Mulk Raj Anand. Kabutar va qarg‘a (ertak)

Kabutar sokin parvoz qilib, quyiga sho‘ng‘idi va anjir daraxtidagi uyasiga qo‘ndi. Daladan topgan bir juft donni tumshug‘ida mahkam tutib olgan, ko‘zlari yaltillab yonar va uyasidagi tuxumlarga yetib olishga talpinardi.
Daraxt shoxlari orasiga kirganida chapga qiyalab uchib qanotlarini keng yoydi va go‘yo osmon gumbaziga qo‘nmoqchi bo‘lgandek havoda ozod parvoz qildi. Ko‘zlaridan aniq bir maqsadga intilayotgani — yuragi uyasiga tortayotgani ayon edi. Quyosh nuri bo‘yniga tushib, go‘yo tabassum hadya etayotgandek jilvalanardi.
Uning ro‘parasida anjir daraxtining uzun shoxlari ko‘ndalang turar, biroz avval u ana shu shoxlardagi barglar orasidan havoga ko‘tarilgandi. Shunda barglar negadir o‘zgacha, begonadek tuyuldi. Kabutar shahd bilan qanot qoqib uchganida yoniq ko‘zlaridan qarshisida esayotgan shamolni kesib o‘tishga shijoat barq urardi.
Tuyqusdan uyasiga yaqinlashayotgan qarg‘aning xavfini payqadi. Qarg‘a kabutar qo‘ygan tuxumlarga o‘ch edi. Bu berahm buzg‘unchi ikki marta tuxumlarini, palapon ochmasidan oldin yeb qo‘ygan edi. Qarg‘a mudom daraxtning tepasidan charx urib uchib kelardi. Bu bejiz emas, chunki nar kabutar daraxtning o‘rtarog‘ida kovakdagi uyasida bamaylixotir uxlardi.
Kabutar har gal havoda muvozanat saqlab quyiga sinchkov tikilar va uyasini ko‘rardi. Keyin shahdam qanot qoqib, onalik mehri jo‘shib, topgan-tutganini uyasiga tashib kelar edi. Bu gal ham ohista sho‘ng‘ib, ehtiyotkorlik bilan daraxtning shoxiga qo‘ndi.
Qattiq novdaga o‘tirgach, qanotlarini yig‘di va o‘zini tutib olishga urindi. U o‘zini qanchalik dadil tutishga urinmasin, ko‘zlarida biroz qo‘rquv alomati aks etardi. Har gal kutilmagan xatarni payqaganida irodasi bir qadar susayib, tanasi bo‘shashib, odatiy xotirjamligiga putur yetar va o‘zining nega bunday holatga tushayotganini hech tushuna olmas edi.
Kabutar beixtiyor “quv-quv”ladi.
Shu payt bexosdan quyidan dushmani qarg‘aning qaqillagan tovushi eshitildi. Bu yaramas kabutar qo‘ygan tuxumlarning kushandasi edi.
Kabutar qanotlarini ilkis silkitib “quv-quv”ladi. Qarg‘a qaqillab turgan shoxda sakray boshladi. Uyadagi bir juft och-yashil tuxumga ko‘zi tushib kabutar: “Balki tuxumlar nobud bo‘lmagandir. Vaqtida yetib kelgandirman”, degan o‘yga bordi.
Endi kutishga bir nafas ham vaqt yo‘q. Kabutar “quv-quv”lab sabrsizlik bilan, go‘yo jigargo‘shalarini sog‘-omon holda topib olgan ona kabi talpindi. Dushmani uni palaponlardan judo qilmoqchi. U “quv-quv”lagancha tuxumlarga bag‘rini bosib o‘tirar, joyidan jilmas, go‘yo tuxum ichidagi palaponlari qafasdan chiqib uning ovozini eshitayotgandek.
Kabutarning “quv-quv”iga javoban qarg‘a ham tinimsiz qaqillar, kabutarni cho‘chitib urushmoqchidek xezlanardi. “Ha, hali tuxumlaring singani yo‘q, lekin men agar xohlasam ularni tortib olishim mumkin; mening kuchli tumshug‘im bor, mening panjam ham kalxatnikidek kuchli”, der edi.
Ona kabutar bu gal chuqur xo‘rsinib “quv-quv”ladi. U uyquchi, dangasa, shunday xatarli vaziyatda ham anjir daraxtining kovagidagi uyasida uxlab yotgan nar kabutarni chaqirdi. Lekin undan javob bo‘lmadi. Kabutar yana tovushini balandlatib “quv-quv”ladi.
Qarg‘a ham unga basma-bas tovushiga zo‘r berib qaqilladi. Kabutar yordamchisiz ekanini sezdi. Biroq tuxumlari butun ekanini ko‘rib dadillandi, qanotlarini yoyib atrofga alanglab nar kabutar yetib kelguncha, vahimaga tushmay qarg‘a bilan olishishga chog‘landi.
Qarg‘a dabdurustdan hujum qila olmasligini payqadi, chunki u imkoniyatni boy bergan edi. Ehtimol, nar kabutar uchib kelguncha ona kabutarni yengib, tuxumlarni sindirib, bir chimdim donni egallab uyani buzib tashlashga ulgurar. Agar nar kabutar uyg‘onib qolsa, boshqa qushlarni yordamga chaqirsa, u mag‘lub bo‘lishi mumkin.
Kabutar “quv-quv”ladi. Tumshug‘ini sanchishga jur’ati yetmayotgan yuraksiz qarg‘a yaqinroq sakrab kabutarga hujum qilmoqchi bo‘ldi. Ona kabutar qattiq “quv-quv”lab, qanotlarini asabiy silkitib himoyalandi, shu zayl qarg‘aning tovushini o‘chirishga urindi.
Daraxtning pastki shoxlaridagi chumchuqlar ona kabutarning xavotirli “quv-quv”lashidan sergak tortishdi. Hatto nar kabutar ham uyg‘onib ketdi. Chumchuqlar galasi guvillab tepaga ko‘tarilib, tinimsiz chirqillay boshladi.
Qarg‘a kabutarga ayovsiz tashlanib, uning qanotlarini uzib tashlashga harakat qildi, lekin mash’um niyatini amalga oshira olmadi. Kabutar dadil turib, qanotlarini silkitib qarg‘aning hujumini qaytardi. Uning qanoti ostidagi oq patlar qarg‘aning ko‘z oldida xavfli tovlanar edi.
Nar kabutar uchib kelib, chumchuqlar galasiga qo‘shildi. Qarg‘a qaqillab chetlashdi, daraxtning eng chetidagi shoxga borib qo‘ndi. Ona kabutar biroz ranjigan bo‘lsa-da, nar kabutarning ko‘makka intilayotganidan umidvor bo‘lib “quv-quv”lab uni chorladi. Chumchuqlar galasi chirqillab qarg‘ani talab, masxara qilishga tushdi.
Bundan ruhlangan nar kabutar jur’at bilan qanotlarini kerib qarg‘aga tashlandi. Bu payt qarg‘a tumshug‘i bilan patlaridagi qon dog‘larini tozalar edi.
Ona kabutar endi xotirjam “quv-quv”ladi. Jufti uning yoniga kelib, tumshug‘ini uning tumshug‘iga tegizdi. Mehr va oqibat taftidan vujudiga iliqlik yugurgan ona kabutar endi xushnud sayrar edi.
Aytishlaricha, Panjobda kabutarlar dushman qarg‘aning hujumini ana shu zayl —“quv-quv”lab daf etarkan. Bunday sayrash kabutarning o‘z palaponlariga beqiyos mehri, muhabbatini ifodalarkan. Aksincha, qarg‘aning xunuk qaqillashi, ko‘zi qizarib g‘azab bilan qora bulutdek yopirilib hujum qilishi, yuragidagi kin-adovat, ko‘rolmaslik oxir-oqibat uning o‘zini zavolga giriftor etarkan.

Ingliz tilidan Abduzuhur Abduazizov tarjimasi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 20-sonidan olindi.