O’Genri. Birja dallolining sevgisi (hikoya)

Pitcher – birja dalloli Garvi Maksuyelning idorasidagi ishonchli klerk*lardan biri. Ertalabki soat to‘qqiz yarim. Maksuyel yosh kotiba qiz hamrohligida idoraga kirib keldi. Hamma ularga hayrat va qiziqish bilan boqardi.
– Salom, Pitcher, – dedi Maksuyel. U o‘zining ish stoliga shaxd bilan o‘tirarkan, darhol uni kutib turgan xatlar, telegrammalar dengiziga sho‘ng‘idi.
Yosh kotiba qiz Maksuyelning idorasida bir yildan beri ishlardi. U unchalik xushsurat ham emasdi. Dabdabali soch turmaklari unga yoqmas, na zirak, na bilaguzuk, na medalon taqardi. Unda hech qachon restoranga kirish xohishi bo‘lmagan, taklif qilishganda esa kayfiyati yo‘qligini bahona qilardi. Oddiy, kulrang, nafis ko‘ylagi unga yarashib turar, odmi, qora shlyapasi yashil to‘tiqush pati bilan bezatilgandi. O‘sha kuni ertalab ko‘zlari porlar, yuzlariga qizillik yugurgan, ko‘rinishidan baxtiyor edi.
Uni qiziqish bilan kuzatgan Pitcher qiz o‘zini odatdagidan ko‘ra boshqacharoq tutayotganini sezdi. Avval kotiba o‘zining xonasiga kirish o‘rniga nimanidir kutayotgandek idora ichida timirskilanib yurdi. Atigi bir marta Maksuyelning ish stoliga nigoh tushadigan darajada yaqin keldi.
Stol oldida o‘tirgan Maksuyel umuman odamga o‘xshamasdi. U g‘ildirak va prujinalar yordamida harakatlanuvchi, bo‘g‘zigacha band nyu-yorklik dallol-mashina edi.
– Xo‘sh, nima gap? — to‘satdan so‘radi Maksuyel. Ochiq xatjildlar stolda qor uyumlaridek sochilib yotardi. Uning o‘tkir kulrang ko‘zlari qizga g‘azab bilan boqdi.
– Hech narsa, — javob qaytardi kotiba va yengil tabassum bilan nari ketdi.
– Janob Pitcher, – dedi qiz ishonchli klerkka, — janob Maksuyel kecha yangi kotiba qizni ishga olish haqida gapirganmidi?
– Aytgandi, — javob berdi Pitcher, — u yangi kotiba qiz topishni buyurgandi. Bir necha kotiba qizlarni sinov uchun bizga jo‘natishlarini byuroga bildirgandim. Soat o‘ndan qirq daqiqa o‘tyapti-yu, lekin ularning birortasidan darak yo‘q.
– U holda o‘rnimga boshqa birov kelmaguncha har doimgidek ishimni davom ettiraman, — dedi qiz.
O‘sha zahoti u xonasiga o‘tdi va shlyapasini har doimgi joyiga ildi.
Kimki bu nyu-yorklik dallolni birjada ish qizg‘in paytda ko‘rmagan ekan, o‘zini antropologiyadan bilimsiz hisoblayversin. Bu dallolning nafaqat har bir soati, balki daqiqa va soniyasi band qilingandi.
Bugun ham Garvi Maksuyel uchun qizg‘in ish kuni edi. Telegraf apparatining lentasi siltanib aylanar, stoldagi telefon surunkali qo‘ng‘iroqlardan charchagandi. Mijozlar idoraga to‘da-to‘da bo‘lib kirishar, kimdir quvnoq, kimdir achchiqlanib, yana kimdir esa hayajonlanib Maksuyel bilan to‘siq orqali gaplashishardi. Pochtachilar eshikdan shoshgancha kirib-chiqishardi. Klerklar to‘fon vaqtidagi matroslar singari yelib-yugurishar, Pitcher ham g‘ayrat bilan ishlardi.
Shu kuni birjada to‘fon, ko‘chki, bo‘ron, zilzilalar yuz berdi, vulqonlar otildi. Barcha ofatlar mana shu kichikkina idorada ro‘y berdi. Maksuyel stulini devorga suyab qo‘ydi va tik turgancha mijozlar bilan ishlay boshladi. U go‘yo mahoratli masxarabozdek telegrafdan telefonga, ish stolidan eshikka borib kelardi.
Vaqt tobora tig‘izlashib borayotgan bir paytda Maksuyelning ko‘zi kutilmaganda tuyaqush patli shlyapadagi, yuzini duxoba to‘r bilan to‘sib olgan, oltin tusdagi gajak sochli, qunduz mo‘ynali palto kiygan, kumush yurakcha bilan tugallanuvchi shoda-shoda marjon taqqan qizga tushdi. Qiz kibrli ko‘rindi. Buni izohlashga Pitcher tayyor bo‘lib turgandi.
– Stenografistlar byurosidan, ish o‘rni masalasi bo‘yicha, — dedi Pitcher.
Maksuyel yarim o‘girilib qaradi; uning qo‘llari qog‘oz va telegraf lentalari bilan band edi.
– Kimning o‘rniga? — qoshlarini chimirib so‘radi u.
– O‘zimizning kotiba qiz o‘rniga, — dedi Pitcher. — O‘zingiz kecha yangi kotiba chaqirishimni so‘ragandingiz.
– Siz aqldan ozibsiz, Pitcher, – dedi Maksuyel. – Qanday qilib sizga bunday buyruq berishim mumkin? Miss Lesli bir yildan beri o‘z vazifasini a’lo darajada bajarib kelyapti. O‘zi xohlamaguncha o‘rniga odam olmaymiz. Bizda hech qanday bo‘sh o‘rin yo‘q, xonim. Byurodagilarga aytib qo‘ying, Pitcher, bizga boshqa odam yuborishmasin, qaytib oldimga hech kimni yetaklab kelmang!
Marjon taqqan qiz stullarga turtinib, jahl bilan idorani tark etdi. Pitcher qulay fursat topib hisobchiga «qariya»ning kundan-kunga parishonxotir bo‘lib borayotganligini yetkazdi.
Idorada ish qizigandan-qizidi. Birjada Maksuyelning mijozlariga tegishli bo‘lgan yirik turli miqdorda aktsiyalar bosib-yanchilardi. Oldi-sotdi haqidagi buyruqlar u yoqdan-bu yoqqa qaldirg‘ochdek «uchib yurardi». Maksuyelning mansab kursisi ham omonat edi va u katta quvvatli mashinaday bor kuchi bilan ishlardi; uning so‘zlari, qarorlari, harakatlari go‘yo soat mexanizmidek tez va aniq edi. Aktsiya va hujjatlar, qarz va fondlar, garov va ssudalar – bu moliya olami. Unda insonning his-tuyg‘ulariga o‘rin yo‘q edi.
Tushlik vaqtiga kelib idorada birozgina sukunat cho‘kdi.
Maksuyel qo‘llaridagi xat va telegrammalar bilan stoli oldiga keldi. U o‘ng qulog‘iga har doimgidek ruchkasini qistirib olgan, bir tutam hurpaygan sochlari peshonasiga tushib turardi. Oyna ochiq edi, chunki u yerdan xonaga bahorning iliq nafasi ufurardi.
Derazadan xonaga siren gulining yoqimli hidi anqidi va dallolni bir zum joyiga mixlab qo‘ydi. Negaki, bu ifor miss Lesliga tegishli edi. Bu unga, faqat ungagina tegishli edi.
Qiz – Maksuyelning yodiga tushdi. Birja olami ahamiyatsizdek bo‘lib qoldi go‘yo. Kotiba esa qo‘shni xonada, yigirma qadam narida edi.
– Qasam ichamanki, men bu ishni qilaman, — dedi yarim ovozda dallol. — Hoziroq undan so‘rayman. Hayronman, nega buni avvalroq o‘ylab ko‘rmagan ekanman-a.
U kotiba qizning xonasiga otilib kirdi va uning stoliga yaqinlashdi.
Qiz ohista jilmaydi. Uning yonoqlari qizargan, nigohi ham muloyim va samimiy edi. Maksuyel qizning stoliga tirsaklari bilan suyandi. Uning qo‘lida hali ham bir dasta qog‘oz turar, qulog‘iga ruchka qistirilgandi.
– Miss Lesli, — hovliqib gap boshladi u, — roppa-rosa bir daqiqa vaqtim bor. Sizga bir narsani aytishim kerak. Menga turmushga chiqing. To‘g‘ri, shu paytgacha ko‘nglingizni olishga harakat qilmaganman, lekin sizni chindan ham sevaman. Iltimos, tezroq javobini ayting.
– Nimalar deyapsiz? — ajablandi qiz. U o‘rnidan turib, ko‘zlarini katta-katta ochgancha Maksuyelga qaradi.
– Siz meni tushunmadingiz chog‘i? – dedi Maksuyel. — Menga turmushga chiqishingizni xohlayman. Sizni sevaman, miss Lesli. Buni oldinroq aytmoqchi edim. Nihoyat, endi fursat topdim. Ana, yana meni telefonga chaqirishyapti. Pitcher, ayting, kutib turishsin. Xo‘sh, nima deysiz, miss Lesli?
Kotiba qiz o‘zini juda g‘alati tutdi. Avvaliga u hayratdan dong qotdi, ko‘zlaridan yosh quyildi, so‘ngra quyosh porlagandek jilmaydi va bir qo‘li bilan dallolning bo‘ynidan asta quchoqladi:
— Tushundim, — dedi qiz muloyimlik bilan. — Bu birja butun fikru xayolingni egallab olibdi. Boshida qo‘rqib ketdim. Nahot, yodingdan ko‘tarilgan bo‘lsa, Garvi? Biz, axir kecha kech soat sakkizda muyulishdagi Kichik cherkovda nikohdan o‘tdik-ku!

Rus tilidan Saidjalol Saidmurodov tarjimasi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2011 yil, 10-son.
___________
* Klerk – Idora xodimi.