San-Fransisko — Nyu-York ekspressining chekish vagoniga kirganimda Jefferson Pitersni ko‘rib qoldim. Uobash daryosining kunbotar tarafida yashovchi odamlar ichida Jefferson zukkolikda yagona edi. U miyasining ikkala pallasini, boz ustiga orqa miyachasini ham baravar ishlata olardi.
Jeffning kasb-kori tovlamachilik. Bevayu yetim-esirlar undan qo‘rqmasa bo‘ladi. Chunki u faqat ortiqcha narsalarni oladi. Jeff o‘zini tirdagi kichkina nishon-qushchaga o‘xshatishni juda yoqtirardi. Bu nishonga odatda cho‘ntagining burchak-burchagidagi ikki-uch dollarni bekorga sovuruvchilar bilan laqma shirkatchilar otar edi. Jeffning notiqlik qobiliyatiga tamaki ijobiy ta’sir ko‘rsatishini bilaman. Shuning uchun ikki dona tez o‘t oladigan, yo‘g‘on «breva» sigarasini qurbon qildim-da, uning so‘nggi sarguzashtiga quloq tutdim.
— Bu ishning nozik jihati shundaki, tovlamachilik kasbidagilar pokiza, sof, o‘ta vijdonli sherik topishi juda qiyin, — deb gap boshladi u. — Birovlar molini o‘marish, gum qilish bobida pixini yorgan eng bama’ni hamkasblarim ham ba’zan g‘irromlikka sho‘ng‘ib ketishganini ko‘p ko‘rganman. Shuning uchun bultur yozda yo‘ldan ozdiruvchi shaytonning oyog‘i yetmagan eng chekka joylarga chiqib ketdim. Maqsadim — jinoyat qilishga iqtidori bor-u, ammo hali buzilib ulgurmagan birorta yigitchani topish edi.
Niyat xolis ekan, xuddi mo‘ljalimdagi shaharning ustidan chiqdim. Shaharcha ahli hatto Odam Atoning mulklari musodara qilingani, ya’ni jannatdan dumi tugilgani haqida ham hech narsa eshitmagandi. Ular molu parrandalarga ot qo‘yib, ilonlarni o‘ldirib, misoli jannat bog‘idagidek huzur-halovatda, xotirjam yashar edi. Nomi Maunt-Nabo bo‘lgan bu shaharcha taxminan Kentukki, G‘arbiy Virjiniya va Shimoliy Karolina shtatlari tutashgan joyda edi. Bu viloyatlar bir-biriga chegaradosh emas deysizmi? U yog‘ini bilmayman, ishqilib, o‘sha taraflarda joylashgan edi-da.
Bu bedavo shahar kishilarini soliq yig‘uvchi emasligimga ishontirish uchun bir hafta vaqtim ketdi. Kunlardan bir kuni shaharning aslzodalari yig‘iladigan do‘konchaga kirdim.
— Janoblar, — dedim men (tumshug‘imizni tumshug‘imizga tirab ancha gaplashib, bir bochka olmaqoqining ustiga engashib turgan paytimizda). — Janoblar, nazarimda siz yer yuzidagi eng pok qabilaga o‘xshaysiz. Aldamchilik va buzuqlikning yaqiniga yo‘lamaysizlar. Ayollaringiz xushfe’l va jasur, erkaklaringiz vijdonli, tirishqoq. Shu sababli turmushlaringiz havas qilgudek ekan.
— To‘g‘ri gapirdingiz, janob Piters, — dedi do‘koncha egasi. — Ha, juda to‘g‘ri gapirdingiz. Biz olijanob, har yoqqa o‘zimizni tashlamaydigan, chetga ham chiqmaydigan odamlarmiz. Bu atrofda bizdan yaxshisi topilmaydi. Ammo siz Ruf Tatamni bilmaysiz-da!
— Ha-ha, Ruf Tatamni tanimaydi-da, — qo‘shimcha qildi shahar konstebli*. — Qayerdan ham tanisin? Bilib qo‘ying, Ruf Tatam dordan qochganlarning eng yaramasi, eng xudobezorisi! Darvoqe, endi esimga tushibdi-ya, uni uch kun ilgari qamoqdan bo‘shatishim kerak edi. Yana Gudloni o‘ldirgani uchun bir oyga qamagandim, muddati tugabdi. Ha, mayli, uch-to‘rt kun ortiqcha o‘tirsa zarar qilmaydi.
— Yo‘g‘-e! Bo‘lishi mumkin emas! — dedim men. — Nahotki Maunt-Nebolaringda shunaqa yomon odam bor-a? Qotil deng-a?!
— Besh battar! — dedi do‘konchi. — U cho‘chqalarni ham o‘g‘irlaydi.
Men mister Tatamni topishga qaror qildim. Konstebl uni qamoqdan bo‘shatganidan ikki-uch kun o‘tkazib tanishib oldim-da, shahar chekkasiga taklif etdim. Bir xodaning ustiga o‘tirib jiddiy gapga o‘tdik.
Men provintsiyada bir pardali ish sahnalashtirish niyatida edim. Buning uchun bir qishloqinusxa sherik zarur bo‘lib, Ruf Tatam deganlari ataylab shu rol uchun tug‘ilgandek edi.
Bo‘yi rosa daroz, ko‘zlari Garriyet xola qizaloqligida o‘ynab, hozir kamin ustida saqlaydigan billur ko‘ppaknikidek ko‘m-ko‘k, mug‘ambir. Vatikandagi disk otayotgan yigit haykali sochlariday to‘lqin-to‘lqin sochlarining rangi-chi?! Xuddi Amerika mehmonxonalarida devorqog‘oz yirtiqlarini yashirish uchun osib qo‘yiladigan amerika rassomining «Buyuk jarda Quyosh botishi» suratining rangini eslatardi. Xullas, Ruf Tatam go‘l qishloqining mukammal nusxasi edi.
Unga maqsadimni aytgandim, basharasidan bu ishga tayyorligi sezildi.
— Bo‘g‘izlashlaringizni bir chekkaga qo‘yib turamiz, — dedim men. — Mayda va past ish. Tovlamachilik va talon-toroj bobida bironta maqtanarli yoki mundoqroq hunaringizni aytib berib, o‘zingizning menga loyiq sherik ekanligingizni isbot qila olasizmi?
— Iya, — dedi u, janubliklarga xos ohangda, har bir so‘zni cho‘zib aytib. — Men haqimda sizga hech kim hech narsa gapirmadimi? Cho‘chqa bolasini menchalik hech kimga bildirmay, damini chiqarmay o‘g‘irlab, buning ustiga quvdi-quvdiga chap bera oladigan odam butun Ko‘ktog‘da topilmaydi! Oqtanlilar ichida ham, qoratanlilar ichida ham! Cho‘chqaxonadan deysizmi, shiyponu tog‘oradan deysizmi, o‘rmondan deysizmi, kechasimi, kunduzimi — bari bir! Har qanaqa joydan, har qanaqa vaziyatda gumdon qilaman. Chiyillamasligiga yoki boshqa ovoz chiqarmasligiga kafilman. Qayeridan ushlab, qanaqa qilib olib ketishni bilish kerak-da, axir! Ishonamanki, — deb gapida davom etdi cho‘chqaxonalarni ship-shiydamlovchi bu olijanob inson, — cho‘chqa o‘g‘irlashda jahon chempioni deb tan olinadigan kunlarim yaqin qolgan!
— Shuhratparastlik — maqtagulik fazilat, —dedim men. — Sizlarnikidek bunaqa ichkari joylarda cho‘chqa o‘marish sharafli kasb. Shak-shubhasiz. Ammo, mister Tatam, u yoqlarda — katta doiralarda, ya’ni bu tor doiralardan chiqilganda, kasbingiz qishloqilarcha chuchmallikka aylanadi. Ha, mayli, erishgan muvaffaqiyatlaringiz iqtidorli ekanligingizdan dalolat beryapti. Sizni sheriklikka qabul qilaman! Mening sarmoyam ming dollar. Umid qilamanki, sizning sodda, qishloqi qiyofangizdan foydalanib, pul bozorida «Mangu alvido»ning bir necha yutuqli aktsiyasiga ega bo‘lib olamiz.
Shunday qilib uni yolladim. Biz Maunt-Neboni tark etdik. Tog‘lardan vodiylarga tushdik. Yo‘l-yo‘lakay xayolimdagi noqonuniy ishlarni amalga oshirish uchun nima qilish lozimligini Rufga tushuntirib, saboq berdim. Bundan oldingi ikki oy vaqtimni Florida sohillarida takasaltanglik qilib o‘tkazgandim. Shu sababli kayfim chog‘ va miyam har xil rejayu loyihalarga tiqilib ketgandi.
Aslida men O‘rta G‘arbning jami dehqonchilik rayonlari bo‘ylab tuqqiz mil enlikda egat olib o‘tmoqchi edim. Shuning uchun biz o‘sha tomonga yo‘nalgandik Lekin Leksingtonga yetganimizda aka-uka Binklilarning tsirki ustidan chiqib qoldik. Sirk sabab bo‘lib butun yaqin-atrofdagi qishloqilar Leksingtonga yig‘ilib kelgan va ular o‘zlarining jaydari, qo‘pol etiklari bilan yo‘laklarning beligacha tekis raxlarini toptar edi.
Sirk masalasida odatim shundayki, to birovlarning chuntaklariga qarmoq tashlab, mayda-chuyda ishlab olmagunimcha hech qachon uni inkor etmayman. Shuning uchun tsirkka yaqin joydan, missis Pivi degan olijanob bir bevaning uyidan ovqat ham beriladigan ikki xonani ijaraga oldik. Keyin men Rufni tayyor kiyimlar magaziniga olib booib, boshdan-oyoq jentlmen qilib kiyintirdim. Qariya Mesfitskiy bilan birga Rufni yangi sarpoga o‘raganimizda, kutganimdek binoyi odam bo‘ldi-qoldi. Yashil chiziqli, katakdor, och havorang matodan tikilgan shim, pishitilgan ag‘darma teri rangidagi nimcha, qip-qizil galstuk olib berdim. Vey, etigini aytmaysizmi? Shahardagi eng sariq etik uniki edi… Ha-a, bahonada Ruf juda zo‘r sarpoga ega bo‘lgandi.
O‘ziyam umri bino bo‘lib birinchi marta kostyum kiyishi edi. Shu paytgacha u tug‘ilgan shahrida to‘qilgan matodan tikilgan yaktagu ishtondan boshqa narsani ko‘rmagandi. Shuning uchun ham xuddi yovvoyi Igorrot burnidagi yangi buloqiga suyingandek suyinardi.
Shu kuni kechqurun tsirkka bordim-da, yaqin joyda «yong‘oq po‘choq» o‘yinini tashkil qildim. Ruf go‘yo notanish odamdek menga qarshi o‘ynashi kerak. Shu maqsadda unga soxta tangadan bir siqim berdim. U yutganda to‘lash uchun esa bir siqimini cho‘ntagimda olib qoldim. Tag‘in buni unga ishonmaganimdan deb o‘ylamang. Yo‘q. Rostakamiga pul tikilganda soqqani yutqiziqqa otolmayman, qo‘lim bormaydi, barmoqlarim ish tashlaydi.
Bir stolni o‘rnatdim-da, no‘xat donasining ikki po‘choqdan qaysi birining tagidaligini topishning oson yo‘lini o‘rgata boshladim. Bir zumda anqovlarning ancha-munchasi stolimni o‘rab olishdi. Bir-biriga tirsak nuqib, «sen o‘yna, sen o‘yna» qila boshlashdi. Xuddi mana shu paytda davraga bir-ikkita mayda chaqani tikib, boshqalarni qiziqtirish uchun Ruf tushishi kerak edi. Qani u deyman. Yo‘q. Bir-ikki marta huv narida, og‘ziga muzqandni to‘ldirib olib, afishalarga anqayib turgan holda ko‘zimga chalindi, xolos.
Bari bir tomoshabinlardan ikki-uchtasi tanga tikishdi. Ammo-lekin, puchoq o‘yinda sheriksiz o‘ynash — qarmoqqa go‘sht qo‘ymay baliq ovlashdek gap. Bor-yo‘g‘i qirq ikki dollar yig‘ib o‘yinni yopdim. Aslida esa, atrofimdagi to‘nkalardan ikki yuz dollar undirish niyatida edim. Soat o‘n birlarda uyga qaytdim-da, yotdim. Rufni tsirk maftun qilgan, muzika va boshqa tomoshalar shunchalik lol qoldirganki, boshqa hamma narsani unutib yuborgan, degan taxminga bordim. Kasbimizning yo‘l-yo‘rig‘i haqida ertalab yaxshigina bir ma’ruza aytib, qulog‘iga qo‘rg‘oshinday quyishga qaror qildim. Yelkalarimni Morfey qattiq to‘shakka tekkizgan zamon — endigina ko‘zim ilinganida, qorniga g‘o‘r olma tiqishtiraverib ichburuqqa yo‘liqqan bolaning chinqirig‘iga o‘xshagan noxush ovoz qulog‘imga chalindi. Sakrab turdim, eshikni ochib, mo‘tabar bevani chaqirdim. U boshini yo‘lakka chiqargan zahoti shunday dedim:
— Missis Pivi, iltimos, odamlarning tinchgina uxlashini ta’minlash uchun go‘dagingizning ovozini o‘chiring.
— Mister, — dedi u, — baqirayotgan mening go‘dagim emas. Ikki soatcha oldin do‘stingiz mister Tatam keltirgan cho‘chqa chiyillayapti. Agar uning amakisi yoki tog‘asi sifatida borib, ovozini o‘zingiz o‘chirsangiz, ko‘nglimni juda xushnud etgan bo‘lardingiz.
Men madaniy jamoada ko‘rinish uchun yetarli miqdorda u-bu narsani ustimga tashladim-da, Rufning xonasiga o‘tdim. U hali yotmagan, chirog‘i yoniq edi. U tovaga sut quyib, qo‘ng‘ir tusli megajinni emizayotgan ekan.
— Bu nima degan gap, Ruf? — dedim. — Qaysi go‘rda yuribsiz? Siz vazifangizni unutib, rejalarimni chippakka chiqardingiz. Cho‘chqani qayerdan oldingiz? Nima qilasiz uni? Yana eski hunaringizni boshladingizmi?
— Iltimos, Jeff, jahlingiz chiqmasin. O‘sha aytgan bitta ishqibozligim bor, shunga kechirimli bo‘ling. Cho‘chqa o‘g‘irlashni jonimdan ortiq yaxshi ko‘rishimni bilasiz-ku. Aksiga olib, shu bugun juda qulay vaziyatga duch kelib qoldim va hech o‘zimni to‘xtatib tura olmadim.
— Ha, mayli, bo‘lar ish bo‘pti, — dedim. — Balki rostdan ham cho‘chqa o‘g‘irlashga boshqorong‘idirsiz. Cho‘chqa boqiladigan bu mavzelardan chiqib ketganimizda, zora dilingiz qonun buzishning bundan ko‘ra foydaliroq va yuksakroq shakllariga mayl bildirib qolsa. Mana shunaqa iflos, irkit, esi past, xunuk va chinqiroq hayvon bilan ruhingizni bulg‘ashingizga hech tushunolmayman!
— Hamma gap shundaki, Jeff, — deb javob berdi u, — cho‘chqalarga nisbatan sizning mehri tavajjuhingiz yo‘q. Ularni tushunmaysiz. Men esa tushunaman. Menimcha, mana shu cho‘chqa bir ishda mohiru san’atkor chiqib qoldi: hozirgina xonaning u boshidan bu boshiga orqa oyoqlarida yurib chiqdi.
— Ha, mayli, men borib yotay, — dedim. — Modomiki, suyukli cho‘chqangiz shunchalik avliyo ekan, iltimos, unga uqdirib qo‘ying, tinchroq o‘tirsin.
— Qorni och edi-da, — tushuntirdi Ruf. —Endi uxlaydi, ovozini eshitmaysiz.
Agar men to‘xtagan joyning yon-verida bosmaxona yo aqalli chopdastgoh bo‘lsa, nonushtadan oldin doimo gazeta o‘qish odatim bor. Ertasiga barvaqt turib, ostonadan pochtachi hozirgina keltirib tashlab ketgan “Leksington varag‘i”ni topib oldim. Ko‘zim dabdurustdan ikki ustun qilib terilgan e’longa tushdi:
BESh MING DOLLAR MUKOFOT
Mana shu miqdordagi pul hech qanday surishtirishsiz — kecha kechqurun aka-uka Binklilar tsirkidan yo‘qolgan yoki o‘g‘irlab ketilgan Beppo ismpi mashhur va donishmand cho‘chqani sog‘-salomat holda olib kelgan odamga beriladi.
J. B. Tepli, tsirk boshqaruvchisi.
Gazetani tekislab, taxlab, qo‘yin cho‘ntagimga soldim-da, Rufning oldiga bordim. U deyarli kiyinib bo‘lgan, qolgan sut va olma po‘choqlari bilan cho‘chqani ovqatlantirayotgan edi.
— Salom, salom, yaxshi uxlab turdingizmi, e xudoga shukur-e, — dedim astoydil mehribonchilik bilan. — Iya, iya, turibmiz-ku, a? Megajin-bekam ham nonushta qilyaptilar-ku, a? Xo‘sh, do‘stim, buni nima qilmoqchisiz endi?
— Bitta savatga yaxshilab joylab, Maunt-Neboga jo‘nataman, — javob berdi Ruf. — Toki men qaytib borgunimcha onamlarga ermak bo‘lib turadi.
— Yoqimli cho‘chqacha, — dedim maxluqning bo‘ynini suyub qitiqlarkanman.
— Kecha juda yomon so‘zlar bilan haqorat qildingiz uni, — koyindi Ruf.
— To‘g‘ri, — dedim, — lekin hozir, ertalabki yorug‘da u ancha chiroyli ko‘rinarkan. Bilasizmi, asli o‘zim fermada katta bo‘lganman, cho‘chqalarni juda sevaman. Lekin doimo quyosh botishi bilanoq yotib uxlashga o‘rganganim uchun bironta ham cho‘chqani chiroq yorug‘ida ko‘rmaganman. Keling, Ruf, bunday qilamiz: men shu cho‘chqangiz uchun sizga o‘n dollar beraman.
— Buni sotish niyatim yo‘q, — dedi Ruf. — Boshqasi bo‘lganda, ehtimol ko‘nar ham edim, ammo bu cho‘chqani sotmayman!
— Nega? — so‘radim va obbo, bu ham xabar topibdi-da, deb birdan xavotirlanib qo‘ydim.
— Chunki, — dedi Ruf, — bu hayotimdagi eng katta jasorat evaziga keldi. Mendan boshqa hech kim bunday jasorat qilolmaydi. Bir kun kelib, oilam, bola-chaqam bo‘lar, ana o‘shanda, kamin yonida o‘tirib, otalarining odam liq to‘la tsirkdan qanday qilib cho‘chqa o‘g‘irlaganimni gapirib beraman. Balki nabiralarimga ham hikoya qilarman. Eshitib rosa faxrlanishadi-da. Diqqat qiling-a: tsirkda bir-biriga tutash ikkita kapa tikilgandi. Bu cho‘chqa esa oldinga qurilgan peshtaxta ustida nozik zanjirchaga bog‘loqligicha yotardi. Narigi kapadagi polvon bilan butun badanini oq, jingalak soch qoplagan xonimga ko‘zim tushdi. Cho‘chqani oldim-u, to‘shamaning tagidan o‘rmalab ketdim. Jonivor misoli sichqonning bolasidek miq etmadi, aqalli chiyillasa-chi! Uni qo‘ynimga solib, to qorong‘i ko‘chaga chiqqunimcha minglarcha odamlarning orasidan o‘tib bordim-a! Shuning uchun cho‘chqani sotmasman-ov, Jeff. Onam buni asrab qo‘ysalar, katta ishimning bir dalili bo‘lib qoladi.
— Cho‘chqa shuncha yashay olmaydi, — dedim men, — to siz kamin oldida o‘tirib mo‘ysafidlarcha valaqlashni boshlaganingizdan ancha ilgariyoq oyoq qoqadi. Nabiralaringizning esa faqat gapingizga ishonishdan boshqa iloji qolmaydi. Yuz dollar beraman.
Ruf hayron baqrayib qoldi.
— Cho‘chqa siz uchun bunchalik qimmatga ega bo‘lishi mumkin emas, — dedi u bir oz shubhalanib. — Nima qilmoqchisiz buni o‘zi?
— E, bilmaysiz-da, — dedim unga jilmayib. — Hech kim meni bir qarashda nafosatga o‘ch, zavqi bor odam, deb o‘ylamaydi. Lekin, aslida, ichimda badiiyat ildizlari yo‘q emas. Men kollektsiya to‘playman. Kollektsiya-ki, har xil cho‘chqalar. Buyuk va noyob cho‘chqalarni izlab butun dunyoni kezib chiqqanman. Uobash daryosining vodiysida mening maxsus cho‘chqachilik ranchom mavjud. U yerda marinosdan tortib, polsha va xitoy cho‘chqalarigacha, eng zotlilarini to‘plaganman. Chamalashimcha, Ruf, bu cho‘chqangiz bag‘oyat zotdor cho‘chqaga o‘xshaydi. Naq berkshir turining xuddi o‘zi. Shuning uchun uni olgim kelib qoldi.
Ruf shunday javob berdi:
— Jonim bilan sizning hojatingizni chiqarar edim-ku, lekin badiiyat ildizlari o‘zimda ham bor-da! Modomiki, bir odam hech bir kimsaning qo‘lidan kelolmaydigandek qilib cho‘chqa o‘g‘irlay olarkan, demak, u ham iqtidorli! Cho‘chqalar ilhomimning sababchisidirlar! Ayniqsa, mana bu cho‘chqa. Ikki yuz ellik dollar bersangiz ham sotmayman.
— Yo‘q, siz menga qarang, — dedim peshonamga chiqqan terni artib, — Gap axir puldamas. Gap san’atda! Boring-ki, san’atda ham emas, insonparvarlikda. Zavqi zo‘r cho‘chqashunos sifatida bu berkshir zotiga ega bo‘lish mening burchim. Yor-birodarlarim oldidagi burchim. Buni bajarmasam, vijdon azobiga qolaman. Cho‘chqangiz aslida shuncha pulga arzimaydi, ammo insonning eng yaxshi xizmatkori va do‘sti bo‘lgan cho‘chqalarga odillikning eng yuqori nuqtai nazaridan turib qaraganim uchun sizga besh yuz dollar taklif qilaman.
— Jeff, — javob berdi u cho‘chqaparvar nafosatchi, — men uchun pulning hech ahamiyati yo‘q, men uchun eng qimmatlisi — nafis tuyg‘u.
— Yetti yuz dollar, — dedim men.
— Qo‘ymadingiz-qo‘ymadingiz-da, — dedi u, — sakkiz yuz dollar bering, mayli, tuyg‘umni sug‘urib tashlayman!
Men belbog‘imdan pulimni oldim-da, yigirmatalikdan qirqta sanab berdim.
— Men uni xonamga olib borib qulflab qo‘yaman. Nonushta qilib olgunimizcha o‘sha yerda tura tursin.
Shunday deb cho‘chqaning orqa oyog‘idan ko‘targandim, u tsirkdagi bug‘karnayga o‘xshab chinqirib berdi.
— Menga bering, — dedi Ruf. Keyin megajinni qo‘ltiqladi, tumshug‘idan ushlab, xuddi uxlab yotgan go‘dakdek ovozini chiqarmay xonamga keltirdi.
Rufga, haligi aytganimdek, zo‘r kostyum olib berganimdan beri juda latta-puttaga ishqi tushib qolgandi. Nonushta qilib bo‘lishimiz bilanoq, Mesfitskiydan nastarin rangidagi paypoq olaman, deb chiqib ketdi. U jo‘nashi bilan men tipirchilay boshladim. Xuddi bir qo‘lli kishi devorqog‘oz yopishtirayotgan paytda bezgagi tutib qolgandagi ahvolda edim. Darrov bitta qari negrni zambilg‘altagi bilan yolladim. Ikkovlashib cho‘chqani qopga tiqib, ip bilan og‘zini bog‘lab, tsirkka ravona bo‘ldik.
Jorj B. Teplini kichkina kapaning darchasi ortidan topdim. Semizgina, ko‘zlari o‘tkir, egniga qizil guppi, boshiga qora do‘ppi kiygan kishi ekan. Guppisining ko‘kragi to‘rt qirot javohiri bo‘lgan to‘g‘nog‘ich bilan qadab olgandi.
— Jorj B. Tepli sizmasiz? — so‘radim undan.
— Qasam ichaman, menman, — javob berdi u.
— Aytish mumkinki, topib olib keldim.
— Fikringizni ochiq ifodalang, — dedi u. — Nimani olib keldingiz? Osiyo bo‘g‘ma iloni uchun dengiz cho‘chqalarinimi yoki muqaddas ho‘kizimiz uchun bedami?
— E, yo‘g‘-e, — dedim men, — donishmand Beppo cho‘chqangizni olib keldim. U mana shu yerda, qopimda, zambilg‘altakda. Ertalab bog‘imning ko‘cha eshigi oldidan topib oldim. Gulzorimdagi gullarni uzayotgan ekan. Ha, bunisi siz uchun ahamiyatsiz bo‘lsa, besh ming dollarimni mayda emas, yirik qog‘ozlarda olmoqchi edim.
Jorj B. Tepli kapaning ichidan o‘qday otilib chiqib, ketidan qolmasligimni iltimos qildi. Biz yon tomondagi kapalarning biriga kirdik, Bo‘yniga qip-qizil shoyi tasma bog‘langan mumdek qop-qora cho‘chqa pichan ustida yotar, bir kishi uning og‘ziga tutayotgan sabzini bahuzur chaynar edi.
— Hoy, Mak! — baqirdi Tepli, — bugun ertalab olamga mashhurimiz bilan bog‘liq hech qanday voqea sodir bo‘lmadimi?
— Bunimi? Yo‘q! — javob berdi haligi kishi. — Xordagi xonanda qizning kechasi soat birdagi ishtahasidek ishtahasi karnay.
— Bu vasvasani qaydan topdingiz? — so‘radi Tepli menga yuzlanib. — Kecha yotar jafosi qilib cho‘chqa do‘lmadan andak ko‘proq tiqishtirganmidingiz?
Men gazetani chiqardim-da, e’lonni ko‘rsatdim.
— Soxta, — dedi u, — hech narsadan xabarim yo‘q. To‘rt oyoqlilarning noyob namoyandasi bo‘lmish ajoyib, olamga mashhurimizni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rdingiz. Ertalabki nonushtasini o‘ta zukkolik bilan tanovul qilayotganiga ham guvoh bo‘ldingiz. Ishonch hosil qildingizki, u o‘g‘irlanmagan ham, adashmagan ham. Xayr. Salomat bo‘ling.
Gap nimadaligini fahmlay boshladim. Zambilg‘altakka o‘zimni tashlab, Neu amakiga eng yaqin xiyobonga haydashni buyurdim. Aytgan joyimga kelganimizda cho‘chqamni qopdan oldim-da, hafsala bilan bir joyga qo‘nqaytirdim. Keyin uzoq vaqt mo‘ljallab turib, chunonam tepdimki, xiyobonning narigi chekkasidan — o‘z chinqirig‘ini yigirma fut orqada qoldirib — chiqib ketdi. So‘ng Neu amakining ellik tsentini to‘ladim-da, redaktsiyaga yo‘l oldim. Voqeani o‘z qulog‘im bilan aniq, lo‘nda qilib eshitmoqchi edim. E’lon qabul qiluvchi korchalonni darchasiga imladim.
— Men bir masalada garov o‘ynagandim. Shuning uchun ba’zi bir tafsilotlar zarur bo‘lib qoldi, — dedim. — Sizga cho‘chqa xususida e’lon bergan kimsa mo‘ylovi uzun, semizgina, chap oyog‘i akashak odam emasmidi?
— Yo‘q, — deb javob berdi korchalon. — U juda ham novcha, qotma, sochlari jo‘xori rangidagi, olifta, naq bug‘xonada o‘sgan gulga o‘xshagan yigit edi.
Tushlik vaqtida missis Pivinikiga qaytdim.
— Mister Tatamga sho‘rvadan ozgina qoldiraymi, — so‘radi xonim.
— Juda uzoq kutishingizga to‘g‘ri keladi, — deb javob berdim unga. — Sho‘rvani issiq saqlayman deb, jami ko‘mir konlarini, ikkala yarim shardagi o‘rmonlarni ham isrof qilib yuborasiz.
— Xullas, o‘zingiz ko‘rdingiz, — deb hikoyasiga xotima yasadi Jeff Piters. — Ishonchli va vijdonli sherik topish naqadar qiyin.
— Ammo, — deb gap boshladim men, Jeff bilan ancha eski tanishligimiz shunday savol tashlashimga imkon beradi deb hisoblaganim uchun, — sizning qoidangiz ikki tig‘li-ku. Gazetada va’da etilgan mukofotning yarmini unga ol deb taklif qilganingizda, ehtimol, hech narsa yo‘qot…
Jeff olijanob ginaga to‘la qarashi bilan to‘xtatdi:
— Bular butunlay boshqa narsa, ularni mutlaqo aralashtirib bo‘lmaydi, — dedi u. — Men qilmoqchi bo‘lgan ishga hamma qonunlardan ruxsat bor. Ya’ni halol olibsotarlik. Uol-strit* ham shuni ustida turmay, nimaning ustida turibdi? U yerda «buqa» bilan «ayiqlar»*, mening ishimda esa cho‘chqa. Qanday farqi bor? Cho‘chqa juni — hayvon shoxiga yoki terisiga asos bo‘lolmaydimi?
Ruschadan Zohir A’lam tarjimasi
“Sharq yulduzi” jurnali, 1986 yil, 4-son.
_________________
* Konstebl — serjant unvonidagi politsiyachi.
* Uol-strit— Nyu-yorkdagi eng katta banklar joylashgan ko‘cha.
* «Buqa», «ayiq» — Amerika birjasidagi atamalar.