menda emas…
– Demak, menga boshqa ayol naturachi bo‘lsa, shu yoqar ekan-da senga?
– Ehtimol. Juda xunuk bo‘lsagina.
– Ayt, kelajakda shon-shuhratga burkanishim, buyuk musavvir bo‘lib tanilishim uchun, – dedi Pussen birdan jiddiylashib, – boshqa musavvir oldida yalang‘och turishga rozi bo‘larmiding?
– Nima, meni sinab ko‘rmoqchimisan? – deb so‘radi qiz. – Hecham rozi bo‘lmayman-da, buni o‘zing ham bilasan-ku.
Pussen juda katta shodlik yoki qayg‘uga duch kelgan odamdek boshini egib oldi.
– Quloq sol, – dedi Jilletta Pussenning eski kamzuli yengidan tortib, – Nik, sen uchun o‘zimni hatto qurbon qilishga tayyorman, ammo hali tirik ekanman, muhabbatimdan voz kecha olmayman…
– Muhabbatdan voz kechish?! – deb baqirib yubordi Pussen.
– Boshqaning oldida yalang‘och bo‘lsam, meni sevmay qo‘yasan-da! Keyin o‘zim ham o‘zimni senga munosib ko‘rmay qolaman. Sening xusuringga itoat etish, bu – tabiiy va jo‘ngina hol, shunday emasmi? Har qanday vaziyatda ham sening xohishingni mamnunlik bilan va hatto faxrlanib ado etaman. Ammo boshqa odam uchun… Qanday razolat!
– Kechir meni, azizam Jilletta! – deya o‘tina ketdi musavvir tiz cho‘kib. – Shuhrat qozongandan ko‘ra, muhabbatingni asrab qolganim afzal. Sen men uchun mol-dunyoyu shon-shuhratdan baland turasan! Qani, mo‘yqalamlarimni uloqtir, eskizlarimni yoqib yubor. O, qattiq yanglishdim! Men asli seni sevish uchun yaralganman. Men – musavvir emas, muhabbat gadosiman. San’ati ham, uning sirlari ham ordona qolmaydimi!
Qiz quvonch va hayratga ko‘milgancha oshig‘iga mahliyo bo‘lib qoldi. Qiz g‘olib kelgan edi, uni deb san’atdan voz kechildi, san’at uning oyoqlari ostiga nisor etildi, buni ich-ichidan his qilib turardi u.
– Har qalay, o‘sha musavvir – munkillab qolgan chol, – dedi Pussen yana avvalgi xayollariga qaytib, – sening vujudingda barkamol shaklnigina ko‘radi. Sendagi go‘zallik shu qadar mukammalki…
– Muhabbatni deb nimalarga rozi bo‘lmaysan! – deya xitob qildi qiz, uni deb bor-budidan kechgani uchun sevgilisini taqdirlamoq uchun boyagi gaplarini qaytib olishga ham tayyor bo‘lib. – Ammo unda men adoi tamom bo‘laman. – Oh, seni deb adoi tamom bo‘lish! Axir, bundan ortiq baxt bor ekanmi! Biroq sen meni unutib yuborasan… O, juda chakki o‘ylabsan buni!
– Seni sevaturib ham shunday xayolga bordim-a, – dedi yigit pushaymonlik bilan. – Palid odamman!
– Kel, Arduen amakiga maslahat solib ko‘ramiz, – dedi qiz go‘yo chorasini topgandek.
– E, yo‘q! Bu gap ikkimizning o‘rtamizda qolishi kerak!
– Unda… mayli, borganim bo‘lsin, ammo sen men bilan ustaxonaga kirmaysan, – dedi qiz qat’iy ohangda. – Eshik ortida xanjar bilan hushyor bo‘lib tur. Mabodo qichqirsam, chopib kirasan-da musavvirni o‘ldirasan.
Sirni ochish ishtiyoqi bilan yongan Pussen Jillettani suyib bag‘riga tortdi.
“Endi mendan ko‘ngli qoladi”, deb o‘yladi Jilletta yigit ketgandan keyin.
Qiz rozi bo‘lganiga afsus chekdi. Ammo tezda uni bu pushaymondan ham kuchliroq vahima bosdi. U xayolida bosh ko‘targan dahshatli fikrni asabiy tarzda haydamoqchi bo‘lardi. Nikola unchalik ham hurmatga loyiq emas ekan, degan fikr Jillettaning xayoliga kelgan ondanoq go‘yo uni avvalgiday qattiq sevmayotgandek tuyulmoqda edi.
II. Katrin Lesko
Pussen bilan uchrashuvidan uch oy o‘tgach, Porbus ustoz Frenxoferni ko‘rgani bordi. Chol yana ittifoqo qattiq umidsizlikka tushib qolgan, buning sababi, tabiblar ta’biricha, hazmi taomning buzilishi yoki ob-havo ta’sirida, spiritualistlar ta’biricha esa, ma’naviy tabiatimizning nomukammalligida edi. Chol barchadan sir tutayotgan kartinasini tugataman deb toliqib qolgan edi. U emandan yasalgan qora charm qoplamali keng oromkursida ma’yusgina o‘tirar, Porbusga ham g‘ussanishin kishi nazari bilan boqar edi.
– Nima gap, ustoz? – dedi Porbus unga. – Bryuggadan keltirgan och ko‘k bo‘yog‘ingiz yaxshi chiqmadimi? Yoxud o‘zingizning oq bo‘yog‘ingizni mayda qilib tuyolmadingizmi? Yoki moy aynigan ekanmi? Yo mo‘yqalam dag‘al chiqdimi?
– Evoh! – deya xitob qildi chol. – Asarimni yakunladim deb o‘ylagan edim, biroq xulosaga shoshibman chog‘i, lekin baribir nima kamlik qilyapti, shuni aniqlamaguncha tinchimayman. Men eng go‘zal ayollar orasidan modellar topish va ularni kartinamga taqqoslash uchun Turkiya, Yunoniston hamda Osiyoga sayohat qilmoqchiman. Ehtimol, yuqoridagi sanam, – dedi u labiga tabassum yugurib va ko‘rsatkich barmog‘i bilan ustaxonasiga ishora qilib, – go‘zallikning jonli timsolidir. Men gohida daydi shabada esib ayolni uyg‘otib yuborsayu u g‘oyib bo‘lib qolmasa edi deb vahimaga tushaman…
Chol go‘yo hozir yo‘lga otlanadigandek sapchib o‘rnidan turdi.
– O‘ho‘, – deya xitob qildi Porbus, – sizni yo‘l chiqimi va zahmatidan xalos etish uchun zab vaqtida kelibman-da.
– Qanday qilib? – deb so‘radi Frenxofer ajablanib.
– Eshitishimcha, navqiron Pussenni husnu malohatda beqiyos bir ayol sevar ekan. Biroq, qadrli ustoz, Pussen uni sizning huzuringizga yuborishga rozi bo‘lsa, siz ham u holda polotnongizni bizga ko‘rsatishingizga to‘g‘ri keladi.
Chol bu gapdan go‘yo karaxt bo‘lib qoldi.
– Nima?! – dedi u nihoyat ayanchli ovozda. – O‘z san’atim, o‘z rafiqamni sizlarga ko‘rsataymi? Baxtimni bokira asragan pardani chok-chok qilib yirtib tashlaymi? Axir, bu jirkanch fahsh emasmi! Mana, o‘n yildirki, men shu ayol bilan tirikman, u meniki, faqat meniki, u meni sevadi. Har gal jilo berganimda u menga tabassum hadya etadi. Uning qalbi bor, men ato etganman bu qalbni. Agar mendan boshqa kishi unga nazar tashlasa bormi, uyatdan lov-lov yonadi u. Uni bizga ko‘rsating deysan-a? Ayt-chi, qaysi erkak shunday tubanlikka boradi, mahbubasi yo jufti halolini sharmandai sharmisor qiladi? Sen saroyga atab rasmlar ishlaganingda, ularga qalbing qo‘rini bermaysan, a’yonlarga bo‘yoq chaplangan qurchoqlarni sotasan, xolos. Mening rangtasvirim – rangtasvir emas, tuyg‘uning, ehtirosning o‘zginasi! Mening ijodxonamda dunyo¬ga kelgan Nuazeza hayo-iffatini saqlab o‘sha yerda qoladi, tashqariga esa faqat libosga burkanib chiqishi mumkin. Go‘zallik va ayol faqat sevgilisi oldida yalang‘och holda namoyon bo‘la oladi. Nahotki, biz Rafaelning modelini yoxud Ariosto yaratgan Anjelika, Dante yaratgan Beatriche siymosini bilolsak! Yo‘q! Bizga faqat bu ayollarning tasviri yetib kelgan, xolos. Mahkam tambalangan anovi xonada asrayotgan asarim esa musavvirlik tarixida yakka-yagonadir. Bu – kartina emas, bu – ayol, men u bilan yig‘layman, kulaman, suhbat quraman, xayol suraman. Sen o‘n yillik baxtimdan, hech gap bo‘lmagandek, oppa-oson voz kechishimni istayapsanmi? Men bir zumda ham otalik, ham jazmanlik, ham xudolikdan ayrilaymi? Bu ayol – oddiy tasvir emas, u – san’at. Mayli, kelsin o‘sha yigitchang, men unga bor xazinamni, kimsan Korrejo, Mikelanjelo, Titsian kartinalarini beray, xoki poyini o‘pay; ammo uni o‘zimga sherik qilmayman! Xo-xo, men musavvirdan ko‘ra ko‘proq oshiqman. Ha, so‘nggi nafasimni olayotganda go‘zal Nuazezamni yondirib tashlashga qurbim yetadi, lekin unga yot erkak – yigit yo musavvir nigohi tushishiga yo‘l qo‘ymayman – yo‘q, aslo! Kimki uni nigohi bilan tahqirlasa, ertasigayoq ajalini kutsin! Agar uning qarshisida tiz cho‘kmasang bormi, seni – do‘stimni ham o‘sha lahzadayoq bo‘g‘ib o‘ldiraman. Nahotki, sen tentaklar malagimga sovuq nigoh tashlashi va nodonlarcha tanqid qilishiga yo‘l berishimni xohlayotgan bo‘lsang! Evoh! Muhabbat bu – sir, u qalbning tub-tubida yashay oladi, xolos, erkak hatto do‘stiga ham mana, men sevgan ayol – shu, deya sirni ochsa, shu onning o‘zidayoq muhabbat o‘ladi-yo‘q bo‘ladi.
Chol go‘yoki yasharib ketdi: ko‘zlari chaqnab, jonlandi, so‘lg‘in yonoqlariga qizil yugurdi. Uning qo‘llari asabiy titrar edi. Zo‘r hayajon ila aytilgan gap¬lardan aqli shoshgan Porbus cholning bunday g‘aroyib, teran hislariga nima deyishni bilolmay turardi. Frenxoferning es-hushi joyidami yo aqldan ozganmi u? Nima, uni ijodkor taxayyuli domiga tortganmi yoxud bu zo‘r bir asarga “homilador” bo‘lgandagi kuchli fanatizm asoratimi? Bunday bema’ni ehtirosga g‘arq bo‘lgan savdoyi bilan bir bitimga kelishdan umid qilsa bo‘ladimi yoki yo‘qmi?
Shunday fikrlar iskanjasida qolgan Porbus cholga:
– Siz bizga bir ayolni ko‘rsatsangiz, biz ham sizga bir ayolni ko‘rsatyapmiz-ku! – dedi. – Axir Pussen ma’shuqasini sizning nigohingizga shunchaki havola qilayotgani yo‘q!
– Ma’shuqasimish! – deya e’tiroz bildirdi Frenxofer. – Bu qiz ertami-kechmi yigitchaga albatta xiyonat qiladi. Nuazezam esa menga bir umr vafodor bo‘lib qoladi.
– Keling, – dedi Porbus, – bu haqda boshqa so‘zlashmaylik. Ammo go‘zallikda benuqson ayolni Osiyoda topolmasdan avval ham asaringizni yakunlayolmay bu dunyo bilan xayrlashishingiz mumkin.
– O, kartinam yakunlangan, – dedi Frenxofer. – Agar unga nigoh tashlash biror kimsaga nasib etsa, u parda ortidan baxmal to‘shakda yotgan ayolni ko‘radi. Uning yonida esa muattar bo‘y taratuvchi sepoya tilla mujmar. Shunda chiyratma ip shokilasidan tortib pardani ochib yuborgisi keladi kishining, “Sohibjamol Nuazeza” laqabli go‘zal ishrat parisi Katrin Lesko xuddi nafas olayotgandek – siynasi ko‘tarilib-tushayotgandek tuyuladi unga. Ammo men shunga ishonch hosil qilmoqchimanki…
– Mayli, mayli, Osiyodan qolmang, – deya Frenxoferning so‘zini bo‘ldi Porbus uning ko‘zlarida sarosima ko‘rib.
So‘ng u eshik tomon yo‘naldi.
Ayni paytda Jilletta bilan Nikola Pussen Frenxoferning uyi qarshisida turardi.
Ichkariga kirishga chog‘langanlarida qiz musavvirning qo‘lini qo‘yib yubordi-da, ko‘ngli bir noxushlikni sezgandek qo‘qqis ortiga tisarildi.
– Nega keldim o‘zi bu yerga? – dedi u hadik bilan ko‘zlarini yigitga tikib.
– Jilletta, ixtiyoring o‘zingda dedim-ku, qanday qarorga kelma – men roziman. Sen – mening or-nomusim, shon-shuhratimsan. Uyingga qaytib ket, balki shunda baxtiyorroq bo‘larman, sen agar…
– O, sen shunday deb turgan bir paytda menda ixtiyor qolarkanmi? Yosh bolaga aylanaman-qolaman. Mayli, kiraylik, – dedi u, chamasi, o‘zini o‘zi majburlab. – Hatto muhabbatimiz zavol topib, qattiq pushaymon cheksam ham – xohishingni bajarganim senga mashhurlik olib keladi-ku, to‘g‘rimi? Kiramiz! Agar rasmlaringda mendan biror asar qolsa ham, demak, men yashashda davom etaman!
Eshikni ochgan oshiq-ma’shuqlar Porbusga to‘qnash kelishdi. Porbus ko‘zlari jiqqa yosh Jillettaning go‘zalligiga lol qolgan ko‘yi bu vujudi tit¬rab turgan qizni cholning yoniga yetaklab kirdi.
– Mana u! Nahotki, bu qiz dunyoning butun durdonalariga arzimasa! – dedi u Jillettani ko‘rsatib.
Frenxofer sapchib tushdi. Qaroqchilar o‘g‘irlab, qulfurushga keltirgan gurji qizdek hurkak va ma’suma Jilletta uning qarshisida qimtinib turardi. Qizning yuzi hayodan alvonlandi, ko‘zlarini yerga qadadi, qo‘llari bemajol osilib qoldi. Ibosiga qilingan tajovuzga unsiz ta’nasi – shashqator yoshlari uning yuzlarini yuvardi. Ayni damda Pussen bu bebaho xazinani kulbasidan olib chiqqani uchun o‘zini o‘zi la’natlardi. Chol, musavvirlar odaticha, qizni nigohi bilan yechintirib, badanidagi har bir a’zoni hatto sir tutiladigan joyigacha chamalaganda, ko‘zlari yashnab-yasharib ketdiki, buni ko‘rgan Pussenning yuragiga azobli shubhalar xanjar bo‘lib sanchildi, botinidagi kurashda oshiq musavvirni yengdi. Shu tobda u chin muhabbatning o‘rtaguvchi rashkini tuydi.
– Jilletta, ketdik bu yerdan! – dedi jonholatda.
Bu xitobdan quvonib ketgan qiz boshini ko‘tardi, Pussenning chehrasiga ko‘zi tushdiyu o‘zini uning bag‘riga otdi.
– Meni sevarkansan-da! – dedi u ko‘zyoshlarini oqizib.
Iztirobini yashirish lozim bo‘lganda shu qadar matonat ko‘rsatgan qiz quvonchini pinhon tutishga qolganda kuch topolmagan edi.
– Oh, uni bir lahza mening ixtiyorimga bersangiz, – dedi qari musavvir iltijo-la, – uni Katrin Leskom bilan qiyoslab ko‘rishni istardim. Mayli, shartingizga roziman!
Frenxoferning bu xitobida o‘zi yaratgan ayolga muhabbati hamon ayon sezilib turardi. Chol, mening Nuazezam go‘zalroq deb astoydil ishonyapti va ijodi tirik qiz ustidan g‘alaba qozonishiga hech shubha qilmayapti, deb o‘ylash mumkin edi.
– Imkonni qo‘ldan bermang! – dedi Porbus Pussenning kiftiga qoqib. – Muhabbat gullari foniy, san’at mevalari esa abadiydir.
– Nahotki, u menga shunchaki bir ayol deb qarasa! – dedi Jilletta Pussen bilan Porbusga sinchkov ko‘z tashlab.
So‘ngra u boshini mag‘rur ko‘tarib Frenxoferga chaqmoqdek nazar tashladi, ammo shu payt nogoh oshig‘i bu yerga ilk bor kelganida Jorjonening asari deb o‘ylagan kartinaga mahliyo boqib turganini payqab qoldi-yu, qat’iy dedi:
– Yuring, tepaga chiqamiz. U menga hech qachon shunchalik maftun bo‘lib tikilmagan.
– Hoy qariya, – dedi Jillettaning g‘azabidan xayoli tumtaraqay bo‘lib Pussen, – mana bu xanjarni ko‘ryapsanmi? Agar qizning zorlangan ovozini eshitsam, bu yuragingga sanchiladi, uyingni o‘tda yoqaman, biror tirik jonni omon qo‘ymayman! Tushunding-a?
Shu onda Pussenning ko‘ngliga chiroq yoqsa yorishmasdi. Uning xitobi va¬himali edi. Navqiron musavvirning so‘zlari va, ayniqsa, so‘zlariga monand qo‘l siltashlari Jillettani xotirjam qildi, qiz sevgilisi uni san’at yo‘lida, shavkatli kelajagi yo‘lida qurbon qilganini hatto kechirdi ham.
Porbus bilan Pussen ustaxona eshigi oldida mum tishlagancha bir-biriga tikilib turardi. Misr Maryamining muallifi avvaliga, “Oh, qiz yechinyapti… U qizga yoruqqa o‘giril dedi! U qizni Katrin Leskosi bilan solishtiryapti…” deya shivirlashga jur’at etdi, ammo keyin Pussenning yuzidagi ayanchli g‘am-g‘ussani ko‘rib, qaytib og‘iz ochmadi. Garchand musavvirlar qarilik chog‘i san’at bilan qiyoslaganda bir pulga ham arzimaydigan bunday xurofotlarga befarq bo‘lib qolsa-da, Porbus harqalay Pussenga zavqlanib tikildi: yoqimtoy va sodda edi u. Yigit xanjar dastasini mahkam siqqancha eshikka quloq tutib turardi. Ikkovlon shu tobda mustabidni o‘ldirish uchun panada payt poylab turgan fitnachilarga o‘xshardi.
– Kiring, kiringlar! – dedi eshikni qiya ochgan chol baxtdan og‘zi qulog‘iga yetib. – Asarim – tengsiz, endi uni g‘urur bilan ko‘rsatsam bo‘ladi. Hech qaysi musavvir hech qachon go‘zal ishrat parisi – mening Katrin Leskomga teng raqib yaratolmaydi!
Sabrsiz ishtiyoq alangasida qovrilayotgan Porbus bilan Pussen ustaxonaga otilib kirdi – har to‘rtala devoriga ham kartinalar osilgan, chang-chung bosgan keng bir ivirsiq xona. Ular oldin yarimyalang‘och ayolning bo‘y baravar tasviri qarshisida mahliyo bo‘lgancha turib qolishdi.
– O, bunga ahamiyat bermasangiz ham bo‘ladi, – dedi Frenxofer. – Men tik turgan ayol qomatini o‘rganish uchungina chizganman buni, o‘zi sariq chaqaga ham arzimaydi. Mana bular esa kaminaning xatolari, – deya so‘zida davom etdi chol devorlarni qoplagan ajoyib asarlarni ko‘rsatib.
Frenxoferning shunday kartinalarga nafrat bilan bepisand qarayotgani¬dan ajab¬langan Porbus bilan Pussen endi chol bebaho deb ta’rif etgan asarni axtarmoqqa tushishdi. Ammo uni topa olishmadi.
– Mana, qarang! – dedi sochi hurpaygan, yuzi bo‘g‘riqqan, ko‘zlari chaqnagan chol ishq sharobidan mast yigitdek entika-entika nafas olar ekan. – Ha, – deya xitob qildi u, – bunday barkamollikni kutmagan edingizmi? Qarshingizda turgan ayolga boqmay hadeb bir nimani axtarasiz! O, bu polotnoda shu qadar teranlik borki! Havo-chi, havo? U siz nafas olayotgan havodan sira farq qilmaydi. San’at qayerda, deysizmi? San’at yo‘q – g‘oyib bo‘lgan. Mana – qizning badani. Mana – havo! U qiz badanini siypalab, chirmab olmoqda, buni sezyapsizmi? Osmondagi yulduzlar ham axir mana shunday – suvdagi baliqlar kabi tasavvur uyg‘otmaydimi? Ayol va boshqa buyumlar bir-biridan ajralib turganiga nima deysiz? Bu qaddi-qomatni quchib olish mumkindek tuyulmayaptimi sizga? Quyosh nuri biror jismga tushganida u qanday ko‘rinish olishini bekorga yetti yil o‘rganmadim, axir. Yoki mana bu sochlarga boqing, naqadar nurga yo‘g‘rilgan u! Qarang, ayol xo‘rsinib qo‘ygandek bo‘ldi!.. Ko‘kragini… qarang! Oh, uning qarshisida tiz cho‘kmaydigan odam bormikan dunyoda? Badani titrab ketdi! Mana ko‘rasiz, u hozir o‘rnidan turadi!..
– Biror nimani ko‘ryapsizmi? – deb so‘radi Pussen Porbusdan.
– Yo‘q. Siz-chi?
– Hech narsani…
Chol o‘ziga takror-takror hamdu sano o‘qishi uchun imkon berib, ikki musavvir polotnoga tik tushayotgan nur taassurotni buzmayotganmikan, deya tekshira boshlashdi. Ular dam o‘ngga, dam so‘lga o‘tib, goh egilib, goh rostlanib kartinaga obdon tikilishdi.
– Ha, ha, bu – kartinaning o‘zi, o‘zginasi, – dedi Frenxofer ularning bunday sinchkovligini yanglish tushunib. – Qarang, mana bu – qasnoq, mana bu –molbert, mana bular esa mening bo‘yoqlarim va mo‘yqalamlarim…
U hatto mo‘yqalamlardan birini olib, soddadillarcha musavvirlarga ko‘rsatib ham qo‘ydi.
– Qari tullak ustimizdan kulyapti, – dedi Pussen yana polotno qarshisiga kelib. – Bu yerda faqat girdi ko‘plab g‘alati chiziqlar bilan o‘ralgan, palapartish surkalgan bo‘yoq chaplanmalarini ko‘ryapman, xolos.
– Yo‘q, biz xato qilibmiz, qarang! – deya e’tiroz bildirdi Porbus. Ular yaqinroq borib kartinaning bir chekkasida bo‘yoqlarning majhul tumani aro yalang‘och oyoq uchini ko‘rib hayratdan angrayib qolishdi. Aql bovar qilmasdi: jinday-jindaydan qadam-baqadam yakson etilgan asarning bu parchasi qanday omon qoldi ekan?! Yonib kul bo‘lgan shahar vayronalari orasidan topilgan Venera haykalining qoldig‘i kishida qanday taassurot uyg‘otsa, kartinadagi oyoq ham xuddi shunday taassurot uyg‘otardi.
– Buning tagiga ayol yashirilgan! – dedi Porbus kartinani yakunlash niyatida qari rassom ustma-ust chaplagan bo‘yoqlar qatlamini Pussenga ko‘rsatib.
Frenxofer tushib qolgan jazavani sal-pal anglay boshlagan ikki musavvir ittifoqo cholga o‘girilib qaradi.
– U og‘zidan chiqayotgan gaplarga chippa-chin ishonadi, – dedi Porbus.
– Ha, do‘stginam, – dedi chol birdan o‘ziga kelib, – ishonish zarur. Shunday san’at asari yaratish uchun zo‘r ishonch-la ishga kirishishing, yolg‘iz uning olamida yashashing lozim. Mana bu soyani tasvirlash ozmuncha vaqtimni olganmi, axir! Qarang, mana bu yer – yonog‘iga, ko‘z ostiga tushgan nimsoyaga; vaholanki, tabiatdagi bu xil holatni ko‘chirish deyarli amrimahol. Sizningcha, men bunday ko‘lankani chizishga osonlikcha erishdimmi? Yo‘q, aslo! Qadrdon do‘stim Porbus, ana endi asarimga diqqat bilan boqsang, do‘nglik va dumaloqlik haqida aytgan so‘zlarim senga ayon bo‘ladi-qoladi. Ayol ko‘kragiga qanday tabiiy yorug‘lik tushirganimga razm sol, men yorqin shu’la va quyuq bo‘yoq orqali bu yerda mana shunday yorug‘likni jamlay oldim, uni badanning kungay joylaridagi jilvakor oqlik bilan qo‘shib yuborish va, aksincha, soyaki joylaridagi bo‘yoq bo‘rtiqligi va dag‘alligini silliqlash evaziga qiz vujudidagi har qanday rasm izi va notabiiylikni bartaraf etdim va qarabsanki, tana chiziqlari ham jonli shaklni oldi. Endi yaqinroq keling-da, uslubga diqqat qiling. Buni uzoqdan turib ko‘rib bo‘lmaydi. Mana bu yer, menimcha, shoyon diqqatga loyiq! – U musavvirlarga mo‘yqalam uchi bilan yorqin bo‘yoqlarning quyuq qatlamini ko‘rsatdi.
Porbus cholning kiftini qoqib qo‘ydi-da, Pussenga o‘girilib:
– Bizning nazdimizda, u – buyuk musavvir, bilasizmi shuni? – dedi.
– U musavvir emas, ko‘proq shoir shekilli, – dedi Pussen jiddiy tortib.
– Mana bu yerda, – dedi Porbus kartinaga barmoq tekkizib, – kurrai arzdagi san’atimiz nihoya topadi.
– Keyin esa arshi a’loga g‘arq bo‘ladi, – deya qo‘shimcha qildi Pussen.
– Qariya bu polotno ustida ne-ne huzurbaxsh onlarni boshdan kechirmagan!
Biroq o‘z fikr-xayoliga g‘arq bo‘lgan chol bu ikki musavvir suhbatiga quloq solmas, u tasavvurida gavdalantirgan ayolga jilmaygan ko‘yi termilib turar edi.
– Ertami-kechmi polotnoda hech vaqo yo‘qligini sezadi u! – dedi Pussen.
– Polotnomda hech vaqo yo‘q deysizmi? – deb qichqirib yubordi qo‘qqis o‘ziga kelgan Frenxofer bir musavvirga, bir kartinasiga qarab.
– Nima qilib qo‘ydingiz? – dedi Porbus Pussenga zarda bilan.
Chol yigitning qo‘lidan mahkam ushlab oldi.
– Sen nimani ham ko‘rarding, qishloqi, tirmizak, nodon, xumkalla! Bu yerga nega kelding o‘zi? Oh, ko‘ngilchan Porbusim, – dedi u keyin musavvirga o‘girilib, – siz-chi, siz ham mening ustimdan kulyapsizmi? Javob bersangiz-chi! Men do‘stingizman, axir. Rostini ayting, kartinamni buzib qo‘yibmanmi?
Porbus avvaliga kalovlanib g‘o‘ldiradi, biroq cholning bo‘zdek oqargan yuzida dahshatli bir hadik zuhur etgach, u polotnoga imo qilib, bunday de¬yishga majbur bo‘ldi:
– O‘zingiz ham qarab boqing!
Frenxofer bir muddat kartinani ko‘zdan kechirdiyu qo‘qqis gandiraklab ketdi.
– Hech nima yo‘q! Hech nima! Oh, o‘n yillik mehnatim… – U o‘tirib, ho‘ngrab yubordi. – Demak, men bir ahmoqman, telbaman! Na iste’dod, na qobiliyat bor menda, behuda yashab yurgan puldor bir kimsaman, xolos. Evoh, men aslida hech nima yaratmabman-a!
U jiqqa yosh ko‘zlari bilan kartinasiga qaradi. So‘ng birdan qaddini g‘oz tutib, ikki musavvirga yeb qo‘ygudek tikildi.
– Isoning qoni va joni haqqi qasam ichamanki, sizlar hasadgo‘ysiz! – deb qichqirdi u. – Sizlar kartinamni o‘zingizniki qilib olmoqchisiz, shu niyatda buzib qo‘ygansiz deb menga firib beryapsiz. Ammo men, men uni ko‘rib turibman – u hayratomuz darajada go‘zal ayol!
Shu payt Pussen bir burchakda yig‘lab o‘tirgan Jillettaning ovozini eshitib qoldiyu uning qoshiga shoshildi.
– Nima bo‘ldi senga, farishtam? – dedi musavvir yana oshiq yigitga aylanib.
– O‘ldir meni! – dedi qiz qahrli ovozda. – Chunki endi sendan nafratlanaman, seni avvalgidek sevish bu – sharmandalik! Senga suyib qarayapman-u, ayni choqda jirkanyapman ham. Men seni sevaman, ammo sevgimni nafrat yengib borayotgandek!
Pussen Jilletta bilan ovora ekan, o‘g‘ri sharpasini sezgan zargar tilla zeb-ziynatlar qutisini qanday yashirsa, Frenxofer ham o‘z Katrini ustiga xotirjamlik bilan, avaylab yashil mato tortdi. Chol ikkala musavvirga xo‘mrayib qaradi, uning nigohi nafrat va shubhaga to‘la edi. So‘ng ularni ustaxona eshigigacha miq etmay, asabiy shoshqaloqlik bilan kuzatib qo‘ydi-da, uy bo‘sag‘asida:
– Alvido, azizlarim! – dedi.
Bunday xayrlashuvdan ikkala musavvirning ham ko‘ngli g‘ash tortdi.
Ertasiga Porbus Frenxoferdan xavotirlanib, xabar olgani uning uyiga bordi. Chol hamma kartinalarini yoqib yuborgan va o‘sha oqshom qazo qilgan ekan.
Parij, 1832 yil, fevral
Naim KARIMOV tarjimasi
TARJIMONDAN
Davr o‘zgarishi bilan ma’naviyat va ma’rifat masalalariga munosabat ham o‘zgarib boradi. Odamzod bundan chorak asr ilgari hatto istirohat bog‘laridagi kutubxonalarda ham mukka tushib kitob o‘qir, gazeta va jurnallarning yangi sonlarini varaqlar, tanish do‘konchilarga yalinib-yolvorib, nafaqat Moskva, balki Toshkentda ham nashr etilgan mumtoz kitoblarni sotib olish chorasini qidirar edi. O‘sha yaqin-olis zamonlarda yoshlar ham, kattalar ham sarguzasht kitoblardan ko‘ra, Sharq va G‘arb adabiyoti klassiklarining asarlarini o‘qishga ko‘proq ishtiyoqmand edi. Afsuski, bugungi yoshlar va bugungi kattalar na Tolstoy, na Balzak, na Fuzuliy asarlarini o‘qishga ehtiyoj sezadi.
Kamina “Tafakkur” jurnali tavsiyasi bilan Onore de Balzakning “G‘oyib bo‘lgan durdona” hikoyasini mutolaa qilar ekanman, turli o‘tkinchi yumushlar bilan band bo‘lib, jahon mumtoz adabiyotidan uzoqlashib qolganimni o‘kinch-la his etdim. Buyuk iste’dodning birgina shu hikoyadagi porloq shu’lalari bag‘rimni shu qadar jimirlatib yubordiki, no‘noq tarjimonlardan bo‘lishimga qaramay, uni o‘zbek tiliga o‘girmoqqa jazm qildim.
Ustozlarning xotirlashicha, Oybek domla jahon adiblari orasida Balzakni ko‘proq mutolaa qilgan ekan. Kimdir menga mazkur frantsuz adibining biror mashhur asari bilan “Qutlug‘ qon”ni qiyosiy o‘rgansangiz, Oybek mahorati sirlarini kashf etgan bo‘lardingiz, degani yodimda. Afsuski, men bu maslahatga o‘sha vaqtda e’tibor bermagan ekanman.
Balzak boshqa buyuk frantsuz adibi Stendal bilan bir davrda yashagan. Ularning har ikkisi ham Frantsiyaning o‘sha davrdagi hayotini kuzatib, mushohadalari asosida yostiqdek-yostiqdek ki¬toblar bitgan. Ammo Stendal, Andre Morua yozganidek, personajlari yordamida faqat o‘zining ruhiy dunyosini ochgan bo‘lsa, Balzak “butun bir olamni bunyod etganki, bu olam bir vaqtning o‘zida ham uning davriga, ham boshqa barcha davrlarga taalluqlidir”.
Balzak rus shoiri Pushkin bilan bir yilda (1799) tug‘ilib, undan 13 yil keyin, 1850 yili hayotdan ko‘z yumgan. Ana shu 13 yil uning uchun ayniqsa samarali bo‘lgan. Avvalo, u yoshlik va yigitlik fasllarida yozgan bitiklaridan voz kechgan va o‘z oldiga g‘oyat ulkan vazifani qo‘ygan. U buyuk italyan shoiri Dantening “Ilohiy komediya”si o‘rta asrlarda Yevropa xalqlari hayotiga qanday zo‘r ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa, XIX asr hayotiga ana shunday ta’sir ko‘rsata oladigan asarlar turkumini yaratishga ahd qilgan va bu turkumni “Insoniy komediya” deb atagan. U, Dantedan farqli o‘laroq, o‘z turkumida narigi dunyo voqealarini va kishilarning u dunyodagi hayotini emas, balki o‘zi guvoh bo‘lgan davr hodisalarini, zamondoshlarining serqatlam va murakkab hayotini aks ettirishga bel bog‘lagan. Balzak “Axloqiy etyudlar”, “Falsafiy etyudlar”, “Tahliliy etyudlar” deb atalgan uch turkumga jo bo‘lgan romanlarida, adabiyot tarixchilari yozganidek, XIX asrdagi frantsuz jamiyati anatomiyasini ochib tashlaydi.
Shunisi g‘aroyibki, Balzak bolalik yillarida kasalmand bo‘lgani sababli ota-onasi uni hatto o‘qishdan ham olib qolishgan ekan. Ammo viloyatda (Turda) tug‘ilgan yigit oilasi bilan Parijga ko‘chib kelganidan so‘ng, ta’lim olgani adliya sohasini tanlamay, Sorbonnada mashhur frantsuz olimlarining adabiyot bo‘yicha ma’ruzalarini tinglab, yozuvchi bo‘lishga qaror qiladi. Tabiat nimjon bir yigitga shunday kuch va iroda ato etgan ekanki, u tinimsiz mehnat va mashq orqasida ham jismoniy, ham ijodiy jihatdan zabardast shaxs darajasiga erishadi. O‘z oldiga zodagonlik rutbasini olish, deputatlar palatasiga va Frantsiya akademiyasiga a’zo bo‘lishdek yuksak maqsadlarni qo‘yadi. Ammo ming xil hayotiy va havoyi orzular qanotida yashagan adibning bosh maqsadi buyuk italyan shoiri bilan raqobatlashish edi.
“Insoniy komediya” oltmishdan ziyod romandan iborat. Bu romanlar markazida noyob iste’dodini to‘liq namoyon etish imkoniga ega bo‘lmagan nochor inson taqdiri turadi. Biz “G‘oyib bo‘lgan durdona” hikoyasida ham shunday qahramon taqdiri bilan tanishamiz. Tomchida quyosh aks etadi, deganlaridek, shu hikoyada ham Balzakning nafaqat benazir adiblik mahorati, balki o‘zi tasvirlamoqchi bo‘lgan kishilar, voqealar, sohalarni benihoya puxta bilishi yaqqol ko‘rinadi va bizni hayratga soladi.
Siz, aziz jurnalxonni bilmadim-ku, ammo Balzakning bu kichik durdonasi mening klassik adib va klassik adabiyotga nisbatan xiralashib qolgan ko‘zlarimni daf’atan ochib yuborgandek bo‘ldi.
Xurshid Davron saytidan olindi.