Nikolay Gogol. Tentakning yozmalari (qissa)

3 oktyabr

 Bugun ertalab g‘aroyib voqea ro‘y berdi. Ancha kech uyg‘ondim, Mavra artib-tozalagan etiklarimni olib kelganda soat necha bo‘lganini so‘radim. Allaqachon o‘n marta bong urganini eshitib, tezda kiyinishga tushdim. Ochig‘ini aytsam, bo‘lim boshlig‘ining ensasi qotgan ko‘yi basharasini bujmaytirishini oldindan bilganim uchun departamentga mutlaqo bormagan bo‘lardim. U ko‘pdan beri menga: “Og‘ayni, nega doim kallang g‘ovlab yotadi? Ba’zan oyog‘i kuygan tovuqday tipirchilab qolasan, ba’zida ishni shunaqangi chalkashtirib yuborasanki, manaman degan odam ham epaqaga keltirolmaydi, titul varag‘iga kichik harflar bilan yozasan, na sanasini ko‘rsatasan, na raqamini”, deydi. La’nati ho‘kiz! Direktorning xonasida o‘tirishimni va janobi oliylari uchun patqalamlarning uchini chiqarib berishimni ko‘rolmaydi. Xullas, g‘aznachini topib, u ziqna yahudiydan maoshimning zora bir qismini so‘rab olish umidi bo‘lmaganda departamentga bormasdim. Bu yaramas tasqarani ko‘ring! Agar mabodo maoshni bir oy oldin bersa – Xudo ko‘rsatmasin, naqd qiyomat qoyim bo‘lsa kerak. Iltimos qil, yalinib-yolbor, bor, ana – yorilib ket, ochlikdan sillang qurib yerga qapishib qol, – bermaydi, oqsoch ajina! Vaholanki, o‘zi uyida oshpaz ayoldan tarsaki yeb yuradi. Buni butun dunyo biladi. Men tushunolmayman, departamentda xizmat qilishning nima foydasi bor. Hech qanaqa rag‘bat yo‘q. Guberniya boshqarmasi, davlat va fuqaro palatalarida butunlay boshqa gap: u yerda yo‘g‘on cho‘zilib, ingichka uzilish darajasiga yetsa, harqalay, tomizib turishadi. U kiyib yurgan yag‘iri chiqqan frakni aytmaysizmi, turqi shunaqayam sovuqki, basharasiga tupurib yuborging keladi, u egallab turgan dala hovli haqida gapirmasa ham bo‘ladi! Tilla halli idishlarni nazari ilmaydi: “Bu doktorlarga beriladigan sovg‘a”, emish. Unga bir juft yo‘rtoqi ot yoki izvosh, yo bo‘lmasa qunduz terisidan tikilgan uch yuz so‘mlik po‘stin berish kerak ekan. Ko‘rinishidan muloyim, juda nazokat bilan gapiradi: “Patqalamim uchini chiqarib olish uchun pichoqchangizni berib turolmaysizmi?” – mijozlarni esa shir-yalang‘och bo‘lgunicha shilib olishga usta. To‘g‘ri, bulardan qat’i nazar bizda xizmatning olijanobligi, salobati bor, hammayoq shunaqayam toza, chinniyu chiroqki, bunaqasi guberniya boshqaruvidagilarning tushiga ham kirmagan: stollar qizil daraxtdan ishlangan, boshliqlarning hammasi bir-birlari bilan sizlashib gaplashadi. Ha, tan olaman, xizmatning bu qadar salobati bo‘lmaganda allaqachon departamentdan ketgan bo‘lardim.

Eski shinelimni kiyib, jala quyib turgani uchun soyabonni oldim. Ko‘chada hech kim yo‘q edi: faqat ko‘ylaklarining etagini yopinchiq o‘rnida tashlab olgan ayollar, unda-bunda shamsiya tutgan savdogaru yelib-yugurib yurgan yugurdaklar ko‘zga tashlanardi. Olijanob kishilardan faqat bir amaldor oshnamizni ko‘rdim, xolos. Men uni chorrahada uchratdim. Ko‘rgan hamono o‘zimga-o‘zim: “Eh-e! Yo‘q, azizim, sen departamentga ketayotganing yo‘q, huv anavi oldinda chopib ketayotgan ayolning orqasidan ilakishgansan, uning oyoqlaridan ko‘zingni uzmayapsan”, dedim. Amaldor og‘aynilarimiz bu qadar yulduzni benarvon uradigan bo‘lmasa-ya! Xudo haqqi, hech bir ofitserdan qolishmaydi: birorta shlyapali xonimni ko‘rsa, darhol ilintiradi. Ana shularni o‘ylab borarkanman, men yonidan o‘tib ketayotgan do‘kon oldiga izvosh kelib to‘xtadi. Darhol tanidim: bu direktorimizning izvoshi edi. “Unga do‘konning nima keragi bor, – deb o‘yladim, – hoynahoy, bu uning qizi bo‘lsa kerak”. Devorga qapishib oldim. Malay eshikni ochdi va u go‘yoki qushdek pirillab uchib chiqdi. O‘ngga va chapga ko‘z qirini tashlab, qosh-ko‘zlarini pirpiratib, chimrilib qo‘ydi… Ey, Xudoyim-ey! Tamom bo‘ldim, butkul adoi tamom bo‘ldim! Bunaqangi yomg‘ir quyib turgan paytda ko‘chaga chiqishning nima keragi bor. Shundan keyin ham ayol zotining har xil latta-puttaga mukkasidan ketganiga ishonmay bo‘ladimi? U meni tanimadi, o‘zim ham atay iloji boricha butkul o‘ranib olishga harakat qildim, negaki, egnimdagi shinelim juda iflos, buning ustiga eski bichimda edi. Hozir uzun yoqali plashch kiyishadi, mening plashchim esa ustma-ust qilib tikilgan kalta qo‘shyoqali bichimda: bunisi yetmaganday, movuti ham sifatsiz. Uning kuchukchasi do‘konga kirishga ulgurolmay ko‘chada qoldi. Men bu kuchukchani bilaman. Uning ismi Medji. Bu yerda turganimga bir daqiqa bo‘lmasdanoq, “Salom, Medji!” degan mayin ovoz qulog‘imga chalindi. Ana xolos! Bu kimning ovozi ekan? Atrofga alanglab, soyabon ostida ketayotgan ikki xonimga ko‘zim tushdi. Ulardan biri kampir, ikkinchisi esa yosh qiz edi: ular o‘tib ketishdi, mening yonimda esa yana: “Gunohga qolding, Medji!” degan ovoz eshitildi. Xudo urdi-ketdi! Men Medjining xonimlar ortidan ergashgan kuchukcha bilan bir-birlarini iskashayotganini ko‘rdim. “Eh-e, – dedim o‘zimga o‘zim, – nima balo, mast emasmanmi? Bunaqa narsa menda kamdan-kam uchrardi, shekilli”. ”Yo‘q, Fidel, bekor shunday xayolga borayapsan, – Medji shunday deganini o‘zim eshitdim, – men, vov, vov! Men kasal edim, vov, vov! Qattiq kasal edim”. Eh, axir sen kuchukchasan-ku! Men uning odamga xos tilda gapirayotganidan hayratga tushganimni tan olaman. Biroq bularni yaxshilab mulohaza qilib ko‘rganimdan keyin hayrat degan narsadan atovul ham qolmadi. Chindanam dunyoda shunga o‘xshash voqealar juda ko‘p sodir bo‘ldi. Aytishlariga qaraganda, Angliyada bir baliq suzib chiqib, g‘alati bir tilda ikkita so‘z aytgan, olimlar uch yildan buyon buning ma’nosi nima ekanini aniqlashga harakat qilishmoqda, biroq hali-hanuz hech qanaqa kashfiyot qilisholmadi. Menam do‘konga kelib, o‘zlari uchun bir qadoq choy so‘ragan ikki sigir haqida gazetada o‘qigandim. Medjining: “Senga xat yozgandim, Fidel, hoynahoy, Polkan xatimni senga yetkazmagan!” – deganini eshitgach, rost gap, haddan ziyod hayratga tushdim. Yo, tavba, ilohim, maoshimdan mahrum bo‘lay! Hayotimda kuchuklar yoza olishi haqida eshitmaganman. Faqat zodagongina to‘g‘ri yoza olishi mumkin. Bundan tashqari, savdogaru idora xodimlari, hattoki omi dehqon xalqi ham ba’zida yozib-chizib turadi, biroq ularning yozuvlarini ko‘proq mexanik yozuv deyish mumkin: na verguli, na nuqtasi va na bo‘g‘ini bor.

Bu meni hayron qoldirdi. Shuni aytishim kerakki, yaqindan beri men hech kim ko‘rmaydigan narsalarni ko‘ra oladigan va hech kim eshitmaydigan narsalarni eshitadigan bo‘la boshladim. “Shu kuchukchaning ortidan boraman-da, – dedim o‘zimga-o‘zim, – qanaqa kuchukligini va u nimalarni o‘ylashini bilib olaman”.

Soyabonni ochdim-da, ana shu ikki xonimning ketidan yo‘lga tushdim. Goroxovaya ko‘chasidan o‘tdik, Meshchanskayaga burildik, u yerdan Stolyarnaya ko‘chasiga yo‘l oldik va nihoyat, Kokushkino ko‘prigiga yetib keldik-da, kattakon uy oldida to‘xtadik. “Bu uyni men bilaman, – dedim o‘zimga-o‘zim. – Zverkovning uyi”. O‘-ho‘, uy emas, naq haybatli mashina! Bu uyda kimlar yashamaydi deysiz: oshpazlar, son-sanog‘i yo‘q kelgindilar! Mansabdor oshnalarimiz-chi, eh-he, g‘ij-bij, xuddi itdek tiqilib yashashadi. Bu yerda mening ham truba chalishni yaxshi biladigan bir tanishim bor. Xonimlar beshinchi qavatga chiqib ketishdi. “Yaxshi, shu yerda to‘xtaganim ma’qul, – o‘yladim men, – joyini belgilab qo‘yaman, birinchi imkoniyatdayoq vaqtni boy bermay ishga kirishaman”.

4 oktyabr

Bugun chorshanba, shuning uchun ham boshlig‘imiz xonasida bo‘ldim. Men atayin vaqtli keldim va o‘tirib, hamma patqalamlarning uchini ochib chiqdim. Direktorimiz juda aqlli bo‘lsa kerak. Xonasining hammayog‘i kitob taxlangan javonlar bilan to‘lib ketgan. Men ba’zilarining nomini o‘qib chiqdim: turgan-bitgani ilm, shunaqangi ilmki, bizning amaldor og‘aynilarimiz unga yaqin ham yo‘lay olmaydi: hammasi yo frantsuz yoki nemis tilida. Uning basharasiga bir nazar tashlang: qurib ketgurning kibru havosi olamni buzadi-ya! Men hali biron marta uning ortiqcha so‘z aytganini eshitmadim. Faqat qog‘ozlarni uzatganimda bor-yo‘g‘i: “Hovlida ob-havo qalay?” deb so‘raydi. “Namgarchilik, janobi oliylari!” Ha, og‘aynilarimiz unga teng kelolmaydi! U davlat odami. Biroq sezib yuribman, u meni bir boshqacha yaxshi ko‘radi. Agar qizi ham… nur ustiga nur bo‘lardi… eh, shaytoni tushmagur! Hechqisi yo‘q! Hechqisi yo‘q, sabr tagi – sariq oltin! “Pchyolka”[1]ni o‘qigandim. Eh, frantsuz xalqi – shunaqayam ahmoq xalq bo‘ladimi! O‘zi nima xohlaydi ular? Xudo haqi, hammasini hiqildog‘idan olsangu boplab xipchin bilan savalasang! O‘sha yerda bir Kursklik zamindorning bir bazmni juda yoqimli ta’riflab berganini o‘qidim. Kursk zamindorlari juda yaxshi yozishadi. Keyin soat allaqachon o‘n ikki yarimga bong urganini sezib qoldim, xo‘jayin esa hanuz yotog‘idan chiqmasdi. Biroq soat bir yarim bo‘lganda shunaqangi hodisa ro‘y berdiki, uni ta’riflashga har qanday qalam ojizlik qiladi. Eshik ochildi, direktorimiz chiqdi deb o‘ylab qo‘limdagi qog‘ozlarim bilan irg‘ib o‘rnimdan turdim: biroq bu o‘sha, uning o‘zginasi edi! Ey avliyolar, liboslari ko‘zni qamashtiradi-ya! Oppoq ko‘ylagi xuddi oqqushdek tovlanadi: voy-voy-ey, ko‘ylagining harirligini qarang! Uning qarashlarini aytmaysizmi: quyosh, Xudo haqi, quyosh balqidi, deyavering! U ta’zim qildi-da: “Dadam bu yerda ko‘rinmadilarmi?” dedi. Voy-voy-voy, jonidan! Ovozining jarangiga besh ketsangiz arziydi! Bulbul-a, ha-ha, naq bulbulning o‘zi! “Janobi oliyalari, dorga osishni buyurmaysizmi, – degim keldi, – mabodo dorga osmoqchi bo‘lsangiz ham o‘z generallik qo‘lchalaringiz bilan osing”. Hah, jin ursin, negadir tilim kalimaga kelmay faqat: “Yo‘q, ko‘rinmadilar”, dedim, xolos. U menga va kitoblarga nazar tashladi, dastro‘molchasini tushirib yubordi. Men jonim boricha yugurdim, la’nati parketga qoqilib, burnim yorilishiga oz qoldi, biroq o‘zimni tutdim-da, dastro‘molni qo‘limga oldim. Ey, avliyolar! Bu qanaqa dastro‘mol o‘zi?! Yupqa, nafis, batistdan qilingan; mushki anbar, muattar bo‘yning tamomila mukammalligi! Undan generallik ifori taralib turibdi. Qiz minnatdorlik bildirib, miyig‘ida kulib qo‘ydi, shu bois shakar lablari deyarli qimirlamadi ham, shundan so‘ng u chiqib ketdi. Men yana bir soat o‘tirdim, birdan xizmatkor kelib: “Aksentiy Ivanovich, uyingizga ketaverishingiz mumkin, to‘ram allaqachon uydan chiqib ketdi”, dedi. Xizmatkorlar toifasini ko‘rgani ko‘zim yo‘q: doimo dahlizda yalpayib o‘tiradi-da, hech qursa bosh silkib ishora berishga ham yaramaydi. Bunisi ham mayli-ya, bir marta ana shu muttahamlardan biri o‘rnidan turmay meni tamaki bilan siylashga haddi sig‘di-ya. Miyasi yo‘q, qarol, bilasanmi, men amaldorman, aslzodalar nasabidanman. Biroq shlyapamni olib, shinelimni kiydim-da chiqib ketdim, chunki bu janoblar xizmat ko‘rsatishga hecham bo‘yinlari yor bermaydi. Uyda ko‘p vaqtimni karavotda yotish bilan o‘tkazdim. Keyin juda yaxshi bir she’r­ni ko‘chirib oldim: “Azizamni bir soat ko‘rmagan edim, go‘yoki bu bir yil bo‘lib tuyuldi; Nahot yashab bo‘lsa shu taxlit, Usiz yashash – o‘lim, angladim shuni”. Hoynahoy, Pushkin yozgan bo‘lsa kerak[2]. Kechqurun shinelimga o‘ranib janobi oliyalarining ostonasiga bordim va izvoshga o‘tirish niyatida zora chiqib qolsalar, yana bir marta ko‘rish sharafiga muyassar bo‘lsam, degan xayol bilan uzoq kutdim, yo‘q, chiqmadilar. 

6 noyabr

Bo‘lim boshlig‘imiz quturib ketdi. Departamentga kelganimda u meni huzuriga chaqirtirib, gapni shunday boshladi: “Qani, marhamat qilib ayt-chi, nimalar qilyapsan?” “Bu nima deganingiz? Hech narsa qilayotganim yo‘q”, – javob berdim men. “Bundoq yaxshilab o‘ylab ko‘r! Axir yoshing allaqachon qirqdan oshdi – esingni yig‘ib olsang yaxshi bo‘lardi. O‘zingni kim deb o‘ylayapsan? Meni hech bir qilmishlaringni bilmaydi deb o‘ylaysanmi? Direktorning qiziga iliqib yuribsan-ku axir! Bundoq o‘zingga qara, kimliging haqida o‘ylab ko‘r! Hech kim emassan!!! Cho‘ntagingda hemiring yo‘q. Hech bo‘lmasa oynaga qarab basharangga razm sol, u haqda o‘ylashni kim qo‘yibdi senga!” Jin ursin, uning yuzi dorixonalarda bo‘ladigan shisha idishchaga o‘xshaydi, boshidagi bir tutam sochi esa jingalak kokilcha qilib, tepaga g‘o‘ddayib turishi uchun qandaydir narsa surtilgan, faqat menga hamma narsa mumkinu boshqalarga esa yo‘q, degan fikrni miyasiga joylab olgan. Tushunaman, mendan nega jahli chiqishini juda yaxshi tushunaman. U hasad qiladi; balki u menga bo‘lgan iliq munosabatni, meni ko‘ngilga yaqin olishlarini ko‘rgandir. Hah, men unga tupuraman! Oliy mansabdor bo‘lsang o‘zingga! Soatiga tilla zanjir osib olgan, o‘ttiz so‘mlik etik buyurtiradi – jin ursin uni! Nahotki men qandaydir zotipast donishmand yoki tikuvchi va yoxud unter-ofitserning bolasi bo‘lsam? Men zodagonman. Menam yuksak mansabu martabalarga erishishim mumkin. Endigina qirq ikkiga kirdim – rost gap, hayotimning chinakam xizmat davri endi boshlandi. Hali qarab tur, og‘ayni! Biz ham polkovnik bo‘lamiz, balki, Xudo xohlasa, undan kattaroq martabaga erisharmiz. Senikidan ham ulug‘roq obro‘-e’tibor orttiramiz. Nima uchun sen “mendan boshqa halol, vijdonli odam mutlaqo yo‘q”, degan fikrni miyangga quyib olding? Menam moda bo‘yicha tikilgan ruchevsk[3] frakini kiyib, xuddi senikiga o‘xshash bo‘yinbog‘ taqib olsam, ana unda sen harom tukimga arzimay qolasan. Daromad yetarli emas – hamma balo shunda.

 8 noyabr

Teatrda bo‘ldim. Rus tentagi Filatkani o‘ynashdi. Rosa kuldim. Yana ishboshilar va ayniqsa, bir kollegiya registratori[4] haqida qiziqarli she’rlar bilan juda ochiqchasiga yozilgan qandaydir vodevil[5] ham ko‘rsatishdi, men hatto tsenzura buni qanday o‘tkazib yubordi ekan, deya hayratga tushdim, savdogarlarning xalqni aldayotgani, ularning bolalari janjal, to‘s-to‘palon uyushtirib, zodagonlikka da’vo qilayotgani haqida ochiq-oydin gap ketadi. Jurnalistlar haqida ham juda alomat band keltirishibdi: ular hamma narsani urib-koyishni yaxshi ko‘rishadi, shuning uchun muallif ulardan himoya qilishni xalqdan so‘raydi. Hozir adiblarimiz ajoyib pesalar yozishmoqda. Men teatrga borishni juda yoqtiraman. Kissamda ortiqcha chaqa paydo bo‘ldi deguncha teatrga borishdan o‘zimni to‘xtatolmayman. Amaldor og‘aynilarimiz orasida shunaqangi cho‘chqalari borki, hattoki tekinga bilet bersang ham teatrning yaqiniga yo‘lamaydi, to‘pori. Bir aktrisa juda yaxshi ashula aytdi. Mening xayolim… unga ketdi… eh, shayton!.. Hechqisi yo‘q, hechqisi yo‘q… Sabr.

 9 noyabr

Soat sakkizda departamentga yo‘l oldim. Bo‘lim boshlig‘i kelganimni sezmaganlikka oldi. Men ham oramizda hech nima bo‘lmagandek tutdim o‘zimni. Qog‘ozlarni qayta ko‘rib tekshirdim va solishtirib chiqdim. Soat to‘rtda departamentdan chiqdim. Direktorimiz uyi oldidan o‘tdim, biroq hech kim ko‘rinmadi. Tushlikdan so‘ng vaqtimni ko‘proq karavotda yotib o‘tkazdim.

11 noyabr

Bugun direktorimiz xonasida o‘tirdim, unga yigirma uchta patqalam, oyimcha uchun, voy, voy-ey, jonidan!.. Janobi oliyalari uchun to‘rtta patqalam tuzatib qo‘ydim. U stol ustida ko‘proq patqalam turishini yaxshi ko‘radi. Eh, odamda kalla bo‘lishi kerak! U doim jim yuradi, kallasida esa, hamma narsani mulohaza chig‘irig‘idan o‘tkazsa kerak. U ko‘proq nimalar haqida o‘ylashini, kallasida nimalarni sir saqlashini bilgim keladi. Bu janoblarning hayotini yaqindan ko‘rishni, hamma pichingu qochirimlar, bu o‘zgacha dunyodagi gap-so‘zlarni – qanday odamlar o‘zi, o‘z davrasida nimalar bilan shug‘ullanadilar – ana shularni bilishni xohlardim! Men bir necha marta janobi oliylari bilan gaplashib olishni o‘yladimu biroq, jin ursin, hech tilim kalimaga kelmadi: faqat tashqarida sovuq yoki iliqligini aytasanu, bundan ortiq hech narsani gapirolmaysan. Ba’zan ochiq turgan eshikdan faqat ko‘z qiring tushib qoladigan mehmonxonaga kirib-chiqqing keladi, mehmonxonadan keyingi yana bir xonaga. Eh, qanday boy, qimmatbaho jihozlar, aslaha-anjomlar! Qanaqangi ko‘zgular, chinni idishlar! Uyning narigi bo‘lmasiga, janobi oliyalarining xonasiga ko‘z tashlasam, degandim – ana shularni tusaydi ko‘nglim! Ayollar bo‘lmasiga ham bir nazar tashlashni orzu qilaman: u yerdagi atir-upalar, pardoz anjomlari solingan har xil shisha idishchalarni, sochilib ketmasin deb, hidlashga ham hadding sig‘maydigan nafis gullarni ko‘rib bir bahra olsam; hamma yoqqa yoyilib yotgan ko‘ylaklaridan ko‘zlarim quvonsa, g‘oyat nafis va tiniq billurga o‘xshash bu liboslarni ko‘rib huzurlansam. Yotog‘iga birrov nazar solsam degandim… o‘ylaymanki, u yer mo‘jizalar makoni bo‘lsa kerak, u yer osmonu falaklardan topib bo‘lmas jannatning o‘zginasidir balki. To‘shakdan turgach, oyoqchalarini qo‘yadigan kursini, ana shu oyoqchalariga qordek oppoq paypoqchalarini kiyishini bir ko‘rsam… Voy-voy-voy! Hechqisi yo‘q, hechqisi yo‘q… sabr.

Biroq bugun negadir ko‘nglim ancha yorishgandek bo‘ldi: Neva shohko‘chasida eshitganim – ikkita kuchukchaning o‘sha suhbatini esladim. “Yaxshi, – deya o‘yladim ichimda, – endi hamma narsani bilib olaman. Ana shu yaramas kuchukchalarning o‘zaro yuritgan yozishmalarini qo‘lga kiritish kerak. Shundan ba’zi bir narsalarni bilib olishim aniq”. Ochig‘ini aytishim kerak, bir marta men hatto Medjini yonimga chaqirib: “Quloq sol, Medji, mana hozir ikkimiz yolg‘izmiz; agar xohlasang eshikni yopib qo‘yaman, bizni hech kim ko‘rmaydi – oyimqiz haqida bilganlaringni gapirib ber – u qanaqa qiz, o‘zini qanday tutadi? Gaplaringni hech kimga aytmaslikka qasam ichaman”, – dedim. Biroq ayyor kuchukcha dumini qisib, ikki bukilib g‘ujanak bo‘ldi-da, go‘yo hech narsa eshitmagandek, sekin eshikdan chiqib ketdi. Men ko‘pdan beri it odamdan ancha aqlliroq, deb o‘ylardim; hattoki gapira bilishiga ham ishonchim komil edi, faqat unda qandaydir qaysarlik bor. U haddan ziyod siyosatchi: hamma narsani, odamning har bir qadamini sezib turadi. Yo‘q, qanday qilib bo‘lmasin, ertagayoq Zverkovning uyiga borib Fidelni so‘roq qilaman, iloji bo‘lsa, Medji unga yo‘llagan xatlarning hammasini qo‘lga kiritaman.

12 noyabr

Kun qiyomga kelgandan so‘ng soat ikkida Fideldan bor gapni surishtirishga otlandim. Meshchanskayadagi mayda rastalardan kelayotgan karamning qo‘lansa hidiga toqatim yo‘q; buning ustiga har bir uy darvozasi ostidan shunaqangi achqimtir hid anqiydiki, chiday olmaganimdan burnimni berkitib, shitob bilan yugurib ketdim. Yaramas hunarmandlar ham ustaxonasida qurumli tutuniyu badbo‘y hidini shu qadar ko‘p burqsitadiki, oliyjanob kishilarning bu yerda sayr qilishi mutlaqo mumkin emas. Men oltinchi qavatga chiqib, qo‘ng‘iroqchani jiringlatganimda istarasi issiq, yuziga mayda sepkil toshgan qiz eshikni ochdi. Uni tanidim. Bu o‘shanda kampir bilan birga ketayotgan qiz edi. U biroz qizarib ketdi, men darhol buning fahmiga bordim: jonginam, senga kuyov kerakmi? “Sizga nima kerak?” – dedi u. “Men kuchukchangiz bilan gaplashib olishim kerak”. Qizchaning esi past ekan! Uning to‘mtoqligini hozir bildim. Shu payt kuchukcha vovullab yugurib keldi; uni tutib olmoqchi edim, biroq bu jirkanch it burnimni tishlab olishiga sal qoldi. Shunda birdan uning burchakdagi yotog‘i – qo‘l savatga ko‘zim tushdi. Oh-oh-oh, menga aynan shu narsa kerak! Men unga yaqinlashib, yog‘och qutidagi poxolni kavlab ko‘rdim va hayratomuz mamnuniyat bilan aytishim kerakki, kichik-kichik qog‘ozchalarning uncha katta bo‘lmagan boylamini tortib oldim. Buni ko‘rgan ablah kuchukcha avval boldirimni tishlab oldi, keyin esa qog‘ozlarni olganimni payqab qolib, akillab suykala boshladi, ammo men: “Yo‘q, jonginam, xayr!” – dedim-da, orqa-oldimga qaramay yugurgancha jo‘nab qoldim. Nazarimda, qizcha meni aqldan ozgan, deb o‘ylab, qattiq qo‘rqib ketdi. Uyga kelgan hamono darhol ishni boshlashga va bu xatlarni saranjomlashga kirishmoqchi bo‘ldim, negaki, sham nurida ko‘zim yaxshi ko‘rmaydi. Biroq Mavraning ko‘ngli ayni shu payt pol yuvishni tusab qolibdi. Bu yer yutkur oqsochning nuqul bemahalda ozodaligi tutib qoladi. Shu bois men biroz sayr bahonasida bo‘lib o‘tgan voqealarni yaxshilab mulohaza qilish uchun chiqib ketdim. Mana endi butun ishlaru o‘y-xayollarni, bu qisdi-bosdilarning sabablarini, xullas, bor gapni bilib olaman va nihoyat, hamma narsaning tagiga yetaman. Bu xatlar tufayli barisi kaftdagidek namoyon bo‘ladi. Itlar aqlli xalq, ular jamiki siyosiy munosabatlarni biladi, shuning uchun ham bu xatlarda hamma narsa bo‘lishi aniq: portret va bu erkakning ishlari. Unda haligi… to‘g‘risida ham biron nimalar… hechqisi yo‘q, jim turaylik! Kechga yaqin uyga keldim. Vaqtimni asosan karavotda yotib o‘tkazdim.

13 noyabr

Qani, ko‘raylik-chi: xat yetarli darajada burro yozilgan. Ammo yozuvida itlarga xos allanechuk nimadir bor. O‘qiymiz:

Azizim Fidel, men hanuzgacha meshchanlarga xos ismingga ko‘nikolmayapman. Nima balo, nahotki senga tuzukroq ism topilmagan bo‘lsa? Fidel, Roza – qanday dag‘al ohanglar! Mayli, bu gaplarni qo‘yib turaylik. Bir-birimizga xat yozish istagi tug‘ilganidan behad xursandman.

Xat juda to‘g‘ri yozilgan. Tinish belgilariyu hatto, “” harfi o‘z o‘rniga qo‘yilgan. Bizning bo‘lim boshlig‘imiz, garchi qaysidir universitetda o‘qiganini uqdirmoqchi bo‘lsa-da, bunaqangi xatni shunchaki yozolmaydi. Qani, bu yog‘ini ko‘raylik-chi:

Menimcha, fikr, hissiyot hamda taassurotlarni boshqa birov bilan baham ko‘rish dunyoda mavjud ilk ezgulik hisoblansa kerak.

Ha! Bu fikr nemis tilidan tarjima qilingan bir asardan olingan. Nomini eslolmayman.

Garchi uyimiz ostonasini hatlab, ko‘chalarda daydilik qilib yurmagan bo‘lsam-da, bu gaplarni o‘z tajribamdan kelib chiqib aytayapman. Mening hayotim huzur-halovatda o‘tmayaptimi? Meni qo‘lidan qo‘ymaydigan oyimqiz, dadasi uni Sofi deb chaqiradi, meni shu qadar yaxshi ko‘radiki, jonini berishga ham tayyor.

Voy-voy-ey, jonidan!.. Hechqisi yo‘q, hechqisi yo‘q. Sabr, sabr!

Dadasi ham tez-tez erkalab turadi. Men choy bilan qaymoq qo‘shilgan qahva ichaman. Oh, ma chere[6], shuni aytishim kerakki, oshxonada bizning Polkanimiz g‘ajiydigan katta kemirilgan suyakdan hech qanaqa maza topmadim. Faqat tovuq suyagi yaxshi, shunda ham agar uning iligini birov so‘rib olmagan bo‘lsa. Bir nechta qaylaning aralashtirilgani yaxshi, biroq ziravor va ko‘katlari bo‘lmasligi kerak. Lekin men itlarga nonni yumaloqlab, zo‘ldir yasab berish odatidan yomonroq narsani ko‘rmaganman. Stol atrofida o‘tirgan, qo‘llarida har xil iflos, yaramas narsalarni ushlagan qandaydir janob, o‘sha qo‘llari bilan nonni ezg‘ilab, seni chaqiradi-da tishlaring orasiga shu zo‘ldirni tiqadi. Uning qo‘lini qaytarish beadablik bo‘ladi, yeyishga majbursan; ko‘ngling tortmay, irganib yeysan…

Jin ursin, bu nima o‘zi?! Borib turgan behuda gaplar-ku bu? Go‘yo yozishga arzigulik yaxshiroq biror nima yo‘qdek. Boshqa sahifasini ko‘raylik-chi. Ishga yaroqli biror gap chiqib qolar.

Bizda bo‘ladigan hamma voqealar haqida senga xabar berib turishga jon-dilim bilan tayyorman. Senga Sofi dada deb chaqiradigan bosh janob to‘g‘risida bir nimalarni aytgandim. Bu juda g‘alati odam.

O‘-ho‘, mana, nihoyat, omadi gaplar yuzaga chiqayapti! Ha, bilardim: itlar hamma narsaga siyosiy tomondan qaraydilar. Qani, ko‘raylik-chi: dadasi…

…juda g‘alati odam. U doimo jim yuradi.Juda kam gapiradi; lekin bir hafta oldin o‘ziga-o‘zi:“Olamanmi yoki ololmaymanmi?” deya tinimsiz gapira boshladi. Bir qo‘liga qog‘oz olib yashiradi-da, ikkinchi qo‘lini shundayligicha mushtum qilib: “Olamanmi yoki ololmaymanmi?” deydi. Bir marta u menga ham: “Nima deb o‘ylaysan, Medji? Olamanmi yo ololmaymanmi?” deb so‘radi. Men mutlaqo hech narsani tushunmadim, uning etigini hidlab ko‘rib, bir chekkaga o‘tib ketdim. Keyin bir hafta o‘tgach, ma chere, dadamiz juda xursand qiyofada kirib keldi. Ertalabdan mundir kiygan janoblar uning huzuriga kelib nima bilandir tabriklashdi. Stol atrofida shunaqayam quvnoq qiyofada o‘tirar, latifalar aytib berardiki, uni hech qachon bunday holatda ko‘rmaganman, tushlikdan so‘ng meni bo‘yniga ko‘tardi-da: “Qarab ko‘r-chi, Medji, bu nima ekan?” dedi. Men qandaydir tasmachani ko‘rdim. Uni hidladim, yoqimli birorta hidni mutlaqo sezmadim; nihoyat, sekingina yalab ko‘rdim: biroz sho‘rroq ekan.

Hm! Bu kuchukcha, menimcha, haddidan oshib… ishqilib, kaltak ostida qolib ketmasaydi! Ha! U juda izzattalab ekan! Buni e’tiborga olib qo‘yish kerak.

Xayr, ma chere, men borishim kerak va hokazo… va hokazo. Xatni ertaga tugataman. Voy-bo‘, salom! Mana, yana sen bilan birgaman. Bugun mening bekam, oyimqiz Sofi…

Ha, qani ko‘raylik-chi, Sofi haqida nima demoqchi? O‘h, shaytonvachcha!.. Hechqisi yo‘q, hechqisi yo‘q… davom ettiramiz.

…Oyimqiz Sofi yugur-yugur, to‘s-to‘polondan bo‘shamadi. U bazmga borishga tayyorgarlik ko‘ra boshladi, men suyunib ketdim, chunki u yo‘qligida senga xat yozaman. Bekam kiyinayotganda asabiylashib, jahli chiqib tursa-da, baribir ziyofatga borishdan boshi osmonga yetadi. Ma chere, uning bazmga borishdan g‘oyat mamnun bo‘lishini hech tushunolmayman. Sofi u yerdan ertalabki soat oltida qaytadi, men uning rangpar, oriq ko‘rinishidan u yerda bechoraginaga ovqat berishmaganini doimo bilib turaman. Gapning ochig‘i, men hech qachon bunday yashay olmagan bo‘lardim. Agar menga bulduruqli qayla yoki tovuq qanotidan tayyorlangan qovurdoq berishmasa… bilmadim, ajalimdan besh kun burun o‘lsam kerak. Bo‘tqali qayla ham yomon emas. Sabzi yoki sholg‘om, yo bo‘lmasa poliz ekinlaridan ko‘nglim ketadi.

Haddan ziyod notekis bo‘g‘in. Odam bolasi yozmaganligi shundoqqina ko‘rinib turibdi. Xatni binoyiday boshlaydi-yu, itqarash qilib tugallaydi. Qani, yana bitta xatni ko‘rib chiqaylik-chi. Bunisi juda uzundan uzoq ekan. Hm! Sanasi ham ko‘rsatilmabdi.

Oh, jonginam! Bahor yaqinlashayotgani ancha sezilib qoldi. Yuragim bir nimani kutayotgandek shunaqayam intiqlik bilan uryaptiki, asti qo‘yaver. Qulog‘im ostida bir nima shang‘illaydi, ko‘pincha oyog‘imni ko‘targancha, bir necha daqiqa eshikka quloq tutib turaman. Senga yorilmoqchiman, xushtorlarim juda ko‘p. Ko‘pincha derazaga chiqib, ularni kuzatib o‘tiraman. Eh, agar bilsang, ularning orasida shunaqangi tasqaralari borki, ko‘rsang ko‘ngling ozadi. Beo‘xshov, ajivai-taraqqos bir ko‘ppak haddan tashqari to‘mtoqligi, esi pastligi peshonasiga yozib qo‘yilganiga qaramay, o‘zini bir balo deb o‘ylab, ko‘chadan o‘tib borarkan, butun olamda mendan mashhuri bo‘lmasa kerak, hammaning ikki ko‘zi menda, deb xayol qiladi. Bekorlarni beshtasini yebsan! Men unga hatto e’tibor ham bermadim, o‘zimni ko‘rmaganlikka oldim. Derazam oldiga dahshatli bir dog[7] kelib qaqqayib turishini aytmaysanmi?! Agar u orqa oyoqlari bilan tik tursa – bu qo‘pol, qo‘sqi shuni ham eplashiga ko‘zim yetmaydi – bo‘yi ancha baland, to‘ladan kelgan Sofining dadasidan ham bir kalla baland kelsa kerak. Bu bezbet, to‘nka borib turgan sullohga o‘xshaydi. Men unga bir irillab bergandim, pinagini ham buzmasa-ya! Hech bo‘lmasa burnini jiyirib qo‘ysa ham mayli edi! Tilini osiltirib,quloqlarini lapanglatadi-da, baqraygancha derazadan ko‘z uzmaydi – ana shunaqa, jinniligi miyasiga urib ketgan erkak bu! Ma chere, nahotki sen mening yuragim bularning hammasiga birdek befarq, deb o‘ylasang, – o‘, yo‘q… Qo‘shni hovlining devoridan oshib tushadigan Trezor otli xushtorimni bir ko‘rsang edi. Oh, ma chere, birgina tumshuqchasining sadag‘asi ketsang arziydi!

Tfu, miyangga kuydirgi chiqqur!.. Shunaqayam bemazalik bo‘ladimi?!. Axir qanday qilib xatni bunaqangi ahmoqona gaplar bilan to‘ldirish mumkin, menga odam haqida gapiring! Men odamni ko‘rmoqchiman; menga shunday fikrlar beringki, u qalbimni oziqlantirsin, vujudimga orom bag‘ishlasin; buning o‘rniga qayoqdagi bo‘lar-bo‘lmas gaplar… bir sahifasini o‘tkazib yuboramiz, shunday qilsak yaxshiroq bo‘lar:

…Sofi kursichada o‘tirgancha nimanidir tikish bilan band edi. Men deraza oldida ko‘chaga tikilib o‘tirgandim, o‘tkinchi-yo‘lovchilarni kuzatishni yaxshi ko‘raman. Birdan xizmatkor kirib: “Teplov!” – deb qoldi. “Chaqir,– deya qichqirib yubordi Sofi va yugurib kelib meni quchoqlab oldi. – Oh, Medji, Medji! Agar sen uning kimligini bilsang edi: sochlari qora, kamer-yunker[8], ko‘zlarini aytmaysanmi?! Ko‘zlari qop-qora va olovdek nurli!” – shunday deya Sofi xonasiga yugurib ketdi. Bir daqiqa o‘tgach, qora bakenbardli yosh kamer-yunker kirib keldi, ko‘zguga yaqin kelib, sochlarini to‘g‘riladi va xonani ko‘zdan kechirdi. Men irillab qo‘ydim va joyimga borib o‘tirdim. Sofi tez chiqib keldi va uning oyoqlarini bir-biriga sharaqlatib urib bergan harbiycha salomiga javoban quvonch bilan ta’zim qildi; men bo‘lsam, o‘zimcha, go‘yo hech narsani ko‘rmagandek, derazaga qarab o‘tiraverdim; biroq boshimni xiyol yon tomonga engashtirib, ular nima haqida gaplashayotganini eshitishga harakat qildim. Oh, ma chere! Turgan-bitgani behuda gaplar! Ular bir xonim raqsda qandaydir bir harakat o‘rniga boshqacha harakat qilgani; yana qandaydir Bobovning kiygan liboslari uni laylakka o‘xshatib qo‘ygani hamda u yiqilib tushishiga sal qolgani; allaqanday Lidina ko‘zlari yashil bo‘lsa-da, o‘zicha ularni ko‘k, deya xayol qilishi va shunga o‘xshash narsalar haqida gaplashishdi. “Kamer-yunker bilan Trezorni tenglashtirib bo‘ladimi, – deb o‘yladim men.” Voy, Xudoyim-ey!Bular o‘rtasidagi farqning kattaligini qarang! Birinchidan, kamer-yunkerning yuzlari keng va sip-silliq, atrofini esa xuddi qora ro‘molcha bilan bog‘lab qo‘ygandek bakenbardlari qoplab yotibdi; Trezorning tumshuqchasi esa ingichkagina bo‘lib, peshonasining o‘rtasida oq xoli bor. Trezorning belini kamer-yunkerniki bilan tenglashtirib ham bo‘lmaydi. Uning ko‘zlari, o‘zini tutishi, epchilligi mutlaqo o‘zgacha! O‘, bularning o‘rtasida osmon bilan yercha farq bor! Bilmadim, ma chere, u o‘zining Teplovida nima topdi ekan. O‘shani deb bunchalar es-hushini yo‘qotmasa…

Mening o‘zimga esa, bu yerda bir nima bordek tuyulyapti. Kamer-yunker uni bu qadar maftun qilishi mumkin emas. Bu yog‘ini ko‘raylik-chi:

Menimcha, agar kamer-yunker unga yoqqan bo‘lsa, unda, hademay, dadamiz xonasida o‘tiradigan amaldor ham yoqib qoladi. Oh, ma chere, uning qanaqangi tasqaraligini bilsayding. Toshini tashlab qochgan toshbaqaga o‘xshaydi…

Bu qaysi amaldor bo‘ldi ekan?

Familiyasi ham alomat. U doimo xonada o‘tirgancha patqalamlarning uchini chiqaradi. Boshidagi sochlari xuddi xashakka o‘xshaydi. Dadamiz uni xizmatkor o‘rnida har xil ishlarga…

Menimcha, bu qabih kuchukcha meni mo‘ljalga olayotganga o‘xshaydi. Nega endi sochlarim xashakka o‘xsharkan?

Sofi uni ko‘rganda o‘zini sirayam kulgidan tiyolmaydi.

Yolg‘on gapiryapsan, la’nati kuchukcha! Tiling kesilsin! Bu hasadgo‘ylarning ishi ekanini go‘yo men bilmaydigandek. Go‘yoki men bu gaplarning tagida kimning g‘ayirligi yotganini sezmaydigandek. Bularning hammasi bo‘lim boshlig‘ining kirdikorlari. Axir u nafrat bilan ont ichgan emasmi – mana endi zarar ketidan zarar yetkazmoqda, har qadamda ziyon-zahmat keltirishni o‘ylaydi. Lekin, mayli, yana bitta xatni ko‘rib chiqamiz. Balki unda hamma ishlar o‘z-o‘zidan oshkor bo‘lar.

Ma chere, Fidel, ko‘pdan beri xat yozmaganim uchun kechir. Men huzur og‘ushida edim. Qaysidir yozuvchi,muhabbat bu – ikkinchi hayotdir, deya asl haqiqatni aytgan ekan. Buning ustiga uyimizda katta o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Kamer-yunker endi har kuni uyimizda hoziru nozir. Sofi uni aqldan ozish darajasida sevib qolgan. Dadamiz judayam xursand. Yer supurib,doimo o‘ziga-o‘zi gapirib yuradigan Grigoriydan eshitishimcha, hatto yaqinda to‘y bo‘lar emish; negaki, dadamiz Sofini, albatta, yo generalga yoki kamer-yunkerga, yo bo‘lmasa harbiy polkovnikka uzatmoqchi…

 

Jin ursin! Bo‘ldi, boshqa o‘qiyolmayman… Yetar, yo kamer-yunker, yo general. Dunyoda bor hamma yaxshi narsalar kamer-yunkerga yoki generalga buyurarkan. Bir bechora bironta boylik topib, endi qo‘lga kiritay deganida, kamer-yunker yo general tortib olarkan. Hammasi daf bo‘lsin! Qani endi men ham general bo‘lsaydim: uning qiziga erishish yoxud boshqa bir maqsadda emas, yo‘q, men faqat ular atrofimda girdikapalak bo‘lishlarini, mana shunaqa o‘zaro har xil qiliqlari, shamayu qochirimlarini bir ko‘rib, keyin har ikkingizga ham tupuraman, deyish uchun general bo‘lishni xohlardim. Yo‘qolsin hammasi! Odamga alam qilarkan! Ahmoq kuchukchaning xatlarini yirtib, parcha-parcha qilib tashladim.

3 dekabr

Bo‘lishi mumkin emas. Bularning hammasi uydirma gaplar! Hech qanaqa to‘y bo‘lmaydi! Kamer-yunker bo‘lsa nima bo‘pti! Axir bu unvondan bo‘lak hech narsa emas-ku; u ko‘zga ko‘rinadigan narsa emaski, bundoq qo‘l bilan ushlab ko‘rsang. Axir kamer-yunker bo‘lsang, peshonangda uchinchi ko‘z paydo bo‘lmaydi-ku. Axir uning burni meniki va boshqalarniki kabi tilladan yasalgan emas-ku; shu burni bilan hidlaydi, ovqat yemaydi-ku, aksiradi, yo‘talmaydi-ku! Men bir necha marotaba ana shu har xillik qayerdan paydo bo‘lishining tagiga yetmoqchi bo‘ldim. Nega men titulyar maslahatchiman[9] va qanday qilib titulyar maslahatchi bo‘lib qolganman? Balki men qandaydir graf yoki generaldirman-u, o‘zimga titulyar maslahatchidek tuyulayotgandir. Balki kimligimni o‘zim ham bilmasman. Odam o‘zi qandaydir oddiy, oqsuyaklik u yoqda tursin, anchayin bir mayda savdogar yoki dehqon bo‘la turib, tagini surishtirsangiz boy-to‘ralar naslu nasabidan, ba’zida esa shohlar rutbasidan ekanligi ma’lum bo‘ladi, axir tarixda bunga misollar ko‘p-ku. Ba’zida oddiy omi dehqondan shunaqasi chiqib tursa, aslzodadan nima chiqishi mumkin? Masalan, men birdan generallik mundirida kirib borsam: o‘ng yelkamda epolet, chap yelkamda ham epolet, yelkamdan zangori tasma o‘tkazilgan bo‘lsa nima qiladi? U holda mening go‘zalim qanday sayrab qolarkin? Dadasi, bizning direktorimiz nima degan bo‘lardi? O‘, u o‘taketgan shuhratparast odam! U mason[10], albatta, mason, goh unday, gohida bunday ko‘rinib, o‘zini go‘llikka solib yursa-da, aslida uning masonligini darhol payqaganman: agar u birovga qo‘l uzatsa ham, faqat ikkita barmog‘ini beradi. Nahotki, meni hozirning o‘zidayoq general-gubernator yoxud intendant, yo bo‘lmasa, bor ana, boshqa birontasi qabul qilmasa? Men nima uchun titulyar maslahatchi ekanimni bilishni xohlardim. Nega aynan titulyar maslahatchiman?

5 dekabr

Men bugun ertalabdan gazeta o‘qishga kirishdim. Ispaniyada g‘alati ishlar bo‘lyapti. Men hatto bu ishlarni yaxshi anglay olmadim. Taxt bekor qilingani hamda mansabdorlar merosxo‘r tayinlashda mushkul ahvolda qolganliklari va shundan noroziliklar kelib chiqayotgani haqida yozishibdi. Bu menga favqulodda g‘alati bo‘lib tuyuldi. Qanday qilib taxt bekor qilinishi mumkin? Aytishlaricha, qandaydir ayol taxtga o‘tirishi kerak ekan. Ayol taxtga o‘tirolmaydi. Hech qanaqasiga o‘tirolmaydi.Taxtda faqat qirol bo‘lishi mumkin. Ha, aytishlaricha, qirol yo‘q emish – qirol yo‘q bo‘lishi mumkin emas. Davlat qirolsiz bo‘lmaydi. Qirol bor, faqat uning qayerdaligi noma’lum. U balki o‘sha yerning o‘zida bo‘lishi mumkin, biroq qandaydir oilaviy sabablar yoki qo‘shni davlatlar: Frantsiya va boshqa yerlar xavf solib turgani uchun uni yashirinishga majbur qilishmoqda yoki yana qanaqadir boshqa sabablari bordir.

 8 dekabr

Men departamentga boraman deb astoydil otlangandim, turli sabab va mulohazalar yo‘limni to‘sdi. Ispaniyadagi voqealarni hech kallamdan chiqarolmadim. Ayol kishi qanday qilib qirolicha bo‘lishi mumkin? Bunga yo‘l qo‘yishmaydi. Avvalo, birinchidan, Angliya yo‘l qo‘ymaydi. Buning ustiga bu ish butun Yevropaning siyosiy hayotiga taalluqli: Avstriya imperatori, bizning shohimiz… Tan olaman, bu voqealar menga shu qadar qattiq ta’sir qildi va larzaga soldiki, butun kun bo‘yi qo‘lim hech ishga bormadi. Ovqatlanayotganimda Mavra meni “judayam parishonsiz, es-hushingiz joyida emas”, deya ogohlantirdi. To‘g‘ri, nazarimda, men xayolparishonlik qilib, ikkita likopchani polga tashladim, ular shu zahotiyoq sinib, chil-chil bo‘ldi. Tushlikdan so‘ng tog‘[11] tagiga bordim. Hech qanaqa ibratli narsa ko‘rmadim. Ko‘proq karavotda yotib, Ispaniyada bo‘layotgan voqealar haqida mulohaza yuritdim.

2000 yil sana 43 aprel

Bugungi kun – ulug‘vor tantana kuni. Ispaniyada qirol bor. U topildi. O‘sha qirol menman. O‘zim ham buni aynan shu bugun bildim. Gapning ochig‘i, birdan ko‘nglim go‘yo yashindek yorishib ketdi. Qanday qilib men o‘zimni titulyar maslahatchi deya o‘ylaganimni va tasavvur qilib yurganimni hech tushunolmayman. Bu ahmoqona fikr qanday qilib miyamga o‘rnashib qoldi ekan? Yaxshiki, o‘sha paytlarda meni jinnixonaga tiqib yuborish fikri hech kimning xayoliga kelmabdi. Endi to‘rt tomonim qibla. Endi hamma narsani xuddi kaftdagidek ko‘rib turibman. Avval esa, tushunolmayman, avvallari qarshimdagi jamiki narsani qanaqadir tuman qoplagandek edi. Bularning hammasi, o‘ylashimcha, odamlar miya bosh qobig‘ida deb tasavvur qilishidan kelib chiqmoqda; yo‘q, mutlaqo unday emas: u Kaspiy dengizi tomonidan shamol orqali yetib keladi. Oldin men Mavraga kim ekanimni aytdim. U qarshisida ispan qiroli turganini eshitgach, qo‘llarini silkib-silkib, chapak chala boshladi va qo‘rquvdan jon taslim qilishiga sal qoldi. Bu ahmoq xotin hech qachon ispan qirolini ko‘rmagan-da. Biroq men uni tinchlantirishga harakat qildim va muloyim gaplar bilan yaxshi niyatda ekanligimga hamda u ba’zida etigimni yaxshilab tozalamagani uchun hecham jahlim chiqmayotganligiga ishontirmoqchi bo‘ldim. Axir bu qora xalq-da. Bularga osmondagi gaplarni gapirib bo‘ladimi? U Ispaniyaning hamma qirollari Filipp II[12] ga o‘xshaydi, degan ishonch bilan yurgani uchun qo‘rqib ketdi. Lekin unga Filipp bilan o‘rtamizda hech qanaqa o‘xshashlik yo‘qligini hamda hech qanday kaputsin[13] emasligimni tushuntirdim… Departamentga bormadim… Sadqai sar! Yo‘q, og‘aynilar, endi meni ayyorlik bilan chaqirib ololmaysizlar: men endi sariq chaqaga qimmat qog‘ozlaringizni qayta ko‘chirib o‘tirmayman!

 86 martobr

 Kun bilan tun o‘rtasida

Bugun ishga chiqmay qo‘yganimga uch haftadan oshgani, departamentga borishim lozimligini aytish uchun ekzekutorimiz[14] keldi. Men shunchaki, o‘yin qilish uchun departamentga bordim. Bo‘lim boshlig‘i ta’zim qilib, uzr so‘rashga tushadi, deb o‘ylagan, ammo men unga u qadar jahl qilmadim, haddan ortiq iltifot ham ko‘rsatmadim, hech kim bilan ishi yo‘q kishidek joyimga borib o‘tirdim. Idoradagi hamma tagi pastlarga tikilgancha: “Agar oralaringda kim o‘tirganini bilsalaring nima bo‘ladi… Xudo haqi! Qanaqa shovqin-suron ko‘targan bo‘lardilaring, bo‘lim boshlig‘ining o‘zi direktorga qanday ta’zim qilsa, mening oldimda ham boshi yerga tekkuncha egilardi”, – deb o‘yladim. Oldimga ko‘rib chiqib, xulosa qilishim uchun qandaydir qog‘ozlarni keltirib qo‘yishdi. Biroq men ularga qo‘limning uchini ham tekkizganim yo‘q. Bir necha daqiqadan so‘ng hamma sarosimaga tushib qoldi. Direktor kelayotganini aytishdi. Amaldorlarning ko‘pchiligi o‘zini ko‘rsatish uchun tanaffus qilishga yugurib qoldi. Lekin men qimir etmay joyimda o‘tiraverdim! U bizning bo‘limimizdan o‘tayotganda hamma fraklarining tugmasini taqishga tushdi: men esa joyimdan jilganim yo‘q! Direktor bo‘lsa o‘ziga! Nega uning qarshisida o‘rnimdan turishim kerak ekan – hech qachon! Shuyam direktor bo‘ptimi? U direktormi, shisha idishning tiqinidan bo‘lak boshqa narsa emas. Oddiy tiqin, almisoqdan qolgan tiqin – boshqa narsamas. Shisha idishni ochganda chiqadigan tiqin. Menga qo‘l qo‘yish uchun qog‘oz berishgani hammasidan qiziq bo‘ldi. Ular qog‘ozning burchagiga bo‘lim boshlig‘i falonchi, deb yozib qo‘yishimni kutishgan. Bekorginani aytibsiz! Men qog‘ozning departament direktori imzo qo‘yadigan eng muhim joyiga “Ferdinand VIII” deb yozib qo‘ydim. Qanaqangi e’zozli, izzat-ikromga to‘la sukunat hukm surganini bir ko‘rsangiz edi; lekin men qo‘limni siltab: “Hech qanday itoatkorona harakatlarning hojati yo‘q!” – dedim-da, chiqib ketdim. U yerdan to‘g‘ri direktorning uyiga yo‘l oldim. U uyda yo‘q edi. Malay meni kirgani qo‘ymadi, biroq uning kiftiga shunaqangi gaplarni qo‘ndirdimki, nima qilishini bilmay, dovdirab qoldi. To‘ppa-to‘g‘ri pardoz-andoz xonasiga kirib bordim. U ko‘zgu qarshisida o‘tirgan ekan, sakrab o‘rnidan turdi-da, mendan chetlana boshladi. Biroq men unga ispan qiroli ekanimni aytmadim. Faqat uni tasavvurga sig‘maydigan baxt kutayotganini, dushmanlar makru hiylalariga qaramay biz birga bo‘lishimizni aytdim. Bundan ortiq gapirishni xohlamadim va chiqib ketdim. O‘, ayol – naqadar makrli zot! Ayol nima ekanining tagiga endi yetdim. Shu choqqacha u kimni sevib yurganini hech kim bilmaydi: buni men birinchi bo‘lib kashf etdim. Ayol shaytonni sevib qoldi. Ha, hazillashayotganim yo‘q. Fiziklar u unaqa-bunaqa, deb ahmoqona gaplarni yozishadi – u faqat shaytonni sevadi. Ana, ko‘ryapsizmi, u birinchi yarusning lojasidan lorneti bilan o‘lja qidiryapti. U yulduzli semiz kishiga qarayapti, deb o‘ylaysizmi? Mutlaqo unday emas, u o‘sha kishining ortida turgan shaytonga qarayapti. Ana, shayton o‘sha kishining frakiga yashirinib oldi. Ana, u o‘sha yerdan uni imlab chaqiryapti! U o‘shanga turmushga chiqadi. Ha, turmushga chiqadi. Hammasi – ularning amaldor otalari doimo xushomadgo‘ylik qilib, saroyga tiqilib kirish yo‘llarini axtaradi va o‘zlarini vatanparvarman, undayman, bundayman deyishadi! Pul, boylik, mol-mulk orttirish yo‘llarini izlaydi, bu vatanparvarlar! Onasini, otasini, Xudosini pulga sotadi, shuhratparastlar, Xudoni sotuvchi savdogarlar! Boshdan oxir shuhratparastlik, tilning tagida kichkina pufakcha yashirin, pufakchada esa kichkina, kattaligi to‘g‘nog‘ichning boshidek keladigan chuvalchang borligidan kelib chiqayotgan shuhratparastlik, bularning hammasini Goroxovaya ko‘chasida yashaydigan sartarosh qilyapti. Uning ismini eslay olmayman; biroq, shu narsa shubhasiz ma’lumki, u bir doya kampir bilan butun dunyoga islom dinini yoymoqchi, aytishlariga qaraganda, Frantsiya xalqining ko‘pchiligi shuning uchun ham Muhammad payg‘ambarni tan oladi.

Qaysidir sana

Kunning sanasi yo‘q edi

Neva shohko‘chasini maxfiy qiyofada kezib yurdim. Shohimiz imperator o‘tib borardi. Butun shaharliklar va ular qatori men ham telpagimni yechdim; biroq ispan qiroli ekanimni bildirmadim. Kimligimni shu yerda, hammaning oldida bildirish odobdan emas, avvalo saroy ahliga o‘zimni tanitishim lozim. Hanuzgacha qirollik liboslarim yo‘qligi yo‘limga g‘ov bo‘lib turibdi. Hech bo‘lmasa qandaydir rido topsam edi. Tikuvchilarga buyurtma beray desam, bular borib turgan eshakning o‘zginasi, buning ustiga doim ishni pala-partish, chalakam-chatti qilishadi, aldam-qaldamga mukkasidan ketgan, ko‘cha-ko‘yda tosh terishdan boshqa narsaga yaramaydi. Men ridoni bor-yo‘g‘i ikki martagina kiyganim yangi vitsmundirim[15]dan  tikishga qaror qildim. Biroq bu ablahlar buzib qo‘yishi mumkinligini hisobga olib, hech kim ko‘rmasligi uchun eshikni yaxshilab yopib, o‘zim tikishga ahd qildim. Men uni qaychi bilan boshdan-oyoq qirqib chiqdim, axir bichimi boshqacha bo‘lishi kerak.

 

Sanani eslolmayman. Oyi ham yo‘q edi.

Jin ursin! Bu nima o‘zi?

Rido tikildi va kiyish uchun mutlaqo tayyor holga keltirildi. Uni kiyganimda Mavra qichqirib yubordi. Ammo o‘zimni saroy ahliga tanitish xususida hali bir qarorga kelganim yo‘q. Ispaniyadan hali-hanuz deputatlar kelgani yo‘q. Deputatlarsiz borish odobdan emas. Qadr-qimmatimning hech qanday salmog‘i bo‘lmaydi. Ularning kelishini soatma-soat kutyapman.

1-sana

Deputatlarning haddan tashqari sustkashligi meni hayratga solmoqda. Qanday sabablar ularning yo‘lida to‘siq bo‘lishi mumkin? Nahotki Frantsiya bo‘lsa? Ha, bu eng bo‘lmag‘ur davlat. Ispan deputatlari kelishdimikan, deya surishtirish uchun pochtaga bordim. Biroq pochta mudiri hech narsani bilmaydigan, g‘irt miyasi yo‘q kishi ekan: yo‘q, bu yerda hech qanaqa deputatlar yo‘q, deydi; agar xat yozmoqchi bo‘lsangiz, biz uni o‘rnatilgan tartibda qabul qilib olamiz, emish! Jin ursin! Xat degani nimasi? Xat – bu behuda, bo‘lmag‘ur narsa. Xatni dorixonada ishlaydiganlar yozadi.

Madrid.O‘ttizinchi fevruariy.

Shunday qilib, men Ispaniyadaman, bu voqea shu qadar tez sodir bo‘ldiki, ko‘z ochib-yumishga ham ulgurmadim. Bugun ertalab, oldimga ispan deputatlari kelishdi va men ular bilan birga izvoshga o‘tirdim. Bunaqangi g‘ayrioddiy tezkorlik menga qiziq tuyuldi. Biz shunaqangi jadal yurdikki, yarim soat ichida ispan chegarasiga yetib keldik. Qolaversa, hozir butun Yevropada yo‘llar cho‘yandan qilingan, paroxodlar ham nihoyatda tez yuradi. Ispaniya g‘aroyib davlat ekan: biz birinchi xonaga kirganimizda, men ko‘plab taqirbosh odamlarni ko‘rdim. Biroq darrov fahmladim, bular yo grandlar[16] yoki askarlar bo‘lishi kerak, chunki ular boshlarini qirtishlamoqda edi. Qo‘limdan ushlab, yetaklab yurgan davlat kantslerining muomalasi menga juda g‘alati ko‘rindi; u meni chog‘roq xonaga itarib kirgizdi-da: “Shu yerda o‘tir, agar o‘zingni qirol Ferdinand deb ataydigan bo‘lsang, bu xohishingni o‘zim yo‘q qilib tashlayman”, dedi. Ammo men bu vasvasaga solib yo‘ldan ozdirishdan boshqa narsa emasligini bilganim uchun rad javobini berdim – kantsler tayoq bilan belimga ikki marta shunaqangi qattiq urdiki, og‘riqdan qichqirib yuborishimga sal qoldi, biroq bu yuqori lavozimga kirishishdan oldin bo‘ladigan ritsarlar taomili ekanini eslab, o‘zimni bosdim, chunki Ispaniyada hozirgacha ritsarlik urf-odatlariga amal qilinadi. Bir o‘zim qolgach, davlat ishlari bilan shug‘ullanishga kirishdim. Men Xitoy bilan Ispaniya bitta davlat ekanini kashf etdim, faqat nodonlik tufayli ularni boshqa-boshqa mamlakat deya hisoblashadi. Men hammaga qog‘oz olib, unga atayin Ispaniya deb yozishlarini maslahat beraman, qarabsizki, Xitoy o‘z-o‘zidan kelib chiqadi. Ammo ertaga bo‘ladigan hodisalar nihoyatda dilimni siyoh qilmoqda. Ertaga soat yettida g‘aroyib voqea ro‘y beradi: yer oyga o‘tiradi. Bu haqda mashhur ingliz kimyogari Vellington ham yozmoqda. Oyning nihoyatda nafisligi va mo‘rtligini ko‘z oldimga keltirib, yuragimni tahlika bosganini tan olaman. Axir oyni odatda Gamburgda yasashadi: yasashganda ham juda yomon yasashadi. Angliya nega bunga e’tibor bermaydi, deb hayron bo‘laman. Uni cho‘loq bochkasoz yasaydi, bu ahmoqning oy haqida hech qanday tushunchasi yo‘qligi ko‘rinib turibdi. U oyni yog‘och moy bilan qatronli yo‘g‘on chirkay arqondan yasabdi; ana shundan butun yer yuzini qo‘lansa hid bosib ketgan, odamlar burunlarini berkitib yurishga majbur. Shundan bizning oymomamiz – ajoyib nafis shar bo‘lishiga qaramay, unda odamlar yasholmaydi, endi u yerda faqat burunlar yashaydi. Aynan ana shu sabablarga ko‘ra biz burnimizni ko‘rolmaymiz, negaki, ular oyni o‘zlariga makon qilib olishgan. Yer juda og‘ir narsa ekanini, agar u oyga o‘tirsa, bizning burunlarimizni yanchib, injirig‘ini chiqarib yuborishi mumkinligini anglab yetganimdan keyin meni shunaqayam vahima va xavotir bosdiki, paypog‘im hamda boshmoqlarimni kiyib, politsiyaga yerning oyga o‘tirishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida buyruq berish uchun davlat kengashi zaliga yugurdim. Bu yerda bir dunyo boshlari qirtishlangan grandlarga ro‘para keldim, ular juda ham aqlli xalq ekan: “Janoblar, oyni qutqarishimiz kerak, yer unga o‘tirmoqchi” deganimda hammalari mening monarxlik xohishimni bajarish uchun yugurib ketishdi, ularning ko‘pchiligi oyni olish uchun devorga tirmashib chiqa boshlashdi; biroq ayni shu damda buyuk kantsler kirib qoldi. Uni ko‘rib hamma qochib ketdi. Men, qirol sifatida, bir o‘zim qoldim. Lekin meni hayron qoldirgani shuki, kantsler meni tayoq bilan urib, xonamga haydab yubordi. Ispaniyada ana shunday xalq urf-odatlari hukm suradi!

Fevraldan keyin kelgan

yilning yanvar oyi

Ispaniya davlatining qanaqaligini hanuzgacha tushunolmayapman. Xalq urf-odatlari va saroy axloq-odob qoidalari mutlaqo g‘ayrioddiy. Tushunmayman, tushunmayman, mutlaqo hech narsani tushunolmayman. Bugun monax bo‘lishni xohlamasligimni aytib, qanchalar baqir-chaqir qilganimga qaramay, sochimni qirib tashlashdi. Lekin boshimga sovuq suv tomizishni boshlagunlaricha menga nima bo‘lganini eslolmayman. Bunaqa jahannam azobini hech his qilmagandim. Quturib ketishim tayin edi, biroq meni zo‘r-bazo‘r ushlab qolishdi. Men bu g‘alati odatning nima ahamiyati borligini sirayam tushunmayman. G‘irt ahmoqona, bema’ni odat! Bu odatni hanuzgacha yo‘q qilib yubormayotgan qirollarning ahmoqligiga aqlim bovar qilmaydi. Barcha ehtimollarga ko‘ra sezib turibman: inkvizitsiya qo‘liga tushib qolmadimmikan, men kantsler deb o‘ylaganim buyuk inkvizitorning o‘zginasi emasmikan? Faqat bir narsaning tagiga yetolmayapman, qanday qilib qirol inkvizitsiyaga duchor bo‘lishi mumkin. To‘g‘ri, bu ishga Frantsiya va ayniqsa, Poliniyak[17] bosh qo‘shgan. O‘, makkor Poliniyak! O‘la-o‘lguncha menga qasd qilishga ont ichgan. Mana endi meni azob ustiga azob yuborib qiynamoqda; ammo bilaman, oshnam, ingliz seni burningdan ip o‘tkazib olgan. Ingliz katta siyosatchi. U hamma yerda hiyla-nayrang ishlatadi. Angliya tamaki hidlasa, Frantsiya aksirishini butun dunyo biladi.

25-sana

Bugun buyuk inkvizitor xonamga keldi, biroq men uzoqdan uning oyoq tovushlarini eshitib, stul tagiga yashirinib oldim. U yo‘qligimni ko‘rib, meni chaqira boshladi. Avval “Poprishin!” deb qichqirdi, – men churq etganim yo‘q. Keyin “Aksentiy Ivanov! Titulyar maslahatchi! Zodagon!”, – deb chaqirdi. Men jim turaverdim. “Ferdinand VIII, ispan qiroli!” – deganda stul tagidan boshimni chiqarmoqchi bo‘ldimu keyin o‘ylab qoldim: “Yo‘q, og‘ayni, aldayolmaysan! Seni bilamiz: yana boshimdan sovuq suv quyasan”. Biroq u meni ko‘rib qoldi va tayog‘i bilan urib, stul tagidan haydab chiqardi. La’nati tayog‘i juda qattiq tegadi, og‘rig‘iga sira chidab bo‘lmaydi. Lekin shu azoblar evaziga hozirgi kashfiyotim yaxshi tuhfa bo‘ldi: men har qanday xo‘rozning Ispaniyasi borligini va u xo‘rozning patlari ostida ekanini bilib oldim. Ammo buyuk inkvizitor qandaydir jazo bilan qo‘rqitmoqchi bo‘lib, oldimdan darg‘azab holda chiqib ketdi. Inglizning quroli sifatida xuddi mashinadek ishlayotganini bilganim uchun uning bu zaif qahrini nazar-pisand qilmadim.

Sa 34 na Oy ily

349 fevral

Yo‘q, chidashga ortiq toqatim qolmadi. Ey, Xudoyim! Ular meni nima qilmoqchi?! Boshimdan sovuq suv quyishadi! Ular meni ko‘rmaydi, tushunmaydi, gaplarimga quloq solmaydi. Ularga nima yomonlik qildim? Nega meni qiynashadi? Ular men bechoradan nima istaydi? Men ularga nima bera olaman? Mening hech narsam yo‘q. Sillam quridi, kuchim yo‘q, bu azob-uqubatlarni ko‘tarolmayman, boshim lovullab yonyapti, ko‘z oldimda hamma narsa halqa-halqa bo‘lib aylanyapti. Yordam bering menga! Meni qutqaring! Olib keting meni bu yerdan! Menga shamoldek uchqur uch otli izvosh bering! Aravakashim, o‘tir, qo‘ng‘iroqcham, jiringla, tulporlarim, shamoldek yeling va meni bu dunyodan olib keting! Uzoqqa, uzoq-uzoqlarga, hech narsa, hech narsa ko‘rinmaydigan tomonlarga. Ana, osmonda pag‘a-pag‘a bulutlar suzib yuribdi; huv olisda bir yulduzcha charaqlab turibdi; qoramtir daraxtlari va oymomo bilan o‘rmon o‘tib bormoqda; yer bag‘irlab, oyoqlarim ostini ko‘kimtir tuman qoplamoqda; tuman qo‘ynida qandaydir soz ohanglari quloqqa chalinadi; bir tomonda dengiz, ikkinchi tomonda Italiya; ana, rus yog‘och uylari ko‘zga tashlanib qoldi. Huv, olisdagi ko‘kimtir uy meniki emasmikan? Deraza oldida o‘tirgan onamdir balki? Onajon, bechora o‘g‘lingni qutqar! Bir tomchi ko‘z yoshing xasta boshiga davo emasmi? Ko‘z yoshingni ayama! Qara, ular pajmurda jigargo‘shangga qanchalar azob berishmoqda! Bag‘ri qon yetimchangni issiq bag‘ringga ol, onajon! Unga bu yorug‘ olamda joy yo‘q! Ular meni quvg‘in qilishmoqchi!Onajonim! Xastadil, bemor o‘g‘lingga rahm qil!..Ha, aytgandek, Jazoir Beyining[18] naq burni tagida g‘urrasi borligini bilasizmi?

Rus tilidan Farhod Fayziyev tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 10-son

_______________________

[1] “Severnaya pchela” – 1838–1866 yillarda Rossiyada nashr etilgan gazeta.

[2] Bu she’r muallifi – N.P.Nikolayev.

[3] Peterburglik tikuvchilar tikkan frak (tarj.).

[4] Chor Rossiyasida fuqorolik xizmatidagi eng quyi mansab (tarj.).

[5] Vodevil – bir-ikki pardali kichik komediya (tarj.).

[6] Qadrdonim (frants.).

[7] Dog – it, ko‘ppak (ing.).

[8] Kamer-yunker – saroydagi quyi unvon (tarj.).

[9] Titulyar maslahatchi – saroyda to‘qqizinchi darajadagi maslahatchi (tarj.).

[10] XVIII asrda paydo bo‘lgan diniy-falsafiy oqim; uning tarafdorlari axloqni kamolotga yetkazish vazifasini qo‘ygan; lekin siyosatda inqilobiy yo‘l tutgan. Mason – ana shu oqim vakili.

[11] Ya’ni Admiralteystvo yaqinidagi muz tepaga chang‘i, konki uchishlarini tomosha qilishga borish.

[12] Ispaniya qiroli Filipp II davrida (1527–1598) 1556 yildan boshlab katolik jaholatparastligi ortib, inkvizitsiya zo‘ravonliklari haddan oshib ketgandi.

[13] Kaputsin – tarki dunyo qilgan katolik monaxlari ordenining a’zosi (tarj.).

[14] Ekzekutor – chor Rossiyasida idora va muassasalarning xo‘jalik ishlarini boshqaruvchi amaldor (tarj).

[15] Vitsmundir – chor Rossiyasida amaldorlarning rasmiy kiyimi (tarj.).

[16] Grand – ispan saroy amaldori.

[17] Jyul Polinyak (1780–1847) frantsuz inqilobchisi, 1829–1830 yillarda vazirlar kengashiga rahbarlik qilgan.

[18] Bey – Jazoirda 1711 –1830 yillarda amalda bo‘lgan umrbod hukmdorlik qilish unvoni.