Kattalar bilan hazillashmoq yaxshilikka olib kelmas ekan. Sababi, ularning tabiati nozik bo‘ladi. Ehtiyotsizlik bilan aytilgan bir og‘iz gap uchun bir umr jabr tortishga to‘g‘ri kelishi mumkin. Masalan…
Nashriyotda ertalabdan shovqin-suron ko‘tarildi.
— Yozuvchi Do‘stjon Muhamedovni jin uribdi, telefon apparatlarini sindirib tashladi.
— Xoy, telefonni yashir! Do‘stjon kelayotir.
— Eshikni bekiting.
Bu gap-so‘zlar boshliqqa borib yetdi. U zudlik bilan bosh hisobchi va kasaba uyushmasi rahbarini huzuriga chaqirdi.
— Muhamedov oyligini olganmi?
— Olgan.
— Unga to‘lanadigan qalam haqidan qarzimiz yo‘qmi?
— Yo‘q.
— Yaqin o‘rtada moddiy yordam so‘ramaganmidi?
— So‘ragan edi, oldi.
— Uyida yozuv-chizuv bilan shug‘ullanish uchun qalam-qog‘ozdan yordam qilib turibsizlarmi o‘zi?
— Albatta.
— Unda nimaga g‘alva ko‘tarayotgan ekan-a? Aytmoqchi, bahorda dam olishga boraman, deb yo‘llanma so‘rab yurgan edi.
— Yo‘llanmani o‘zi qaytarib topshirdi.
— Nega?
— Kuzda borganim ma’qulroq, dedi.
— Bizdan gina qilishiga biror asosi bormi o‘zi?
— Yo‘q.
— Bo‘pti. Unda aytinglar, oldimga kirsin!
Bosh hisobchi bilan kasaba uyushmasi rahbari xonadan chiqar-chiqmas boshliq huzuriga yozuvchi Muhamedov kirib keldi. Kayfiyati har kungiday emas. Ko‘zlari qizarib ketgan. Unga ko‘zi tushishi bilan boshliq shoshilib qoldi. Stol ustida turgan uchta telefondan bittasi jiringlay boshladi. Muhamedov kabinet sohibidan burun chaqqonlik bilan telefonni oldi-da, ko‘tarib yerga urdi. Apparat chil-chil sindi. Boshliq ne qilarini bilmay, bir sochilib yotgan telefon bo‘laklariga, bir Do‘stjon Muhamedovga qaradi. Shu orada ikkinchi telefon ham jiringlab qolsa bo‘ladimi. Bunisi ham rasvo bo‘ldi. Uchinchi telefon apparatini boshliqning o‘zi qo‘liga oldi va tashqariga otilib chiqdi. Muhamedov izidan ergashdi.
Qabulxonada kotiba qiz kim bilandir telefonda gaplashayotgan ekan. Muhamedov uning qo‘lidagi telefonni yulqab oldi-da, yerga urdi. Telefon o‘choqqa qalanadigan tarashaga o‘xshab bo‘laklarga bo‘lindi. Shu orada kimdir omon qolgan telefonlarning biridan «03»ga qo‘ng‘iroq qilishga ulgurdi. Tezda uch nafar shifokor yetib keldi va Muhamedovni mashinaga zo‘rlab joylashdi.
— Ushladik, olib borayotirmiz, — dedi oldingi o‘rindiqda o‘tirgan shifokor ratsiya orqali.
Muhamedov bir siltanib, ularning qo‘lidan chiqdi va ratsiyaning go‘shagini o‘tirg‘ichning temiriga zarb bilan urdi. Ratsiya tamom bo‘ldi. Muhamedov ruhiy kasalliklar shifoxonasi qabulxonasidagi barcha telefonlarni ham boshiga yetdi. Aslida uning bunday telefon jinnisiga aylanishida o‘n kuncha oldin kattalardan biriga bemahal qilgan qo‘ng‘irog‘i sababchi bo‘lgan edi.
So‘nggi yarim yil mobaynida yozuvchi Muhamedovga durustroq ilhom kelmay, hech narsa yozolmay yurgan edi. Bir kuni kutilmaganda yarim kechada ilhom kelib qolsa bo‘ladimi! U yozuv stoliga o‘tirib ishtiyoq bilan yoza boshladi. Sahifalar birin-ketin to‘lyapti. Quyilib kelayotgan jumlalarni yozishga zo‘rg‘a ulgurmoqda. Shu payt birdan chiroq o‘chib qoldi. Muhamedovning mavj urib turgan ilhomi to‘xtadi-qoldi! Shamning yorug‘ida telefon kitobini olib GRES boshlig‘ining uyiga qo‘ng‘iroq qildi.
— Allo! Bu GRES boshlig‘ining uyimi?
— Ha, shunday.
— Siz boshliqmisiz?
— O‘ziman!
— Sizning uyingizda «svet» bormi?
— Bor.
— Mening uyimda esa yo‘q.
— Navbati bilan o‘chiryapmiz. Yonib qolar.
— Lekin mening ilhomim sizning navbatingizni kutib turmaydi-da. Men yozuvchi Muhamedov bo‘laman. El oyog‘i tingan paytda ijod qilayotgan edim, xonamda chiroq o‘chib qoldi. Sizning uyingizda esa o‘chmabdi. Shu adolatdanmi axir?!
GRES boshlig‘i Muhamedovning yashash joyini, telefon nomerini yozib olib, chiroqni yoqtirishga va’da berdi. So‘zining ustidan chiqdi ham! Sal o‘tmay chiroq yondi. Biroq Muhamedovning ilhomi so‘nib qolgan edi.
Ertasi kuni tunda Muhamedov telefonning jiringlashidan cho‘chib uyg‘ondi.
— Allo, yozuvchi Muhamedovning uyimi? Ilhom qalay?
— Yomon emas.
— Chiroq bormi?
— Ha, yonib turibdi.
— Men kechagi GRES boshlig‘iman. Chirog‘ingizni o‘chirmaslikka va’da bergandim. Shuning uchun anig‘ini bilay deb shaxsan o‘zim telefon qilyapman.
— Rahmat, rahmat!
Uyqu bir bo‘lingandan keyin qaytadan ko‘zning ilinishi qiyin bo‘lar ekan. Muhamedovni xayol olib qochdi. Shu yotishda tongga yaqin ko‘zi ilindi.
Ikkinchi kuni tungi soat uchda telefon jiringladi. Muhamedov tushimmikan deb avvaliga e’tibor bermadi. Lekin o‘ngida jiringlayotgan ekan.
— Yozuvchi Muhamedovning uyimi?
— Ha, shunday.
— Chiroq o‘chmadimi?
— Yo‘q, yonib turibdi.
— Men GRES boshlig‘ining o‘rinbosariman…
Uchinchi kuni tungi soat uchda yozuvchini xotini turtib uyg‘otdi.
— Turing, telefonga chaqirishyapti!
— Kim? — dedi u uyqusirab.
— Bilmayman.
Muhamedov gandiraklab borib go‘shakni oldi.
— Yozuvchi Muhamedovmisiz?
— Ha.
— «Svet» bormi?
— Bor.
— Men GRESning bosh injineriman.
Muhamedov to‘rtinchi kuni go‘shakni olayotib soatiga qaradi. Uchdan ikki minut o‘tgan ekan.
— Yozuvchi Muhamedovning uyimi? Chirog‘ingiz yonyaptimi?
— Ha, yonib turibdi…
Beshinchi kuni tungi soat uchgacha Muhamedov uxlamay qo‘ng‘iroq bo‘lishini kutib yotdi. Umidi puchga chiqmay, qo‘ng‘iroq jiringladi.
— Yozuvchi Muhamedovning uyimi?
— Shunday.
— Ilhom qalay?
— Yomon emas.
— Chiroq bormi?
— Bor!
Ettinchi, sakkizinchi, o‘ninchi, o‘n oltinchi kunlari telefon jiringlashi bilan Muhamedov javob qildi:
— Men yozuvchi Muhamedovman, ilhomim joyida. Chiroq o‘chgani yo‘q. O‘z holimga qo‘yasizlarmi, yo‘qmi?
U yoqdan darhol javob qaytadi:
— Bizda to‘qson oltita operator, qirq sakkizta texnik bor. Hammamizga ushbu topshiriq bo‘yicha grafik tuzib berilgan.
Ana shu gapdan keyin Muhamedov telefonni devorga urib sindirdi-da, ko‘chaga chiqib ketdi. Tong oqara boshlagach, dastlab qo‘shnilarning telefonlarini sindirib chiqdi. So‘ng ishxonaga keldi. Qolgan gaplar o‘zingizga ma’lum.
Qoraqalpoqchadan Ismoil Olloberganov tarjimasi