Janubiy Karolina shtatidagi Charlston shahri aholisi guruchdan juda ko‘p ovqat tayyorlashadi. Jeff Pitersning pul topish usullari ham ana shunday ko‘p va xilma-xil.
Men ayniqsa uning yoshlik davrida ko‘chalarda yarim och holda daydi, yo‘talni davolaydigan surgi moy, allaqanday kukun sotib yurgan, butun olam bilan oshna bo‘lib, oxirgi chaqasigacha tikib qimor o‘ynagan, hayoti qil ustida qolgan kezlari haqidagi hikoyalarini yoqtirardim.
— Bir kuni Arkanzasdagi Baliqchi Tog‘ degan kentga tushib qolibman, — deb hikoya boshladi u. — Egnimda kiyik terisidan libos, oyog‘imda mokasin, sochlarim uzun, qo‘limda o‘ttiz qirot javohiri bo‘lgan bitta uzuk. Uzukni Teksarkanda bir aktyordan olgandim. Bilmadim, uzuk evaziga unga bergan qalamtaroshimni nima qilgan ekan!
O‘sha kunlarda o‘zimga Vof-Xu ismini olgan mashhur hindu tabibi edim. Qo‘limda «kasalni tiriltiradigan» ezib ichkidan bo‘lak hech vaqo yo‘q. Ezib ichkini chokto qabilasi boshlig‘ining go‘zal xotini Ta-Kva-Ladan olgandim. Ta-Kva-La an’anaviy jo‘xori bayramida tortiladigan milliy ovqat — kuchuk sho‘rvaga solish uchun ko‘kat terib yurganda, tasodifan bu o‘tning ustidan chiqib qolgandi.
Bundan avval bir gadoytopmas shaharchada yashagandim, u yerda ishlarim unchalik yurishmay, cho‘ntagimda bor-yo‘g‘i besh dollar qolgan edi. Baliqchi Toqqa kelib dorixonaga kirdim, u yerda menga sakkiz untsiyalik, og‘zida tiqini bor shisha idishdan olti dyujinasini berishdi. Shishaga yopishtiriladigan etiketka va boshqa kerakli anjomlar jomadonimda g‘amlab qo‘yilgandi. Kranida suvi bor mehmonxonaga joylashib, «kasallarni tiriltiradigan ezib ichki»ni qatorlashtira boshlaganimdan keyin ko‘zimga hayot yana go‘zal ko‘rinib ketdi.
Tovlamachilik deysizmi? Yo‘q, ser. Idishlarda quruq suvgina emas, unga men ikki dollarlik xinin va o‘n tsentlik anilin bo‘yoq qo‘shgan edim. Oradan yillar o‘tib, o‘sha joylardan yana bir o‘tganimda, odamlar ezib ichkidan yana bir shishadan berishimni so‘rab, rosa yalinishgandi.
Xullas, o‘sha kuniyoq bitta arava yollab, Asosiy ko‘chada savdoni qizitib yubordim. Baliqchi Tog‘ deyilgani bilan bu kent terlamaga serob bir botqoqlik joyda o‘rnashgandi. Aholining yurak, o‘pka kasali bor, shu xastaliklar va za’faron toshmaga doir ezib ichki yetishmaydi, deya hech ikkilanmasdan diagnoz qo‘ydim. Parhezda yurganlar go‘shtli buterbrodga yopishgandek ezib ichkini sotib ola boshlashdi. Ellik tsentdan turadigan shisha idishlarimning ikki dyujinasini sotib ulgurganimda qayrilma yengimdan birovning sekin tortqilayotganini sezdim. Qaramay turiboq uning nima ekanligini bildim. Tezda aravadan tushdim-da, ko‘kragiga nemischa kumush yulduz taqilgan bu nusxaning qo‘liga besh dollar qistirish jarayonida shunday dedim:
— Konstebl, qarang, qanday ajoyib oqshom!
— Tilingizdan bol tomib, dori-dori deb pullayotgan bu bo‘tqangizni sotishga shahrimizning ruxsat qog‘ozi bormi qo‘lingizda? — dedi u o‘qrayib.
— Yo‘q, olganim yo‘q. Chunki bu yerning shahar ekanligini bilmadim. Ertaga uni topolsam, albatta, olaman.
— Xo‘p. Bo‘lmasa ertagacha savdoingizni taqiqlashga majburman, — dedi polismen.
Men do‘konimni yopdim-da, mehmonxonaga qaytib, uning xo‘jayiniga bor gapni so‘zlab berdim.
— Baliqchi Tog‘da ishingiz rivojiga imkon berishmasa kerak, — dedi u maslahat ohangida. — Nega desangiz, Xoskino degan shahrimizdagi yagona do‘xtir merning kuyovi bo‘ladi. Shuning uchun mahkama qandaydir noma’lum, soxta tabibning Xoskino mijozlarini o‘ziga ag‘darib olishiga yo‘l qo‘ymaydi.
— Ha, men medik emasman-ku! Muhimi: qo‘limda shtat boshqarmasi bergan chakana savdoga ruxsatnoma bor. Shahar uchun alohida ruxsatnoma talab qilisharkan, mayli, uniyam olaman-qo‘yaman, vassalom! — dedim.
Ertasiga ertalab Merning idorasiga borgandim, uning hali kelmaganini va qachon kelishi noma’lumligini aytishdi. Doktor Vof-Xuning mehmonxonaga qaytib, kresloga mung‘ayib yalpaygancha sigara chekib, kutishdan bo‘lak iloji qolmadi.
Bir oz turib yonimga ko‘k galstukli bir yigit kelib o‘tirdi-da, soat nechaligini so‘radi.
— O‘n yarim. Siz Endi Takkersiz, — dedim, — sizning ba’zi bir ishlaringizdan xabarim bor. Janubiy shtatlarda «Kupidonning universal xaridi»ni tashkil etgan siz bo‘lasiz-da, a? Ha, aytgandek, ichida nima bor edi?.. Xo‘sh, Chili brillianti o‘rnatilgan nikoh uzuk, kelin uchun nikoh chambarak, kartoshka ezadigan mashinka, asab bosdi suyuqligi solingan shisha va aktrisa Doroti Vernonning rasmi. Hammasi ellik tsent turardi, shundaymi?
Xotiramning o‘tkirligidan u juda mamnun bo‘ldi. O‘zi Endi usta tovlamachi edi. Eng asosiysi esa, kasbiga hurmat bilan qarar, uch yuz foiz foydaga qanoat qilardi. Uni ko‘pchilik bangifurushlikka undab, yo‘ldan urmoqchi bo‘lgan. Lekin u hech qachon to‘g‘ri yo‘ldan toymagan.
Menga sherik kerak edi. Ikkalamiz birga ishlashga qaror qildik. Hozirgina ertalabki poyezdda bu yerga kelib tushgani uchun uni Baliqchi Tog‘dagi vaziyat bilan tanishtirdim. Siyosatning surgiga aralashayotgani tufayli moliya operatsiyalarining qiyinlashib qolganligini tushuntirdim. Endining ishlari juda a’lo darajada emas ekan. Bu yerda esa — Evrika-Springs shahrida yangi qurilayotgan zirhli harbiy kemaga yordam mablag‘i to‘plashi lozim bo‘lib, buning uchun aktsiyalarga ommaviy obuna ishini avj oldirish niyatida ekan. Xullas, ish ko‘p edi. Biz suhbatlashgani tashqaridagi zinaga chiqdik.
Ertasiga ertalab, soat o‘n birlarda xonamda yolg‘iz o‘zim o‘tirgan edim, qandaydir Tom amaki keldi-da, meni sudya Benksning uyiga taklif etdi. Aniqlasam, shahar meri ham shu sudya bo‘lib, u hozirgi paytda kasal yotgan ekan.
— Men doktor emasman, — dedim Tom amakiga. — Nega doktor chaqirmaysizlar?
— Oh, ser, bilasizmi, doktor Xaskino qishloqqa… yigirma mil nariga ketdilar… kasalning oldiga chaqirishipti… U kishidan boshqa doktor shaharda yo‘q. Sudya Benksning ahvollari esa juda og‘ir, meni yubordilar. Iltimos, yuring oldilariga. Juda-juda qattiq iltimos qildilar.
— Bir odam boshqa odamning uyiga borgandek borishim mumkin. Ko‘rib qo‘yishim ham mumkin, bir odam boshqa odamni ko‘rgandek qilib, — dedim va bir flakon kasallarni tiriltiradigan ezib ichkidan cho‘ntagimga soldim-da, merning tog‘dagi ko‘shkiga ravona bo‘ldim. Shaharning eng oldi ko‘shki edi; boloxonali, tomiyam hashamdor, ro‘parasidagi o‘tloqda ikkita cho‘yan kuchugi bor.
Mer o‘ranib yotgan edi, ko‘rpadan faqat chekka soqollariyu oyoqlarining uchi chiqib turardi. U yerdan shunday ovozlar chiqardiki, agar bu ovozlar San-Fransiskoda bo‘lsa, odamlar yer qimirlayapti deb o‘ylab, bog‘larga qochib qolishar edi. Karavot boshida bir yosh yigit krujkada suv ushlab turardi.
— Doktor, — dedi mer, — juda holim xarob, o‘layapman. Menga yordam berolmaysizmi?
— Mister mer, men o‘zimni Es-Ku Lappning haqiqiy shogirdi deb aytolmayman, — dedim. — Universitetda meditsina ilmlarini o‘rganmaganman, oddiy bir odam sifatida qo‘limdan ish kelarmikan, degan o‘yda keldim.
— Juda minnatdorman sizdan, — dedi kasal. — Doktor Vof-Xu, bu mening jiyanim mister Bidl bo‘ladi. Og‘riqlarimni yumshatarmikan, deb yordam bermoqchi edi, lekin hech ish chiqarolmadi. Voy xudoyim! Voy, voy, voy! — deb birdan baqirib yubordi.
Men mister Bidlga ta’zim qildim-da, kasalning karavotiga qo‘nib, tomirini ushladim.
— Ruxsat eting, jigaringizni, ya’ni tilingizni bir ko‘ray, — dedim. Qovoqlarini ko‘tarib, qorachiqlariga uzoq qaradim. Keyin: — Qachondan beri kasalsiz? — deb so‘radim.
— Kecha… voy, voy… kecha kechqurun birdan tutib qoldi, — dedi mer. — Menga bir narsa bering, azobim yengillashsin. Meni qutqaring.
— Mister, Fidl, darpardalarni jindak ko‘tarib yuboring, — dedim.
— Fidlmas, Bidl, — deya dashnom berdi yigitcha va amakisiga: — Jeyms amaki, tuxum, go‘sht solingan qovurdoq bor, balki ozgina totinarsiz, a? — deya murojaat qildi.
— Mister mer, — dedim uning o‘ng ko‘kragiga qulog‘imni tutib eshitarkanman, — siz klavikul klavikordialingizga o‘ta jiddiy shamollash yopishtirib olibsiz.
— Yo tangrim! — deb ingradi u. — Biron narsa surtibmi, kiritibmi yoki umuman biron nima qilib bo‘lmaydimi?
Men indamasdan shlyapamni oldim-da, tashqariga yo‘naldim.
— Qayoqqa qetyapsiz? — baqirdi mer yig‘lab yuborgudek bo‘lib. — Shu o‘ta jiddiy klavikordlar dastidan o‘laversin deb tashlab ketaverasizmi?
— Hech bo‘lmaganda odamgarchilik yuzasidan ham kasalni o‘z holiga tashlab ketmasligingiz kerak, doktor Xoa-Xo, — dedi Bidl.
— Doktor Vof-Xu, — deya unga dashnom berdim. Keyin kasalning yoniga qaytdim-da, uzun sochlarimni orqaga tashladim. So‘ng salmoqli ovozda:
— Mister mer, — dedim merga, — siz uchun faqat bitta yo‘l bor. Dorilar yordam bermaydi. Garchi dorilar ham arzon bo‘lmasa-da, ularning baridan ham ustun turadigan bir kuch bor.
— U qanday kuch ekan? — so‘radi mer.
— Fanning prolegomonlari! Aqlning sarsaparilla ustidan g‘alabasi! Dard faqat o‘zingizni xasta sezganingizdagina jismingizda bo‘lishiga ishonch. Uni yengilgan deb tan oling. Bo‘ling! —dedim.
— Qanaqa parafernaliyalar haqida gapiryapsiz? Mabodo sotsialist emasmisiz? — so‘radi mer.
— Men shaxsiy magnitizm nomi bilan mashhur bo‘lgan ruhiy ta’minot xususida, meningit va absurdni ma’lum masofadan turib singdirib davolashning ilg‘or usuli haqida, ajoyib xonaki sport haqida gapiryapman!
— Hozir shu narsani qila olasizmi, doktor? — so‘radi mer.
— Men Yakka Senedrionlarning, Ichki Ehromli Yorqin Mo‘g‘ullarning biriman, — dedim. — Ins-jins, ko‘chki qilishim bilan cho‘loqlar gapira boshlaydi, ko‘rlar yura boshlaydi. Men — mediumman, koloratur gipnozchi va inson qalbining spirtuoz boshqaruvchisiman. Ann-Arbordagi so‘nggi seanslarimda Achchiq-Sirka jamiyatining marhum raisi o‘z singlisi Jeyn bilan suhbatlashish uchun faqat mening yordamimda bu dunyoga qayta olardi. Hozir esa, xabaringiz bor, men magnitizm bilan shug‘ullanmayman, aravacha yonida turib kambag‘allarga dori sotaman. Chunki o‘z san’atimni mayda mukofot uchun xor qilishni istamayman. Kambag‘allarning bergan puli nima bo‘lardi!
— Gipnozingiz bilan meni davolay olasizmi? — so‘radi mer.
— Menga qarang, — dedim unga, — Qayerda bo‘lmayin, meditsina jamoalari bilan to‘qnashuvga uchrayman. Meditsina jamoalari menga qiyinchilik tug‘dirishadi. Shu kunlarda kasal boqmayman, lekin, mayli, sizning hayotingizni saqlash uchun psixik usulni qo‘llasam qo‘llay qolay. Agar siz, mer sifatida, dori sotishga ruxsatim yo‘qligiga panja orasidan qaramaslikka rozi bo‘lsangiz!
— Albatta-da, — dedi u. — Faqat, iltimos, tezroq boshlang, bo‘lmasa kasalim yana xuruj qilib, qattiq azob beradi.
— Xizmat haqqim ikki yuz ellik dollar, — dedim. — Ikki seansda tuzalishingizga kafilman.
— Bo‘pti, — dedi mer, — to‘layman. Nazarimda mening hayotim shu pulga arzisa kerak.
Men karavotga o‘tirarkanman:
— Hozir, — dedim unga tikilib qarab, — fikringizni xastaligingizdan chalg‘iting. Siz sog‘siz. Sizda yurak ham, bel ham, kurak ham, miya ham — hech vaqo yo‘q. Og‘riq sezmayapsiz. O‘zingizni xasta hisoblab, yanglishganingizni tan oling. Xo‘sh, sezyapsiz-a? Sizda umuman bo‘lmagan og‘riqlar yo‘qolyapti.
— Voy, la’nati! Doktor, rostdan ham ancha yengil tortib qoldim, — dedi mer. — Iltimos sizdan, sog‘ligim haqida, chap biqinimdagi shishning yo‘qligi haqida gapirib, yana meni aldang. Ko‘zim yetib turibdi, bir ozdan so‘ng o‘rnimdan turib, kolbasa bilan grechixa nonini o‘z qo‘lim bilan yeya olaman.
Men yana bir nechta ko‘chki qildim.
— Xo‘sh, — dedim unga qarab, — hozir shamollash holati o‘tdi. Peregiliyning o‘ng parragi kichraydi. Sizni uyqu bosyapti. Ko‘zlaringiz yumilib ketyapti. Kasallikning rivoji vaqtincha tugatildi. Siz uxlayapsiz.
Mer ko‘zlarini asta-sekin yopib, chomshoq xurrak torta boshladi.
— Ko‘ring, janob Tidl, zamonaviy ilmning ajoyibotlarini!
— Bidlman, — dedi yigit. — Amakijonimning tuzalishlari uchun ikkinchi seansni qachonga belgilaysiz, doktor Pu-Pu.
— Vof-Xu, — deya unga e’tiroz bildirdim. — Ertaga o‘n birda kelaman. Bemor uyg‘onganidan keyin skipidardan sakkiz tomchi, bifshteksdan uch funt bering. Sog‘ bo‘ling.
Ertasiga ertalab, aytilgan vaqtda shahar hokimining ko‘shkiga yetib bordim.
— Xo‘sh, mister Ridl? — so‘radim merning jiyanidan, meni oromxonaga olib kirganidan so‘ng. — Amakijoningizning ahvoli qalay?
— Menimcha ancha yaxshi bo‘lib qoldilar, — dedi yigitcha.
Merning rang-ro‘yi, tomir urishi bippa-binoyiday edi, Ikkinchi seansni o‘tkazdim. Shunda mer badanida hech qanday og‘riq qolmaganligini aytdi.
— Endi, — dedim unga, — ikki-uch kun yotsangiz, otdek bo‘lib ketasiz. Baxtingizga men sizlarning bu Baliqchi Tog‘ingizda ekanman, chunki kornukopeyada ma’lum bo‘lgan rasmiy meditsina ishlatadigan hech bir narsa sizga yordam bermasdi. Xo‘sh, endi meditsinaning xatosi aniqlanib, sizning azoblaringiz — o‘z-o‘zingizni aldash ekanligi ayon bo‘lgandan keyin, mening xizmat haqqim — ikki yuz ellik dollar singari yoqimli materiyalar xususida gaplashsak qandoq bo‘larkin? Faqat iltimos, ishni pokdillik bilan bitirsak. Chunki cheklarning yuziga qanchalik xushlamay qo‘l qo‘yadigan bo‘lsam, ularning orqasiga ham xuddi shunday munosabatdaman.
— Xo‘p, xo‘p, naqd to‘layman, — dedi mer va bolishning ostidan hamyonini sug‘urib, beshta elliktalikni chiqardi.
— Bidl — dedi u, — tilxat oling!
Men tilxat yozdim, keyin mer pulni berdi. Men pullarni olib ichki cho‘ntaklarimga yaxshilab joylab qo‘ydim.
— Endi, serjant, — dedi mer butunlay soppa-sog‘ odamdek istehzoli jilmayib. — O‘z vazifangizni bajarishga kirishing!
Mister Bidl qo‘lini yelkamga qo‘ydi.
— Siz hibsga olindingiz, doktor Vof-Xu yoki aniqrog‘i, Piters! — dedi u. — Shtat hokimiyatining ruxsatisiz meditsina bilan noqonuniy ravishda shug‘ullanganligingiz uchun.
— Siz kimsiz? — so‘radim undan.
— Uning kimligini sizga men aytaman, — dedi mer, xuddi hech balo bo‘lmagandek o‘rnidan turar ekan. Bu odam — shtatimizning meditsina jamiyatida xizmat qiluvchi tergovchi. Sizning izingizdan quva-quva besh shtatni aylanib chiqqan. Mening oldimga uch kun burun kelgan va biz ikkimiz sizni qo‘lga tushirish rejasini tuzib chiqqanmiz. Aftidan, bizning taraflardagi faoliyatingiz bundan keyin butunlay tugaydi, janob tovlamachi. Ha-ha-ha! Qanaqa dedingiz kasalimni? Ha-ha-ha! Harholda, miya suyilishi bo‘lmasa kerak?
— Izquvar! — dedim men.
— Xuddi shunday! — dedi Bidl. — Sizni sherifga topshirishimga to‘g‘ri keladi.
— Ha, bu hali noma’lum, — dedim-da, o‘ning bo‘g‘zidan olib, derazadan otib yuborishimga sal qoldi. Lekin u to‘pponchasini chiqarib, dahanimning ostiga tiraganidan keyin tinchib qoldim. Keyin u qo‘limni zanjirband qildi, cho‘ntagimdan hozirgina olgan pullarni chiqarib:
— Bu pullar, sudya Benks, ikkovimiz belgi qo‘ygan pullar ekanligiga guvohlik qilaman, — dedi. — Bularni politsiya uchastkasida sherifga topshiraman. U sizga tilxat berib yuboradi. Jinoiy ish ochilganida ashyoviy dalil bo‘lib xizmat qiladi.
— Mayli, mister Bidl, — dedi mer. So‘ng menga murojaat qildi: — Xo‘sh, mister Vof-Xu, nega siz hozir o‘zingizning magnitizmingizdan foydalanib, zanjirlaringizni itqitib tashlamayapsiz?
— Yuring, serjant, — dedim mag‘rur turib, obro‘yimni to‘kmagan holda. — Taqdirga tan bermoq lozim, iloj qancha? — Keyin qariya Benksga o‘girilib, zanjirlarimni silkitarkanman: — Mister mer, shaxsiy magnitizmining buyuk kuchga, sizning hokimligingizdan ham qudratliroq ekanligiga yaqin fursatlarda amin bo‘lasiz. Ko‘rasiz, u albatta yengadi! — dedim.
Shaxsiy magnitizm haqiqatda ham yengdi.
Darvozaga yetganimizda izquvarga shunday dedim:
— Xo‘sh, endi zanjiringni ol. Yo‘lovchilar oldida noqulay bo‘ladi…
Nima deyapsiz? Ha, bu albatta Endi Takker edi. Rejamiz boshdan-oyog‘igacha uning miyasidan chiqqandi. Keyingi birga qiladigan bizneslarimiz uchun shu tariqa dastmoya topgandik.
Ruschadan Zohir A’lam tarjimasi
“Sharq yulduzi” jurnali, 1986 yil, 4-son.