Sentyabrda issiq pasayib, chidasa bo‘ladigan holatga keladi. Osmon tubsiz va lojuvard bo‘lib qoladi. Daryo tozalanib xantal rangidagi yengil to‘lqinlarni hayday boshlaydi. Tiniq suvda yupqa sirpanchiq toshlar ko‘rinadi. Havoda nam yaproq va baliq hidi anqiydi. Sohilbo‘yi maysazorida ancha salqin bo‘ladi. Daraxt ostida o‘sgan qo‘ng‘ir yo‘sin chayqaladi. Quyosh kuydirgan o‘tlar orasida yirik chigirtkalar sakrab qolishdi. Zag‘cha va shum zag‘izg‘onlar butun atrofni ag‘dar-to‘ntar qilishdi. Teparoqda, jarlik yoqasida va undan narida, o‘rim payti semiz bedanalar sayrayapti. Qishloq qiyofasi ham o‘zgardi, bog‘lar va uzumzorlar qizil-qo‘ng‘ir tusga kirdi. Kuz hidi qishloq yo‘li uzra osilib turibdi. Yong‘oqlar hamma joyda qoqib olingan, yo‘l sariq yaproq va qoraygan po‘stloq bilan to‘shalib yotibdi. Hovlilarda bo‘yralar ustida to‘g‘ralgan olma va shaftoli qoqi quritilmoqda. Boloxona ustunlariga osilgan iplarda esa churchxella uchun yong‘oqlar osib qo‘yilgan.
Yo‘l bo‘ylab g‘ichirlagancha arava ketib borayapti. U savatlar to‘la qahrabo rang uzum olib ketayapti. Uzum ustida asalari va yovvoyi arilar g‘ujg‘on o‘ynaydi. Aravaning oldingi o‘rindig‘ida qorasoch, baquvvat dehqon o‘tiribdi. U qo‘lidagi xivich bilan aravani tortayotgan buyvollarni sekin urib qo‘yadi. Uning egnida qora kuylak va shim. Shimining pochalari oppoq jun paypog‘i ichiga kiritilgan, oyog‘ida shahar tuflisi, boshida esa qadimiy kigiz qalpoq. Arava ortidan to‘ladan kelgan bo‘liq ko‘krakli ayol borayapti. Uning bir qo‘lida sara uzum boshlari to‘la savatcha, ikkinchi qo‘li bilan arava to‘sig‘ini ushlab olgan. Yuzidan ter oqayapti – aftidan charchagan ko‘rinadi, buning ustiga issiq ham holdan toydirgan. Shunga qaramay, u yukini aravaga qo‘ymaslikka urinayapti. Erining orqasidan g‘azab bilan qarab o‘zicha to‘ng‘illaydi. Arava g‘ichir-g‘ichiridan erkak xotinining gapini eshitmaydi. Balki eshitsa ham e’tibor bermayotgandir. Buyvollar baquvvat bo‘yinlari bilan og‘ir yukni asta-sekin erinib tortib borayapti.
Temirchilik ustaxonasi yonida turgan erkaklar kelayotgan aravaga qarab turishibdi.
– Ularni mehmon qil, uzumga taklif qil, sen bunaqaga ustasan-ku, – to‘ng‘illaydi xotin.
– Bu yoqqa kelinglar, uzumdan tatib ko‘ringlar, – deydi quvnoq er buyvollarni to‘xtatib.
– Ertaroq uzmadingmi, Georgi? – deydi bir qariya, arava tomon tortinibroq qadam tashlarkan.
– Hech ham ertamas, mana tatib ko‘ring. Judayam shirin!
Uzumdan bir ikki donadan uzib olgan odamlar hayron bo‘lib:
– Ie, rostdan ham juda shirin.
– Olinglar, yeb ko‘ringlar, – deydi zo‘raki ohangda ayol.
Eri bo‘lsa bazo‘r jilmayib, teskari qaraydi.
Erkaklar uzumdan bir shingil-bir shingil olishadi.
– Olinglar, olsanglarchi, uyalmanglar!
– Olish mumkin, lekin bunaqada axir…
– Ie, xudo haqqi! – ayol yolg‘onni yashira olmadi va qip-qizarib ketdi.
Soqolini hafsala bilan qirtishlagan yigit katta-katta uzum boshlarini chaqqonlik bilan hammaga tarqatib chiqdi. Bir godori bir pasda yarimigacha bo‘shab qoldi.
Ayol orqasiga qaramasdan oldinga o‘tib ketdi. Uning qadam tashlashidan naqadar jahli chiqqani sezilib turardi.
– Shakarning o‘zi! – deydi bir kishi, yopishqoq qo‘llarini shimiga artarkan.
– Nima, hali vaqti emasmi?
– E, sening uzumzoring Georgi, baribir yaxshi joyda-da. Uzumi erta pishadi.
– Hoy, tezroq haydasangiz-chi, qorong‘i tushayapti! – baqiradi uzoqdan ayol.
Dehqon buyvollarga xivich urdi, arava o‘rnidan qo‘zg‘aldi.
– Tarqat, boyagiday tarqataver, bir ko‘raychi, uyga nima bilan borarkansan?
U javob qaytarmaydi, xivich bilan buyvollarni niqtaydi va olg‘a intiladi. Yo‘l bo‘yida bir bolakay turibdi. Yong‘oq po‘stlog‘idan og‘zi qorayib ketgan, aravaga tikiladi.
Erkak unga qarab jilmaydi.
– Uzumdan yeysanmi, bolakay?
Bola og‘ziga tolqon solganday indamaydi.
– Kimning o‘g‘lisan, bolakay?
– Shalikoning o‘g‘liman, – deb javob berdi bola, oyog‘i bilan tuproqqa nimanidir chizib. Dehqon bolaning shippagi yirtig‘idan chiqib turgan pushtirang changli barmog‘iga e’tibor beradi.
– Otang haliyam kelmadimi? – Georgi bolaning otasi o‘g‘rilikda ayblanib qamalganidan xabardor.
– Yo‘q hali… Bolaning yuzi tundlashdi. Dehqon aravani to‘xtatdi. Shoshilib pastga tushdi. U qadoqli qora qo‘lini savatga tushurib bir-ikki bosh uzumni oldi.
– Ma, ol!
Bola ko‘ylagining barini ochdi va uzumni olib qiyalikdan chopib ketdi.
– Hoy, ehtiyot bo‘l, tirrancha! – bolaning orqasidan baqirib qoldi dehqon va to‘kilgan uzumlarni terib qaytadan savatga tashladi.
Arava g‘ichirlab yo‘lga tushdi. Buyvollar erinibgina qadam tashlardi. Uylardan birining oldida, do‘ng ustida bukchaygancha bir kampir o‘tirardi.
– Salom, buvijon! – ovoz beradi dehqon va yana aravadan tushadi.
Bo‘yvollar sabr bilan egasini kutmoqda. U bo‘lsa eng yaxshi uzum boshlarini saralab kampirga uzatadi.
– Oling, buvijon!
– Xudo senga baxt bersin, bolam, – deydi kampir, keyin birdan dehqonni tanib qoladi va qo‘llarini tizzalariga uradi.
– Voy, bu sensan-ku Georgi! Xudo uyingga baxt ato qilsin! Axir mening Yasonim sening tengquring edi-ku, o‘g‘lim! Tangri uning o‘rniga meni ola qolsa, bo‘lmasmidi?
Yana arava g‘ichirladi. Atrof ranglarga to‘la. Garchi sariq, yashil, kumush va qizg‘ish ranglar ko‘p bo‘lsa-da, lekin baribir qizil-qo‘ng‘ir tuslar ziyodaroq. Tepadan bo‘lsa lojuvord osmon gumbaz misol osilib turibdi. Buyvollar erinib qadam tashlaydi. Arava ustida qorasoch, baquvvat dehqon mag‘rur o‘tiribdi. U xotinining to‘ng‘illashiga e’tibor ham bermaydi. Uning qalbini tushunib bo‘lmas quvonch egallagan. Kuz…
Rus tilidan Fayzi Shohismoil tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 4-son