— Manqal oldida o‘ynashni bas qil!
— O‘ynayotganim yo‘q-ku, oyi.
Bola kul ichidan otashkurakni tortib olib, manqalning qulog‘iga ilib qo‘ydi. Ko‘mir allaqachon kulga aylanib bo‘lgan, manqal deyarli sovib qolgandi. Faqat uch-to‘rttagina cho‘g‘ kul ichida miltillab turardi.
Bola onasiga qaradi. U oyog‘ini tagiga bostirib o‘tirgancha ko‘ylagini yamamoqda edi. Ayolning sochlari to‘zg‘igan, ko‘zlari esa xuddi ularga chodraning soyasi tushib turgandek so‘nik bo‘lib, yuzida hayotga nafrat ifodasi zohir edi. U ko‘ylagining etagini u yoqdan-bu yoqqa aylantirib, undan yangidan-yangi yirtiq joylarini topardi. U ba’zan boshini ko‘tarib o‘zicha jilmayar, yoki xuddi o‘zi bilan o‘zi gaplashgandek qovog‘ini uyar, yoki befarq nigohini devorga qadardi.
Bola sovqotganidan g‘ujanak bo‘lib o‘tirar, yuzi bilan qo‘llari ko‘karib ketgandi. U oyog‘i bilan manqalning sovigan temiriga qapishdi-da, uni likillatdi.
— Oyog‘ingni ol!—deb baqirdi ayol. Bolakay boshini yelkasiga tortdi.
— Sovqotyapman!
— O‘ringa yot!
— Yotmayman!
— Yergina yutsin seni!
— O‘zingni yutsin!
Ona bolasiga jahlla qaradi. Qani endi quloq-chakkasiga tortib yuborsang! Ha, mayli, hali suyagi qotmagan, nima deyapganini o‘zi ham bilmaydi. Boz ustiga, u haq: xona sovuq. Lekin bu ahvolda manqalni ag‘darib yuborish—ham mumkin-ku, xo‘sh, shungayam ota go‘ri qozixonami? Faqat kulni yig‘ib, polni artishga to‘g‘ri keladida.
— Yotasanmi yoki yo‘qmi?
— O‘zingiz nega yotmayapsiz?
— Sening nima ishing bor? Komandir topilganidan o‘rgildim!
«Komandir» so‘zini eshitib, bola kulib yubordi.
— Kulishni yig‘ishtir, oyog‘ingni tort!
— Xa-xa-xa!
— Senga aytyapman, yaramas!
Ayolning astoydil jahli chiqib, xuddi o‘rnidan turayotganday qo‘zg‘alib qo‘ydi. Bolakay shosha-pisha oyog‘ini yig‘ib oldi.
— Mana tortdim! Qarang-a, oyi Ayol kulimsiradi.
Ko‘chada shamol-bo‘ron quturardi. Shamol yomg‘ir aralash qorni olib kelar, xuddi uchirib yuborguday tomlarni larzaga keltirardi. Tunukalar gumburlar, starapil yog‘ochlari ayanchli g‘iyqillar, yana bir shiddat qilsa uyni ham qo‘porib yuboradiganga o‘xshardi. Ko‘chaga qaragan yakkayu-yagona derazaning oynasi singan bo‘lib, qog‘oz bilan yopishtirib qo‘yilgandi. Shamol dam-badam uni xuddi yelkanday do‘mbira qilardi.
Manqalning oldidagi polda yirtiq-yamoq qanordan qilingan gilamcha to‘shalgan, deraza oldida esa minder turardi. Idish-tovoqlar burchakka uyub qo‘yilgandi.
Bola qo‘llarini qo‘yniga tiqib, g‘ingshidi:
— Oh, munchayam sovuq bo‘lmasa!
— Yana noliyapsanmi?
— Sovqotyapman, oyi! Mana-mana, oyog‘im bilan qo‘limga qarang. Voy- oy- oy!
— Men nimayam qila olardim —Jon holatda gapirdi ayol.— Marhamatli otamiz ollo taologa arzqil!
— Ollo taolo — otami?
— Bilmayman.
— O‘zingiz «ota» dedingiz-ku!
— Hamma shunday deydi-da.
— Oyi, ollo taolo nima qiladi?
— Nima qiladi, deyapsanmi? Uning ishi boshidan oshib yotibdi.
— Ishlaydimi?
— Albatta, ishlaydi-da. Biz uchun yelkasini yag‘ir qilgani-qilgan — qor, yomg‘ir, sovuq yuboradi.
— Manavi qorniyam xudo yuborganmi?
— Ha.
— U non ham yuboradimi?
— Bo‘lmasam-chi.
— Pul-chi?
— Pulam.
— Unda ayting, menga yigirma besh qurush yuborsin.
— Senga pul nimaga kerak bo‘lib qoldi?
— Ko‘mir sotib olaman.
— Yana-chi?
— Non olaman. Quloq soling, oyi, agar yana besh lira so‘rasam, ollo taolo yuborarmikin? Sizga paypoq olib berardim. Sizning ham oyog‘ingiz sovqotadi-yu. Menga hech nima qilmaydi, axir, erkakman-ku! Erkaklarga balo ham urmaydi.
Onasi uni quchoqlab, o‘pdi.
— O‘g‘lim, o‘g‘ilginam. Men haqimda qayg‘uryapsan-a. Ayol yig‘lab yuboray dedi-yu, lekin o‘zini tutdi. O‘g‘lining boshini silab, uvushib qolgan oyoqlarini ishqadi, uning jajji qo‘llarini o‘zining qo‘yniga tiqdi.
— Oyi, agar ollo taolo menga pul yuborsa, dadamizga aytmaymiz, xo‘pmi?
— Aytmayman. Sen unga hech narsa olib bermaysanmi?
— Men uni yomon ko‘raman. Ko‘mir olib kelmaydi, sizni sigir, qanjiq deb chaqiradi. Oyi qanjiq degani nima degani?
— Hech nima, bema’nilik,— dedi ayol.— Men ham dadangni yomon ko‘raman, lekin nimayam qila olardim.
Qosh qoraya boshladi. Xonada xuddi yerto‘ladagidek sovuq hukmron. Deraza ortida faqat shamol uvillaydi. Odatdagidek mushuklarning miyovlashi-yu, itlarning akillashi bugun eshitilmasdi. Ertalabdan beri yomg‘ir aralash qor urib yotibdi. Badqovoq, bo‘tana xalqoblar toshko‘chada yiltillardi. Loyni shapillatgancha odamlar o‘tishdi, ularning soyasi oynada aks etdi. Qo‘shni kulbalarda xiragina chiroqlar yoqildi. Onda-sonda u yerdan ayollarning chinqirgan ovozi, xirqiroq erkak yo‘tali hamda so‘kish eshitilardi. Keyin qandaydir g‘ayri-tabiiy shovqin eshitildi. Ayol ko‘chada nima bo‘layotganini ko‘rish uchun oynadan qaradi. Ikki kishi yog‘och ombori oldiga taxlab qo‘yilgan o‘tinlardan tarasha tortib olishayotgan edi. Kuchli shamol namiqqan qog‘ozni yirtib, qor aralash xonaga otilib kirdi. Oyna oldidagi minder zum o‘tmay ho‘l bo‘lib ketdi.
— Faqat shu yetishmay turuvdi o‘zi,— deya to‘ng‘illadi ayol minder ustidagi choyshabni olarkan.— Un olib kel-chi.
— Nima dedingiz?
— Un olib kel deyapman, un!
— Un qayerda o‘zi, oyi?
— Kursini ustiga chiq. Qo‘lingni oynaning orqasi-ga tiq.
— U yerda yo‘q-ku.
Onasi o‘g‘lining g‘ardaniga bir tushirdi.
— Voy haromi-ey! Seni faqat o‘limga yuborish kerak, xolos!
U unni tovoqqa soldi-da, suv bilan aralashtirdi. Un shu zahoti qop-qorayib, dumaloq-dumaloq bo‘lib yopishib qoldi.
Ayol xamirni iylay boshladi. Xamir quyulgandan keyin, to‘shak tagidan gazeta olib ikki bukladi-da, chetlariga xamirni quyuq qilib surkab oynaga yopishtirdi. Agar shamol pasaysa ertalabgacha, balki chidashi mumkin.
Ayol lampani yoqdi. Bola yana manqalning oldiga o‘tirib olib, tumshaygancha indamasdi. Chiroqning xira nuri bolaning ayanchli, ojiz, g‘arib, xuddi yakka-yolg‘iz vijdonga tiriklay ko‘mib qo‘yilgandek murg‘ak tanasini yoritib turardi. «Xudoyim, unda nima gunoh,— deb o‘yladi ayol.— Bo‘lmasa ayb mendami?»
Uning zarrachayam aybi bo‘lmasa ham, gunohga botib, iflos, moldek hayot kechiradi! Nega yashayapti, mazkur hayotdan nima kutyapti?— bu haqda u o‘ylab ham ko‘rmasdi. Eri uyda nokerak buyumdek odam edi. Undan nimayam tama qila olardi. Sovuq hamda ochlik, xudoning bergan kuni bo‘lib turadigan mushtlashuv hamda so‘kishlar ayolning hislarini o‘ldirib yuborgandi. Eri unga suykala boshlasa beixtiyor teskari qarab olar, lekin bari bir u bilan yashar, ochligini qondirish uchun yovvoyi odamga non daraxti kerak bo‘lganidek, unga ham erkak kerak bo‘lganligi uchun yashayverardi. Odam qiyinchiliklarni yengishga harakat qilib yashagani sari, tengsiz olishuvda ko‘pincha shunchalik ko‘p ma’naviy kuch sarf qiladiki, pirovardida uni butunlay yo‘qotib ham qo‘yadi. Natija-da, mehr-oqibat hamda sevgi-muhabbat o‘rnini beparvolik, berahmlik, o‘z yo‘lidagi hamma narsani bosib-yanchib tashlovchi hayvoniy kuch egallaydi. Agar, mabodo, bitta-yarimta shunday odamlarning qalbini tekshirib ko‘rilsa bormi, unda faqat qahr-g‘azabdan bo‘lak hech narsa topolmaydi. Qahr-g‘azab— chordoqlarda! Qahr-g‘azab — yerto‘lalarda. Uyda ham, xizmatda ham, xiyobonu ko‘chalarda ham — hamma yerda faqat qahru-g‘azab yakkayu yolg‘iz hukmron! Agar, mabodo, bitta-yarimta epchil tekshiruvchi qahru-g‘azabdan boshqa biron-bir tuyg‘uni — deylik, sevgi, ehtiros, hayotga mehr — topmoqchi bo‘lsa, kunduzi chiroq yoqib ham topolmasligi kunday ravshan. Yakson qilingan, loy-balchiqqa bulg‘angan narsani qayerdan ham topa olardi.
«Peshanam sho‘r ekan-da», deb o‘ylardi ayol.
— Botinkam yo‘q,— dedi birdan bolakay.
— Bo‘ladi! Tuyani dumi yerga tekkanda.
— Otam olib bersin.
— Uning o‘zini sotib olishsa koshkiydi. Bola onasining ko‘zlariga hayrat-la tikildi.
— Agar o‘lib qolsam-chi?
— Menga nima?
— Yig‘lamaysizmi?
— Qiladigan boshqa ishim yo‘qmi? Kim uchun yig‘lay? Ikki kunning birida birlira olib keladigan, tunlari esa mast bo‘lib kelib meni do‘pposlaydigan otangga aza tutaymi? Sen ham juda yaxshisan! Ikkovingniyam iloyo jin ursin!
— Ha-a. Agar siz o‘lib qolsangiz-chi, mana ko‘rasiz, men rosayam yig‘layman. Sizsiz meni otam kaltaklaydi. Oyijon, otamni yomon ko‘raman. U xuddi ayiqqa o‘xshaydi. Bilasizmi, lo‘lilarning ayig‘i bor, xuddi ana o‘shan-ga o‘xshaydi. Quloq soling, oyi, katta bo‘lgach, maktabni tugataman, siz qo‘rqmang. Xuddi Umarga o‘xshab ijaraga uy olib beraman. Otamni esa olib ketmayman. Ko‘zimdan yo‘qol, deyman! Sen bizga non olib kelmagansan, do‘pposlagansan.
Bola onasining qo‘lini ushlab o‘pdi,
— Aytgancha, oyi, siz ollo taolodan pul so‘ramoqchi edingiz.
— Yaxshisi, o‘zing so‘ray qol,— dedi ayol
— Qanday qilib?
— Ollo taolo degin.
— Ollo taolo.
— Meni tezroq katta kil.
— Meni tezroq katta qil.
— Menga aql ato et.
— Menga aql ato et.
— Haq yo‘ldan toydirma.
— Haq yo‘ldan toydirma.
— Menga pul yubor.
— Menga pul yubor.
Bola qo‘lini oldinga cho‘zdi.
— Xo‘sh? Nega bermayapti?
— Hozir emas, bolajonim. Katta bo‘lganingda ishlaysan, ana o‘shanda beradi.
Bola o‘rnidan sakrab turdi.
— Siz meni aldadingiz? Menga hozir kerak. Ovqat yegim kelyapti!
— Axir, hozirgina ovqatlanding-ku.
— Hozir emish! O‘zingiz aytdingiz-ku: ko‘z ochib-yumguncha kech bo‘lib qoldi-ya, deb. Chiroqni Ham yoqdingiz.
— Axir, hech vaqo yo‘q. Ishonmasang, savatga qara. Ko‘ryapsanmi, yo‘q.
— Xoliqdan so‘rab ko‘raman.
— Mumkin emas.
Bola oyoqlarini tapillatdi.
— Non yegim kelyapti! Non, deyapman, non! Bir burda bo‘lsayam, mayliydi, oyijon! Qornimga qaragin, qapishib yotibdi!
— Yo‘q bo‘lsa osmondal olib beramanmi? Agar a’zoyi badanimni tilkalab yuragimni olishning iloji bo‘lsa olib bera qolardim. Sen ham xuddi otangga o‘xshash hayvonsan! Yo xudoyim-ey! Yo xudoyim-ey! O qodir xudr, o‘z qulingning ruhini tezroq qabul qilib ol, men manavilardan qutulay! O‘ldir meni!
— Menga nima bo‘ladi, a, menga?
Ayol yuzini qo‘llari bilan berkitib oldi. Keyin derazaga qaradi, qog‘oz ivib ketgan bo‘lsa ham, hali ilinib turardi. Ayol sakrab turdi-da, xonaning u burchagi bilan bu burchagiga yurdi, keyin o‘rniga o‘tirdi, keyin yana turdi.
— Oh, bolajonim! Bilaman, hammasini bilaman! Lekin qo‘limdan nima ham kelardi? Hech narsam yo‘q!
Qani, o‘rningga yot! Karagin, ko‘zlaring yumilib ketyap-ti. Yota qol, o‘g‘lim bo‘laqol! Ertaga — tezroq tong ota qolsaydi — men senga nimalar olib berishimni ko‘rasan.
— Nima olib berasiz, oyi?
— Xohlaganingni.
— Xo‘rozqand.
— Xo‘p bo‘ladi.
— Kitobcha.
— Kitobchayam.
— Botinka. Non ham oling! Har doim uyimizda non bo‘lsin. Xo‘pmi, oyi?
— Xo‘p bo‘ladi, o‘g‘lim. Endi yotib uxla. Bola o‘rniga yotadi.
— Men otamni sevmayman. Siz uni yaxshi ko‘rasizmi, oyi?
Ayol javob bermadi. Pilikni pasaytirib, minderga o‘tirdi.
«Sevmayman»,— dedi u o‘ziga-o‘zi. U bu hissiyotii allaqachon unutib yuborgandi. Balki, uyga har turli buyumlar kabi erkak ham kerakdir. Lekin u hozir eridan xuddi keraksiz bo‘lib qolgan yirtiq ko‘ylak, to‘zigan tuflidek xalos bo‘lishni xohlardi. Mana hozir u uyga qaytadi — ayol seskanib ketdida, yuzini qo‘llari bilan berkitib oldi. Uni isitma o‘z otashiga oldi. u qo‘rquvmidi? Ha, qo‘rquv. Mana, uzoq yillardan beri eri eshikda paydo bo‘lishi bilanoq ayolni nafrat tuyg‘usi qamrab olardi. Eshik hech qachon ochilmasaydi, deb orzu qilardi ayol. Hammasi joniga tekkan edi: erining so‘kishlari ham, mushtlari ham, poyma-poy gap-so‘zlari ham, ahmoqona maslahatlari ham — o‘zing bandam degin, olloh! Agar u erini kutayotgan daqiqada eshik ochilmasa uning yuragida quvnoq, yorqin chiroq porillab ketardi. Faqat bolakay bir oz ulg‘ayib, o‘zini tutib olib, ishga tushib ketsa bo‘lgani. «Men butunlay es-hushimni yeb qo‘yibman, nima qilishni, qayoq-qa borishni bilmayman, Agar mana shu odam bo‘lmaganda men o‘z yo‘limni topib olgan bo‘lardim, nima qilish kerakligini ham bilgan bo‘lardim.» — deya pichirlardi ayol umidsizlikka tushgancha.
Bola uxlab qoldi.
«O‘zim ishga borarmidim.»
Eshik ortida shitirlagan ovoz eshitildi. Taqillatishyapti, shekilli? U sakrab turdi-da, qo‘rqa-pisa eshikni ochdi. Sovuq bilan birga xonaga mushuk ham lip etib kirdi.
Kelmasa koshkiydi. Koshkiydi.
Qayerdadir, uzoqda, radioda yo‘g‘on erkak ovozi eshitila boshladi.
«Aqalli, turmushim osoyishtaroq bo‘larmidi. Ozgina bo‘lsa-da, nafasimni rostlab olardim.»
U bolasining ustiga engashib yonog‘idan o‘pdi-da, ko‘rpasini to‘g‘rilab qo‘ydi.
Eshikni taqillatishdi: «Mana, nihoyat, keldi!»
Ostonada politsiyachi turardi.
— Siz — Halimamisiz?
— Men! Nima bo‘ldi?
Politsiyachi nigohini tushirdi. Shosha-pisha cho‘ntagini titkilab, g‘ijimlangan ro‘molcha, taroq, bir necha qurush mayda pul, qalamning qoldig‘i, yon daftarcha, bir pachka sigaret olib, bularning hammasini unga uzatdi.
— Mushtlashuvda sodir bo‘ldi. — dedi u.
— U hozir qayerda?
— O‘ldi. Xudo sizga uzoq umr bersin! Kasalxonaga olib ketishdi.
Politsiyachi kasalxonaning adresini aytdi-da, u yerga borish mumkin, deb qo‘shib qo‘ydi.
Ayol eshikni ohista berkitdi. Derazaga, keyin uyqusida tez-tez nafas olayotgan bolaga qaradi. Daf’atan jilmaydi, oynaga yaqinlashib, taroqni oldi-da, sochlarini taray boshladi.
Ko‘chada allaqachon tun cho‘kkan. Havo ajoyib bo‘lsa kerak. Eh, ko‘chaga chiqib, xohlaganingcha aylanib kelsang.
Ayol tiz cho‘kib, bolasiga suykalib, qo‘llariga yopishdi, keyin uning yonog‘idan, labidan o‘pa boshladi.
— O‘g‘lim! Arslonim! Ertaga nima xohlasang, hammasini olib beraman. Hammasini!
U bolaning yoniga yotib, anchaga dovur uxlay olmadi. Shiftning qorayib ketgan yog‘ochlari tirqishidan uning oldiga odamlar tushib kelishardi. Ular ashula ayti-shardi. Odamlar qo‘shiq aytishardi, shuningdek, kunlar go‘zal hamda yorug‘ edi.
Hikoyat Mahmudova tarjimasi